Samarqand sayqali

(Bir parda, sakkiz koʻrinishli drama)

 

Qatnashuvchilar:

  1. Alisher Navoiy – 24-28 yoshlarda
  2. Moʻysafid – nuroniy chol, 90 yoshlarda
  3. Abu Lays Samarqandiy –Navoiyning ustozi
  4. Ahmad Hojibek – Samarqand hokimi
  5. Sohib Siddiq – Ahmad Hojibek saroyiga Hirotdan yuborilgan josus
  6. Davlatshoh Samarqandiy – shoir, tarixchi
  7. Mir Qarshiy – shoir
  8. Mavlono Riyoziy – shoir
  9. Yusuf Safoiy – Navoiyning saboqdoshi, shoir
  10. Xiramiy Qalandar – shoir
  11. Sayyid Qutb Samarqandiy – shoir
  12. Mirzobek – Navoiyning shogirdi, shoir
  13. Sharpa – Navoiyni taʼqib etuvchi kimsa
  14. Qiz – Abu Lays Samarqandiyning qizi, 18 yoshlarda
  15. Feruza – Abu Lays Samarqandiyning jiyani

Eshik ogʻasi, mugʻanniy, sipohlar, karvon ahli, oʻtkinchilar, navkarlar va hokazolar.

Voqealar 1465-1469 yillarda Samarqandda boʻlib oʻtadi.

 

Muqaddima

 

Sahnaning muayyan bir nuqtasi yorishib, u yerda Navoiyning tashvishli, iztirobli, horgʻin siymosi namoyon boʻladi.

 

Navoiy:

 Bu olam mulkida hamma yoʻlovchi,

Sayyohdir dunyoga kelgan har odam.

Manzil-marohilga yetgunicha to

Yetaklagay uni qismat karvoni.

Menday darbadarni yoʻl azobimas

Javobsiz savollar horitar, ezar…

Nechun odamiymas odam bolasi

Nechun bir-birining qoniga tashna?

Aziz va mukarram yaralmish banda

Nechun Tangriningmas, nafsining quli?

Qachon osoyishta boʻlgay yer yuzi?

Qachon tingay afgʻon, qachon tingay dod?

Qachon komil boʻlgay johil olomon?

Qachon gʻolib boʻlgay qalb va maʼrifat?

Qachon?.. Qachon?.. Qachon?..

 

Sahnadan gʻira-shira qorongʻilikda karvon oʻta boshlaydi. Navoiy karvon ortidan vazmin ergashadi. Karvon oʻtib ketgach, sahna yorishadi va Samarqand manzarasi namoyon boʻladi.

 

Birinchi koʻrinish

 

Samarqandning oʻrta asrlardagi umumiy koʻrinishi. Darvozadan kirib kelgan karvonni qarshi olganlar shovqin-suroni, gʻala-gʻovur. Alisherbek yelkasidagi gilamxurjunni horgʻin qiyofada ohista yerga qoʻyadi. Avval atrofdagilarga, keyin shahar manzaralariga qaraydi va asta-sekin chehrasi yorishib, horgʻinlik oʻrnini hayrat egallaydi. Peshonasiga kaftini soyabon qilib, shaharning uzoq-yaqin obidalariga nazar tashlaydi:

Alisherbek:

 Samarqand – olamning sayqali, koʻrki!

 

(oʻziga-oʻzi)

 Jannatmakon Hazrat Sohibqironkim,

Poytaxt aylamishdir jumla jahonga!

Samarqand – mana u firdavsmonand kent!

Afsonaviy shahar, najot qoʻrgʻoni!

Valiylar makoni, pirlar maskani!

Oliyshon binolar, dilkusho bogʻlar –

Tafakkur mevasi, qudrat timsoli.

Tangriga shukrkim, yetkurdi bizni!

 

Shu payt, Alisherbek yoniga nuroniy moʻysafid keladi. Uning nazarini payqagan Alisherbek salom beradi.

Alisherbek:      

Assalomu alaykum!

 

Moʻysafid:

 Vaalaykum assalom!

Xush kelibsiz, oʻgʻlim!

 

Alisherbek:

 Xush koʻrdik, ota!

 

Moʻysafid:                   

Qarasam, bir chetda turibsiz, yolgʻiz,

Hech kim bilmaydimi tashrifingizni?

Xabar topmaganmi xesh-aqrabolar?

Savdogar emassiz, sayyoh emassiz,

Yuzu koʻzingizda ulugʻ bir tashvish?..

 

Alisherbek:

 Ha, bu jon tashvishi, mol tashvishimas…

Xuroson elida qiyomat qoʻpdi…

Qaydadir huzurbaxsh bodi sabolar?

Qaydadir ipakdek sirgʻalgan nasim?

Qaydadir rayhonboʻy xush shabbodalar?

Yor sochin chulgʻatgan epkinlar qayda?

Tuproq hidin sochgan koʻklam yellari…

Ashʼor, abyotlarda qoldilar faqat…

 

Moʻysafid:

 Baloi nafs bois Qobil va Hobil

 

(oʻylanib)

 Bir-birin joniga qasd qilgan chogʻdan

Meros boʻlib qolgan laʼnati illat

Qutqu solaverar gumroh qalblarga.

Nahot, anglamaydi bani odamzod,

Urush – bu, aslida, oʻz joningga qasd,

Gʻoliblik yoʻq bunda, muzaffarlik yoʻq,

Magʻlub boʻlajak har ikki taraf ham!

Derlarki, zaharga toʻlganda chayon

Nishin oʻz boshiga sancharkan oxir.

Afsuski, bu urush tufayli boyib,

Gʻaznasi tilloga toʻlguvchilar bor.

Ularning qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlib,

Jon olib jon bergan nodonlar qancha?

Azroilga dastyor, shaytonga malay,

Doʻzax qilmoq boʻlar yer yuzini ham!

 

Alisherbek:      

Urushning birinchi dushmani – ona,

Urushning birinchi qurboni – mehr:

 

                          

Mehr koʻp koʻrguzdim, ammo, mehribone topmadim,

Jon base qildim fido, oromijone topmadim.

 

(Gʻazalni moʻysafid davom ettiradi.)

Moʻysafid:       

Gʻam bila jonimgʻa yetdim, gʻamgusore koʻrmadim,

Hajr ila dilxasta boʻldim, dilistone topmadim.

 

Alisherbek:

 Taajjub! Yo tavba, hayratangiz hol!

 

(hayajonlanib)

Sizga ham tanishmi bu bayt, bu dardlar?

 

Moʻysafid:

 Sizni ham tanidim shu baytlar bois,

Sizni farzandim deb bilar Samarqand,

Sizni shoirim deb ulugʻlaydi el,

Xush koʻrdik, marhabo, oʻgʻlim Alisher!

 

(Moʻysafid Navoiyni quchoqlab koʻrishadi va Alisherbek moʻysafidga savol nazari bilan qaraydi.)

Alisherbek:

 Siz?

 

Moʻysafid:

 Biz sheʼrga muhib.

(Taraddudlanib)

 

 Xoʻsh, qayon borurmiz, manzil qayonda?

 

Alisherbek:

 Tashna odam borur buloq boshiga,

Men bunga maʼrifat qidirib keldim.

Istab keldim yana osoyishtalik,

Insoniy hislarni keldim sogʻinib.

