Oqibat devorlari nuramasin

Rahmatli onam shu gapni koʻp takrorlardi. Bola qalbim bilan bu soʻzlarini tushunmas, oqibat devori qanday boʻlar ekan, deya oʻylardim. Vaqt oʻtgan sari bu soʻzlar maʼnosini anglagandek boʻldim.

Bir devor qoʻshni sinfdosh dugonam bilan maktabga birga qatnardik. Darsdan soʻng uy yumushlarini tez-tez bajarib, oʻynagani chiqardik. Bir kuni oʻyin avjiga chiqqanda Gulnoza shoshib qoldi:

– Uyda bobomning oʻzi qolgandi-ku! Men uyga kirishim kerak. Hoynahoy, bobom oshxonaga kirib olib goʻsht qovurayotgan boʻlsa kerak…

– Bu nima deganing. Ovqat qilmaganmiding? – deya ajablanib soʻradim.

– Ovqat bor. Ammo necha kundan beri bobom qovurilgan goʻsht yegim kelyapti, deb yurgandi-da. Aytganini qilib bermagandik, oʻzi pishirib yebdi. Onam bobong goʻshtni kamaytirib qoʻyibdi, nega qaramading, deb rosa baqirgandi. Shu bobomni deb tinchlik yoʻq uyimizda. Qari boʻlsayam tomogʻi yomon-da. Dadam: “Boboy oʻlsa, shoshib qolmaylik” deb bir qopdan guruch bilan un olib qoʻygandi. Koʻp vaqt turganidan mitalab ketibdi. Noiloj roʻzgʻorga ishlatdik. Ertaga dadam maosh olsa yana guruch, un olib kelarkan.

Ochil boboning qulogʻi ogʻirroq boʻlsa-da, mehnatkash, samimiy inson edi. Qachon chiqsam, u kishi doim bir nimalar bilan band boʻlar, oyoq kiyimlarni tikib, butlab oʻtirganiga koʻp guvoh boʻlganman. Suhbatini eshitsangiz, yonidan jilgingiz kelmas, qiziq hikoyalar aytib odamni hech zeriktirmasdi…

Shu voqea sabab boʻldi-yu, maktabga Gulnoza kelishini kutmay atay erta ketib qoladigan boʻldim. U boʻlsa nima boʻlganiga hayron edi…

Bir kuni tongda “Voy, otam-ey” degan yigʻi eshitildi. Yugurib hovliga chiqdim, ovoz Gulnozalarnikidan kelayotgan edi. Bildimki, Ochil bobo vafot etibdi…

Qoʻshni hovlidan chiqayotgan ovoz balandlashgan sari shunchalik soxtadek tuyular, Gulnozaning guruch, yogʻ haqidagi gaplari qulogʻim ostida jaranglardi…

Endi qachon Qarshiga borsam, bir devor naridan baqir-chaqir, ur-toʻpolon eshitiladi. Ukamga nima gap degandek qarayman. U esa sekin “Qaytar dunyo”, deb qoʻyadi. Shunday paytlarda koʻchamizda Ochil boboning mungʻayib turgan chehrasi koʻz oldimda namoyon boʻlaveradi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Shukrulloning bolalik xotiralarini qogʻozga tushirish uchun adibning uyiga bordim. Uzoq suhbat davomida keksalikning oʻziga xos erkaliklariyu injiqliklarini sabr-toqat va mehr bilan koʻtarayotgan farzandu nevaralarini koʻrib havasim keldi. Bir vaqtlar tarixning sinovli va ogʻir kunlarini boshidan oʻtkazgan adib bilan uning rafiqasi Munavvara ayaning shunday tabarruk yoshda farzandlar ardogʻida yashayotganida mehr-oqibatining oʻrni beqiyos ekanini angladim.

Kunlarning birida hamkasbim qoʻshnisining qilmishi haqida gapirib qoldi. Yetmish yoshli opa ukasini koʻrgani kelsa, kelin eshikni ochmabdi. Bechora uzoq yoʻldan kelgani uchun ancha kutibdi. Aksiga olib, yomgʻir tinmay yogʻar, shoʻrlik ayol pana joy topolmay ust-boshi shalabbo boʻlibdi. Oynadan koʻrib qolgan hamkasbim qoʻshnisining uyiga qoʻngʻiroq qilibdi.

– Qaynopangiz eshigingiz yonida turibdi. Qachondan beri qoʻngʻirogʻingizni bosadi. Eshitmayapsizlar, shekilli? – debdi.

