Ikki tong orasi

1

Gʻira-shira tong qorongʻusi.

Osmonga otilgan toshni payqash qiyin.

Kimsasiz adirlar qoʻynini tilib oʻtgan koʻchada onda-sonda lop-lop etib oʻtib qoladigan mashina chiroqlari yoʻl girdi bilan ketayotgan aravali baytal va ikki kishining koʻzini qamashtiradi. Oʻtkinchi shuʼlada kunbotardagi betkaylikda oʻn chogʻli qoʻyning hayigʻib ketayotgani va ilgariroqda mol yetaklagan uch-toʻrt odam sharpasi harakatlanadi. Yana qayerlardandir tungi sukunatni buzib kimningdir qisqa-qisqa hushtak chalgani-yu, “Chah-chah, tort, echki tort!” – degan xitobi eshitiladi.

Ular beixtiyor bir-birlarini qora olib ketib boradilar.

Biya sernur chiroqlarga beparvo, bir tekis yoʻrtadi. Arava sandigʻidan bazoʻr bosh chiqarib ketayotgan qoʻylarning koʻzlari ahyon-ahyondagi kuchli yogʻdudan yashil tusda tovlanadi. Egar ustidagi miqti bolakay ot biqiniga nuqib qoʻyadi. Arava tezlashib, chamasi besh-oʻn qadamlar loʻkkillab ketadi.

– Koʻp tez haydayverma, – deydi arava girdiga ilinib olgan ellik yoshlardagi kishi – Ichimni ezib yubording.

– Ertaroq borishimiz kerak-da, azonda bozor yaxshi boʻladi, dada!

Olis-olislargacha ularning gangir-gungiri eshitilib turadi.

 

2

– Hey, bu qoʻylar kimdan? – Shop moʻylov, qorindor kishi bozor darvozasiga yaqinlashgan biya ustidagi bolakayga yuzlanadi – Yo, sen bilan savdo qilamizmi?

– Dadam hozir keladi.

Shop moʻylov qoʻylarning biqiniga qoʻl botirib, qovurgʻasini ushlab koʻrdi. Birma-bir qoʻltigʻiga olib silkidi. Novchabichim hamrohiga lab uchida pichirladi.

Bu orada bozor tomonga jandaga oʻrangan sotarmonlar tuya, ot, hoʻkiz, sigir… yetaklab oʻta boshladi. Har soniyada ularning safi qalinlashib, mol bozori gavjumlashdi.

– Sen oldinga oʻtib tort, men haydayman, – dedi hozirgina paydo boʻlgan otasi, qoʻylarga sirtmoq sola olmay kalovlanib yurgan bolaga.

– Boy bova, bu qoʻylarga pul sanaymizmi? – Qorindor dallol qoʻy egasi egniga qoʻl tashladi.

– Bilmasam, bozorni koʻraylik-chi…

– Kelishtirsangiz shu yer ham bozor-da!

– Ogʻzim toʻla pul-da, birodar…

Dallol sotarmonning egnidan qoʻlini oldi. Ilgariroqqa oʻtib hamrohi bilan allanimalarni shivirlashdi. Novcharogʻi kelib:

– Qani, qoʻlni bering, – deb ilik uzatdi. – Yettovini koʻtarasiga bichaymi yoki…

– Farqi yoʻq, pulning chiqishi hisob, – dedi qoʻy egasi.

– Unda, bunday: yettovi bir joyda besh yuz ming, – Dallol sotarmonning qoʻlini siltay boshladi. – Koʻnglingizga ogʻir botmasin, deb moʻljalingizga yaqin oldim.

Qoʻy egasi churq etmadi.

– Nega indamaysiz, yo past soʻradimmi?

– Molni pachakilamang!

– Unda, yigirma besh oʻtaman.

– Boʻlmaydi.

– Besh yuz ellikka berdingizmi?

– Yoʻq.

– Besh yuz oltmishga-chi?

