Togʻ qachon uygʻonadi?

Yaqinda besh yoshli oʻgʻlim hovlida oʻrgimchakni koʻrib, hovliqib qoldi: “Oyi, oyi! Shu oʻrgimchak meni chaqsin!” Astagʻfurulloh, shunaqayam sovuq istak boʻladimi? “Oʻgʻlim, nega unday deyapsan?” dedim bu niyatning tagida bir gap borligini sezib. U “Kinoda bir yigitni shunaqa hasharot chaqadi. Keyin u “super odam”ga aylanadi. Men ham “super odam” boʻlmoqchiman” deydi. Farzandimning bu fikridan gangib qoldim. Avvalroq bir tanishimdan oʻgʻli “Jumongning qilichini olib bering” deb bozor oʻrtasida dod solgani haqida eshitgandim. Nega zurriyotlarimiz ajnabiy oʻrgimchaklaru, Jumonglarga intilyapti? Oʻzimizda havas qilsa arziydigan, toʻgʻri yoʻlga boshlaydigan qahramonlar yoʻqmi? Yoki biz oʻz bolalarimizga ularni tanita olmayapmizmi? Folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov bilan shu mavzular atrofida gurunglashdik.


 

 

– Ayrim xalqlar kichik bir afsona xamirturushi bilan koʻp qismli filmlar yaratib, dunyoni hayratda qoldirmoqda. Folklorshunos olim va tomirida baxshilar qoni oqayotgan inson sifatida aytingchi, biz nega jimmiz? Jahon bolalari-ku, mayli, oʻz farzandlarimizni ergashtira oladigan milliy qahramonlarimiz faqat ertaklaru dostonlarda qolib ketaveradimi?

– Dunyo xalqlari havas qilsa arziydigan qahramonlik dostonimiz – “Alpomish” xalq ogʻzaki ijodining asl durdonasi, inson va tabiat birligi, hayot falsafasi, vatanparvarlik, or-nomus, matonat va sadoqat qoʻshigʻi sifatida ardoqli. U nafaqat oʻzbek xalqi, balki butun insoniyatning maʼnaviy xazinasidir. Alpomish oʻtda yonmaydi, suvda choʻkmaydi, qilich oʻtmaydi. Oʻt – osmon olami, suv – yer osti, qilich – yer yuzi quvvatining ramzi ekanini inobatga olsak, bu obraz uch olam kuchlari uygʻunligida kamolga yetgan barkamol shaxs timsoli ekanligini anglaymiz. Aslida eposdagi Alp – bu komil inson obrazi hisoblanadi. Alpomishning avvalgi ismi Hakimbek ekani ham bejiz emas. Chunki alp soʻzi “hakim, donishmand, bilga”, “mish, mes” soʻzi esa “botir, bahodir, qahramon” maʼnolariga ega. Bir jumlada jamlansa, Alpomish xalqimizning ideal qahramoni. El yaratgan, sevib ardoqlagan, avloddan-avlodga oʻtkazib kelayotgan bu afsonaviy qahramon siymosida Vatanni yomon koʻzlardan, balo-qazolardan asrashga qodir, mard, hamiyatli, oriyatli oʻgʻlonlarning jismoniy va maʼnaviy qiyofasi namoyon boʻladi.

