Shom va tong orasida

Qorachiroq yorugʻida muk tushib kitob oʻqib oʻtirgan Tangriqul bobo loysuvoq devorga suyanib bir lahza shiftga termildi. Baytni mulohaza qilib jilmaydi. Keyin kitobni ochib, qayta oʻqishga tutindi. Mutolaa soʻngida tomoq qirib, sandal atrofida oʻtirgan yaqinlariga qaradi. Maryam momo kelini Oydin va kenjasi Oʻktam bilan moʻysafidga xalal bermaslik uchun pichirlab suhbatlashardi. Chol tagʻin yoʻtalib oldi. Ular baravariga xonadon sohibiga yuzlandi. Diqqatni jamlagan Tangriqul bobo boyagi baytni qiroat bilan baland ovozda qayta oʻqidi:

– Oʻzlarini xalqlar aro tutqoy ulugʻ,

Botirlari ichra yoʻqtur zarra furugʻ…

Odatda, Tangriqul bobo jimgina kitob xatm qilib oʻtirar, oʻziga yoqqan misra yoxud baytni farzandlariga takror oʻqib berar, soʻng ularga buning maʼnosi haqida soʻzlardi. Hozir ham Ahmad Yassaviy hikmatlarini mutolaa qila turib, shu baytni koʻngliga yaqin oldi. Uni oʻqib boʻlgach, maʼnosi haqida soʻzlamoqchi edi, eshik ochilib, bir qoʻliga doʻmbira, boshqasida tugun koʻtarib olgan Mengziyo kirib keldi. U ostona hatlashi barobarida salom berdi. Boʻyniga osilgan oʻgʻli Elmurodga doʻmbirani tutqazdi. Xotini Oydin esa tugunni oldi. Oʻktam ham oʻrnidan turib, akasini qarshiladi. Mengziyo janda1dan qavilgan choponini yechib, eshik yonidagi ilgakka ildi. Quyonteri telpagini deraza rafiga qoʻydi. Soʻng ostonaga qaytib borib oʻtirdi-da, maxsisini yecha boshladi va:

– Rayimboy toʻy qilib, xumordan chigʻayin degan ekan, – dedi ovozini baralla qoʻyib. – Kechgacha ruxsat bermadi. Oʻziga oʻxshagan besh-olti joʻrasi kegan ekan, shoʻlardi “ha-ha”laganiga ulogʻib tomoqdan na ovqat oʻtdi, na suv. Kechgacha doston aytdim.

Uning zavq bilan aytayotgan soʻzlarini onasi boʻlib:

– Nasibadan gapiring, – dedi sinovchan ohangda.

Onasidan bu gapni kutmagan Mengziyo shoshib qoldi. Nima deyishni bilmay, otasiga umidvor nigoh tashladi. Soʻng onasiga qarab:

– Tushum-ku, yaxshi boʻldi, – dedi chaynalib. – Rayimboy deganimiz qoʻli juqa2 odam-da, ena! Boʻmasa birgina toʻqli soʻyib toʻy qilama? Shunga topganimdi toʻyana qilib…

– Xoʻp, binoyi ish qilibsiz, baxshijon, – dedi Maryam momo oʻgʻlini alqab.

Mengziyoning chehrasi ochilib, boyagiday quvnoqlik bilan gapida davom etdi:

– Chin tinglovchi boʻsa, odam charchamaskan. Qurda oʻtirganlar toʻy oxirida, “Baxshi, bugun boshqacha aytdingiz, Rayimboy dadilroq ataganmi?” deb hazil-xuzul ham qilishdi, – dedi.

Soʻng ustozining, baxshi umrida bir marta daryoday toʻlib, sherday naʼra tortib qoʻshiq aytmasa, aytar gapi ichida armon boʻlib ketadi, degan gapini esladi. Bugun oʻzi mana shunday toʻlib, bor dardu hasratini toʻkib doston aytganini va birdan boʻshagan xumday boʻlib qolganini his etdi. Tagʻin ustozining, agar bu baxshining oxirgi qoʻshigʻi boʻlsa, ichi boʻshab, govara3si shovshab qoladi, degan soʻzi yodiga tushib vujudi titrab ketdi. Shunda boshiga baland qasaba kiyib urchuq yigirayotgan onasi, oppoq soqoli koʻksiga tushib, kitob varaqlayotgan otasi va sut tishi endi katilgan oʻgʻlidan tortib uyidagi qorachiroqqacha shu qadar aziz boʻlib koʻrindiki, beixtiyor bularning barchasini birdan yoʻqotib qoʻyadiganday qoʻrqib ketdi. Oʻgʻlining mahzun boʻlib qolganini koʻrgan ona:

– Tinchlikma, bolam? – dedi.

– Bilmayman, ena. Koʻnglim allatovur boʻlib ketdi… Shu bugun “Alpomish” hech oxiriga jetmadi. Hakimbek chakka tushgan joyidan soʻng xiyli narsa qoʻshib jubardim, – dedi.

Boyadan buyon oʻgʻlining gapini jimgina eshitib oʻtirgan Tangriqul bobo yalt etib unga qaradi va:

– Nima deb aytding?! – deb soʻradi.

Bu soʻroqda qoʻrquv va allanechuk umidvorlik bor ediki, Mengziyoni otasining vazmin, ayni damda jarangdor ovozi gunoh ustida qoʻlga tushgan boladay sarosimaga solib qoʻydi. U hadik bilan gap boshladi:

– Alpomish Qalmoqda qolib ketgandan keyin yuzboshilar Elboshini sogʻinib qoʻshiq boshlabdi, – dedi Mengziyo otasidan koʻzini olib qochib. – Bu Ultonga yoqmabdi. Baxshilardi bandi qilay yaki qoʻshiq ayttirmay desa, eldi koʻngli battar undan soviydiganday… Shunda u bir shumlikdi oʻylab, oʻylaganidan oʻzi rohatlanib kulibdi… Ulton degani choʻrining bolasi emasmi, allaqayerdan irgʻiy tayoqni topib kelib, uni barmoqday-barmoqday uzunlikda boʻlib chigʻibdi. Soʻng tayoqchalardi jugurdagiga berib, “Baxshiman degandi bariga bundan bittasini berasan, qoʻshiq aytsa shuni tishida tishlab, ogʻzidan qoʻymay aytsin, boʻmasa boshini qoʻltiqlab kelib kundaga koʻndalang qoʻyabersin, men – Ulton biyning amrim shul”, debdi. Buni eshitgan baxshilar uning farmonini avval hazil bilibdi. Qarasa, chinga oʻxshaydi. El oldiga tushib, oqsoqolman degan toʻrt-besh odam borib, Ultonga arz qigan ekan, ulardi boshini olib, Boysundi toʻrt tomonidan keladigan karvon yoʻliga osib qoʻyibdi. Shunda yuzboshilardi bir xili qoʻrqib, baxshilikdi tashlab, doʻmbirani koʻrsa qochadigan boʻlibdi. Boshqalari choʻpni tishlab, mingʻirlab nima deyayotganini oʻziyam bilmaydigan boʻlib qolibdi. Yana boshqa birlari qoʻli qonab, juragi ado boʻguncha doʻmbirani turli nagʻmalarda chalib-chalib, tilini tishlab aytar gapi ogʻzida qolib, soʻzdi ogʻirligidan urti yorilib, dunyoyi qoʻtirga qoʻl siltab ketibdi. Na unisiga, na bunisiga koʻnmaganlar Qalmoq choʻliga surgun qilinib, adoqsiz sahroda oʻzilariga oʻzlari qoʻshiq ayta-ayta izsiz ketibdi.

Mengziyoning gapini tinglagan otasi boya kitob oʻqiyotib bir zum tin olib, mulohazaga berilgani kabi bir muddat sukutga choʻkdi. Keyin hukm oʻqiyotgan qoziday ovozini baralla qoʻyib:

– Har zamondi oʻz qoʻshigʻi boʻlarkan-da, baxshijon, – dedi.

Tangriqul bobo oʻgʻlini birinchi bor “baxshi” deb atagan edi. Bu: “Oʻz qoʻshigʻingni yaratibsan, yuzboshi boʻlibsan”, degani edi. Otasining soʻzidan quvongan Mengziyo daryoday oqib doʻmbira chalgisi, togʻday tebranib qoʻshiq aytgisi keldi. Tuni bilan uxlay olmadi. Yuragi hapriqib qoʻli doʻmbiraga qarab ketaverdi. Ammo boshqalarning oromini buzgisi kelmay, tonggacha pichirlab doston aytib chiqdi. U bugun aytganlarini takrorlar, tagʻin dostonga yangi-yangi voqealar qoʻshar, bundan Ultonning hunari koʻpayib, Alpomishning yurtga qaytishi olislab ketayotgan edi. Mengziyoning koʻngli xijil boʻldi. Axir, tong otguncha ham “Alpomish”ni nihoyasiga yetkaza olmadi. Oʻrnidan turishi bilan doʻmbirani qoʻliga olmoqchi edi, avval itning hurgan ovozi, keyin kimningdir qattiq soʻkingani va, nihoyat, Mengziyoni yoʻqlagan chaqiriq tovushi qulogʻiga chalindi. Istar-istamas eshikka qarab yurdi.

U tashqariga chiqqanida Toshqul shoʻro yaqin kelib qolgan edi. Toshqul shoʻro novcha, oqsariqdan kelgan va kosasidan boʻrtib chiqqan koʻzi atrofga besaranjom boqadigan kishi edi. Uning kalta iyagi baqbaqasiga qoʻshilib ketgan va qaddini gʻoz tutib yurishidan oʻziga bino qoʻygani shundoq bilinib turardi. Hozir ham odatiga koʻra salmoqlab qadam tashlar, boshini adl tutib qoʻlidagi tayoq bilan vovullayotgan itni nari haydab kelarkan, ortiga qarab-qarab qoʻyardi. Mengziyo uni koʻrishi bilan koʻnglidagi hadik battar avj oldi. Axir, Toshqul shoʻroning tongdan birovning hovlisiga bostirib kelishi hech qachon yaxshilik keltirmagan. Shunday boʻlsa-da, yuzidagi samimiyatni yoʻqotmaslikka urinib, ochiq chehra bilan salom berib, mehmonni uyga taklif etdi. Toshqul shoʻro uning muomalasini oʻzicha tushunib, miyigʻida kuldi. Qoʻlidagi tayoq bilan kirza etigiga urib, changini qoqqan boʻldi. Keyin shunchaki bir koʻrib ketish uchun kelganday hovlining chor tarafiga loqayd koʻz tashladi. Ammo shu qarashning oʻzidayoq har bir narsaning qanday, qayerda turganini yodlab qolayotganday taassurot uygʻotardi. Nihoyat mehmon tilga kirdi:

– Mengziyo baxshi sizmi? – dedi. Bu gapni eshitgan baxshi piq etib kulib yubordi va:

– Toshqul aka, nima, meni tanimayapsizmi? Yo kecha toʻyda anavindan koʻproq olib, a?! – dedi Mengziyo boyagi dilxiraligini unutib.

Bu gapdan shoʻroning qovoq-tumshugʻi battar osilib ketdi. Unga yeb qoʻyguday tikilib:

– Men oʻyin uchun kemadim. Sizdi hukumat idorasiga olib ketishga joʻnatilgan odamman, – dedi.

– Tinchlikma, Toshqul aka? – sarosimaga tushib soʻradi Mengziyo. – Bizdan nima gunoh oʻtibdi?

– Birinchidan, senga aka-pakamasman! Ikkinchidan, nima gapligini borganda bilasan. Hozir savol beravermay oldimga tush, – dedi endi sensirashga oʻtib.

Mengziyo uning niyati jiddiy ekanini koʻrib, koʻngliga gʻulu tushdi. Qachon va qayerda nima ayb, qanday gunohga qoʻl urganini eslash uchun zoʻr berib oʻylay boshladi. Ammo biror arzirli sabab topolmadi. Bundan biroz tinchlandi. Bir-ikki soʻroq-savol qilib qoʻyib yuborishadi, deb oʻyladi. Toshqul shoʻro oʻziga qarab angrayib turgan Mengziyoga:

– Tez-tez boʻl, nima, gapdi eshitmadingma? – dedi poʻpisa qilib. Mengziyo sergak tortdi. U ust-boshini alishtirish uchun xonaga qaytib kirmoqchi edi, shoʻro yoʻlini toʻsdi.

– Shunday yuraver. Seni toʻyga olib ketayotganim yoʻq, – dedi.

Mengziyo uning gapini tushunmadi. Lekin shoʻro yoʻlini toʻsib turgani bois:

– Otib tashlasangiz ham, choponimdi olib chigʻay. Yo shuyam mumkinmasma? – dedi achchiq bilan.

Mengziyoning vajohatini koʻrgan shoʻro unga yon berdi.

– Uyga kirib qarab turaman.

– Qoʻrqmang, qochib ketmayman. Gunohim boʻlsayakan, qoʻrqib qochsam… Ishonmasangiz, nimayam derdik. Kiring!

Mengziyo shunday deya eshikni lang ochib, qoʻlini koʻksiga qoʻydi. “Mehmon” istehzoli kulib etigini yechmasdan ichkariga bir qadam tashladi. Soʻng xavfsiraganday boʻsagʻada turib oldi-da:

– Shu joyda qarab turaman, tez chiq, – dedi. Mengziyo xonaga kirishi bilan Oydinning titroq ovozda yigʻlagani eshitildi. U Mengziyodan nima aybi borligini, ne sababdan shoʻro uni olib ketish uchun kelganini soʻrardi. Ayni paytda Oydin ichki bir sezgi ila oldinda katta kulfat kutib turganini his etardi. Mengziyo ham shu kabi xayolga borar va shunday paytda Oydinning ustma-ust savol berishi uning gʻashini keltirgan edi. U xotiniga ilk bora sababsiz qattiq gapirdi.

– Men qayerdan bilaman? Biror ishi borki, kegan. Buyam garangmas-ku, qurtlagan kallasini duch kelgan uyga suqib ketaberadigan.

Ostonada turib bu gapni eshitayotgan shoʻro:

– Tilim bor deb valdirayverma! Tez-tez boʻl! Yana bir marta mingʻilasang, tilingni sugʻirib olaman, – dedi vajohat bilan.

Shu payt paydo boʻlgan Tangriqul bobo shoʻroning ortida turib:

– Ha, Toshqulboy, tinchlikma? Kallayi saharlab qip-qizil xoʻrozday birovdi boʻsagʻasida gʻoʻddayib turibsan, – dedi.

Toʻsatdan baralla yangragan ovozdan choʻchib tushgan shoʻro apil-tapil oʻzini oʻnglab:

– Hukumatdi odamini hashuva qimang, – dedi chiranib. – Qamoqqa ketgingiz kelayotgan boʻsa, ayting.

– Bizga oʻxshagan munkillagan choldi hukumat nima qiladi? Yo ketimizga shapatlab, yaxshi bola boʻl, deb poʻpisa qilama? – dedi Tangriqul bobo battar uning jigʻiga tegib.

Shoʻroning lablari pirpirab, koʻzi ola-kula boʻlib ketdi. Koʻrsatkich barmogʻini boboga nuqib:

– Siz apasniy chelovek, – dedi. – Hozir baxshi bilan gaplashib olay, keyin oʻzim bilaman!

– Boʻldi, tomoshani bas qi, – dedi toqati toq boʻlgan Tangriqul bobo choʻrtkesarligiga borib. – Mengziyo hech qayerga bormaydi!

Toshqul shoʻro ne deyishini ham, nima qilarini ham bilmay bir zum taraddudlanib turdi-da, shaxt bilan oʻzini ichkariga urdi. U uyga kirish barobarida bor ovozda kimnidir yordamga chaqirdi. Mengziyoga otasining gapi dalda boʻlib derazadan chiqib qochmoqchi edi, shoʻro uni epchillik bilan tutib qoldi. Shu payt uyning ikki tomonida panalab turgan qizil askarlar miltigʻini oʻqtalib yugurib kela boshladi. Birinchi askar oʻziga qarab hurib borayotgan itga oʻq uzdi. Koʻppak gʻingshiganday choʻziq uvladi-yu, ikki qadam nariga otilib ketdi, qora qoniga belanib qoldi. Miltiqning gumbirlagan ovozidan yeru koʻk larzaga keldi. Oydin bu tovushdan choʻchib, dodlab, boshini changallab, oʻtirib qoldi. Mengziyo shoʻroning qoʻlidan otilib chiqib, qoʻrquvdan yigʻlab yuborgan Elmurodni quchib oldi. Oʻktam esa molxona tomondan yugurib keldi. Qoʻlini musht qilib qizil askarlarga tashlanmoqchi edi, otasi uni mahkam tutib qoldi. Oʻktam dam otasiga, dam qurol koʻtarib olgan askarlarga qarab alami boʻgʻziga tiqildi. Bu gʻala-gʻovurdan endi xabar topgan Maryam momo kafti bilan qulogʻini berkitib: “Bola-a-am-mm”, deb dodlab yubordi. Mengziyo oʻgʻlini yupatishga urinib, bagʻriga qattiq bosib turardi. Bularning barchasi shu qadar tez sodir boʻldiki, Mengziyo butun voqeani idrok etishga ham ulgurmadi. Toshqul shoʻro esa ularning sarosimaga tushib qolganini koʻrib, ajib bir magʻrurlik ila qoʻlidagi tayoq bilan Mengziyoning yelkasiga gursillatib urdi va:

– Qani, oldimga tush, sotqin! – dedi baralla.

Mengziyo beixtiyor qoʻlini boshining orqasiga qoʻyib oʻrnidan turdi. Kecha barcha yaqinlari va uyidagi narsalargacha koʻziga aziz boʻlib koʻringani kabi hozir ham mana shu lahzalar unga vidolashuv onidek tuyuldi. Hozirgidek kech kuzakning izgʻirinli kunlaridan to navroʻzgacha choʻgʻi oʻchmaydigan sandal, uning atrofida yaqinlari jam boʻlib oʻtirib suhbatlashishlari, otasining hikmat oʻqishi, onasining urchuq aylantirib burungʻi matallardan aytishi… bularning barcha-barchasi juda olis xotira va ayni damda yetib boʻlmas orzuday koʻrinardi. Illo, endi ukasi Oʻktamni, oʻgʻli Elmurodni qayta koʻrmasligini, Oydinning qoʻlidan bir piyola choy icholmasligini his etardi. U Toshqul shoʻroning oldiga tushib ketarkan, dod-figʻon qilib yigʻlayotgan onasining ham, ayoli Oydinning ham aytimlarini eshitmaganday oʻzini loqayd tutishga urinar, ichidagi titroqni bazoʻr bosib, zoʻraki iljayardi. Bu bilan shoʻro va qizil askarlar oldida boshini adl tutmoqchi edi. Ammo otasi bilan koʻzlari toʻqnashdi-yu, butun vujudini allaqanday dard ayovsiz ezgʻilab tashladi. Shu damda shoʻroni yoqavayron qilib doʻposlamoqchi boʻldi. Lekin quloqlari ostida boya itning vangʻillab yiqilgani va oʻq ovozining aks sadosi bong urib, tishini tishiga bosdi. U endi ukasiga qaramaslik uchun tez-tez qadam tashlab oʻtib ketdi. Shu payt ichkaridan yugurib chiqqan Elmurod ovozining boricha:

– Ota-aa, – deb baqirdi.

Qizil askarlar qurshovida ketayotgan Mengziyo ortiga oʻgirilib qarar ekan, Tangriqul bobo Elmurodni quchib toʻxtatib qolganini koʻrdi. Oʻgʻli ikkala qoʻlini bobosining yelkasi uzra oshirib unga talpinar, moʻysafid esa boshini egib hiqillab yigʻlar, bu uning titrayotgan jussasidan shundoq koʻrinib turar edi.

* * *

Mengziyo askarlar qurshovida mustahkam devor bilan oʻrab olingan istehkomga yetib borganida Amudaryo toʻlqinida quyoshning zaif nuri mavj urar edi. Kuni bilan tuz totmagan Mengziyo yoʻl azobidan charchab, ochlikdan sillasi qurigandi. Uning koʻzi kosasiga choʻkkan, jussasi kichrayib, avvalgi Mengziyo bilan hozirgisining orasida yer bilan osmoncha farq bor edi. Baxshi shuncha azoblarga qaramasdan, yoʻl boʻyi tilini yeb qoʻyganday jim keldi. Zero, shoʻrodan tayinli gap chiqishiga ishonmagan va barcha savollariga shu yerda javob topmoqchiydi.