 

(Shu payt bir yigitcha – Mirzobek ularga yaqinlashadi.)

 

Mirzobek:

 Maʼzur tutgaysizlar, suhbatni tinglab,

Bildimki, bu mehmon – shoir Navoiy.

Kamina – havasmand muxlis Mirzobek,

Ustoz deb bilurman sizni oʻzimga,

Tolibman Ulugʻbek madrasasida.

Har karvon kelganda maktublar olib

Yetkazib berurman sohiblariga…

Tangri rost keltirdi, Haq yorlaqadi,

Siz bilan uchrashdim, yuring, marhabo!

Yoʻl azobi derlar, biroz tin oling,

Soʻng bahramand aylang suhbatingizdan.

 

(Yerdagi gilamxurjunni Mirzobek oladi. Navoiy moʻysafid bilan xayrlashmoq uchun qarasa, u gʻoyib boʻlgan. Taajjubda, hayratda chiqib ketadilar. Sahnada uch sipoh paydo boʻladi. Biri – Sohib Siddiq.)

Sohib Siddiq:

 Mana yetib keldik, senga ijozat,

Duoi salomim yetsin Hiriyga.

Topshiriq albatta oʻrinlagusi.

 

Birinchi sipoh:

 Bosh ustiga, xojam!

(Ketadi.)

Sohib Siddiq 

 

(Ikkinchi sipohga):

Shubha-ishtiboh yoʻq sadoqatingga,

Bir lahza ham koʻzdan qochirma uni!

Bilgilki, asosiy dushmanimiz shu!

 

(Ozgina toʻxtalib, tahdidli past ovozda)

 

Va zarur boʻlganda…

 

(Qoʻlini tomogʻiga yurgizib, boshni olishga ishora qiladi.)

 

Ikkinchi sipoh:

 Xoʻp boʻladi, xojam!

 

(Ikkinchi sipoh Navoiy ketgan tomonga yoʻl oladi. Sohib Siddiq ham taraddudlanib chiqib ketadi.)

Ikkinchi koʻrinish

 

Samarqand hokimi saroyi. Ahmad Hojibek hujjatlar bilan tanishib oʻtiribdi. Eshik ogʻasi kiradi.

Eshik ogʻasi:

 Uzr, davlatpanoh, Hiriydan kelgan

Mehmon izn soʻrar besabr…

 

Ahmad Hojibek:

 Mehmon? Darvoqe… ha, kirsin!

 

Sohib Siddiq qoʻlida yorliq bilan kirib keladi.

Sohib Siddiq:

 Poytaxtdan salom, ey janobi hokim!

 

Ahmad Hojibek:

 Xush koʻrdik, marhabo, kelingiz, mehmon!

 

Sohib Siddiq:

 Buguncha mehmonman, mezbon ertadan,

Kelmogʻim boisi – saltanat hukmi!

 

Sohib Siddiq yorliqni Ahmad Hojibekka topshiradi.

Ahmad Hojibek:

(yorliqni ochib, koʻz yugurtirib)

 

 Bizga chopar kelgan. Xabarimiz bor…

 

Sohib Siddiq:

 Hokim janoblari, karamingiz keng,

El ichra dostondir muruvvatingiz,

Adolatingiz ham tillarda doston.

Bebadal sadafning nodir gavhari –

Zurriyodidirsiz Sulton Malikning.

Siz Ahmad Hojibek – davlat tayanchi,

Hiriyda oʻn yilkim, hukumat tutib,

Bu kun Samarqandning muhofizisiz.

Bahodirligingiz taʼrifdan ortiq,

Zehningiz chaqmoqdek, dastingiz uzun…

 

Ahmad Hojibek:

 Bas, muddao nedir, maqsadga oʻting?

 

Sohib Siddiq:

 Men sodiq sipohiy, bir fahmi ojiz,

Sizga aql boʻlmoq fikridan yiroq,

Zero, Aflotundek mushohadangiz.

Ammo bir fikrni aytmasam hozir

Dushmanlik boʻladi sizga nisbatan.

 

Ahmad Hojibek:

 Gapni koʻp choʻzasiz, ey, Sohib Siddiq,

Oʻzimni oʻzimga tanishtirasiz,

Nima demoqchisiz, ochiqroq ayting?

 

Sohib Siddiq:

 Abu Said Mirzo sizni xoʻb siylab,

Samarqand mulkini etmish inoyat.

Haqqin ado qilmay bu muruvvatning

Uning dushmaniga iltifot etmak

Sulton gʻazabini qoʻzgʻatar shaksiz.

 

Ahmad Hojibek:

 Yaʼni?

 

Sohib Siddiq:

 Yaʼni, Navoiyni chorlabsiz bunga,

Marhamat va himmat qoʻlini choʻzib,

Doʻstlik qilmoqdasiz toj dushmaniga.

Axir, Navoiyning xesh-aqrabosi

Saltanat dushmani ekani ayon.

Sultonga tish qayrab tagʻoyilari

Yogʻiy tarafida turib jang qilmish

Va boshdan ayrilmish oʻshal avboshlar.

Otasi qanchalar davlatmand edi,

Sabzavor shahrining hokimi boʻlgan

Gʻiyosiddin Bahodir yodingizdadir.

Undan meros mol-mulk, yer-suv batamom

Musodara boʻldi, nishon qolmadi.

Badargʻa qilindi Alisherbek ham.

Barin bilib turib quchoq ochmoqlik

Qasd qilmoq demakdir oʻz jonimizga.

Sulton Abu Said buni kechirmas!

 

Ahmad Hojibek:

 Nima qilmoq kerak, sizningcha, soʻylang?

 

Sohib Siddiq:

 Badargʻa etildi, bu bejiz emas,

Hazrati Sultondan bu bir ishora:

Gumdon qilmoq kerak imi-jimida!

Shunda Abu Said minnatdor boʻlib

Yuksak qadrlagay sadoqatingiz.

Ishorat kofiydir oqil sipohga.

 

(Ahmad Hojibek jahl bilan oʻrnidan turib ketadi.)

 

Ahmad Hojibek:

 Bas, yetar, bir boshda buncha qabohat!

 

Sohib Siddiq:

 Saltanat soʻzidir bu, mening emas,

Zero, sizni oʻylab aytdim barini.

 

(Shu payt eshik ogʻasi Navoiy kelganini maʼlum qiladi.)

 

Eshik ogʻasi:

 Hokim janoblari, maʼzur tutgaysiz,

Izn soʻrayotir shoir Navoiy!

 

Ahmad Hojibek:

(Sohib Siddiqga qahrli qarab turib)        

Shoir Navoiy!

 

(Eshik ogʻasiga):

 Marhamat qilsin!

 

Sohib Siddiq:

 Ijozat etsangiz, bir chetda turib

 

(kesatib)         

 Shoir Navoiyning soʻzin tinglasam!

 

Ahmad Hojibek istar-istamay bosh irgʻab, rozilik ishorasini beradi. Sohib Siddiq sahna chetiga oʻtadi. Navoiy kirib keladi.

Alisherbek:

 Assalomu alaykum, hokim janoblari!

 

Ahmad Hojibek:                     

Vaalaykum assalom, muhtaram shoir,

 Hay, qaysi shamollar uchirdi sizni?

 

Alisherbek:

 Ha, toʻgʻri aytdingiz, bizni xas kabi

Chirpirak uchirar qismat shamoli.

