Shoirning badiiy olami

Ulugʻ yozuvchilar tarixiga nazar tashlasak, isteʼdodning tugʻilishi har kimda har xil kechganini koʻrish mumkin.

Kichkintoylarning sevimli shoiri Tursunboy Adashboyev soʻzni soʻzga juftlab, oʻz hayratiyu bor gʻayratini qogʻozga tushira boshlaganida 12-13 yoshlarda boʻlganini sogʻinch bilan xotirlaydi.

“Kamolning olmasi” nomli ilk sheʼriy toʻplami eʼlon qilinganida u hali ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) talabasi edi.

Tinimsiz ijodiy izlanishni oʻzi­ning aʼmoli deb bilgan shoir Mos­kvadagi Oliy Adabiyot institutida tahsil koʻrib, jahon bolalar adabiyotining nodir namunalari bi­lan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi. Sobiq ittifoq xududidagi tengqur bolalar shoirlari va tarjimonlar bilan ijodiy bahs-munozaralarda qat­nashib, toblandi.

T.Adashboyev ijodining yetakchi xususiyati haqida gap ketganda, eng avvalo, erishgan yutuqlari bilan xotirjamlikka berilmasligi, behalovat izlanuvchanligini alohida tilga olish joiz. Negaki, ayrim ijodkorlar maʼlum darajaga erishgach, mahoratini oshirish ustida bosh qotirmaydi, natijada oʻz-oʻzini takrorlashdan nariga oʻtolmay qoladi. T.Adashboyev bu yoʻlning ijodkor uchun gʻoyatda xatarli ekanini chuqur his etadi.

Ijodiy xotirjamlikka berilish, oʻz qobigʻidan tashqari chiqa olmasligini badiiy mahorat kushandasi deb bilgan shoir badiiy ijodda ham oʻz eʼtiqodiga qatʼiy amal qiladi. Agar uning “Kamolning olmasi”, “Biz sayohatchilar”, “Olatogʻliq boʻlaman”, “Surnay”, “Arslonbob sharsharasi” toʻplamlariga kirgan begʻubor bolalik, Vatan, ona tabiat haqidagi talay sheʼrlarida anʼanaviy tasvir uslubining ulugʻvorlik qilishi koʻzga tashlansa, soʻnggi yillarda eʼlon qilingan “Uch baqaloq va sirli qovoq”, “Orzularim – qoʻsh qanotim”, “Oltin yolli tulpor”, “Latifboyning loflari” kabi kitoblaridagi aksariyat asarlarida hayrat aralash yengil yumor va oʻyin vositasida oʻziga xos ezgulikka yoʻgʻrilgan hayot falsafasining bolalarbop tilda, ammo kattalarni ham oʻylashga undaydigan tarzda ifodalanishini oʻz ustida ishlash, tinimsiz izlanishlar mahsuli, deb baholash mumkin.

 

Toʻrgʻay yotar tuxum bosib,

Shuvoq bilan sirlashib.

Qora qoʻngʻiz soqqa yasab,

Doʻngga tortar tirmashib.

Yumronqoziq serhadik

Ish bitirar yugurib.

Sugʻur archa ostida

Turar tasbeh oʻgirib.

Chigirtkalar qamishdan

Nay yasaydi – kertadi.

Koʻkandagi biyaga

Soʻna dutor chertadi…

“Toldi buloq”

 

Tuxum bosib yotgan toʻrgʻayning shuvoq bilan sirlashishiyu qora qoʻngʻizning soqqa yasashi, yumronqoziqning hadiksirab, alanglab yurishiyu sugʻurning archa ostida tasbeh oʻgirib oʻtirishi, chigirtkaning qamishdan nay yasashiyu soʻnaning biyaga dutor chertishi – dala-dashtdagi tabiat manzarasining undagi jonzotlar misolida badiiy obrazli suvratlantirilishi kichik kitobxon qalbida yorqin hislar tugʻdiradi, tasavvurini, ongu shuurini ona tabiat koʻrinishlariga bogʻlaydi. Katta yoshli kitobxon esa oʻsha manzara-holatlarni necha martalab koʻrgan, kuzatgan, guvohi boʻlgan esa-da oʻz eʼtiborsizligidan hayratga tushadi. Lirik qahramonning sinchkov nigohi, tabiatga iliq munosabati unga ham koʻchadi.

