Tasvirlarda tarix talqini

Maʼlumki, XV asrda Hirot temuriylar davlatining siyosiy va madaniy markazi sifatida gullab-yashnadi. Zero, temuriy hukmdorlar adabiyot va sanʼatga qiziqishi bilan ham boshqa hukmdorlardan ajralib turishardi. Mumtoz adabiyotimizning bir qator buyuk vakillari aynan temuriylar davrida ijod qilgani ham ushbu tarixiy haqiqatga borib taqalsa ajab emas.

Amir Temur davri siyosati, madaniyati, sarkardaning olib borgan janglari haqidagi maʼlumotlarni tarixiy manbalardan, xususan, Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Xotifiyning “Temurnoma” kitoblaridan bilish imkoni bor. Shuningdek, Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy va bobomiz Alisher Navoiy asarlarida ham Amir Temur obrazi oʻziga xos tarzda tarannum etilgan. Jumladan, Navoiyning “Hayratul-abror” dostonida jang koʻrinishlari ifodalangan miniatyuralar bor. Mana shu sanʼat namunalari ham oʻsha davrning oʻziga xos qirralarini ochishda muhim manba hisoblanadi.

Amir Temur hayotlik chogʻida ishlangan miniatyuralar saqlanib qolmagan. Ammo Hirot va Sherozda ishlangan temuriylar davriga oid miniatyuralar va oʻsha davr yozma manbalari asosida umumiy tushunchalarga ega boʻlishimiz mumkin.

Hazrat Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasining yettinchi fasli Temur va temuriylarning siyosiy, tarixiy va adabiy-ilmiy faoliyati haqidagi maʼlumotlardan tashkil topgan. Amir Temurdan tashqari yana uning 21 avlodi haqida qiziqarli maʼlumotlar mavjud. Navoiyning dunyoga mashhur “Xamsa”sidagi asosiy kalit doston hisoblanmish “Hayratul-abror” dostonining 8-maqolatiga ilova qilingan “Ikki vafoli yor va jangchilar” nomli miniatyurada esa Amir Temurning Hindistonga yurishi davomida magʻlub taraf jangchilari orasida asirga tushgan ikki doʻst orasidagi oqibat va mehr-muhabbatni ifodalagan voqea haqida maʼlumot olishimiz mumkin.

Odatda jangdan soʻng gʻolib taraf asirga tushgan magʻlub jangchilarni qatl etishgan. Bu miniatyurada ham aynan mana shu jarayon tasvirlangan boʻlib, bir sipohiga duch kelgan ikki doʻst oʻz doʻstining koʻzi oldida qatl etishini xohlamay “avval meni oʻldir” deya sipohiyga dod-faryod qilayotgan holati ifodalangan. Bu holatdan hayratga tushgan askar kompozitsiyadan alohida oʻrin olgan. Voqeani uzoqdan kuzatib turgan Amir Temur doʻstlar oʻrtasidagi mehrni, sadoqatni, fidoyiligu vafodorlikni koʻrib bir zum oʻylanib qoladi. Soʻngra bu holatdan taʼsirlanib, qatlni bekor qiladi va asirga tushgan barcha jangchilarni avf etadi. Kompozitsiyada aylana shaklda joylashtirilgan personajlar katta mahorat bilan ishlangan. Askar liboslari orqali esa oʻsha davr harbiylari libosi haqida ham maʼlumotga ega boʻlamiz.

Rasmning yuqori qismida sohibqiron Amir Temur va unga soyabon tutib turgan mulozimlar tasvirlangan. Bu Alisher Navoiy dostonlariga ishlangan miniatyuralardagi Amir Temur siymosining birinchi tasviri hisoblanadi. XV asrda Hirotda yaratilgan bu rasmda bir necha voqealar bir paytda, bir sahifada yuksak mahorat bilan joylashtirilgani rassomning yuksak mahoratidan darak beradi. Kompozitsiyadagi fil tasviri orqali sohibqiron lashkarlarining kuch – qudratini namoyon etish seziladi. Miniatyuradagi asosiy gʻoyani ochib bergan qizil libosdagi sipohiy va uning yonida iltijo qilayotgan ikki qora tanli asirlar tasviri berilgan.

Miniatyuraning yana bir qimmatli jihati shundaki, bu kompozitsiya orqali oʻsha davr harbiy liboslarini oʻrganish mumkin boʻladi. Amir Temur davri jangchilar liboslarini tadqiq etgan sanʼatshunos olima Z. Rahimova “Qudratli toʻlqindek oqib keladi lashkar” maqolasida yozadi: “Amir Temur davri jangchi va sarkarda liboslari, ularning mavqeiga koʻra farqlanishi, ranglari va turli marosimlarga xos harbiy liboslari haqida aniq dalillar mavjud”. Miniatyuralarni koʻzdan kechirish jarayonida harbiy sarkardalarning liboslari uzunroq ekanligi, oddiy askarlarniki kalta, yaʼni tizzadan boʻlgani oydinlashadi. Oddiy kunlarda ham jangchilar oʻz qurol-aslahalarini taqib yurganlar. Shu bois ular oddiy xalqdan ajralib turishgan. Himoya aslahalari charm va mato ustiga metall parchalari mahkamlangan sovutlardan iborat boʻlgan. Amir Temur davri harbiylar liboslarini oʻrganishda miniatyura asarlari biz uchun asosiy manba hisoblanadi. Harbiylar libosini miniatyura sanʼati orqali oʻrganishda qiziqarli maʼlumotlarni oʻsha davr liboslari saqlanayotgan Turkiyaning Istanbul shahri Askariya muzeyi jamlamasidagi noyob kolleksiyalarda yaqqolroq koʻrish imkoni bor.

Darhaqiqat, Alisher Navoiyning “Hayratul-abror” dostonidagi asosiy gʻoyalar odil va adolatli hukmdor, haqiqatni sevuvchi, yurt va millati ravnaqini oʻz manfaatidan yuqori tutuvchi millatparvar shaxs obrazini yaratish hisoblansa, unda tasvirlangan miniatyuralar esa oʻz davri ruhiyasini tasvirlar bilan ajib holatda jonlantirib beradi.

 

Gulzoda MAHMUDJONOVA,

MRDI aspiranti

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 1-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/tasvirlarda-tarix-talqini/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x