Mengziyo kabi mahkumlar qamalgan bu istehkom qadim Termizning bosh-adogʻi koʻrinmas biyday choʻlida qad rostlagan. Imoratga gʻarbiy darvozadan kirib borgan Mengziyoning koʻziga dastlab chor tarafi devor bilan oʻralgan qalʼaning moʻl-koʻl hovlisi va oʻz yumushi ila andarmon askarlar, ular uchun zarur buyum va qurol-yaroqlar koʻrindi. Undan soʻng himoya devoriga qoʻshilib ketgan xonalarning eshik-derazasiga qaradi. Bu vaqtda narida turgan soqchi askar ularning yoniga yetib keldi. Mengziyoni olib kelganlar unga nimanidir tushuntirdi. Soʻng soqchi Mengziyoni yetaklab ketdi. Ular ochiq maydonda devor boʻylab borib zinadan pastga tushdi. Qorovul ularni koʻrishi bilan temir darvozani ochib ichkarida osigʻliq fonusni olib yoʻl boshladi. Eshikdan kirgan Mengziyo yana ikki-uch zina enib, askarlar qurshovida bosh-adogʻi koʻrinmas, qorongʻi va zax yoʻlakning soʻl tomoniga qarab uzoq yurdi. Yorugʻdan kelib birdan zimistonga kirib qolgan Mengziyo oʻzini lahadga tushganday his etdi. Nihoyat qorovul temir panjarali eshik yonida toʻxtab, fonusni sherigiga tutqazdi. Oʻzi qulfni ochib, Mengziyoni ichkariga kiritdi. Baxshi ostona hatlab, qayoqqa yurishini bilmay bir muddat serrayib qoldi.

Oʻshandan buyon ham uch kun oʻtdi. Mengziyo xonaning odam boʻyi yetmas balandlikdagi darchasidan tushayotgan yorugʻlikka qarab kun bilan tunni farqlar va, ayniqsa, kechalari vaqt yanada imillab qolar edi. Boz ustiga, u tunni deyarli uyqusiz oʻtkazardi. Qorongʻi va zax xonada qamalib oʻtirgan Mengziyoni ochlik va uyqusizlik qanchalik horitgan boʻlsa, javobsiz savollar undan-da battar azobga solardi. Holbuki, u oʻtgan vaqt ichida faqat gunohi nima ekani haqida bosh qotirardi. Lekin savoliga javob topilmas, bundan Mengziyoning yuragi battar siqilar edi. Tagʻin xayollari chuvalashib, uni olib ketishayotganda onasining dodlab yigʻlagani, Elmurodning yugurgani, otasining koʻzidagi dard va ukasining qoʻlini musht qilib, chorasizlikdan titrab turgani koʻz oʻngidan oʻtib: “Uying kuygur Toshqul”, derdi. Mengziyo namxush xonada choponga oʻranib oʻtirar, tagʻin bir zum oʻtar-oʻtmas oʻrnidan turib, majolsiz oyogʻini sudrab u yoqdan-bu yoqqa borib-kelardi va sovuqdan dir-dir qaltirardi. Tagʻin kuzakning izgʻirini panjarali darchadan kirib, xonani zabtiga olardi.

Bu ham yetmaganday, bugun kech tushishi bilan qoʻshni xonada allakimning tinimsiz dodlashidan qulogʻi tom bitdi. U: “Gunohim nima?” deb baqirar, yalinib-yolvorib bolalarining qarovsiz qolganini aytar, tagʻin ogʻziga kelgan soʻkishni qaytarmay, qoʻpol soʻzlarni qalashtirib tashlardi.

Nihoyat, kimdir temir eshikni gʻiyqillatib ochdi. Boyagi mahbus eshik ochmishga yalina boshladi. Soʻng birdan tashlanib qoldi, shekilli, toʻs-toʻpolon boshlanib ketdi. Koʻp oʻtmay miltiqning gumbirlagan ovozi chiqdi-yu, dunyo birdan sukutga choʻkdi. Keyin kimdir temir eshikni qarsillatib tepdi. Ruschalab soʻkindi va yonidagi sherigiga:

– Endi buni chiqarib tashlash kerak. Turgan-bitgani dahmaza, – dedi.

Mengziyo qoʻshni kameradagi qabohatni his etib boshini changallab muk tushdi. Mengziyo qizil askarning gapini tushunmadi. Lekin ular shunchaki qorovul emas, qonxoʻr qotil ekanini bilib butkul sarosimada qoldi. Uning yuragida nimadir uzilganday ich-ichidan ezilib ketdi. Baxshi oʻzini unutar darajada madorsizlandi.

Hamon qulogʻiga oʻq ovozi eshitilib turarkan, Mengziyo miyasiga oʻrnashgan bu tovushdan qutula olmay, anchagacha esini yoʻqotib eshik yonida qolib ketdi. Baxshi shu holida Toshqul shoʻro haqida oʻylardi. U Toshqulning mana shu kimsalarga hamtovoq ekaniga ishongisi kelmasdi. Mengziyo shoʻrodan qanchalik nafratlanmasin va Toshqulni pastkash va sotqin ekanini bilsa ham, uni bunchalikka boradi deb oʻylamas edi. Ayni paytda Toshqul qanday qilib hukumat xizmatiga oʻtib qolgani haqida oʻylarkan, ancha yillar oldingi voqea yodiga tushdi.

Mengziyo bolalik chogʻida tengqurlari bilan bahorning seryogʻin kunlari kunbotar tomondagi adirda, boshqa vaqtlari esa daryo sohilida mol boqib kun oʻtkazardi. Oʻshanda Toshqul, Mengziyo va yana ikki yigitcha qoʻradan molni haydab chiqib, koʻchada qay tomonga ketishni kelisha olmay turishardi. Toshqulning oʻzi bir yoq boʻlib sohilga borishni, qolganlar esa tepaga chiqishni aytib bahslashardi. Shu payt Tursun polvon kelib qoldi. Qishloqda polvonning obroʻsi baland edi. Tursun polvonning gapini uncha-muncha odam ikki qilmasdi. U yigitchalarni koʻrib:

– Koʻchada serraymay bir tomonga ketsalaring boʻmaydima? Mollaring bor daraxtni kamirib chiqdi, – dedi. Ularning qayoqqa borishni kelisha olmayotganini bilgan polvon:

– Boharda adirga chigʻish kerak-da! Halamzamat oʻt qaytadi. Soʻng daryoga borasilar, – dedi.

Polvonning gapidan soʻng Toshqul birdan oʻzgardi va chaqqonlik qilib:

– Shuni bularga tushuntira olmayappan-da, polvon bova. Hammasi birigib daryo tomon boramiz deyapti, – dedi. Uning gapiga boyagi ikki yigit beozor kulib qoʻydi. Lekin Mengziyoning rostgoʻyligi tutib:

– Torozining pallasiga qarab gapirmang-da, Toshqul aka, – dedi. – Hozir oʻzingiz adirga chiqmaymiz, dedingiz-ku!

Toshqul achchiqlanib Mengziyo bilan sen-menga borib qoldi. Polvon ularni ajratib qoʻydi.

Toshqulning achchiqlanishiga sabab bor edi. U shunday vaziyatda tosh qay tomonga bossa, oʻsha yoqqa ogʻib ketardi. Shu sabab qishloqdoshlar Toshqulga “Tarozi” deb laqab qoʻyishgan edi. Toshqul hukumat ishiga yollangach, “Tarozi” laqabi esidan chiqib, “Shoʻro” degan nom oldi.

Mengziyo shular haqida oʻylarkan, Toshqul shoʻro bu bandixonani koʻrganmikan, degan xayolga bordi. Darhaqiqat, shoʻro istehkomga bir necha marta kelgan edi. Ammo u yertoʻla borligini yetti uxlab tushida ham koʻrmagan. Zero, shoʻro qamoqning tepasidagi shifti baland hashamdor xonalarga, poʻrim libosli askarlarga, tashqi devordagi tuynukda tumshugʻi chiqib turgan zambarak va yana oʻzi uchun yangilik boʻlgan barcha narsaga mahliyo boʻlib ortiga qaytgandi. Hukumatning kuch-qudrati yonida oʻzini kuchliroq shamolda uchib ketadigan toʻyaqorin1day his etardi. Toshqul shoʻro oʻz inon-ixtiyori bilan tobe boʻlarkan, hukmfarmo boylar va “qonxoʻr bosmachilar”ni mavh etgan hukumatning adolatparvarligiga zarracha shubhalanmasdi. Shoʻro shular haqida xayol surganida komandiri unga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib yelkasiga qoqib dalda berganini eslarkan, “ulugʻ ogʻasi”ga taqlid qilib papiros tutatar va bundan huzurlanardi.

 

Oqshom choʻkib, darchadan toʻlin oyning yogʻdusi butun xonaga oqib kirar, faqat panjaraning shakli tushgan yer qorayib koʻrinar edi. Mengziyo darchadan moʻralab turgan oyga chuqur botgan koʻzlari bilan uzoq vaqt termilib oʻtirdi. Oy yorugʻida gʻamning qora chiziqlari qaboqlari ostida qalin iz qoldirgani shundoq koʻrinib turar va ozib-toʻzib ketgan yuzida paydo boʻlgan bir taram ajinga urilgan yogʻdu butun xona boʻylab taralardi. Oyga boqar ekan, uning yuzidagi qora dogʻni bir vaqtlar urchuq yigirayotgan momoga mengzagani yodiga tushdi. Shu payt oʻsha momo birdan jonlanib, koʻziga onasi boʻlib koʻrindi va beixtiyor: “Ena-aa”, deb yubordi. U bu soʻzni shu qadar titroq va xastahol ohangda aytdiki, ovozi qulogʻiga ham yetib bormay havoga singib ketdi. U yana uzoq vaqt soʻzsiz koʻkka qarab oʻtirdi. Oy esa najot kutayotgan mahbusday panjaraga yuzini qattiq bosib turardi.

Mengziyo shu koʻyi uzoq vaqt hech narsa haqida oʻylamaslikka urinib jim oʻtirdi. Nihoyat, tun yarimdan oqqan mahal temir eshik sharaqlab ochildi va fonus koʻtarib turgan askar Mengziyoning qoʻlini orqaga qayirib xonadan olib chiqdi. Ikkinchisi esa miltiq oʻqtalib ortidan yurib zinadan tepaga koʻtarildi. Ular hovliga chiqishgach, oʻng tomondagi xonalardan biriga kirishdi. Shifti baland va keng xonaning oʻrtasida stol-stul turar, oppoq rangga boʻyalgan devorda dohiyning suratidan boshqa hech narsa yoʻq edi. Xona toʻrida devorga qoʻshib qurilgan gʻishtin pechdan chiqayotgan tutun derazaning ochiq koʻzidan tashqariga oʻrlardi. Mengziyo soqchi koʻrsatgan burchakka borib turdi. Koʻp oʻtmay poʻrim libos kiygan kishi xonaga kirib, tutundan boʻgʻilib qaytib chiqdi. Shu yerda turgan askar shosha-pisha pech tagini kavladi. Eshikni keng ochib qoʻydi. Pech gurillab yonib, tutun gʻoyib boʻldi. Shundan soʻng boyagi kimsa qaytib keldi, eshik-deraza mahkamlandi. Tergovchi stulning birini pech yoniga qoʻyib oʻtirdi. Uning izidan kelgan kotib esa oʻrtadagi stulga joylashib, yozishga tutindi. Tergovchi qoʻlidagi qogʻozlarni sinchiklab oʻqidi-da:

– Sen juda xavfli bosmachi ekansan-ku! – dedi. Keyin labidagi papirosni yerga tashlab, oyogʻi bilan ezgʻiladi. – Kechagi yakshanbada qayerda eding, nima ish bilan shugʻullanding?

Mengziyo quruqshab qolgan lablarini yalab tomoq qirdi. Xonaning harorati yuziga urib qizardi. Ammo ichidagi sovuq titroq battar kuchayib, madorsiz oyoqlari oʻziga boʻysunmay, devorga suyanib qoldi. Keyin savol bermishning soʻzlarini tushunishga urinib diqqat bilan quloq tutdi. Bundan tergovchining jahli chiqib savolni takrorladi:

– Toʻgʻri tur! Sendan soʻrayapman. Oʻsha kuni qayerda eding?!

– Oʻrischani tushunmayman, – dedi Mengziyo.

Savol bermish uning gap ohangi va oʻzini tutishidan nima deyotganini tushunib, baralla soʻkinib yubordi. Soʻng eshikogʻasidan tarjimon bor-yoʻqligini soʻradi. Tagʻin oʻziga-oʻzi:

– Hozir hammasi toʻngʻizday qotib uxlayotgandir, – dedi asabiy holatda. – Bu ahvolda ishlab boʻladimi?.. Mayli, davom etamiz. Takror soʻrayman: oʻsha kuni qayerda eding?!

Mengziyo uning birorta gapiga tushunmadi. Bundan tergovchining battar figʻoni chiqdi. Uning ishorasi bilan soqchilardan biri Mengziyoning qoʻlini qayirib qiynoqqa soldi. Bundan qanoatlanmay, qoʻliga kamar olib Mengziyoning yelkasiga zarb bilan urdi. Baxshining koʻzidan oʻt chaqnab ketdi. Gandiraklab yiqilib tushdi. Tergovchi jahl bilan soqchining qoʻlidan kamarni oldi-da:

– Toʻnini yechib, erkakka oʻxshab ur! – dedi.

 

Mengziyo yertoʻladagi kameraga qaytib kelganida oʻlar holatga tushib qolgandi. Tergovchi nuqul baqirib-chaqirib gapirdi. Soqchi uni savalashdan, kotib esa nimanidir yozishdan toʻxtamadi.

Keyingi bir haftada Mengziyo bundan ham battar azobni boshidan oʻtkazdi. Soʻnggi soʻroq kunigacha Mengziyo qiynoqdan shu darajada zada boʻldiki, bu azobdan qutulish uchun jonini berishga ham tayyor edi.

Tagʻin savol bermish barchasini boshidan boshlab soʻradi:

– Oʻsha kuni qayerda eding?

Tarjimon baxshiga savolni takrorladi. Mengziyo javob berdi:

– Toʻyda.

– U yerda nima qilding?

– Doston aytdim.

Tergovchi qaysi doston, uning mazmun-mohiyatini soʻradi. Baxshi “Alpomish”ni qisqacha aytib berdi. Tarjimon uning gapini bilganicha ruschada takrorladi. Savol bermish oʻylanib xonada u yoqdan-bu yoqqa borib keldi. Soʻng Mengziyoning roʻparasida toʻxtab uzoq gapirdi. Tarjimon tagʻin toʻtiday takrorladi:

– Alpomish yakkahokim boʻlgan. Podsholik qilish uchun urush qilib, oddiy odamlarni azobga qoʻygan. Sen shuni maqtab doston aytgansan…

– Doston aytishim chin. Lekin Alpomish siz aytganday odam emas. Ana Ultonni yomon desa boʻladi.

– Vey, qanday odamsan oʻzi?! Alpomishning yomonligini bilmagan ekanman, kechiringlar, desang bir joying kamayib ketadima? – dedi tarjimonning jahli chiqib.

– Boʻlar gap shu boʻlsa, oʻtirik (yolgʻon) aytayma?

– Alpomish jon jigaringmidi, buncha tarafini olasan?

Mengziyo gʻazab va achinish qorishgan nigohi ila tarjimonga tik qaradi. Nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi. Ammo roʻparasida turgan kimsa chaqqonlik qilib tergovchiga qarata:

– Bu odam boʻlmaydi, – dedi. Shu asno baxshi yana kaltak ostida qoldi. Bu azoblarga endi chidab boʻlmasdi. Mengziyoning oyoq-qoʻli qanchalik shalvirab qolgan boʻlsa, ruhiyati undanda battar ahvolda edi. Uni diqqat bilan kuzatib turgan tergovchi:

– Manavi qogʻozga imzo qoʻysang boʻldi, ishing yopiladi, – dedi. Mengziyo uning nima deganini bilgach tarjimondan:

– Barmoq bosganimdan soʻng nima boʻladi? – deb soʻradi.

– Hammasidan qutilasan. Ikkovimizam tinchiymiz. Bulardi aytganini qisang yomonlik koʻrmaysan, – dedi. Uning soʻziga ishongan va oʻzga chorasi yoʻqligini yaxshi bilgan Mengziyo hujjatni imzoladi. Bu aybnomada quyidagicha xulosa bitilgan edi: “Mahbus Mengziyo Tangriqulovich aql-hushi joyida boʻlgani holda oʻzini telbadek tutib, tergovning ogʻir kechishiga sababchi boʻldi. Holbuki, biz uning nihoyatda xavfli nusxa ekanini, turli marosimlarda eskilik sarqiti boʻlgan eposni aytib, odamlar orasida yakkahokimlik va aksilshoʻroviy gʻoyalarni targʻib qilayotganini aniqladik. U olib borilgan tergov jarayonida bu ayblarga toʻla iqror boʻldi.

Tangriqulovich Mengziyo xatosini tan olishdan avval tergovni chalgʻitish maqsadida rus tilini bila turib, savollarimizga ataylab oʻz tilida javob qaytardi. Millatchilik qildi. Aziz vaqtimiz qanchalik isrof boʻlishiga qaramasdan tergovni toʻxtatib, mahalliy tarjimonni chaqirib, uning xolis xizmatidan foydalanishga majbur boʻldik va hokazo…”

 

* * *

Koʻp vaqt oʻtmay, Mengziyo va unga oʻxshagan yana oʻttiz-oʻttiz besh chogʻli kishining oyoq-qoʻlini zanjir-kishanlar bilan mahkamlab, temiryoʻl vokzaliga olib borishdi. Bularning barchasi baxshi kabi arzimas sabablar bilan mahkamaga keltirilgan va eng ogʻir jinoyatchi deb topilgan edi. Yigirmadan ortiq qizil askarlar ularni birma-bir sanoqdan oʻtkazib, hammasi joyida ekaniga qayta ishonch hosil qilgach, vagonga chiqara boshladi. Yuk uchun moʻljallangan vagon temir panjara bilan xonalarga boʻlingan va har birining eshigida otning kallasiday qulf osilib turardi. Ular mahbuslarni qafasga qamab, qulflab qoʻyishdi. Soʻng qayta sanoq oʻtkazib, vagon eshigini orqasidan yopishdi. Poyezd choʻziq signal chalib, qattiq tebrandi-yu, ohista yurib ketdi. Borgan sari uning tezligi oshib, bir maromdagi taraq-turugʻi kuchayib, quloqni qomatga keltirar darajaga yetdi. Mahbuslarning barchasi oʻz dardi bilan boʻlib jim yotishar, koʻpchiligi madorsizlik va soʻngsiz azoblardan deyarli hushsiz boʻlib qolgan edi. Mengziyo ham anchagacha nimalar boʻlayotganini bilmay yotdi. Uning koʻz oʻngidan bahorgi yaylov va qirda tiklangan oʻtovda chordona qurib oʻtirgan otasi, sal narida qoʻy sogʻayotgan onasi va hayrovdan endi qaytib, kunchuvoqda toblanib yotgan ukasi oʻta boshladi. Keyin Oydin koʻrinish berdi. Shu payt oʻgʻli qoqilib yiqildi va: “Ota-a!” deb yigʻlab yubordi. Choʻchib tushgan Mengziyo bu voqea xayolidan oʻtdimi yo tush koʻrdimi, bilolmadi. Koʻngli xijil boʻlib, bu yonboshiga agʻdarilib yotdi. Yogʻoch oʻrin badaniga botib ketgan boʻlsa-da, turib oʻtirishga majoli yetmadi. Boz ustiga temir izga bosh urayotgan gʻildiraklar miyasiga kelib tegayotganday asab tolalarini taranglashtirar edi. Tish ogʻrigʻi kabi biroz zaif, ammo muttasil azob beradi. Mengziyo bularning barchasidan qutulish uchun butun vujudini quloqqa aylantirib, temir tovushni tinglay boshladi. Bu shovqin avval allaqanday ohangga va asta-sekin kuyga aylandi. Soʻng doʻmbiraning sehrli ovozi butun olamni tutganday boʻldi. Shundan soʻng Mengziyo ozgina chalgʻisa, bu kuy yana sovuq temir tovushga aylanib qolishidan choʻchib qoʻshiq ayta boshladi:

Oqar daryo murdor boʻlmas,

Sakson koʻppak sorisa.

Bir kapgir osh elga yetar,

Boshiga Xidir dorisa.

Botir yigit shul boʻlar,

Yovdan yurtin qoʻrisa.