Shunisi muhimki, oʻsha tabiat, oʻsha yurt – uning Vatani. Oʻquvchida mana shunday kayfiyat tugʻdirish undagi Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻulariga jon bagʻishlaydi.

“Uyimiz sovuq edi, – deb yozadi shoira Kavsar Turdiyeva. – Hali “dom” isitila boshlamagandi. Kichik oʻgʻlim esa deraza oynasiga boʻyoqlar bilan qip-qizil quyoshning rasmini chizibdi. Nimagadir Tursunboy Adashboyevning “Joʻnataman quyoshni” sheʼri esimga tushdi. “Joʻnataman quyoshni, men kelgusi xatimda”, deb yakunlagan sheʼrida Tursunboy akaning ijodiga xos boʻlgan psixologizmlar va milliy ruh boʻrtib koʻrinadi.

Bolalar yozuvchisining mahorati – bu faqatgina dunyoni bolalar koʻzi bilan koʻrish va idrok etishgina emas, balki bu idroki keng oʻquvchilar ommasiga ana shu tarzda namoyon qilishdir”.

Nazarimda, T.Adashboyevning badiiy mahorati ham aynan dunyoni bolalar koʻzi bilan koʻrishi, idrok etishi va uni oʻquvchiga shu tarzda yetkazishi bilan belgilanadi. Bogʻbonlarning dov-daraxtlarning soch-soqolini qiyishi, oqlangan daraxtlarning oppoq pay­poq kiyishi (“Hasharda”), bahorning qishni burnidan tarnovga osib qoʻyishi (“Sumalak”), chaqmoqning koʻkda yongʻoq chaqishi (“Bahor kelgach”), Asqar togʻdan tushayotgan suvning qoyalarda yanchilishi, qaragʻayning koʻkka sanchilishi, qorli choʻqqining qirgʻiz tumogʻiga oʻxshatilishi (“Sarichelak”), ayiqning piymasini ivitishiyu quyon­ning oq tivitdan oʻziga poʻstin tikishi, yashil taroq archalarning shamolning sochlarini tarashiyu oq yaktakli qayinlarning zarbaldoq taqishi (“Qish”) aslida bolalarcha tasavvur va idrok mahsulidir.

T.Adashboyevning bolalar shoiri sifatidagi ijodiy takomilida folklor asarlarining ifoda uslubiyu Qudrat Hikmat, Sulton Joʻra, Zafar Diyor singari ustozlar ibrati, jahon bolalar adabiyotining ijodiy anʼanalari bitmas-tuganmas ilhom manbai, tajriba maktabi vazifasini oʻtaydi. Shuning uchun ham ustozlarini “meni tarbiyalab voyaga yetkazgan bogʻbonlar”, deya eʼzozlab tilga oladi, jahon bolalar sheʼriyati namoyandalari ijodini esa “men suv ichgan chashmalar” deya hurmat bilan taʼkidlaydi.

Inson tabiat farzandi sifatida bolaligidan boshlab uning sir-sinoatini bilishga qiziqadi. Maysa-koʻkatlaru dov-daraxtlarning nish urib koʻka­rishidan tortib, to yugurib-qovjirab qolgunigacha boʻl­gan davrdagi turfa holatlari, umuman, quyosh, suv, tuproq, havo uygʻunligining oʻziga xos qonuniyati azaliy muammo tarzida insoniyatni bolaligidan qiziqtirib keladi.

Quddus Muhammadiy va Qudrat Hikmatlarning tabiatdagi ana shunday sir-asrorlar tasviri bilan bogʻliq ijodiy anʼanalarini izchil davom ettirib kelayotgan Tursunboy Adashboyev asarlarida tabiatdagi har bir holat-manzara moʻjizakorlik kasb etadi. Bahor elchisi boʻlgan boychechak oʻzini oftobning parchasi deb biladi. Kuz faslida “oq yaktakli qayinlar” zar baldoqlar taqadi, zargʻaldoqlar chagʻchagʻlab qush­larga gap tayinlaydi.

