Zigmund Freyd yoxud “dardingni olay, birodar” taʼlimoti

Avstriyalik mashhur faylasuf, psixolog va psixiatr Zigmund Freyd (toʻliq ismi sharifi Sigizmund Shlomo Freyd) 1856 yilning 6 may kuni oʻsha paytda Avstriya imperiyasi tarkibiga kiruvchi Moraviyaning Frayberg shaharchasida tavallud topgan. Hozir Prishibor deb nomlangan bu shaharcha Chexiya hududida joylashgan. Olim tugʻilgan Shlossergasse koʻchasiga endi uning nomi berilgan.

Olimning otasi Yakob Freyd ikkinchi bor uylanganida qirq yoshda, boʻlgʻusi ona – Amaliya Natanson yigirmada edi. Ularning har ikkisi ham Germaniyadan chiqqan yahudiylar oilasidan boʻlib, Yakob Freyd vofurushlik bilan shugʻullanar, oilaning iqtisodiy ahvoli bozordagi narx-navoning koʻtarilishi va pasayishiga qarab oʻzgarib turardi. Shunga koʻra, Zigmund uch yoshga toʻlganida oila tirikchilik vajidan avval Leypsigga, bir yildan soʻng Venaga koʻchib oʻtishga majbur boʻladi.

Ota-onaning oʻqish-yozishga layoqatli bu oʻgʻildan umidlari katta edi. Shuning uchun ham uning taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor berishdi. Natijada, Zigmund 9 yoshidayoq gimnaziyaga oʻqishga kiradi. Bu paytda oiladagi farzandlar 8 nafar boʻlib (ularning ikki nafari avvalgi nikohdan edi), Zigmundning oʻqishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgandi. U, ayniqsa, adabiyot va falsafaga boshqacha qiziqish bilan qarar, Shekspir, Kant, Gegel, Shopengauer, Nitsshe asarlari mutolaasi bilan “ilm tishi” chiqqandi. Oʻspirin Freyd nemis tilini mukammal bilishi barobarida grek va lotinchani ham oʻrgangan, fransuz, ingliz, ispan, italyan tillarida esa bemalol gaplasha olgan. Shu bois u 17 yoshida gimnaziyani muvaffaqiyatli bitiradi va 1873 yilda Vena universitetining tibbiyot fakultetiga oʻqishga kiradi…

Freydning tarjimai holi, ilmiy izlanishlari, hamkasblari bilan munosabatlariga oid qiziqarli maʼlumot va tafsilotlar shu qadar koʻpki, ularning hammasiga batafsil toʻxtalib oʻtishning imkoni yoʻq. Shuning uchun ham biz eʼtiborni olim ilmiy-falsafiy merosining ayrim muhim jihatlariga qaratishni maʼqul topdik.

Freyd oʻzining 83 yillik umri davomida 24 jildga jo boʻlgan ilmiy asarlar yaratdi, u tibbiyot fanlari doktori, professor boʻlish bilan birga, dunyoning bir qancha nufuzli ilmiy jamiyatlari, akademiyalari, assotsiatsiyalarining faxriy aʼzosi etib saylangandi.

Zigmund Freyd jahon fanida psixoanaliz yoʻnalishiga asos solgan alloma sifatida tanilgan boʻlib, uning bu kashfiyoti XX asr psixologiyasi, tibbiyoti, sotsiologiyasi, antropologiyasi, adabiyoti va sanʼati rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. U tadqiq etib erishgan muhim ilmiy yangiliklar, yaʼni:

inson psixikasining “U”, “Men” va “Yuksak Men” boʻlimlardan iborat uch tarkibli tuzilmani ishlab chiqqani;

shaxs psixoseksual takomilining alohida bosqichlarini tahlil etib bergani;

inson gʻayrishuurida makon topgan “Edip kompleksi” nazariyasini batafsil tahlil qilgani;

inson psixikasidagi himoyaviy mexanizmlar muntazam ishlab turishini kashf etgani;

“gʻayrishuur” (“bessoznatelnoye”) tushunchasini psixologik jihatdan talqin etgani;

inson ruhiy kechinmalari transferi (bir odamdan boshqa odamga “koʻchib oʻtishi”)ning muhim tibbiy ahamiyatini koʻrsatib bergani, shuningdek, terapevtik davolashning erkin muloqot va tushlarga asoslangan usullarini joriy etgani, ayniqsa, mashhurdir.

