Qoʻshaloq dahmaza

Issiqqina sandalda oʻtirib nonushta qilayotgan edim. Kutilmaganda eshik sharaqlab ochilib, xotin hovliqqancha uyga bostirib kirdi. Uning qoʻlidagi qurum bosgan tandir kosovni koʻrib, shoshib qolganimdan piyoladagi qaynoq choyni toʻkib yuboray dedim.

– Tez tashqariga chiqing! – dedi u. – Itimiz quturibdi.

– Esing joyidami? Mushukday beozor kuchukchayam quturarkanmi?

Xotinimning qoʻrqqanidan quloqlari bitib qolgan shekilli, gapimni eshitmadi. Loyga botgan kavushini yechmasdan deraza tomon yurdi. Men esa lunjimdagi luqmani chaynamasdan yutib, shosha-pisha hovliga chiqdim.

Kuchugimizning quturgani rost, shekilli. Boyaqish ayanchli angillagancha hovlida u yoqdan-bu yoqqa zir chopyapti. Tili tumshugʻidan chiqib, bir qarich tasmaday osilib qolgan.

– Simba, bah-bah.

Jonivor yugurishdan toʻxtab, menga qaradi. Yo, tavba! Qutursa, mushtdaygina laycha ham koʻzingga yoʻlbarsday vahshiy boʻlib koʻrinarkan. Simbaning menga qadalgan mitti koʻzlari sovuq yiltirar, irkit tumshugʻidan tinimsiz koʻpik oqardi. Uning vajohatini koʻrib badanimdan muzday ter chiqib ketdi. Yaxshiyam vaqtida uyga kirib, eshikni yopishga ulgurdim. Sal imillasam, tashlanib qolardi-yov.

– Obbo, palakat-yey! Bu balo qayerdan yopishdi ekan unga…

– Boʻlar ish boʻldi, – dedi ancha oʻziga kelib olgan xotinim. – Quturgan hayvon qaytib tuzalmaydi. Tezroq bu shoʻrtumshuqni bir yoqlik qiling.

Tashqariga chiqishga hecham oyogʻim tortmayotgan edi.

– Ozgina kutib tursak, oʻzi biryoqlik boʻlib qolar…

– Hademay bolalar maktabdan qaytadi, – jerkib berdi xotinim. – Ungacha mergan togʻangizni chaqirib kelib, kuchukni ottirib tashlang.

Oʻylab koʻrsam, shundan boshqa chorasi yoʻq ekan. Xotinning qoʻlidan tandir kosovni olib, istar-istamas tashqariga chiqdim. Baxtimga ogʻilxonaning yonida gʻujanak boʻlib yotgan Simba meni payqamadi. Ehtiyotkorlik bilan darvozadan chiqib oldimu, oyogʻimni qoʻlimga olib togʻamnikiga chopdim.

Qodir togʻam bu xabarni eshitgach, devorga osigʻliq miltigʻini olib obdon tozaladi. Keyin oʻqlab, besh-oltita patronni choʻntagiga soldi.

– Tagʻin kuchuging tishlab olib, ziyon yetkazmasin, – deya egniga qalin jun chakmon kiyib, boshiga moʻyi toʻkilgan eski telpakni bostirdi.

Uyga yetib kelishimiz bilan Qodir togʻam miltiq oʻqtalgancha darvozadan moʻralab, hovlini kuzata boshladi. Men esa gumburlagan oʻq ovozi qulogʻimga zarar yetkazmasin degan niyatda besh-oʻn qadam narida yurak hovuchlab turibman.

– Kuchuging koʻrinmaydi-ku?

Togʻa-jiyan hushyorlikni susaytirmay hovliga kirdik. Boyagina hovlini boshiga koʻtarib chopib yurgan Simbadan nom-nishon yoʻq edi. Shu payt tandirxona tarafdan allaqanday kuyindi hidi kelayotganini payqab qoldim. Shoʻring qurgʻur Simba jon haybatda oʻzini yonib turgan tandirga urganga oʻxshaydi!

Togʻam miltigʻini shaylab tandirga moʻraladi.

– Rasvo boʻpti, – dedi u jahl bilan. – Kelinning koʻzi qayoqda edi?

Bechora Simba! Quturgani yetmaganday, peshonasiga olovda jizgʻanak boʻlib oʻlish ham bitilgan ekan-da… Endi tandirning ham bahridan oʻtishga toʻgʻri keladi.