Shoirning “Sogʻinish” sheʼrida yomgʻir yogʻishi manzarasi har narsaga qiziquvchi bola tilidan oʻzgacha qiyoslar bilan keltirilishi tufayli kichik kitobxon qalbiga hayrat tuygʻusini solishi tabiiy:

 

Kuni bilan,

Tuni bilan

Yomgʻir ezib yogʻadi.

Bulutlarni tabiat

Erinmasdan sogʻadi.

 

Koʻcha-koʻylar yaltirar

Tuxumdayin archilib.

Koʻkning tubi teshilganmi,

Tomchi tushar yanchilib.

 

Q.Hikmatning yuqorida tilga olingan “Qish toʻz­gʻitar momiq par” sheʼrida qor yogʻishi qishning bulut toʻshagini savashi tufayli momiq parga oʻxshatilishi bilan Tursunboy Adashboyevning “Sogʻinish” sheʼrida yomgʻir yogʻishi tabiatning bulutlarni sogʻishiga oʻxshatilishi oʻrtasida ham ustoz-shogirdlik adabiy aloqalarining ijobiy natijasini koʻrish mumkin.

Atrofimizdagi turfa olam manzaralarini be­gʻu­bor bolalik tasavvuri bilan idrok etish, undan oʻzi uchun mutlaqo yangi bir moʻjiza kashf qi­lish, eng muhimi, kitobxonni ham shunga ishontirish maho­ratini egallashda Tursunboy Adashboyev oʻz eʼtiqodiga sodiq shogird sifatida qalam suradi. Jumladan, bahorda yomgʻirning yerni iydirishi, yashil chakmon kiydirishi haqida mustaqil fikrga ega lirik qahramon betizgin xayollari bilan hamma narsani harakatda deb biladi:

 

Bahor koʻylak kiydirdi,

Koʻk egniga bulutdan…

 

Tursunboy Adashboyev Sulton Joʻraning qalamiga mansub “Tinish belgilarining majlisi”, “Kimning xati chiroyli?”, “Harflar paradi” kabi asarlardan ilhomlanib “Mening savolim”, “Topqir boʻlsang”, “Bobo, qancha yoshdasiz?”, “Chugʻurchuq”, “Topishmoqli alifbe” kabi maʼrifiy-tarbiyaviy xarakterda qator sheʼrlar yaratdi. Lekin ularning hech qaysisi taqlid xarakterida boʻlmasdan, shoirning kichkintoylarga aytish zarur deb bilgan oʻy-fikrlari, oʻziga xos “hikmat”lari mahsuli sanaladi.

Bolalar adabiyotining kichkintoylarni olam jumboqlari, tabiat moʻjizalari bilan tanishtiruvchilik-tarbiyalovchilik aynan shu oʻrinda koʻzga tashlanadi.

Shoir tabiatga muhabbat gʻoyasini “Shanbalik” sheʼrida bogʻbonlarga hashar yoʻli bilan yordam bergan bolalar mehnatini tasvirlash orqali ifoda etsa, “Arqitda”da fusunkor ona tabiatni toptab, kak­liklarga qiron keltirgan ovchiga nafrat izhor etish yoʻli bilan bayon qiladi.

“Shanbalik” sheʼri bogʻbonlarga hashar yoʻli bilan yordam bergan bolalar tilidan yozilgan. Sheʼr qahramonlari oʻz mehnatlari samarasidan mamnun. Bu mamnunlik ularning tasavvurlarini yanada boyitadi. Bolalarning koʻziga bogʻbonlarning dov-daraxtlardagi ortiqcha shox-shabbalarni butashi soch-soqolini olishga, daraxtlar tanasining oqlangandan keyingi holati oppoq paypoq kiyganga oʻxshab koʻrinadi. Bu oʻxshatish sheʼrning taʼsirchanligini oshiradi, uni uzoq vaqt esda saqlab qolishga yordam beradi.

Bolalarning olam jumboqlarini tushunishida narsa-buyumlarni taqqoslashning muhim vosita boʻli­shi inobatga olinsa, shoir keltirgan oʻxsha­tish­larning ahamiyatini anglash qiyin emas.