Shoir kishi shul boʻlar,

Soʻzi yurtga porisa…

U oʻz-oʻziga terma aytar ekan, Ultonning farmoni bilan Qalmoq choʻliga surgun qilingan baxshilar koʻz oʻngidan oʻtib, alami boʻgʻziga tiqilib, tobora ona yurtidan olislayotgan poyezdda borsa-kelmasga ketib borardi.

* * *

Poyezd Sibirning qoru muz bilan qoplangan quyuq oʻrmonlari tomon yeldek uchib borar ekan, temir izlar Tangriqul boboning koʻkragidan oʻtganday koʻkayi kesilib, aftodahol boʻlib qolgandi. Moʻysafid oʻgʻlining ahvoli ne kechganidan qaygʻurar, necha oydan buyon Mengziyodan biror darak topolmaganidan xavotirda edi. Bu hadik uning yuragiga toshdek ogʻir botib toliqtirardi.

Tangriqul bobo bugun ham tong yorishmasidan burun tuman markaziga qarab yoʻl oldi. U odatdagiday chakmonini egniga tashlagan, boshiga quyonteri telpakni bostirib, quloqchinini iyagi ostidan oʻtkazib bogʻlagan, jussasiga yarasha uzun va baquvvat qoʻlida qamchini oʻynatib, otga nomigagina urib qoʻyardi. Uning qiyiq koʻzlari atrofga sinovchan boqar, roʻparadan urayotgan shamolda koʻksiga tushgan oppoq soqoli ikki yonga yoyilib, qoziq iyakli choʻzinchoq yuzini kichraytirib koʻrsatardi. Tangriqul bobo toshloq yoʻlda bir maromda yoʻrgʻalayotgan qashqa jiyronning yurishiga monand tebranib borardi. Tuman markaziga eltadigan bu toshloq yoʻl Surxon daryosining oʻng sohili boʻylab ketgan edi. Sohilning ikki yonida ham past-baland tepaliklar yastanib yotar, uning bir tomoni Bobotoqqa, ikkinchisi Boysun togʻiga borib tutashgandi.

Sohildagi yoʻldan Boysun togʻi deyarli koʻrinmas va kun asrdan ogʻishi bilan quyosh huv baland tepaliklar ortiga omonat yashiringanday boʻlardi. Shu bois bu yerlarga tez qorongʻi tushar edi. Narigi qirgʻoqdagi tepaliklar ham baland boʻlishiga qaramay, Bobotogʻ koʻzga yaqqol tashlanar edi. Tangriqul bobo mana shu keng va bepoyon dashtni yorib oʻtgan daryo sohilida tugʻilib oʻsgan, feʼl-atvori ham shunga yarasha edi. Uning koʻngli dasht kabi keng, keksa tepaliklar yangligʻ vazmin, mulohazali va ayni damda daryoning quyi oqimi kabi shijoatli edi. Shu bois yoshi yetmishdan oshgan boʻlsa-da, tetik va doim qaddini gʻoz tutib yurardi. Mengziyoni olib ketishganidan buyon yuzi soʻlgʻin tortgan, burgutkoʻz nigohi toliqqanday taassurot uygʻotardi. Boz ustiga, qaddi egilib, otameros asoni olib yurishni odat qilgandi. Hozir oʻgʻlini izlab ketar ekan, qaddini yanada egib, sovuq havodan koʻksini toʻsishga urinar edi. Tagʻin kimsasiz yoʻlda otning “tak-tuk”lab yurishi va quloqchini orasidan shamolning uvillab kirishidan boshqa sas-sado eshitilmas va bu sukunatdan qulogʻi tom bitgan, faqat oʻy-xayollargina uni dahshatli yolgʻizlikdan qutqarardi.

Moʻysafid shu alpozda anchagina yoʻlni bosib oʻtdi. Bir payt kimningdir salom bergani eshitildi. Tangriqul bobo jilovni tortib, atrofga alangladi va sal naridagi, toʻqay ichidagi otliqni koʻrib toʻxtadi. Tangriqul bobo tomon kelayotgan yoʻlovchi ellik yoshdan oshgan, qoramagʻiz va polvon kelbat kishi edi. U Tangriqul boboga yaqinlashgach salom berdi. Ular ot ustida turib, uzalib koʻrishdi. Ming yillik qadrdonlar kabi quyuq soʻrashishdi.

– Yoʻl boʻlsin? – dedi boyagi yoʻlovchi Tangriqul boboga qarata dashtliklarga xos jarangdor ovozda.

– Shoʻrchiga…

– Oʻzim ham shunday boʻsa kerak, deb oʻyladim. Yoʻlimiz bir ekan, gangir-gungur qilib ketamiz-da, a?!

Yoʻlovchining samimiyat bilan aytgan soʻzidan Tangriqul boboning koʻngli yorishdi va shunday yoʻldosh topilganidan mamnun boʻlib:

– Ha, odam zaxini odam oladi. Olis yoʻlga yakka chiqishdi xasiyati yaxshimas, – dedi. Soʻng uning uloviga razm solib qaragan moʻysafid: – Ot daryoni kechib oʻtgan koʻrinadi, Xoʻjamulkidanmisiz?! – dedi narigi sohildagi qishloqni nazarda tutib.

– Xoʻjamulkidan. Tovoshar boboni eshitganmisiz? – dedi yoʻlovchi oʻzini tanitib. – Shu kishining oʻrtancha uli boʻlaman.

– Ey, shunday deng! Polvon boboni nebarasi ekansiz-da. Ha, yashang! – dedi Tangriqul bobo. Soʻng uning ozib-toʻzib ketgan otiga sin solib qarab, gapida davom etdi. – Bu jonivordi kayitib1 qoʻyibsiz-ku!

– Bilmadim, shu saratonning adogʻidan boshlab et tashladi. Boʻmasa, ogʻzi tinmaydi. Jegani porimay qoldimi, deyman. Oʻzi-ku oʻlguday baquvvat. Ovgayam minaman, boshqagayam. Tindirmayman. Charchamaydi. Bir-ikki vaqt dam olsin, deb uydan chigʻarmay qoʻydim. Oʻzgarish qayerda, battar ozib ketdi.

– Ichida illati boʻsa kerak-da?

– Bor! Boʻmasa shoʻytama. Ha, bozorlab joʻnadingizma? – dedi ot egasi gap daromadini burib.

– Bozor desayam boʻladi, – dedi Tangriqul bobo hafsalasizgina xoʻrsinib. – Molimiz qolib, jonimiz bozorga tushgan. Gunohini aytmay, hukumatdi odami olib ketgan ulimdi daraklayapman.

– Obbo! Chatoq ish boʻbdi-ku, – dedi u gap nimada ekanini bilib. – Ulingizni kim degich edi?!

– Mengziyo…

Tangriqul bobo oʻgʻlining ismini aytishi bilan yoʻlovchi uning gapini ilib ketdi:

– Mengziyo baxshima?.. Otasi boʻlsasizma?! Eshitganman. Bizdi qishloqqa toʻyga borganda koʻrishganmiz, – dedi faxrlanib. Keyin oʻylanib qoldi va bir muddat oʻtib: – Ulingizdi Toshqul olib ketganma?! – dedi bu gaplardan uncha-muncha xabari bor kishiday salmoqlanib.

– Ha, shu Toshqul shoʻro…

– Oʻzi ovchiman, – dedi yoʻlovchi boboning gapini boʻlib. – Quyon, tulki ovlab, terisini hukumatga topshiramiz. Hozir ham xurjun toʻla surlangan teri. Shunga rayondagi gap-soʻzdan eshitib turaman. Meni yoʻldan qoldiryapti, demang, ulingizdi Shoʻrchidan izlashingiz bepoyda! Ulardi barini rayonda jamlab, Termizga joʻnatadi. Daragini shu yaqdan topasiz. Shoʻrchidagilar odamga gap bermaydi…

– Oʻzimam shundayma, deb oʻyladim. Necha kundan bermagʻon eshik poylayman. Birov nimasan, demaydi. Qorovulga, hukumatning oldiga kirit, desam, koʻnmaydi. Ulim qayerdaligini oʻzing ayt desam, men qayerdan bilaman, bir kunda undaylardi nechovi kelib-ketadi, deydi.

– Aytdim-ku, bular gap bermaydi deb, – aytgani rost chiqqanidan quvonib, davom etdi u. – Bugundan qomay, Termizga joʻnang. Baxshini Shoʻrchida olib oʻtirgan boʻlsayam (qamab deyishga tili bormadi), termizliklar aytsa, javob beradi.

Bu gaplardan soʻng Tangriqul bobo ne qilarini bilmay oʻylanib qoldi. Moʻysafid jilovni keskin tortganidan shashti qaytgan jiyron depsinib oldinga intilar, ot egasi esa uni yonga burib tinchlantirmoqchi boʻlar edi. Boboning aro yoʻlda qolganini koʻrgan yoʻldoshi:

– Xohlasangiz, Shoʻrchiga borib, soʻng qayting. Men bilganimcha aytdim, – dedi gunohi uchun uzr soʻrayotgan kishiday.

Ovchi oʻzini aybdorday his qilayotganini koʻrgan moʻysafid:

– Yoʻq, joʻra, – dedi, – gazandani kallasidan ushlash kerak. Nima boʻlsa ham, Termizga borganim maʼqul.

Tangriqul bobo ortiga qaytib ketarkan, oʻgʻli haqida eshitgan-bilgan odam topilganidan quvonib borardi. Jiyron esa shashti qaytganidan bir-ikki taysalladi-yu, yoʻrgʻalab ketdi. Shamol ham endi teskari tarafdan urayotgan edi. Bu vaqtda kun choshgohdan oʻtgan boʻlsa-da, quyosh jamolini koʻrsatmas, bulut qoplagan osmon boʻzarib turardi. Esayotgan izgʻirin esa tez orada qor yogʻishidan darak berayotgan edi. Tangriqul bobo yoʻl-yoʻlakay dastlab qayerga borish kerakligini mulohaza qilib, peshin vaqtida uyiga kirib bordi. U deyarli yuz chaqirim uzoqdagi shaharga borish uchun, avvalo, uyining yonidan qaytib oʻtishi va, eng muhimi, oilasidagilarni ogohlantirib qoʻyishi kerak edi.

Moʻysafid uyida peshin namozini ado etdi va yoʻl uchun yemak hozirlab oldi. Bobodan oʻgʻli haqidagi xushxabarni eshitgan Maryam momo ovchini alqab uzoq duo qildi. Oʻktam esa necha paytdan buyon Toshqul shoʻroni izlab uyiga borar, uni topguday boʻlsa: “Sizdan ginamiz yoʻq. Akamning qayerdaligini aytsangiz boʻldi”, deb Mengziyo haqida bilib olmoqchiydi. Ammo u koʻpdan beri Toshqul shoʻroni topolmadi. Hozir ham tarvuzi qoʻltigʻidan tushib qishloqdan qaytgandi. Oʻktam ham yangilikni eshitib quvondi. Soʻng otasi kabi qiyiq koʻzlari bilan yer chizib, yagʻrindor jussasi bilan eshikni toʻsdi va:

– Ota, – dedi titroq ovozda. – Termiz koʻp uzoq yoʻl. Sizdi shuncha joyga borishingiz… Akamdi oʻzim daraklab kesam-chi?!

Oʻktamning soʻzlaridan soʻng Tangriqul boboga sinovchan qarab turgan yaqinlari moʻysafid boshini koʻtarib qarashi bilan koʻzlarini olib qochdi. Faqat Oʻktam otasiga umidvor termilib turardi.

– Yoʻq, – dedi Tangriqul bobo uning umidini puchga chiqarib, – hukumatdi odami seni yosh bola bilib gap bermaydi.

– Lekin…

– Lekin-pekini yoʻq! – dedi moʻysafid oʻgʻlining gapini keskin boʻlib. – Gap shu! Endi shoʻroni uyiga borishdi bas qi. Qoʻlida xayr bor odam bu qiliqdi qimasdi. Tuhmatiga qolib ketma.

Oʻktam boyagi turishida:

– Xoʻp, – deya bosh irgʻadi. – Siz kelabering, xurjunni olib borib, otdi egarlayman.

– Xurjunga dadilroq arpa sol. Yoʻl uzoq. Ot charchaydi.

Oʻktam otni yoʻlga hozirlash uchun ketgach, Tangriqul bobo dasturxonga duo qildi. Soʻng roʻparasiga kelgan nabirasini tizzasiga oʻtqazdi. Elmurod:

– Bobo, otamdi oldiga borasizma? – dedi bolalarcha samimiyat bilan.

Tangriqul bobo goʻdak koʻzidagi sogʻinchni koʻrib yurak-bagʻri ezilib ketdi va:

– Ha, – dedi.

– Meniyam olib boring.

– U yaqqa bolalar bormaydi-da, otajon.

Tangriqul bobo nabirasiga shunday dedi-yu, Elmurod Mengziyoga juda oʻxshash ekanini payqab qoldi. U ham otasi kabi qoʻykoʻz, sochi qalin va qattiq, yuzi bugʻdoyrang, barmoqlari ham tirnoqlariday uzun va yana qotmadan kelgan, yoshiga nisbatan novcha edi. Tangriqul bobo nabirasiga qarab turib, oʻgʻlini koʻrganday boʻldi va boʻgʻziga nimadir tiqilib achishdi. Koʻzi yoshlandi. Moʻysafid duo qilganday kafti bilan yuzini siypalab yoshini artdi. Koʻzini uzmay turgan Elmurod bobosining boʻyniga osilib, yuzidan oʻpdi va:

– Unday boʻsa, otam kegancha kutib turaman, – dedi.

Labini tishlab kuzatib turgan Maryam momo:

– Ha, balam-a! – deb yubordi.

Tangriqul bobo esa nabirasini bagʻriga bosib, yuzidan hidlaganday boʻlib ohista oʻpdi. Bobosining soqoli qitigʻini keltirgan Elmurod oʻzini chetga tortdi. Tangriqul bobo uni qoʻyib yuborib, oʻrnidan turdi. Burchakda roʻmolining uchini tishlab jim oʻtirgan Oydin borib eshikni ochdi. Tangriqul bobo ishonch bilan ostona hatladi.

 

* * *

Moʻysafid boyagiday jiyronni yoʻrgʻalatib qishloq oralab borardi. Tepadan pastga qarab tarqoq joylashgan ovul uylari oralab oʻtgan yoʻl esa goh burilib, goh toʻgʻri ketardi. Qishloq adoqlab qolgan joyda, qalin toʻqayzorga duch kelgan yoʻl biroz tepaga koʻtarilib, Toshqul shoʻroning uyini aylanib oʻtar edi. Hozir Tangriqul bobo oʻsha yerga yaqinlashib borar ekan, beixtiyor ot jilovini tortdi. Bir muddat tadoriklanib, soʻng daryo sohilidagi toʻqay oralab ketdi. Ammo ot namxush yerga chuqur botgan tuyogʻini uzib, tagʻin betartib oʻsgan jangalzor oralab yurishga ancha qiynalib qoldi. U goh pattaning betartib oʻsgan novdasi xurjundan ushlab qolgani bois burilib ketar, goh qalin oʻsgan yulgʻun aylanib oʻtishga majbur boʻlardi. Bundan Tangriqul boboning jahli chiqardi. Illo, toʻgʻri yoʻl qolib, bu yoqdan yurishga majbur edi. Mabodo u yoʻldan ketsa, shoʻroga duch kelishi tayin. Tangriqul bobo uni uchratib qolsa, ayab oʻtirmasligini oʻzi ham yaxshi bilar, shu bois imkoni qadar shoʻrodan nariroq yurishni istardi. Hozir otdan ham, toʻqaydan ham nolimas, faqat shoʻroni koyirdi. Nihoyat, Toshqulning uyidan uzoqlashib, shu bilan birga, qishloqdan ham olislab katta yoʻlga chiqib oldi. Bu yerda yoʻl tepalikdan oshib tushar va bir tomondan daryo sohilidagi toʻqayzor chegaralab turgan, ikkinchi tarafidan esa adirlar qoʻriqlab yotgan qishloq koʻzdan gʻoyib boʻlar edi. Tangriqul bobo oʻsha yerdan turib qishlogʻiga yana bir qur nazar tashladi. Koʻziga shipshiydam tepalar sargʻayib munkayganday, toʻqayzor esa qishloqning bargsiz daraxtlari ila uygʻunlashib qorayib koʻrinar edi. Boz ustiga, daryoning yuqori qismidan oʻrlagan quyuq tuman manzaralari yanada xiralashtirib qoʻygandi. Moʻysafid bularning barchasini oniy lahzada his etdi-yu, otga qamchi bosib, daryo oqimi boʻylab ketdi.

Tangriqul bobo borgan sari otni qistab kechgacha koʻproq yoʻl bosishga urinardi. Zero, qorongʻi tushishi bilan bu yerda chiyaboʻrilar galasi sangʻib yurar va hatto qobonlar ham uchrab turardi. Buni yaxshi bilgan Tangriqul bobo jiyronga ustma-ust qamchi bosib, namozshomdan burun Makidon koʻprigiga yetib oldi. Yilning bu faslida koʻprik tagidan oʻtgan suv ancha past tashlar edi. Shu sabab asrlar boʻylashgan koʻhna gʻishtin koʻprik bu yoqda qolib, toʻgʻridagi kechuvdan bemalol oʻtishi mumkin. Ammo moʻysafid terlagan otni muzday suvga kechirishni istamadi. Yontoqzor oralab koʻprikka qarab yurdi. “Tavba, – deb oʻylardi u koʻprikka yaqinlashgan sari. – Iskandarday jahangir pishiq-puxta koʻprik qurib nima qilardi?! Dunyoning narigi chetidan ne bir daryolardi kechib kegan odam bu yerdan sakrab oʻtsayam boʻlardi… Olloni karomatini qarang, Iskandar Zulqarnay dunyoga qancha gʻavgʻo somasin, baribir, qoʻli ochiq oʻtib ketdi, lokin mundayin koʻpriklar qolaberarkan”.

Shunday oʻylar bilan ketayotgan Tangriqul bobo kechaning bir mahalida yoʻlda duch kelgan ovulga burildi. U qator joylashgan pastqam uylarning eng chekkadagisi tomon borib, qopagʻon itlarni “Tur! Tur, ket”, deb haydab, kulbaga yaqinroq kelib:

– Kimsan aka… Hu-uvv Boybova, – deb chaqirdi. Koʻp oʻtmay ichkaridan: “Hozir!” degan ovoz eshitildi. Soʻng kimdir fonus koʻtarib chiqdi. U avval itlarni quvib soldi. Keyin:

– Kimsiz?! Keling! – dedi notanish yoʻlovchiga sinchiklab qarab.

– Mehmon qabul qilasizma?!

– Mehmon atoyi Xudo! Kelabering, – dedi uy sohibi allanechuk hadik, ammo samimiyat bilan.

– Assalomu alaykum! Boybova, uzr endi, sizdi bemahal bezovta qildik. Shu deng Termizga joʻnab edim, kech qoldim.

– Eh-hey, Termiz qayerda, birov qayerda! Bu yoqqa burilib toʻgʻri qilibsiz. Bemahalda yoʻl unmaydi! – dedi mezbon endi yanada ochiq chehra bilan ot jilovidan tutib. – Qani, otdan tushing-chi. Yoʻldo-osh! Ho-oo, Yoʻldosh! – deya uy egasi ortiga qarab chaqira boshladi.

Loysuvoq uyning pastqam eshigi ochilib, ichkaridan oʻsmir bolaning ovozi eshitildi.

– Labbay!

– Uyga mehmon keldi! Soʻng oʻzing berman qara.

Bola onasiga oʻrin hozirlashni aytib chiqdi, shekilli, uyga birrovga kirib, soʻng otasi tomon yugurib keldi. Qorongʻida yuraverib koʻzi ravshanlashib qolgan moʻysafid uning kelishidanoq oʻrta boʻyli, toʻladan kelgan yigit ekanini fahmladi. U yetib kelar-kelmas salom berib, mehmonga qoʻsh qoʻl uzatdi.

– Otni olib borib joylashtir, – dedi otasi unga jilovni tutqazib. – Egarini yechib ol-da, oshxonadagi kigizdan birovini yopib qoʻy. Kun sovuq. Bedadan tashla. Somon berma tagʻin.

Yoʻldosh otasining gaplariga: “Xoʻp-xoʻp”, deb javob qaytarib olisladi. Uning ovozidan mamnunligi aniq sezilib turardi. Aftidan, Yoʻldosh uylariga mehmon kelgani va yana jiyronni unga ishonib topshirishganidan quvongan edi.