Uning izmidaman bolalik chogʻdan.

Oʻzingizga maʼlum – bir toifa bor,

Urushsiz, qirgʻinsiz yashay olmaydi.

Murgʻak goʻdaklarning qonlarin ichib,

Ayollarni hayvon oʻrnida koʻrgan

Yovuzlar talotoʻp koʻtargan mahal

Afgʻon shamollari kelar jumbishga.

 

Ahmad Hojibek:

 Astagʻfurilloh!

 

Alisherbek:                  

Bizning boshimizga shamolu boʻron,

Toʻfonlar, dovullar dagʻdagʻa solar.

Urush quyunining girdibodida

Toʻzgʻib bitdi bizning qutlugʻ xonadon…

Otamdan ayrildim, onaizorim:

Mushfigʻim, munisim, gʻambodam onam!..

 

(Uh tortib, davom etadi.)

 

 

Qavmu qarindoshim qancha-qanchasi –

Bulbulzabon shoir tagʻoyilarim

Boshini uchirdi urush shamoli

Va yana necha el, ulus sargardon,

Boʻrondagi xasdek ojiz, beqaror.

 

Ahmad Hojibek:

 Ha, urushdan tugʻilar urush, adovat,

 

(taʼsirlanib) 

 Kelajak boʻlmaydi jang maydonida,

Faqat jon saqlashni oʻylar olomon…

Fojia… fojia…

 

Alisherbek:

 Mana shu fojia tutuni aro

Samarqand najotdek chorladi bizni…

 

Ahmad Hojibek:

 Siz tashvish chekmangiz, aslo, shoirim,

Sizga quchoq ochar najot qoʻrgʻoni.

Maʼlum, Samarqandni Samarqand qilgan

Samarqandiylarning aqlu zakosi…

 

Qarsak urib, “Hoy” deb eshik ogʻasini chorlaydi.

Eshik ogʻasi kirib keladi.

Eshik ogʻasi:                 

Labbay, davlatpanoh!

 

Ahmad Hojibek:

 

Fazlulloh Abu Lays Samarqandiyning

Qutlugʻ dargohiga kishi yuboring.

Aytingkim, Hirotdan Navoiy kelmish!

 

Alisherbek:

 Behad minnatdorman!

 

Ahmad Hojibek:

 Meni men istagan oʻz suhbatigʻa arjumand etsa, bas…

 

(mutoyiba bilan)

Alisherbek:

 Lutf uchun tashakkur! Lolman, masrurman…

 

Alisherbek chiqib ketishi bilan Sohib Siddiq tutaqib kirib keladi.

Sohib Siddiq:

 Siz… Siz… Men hayronman… bunchalar

 

(jahldan duduqlanib)

Oson ilindingiz uning domiga?..

Dili bilan tili boshqa-boshqadir,

Bir kun dushmanligin koʻrsatar ayon.

Faqat kech boʻlmasa boʻldi oʻshanda!

Faqat kech boʻlmasa boʻldi…

 

Shitob bilan chiqib ketadi.

Sahna qorongʻilashadi.

 

Uchinchi koʻrinish

 

Abu Lays Samarqandiy madrasasi. Shoirlar Yusuf Safoiy, Mir Qarshiy, Hiramiy Qalandar, Davlatshoh Samarqandiy, Mirzobek, Riyoziy va Navoiy suhbatlashib oʻtiribdi.

Yusuf Safoiy:           

Mavlono Riyoziy, tashbehingiz soz,

Xoʻblar tamannosi osmonlarcha bor.

 

Boshqalar:

 – Bale!

– Ofarin!

– Buni yaxshi bilar jigarsoʻxtalar!

 

Hammalari kulishadi.

Navoiy:                        

Mavlono Riyoziy, oʻsha baytingiz

Takror aytib bering kelmasa malol.

 

Riyoziy:                          Ul hilolqoshli goʻzalning sirgʻasin dur yulduzi

                                       Daʼvo aylar, husn ichinda naq quyosh ermish oʻzi.

Navoiy:

 Mavlono, yaxshi bayt, ammo bizningcha

Biroz tagʻyir kerak, yaʼnikim, mundoq:

Ul hilolqoshlining dur yulduzlari

Quyoshmas, oy bilan husn talashsa,

Mantiqqa yanada muvofiq boʻlur.

Zero, tun koʻrkidir yulduz ham, oy ham.

 

Boshqalar:

 – Filhaqiqat!

– Oʻrinli tagʻyir!

– Toʻgʻri!

 

 

Hiramiy Qalandar:

 Biz esa tashbehga mahliyo boʻlib

Mantiq tarozusin unutayozdik.

 

Riyoziy:                         

Xurshid ham, yulduz ham, oy ham osmonda!

Bas, nechun kerakdir shunchalar gʻavgʻo?

Bu bir mubolagʻa, nimasi gʻalat?

 

Navoiy:

 Har bir mubolagʻa, har qanday tashbeh,

Bori sheʼr sanʼati, hatto bitta soʻz

Mantiqsiz qoʻllansa, asossiz boʻlsa,

Pishmagan halvodek badga uradi.

Yana bir eʼtiroz: shoir doʻstlarim,

Eʼtibor shart ashʼor qiroatiga.

Mingʻirlab oʻqimoq yoxud qichqirmoq

Mazax va kulguga sabab boʻlgʻusi.

 

                                      

Derlar

:

Sohibqiron Temur Koʻragon

Garchi sheʼr bitmoqqa iltifoti yoʻq,

Ammo xoʻb aytmishdir nazmu nasrni.

Bir baytni aningdek oʻqiy olmoqlik

Minglarcha yaxshi bayt bitmoqdan aʼlo!

Riyoziy:                         

Qaysi tilda aytmish Temur Koʻragon?

 

(istehzo bilan)

 Azaldan maʼlumki, turkiy shevada

Sheʼr aytib birovni qoyil qoldirmoq

Nasib boʻlgan emas biror bandaga.

Turkiy til qadimdan jang tili boʻlgan,

Dagʻdagʻa hukmron ohangdan koʻra.

Sheʼr tili qaysi til ekani maʼlum.

 

Navoiy:

 Tilga ixtiyorsiz, elga eʼtiborsiz…

Dunyoda har bir til oʻzicha goʻzal.

Hatto qush tilida bor ajib maʼno:

Bulbul, qumri, hudhud, toʻrgʻay, kabutar…

Bular barchasining oʻz naʼmasi bor,

Faqat koʻngil qoʻyib tinglamoq kerak.

Ammo… bir qush borki, “bayna” deydilar.

 

Atrofdagilar:

 – Eshitganmiz…

– Koʻrganmiz…

– Bor shunaqasi…

 

Yusuf Safoiy:

 Oʻsha qiyratadi uzumzorlarni.

 

Navoiy:

 Gala boʻlib yashar, urishqoq, joʻgi,

Mashgʻuloti faqat mayna qilmoqlik.

Oʻzgalar tovushin takrorlar ongsiz,

Gohida oʻxshatib kuylar chunonam,

Ming bor taassufki, oʻz qoʻshigʻi yoʻq.

 

Riyoziy:                         

Oʻzganing qoʻshigʻin aytib boʻlsa-da,

Manzur qila olur goʻzal bir qush bor

Toʻti atagaylar – elda sevimli.