– Siz qoʻylarni koʻrdingizmi, oʻzi?

– Koʻrdi-koʻrmadi, bori yettov chortuyoqda, aka!

– Unda yaxshilab koʻrib, keyin baraka soʻrang!?

– He-yey, achchiqlanmang, aka, bozor-da – bu! Ichida shirriq-mirrigʻi chiqsa, men kuyaman.

– Bular dashtning moli, suyagi butun. Zarurlikka sotayapman.

– Biron ulov olmoqchimisiz?..

– Qiz chiqarayapman.

– E-e, toʻyning xarajati deng, – novcha dallol yuziga tabassum surib qoʻl siltashda davom etdi: – Savob ishning xarji ekan, boya aytganimga oʻn qoʻshdim.

Sotarmon yoʻq maʼnosida bosh chayqadi.

– Ho-ov aka, sizdan sado chiqadimi?

– Soʻrayvering…

Novcha dallol sotuvchining qoʻlini boʻshatib, qoʻylarni aylana boshladi. Chetdagi oʻrtaboʻy qoʻchqorni koʻtarib koʻrdi. Choʻntagidan qoʻlchiroq olib qoʻzili sovliqning tishini sanadi. Boshqalarining yelkasini gʻijimlab chiqdi.

– Bularning eti yaxshimas-ku?! – dallol yana sotarmonga yuzlandi. – Boya aytganimga oʻttiz qoʻshdim, top-toza olti yuz boʻldi. Qani bir guldirang-chi?

– Boʻlmaydi.

– Qoʻshadigan hech narsasi qolmadi. Tezagigacha pullamoqchimisiz?

–…

– Endi-i, menga qarang, aka! Jamiga saksoni kam yetti yuz atadim. Sizga yon bosdim, ana!

– Toʻgʻri kelmaydi.

– Olti yuz ellikka baraka bormi?

–…

– Chorak kam yetti yuz. Endi baraka deng!.

– Kelishtiring.

– Kelishadigan joyi qolmadi. Hay, sizning ham aytganingiz emas, meniki ham; toza yetti yuz – chek puli, dallolga shirinkoma bermaysiz.

Qoʻy egasi oʻylanib qoldi…

Sekin-sekin osmon tozarib, yulduzlarning tusi oʻcha boshladi. Miltiroq tong yulduzi va xira tortib borayotgan oy oʻrogʻini aytmasa, falak boʻm-boʻsh hisobi. Sharqiy kengliklarda ufq qizarib, quyoshning qontalash qiyofasi koʻrinadi. Etni jimirlatar yoz tongotarida koʻchma yemakxonalardan dastlabki tutun taraladi. Qoʻradagi kabobning ishtaha ochar “jiz-jiz” hidi bolakayning dimogʻini qitiqlab oʻtadi. Bora-bora tevarak gavjumlasha boshlaydi. Uzoq-yaqindan kelgan ulovlar tirbandlashib boradi. Otligʻu piyoda, olarmonu sotarmon, kimki boʻlsa, hayqirigʻu baqiriqlar bilan gʻoʻngʻillab yotgan bozorga uradi oʻzini:

– Hey, aytganingdan ozroq tush!

– Tiling tanglayingga yopishib qolganmi, guldirasang-chi!?

– Oʻni kam toʻqsonga baraka de!

Bu yerda serzarda dallollarning narx talashuvlari, boquvdan chiqqan olakoʻz buqalarning oʻkiriklari, yer depsinib turgan bedovlarning baland va davomli kishnashlari yoki badjahl chekchilarning baqiriqlari qaynab yotadi.

– Arzonroq berdik shekilli, dada, – dedi bolakay qoʻy chilvirlarini yigʻishtirayotib. – Sal oyoq tiraganingizda yana qoʻshardi…

– Mayli, Xudoning buyurgani-da, bolam.

Ota-bola mol bozoridan chiqib, kiyim-kechak rastalarini oralab ketdi.

