Don Kixot

Mixail BULGAKOV

 

(Servantes asari asosida toʻrt parda, toʻqqiz koʻrinishli pyesa)

 

Qatnashuvchilar:

 

Alonso Kixano, uning oʻzi Lamanchlik Don Kixot

Antoniya – uning jiyani.

Don Kixotning kalitdori

Sancho Pansa – Don Kixotning yaroqbardori.

Pero Peres – qishloq ruhoniysi.

Nikolas – qishloq sartaroshi.

Aldonsa Lorenso – dehqon ayol.

Sanson Karrasko – bakalavr.

Palomek Chapaqay – karvonsaroy xoʻjayini.

Maritornes – karvonsaroy xizmatchisi.

Tenormo Ernandes – xachirboqar.

Pedro Martines

Martines xizmatkori

Karvonsaroy xodimi

Gersog

Gersoginya

Gersogning piri

Gersogning ish boshqaruvchisi

Doktor Aguero

Duenya Rodriges

Gersogning mahrami

Choʻchqaboqar

Ayol

Birinchi va Ikkinchi qariya, Birinchi va Ikkinchi rohib, Birinchi va Ikkinchi xizmatkor, otboqarlar, gersogning mulozimlari.

 

BIRINCHI PARDA

 

Birinchi koʻrinish

 

Yoz oqshomi. Don Kixotning hovlisi. Hovlida otxona, quduq, oʻrindiq va ikkita eshik. Biri – toʻrda, katta yoʻlga olib chiqadi, ikkinchisi – yon tomonda, qishloq tarafga ochiladi. Uy ichi jihozlari: chodir ichida kattakon karavot, kreslo, stol, ritsarlik liboslari, qurol-yarogʻ, koʻpdan-koʻp kitob.

Hovliga sartaroshlik lash-lushlari solingan sakvoyajni koʻtarib Nikolas kirib keladi.

 

N i k o l a s. Ho-oy, kim bor? Kalitdor xonim! Kalitdor xonim! (Uy zinapoyasidan koʻtarilib, eshikni qoqadi). Senor Kixano! Kirsam maylimi? Senor Kixano! Yo tavba! (Ichkari kiradi). Antoniya xonim! Yer yutganmi bularni! Sochimni opqoʻying deb oʻzi chaqiruvdi-ku! Ha, mayli, bir oz kutay-chi, shoshadigan joyim bormi? (Sakvoyajini stolga qoʻyib, ritsarlik anjomlarini koʻzdan kechira boshlaydi). Yo tavbangdan ketay, antiqa narsalar-a! Qayoqdan oldiykin bularni? Ha, topdim, topdim, manavi laxtaklarni chordoqdan olib tushgan. Voy, tentag-ey! (Oʻtiradi, stoldan bir kitobni olib, oʻqiy boshlaydi). ‘‘Oy-na, rits-ar-lik’’… Hm… Namuncha ritsarlarning tovonini yalamasa, aql bovar qilmaydi-ya!

D o n K i x o t (sahna orqasidan). Bernardo del Karpio! Bernardo del Karpio!

N i k o l a s. Oʻshaning ovozi. Ha-ha, xuddi oʻzi! Kelyapti! (Derazadan qaraydi).

D o n K i x o t (sahna orqasidan). Buyuk Bernardo del Karpio Ronsevalda sehrlangan don Roldanni boʻgʻib oʻldirdi.

N i k o l a s (deraza oldida). Nima deb valdirayapti!?

D o n K i x o t (bir qoʻlida kitob, bir qoʻlida qilich bilan hovli eshigidan kirib keladi). Qaniydi qilgan gunohlarim uchun jazo boʻladimi va yoki shu paytgacha qilgan savob ishlarim evaziga mukofotmi, menga, yaʼni ritsar Lamanchlik Don Kixotga izlab yurgan odamim duch kelsa edi. Eh, oʻzim bilardim-a!

N i k o l a s. Qanaqa Don Kixot! Esini yeganmi bu!?

D o n K i x o t. Ha, oʻsha ashaddiy dushmanim alpqomat Brandabarbaranni uchratib qolsam edi!

N i k o l a s. Brandabar… Obbo, miyasi aynib qopti, shekilli!

D o n K i x o t. Oʻsha zahoti Bernardo qilgan ishni qilardim. Ha-da, hech ikkilanmasdim, usti yaltiroq, ichi qaltiroq mirzaquruqni boʻgʻzidan koʻtarib turib boʻgʻib oʻldirardim! (Kitobni uloqtirib, qilich sermab havoni kesa boshlaydi).

N i k o l a s. Yo bafarmoni xudo!

 

(Don Kixot zinapoyadan uyga koʻtarila boshlaydi, Nikolas lash-lushlar orqasiga yashirinadi).

 

D o n K i x o t. Birov borga oʻxshaydi. Hoy, kim bor?

N i k o l a s. Menman, muhtaram senor Kixano, menman…

D o n K i x o t. Ha-a, ana endi, nihoyat taqdir meni yovuz dushmanim bilan roʻbaroʻ qildi. Qani, chiq bu yoqqa! Chiq deyapman!

N i k o l a s. Shafqat qiling, senor Kixano, nimalar deyapsiz? Men nega dushman boʻlaman?!

D o n K i x o t. Mugʻombirlik qilma, jodugarliging bir pul! Tanib turibman: sen – ayyor sehrgar Fristonsan!

N i k o l a s. Senor Alonso, es-hushingizni yigʻing, iltimos! Yaxshilab qarang-chi, sehrgarga oʻxshaymanmi men? Sartaroshman-ku, sodiq doʻstingiz Nikolasman-ku!

D o n K i x o t. Yolgʻon!

N i k o l a s. Rahm qiling, senor!

D o n K i x o t. Chiq bu yoqqa, jang qil men bilan!

N i k o l a s. Yo parvardigor, qandoq kunga qoldim! Senor Alonso, yaxshilab qarang: sehrgar emasman, Xudoning oddiy bandasiman. Qilichni tashlang, baraka topkur!

D o n K i x o t. Qurollanib, men bilan olishib koʻr-chi!

N i k o l a s. Panohingda asra, rabbano! (Derazadan tashlab, yon tomondagi eshikdan chiqib ketadi).

 

D o n K i x o t tinchlanib, oʻtiradi, kitob varaqlaydi. Shu payt chetan devor ortidan birov xirgoyi qilib oʻtadi:

 

Oh, goʻzalsan, goʻzalsan, xonim,

Jamolingdan xijildir oftob.

Qaylardasan, qaydasan, jonim,

Roʻparamdan chiqsayding shu tob.

 

A l d o n s a (hovliga korzina koʻtarib kiradi). Kalitdor xonim! Kalitdor xonim!

D o n K i x o t. Kimning ovozi bu? Nahotki yana afsungar kelgan boʻlsa? Ha, oʻsha, oʻsha!

A l d o n s a. Kalitdor xonim, uydamisiz? (Savatni pastda qoldirib, uyga koʻtariladi, eshikni qoqadi).

D o n K i x o t. Oʻsha taqillatyaptimi? Yoʻq, yoʻq, yuragim gupillayapti!

A l d o n s a (kiradi). Uzr, muhtaram senor, ming bora uzr, uydaligingizni bilmabman. Men Aldonsa Lorensoman. Kalitdoringiz koʻrinmaydi? Sur goʻsht opkelgan edim, pastda qoldirdim.

D o n K i x o t. Vaqtida keldingiz, xonim. Men hozir Mamendraniya oroli hukmdori, arslonkelbat Karakuliambro bilan jang qilishga joʻnamoqchiman. Uni magʻlub etib, qarshingizda tiz choʻkishi uchun huzuringizga yuboraman, uning inon-ixtiyori sizda boʻladi…

A l d o n s a. Voy, senor, nimalar deyapsiz? Xudoning oʻzi asrasin bunaqa falokatdan!

D o n K i x o t. Istagim shuki, Don Kixot bilan olishish qanaqa boʻlishini sizga soʻzlab bersin. Bilib qoʻying, oyimtilla, roʻparangizda Lamanchlik Don Kixot turipti!

A l d o n s a. Senor Kixano, nimalar deyapsiz? Voy shoʻrim, endi nima qilaman…

D o n K i x o t. Nima boʻlganini Karakuliambro gapirib beradi. Mana bundoq boʻlgan… (Kitobni olib, oʻqiy boshlaydi). “Qizil yuzli Apollon oltin sochlarini olamga yoyishi hamda tilla taxt sohibasi Avrora rashkchi erining partoʻshagidan turishi bilan…”

A l d o n s a. Qoʻying, qoʻying, senor, iltimos! Men bir qishloqi qizman, bunaqa gaplarga tushunmayman…

D o n K i x o t (oʻqiydi). “Don Belianis otiga minib, yoʻlga ravona boʻldi…” (qilichini oladi).

A l d o n s a. Hozir… kalitdorni surishtiray… (sezdirmay chiqib ketadi).

D o n K i x o t. Men Belianis degan ismni Don Kixot deb oʻzgartiraman. O, toboslik Dulsineya, qalbim hukmdori, Don Kixot faqat sizni deb oʻzini xavf-xatar va azob-uqubatlar iskanjasiga tashladi. (Alanglaydi). Ie, gʻoyib boʻpti-ku! Oftob soʻnipti! Yoki tush koʻrdimmi? Nega, nega, oʻzing kelib, yana meni tark etding? Seni kim oʻgʻirlab ketdi? Yana yolgʻiz, yana tanhoman, atrofimda aji-buji koʻlankalar! Yoʻqollaring! Senlardan qoʻrqmayman! (Yana qilich sermab havoni kesa boshlaydi, keyin tinchlanib, kitob varaqlaydi).

Gʻira-shira payt. Devor orqasidan sirli hushtak ovozi eshitiladi, keyin Sancho Pansaning boshi koʻrinadi. Sancho yana hushtak chaladi, soʻng boshini yashiradi. Saldan keyin eshagini yetaklab hovliga kirib keladi. Eshak ustiga xurjun tashlangan. Sancho eshakni bogʻlab, atrofga alanglaydi, zinadan koʻtarilib, yana bir hushtak chaladi, soʻng xonaga kiradi.

 

S a n ch o. Xoʻjayin…

D o n K i x o t. Ha-a, yana keldingmi tinib-tinchimagan afsungar? Endi mendan qutulib boʻpsan! Taslim boʻl! Qani, tez!

S a n ch o (tiz choʻkib). Taslimman!

D o n K i x o t (qilich uchini Sanchoning peshonasiga tirab). Mana endi qoʻlimga tushding, yaramas!

S a n ch o. Xoʻjayin! Oʻldirmasdan oldin yaxshilab qarang! Taslimman, taslimman, oʻn marta… ming marta taslimman. Afsungar demang meni. Koʻrmayapsizmi, Sancho Pansaman-ku!

D o n K i x o t. Nima deding? Ovozing tanish. Aldamayapsanmi? Rostdanam doʻstimmisan?

S a n ch o. Ha-da, xoʻjayin, qiyomatli doʻstingizman!

D o n K i x o t. Nega boʻlmasa shartlashilgan ovozni eshitmadim?

S a n ch o. Uch marta hushtak chaldim, xoʻjayin. Laʼnati sehrgar qulogʻingizni bir nima qilgan, shekilli-da! Hushtak chaldim, xoʻjayin!

D o n K i x o t. Oʻlishingga bir baxya qoluvdi-ya! Yaxshiyam taslim boʻlish esingga keldi. Dono odamsan-da, Sancho. Aqlli kishilar ogʻir vaziyatlarda oʻzlarini oldinda kutayotgan yorugʻ kunlar uchun asrashlari kerak!

S a n ch o. Taslim boʻlish kerakligini darrov fahmladim-da, ammo laʼnati qilichingiz koʻzimni oʻyishiga sal qoldi!

D o n K i x o t. Oʻtgan ishga salavot. Qani ayt-chi, mendan koʻra ham jasurroq ritsar borligini biror joyda oʻqiganmisan?

S a n ch o. Be-e… qayoqda! Men oʻqishniyam, yozishniyam bilmayman-ku, xoʻjayin!

D o n K i x o t. Boʻlmasa, oʻtir. Hech kim yoʻqligida baʼzi narsalarni kelishib olaylik. Demak, menga yarogʻbardor boʻlib, dunyo boʻylab qiladigan safarimda hamroh boʻlishga rozisan? Shu gap gapmi?

S a n ch o. Gap bitta, xoʻjayin, endi… siz ham… zabt etgan orollarimdan biriga seni hokim qilib qoʻyaman, degan gapingizda turasiz-da, a?

D o n K i x o t. Koʻngling toʻq boʻlsin. Ritsar bitta gapiradi. Baʼzi ritsarlar halol xizmat qilgan yarogʻbardorlarini butun mamlakatga podsho ham qilib qoʻyishgan. Tez orada ana shunday mamlakatni qoʻlga kiritishdan umidvorman. Ammo menga hech narsa kerak emas, basharti shunday ekan, uni senga hadya etaman. Sen qirol boʻlasan, Sancho!

S a n ch o. Hm… oʻylab koʻrish kerak ekan.

D o n K i x o t. Nega ikkilanyapsan?

S a n ch o. Endi, taqsirim, qirolichalik toji xotinimga yarashmaydi, deyman-da. Keling, oddiygina hokimoyim boʻla qolsin, shuni eplasa ham katta gap.

D o n K i x o t. Taqdirdan qochib qutulib boʻlmaydi, Sancho. Keyin… sen ham sal oʻz qadringni bilgin. Chakana odammassan!

S a n ch o. Mayli, hokim boʻlib qoʻya qolay, qirollikdan voz kechdim.

D o n K i x o t. Juda soz. Mana, hamma narsani kelishib oldik. Endi hech kim yoʻqligida bu yerdan darhol joʻnab qolishimiz kerak.

S a n ch o. Toʻgʻri, toʻgʻri. Ammo kalitdoringiz… ja-a anaqa-da, xoʻjayin, shu ayoldan oʻtdan qoʻrqqanday qoʻrqaman!

D o n K i x o t. Kiyinishga yordamlashvor. (Sancho yordamlasha boshlaydi). Koʻrdingmi, dubulgʻani oʻz qoʻlim bilan yasadim.

S a n ch o. Xavotirdaman-da, xoʻjayin, chidamlimikin?

D o n K i x o t. Voy, qoʻrqogʻ-yey! Kel, sinab koʻramiz. Sen dubulgʻani boshingga kiyib tur, men bor kuchim bilan qilich uraman. Bilamiz-qoʻyamiz.

S a n ch o. Xoʻp boʻladi (kiyadi).

 

D o n K i x o t qilichni qoʻliga oladi.

 

S a n ch o. I-yy! Toʻxtang, xoʻjayin, toʻxtang! Koʻnglimga gʻulgʻula tushdi. Keling, shuni stolda sinab qoʻya qolaylik (dubulgʻani stolga qoʻyadi).

D o n K i x o t. Yurakdan ham bor ekan-da. Mana, qara. (Dubulgʻaga qilich uradi, dubulgʻa qoq ikkiga boʻlinib ketadi).

S a n ch o. Xayriyat ichida boshimning yoʻqligi!

D o n K i x o t. Obbo! Endi nima qilamiz? Dubulgʻasiz yoʻlga chiqib boʻlmaydi-ku!

S a n ch o. E-e, bunaqa dubulgʻani boridan yoʻgʻi!

D o n K i x o t. Nima qildik endi? Obbo, laʼnati-yey! Ie, Sancho, anovini qara! (Sartaroshning togʻorachasini koʻrsatadi). Devonaning ishini xudo oʻnglaydi, deganlari rost ekan. Qoyilman! Qoʻrqoq Friston qochishga qochipti-yu, dubulgʻasini unutipti-da!