Mezbon Tangriqul boboni uyga boshladi. Uy torgina dahliz va uning ikki yonidagi bir juft xonadan iborat edi. Ular oʻng tarafdagi chogʻroq xonaga kirishdi. Bu yerga allaqachon yangi koʻrpa-toʻshak solingan va dasturxonda bir juft zogʻora non bor edi. Tangriqul bobo uy sohibining qistovi bilan toʻrga oʻtib, chordona qurdi. Mezbon esa poygakda omonat choʻkib, qoʻlini koʻksiga qoʻydi. Ular uzoq va quyuq ahvollashdi. Bu orada Yoʻldosh qaytib kelib, qoʻshni xonaga kirib-chiqdi. Uning izidan onasi ham tashqariga chiqdi, shekilli, eshiklar yana gʻiyqillab ochilib-yopildi. Tashqaridan oʻtinning qarsillab singan tovushiga qoʻshilib ona-bolaning ovozi eshitilib turdi. Koʻp oʻtmay ostonada Yoʻldosh paydo boʻldi. U avval choynak-piyola, ikki kosa suyuq ovqat olib keldi.

– Bu nima tashvish?! – dedi Tangriqul bobo astoydil xijolat tortib.

– Tashvishi borma?! Allagʻaytib bir kebsiz, – dedi mezbon – Toʻra aka oʻsha-oʻsha samimiyat ila.

Ular bu vaqtgacha bir-birlari haqida suhbatlashib olgandi. Endi Tangriqul boboning qayerdan kelayotgani, qayoqqa, ne sababdan ketayotgani haqida soʻzlashib oʻtirishgandi. Dasturxonga qaralgach, oʻrtaboʻy, toʻladan kelgan va qalin lablari osilib turadigan mezbon gapini boya toʻxtab qolgan joyidan boshladi.

– Nimasini aytasiz, mehmon. Zamonasiga oʻt tushdi. Hamma yoq algʻov-dalgʻov. Mana, bizam asli tangiharamlikmiz, – pichirlab soʻzini davom ettirdi u. – Shoʻroning zulmidan qochib, shu yerlarga keb qoldik. Yangi hamsoyalarga “Hech kimimiz joʻq. Oʻzim sogʻir oʻsganman. Yashashdan qiynalib koʻchib keldik”, dedim… Nima boʻlganini soʻramang! Bir kechada qizil askarlar uyimizga bostirib kelib, otamdi olib ketdi. Soʻng dushmanning bolasi, deb oʻzimdi ham qistovga olaberdi. Yo qochib, yo oʻlib qutulaman, deb elingizga qarab kelaberdim. Qancha soʻrab-surishtirdim. Soʻng bilsam, otam oʻqiydigan kitoblar hukumatga qarshi yozilganmish. Tovba, deysan kishi. Huv, burungʻi zamondan qogan kitobdi ularga nima aloqasi borakan?! Bizdi bobolar bu kitoblardi yozganda dunyosida shoʻro borligini bilmagan boʻsa kerak?!

– Rost-rost, joʻra. Ulimda qanday guno bor edi? Qiladigan hunari yogʻoch joʻnib, qora uy (oʻtov), otga egar, odamga doʻmbira yasash. Nari borsa, qishloqdagi toʻylarda, doston aytardi.

– Ey, ulingiz yuzboshimidi?! – hovliqib soʻradi mezbon.

– Ha, toʻy-poʻyga borib turadi.

– Boʻldi-boʻldi! Uniyam tangiharamlik baxshiday doston aytgansan, xalqdi miyasini zaharlagansan, deb olib ketgan. Bular uyda jimgina kitob oʻqib oʻtirgan odamdi qamaydi-yu, uni qoʻshiq qilib aytgandi tinch qoʻyama?! Nima boʻganda-yam, eldi manaman degan gʻujurli jigitlarini saralab olib ketyapti ukkagʻarlar!

– Tushunmay qoldim. Hech zamonda qoʻshiq aytgan odamdi qamaydima?! – dedi Tangriqul bobo eshitayotgan gaplariga ishonmay.

– Zamonasi shuytib aqldan ozib qoldi-da, mehmon bobo!

 

* * *

Bu vaqtda Oydin oʻgʻlini bagʻriga bosib yotar, undan sal narida Maryam momo ham uxlay olmay, u yondan-bu yonga agʻdarilardi. Oydin qaynotasi keksayganida bunday sarson boʻlib yurgani, qaynonasining oromi yoʻqolib, bir ahvolda yotganida oʻzini aybdor sanardi. U Toshqul nima uchun Mengziyoning nomini qoraga chiqarganini taxmin qilar, shoʻro shunday qabohatga qoʻl urishiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmasdi. Oydin ancha yillar avval uning asl qiyofasini koʻrgan, oʻshandayoq Toshqulning necha pullik odamligini bilgan edi. Lekin baribir bunchalik past ketishini kutmagandi.

Oʻshanda Oydinning boʻyi yetib, qalbi goʻzal tuygʻular oshyoniga aylangan payt edi. Barcha tengdoshlari kabi muhabbat dardiga mubtalo boʻlgan, sevgisini esa qalb qalʼasida asrab-avaylardi. U boshqalar kabi oʻz dil tugʻyonini ochiq-oshkora aytishni sira istamas, tuygʻularini koʻz-koʻzlab soʻzlaydiganlarni oʻlguday yomon koʻrardi. Oydin muhabbatni Yaratganning eng katta inʼomi deb bilar, bu tortiqdan vujudi qushday yengil tortib, osmonda parvoz etgisi kelardi; qulochini keng yoyib yam-yashil qirlar osha yugurishni, azim togʻlarni va keksa daraxtlardan yangi ungan maysalargacha bagʻriga bosishni xohlardi. Bu istak kuchaygani sari tanasi tobora toʻp oʻtmas qoʻrgʻonga aylanib borar, beixtiyor sirini oshkor qilib qoʻymaslik uchun mum tishlaganday jim yurardi.

U aksari boʻz bolalar va tengdosh dugonalari bilan qishloq va daryo oraligʻida mol boqar ekan, muhabbatiga sazovor boʻlgan yigitni zimdan kuzatishni, daryo sohilidagi koʻl yoniga borib, shirin orzular ogʻushida oʻtirishni xush koʻrardi.

Bahorning seryogʻin kunlari daryo qishloq yaqinigacha toshib oqardi. Yozga yaqinlashgan sari suv orqaga qaytib, qishloq va daryo oraligʻida keng maydon ochilardi. Bu maydonda katta koʻl hosil boʻladi. Daryoning yuqori qismidan bir ariq suv koʻlga oqib kelar va quyidan katta oqimga qoʻshilib ketardi.

Bu koʻl Oydinning koʻngli kabi tiniq va sirli edi. Suvning musaffoligidan tubidagi mayda toshlargacha aniq koʻrinib turardi. Choʻpon bolalar tushlik payti uy-uylariga tarqaydi. Ular ketgach, qizlar atrofini butalar oʻrab olgan koʻlda choʻmilar edi.

Oʻsha kuni dugonalari kelmay, Oydin yolgʻiz boʻlib qoldi. Oʻgʻil bolalar uyiga ketishini poylab oʻtirdi. Bolalar qoʻyupodasini haydab joʻnagach, atrofda hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilib, roʻmolini yechdi. Etagini xiyol koʻtarib suv kechdi. Uzun va boʻliq oyogʻi suvda egri-bugri va kalta boʻlib koʻrindi. Bundan Oydinning zavqi keldi. Yana bir-ikki qadam tashlab koʻlning chuqurroq joyiga bordi. Saratonning issigʻida tanga rohat bergan suv qalbiga ajib tuygʻu inʼom etdi. Oydin etagini qoʻyib yuborib, nozik barmoqlari bilan quloq-burnini berkitgancha suvga shoʻngʻib chiqdi. Suvdan bosh koʻtarishi bilan harir libosi tanasiga chippa yopishdi. Sochidagi suv durday tomib koʻksiga tushdi. Oydin kaftini suv yuzida yurgʻizib osmonga qaradi. Soʻng bir hovuch suvni olib, yuzini chaydi. U endi koʻldan chiqmoqchi boʻlib oldinga yurgan edi, butalar orasida qarab turgan kimsani koʻrib dodlab yubordi. Koʻlning sayoz joyida oʻtirib olib, tanasini nomahram nigohdan yashirdi. Boyagi kimsa esa: “Jim! Tuss! Jim boʻlsang-chi!” deb buta ortidan chiqib keldi. Oydin roʻparasida Toshqulni koʻrib:

– Nomahramga koʻz tikishga uyalmaysanma, yeryutgur, – dedi. Toshqul esa sohilda turgan roʻmolni olib yuziga bosdi va:

– Nimaga nomahram boʻlarkan? Ertaga enam sovchi boʻlib boradi, – dedi.

– Bekordi aytibsan!

– Bekormas, Oydin, senda koʻnglim bor.

Oydin uning xotirjam gapirishidan negadir qoʻrqib ketdi. Soʻng Toshqul avvaldan qizlarning choʻmilishini poylab yurgan boʻlsa-ya, degan xayolga bordi va:

– Nahs bosgan koʻnglingga oʻt tushsin! – dedi alam va iztirob bilan. – Senga tekkandan koʻra qaro yerga kirganim durust. Koʻzimdan yoʻqol, zanchalish!!!

Bu gapdan Toshqulning jahli chiqdi.

– Koʻlda choʻmilayotganingni ongdan koʻrib qolganimni birovga aytsam, seni maxov ham xotinlikka olmaydi, – dedi.

– Olmasa-olmas, koʻzim uchib turgani yoʻq… iflos qoʻlingni roʻmolimga tekizma!.. Boʻmasa, hozir baqiraman.

Toshqul noiloj oʻrnidan turdi. Lekin past kelgisi kelmay:

– Oʻylab koʻr, ertaga enam boradi, – deb nari ketdi.

Oydin hoʻng-hoʻng yigʻlab sohilga chiqdi. U achchiq iztirob ila roʻmolini oldi. Unga Toshqulning qoʻli tekkan deb loy va qumga ishqalab qayta-qayta chaydi. Ammo baribir koʻnglidagi gʻubor tarqamadi.

Oydin hozir shu voqeani eslab, bir vaqtda ikki uydan sovchi kelgani va u Mengziyoni tanlagani uchun Toshqul alamini olayapti deb oʻyladi. Bundan xoʻrligi kelgan Oydin: “Zanchalish… qoʻrqoq!” dedi. Maryam momo uning tovushidan sergak tortdi va:

– Kelin, tinchlikma? Nima deyapsiz? – dedi. Oydin beixtiyor ovoz chiqarib gapirib yuborganidan uyaldi va:

– Yomon tush koʻrippan, – dedi. Soʻng yigʻisini qaynonasiga sezdirmaslik uchun roʻmolining uchini tugun qilib qattiq tishladi va Elmurodni bagʻriga bosdi.

 

* * *

Yumush bilan andarmon boʻlib yurgan Oʻktam uylari tomon kelayotgan uch-toʻrt chogʻli kishiga koʻzi tushdi. Bular shu qishloqning narigi uchida yashaydigan qarindoshlari boʻlib, eshak minib kelayotgan momo – Tangriqul boboning opasi, yonidagi basavlat kishi Qobil aka – uning katta oʻgʻli, orqaroqdagi yosh yigit Shodiyor esa Oʻktamning boʻlasi edi. U mehmonlarni olisdan turib tanidi va:

– Checha, – dedi uyga qarab.

Sigir sogʻib qaytayotgan Oydin qayin ukasining chaqirigʻini eshitib, unga ters tamondan tovush berdi:

– Chaqirdingizmi, kenja?

– Uyga odam kelyapti, – dedi Oʻktam qoʻli bilan yoʻlni koʻrsatib va yangasiga oʻgirilib qarab. Oydin mehmonlarni kutib olish uchun uyga tomon yurdi. Oʻktam ham yumushni tashlab, yangasining izidan ketdi.

Zarifa momo bilan oʻgʻli Qobil aka Mengziyoni olib ketgan kuni ham kelib, qarindoshlariga tasalli berib ketishgan edi. Bugun ham Mengziyoning ahvoli ne kechgani, undan biror darak bormi-yoʻqligi haqida bilish uchun kelishgandi. Zarifa momo eshakdan tushar ekan, kutib olishga chiqqan Maryam momoga qarata:

– Qarindoshning tovushi qorongʻida tanish deb kelaberdik, – dedi.

– Binoyi, binoyi, egachi, – dedi Maryam momo qaynopasining qoshida girgitton boʻlib. – Qani, uyga kiringizlar. Elmurod, qoʻlga suv ol. Oʻktamjon, oʻzing qara, bolam!

Maryam momo mehmonlarni uyga boshladi. Avval Zarifa momo, soʻng boshqalar yoʻl tortdi. U ishonch bilan qadam tashlashidan sakson yoshli kampirga sira oʻxshamas, yuzining tiniqligidan hech bir zahmat chekmaganday taassurot uygʻotar, jussasini biroz egib yurgani bilan hamon novcha boʻlib koʻrinardi. Oʻgʻli Qobil ham onasi kabi boʻychan, toʻladan kelgan qoramagʻiz kishi edi. Uchinchi mehmon esa oʻrta boʻyli, oqsariq va doim kulib turuvchi Shodiyor edi. Ular yoshiga qarab izma-iz uyga kirishdi. Zarifa momo ortida kelayotgan oʻgʻliga:

– Oʻt, – deb uy toʻrini qoʻli bilan koʻrsatdi.

– Oʻzingiz toʻrlang, ena, – dedi Qobil.

– Erkak kishi bor joyda ayollar toʻrga chiqmaydi, bolam!

Qobil shunday javob eshitishni avvaldan bilar, ammo hurmat yuzasidan kamtarlik qilgan edi. Shu bois onasining gapi tugamasdan burun epchillik bilan toʻrga oʻtib oldi. U ikki qavat koʻrpachada chordona qurib oʻtirdi. Boshqalar ham yoshi va hurmatiga qarab joylashdi. Zum oʻtmay oʻrtaga dasturxon yozilib, uy sohiblari topgan-tutganlarini dasturxonga qoʻydi. Bu vaqtda allaqachon oqshom choʻkkan edi. Zarifa momo ukasining qayerda ekanini soʻradi. Goh Maryam momo, goh Oʻktam navbatma-navbat gapirib, Tangriqul boboning qayoqqa ketgani va shu kunlarda ahvollari ne kechayotganini naql qildi. Mehmonlar ularning koʻngliga tegadigan soʻz aytib qoʻyishdan choʻchib, ehtiyotkorlik bilan Mengziyoning kelgusi taqdiri haqida mulohaza qilishardi:

– Toshqul bir jugurdak, – dedi Zarifa momo yugurdak soʻziga urgʻu berib. – Hukumat nima desa, shuni qiladi. Oylanayin, Mengziyojonning begunohligini bilib qoʻyib yuboradi. Bovrungiz toʻlib, toʻy qilib qolasiz. Ana shunda Toshquldi yuzi qorayib, uzr soʻrab keladi.

– Iloyim, aytganingiz kesin, opajon! – dedi Maryam momo koʻz yosh qilib.

– Mengziyo bilan ariq qazishga borganim sira esimdan chiqmaydi, – dedi Qobil gap daromadini burib. – Huv, tegirmonga kelgan ariqdi daryogacha qazib borishimiz kerak edi. Ertalab Shoydullani uyidan sal balandda qazishdi boshladik. Kun chashga boʻlaberib Shoyduldi ulini chaqirdim. Oʻziyam xotini bilan uyga kirib-chigʻib turbedi… Uli bizga tomon joʻnayberib, birov chaqirdima, orqasiga qaytdi. Soʻng salom berib keldi. Bolani oldiga bir bel loyni qoʻyib, “Borib otangga ayt, oʻchoqtosh1 tashladim”, dedim. Ukkagʻardi uli koʻzini pirpiratib, otam uyda joʻq, desa boʻlama?! Boʻmasa, enangga ayt, dedim. Ikkoviyam momomlardi uyiga ketgan, deydi. Bilib turippan: eriyam, xotiniyam uyda!..

– Ha, oʻlmabdi. Bir choʻmich ovqat bilan biri ikki boʻlib qolama? – deb gapga aralashdi Maryam momo.

– Bu yogʻini eshiting-da, checha, – dedi labida kulgi oʻynab Qobil aka. – Bolaga oting kim, dedim. Vositmi, Qosimmi, dedi. Soʻng, ke, koʻrishamiz, deb qoʻlidan mahkam ushladim-da, otang qayerdaligini aytmasang, choʻchogʻingni kesib olaman, dedim. Shu qoʻlimdan chigʻib ketaman deb chiranadi, deng. Mahkam ushlab turaberdim. Oxiri koʻzi girillab jilagʻiday boʻlib, uyda enam bilan otam dashinib oʻtiribdi, desa boʻlama!.. Borib otangga Qobil bobom choʻchagʻingni kesib olaman dedi, uydan chiqmasangiz, sizdiyam shunday qilarkan, deb ayt, dedim.

Bu gapdan soʻng gurr etib kulgi koʻtarildi. Shodiyor ichini ushlab yiqilguday boʻlar, Oʻktam ham ovozining boricha xoxolardi. Zarifa momo esa:

– Ha, ishlaring tushsin… Kap-katta odamgayam shunday deyma? – deb yuzini roʻmoli bilan toʻsib kulardi.

– Keyin nima boʻldi? – dedi Shodiyor biroz oʻzini oʻnglab.

– Nima boʻlardi, zigʻir moydi palovidan toʻydik, – dedi Qobil aka oshni hozir yeb tugatganday qornini siypalab.

– Odamlarda oqibat qomadi, – dedi Zarifa momo boyagiday salmoqdor ohangda. – Boʻmasa, shuncha gap-gashtak orttirib oʻtirmay, oshini pishirib, bermon kenglar, desa, bir joyi kamayib ketama?!

– Oʻzi bir hazil qilgisi kegan, – dedi Qobil aka Shaydullaning yonini olib.

– Haziliyam, chiniyam shu. Oʻchoqtosh degani eskidan qogan gap, bolam. Bir ovuz ovqat bilan birov bir narsa boʻlib qolmaydi. Lokin buyam odamdi sadagʻasiday gap… Shaydulga oʻxshagan qoʻlidan xayri qochgan, oqibatsiz odamlardi dastidan dunyo buzilib boryapti!

Qobil aka gapning yana bu tarafga burilib ketganidan noqulay ahvolga tushdi. U necha kundan buyon Mengziyoning qaygʻusi bilan yonib yurgan qarindoshlarini biroz chalgʻitish, inchinun, bu kabi soʻzlarni unutib, koʻngilochar gurunglardan aytib, kayfiyatini koʻtarmoqchiydi. Shu bois onasining soʻzlarini tinglash barobarida Elmurod bilan koʻz urishtirib, goh yuzini bujimaytib, goh tilini chiqarib, oʻyin qilib oʻtirdi. Qobil akaga taqlid qila-qila, axiri Elmurod kulib yubordi. Barchaning diqqati unga qaradi. Zarifa momo ham gapdan chalgʻib, bolani erkalay ketdi va har kim oʻzi istagan odam bilan suhbatlasha boshladi.

Oldi-qochdi gaplar orasida Oʻktamning qulogʻiga allaqanday zaif chaqiriq eshitildi. Kechaning bir mahalida kimningdir chaqirib kelishi noodatiy hol edi. Shu bois uning koʻnglini shubha egalladi. Oʻktam rostdan ham kimdir keldimi yo yoʻq, deb tashqariga chiqdi. Fonus yorugʻida moʻralab, ostonadan sal narida eshagining jilovidan tutib turgan kimsani koʻrdi. Soʻng oʻsha tomonga borar ekan, avvaliga uni tanimadi. Keyin mehmonni tusmollab:

– Qodir akani ulimisan?! – dedi.

– Ha, Oʻktam aka, Shoberdiman! – dedi boyagi yigit atrofga alanglab.

– Tinchlikma? Nima gap?

– Tinchlik desayam boʻladi. Bugun Inkabodga koʻpkariga boribedik. Otimizdi oyogʻiga bir nima boʻganga oʻxshaydi. Oqsayapti, – dedi Shoberdi allanechuk yasama ohangda. – Bobom uyda boʻsa, otdi koʻrib berama, deb kebedim.

– Bobo-ku uyda, – dedi Oʻktam nimanidir sezganday ehtiyotkorlik bilan. – Gertak1 mazasi yoʻqday. Oʻzim borib koʻrsam boʻlmaydima?!

Bu gapni kutmagan Shoberdi ne qilishini bilmay, bir zum ikkilanib qoldi va:

– Otamga aytib koʻray, mayli, desa, ertalab kelaman, – dedi-yu ortiga qaytdi.