 

3

Bir oy burun Qoraqul kombaynchining yolgʻiz qiziga sovchi keldi-yu, tashvishi shundan boshlandi: bir oyogʻi uyda boʻlsa, bir oyogʻi bozorda. “Oʻgʻillinikida – bir kun toʻy, qizlinikida – oʻn kun toʻy”, deganlaridek hovlisidan ogʻayni-qarindoshlarining qadami uzilmaydi. Ayollar kun ora yigʻilishib sarpo-suruqning muhokamasini qiladi. Baʼzan oʻzaro shivirlashib, quda tomonga “elchi” ham joʻnatishadi. Vakil sarpo bahonasida turli-tuman maʼlumotlar olib keladi. Bunday xabarlar orasida qudaning feʼl-atvori-yu, qudaoyining matoparastligi toʻgʻrisidagi yangiliklar ham quloqqa chalinadi. Qoraqul kombaynchining esa ogʻili boʻshab, qoʻtonidagi tuyoq soni siyraklashgan. U yolgʻiz qizini el qatori – birovdan kam qilmay uzatmoqchi. Shu bois, xotinlarning ham ayrim maslahatlarini toʻgʻri deb oʻyladi:

– Hozir qiz tomon mebel ham qilayapti, – dedi xotini.

– Oychechakdan tashqari kuyovga ham qishlik-yozlik kiyim qilishingiz kerak, – qoʻshildi qoʻshni ayol.

– “Qizlar bazmi” bilan “Kuyov chaqirdi”ni bir kunda oʻtkazganlaringiz maʼqul, – fikr bildirdi yana biri.

Qoraqul kombaynchi bozorma-bozor yuraverib shu narsani angladiki, u ulgʻaygan zamonlar oʻtib, taqdirning charxpalagi boshqa bir davrning shamoli bilan aylanib yotardi. Masalan, u “Qiz sepi”ga chinni idish olishda rosa ovora boʻldi. Avvaliga, u olib kelgan idishlarni xotin-xalajlar koʻrimsiz ekan, zamonaviyrogʻi kerak, deb qaytarib yuborishdi. Kombaynchi ustiga bir-ikki soʻm qoʻshib almashtirib keldi. Bu safar yana oʻsha xotinlar “Chinnilar toʻplami”ning rangi, shakli, hajmi bir-biriga mos tushmadi deyishdi. Kombaynchi yana bozor sari yoʻrtib ketdi… Xullas, u sal kam bir oy deganda koʻrpa-toʻshak, idish-tovoq, kiyim-kechak, parda-yu dasturxonning kamu koʻstini bitirdi. “Hammayam shunday xarajat tortadimikan-a, – dedi bir safar bozordan qaytayotib oʻziga-oʻzi. – Yo, men dahmazani katta qilayapmanmi? Yoʻ-oʻq, olayotganlarim ham, Oychechakning sepi ham birovdan ziyod emas. Demak, yo narx-navo oshgan, yo zamon oʻzgargan, yo mening hech narsadan xabarim yoʻq?”.

Qoraqul kombaynchi asli xoʻjalikda mexanik edi. Keyinchalik zamon oʻzgarganida katta bir bochkaning ostiga motorli qurilma oʻrnatib, qoʻlbola kombayn yaratdi. Oʻshandan beri el-yurtning arpa-bugʻdoyini yanchib, roʻzgʻor tebratadi.

“Kombaynchi” laqabi ham shundan.