– Voy, eshityapmiz, aylanay, parvo qilmang, kutib-kutib oʻzi qaytib ketar, – debdi yuzsizlarcha. Hamkasbim ivib ketgan ayolga achinib, uni uyiga olib kiribdi. Buni oyna tirqishidan kuzatib oʻtirgan qoʻshnisi ikki soatlardan keyin chiqib, “Qachon keluvdingiz, opa, kelin bilan bozorga tushgan edik”, deya noiloj uyiga olib kiribdi.

Bunday bemehr va oqibatsiz odamlarni koʻrib, hayron qolasan, kishi. Axir, qaynonasining bu xatti-harakatini koʻrib oʻrgangan kelin ertaga atrofidagilarga qanday munosabatda boʻlar ekan-a?

…Avtobusda yurishning ham oʻziga yarasha gashti bor. Yoʻlovchilarning kayfiyati chogʻ. Kimdir kitob oʻqiyapti, kimdir qoʻshiq eshitayapti, boshqa birov esa atrofni tomosha qilgan… Qoʻqqisdan konduktor ayolning baqirgani hammaning eʼtiborini tortdi.

– Hozir tushasan. Tushundingmi? Men hech nimani bilmayman. Avtobus toʻxtashi bilan tushasan. Puling yoʻq ekan, nega avtobusga chiqasan? He, sening pulsiz joʻnatgan oʻsha ota-onangni…

– Adashib qolaman-ku, opajon. Pulim bor edi, ishlatib qoʻydim-da. Ertaga qoʻshib beraman, – avtobusning oʻrta eshigi oldidan hiqillagan ovoz eshitildi. Chamasi ikkinchi yo uchinchi sinf oʻquvchisi boʻlgan bir bola yerga qarab turardi. Yoshi ulugʻroq bir ayol:

– Bu nima qilganingiz? Yaqinda sizga oʻxshagan bir konduktor puli yoʻq bolani avtobusdan tushirib yuborgan ekan, uni uch kun qidirishibdi. Bolasi topilgunicha ota-onasining boʻlari boʻlibdi. Pul kerak boʻlsa, mana men toʻlayman. Bolani oʻz holiga qoʻying, xoʻpmi, – deb chiptachini insofga chaqirmoqchi boʻldi.

– Pulingiz shunchalik koʻp ekan, bunga oʻxshagan tirmizaklarning hammasiga toʻlay qoling, – deya baqirishda davom etardi konduktor.

Odam koʻp boʻlsa-da, avtobus suv quygandek jim-jit boʻlib qoldi. Axiyri oʻzining borligi esiga tushib qoldimi, haydovchi amaki tilga kirdi:

– Necha marotaba aytdim senga! Bolalarga indama. Puli boʻlsa beradi, boʻlmasa yoʻq deb. Qanaqa tushunmaydigan xotinsan oʻzi, a? Doim bir gʻalva chiqarasan. Axir, sening ham farzandlaring, nabiralaring bor-ku. Ular ham bir kuni shunday holga tushib qolishi mumkin-ku!

Asabiylashayotgan haydovchining gap-soʻzidan maʼlum boʻldiki, konduktor ayol uning xotini ekan.

Manzilga yetar ekanman, koʻz oldimdan “Sen yetim emassan” filmidagi kadrlar birma-bir oʻta boshladi. Unda Mahkam ota oilasining och-nahor ahvolida ham turli millat bolalariga gʻamxoʻrlik qilganini bir eslab koʻring! Bu shunchaki kino emas – oʻtmishimiz! Oʻsha ogʻir damlar bilan hozirgi toʻkin-sochin va osuda kunlarimizni qiyoslab boʻladimi! Axir, bolaning begonasi boʻlmaydi, deya dushmanining bolasiga-da mehr-oqibat koʻrsatgan buyuk xalq farzandi emasmizmi?

Yashayversang koʻraverasan, deganlaridek, ayrim er-xotinlarni koʻrib ajablanasan kishi. Bir kuni shifoxona eshigi oldida bir kelinchakning zorillab yigʻlagani hech ham esimdan chiqmaydi. Ikki tomonlama pnevmoniya (oʻpka yalligʻlanishi), baland isitma bilan kelgan bu homilador kelinchakning eri xotinini shifoxonaga yotishiga ruxsat bermabdi. Ustiga-ustak ayoli ichishi lozim boʻlgan dorilarni ham berkitib qoʻygan ekan. Nima emish, dorilar uning puliga kelganmish. Kerak boʻlsa, oʻzing ishlab top, debdi. Shifokorlar kelinchakning eriga gap uqtirolmay boshi qotgan.