Dostonda qahramon ikki muhim sinovdan oʻtadi. Birinchisi, Barchinoyning Alpomish va toʻqson alpga qoʻygan sharti. Yaʼni merganlik, chavandozlik, kurash. Eʼtibor bersangiz, barchasi jismoniy kuch talab etadigan shartlar. Alpomish bu shartlarni bajarib boʻlingan elni birlashtirib qaytganidan soʻng, murodu maqsadiga yetadimi? Yoʻq. Ikkinchi sinov boshlanadi, yaʼni Suxayl kampirning hiylasi bilan qahramon chohda yetti yil qolib ketadi. “Zindon”dan xalos boʻlish faqat jismoniy kuch bilan hal etiladigan ish emas, balki alpdan ulkan maʼnaviy-ruhiy quvvat talab etadi. Alpomish zindondan Qorajon koʻmagida chiqmaydi, “tili qisiq” boʻlib qolishni istamaydi. Chunki birovga tayanib ozod boʻlish mumkin emas. Alaloqibat ot – Boychibor yordamga keladi. Ot bizda murod, saltanat kuch-quvvatining ramzi. Xullas, zindon Alpomish maʼnaviy kuch-qudratining sinovi boʻldi. U endi faqat kuch egasi emas, balki dono “Qultoy” qiyofasiga kirdi. Zindondan qaytgan Alpomishning Qultoy qiyofasida Bodom bekach, Barchin bilan oʻlan aytib “bellashuvi” ham bejiz emas. U endi chinakam alp, komil shaxsga, hukmdorga aylandi. Buni nega esladim? Sababi eposning etnos tarixi, taqdirining badiiy solnomasi sifatida namoyon boʻlayotganini yodga tushirish uchun. Xalq tarixining barcha davrlari eposda ramziy aks etishini koʻrsatish uchun. Uzoqqa bormaylik, xalqimizning mustaqillikkacha kechgan yuz yigirma yillik tutqunlik davrida mohiyatan “Alpomish” voqealari takrorlanganini koʻramiz. Mustaqillikka erishish dostonning birinchi – “zindon”gacha boʻlgan davriga uygʻun kelsa, keyingi hayot – ommaning befarqlik, boqimandalik, umuman barcha tutqunlik asoratlari “zindon”idan xalos boʻlish davri ekani ayonlashadi. Tarix charxpalagi aylanaveradi, taqdir “halqa”lari bir-biriga uyqashib oʻtaveradi. Epos bu oqimni tipik holda xalq yodida saqlaydi. Insonning ruhi va tani bab-barobar kamol topib murodiga yetgani kabi xalq ham katta maʼnoda ushbu yoʻldan borsa, umidlarining roʻyobini koʻradi.

Endi siz aytgan masala haqida fikrlashsak. Bilamizki, hamma zamonda xalqqa ibrat boʻluvchi, yoʻlini yoritib turuvchi chinakam qahramonlar boʻlgan. Aslida barcha dostonlar, ertaklaru afsonalar mana shu ehtiyoj tufayli tugʻiladi, yashaydi. Folklorimizda, adabiyotimizda bunday ibratli qahramonlar koʻp. Ammo ularni bugungi kun, bu kunning avlodi talablariga uygʻun shakllarda qayta jonlantirishda katta oqsash kuzatilmoqda. Natijada bolalarimiz oʻzgalar ibratiga intilmoqda. Oʻzga hech qachon oʻzing boʻlmaydi. Oʻzga “xazina” oʻzlikni unutish evaziga oʻzlashtiriladi.

Nima qilish kerak? Najot yoʻli qayerda?

Bugunning bolasi bizu sizning bolalik paytimizdan oʻn chandon aqlliroq! Ammo biz kattalar ularga toʻgʻri yoʻnalish bera olmayapmiz. Ular ilmga chanqoq, tafakkurini boyitishga ilhaq. Xatomiz shundaki, bolalarga ular qabul qila oladigan yoʻsinda milliy xazinamizni yetkaza olmayapmiz. Aniqrogʻi, Alpomish, Goʻroʻgʻli, Avazxon, Ravshan, Hasanxon, Kuntugʻmish, Nurali, Qumri, Oysuluv kabi milliy qahramonlarimizning kimligini zamonaga mos, yangicha shakl, yangicha uslubda, kinolar, multfilmlar, kerak boʻlsa, internet oʻyinlari tarzida yetkaza olmayapmiz. Boshqa xalqlar “qalovini topib qorni yondirmoqda”, bolalarimiz ularga ergashmoqda va ularning “doira”siga oʻynamoqda.

Bugun yoʻqdan yoʻndirib, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli taʼbiri bilan aytganda “El ichinda kalta-kalta matalni yamashtirib doston qilib” yurganlarning oti oʻzmoqda. Holbuki, bizda birgina Goʻroʻgʻli turkumidagi dostonlar soni yetmishdan oshadi. Tasavvur qiling-a, Goʻroʻgʻli tugʻilishidan boshlab to Sulduzi gʻorga kirguniga qadar boʻlgan voqealardan qanday adabiy filmlar yaratsa boʻladi?! Faqat dostonlardagi timsollarni tiriltirib, real talqinlar uygʻun, bugunning tiliga mos, har bir koʻngilda mulk boʻla oladigan shakl kerak, xolos.