 

4

Kun tushlikka yaqinlashavergani sari jazirama zoʻraya boshladi. Koʻcha-kuyda oyoq tovushi tinib, borliqni allaqanday sukunat chulgʻadi. Boʻgʻotlarda bigizday tilini oʻynatib hansirayotgan qushlar qishloq oralab “gʻiyq-gʻiyq” etib ketayotgan aravani kuzatib turadi. Baytal koʻzi atrofida oʻralashayotgan chivinlardan zada – ilkis-ilkis bosh chayqab yoʻrgʻalaydi. Manzilga yaqinlashavergani sayin qadam otishi tezlashadi. Saratonning tubsiz osmonida egri-bugri koʻchalar va betartib uylardan tashqari etakdagi kimsasiz adirlarga ham nigoh tikib uchayotgan burgut yoz chillasining harakatsiz lahzalarida yemak qidiradi. Uning oʻtkir koʻzlari qishloq quymichidagi selxona-jarlarga tutashib ketgan chekka hovli sari oʻrlayotgan qoʻngʻir tulkini nishonga olgan. Tulki loʻkkillab hovli etagidagi ovloq bostirmaga urib ketadi. Bostirmadan besh-oʻn qadam naridagi gʻov ochilib, aravasini gʻijirlatib sudrab kelayotgan biyaning horgʻin gavdasi koʻrinadi.

– Marjonbuloqdagi opamning oʻgʻli keluvdi – jiyaningiz, pochchamni konda tosh bosib qolibdi, – dedi xotini yuzida maʼyuslik zohir boʻlib. – Togʻam kelsa, ertaroq shahardagi doʻxtirxonaga borar ekan, dedi.

Qoraqul kombaynchi hovli oʻrtasidagi gʻujum ostida bir shokosa ayronga ikki sindirim non botirib yedi-yu, bozordan ortgan pulni beliga tugib shaharga joʻnadi. Etakdagi angarni kesib chiqib, katta yoʻlda eski bir avtobusga ilinib oldi. Ulov kuchdan qolgan qirchangʻiday imillab, duch kelgan joyda kimki koʻrinsa ortmoqlab, kun peshinga oqqanda shaharga kirib keldi. Saraton quyoshi selgib, borliqni ajib bir harorat chulgʻaganda Qoraqul kombaynchi doʻxtirxonani topib bordi. Koʻrdiki, bu yerda yotganlarning barisi yarimjon: birining oyogʻi singan, boʻksasigacha gipslab, yana tosh ham osib qoʻyibdi. Yana birovining beligacha oq mato oʻralgan. Boshqasining koʻzi bilan burni ochiq, qolgan aʼzoi badani toshqotgan doka oʻrami ichida. Toʻrda aftodahol yana biri yotardi. U behush edi. Qoraqul kombaynchi allaqanday ichki sezgi bilan yaqin bordi unga. Shilinib-tilinib, yarogʻi qolmagan yuzini artdi. Soʻng eshikka, undan bino yoʻlagiga chiqdi. Soʻrab-surishtirib bosh doʻxtirning xonasini topib, ming bir istihola bilan eshikni taqillatdi:

– Kiring, – guldurak ovoz keldi ichkaridan.

Oromkursiga omonatgina qoʻnib turgan girdigʻum doʻxtirning qarshisida gʻujanak boʻlib – egnini qisib oʻtirgan opasini koʻrdi. “Oldirib qoʻyibdi oʻzini, – dedi ichida kursiga choʻkayotib. – Notinchlikning beti qursin, bulutday edi-ya…” Ayol oʻksasi qurib: “Hah, falak! Peshonamda bu kunlar ham bormidi? – dedi, illo, uning hasratlarini oʻzidan boʻlak hech kim eshitmadi. – Koʻrsatganlaring kammidi…” Bosh doʻxtir koʻngilsoʻrar gaplar qildi. Qayerdandir paydo boʻlgan kotiba qiz piyolada suv keltirdi. Ayolning hovuri bosilib, bir nuqtaga maʼyus tikilib qoldi. Bosh doʻxtir dilgir sukunatni buzib, soʻzlandi:

– Akaning yetti joyi singan. Unchalik xavfli emas, xavotir olmang. Endi-i, ochigʻini aytishim kerak, biz xoʻjalik hisobidamiz. Bu – uncha-muncha xarajati… bor degani. Hozir koʻp doʻxtirxonalarda ahvol shunaqa. Toʻgʻri tushuning meni.