 

Navoiy:

 Toʻgʻri, chiroyli qush, rangorang, jozib,

Vale, ayni takror sanʼati uchun

Makoni qafasda, qismati ermak.

 

Riyoziy:

 Darvoqe, qafas va qush borasida

 

(atrofdagilarga)

 Bitta ruboiy bor, eshitgandirsiz?

 

 

Atrofdagilar:

 – Qaysi?

– Eshitaylik,

– Qani aytingchi?..

 

Riyoziy:

 Gʻurbatda gʻarib shodumon boʻlmas emish,

El anga shafiqu mehribon boʻlmas emish.

Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa,

Bulbulgʻa tikandek oshyon boʻlmas emish.

 

Yusuf Safoiy:           

Yaxshi oʻqirkansiz birovning sheʼrin!

 

Davlatshoh Samarqandiy:

 Ha, toʻti takallum deganlari shu!

 

Riyoziy:

 Bas, yetar! Bu yerda boshqa masala!

 

(Navoiyga qarab)

 Shoir janoblari nazarda tutgan

Oltin qafas nima, tikan qayerda?

Bu maskan siz uchun qafas boʻldimi?

 

Navoiy:

 Avvalo, Mashhadda yozilgan bu sheʼr,

Vatan sogʻinchida kuyib, oʻrtanib

Yuragim sadpora, koʻzim ichikib,

Mana shu zaminga talpingan chogʻim

Kuy boʻlib quyilib kelgan misralar.

Vatan hasratida, Vatan dardida

Oʻrtanmagan odam inson sanalmas.

Sohibqiron Temur jon fido qilib,

Birlashtirayin deb butun millatni

Bir buyuk Vatanga solgandi asos,

Bugun parokanda boʻlib saltanat

Qashqirdek poralab nimtalar har kim…

Alhazar, aqldan ozganmi bular?

Bolta uradilar oʻz oyogʻiga,

Teshgaylar oʻzlari chiqqan kemani.

 

Shu payt Abu Lays Samarqandiy kirib keladi, hamma oʻrnidan turib qarshi oladi.

Abu Lays Samarqandiy:

 Baxayr, ahli ilm, qizgʻin bahsingiz

Eshitilib turar Registongacha.

 

Mir Qarshiy:

 Ustoz, siz marhamat etganingizdek

Bahslarda tugʻilar asl haqiqat!

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Bahslarda tugʻilar, janjalda emas!

 

(kulib, Alisherbekka  

Alisherbek, oʻgʻlim, kechagi suhbat

 

qarab)

 Poyoniga yetmay saboq bitgandi.

 

Boshqalar vaziyatni tushunib ketishga chogʻlanadi.

 

Mir Qarshiy:

 Ustoz, bizga ruxsat bersangiz endi,

Talabaning dardi tomoq deganday

Kim oʻchoq boshiga, kim chorbozorga…

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Mayli, ixtiyor…

 

Alisherbek va Abu Lays Samarqandiyni qoldirib boshqalar chiqib ketishadi.

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Kechikkanim boisi Ahmad Hojibek

Yana chorlab sizdan gap ochdi takror.

Sizga mehri tushmish, Xudo mehribon.

 

Navoiy:

 Surati xush hamda siyrati dilkash,

Axloqi hamida, xoʻb kishi ekan.

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Sipohiylikda va bahodirlikda

Unga teng kelguvchi kam topilgaydir.

Andishali odam, Xudodan qoʻrqar,

Lek Xudodan qoʻrqqan qoʻrqoq sanalmas.

 

Navoiy:

 Xudodan qoʻrqmagan atalmas botir…

Afsuski, zohirda taqvodor boʻlib,

Aslida shaytonning etagin tutgan

Munofiq nokaslar qutqusi sabab

Yer yuzi aylanmish jang maydoniga.

Arabu Ajamda, Xurosonda ham

Ogʻa oʻz iniga qilich solmoqda.

Urush ajdahodek sochmoqda olov,

Koʻkka oʻrlamoqda ohlar tutuni.

Bu tutun bulutdek qoplab samoni,

Zulmatga oʻraydi rubʼi maskunni.

Zulmatda qolganlar ochiq koʻr kabi

Bilolmas manzilni, koʻrolmas yoʻlni,

Toʻdaga aylanar janggohdagi xalq.

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Zulmatni yoritar ezgulik nuri,

Jaholat tigʻiga maʼrifat qalqon.

Ne uchun maʼmurlik bizning zaminda,

Tong sokin, kechalar osuda kechar,

Ulus shod, xotirjam kattayu kichik.

Kun sayin har ishda ravnaqu rivoj.

Boisi – bu tinchlik, osoyishtalik,

Taraqqiy asosi esa maʼrifat!

 

Samarqandiyning gapi shu yerga yetganda, Mirzobek kirib kelib, bir chetda some boʻlib turadi.

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Buyuk Sohibqiron siyosatiga

Adolat va ilm poydevor boʻlgan.

Yurtimiz muazzam obidalarin

Har gʻishti bizlarga soʻylaydi hikmat.

Aql qulogʻini tutgan odamga

Roʻy-rost eshitilur ajdodlar sasi:

Avvalo, shukrona, deb aytar ular!

Osuda damlarning qadriga yetgil!

Qirgʻin-barot hokim roʻyi jahonda

Tinchlik va omonlik noyob neʼmatdir!

Befarqlik, loqaydlik oʻzingga dushman!

Ertani bugundan bunyod eta bor!

Dam bu damdir oʻzga damni dam dema!

Yuksaltir qalbqoʻrgʻon devorlarini!

Ajdodlar shaʼniga boʻlgil munosib!

Naslu nasabingni unutma, aslo!

Ogoh boʻl, ogoh boʻl, mudom ogoh boʻl!

 

Navoiy:

 Har nafasing holidan ogoh boʻl,

Balki, anga xush ila hamroh boʻl!

 

Shu payt, Mirzobek qoʻli koʻksida Navoiyning baytini mos mavzuda davom ettirib ketadi.

 

Mirzobek:                                

Erursen shoh – agar ogohsen, sen,

Agar ogohsen, sen – shohsen, sen!

 

Abu Lays

Samarqandiy:

 Borakallo oʻgʻlim, Mirzobek!

Qarang, Alisherbek, hayotiy baytlar

Oson muhrlanar kishi yodiga.

 

Mirzobek:                    

 Agar u Navoiy lafzidan boʻlsa…

Sizning ashʼoringiz bir oʻqiganda

Esimda qoladi, manzur bagʻoyat.

Uzr, men suhbatga mahliyo boʻlib,

Kirmagim boisin unutayozdim,

Chorlagan ekansiz, kelmish mugʻanniy.

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Aytgin, kiraversin, mahtal boʻlibdi.

 

Mirzobek chiqishi bilan xonaga tanbur koʻtarib sozanda kiradi

.

 

Mugʻanniy:                                

Assalomu alaykum, muhtaram ustoz!

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Vaalaykum assalom, keling, xush koʻrdik!

 

Navoiy:

 Marhabo, mugʻanniy, hasonot sizga!

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Navoiy bor joyda navo ham hozir.

 

Navoiy:                        

Koʻngil quvvati – xushnavozdin,

Ruh quti – xushovozdin.