S a n ch o. Dubulgʻamas bu, xoʻjayin, sartaroshning idishi.

D o n K i x o t. Afsungarlar koʻzingni koʻr qip qoʻyipti. Qara (togʻorachani boshiga kiyadi). Saratsin qiroli Mambrinoning dubulgʻasi bu!

S a n ch o. Sovun koʻpirtiradigan togʻoracha-ku.

D o n K i x o t. Koʻr ekansan!

S a n ch o. Nima desangiz shu, xoʻjayin.

D o n K i x o t. Boʻldi, hamma narsa tayyor. Roʻparangda turgan odam endi rahmdil Alonso Kixano emas. Oʻzimga yangi ism qoʻyaman: bundan buyon men Lamanchlik Don Kixotman!

S a n ch o. Ixtiyoringiz, xoʻjayin.

D o n K i x o t. Sevgilisi yoʻq ritsar yaproqsiz daraxtday gap, modomiki shunday ekan, men oʻzimga dunyodagi goʻzallarning goʻzali – toboslik malika Dulsineyani tanmahram qilib olaman. Sen uni Aldonsa Lorenso sifatida taniysan, chamamda.

S a n ch o. Nega tanimay, xoʻjayin. Lekin u malika emas, soddagina qishloq qizi. Istarasi issiq ammo-lekin. Oʻzi baquvvat. Har qanday ritsarni soqolidan tortib balchiqdan chiqara oladi!

D o n K i x o t. Koʻp aljirama. Xoʻp, seningcha, Dulsineya malika emas, dehqon qizi boʻla qolsin. Lekin men uchun u hamma malikalardan koʻra pokiza va sohibjamol qiz. Eh, Sancho, uni shunaqa sevamanki, Diana uning oldida shumshuk bir narsa! Uni sevaman, binobarin u men uchun sutga chayganday oppoq, koʻzlari – yulduz, qoshlari misoli kamalak. Eh, gumroh yaroqbardorim! Shoir bilan ritsar xalqi ayol vujudini emas, oʻzining uchqur xayoli yaratgan timsolni sevadi va shuni tarannum etadi! Men ham tushlarimda koʻrgan Dulsineyani yaxshi koʻraman! Sevaman uni, sevaman! Men orzuimdagini sevaman, Sancho! Endi meni tushungandirsan? Yoki “orzu” degan soʻzni bilmaysanmi?

S a n ch o. Bu soʻzni bilmasam ham, sizni tushundim, xoʻjayin. Siz haqsiz, men gʻirt nodon ekanman. Ha, siz gʻamgin timsol ritsarisiz!

D o n K i x o t. Nima? Nima deding?

S a n ch o. Gʻamgin timsol ritsari, dedim, meni gʻazabga olmang, xoʻjayin.

D o n K i x o t. Nega bunaqa deding?

S a n ch o. Mana hozir oy yorugʻida chehrangiz juda maʼyus koʻrinib ketdi menga. Sizni hech qachon bunday qiyofada koʻrmagan edim. Balki jangu jadalda charchagandirsiz yoki old va yon tishlaringizdan bir nechtasi yoʻqligi uchun gʻamginmisiz, bilmadim. Tishlaringizni kim urib sindirdi, xoʻjayin?

D o n K i x o t. Buning ahamiyati yoʻq. Gaplaring qiziq boʻldi-ku. Miyangga kep qolganini qara! Bugundan boshlab oʻzimni “Gʻamgin timsol ritsari” deb atayman. Qalqonimga ham gʻamgin qiyofani chizishni buyuraman.

S a n ch o. Shunga ham pul sarflab oʻtirasizmi, xoʻjayin? Derazani ochib qoʻying, har qanday odam roʻparasida kim turganini oʻsha zahoti payqaydi-qoʻyadi.

D o n K i x o t. E-e! Sening bemaʼni qiyofangga dilozor kishi joylashib olgan. Mayli, gʻamgin timsol ritsari boʻla qolay – shu nomni qabul qildim – ammo bu gʻamgin ritsar shoʻrpeshona asrimizni oltin asrga aylantirish uchun dunyoga kelganini bilib qoʻy! Mening peshonamga faqat xavf-xatar va kulfatlargina emas, buyuk zafarlar ham muhrlangan! Ketdik, olgʻa, Sancho, biz shavkatli Dumaloq Stol ritsarlarining anʼanalarini qayta tiriltiramiz! Dunyo kezib, himoyasiz va nochor kishilarga zulm oʻtkazgan zoʻravonlardan oʻch olamiz, tahqirlangan or-nomus uchun ularni kunpayakun qilamiz, yer yuzida abadul-abad yoʻqolib ketgan Adolatni qayta tiklaymiz!

S a n ch o. Ja-a opqochasiz-da, xoʻjayin! Xomxayol-ku bu! Holva degan bilan ogʻiz chuchirmidi!?

D o n K i x o t. Shashtimdan qaytarma. Hozir maqol soʻqadigan payt emas. Yura qol, Sancho, birov kelib qolmasidan gʻoyib boʻlaylik. (Hovliga chiqishadi). Hozir otimni koʻrasan. Iskandar Zulqarnaynning otidan qolishsa oʻlay agar. (Otxona eshigini ochadi). Ismi – Rosinant.

S a n ch o (otni koʻzdan kechirarkan). Iskandar kim oʻzi, xoʻjayin?

D o n K i x o t. Yoʻlda aytib beraman. Tez joʻnash kerak. Darvoqe, sen nimada borasan?

S a n ch o. Eshagimda-da, xoʻjayin.

D o n K i x o t. Hm… yaroqbardorlar eshak minib yurishini hech qayerda oʻqimagan ekanman.

S a n ch o. Zoʻr eshak bu, xoʻjayin.

D o n K i x o t. Zoʻrligi qursin… Ha, mayli, ketdik! Alvido, qadrdon qishlogʻim, alvido! Olgʻa, Sancho, oy chiqib turipti, tonggacha ancha joyga borvolamiz. Olgʻa, Sancho, olgʻa! (Ketishadi).

Ikkinchi koʻrinish

 

Yoz tongi. Chorraha. Bir tomon oʻrmon, bir tomon – yaylov. Shamol tegirmonining parraklari koʻrinib turipti. D o n K i x o t bilan S a n ch o paydo boʻlishadi.

 

D o n K i x o t. Mana, chorrahaga keldik, Sancho. Sarguzashtlarning koni bu yer! (Uzoqlarga qaraydi. Sancho eshakdan tushib, uni bir chetga bogʻlaydi). Ishimiz oʻngidan kep turipti. Qara, anavu yoqqa qara, Sancho!

S a n ch o. Hech narsani koʻrmayapman, xoʻjayin.

D o n K i x o t. Koʻzing oqib tushganmi?! Qarasang-chi! Qarshimizda qoʻllari eshkakday-eshkakday pahlavonlar saf tortib turipti.

S a n ch o. Ie, qiziq ekansiz-ku, xoʻjayin, shamol tegirmonlari-ku bular.

D o n K i x o t. E-e, sen ovsar sarguzasht nimaligini bilasanmi? Bular yovuz sehrgar devlar. Hozir ular bilan jang qilaman! Hammasini qirib tashlayman. (Tegirmonlar harakatga keladi). Qoʻllaring uzun boʻlgani bilan meni qoʻrqitolmaysanlar! Qochmanglar, ablahlar! Sizlar bilan bitta ritsarning oʻzi jang qiladi. Urugʻingni oʻynataman hammangning!

S a n ch o. Esingizni yigʻing, xoʻjayin, nima qilmoqchisiz?

D o n K i x o t. Voy, quyonyurag-yey! Mayli, sen shu yerda oʻtirib, xudoga iltijo qilaver. Qani olgʻa! Qalbim hukmdori sohibjamol Dulsineya madadkor boʻlsin! Olgʻa! (Otiga minib, gʻoyib boʻladi).

S a n ch o. Toʻxtang, xoʻjayin! Qayoqqa?! (Tiz choʻkadi). Yo parvardigor, xoʻjayinimga nima boʻlgan oʻzi? Yo alhazar! Temir parrakka nayza bilan tashlanyapti! Xoʻjayin! Qayting, iltimos! Obbo! Urdi xudo! Tegirmon parragi chirpirak qilib yuboradi-ku! Oʻzing shafqat qil, parvardigor! (Sahna ortida gursillagan tovush. Sahnaga sartaroshning togʻorachasi, keyin nayza boʻlaklari otilib kiradi, soʻng Don Kixotning gavdasi kelib tushadi, murdadan farqi yoʻq). Biluvdim-a, biluvdim! Nachora… joyi jannatda boʻlsin. Sarguzashtimiz yulduz koʻrmay jon berdi-da! Kechagina soppa-sogʻ, ne-ne orzular bilan yoʻlga chiquvdik, men hatto Iskandarning oti toʻgʻrisidagi hikoyani ham oxirigacha eshitolmay qoldim. Xoʻjayinim dabdala boʻlib, narigi dunyoga joʻnavordi. Eh, dunyoyi bevafo! (Eshak ustidan meshni olib, Don Kixotning yoniga oʻtiradi, vino quyib icha boshlaydi). Oʻligini qanday olib ketaman. Egarga koʻndalangiga yotqizaman-da, boshqa nima qilardim… Ie, qaysi egarga? (chetga qaraydi). Ot jonvor belini koʻtarolmay yotipti-ku. Eshakka ortishdan boshqa iloj yoʻq. Shoʻrlik eshagim, boshingda shunaqa kunlar ham bor ekan, chidaysan-da. (Don Kixotning ingragani eshitiladi). Ie, kim ingrayapti? Xoʻjayinim emas, u oʻlgan. Kuyib ketganimdan oʻzim ingragan boʻlmayin tagʻin? (Vino ichadi).

D o n K i x o t (bazoʻr). Sancho…

S a n ch o. Astagʻfirullo! Astagʻfirullo! Tirikmisiz, xoʻjayin?

D o n K i x o t. Ovozim chiqdi-ku, demak, tirikman-da.

S a n ch o. Oʻzingga shukur-e, qodir egam. Sal boʻlmasa sizni eshakka ortib qishloqqa olib ketmoqchi boʻlib turuvdim. Hurmatingizni joyiga qoʻyib, izzat-ikrom bilan dafn etishni ham niyat qilib qoʻyuvdim. Xayriyat-e! Naq lahadning ogʻzidan qaytib keldingiz-da oʻziyam! Iching manovini! Eh, xoʻjayin, xoʻjayin! Aytdim-a shamol tegirmoni bular deb. Quloq solmadingiz.

D o n K i x o t. Aqling yetmagan narsalarga aralashma, Sancho, shuniyam bilib qoʻyki, oldinda bizni koʻpdan-koʻp sehr va jodular kutyapti. Laʼnati Friston! Hammasiga oʻsha sababchi! Birinchi pahlavonning qoʻliga nayza sanchishim bilan oʻsha yaramas hammasini shamol tegirmoniga aylantirib qoʻydi. Gʻalaba nashʼasini surishimni xohlamadi-da! Eh, Friston, Friston! Qachongacha menga hasad qilasan? Otni opke!

S a n ch o. Bu ishni hatto Friston ham qilolmaydi. Shoʻrlik jonvor belini koʻtarolmay yotipti. Sal oʻziga kelsin, agar ajali yetmagan boʻlsa, turib ketar, boʻlmasa bittagina chora qoladi – terisini shilamizu duch kelgan bozorda sotvoramiz. Eh, xoʻjayin, xoʻjayin…

D o n K i x o t. Nayzamni ber boʻlmasa.

S a n ch o. Nayzangizni nayzaligi qolmagan. (Siniqlarini olib koʻrsatadi).

D o n K i x o t. Obbo, chatoq boʻpti-ku! Nayzasiz ritsar ritsarmi? Ha, mayli, kelgan balo shunga ursin. Axir, oʻqigansan-ku…

S a n ch o. Voy, xoʻjayin-yey, aytganman-ku sizga.

D o n K i x o t. Ha, darvoqe, oʻqishni bilmaysan-a…

S a n ch o. Bilmayman, xoʻjayin, besavodman.

D o n K i x o t. Boʻlmasa, eshit: jasur ritsar Don Diyego Peres de Vargas jangda qurolidan ayrilganda, daraxtdan yoʻgʻon bir shoxni sindirib, oʻsha bilan habashlarni shundoq qiyratgan ekanki, murdalar dalada sarjinday taxlanib ketgan ekan.

S a n ch o. Kim dedingiz, xoʻjayin?

D o n K i x o t. Don Diyego Peres de Vargas. Menga baquvvatroq shox topib kel.

S a n ch o. Xoʻp boʻladi, xoʻjayin. (Yoʻgʻon tayoq olib kelib, unga nayzaning tigʻini oʻrnatadi). Mana sizga yangi nayza. Shu qurol bilan habashlarni haligi… oti nimaydi… oʻsha ritsardan ham koʻproq qiyrating. Chiroyli ism edi-ya, kim devdingiz?

D o n K i x o t. Don Diyego Peres de Vargas, ovsar!

S a n ch o. Iyy, nega qiyshayib qoldingiz, xoʻjayin?

D o n K i x o t. Ha, doʻstim, ogʻriq azob beryapti. Lekin nolimayman. Nolish ritsarlarga man etilgan.

S a n ch o. Man etilgan boʻlsa, miq etmang. Agar men shu ahvolga tushsam, noliyman ham, ingrayman ham. Yoki yaroqbardorlarga ham bu narsa man etilganmi?

D o n K i x o t. Yoʻq, sen xohlaganingcha ingrayver, nizomda bu haqda hech narsa deyilmagan.

S a n ch o. Xayriyat-e!

D o n K i x o t. Toʻxta, toʻxta. Yoʻlda chang koʻtarildi! Ha, bu yer sarguzashtlar makoni! Ammo-lekin, Sancho, ogohlantirib qoʻyay: har qancha qiziqqon boʻlsang ham qoʻlingga qurol olmaysan, hatto meni himoya qilish uchun ham. Faqat oʻzingga oʻxshagan yalangoyoqlar hujum qilsa, mayli, unda ruxsat.

S a n ch o. Buyrugʻingiz bosh ustiga, xoʻjayin.

D o n K i x o t. Anovi yoqqa qara! Gapim toʻgʻri chiqdi. Koʻryapsanmi, niqob kiygan ikki kishi kelyapti, ulardan orqaroqda – izvosh. Hammasi ravshan: anavi ikkalovi – sehrgarlar, izvoshda – malika, uni oʻgʻirlab ketishyapti.

S a n ch o. Shashtingizdan qayting, xoʻjayin. Qora kiyimdagilar – rohiblar, orqadagilar – xizmatkorlari, sehrgarlar emas ular.

D o n K i x o t. Koʻr boʻp qoldingmi deyman!

S a n ch o. Xoʻjayin, bu gal shamol tegirmonidan ham battar boʻladi!

D o n K i x o t. Xalal berma menga. Sening vazifang – jangni kuzatib turish, keyin oʻljalarni yigʻib-terish. (Ikki rohib koʻrinadi). Toʻxtanglar, iblislar! (Sancho daraxt orqasiga yashirinadi). Toʻxtanglar! Darhol izvoshdagi ayolni ozod qilinglar! Uni aldab, asir qilgansizlar!

B i r i n ch i r o h i b. Nima deyapsiz? Qanaqa ayol? Biz qishloq rohiblarimiz, oʻz ishimiz bilan ketyapmiz. Izvoshga aloqamiz yoʻq. Ana… izvosh boshqa tarafga burilib ketdi.

D o n K i x o t. Gapingizga ishonmayman!

B i r i n ch i r o h i b. Yanglishyapsiz, taqsir.

D o n K i x o t. Jim!