– Uka, siz dangal aytavering… – Kombaynchi doʻxtirning xabari ketidan davom etdi. – Hammasi ochiqchasiga boʻlgani maʼqul, shunga qarab soz qilardim.

Ular bir necha soniyada kelishib olishdi. Kombaynchi opasini qoʻltigʻidan olib hovlidagi boqqa tushdi. Bu yerda sassiz lahzalar hukm surardi. Opa-uka chetroqqa, oʻrik ostidagi oʻrindiqqa joylashdilar.

– Xudo shifosini bersin, ichikavermang, – dedi uka.

– Manglayim qora boʻmasa, bu kunlar ham bormidi menga? – Opa ukasining toʻshiga bosh qoʻyib yigʻlay boshladi. – Bechora yorti edi, kunimizga sen bor ekansan. Yolgʻizlik shundayda bilinadi-da, jigarim!

Qosh qorayib, tevarakda koʻcha chiroqlari yogʻdu socha boshlaganda Qoraqul kombaynchi opasini shahardagi eski tanishinikida qoldirib, qishloqqa qaytdi.

Begard osmonda gʻuj-gʻuj yulduzlar jimirlab yotadi. Somon yoʻli boʻylab uchgan birining taram-taram nurlari bir necha soniya yoʻnalishini yoritib oʻtadi-da, xira tortib yoʻqoladi. Olis-olislardan bir itning gʻingshinib akillagani eshitiladi. Toshlarga singgan oftob tafti koʻtarilib tevarakni dim va iliq haroratga toʻldiradi; borliq osuda lahzalar qoʻynida mudrab yotadi. Biroq hovli oʻrtasidagi gʻujum ostida yotgan er-xotinning koʻziga uyqu inmaydi. Ular uchi-quyrugʻi yoʻq xayollar girdobida band. “Kombaynimni sotaman, – oʻyladi eri. – Pulga boradi. Bultur Umar qassob soʻratuvdi. – Shu kez etakdan otning pishqirigʻi eshitiladi, – Yo, biyani bozorga solsammikan…” Xotini eriga kishibilmas qarab qoʻyadi. Uning tubsiz falakka tikilib oʻy surayotgani-yu, ming bir rejani xomchoʻt qilayotganini his qiladi. Oʻqlovdek ingichka, boz yana ajin bosib ketgan boʻyniga koʻzi tushib ich-ichidan achinadi. “Jagʻiga pichoq qayraydigan boʻlibdi bechoraning, – deydi oʻziga-oʻzi. – Ne bir yigit edi; togʻni ursa talqon qiladigan. Yolgʻizlikning shunisi yomon, aka-ukalari boʻlganida suyashib turarmidi… It boʻl, qush boʻl – koʻp boʻl degani bor gap. Yakkashning otauyi chirogʻini yoqib oʻtirishi qiyin”. Kunchiqardan esgan yelpinchiq er-xotinni barcha dardu hasratlaridan forigʻ etib, yulduzlar jimir-jimiriga mahliyo qilib, xayollarini osmonning sirli qaʼriga tortib ketadi…

