Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?

 – Akademik Baxtiyor Nazarov bilan suhbat

 

Baxtiyor aka, necha yillardan beri atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning kitoblari qoʻlimizdan tushmaydi. Kishi qancha oʻqimasin, toʻymaydi, zerikmaydi. Qalbimizga singib ketgan shunday sheʼrlari borki, ular kelgusi avlod uchun oltin meros boʻlib qoladi. Keling, suhbatimizni oʻzbek adabiyotini koʻklarga koʻtargan shoirning ijodiy salohiyati haqida boshlasak…

– Sheʼriyatga dastlabki “Mitti yulduz” toʻplami bilan kirib kelgan Abdulla Oripov deyarli oltmish yil mobaynida yozilgan asarlari bilan oʻzbek adabiyotining yorqin yulduzlaridan biriga aylandi. Tarixda oʻzbek xalqi yashar, dunyoda oʻzbek degan nom mavjud ekan, bu yulduz abadiy porlab turaveradi. Eng muhimi, bu ijodning xalqimiz maʼnaviy kamolotiga taʼsiri yildan-yilga ortsa ortadiki, susaymaydi. Zamonlar oʻtishi, tuzumlar oʻzgarishi, badiiyatning oʻzidagi ichki evrilishlar tufayli muayyan bir davrda katta shon-shuhrat topgan asarlar bora-bora oʻz qiymatini yoʻqotishi mumkin. Bunga tarixda misollar koʻp. Ammo Abdulla Oripov merosida shunday asarlar bisyorki, ular nainki, barcha zamonlar, balki butun insoniyat uchun oʻz qadrini topa oladi. Men bu bilan shoirning butkul asarlari shunday, demoqchi emasman. Shoʻro davrining siyosati, zugʻumi taʼsirida yozilgan asarlari ham bor. Lekin “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni”, “Oʻzbekiston”, “Sen bahorni sogʻinmadingmi?”, “Birinchi muhabbatim”, “Ayol”, “Tilla baliqcha”, “Otello”, “Oʻylarim”, “Bahor”, “Onajon”, “Ona tilim” singari yuzlab sheʼrlari, “Jannatga yoʻl”, “Ranjkom”, “Sohibqiron” kabi yirik dostonlarida barcha inson zotiga xos boʻlgan betakror va goʻzal tuygʻular, sevinch va sogʻinchlar oʻzining goʻzal ifodasini topgan.

Shu oʻrinda, Abdulla Oripov ijodiga boʻlgan xalq munosabatidan bir misol keltirsam. Viloyatlardan birida shoir bilan uchrashuvga yoshlardan tashqari, yuzlab keksalar ham kelishadi. Abdulla akani koʻrgan muxlislar bellaridagi belbogʻlarini yechib, uzoqqina bir masofagacha shoirning oyogʻi ostiga poyandoz qilib soladilar. Sheʼr oʻqilgandan keyin tuyqusdan yangragan olqishlar ostida deraza oynalari chil-parchin boʻlib ketadi. Bu toʻqima emas, bor gap. Dunyodagi mana man degan shoir, yozuvchi havas qilsa arzigulik voqea. Shu birgina misolda elning oʻz shoiriga boʻlgan munosabatini koʻrish mumkin.

Bugun Oʻzbekistonni butun dunyo taniydi. Mustaqil taraqqiyot yoʻliga chiqib olishimizda Abdulla Oripovning alohida xizmatlari bor. Shoʻro tuzumida u kishining istagi Vatanni ozod koʻrish edi. Siz yuqorida taʼkidlagan “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼri ham bundan 35 yil ilgari yozilgan. U davrda Oʻzbekistonning paxtasi uchun, oltini uchungina “hurmat” qilishgan. Holbuki, oʻsha paxta ham, oltin ham oʻzimizniki edi. Lekin shoir agar muzliklarda yashagan boʻlsang ham, xalqim, sen uchun jonimni berardim, degan muxolif bir kayfiyatda shunday sheʼrlar bitishining oʻzi jasorat emasmidi?