S a n ch o (daraxt orqasidan). Bas qiling!

D o n K i x o t. Hozir koʻrsatib qoʻyaman sizlarga! (Qilichini sugʻuradi).

B i r i n ch i r o h i b. Yordam beringlar! Xizmatkorlar! Yordam! Qaroqchilarga yoʻliqdik! (Qochadi).

I k k i n ch i r o h i b. Yordamga kelinglar!

D o n K i x o t (1-rohibning orqasidan quvib). Toʻxta, yaramas! Sen changalimdasan, sen magʻlubsan!

S a n ch o (qattiq hushtak chaladi, daraxt panasidan chiqib, 2-rohibga tashlanadi). Sen magʻlubsan, sen menikisan!

I k k i n ch i r o h i b (tiz choʻkib). Yo Xudo! Oʻzing panoh ber bu qonxoʻrlardan!

S a n ch o. Kiyimingni yech, laʼnati Peres de Vargas! (Kiyimlarini yechib oladi).

I k k i n ch i r o h i b. Oling, hammasi sizga! Jonim omon qolsa bas! (Shu payt ikkita xizmatkor yugurib kiradi). Qutqaring meni!

1–x i z m a t k o r. Nima qilyapsan, yaramas yoʻltoʻsar!

2–x i z m a t k o r. Talonchi!

S a n ch o. Boʻldi, boʻldi, nari turinglar, yaxshilar. Bular mening oʻljam, tamom-vassalom! Sehrgarlarni siz emas, biz yengdik!

2–x i z m a t k o r. Voy ablah-yey!

1–x i z m a t k o r. Sol aylantirib! (Xizmatkorlar Sanchoga tashlanishadi).

S a n ch o. Quturganmi bular? Xoʻjayin, yordam bering! Oʻljalarimizni tortib olishyapti!

1–x i z m a t k o r. Ha, firibgar!

2–x i z m a t k o r. Mana senga! (Ular Sanchoni doʻpposlay boshlashadi).

S a n ch o. Xoʻjayin! Xoʻjayin! Voy-dod! (Yiqilib, jim boʻlib qoladi).

2–x i z m a t k o r. Ikkinchi yoʻltoʻsarlik qilmaydigan boʻlasan! (Kiyimlarni olib, qochib qolishadi).

D o n K i x o t (chopib keladi). Quyonday qochib qoldi laʼnati. Senga nima boʻldi? Ie, oʻlib qopti-ku! Endi nima qilaman?

S a n ch o. Voy!

D o n K i x o t. Tirikmisan?

S a n ch o. Ovozim chiqqan boʻlsa, demak, tirikman-da. Koʻrgan kunim qursin mening!

D o n K i x o t. E, attang! Yodimdan koʻtarilipti-da. Agar sehrli malhamdan olvolganimizda har qanday jarohat choʻt emas edi bizga!

S a n ch o. U qanaqa malham, xoʻjayin?

D o n K i x o t. Moʻjizakor dori, Sancho. Mabodo jangda meni qilich bilan ikkiga boʻlib tashlashsa, – mabodo deyman-da, jahongashta ritsarlar bilan bunaqa hodisa boʻlib turadi, – sen dovdirab qolma. Ikkala boʻlakni bir-biriga yaxshilab yopishtir-da, oʻsha malhamdan bir qultum ichirvor. Qarabsanki, olam guliston. Shu zahoti hech narsa boʻlmaganday dik etib oʻrnimdan turib ketaman. Ana shunaqa dori u, Sancho.

S a n ch o. Xoʻjayin, siz vaʼda qilgan hokimlikning menga keragi yoʻq. Menga oʻsha malhamni tayyorlash yoʻlini yozib bersangiz bas.

D o n K i x ot. Tashvishlanma, azizim, senga bundan ham zoʻr tilsimotlarni gapirib beraman, umrbod mening panohimda boʻlasan.

S a n ch o. Unaqa boʻlsa, sizga hamroh boʻlganimdan mingdan-ming roziman. Mana… ogʻriq ham pasayib qoldi. (Xurjunni olib, ichidan yegulik oladi). Qorin piyoz poʻsti boʻp ketdi, bir tamaddi qilvolaylik. Endi… mening xoʻragim sizga toʻgʻri kelmaydi-da.

D o n K i x o t. Sen ritsarlarni yaxshi bilmaysan, doʻstim, ular oʻzlari sharafiga uyushtirilgan ziyofatlarda mazza qilishadi, boshqa mahal, masalan, mana shunaqa safar paytlarida boriga shukur qilishadi, baʼzan och-nahor ham qolib ketishadi.

S a n ch o. Menda, xoʻjayin, non bor, sarimsoqpiyoz bor, pishloq bor, lekin xayolimda oʻsha malham. Qani, marhamat qilsinlar.

D o n K i x o t. Oʻzing ham oʻtir, nega tik turibsan, doʻstim, nimani oʻylayapsan?

S a n ch o. Mening xashaki taomlarim sizga yoqadimi-yoʻqmi, deb istihola qilib turibman-da.

D o n K i x o t. Men boshqa narsa haqida oʻylayapman: mening taomlarim, deyapsan. Qachon meniki-seniki deyilmaydigan zamonlar kelarkin? Mana ikkalamiz maysa ustida oʻtirganimizday odamzod tabiat neʼmatlarini bab-baravar baham koʻrsa, deyman. Bu meniki, bu seniki, demasa deyman! Qoʻy boqib yurgan oddiy kimsalar bir-biridan nimani ham qizgʻanishi mumkin? Buloq suvi tekin boʻlsa, daraxtlardagi mevalar meni ol, deb turgan boʻlsa! Aldov, firibgarlik, adovat va tamagirlikni keltirib chiqargan oltin yoʻq paytlar, garchi oʻsha kasofat boʻlmasa ham, oltin davr deb atalgan. Jahongashta ritsarning orzusi ana shu halol-pokiza davrni qayta tiklash! Eh, Sancho, agar peshonamga ritsar boʻlish yozilmaganda edi, men albatta choʻpon boʻlardim! Ismim Kixanoligicha qolardi, sen esa – Pansino boʻlib, ikkalamiz qirma-qir qoʻy boqib yurardik, yayrab-yashnab qoʻshiqlar aytardik. Kunduzi eman daraxtlari oftob tigʻidan bizga panoh boʻlardi, tunlari boshimiz uzra beozor yulduzlar charaqlab turardi. Eh, doʻstim, inson faqat mana shunday muhitdagina oʻzini baxtiyor sezishi mumkinligini nahotki tushunmasang?!

S a n ch o. Siz – olim odamsiz, xoʻjayin, burgani taqalash ham qoʻlingizdan keladi. Gaplaringizni ertalabgacha eshitsa ham zerikmaydi kishi. Ammo men uchun eng muhimi – malham. Balki hozir uni qanday tayyorlashni aytarsiz? Koʻnglingizga kelmasin-u, ertaga sarguzasht nima bilan tugashini Xudo biladi…

D o n K i x o t. Men oltin davr haqida oʻylayapsan deb oʻtiribman. Sabr qil: biror boshpana topaylik, oʻzim malham tayyorlayman, oʻshanda uning butun sir-asrorini bilvolasan. (Olisdan erkaklar ovozi eshitiladi, kimdir hushtak chalib xirgoyi qilyapti). Kimlar ular?

S a n ch o (oʻsha tomonga qarab). Otboqarlar, xoʻjayin. Yangues viloyatidan. Oʻktam yigitlar. Yarmarkadan kelishyapti, shekilli. (Kulgi, qiyqiriq eshitiladi).

D o n K i x o t. Nega kulishyapti?

S a n ch o. Birovi otingizni tepuvdi, shunga kulishyapti.

D o n K i x o t. Nima deysan? Kim ekan u ritsarning otini tepadigan? Bu yaramaslarning taʼzirini bermasam, otimni boshqa qoʻyaman!

S a n ch o. Oʻzingizni bosing, xoʻjayin, shuncha odamga bas kelib boʻladimi? Yigirma kishidan kam emas ular! Biz ikki kishi boʻlsak, toʻgʻrirogʻi bir yarimta.

D o n K i x o t. Bir oʻzim yuztasiga bas kelaman! (Uch nafar otboqar kiradi). Boʻsh kelma, Sancho. Qilmishiga javob bersin!

S a n ch o (birinchi otboqarga). Nega birovning otini tepasan?

1–o t b o q a r. Qanaqa ot?

S a n ch o. Oʻzingni jinnilikka solma!

2-o t b o q a r. E-e, anovi… oyogʻi osmondan boʻlib yotgan otmi? Biz uni suyaklarmi deb oʻylabmiz. (Toʻrtinchi otboqar kiradi).

D o n K i x o t. Sen, yaramas, olamga mashhur ritsarning oti ustidan kulyapsanmi?

S a n ch o. Javob ber, shaytonvachcha! Qandoq hadding sigʻdi?

2–o t b o q a r. Haddim sigʻdi!

S a n ch o. Shunaqami?

O t b o q a r l a r. Shunaqa! (5-otboqar kiradi).

S a n ch o. Mana boʻlmasa! (2-otboqarga tarsaki tushiradi).

2–o t b o q a r. Urish mana bunaqa boʻladi! (u ham uradi).

S a n ch o. Voy-dod, xoʻjayin, yordam bering!

D o n K i x o t (3-otboqarni nayzaning yon tomoni bilan urib). Joningni asra, itemgan!

3–o t b o q a r. Yordamga, yigitlar!

1–o t b o q a r. Tezroq, tezroq! Biznikilarni urishyapti!

(6 va 7-otboqarlar yugurib kirishadi).

4–o t b o q a r (Sanchoni urib). Bu yoqqa, yigitlar!

5–o t b o q a r (Don Kixotni uradi). Boʻsh kelmanglar, yigitlar!

6–o t b o q a r (Don Kixotga tashlanib, nayzasini tortib oladi). Sol ayamasdan!

7–o t b o q a r (Sanchoni uradi). Bu yoqqa yigitlar, chopinglar!

(8-otboqar yugurib kiradi).

O t b o q a r l a r (Don Kixotni yerga dumalatishadi). Boʻsh kelmanglar! (Sanchoni doʻpposlab ketishadi).

S a n ch o (oʻzini himoya qilib). Yordamga! Bizni urishyapti!

4–o t b o q a r. Qoʻrqmanglar, yigitlar, ayb oʻzlarida!

(Otboqarlar Sancho bilan Don Kixotni oʻlasi qilib urishadi. 9,10,11-otboqarlar yugurib kirib, Sancho bilan Don Kixotga tashlanishadi).

 

S a n ch o. Hoy, kim bor?! Aytuvdim-ku sizga, xoʻjayin!

D o n K i x o t (xirillab). Laʼnatilar! Sancho, menga qarasang-chi!

S a n ch o. Yo parvardigor! (Jim boʻlib qoladi).

12–o t b o q a r (yugurib kirib). Boʻldi, bas! Tovoniga qolamiz bularni! Qara, nafasi chiqmayapti!

1–o t b o q a r. Boʻldi, yetadi!

2–o t b o q a r. Toʻxtatinglar! Boʻldi!

O t b o q a r l a r. Toʻxta, iblis, toʻxta! Toʻxta!

1–o t b o q a r. Qoʻyinglar, yigitlar, oʻlgandan battar boʻlishdi!

1 va 2-o t b o q a r. Oʻzlari boshlashdi-da!

2–o t b o q a r. Shapaloq urdi manovi!

1–o t b o q a r. Boʻlar ish boʻldi! Baloga qolmaylik tagʻin! Ketdik, yigitlar!

O t b o q a r l a r. Ketdik, ketdik!

 

(Ular chiqib ketishadi. D o n K i x o t bilan S a n ch o yerda choʻzilib qolishadi).

 

IKKINCHI PARDA

 

Uchinchi koʻrinish

 

Yoz oqshomi. Palomek Chapaqayning karvonsaroyi. Orqa tomonda quduq bilan darvoza. Darvozasi ochiq saroy. Ikkita omonat bino. Bino derazalarining biridan kulgi, qadahlarning jarangi eshitiladi. Ijarachilar maishat qilishyapti. Maritornes dorga kir yoyyapti.

 

M a r i t o r n ye s (xirgoyi qiladi):

 

Ana, choʻpon yotipti bejon,

Koʻkragidan hamon oqar qon.

Shoʻrlik nega, ne sabab oʻldi?

U sevgining qurboni boʻldi!

 

X a ch i r b o q a r. Salom berdik, ofatijon!

M a r i t o r n ye s. Voy, tuf, tuf! Xristianlar tuf-tuf qiladimi? Ular choʻqinadilar bu paytda! Oʻtakamni yorvordingiz-a! Yaxshi yuribsizmi?

X a ch i r b o q a r. Salom, Maritornes! Koʻrmaganimga ming yil boʻldi, sogʻiniblar ketdim. Ja-a ochilib ketibsan-ku!

M a r i t o r n ye s. E-e, qoʻysangiz-chi!

X a ch i r b o q a r. Oʻlay agar, rost aytyapman. Yaqinroq kelgin-a, qulogʻingga gapim bor.

M a r i t o r n ye s. Uyaling-e!

X a ch i r b o q a r. Ana xolos! Nima deyishimni ham bilmaysan-ku.

M a r i t o r n ye s. Quloqqa nima deyilishini bilmay oʻlibmanmi!? (xirgoyi qiladi). “Ana, choʻpon yotipti bejon…”

X a ch i r b o q a r. Menga qara… Bu kecha shu yerda tunayman. Hamma uxlaganda oldimga kirsang-chi.

M a r i t o r n ye s. Yoqmay oʻlsin! Kirib boʻpman! Xoʻjayin sizni qayoqqa joylashtirmoqchi?

X a ch i r b o q a r. Saroydan joy soʻrayman.

P a l o m ye k. Maritornes! Hoʻ, Maritornes!

M a r i t o r n ye s. Yoʻqol oldimdan! Eshitmayapsanmi, xoʻjayin chaqiryapti!

P a l o m ye k (derazadan qaraydi). Maritornes! Qayoqqa gʻoyib boʻldi ipirisqi!

M a r i t o r n ye s. Namuncha baqirasiz? Qayerda boʻlardim, shu yerdaman.

P a l o m ye k. Nima qilyapsan?

M a r i t o r n ye s. Koʻrmayapsizmi, kir yoyyapman.

P a l o m ye k. Kir yoyayotganmish! Sal koʻzing chalgʻisa, xudo beradi bunga.

X a ch i r b o q a r (yoyilgan matolar orasidan chiqib). Salom, xoʻjayin. Yaxshimisiz, Palomek!

P a l o m ye k. Kir – sen ekansan-da! Voy, firibgar qiz-yey! Koʻzni shamgʻalat qilib, a?!

X a ch i r b o q a r. Unaqa demang, xoʻjayin. Yaxshi qiz u. Hozirgina keldim, ikki ogʻiz gapirishga ham ulgurganim yoʻq.

P a l o m ye k. Opqochma. Baʼzan ikki ogʻiz soʻz bir quloch diydiyodan ham oʻtkirroq boʻlishi mumkin. Tanimaydigan odam yoʻq bu manjalaqini!

M a r i t o r n ye s. Oilaviy baxtsizlik yetmaganday shu bexosiyat joyda sariq chaqaga ishlab yuribman-a!

P a l o m ye k. Boʻldi, boʻldi, nolima, ishyoqmas! (Maritornes gʻoyib boʻladi). Menga keldingmi?

X a ch i r b o q a r. Ha, shu yerda tunamoqchiydim.

P a l o m ye k. Hamma joy band. Saroyda yotaverasanmi?

X a ch i r b o q a r. Ustimga osmonni yopib yotarkanman-da. Saroyning tomi ilma-teshik-ku?