 

Mugʻanniy:

 Koʻngilga quvvatu ruhiyatga nur,

 

                                      

Oʻksik dilga taskin beradi navo.

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Musiqa ilmin ham biladi shoir,

 

(Navoiyga qarab)

 Ajib naqshlari, peshravlari bor.

Oʻgʻlim Alisherbek, malikul kalom –

Mavlono Lutfiyning lutfiga bois

Mashhur gʻazalingiz kuyga solinmish,

Janobi mugʻanniy naqsh bogʻlabdir.

 

Navoiy:

 Behad minnatdorman, jon quloq sizda.

 

Mugʻanniy tanburini sozlay turib Navoiydan soʻraydi:)

 

Mugʻanniy:

 El ichra yoyilgan hikoyat rostmi?

Lutfiy hazratlari shu baytingizga

Almashmoq boʻlganmi butun ijodin?

 

Navoiy:

 Mavlono Lutfiyning iltifoti bu!

 

(gʻamga choʻmib)

 U shoirlar shohi, kamina faqir.

Oʻn ikki yoshdagi oʻsmir bolaga

Ishonch, ragʻbat bermoq boʻlgan Mavlono!

Oʻn ikki yosh edim, onam yonimda,

Otam, togʻalarim – panohim edi.

Ukam kulgusidan, shoʻxliklaridan

Zavqqa toʻliq edi xonadonimiz…

 

Navoiy ushbu gaplarni aytayotganda, Mugʻanniy kuy chalishni boshlagan boʻladi. Keyin ashula yangraydi:

 

 Orazin yopqach koʻzumdin sochilur har lahza yosh,

Oʻylakim paydo boʻlur yulduz, nihon boʻlgʻach quyosh.

 

Qut bir bodomu yerim goʻshai mehrob edi,

Gʻorati din etti nogah bir baloliq koʻzu qosh.

 

Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,

Subhnung bot-bot dami andogʻki aylar mehr fosh.

 

Boʻsae qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,

Desam ogʻzi ichra aytur laʼl ham bir navʼ tosh.

 

Novaking koʻnglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,

Kim qilur paykonini koʻnglim bila jonim talosh.

 

Umri jovid istasang fard oʻlki, boʻston Xizridur,

Sarvkim daʼb ayladi ozodaliq birla maosh.

Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,

Gar budur mehrob, bir-bir qoʻygusidir barcha bosh.

 

Ashula aytilayotganda, sahnaning oʻrtasidagi aylana sahnachada gʻira-shira yorugʻlikda Navoiyning bolalik manzaralari – Lutfiy bilan uchrashuvi, onasi Alisherbekni quchib erkalayotgani, togʻalari bilan suhbati, otasi, ukasi va Alisherbek kulishib oʻtirgani namoyon boʻldi. Ular Navoiyning koʻz oʻngidan kechayotgandek tasvirlanadi.

 

Toʻrtinchi koʻrinish

 

Abu Lays Samarqandiyning ichki hovlisi. Qiz Alisherbekning hozirgina qoʻshiq boʻlib yangragan gʻazalidagi soʻnggi baytni ovoz chiqarib oʻqiydi:

Qiz:                  

“… Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,

Gar budur mehrob, bir-bir qoʻygusidir barcha bosh”.

Oh, bunchalar goʻzal, bunchalar mahzun!

Oh, buncha rohatbaxsh, buncha diloʻrtar!

Yulduzni osmondan, gulni chamandan,

Asl muhabbatni asl insondan

Qidirgil, topgaysan deganlari rost…

 

Feruza kirib keladi.

Feruza:

 Kim u asl inson? Asl muhabbat?

Qidirib topdingmi mendan yashirib?

Qoʻlingdagi maktub oʻshal mahbubdan?

 

Qiz:

 Yoʻq… ha, bu gʻazal – men uchun noma,

Koʻngil izhorlari Alisherbekning…

 

Feruza:

 Izhor bitibdimi shoiri zamon?

 

Qiz:

 Feruza, egachim, sirdosh, dildoshim,

Menga atalgan deb bilgayman uning

Har bir gʻazalini, har bir baytini.

 

Feruza:

 Lekin esingdami, chinakam ishqda

Visol boʻlmaydi deb uqtirar eding.

Misol keltirarding Layli va Majnun,

Farhodu Shirinning sevgi qissasin…

 

Qiz:

 Bilmadim… bilmadim… Feruza, jonim,

Bilganim shuki, bu – asl muhabbat!

Bu baxt hammaga ham etmagay nasib!

Bu – Parvardigorning buyuk inʼomi!

Endi chin muhabbat umrim mazmuni,

U mening koʻnglimda umrbod yashar!

 

Beshinchi koʻrinish

 

Oqshom chogʻi Davlatshoh Samarqandiy Navoiy bilan birga Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi yonida suhbatlashadilar.

Davlatshoh

 Mana rasadxona, Ulugʻbek koʻshki.

 

Samarqandiy:

 Doʻstim Alisherbek, samoga boqing,

Fonus atrofida parvonalardek

Oy toʻgaragida gʻujgʻon yulduzlar.

Ajib anjuman bu, porloq chamanzor.

Huv ana Atorud – ijod homiysi,

Tilla kamar taqqan Zuhal bu yonda.

Goʻzallar koʻzidek charaqlar Zuhro

Va uning soqchisi nayzador Mirrix,

Mana savlat toʻkib turar Mushtariy…

Ajab hol, koʻkda ham bahs-munozara,

Falak koʻzgusida aks etar zamin,

Yulduzlarda zohir inson sifoti.

Jannatmakon sulton Mirzo Ulugʻbek

Yulduzi gultojdir bu anjumanga.

 

Navoiy:                        

Doʻstim Davlatshoh, siz yaxshi bilursiz

Samo sirlarini, ilmi nujumni,

Zero, Ulugʻbekdan merosdir bu fan.

Temurxon naslidin sulton Ulugʻbek

Ki, olam koʻrmadi sulton aningdek.

Aning abnoyi jinsi boʻldi barbod

Ki, davr ahli biridin aylamas yod.

Valek, ul ilm sori torti chun dast,

Koʻzi ollinda boʻldi osmon past.

Rasadkim bogʻlamish – zebi jahondur,

Jahon ichra yana bir osmondur.

Bilib bu navʼ ilmi osmoniy

Ki, andin yozdi “Ziji Koʻragoniy”.

Qiyomatgʻa degincha ahli ayyom,

Yozarlar oning ahkomidin ahkom.

 

Davlatshoh

 Bale, Alisherbek, bagʻoyat teran,

 

Samarqandiy:

 Tong yulduzi kabi tiniq satrlar…

 

(Biroz oʻylanib)

 Goho xayolimga andoq kelurki,

Bidʼat, xurofotdan, johil, pastlardan

Koʻngli zada boʻlib, bezib Ulugʻbek

Koʻkka narvon boʻlgan shu rasadxona

Zinasidan chiqib parvoz aylagan

Doʻstlar davrasiga – yulduzistonga.

 

Navoiy:                        

Mirzoni yulduzlar safiga qoʻshgan,

Ismin muhrlagan abadiyatga

Ilm-maʼrifatdir va mehnat shaksiz.

Taajjub, insonga berilgan hayot –

Kamol kasb etmoqqa yagona imkon

Nechun anglamaydir bani odamzod?