Qoʻshni chol bomdodga azon aytar mahali qishloq oralab borayotgan Qoraqul kombaynchining xayolidan: “Umar qassobnikiga borsammikan, yo Hamza fermerdan qarz koʻtarsammikan…” degan yakkam-dukkam mulohazalar oʻtadi. Qaysiki davlatmandni bilsa, ular bilan oralarini chamalaydi. Masalan, uzoq Taypoqsoyga koʻchib ketgan partadosh tengquri Boysayfi bilan joʻrachiliklari, anchayin qoʻli ochiqligini ham xotirlaydi. “Qarz soʻraganning bir beti qora, bera olmaganning ikki beti, – deydi kimningdir oldida mulzam boʻlishini oʻylab. – Hay, bir gap boʻlar. Oʻladigan hoʻkiz boltadan qaytmas”, qoʻshib qoʻyadi yana. Oftob dashtu dalalarni otashdek kuydirayotgan bir pallada eshikma-eshik, uyma-uy kezib yurgan kombaynchining reza-reza ter quyulib kelayotgan peshonasida shamshir oʻynatadi goʻyo. Shamshirki, jon olmas – ajal emas; faqatgina ustomon qassobday terining bir qavatini jizillatib shilib tashlaydi. Qizarib, hildirab borayotgan toʻrqovundek ajin bosgan qiyofada bebaxt bolalik hasratlari-yu suronli yillarning gʻam-anduhlari qotib qolgan. Qotib qolgan emas, aji-buji chiziqlarda aks etib turadi. Bujmaygan qovoqlar orasidagi botiq koʻzlar esa, ana shu aji-buji chiziqlarni harfma-harf, jumlama-jumla fosh etadi…

Bozordan bol topib, uni qoʻyniga solib, yana yoʻl-yoʻlakay “Zamon-zamon, bizning zamon…”ni hirgoyi qilib kelayotgan va xotiniga ikki zuvala kulcha solishni buyurib turgan ot dalloli Boysayfi doʻsti, yaʼni bola sirdoshi Qoraqulning koʻzidagi ilinjni uqdi. Uqdiki,… qiymatini soʻradi, xolos. Mehmonning kelishuv haqidagi vaʼdalarini tinglamadi ham. Bundan oʻttiz-qirq yil burungi dali-gʻulliligiga bordi: “Topar oyida berasan” dedi…

 

5

Saraton oʻtib, tiyramohning namxush shamollari uygʻongan mahali Qoraqul kombaynchining shahardan oyogʻi uzildi. Suyak deganlari kun sanar ekan; pochchasi Berdimurod qariyb oltmish kun yotdi doʻxtirxonada. Bu orada kombaynchi ancha-muncha dorining farqi-yu davosining fahmiga yetdi. Gohida oq rangli imoratning oʻtkir va qoʻlansa hididan bezib ham ketdi. Baʼzan shapaloqdek qogʻozga turnaqator qilib bitilgan dorilar roʻyxatini qoʻltiqlab shaharning duch kelgan teshigiga bosh suqdi. Qudalar bilan kelishib toʻyni ham orqaga surdi; jiyanlarim otasiz qolmasin, dedi. Pochchasining yolgʻiz ekanligini-da qistirib oʻtdi. Odam odamga el boʻladi, pul yoki martaba ellik qilmaydi, deb oʻyladi quda tomon. To oʻrim-yigʻim tugab, daladan hosil koʻtarilgunicha Qoraqul kombaynchining sozini kutishdi.

 

6

Kechasi bilan sharros quygan yomgʻir erta bilan tinib, tonggi rutubat odamlarga xush yoqdi. Ob-havoning yumshaganidan kayfiyati koʻtarilgan toʻy egalari izdihomning tadorigida. Yosh-yalanglar oʻchoq qazish, samovar tayyorlash bilan band. Bir-ikkita oʻrta yoshlilar hovlining etagida, koʻzdan panaroqda qora qoʻchqorni boʻgʻizlab, terisini shilish bilan ovora. Choynak-piyola, kosa-tovoq tashiyotgan xotin-xalajlar oyoq uchida uchib yurishadi goʻyo. Holiroq tomga yigʻilishib olgan qizlar kelin boʻlmishning pardoz-andoziga zoʻr berishadi. Ayvondagi uch-toʻrtta keksalar oʻtgan zamonlardan gap surishadi. Ichki uylardagi kayvonilar kelin sepini qayta koʻrikdan oʻtkazadilar. Kun choshgohdan oʻtib shohning koʻchiga bezatilganday turli xil popuklarga oʻranib olgan kuyovjoʻralarning ulovlari “bib-bib”lab hovliga kirib keladi. Ostonaga qadar pishqirib kelgan birinchi mashinadan qorindor karnaychi va miqti doirachi tusha solib “gʻiyq-gʻiyq, tapir-tupur”ini boshlab yuboradi. Oʻz ishlari bilan kuymalanib yurgan qiz-juvonlar bir pasda chetroqqa yigʻilishib olib, yigitlarning xatti-harakatini kuzatishga tushadi. Shoʻx-shaddodlari navkarlardan ayrimlariga qochirim qilishga ham ulguradi. Taraflar orasida hazilu mutoyiba boshlanib ketadi. Davrani ipak sallali Imomxon eshon tomoq qirib kesib oʻtadi-yu yigʻilganlar jimib qolishadi. Yangalar kuyov bolani nikoh oʻqitilmish xonaga boshlab ketadi…