P a l o m ye k. Uzr, muhtaram janob, tashrif buyurishingizni bilganimda tomi oltin qasr tayyorlab qoʻyardim-ku! Yoqmasa, ana katta koʻcha, boshingga guvalani qoʻyib, shudgorda yotaver. Seni chaqirdimmi, joy yoʻq, deyapman-ku!

X a ch i r b o q a r. Mayli, mayli, saroy boʻlsa saroy-da!

P a l o m ye k. Ma, manovi qopni ol. (Derazadan uvada bir qopni tashlaydi). Xuddi partoʻshakda yotganday boʻlasan. Hammaning havasi keladi hali, koʻrasan!

 

(Xachirboqar qopni oladi, Maritornesning yonidan oʻta turib, sirli imo-ishoralar qiladi).

 

M a r i t o r n ye s (asta). Qoʻysangiz-chi, qoʻysangiz-chi! (xirgoyi qiladi) “Shoʻrlik nega, ne sabab oʻldi, u sevgining qurboni boʻldi”.

E r n a n d ye s (deraza tomonga qarab). Hoʻ, xoʻjayin, bizga yana vino bervoring!

P a l o m ye k. Xoʻp boʻladi, janoblar! (Yordamchi binoga mesh koʻtarib oʻtadi, keyin oʻz joyiga qaytadi).

 

Binodan qiyqiriq, soʻng tor jarangi eshitiladi.

 

E r n a n d ye s (qoʻshiq aytadi). “Oh, sohibjamol, koʻzlarim yoʻlingda mudom!”

 

Derazadan engashib, eshak yetaklagan Sancho kiradi, eshak ustida chala oʻlik Don Kixot. Orqada oqsoqlangan ot, ustida dabdala boʻlgan ritsarlik kiyimlari, qoʻlbola nayza. Sanchoning boshi latta bilan bogʻlangan, koʻzlarining osti koʻkargan, soqolining yarmi yoʻq.

 

S a n ch o. Xudoga shukur, karvonsaroyga yetvoldik. Voy jonim! (Quduq chetiga oʻtiradi). Hoy, yaxshi qiz, bu yoqqa qara!

M a r i t o r n ye s. Yopiray, kimlar bular? Bunaqasini koʻrmagandim!

S a n ch o (Don Kixotga). Koʻzingizni oching, xoʻjayin, karvonsaroyga keldik.

D o n K i x o t. Nima?

S a n ch o. Boʻshashmang, xoʻjayin, koʻrinishingiz bir qop goʻngga oʻxshaydi. Yetib keldik karvonsaroyga!

D o n K i x o t. Nima deb valdirayapsan, xumkalla! Qasr-ku bu. Hozir musiqa chalinadi, keyin koʻtarma koʻprik tushiriladi, undan soʻng biz tantana bilan…

S a n ch o. Qanaqa musiqa, qanaqa koʻprik? Koʻzingizni oching! (Choʻchqaboqarning burgʻi chalgani eshitiladi).

D o n K i x o t. Kallavaram yaroqbardor, burgʻi sadosini eshityapsanmi? Bizning sharafimizga chalishyapti! (Inqillab eshakdan tushadi).

M a r i t o r n ye s. Ana tomosha-yu mana tomosha!

D o n K i x o t (Maritornesga). O, goʻzallarning goʻzali! Ruxsat eting, oʻzimni tanishtiray: men – jahongashta ritsar Lamanchlik Don Kixot boʻlaman. Jasoratim olamga doston boʻlgan, mening shuhratim oldida boshqa ritsarlar bamisoli chumoliday bir gap. Reynaldos Montalban kim boʻpti, u ham bir qumursqa! Buyuring, xizmatingizga tayyorman!

M a r i t o r n ye s. O, minnatdorman, muhtaram senor! (Sanchoga). Biram chiroyli gapirarkan, shu darajada chiroyliki, hech narsani tushunganim yoʻq!

X a ch i r b o q a r (saroydan moʻralab). Nima deb valdirayapti, xumpar? Maritornesga qarmoq tashlayapti chamamda!

M a r i t o r n ye s (Sanchoga). Yunonmi deyman bu janob?

S a n ch o. Ha, yunon, yunon. Oldin bizga tunashga joy hozirlasang boʻlardi.

M a r i t o r n ye s. Xoʻjayin, hoʻ xoʻjayin!

P a l o m ye k (derazadan qarab). Nima deysan?

M a r i t o r n ye s. Ijarachilar kelishdi.

P a l o m ye k (Don Kixotga doʻlayib qaraydi, keyin chiqadi). Xoʻsh, xizmat?

D o n K i x o t. Men jahongashta ritsarman, bu mening yaroqbardorim. Tunashga joy bersangiz, bagʻoyat minnatdor boʻlardim.

P a l o m ye k. Sizbop boʻsh joy yoʻq-ku, senor.

D o n K i x o t. Biz joy tanlamaymiz, zero jang – ritsar uchun hordiq, qurol – uning uchun zeb-ziynat, toshloq yer – par toʻshak.

X a ch i r b o q a r. Opqochishini qaranglar yaramasni!

P a l o m ye k. Unday boʻlsa, senor, sizlarga saroydan boshqa durust joy topish qiyin.

X a ch i r b o q a r. Ie, xoʻjayin, saroyni menga berdingiz-ku!

P a l o m ye k. Uch kishi ham bemalol sigʻasizlar. (Don Kixotga). Qayerda bunaqa ahvolga tushdingiz, senor?

S a n ch o. Qoyadan toʻntarilib tushdilar-da.

P a l o m ye k. Bu atrofda qoyatosh yoʻq-ku.

S a n ch o. Modomiki, men aytdimmi, demak, bor-da!

P a l o m ye k. Oʻzing-chi? Sen ham qoyatoshga kalla qoʻydingmi?

S a n ch o. E-e, soʻramang, bu kishini yiqilganini koʻrib, oʻzim ham dabdala boʻlganimni oʻsha zahotiyoq payqadim.

M a r i t o r n ye s. Boʻladi shunaqasiyam. Masalan, men ham baʼzan tushimda yiqilsam, ertalab aʼzoyi-badanim zirqirayotganini sezaman.

P a l o m ye k. Tushingda nimalarni koʻrishingni yaxshi bilamiz, bizni laqillatmay qoʻya qol! Hoy! (xizmatkor yugurib keladi). Ot bilan eshakni otxonaga opkirib qoʻy.

D o n K i x o t. Oʻtinib soʻrayman, senor, otga yaxshi qarashsin, chunki bu ot dunyoda yagona!

X a ch i r b o q a r. Shu ot-a? (Peshonasiga barmogʻini bigiz qilib, Don Kixot aqldan ozgan degan ishorani qiladi).

 

X i z m a t k o r ot bilan eshakni olib ketadi.

 

S a n ch o (Don Kixotga). Bularga Iskandar kimligini aytsangiz boʻlardi. Koʻryapsiz-ku, ishonishmayapti. Ketdik saroyga. (Don Kixotni olib ketadi. Hamma tarqaladi). Siz nima deysiz, xoʻjayin, qachon oyogʻimizni bemalol qimirlatadigan boʻlarkinmiz, yurishni-ku aytmay qoʻya qolay.

D o n K i x o t. Rostini aytsam, hammasiga men aybdorman. Ritsarlik maqomiga ega boʻlmagan kishilarga qarshi qilich koʻtarmasligim kerak edi. Agar yana shunaqa kimsalarga duch kelib qolsak, faqat sen jangga kirish. Men bir chetda turaveraman. Mabodo ritsarlar ularning yonini olsa, oʻshandagina men yordamga tashlanib, seni qutqarib olaman. Boʻptimi.

S a n ch o. Yaxshi reja, xoʻjayin, juda maʼqul. Faqat men tinchliksevar, beozor, koʻngilchan, moʻmin-qobil bir odamman. Bu birinchidan. Ikkinchidan, shunga shukur qilamanki, menda qilich yoʻq. Mabodo boʻlgan taqdirda ham men hech qachon oddiy odam boʻladimi, dvoryan boʻladimi, ritsar boʻladimi yoinki dehqonmi, choʻponmi, qashshoqmi, gadomi – kim boʻlishidan qatʼi nazar, ularga qarshi qilich koʻtarmayman.

D o n K i x o t. Afsuski, ogʻriqdan azob chekib turibman-da, aks holda senga qanday javob qaytarishni oʻzim bilardim-a! Faqat bir narsani aytib qoʻyay: tabiating shunaqa boʻlsa, sen faqat choʻponlikka yaraysan, orolga hokimlik qilolmaysan. Buning uchun jasorat kerak, chunki dushmaning ham koʻp boʻladi. Voy, nodon-yey! Bugungiga oʻxshagan toʻs-toʻpolonlar bizning peshonamizga yozilgan, boʻlmasa yashashning qizigʻi ham qolmasdi.

S a n ch o. E-e, qizigʻi qursin! Xoʻjayin, bugungiga oʻxshash hosil koʻtarishlar doimiymi yoki ora-chora nafas rostlash ham boʻlib turadimi? Ikki marta hosil koʻtarib, abjagʻimiz chiqdi, uchinchisida holimizga maymunlar yigʻlamasa goʻrga edi!

D o n K i x o t. Oʻtgan ishga salavot, Sancho! Hamma dardning davosi – vaqt. Oʻlim har qanday ogʻriqni bosadi. Hozir sehrli malhamni tayyorlaymiz.

S a n ch o (quvonib). E, bormisiz! Men nima qilay, xoʻjayin? Hoy qiz, bu yoqqa qarang!

M a r i t o r n ye s. Nima deysiz?

S a n ch o. Bilasizmi, biz hozir malham tayyorlamoqchimiz.

M a r i t o r n ye s. Qanaqa malham?

S a n ch o. E, soʻramang, sehrli malham. Bilasizmi, jangda bittasini qilich ikki boʻlak qilib tashlagan ekan, shu malhamdan bir qultum ichib, oʻrnidan turib ketipti.

M a r i t o r n ye s. Yo parvardigor! Men ham tatib koʻray, ichimni it tatalagani tatalagan.

S a n ch o. Sizga ham beramiz-da (Don Kixotga). Nima qilish kerak, xoʻjayin?!

D o n K i x o t. Kattaroq idish olinglar.

S a n ch o (Maritornesga). Eshitdingizmi?

M a r i t o r n ye s. Eshitdim – idish, deyapti.

D o n K i x o t. Unga besh shisha qizil musallas quyinglar.

S a n ch o (Maritornesga). Tushundingiz-a?

M a r i t o r n ye s. Tushundim.

D o n K i x o t. Bir hovuch sarimsoqpiyozni qirgʻichdan chiqazib, qoʻshvoringlar.

S a n ch o (Maritornesga). Yodingizdan chiqmasin – bir hovuch sarimsoqpiyoz.

X a ch i r b o q a r. Nima boʻladi shunda?

M a r i t o r n ye s. Malham boʻladi. Oʻzlari bilishadi. Shunaqa malhamki… bittasini qilich…

X a ch i r b o q a r. Boʻldi, boʻldi…

D o n K i x o t. Keyin toʻrt-besh qoshiq tuz tashlanglar.

S a n ch o (Maritornesga) Eshitdingiz-a?

X a ch i r b o q a r. Eslab qoldim. Besh qoshiq tuz.

M a r i t o r n ye s (barmogʻini bukib). Besh qoshiq.

D o n K i x o t. Bir chimdim qizil qalampir… Bir hovuch choʻchqayongʻoq… sirka, uch shisha lampamoy, kichkina qoshiqda toʻtiyo.

X a ch i r b o q a r. Hammasi toʻgʻri. Men bu malhamni bilaman.

D o n K i x o t. Yaxshilab aralashtirib, olovga qoʻyinglar.

M a r i t o r n ye s. Tushundim. Hozir boshlayman.

X a ch i r b o q a r. Men senga yordamlashaman. Zoʻr malham bu. Hatto xachirlarga ham shifo boʻladi, ayniqsa qoʻtir paytida.

 

M a r i t o r n ye s, X a ch i r b o q a r, S a n ch o oshxonaga ketishadi.

 

P a l o m ye k (saroyda paydo boʻladi). Muhtaram senor, xizmatkorlarimning aytishicha, oʻlikni ham tiriltiradigan malhamning sirini bilarkansiz. Taqdir siz bilan uchrashtirganidan xursandman. Aytgan narsalaringizni muhayyo qildim. Oʻsha doridan menga ham ozgina ilinasiz-da, a? keyingi paytlarda bel qurgʻur ogʻriydi. Mendan nima lozim boʻlsa, hammasini bajo aylayman.

D o n K i x o t. Albatta, albatta, sizga yoʻq dermidim.

P a l o m ye k. Bel palakat pichoq sanchganday ogʻriydi-da.

X i z m a t k o r (qoʻlida kosa). Senor!

P a l o m ye k. Nima deysan?

X i z m a t k o r. Menga ham malham kerak boʻp qoldi. Koʻzimga govmichcha chiqib deng…

P a l o m ye k. E-e, govmichchadan birov oʻliptimi!

D o n K i x o t. Mayli, sazasi oʻlmasin. Beraman oʻsha malhamdan.

P a l o m ye k. Ixtiyor sizda, senor.

 

Togʻora koʻtargan M a r i t o r n ye s paydo boʻladi. S a n ch o, xachirboqar, xizmatkor – hammasining qoʻlida idish.

 

M a r i t o r n ye s. Tayyor boʻldi, janoblari.

P a l o m ye k (xizmatkorga). Sen nima deysan?

X i z m a t k o r. Xoʻjayinim don Pedro Martines malhamning daragini eshitgan ekan, iltimos qilyapti.

P a l o m ye k. Ana xolos. Mayli, mayli, choʻz ikki real.

X i z m a t k o r. Bosh ustiga. Faqat zoʻr joyidan boʻlsin-da! (Palomekka pul beradi).

M a r i t o r n ye s. Hammaga ovoza qilmaslik kerak, senor!

D o n K i x o t (togʻoraning ostini siypalab allaqanday duo oʻqiydi. Palomek, xizmatkor va xachirboqar bosh kiyimlarini yechishadi). Ichsa boʻladi.

P a l o m ye k. Shoshma, shoshma, navbat bilan. (Idishlarga malham quya boshlaydi).

 

X i z m a t k o r yon binoga chopadi. Boshqalar malham icha boshlashadi. Birinchi boʻlib D o n K i x o t qulaydi.

 

P a l o m ye k. Ie, iye, nima boʻldi?

M a r i t o r n ye s. Xoʻjayin, tez domlani chaqiring, halol xizmat qilganman… kunim bitganga oʻxshaydi.

 

P a l o m ye k yugurib ketadi, orqasidan D o n P ye d r o M a r –

t i n ye s chopadi, uning ketidan – idish koʻtargan xizmatkor.

 

M a r t i n ye s. Doʻzaxning olovimi bu?! Nima quyib berding, yaramas?!

X i z m a t k o r. Oʻzingiz buyurdingiz-ku, xoʻjayin. Ikki real berib qoʻyibman.

M a r t i n ye s. Qotil! Qonxoʻr!

X i z m a t k o r. Namuncha vahima qiladi? Oʻzimam tatib koʻrsammikin? (Malhamni oxirigacha ichadi, bir oz depsinib turadi, keyin Martinesning ketidan yuguradi).

S a n ch o. Nimalar boʻlyapti oʻzi?

X a ch i r b o q a r (asta malhamni hoʻplaydi, ogʻzini artib, Sanchoga murojaat qiladi) Boʻmadimi, ogʻayni?

S a n ch o. Qoch-e!

