Kechinmaning badiiy ifodasi

Shoir Gʻulom Fathiddin lirikasidagi teran kechinma hamda uning turli shakl va uslubda ifodalanishi, borliqni hissiy-falsafiy, ramziy-metoforik idrok etishi diqqatni tortadi. Zero,”tuygʻuning harakati bizga, taxmin qilingandek, ular umumiy hissiyotga yaqinlashganda emas, balki ularga singdirilgan hissiy qabul qilish maʼlum predmet va obraz olamini yaratishga xizmat qilganda seziladi. Bizning hissiy qabul qilishimiz qanchalik takomillashgan boʻlsa, bu olam bizga shunchalik goʻzal boʻlib koʻrinadi va biz uni yanada aniq tasavvur eta olamiz”[1]. Demak, voqelik natijasida shoir qalbida yuzaga kelgan kechinma qanchalik teran, yetuk boʻlsa, sheʼrning shakl va mazmun birligi ham shunchalik mukammallashadi. Gʻulom Fathiddin sheʼrlarida shunday jihatlar mavjud.

 

Rangpar derazadan moʻralardi jim,

Chinor ogʻushiga yashiringan oy.

Gʻira-shira tunda suzar xotirjam,

Joʻngina kulbamiz – tengi yoʻq saroy.[2]

 

Mazkur parcha boshlovchi band sifatida lirik qahramon koʻnglidagi hayotsevarlikni, oshiqning kuzatuvchanligi va bagʻrikengligini ochib beradi. Ikkinchi misradagi chinor va oy oʻz baxtidan masrur oshiq-maʼshuq timsoli boʻlsa, toʻrtinchi qatordagi “kulba” esa “saroy” bilan istioraviy munosabatga kirishib, mazmuni zid sifatlar yordamida lirik qahramon kechinmasining teranligini aks ettiradi. Birinchi misrada berilgan “deraza” detali lirik qahramon yuragiga nisbatan olib boruvchi yoʻl hisoblandi. Unga “rangpar” sifatining berilishi esa bir tomondan bu yoʻl koʻhnaligiga ishora boʻlsa, ikkinchi tomondan lirik qahramonning oshiqlik holati haqida ham badiiy xabar tashimoqda. Lekin, badiiy xabarning boshqa tomonlari keyingi bandda yanada kengroq ochiladi:

 

Koʻhna qoʻshigʻini xirgoyi qilar

Xushboʻy bedazorda sarmast bedana.

Zilol suv jildirab unga joʻr boʻlar,

Chigirtkalar hazin chirillar yana.

 

“Bedananing koʻhna qoʻshigʻi” jumlasi orqali sheʼrdagi zamon va makon koʻlami uzoq tarixga qadar kengayadi. Bunda “koʻhna qoʻshiq” va “sarmast bedana” jumlalari bildirgan maʼno asosiy oʻrin tutadi. Bu oʻrinda, shoir qadimiy Vatan va azaliy turmush tarzimiz – goʻzal tabiatga oshnolikni ruhiy parallelizm orqali berayotgani ayon boʻladi. Zilol suv jildirashi, chigirtkalarning hazin chirillashi tabiatdagi ohanglar va ularga yoʻgʻrilgan kechinmalar obrazi ruhimizga bir sogʻinch hadya etadi. Bedazordagi xushboʻylikdan mast boʻlgan bedananing sayrashiga joʻr boʻlayotgan tabiat ovozi bizning tuygʻularimizga taʼsir qiladi. Tuygʻular kechinmaga aylanadi. Kechinma esa Vatanga boʻlgan muhabbatni kuchaytiradi. Shoir uchun Vatan bu, avvalo, pichan hidi va sevimli maʼshuqaning yuzi, bulutlar va ohanglar, “yaproqlari shivirlab, duo oʻqiyotgan teraklar” va lirik qahramon yuragiga tushgan oʻtdir. Ana shunday detallar lirik qahramon qalbidagi koʻtarinki kechinmalarni toʻla aks ettiradi. Bu esa, uning sodda va samimiy yurakka ega bagʻrikeng shaxs ekanligidan dalolat beradi.

“Oppoq yigʻi” sarlavhali sheʼrida esa lirik qahramoni irodali, gʻururi baland shaxs ekanligi koʻzga tashlanadi:

 

Havasim keladi senga, ey, gilos,

Silagim keladi yashil boshingni.

Yigʻlar chogʻingda ham qadding tutib gʻoz,

Toʻkasan gullarga oʻrab yoshingni.

 

Gilos ham tabiiy, ham ramziy obraz sifatida bir necha mazmuniy qatlam va taʼsirchan yorqin tasvirga ega boʻlib, shoirning badiiy niyati daraxtning goʻzalligini ifodalash emas, balki, inson feʼlini ochib berishdir.