U koʻzdan gʻoyib boʻlguncha Oʻktam Shoberdini kuzatib turdi. Keyin tezda uyga qaytib kirdi. U ostona hatlashi bilan uzoqdan hushtak chalindi. Bu Toshqul shoʻroning ogohlantiruvchi tovushi edi. Shoʻro ehtiyotsizlik qilibmi yoki rejasi amalga oshishiga ishonibmi, bemalol hushtak chalib hamtavoqlarga ishora bergandi. Endi nima boʻlayotganiga aqli yetgan Oʻktam:

– Uying kuygurlar otamdi olib ketishga kebdi, – dedi oʻpkasi toshib.

Bundan xabar topgan ayollar dodlab yubordi. Qobil aka ularni tinchlantirib, derazani ochdi va Oʻktamga:

– Sen tomdi ustiga chigʻib, yot. Nima boʻlsayam, kim qanday gap aytsayam joyingdan turma! Bilding-ma?! Sen, – dedi Shodiyorga yuzlanib, – derazadan tashqariga chigʻib, Oʻktamdi oyogʻidan koʻtarib yubor. Soʻng oʻzing toʻgʻayga qarab chop. Toshquldi “kuchuk”lari chalgʻisin. Ular tutib olib, nimaga qochding, desa, “Oʻktamdi senlarga ushlab beraman, deb orqasida quvdim. Qochib ketdi”, deysan. Boboni soʻrasa – Shoʻrchiga ketgan.

Bu vaqtda Toshqul shoʻro toʻrt nafar qizil askar bilan uyning chor tarafidan kelardi. Oʻktam tomga chiqib pusib oldi. Shodiyor jon boricha duch kelgan tarafga yugurib ketdi. Ikki nafar askar uning ketidan tushdi. Boshqalari Toshqul shoʻroga qoʻshilib uyga bostirib kirdi.

– Gde, babay?! Gde?! – derdi shoʻro ovozining boricha oʻshqirib.

– Oʻzingizdi bosing, Toshqulboy, – dedi Qobil aka imkon qadar bosiqlik ila. – Boboni bizam kutayapiz. Ertalab ulini daraklab Shoʻrchiga ketganidan beri qaytib kemadi.

– Aldama! Hozir Oʻktam uyda, mazasi yoʻq, deb aytdi!

– Yo, ukkagʻar-yey, – dedi Qobil aka astoydil kuyunib va togʻavachchasining shunday deganiga rostdan ham ishonmay. – Oʻktam bekarga derazadan chigʻib qochmagan ekan-da?! Eshikdan kirib, teshikdan chigʻib ketganiga nima boʻldiyakan deb orqasidan Shodiyordi joʻnatdik…

Bu gapdan Toshqulning battar figʻoni chiqdi va qizil askarlar bilan uyni agʻar-toʻntar qilib yuborishdi. Ular duch kelgan narsani har tomonga sochar, izlaganini topolmayotganday tagʻin koʻrpa-toʻshaklarni u yoqdan-bu yoqqa uloqtirardi. Ularning koʻrsatayotgan hunaridan qoʻrqib ketgan ayollar bir-birlarining pinjiga suqilib yigʻlar, Elmurod esa Qobil akaning butidan mahkam quchib, choponi orasiga yashirinib olgan edi. Toshqul shoʻro tinimsiz axtarinar va toʻsatdan uy egalariga qarab oʻshqirib qolardi. Bir mahal shoʻro ular boya oʻtirgan xona bilan eshigi bitta boʻlgan kichik xonadagi sandalni tepib oʻtdi. Choʻgʻ toʻla oʻchoqqa tushgan koʻrpacha tutay boshladi. Buni koʻrgan Qobil aka Elmurodni onasining yoniga tashlab, oʻsha tomonga qarab yugurdi. Uning ortidan chiqqan Oydin koʻzadagi suvni olib chiqdi.

Qobil aka suvni lovullab turgan choʻgʻ ustiga sepib yuborgan edi, xonani tutun aralash koʻtarilgan bugʻ qopladi. Shu payt eshik ochilib, uyga kimlardir kirib keldi. Ular xonadagi tutundan qoʻrqib ketdi, shekilli, ostonada turib qoldi. Ularni tanib-tanimay turgan Maryam momo:

– Bolam! Oʻktamjo-on! – dedi uni tutib olishgan, degan oʻyga borib.

Bu Qobil aka oʻylagan hiylaning yanada ishonarli chiqishiga sabab boʻlmoqda edi. Shu bois Qobil aka qizil askarlar qurshovida turgan Shodiyorni tanigan boʻlsa-da:

– Oʻktam! – dedi.

Qobil akaning chaqirigʻidan keyin hushyor tortgan Shodiyor:

– Men Shodiyorman, aka, Oʻktam qochdi. Bilmayman, qayerga ketdi, lekin toʻgʻay oralab joʻq boʻldi, – dedi tez-tez, ammo hamma eshitsin deganday baland ovozda. Soʻng sarosimaga tushib qolganini yashirmadi. – Nima boʻlyapti oʻzi? Uy nimaga tutyapti?

Bu gaplarni jim eshitib mushohada qilib turgan Toshqul shoʻro Oʻktamning qochib ketganiga va eng muhimi, Tangriqul boboning uyda yoʻqligiga ishonch hosil qilib, battar tutaqdi. U endi butun uyni qaytadan agʻdar-toʻntar qilib chiqdi. Oydinning roʻparasida toʻxtab huv oʻshanda, koʻl boʻyida unga yeb qoʻyguday boʻlib qaragani kabi hirs bilan tikildi. Soʻng, hali bu koʻrguliklar ham senga kam, deganday, boyagi koʻzani urib sindirdi. Toshquldan bir lahza ham nigohini uzmay kuzatayotgan Qobil aka uning Oydinga qarab qolganidan gʻazabi qoʻzidi. Ammo noiloj qoʻlini musht qilib jim turardi. Agar Toshqul yana bir soniya oʻrnidan jilmay Oydinga qarab turaverganida Qobil aka uning jagʻiga musht tushirishi tayin edi. Toshqul buni sezganday yon-atrofda sochilib yotgan kitoblardan birini qoʻlga oldi. Bu kitoblar eski alifboda yozilgan boʻlib, Navoiy, Bobur, Soʻfi Olloyor kabi allomalarning asarlari va oʻsha kuni Tangriqul bobo oʻqib oʻtirgan Ahmad Yassaviy kitobi edi. U tagʻin uyning narigi burchida turgan kichik sandiqni ochib qaradi. Bu yerda ham bir-biridan nodir qoʻlyozma kitoblar taxlanib turgandi. Ularni ham bir-bir koʻzdan kechirgach, yonidagi askarga:

– Bularni yigʻishtirib ol. Idoraga olib boramiz, – dedi sochilib yotgan kitoblarga ishora qilib.

Bu vaqtda Oʻktam loysuvoq tom ustida yerga bagʻrini berib yotgandi. U qulogʻini ding qilib, uydagi holat qanday ekaniga qiziqar, hammasidan ham yomoni tezda tobi qochadigan onasining sogʻligini oʻylar edi. U bu yerga chiqqanida terlab ketgan va hansirab zoʻrgʻa nafas olayotgan boʻlsa, endi oʻzini ancha oʻnglagandi. Tagʻin terlagan badani birdan yaxlab, sovuqdan qaltiray boshladi. Bunday yotishga ortiq bardoshi yetmasligini bilgan Oʻktam boshini koʻtarib atrofga alangladi. Shu payt eshikdan chiqqan qizil askarning bosh kiyimi koʻzga tashlandi. U shosha-pisha berkindi. Tashqarida turganlar oʻzaro kengashdi. Soʻng har tomonga qarab yoyilib ketdi.

– Shoʻytib, Oʻktamdi qayerga ketganini bilmaysiz?! – baland ovozda soʻradi askarlarni joʻnatib, oʻzi uyda qolgan Toshqul shoʻro kinoya bilan.

Oʻktam ularni allaqachon ketib boʻldi, deb tomdan tushmoqchi edi. Bu tovushni eshitgach, oʻrniga qaytib yotdi va alam bilan tufladi. Shu payt Toshqul shoʻro bilan Qobil aka hamon ochiq turgan eshikdan tashqariladi. Ular bir muddat jim turib qolishdi. Toshqul shoʻro qoʻlidagi tayogʻi bilan etigiga tinimsiz urib, asabni buzadigan tovush chiqarardi. Qobil aka esa qoʻllarini dam orqasiga, dam oldiga bogʻlab toqatsizlanardi. Nihoyat, Toshqul shoʻro tilga kirdi:

– Qobil aka, oʻylab koʻring, boboy chini bilan Shoʻrchiga ketganma?!

– Bulardi hammasi, – dedi u uyni qoʻli bilan koʻrsatib, – sizlar kelishdan avvalam Shoʻrchida deb aytib oʻtirgandi. Yana bilmadim.

– Mabodo uni Shoʻrchidan topolmasam, boboydi joyiga siz ketasiz, shuni bilasizma? – dedi shoʻro gapini dona-dona qilib.

– Bilmay oʻlibmanmi, Toshqulboy?! Bizdayam, bola-chaqa bor. Agʻayin boʻsa, oʻz yoʻliga. Har kim goʻrga yakka kiradi…

Bu soʻzlarni aytish Qobil akaga qanchalik ogʻir boʻlmasin, u yuz-koʻzini oʻzgartirmay shoʻroga tik qaradi. Toshqul shoʻro bir zum oʻylanib turdi-da, kelgan tomoniga qaytib, qorongʻilikka singib ketdi.

 

* * *

Qobil aka tagʻin uy toʻrida chordona qurib oʻtirar, uning oʻng tomoniga Shodiyor choʻkkan, Oʻktam esa hamon sovuqdan qaltirab, burchakda koʻrpa yopinib olgandi. Maryam momoning tobi qochgan, rangi oqarib yotardi. Uning ikki yonida Zarifa momo bilan kelini Oydin ogʻir-ogʻir nafas olayotgan kampirga diqqat bilan qarab turgandi. Elmurod esa onasining tizzasiga bosh qoʻyib, xonadagi umumiy sukutga joʻr boʻlmoqda edi. Bu sukutdan barcha birday toliqqan, boz ustiga tun yarimdan ogʻib, hammani uyqu elitmoqda edi. Bir zamon Maryam momo koʻzini ochib, atrofga alanglab qaradi. Soʻng kelinini imlab qoshiga chaqirdi. Oydin oʻtirgan joyida engashib, momoga qulogʻini tutdi va boshini koʻtarib Qobil akaga qaradi-da:

– Aka, narigi xonaga joy tashlab beray, – dedi.

– Yoʻq! Hozir uyquning mavridimas, – dedi u.

Keyin nimadir yodiga tushib, tashqariga chiqib ketdi. Bir muddat oʻtib xonaga qaytib kelgan Qobil aka:

– Qor boshlabdi, – dedi xushxabar yetkazayotgan kishiday mamnun. – Bu yaxshi! Izlardi koʻmib… Shodiyor, bir tashqarilab ke, – dedi tagʻin nimadandir shubhalanib. – Uydi aylanib tur, oʻzim chaqiraman.

Shodiyor ostonaga qarab yurish barobarida qoʻlini qulogʻiga karnay qilib, koʻz-quloq boʻlib turaymi, deganday bosh silkidi. Qobil aka uning farosatidan quvondi. Ha, deb bosh chayqab koʻzlarini baravar yumdi. Shodiyor chiqib ketgach bir muddat oʻtib Qobil aka gapida davom etdi:

– Qor izdi joʻgʻatadi… Oʻktam, kelin bilan ikkoving zarur narsalardi olinglar. Ketmasanglar boʻmaydi! Bugundan qolmaslik kerak. Togʻamga oʻzim xabar qilaman, – dedi u Tangriqul boboni nazarda tutib. – U Boymoqli tomondan yurib Xoʻjamulkiga keladi, – Qobil aka bir zum tin olib, ogʻir xoʻrsindi. Keyin bu ishlarning barchasiga oʻzi aybdorday boshini xam qildi.

– Hech kim shu sovuqda daryodan oʻtib ketdi, deb oʻylamaydi… kechuvgacha bildirmay yetib olsak boʻldi. Hozir daryo dogʻ tashlagan, eshakdan tushmay bemalol oʻtib ketsa boʻladi.

– Aka, enam shu ahvolda, – dedi Oʻktam Qobil akaning fikriga qoʻshilishni ham, qoʻshilmasligini ham bilmay.

– Chechamga bolalardi omonligi kerak, a? – dedi u Maryam momoga maʼnoli qarab.

– Chin, chin. Menga baloyam urgani yoʻq. Qayerga bor, desang, qancha jur, desang ketaberaman. Shuginani joni omon boʻsa boʻldi, – dedi nabirasining boshini silab.

 

Tong chogʻi Qobil aka bilan Shodiyor kechuvga boradigan yoʻlning ikki tarafini kuzatib bormoqdaydi. Ularning ortidan koʻch-koʻron ortilgan ulovlardan birida Maryam momo, ikkinchisida esa Oydin oʻgʻli bilan ergashgan edi. Eshaklar yukning ogʻirligidan ovozsiz qadam tashlar, izma-iz ketayotgan Oʻktam ham oyogʻini omonat bosardi. Nihoyat, ular daryoning keng, ammo sayoz oqadigan joyiga yetib kelishdi. Bu vaqtda qish kelmasdan burun yogʻa boshlagan qor butun dunyoni oppoq rangga boʻyab ulgurgan edi. Faqat suv oʻz tusini yoʻqotmagan, uning yuzasidan chiqayotgan hovur va shaldiroq ovoz hayot haqida qoʻshiq kuylayotganday edi. Ular sohilga shu kuyni tinglash uchun yigʻilganday bir muddat sukutga choʻkdi. Soʻng navbatma-navbat bir-birlarini bagʻirlariga bosib xoʻshlasha boshlashdi. Qobil aka Oydinga roʻpara kelar ekan:

– Kelin, diydor qiyomatga qolmaydi! Oʻzim sizlardi izlab topaman, – dedi va Elmurodga yuzlandi:

– Elmurodboy! Siz endi katta jigit boʻlib qoldingiz. Polvon bolalar hech narsadan qoʻrqmaydi, – deb Qobil aka bir dam oʻyga toldi. Soʻng: – Bobotovdan qarasang ena daryo yaltirab koʻrinadi. Huv, Boysuntovning anavi choʻqqisini moʻljal olib daryoga qara. Uylaring shuning roʻparasida! Esingdan chiqmaydiya?! – dedi.

Elmurod, yoʻq, deganday boshini sarak-sarak qildi. Qobil aka uni bagʻriga qattiq bosdi. Oydin esa jimgina olisdagi qishloqqa qaradi. Koʻz oldida baxtli damlari keldi. U oʻgʻli tugʻilganida Mengziyoning qanchalar quvonganini esladi. Keyin koʻz oldida Toshqul paydo boʻldi. Oʻsha kuni Mengziyoni olib ketayotganda va kecha uyiga kirib toʻs-toʻpalon qilgan shoʻroning gʻazabnok basharasini eslab: “Yeryutgur Toshqul. Senga ham Xudoning aytgani bordir”, dedi.

Bu vaqtda Oʻktam chorigʻini yechib, onasi oʻtirgan ulovning jilovidan yetaklab, suv kechgan edi. Ularning ortidan Oydin eshagiga xila berdi. Oʻktamning tizzasiga urib oqayotgan suv havodan iliq boʻlgani uchun oyogʻiga sovuq bilinmas, lekin tizzadan balandi daryoning izgʻirin shamolida qaltirardi. Eshaklar ham tayrinib ketmaslik uchun avaylab qadam tashlar, suvga tekkan xurjun ogʻirlashib, yurishi sustlashdi. Ular daryoning oʻrtasiga borganda Oʻktam bir qalqib, belga uradigan chuqurga tushib ketdi. Maryam momo ulovning yolidan mahkam tutib: “Bolam!” dedi. Oʻktam tezda oʻzini oʻnglab, chuqurdan chiqib oldi. Qirgʻoqda hamon ularni kuzatib turgan qondoshlari: “Voh!” deb yuborishdi. Hammasi joyida ekanini koʻrishgach esa, daryoning yuqori qismidan yur, deb ishora qila boshladi. Oʻktam goh chap, goh oʻng tomondan yoʻl axtarib, tekis joyni topdi. Soʻng jonivorlarning suvda uzoq vaqt turib qolishi yaxshilik emasligini bilib, yoʻl davomini tekshirmay ularni yetaklay ketdi. Narigi qirgʻoqqa yetib olishganida Oʻktam sovuqdan koʻkarib ketgan, suv tekkan libosi esa allaqachon muzlab qotib qolgan edi. Uzun quloq jonivorlar ham sovuqdan dirdirardi. Oʻktam jon boricha tezlashib, ust-boshini alishtirdi. Sovuqni yengish uchun tez-tez qadam tashlab, manzil tomon yoʻl boshladi. Ular qishloqdan olislab borgani sari yuragi orqaga tortar, yana bir bora oʻzlari tugʻilib oʻsgan qishloqni koʻrgisi kelardi. Ammo Maryam momo orqaga qaramaslikni bot-bot uqtirardi. Oydin ham, Oʻktam ham ortga koʻz tashlasa, qandaydir musibat roʻy berishi mumkin ekan, deb oʻyladi. Ammo momodan bu haqida soʻrashning mavridi emasdi.

 

* * *

Ularning eson-omon oʻtib olganini koʻrgan Qobil aka bilan Shodiyor ogʻir xoʻrsindi. Keyin kelgan yoʻllari bu yoqda qolib, boshqa tomondan qishloqqa qarab yurdi. Shodiyor anchagacha hamrohining yonida soʻzsiz ketdi. Ammo uning ichi qizib bormoqdaydi. U zoʻr berib qondoshlarining keyingi taqdiri va hozirgi qilgan ishlari qanchalik toʻgʻri boʻldi yo yoʻqligi haqida oʻylanib borardi. Ammo Qobil akaning kayfiyatiga qarab ogʻiz ocholmas, uning oʻzi bu haqda gap boshlashini intiq kutardi. Lekin Qobil aka hamon vazminlik ila qor kechib, yon atrofni kuzatib ketardi. Oxiri Shodiyor chiday olmadi va:

– Bu yil qor erta tushdimi? – deb oʻsmoqchilab gap boshladi.

– Ha, qishdi qahri qattiq boʻladiganday, – dedi Qobil aka maʼnoli qilib.

– Shu-shu… Bu sovuqda xolam… mazasi yoʻq edi, – dedi u Maryam momoni oʻylab.

– Yaratgandi karami keng! Yaxshilarga yoʻliqsin, iloyim!

Qobil aka bu soʻzlar bilan, aslida, oʻziga ham tasalli bermoqda edi. U ham qondoshlari haqida qaygʻurib, yuragi siqilib, ortiq bu haqida soʻzlagisi kelmadi. Tagʻin kechadan buyon rejalashtirgan ishlarini davom ettirish uchun Shodiyorga yuzlandi:

– Sen tez uylaringga bor-da, akangga ayt, Termizga – Tangriqul togʻamdi izlab yoʻlga chiqsin. Bor gapdi tushuntirib aytsin. Biz borsak, ishimizdi misi chigʻadi. Seni Toshqul tergov qilsa, shu kechani oʻzida uyga qaytib keganman, hech narsa bilmayman, deb turaber. Meni soʻrasa, bilmayman, bir oʻzim qaytdim, degin.

– Unday desam, sizdi… – dedi Shodiyor chin dildan hamrohini oʻylab.

Oʻzicha reja pishitgan Qobil aka:

– Shunday deb aytaber, qoganini oʻzim boplayman, – dedi. Keyin bunday ishlarga Shodiyorning bardoshi yetishiga ishonmay:

– Tilingdan chayonga chaqtirsayam, oʻtirik gapdan qaytma, – dedi. Shodiyor rostdan ham kishi bilmas azobga duchor boʻladiganday ranggi quv uchdi. Ammo qoʻrquvni bildirmaslik uchun hiringlab kuldi va:

– Tilimdi kesib tashlasayam aldayberaman, – dedi.

Ular kelgusi rejalarini kelishib olgach, ikki tomonga qarab ketdi. Shodiyor betartib oʻsgan pattazor yoqalab uylari tomon, Qobil aka esa boshqalarda daryoga ters tomondan kelayotganday taassurot qoldirish uchun qishloq tepasiga qarab yoʻl tortdi. Qobil aka ovul uylarni aylanib, tepaliklar tomondan uyiga qarab kelar ekan, oʻzidan sal narida kecha Oʻktamni chaqirib kelgan Shoberdini koʻrdi. U behuda yurmaganini, bilʼaks Toshqul shoʻroning topshirigʻi bilan poyloqchilik qilishga chiqqanini angladi. Qobil aka Shoberdiga qorasini koʻrsatmay shu yerdan burilib, uyiga narigi tomondan ketmoqchi boʻldiyu ulgurmadi. Qobil aka noiloj yoʻlida davom etib Shoberdining yoniga bordi.