Shoir “Arqitda” sheʼrida tabiatning fusunkor manzarasini chizadi. Uning nazdida togʻdagi tinch hayot tabiat goʻzalligiga monand, bu goʻzallikka alohida fayz bagʻishlaydi:

Burqir archa burogʻi

Oʻrmon yashil, qir yashil.

Sugʻur uxlar xotirjam,

Yumronqoziq don tashir.

 

Sokin va tinch hayot kakliklarga otilgan oʻq ovozidan buziladi. Bundan faqat kakliklar emas, balki butun tabiat norozi: “Togʻu toshlar asabiy, archa yonar tutaqib”.

Bizningcha, bu yerda ovchini soʻkib, laʼnatlab oʻti­rishning hojati yoʻq. Kichik kitobxon shusiz ham togʻu toshlarning asabiyligi va archaning tutashidan ovchining yovuz qilmishi toʻgʻrisida maʼlum xulosaga keladi.

Koʻrinadiki, shoir kichkintoylar qalbida ona yurtga muhabbat uygʻotishda uning goʻzalligini madh etish yoxud tabiiy boyliklarni sanash yoʻlidan bormaydi. Aksincha, bu muqaddas tuygʻuni dov-daraxtlarni parvarishlab yashnatishga oz boʻlsa ham hissa qoʻshgan bolalarga mehri, tabiat boyliklarini payhon qilgan ovchiga nafrati orqali tashviq etadi.

T.Adashboyev ijodiga xos xususiyatlardan biri badiiy soddalik va qisqalikka intilishi bilan belgilanadi. Shoirning “Turist”, “Xolis xizmat”, “Kosmonavt”, “Oʻyin topmay”, “Insof talab”, “Yordam soʻrab”, “Oʻlja”, “Kim polvon?”, “Latifjonning loflari”, “Ayamadi moʻylabin”, “Bugʻdoy boshogʻi”, “Oq yol”, “Oltin yolli tulpor qissasi” kabi koʻplab asarlari buning yorqin dalilidir. Jumladan, “Turist” sheʼrida oʻrgimchakni safar xalta orqalagan turistga oʻxshatish orqali koʻz oʻngimizda hammaga tanish jonli manzarani suratlantiradi.

 

Safar xalta orqalagan turistdek,

Dor katagi asfalt yoʻldan durustdek

Zir yoʻrgʻalar oʻrgimchak,

Gʻir yoʻrgʻalar oʻrgimchak.

 

Oʻrgimchak – turqi sovuq hasharot. U bexos koʻzi tushgan har qanday kishini seskantiradi. Shoir sheʼrning ikkinchi toʻrtligida oʻrgimchakning hayot tarziga ishora qilish bilan kichik kitobxonning u haqdagi dastlabki noxush tasavvurini oʻzgartiradi:

 

Toʻr xaltaga pashsha, chivin joylanib,

Oʻzi chizgan “er shari”ni aylanib,

Zir yugurar oʻrgimchak,

Gʻir yugurar oʻrgimchak.

 

Bu yerda oʻrgimchak toʻqigan toʻrning Yer shariga oʻxshatilishi sheʼrning obrazliligini yanada oshiradi. Har ikkala toʻrtlikning oxirgi misralaridagi (“Zir yugurar oʻrgimchak”) ohangdorlik, qisqalik, obrazlilik koʻz oʻngimizda oʻrgimchakning chopib yurgan holatini koʻzgudagidek aniq gavdalantiradi.

Ifodaning qisqa va nafisligi jihatidan ajralib turadigan “Xolis xizmat” sheʼriga asos boʻlgan material butun boshli bir ertak boʻlishi mumkin.

Qari echkini kana bosdi. U yoʻqlaguvchi hech kimi boʻlmaganligidan Chugʻurchuqqa borib, kanasini terib qoʻyishini iltimos qiladi. Chugʻurchuq Echkining iltimosini bajaradi-yu, xizmat haqiga keltirgan oq tivitni qaytarib yuboradi. Echki endi tuyoqlaridan andoza olib, oʻsha tivitdan toʻrtta qoʻlqop toʻqiydi. Chugʻurchuq qoʻlqoplarning u yoq-bu yogʻini koʻzdan kechirib, bolalarimga in boʻlar deya olib qoladi va Echkiga rahmat aytadi.