Koʻnglim buzilib, koʻzlarimdan yosh chiqib ketay dedi. Istar-istamas tandirga engashdim. Xayriyat, adashibman. Choʻgʻi langʻillab turgan tandirda kuyib, qop-qora koʻmirga aylanib qolgan nonlar tutayotgan ekan.

Eshik gʻiyqillab ochilib, xotinim uydan chiqdi.

– Simba qani?

– Hozirgina koʻchaga yugurib ketdi. Quturmay har balo boʻlsin. Shuning kasriga bir tandir nondan ayrildim.

– Tagʻin bitta-yarimta odamga tashlanib qolsa-ya! – dedim kapalagim uchib.

Togʻam bilan Simbani axtarib qishloqni kezib chiqdik. Biroq topolmadik. Yoʻlimizda uchragan odamlarga vaziyatni tushuntirib, ehtiyot boʻlishni tayinladik.

– Kuchuging biron kavakda oʻlib-netib qolmagan boʻlsa, uyga qaytib boradi, – dedi togʻam.

Ikkovimiz darvoza yonidagi katakning panasiga bekinib olib, Simbani kuta boshladik. Togʻamning qoʻlida miltiq, menda esa tandir kosov. Xotin bilan bolalar eshik-tuynukni berkitib, derazadan moʻralab oʻtirishibdi. Simba darvozadan kirishi bilan togʻam uni otib tashlaydi. Mabodo oʻqi xato ketsa yoki laycha yengilroq yaralanib, hujumga oʻtsa, miltigʻini qayta oʻqlagunicha kamina uni himoya qilishim zarur. Oʻylashimcha, mening aralashishimga hojat qolmasa kerak. Chunki togʻam chumchuqni koʻzidan uradigan merganlar toifasidan.

Darvozaga tikilib oʻtirib Simbaga rahmim kelib ketdi. Jonivor qanday aqlli kuchuk edi-ya! Katta oʻgʻlim uni mushtday kuchukbachcha paytida allaqayoqlardan topib keluvdi. Uch-toʻrt oyda binoyidaygina kuchukchaga aylandi. Boʻyi bir qarich, mittigina boʻlgani bilan hovlimizni uncha-muncha boʻribosardan yaxshiroq qoʻriqlardi. Darvozadan begona odam kirsa, sherday tashlanardi oʻziyam! Uning sharofati bilan qoʻshnilarning dardisar tovuqlari-yu, yarim tunda oshxonani agʻdar-toʻntar qilib ketadigan daydi mushuklarning ham qorasi koʻrinmay qoluvdi.

Qurgʻurning koʻrinishi ham chiroyli edi. Takanikidek uzun, oqish tusli juni nuqraday yaltirab, koʻrgan koʻzni quvnatardi. Kinolarda ajnabiy xotinlar bunaqa kuchukchalarni bolasiday bagʻriga bosib, papalab yurishadi.

Shunday kuchukdan judo boʻlish ogʻir botadi-da odamga. Yaqin doʻstimning iti oʻlib qolganida xotini-yu bolalari bilan qattiq qaygʻurganini koʻrib kulgim qistagan edi. Endi bilsam, ungayam oson boʻlmagan ekan…

Togʻa-jiyan anchadan beri darvozaga hushyor termilib oʻtiribmiz. Bu orada osmondagi bulutlar yanayam quyuqlashib, izgʻirin shamol esa boshladi. Togʻam-ku qalin chakmonga oʻranib olgan, ammo men yupunroq kiyinganim uchun sovuq suyak-suyagimdan oʻtib ketib, oyoq-qoʻlim tarashaday qotib qoldi. Buning ustiga, ochlikdan oshqozonim quldirab, koʻnglim behuzur boʻla boshladi. Ogʻilxonada esa kun boʻyi qarovsiz qolgan gʻunajinning ovozi oʻchmaydi. Xuddi men yeb, u quruq qolganday. Tezroq Simbani biryoqlik qilsak, keyin issiqqina sandalga kirib olib, toʻyib ovqatlanardim. Aksiga olib, bu kasofatdan shu paytgacha darak yoʻq.

Shomga yaqin Qodir togʻamning toqati toq boʻlib, oʻrnidan turdi.

– Qorongʻida moʻljalni yaxshi ololmayman, – dedi u. – Lekin sen hushyor boʻlib tur. Mabodo kuchuging kechqurun qaytib kelsa, yoʻlini qilib, ustidan suv quyib yubor. Quturgan jondorning badaniga suv tegsa, til tortmay oʻladi.