X a ch i r b o q a r. Buning sirini aytaymi? Oʻzi binoyidek malham. Faqat qalampiri kamroq boʻpti-da. Biz bu malham bilan xachirlarni davolaymiz. Avvaliga xachirlar rosa tipirchilaydi, shataloq otadi, keyin bir yilga dovur yelib-yugurib xizmat qiladi. Sen parvo qilma. Hozir qiynalasan, keyin umrbod rohatini koʻrasan.

S a n ch o. Yoʻqol, koʻzimga koʻrinma!

X a ch i r b o q a r. Nolima, doʻstim. Ie, iye, menga ham taʼsir qilyapti chamamda (ketadi).

D o n K i x o t. Nega mazang qochganini bilaman, Sancho: sen ritsar emassan-da, bu malham…

S a n ch o. Shunaqa ekan, nega ogohlantirmadingiz, xoʻjayin?

D o n K i x o t. Mana men tuppa-tuzuk boʻpqoldim. Endi birpas mizgʻisam (uyquga ketadi).

 

P a l o m ye k, M a r i t o r n ye s, xizmatchi qaytib kelishadi.

 

P a l o m ye k. Qayoqdagi odamlar keladi karvonsaroyimga! Ilgari bunaqa gaplar yoʻq edi!

M a r t i n ye s (xizmatkor bilan keladi). Zoʻr narsa ekan! Avvaliga mazani qochirsa ham, keyin yengil tortarkan odam. Yana bir kosa ol.

X i z m a t k o r. Xoʻp boʻladi, xoʻjayin (ketishadi).

 

X a ch i r b o q a r qaytib keladi.

 

S a n ch o. Oh, bu nima koʻrgilik? Kunduzi ikki marta oʻlguday doʻpposlashdi, kechqurunga kelib manovi laʼnati malham degani chiqdi. Ajalimdan besh kun burun oʻldirmoqchimisiz, xoʻjayin? Bu qanaqasi boʻldi?

X a ch i r b o q a r. Doʻpposlashdi, deysanmi? Qoyadan yiqildim, deganding-ku?

S a n ch o. Boshimni qotirma! Oʻzim zoʻrgʻa turibman.

 

Qorongʻi tushadi. Oy chiqadi. Palomekning derazasida chiroq koʻrinadi, keyin oʻchadi. Yonboshdagi binodan ancha vaqt gʻala-gʻovur, piyolalarning jarangi eshitilib turadi.

 

M a r t i n ye s. Sizlar uchun, senorlar!

 

Keyin u yer ham jimjit boʻlib qoladi. Chiroq oʻchadi. Hovlida

M a r i t o r n ye s paydo boʻladi.

 

M a r i t o r n ye s (saroyga alanglab kirib). Hamma uxlapti, shekilli. (Quloq soladi). Ha, uxlashyapti. Voy, qoʻrqib ketyapman… Hoy, xachirboqar, uxlayapsanmi?

D o n K i x o t (uygʻonib). Kimning ovozi?

 

M a r i t o r n ye s X a ch i r b o q a r n i n g toʻshagini izlaydi.

 

D o n K i x o t (Maritornesning qoʻlidan ushlab). O, sohibjamol xonim!

M a r i t o r n ye s. Senmisan? Shivirlaganingni eshitdim.

D o n K i x o t. O, malikam, sizni xudoning oʻzi yetkazdi menga!

X a ch i r b o q a r (uygʻonib ketadi). Nima boʻlyapti?

M a r i t o r n ye s. Voy, begona-ku! Sen emassan! D o n K i x o t. Aytdim-ku, Xudo yetkazdi deb.

M a r i t o r n ye s. Qoʻyvoring, senor!

D o n K i x o t. Senora…

X a ch i r b o q a r. Ol-la! Bu echkisoqol toza kazzob ekan-ku! Koʻrinishi muloyim supurgiday-a? Malham tayyorlaydi, qoyalardan yiqilib yuradi…

D o n K i x o t. Tarang qilmay qoʻya qoling, niyatingiz maʼlum-ku…

M a r i t o r n ye s. Qoʻyvoring, senor.

D o n K i x o t. Bilib qoʻying, oyimtilla, men bebaho Dulsineya Toboskayaga sodiqman…

X a ch i r b o q a r. Choʻpchagingni boshqa joyda ayt! (Don Kixotga asta yaqinlashib, boshiga togʻoracha bilan tushiradi).

Don Kixot. Uh, makkor, iblis!

M a r i t o r n ye s. Voy shoʻrim!

S a n ch o (uygʻonib). Kim bor? Kim bor bu yerda? Nima qilib yuribsan bemahalda, azizam (Maritornesning qoʻlidan tutadi).

X a ch i r b o q a r. Seni nima ishing bor! (Sanchoni uradi).

S a n ch o. Oh, yana boshlandimi deyman? (Ot yopinchigʻi tagiga kirib ketadi).

D o n K i x o t (qilichini chiqazib). Hozir koʻrsatib qoʻyaman menga panadan hujum qilgan ablahga! Sancho!

S a n ch o. Men uxlayapman, xoʻjayin!

M a r i t o r n ye s. Voy, men qayerga yashirinay?!

X a ch i r b o q a r. Bu yerga emas, bu yerga emas, xoʻjayin uygʻondi, koʻrib qoladi! (P a l o m ye k n i n g derazasida chiroq yonadi). Tomdan oshib oʻt. (M a r i t o r n ye s ga yelkasini tutadi, u saroydan gʻoyib boʻladi. X a ch i r b o q a r oʻrniga yotib, ustiga yopingʻichni tortadi).

D o n K i x o t. Gʻalati joy ekan bu yer! Hammasi jodugar! Qayerga yashiringansanlar, iblislar! Sizlar koʻpchilik, men yolgʻizman, ammo qoʻrqadigan joyim yoʻq! (Musallas toʻla meshga qilich uradi). Mana, qoning sharillab oqyapti! Sen tor-mor boʻlding, yaramas!

M a r t i n ye s (yon binoda). Nima gap? Chiroqni yoqinglar!

E r n a n d ye s (yon binoda). Chiroq, chiroq!

P a l o m ye k (hovliga yugurib chiqib). Nima boʻlyapti oʻzi? Bilib turibman, bu laʼnati Maritornesning ishi! Hoy, Maritornes, qaysi teshikka berkinding, chiq bu yoqqa!

D o n K i x o t. Dushman yakson etildi!

M a r i t o r n ye s (derazadan). Nima gap, xoʻjayin, yomon tush koʻrdingizmi?

P a l o m ye k. Ie! Shu yerdamisan? Seni saroyda deb oʻylabman!

 

Hovliga E r n a n d ye s, qilich koʻtargan M a r t i n ye s, uning kosov koʻtargan xizmatkori va yana bir ijarachi yugurib kirishadi.

 

M a r t i n ye s. Kim hujum qildi? Kim halok boʻldi?

E r n a n d ye s. Oʻgʻrilarmi? Qani ular? Saroyda kim bor?

D o n K i x o t. Dushmanim halok boʻldi, muhtaram janob. Ana, qarang, qoni oqib yotipti!

P a l o m ye k (qoʻlidagi shamchiroqni tushirib yuboradi). Buning oʻrniga sizning qoningizni koʻrganim yaxshi edi. Koʻrib qoʻyinglar, janoblar, bu esipast musallas toʻla meshni yorib tashlapti!

X a ch i r b o q a r (goʻyo uyqudan uygʻonganday). Uxlagani qoʻyadimi bular yoki yoʻqmi?

S a n ch o. Rost aytasan, xoʻjayinim ikkalamizning uyqumiz harom boʻldi.

D o n K i x o t. Boshqalari qochdi, Sancho. Tez boʻl, quvib yetamiz ularni.

S a n ch o. Toʻgʻri, xoʻjayin, joʻnab qolishimiz kerak. Bexosiyat joy ekan bu yer. Koʻnglim sezib turibdi: yana toʻs-toʻpolon boʻladi. (Otxonaga chopib kirib, ot bilan eshakni olib chiqadi).

 

X i z m a t ch i bilan M a r i t o r n ye s paydo boʻlishadi.

 

P a l o m ye k. Koʻrib qoʻyinglar, janoblar, bu ikki tentakni qilgan ishini! Asil musallas edi-ya!

E r n a n d ye s. Rost aytasiz, iblis ekan ular! Toʻgʻrimi gapim, Martines?

M a r t i n ye s. Malham tayyorlaganimi?

X i z m a t k o r. Oʻsha-da, oʻsha, xoʻjayin.

M a r t i n ye s. Malhami chakkimas, lekin nima uchun ularning jini kechasi qoʻzgʻarkin-a?

D o n K i x o t (egarda oʻtirib). Senor, ajoyib maskaningizni tark etayotganimdan afsusdaman. Lekin men dushmanlarimni quvib yetmasam boʻlmaydi. Men bilan yaroqbardorimga koʻrsatgan gʻamxoʻrligingiz uchun mingdan-ming rahmat.

X a ch i r b o q a r. Yana sayrayapti. Tilini sugʻurib olsang-da bunaqa bulbuligoʻyolarning!

S a n ch o. Boʻldi qiling, xoʻjayin, tezroq joʻnaylik.

P a l o m ye k. Minnatdorligingiz oʻzingizga siylov, janobi tabib, lekin yotoq uchun, yem-xashak uchun, eng muhimi, daryo boʻlib oqqan musallas uchun hisob-kitob qilib qoʻyish kerak!

D o n K i x o t. Ie, karvonsaroymi bu? Rostdan-a? Men qayerda turibman deb oʻylabman. Ha, mayli, gap bundamas. Shuni bilib qoʻyingki, muhtaram janob, issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, xalq baxt-saodati yoʻlida jahon kezib yurgan ritsarlardan hali hech kim hech qachon haq talab qilgan emas. Bizda tartib shunaqa. Omon boʻlgaylar!

P a l o m ye k. Toʻxtang! Ie, bu qanaqasi?!

D o n K i x o t (nayza oʻqtalib). Oʻchir ovozingni! Joningdan umiding bormi, qurumsoq savdogar!

P a l o m ye k. Xaloyiq! Adolat bormi oʻzi?! Meni xonavayron qilishdi-ku! Ushlanglar anovini! (Sanchoni qurshab olishadi). Toʻlaysanmi-yoʻqmi, firibgar!

S a n ch o. Issiqni issiq, sovuqni sovuq demay… Qoʻyvoringlar meni!

P a l o m ye k. Qanaqa loʻttivozligini koʻrdinglarmi!

E r n a n d ye s. Taʼzirini berish kerak muttahamning!

M a r t i n ye s. Takror aytaman: malham yomonmas, lekin bu odam borib turgan muttaham! Adyolni opkel!

S a n ch o. Yordam bering, xoʻjayin, yordam!

 

Toʻsiq orqasidan D o n K i x o tning boshi koʻrinadi. S a n ch oning boshiga adyol tashlashadi.

 

Don Kixot (toʻsiq orqasidan). Yaramaslar! Qoʻyvoringlar yaroqbardorimni!

P a l o m ye k (Sanchoga). Toʻlaysanmi-yoʻqmi?

S a n ch o. Jon deb toʻlardim-u, iloji yoʻq-da!

P a l o m ye k (Sanchoning meshiga yopishib). Meshni ber-u, tuyogʻingni shiqillat, qallob!

M a r i t o r n ye s bilan xachirboqardan boshqa hamma tarqaladi.

 

X a ch i r b o q a r. Menga maʼqul boʻldi shu yigit! Bir soʻzli ekan. Bir tiyin ham toʻlamadi-ya! Qoyilman!

M a r i t o r n ye s (Sanchoga). Ma, suv ichvor.

D o n K i x o t (toʻsiq orqasidan). Ichma, Sancho, suv zaharlangan. Menda ozgina malham bor. Darrov oyoqqa turib ketasan.

S a n ch o. Malhamingiz qursin, xoʻjayin. Boshqa ritsarlarga asrab qoʻying uni. Meni tinch qoʻying.

D o n K i x o t. Voy, noshukur banda-yey! Zahar solingan suvni ichib, oʻlib ketasan-ku, maylimi? Battar boʻl-e! (toʻsiqdan nari ketadi).

S a n ch o. Ozgina musallas quy, qizim, haqini toʻlayman.

 

M a r i t o r n ye s musallas keltiradi.

 

X a ch i r b o q a r. Menga ham quy, dil ketdi.

S a n ch o. Rahmat senga. (Maritornesga pul uzatadi).

X a ch i r b o q a r. Keragi yoʻq, mening hisobimdan! Oʻjarliging menga yoqib qoldi.

S a n ch o. Bu karvonsaroydagi eng olijanob kishilar ikkovingiz ekansiz. Rahmat sizlarga! Endi xayrlashamiz.

M a r i t o r n ye s. Xayr.

X a ch i r b o q a r (Sanchoni darvoza oldigacha kuzatib keladi). Qalampirni koʻproq solish kerak. Yodingda tut. Shunda bozori chaqqon boʻladi.

 

Toʻrtinchi koʻrinish

 

D o n K i x o tning uyi. Kunduzi. Xonada – A n t o n i ya, K a l i t d o r,

P ye r ye s va N i k o l a s.

P ye r ye s. Xoʻsh, endi nima qilamiz? Zaharni zahar kesadi, degan gap bor.

N i k o l a s. Haq gapni aytdingiz, taqsir.

P ye r ye s. Jasorat koʻrsatish ishtiyoqi uni uyidan sugʻurib olib chiqib ketdi. Unga shunday bir jasorat koʻrsatish imkoniyatini yarataylikki, bu jasorat uni yana uyiga qaytarsin. Senor Nikolas bilan shunday qarorga keldik: siz, Antoniya, oshiqu beqaror malika rolini oʻynashni zimmangizga olasiz.

A n t o n i ya. Tushunmadim, taqsir.

N i k o l a s. Mana bu tugunni yechsangiz – darrov tushunasiz. (Tugundan serhasham ayollar libosi, yasama soqol, gitara va niqoblar oladi).

P ye r ye s. Eslab qoling, Antoniya, siz sohibjamol malika, qirol Donishmand Tinakrio va qirolicha Xaramilya qizisiz, Gvineyadagi buyuk qirollik merosxoʻrisiz. Yovuz bahodir Pandofilando qirollikni sizdan tortib olgan. Biz tentak amakingiz ortidan quvib yetamiz, siz undan qirollikni qaytarib olib berishni yalinib-yolvorib soʻraysiz.

K a l i t d o r. Biz gunohkorlarni avf et, ey parvardigor!

N i k o l a s. Amakingiz soʻzingizni yerda qoldirsa sartaroshlik kasbidan voz kechaman.

P ye r ye s. Qirollikka eltadigan yoʻl Lamanchdan oʻtishini tushuntiring.

A n t o n i ya. Ha, endi tushundim.

N i k o l a s (Antoniyaga koʻylak va niqobni beradi). Kiyimlaringizni almashtiring, Antoniya.

A n t o n i ya. Hozir (yon xonaga kirib ketadi).

K a l i t d o r. E, qodir egam, shoʻrlik xoʻjayinimizni qadrdon uyiga qaytarish uchun shuncha mashmasha! Lamanchlik donishmandni shu koʻylarga solgan ritsarlik kitoblariga oʻt tushsin! Kitoblar bilan birga senor Alonsoni yoʻldan ozdirgan xumkalla Sancho ham yonib kul boʻlsin! (Ketadi).

P ye r ye s. Boshlaymiz, hazratlari.

 

P ye r ye s iyagiga soqolni iladi. N i k o l a s ayollar libosini kiyib, niqobni taqadi, qoʻliga gitarani oladi. Bashang kiyingan, niqob taqqan A n t o n i ya kirib keladi.

 

A n t o n i ya. Oʻzingizmisiz, janob Nikolas? Kimlarga oʻxshab ketibsiz?