– Abdulla Oripovning ulkan xizmatlaridan biri shoʻro davrida yashab, erkni, ozodlikni, mustaqillikka intilish gʻoyalarini kuylay olishida boʻldi. Holbuki, oʻsha ogʻir yillarda adolatni, nohaqliklarni, istibdodni, zugʻumni badiiy asarda yoritish nariyogʻda tursin, oddiy suhbatda ham tilga olib boʻlmasdi. Zotan, Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon, Usmon Nosir kabi ijodkorlar taqdiri nima bilan tugaganini yaxshi bilamiz. Lekin ijodkor, agar u haqiqiy boʻlsa, Vatanga, xalqqa, millatga nisbatan hukm surayotgan adolatsizliklarga befarq qaray olmaydi. Shu maʼnoda, Abdulla Oripov ham yuqoridagi ustozlariga munosib buyuk shoir edi. U ijodining dastlabki bosqichidan to soʻnggi nafasigacha shu eʼtiqodga sodiq qoldi. “Oʻylarim”dagi mana bu misralarga eʼtibor bering:

Yuragimga bir mahallar kirgan tuygʻular,

Endi sendan ketgaymiz deb soʻraydi javob.

Meni bir zum hol-jonimga qoʻymaydi ular,

Qoʻymaydilar vaʼdalaring chiqdi deb sarob.

1966 yilda, endigina 25 yoshga kirgan shoirning jasorati bu. Seni tashlab ketamiz, degan tuygʻu aslida ishonch emasmi? Keyingi misralaridagi sarobga aylangan vaʼdalar-chi? Bular shoʻro davrining yolgʻon gʻoyalari, shiorlari edi. “Uyqu”dan (1965):

Asrim, izga solding ummonlar kuchin,

Yaratmoq istading soʻnmas bir chiroy.

Biroq, gulzorlarni toptamoq uchun,

Qaysidir razilga berib qoʻyding joy.

Bu misralar ham Vatanimiz tuprogʻining oʻzgalar tomonidan toptalayotganiga bir ishoradir. Baynalmilalchilik, xalqlar doʻstligi, partiyaning azamat rahbarligi ostida hamma teng va tenghuquqli boʻladi, degan shiorlar yangrab turgan bir paytda bunday sheʼrlarni yozish chinakam jasorat edi. Shoir uchun ularni chop etish ham oson boʻlmagan. Abdulla Oripovning buyukligi shundaki, u yuksak mahorat bilan buning uddasidan chiqdi. Shoʻroviy bosqinning oʻz Vatanidan tashqari, boshqa keng jugʻrofiy hududlar uchun ham daxldor ekanini umuminsoniy gʻoyalar bilan sugʻorilgan sheʼrlarida ifodalab berdi. Bu hodisani oʻz davrining oʻzbek shoirigina emas, jahon adabiyotining eng ilgʻor qarashlaridan biri sifatida ham baholashga munosibdir. Shuning uchun sevimli shoirimiz oʻz ijodi bilan zamonasining Aleksandr Tvardovskiy, Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev kabi ulkan shoir va yozuvchilarining eʼtiborini tortdi. Hurmatga sazovor boʻldi. Zotan, uning oʻzi ana shu sanʼatkorlar darajasida edi va ular qatorida turishga haqlidir.

Yaratganning inson zotiga bergan mislsiz neʼmatlaridan biri bu – Vatan, Vatanga boʻlgan sadoqatdir. Ardoqli shoirimiz butun hayotini Vatan saodatiga bagʻishladi. Ijodi, asarlari, faoliyati bilan bu tushunchani yuqoriga koʻtardi. Maktab oʻquvchilari, kollej, litsey, oliy oʻquv yurtlari talabalarini kuzating, ularning deyarli har biri shoirning sheʼrlari, hech boʻlmaganda, ulardan ayrim parchalarni yoddan biladi.”Oʻzbekiston madhiyasi”ning sheʼriy matni muallifi Abdulla Oripov ekanini barchamiz bilamiz va madhiya yangrashi bilan unga va uning mualliflariga oʻrnimizdan turib, hurmat bajo keltiramiz. Erkparvar shoirning bir-biridan goʻzal, hissiyotlarimizni junbushga keltiradigan boshqa sheʼrlari ham yuraklarga hayajon soladi.

