Xalqning umrboqiyligi – uning tili bilan

Chingiz Aytmatov xulosalaridan

 

Doʻst yomon kunda bilinadi, deyishadi. Menimcha, ularning qandayligi yaxshi kunda ham bilinadi.

 

Juda koʻp odamlar kasalliklar sababligina emas, oʻzlarini aslidagidan koʻra ulugʻroq koʻrsatish degan dardi bedavodan halokat topadilar.

 

Oshqozon miyadan aqlliroq. Chunki u qayt qilishni biladi. Miya esa har qanday chiqindini qabul qilishi mumkin.

 

Muhabbat bu – oʻzingni boshqa odamda yoʻqotishdir.

 

Ernest Heminguey menga bolaligimdan katta taʼsir koʻrsatgan… Jahon adabiyotidan Markes, Joys va Prust ijodimga yaqin. Oʻzimizning yozuvchilardan esa – Fozil Iskandar.

 

Xalqning umrboqiyligi – uning tili bilandir.

 

Elchilikni koʻpchilik ayyorona ish deb tushunadi. Yoʻq, men hamisha ochiq-oshkora, samimiy yoʻl tutaman. Agar qingʻirlik yoʻqligini, koʻngil tozaligini his qilib tursa, odamlar sizga albatta ishonadi. Menimcha, insoniy va diplomatik aloqalar oʻrnatishimda menga aynan shu sifat juda qoʻl kelgan.

 

Ommaviy madaniyat qanchalik kuch-qudratli boʻlsa, unga shunchalik jiddiy qarshi kurashish kerak. Bunga yangi badiiy qadriyatlarni yaratish va borlarini asrab-avaylash bilan erishiladi.

 

Har bir yangi egallangan til har qanday odamning bebaho boyligidir.

 

Real hayotda sevgi-muhabbat munosabatlari yoʻq boʻlishi mumkin. Ammo uning fantaziyamizda, tasavvurimizda borligi katta ahamiyatga ega. Albatta, bu ijod uchun ham katta turtki beradi.

 

Katta adabiyotda umrboqiy mavzular aks etishi kerak.

 

Men barchaga – gʻarbliklarga ham, sharqliklarga ham birday taalluqli mavzularga qoʻl urishni istayman.

 

Totalitar sharoitda qalb chanqogʻimizni mutolaa qondirdi, ogʻriqlarimizga malham boʻldi.

 

Zamonaviy jamiyat oʻta moʻrt. Hamma narsa universallashayotgan globalizatsiya zamonida milliy madaniyatlar juda koʻp jabhalarda imkoniyatini boy beryapti. Bu manqurtlikka olib kelishi mumkin. Barcha milliy madaniyatlar bitta totalitar ommaviy madaniyat siquvi ostida qolishi ehtimoli bor. Demokratik tamoyillar bizni taraqqiyotga olib boradi va qoʻrquv-xavotirlar amalga oshmaydi, deb umid qilaman.

 

Chinakam oʻquvchi kitobni qoʻliga olgach, oʻzini kashf etadi, oʻzidagi ilohiy isteʼdodni – hamdardlik, odamiylik isteʼdodini yuzaga chiqaradi. Agar baʼzi-baʼzida shu hol yuz beradigan boʻlsa, demak, kitob oʻz ishini bajaribdi – boshqalarning fikri, tuygʻusi, orzusi va xatti-harakatiga aylanibdi. Demak, u oʻquvchilarning intilish va irodasi bilan nimalardir qila oladi – xalq, hayot va dunyoni yaxshi tomonga siljita biladi.

 

Ideal ayol deganda men hamisha ziyolilik darajasini birinchi oʻringa qoʻyganman. Aqliy salohiyatini ham, albatta. Umuman, ideal bosqichma-bosqich, uzoq va koʻp sonli kuzatishlar asosida shakllanadi.

 

Tez olovlanib ketishdan, birovni ayblash va janjal koʻtarishdan oʻzimni tiyaman. Doim ogʻir-bosiq boʻlishga intilaman.

 

Ulugʻ adiblarning asarlarida katta kuch bor. Ularni ocharkansan, ular ham sendagi qirralarni ochadi.

 

Deyarli har bir asarimda mifologik mavzularga murojaat qilganman. Chunki u juda boy manbadir.

 

Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2017–9

https://saviya.uz/ijod/nasr/xalqning-umrboqiyligi-uning-tili-bilan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x