Har ehtimolga qarshi bolalarni ham togʻamga qoʻshib yubordik. Soʻng xotin bilan maslahatlashib, uyga ikki chelak suv kiritib qoʻydik.

Joʻrttaga qilganday, togʻam ketishi bilan Simba hovlida paydo boʻlib qolsa deng! Oʻzi juda ziyrak kuchuk edi. Uni otib tashlamoqchi boʻlganimizni sezganga oʻxshaydi.

Simba derazadan qarab turganimizni koʻrib, asta oldimizga keldi. Badbaxtning ahvolini koʻrib battar ezilib ketdim. Bir kunda ozib-toʻzib, kumush tusli junlari kul sepilganday xira tortib qolibdi. Paxmoq dumini osiltirib, sharpaday sudralib yuribdi. Tumshugʻidan chiqib qolgan tili koʻkarib, doʻmbiraday shishib ketgan. Angillashga ham holi kelmay, ora-sira boʻgʻiq tovushda xirillab qoʻyadi.

– Voy, bechora! Adoyi tamom boʻpti-ku, – dedi xotinim yigʻlamoqdan beri boʻlib.

– Boyaqishga yordam berishimiz kerak, – dedim xoʻrsinib. – Suvni ber menga.

– Balki quturmagandir? Ertagacha shoshmay tursak boʻlarmidi…

– Senga bundan ortiq qanaqa isbot kerak? – dedim battar jahlim chiqib.  – Koʻzlari hammasini aytib turibdi-ku.

Xotinim suv toʻla chelakni qoʻlimga tutqazib, nari ketdi. Men asta derazani ochdim. Simba shundoqqina roʻparamda choʻnqaygancha menga maʼyus qarab turibdi.

– Bizdan rozi boʻl, Simba!

Chelakdagi suvni ustidan sharillatib quyib yubordim. Simba chap berishga ulgurmadi. Boshidan tortib, paxmoq dumigacha jiqqa hoʻl boʻldi. Ojizgina xirillab, jonholatda darvoza tomonga yugurdi.

Kechqurun xotinim bilan ancha payt Simbaning qiliqlari, yaxshi xislatlarini eslab oʻtirdik. Ikkovimizning ham kayfiyatimiz tushib ketgan edi. Xotinim orada bir-ikki marta koʻzyoshi ham qilib oldi.

Oʻlguday charchagan edim. Gapirib oʻtirib uxlab qolibman. Allamahalda xotinim turtkilab uygʻotdi.

– Hovlida birov yurganga oʻxshaydi, – dedi u vahima bilan. – Boyadan beri allaqanday shovqin eshitilyapti.

Nafasimni yutib quloq soldim. Tashqarida shamol uvullar, ora-sira hovlining goh u burchagidan, goh bu burchagidan son-sanoqsiz shishalarning jarang-jurungini eslatadigan ovoz eshitilib qoladi. Mayingina, zaifgina, lekin yurakka qoʻrquv soladigan sirli bir tovush!

– Chiroqni yoq-chi, – dedim kiyina turib.

– Qurib ketsin! Shu paytda elektr oʻchib qolibdi.

Timirskilanib derazani topdim-da, tashqariga moʻraladim. Hammayoq zim-ziyo, yilt etgan yorugʻlik yoʻq. Nuqul shishalarning shaldirashi-yu, allaqanday tapir-tupur ovoz eshitiladi. Bir payt sirli shovqin deraza tomonga yaqinlashib kela boshladi. “Balodan hazar”, – deya shu zahoti pardani yopib, toʻshakka kirib oldim.

– Nima ekan? – soʻradi xotinim xavotir bilan.

– Bilmasam… Qorongʻida hech narsa koʻrinmayapti.

Kutilmaganda shaldir-shuldur ovoz shundoqqina derazaning ortidan eshitilib, oyna qitirlaganday boʻldi. Yana allaqanday xirillash ham qoʻshildi. Xotin shoʻrlik meni mahkam quchoqlab oldi. Isitmasi koʻtarilgan bemorga oʻxshab aʼzoyi badani dagʻ-dagʻ titraydi. Toʻgʻrisini aytsam, oʻzimning ham ahvolim unikidan pesh emas. Shaldir-shuldur ovozlar sira tinay demaydi. Kun boʻyi quturgan kuchuk mashmashasi, kechqurun bu dahmaza… Rosa boshogʻriq kun boʻldi-da oʻziyam.

– Chiqib qaramaysizmi? – dedi xotinim zarda bilan. – Erkak kishisiz axir!