Ming afsuski, oradan nima gap oʻtishi, qanday vaziyat boʻlishidan qatʼi nazar, shu ayol vujudida oʻz zurriyodi borligini, bu mitti jon mehr-muhabbatga, eʼtiborga muhtoj ekanligini unutib qoʻyuvchi shafqatsiz kimsalar ham oramizda uchrab turadi.

Ish yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudiga bordim. Kerakli hujjatlarni olishim uchun 30-40 daqiqa kutishimga toʻgʻri keldi. Shu vaqt ichida eshik oldini toʻldirib turgan odamlarni kuzatdim. Bir-biriga nafrat koʻzi bilan qaragan, jiddiy, asabiy, tund yuzlar…

Yonida nabirasi bilan turgan keksa ayolning aytishicha, qoʻshnisi “Nabirang eshigim panjarasiga osilib, oʻgʻirlik qilmoqchi edi” deya sudga ariza beribdi. Eʼtiborimni burchakda boshini changallaganicha oʻtirgan ayol tortdi. Shoʻrlik erining sitamlariga chidolmay uch oʻgʻli bilan ajrashgan, yillar oʻtib, bolalari boʻyi tengi boʻlganida qaynonaning, yaʼni “mehribon buvijon”ning nabiralari yashaydigan ikki xonali kvartirasi yodiga tushib qolibdi. Shuncha yashaganlaring yetar, uyni boʻshatib qoʻylaring, deya har kuni toʻpolon qilarmish. Qoʻshnilari “Axir, nabiralaringiz-ku”, desa, “Otasini tan olmaymanu, bolalari nima boʻlardi”, dermish. Xullas, “dedi-dedi” bilan umrini oʻtkazayotgan odamlarga qarab achinib ketdim. Goʻyoki maqsadsiz yoʻlga chiqqan yoʻlovchiga oʻxshaydi…

Bugun shahar oralab yursangiz, bir-biridan baland qilib barpo etilgan hovlilarga koʻzingiz tushadi. Xuddiki, uylar ham kimoʻzarga qurilayotgandek, goʻyoki ertaklardagi podsholar makoniga oʻxshaydi-ya. “Tavba, buncha hashamning kimga keragi bor?” dedim hayratimni yashira olmay. Gapimni eshitgan haydovchi amaki qoʻli bilan chap tomonga ishora qilib shunday dedi:

– Singlim, mana shu koʻchaning orqasida bir ayolning uyi bor. Ishonasizmi, ikki yilda uyini toʻrt marotaba buzib qurdirdi. Uy qurilishi endi tugay deganda boshqa bir hashamdor uyni koʻrsa, undan ham koʻrkamroq boʻlsin, deb uyni boshqatdan qurdiradi. Yaqin oʻrtogʻim oʻsha koʻchada turadi. Uning aytishicha, bir hovli uchun ketgan mablagʻga kamida sakkizta uy koʻtarsa boʻlarkan. Achinarlisi, oʻsha ayolning uyidan sal narida ikki bolali nochor oila yashaydi. Eri nogiron, ayol esa farrosh boʻlib ishlaydi. Bolalarini bogʻchaga berishgayam puli yoʻq. Koʻzi ochigʻu qalbi soʻqir deb shundaylarni aytishsa kerak-da. Shunchalik puling koʻp ekan, yoningdagi qoʻshningga yordam qilmaysanmi?

Ikki hafta oldin bir toʻyga bordim. Kelin-kuyov oʻtiradigan joyni bezatish uchun 67 million soʻm xarajat qilinibdi. 4-5 soatlik bazm uchun shuncha dahmaza. Dasturxonni gapirmasa ham boʻladi. Toʻydan chiqib doʻkonga kirdim. Qoʻlida bolasi bilan bir ayol sotuvchiga qarzga bitta non bering, deb yalinib oʻtiribdi. Sotuvchiyam, “Qarzingiz koʻpayib ketdi. Men bir kichkina odam boʻlsam, xafa boʻlmang, opajon, boshqa qarzga non berolmayman”, dedi. Mana shunaqa! Kimdir birpasda 67 millionni havoga sovurib yubordi, kimdir esa 650 soʻmlik nonga zor boʻlib yashayapti…

Haydovchi amaki kuyinib gapirar, asabiylashganidan peshonasidan duv-duv oqayotgan terni dastroʻmoli bilan dam-badam artib qoʻyardi…