Gʻulom Fathiddin bitiklarining yana bir yaxshi jihati shakliy, uslubiy izlanishidir. Shoir qator sheʼrlarida erkin vazndan foydalangan. Aslida, har bir ijodkor oʻz onggiga taʼsir koʻrsatgan tashqi omil – turli ijtimoiy munosabat, narsa, voqea, hodisalar asosida voqelikni badiiy anglaydi va oʻziga xos ifoda etadi. Natijada, turli poetik shakllar, ifoda usullari, badiiy jihatlar yaratiladi. Jumladan, shoir oʻzbek sheʼriyatida oʻziga xos sheʼriy shakl sifatida shakllanib ulgurgan uchlikda ham sheʼrlar yozgan:

 

Qulogʻimga chalinar goho

dengiz chigʻanogʻi tovushlaridek

marmar lavhalarning hoʻrsinishlari.

 

Sheʼrdagi dunyoni anglashga intilish, marmartoshning darddan hoʻrsinishini eshitish uchun shunchaki odam emas, balki inson boʻlish kerak. Chunki haqiqiy insongina marhum qabriga qoʻyilgan toshning qabristondagi marhumlar taqdirini anglab ogʻir xoʻrsinishini tushunadi va unda doimo shabada bilan birga quloqqa chalinadigan dengiz ovozini eshita oladi. Bir qarashda dengiz chigʻanogʻi va marmarning ovozi boshqa-boshqadek tuyuladi. Lekin har ikkalasi ham tashqi tomondan turli bezaklari va nisbatan qattiqligi bilan oʻxshaydi. Shoir ana shu kichik oʻxshashlikdan katta hayotiy mazmun topa bilgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, shoir ijodida dengiz alohida oʻringa ega. Chunki dengizning bezovta qalbini tushungan dengizchi sifatida sheʼrlarida dengizga bot-bot murojaat qiladi. Lekin uni begona emas, sof milliy feʼli bilan bolasini allalayotgan ona timsolida ifodalaydi.

 

Toʻlqinlar shashtidan tebranar dengiz,

Qoyalarga urar kumush tigʻini.

Quyosh chekinmoqda qoldirmay, esiz.

Sohil oynasida nurli tugʻini.

 

Lirik qahramon dengizning kumush tigʻini, quyoshning nurli tugʻini koʻrib hayajonga tushadi va ularning vaqtincha ekanligidan afsus chekadi. Lekin bu qaytayotgan toʻlqin, botayotgan quyosh bagʻrida ertangi kunga umid borligini, jajji toʻlqin yana kurashga otlanayotganidan gʻayratga tushadi. Boshqa bir uchlik sheʼrida esa shovqinli oʻrmonni tashlab ketayogan goʻzallik timsollarining tasviri berilgan:

 

Baqiriq-chaqiriqqa toʻla gung oʻrmon.

Bundan chiqib ketmoqdalar oʻksinib,

Mening ohularim tilini tishlab.

 

Sheʼrning birinchi misrasi tezis sifatida lirik asardagi koʻlamdorlikni taʼminlaydi. Shoir sheʼr zamirida global boʻlgan ekologik muammoni yoritar ekan, oʻrmon va ohu detal-obrazlari orqali metaforik usul yordamida badiiy did, goʻzallikni tushunish kamayib borayotganidan iztirob chekadi.

Shoirning “Mavhumlik”, “Yorugʻ dunyo haqida oʻylar”, “Koʻhna jarayon haqida yangi bashorat”, “Fuqarolik haqida oʻylar” kabi sheʼrlari erkin vaznning oʻziga xos koʻrinishlari sanaladi. Ularda umuminsoniy qadriyatlar qamrab olingan boʻlib, shoir odam va olamni tushunishga intilish jarayonida paydo boʻlgan tuygʻularini lirik kechinmaning hissiyoti bilan mujassamlashtiradi.

Gʻulom Fathiddin sheʼrlaridagi lirik kechinmada lirik subʼyektning tabiiy olami teran falsafiy hissiyotga boy, serqatlam dunyosini, olam va odam mohiyatini anglashga harakat qilayotgan insonni koʻrish mumkin.

Shoir ana shu xususiyatni juda yaxshi anglagan holda, oddiy hayotiy voqelik asosida ham teran falsafiy mushohada, kutilmagan xulosa yasay oladi:

 

Hushtagini chalib shamol,

Adirlarga arqon oʻraydi.

Chechaklardan iborat olam

Tovonlardan shafqat soʻraydi[3].

 