– Tong saharlab buyoqlarda adashib yuribsan? – dedi Qobil aka uning koʻziga tik qarab.

– Qor bemavrid tushdi, qushlar koʻpayib qolgan boʻlsa kerak, deb ovga chiqibedim, – dedi u qoʻlidagi palaxmonni koʻrsatib.

– Menam ov dardida huv qirgacha borib keldim, – dedi Qobil aka. – Bittayam qush yoʻq. Bunday paytda kaklik, chil degani serob boʻlardi.

– Chin aytasiz. Hech balo yoʻq.

Qobil aka yoʻlida davom etib uyi tomon ketdi. Shoberdi esa sir bergisi kelmay qishloqdan olisladi. U Qobil akani Boysun yoʻlida koʻrganini aytib shoʻrodan suyunchi olish uchun shoshilardi. Ayni damda Toshqul shoʻro Tangriqul boboni va kecha qochib ketgan Oʻktamni ushlash uchun Shoʻrchiga boradigan yoʻlga poyloqchi qoʻygan edi. Oʻzi esa kechagi askarlardan ikkovini ergashtirib, Shoʻrchiga – Tangriqul boboni qoʻlga olish uchun ketib borardi.

* * *

– Haliyam boʻlsa kechmas, Tangriqul bobo bolalari bilan qayerga ketganini aytsangiz, oʻzingizga oson boʻladi, – dedi Toshqul shoʻro qoʻli bogʻliq turgan Qobil akaga tik qarab.

– Oʻzbekchalab aytdim, Toshqulboy, bilmayman. Togʻa meniki, lokin ixtiyori oʻzida. Qayerga ketganini nima bilaman.

Toshqul shoʻro alam bilan tufladi. Gʻazabnok nigoh ila Qobil akaga tik boqdi. Qobil aka ham kiprik qoqmay shoʻroga qarab turaverdi. Toshqul oʻzini qoʻyarga joy topolmas, Tangriqul boboni qoʻldan chiqarib, shu bilan birga Oydinning ham izsiz yoʻqolgani unga alam qilayotgandi. Nima boʻlgan taqdirda ham shoʻro Oydinni yoʻqotib qoʻyaman deb oʻylamagan edi. Bu uning barcha rejasini chippakka chiqargandi. Xolbuki, Toshqul shoʻro avval boboni, undan soʻng Oʻktamni qoʻlga olib, bu oilaning erkaklarini tag-tubi bilan yoʻqotib, alaloqibat Oydindan qasd olish va… yuragining tub-tubida yashirinib yotgan hayvoniy hissiyotini qondirishni istardi. Shoʻro agar Oydin oʻgʻli va qaynonasi bilan yolgʻiz qolsa, istalgan payt uyiga kirib, u bilan oʻynashib yuraman, deb oʻylardi. Endi Oydin izsiz gʻoyib boʻlgani uchun shoʻroning koʻksiga in qurgan shaytoniy hirs uni tobora vahshiy qilib yuborayotgan edi. Shoʻro qonga tashna yirtqichday Qobil akaga qaradi va:

– Oxirgi marta soʻrayappan, ular qayerga ketdi? – dedi ogʻzidan tufuk otilib. Qobil akaning ham joni halqumiga keldi. Bir tomondan taqdiri hal boʻlganiga aqli yetib, endi rost soʻzlasa ham omon qolmasligini tushungan edi. Qobil aka Shodiyorga buyogʻini oʻzim boplayman, deganida ish bunchalik chigal boʻlib ketishini bilmagandi. U oʻshanda Toshqul shoʻroga, biz bilmaymiz, shu kecha uyga qaytgandik, degan gap kifoya qiladi, u ming yomon boʻlgani bilan odam bolasi-ku, deb oʻylagandi. Hozir shoʻroning gʻazabiga uchrab, nafsning nuqsi urgan koʻziga tik boqar ekan, qattiq adashganini his etdi. Qobil aka Mengziyoning izidan qamoqqa ketishiga shubhasi qolmadi. Taqdirga tan berdi. Ayni chogʻda bundan xoʻrligi keldi. Dunyo faqat va faqat razolatdan iboratdek koʻrindi. Mana shu voqealar boshlanganidan buyon shoʻroni sizlab, unga mulozamat qilib yurgani alam qildi. Haq boʻla turib Toshqulning gaplarini maʼqullab, uning qarshisida qoʻl qovushtirib turish Qobil aka uchun oʻlim bilan barobar edi. Oxiri bunga ortiq bardoshi yetmay, bor alam va gʻazabini jamlab, shoʻroning yuziga tufurib yubordi.

* * *

Mengziyoning surgun boʻlgani haqida bilib qishloqqa qaytayotgan Tangriqul boboga oilasining ahvoli haqida xabar kelgach titrab ketdi. U ancha vaqtgacha oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Xabar bermish moʻysafidning ahvoliga qarab ancha joygacha hamroh boʻlib keldi. Soʻng ular daryoning ikki sohili boʻylab yoʻllarida davom etishdi.

Tangriqul bobo otni oʻz ixtiyoriga qoʻyib xayoloti boʻlib qolganday ketib borarkan, koʻz oʻngida Mengziyo zanjirband holida doʻmbira chalib, Toshqulga tik qarab qoʻshiq aytayotgani gavdalandi:

“Sirting odam bolasi

Iching – jayra yo ilon,

Sensan odam olasi

Nima tirik sen bilan.

 

Keng dunyoni sen betak,

Yaxshilarga tor qilding,

Odamzot bolasini,

Ne sababdan xor qilding?!

 

Oʻylab tursam sotibsan

Ham elingni, yurtingni,

Poʻlat bilan tildirsa,

Kamlik qilar urtingni…”2

 

Tangriqul bobo shu kabi xayol bilan Xoʻjamulkiga yetib kelganida qor allaqachon erib bitgandi. Bu orada osmonni qora bulut qoplab, yomgʻir yogʻib oʻtdi. Endi havo ancha yumshab qolgan boʻlsa-da, kechqurun va ertalab qish nafasi sezilib turardi. Havoning bunday tez oʻzgarishidan qordan omon chiqqan va uncha-muncha sovuq taʼsir qilmaydigan gulu giyohlarning ham tusi oʻzgargan edi. Tabiatning bu taxlit turlanishi Tangriqul boboning vujudida ham roʻy bergan, yoʻl davomida ancha toliqib, yuzi sovuq urgan yashillik yangligʻ soʻlgʻin tortgandi. Ayniqsa, Shodiyorning katta akasi uyidan xabar yetkazib, qoʻshni qishloqqa borishni aytganidan soʻng ahvoli yanada ayanchli tus oldi. U aytilgan manzilga yaqinlashgani sari koʻngli qishlogʻini qoʻmsay boshladi. Shu bois ham daryodan bir-ikki chaqirim naridagi qishloqqa qarab emas, sohil tomon yoʻl oldi.

U daryoning bu sohili boʻylab qishloq roʻparasiga kelar ekan, uyi tomonga uzoq termilib qoldi. Tangriqul bobo qanchalik istamasin, tugʻilib oʻsgan qadrdon goʻshasiga qayta borolmasligi va, ayniqsa, ota-onasi qabrini yana bir bor ziyorat qilish imkoni yoʻqligi unga shu qadar ogʻir iztirob berardiki, bundan moʻysafidning eng soʻnggi umidi ham soʻnib borardi. Tangriqul bobo qishlogʻiga qarab turarkan, uyiga bir qadam boʻlsa ham yaqin boʻlishni istab, daryo labi tomon ot jilovini burdi va sohildagi keksa tol daraxti yoniga borib toʻxtadi. Tolning tarvaqaylab oʻsgan shoxlari osmonga qoʻl yoyib turar, ammo quchoqqa sigʻmas tanasiga qurt tushib yemirilgan va daryoga tomon engashib oʻsganidan hozir yiqilib ketadiganday taassurot uygʻotardi. Uning yonida ot ustida egarga suyanib oʻtirgan Tangriqul boboning hozirgi ahvoli keksa tolga nihoyatda uygʻunligidan ikkalasini bir-biridan ayri tasavvur etib boʻlmasdi. Uzoq vaqt bir joyda turib qolganidan toliqqan jiyron qattiq pishqirib yer depsindi. Bu tovushdan tolga qoʻngan ilgir qush choʻchib qanotlarini keng yoyib, havoga koʻtarildi. Roʻparada uchib kelayotgan chumchuqlar galasi uni koʻrishi bilan toʻzgʻib ketdi. Ammo ilgir ularga parvo ham qilmay, ohista qanot qoqib, boshqa daraxtga borib qoʻndi. Xayoli chalgʻigan Tangriqul bobo sergak tortib, otga dam berish uchun egardan tushdi. Lekin oyogʻi uvishib qolganidan tushgan joyida turib qoldi. Moʻysafid qamchining sopi bilan etik qoʻnjiga urdi. Shu payt tinimsiz u yoqdan bu-yoqqa urilayotgan kichik zarrachalar butun tanasi boʻylab tarqaldi va bunga bardoshi yetmay oʻtirib qoldi.

Tangriqul bobo qishloqqa qarab oʻy surib chakmonining ichki choʻntagidan xaltachaga tugilgan bir siqim tuproqni qoʻlga oldi. Moʻysafid tuproqni mahkam siqarkan, koʻzidan yosh sizdi va pichirlab: “Bu dunyoda tirik ayrilgan yomon-a”3, dedi.

Kech tushib, qishloq odamlarining oyogʻi tiyilmaguncha yaqin atrofda tentirab yurgan Tangriqul bobo tun qorongʻisida Xoʻjamulkining narigi burchida yashaydigan Omon polvonning uyiga bordi. Polvon katta xonani Tangriqul boboning oilasiga boʻshatib bergandi. Ularning bu yerdaligini uy egalaridan boshqa birov bilmasdi. Mehmonlar uzoq vaqt xonaga qamalib, ovozsiz oʻtirishdan joni halqumiga kelgan, ayniqsa, Elmurodning bardoshi butkul tugab bitgan va tez-tez xarxasha qilayotgan edi. Momosi bilan onasi uni imkoni boricha bosiqlik ila yupatishga urinar va Tangriqul boboning tezroq yetib kelishini intiq kutardi. Goʻyo oila boshi kelsa, barcha dard-sitamlar tugaydiganday edi. Ammo moʻysafid Mengziyoning surgun qilingani haqida shumxabar olib keldi. Ularning dunyosi yanada qorongʻilashib ketdi. Maryam momo ham, kelini Oydin ham baralla yigʻlab yubordi. Oʻktam esa koʻz yoshini yashirib, burchakda bosh egib oʻtirardi. Elmurod allaqanday musibat roʻy berganini fahmlasa-da, hali uning goʻdak qalbi bu kunlarning dahshatini butkul anglab yetmagandi.

– Boʻldi-da endi. Bir-eki yil oʻtmay qogan joyi yoʻq! Ha, deb koʻz yosh qilmay, eson-omon kesin, deb duo qilinglar, – dedi Tangriqul bobo.

Uning soʻzlaridan soʻng kelin-qaynona koʻz yoshlarini artdi. Maryam momo endi Tangriqul boboning holidan qaygʻurib:

– Jurt kezib kelishdi oʻzi boʻlama?! Bir moydongina dam oling, – dedi.

– Ay, – deya qoʻl siltadi Tangriqul bobo. – Oʻzimizga qora joy topayik, soʻng qogani bir gap boʻlar.

– Biz-ku qayerda boʻlsak koʻnib ketaberamiz, bu goʻdaklar nima qiladi, bobosi?! Kunning shu sovugʻida uy tiklashdi oʻzi boʻladima?

– Qiziq gaplardi gapirasan, kampir. Xudoyim bir uloqdi, toʻrt shuvoq4di yaratgan. Bu yerda qolsak, polvonga aziyat berib qoʻyamiz. Ertaroq yoʻlga chiqqanimiz maʼqul.

– Oʻktamjon, – dedi Maryam momo oʻgʻliga yuzlanib, – polvon akangga ayt, biz qaytamiz.

Oʻktam Omon polvonni chaqirib kelish uchun tashqariga chiqdi.

– Kelin, siz tugunlardi tayyorlang, – dedi Tangriqul bobo Oydinga yuzlanib.

– Hamma narsa-ku tayyor turibdi, – deb gap boshladi Maryam momo. – Polvondan qora uyini soʻrasak bermasmikin?! Borib bizdi oʻtovdi olib kelaberardi. Joyiga-joy desak-da!

– Boʻmaydi, – dedi Tangriqul bobo. – Uni olib ketishdi oʻyla.

– Esa, sovuqda qayerda jon saqlaymiz, bobosi?!

– Bobotovga yetsak, gʻorda boʻlsayam yashayberamiz.

Shu payt eshik ochilib, avval Oʻktam, soʻng Omon polvon kirib keldi. Polvon baland boʻyli, bugʻdoyrang va jiddiy boquvchi nigohi odamni sergak torttiradigan kishi edi. U moʻysafidga:

– Nimaga darrov qaytaman, deb qoldingiz?! Yo bizdan biror kamchillik oʻtdima? – dedi.

– Sira unday demang, polvon!

– Unday boʻlsa, bemahalda qayerga borasiz?

– Endi, polvon, sizgayam, bizgayam shunisi maʼqul. Tulki qirq hunarim bor, yaxshisi, koʻrinmaslik, degan ekan. Siz bergan non-tuzingizga rozi boʻling! Nasib qilsa, yaxshi kunlarda xizmat qilayik.

– Ajab gaplaringiz bor-da! Shoʻnday paytda kuningizga yaramasak, qachon poydamiz teyadi. Rozi boʻling, deb uyaltirmang-ey! Otam rahmatli boʻlganlarida shu gapingiz uchun xapa boʻlardi.

– Ha, joʻramiz koʻp yaxshi odam edi. Umri qisqa ekan-da, – deb doʻsti – Omon polvonning otasini xotirladi Tangriqul bobo. – Oriyatli, izzat-nafsni biladigan shermard edi rahmatli.

– Chin aytasiz, – dedi polvon otasini koʻz oldiga keltirib. – Otamga oʻxshashga bizdi kuchimiz jetmadi… Ha-yey, bosh omon boʻlsa, doʻppi topilar, deb bekor aytishmagan. Oʻktamboy ham boshqalarga esh boʻlib, qoʻltigʻingizdan kirib qanotingizdi koʻtarib tursa, bu kunlaram oʻtadi, – deb gap ravishini oʻzgartirib yubordi u.

– Bori umidim shulardan. Boʻmasa, jonim shirinlik qib eldan bosh olib ketayotganim yoʻq. Bolalardi ertasini oʻylab, – dedi moʻysafid. Soʻng mezbondan izn soʻradi. – Bizga duo bering, polvon!

– Duo sizdan.

Tangriqul bobo qoʻlini keng yoyib duo oʻqidi. Soʻng barchasi baravar oʻrnidan turib, tashqariladi. Omon polvon butun oilasi bilan ularni kuzatib qoʻydi. Tangriqul bobo oilasi bilan tun yarmidan oʻtganida Bobotogʻni moʻljal olib joʻnadi. Moʻysafid ot bilan oldinda borar, uning izidan Maryam momo bilan kelini oʻzlarining uzunquloq jonivorida, Oʻktam va Elmurod esa Omon polvon inʼom etgan hangida hammadan orqada borardi. Zimiston kechada notanish yoʻldan yurish qiyinligi bois jonivorlar imillar va kattaroq kesak yoki toshdan hurkib, arzimas chuqurdan ham sakramasdan aylanib oʻtardi. Bu yurishdan, ayniqsa, Elmurodning sillasi qurib uyqusizlik quvvatini soʻrib olgandi. Uni endi uyqu eltganida eshakning qaltis harakatidan uygʻonib gʻingshir, shamol urayotgan yuzini akasining koʻksiga bosib yana uxlashga urinardi. Har bir tepalik avval kunlarga, soʻng yillarga ulanib borayotganday, vaqt imillab oʻtardi. Ular shu tariqa tong yorishmaguncha qirma-qir, soyma-soy oʻtib bordi. Nihoyat, Tangriqul bobo ot jilovini tortdi. Ular jar ichidan – shamolpanadan joy hozirlashdi. Oʻktam otasi bilan yuklarni tushirib, oʻtin qarab ketdi. Maryam momo esa kelini bilan koʻrpa-toʻshak yoydi. Koʻp oʻtmay ota-bola qurib qolgan yontoq sudrab keldi. Oʻktam:

– Bu yerda oʻtin yoʻgʻakan, – dedi.

– Choʻl boʻgandan soʻng shu-da, – dedi onasi qumgʻonga suv quyar ekan.

– Suvdi tejash kerak. Yoʻl uzoq. Choʻlda buloq boʻmaydi. Oʻktam, oʻtni oʻzing yoq, chechang qiynalib ketdi, – dedi Tangriqul bobo.

Oʻktam olov yoqdi. Oydin yemak uchun narsalarni hozirlab, dasturxon yozdi. Elmurod olov taftida lanj boʻlib qoʻlida bir tuyur non bilan uxlab qoldi. Boshqalar deyarli gap-soʻzsiz tamaddi qilishardi. Bir zamon:

– Shu joylardayam odam yashaydima? – dedi Maryam momo huvillab yotgan yaydoq choʻlga ishora qilib.

– Bobotovdi etagida odam bor. Buloqdi girdida. Undan bermogʻon bahorgi jurt, – dedi moʻysafid.

– Tovgacha boramizma? – dedi Oʻktam olisda choʻqqisi yaltirab turgan Bobotoqqa qarab.

– Nari borsa, eki kunlik yoʻl, – dedi Tangriqul bobo yoʻlni nazarga ilmaganday xotirjamlik bilan.

– U yaqda shoʻro yoʻqma? – deb soʻradi Maryam momo soddalik bilan.

– Ay, shoʻroni bormagan joyi borma? Lokin bizdi birov tanimasa boʻldi. Tinch yashayberamiz, – deb Tangriqul bobo Termizga borayotganda uyidan joy bergan Toʻra akani esladi. Shundagina u bilan taqdirlari bir-biriga oʻxshash ekanini payqadi va:

– Xoʻroz bari joyda birday qichqiradi, – dedi.

Bu gapdan soʻng ular borayotgan manzilning siri yoʻqolib, Bobotogʻ ham mungʻayib turganday koʻrina boshladi.

Shu payt Tangriqul bobo jar tepasidan enib kelayotgan tulkiga koʻzi tushdi. Boshqalar ham oʻgirilib unga termildi. Tulki ularni endi koʻrdi, shekilli, joyida toshday qotdi. Soʻng xavfni tekshirish uchun oldinga ikki qadam tashladi. Shu payt Oʻktam aksa urib yubordi. Tulki qoʻrqqanidan ortiga qaytib yugurdi. Ammo sal nariga borib toʻxtadi. Bir muddat oʻtib oʻsha yerda choʻnqayib oʻtirdi-da, odamlarni kuzata boshladi. Tulki qoʻrqib uzoqqa ketmagani uchun Tangriqul bobo nimanidir sezib atrofga alangladi. Keyin oʻtirgan joyidan oʻn qadamcha naridagi chuqurdan tulki bolasi tumshuq chiqarib turganini koʻrdi.

– Ey, bolasi borakan-da! Biz tinchini buzib qoʻyippiz. Aytdim, bu nimaga qoʻrqmay turibdi, deb. Uyini, bolasini qoʻrigan jonzot qoʻrquvdi esdan chigʻaradi-da!.. Ha, esa omin, – deb qoʻlini duoga ochdi moʻysafid. – Gertak dam oldik. Endi yoʻlga tushsagam boʻlaberadi. Elmurodni uygʻotinglar. Elmurod, otajon! Qarang, tulki keldi…

Elmurod istamaygina uyquli koʻzini ochdi. Ammo oromi buzilganidan gʻingshib, xarxasha qila boshladi. Bobosi uni zoʻrgʻa yupatib, otga mingashtirib oldi. Ular tagʻin ulovning tebranishiga mos holda chayqalib, adoqsiz choʻl bagʻrida chumoliday oʻrmalab borardi. Ular shu ketgancha tushgacha tinim bilmadi. Tushdan soʻng qulay joy topib kechga dovur dam olishdi va yana tuni bilan yoʻl yurilgach, ertasi kuni peshinga yaqin togʻ etagidagi qishloq tepasidan chiqishdi. Bungacha ular boʻlaricha boʻlgandi. Jonivorlar esa yoʻlda duch kelgan koʻlmak suvdan qoniqib ichib-ichmay sillasi qurib, oyoqda zoʻrgʻa turardi. Shu bois oʻn-oʻn besh chogʻli uydan iborat qishloqni koʻrishganida sevinib ketishdi.