Aytilganidek, olimning ilmiy-falsafiy merosi ham hajman, ham mazmunan juda boy boʻlishi barobarida, uning shaxsi, xarakteri, ilmiy gʻoya va qarashlari haqidagi kitoblar, tadqiqotlar, bahslar salmogʻi ham chakana emas. Uning hayotligidayoq boshlangan bu munozara-mubohasalar hozirga qadar ham qizgʻin davom etmoqda. Zero, bahslashuvchilarning bir qismi, Freyd – soʻnggi asrlar ilmining buyuk dahosi sifatida eʼzozlanishi lozimligini taʼkidlashsa, boshqa bir qismi (ular orasida olim bilan birga ishlagan va, hatto, uning qoʻlida taʼlim olgan Vilgelm Fliss, Alfred Adler, Karl Gustav Yunglar ham bor) uni – XX asr fanining mohir fokuschisi sifatida istehzo bilan baholashga moyillik bildirishadi. Nima boʻlganda ham bir narsa aniqki, Freyd davri va undan keyingi palla faylasuflarining aksariyati olim qarashlarini chetlab oʻtolmaydi, uning kashfiyotlariga u yoxud bu sabab tayanishadi. Hatto Freydning ashaddiy tanqidchilaridan hisoblangan amerikalik faylasuf Erix Fromm ham uning koʻplab fundamental gʻoyalaridan kelib chiqib, ayrim biryoqlamaliklar (jumladan, inson xatti-harakatlari markaziga seksual moyillikni qoʻyish)ni inkor etgani holda, ularni yangi nuqtai nazar bilan boyitish yoʻlidan boradiki, bu holni freydizmning inkori emas, balki ilmiy-tanqidiy, ijodiy takomili, deb atash toʻgʻriroq boʻlur edi.

Freyd va u asos solgan freydizm taʼlimoti inson ongini uch qismdan tarkib topgan nihoyatda murakkab qurilma sifatida tushuntiradi, bular: ONG, ONGOSTI, GʻAYRISHUUR. Bu tamoyil boʻyicha, inson hayoti davomida duch keladigan jamiki voqelik mana shu uch “qavat”ning birida, albatta, makon topadi. Odamning koʻrgani, eshitgani, kuzatgani, oʻylagani, his qilgani – hech bir narsa izsiz yoʻq boʻlib ketmaydi. Uning oʻzi “esimdan chiqardim”, “unutdim”, “xotiramdan koʻtarilibdi”, deb oʻylagani barcha narsalar uning yo ongi ostida yoxud gʻayrishuuri puchmoqlarida, albatta, saqlanadi.

Maʼlumki, Freyd uzoq yillar davomida ruhiy kasallarni kuzatish, davolash bilan shugʻullangan. Bu kuzatishlar esa olimni juda qiziq, aksariyat holda asosli xulosalarga olib kelgan. Masalan, u tugʻma boʻlmagan, yaʼni keyinchalik turli jarohatlar natijasida orttirilgan emas, balki ruhiy qiynoqlar sabab paydo boʻlgan asab kasalliklarining tub zamirida oʻz vaqtida izhor qilinmagan kayfiyat, nafrat, muhabbat, his-hayajon faktorlari, turfa tuygʻular, olinmagan oʻch, qolib ketgan alam asoratlari yotishini aytadi. Darhaqiqat, “kechagina tuppa-tuzuk yurgan odam”ning bir kunda telba boʻlib qolishiga dabdurustdan izoh topish oson emas. Freydizm esa buning oʻsha “tuppa-tuzuk yurgan odam” hayotida qachonlardir yuz bergan oʻta muhim voqea-hodisa bilan bogʻliqligini, garchi oʻsha hodisani odamning oʻzi unutganman, deb hisoblasa-da, uning ongosti yoxud gʻayrishuuri unutmaganini, unuta olmasligini isbotlaydi.