Tolibi ilmlik daʼvosin qilgan

Baʼzi yigit-yalang guldek umrini

Oʻzi bilib turib koʻkka sovurar.

Mantiq, mushohada, tahlildan yiroq,

Anglamay yod olgan soboqlarini

Toʻtidek takrorlab oʻzini aldar.

Bundaylar hayvoni notiqa ayni,

Yaʼni, gapirguvchi ongsiz jonzotlar.

Birining maqsadi – tomoq qaygʻusi,

Birining orzusi mayxona, ishrat.

Biri otasining raʼyiga koʻra

Madrasa hujjati uchun talabgor.

Bulardan ne naf bor ulusga, fanga,

Oʻziga ne foyda alal-oqibat?

Derlarki, ilm oʻqib amal qilmaslik –

Urugʻ sochib, hosil olmaslik demak.

Yigitlikda yigʻ ilmning maxzani,

Qariliq chogʻi xarj qilgʻil ani.

 

Davlatshoh

 Alisherbek, hikmat aytdingiz yana,

 

Samarqandiy:

 Chindan gʻanimatdir yoshlik ayyomi.

Koʻklamda qancha koʻp gul ochsa daraxt,

Kuzakda shuncha moʻl boʻlar hosili.

Yoshlik – bu umrning navbahoridir,

Rosa ilmu hunar egallash fasli.

 

Shu payt sahna chetidan qora libosda sharpa sirgʻalib oʻtadi.

Navoiy:

 Yo tavba! Davlatshoh, har kuni shu hol:

 

(sharpani kuzatib)

 Birdan paydo boʻlib qolar shu nusxa.

Yaqin ham kelmaydi, soʻzlasam qochar,

Yuzidek qorongʻi oʻy-muddaosi.

Hirotdan kelmishdir menga ergashib.

 

Davlatshoh

 Doim sergak boʻling, doʻstim Alisher!

 

Samarqandiy:

 Bundaylar hamisha panada turib

Yo qoʻrqitmoq boʻlar, yo jon qasdida…

Fitnadan iborat borliq hayoti.

 

Navoiy:

 U shoʻrlikni oʻylab uyqum qochadi,

Nahot achinmasa oʻz hayotiga?

Qoʻngʻizdek pastqamda oʻtkazib umr,

Birovning sharpasi boʻlib yashamoq

Nahot munosibdir inson qavmiga?

Holbuki, mehribon Tangri taolo

Bir buyuk imtihon etmishdir tayin.

Sinovdan oʻtmoqning yagona sharti –

Munosib boʻlmoqlik odamiylikka.

Odamiy ersang, demagil odami

Oniki, yoʻq xalq gʻamidin gʻami.

Agar koʻzing ochsang toʻrt taraf ibrat:

Qurtu qumursqada, gulu chechakda

Umr maʼnosini uqmogʻing mumkin,

Sening kimligingga bordir ishorat.

Tuxm yerga kirib chechak boʻldi,

Qurt jondin kechib ipak boʻldi,

Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmi?

Ipak qurticha himmating yoʻqmi?

 

Oltinchi koʻrinish

 

Abu Lays Samarqandiy va Navoiy suhbatlashib oʻtiribdi.

Abu Lays Samarqandiy:

 Oʻgʻlim Alisherbek, sizdan mamnunman,

Shayxulislom Jomiy uch yil muqaddam

Yaʼni, siz Samarqand kelmasdan burun

Maktub yoʻllagandi taʼriflab sizni.

Rost gap, tavsifingiz oʻqib oʻshanda

Ustoz lutf etgandir deb oʻylagandim.

Bugun toʻla-toʻkis ishonchim komil

Ziyoda ekansiz fazlu kamolda.

Kamdan kam muvofiq kelar bir shaxsda

Buyuk isteʼdod va odamiy xislat.

 

Navoiy:

 Otaga farzandi hamisha suyuk,

Nuqsonni ilgʻamas mehr koʻzlari.

Odatda otalar oʻz dilbandiga

Tahsin aytmaydilar, taomil shunday.

Shukrki, otamdan ulugʻroq zotdan –

Sizdan olqish oldim, ajib saodat!

Men neki kamolga erishgan boʻlsam

Sizning tarbiyangiz mevasi, ustoz:

Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqitmish ranj ila,

Aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila…

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Ustoz va shogirdlik masalasida

Qoyilmaqom etdik vazifamizni.

Endi ota-oʻgʻil boʻlib soʻzlashsak…

Ota maqomida qarzim bor sizdan.

 

Navoiy:

 Qarz? Qanday qarz?

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Bu qiyomat qarz.

Yaʼni, har bir ota oʻz farzandini

Uyli-joyli qilib, juftini topib,

Roʻzgʻor qurishiga bosh boʻlmogʻi shart.

Biz sizdan koʻp kutdik bunday ishorat,

Soʻradim saboqdosh doʻstlaringizdan,

Ulardan tayinli bir gap chiqmadi.

 

Navoiy:

 Maʼzur tuting, ota…

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Xullasi kalom

Bizning xonadonda, shu chamanzorda

Navnihol gulgʻuncha – bir omonat bor.

 

Navoiy:

 Koʻzim tushgandek, u…

 

(jonlanib)

Abu Lays Samarqandiy:

 Ha, balli!

Marhuma singlimdan yagona yodgor.

Tenggi yoʻq husnda, fazlu kamolda…

Feruza ikkingiz munosib topdik.

 

Navoiy:

 Ammo, men boshqa bir…

 

(boʻshashib)

Abu Lays Samarqandiy:

 Labbay?!

 

Navoiy:

 Yoʻq, oʻzim, shunchaki… aytmoqchimanki,

Qoʻlimdan hali bir yumush kelmaydir,

Poyonga yetgan yoʻq saboqlarim ham.

Sizga ortiq tashvish boʻlar roʻzgʻorim,

Koʻnglimda yana bir andisha…

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Maʼqul,

Bu borada gaplashurmiz boz,

Saboq vaqti yetdi, kutar madrasa,

Yana yangi ilmi toliblar kelmish.

Ularga ilk saboq muddati uchun

Tayin etgan edim ushbu fursatni.

Keyinroq borursiz siz madrasaga.

 

Navoiy:

 Xoʻp boʻladi, ustoz!

 

Abu Lays Samarqandiy chiqib ketadi.

 

Navoiy:

 

  

 Oʻn sakiz ming olam oshubi agar boshindadir,

 

(oʻylanib)

 Ne ajab, chun sarvinozim oʻn sakiz yoshindadir.

Desa boʻlgʻaykim, yana oʻn sakiz yil husni bor,

Oʻn sakiz yoshinda muncha fitnakim boshindadir.

 

Shu payt sahna chetidan qiz bolaning yoqimli ovozi keladi. Qizning oʻzi koʻrinmaydi.

              

Qiz ovozi:

 Kim ekan bu boshga fitnalar solgan?

 

Navoiy:                        

 Siz?!

 

(hayratlanib)

Qiz ovozi:

 Menmi?

 

Navoiy:

 Ha, siz-da boshimga gʻavgʻolar solib

Dilimni, tilimni bogʻlagan pari.

 

Qiz ovozi:

 Ammo bir soʻz bilan, bitta jahd bilan

Gʻavgʻodan qutulmoq fursatin, esiz,

Qoʻldan boy berdingiz, men hayron qoldim.