N i k o l a s. Men quvgʻinda yurgan sizday qirolichaning hamrohiman. Ismim – Dolorida. Yodda tuting (gitarani tingʻillatadi).

P ye r ye s. Men boʻlsam, senora Antoniya, oʻldirilgan qirolning ukasi, yaʼni, amakingizman.

A n t o n i ya. Tushundim, tushundim.

P ye r ye s. Eng muhimi – uni bu yoqqa avrab chaqirib olish. Keyin vaziyatga qarab, biror yoʻlini topamiz.

 

Hovliga eshak mingan S a n ch o kirib keladi, oshxonadan kalitdor chopib chiqadi.

 

K a l i t d o r. Bu xuddi oʻzi! Oʻsha, oʻlay agar!

S a n ch o. Ha, menman, kalitdor xonim.

K a l i t d o r. Hamma ishni rasvo qilgan sayoq it mana shu!

S a n ch o. Ie, nima deb alahsirayapsiz?

 

A n t o n i ya, P ye r ye s va N i k o l a s derazaga tashlanib, kuzatib turishadi.

K a l i t d o r. Javob ber, shumqadam toʻtiqush, senor Kixano qani? Qayoqqa tashlab kelding? Bir oʻzingmisan? Bir oʻzing keldingmi?

S a n ch o. Ikki kishimiz deydigan ahmoq bor ekanmi? Koʻrib turibsiz-ku, xonim, bir oʻzimman.

K a l i t d o r. Senor Alonsoni nima qilding, badbaxt?

S a n ch o. Hoy, yaxshilar, yordam beringlar! Kalitdor xonim, shu kunlar ichida koʻp kaltak yedim, har gal biror manzilga yetib borganimizda doʻpposlashardi, mana endi hovliga kirishim bilan yana shu falokatga yoʻliqib turibman. Yordam beringlar!

A n t o n i ya. Yo qodir egam! Kalitdor uni bir balo qilib qoʻymasaydi!

P ye r ye s. Shoshmanglar, shoshmanglar, hozir hammasini aniqlaymiz.

K a l i t d o r. Xoʻjayinimni nima qilding? Gapir!

S a n ch o. Xoʻjayin soppa-sogʻ! Meni urishga haqqingiz yoʻq. Ertami-indin hokim boʻladigan odamman!

K a l i t d o r. Eshityapsizlarmi gapini! Kim aytdi senga bunaqa choʻpchakni? Senor Kixano qayerda? Nega indamaysan?

S a n ch o. Yo tavba! Yordam bersalaring-chi! Bu ayol meni sogʻ qoʻymaydiganga oʻxshaydi.

P ye r ye s. Kalitdor xonim! Muhtarama senora, oʻzingizni bosing. Balki bunda ayb yoʻqdir.

S a n ch o. Quruq tuhmatingdan asra, xudoyim!

K a l i t d o r. Senor Alonsoni qayerga tashlab kelganini aytsin!

P ye r ye s. Sabr qiling. Hademay hamma gapni bilib olamiz. Undan koʻra, ovqatni tezlashtiring. Yoʻlimiz olis.

K a l i t d o r. Boʻpti, senor. Lekin xoʻjayinim qayerdaligini aniqlang, iltimos. (Ketadi).

P ye r ye s. Muhtaram mehmon, eshagingizni qoldirib bu yoqqa keling.

S a n ch o (xonaga kirib). Hammaga salom, muhtaram janoblar va xonimlar!

P ye r ye s. Yopiray, bu odam – oʻsha!

N i k o l a s. Odam odamga oʻxshaydi-da.

P ye r ye s. Ha, malikam, xuddi oʻzi – Sancho Pansa, mashhur ritsar Don Kixotning yaroqbardori. Ishonchli boʻlishi uchun, mayli, oldin bagʻrimga bosib koʻray.

A n t o n i ya. Yoʻq, yoʻq, bu ishni oldin men qilaman!

N i k o l a s. Yoʻq, menga qoʻyib beringlar (Sanchoni quchoqlaydi). Hayajonlanib ketyapman, bunday paytda faqat musiqa meni tinchitadi. (Gitara chaladi).

 

P ye r ye s bilan A n t o n i ya S a n ch o ni quchoqlashadi.

 

S a n ch o. Musiqa uchun, izzat-hurmatingiz uchun tashakkur, lekin meni qayoqdan bilasizlar?

P ye r ye s. Ritsaringizning shuhrati olamga doston, shuning sharofati bilan sizning ham nomingiz ogʻizga tushgan-da. Oʻtiring, qadrdonimiz yaroqbardor, endi ayta qoling, Don Kixot qayerda?

S a n ch o. Bajonidil oʻtiraman, kalitdor hamma yogʻimni poʻla qilib tashladi, lekin xoʻjayinim qayerdaligini aytmayman.

P ye r ye s. Nima uchun, axir?

A n t o n i ya. Ie, bu qanaqasi? Butun rejalarim barbod boʻladi-ku!

N i k o l a s. Sababi nima? Nega qaysarlik qilasiz?

S a n ch o. Chunki xoʻjayinim buni sir saqlashni buyurgan.

N i k o l a s. Hurmatli yaroqbardor, bu yogʻi qiziq boʻldi-ku! Ikkovlaring ketgansizlar, bir oʻzingiz qaytib keldingiz. Toʻgʻrimi? Odamlar nima deb oʻylashi mumkin? Senor Don Kixotni oʻldirgan bu, deyishmaydimi?

S a n ch o. Har kimning peshonasiga nima yozilgan boʻlsa – shu boʻladi. Men hech qachon odam oʻldirgan emasman, buni hamma biladi.

A n t o n i ya. Yoʻq, u Don Kixot qayerdaligini aytishi kerak. Bilib qoʻying, Sancho, siz malika Mikomikonning roʻparasida turibsiz.

S a n ch o. Ie, zoʻr-ku, men umrimda malika-palikani koʻrmaganman.

A n t o n i ya. Mana endi koʻrdingiz. Ayting, Don Kixot qayerda? Men uni izlab yuribman, undan yordam va himoya soʻramoqchiman.

S a n ch o. Yoʻq, malika, aytolmayman.

A n t o n i ya. Bu yogʻini eshiting boʻlmasa. Boshimga ogʻir musibat tushgan. Ilgari rahmatli otam qirol Donishmand Tinakrio saroyida rohat-farogʻatda yashardim, amakim ham biz bilan birga edi.

P ye r ye s. Amakisi men boʻlaman.

A n t o n i ya. Ha, shu odam. Kattayu kichik soyamga salom berardi. Kunduzlari oltin taxtda oʻtirardim, tunlari esa derazam ostida yigitlar tonggacha qoʻshiq aytishardi.

 

N i k o l a s gitara chala boshlaydi.

 

S a n ch o. Ha, tarjimai holingiz qiziq ekan, ammo men bunda hech qanday musibatni sezganim yoʻq.

A n t o n i ya. Oxirigacha eshiting-da. Kunlardan bir kuni bahaybat Pandofilandoning lashkarlari qirolligimizga bostirib kirdi.

S a n ch o. E-e, shunisi chatoq boʻpti! Boshimdan oʻtgan-da meniyam. Bir gala yangues podachilari menga ham hujum qilgan… oʻshandan beri… Ha, mayli, gapirishga arzimaydi. Xoʻsh, keyin nima boʻldi?

A n t o n i ya. Oyim qirolicha Xaramilya bilan otamni…

S a n ch o. Tinakrio-da?

A n t o n i ya. Ha, ha! Boʻgʻizlashdi! Hozir ikkovlari ham qabrda yotishipti.

S a n ch o (Peresga). Siz qanday tirik qoldingiz, qirolning ukasi boʻlsangiz… Yo taslim boʻldingizmi? Toʻgʻri, ogʻir damlarda eng jasur kishilar ham oʻzlarini yaxshi kunlar uchun asrab qolishadi.

N i k o l a s (Peresga). Nega soʻrab-surishtirib qoldi bu goʻrsoʻxta?

Peres. Koʻngli sal buzildi-da.

 

N i k o l a s gitara chala boshlaydi.

 

A n t o n i ya. Shundan keyin Don Kixot Lamanchskiyni qidirishga tushdik-da yordam berarmikin deb. Mana, hamma gapdan xabardor boʻldingiz. Balki endi aytarsiz Don Kixotning qayerdaligini?

S a n ch o. Aytmayman.

N i k o l a s (gitarani chetga otib). Qanaqa qaysar odam bu!

P ye r ye s. Muhtarama Dolorida, xunob boʻlmang. Menimcha, yarogʻbardor xoʻjayini tayinlagan sirni oshkor etmay toʻgʻri qilyapti. Ayting-chi, azizim Sancho Pansa, bu yerga bir oʻzingiz nima maqsadda keldingiz?

S a n ch o. Ha, bu boshqa gap… Men xoʻjayinimdan jiyaniga xat opkeldim.

P ye r ye s. U ruhoniy va sartarosh bilan birga ketgan.

S a n ch o. Sartaroshni bilaman, Nikolas-da.

N i k o l a s. Ha-da, Nikolas bilan. Zoʻr odam u!

S a n ch o. Sal ayyorroqmi-yey.

N i k o l a s. Hay-hay, unaqa demang!

P ye r ye s. Xullas, amakimning daragi chiqarmikin deb shaharga ketgan-da. Qoʻyavering u yogʻini. Xoʻsh, qanaqa xat opkeldingiz, judayam muhimmi?

S a n ch o. Muhim-da! Ayniqsa men uchun.

P ye r ye s. Qani-qani…

S a n ch o. Xatda qilgan xizmatlarim evaziga ikkita xoʻtik berish buyurilgan. (Choʻntagini kavlaydi). Ie, iye, obbo!

P ye r ye s. Ha, nima boʻldi?

S a n ch o. Men ahmoq, men ovsar! Endi nima qilaman? Xudo urib qoʻyipti-ku! (Yuziga mushtlay boshlaydi). Mana senga! Mana senga!

A n t o n i ya. Nima boʻldi, yaroqbardor?

N i k o l a s. Tinchlikmi, qaysar toʻram?

S a n ch o. Uringlar meni, janoblar, uringlar! Oʻzimni oʻzim ursam – noqulay! Xat yoʻq, yoʻqotibman! Xat bilan birga ikkita xoʻtik ham qulogʻini ushlab ketipti. Bu nima koʻrgilik? O, xoʻtiklarim, xoʻtikchalarim! Yoʻl boʻyi sizlarni oʻylab terimga sigʻmay kelyatuvdim. Xayolan yagʻriningizni silab-siypalaganlarim qayoqqa ketdi?! Xat boʻlmagandan keyin xoʻjayinim menga ikkita xoʻtik sovgʻa qilganiga kim ishonadi? Pandofilando, Tinakrio oʻrniga meni soʻysang boʻlmasmidi?!

P ye r ye s. Ha, xunuk ish boʻpti.

N i k o l a s. Endi xoʻtiklarni unuting! (Gitara chala boshlaydi).

S a n ch o. Qoʻying tingʻir-tingʻiringizni! Hozir koʻngilga sigʻadimi? Men ne deymanu qoʻbizim ne deydi, degan ekan osiyoliklar.

P ye r ye s. Qaygʻurmang, Sancho. Mushkulingizni kim oson qilishini men bilaman. Faqat malika Mikomikon qodir bunga. Bir ogʻiz kalitdorga shipshib qoʻysa bas – xoʻtiklaringiz shu zahoti yoningizda boʻladi.

S a n ch o. Kalitdor deysizmi? Shaytonning urgʻochisi-ku u, koʻnarmikin?

P ye r ye s. Mana, men – kafil! Mana shu xizmat evaziga siz ham Don Kixot qayerga yashiringanini aytasiz.

S a n ch o. Aytmagan nomard!

A n t o n i ya. E, yashang. Bor ekansiz-ku! (Derazaga qarab). Kalitdor xonim! Kalitdor xonim!

 

P ye r ye s, N i k o l a s va S a n ch o derazadan moʻralashadi.

 

K a l i t d o r. Nima gap? Bir yerga oʻt ketdimi?

A n t o n i ya. Sanchoga senor Alonso aytgan ikkita xoʻtikni bermasangiz boʻlmaydi.

K a l i t d o r. Nima, nima? Xoʻtik deysizmi?

S a n ch o. Ha-da!

K a l i t d o r. Jonimni bersam beramanki, xoʻtiklarni bermayman bu yaramasga!

S a n ch o. Ana! Aytmaganmidim!

P ye r ye s (shivirlab). Senor Alonsoni koʻrish niyatingiz boʻlsa, berasiz…

K a l i t d o r. Shungami… shunga-ya? Oti nimaydi? Sanchomi? Mayli, xoʻtiklarni bajonidil beraman. Kel bu yoqqa, Sancho, kel, ogʻilni ochib, xoʻtiklaringni olaver. Yo parvardigor, nimalar boʻlyapti oʻzi? (Gʻoyib boʻladi).

S a n ch o. Xudoga shukur! Ming marta shukur! Ochigʻi, gapingizga ishonmagandim. Endi malika Mikomikon ekaningizga yuz foiz ishondim.

P ye r ye s. Ha, barakalla! Endi Don Kixotni qayerdaligini… kelishganmiz-a?

S a n ch o. Darada, Siyerro-Moreno darasida u.

A n t o n i ya. U yerda nima qiladi?

S a n ch o. Dulsineyaning bemehrligidan jizgʻanak boʻlib, togʻ-toshlarda daydib yuripti. Yoʻlni oʻzim koʻrsatib qoʻyaman.

A n t o n i ya. Darhol joʻnash kerak, tagʻin biror kor-hol boʻlib yurmasin.

S a n ch o. Keling, bir oʻpay, qirol Tinakrioning ukasi! (Peresni bagʻriga bosadi, uning soqoli tushib ketadi). Ie, nima bu? Xudojoʻy taqsirim, sizmisiz?

N i k o l a s (Sanchoni quchoqlab). Nima? Nimalar deyapsiz? Qanaqa taqsir?

 

P ye r ye s soqolini taqadi.

 

S a n ch o. Quvonganimdan koʻzim tinib ketdi. Xuddi Pandofilando soqolingizni yulib olganu sizning oʻrningizda ruhoniy paydo boʻlib qolganday! Endi menga shunday tuyulganini sezib turibman! O, olam naqadar goʻzal! (Hovliga chiqib, ogʻil tomon yuguradi, eshigini ochadi). Mana meni arzandalarim! (Nikolasga). Qani, chalmaysizmi gitarangizni!

 

N i k o l a s gitara chala boshlaydi. Gʻildiraklarning taqir-tuquri eshitiladi.

 

A n t o n iya. Siyerro-Morenoga!

P ye r ye s. Siyerro-Morenoga!

 

UCHINCHI PARDA

 

Beshinchi koʻrinish

 

D o n K i x o tning uyi. Kunduzi. Eshik oldiga soyabon arava yaqinlashadi. Aravada D o n K i x o t, qayta kiyingan A n t o n i ya, P ye r ye s va N i k o l a s. Aravakashning yonida oʻtirgan N i k o l a s gitara chalyapti. Arava ortida eshak mingan S a n ch o, undan keyin eshakning toʻqimiga bogʻlangan ot. Bari hovliga kirib keladi. Oshxonadan K a l i t d o r chopib chiqadi.

 

K a l i t d o r. Salom, senor Alonso! Marhabo! Marhabo! Qadrdon uyingizga qaytganingizdan hammamizning boshimiz koʻkka yetdi. Qadamingiz qutlugʻ boʻlsin!

D o n K i x ot. Salom, azizam!

 

A n t o n i ya, P ye r ye s va N i k o l a s oqsoqlangan D o n K i x o tning aravadan tushishiga yordamlashadi. Arava joʻnab ketadi. S a n ch o ot bilan eshakni yetaklab otxonaga qarab yuradi.