Qishloq etakdagi tekislikda quyuq joylashgandi. Chor tarafi tekis toshloq boʻlgani bois uylar supada oʻtirgan chollarday taassurot uygʻotardi. Togʻ bagʻrida daraxtlar koʻkka boʻy choʻzgan, aftidan, u yerda buloq boʻlib suv qishloqqacha yetib kelmagandi. Tangriqul bobo oilasi bilan turgan tepalikdan esa yolgʻizoyoq yoʻl ilon izi hosil qilib oʻrtadagi soydan oʻtib, soʻng qishloqqa chiqib borardi. Ularga ayni damda mana shu masofa ham juda olis boʻlib koʻrinmoq edi.

 

Ular soydan oʻtib, qishloqqa yaqinlashgach, boʻribosar koʻppaklar yoʻl toʻsdi. Itlar juda yaqin kelmagan boʻlsa-da, ular oʻsha joyda toʻxtab qoldi. Bundan xabar topgan qishloq ahli mehmonlarga peshvoz chiqdi. Kelayotgan kishi tez yurib tayoq bilan itlarni quvib soldi. Tangriqul bobo mezbonning yetib kelishini kutib turish odobsizlik boʻlmasin, deb otdan tushdi. Moʻysafid jiyronning jilovidan tutib odimladi. Oʻktam ham otasining izidan yurdi. Ularning orasida besh-olti qadam qolganda Tangriqul bobo mezbonga salom berdi. Ular koʻrishib, hol-ahvol soʻrashishdi va boyagi kishi moʻysafidni uyga taklif etib, yoʻl boshladi.

 

Qishloq ahlini Tangriqul bobo va uning oilasi qiziqtirib qoʻygan edi. Zero, ularning yuzi ter va changdan shoʻrlab, uyqusiz koʻzlari qizarib kirtaygan, ust-boshi ham yorilgan lablari yangligʻ bir ahvolda edi. Boz ustiga yuz-koʻzlarida soʻngsiz iztirob zuhur boʻlib kishida allaqanday achinish hissini uygʻotar edi. Yoʻl azobi Tangriqul bobo va oilasini holdan toydirgandi.

Togʻlik aholi ularning boshiga ogʻir musibat tushganini payqab turar va buning qandayin koʻngilsizlik ekanini bilishga oshiqardi. Illo, ularning ayrimlari umri bino boʻlib shu togʻ-toshlardan nari chiqmagan, unda-bunda oʻtib qaytadigan yoʻlovchilarni hisobga olmaganda begona odamga duch kelishmagandi. Bozor uchun shaharga boradiganlar ham oyda bir uydan chiqardi. Shu bois yangilikka oʻch qishloqdoshlar mehmondan koʻz uzmasdi. Ularga tomoshagoh boʻlib qolganidan oʻzini noqulay sezgan Tangriqul bobo toqatsizlanib kelini va Maryam momoni begona nigohlardan gavdasi bilan toʻsishga urinardi. Nihoyat, qishloq kayvonisi kelib, ayollarni nari olib ketdi. Oʻzini biroz erkin his etgan moʻysafid mezbon bola olib kelgan choygumdagi iliq suvga yuz-qoʻlini chaydi. Soʻng roʻparadagi xonadon ostonasidan hatladi. Uy toʻrida oʻzi tengi chol oʻtirardi. Uning moshguruch soqoli chiroyli kuzalgan, chehrasidan hamon yosh yigitlarday gʻayratli boʻlib koʻrinardi. Chol – Toshboy bobo epchillik bilan oʻrnidan turib salom berib, Tangriqul boboga uy toʻridan joy koʻrsatdi. Ular baravariga chordona qurib oʻtirar ekan eshikdan Oʻktam koʻrindi. Toshboy bobo oʻrnidan jilmay u bilan salomlashdi. Boya kutib olishga chiqqan mezbon Oʻktam bilan yonma-yon joylashdi. Mehmon va mezbonlar bir-birlari bilan soʻrashisharkan, eshik qiya ochilib, Elmurod ichkariga bosh suqib qaradi. Tangriqul bobo uni koʻrishi bilan:

– Bor, Elmurodjon, momongga bor, – dedi.

Uning gapi tugamasdan Elmurodning ortidan boya qoʻlga suv quygan mezbon bola koʻrinib:

– U yaqda jilayapti. Siz bilan oʻtirarkan, – dedi.

Bu gapdan soʻng Toshboy bobo Elmurodga qarab:

– Ke! Kel-ey bu yaqqa. Oʻt bobongdi oldiga. Ha, yasha! Polvon jigit ekan-da bu, – dedi.

Elmurod begona odamlardan uyalib, qimtinib, bobosining oldiga keldi. U Tangriqul boboning tizzasiga bosh qoʻydi. Mezbonlar oldida oʻzini noqulay sezgan moʻysafid nabirasiga:

– Turib oʻtir, ulim. Uyat boʻladi, – dedi.

Bunga javoban Toshboy bobo:

– Qoʻying, yosh bola yoʻlda charchagan… Yot, yotib damingdi ol. Eh-he, senga bir suruv oshna bor. Bir uxlab tur, keyin shular bilan oʻynaysan, – dedi.

Elmurod gʻujanak boʻlib yotib oldi. Tangriqul bobo u kelishidan oldin chala qolgan gapini davom ettirdi:

– Bu kenja ulim Oʻktam. Bunisi nebara, – dedi Tangriqul bobo Elmurodni koʻrsatib. – Katta ulimdi bolasi. Oʻzi birovgina…

Tangriqul bobo shu tarzda butun oilasini tanishtirib chiqar ekan, qayerdan kelayotganiyu ne maqsadda tentirab yurganigacha roʻy-rost aytib berdi. Toshboy bobo va oʻgʻillari bularni oʻtkinchi yoʻlovchi deb oʻylagandi. Endi ularga muqim joy kerakligini bilgach, noqulay ahvolda qoldi. Chol buni sezdirib qoʻymaslikka urinib, oʻzini va oʻgʻillarini tanishtira ketdi.

– Bu Panji, – dedi boya itlarni quvib solgan kishini koʻrsatib. – Kenja ulim. Oldingizda oʻtirgan akasi Chori. Boshqalari haydovga ketgan. Hoʻkumatdi bir suruv qoʻy-echkisi, besh-olti qora moli bor. Shulardi aylantirib keladi…

Toshboy boboning aytar gapi tugab qolganidan soʻng bir muddat oʻylanib turdi-da:

– Sizlarga qora uy tikib bersak boʻladi, – dedi. – Lokin sovuqlik qiladi… Chori, uying loysuvoq boʻganma? – deya oʻgʻliga murojaat etdi chol nimadir yodiga tushib.

– Ha, suvaganmiz. Eshik-derazasi yoʻq, – dedi Chori.

– Unga kigiz tutib qoʻysa boʻladi, – dedi Toshboy bobo va gapida davom etdi. – Oʻzi shoʻnisi maʼqul, – u endi Tangriqul boboga yuzlanib soʻzlardi. – Qora uy torlik qiladi. Uyimizdan joy bersak, erkin yasholmaysiz. Oʻzingizga bir uy boʻsa, bemalol oyoqdi uzatib oʻtirasiz-da, toʻgʻrima? Ha, yashang! Choriga uy qurgandik. Troma5 erta kelib, tashvish koʻpayib, koʻchib oʻtolmadi… Xoʻsh, gap bunday. Oʻktamboy bilan bular borib uydi koʻrib, kamini toʻgʻirlasin. Bugundan qoldirmay. Ertaga ishonch borma?! Qor tushama, boshqa boʻlama, bilmaymiz! Supur-sidiriga kelinlar borib qarashadi. Ha, jigitlarga omin, – deya Toshboy bobo qoʻlini duoga ochdi.

Mezbonlarga qoʻshilib Oʻktam ham tashqariga chiqdi. Tangriqul bobo esa tizzasiga bosh qoʻyib uxlab qolgan Elmurodni yerga yotqizib, choponi bilan ustini yopdi.

Oʻktam mezbonlarga ergashib borar ekan, Bobotoqqa sinchkov nazar tashladi. Yaqiniga kelib qaralganda yanada haybatli koʻrinadigan toqqa mahliyo boʻlib hamrohlarning gapini eshitib-eshitmay kelayotgan Oʻktam Bobotoqqa bir paytlar derazadan qarab oʻtirganini esladi. Uning hozir turgan yeri – choʻqqi etagidan daryo sohilidagi uyi va hatto uning derazasi koʻrinadiganday ortiga oʻgirilib qaradi. Ammo havoning tundligidan uzoqni koʻrib boʻlmasdi. U bahor kelib, osmon tiniqlashsa, bu yerdan uyimizni bemalol tomosha qilsa boʻladi, deb oʻyladi va bu xayol unga oz boʻlsa-da taskin berdi.

Ular shu kuni kechgacha yangi qurilgan uyning atrofida kuymalanib, ikki xonali toshdevor boshpanani odam kirsa boʻladigan holga keltirishdi. Deraza va eshikka gulsiz qora kigiz tutib, ayniqsa, darichani ochib boʻlmaydigan qilib mahkamlashdi. Uzun xonaning oʻrtasida sandal qilindi. Shundan soʻng Panjining ayoli bilan Oydin kelib, xonaga koʻrpa-toʻshak tashladi. Aka-uka mezbonlar oʻchoq uchun qiy, chalma, sandalga olov qalashga archa oʻtinidan olib kelib, yondagi kichik xonaga joyladi. Yana oʻtinxonaga qarab ketgan Chori chelak koʻtarib kelib:

– Oʻktamboy, bunda yer moyi6 bor, tutantiriqqa yaxshi. Agar yana zurur boʻlsa, tumanda qora koʻldan olib kelaberasiz, – dedi.

Bu vaqtda bir tarafdan Maryam momo, narigi tomondan esa Tangriqul va Toshboy bobolar uyni koʻrish uchun keldi. Ularning barchasi jam boʻlib ichkariga kirdi. Oydin va togʻlik kelin esa tashqaridagi oʻchoqqa oʻtin qalab olov yoqdi. Soʻng lovullab turgan choʻgʻni yangi qazilgan sandalga soldi.

Toshboy bobo Tangriqul boboga yuzlanib:

– Qani torting! Jurt qulli boʻlsin! – dedi. Tangriqul bobo rahmat aytib, yoʻl boshladi. Ular devorning nami ketmagan va odam tafti urmagan zax xonaga kirib, sandal atrofida chordona qurdi. Maryam momo esa xurjundagi narsalarni titkilab, qorachiroqni topib yoqdi. Shundan soʻng eshik-derazasiga kigiz tutilgan qorongʻi xona biroz yorishdi.

Endi ular qadim qadrdonday suhbatlashib oʻtirishardi. Bir mahal Toshboy bobo oʻzining ikki oʻgʻli, kelini va Tangriqul boboning oila azolari jam boʻlib oʻtirganidan foydalanib, koʻnglidagi gapni toʻkib soldi.

– Endi, oshna, shu jurt sizga. Saraton kelib, havo toq boʻsa, oʻzingizga uy tiklaysizma yo Choriboyga boshqadan qurib beramizma, kelishib ketaberamiz. Hali ungacha koʻp gap bor. Lokin uyga begonasiramay, bovurdi bosib yashaybering. Xoʻ-oʻsh, endi Oʻktamboyam, kelinam yosh. Uyda qamalib oʻtirib nima qiladi? Toʻgʻrimi?! – uning gapidan Tangriqul bobo muddaosini bildi va diqqat bilan quloq tutdi. – Gapdi qisqa qisak, Oʻktamboy Panji oshnasi bilan kelishib mol haydovga borsa. Kelingayam ish koʻp. Ana, sigir sogʻadi. Juda bekor boʻlib qolsa, qoʻzilardi bogʻishadi. Ishqilib qorongʻi xonada qamalib oʻtirishdan yaxshi-da!

– Boʻmasam-chi, – deya uning gapini maʼqulladi Tangriqul bobo. – Odam yashash uchun harakat qilish kerak.

– Ha, yashang! Siz zeriksangiz, – endi bevosita Tangriqul boboga xitob qildi chol, – yonimga gurungga borasiz. Ekovlashib zerikib qolsak, bolalardi ishidan xabar olamiz. Uni unday-buni bunday qi, deb turamiz-da. Xoʻp, qoʻlida koʻp hunari bor odamga oʻxshaysiz. Bilmaganimizdi bizgayam oʻrgatasiz. Bolasi tushmagurlar oʻzimizga oʻxshab qoʻpol, desangiz. Tunov kuni Choriboydi katta akasi bir echkini urib oʻldirib qoʻyibdi, – choʻpon oʻz molini urib oʻldirishiga yosh bola ham ishonmasa-da, Toshboy bobo nihoyatda nazokat va topqirlik ila Tangriqul boboga vazifa yuklamoqda edi. – Shularga urmay, soʻkmay suruvdi yoʻlga solishni oʻrgatib bersangiz, binoyi boʻladi… Ha, kelishib olgan boʻsak, bizga ruxsat. Sizlar bemalol dam olingizlar. Oʻktamboy ertalab Panji bilan podaning izidan ketsa, charchab qolmasin. Qani, omin!

Toshboy bobo oʻgʻillari va kelini bilan chiqib ketdi. Tangriqul bobo oilasi ila yolgʻiz qoldi. Ular hujrani uyimiz deb bilishsa ham oʻzlarini choʻlda duch kelgan joyda dam olayotganday his etardi. Bu xonaga yillar davomida uyida toʻshalib turgan koʻrpa-toʻshak tashlangani bilan toshdevor ham, shiftda osilib turgan archa novdasi ham va hatto jonga ora kiryotgan sandal ham mutloq begona edi. Ular Xoʻjamulkida – Omon polvonning xonadonida yoki kimsasiz choʻlda tin olgan paytda ham oʻzlarini bu qadar yolgʻiz his etishmagandi. Boz ustiga derazadan bir tola ham nur tushmasligi va moychiroqning ojiz yogʻdusi ularning koʻngliga tun zulmatidan-da dahshatli qoʻrquv solardi. Bu ogʻir sukutu zulmatni ilk bora Elmurodning titroq ovoz bilan bergan savoli yorib oʻtdi.

– Bobo, uyga qachon ketamiz?!

–…

 

* * *

Ikki kundan soʻng toqqa qalin qor tushdi. Baʼzi joylarda qor tizzaga urar, bunday vaqtda mol boqishning oʻzi boʻlmasdi. Choʻponlar qoʻy-echkini sovuq urmasin, deb tinimsiz yurgizib turar, ayollar esa mol ozuqa olishi uchun pichan gʻaramlarini sochib tashlardi. Bu yerda ham daryoning shamolidek izgʻirin sovuq jondan oʻtib ketar edi. Suruvga qarayotganlar qoʻy yogʻini goh nonga bulab yer, goh issiq yogʻni ichib sovuqqa biroz boʻlsa-da bardosh berardi. Ammo koʻp oʻtmay izgʻirin oʻz ishini koʻrsatar, ularning madori qurib, uyda dam olayotganlarga navbat tegardi. Shu tariqa ular kun boʻyi navbat almashib, ham oʻzlarining, ham mol-holning jonini saqlardi. Buni yaxshi bilgan Toshboy bobo avval boshdan Tangriqul boboga ham yumush borligiga ishora qilgan edi. Shu bois Tangriqul bobo Oʻktam bilan oʻrin almashib choʻponlarga koʻmak berardi. Yumushlar moʻysafidga malol kelsa ham bundan sira oʻzini olib qochmasdi. Zero, uning va butun oilasining yemak-ichmagi Toshboy boboning zimmasida edi va ular hech narsadan zoriqmasdi. Faqat qor qoplagan zaminday oʻzgarmas kunlarning adogʻi koʻrinmas, bundan Tangriqul bobo va oilasining diqqati oshardi. Qon-qarindosh va uy sogʻinchi ichki dard kabi sezdirmasdan ularning madorini soʻrib olmoqda edi. Hammadan ham koʻproq Oydinning sillasi qurib borardi. Uni dard beayov ezar, shunga qaramasdan Oydin birovga bu haqda churq etib ogʻiz ochmas, oʻtkinchi xastalikdir, deb jon boricha oʻzini ishga urardi. Oydin yumush bilan chalgʻishga qancha urinmasin bari behuda edi. Boz ustiga Toshqul shoʻroning sovuq nigohi koʻz oldidan ketmasdi. Shoʻro Mengziyoni olib ketayotganda va Tangriqul boboni izlab kelgan paytda Oydinga yeb qoʻyguday tikilgani uning koʻz oʻngida qotib qolgandi. Bundan Oydinning dili xufton boʻlib yoqimsiz narsa yeganday oʻzini lohas sezardi. Tagʻin koʻlda choʻmilayotganda Toshqul uni poylagani esiga tushar va koʻngliga soya tashlab turgan bu voqea endi Oydinning butun hayotiga qora boʻyoq chaplagandi. Oydin shular haqida oʻylaganida el ogʻzida doston boʻlgan chehrasini balchiqqa bulashga yoki tigʻ bilan nimtalashga ham tayyor edi. Xolbuki, Oydin oilasining sarson-sargardon boʻlib yurishida oʻzini aybdor sanardi. Ana shunday paytda shoʻroning nahs bosgan nigohidan qutula olmasligi uning dilini ayovsiz ezgʻilab tashlagan edi.

Yana tagʻin Oydin sevgidan sarxush boʻlib yurgan chogʻini eslar, oʻsha paytda koʻnglini charogʻon aylagan tuygʻu endi yuragiga burov solardi. U bu azobga bardosh berolmay goho:

– Yeryutsin seni, Toshqul! Koʻzingdi qum toʻldirsin!.. Seni qoshingda shaytonam uyaladi. Axir, har qanday pastkashlikdi chegarasi bor, lekin seni qiligʻing… Xudoga soldim. Oʻzi hisobingni qilsin! – desa, baʼzan:

– Agar shu qiligʻing boʻlmaganda yaxshi odam eding-ku!… Koʻnglimni sendan sovitgan Xudoyimga ming shukurlar boʻlsin! – der va bu gapni birov eshitib qolishidan choʻchib tilini tishlardi. Keyin gʻoʻr va sodda yoshligiga laʼnatlar aytar, bu iztirobdan ozod boʻlish uchun Elmurodni bagʻriga bosib, bolaning koʻziga uzoq termular edi. Zero, uni musibatdan faqatgina goʻdakning maʼsum va begʻubor nigohigina qutqara olardi. Mana shunday ichikishlar uni anchayin holdan toydirdi. Bir oy oʻtar-oʻtmas dard kuchaygandan kuchayib, Oydin toʻshakka mixlanib qoldi.

Oydin tuni bilan isitmaning zoʻridan ingrab chiqar, tomogʻidan suv ham oʻtmasdi. Maryam momo uning boshida girgitdon boʻlib yonidan bir qadam ham nari ketolmay qoldi. Tangriqul bobo ham, Oʻktam ham choʻponlarga qarashish uchun chiqsa-da, oʻy-xayoli uyda – Oydinning qaygʻusi bilan edi. Uning ahvoli jiddiy ekanini koʻrgan Toshboy bobo bu havoda togʻ soʻqmogʻidan yurish xavfli boʻlsa-da, oʻgʻlini narigi qishloqdan tabib aytib kelishga yubordi.

Tabib Oydinning ahvolini koʻrib dong qotdi. U qayta-qayta bemorning tomirini ushlab koʻrib bosh chayqar, ammo yonidagilarga biron soʻz demay, hammaning diqqatini oshirardi. Nihoyat:

– Tushunmadim, – dedi tabib. – Dardi borga oʻxshamaydi. Ahvoli boʻlsa… Biron irim-amal qilish kerakdir?

– Qilmagan amalimiz qolmadi. Endi bari umidimiz sizdan, – dedi Tangriqul bobo.

– Qoʻlimdan kelsa, jon deb davolayman. Biz bir sababchi, – dedi tabib oʻylanib.

Oydinga qanday davo qilishni bilmay tabibning boshi qotgan edi. Soʻng giyoh xaltasidan tugun chiqarib, dorivorlarni saralab:

– Bular quvvat dori. Bunisi shamollashdi yoʻqotib, issigʻini tushiradi. Narigisi ishtahani ochadi. Bizdi bilganimiz shu. Davosini Ollo bersin! – dedi.