 

Navoiy:

 Nahotki, shundayin fozila bir qiz

Pinhona tinglasa birov suhbatin?

 

Qiz ovozi:

 Birov? Qaysi biri? Bittasi otam…

Ikkinchisi esa…

 

Navoiy:

 Oshiq notavon.

Soʻz ochilgan chogʻi roʻzgʻor va toʻydan

Yuragim hapriqib sizni oʻylasam,

Taʼrif etadirlar egachingizni.

 

Qiz ovozi:

 Egachim munosib taʼrif, tavsifga.

Mendan chiroyliroq…

 

Navoiy:

 Ammo koʻzimga

Koʻrkli koʻrinmaydir sizdan oʻzgalar,

Laylini Majnunning koʻzida koʻring.

 

Qiz ovozi:

 Unda nega Majnun aytmas murodin,

Mavrid topilganda jurʼat topilmas?

 

Navoiy:

 Ilohiy inʼomdir muhabbat menga,

Muhabbat – Tangrining yorligʻi demak.

Uni avaylamoq, asramoqlik shart.

Yengil hoyu havas, vujud sevgisi

Toʻzgʻoqgul misoli hidsiz, muvaqqat.

Bunday yengil tuygʻu jonzotlarga xos.

Lekin ishq – bozorning matohi emas,

Bozorga solinmas koʻngil maxzani.

Ishq misli gavhardir, sadafi – koʻngil,

Dursiz sadaf boʻm-boʻsh qadri yoʻq quti,

Sevgisiz koʻngil ham qashshoq va abgor.

Yaratganga shukr, men sizni topdim,

Orzumand qalbimga munosib mahbub.

Oʻsmirlik chogʻimda, tasavvurimda

Bir malak siymosi namoyon edi,

Samarqanddan topdim oʻsha sevgimni.

Ilk bora koʻrdimu bildim, siz oʻsha

Koʻngil koʻzgusida porlagan sanam.

Kun kelar men sizni olib keturman

Sadaf bagʻridagi gavhardek asrab.

Shunday nozaninga, shunday sevgiga

Munosib ehtirom, eʼzoz shart, axir!

Tahsilni tamomlab, oʻzimni tutib,

Hiriy osmonidan tarqab bulutlar,

Saodat quyoshi charaqlagan payt

Sovchilar karvoni kelgaydir bunga

Va olib keturmiz udumlarga xos…

 

Qiz ovozi

: Shoirim, bunchalar olijanobsiz!

Shoirim, asrasin sizni Xudoyim!

 

Yettinchi koʻrinish

 

Navoiy xontaxtada ijod bilan mashgʻul. Mirzobek kirib unga maktub kelganini aytadi.

Mirzobek:                                

Xalal bermadimmi, muhtaram ustoz?

 

Navoiy:

 Yoʻq, aslo, Mirzobek, keling, marhabo!

 

Mirzobek:                                

Hiriydan xat kelmish janoblariga,

Pahlavon Muhammad, Mavlono Lutfiy,

Hasan Ardasherlar bitmishlar noma.

 

Navoiy:

 Yaratganga shukr, ulugʻ ustozlar

Gʻaribni xotirdan faromush etmay

Yoʻqlab turadilar xat ila mudom.

 

(Xatlarni koʻzdan kechirib)

 

 

 

Maktublar – qalbimning quvonchi, taskin,

Umid chechaklari sochilgan chaman.

Jonsoʻz ustozlarning qutlugʻ nafasi…

 

(Mirzobekka qarab)

 

 

 

Karvon kelibdi-da, boshqa xat yoʻqmi?

 

Mirzobek:

 Sarbon shuni berdi. Yana kimdandir

Noma kutayotganmidingiz, ustoz?

 

Navoiy:

 Bolalik doʻstimdan, maktabdoshimdan…

Sogʻindim, koʻp boʻldi koʻrmaganimga.

Tangri panohida sogʻ-omon boʻlgay.

 

Mirzobek:

 Endi menga ruxsat, yolgʻiz qoldiray

Aziz ustozimni ustozlar bilan.

 

Navoiy:

 Fahm ila lutfingiz avlodan aʼlo!

Ijozat, tashakkur sizga, Mirzobek!

 

Mirzobek chiqib ketadi. Navoiy dastlab Lutfiy xatini oʻqishni boshlaydi.

Navoiy:

 Mavlono Lutfiykim, malikul kalom…

Bu faqirga koʻp iltifoti bor.

Duolar qiladir va doim menga

Volida – onaning azizligini,

Moʻtabar, mukarram ekanligini

Takror eslatadir… xizmatin qilib,

Rizolik olmoqni targʻib etadir…

 

(Oʻyga choʻmib, birdan jonlanadi).

 

… Ajab, tongga yovuq bir tush koʻribman…

Eh, onam, volidam, mushfigʻim onam,

Maloyik suratli, anvor yuz bilan

Ozor bermayin deb tushimda hatto

Oʻsha mayin, siniq, sokin ovozda

Kelgin, bolam, deydir, ota uyingga…

Abu Said vayron etgan hovlimiz

Yana obod emish, charogʻon emish.

Huv, oʻsha bolalik chogʻimdagidek

Otam ham navqiron, xursand koʻrindi…

Oh, onam, volidam, mushfigʻim onam,

Faqat qaygʻu uchun yaralganmiding?

Faqat hasrat uchun kelganmiding yo?

Na farzand diydori, na roʻzgʻor tinchi,

Na dil halovati, na orzu havas,

Ne koʻrding? Men nima beroldim senga

Iztirob, sogʻinchu qaygʻudan boʻlak?

 

Xontaxta yoniga qayta choʻkib,ovoz chiqarib masnaviy yoza boshlaydi. Orada toʻxtab-toʻxtab oʻylanib, iztirob bilan yozadi.

 

 Jonim tarabi, koʻzum charogʻi,

Koʻnglum xushi, xotirim farogʻi.

Sen Kaʼba mangayu men tilab dayr,

Tavofing sori hech qilmayin sayr.

Solib sanga iztirob har dam,

Kaʼbamni qilib xarob hardam.

Kaʼbam boʻlmish mening xarobim,

Tengriga ne boʻlgʻusi javobim?

Uyqungni harom etib figʻonim,

Tinmay kecha zor yigʻlagʻonim.

Kunduz-kecha mehnatimda tinmay,

Ichmakni, yemakni ham sogʻinmay.

Gar luqmai nonki aylabon qut,

Andin gʻarazing boʻlub manga sut.

Qul yangligʻ oʻgʻullugʻungni qilsam,

Oʻgʻul kibi qullugʻungni qilsam.

Harnavʼ yetishsa charxdin band,

Mening bila koʻnglung oʻlsa xursand.

Shafqat bila tutmayin qoʻlungni,

Koʻz birla supurmayin yoʻlungni.

Yoʻq, kam xizmatligʻ ayladim koʻp,

Kofiri neʼmatligʻ ayladim koʻp.

Sendin tunu kun judoligʻ ettim,

Bilmasligu bevafoligʻ ettim.

Solgʻondek oʻzumni telbalikka,

Koʻnglung ola olmadim ilikka.

Dardinggʻa xud etmadim davoyi,

Bu turfaki har nafas baloyi –

Mendin seni notavongʻa yetti,

Koʻngling alamimda jongʻa yetti.