 

D o n K i x o t. Shavkatli malika, muhtarama kalitdorimizni tanishtirishga ijozat bergaysiz!

A n t o n i ya. Benihoya xursandman!

D o n K i x o t. Duenya… Kalitdor… Bir koʻrishdayoq bir-biringizga maʼqul boʻlasiz deb ishonaman.

N i k o l a s. Bu uchrashuvni qanchadan buyon orzu qilardim! (Kalitdorni bagʻriga bosadi).

D o n K i x o t. Marhamat, aziz mehmonlar, ichkariga! (Antoniya, Peres va Nikolas taʼzim qilib, uyga kirib ketishadi). Antoniya qani?

K a l i t d o r. Antoniya uyda, mehmonlar bilan andarmon.

A n t o n i ya (oʻz kiyimida uydan chopib chiqadi). Voy, amakijon, eson-omon keldingizmi? Xayriyat-ye!

D o n K i x o t. Yaxshimisan, Antoniya, mehmonlar xursandmi?

A n t o n i ya. Boʻlmasam-chi! Ana, Duenya, mening xonamda gitara chalyapti.

S a n ch o (saroydan chiqib). He, chalgani qursin! Birortasi shu gitarani oʻgʻirlab ketsa, qalpogʻimni osmonga otardim-da! Ertayu kech tingʻir-tingʻir-a!

D o n K i x o t. Sening sal toʻqimtabiatliging bor-da, Sancho! Musiqani sevmay boʻladimi? Musiqa bor joyda – qabohatga oʻrin yoʻq!

S a n ch o. Hadeb bir xil ovqat yeyaversangiz, joningizga tegadimi? Qachon shu gitarani ovozini eshitsam, devordan oshib, qochib ketgim keladi. Endi, xoʻjayin, menga ruxsat bersangiz, xotinimning holidan bir xabar olsam.

K a l i t d o r. Boraver, boraver, kim seni ushlab turipti?

D o n K i x o t. Mayli, bora qol, doʻstim, lekin hayallamay, tezroq qayt.

K a l i t d o r (pichirlab). Ketginu qaytib qorangni koʻrsatma!

S a n ch o. Lekin xoʻjayinim…

K a l i t d o r (yana pichirlab). Soqolingning qolganidan ham ayrilmay desang, qaytib kelma. Feʼlimni bilasan-a?

S a n ch o. Kim bilmaydi! Toza arosatda qoldim-ku! (Ketadi).

D o n K i x o t. Qani, Antoniya, uyga kiraylik (uyga qarab yurishadi).

 

K a l i t d o r oshxonaga ketadi. Xonada A n t o n i ya D o n K i x o tga yechinishga yordam berib, kresloga oʻtqazadi. Ichkari eshikdan P ye r ye s ilgarigi qiyofada koʻrinadi.

 

P ye r ye s. Salom, senor. Nikolas ikkalamiz qaytganingizni eshitib, shosha-pisha ziyoratga kelaverdik.

D o n K i x o t. Koʻrganimdan xursandman, taqsir. Antoniya, qirolning ukasini chaqir. Uni senor Pero Peres bilan tanishtirib qoʻyay.

A n t o n i ya. Xoʻp boʻladi, amakijon! (Don Kixotni oʻpa boshlaydi).

 

Shu payt P ye r ye s ichki xonalardan biriga kirib ketadi.

 

A n t o n i ya. Hozir chaqiraman (chiqib ketadi).

P ye r ye s (eshikdan soqol taqib moʻralaydi). Senor Don Kixot!

D o n K i x o t. E, janobi oliylari, keling, keling.

P ye r ye s (ostonadan). Chala kiyinganman, senor Don Kixot.

D o n K i x o t. Hechqisi yoʻq. Siz yoʻldagi odamsiz. Hech kim uyat qilmaydi. (Peres gʻoyib boʻladi). Taqsir, qirolning ukasi bilan tanishib qoʻying. Ie, janobi rohib qani? Hozirgina shu yerda edi-ku! (Eshik oldiga boradi).

 

P ye r ye s boshqa eshikdan soqolsiz chiqib keladi.

 

P ye r ye s. Shu yerdaman, senor Don Kixot.

D o n K i x o t. Nima boʻlyapti oʻzi? Sizni yoʻqotib qoʻydim-ku. Biror joyga chiqqanmidingiz?

P ye r ye s. Xayolimga ham kelgani yoʻq.

D o n K i x o t. Ie, meni uyimga jinlar in qurgani aniq. Antoniya, qayoqqa gʻoyib boʻlding?

A n t o n i ya (qirolicha libosi va niqob kiygan holda). Uzr, shavkatli ritsar, sal ushlanib qoldim.

D o n K i x o t. Ruxsat eting, sohibjamol qirolicha, doʻstim senor Pero Peres bilan tanishtiray.

P ye r ye s. Behad xursandman, qirolicha.

A n t o n i ya. Siz haqingizda koʻp eshitganman!

N i k o l a s (Duenya kiyimida). Mana, keldim, shavkatli ritsar!

D o n K i x o t. Nihoyat, hammamiz jam boʻldik. E, yoʻq, hurmatli qirolning hurmatli ukasi yetishmayapti.

P ye r ye s. Hozir boshlab kelaman (bir xonaga kirib ketadi).

D o n K i x o t. Janob Nikolas qani?

P ye r ye s (qirolning ukasi qiyofasida). Mana, keldim.

 

N i k o l a s sezdirmay gʻoyib boʻladi.

 

D o n K i x o t. Janob qirolning ukasi, sizni doʻstlarim – rohib va sartarosh bilan tanishtirsam. Janob Nikolas!

 

N i k o l a s oʻz kiyimida chiqib ketadi. A n t o n i ya yopingʻich ostiga yashirinadi.

P ye r ye s. Siz koʻp gapirgan mashhur sartarosh shu kishimi? Buni shundoq tasavvur qilardim!

N i k o l a s. Men boʻlsam, akangiz mamlakatida Pandofilando qilgan yovuzliklarni eshitib, qon-qon yigʻlaganman.

D o n K i x o t. Antoniya, qayoqdasan? Qoʻshilsang-chi davramizga!

A n t o n i ya (oʻz kiyimida yopingʻich ostidan chiqib). Shu yerdaman, amakijon!

 

P ye r ye s D o n K i x o t oʻtirgan oʻrindiqning orqasiga yashirinadi.

 

D o n K i x o t. Qirolning ukasidan bularning oilasi boshiga tushgan musibatni oʻz qulogʻing bilan eshitgin deyman. Siz ham yaqinroq keling, taqsir.

P ye r ye s (kreslo ortidan endi soqolsiz moʻralaydi). Diqqat bilan eshityapman. (Yana yashirinadi, keyin soqol bilan koʻrinadi). Ha, oʻsha qonxoʻr sira koʻz oldimdan nari ketmaydi! (yana yashirinadi, soqolini olib qoʻyib, Don Kixotning oldiga kelib turadi). Nimasini aytasiz, janob qirolning ukasi!

N i k o l a s (Antoniyaga). Tamom boʻldik!

A n t o n i ya (Nikolasga). Tezda sehrgarni topish kerak! (Don Kixotga). Yopiray, qanday dahshat, amakijon!

P ye r ye s (kreslo ortidan soqolini taqib chiqadi). Hikoyamni toʻxtatib qoʻya qolay, xonim, juda iztirob chekyapsiz chamamda.

A n t o n i ya. Yoʻq, yoʻq, davom eting!

D o n K i x o t. Ha, gapiravering, faqat hamma oʻtirsin, negadir koʻzim jimirlashib ketyapti. (Nikolas qoʻshni xonaga kirib ketadi. Peres deraza oldiga boradi). Roʻparamda kim turganini ham payqamay qolaman baʼzan. (Sahna orqasidan idishning singani eshitiladi. Peres pardani tushiradi, xona qorongʻilashadi). Nima gap? Nima boʻlyapti?

N i k o l a s (sahna orqasidan). Yordam beringlar! Jodugar yuripti.

P ye r ye s. Yordam beringlar!

D o n K i x o t (qilich yalangʻochlab). Qani? Qani u?

N i k o l a s (chopib chiqib). Jodugar koʻz oʻngimda qirolicha Mikomikonni opqochib ketdi!

P ye r ye s. Qirolning ukasi qani?

A n t o n i ya. Duenya ham yoʻq!

D o n K i x o t. Shunday boʻlishini biluvdim. Suhbatga berilib ketganimizdan foydalanib, uchib kelgan-da! Qurolbardorni chaqiringlar! Orqasidan quvamiz!

P ye r ye s. Foydasi yoʻq, senor Don Kixot. Uchishga qanotingiz boʻlmasa!

N i k o l a s. Qora libosda uy tepasidan qirol ukasini soqolidan ushlab uchib oʻtganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim.

D o n K i x o t. Nimaga qoʻlini chopib tashlamadingiz?

N i k o l a s. Ulgurolmadim.

D o n K i x o t. Gʻaflat bosdi bizni! Soqchilar qayerda? Qalqonim bilan otimni keltiring!

A n t o n i ya. Amakijon, shashtingizdan qayting.

D o n K i x o t. Qirolicha mening himoyamda edi. Yoʻlni boʻshatinglar! Qoʻrquvdan karaxt boʻp qolgansizlar. Men oʻsha jodugarni shamoldan tez uchgan taqdirida ham quvib yetaman. Qochinglar! (Qoʻlidan qilich tushib ketadi, oʻzi oʻrindiqqa oʻtirib qoladi).

A n t o n i ya. Sizga nima boʻldi, amakijon?

D o n K i x o t. Eski yaram ochilib ketganga oʻxshaydi… Voy! Voy!

A n t o n i ya. Xoʻp deng, amakijon, siz dam olib, quvvatga kirishingiz kerak, qaysarlik qilmang, jon amaki!

P ye r ye s. Yotib, dam oling, senor ritsar, birpas uxlasangiz, yaxshi tushlar koʻrib, otday boʻp ketasiz.

D o n K i x o t. Ha… hozir qimirlashga holim yoʻq. Meni avrab tashlaganga oʻxshaydi jodugar.

 

A n t o n i ya bilan P ye r ye s D o n K i x o tni toʻshakka yotqizib qoʻyishadi.

 

A n t o n i ya (yopingʻichni toʻgʻrilab). Uxlab qoldi, shoʻrlik amakim.

P ye r ye s. Qaygʻurmang, senora. Uyqu eng yaxshi davo. Bir uxlab tursa, yana boyagiyu boyagi. Ketdik, janob Nikolas. Xayr, senora, kechqurun yana kelamiz.

A n t o n i ya. Bosh ustiga, janoblar, yaxshiliklaringizni aslo unutmayman.

P ye r ye s. Biz burchimizni bajardik, xolos. (Ketishadi).

 

A n t o n i ya pastga, oshxonaga tushadi. Bir ozdan soʻng koʻcha tomondagi eshikdan S a n s o n K a r r a s k o kirib keladi.

 

S a n s o n. Mana mening qadrdon goʻsham! Ikki yil boʻldi tugʻilgan qishlogʻimdan chiqib ketganimga! Men yoʻqligimda hech narsa oʻzgarmapti. Anovi skameykada Antoniya bilan qaymoqlashib oʻtirganman bir paytlar. Hoy, kim bor? Tirik jon bormi?

 

K a l i t d o r bilan A n t o n i ya koʻrinadi.

 

A n t o n i ya. Voy!

K a l i t d o r. Nahotki oʻsha boʻlsa?

S a n s o n. Ha, men, men, xuddi oʻshaning oʻziman!

K a l i t d o r. Yo qudratingdan, kim oʻylapti oddiy bir dehqonning bolasi olim boʻlib ketishini! Voy, Sanson-yey, endi bizning qoʻlimiz etagingizga ham yetmaydi.

A n t o n i ya. Ehtimol bizni sariq chaqaga ham olmassiz, Sanson, e… darvoqe, janob Karrasko?

S a n s o n. Kalitdor xonim, siz faqat bir masalada haqsiz: men rostdan ham olim boʻldim. Salaman universitetining bakalavriman, toʻrt xil ilmiy darajam bor. Ammo kekkayib ketganim yoʻq. Shuning isboti sifatida bagʻrimga bir bossam maylimi?

K a l i t d o r. Ofarin sizga, Sanson, kalondimogʻlik kasaliga chalinmabsiz, hamqishloqlaringizni unutmabsiz!

S a n s o n. Antoniya! Tozayam ochilib ketibsiz-da! Yigirma marta bakalavr boʻlgan taqdirimda ham men oʻsha-oʻshaman! (Antoniyani bagʻriga bosadi).

A n t o n i ya. Senor bakalavr!

K a l i t d o r. Biz faxrlanishimiz kerak, nima boʻlganda ham u begonamas, oʻz hamyurtimiz, bir buloqdan suv ichganmiz, yerimiz bir, oftobimiz bir!

S a n s o n. Yoʻq, men yana qadrdon qishlogʻimda turganimdan hayajondaman, ayniqsa, sizni koʻrganimdan, Antoniya! (Quchoqlamoqchi boʻlib Antoniyaga talpinadi, u oʻzini chetga oladi, Sanson kalitdorni bagʻriga bosadi). Sizni koʻrganimdan ham, xonim! (Antoniya qoʻlini uzatadi, Sanson oʻpadi). Tushimda nuqul sizni koʻrardim.

K a l i t d o r. Men ham, azizim Sanson!

S a n s o n. Antoniya, kelganimga xursandmisiz ishqilib?

A n t o n i ya. Albatta, albatta.

K a l i t d o r. Meni aytmaysizmi!

 

Ikkalasi yigʻlay boshlashadi.

 

S a n s o n. Shodlikni yigʻi bilan izhor etilishini endi koʻrib turibman. Nima boʻldi sizlarga?

A n t o n i ya. Amakim savdoyi boʻp qoldi.

S a n s o n. Qoʻying-e!

K a l i t d o r. Kitob oʻqiyverib, shunday donishmand ritsar adoyi tamom boʻldi.

A n t o n i ya. Egniga zang bosgan sovutni kiyib, allaqanday pahlavonlar bilan jang qilaman, qirolichani qutqaraman deb uydan qochib ketdi… Boshida sartaroshning togʻorachasi, nuqul qilich oʻynatadi… Qoʻshnimiz Sancho Pansaning boshini aylantirib, sen meni qurolbardorimsan deb, uniyam oʻzi bilan birga olib ketdi. Hiyla ishlatib uni zoʻrgʻa qaytarib olib keldik. Sanson yoʻldan keldi, kalitdor xonim, balki qorni ochdir, mehmonga jiz-biz qilvorasizmi?

K a l i t d o r. Albatta-da. Besh daqiqada tayyor boʻladi (Ketadi).

S a n s o n. Boshingizga tushgan tashvishdan nihoyatda iztirobdaman, azizim Antoniya!

A n t o n i ya. Siz oldin ham aqlli edingiz, mana endi olim boʻlibsiz. Bizga shu kulfatdan qutulish yoʻlini koʻrsatsangiz, sizni astoydil oʻpgan boʻlardim.

S a n s o n. Nima dedingiz? Oʻpgan boʻlardim, deysizmi? Reja tayyor. Hozir oʻpa qoling, Antoniya!

A n t o n i ya. Ishonsam boʻladimi?

S a n s o n. Qishloqda yolgʻonchi degan nom chiqarmaganman-ku.

A n t o n i ya. Bilaman. Meni aldamaysiz, Sanson.

 

A n t o n i ya S a n s o n ni oʻpadi, shu payt devor tepasidan S a n ch oning boshi koʻrinadi.

 

S a n s o n. Ie, iye, Sancho-ku bu!