Shu joyda olim biografiyasiga qaytib, u 1885 yildan boshlab Parijning mashhur psixiatri Jan Sharko klinikasida ishlaganini eslashimizga toʻgʻri keladi. J. Sharko oʻzining ruhiy xasta bemorlarini, jumladan, gipnoz yordamida ham davolar edi. Avvaliga bu usulni qoʻllab-quvvatlagan Freyd, keyinchalik davolashni gipnozsiz ham undan-da samaraliroq amalga oshirish mumkinligini aniqladi. Freyd bemorlar bilan erinmay, muntazam soʻzlashish, bunda ularni oʻz holiga toʻla qoʻyib berish, erkin muloqotga kirishish yoʻlini tanlaydi. Bu borada olimning shogirdlaridan biri, keyinchalik fanda oʻz yoʻlini yaratishga muvaffaq boʻlgan Frits Vittels oʻzining “Freyd. Uning shaxsi, taʼlimoti va maktabi” kitobida qiziqarli epizodlarni keltiradi. Masalan, Freyd oʻz bemorlari bilan kerak boʻlsa oylab va yillab suhbatlashishdan erinmas ekan. Avvaliga oʻzini boʻlganidan ham battarroq jinni qilib koʻrsatishga harakat qiladigan bemorlar kun oʻtgan sayin bundan maʼno yoʻqligini istar-istamas tan olar, bitta gapni uch kun, besh kun qaytaraverishdan charchab, boshqa tafsilotlarga oʻtar, nihoyat, ajoyib kunlarning birida hayotida qachondir yuz bergan nedir bir muhim hodisa esloviga yetib borar, mana shu kundan eʼtiboran u ongi ostida yoki gʻayrishuurida oʻrnashib olgʻib uni qiynayotgan darddan forigʻ boʻla boshlardi. Vittels tili bilan aytganda: “bemorlar oʻzining qarshisida oq xalatli iblislar oʻtirganidan bexabar holda, butun dardu dunyosini ularga toʻkib solish orqali tuzalish yoʻliga yetib kelishardi”.

Demak, yuqorida eslatilganidek, vaqtida, “issigʻida” izhorini topmagan kuchli, emotsional tuygʻular, kun kelib oʻz egasining aqldan ozishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlsa, mohir psixiatr tomonidan oʻtkazilgan xolis, samimiy, erkin muloqot – darddoshlik seanslari uni bu ogʻir xastalikdan xalos qilishi mumkinligi oʻz isbotini topadi.

Shu munosabat bilan oʻzimizning oʻzbekona turmush tarzimiz, tajribalarimiz toʻgʻrisida ham ozgina toʻxtab oʻtsak, bizningcha, zarar qilmaydi. Masalan, xalqimizda “Elakka chiqqan xotinning ellik ogʻiz gapi bor” degan beozorgina ibora mavjud. Ayrim erkaklar uni iztehzo bilan aytishni xush koʻrishadi. Holbuki, oʻsha erkaklar oʻzini bir marobata ayoli oʻrniga qoʻyib koʻrganida edi, balki istehzo oʻrnini achinish, koʻngilni anglash, dardi bilan qiziqish singari insoniy amallar egallagan boʻlarmidi…

Gap shundaki, qoʻshninikiga elakka chiqqan oʻsha xotin uyida ishi boshidan oshib yotganini yaxshi biladi. Qolaversa, elak egasining ham yumushi yetarli. Xoʻsh, unda bu ikkov nechun bu qadar – dunyoni unutar darajada suhbatga (ayrimlar tilida – “gʻiybatga”) berilib ketishadi? Bu jumboqning javobi aniq: ular qaynona-qaynotasiga, ota-onasiga, opa-singlisi-yu, aka-ukasiga (birda qoʻrquv, birda istihola, birda hayiqish, birda uyat va h. k. va h. k. sabab-omillarga koʻra!) ayta olmaydigan, aytishni xayoliga-da keltira olmaydigan oʻylari, tuygʻulari, hislari, kechinmalarini… qisqa qilib aytganda, dardu dunyosining bir qismini (shunda ham, Xudo saqlasin, hammasini emas!) oʻzidek inson oldida toʻkib soladi. Shu bilan yengillashadi – jismi emas, ruhi yengil tortadi. U ayni yoʻl bilan boʻlgʻusi ogʻir dardlardan oʻzini forigʻ qilishga gʻayrishuuriy tarzda urinadi. Axir, oʻzingiz ayting, uni eshitadigan, u bilan dardlashishni istaydigan boshqa kim bor? Burni oqib turgan bolasimi yoki kun boʻyi ishlab, “togʻni talqon qilib” horigan, “qulogʻiga xotinlarning mayda gapi yoqmaydi”gan erimi? Ogʻiz ochib koʻrsin-chi, nima javob eshitar ekan!