Abdulla Oripov ijodiga xos yana bir xususiyat: oʻz asari ustida muttasil ishlash bilan birga, tarjimaga ham oʻzini butkul bagʻishlagan. Yana bir atoqli shoir Erkin Vohidov tarjimasidagi Gyotening “Faust” asari bilan A. Oripov ona tilimizga oʻgirgan Dantening “Ilohiy komediyasi”ni bir-biriga qiyoslasak, bu ravshan boʻladi. Ikki asar ham yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Ayting-chi, mualliflarning bunday kamolotga erishishida nima turtki boʻlgan?

– Adabiyotimizni boyitib kelayotgan bu tarjimalar xususidagi masalaga eʼtiborni tortishingiz juda toʻgʻri boʻldi. Bu ikki asarning oʻzbek tiliga oʻgirilishi faqat Erkin Vohidov va Abdulla Oripov ijodlari uchungina emas, keyingi davr oʻzbek adabiyoti va madaniyati uchun ayniqsa, ikki nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, bu tarjimalar oʻzbek adabiyoti ravnaqiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi. Jahon adabiyotining bu mumtoz namunalari, sir-asrorlari hamda ularning mualliflari mahoratini ona tili orqali oʻrganish va oʻzlashtirishda shoir va yozuvchilarimizga ham ijobiy, ham ijodiy koʻmak beradi. Ikkinchidan, “Faust” bilan “Ilohiy komediya”ning tarjima qilinishi oʻzbek tarjima sanʼatini yangi bosqichga koʻtarganidan nishonadir. Yaʼni jahon adabiyotidagi shunday shoh asarlarni tarjima qilishga qurbi yetadigan shoirlarimiz bor ekan, bu maʼlum maʼnoda, oʻzbek sheʼriyatini qay darajada yuksalganidan dalolat beradi. Mazkur tarjimalar haqida ayrim maqolalar, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan boʻlsa-da, hozirgacha bu izlanishlar asarlarning salmogʻi darajasida emasligini aytishga toʻgʻri keladi. Har ikkala asar tarjimasi ham badiiy, ham ilmiy jihatdan chuqur oʻrganilishga munosibki, biz yaqin kelajakda ana shunday tadqiqotlarni kutib qolishga haqlimiz. Shu oʻrinda, yana bir voqeani keltirib oʻtsam. “Ilohiy komediya”ni oʻzbek tiliga oʻgirgan Abdulla Oripovni Dante tugʻilgan shaharga taklif etadilar. Uchrashuvga borgan shoir katta bir izdihomda “Ilohiy komediya”dan qilingan tarjimalardan bir parchani oʻzbek tilida yoddan oʻqiydi. Hayratga tushgan zaldagi Dantening yurtdoshlari va turli davlatlardan kelgan danteshunoslar oʻrnidan turib, Abdulla Oripovni salkam besh daqiqa davomida olqishlaydi. Bundan ilhomlangan shoirimiz yana bir necha daqiqa tarjimani oʻqishda davom etadi. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, Abdulla Oripov oʻzining barcha sheʼrlarini yoddan bilardi. Bundan tashqari, boshqa shoirlarning sheʼrlaridagi minglab misralarni yoddan oʻqiganiga deyarli qirq yil davomida oʻzim guvoh boʻlganman. Tarjima-ku, bir nav, biroq, uning ehtiros bilan xuddi asliyatidagi kabi oʻqishi anjuman ishtirokchilarini ham hayratga soladi. Bu uchrashuvning guvohi boʻlgan professor Qalandar Abdurahmonov yigʻin boʻlgan shaharning qator binolarining koʻzga koʻrinarli peshtoqlarida oʻzbek shoiri Abdulla Oripovning taxminan, balandligi 4, eni 3 metr keladigan portreti bilan bezatilganini aytadi.