Dunyo tarixida saltanat tuzgan xalqlar kam. Ming shukurki, bizning ajdodlarimiz bir qancha saltanatlar qurgan. Birgina Xorazmshohlar davlatini olaylik. Jaloliddin Manguberdi bu saltanat shajarasida yettinchi avlod hisoblanadi. Uning chekiga tanazzul avlodi taqdiri tushgan edi. Bu shajara taqdirini badiiy jonlantirib film yaratilsa, yoshlarga ham bilim, ham saboq boʻlib xizmat qilardi. Bu tarix barchaga ibrat emasmi? Temuriylar davlati-chi? Navoiy va Behzodlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaganini, fikr qilib anglab yetish mumkin va uni badiiy shaklda koʻrsatish cheksiz imkoniyatlar beradi. Badiiy soʻzning, sanʼatning, ayniqsa, bugungi kunda kinoning targʻibot-tashviqotdagi oʻrni beqiyos. Umarxon davridagi muhit, Nodirabegimning taqdiri zoʻr filmga stsenariy boʻlishga loyiq emasmi?! “Quruq gap quloqqa yoqmaydi”. Yoshlarni vatanparvarlik, milliylik ruhida tarbiyalashning jahon tajribalarini oʻzimizga moslab qoʻllash davri pishib yetdi.

Eskicha yondashuv, eski shakl bilan bugungi yoshlarni hayratlantirib boʻlmaydi. Bunday davrda vaziyatni toʻgʻri anglagan ijodkor xalq mehrini qozona oladigan asarlar yarata oladi. Misol uchun, Abdulla Qodiriy yashagan zamonga bir nazar tashlaylik. Yuzaga kelgan shart-sharoit, yozuvchining ichki sezgilari anʼanaviy xalq eposining magʻzini zamon talabiga uygʻun ifodalash imkonini bergan. Xalq eposi xotira va orzu chegarasida tugʻiladi. Chunki epos tanazzul avlodlarining ijodi sanaladi. Xalq tanazzuldan chiqish uchun ibrat axtaradi va xotirasida yarq etib koʻringan ibrat misolini topib, uni barchaga birdek yetib boradigan tayyor epik qoliplarda bayon etadi. Abdulla Qodiriy ushbu qonuniyat va zaruratni dildan his etgan. Eng muhim jihat – eskirgan ifoda vositasi oʻrniga zamonga mos yangisini yaratish ehtiyojini aql bilan anglab yangi shakl – roman janriga murojaat qilgan. “Oʻtkan kunlar” oʻz zamonining yangi shaklga kirgan eposidir.

“Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari voqealari sirtdan sevgi qissalariga oʻxshasa-da, ularning zamirida Vatan taqdiri, Vatan qaygʻusi yotadi. Mana shunday ezgu gʻoyalari bilan u Alpomish dostoniga hamohang, Abdulla Qodiriy anglab, topgan yangi shakl, uslub va qahramonlarni bugungi davr ijodkorlari ham amalga oshirishlari kerak, nazarimda. Agar bu ishga jiddiy kirishilsa, zamonaviy eposimiz va farzandlarimiz ibrat olib kamolga yetuvchi qahramonlarimiz paydo boʻladi. Biz chinakam “Kelajagi buyuk davlat” bunyodkori boʻlishimizni amalda koʻrsata olamiz.

– Bugun internetdagi oʻyin niqobi ostidagi manfurliklardan bolalarni asrash ham asosiy masalalardan boʻlib turibdi. Aslida shu oʻsmirlar ham oʻrtoqlariga oʻzini koʻrsatib qoʻyish, bir qahramonlik qilish uchun oʻzini oʻyin girdobiga tashlamayaptimi?

