Nohaq ayblov

Ed MAKBEYN

 

Qizni qanday topishganini keyinroq bildim.

Bu mallasoch qiz endigina oʻn sakkizga kirgan edi. Uning badanida zoʻravonlik izlari boʻlib, koʻylagi yirtilgan, yuzida esa behuda qarshilikdan keyingi dahshat qotib qolgan, kaftlari xuddi nimanidir changallab olganga oʻxshardi.

Jasadni topgan politsiyachilar tor koʻchaning burchagida turishar, qoʻlchiroqlaridan tushayotgan nurlar qizning tomogʻidagi koʻkarib ketgan izlar va koʻzlarida qotib qolgan dahshat ifodasini yoritardi.

Politsiyachilardan biri boshini chayqadi.

– Eh, bu yoshlar!

Ikkinchisi esa soʻkindi va sherifga jasad topilgani haqida ratsiya orqali xabar berdi.

Bu maʼlumotlarni men keyinroq, hisobot tayyorlayotganimda bildim. Dastlab Marsiya menga qoʻngʻiroq qilganida uning ovozida vahima ohangini sezdim. Esimda, telefon jiringlaganida Enn biqinimga turtdi.

– Azizim, goʻshakni olgin.

Men karavotdan tushib, chiroqni yoqdim. Soat tungi ikki yarimni koʻrsatib turardi.

– Jin ursin!

– Hechqisi yoʻq, – dedi Enn.

Men yarim kechasi qoʻngʻiroq qilib odamning asabini buzadiganlarni mingʻirlab soʻkkanimcha qizim Betning xonasi yonidan oʻtdim. Zina boʻylab pastga tusharkanman, telefon hali ham jiringlashdan toʻxtamasdi.

– Allo!

– Deyv? – dedi ayol kishi.

– Ha. – Kim bu?

– Marsiya. Deyv, Xarli qiyin ahvolda.

Men hali ham uyqusirardim.

– Kim?

– Xarli, erim, – dedi ayol. – Politsiya… enagamiz…

– Toʻxta, Marsiya. Qanaqa ahvolda?

– Ularning aytishicha… Xarli enagamizni oʻldirganmish… Deyv…

– Nima?!

– Ha, Deyv. Uni olib ketishdi. U senga qoʻngʻiroq qilishimni soʻradi. U…

– Qayerga olib ketishdi?

– Sherifning boshqarmasiga, Deyv. Jinni boʻlib qolaman! U… u bunday qila olmaydi, Deyv! Bilasan-ku! U…

– Albatta bilaman. – Endi butunlay oʻzimga kelgandim. – Hoziroq oʻsha yerga joʻnayman, Marsiya. Xavotirlanma. Kiyinaman-u joʻnayman.

– Rahmat, Deyv. Rahmat.

– Shoshilishim kerak. Senga keyinroq qoʻngʻiroq qilaman.

– Yaxshi, Deyv. Rahmat.

Goʻshakni qoʻyib, zinadan koʻtarildim va kiyina boshladim.

– Qayerga ketyapsan, – soʻradi Enn.

– Sherifning idorasiga. Xarlini oʻsha yerga olib ketishibdi. Enagalarini oʻldirishda ayblashyapti ekan.

– Bemaʼnilik, – dedi Enn.

– Bilaman. Ammo ish jiddiyga oʻxshaydi.

– Oʻzing saqla, Xudoyim!

Men kiyinib, u yoq-bu yogʻimni toʻgʻriladim. Soʻng yotoqxonaga qaytib uni oʻpdim:

– Tezda qaytaman, azizam.

– Yaxshi, – dedi Enn, – ehtiyot boʻl.

Yoʻlakka chiqib Betning xonasi eshigini ochdim. U oʻn olti yoshga toʻlgandi. Men oyoqlarim uchida yurib borib, osilib qolgan koʻrpani uning ustiga yopdim, soʻng peshonasidan oʻpib qoʻydim. Xonadan asta chiqib garajga kirdim va mashinani minib yoʻlga tushdim.

 

* * *

Boshqarmaga kelganimda shaxsan sherifning oʻzi meni kutib oldi. U Xarli bilan hech kimning uchrashishga haqqi yoʻqligini aytdi, ammo men uning advokati ekanligimni aytgach, uchrashuv uchun ozgina vaqt berdi. U meni binoning orqa tarafiga boshlab bordi, kameralarga olib boruvchi panjarali eshikni ochdi, soʻng Xarlining kamerasigacha kuzatib qoʻydi.

Xarli sherif ketmagunicha bir ogʻiz ham gapirmadi. Keyin oldimga keldi.

– Deyv, xayriyat, kelibsan!

– Nima gap? – soʻradim men unga sigaret uzatib. U sigaretni yutoqib tutatdi. Soʻng tutun puflagancha dedi:

– Deyv, ular meni nohaq ayblashyapti.

