KATTAQOʻRGʻON TEATRI

KATTAQOʻRGʻON TEATRI, Abdulhamid Majidiy nomidagi Kattaqoʻrgʻon shahar oʻzbek drama teatri — Samarkand viloyatidagi teatrlardan biri. 1920-y. da havaskorlik toʻgaragi sifatida tashkil etilib, 1921-y. 15 yanv. da Ziyo Sayd va Moʻmin Muhammadjonovning «Qonli kun» («Toshkent isyoni») spektakli bilan ochilgan. D. Sohibov, R. Eshjonov, H. Burhonov, M. Hamroyev, A. Murodov, G. Sayfuddinova, X. Bekqobulova, Z. Burnasheva, X. Sharafiyeva va b. truppaning ilk aktyorlaridir, badiiy rahbar S. Saydashev. Dastlabki yillar truppada, asosan, tashviqot va targʻibot ruhidagi bir pardali dramalar, shuningdek, Hamzaning «Muhabbat qurbonlari», «Tuhmatchilar jazosi», A. Qodiriyning «Baxtsiz kuyov», Gʻ. Zafariyning «Erk bolalari», H. Shukrulloning «Yangi maktab, eski maktab», M. F. Oxundovning «Hoji qora» va b. asarlari sahnalashtirildi. 1926-y. truppa davlat teatriga aylantirildi. 1928-y. «Haqiqat» nomi berilgan. H. Yusupov bosh rej., L. Sayfullina adabiy emakdosh etib tayinlandi. Teatrning shakllanishi va ijodiy taraqqiyotida A. Boltayev, S. Gʻafurov, R. Hasanova, Q. Toʻrayev, S. Hayitov, X. Soʻfiyev, A. Karomatov kabi mahalliy aktyorlar, shuningdek, A. Sulaymonov, S. Joʻraboyev, Z. Qobulov kabi Samarkand teatri aktyor va rej. larining xizmatlari katta. 30-y. larning 2-yarmida teatrga Sh. Meliyeva, R. Rizayev, T. Ioʻldoshev, L. Melnikova (Jamilova) va b. isteʼdodli yoshlar kelib qoʻshildi. «Halima» (Gʻ. Zafariy), «Gʻunchalar» (3. Fatxullin; D. Zokirov), «Maysaraning ishi», «Xolisxon» (Hamza), «Adolat» (I. Akramov; Sh. Akramov) kabi spektakllar qoʻyildi.

Urush yillari teatr vaqtincha badiiy-tashviqot brigadasiga, 1945-y. k-z — s-z teatriga aylantirildi. «Muhabbat» (Tuygʻun), «Muhabbat guli» (H. Muxtorov), «Nurxon» (K. Yashin; T. Jalilov, G. Sobitov) va b. spektakllar sahnalashtirildi. 1953-y. Kattaqoʻrgʻon oʻzbek musiqali drama teatri sifatida qayta tashkil boʻldi. Teatrga boshqa teatrlardan X. Boboxonova, H. Muhiddinov, H. Omonova singari sanʼatkorlar kelib qoʻshildi. Repertuaridan «Oftobxon» (K. Yashin; X. Toʻxtasinov), «Ogʻriq tishlar» (A. Qahhor), «GTaranji sirlari», «Xolisxon» (Hamza), «Vatan ishqi» (3. Fatxullin, Sh. Saʼdulla; S. Boboyev) kabi spektakllar oʻrin oldi.

1961-y. Kattaqoʻrgʻon shahar oʻzbek drama teatriga aylantirildi. Teatr jamoasi yil sayin Toshkent teatr va rassomlik sanʼati in-tini tugatgan yoshlar bilan toʻldirildi, aktyorlarning professional mahorati oʻsib bordi. 60—70-y. lar milliy dramaturgiyaning ravnaqi, milliy teatr sanʼatining rivoji mazkur teatr faoliyatida ham yaqqol koʻzga tashlandi. Teatr repertuaridan yangi-yangi asarlar oʻrin oldi: «Tobutdan tovush» (A. Qahhor), «Aldangan sevgi» (U. Ismoilov), «Imon» (I. Sulton), «Oltin devor» (E. Vohi-dov), «Besh kunlik kuyov» (Shuhrat), «Ajab savdolar» (H. Gʻulom), «Qaysar qaynona» (H. Rasul), «Kelinlar qoʻzgʻoloni» (S. Ahmad), «Parvona» (Uygʻun) va b. shular jumlasidan. 1976-y. teatrga Abdulhamid Majidiy nomi berildi.

80-y. lar teatrning eng gurkiragan, oʻsish davri boʻldi. Teatr davr va tomoshabin talabiga mos asarlarni sahnalashtirdi, ijodkor yoshlarga alohida eʼtibor berildi. Uzbek dramaturglari asarlaridan tashqari tarjima asarlar ham sahnalashtirildi. «Qonli toʻy» (Garsia Lorka), «Makr va muhabbat» (F. Shiller), «Rustam» (U. Ismoilov), «Tushovlangan tulporlar» (Sh. Boshbekov), «Ezgulik va yovuzlik (A. Suyun, S. Abdulla), «Zebunniso» (Uygʻun), «Oy tutilgan tunda» (M. Karim), «Kurort» (Oʻ. Umarbekov), «Nasriddinning sarguzashtlari» (Yu. Azimzoda) va b. spektakllar bilan teatr oʻz mavqeini mustahkamlab oldi. 1985-y. teatr qoshida «Qaldirgʻoch» bolalar eksperimental studiyasi ochildi.

90-y. lar teatr ijodkorlari davrga hamnafas, milliy ruh bilan yoʻgʻrilgan buyuk allomalarimiz hayotini yorituvchi tarixiy asarlar, chet el mumtoz asarlariga murojaat etdi. «Bir kam dunyo» (I. Hasanov), «Hayqiriq», «Tadbirkor Olmaxon» (Yorqin), «Figʻon» (Sh. Siddiqiy), «Zamon oʻgʻloni» (T. Akbarxoʻjayev), «Shum bola» (Gʻ. Gʻulom), «Medeya» (Evripid), «Saodat yoʻli» (Muhammad Ali Ergash), «Qoʻshnilar» (M. Toshpoʻlat), «Toʻy oʻrniga tomosha» (T. Akbarxoʻjayev) kabilar soʻnggi yillarda sahnalashtirilgan eng yaxshi spektakllardir.

Turli yillarda teatrning rivojlanishida rej. lardan A. Joʻrayev, Z. Roʻzi-yev, R. Orifjonov, I. Nurmonov, N. Shomurodov, rassomlardan M. Yesipov, G. Kalantarov, M. Sobirov, artistlardan Sh. Meliyeva, Sh. Aminov, N. Oʻtayev, Sh. Musayeva kabilarning xizmatlari katta. Hoz. kunda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar G. Mamedova, I. Xonimqulov, A. Abdurazzoqov, artistlardan A. Qarshiboyev, D. Egamova, I. Sultonov, G. Rizayeva, Q. Oʻsarova, G. Jabborova va b. teatrning yetakchi aktyorlaridir.

Frunze Joʻrayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x