Adibaxon, Erkin aka bilan Abdulla akaning jahonning ulkan shoirlari asarlaridan namunalarni oʻzbek tiliga oʻgirganlari haqida suhbatlashib oʻtiribmiz, bu yaxshi. Ammo ularning oʻz asarlarini boshqa tillarga oʻgirilishi haqidagi ahvol qanday? Toʻgʻri, ularning qator asarlari jahonning oʻnlab tillariga tarjima qilingan. Sanoq jihatdan ahvol birmuncha yomon emas. Biroq, sifat masalasiga kelganda, koʻngildagidek deyish qiyin. Abdulla akaning asarlari haqida gapirsak, ularda milliy xususiyatlar nihoyatda teran va chuqur. Shu bois, ularni boshqa tillarga tarjima qilganda asliyatidagidek oʻziga xos va goʻzal chiqishining imkoni boʻlmayapti. Natijada, tarjimada ular aksar hollarda oʻrtamiyona shoirga aylanib qolmoqdalar. Mana shu masalada koʻpchiligimiz astoydil harakat qilib, bu ulugʻ shoirlarimizning sara asarlarini asliyatiga yaqin tarjimalarda jahon oʻquvchilariga yetkazish haqida qaygʻurishimiz kerak. Abdulla aka aslida jahon miqyosidagi ulkan shoirlar qatorida turishga munosib shoirdir. Kelajakda uning ijodidagi yaxshi tarjimalar buni tasdiq etadi. Tarix bunga guvoh boʻladi.

Shu oʻrinda, yana bir fikrni afsus bilan taʼkidlashga toʻgʻri keladi. Biz adabiyotchilar bu ikki shoir xotirasi oldida qarzdormiz. Ular hayotlik chogʻda asarlari haqida qator taqriz, maqolalar yozilgan, ayrim ilmiy ishlar bajarilgan boʻlsa-da, bu yetarli emas. Ularning hayoti va ijodi yanada chuqur va teran maqolalar, yirik tadqiqotlarga munosib edi. Biz shu vaqtgacha bunday ishlarni amalga oshira olmadik. Bu hammamizning zimmamizdagi vazifa, burch, qarz boʻlib qoldi. Boringda qadringni bilmadim, yoʻgʻingda izlab topmadim, degan maqol bekorga aytilmagan ekan.

Darhaqiqat, adabiyotimizning bu ikki yorqin siymosi chinakam isteʼdod egalari edilar. Zamondan ilgari sodir boʻladigan voqealarni boshqalardan koʻra teranroq anglab, oʻz vaqtida munosabat bildirardilar. Vaqti-soati bilan Erkin Vohidovning ham yuksak adabiy merosiga qaytamiz, albatta. Hozir esa Abdulla Oripovning qattiq dashnomlarga uchragan erk, adolat, istiqlol gʻoyalari bilan sugʻorilgan asarlari haqida suhbatimizni davom ettirsak…