Bor-yoʻgʻi oʻn ikki misralik bu sheʼrdagi qoʻlqop de­tali shoirning muhim topilmasidir. Echkining tu­­yoq­­­laridan andoza olib toʻqigan qoʻlqopi, tabiiyki, chu­gʻurchuq inini eslatadi. Qoʻlqop bilan in oʻr­ta­­sidagi bunday oʻxshashlik asarni hayotga yanada yaqin­lashtiradi.

Aytish joizki, bolalar adabiyotining tarbiyaviy mohiyatini bir yoqlama tushungan talay yozuvchilar ijodida pand-nasihat alohida oʻrin tutadi.

T.Adashboyev ijodining yutugʻini taʼminlagan omillardan biri pand-nasihatga yoʻl qoʻymaslik, aksincha bolalarning betizgin xayollariga oziq beruvchi, tasavvurlarini boyituvchi asarlar bilan belgilanadi desak xato boʻlmaydi.

Bugungi bolalar sheʼriyatining yetakchi dargʻa­laridan Tursunboy Adashboyev nafaqat sheʼriy ijo­di, balki Rustam Nazar, Erpoʻlat Baxt, Zafar Iso­middin, Sodiqjon Inoyatov, Dilmurod Jabbor, Xu­doyberdi Komilov, Maʼmur Qahhor, Qoʻzi Ismoil, Nurillo Oston kabi kenja avlod bolalar shoirlarining gʻamxoʻr maslahatgoʻyi sifatida ham talay ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Ularning yangi kitoblariga vaqtli matbuot sahifalarida tegishli munosabat bildiradi, lozim topganlariga xat bilan murojaat qilib, kichkintoylarni aldamaslikka daʼvat etadi.

Jahon bolalar sheʼriyatining talay namunalari T.Adashboyev tarjimasida keng kitobxonlar ommasining adabiy mulkiga aylangan. Ularning ichida K.Chukovskiyning “Yuvin, doʻmbogʻim”, “Moydodir”, S.Marshakning “Ahmoq sichqoncha haqida ertak”, “Tentak ovchi”, “Dono sichqon haqida ertak”, S.Aksyonovning “Sehrli qizil gul”, V.Berestevning “Koʻlmakdagi suratlar”, “Oʻqishni bilsang oʻzing”, B.Zaxoderning “Samovar”, “Boʻri maqtasa…”, N.Dumbadzening “Ketino”, “Igna”, Ovsey Drizning “Kutilmagan hodisa”, V.Danʼkoning “Qorbobo boʻlsam agar”, Yan Bjexvaning “Tuxum va tovuq”, “Tuz haqida ertak”, Uolter Delamerning “Pat saqlanar yostiqda”, “Bekinmachoq” kabi asarlari bor.

Tarjimonning mahorati shundaki, agar uning nomi yozilmasa, kichik kitobxon dabdurustdan asarning tarjima ekanligiga ishonmaydi. Ovchining oʻzi­ga miltiq oʻqtalishdek dahshatli holga yetti pushtining duch kelmaganligi yuzasidan Burganing iqror-eʼtirofi sheʼrga milliy ruh bagʻishlaydi. Natijada asliyat bilan tarjima oʻrtasidagi chegara barham topadi.

T.Adashboyev ijodini kuzatgan zukko kitobxon uning uchun ona tabiat bitmas-tuganmas ilhom manbai boʻlib, tabiatdagi jonli va jonsiz jamiki mavjudotga tegishli har bir holat, manzara tufayli bolalarcha hayratlarga choʻmgan ijodkor tasavvurida oʻzgacha bir olam yaralganiga guvoh boʻladi. Muhimi, shoir xayolotida yaralgan ana shu badiiy olam boshqalarni ham befarq qoldirmaydi.

 

Safo MATJON

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 1-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/shoirning-badiiy-olami/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x