Bechoramen oʻzga naylagaymen,

Dardimgʻa ne chora aylagaymen?

 

Masnaviy oxirida koʻzyoshlarini artib, chuqur tin oladi. Shu payt sahna chetida oʻsha qora sharpa paydo boʻlib, Navoiy tomon bir-ikki qadam tashlaydi.

 

Navoiy:                        

Tagʻin sen?! Taʼqibdan nedir muroding?

Kimsan yo nimasan? Kelgil yuzma-yuz!

Mendan ne istarsan? Jonim kerakmi?

Yoki hayotimga vahima solib

Ozdirmoqchimisan aqlu hushimdan?..

 

Sharpa:

 Har kim oʻzicha haq, oʻzicha toʻgʻri,

Har kimsa oʻlchar oʻz qarichi bilan.

Iblisning yerdagi soyasiman, men,

Mening ham vazifam, burchim bor ayon.

Fitna, qoʻrquv, vasvasa, riyo

Toʻldiradi dunyoni asli.

Men sharpaman, lek, sening sharpang,

Hamrohingman qiyomat qadar,

Ming shaklda, ming qiyofada:

Goh doʻst boʻlib, gohida ulfat,

Goho shogird, gohi hamsoya,

Gohi tabib, gohida habib

Timsolida yoʻldoshman senga!

 

Navoiy:

 Ha, qaydadir koʻrganman seni…

 

Sharpa: Sahna markaziga, Navoiy yoniga kelib oʻzini oshkor etadi, yaʼni, Sharpa oʻng tomondan Sohib Siddiq qiyofasida boʻladi.

 

 

 Bugun Sohib Siddiqdir nomim!

 

Navoiy:

 Alhazar! Alhazar! Laʼin! Alhazar!

 

Sharpa qilich dastasini tutib, Navoiy tomon tahdidli qadam tashlaydi. Shunda parda ortidan ovoz keladi.

 

Ovoz:

 Hov, ortingga qayt!

 

Sharpa:                        

Kim u?

 

(qayrilib qaraydi)

Ovoz:                            

Hirotdan boshqa bir siporish oldik!

 

Sharpa chiqqan zahoti shovqin koʻtariladi. Sharpaning jon talvasasida oh urgani eshitiladi. Navoiy oʻsha tomonga oshiqadi hamda u yoqdan sahnaga kirib kelgan Ahmad Hojibek va ikki navkarning vajohatini koʻrib taajjubda toʻxtaydi.

 

Navoiy:

 Kutilmagan tashrif, tinchlikmi, janob?

 

Ahmad Hojibek:

 Xayriyat, ulgurdik, vaqtida keldik.

Abu Said Mirzo yollagan xufya

Yoʻl topa bilibdi qasdi jon uchun.

Biz uni mahv etdik, endi xatar yoʻq.

 

Navoiy:

 Zulmat parchasidek taʼqib etardi,

Quzgʻundek aylanib yurardi doim,

Yuzma-yuz kelmoqqa jurʼat qilmasdi…

Bahodirlik zotan bizga ham meros.

Minnatdorman sizdan, qarzdorman, janob!

 

Ahmad Hojibek:

 Biz bajardik xizmat vazifamizni,

Siz kabi shoirni – oʻz doʻstimizni

Asramoq sharafli burchimiz erur!

 

Qoʻli koʻksida bosh egadi.

 

 Asli, biz xushxabar bilan kelgandik…

 

Navoiy:

 Bir kunda muncha koʻp voqeʼ va mujda…

 

Sohib Siddiq:

 Sherpanja shahzoda Sulton Husayn

Egallamish Hirot toju taxtini,

Muborak boʻlsin bu muzaffariyat!

Doʻstingiz chorlamish sizni yoniga.

 

Navoiy:

 Bari ayon endi, barchasi ayon…

 

Sakkizinchi koʻrinish

 

Samarqand manzarasi. Hirotga otlangan karvon shovqin-suroni. Navoiyni kuzatgani Abu Lays Samarqandiy boshliq hokim va saboqdoshlari toʻplangan.

Abu Lays Samarqandiy:        

Oʻgʻlim, safaringiz bexatar boʻlgay!

 

Ahmad Hojibek:

 Doʻstu yoronlarga duoi salom!

 

Davlatshoh Samarqandiy:

 Unutib yubormang biz faqirlarni…

 

Navoiy:

 Toki, payvast ekan vujudimga jon

Sizni, Samarqandni unutmam, aslo.

Shu diyorda goʻyo qayta tugʻildim!

 

Abu Lays Samarqandiy:

 Haqrost,

Bunda tugʻiladi ulugʻ daholar,

Samarqand – buyuklar oltin beshigi!

 

Navoiy:

 Shunda kamol topdim, oʻzimni topdim.

Menga quchogʻini ochdi Samarqand

Va mehrini berdi Samarqandiylar.

Bogʻi Jahonnamo, bogʻi Dilkusho,

Bogʻi Baland… bori temuriy bogʻlar…

Koʻrki Samarqandi firdavsmonandning.

Unutib boʻlurmi Koʻhak suyini –

Har bir ushoq toshi laʼlu injudek.

Ipak sabolari, yayloqlarini,

Toʻlin oydek kumush olmalarini…

Unutib boʻlurmi madrasalarni,

Falakka nur sochgan maqbaralarni?

Unutib boʻlurmi ustozlar mehrin –

Ulugʻbek Mirzoning yulduzlarini?

Ustoz Samarqandni, doʻst Samarqandni,

Unutib boʻlurmi yor Samarqandni?!

 

Shu paytda, karvonning safarga chorlovchi qoʻngʻirogʻi va jarchining “Karvon qoʻzgʻalayotir” degan ovozi yangraydi. Navoiy kuzatuvchilar bilan quchoqlashib xayrlashadi va uch-toʻrt qadam qoʻyib toʻxtaydi. Qarshisida Samarqandga kelgan chogʻida kutib olgan moʻysafid paydo boʻladi.

 

Moʻysafid:

 Oʻgʻlim, safaringiz qaridi mana,

Samarqand tahsili poyonga yetdi.

Tayyordirsiz hayot imtihoniga.

Bu safar…

 

Navoiy:

 Bu safar sabrimni imtihon qilar:

Doʻstlar diydoridan, ustoz bagʻridan

Tilab-tilamasdan uzilmoqdaman.

 

Sahnaning muayyan bir yorugʻ nuqtasida Navoiyning oʻzi qoladi.

 

 Jismim bormoqdayu jon bunda qolur,

Tanam ketmoqdayu koʻngil bu yonda.

Vujud ixroj etar, shundadir ruhim.

Muhabbatim shunda, yuragim shunda.

Men, albat, qayturman – boshqa manzil yoʻq,

Meni kim yoʻqlasa, yonidadirman,

Kim meni doʻst tutsa, oshnoman unga!

Men qayerda boʻlsam yurak oʻrnida

Olib yurajakman Samarqandimni!

Shunda sayqal topdi qalbim va ruhim!

Shunda javob topdim savollarimga…

…Tangri nazar qilgan qutlugʻ diyordan

Hech qachon ayrilmas Navoiy yodi!

Vatan yurakdadir mangulik qadar,

Yurak qayda boʻlsa, shundadir Vatan!

 

Iqbol MIRZO

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/samarqand-sayqali/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x