– Qanaqasiga?

U yana sigaret tutunini yutoqqancha ichiga tortdi.

– Bugun tunda topishgan qiz boʻyicha. Ularni kimdir qistovga olgan, endi esa ular aybni mening boʻynimga qoʻyishmoqchi.

– Boʻpti, hammasini boshidan gapirib ber-chi.

Xarli bosh silkidi:

– Albatta. Albatta.

U chuqur uf tortdi.

– Bugun biz Marsiya bilan aylangani chiqdik. Kino koʻrdik, bir-ikki stakan ichdik. Toʻgʻrirogʻi, uch stakandan martini ichdik.

– Davom et.

– Yarim tunga yaqin uyga qaytdik. Bolalarimizga Sheyla Keyn ismli qiz qarab turadi. Biz doim uni chaqiramiz. Biz kelganimizda u uxlayotgan ekan. Marsiya uni uygʻotdi, men unga haqini berdim, soʻng mashinamga chiqardim. U shaharning narigi tarafida turadi. Uni doim uyiga olib borib qoʻyaman.

– Keyin-chi?

– Uni toʻgʻri uyiga olib bordim. Mashinadan tushirib, ortimga qaytdim. Sigaret sotib olish uchun barga kirdim. Keyin uyimga qaytdim. – U jim boʻlib qoldi. Soʻng gapida davom etdi: – Bir soatdan keyin politsiyachilar eshigimni taqillatishdi. Aytishlaricha, qiz zoʻrlangan, keyin oʻldirilgan. Uning ota-onasi esa qiz biznikida boʻlganligini aytishgan.

– Tushunmadim. Politsiya nima uchun qotillikda seni ayblayapti?

– Yondirgichim. Uni qizning jasadi yonidan topishgan.

Men Xarliga diqqat bilan tikildim.

– Qanaqasiga?

– U chekardi,-dedi u yelkasini qisganicha. – Jin ursin, Deyv, u oʻn sakkizga kirgan qiz edi! Uni uyiga olib ketayotganimda chekkisi keldi. Yondirgichimni berdim. U yondirgichni qaytarishni esidan chiqargan.

– Anavi, sen sigaret olgani kirgan barda seni birortasi koʻrdimi?

– Bilmadim. U yerda doim kino koʻrib oʻtirishadi. Film juda qiziq boʻlayotgan ekan. Kirayotganlarga ham, chiqayotganlarga ham hech kim eʼtibor bermayotgandi. Men eshik yonidagi avtomatdan sigaret oldim va chiqib ketdim.

– Sen qizni olib borib qoʻyganingda uning uyiga kirib ketishini kutib turmadingmi? – soʻradim men.

Xarli eslashga tirishdi.

– Yoʻq, – dedi u nihoyat.

– Odatda kutarmiding?

– Baʼzida kutardim, baʼzida yoʻq. Men charchagandim, Deyv. Uyga tezroq borgim kelayotuvdi. Jin ursin, bunaqa boʻlishini kim ham bilibdi!

– Jasadni qayerdan topishgan?

– Uyidan bir necha kvartal naridagi koʻchadan.

– Yondirgichingni-chi?

– Uning yonida yotgan ekan. Politsiyaning aytishicha, men qizni mashinadan tashlayotganimda tushib qolgan emish. E Xudoyim! Deyv, nahotki ular menga tuhmat qilishayotganini koʻrmayapsan?

– Shunaqaga oʻxshaydi, – dedim men. – Ishqilib, seni haligi barda birortasi koʻrgan boʻlsin-da!

– Tupurdim bariga! Men bor-yoʻgʻi oʻn besh daqiqa yoʻq boʻlganman, xolos. Besh daqiqa qizni uyiga olib borishga, besh daqiqa uyga qaytishga ketgan. Deyv, agar shunday qilishni istaganimda ham bunga ulgurmasdim.

– Uyda oʻn besh daqiqacha boʻlmaganingni Marsiyadan boshqa yana birortasi biladimi?

Xarli inkor maʼnosida bosh chayqadi.

– Uning oʻzi ham bilmaydi, Deyv. Men uyga qaytganimda u uxlab yotgandi. Jin ursin, qanday bemaʼnilik!

– Seni qotillikda gumon qilib hibsga olishdimi?

– Ha, – dedi Xarli maʼyuslik bilan. – Ularga aybdor kerak.

– Tashvishlanma, – tinchlantirdim uni. – Balki eplarmiz.

 

* * *

Bu men advokat sifatida qatnashgan eng ogʻir sud jarayonlaridan biri boʻldi. Okrug prokurori hakamlik sudi asosan ayollardan iborat boʻlishiga erishgandi. Ayollar zoʻrlagan jinoyatchidan judayam nafratlanishadi. Demak, men toʻqqiz nafar ayolga qarshi tayyorgarlik koʻrishim kerak. Sud tarkibida bor-yoʻgʻi uch nafar erkak bor edi.

