Andishasizlik ayb emasmi?

Bir kuni Nasriddin Afandi qarshisiga bir uyum kitobni yigʻib olib, ularni varaqlab oʻtirgan ekan. Afandining bu harakatini tushunmagan tanishi soʻrabdi:

– Afandi, buncha kitobni oʻqib olim boʻlarmiding. Nima qilmoqchisan, oʻzi, – debdi.

– Kitob yozmoqchiman!

– E, kitob yozmoqchi boʻlsang, nega boshqalarning kitobini oʻqib oʻtiribsan. Oʻzing yozda kitobni, – yana eʼtiroz bildiribdi tanishi.

Afandi shundan soʻng bu “oʻqimagan”ga sodda, tushunarli qilib: “Odamdan odam, kitobdan kitob tugʻiladi-da”, degan ekan.

Endi bu latifa boʻlmay qoldi. Chunki, bu – falsafa. Donishmand Nasriddinimiz ham chakana odam boʻlmagan-ku, axir. Uning topagʻonligi, qochirim va kesatiqlari zamirida “nimadir” boʻlgani shubhasiz. Uning “Kitobdan kitob tugʻiladi” degan fikriga qoʻshilmaydiganlarga esa bizda eʼtiroz bor.

Keling, latifani qoʻyib, hayotga qaytaylik. Dunyoning istalgan shoir yoki adibi, boringki, ziyolisi faoliyatiga qaraylik. U albatta minglab kitob oʻqigan, biror oliygohda tahsil olgan yoki buvi, yo bobosidan, opasidan ertak eshitgan. Ilmiy boʻlmasa-da, hayotiy, aqliy tajriba bilan uslub, janrni oʻzlashtirgani aniq.

Hazrat Alisher Navoiy yoshligida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini oʻqiydi. Oʻqigandayam asar ichiga, mantiq olamiga choʻkib mutolaaga kirishadi. Yeyish-ichish va hokazolarni unutib, Attorni oʻrganadi. Bundan tashvish tortgan kattalar yosh Alisherning qoʻlidan kitobni olib, yashirib qoʻyishadi. Bu hayot haqiqatiga qanchalik mos keladi, yoʻq, ahamiyatsiz. Ammo Navoiyning oʻsha asar taʼsirida yozilgan betakror “Lison ut-tayr”i dunyo yuzini koʻrgani rost-ku. Shu holat kitobdan kitob tugʻilishining tastigʻi emasmi?

Bobur, Mashrab, Amiriy, Nodira, Munis, Ogahiy, Feruz yoki Qodiriy-u Choʻlponga, Said Ahmad-u Ozod Sharafiddinovga boshqa, oʻzlaridan avval ijod qilganlarning, aniqrogʻi, kitoblarning taʼsiri boʻlmadimi?

Fikrimizcha, ular kitob oʻqimay turib, shoir-yozuvchi boʻlishga uyalgan. Bilimsiz boʻla turib, birovga aql oʻrgatishga, balandparvoz “falsafa” soʻqishga, oʻxshamagan oʻxshatishni, nooʻrin tashbihni qoʻllashni or bilgan. Oʻzidan ulugʻlar tanbeh berib, xatosini koʻrsatganda, oʻrgatganda, ters burilmagan, aksincha, jon qulogʻi bilan eshitgan. Xatosini toʻgʻrilagan. Mashrabning ilm olish uchun ustozi poyiga yiqilgani haqiqat emasmi? Vaholanki, u jahonshumul shoir. Shoirlarga ijobiy maʼnoda telbalik nisbati berilishiga ham Mashrab sababdir balki.

Buxorolik bir yosh yigitning uch-toʻrtta kitobi nashrdan chiqib ulguribdi. Sheʼrlarining anchasi qoʻshiq boʻlib ketgan. Baʼzi “modern” yoshlar oʻsha kitoblarni xarid qilayotgani ham rost. Biz ham kitoblarni varaqlab koʻrdik. Avvalo, toʻplamning muqovasi eʼtiborni jalb qiladi (sheʼrning emas, “shoir”ning reklamasi). Yoshgina boʻlishiga qaramay, soqoldor muallifning surati. Oʻzini tutishidan – goʻyo sanʼatkor. Kitob orqasida oʻzining kimligi, tabrik soʻziga oʻxshab ketadigan jumlalarni keltirganki… Bunday katta daʼvoni eng nomdor shoirlar ham qilolgani yoʻq hali.

Ming istihola bilan yozish mumkinki, oʻsha, biz katta daʼvo deyayotgan jumlalarda ijodkorning qanday xastalik bilan ogʻrib, kasallikni qanday yengib oʻtgani, ulkan hayotiy “tajribasi” haqidagi bitiklarni oʻqiymiz. Yoki sevgi haqidagi “chuqur” mulohazalarga koʻzimiz tushadi. Goʻyo bu bizga ibrat boʻlishi kerakka oʻxshaydi…

Toʻplamning mazmun-mundarijasi haqida yoshi ulugʻroq, tajribaliroq munaqqidlar fikr bildirgani maʼqul, albatta. Bizning kichik xulosamiz esa kitobdan oʻrin olgan sheʼrlarni adabiyotni tushunadigan hech bir kishi koʻrmagan, tahrir-tahlil qilmagan, degan fikr bilangina cheklanishga yetadi. Bir soʻz bilan aytganda, matn mazmuni ishqiy, qargʻish, aql oʻrgatish kayfiyatidagi dahanaki jangni eslatadi.