Tabib dorilarni qanday tayyorlab, qaysi mahal ichirish kerakligini tushuntirgach, ketishga izn soʻradi. Toshboy bobo uni kuzatib qoʻyish uchun tashqariga chiqar ekan:

– Rustamboy, – dedi tabibga qarab. – Kelindi ahvoli tangmi?!

– Ochigʻi, bilmayman. Boyagi gapim gap. Hech bir dardi yoʻq. Irim-amaldan boʻlsa kerak.

– Siz bilmaydigan dard yoʻq edi-ku, Rustamboy. Qirq mamlakatdan kelib, sizdan davo topganlardi koʻp eshitganmiz, – dedi Toshboy bobo uning gapiga ishonmay.

– Bizam bandamiz, bova. Bilganimizdan bilmaganimiz koʻp… Oʻzi bular kim, ilgari bu yerda yashashmasdi?

– Kim boʻlardi, kun oʻtarga mol boqib yurgan choʻliq. Ilgari tovning narigi tomonida yasharkan. Arkar7 bilan sen-menga borib qolibdi. Uyam boʻlsa qishdi kunida quvib solibdi, – dedi Toshboy bobo, Tangriqul bobo haqidagi xabar hukumat odamiga yetib borishini istamay. Tabib ha deganday bosh chayqadi-yu, yoʻliga ravona boʻldi. U qirdan oshib ketguncha Toshboy bobo tabibni kuzatib turdi. Soʻng Tangriqul boboning uyiga qarab yurdi. Eshik qarshisiga borib yoʻtaldi-da:

– Oʻktam, – dedi.

Ichkaridan Tangriqul bobo ovoz berdi:

– Keling, kelabering!

Toshboy bobo ichkariga kirganida Elmurod onasining yoniga yotib olgan, Maryam momo kosada dori tayyorlayotgan edi. Tangriqul bobo uni xona toʻriga taklif etdi. Ular Oydin noqulay ahvolga tushmasin uchun unga orqa qilib oʻtirdi. Bu orada Maryam momo ishtaha ochadigan dorini tayyorlab keliniga ichirdi. Ammo Oydin dorini qaytarib tashladi va qaynotasining oʻtirganiga ham eʼtibor bermay, ogʻir uh torta boshladi. Maryam momo uning boshida parvona boʻlib aylanar ekan, Elmurodga:

– Tur, bolam, bobongdi oldiga oʻt, – dedi.

Elmurod erinchoqlik qilib oʻrnidan jilmadi. Borgan sari oʻzini yanada behol sezayotgan Oydin bazoʻr qoʻlini koʻtarib, Elmurodning boshiga qoʻydi va oʻgʻlining isitmasi borligini bilib qoldi. Oydin buni Maryam momoga aytdi. Kampir Elmurodning issigʻini koʻrib boʻlaricha boʻldi va ovozini baralla qoʻyib:

– Nima balo boʻlyapti senlarga?! – dedi.

Momoning bu hayqirigʻidan soʻng Tangriqul bobo oʻgirilib qarab:

– Tinchlikma?! – dedi.

– Endi nebarangizdi issigʻi chigʻibdi.

Bu gapdan soʻng Tangriqul boboning hafsalasi pir boʻlib:

– Bu nimasi boʻldi? – dedi.

Toshboy bobo bu savol oʻziga qarata aytilganday:

– Avvaldan-oxir bizda bunday dard boʻlmagan. Ana Rustamboy, hech bir kasali yoʻq, dedi. Esa, men sizlardan panalatib soʻrab koʻrdim, – dedi.

Toshboy bobo bu mulohazalarni ajib bir mahzunlik bilan aytarkan, Maryam momo boshida yarq etgan fikrdan quvonib:

– Esayganda esimni jemay oʻlayin, – dedi. – Bularingiz yer oyinlagan-ku, bobosi!

– Ay, ishlaring tushsin… Tuproq bormidi?!

Mariyam momoning avzoyi oʻzgarib, boyagi quvonchi yoʻqoldi va:

– Bilmayman! Shoshilganda esdan chiqqan boʻlmasin-da, ishqilib, – dedi.

Chol-kampirning soʻzlarini tinglab oʻtirgan Toshboy bobo hayratlanib:

– Yer oyinlashi nimasi? Qanday tuproq kerak? – dedi.

– Buyam bir kasallik, – dedi Tangriqul bobo. – Odam tugʻilib oʻsgan joyidan uzoqlashsa, havo oʻzgarib, shunday dardga joʻligʻadi. Odam oʻzi yashaydigan joydi bir siqim tuprogʻi bilan boshini yuvsa, dardi ariydi. Boʻlmasa, ming dori-darmon qisin, poydasi yoʻq.

– Ey, shoʻnday demaysizma? Ilgari eshitganman. Pasdan olib kegan qoʻyimiz uch kun oʻtmay, hech narsa jemay qoldi. Shunda qancha yoʻl yurib tuproq olib kebedik.

– Ha, ana shu-da! Bu oʻzi odamdayam, moldayam boʻladi.

– Oydin, tuproq bormidi? – deb soʻradi ularning gapini boʻlib Maryam momo.

Oydin yotgan joyida boshini bazoʻr koʻtardi. Xayolini jamlab olayotganday atrofga javdirab boqib:

– Kenja bilmasa, – dedi.

Maryam momo uning javobini kutmasdan, uyni agʻdar-toʻntar qilib, buyumlar orasidan tugunga tugilgan tuproq izlay boshladi. U chor tarafga alanglab axtarinar ekan, oʻsha kuni oʻzining tobi yoʻqligi bois Oʻktamning ham, Oydinning ham yurt tuprogʻidan bir siqim olish xayolidan faromush boʻlganini bilmasdi. Umuman olganda, ular oʻsha vaqtda oʻz jonlari bilan ovora edi. Ammo, shunga qaramasdan ular buni unutishi mumkin emasdi. Negaki, Maryam momo farzandlari uydan olisga, uzoq muddatga ketadigan boʻlsa, bir siqim tuproqsiz joʻnatmasdi.

Maryam momo tuproq topishdan umidini uzib borgani sari nafas olishi ogʻirlashib, oʻzini nihoyatda ojiz va notavon his qilmoqda edi. Bungacha Tangriqul bobo ham oʻrnidan turib, axtarina boshladi. Moʻysafid uyidan chiqishda bir siqm tuproq olib ketgani aniq edi. Ammo uni qayerga qoʻyganini eslay olmasdi. Bir payt Tangriqul bobo daryo sohilida oʻtirgani, choʻntagidan tuproqni olgani yodiga tushdi. U shosha-pisha chakmonining choʻntagini qaradi. Tuproqning yoʻqlini bilgach Tangriqul bobo uni sohilda qoldirib kelgani ayon boʻldi. Ammo chol-kampir umidini uzmay axtarinishda davom etardi.

Toshboy bobo noqulay ahvolga tushdi. U oʻtiraverishni ham, turib ketishni ham bilmay, aro yoʻlda qoldi. Bu orada Oʻktam ham sovuqdan qizarib ketgan qoʻllariga kuh-kuhlab kirib keldi. U koʻrinishi bilan ota-onasi baravariga:

– Tuproq olganmiding? – dedi.

Gap nimada ekanini bilgan Oʻktam sovuq urgan qoʻlini bir-biriga ishqalab, uyidan joʻnash oldida va undan soʻng boʻlib oʻtgan hodisalarni xotirasida tikladi. Derazadan qochib chiqqanini, tom ustida sovuq yeb yotganini, soʻng Toshqul shoʻro ketgach, tomdan tushib onasining tobi yoʻqligini koʻrgani va sovuqda qaltirab daryo kechib oʻtganini. Bularning barchasi xuddi hozir sodir boʻlganday koʻz oʻngidan bir-bir oʻtdi. Ammo tuproq olganini sira ham eslay olmadi. Ular hafsalasi pir boʻlib, boshini egib, gardani bilan xonadagi ogʻir sukutni bazoʻr koʻtarib turarkan, Toshboy bobo:

– Shu yerning tuprogʻi boʻlmaydima? – dedi.

Unga javoban Tangriqul bobo ogʻir bosh chayqab, yoʻq, ishorasini qildi. Oʻktam esa:

– Qishloqqa borib, tuproq olib kelaman, – dedi.

– Bugun kech boʻldi. Qishloqqa borishdi ertaga oʻylab koʻramiz, – dedi Toshboy bobo. Uning gapi boshqalarga maʼqul tushdi.

Oydin esa qishloq soʻzini eshitib, kelinlik uyini, Mengziyoni esladi. Soʻng daryodan kechib oʻtgach, orqaga burilib qishloqqa soʻnggi bor qaragani yodiga tushdi. Oʻshanda qorga burkangan qishloq, sohildagi jangalzor ortida xokisor va gʻarib boʻlib koʻringan edi. Oʻshandan buyon uylari yodiga tushganida beixtiyor shu manzara koʻz oldiga keladi. Qishloqni shunday manzarada eslash Oydinga shoʻroning sovuq nigohiday azob beradi va qaynonasining: “Orqaga qaramanglar”, degan gapini eslaydi.

 

Kechaning bir mahalida Oydin ogʻir uh tortdi. Barcha baravariga unga qaradi. Oydinning rangi sargʻishtob boʻlib qolgan, yuz-koʻzi yanada soʻlgʻin tortgandi. Oydinning ogʻir-ogʻir nafas olishini aytmasa, unda hayot alomati sezilmasdi. Uning ahvolini koʻrib, shoshib qolgan Tangriqul bobo qiroat bilan oyat oʻqiy boshladi. Mayin va mahzun ohang bilan taralayotgan kalomni eshitgan Oydin alanglab atrofga qaray boshladi. Soʻng qaynonasiga koʻzi tushib aybdordek nigohini olib qochdi. Tagʻin kaftini oʻgʻlining peshonasiga qoʻymoqchi boʻldi. Ammo qoʻli havoda titrab, oʻq yegan qushday tapillab tushdi.

Oydin kalomni maroq bilan tinglab oroyish olarkan, yuz-koʻzida hayot alomati sezilmay qoldi. Buni koʻrgan Maryam momo: “Bola-am!” deb dodlab yubordi. Uning ovozidan Elmurod choʻchib tushdi. Oydin esa koʻzlari olayib atrofga alanglab qoldi. Tangriqul bobo chakki qilding, deganday bosh chayqadi.

Maryam momo nabirasini turgʻizib:

– Bolajonim, enangdi betidan oʻp, – dedi.

Elmurod goʻdakligiga borib norizo ohangda ingrandi. Lekin momosining qistovi ila onasining yuziga lab tekkizdi. Shu tobda Oydin bazoʻr koʻzini ochib oʻgʻliga qaradi. Bu nigohda qishlogʻiga soʻnggi marta qaraganida koʻnglida bosh koʻtargan tuygʻular jamlangan edi. Ayni damda koʻz oldidan eng goʻzal va baxtli damlari birma-bir oʻtdi. U avval begʻubor yoshligini, daryo sohilida poda boqib yurgan oʻsmirlik chogʻini, Mengziyo bilan toʻylarini va Elmurodning tugʻilganini esladi. Oydin bularning barcha-barchasini bir lahzada koʻz oʻngidan oʻtkazib maʼyus jilmaydi va yuzida oʻzgacha oroyish zuhr boʻldi.

Oydinning joni uzilgach, Maryam momo va Oʻktam ovoz chiqarib yigʻlab yubordi. Bundan Elmurod qoʻrqib ketdi. Ular bolaning ahvolini koʻrib, oʻzlarini biroz qoʻlga oldi. Shunda ham Maryam momo uni bagʻriga bosib, aytib-aytib yigʻlar edi. Oʻktam hamon koʻz yoshi qilayotgan boʻlsa-da, oʻzini qoʻlga olib, otasiga yuzlandi:

– Men borib Toshboy bobomga aytib kelay. Qish kuni qisqa, ertaroq urinaylik, – dedi ertangi dafn marosimini nazarda tutib.

Ammo Tangriqul bobo hech kutilmaganda qatʼiyat bilan:

– Yoʻq! – dedi. – Hech narsa kerakmas!

Uning bu gapidan ajablanib ona-bola moʻysafidga qaradi. Tangriqul bobo:

– Ertaga hammamiz ketamiz, – dedi.

– Qayerga ketamiz, bobosi? – deb soʻradi Mariyam momo.

– Qayerga boʻlardi, uyga-da!

– Qishdi shu sovugʻida…

– Jonim shirinlik qilib uydi tashlab kemadim. Bolalardi ertasini oʻylab el-xeshdan ayrilib chiqqanman… Bular, – deya Tangriqul bobo bolalariga ishora qilib gapida davom etdi. – qishloqdi bir siqim tuprogʻisiz yasholmaskan, bu yaqda tentirab nima qilaman?!

 

Toshboy bobo va butun ovul ahli qancha urinmasin, Tangriqul boboni yoʻldan qaytarolmadi. Axiri Toshboy bobo:

– Hammagayam tuvilib-oʻsgan joyi aziz. Kim boʻmasin, juragi uyga tortaberadi, – dedi. – Sizga duo beramiz… Panjiboy bilan Mavlon hamsoyamiz hamroh boʻladi.

Shu kuni ular mayitni olib yoʻlga chiqdi. Ular ancha yurib, togʻ etagiga enib kelishgach, Maryam momo bepoyon dashtga qarab: “Dunyosi shuncha keng ekan, bandalari nimaga yer talashadi?” dedi. Soʻng Oydinning jasadiga koʻzi tushib dardi yangilandi. Toshqul shoʻroning ismini tutib laʼnatlay ketdi. Shu payt Tangriqul bobo:

– Jim! – dedi. – Birovdi bolasini bunchalik qargʻama. Toshqul nima qisin? U oʻzi Xudo urgan qorabovur8 banda boʻlsa! Oʻzi bilgichlardi gapi-gap: odam gʻujurini joʻgʻotsa, boridan ayrilishi chin ekan. Toshquldi nimasi qoldi? Na mardligi bor, na oriyati! Ana, kimlardi orqasidan ergashib, kimlardi poy-patagi boʻlib yuribdi. Ey-yey, u shoʻrlikdi koʻrgan kuni qursin!

 

Ular daryodan oʻtib qishloqqa kirib kelganida izgʻirin jon-jonidan oʻtib ketganidan na issiq-sovuqni va na ogʻriqni sezmay qolishgan edi. Quloq-burunlari sovuqdan qizarib, koʻkargan boʻlsa ham, charchoq va madorsizlik sabab tanasida ter koʻpchigandi. Tangriqul bobo shamol pana deb Elmurodni xurjunning bir koʻziga solib, uning boshqa pallasiga bola vazniga teng yuk joylagan edi. Elmurod uzoq yoʻl davomida poʻstakka oʻranib xurjun ichida gʻujanak boʻlib oʻtirgani bois qoʻl-oyogʻi uvishib qoldi. U mitti joni bilan shuncha azobga bardosh beraman deb karaxt boʻlib qolgan edi…

 

…Elmurodning keyingi umri deyarli shu holatda oʻtdi. Zero, u oʻzini jon saqlash uchun xurjun ichida poʻstakka oʻranib oʻtirganday his etardi. Elmurod xurjundan bosh chiqarib, adogʻi koʻrinmas qorli soʻqmoqqa termulgani kabi yoʻl qarab umr oʻtkazdi. Xolbuki, vaqt oʻtgani sari u onasining oʻlimiga koʻnikdi. Ammo shoʻro olib ketgan otasi va bobosini, keyinchalik urushga ketib izsiz yoʻqolgan Oʻktam amakisini umr boʻyi kutib yashadi. Shunday chogʻlarda bobosi aytganiday Toshqulning shoʻrlik bandaligiga shubha bilan qarardi. Inchinun, shoʻroga yugurdaklik qilib yurgan Shoberdi Oʻktam bilan bir paytda urushga ketib, oyoqsiz boʻlib qaytdi-yu, uzoq yashamadi. Ammo shu safda frontga joʻnagan Toshqul shoʻro jangu-jadal ichida yurib ham biror joyiga tigʻ tekkizmay omon qaytdi. Endi yana Toshqul shoʻro qishloq koʻchasida salmoqlanib qadam tashlar, oʻzini bepoyon dashtning va, hatto, asov daryoning ham hojasidek tutardi.

Vaqt oʻtib Tangriqul bobo va Mengziyo baxshi oqlangani haqida bir parcha qogʻoz qoʻliga tekkan Elmurodning dilida umid yolqinladi. U oʻzicha: “Otam va bobom begunoh ekanini hukumat bilibdimi, ularni aybdor deganlar toʻhmatchiligi uchun jazosiz qolmaydi”, deb oʻylagandi. Ammo…

U doim oqlov qogʻozini qoʻliga olganida otasini eslar va sovuq oʻlkaning shamoli yuziga urganday boʻlar, ayni chogʻda dunyo nohaqlik va yovuzlikdan iborat deb iztirob chekardi.

Lekin uzoq yillar oʻtib, Elmurod tongda kunchiqarga qarab quyoshning bosh koʻtarishini tomosha qilib, shoʻroning achchiq qismatini eslab, bobom Toshqulga hukm oʻqigan ekan, degan xayolga borishini hali tassavvur qila olmasdi. Zero, yillar Toshqulga gard yuqtirmay asrab-avaylab kelgani bilan u keksayib, nafsning qora nuqsi urgan sovuq nigohi xira tortib, qabohatga toʻyingan vujudi shalvirab, mehrga mushtoq boʻlgan chogʻida qismatning achchiq qamchisi boshida oʻynay boshlashini; Toshqulning qulogʻiga dod-figʻon qilayotgan odamlarning dahshatli oʻkiriklari eshitilib, bu tovushlar borgan sari avj olib, chidab boʻlmas darajada chinqiriqqa aylanishini; oxir-oqibat shoʻroning asabi butkul ishdan chiqib, savdoyi boʻlib qolishini; aqldan ozgan shoʻroni bolalari uyga qamab, obroʻli oila shaʼniga dogʻ tushirayotgan cholga yemak-ichmagini panjarali deraza ortidan berishini; soch-soqoli, tirnogʻi oʻsib, yovvoyi odamday boʻlib qolgan shoʻro kuni bilan deraza panjarasiga osilib dod solavergach, oʻgʻli otasiga qoʻl koʻtarishgacha borishini; bundan battar jazavaga tushgan shoʻroning tomogʻi bugʻilib, tobora holdan toyib borishini; buni koʻrib-bilib turgan qishloqdoshlar shoʻroni qargʻish urganligini ovoz chiqarib aytolmasa ham oʻzlaricha shunday xulosa qilishini-da hali bilmasdi!..

 

Yillar shoshqin daryoday oʻtib ketdi…

Toshqul shoʻroning ayanchli qismati nihoya topgani haqida xabar tarqalgach, erta tongda uning janozasiga sanoqligina odam toʻplandi. Yigʻilganlar mayit soʻnggi yoʻlga hozir boʻlishini kutib turishardi. Eldan ajralib qolishni istamay, janozaga kelgan Elmurod bobo yovvoyi oʻt bosgan chogʻroq hovlining bir chetida qishloqdoshlar gapiga quloq tutib oʻtirardi. Odamlar televizorda aytilgan yangilikni muhokama qilar, kecha mustaqil boʻlgan yurtning kelgusi taqdiri haqida soʻzlashardi. Bu gaplar orasida oʻtgan-qaytgan voqealar yodga olinib, gap daromadi Toshqul shoʻroga borib taqaldi. Ular oʻlgan odam haqida yomon soʻz aytib qoʻyishdan choʻchishdi chogʻi, birdan jim boʻlib qolishdi. Elmurod boboning koʻz oldiga yana qorli dovon keldi. Keyin bu azobli xotiradan butkul qutulmoqchi boʻlgandek doʻppisini qoʻlga olib tizzasiga urib qoqdi. Shu payt bosh xotiralar duvillab toʻkilganday chor atrofini gard qopladi. Ammo zum oʻtmay gard havoga singib, gʻoyib boʻldi. Elmurod bobo tagʻin Toshqul shoʻroning soʻnggi yillardagi ayanchli taqdirini esladi. Keyin: “Bobom Toshqulga hukm oʻqigan ekan”, degan xayolga bordi. Ayni chogʻda qulogʻiga Tangriqul boboning gapi eshitildi: “Tulki iniga qarab ulisa, qoʻtir boʻladi!”

 

Bobo RAVSHAN

 

“Yoshlik”, 2017–8

https://saviya.uz/ijod/nasr/shom-va-tong-orasida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x