ISLOMBЕK PIRMANOV 18 YOSHIDAYOQ ChЕMPION BO‘LGAN BOKSCHI!

ISLOMBЕK PIRMANOV 18 YOSHIDAYOQ ChЕMPION
BO‘LGAN BOKSCHI!
Taniqli bokschi Islombek Maksadovich Pirmanov 1995 yil 23 fevral kuni Qoraqalpog‘istonning Mang‘it shahri Amudaryo tumanida dunyoga kelgan. Bo‘lajak sportchi 5 yoshida ota-onasi bilan ota-onasi bilan birgalikda, Rossiyaning Yaroslavl viloyati Tutayev shahriga ko‘chib o‘tadi va o‘sha yerda murabbiy Andrey Mixaylovich Kakuykin rahbarligida 8 yoshidan boks bilan muntazam shug‘ullana boshladi! Murabbiy yosh Islombekdagi intilish va iqtidorni bittada payqadi. U adashmagan edi. Darhaqiqat, Islombek tez orada mashqlarda o‘zining boshqa tengdoshlaridan o‘zib keta boshladi. Bir necha yil tinimsiz boks bilan shug‘ullanish, o‘z natijasini berdi va Islombek 14 yoshida sport ustaligiga nomzod me’yorini bajarib, Yaroslavl shahri Terma jamoasi tarkibiga kirdi. O‘smir sportchi uchun bu o‘ziga xos yutuq edi. Islombek bu bilan chegaralanmadi va o‘z ustida tinimsiz ishlab, 18 yoshida Rossiya sport ustasi bo‘ldi va katta yoshlilar o‘rtasida Rossiya Chempioni maqomini qo‘lga kiritdi. O‘sha vaqtning o‘zida Islombek Rossiyaning Markaziy okrugi Chempioni bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda u Universiada g‘olibi, shuningdek, (A) va (V) toifalardagi xalqaro turnirlarining bir necha bor g‘olibiga aylandi.
Afsuski, fuqarolik bilan bog‘liq muammolar tufayli, Islombek Pirmanov o‘zining sportchilik faoliyatini Rossiyada davom ettira olmadi. U 2019 yil O‘zbekistonga qaytib kelishiga to‘g‘ri keldi. Ammo, Islombek boks borasidagi orzularidan voz kechmadi ham, o‘z ustida ishlashni bir zum ham to‘xtatgani yo‘q. Islombek 2019 yildan O‘zbekistonda professonal boks olamida SABER va BeFit Pro brendlari ostida, o‘zining sportchilik faoliyatini davom ettira boshladi. O‘zbekistondagi faoliyat, bokschi uchun yangi nafas, sportchilik faoliyatida o‘zgacha davrni boshlab berdi.
Islombek shu kungacha 6 ta jang o‘tkazib, ularning har birini nokaut bilan yakunlagan va mutlaq g‘olib bo‘lgan.
Hozirgi kunda Islombekning shaxsiy rekordi 6-0-6 kos.
Shuningdek, u Osiyo davlatlari bo‘yicha WBC hamda, Boltiq va Slavyan davlatlari o‘rtasida WBC kamari sohibidir.
Islombek uylangan, oilali. Rafiqasi Yelena Markelova bilan birgalikda Maryam ismli shiringina qizaloqni voyaga yetkazishmoqda. Islombek onasi Sharofat Yuldashevani juda hurmat qiladi va e’zozlaydi. Bo‘sh vaqtini asosan, oilasi va farzandiga sarflaydi.
Shuningdek, suvda suzish va tirda otish mashqlari bilan ham shug‘ullanib turadi.
Islombek hayotda “Sen har doim g‘olib bo‘lmasliging mumkin. Ammo, hamisha yutishga harakat qilishing kerak. Agar yutqazsang, demak, bilgin-ki, sendan ham kuchli inson bor ekan. Ammo, sen bundan tushkunlikka tushmasliging kerak. Aksincha, yana ham ko‘proq mashq qilishing va kuch to‘plab keyingi safar kelib albatta g‘olib bo‘lishing shart!” degan fikrlarga amal qiladi. U hayotda ham juda qat’iyatli va chapdast inson bo‘lib, hamisha intizomga qat’iy rioya qiladi. Shuning uchun ham doimov o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi. Irodali inson, hamisha g‘alaba qozona oladi, deydi u. Ayni vaqtda, Islombek Pirmanov o‘zining navbatdagi jangiga hozirlik ko‘rmoqda.
0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x