Sud besh kun davom etdi. Okrug prokurori dalillarni shunday mohirlik bilan keltirdiki, sudning har bir aʼzosi jinoyatni xuddi oʻz koʻzi bilan koʻrgandek taassurot uygʻonardi.

Xarlini koʻrsatma berish uchun olib kelishganida, u menga aytgan gapini qaytardi. U oddiy va aniq qilib soʻzladi. Shundan soʻng men unga savol berishni boshladim.

– Yoshingiz nechada, janob Pirs?

– Qirq ikkida, – javob qaytardi Xarli.

– Uylanganmisiz?

– Ha.

– Bolalaringiz bormi?

– Ha.

– Nechta, janob Pirs?

– Ikkita. Oʻgʻlim va qizim bor.

– Yoshlari nechada?

– Oʻgʻlim yetti yoshda. Qizim beshga kirgan.

– Siz xotiningiz bilan uydan chiqib ketgan paytingizda marhuma Sheyla Keynni enaga sifatida yollaganmidingiz?

– Ha.

– Doim uni yollaysizmi?

– Ha.

– Keyn xonimni necha marta enagalikka yollagansizlar?

– Deyarli bir yildan beri uning xizmatidan foydalanib kelardik.

– Shu paytgacha u bilan bunday voqea yuz bermagan. Agar…

– Eʼtiroz bildiraman! – qichqirdi okrug prokurori. – Himoyachi yoʻl koʻrsatmoqda…

– Qabul qilaman! – dedi sudya.

– Keyn xonimning tashqi koʻrinishini aytib bera olasizmi?

Xarli ikkilanib qoldi.

– Men… U mallasoch edi.

– Aniqmi?

– Menimcha, koʻzlari moviy edi. Aniq esimda yoʻq.

– Boʻyi balandmidi, pastmidi?

– Menimcha, oʻrta boʻyli.

– Koʻzoynak taqarmidi?

– Yoʻq. Koʻzoynak taqmasdi.

– Qaysi manzilda yashardi?

– Bilmayman. U menga qayerda yashashini bir marta koʻrsatgan. Oʻshandan buyon uyiga olib borib qoʻyardim.

– Uni Sheyla deb chaqirarmidingiz, janob Pirs?

– Ha, albatta.

– U sizni kim deb chaqirardi?

– Janob Pirs.

– Rahmat. Boʻldi.

Okrug prokurori menga qaradi, soʻng yelkasini qisdi. Nazarimda, u nima qilmoqchi ekanligimni tushunmayotgandi. U tushunmasligi aniq edi. Men shunchaki Xarli Pirsning xayolida qizga yaqinlashish istagi boʻlmaganini koʻrsatmoqchi edim. U marhumani tuzuk-quruq tasvirlay ham olmadi. Uning uy manzilini ham bilmaydi. Ular oʻrtasida shunchaki katta kishi va oʻsmir qiz munosabati boʻlgan, xolos. Sheyla va janob Pirs.

Okrug prokurori navbatdagi guvohni – Pirs sigaret sotib olgani kirgan “Flamingo” bari barmenini chaqirdi. Barmen kino boʻlayotgan paytda eshikdan koʻz uzmay oʻtirganini aytdi. U eshikka tikilib oʻtirganini, oʻsha tunda hech kim sigaret olgani kirmaganini taʼkidladi. U Xarli Pirs ichkariga kirganini koʻrmagan. Okrug prokurori jilmaydi va menga ishora qildi.

– “Flamingo”da kino qachon boshlangandi? – soʻradim men.

– Oʻntakam oʻn ikkida, ser, – dedi barmen.

– Kino boʻlayotgan paytda koʻp ichimlik quyishingizga toʻgʻri keladimi?

– Yoʻq, ser. Aksariyat keluvchilar kino koʻrish bilan band boʻladilar.

– Demak, siz eshikdan koʻz uzmay oʻtirgansiz. Aytmoqchimanki, hech kimga ichkilik quymagansiz.

– Eʼtiroz bildiraman, – dedi okrug prokurori oʻrnidan turib.

– Qabul qilinmaydi, – dedi sudya. – Davom eting.

– Kino koʻrish oʻrniga eshikdan koʻz uzmay oʻtirdingizmi?

– Xoʻsh… men ham kino koʻrdim. Aytmoqchimanki, vaqti-vaqti bilan. Lekin asosiy vaqtimni eshikka qarash bilan oʻtkazdim. Oʻgʻri koʻp…

– Sigaret sotiladigan avtomatga ham qarab oʻtirdingizmi?