– Bu borada ajdodlarimiz tajribasiga tayanib ish yuritishimiz kerak boʻladi. Yaʼni boboyu momolarimiz asrlar sinovidan oʻtgan, fan tilida “xalq pedagogikasi” nomini olgan saboqlarda ibrat namunalari turibdi. Xalqda bolaga, avvalo, alla aytilgan. Alla maʼnosini goʻdak tushunadi, deb aytish qiyin, ammo uning ongiga xalqona ohang singgan. Zotan, ruh tanaga ohang bilan kirgan, degan gap bor. Milliy ohang unutilsa, millatning maʼnaviy zamini yoʻqoladi. Soʻngra ertaklar tinglangan. Shuni eʼtiborga olish kerakki, ertaklar botinida ulkan bilim kodlari joylashgan. Bola ertak voqealari orqali egallanajak bilimlarining asosiga ega boʻlgan. Keyin topishmoqlarga navbat yetgan. Topishmoq bolaning aqlini, obrazli fikrlash, tafakkur tarzining shakllanishiga koʻmak bergan. Tez aytishlar goʻdakning nutqi nuqsonsiz boʻlishiga yordam bergan boʻlsa, turli oʻyinlar uning jamiyatdagi oʻrnini belgilashda dasturilamal vazifasini bajargan. Bu taʼlim tartibida majburiylik yoʻq, bolani bezdirmaydi, uning “oʻyin bolasi” ekani, barcha narsani oʻzi xohlab, oʻzlashtirishi asos qilib olingan. Zamonaviy taʼlim tizimi ushbu tajriba saboqlaridan ibrat olib, qayta isloh etsa, yaxshi boʻlardi. Bu gap ularga ibrat qilib, koʻrsatiluvchi ideal qahramonlar yaratishda ham inobatga olinishi lozim. Bolalarning yoshi, qiziqish doirasini nazarda tutish kerak. Ammo “bola tushunmaydi”, “aldagani bola yaxshi” qabilidagi joʻn aqidalarga ergashmaslik lozim. Bola hamisha bola va u biz kattalardan koʻra narsa-hodisalarning mohiyatini yaxshi anglaydi.

– Mamlakatimizda oʻz ishining ustasi boʻlgan nomdor rejissyorlar, dramaturglar koʻp. Ammo ular xalq afsonayu ertaklari, dostonlarini film qilib, olimlar, soha bilimdonlaridan “balo”ga qolishdan qoʻrqishadi chogʻi?

– “Ustasi farang” gʻarb kinochilari yunon, misr va boshqa xalqlarning miflari, epik asarlari asosida turli talqinlarda koʻplab filmlar yaratgan.oʻarb kinochilarining tajribalari va mablagʻi yetarli, bu soha nafaqat sanʼat, balki, katta sanoat miqyosiga chiqib ulgurgan. Bizga gʻildirakni qayta yaratishimizga hojat yoʻq. Jahon kino sanʼatining bor yutuqlariga asoslanib, oʻz filmlarimizni olishimiz mumkin, shunday boʻlishi ham kerak. Hamma kerak deydi, lekin natija yoʻq. Sababi nimada? Avvalo bizda milliy merosimizni chin muhabbat bilan yaqindan bilgan kino mutaxassislari kam. Mutaxassisman, deguvchilarning koʻpi folklorimizni, urf-odatlarimizni, mumtoz adabiyotimizni yaxshi bilmaydi. Ular gʻarbcha taʼlim olgan yoki gʻarb qolipida fikr yuritib, bor narsalarimizga sirtdan qaraydigan kishilar, xolos. Yaqinda yozuvchi Nazar Eshonqul qoʻngʻiroq qilib, jiddiy eʼtiroz aytdi: “Alpomish” multfilmida Ultontoz Boyboʻrining nikohsiz tugʻilgan oʻgʻli, deb aytilmoqda, shundaymi, bu haqoratku, bu oddiy gap emas, savob tarbiya bilan shakllanadi, gunoh esa asos axtaradi. Bu filmni koʻrgan yoshlar, ana dostonda nikohsiz tugʻilgan bola qahramon boʻlibdi, demak nikohsiz ham farzand koʻrish mumkin ekan, degan asosni olishmaydimi, film ushbu asosni ularga uqtirmayaptimi?” Men bu fikrga javoban shunday dedim: Dostonning biror bir variantida Ultontoz nikohsiz tugʻildi, degan gap yoʻq. Umuman, dunyo folklori, dinida benikoh tugʻilish qattiq qoralanadi. Nikoh ilohiy hodisa. Bu gapning filmda ketishi, avvalo, eposga, qolaversa, milliy qadriyatlarimizga begona gʻoyaning anglab-anglamay kiritilishi emasmi?