Biz, erkaklar, bu holni faqat xotinlarga oid manzara desak, bilingki, adashamiz. Erkaklarning ham imkon topildi deguncha “gap”, “osh” bahona yigʻilishga oshiqishining ostida ham xuddi shu sabab-omillar yashirin emasmi? Axir oʻsha – dumba yogʻiga devzira yoxud lazerda qilingan oshni uyda ham pishirsa, yesa boʻladi. Biroq uyda osh pishguncha va uning isteʼmolidan keyin boʻladigan, bemalo-o-l oʻtirib oʻtkaziladigan suhbatlarni atay ham uyushtirib boʻlmaydi-da…

Shu oʻrinda yana bir kuzatish ham borki, uning talqinini hurmatli oʻquvchilarimizning oʻziga qoldiramiz. U ham boʻlsa, xotinlarning, qozondagi yogʻi yonib ketar darajaga kelgan boʻlsa ham, ogʻilxonadagi sigirini oʻgʻri urib ketsa ham, “serial”dan koʻz uzolmay qolishi hodisasidir. Bunda bir tanishimning yaqinda tan olib aytgan mana bu gapi sizga koʻmakka kelsa, ajab emas: “Koʻrmayman emas, yaxshi seriallarni men ham xotinning qavatiga oʻtirib koʻraman. Bilsangiz, bu yoqda serial voqealari kechaveradi-yu, men koʻz qirim bilan xotinni kuzatsam, u ham meni bildirmay kuzatib oʻtirganini sezaman. Ekrandagi qahramonlar xuddi u bilan mening bir-birimizga aytolmagan gaplarimizni aytayotgandek boʻlaveradi, deng…”

Demak, biz oʻzbeklar, freydizm tilida “transfer” va “kontr-transfer” deb ataladigan, bizningcha aytganda esa “dardingni, hovuringni olay, birodar”, “odam taftini odam oladi”, degan ruhiy yengillashish, ming turli taʼsirlardan forigʻlanish usulini gʻayrishuuriy tarzda hayotimizda qoʻllab kelganmiz va… yengilroq qilib aytganda, kam boʻlmaganmiz…

Shunga oʻxshash, Zigmund Freyd yaratgan yirik taʼlimotning har bir yoʻnalishi toʻgʻrisida koʻplab mulohazalarga, qiyoslarga toʻxtalish, qiziqarli talqinlarga berilish mumkin.

Yana bir gap shundan iboratki, 1930 yilning yozida Z. Freyd nemis xalqining buyuk mutafakkiri Gyote nomidagi mukofot bilan taqdirlanadi. Oradan uch yil oʻtib esa Germaniya taxtiga millatchi-sotsialistlar yetakchisi Adolf Gitler oʻtiradi. Uning amalga oshirgan eng tuban ishlaridan biri – Henrix Heyne, Tomas Mann, Frans Kafka, Albert Eynshteyn singari yuzlab tafakkur daholari yaratgan asarlarni, shu jumladan Zigmund Freyd kitoblarini ham quvgʻin qilgani, barcha yahudiylar qatori olimni ham jismonan mahv etish payiga tushgani boʻldi. Shogirdlari olimni mamlakatni tark etishga har qancha daʼvat qilishmasin, u bunga koʻnmaydi. Biroq 1938 yilda Avstriya Germaniyaga qoʻshib olinganidan soʻng boyagi quvgʻinlar oʻta xatarli tus oladi: qizi Anna hibsga olinadi, Freydning oʻzi gestapoga soʻroqqa chaqiriladi. Nihoyat, Angliyaga ketmoqdan oʻzga chorasi qolmagan Zigmund Freyd, AQSH Prezidenti Franklin Ruzvelt aralashuvi, Gretsiya va Daniya qirolichasi Mari Bonapartning (olim uni davolagan, ilm oʻrgatgan edi) moliyaviy koʻmagi bilan (Uchinchi reyx koʻchmoqni istagan yahudiylardan “german hukumati oldidagi qarzni undirish” bahonasi bilan juda katta pul talab qilgan!) tugʻilgan yurtini tark etadi. Zigmund Freyd umrining soʻnggi oylarini Angliyada oʻtkazadi. Boʻqoq saratoni kasaliga chalingan olimning ahvoli tobora ogʻirlashib, 1939 yilning sentyabrida 83 yoshida olamdan oʻtadi.

Buni qarangki, har yilning may oyi birinchi oʻn kunligida butun taraqqiyparvar insoniyat ulugʻ olim Zigmund Freydning tavallud ayyomini hamda shunday insonni quvgʻin qilishgacha qoʻli borgan Gitler fashizmining tor-mor boʻlgan kunini nishonlaydi. Biznigina emas, butun odamzodni yupatadigan, yupata turib sergaklikka daʼvat etadigan, insonga, uning ruhiyatiga eʼtiborliroq boʻlishga chorlaydigan gap mana shu edi, aziz oʻquvchi!

 

Rahmon QOʻChQOR,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/zigmund-freyd-yoxud-dardingni-olay-birodar-talimoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x