Afsuski, aksariyat yosh qalamkashlar matbuot, nashriyot eshigiga “yotib” olishgan. Hatto ota-onasi ham ergashib keladi: “Bolamning sheʼrini chiqarsang. Aks holda oʻqishga kirolmaydi, tanlovlarda gʻolib chiqolmaydi”.

Zerikishdan qoʻlga qalam olayotganlari-da topiladi. Endi oʻylang, sizning noʻnoq bolangiz (aynan ijodga) qoralagan allambalolarni xaspoʻshlab, silliqlab gazetada bossa, nashriyot toʻplam(cha) qilib bersa (azbaroyi zada boʻlganidan), u qobiliyatli boʻlib qolarmidi? Yoki biror oliygohga imtiyoz asosida qabul qilinarmidi? Yoki mashhur boʻlib ketarmidi? Shuncha sarsongarchilik, mablagʻni behuda sarflash oʻrniga, bolaning qoʻliga toʻrtta darslik, ikkita badiiy kitob olib berishning nafi koʻproq emasmi?

Shu oʻrinda yana bir muammoning yechimiga yetgandaymiz. Viloyatlarda televideniyelar, baʼzi markaziy telekanallar, radiolarda tinimsiz efirga uzatilayotgan, na ovozi, na musiqasida tayini boʻlgan “sanʼatkorlarning” tegirmoniga biz tilga olib oʻtgan ijodkorlar suv quymayaptimikan. Shevashunoslik, bachkanalikdan nariga oʻtolmay qolgan “sanʼatkorlarni” ruhlantirib yubormayapmizmi? Andishasizlik ayb emasmi? Achinarlisi shundaki, xizmat koʻrsatgan, hatto xalq artistlari ham oʻshanday maza-matrasi, saviyasi boʻlmagan sheʼrlarni topib kuylayapti. Balki shundandir, sanʼatkor bilan sanʼatkorni, qobiliyatli bilan qobiliyatsizni farqlolmay qoldik. Hammasi bir xil, bir rangda. Farqi shundaki, birovi oʻzini reklama qila oladi, birovi yoʻq. Musiqa matni, mazmun-mohiyatini nazorat qilishi kerak boʻlgan mutasaddilar qayerga qarayotgani nomaʼlum.

Matbuot ham “oppoq” emas. Koʻplab xususiy gazetalar, tarmoq nashrlari ozuqa manbai sifatida shov-shuv koʻtarishni bilib olishgan. Yurakning qonga aylanib, daryo boʻlgani, oyning engashib qoʻshiq aytgani (dostonlarda ham bu darajada koʻpirtirilmagan misralar), uyqusiz kechalarning ogʻriqlari, bir havaskorning besh yuz marta sevgani, xatosidan afsus chekayotganini sheʼr, deb tushunayotgan adabiy xodimlarning borligi, uyalmay-netmay gazetasining muqovasida dabdabali suratini bosishgani koʻngilni ezadi. Birovga shoir nisbatini berishdan oldin, ozgina bu haqda oʻylasak, nima deyayotganimizni fahmlasak boʻlarmidi. Nahotki saviyamiz ommaviylashib boraversa… Oʻylagani qoʻrqadi kishi.

Kattalarimizda doʻppini bir chetga qoʻyib, yaxshilab oʻyla, degan ibora bor. Qachon oʻylaymiz? Doʻppi-ku boshimizda yoʻq. Lekin doʻppi biz uchun oʻylamaydi-da. Adabiyot qayerga qarab borayapti? Yoki adib Shukur Xolmirzayev taʼbiri bilan aytganda, adabiyot oʻlayaptimi? Yoki darvozasiz qoldimi? Dod-voy qilib, ayyuhannos solayotgan odam boʻlib koʻrinish niyatimiz yoʻgʻ-u, ammo shoirman, yozuvchiman, deb koʻkragiga urayotganlarning nihoyatda koʻpayib borayotgani rostdan tashvishga asos boʻla oladi-da. Qoʻshiq va musiqa shou-biznes degan balandparvoz “madaniyat”ning qurboni boʻlib ulgurganiga-ku ancha boʻldi. Nima, endi navbat adabiyotgami? Nahotki, shu holat tashvishga asos boʻlmaydi, deysiz?!

Bunaqada yigirma yildan soʻng maktab darsliklariga kimlar kiritilishi haqida hatto oʻylash ham qoʻchqinchli.

Nazm yoki nasrda boʻlsin, iqtidorli yoshlar, yangi-yangi qobiliyat egalari yuzaga chiqavergani yaxshi. Bundan quvonish kerak. Ammo, ular kitob oʻqigan, adabiyotdan xabardor boʻlsa yaxshi-da. Tagʻin, shoirman, adabiyot bilimdoniman, shu sanʼat turining ertasini oʻylayman, degan borki, ijod eshigini qoqqanga, adashib turtib qoʻyganga darvozani lang ochib qoʻymasa, deymiz. Aks holda adabiyot latifaga aylanadi. Yoki biz…

 

Isomiddin POʻLATOV

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 10-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/andishasizlik-ayb-emasmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x