– Yoʻq, ser.

– Unda siz vaqti-vaqti bilan kino koʻrayotganingizda kimdir avtomatdan sigaret olib ketgan boʻlishi mumkinmi?

– Har qalay…

– Siz meni oʻsha kuni barda koʻrdingizmi?

Barmen koʻzlarini pirpiratdi:

– Siznimi, ser?

– Ha, meni. Moʻyna palto kiygan mallasoch ayol bilan. Men kino boshlanganda viski ichib oʻtirgandim. Meni koʻrdingizmi?

– Men… esimda yoʻq, ser. Aytmoqchimanki…

– Men oʻsha yerda edim-ku! Meni koʻrdingizmi?

– Eʼtiroz bildiraman! – dedi okrug prokurori. – Himoyachi guvohni chalgʻitmoqchi…

– Meni koʻrdingizmi-yoʻqmi?

– Mallasoch ayol bilanmi, ser?

– Ha, mallasoch ayol bilan. Xoʻsh, meni koʻrdingizmi-yoʻqmi?

– Mallasoch ayol bor edi. Siz uning yonida edim deyapsiz. Aytmoqchimanki… esimda yoʻq, ammo…

– Demak, siz meni koʻrgansiz?

– Eslolmayman, ser.

– U yerda yoʻq edim! Siz mening u yerda boʻlgan-boʻlmaganimni eslolmayapsiz, qanaqasiga janob Pirs sigaret olgan-olmaganligini ayta olasiz! Buning ustiga, kino koʻrib oʻtirgan boʻlsangiz.

– Men…

– Boshqa savolim yoʻq, – dedim men.

Zalda yengil shovqin koʻtarilganini eshitdim va gʻolib chiqqanimni tushundim. Men okrug prokurorining guvohi bergan koʻrsatmaga zarba berdim va endi sud hayʼati guvohga ishonmaydi. Okrug prokurori adashgan boʻlishi mumkin-ku. Xarli qizga yondirgichini bergan boʻlishi mumkin-ku. Nimaga uning gaplari rost boʻlmasligi kerak? Axir okrug prokurori gumon asosida dalil keltiryapti-ku.

Men soʻnggi soʻzimda ushbu fikrlarni bayon etdim. Xarlining vijdonli fuqaro, oilaparvar er va ota ekanligini aytdim. U bir yildan buyon qizning xizmatidan foydalanib kelgan. Kinoga borgan, ozgina ichib uyiga qaytgan. Qizni uyi oldiga olib borib, oʻz uyiga qaytgan. Qandaydir nomaʼlum shaxs qizga hujum qilgan. Lekin Xarli emas.

Hayʼat aʼzolari yarim soatlik muhokamadan soʻng Xarlini aybsiz deb topishdi.

 

* * *

Biz buni oʻsha oqshomning oʻzidayoq nishonladik. Xarli va Marsiya biznikiga kelishdi, ularning bolalariga esa qaynonasi qarab turadigan boʻldi. Biz hazil-huzul qilgancha ichib oʻtirar, Xarli esa tinmay bitta gapni qaytarardi:

– Ularga aybdor kerak edi, Deyv. Lekin sen boplading! Sen aybsiz ekanligimni isbotlading.

U mening dunyodagi eng yaxshi advokat ekanligimni aytdi, keyin esa qoʻshiq boshladi, biz esa unga joʻr boʻldik. Ziyofatimiz rosa qizigan paytda xonaga Bet kirib keldi.

U dugonalari bilan uchrashuvdan qaytgandi. Bet Marsiya va Xarli bilan salomlashdi, soʻng uzr soʻrab oʻz xonasiga koʻtarila boshladi.

– Qizing nechaga kirdi, Deyv? – soʻradi Xarli.

– Oʻn oltiga, – javob qaytardim men.

– Chiroyli qiz boʻlibdi, – dedi u.

Men Betning zinadan koʻtarilishini faxr bilan kuzatib turardim. U men uchun hali ham maʼsum goʻdak edi. U zinadan qaddini tik tutgancha koʻtarilib borardi. Shu payt Xarliga koʻzim tushib qoldi.

U ham Betdan koʻzini uzmay qarab turardi. U qizimning oyoqlariga suq bilan tikilib turar, hirsga toʻla koʻzlari qizimga yeb qoʻyguday boqardi.

U qizim xonasiga kirib ketguncha koʻzlari yonib qarab turdi. Keyin esa bizga qaradi:

– Xoʻsh, qoʻshiqni davom ettiramizmi?

Men oʻzimni ahmoq boʻlganday his qildim. Shunchalik ham ahmoq boʻlamanmi! Eh!

 

Ruschadan

Dilshodbek ASQAROV

tarjimasi

 

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 10-son

https://saviya.uz/ijod/nohaq-ayblov/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x