– Shunday vaqtlar keldiki, Abdulla Oripovning ayrim asarlarini “zararli”, “jamiyatga tuhmat qiluvchi asar” deyishgacha borib yetgan hollar boʻldi. Uning “Jannatga yoʻl” dostoni oʻz vaqtida ana shunday taʼnalarga uchragan. Holbuki, bu doston “Ilohiy komediya” taʼsirida yozilgan, jahon adabiyotining nodir namunalari qatorida turishga haqli asardir. Dostondan parchalar eʼlon qilinayotganda, uning asl qoʻlyozma nusxasi yoʻqolib qolishga “majbur boʻlgan”, aniqroq aytganda, yoʻqotilgan. Yoʻqolgan dostonni shoir oʻzi qayta, yoddan tiklagan. Abdulla Oripov erk, adolat, istiqlol gʻoyalariga esh boʻlgan asarlari uchun ham qattiq dashnomlarga uchradi, albatta. Buning taʼsirida yozilgan sheʼrlar ham koʻp. Lekin uzoq yillar mobaynida ozodlikni, erkni orzu qilib, ijodining mehvariga istiqlol umidlarini singdirgan Abdulla akaning yorugʻ kunlar yaqinlashib kelayotgani, ayniqsa, Mustaqillik eʼlon qilingan kundagi holati, qisiq koʻzlariga nur balqib turganini koʻrganingizda edi. Istiqlolimiz haqida birinchi sheʼrni yaratgan ham shu kishi boʻladilar. Oʻshanda Oliy Majlis minbaridan turib, “Adolat oftobi” sheʼrini oʻqigandi. Mustaqillik faqat huzur va rohat emas, hali ayovsiz davom etadigan kurash, uni himoya qilish, mustahkamlash uchun fidoyilik kerakligini aytgandi. Butun ijodi davomida shu qarashni asarlariga chuqur singdirishga harakat qildi. Keyingi chorak asr mobaynida Abdulla Oripov oʻzbek adabiyotida yana bir yangi toʻlqinga asos soldi. “Hikmat sadolari” va “Haj daftari” toʻplamiga kirgan sheʼrlari bilan adolat, insonparvarlik va insofga chorlovchi gʻoyalarni yangicha talqinda madh etishni boshlab berdi. Uzilish roʻy bergan anʼanalarni yangi zamon adabiyotida qaytadan tikladi. Ijod maydoniga erkin nafas olib kirdi. Biz hurriyatni koʻpincha inqilob maʼnosida qoʻllab keldik. Holbuki, uning asl maʼnosi erk va ozodlik toʻlqinlaridagi yangilanishdir. Keng maʼnoda erk ham, koʻngil va ruhiyat ozodligi ham shuning ichiga kiradi. Bu shoir sheʼrlarida tutashib ketgan.

Abdulla Oripov soʻnggi nafasgacha barakali ijod qildi. Uning oxirgi ikki yilda yozilgan asarlari “Yangi sheʼrlar” hamda “Everest va ummon” nomlari ostida bosilib chiqdi. Mohiyatan bu ikki toʻplam shoirning erkin qoʻshiqlaridir. Bu kitoblardagi sheʼrlarni chop etilishiga fidoyilik koʻrsatib, adabiyot ixlosmandlarini xursand qilgani hamda muallifning soʻnggi quvonchga-quvonch qoʻshib, dardlariga hamdard boʻlganliklari uchun Doniyor Begimqulov, Ashurali Joʻrayev va Alisher Nazarga har qancha minnatdorchilik bildirsak arziydi. Abdulla aka soʻnggi sheʼrlarida ham Vatanni oʻylaydi, Vatanni kuyladi. Oxirgi sheʼrlarining birida shunday deb yozgan edi:

Ehtimol, yurtimda bordir-ku haqqim,

Ruxsat ber, oʻtayin koʻchalaringdan…

Vatanning, yurtning, xalqning oʻz shoirida haqi boʻlishi shubhasiz. Vatan, yurt, xalq shoirini oq yuvib, oq taradi, voyaga yetkazdi, hayoti va ijodiga tirgak boʻldi, dunyoga tanitdi. Dunyoga taniqli shoirning ham oʻz yurtida haqi bor, albatta. Shoir Vatani uchun fidoyilik bilan xizmat qildi, uni kuyladi, ogʻriqlari bilan ogʻridi, erki uchun fido boʻlmoqqa intildi, yurtini tarannum etdi. Shu bois yurtida haqi bor ekanini aytishga haqli. Bu haq ijodi, asarlariga yarasha ahamiyat hamda Vatani, xalqi mehriga munosib boʻlgan eʼtibordir.

Hayotda ayriliqdan, noilojlikdagi ayriliqdan ogʻir musibat boʻlmas ekan. Abdulla Oripovsiz hayotimiz, adabiyotimiz, koʻnglimiz huvillab qoldi. Inson, ayniqsa, moʻtabar va aziz Inson ketishi bilan bogʻliq koʻngil huvillashini, bu huvillashdagi boʻshliq oʻrnini hech narsa toʻldirolmaydi. Abdulla Oripov asarlari hayotimizdagi shoir oʻrnini toʻldirib turadi. Yorqin siymolari Vatanimiz va qalbimiz koʻchalarida abadiy barhayotdir.

 

Adiba UMIROVA gurunglashdi.

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/men-nechun-sevaman-ozbekistonni/

4.5 2 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x