Bir qarashda shoir tabiat tasvirini chizayotgandek tuyuladi. Sheʼrdagi “shamol” va “chechak” obrazlari predmetlilik darajasiga koʻra detal-obrazlar boʻlib, ular zimmasiga jamiyatning ikki qutbini koʻrsatish yuklangan. “Shamolning adirlarga arqon oʻrashi” shoirning ajoyib topilmasidir. Darhaqiqat, kenglik oʻrtasidasi adirni qoplagan maysa va chechaklar ustida shamolning epkini natijasida hosil boʻladigan toʻlqin goʻyo poxoldan arqon eshish natijasida havoda qoladigan izga oʻxshaydi. Shamolning holatiga aniqlik sifatida kiritilgan “hushtak chalib” iborasi esa shamolni jonlantirib, uning qalbida koʻtarinkilik, allaqanday mamnunlik borligidan darak beradi. Garchi koʻzga koʻrinmasa-da, shamolning nima bilandir mashgʻulligini bildiradi. Shu parchada shamol obrazining zimmasidagi hayotsevarlik, mehnatsevarlik qirralari koʻzga tashlanadi. Lekin bandning keyingi misralarida esa shamolning oyoqlari ostida ezilayotgan chechaklar olamining faryodini anglagan shoir qalbi yuzaga chiqadi. “Chechaklarning ovozi” va “shamolning harakati” ikkala qirraning banddagi faoliyatida oʻzaro mazmuniy ziddiyatga kirishishi taʼminlagan unsurlardandir. Mazmuniy ziddiyat dastlabki oʻrinda, sof tabiiy tasvir boʻlsa, ikkinchi mazmuniy qatlamda, istioraviy koʻrinish oladi va ijtimoiy tasvirga aylanadi. Uchinchi oʻrinda esa, ular yoniga lirik subʼyekt ovozi ham qoʻshiladi. Bu ovoz asosan, ikki qudratli kuchni anglagan shaxsning ovozi sifatida hali lirik voqelikka jadal aralashgani sezilmaydi.

 

Kezib yurar xazonlar isi,

Kengliklarda tovlanar sarob,

Nahot, nurga boʻlgan sevgisi

Lolazorni aylagay xarob?

 

Mazkur bandda shoirning avvalgi toʻrtlik tasvir zamiridagi hadigi kuchaya boshlaydi. Yaʼni, lirik subʼyekt lirik voqelikka aralashadi. Lekin ungacha yana lirik kompozitsiyada tezislar beriladi: “Kezib yurar xazonlar isi”, “Kengliklarda tovlanar sarob”. Lirik subʼyektning kuzatuvchanligi, bahorda ham, yaʼni, hamma narsa gullab, yashnab, maysalar, yaproqlar soʻlmaydigan koʻklamda xazon isini tuyushi, sarobni koʻrishi va uning zimmasidagi maʼnaviy koʻchimlarni anglashi sheʼrning mazmuniy doirasini kengaytiradi. Bu oʻrinda nur va lolazor detallari orqali odamlar qalbidagi yorugʻlik, noziklik, goʻzallikni anglashimiz mumkin.

Shoir ijodining yana bir jihati sheʼrdagi lirik xronotoplar (bahor, qir), lirik kompoziya (tezis, antitezis va xulosa), sintaktik usullar (ritorik soʻroq, metafora)dan unumli foydalanganida koʻrinadi.

Yuqorida aytilganidek, shoir metaforadan unumli foydalangan. Buni “Ozodlik suvrati” nomli sheʼrida kuzatishimiz mumkin[4].

Shoir mazkur sheʼrida, Vatanning suratini metaforaga aylantirgan.

 

Uning qarshisida oqarardi vaqt –

Tun rangli sochlarin bosmish qorli tong.

Koʻkrak qafasiga qilmasdan shafqat

Osilgan yuragi chalayotir bong.

 

Aslida, real hayotda vaqt oqarmaydi. Lekin Gʻulom Fathiddin metafora yordamida “vaqt” xronotopini muvafaqqiyat bilan epitetlagan. Coch va tong detallari orqali esa vaqtning tundan tongga qarab harakatlanishi ifodalangan. Ana shu harakat esa tun va tong xronotoplarining vaqtga nisbatan maʼno koʻchimini, yaʼni, metaforani topa bilgan. Yurakning har bir urishi kishilarga insonparvarlik gʻoyasini singdiruvchi bongdek yetishi sheʼrdagi muayyan shaxsning ozodlikka talpinishidek yangraydi.

Yana bir jihat. Gʻulom Fathiddin sheʼrlarida oʻzidan avvalgi shoirlar ijodidan taʼsirlanishi va ularning anʼanalariga yondashishi ham yaqqol koʻzga tashlanadi.

Ijodiy taʼsirning yana bir muhim jihati, jamiyat yoki ijodkorda mumtoz adabiyot vakili va u yashagan davrga nisbatan tashqi yaqinlik shakllanishida ham kuzatiladi. Shu maʼnoda, Gʻulom Fathiddinda mustaqillik davrida berilgan ijodiy erkinlik natijasida ajdodlarimiz merosiga nisbatan hurmat kuchaygan va shoir badiiy qirralarni chuqur oʻrganishga harakat qilamoqda.

 

Qahhorjon YOʻLCHIYEV,

filologiya fanlari doktori

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

 


[1] Potebnya A.A. Slovo i mif. M.: Pravda, 1989. – S.17-200.http://philologos.narod.ru/potebnja/

[2] Gʻulom Fathiddin. Istak. sheʼrlar. Toshkent “Kamalak” nashriyoti. 1992 yil.

[3] Gʻulom Fathiddin.  Lojuvard soya. Sheʼrlar, dostonlar, tarjimalar. Toshkent. “Sharq” nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2012. –B.23

[4] Yuqoridagi manba.- B.39.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kechinmaning-badiiy-ifodasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x