Togʻamning miltigʻini olib qolish esimga kelmaganini qarang. Hech qursa tandir kosov yonimda boʻlganida ham mayli edi. Aqli bor odam bunday paytda quruq qoʻl bilan tashqariga chiqmaydi. Istar-istamas oʻrnimdan turdim. Borib, derazaning rafiga musht tushirdim.

– Yoʻqol bu yerdan! – deya baqirdim tomogʻim boʻgʻilib. – Yoʻqsa, hozir miltiq bilan peshonangdan darcha ochib qoʻyaman!

Sirli maxluq haybatimdan choʻchidi shekilli, oynani timdalashni bas qilib, shaldir-shuldur qilib qochib qoldi. Oʻzimga boʻlgan ishonchim ortib, ancha yengil tortdim.

– Qoʻrqma, xotin, maxluqni haydab yubordim. Qaytib uyga yaqinlashmaydi.

Shu kuni ertalabgacha hovlimizda shaldir-shuldur ovoz tinmadi. Bunaqa paytda koʻzga uyqu kelarmidi? Bir-biridan vahimali oʻylardan miyam gʻovlab ketdi. Bir paytlar buvam rahmatlidan eshitgan edim, shomdan soʻng jin-ajinalar yer yuziga chiqib, tonggacha izgʻib yurarkan. Bitta-yarimta odam yoʻlida uchrab qolsa, ziyon-zahmat yetkazishdan toymas emish. Yanayam kim biladi deysiz? Bu dunyoda odam bolasining aqli yetmaydigan sinoatlar oz emas. Ishqilib, ertaga xoʻroz-poʻroz soʻyib, qon chiqarib yubormasak boʻlmaydi-yov!

Aksiga olib, tun achchiq ichakka oʻxshab choʻzilgandan-choʻzildi. Er-xotin bir-birimizning pinjimizga kirib, nafasimizni ichimizga yutgancha sirli shovqinga quloq tutib yotibmiz. Kutilmagan sinov ikkovimizni bir-birimizga juda yaqinlashtirib qoʻygan edi. Bu orada shamol tinib, shishalarning jarangi onda-sonda eshitila boshladi.

Nihoyat, katakdagi qizil xoʻroz choʻzib-choʻzib qichqirdi. Uning xirqiroq ovozi qulogʻimga nayning sadosiday yoqimli eshitildi. Pardaning tirqishi yorisha boshlaganda yelkamdan togʻ agʻdarilganday yengil tortdim.

Xotinim tongga yaqin uxlab qolgan edi. Uni uygʻotib yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan oʻrnimdan turib, eshikni ochdim. Tashqarida gupillab qor yogʻar, hammayoq oppoq tusga kirib ulgurgan edi.

Tuyqus tanish shaldir-shuldur ovoz shundoqqina yonimda eshitilsa boʻladimi! Oʻrnimda qoʻrqoqroq odam boʻlganida yuragi yorilib ketishi tayin edi. Ne koʻz bilan koʻrayki, ostonada Simba menga yaltoqlanib qarab turibdi!

Kechagi vajohatidan asar ham yoʻq. Doʻmbiraday shishib ketgan tili allaqachon oʻz holiga qaytgan. Takanikiday uzun junlariga osilib turgan son-sanoqsiz sumalakchalar yurganida bir-biriga urilib, shaldir-shuldur ovoz chiqaradi. Avvaliga hech narsani anglolmay, unga baqrayib qarab qoldim. Oqshom Simbaning ustidan bir chelak suv quyib yuborganim esimga tushdi-yu, hammasini tushundim. Bechoraning jiqqa hoʻl boʻlgan junlari kechagi sovuqda muzlab qolibdi…

Simba quturmagan ekan.

Maʼlum boʻlishicha, laychasi qurgʻur qoʻshnimiz Bahrom akaning hovlisida mollarga pishirilayotgan qaynoq kunjarani yalab qoʻyib, tilini kuydirib olgan ekan. Mushtdaygina kuchukning badnafsligi shuncha tashvishga sabab boʻlishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?

Simba-ku omon qoldi, lekin uning dastidan katakdagi tovuqlar aziyat chekadigan boʻldi. Chunki oʻsha kuniyoq qizil xoʻrozni soʻyib, ixchamgina marosim oʻtkazib yuborgan edik.

 

Gʻafur SHERMUHAMMAD

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

https://saviya.uz/ijod/nasr/qoshaloq-dahmaza/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x