Bir insonni bilaman. Boysunning Gumatak degan chekka qishlogʻida yashaydi. Koʻp yillar oʻqituvchilik qilgan. Bir necha yil muqaddam qishloq bolalarining uzoq maktabga qatnashi, ayniqsa, qishda loy koʻchalarni kechib borishi mushkulligini koʻrib, oʻz hisobidan maktab qurishga kirishibdi. Avvaliga qayerdan pul topishni bilmay boshi qotibdi. Keyin bor qoʻy-qoʻzisini sotib pul toʻplabdi. Maktab qurilishi boshlanganidan soʻng atrofdagilar ham farzandini yaqin maktabda oʻqishi mumkinligidan quvonib, ushbu xayrli ishga bosh qoʻshishibdi. Qarabsizki, qisqa muddatda maktab qurilishi nihoyasiga yetkazilibdi. Davlatimiz tomonidan maktabga kompyuter jamlanmasi sovgʻa qilinibdi. U paytda hali tuman markazidagi maktablarda ham kompyuter boʻlmagan ekan. Har gal tahririyatga oʻquvchilarning dasta-dasta sheʼrini koʻtarib keladigan bu ustoz “Bizning oʻquvchilarimiz ham isteʼdodli. Sheʼrlari chop etilsa ruhi koʻtariladi, bundan-da yaxshi oʻqishadi”, deydi toʻlqinlanib. U kishining: “Har bir inson oʻziga “Men el-yurtim uchun nima qildim, odamlarning quvonchu tashvishlariga sherik boʻlib, ogʻirini yengillata oldimmi, bir kun kelib ortga nazar solsam, oʻtgan umrimga achinmaymanmi?” degan savollarni berishi lozim” degan soʻzlarini eshitib, soʻz va amal birligi bu insonda tajassum etkaniga amin boʻlaman…

Erta tongdan koʻngʻiroq boʻlib, “Sizga joʻnatma bor” deyishdi. Bu haqda hech kim ogohlantirmagani uchun hayron boʻldim. Joʻnatmani olgach, shoshib ochib qaradim. Qalin qilib toʻqilgan bejirim roʻmol. Ichidagi xatda “Oʻzingizni ehtiyot qiling, opajon. Menga hali koʻp kerak boʻlasiz! Ukangiz Farhod”, deb yozilgan ekan. Koʻzlarimga beixtiyor yosh keldi. Oqibatingdan aylanay, ukajon, dedim. Sovuq kunlarda yelkamga tashlar ekanman meni roʻmol emas, goʻyoki ukam mehrining tafti isitayotgandek boʻlaveradi. Mehr insonga shunchalar xush yoquvchi tuygʻu ekanligini his etaman.

Ayrim joylarda aka-uka, opa-singillarning kelishmovchilikdan, hattoki, vafot etgan jigarini soʻnggi manzilga-da kuzatishga kelmayotganining guvohi boʻlyapmiz. Bunday odamlarga, “Xudo xayringni bergur, marhumdan ham xafa boʻlasanmi? Hech boʻlmasa, shunday paytda gina-kuduratni unut”, deging keladi.

Yaqinda bir dugonamning onasi saraton xastaligidan vafot etdi. Yelib-yugurishlar, muolajalar naf bermadi. Taʼziyaga kelgan qoʻshnilaridan biri, “Aylanay, qoʻshni ayollar, nega bularning ovozi chiqmaydi, deyishyapti. Ovoz chiqarib jonliroq yigʻlang. Axir, onangiz oʻldi-ya, onangiz”, desa boʻladimi. Ogʻir judolikdan karaxt boʻlib qolgan, neki tashvishi boʻlsa ichida, dardini doston qilishni bilmaydigan dugonam kutilmagan gapdan qotib qoldi. Dabdurustdan shunday chinqirib yubordiki, bu ovoz goʻyoki fahmsiz, dilozor odamlarga qaratilgan faryoddek tuyuldi menga. Qizigʻi, bu ayollarning hech biri bemor qoʻshnisini koʻrgani biror marta yoʻqlab ham chiqmagan ekan…

Yaxshilik tilda emas, dillarda yashasin. Uning nuri har bir ishimizda, amalimizda oʻz aksini koʻrsatsin. Qalbimizda mehr-oqibatning kurtaklari boʻy koʻtarsin. Bir shoir “Agarki dunyoda yaxshilik va mehr-muhabbatning nurlari qanchalik koʻp taralsa, yomonlik, falokat ortga chekinib, yoʻqolib boraveradi” degan ekan.

Shunday ekan, azizlar, OQIBAT devorlarini baland qilib koʻtaraylik!

 

Nilufar JABBOROVA

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/oqibat-devorlari-nuramasin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x