– Qiz otasini chaqiring, – dedi eshon nikoh suvi keltirgan kishiga.

Hayal oʻtmasdan doʻppisini qiyshiq bostirib olgan Qoraqul kombaynchi koʻrindi.

– Siz, togʻasi boʻlasizmi?

– Yoʻq, dadasi boʻlaman.

– Unda togʻasini chaqiring, nikohda togʻalar ota oʻtadi, udumimiz bu!

Qoraqul kombaynchi tashqariladi. Eshikdan chiqa turib oʻylanib qoldi. Xotiniga imladi:

– Hamqishloqlaringdan boʻlsayam birontasini ayt. Qizga nikohda togʻalar ota oʻtar ekan.

Dahlizdagi kursida omonatgina oʻtirgan pochchasi Berdimurod qoʻltiqtayogʻiga suyanib:

– Zarkumush mening qishlogʻimdan, ogʻalari yoʻq deb kim aytdi, men – akaman! Oychechakka men otalik qilaman! – dedi toʻligʻib.

Er-xotinning koʻzlariga nam tepdi. Biroq bir-biriga bildirmay teskari burilib ketishdi. Yarim soat oʻtib kelin-kuyovni tashqariga olib chiqishdi. Qiz otasi bilan xayrlashdi: Qoraqul kombaynchini quchoqlab hoʻngrab yubordi. Yangalar lab uchida shivirladi, bilagidan tortib chetga oldi. Ota bir juft nonni qizining qoʻltigʻiga qistirib, yelkasi uchib – selkillab ketaverdi… Belgisiz tomonlarga tikilib, qabogʻidagi namni sirqib oldi…

Bazm qizigandan qizib, lutfu ehsonlar avjiga mindi. Kuyovning urugʻlari kelin tomonni va yoki aksincha, bir-birlarini ogʻiz toʻldirib maqtadilar. Qizlar-yigitlar, ammalaru xolalar toʻyxonani kulguga toʻldirib, bir-birlarining qoʻltigʻidan olib, gir aylanib raqs xirom etishdi. Qoraqul kombaynchining yelkasidan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. U atrofidagi shirakayf oshnalarining sershovqin qahqahasini eshitmaydi goʻyo…

 

7

Tong tunning pardasini tortib, sharpa sharpani eran-qaran ilgʻaydigan bir pallada Gʻoʻbdintogʻning quymichidagi adirlarda bir ot oʻynoqlab boradi. Qirq kunlik boylovdan chiqqan yilqi tizginni uzgudek siltanib, gohida old oyoqlarini qoʻshshasiga oʻynatib, belidagi jilovdorni mensimagandek pishqiradi, ogʻzidagi suvliqning gʻijir-gʻijiri eshitiladi.

– Mahkamroq oʻtir, tashlab ketmasin, – deydi otasi egar ortiga qarab. – Bozorgacha bir amallab yetib olsak boʻlgani…

Bola oyoqlarini qisib, egar karsoniga yopishibroq oladi.

Ular biyaning narxini xomchoʻt qilib, biri olib-biri qoʻyib, bepoyon kengliklar ichida nuqtaga aylanib boradi…

 

Anvar SUYUNOV

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 10-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/ikki-tong-orasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x