Bu eʼtiroz siz aytgan “balo”ga qolish boʻlib tuyulishi mumkin. Lekin ulkan qoya bir zarraning uvalanishidan boshlanadi. Film ijodkori oʻz sohasining ustasi boʻlishi mumkin, ammo nimaga qoʻl urganini, qanday qilsa mavzu yanada yarqirab ochilishini, eng muhimi, asl qadriyatlarga begona gʻoyalarga yoʻl ochib bermasligi shart. U ustalikdan sanʼatkor maqomiga chiqsa qaysi sohada, qanday sharoitda ish qilmasin oʻzagi ezgu boʻlsa, asl qadriyatlar ildiziga “bolta” boʻlib tushadigan xatoga yoʻl qoʻymaydi. Aksincha, ish tutsa qaysidir joyda “aybgʻinasi” boʻladi.

Bu yoʻlda barcha soha mutaxassislari, folklorshunoslar, adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilarning hamkorlikda ishlashi eng yaxshi yoʻl boʻlardi. Eposga murojaat qilgan kinochi dostonlarni chuqur bilmay, yurakdan oʻtkazmay, xoʻjakoʻrsinga ishlab, masxara boʻlgandan koʻra, soha fidoyilarini jalb qilishi, ular bilan maslahatlashgani maqul.

– “Orlanib soʻramagan oʻziga zolim” deydi xalqimiz. Balki bu borada xalqaro hamkorlik zarurdir?

– Hamkorlikning ziyoni yoʻq. Lekin oʻzingniki oʻzgacha boʻladi. Adabiyot, sanʼat va folklor milliy koʻrinishda boʻlishi barobarida mohiyatan umuminsoniydir. Jahon adabiyoti, jahon kinosi deyilgan mezonda sanoqdan qolib ketish, borsanu yoʻqsan, deganday gap. Mezon jahoniy darajaga chiqishda. Bu gap daʼvodek tuyilishi mumkin, lekin “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”day eposi, Alisher Navoiydek shoiri bor halqning bu daʼvoga haqqi ham bor, deb oʻylayman. Faqat, uxlagani sari ulkanlashib borayotgan togʻ ham bir kun uygʻonishi lozim-ku. Men uning bugun uygʻonishini istab aytayapman. Chunki tarix sabogʻi, aylanayotgan charx gʻildiragining navbati kelayotganiga ishoratlar bor. Demakki, uygʻonish faslini oʻtkazib yana uyquni davom ettirish gunoh!

– Goho “Yuqoridagi”lar yoʻl koʻrsatmaguncha, koʻcha boshida yurishni ham, yurmaslikni ham bilmay turaveramiz. Bu mavzuda OAVda koʻplab chiqishlar qilingan. Balki yosh avlodni ezgu yoʻlga boshlovchi qahramonlik asarlari (multfilm, badiiy film, qissa, roman) yaratish lozimligi toʻgʻrisida maxsus qaror chiqishini kutayotgandirmiz?

– Ogʻir gapni aytdingiz. Sobiq shoʻro davridagi “oʻroq solish”lar oqibatida xalqning ruhidagi shijoat, fidoyilik, har bir sohada masʼullik hissi xiyla sustlashgandek. Ongimizga singgan tobelik, befarqlik, boqimandalik koʻnikmalaridan voz kechib, bu illatlar yosh avlod qoniga toʻliq oʻrnashmay, ularni uygʻotib, harakatga keltiruvchi, ibrat boʻluvchi asl qahramonlarni targʻib-tashviq etish shart. Qullikda tutuvchi bu koʻnikmalarning koʻrinmas zanjiri har qanday bunyodkorlikka tushovdir. Hozir kim ibrat sifatida koʻrsatilmoqda, radio va televideniyedagi qahramonlarni bir tahlil etib koʻrsangiz, masala oydinlashadi. Oʻtmish allomalarimiz hayoti va ijodi, hikmatlarini yodlab turish yaxshi, bugunning ziyolilarini-chi? Har qanday tizim fidoiy ziyolilarsiz quruq shaklga aylanadi. Jamiyatda ziyolining oʻrnini, ibratini ham unutmaslik lozim. Aslida jamiyatning har bir aʼzosi oʻzini butun jamiyat taqdiriga masʼul deb bilmas ekan, rivojlanish boʻlmaydi.

– Sizni “Yoʻl boʻlsin” filmi stsenariysi muallifi sifatida ham hurmat qilamiz. Demakki, dramaturgiyada ham tajribangiz bor. Ham folklorshunos olim, ham dramaturg sifatida zamonimiz qahramoni qiyofasini yaratish haqida oʻylayapsizmi?

– “Bola shoshadi, meva oʻz vaqtida pishadi”. Nimagadir hamma intiqib kutayotgan sanʼatning “oltin davri” kelishiga ishonaman. Sanʼatning folklor va adabiyotga tegishli turlarida esa asosiy qurol soʻz hisoblanishi aksiyoma. Aslida sanʼatdagi Soʻz – kashf etuvchidir. Soʻzni his etasiz, tuygʻularingiz junbushga keladi, hayratingiz ortadi, soʻzlab beray desangiz, joʻnlashib qolishdan qoʻrqasiz.

Soʻz joʻn xat boʻlib qogʻozga tushsa, dalilga aylanadi. Odamzodning ishonchi poymol etilgan damda xat qonunlar quroli – guvohga evriladi. Bu holat asl makon – sanʼatga tegishli emas. Soʻz joʻn dalil boʻlgan holat sanʼatga begona. Bu soʻz – hammol xolos. Kishiki bor, fosh boʻlishdan choʻchiydi. Choʻchigan kimsaki bor, yashirgan nimasidir yashirin qolishini istaydi. Fosh boʻlish kiyimsiz qolganday gap. Sanʼatdagi “kiyimsiz”lik obrazni joʻn anglashdan tugʻiladi. Shoyi-shalparga koʻnikkan jamiyatgina ramz, timsollarda tovlanib, chegarasiz imuquq (assotsatsiya) uygʻotuvchi soddalikni “kiyimsiz” biladi, oʻziga begona sanaydi. Obrazning ongda onadan tugʻilgandek pok tovlanishi sanʼatning anglanishidir, “kiyimsizlik” emas. Sanʼat har qanday jamiyatlar hududidan balandda turadi. Jamiyat sanʼatga intiladi, yetolmay qiynalsa uni quvgʻin qilishni istaydi, hukmini oʻtkazishni xohlaydi. Hukmi oʻtmasa, gʻayri sanʼatni mezonga aylantirishga intiladi.oʻayri sanʼat shiordek aniq. U yolgʻon toʻnida turlanadi. “Men ommaviyman”, deb koʻkrak keradi. Sanʼatni oʻz-oʻziga bekinishda ayblaydi. Sanʼat esa obraz, ramz, timsollarda suvdan chiqadi. Suvdan chiqqan barobarida “hoʻl” koʻrinadi. “Hoʻl”lik mezonlarni chalkashtiradi. Bu bor – yoʻq, yoʻq – bor degandek anglamsiz anglam. Aslida… Sanʼat – “hoʻl”dan quruq chiqish. Chunki u soya emas, “soya”larda yashiringan Asl. Kashf – tosh qotgan koʻnikmalar chegarasi buzilib, Hayrat uygʻotuvchi Makondir. Bu makonda ruhdoshlar quvnaydi…

Xalq qoʻshigʻida “Olma otdim otganga”, deyilgan misra “qobiqdan chiqarilib, joʻnlashtirilsa” – “Meni sevganni sevdim”, boʻladi. Qoʻshiqqa ramz kaliti bilan borsangiz hayratingiz ortib, oʻz koʻnglingizni kashf qilasiz, xalqona tafakkur xazinasiga oshno boʻlasiz. “Yoʻl boʻlsin” filmining stsenariysi ana shu ramzlarni kino tilida qayta jonlantirish asosiga qurilgan. Ayni kunlarda “Mezon” deb nomlangan kino qissam oʻz ijrochilarini kutib turibdi. Bu film ham “Yoʻl boʻlsin” usuliga yaqin, faqat obrazlar mumtoz adabiyotga bogʻliq va unda “tilmoch”lik maqom kuylari, ashulalariga yuklanadi.

Kinoda ham sanʼatning barcha turlari kabi yoʻllar, usullar qancha koʻp boʻlsa, shuncha ilgarilab ketiladi. Hatto “xontaxta” deb ayb taqalayotgan filmlarning ham oʻz oʻrni bor. Faqat koʻzlangan manzil bitta boʻlishi shart. Taqlidlardan xoli, oʻzbekning tafakkur tarzini namoyon etuvchi, chinakam sanʼat namunalarini yaratishga intilish kerak, tamom.

 

Sitora TOJIDDINOVA suhbatlashdi.

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/tog-qachon-uygonadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x