A n t o n i ya. Xuddi oʻzi.

S a n s o n. Miyamda reja pishib yetilyapti. Bizni Sancho bilan xoli qoldirsangiz, Antoniya.

A n t o n i ya. Mayli, mayli, sizga ishonaman, Sanson. (Oshxona eshigidan moʻralaydi). Sanson…

S a n s o n. Yana bitta oʻping, Antoniya.

 

Devor tepasidan yana S a n ch o ning boshi koʻrinadi.

 

A n t o n i ya. Keyin… (gʻoyib boʻladi).

S a n s o n. Nega tortinasiz? Modomiki, kepsizmi, kiring-da.

S a n ch o. Ilon shu yerdami?

S a n s o n. U nima deganingiz?

S a n ch o. Nima deganim boʻlardi? Kalitdorni aytaman-da.

S a n s o n. Oshxonada u.

 

S a n ch o eshagini olib kirib, bir chetga bogʻlaydi.

 

S a n s o n. Sizmisiz, muhtaram Sancho Pansa?

S a n ch o. Agar bu ham haromi jodugarning hiylasi boʻlmasa, siz hamqishlogʻim Sansonsiz-a?

S a n s o n. Jodugarni yuzini teskari qilsin, menman.

S a n ch o. Bakalavr boʻp ketibsiz deb eshitdim (quchoqlaydi).

S a n s o n. Ie, qoʻshni, soqolingizni yarmi qani?

S a n ch o. E, soʻramang. Odam osilgan xonadonda arqon haqida gapirilmaydi, senor Karrasko yoki buni universitetda hali oʻtmaganmisizlar? Iloyim, kissangizdagi aqchalar iyagimdan yulingan tuklardan ham moʻl boʻlsin.

S a n s o n. Chatoq boʻpti, senor Pansa, mayli, hechqisi yoʻq, yana oʻstirsangiz oldingisidan ham zoʻr boʻladi.

S a n ch o. Meniyam istagim shuki, ilmingiz boʻlajak soqolimning tuklaridan ham koʻp boʻlsin.

S a n s o n. Zoʻr javob boʻldi! Yoki siz ham Salamankada oʻqiganmisiz?

S a n ch o. Be-e, oʻqib nima qilaman, shusiz ham yaqin orada hokim boʻlaman.

S a n s o n. Yoʻgʻ-e! Menga ham oʻrgating! Men ham hokim boʻlmoqchiman.

S a n ch o. Oʻrgatishning foydasi yoʻq, buning uchun buyuk ritsar Don Kixotga yarogʻbardor boʻlish kerak.

S a n s o n. Ha, jinnilik yuqipti bunga ham!

S a n ch o. Nima dedingiz?

S a n s o n. Yoʻq, oʻzim, shundoq…

S a n ch o. Aldamang, bir narsa dedingiz!

D o n K i x o t (uygʻonib). Sancho! Bu yoqqa kel

S a n ch o. Eshitdingizmi? Xoʻjayinim chaqiryapti.

S a n c o n. Juda soz. Meni ham boshlab boring. (Sancho bilan birga uyga kiradi).

S a n ch o. Xoʻjayin, mehmon olib keldim.

D o n K i x o t. Xursandman.

S a n s o n. Alangali salom, senor Don Kixot! Dovrugʻingiz kamtarin hamyurtingiz bakalavr Sanson Karraskoning ham qulogʻiga allaqachon yetib borgan.

D o n K i x o t. Siz Bartolomeo Karraskoning oʻgʻlisiz-da?

S a n s o n. Xuddi shunday, senor!

D o n K i x o t. Ilm choʻqqilarini egallagan hamqishlogʻimni koʻrib turganimdan xursandman.

S a n s o n. Men esa jasorati butun olamni tutgan ritsar huzurida turganimdan shodman!

D o n K i x o t. Oʻtiring, senor bakalavr. Sal bemavridroq keldingiz-da, demoqchimanki, boshimga tashvish tushgan paytda tashrif buyurdingiz.

S a n s o n. Unaqa demang, senor.

D o n K i x o t. Doimiy raqibim makkor jodugar Friston – uni kimligini bilasiz, oʻqigan odamsiz – kuni kecha uyimdan meni himoyamda boʻlgan shoʻrpeshona qirolicha Mikomikonni, uning amakisi, yaʼni qirolning ukasini hamda Duenya Doloridani oʻgʻirlab ketdi.

S a n ch o (jahl bilan). Abindaraes de Vargas! Shularga qoʻshilmay men oʻlay! (Qalpogʻini uloqtiradi).

D o n K i x o t. Koʻrdingizmi, senor bakalavr, oʻzi anchayin toʻpori boʻlsa ham, bu xabardan qattiq jazavaga tushyapti!

S a n ch o. Men jazavaga tushmay kim tushsin, hokimlikni boy berib turibman-ku! Undan tashqari, dushman lashkarini tor-mor etib, mamlakatni qoʻlga kiritishingizni orzu qilgan edim!

D o n K i x o t. Mana shunaqa gaplar, senor bakalavr!

S a n s o n. E, attang, attang! Endi nima qilmoqchisiz?

D o n K i x o t. Jodugarning orqasidan quvaman!

S a n s o n. Qaroringiz qatʼiymi?

D o n K i x o t. Shubhalanyapsizmi, bakalavr? Bu mening vijdoniy burchim!

S a n ch o. Siz allaqanday yangues emassiz-ku!

S a n s o n. Nima, nima?

S a n ch o. Aytdim-qoʻydim-da… shunaqa bir voqea boʻluvdi, gapirishga arzimaydi… Oʻn besh chogʻli odam ikki kishini rosa doʻpposlab, soqollarini yulib olgan edi.

S a n s o n. Yopiray! (Don Kixotga). Oʻsha malika bilan jodugarni qayerdan qidirmoqchisiz?

D o n K i x o t. Tushimda ayon boʻldi: jinoyatchi shimoli-sharq tarafga, gersog yurtiga qarab ketgan. Men ham Sancho bilan oʻsha yoqqa joʻnaymiz. Sancho, sovutimni keltir!

 

S a n ch o D o n K i x o tga ritsarlik liboslarini kiydira boshlaydi.

 

S a n s o n. Ishingiz chappasidan ketib, yengilib qolsangiz nima boʻladi, senor?

D o n K i x o t. Agar yengilsam, dushman shartlarini qabul qilaman, xuddi men gʻalaba qilganda dushmanim shartlarimni qabul qilganiday!

S a n s o n. Unda oq yoʻl, ritsar Don Kixot!

D o n K i x o t. Senor bakalavr, siz ham xuddi men kabi oriyat nimaligini tushunadigan odamsiz. Sancho, otni keltir!

 

Hovliga chiqishadi. Oshxonadan taom koʻtargan

K a l i t d o r va A n t o n i ya chiqadi.

 

K a l i t d o r. Voy, shoʻrim qursin, senor Alonso yana sovut kiyib opti-ku. Anovi tasqara eshagini yetaklab chiqyapti, tanang goʻrda chirigur!

S a n ch o. Kalitdor xonim, oʻtinaman sizdan. (Eshik tomon yuradi).

D o n K i x o t. Xayr, Antoniya! Xayr, kalitdor xonim!

K a l i t d o r. Astagʻfurullo! Yana jini qoʻzidi, oʻzini ajal chohiga tashlagani ketyapti!

A n t o n i ya. Shashtingizdan qayting, senor Alonso! Esingizni yigʻing. Sanson, uni hech qayerga jilmaslikka koʻndirmoqchi edingiz-ku?

D o n K i x o t (ot ustida). Xoʻsh, senor bakalavr, meni vijdon amridan qaytarmoqchimidingiz?

S a n s o n. Hech qachon! Boravering, ritsar Don Kixot, sizga zafar yor boʻlsin!

D o n K i x o t. Xayr, azizlarim! Bilaman, meni sevasizlar, lekin yoʻldan qoldirmanglar bizni (ketadi).

K a l i t d o r. Qaygʻumizga sherik boʻlganingiz shumi, bakalavr! Siz shoʻrlik telbani oʻz qoʻlingiz bilan ochiq goʻrga itaryapsiz! Ilmingiz vijdoningizni yeb qoʻyipti. Siz qashshoqlarga rahm qilish oʻrniga ularning ustidan kulyapsiz!

S a n s o n. Xulosa chiqarishga shoshilmang!

K a l i t d o r. Eshitishni ham xohlamayman. Baloga yoʻliqsin oʻsha Salaman universitetingiz! (Don Kixotning ortidan yuguradi). Senor Alonso! Xudo xayringizni bersin, qayting!

S a n s o n. Antoniya!

A n t o n i ya. Yaqinlashmang, Sanson! Nahot, bizga yomonlikni ravo koʻrsangiz! Bu nima qilganingiz? Biz bechoralarda nima gunoh?

S a n s o n. Antoniya!

A n t o n i ya. Bilib turibman, qoʻrqoqligingizdan senor Alonsoga yoqish uchun uni toʻxtatish oʻrniga yana yangi nomaʼqulchilikka undadingiz! Siz meni aldadingiz!

S a n s o n. Bas qiling! Men qoʻrqoqmanmi? Hali kimligimni koʻrasiz, oʻshanda gaplaringizga pushaymon boʻlasiz! Aytganman-ku sizga, men uni qutqarmoqchiman, qutqaraman ham!

A n t o n i ya. Endi sizga ishonch yoʻq.

S a n s o n. Oʻylab gapiring, meni haqorat qilmang. Hozir izidan borib, qaytarib olib kelaman. Umrbod ketmaydigan qilib olib kelaman! Agar uddasidan chiqolmasam oʻzim ham hech qachon qaytib kelmayman. Axir men sizni deb qadrdon qishlogʻimga yurib emas, uchib kelgan edim-ku! Nachora! Demak, endi sizni koʻrish yoʻq! Vaqt ziq, ritsarni izini yoʻqotib qoʻyishim mumkin. Alvido, Antoniya! (chopib chiqib ketadi).

A n t o n i ya. Sanson! Sanson! Sizga ishonaman. Nima qilmoqchisiz?

S a n s o n (uzoqdan). Keyin bilasiz!

K a l i t d o r (olisdan eshitiladi). Senor Alonso, toʻxtang!

 

 

Oltinchi koʻrinish

 

K u n d u z i. G ye r s o g saroyining zali.

 

G ye r s o g (kiradi). Bu yoqqa, meni yonimga kelinglar!

 

Mulozimlar yugurib kelishadi.

 

G ye r s o g. Hozir qasrga bir mehmon keladi. Oʻzini Lamanchlik Don Kixot deb ataydigan bir tentak, yonida yarogʻbardori ham bor. Uni tantana bilan kutib olish lozim. Zinhor uning jahongashta ritsarligiga shubha-gumon sezdirilmasligi kerak. (Ishboshiga) Siz va (doktor Agueroga) siz shahar tashqarisidagi qalʼada yarogʻbardorni xuddi hokimday kutib olasiz. Unga, siz Baratariya orolidasiz, deb aytasizlar. Biz rafiqam bilan uch-toʻrt kundan keyin soxta hokimning gʻalati ishlarini borib koʻramiz.

I sh b o sh i. Bosh ustiga, hazratlari!

 

D o k t o r A g u e r o va I sh b o sh i yaqinlari bilan chiqib ketadilar. D u e n ya R o d r i g ye s, yana bir nechta saroy mahramlari qolishadi. Burgʻu ovozi eshitiladi. G ye r s o g i n ya paydo boʻladi. Qoʻlidagi lochinni mahramiga tutqazadi. G ye r s o g i n ya ortidan D o n K i x o t bilan S a n ch o kirib kelishadi.

 

G ye r s o g i n ya. Marhabo kulbamizga, ritsar Don Kixot!

D o n K i x o t (eshik oldida). Sizdan keyin, hazrati oliyalari! (Sancho birinchi boʻlib kiradi). Maʼzur tutasiz bu beodobni.

G ye r s o g i n ya. Hechqisi yoʻq, senor, sodda va toʻpori kishi ekan.

G ye r s o g. Qadamingizga hasanot, senor Don Kixot, sizni ritsarlarga munosib ravishda kutib olamiz.

D o n K i x o t. Minnatdorman, hazratlari. (Sanchoga) Sen tentak meni yana sharmanda qilsang, kallangni olaman!

S a n ch o. Men nima qildim, xoʻjayin! Bundan keyin odobli boʻlishga vaʼda beraman, mabodo, bilmasdan xato qilib qoʻysam, xafa boʻlmaysiz.

D o n K i x o t. Oʻchir!

G ye r s o g. Marhamat, ritsar, manovi xonaga kirib yuvinib oling. (Gersoginya ketadi). Sancho, xoʻjayiningga yordamlash.

S a n ch o. Sizdan keyin, hazratlari. (Rodrigesga). Janoblari, eshagim darvoza oldida qoldi, ayting, otxonaga opkirib qoʻyishsin. Yaxshisi, shu ishni oʻzingiz qilaqoling, birovga ishonmayman.

R o d r i g ye s. Esingiz joyidami?!

S a n ch o. Joyida. Xoʻjayinim aytganki, ritsar Lansorotga senorlar xizmat qilishgan, duenyalar uning otiga qaragan. Toʻgʻri, men eshakda keldim, lekin u hech qanday otdan qolishmaydi.

R o d r i g ye s. Voy, surbet-yey, dargohimizga bir eshak boshqa eshakni minib kelipti-da. Men eshakni otxonaga olib borishim kerakmi? Mana! (Sanchoga bosh barmogʻini barmoqlari orasiga suqib koʻrsatadi).

S a n ch o. Hali shunaqami? Boʻpti. (Don Kixotga). Shoshmang, xoʻjayin, ketmay turing. (Shivirlab). Manavi kampirsho menga bosh barmogʻini koʻrsatdi.

D o n K i x o t. Aldama, yaramas!

S a n ch o. Rost, oʻlay agar! Nima qilay: bu haqoratni javobsiz qoldiraveraymi?

D o n K i x o t. Kallang ketishini xohlayapsanmi, qonxoʻr?

G ye r s o g. Nima gap, senor Don Kixot?

D o n K i x o t. E, uning gapiga quloq solmang, hazratlari.

S a n ch o. Ie, quloq solmang emish! (Gersogga). Bosh barmogʻini haligidaqa qilib koʻrsatdi.

G ye r s og. Rodriges-a? Ha, badfeʼl ayol u. Shunday qilgan boʻlsa, siz ham koʻrsating.

S a n ch o. Odamga alam qilar ekan…

D o n K i x o t. Hazratlari…

G ye r s o g. Hechqisi yoʻq, hechqisi yoʻq, yuring yuvinishga, senor Don Kixot. (Birga ketishadi).

S a n ch o (Rodrigesga). Mana, siz ham koʻrib qoʻying!

R o d r i g ye s. Voy, voy oʻlmasam… (qochib ketadi).

 

D o n K i x o t dan keyin S a n ch o ham ketadi. Musiqa. Mulozimlar ichimliklar keltiradi. Bir ozdan soʻng D o n K i x o t, G ye r s o g i n ya, G ye r s o g stol atrofiga oʻtirishadi. S a n ch o D o n K i x o t ning oʻrindigʻi yonida tik turadi. G ye r s o gning rohibi kirib, bulardan uzoqroqqa oʻtiradi.

 

G ye r s o g i n ya. Senor Don Kixot, sohibjamol Dulsineya Tobosskayadan xabar bormi?

D o n K i x o t. E, soʻramang, shavkatli gersoginya. Peshonam shoʻr ekan. Qanchadan-qancha yovuz pahlavonlarni yengib, barini uning oldida tiz choʻkishga joʻnatgandim, birortasi ham izlab topolmapti. Bagʻritosh sehrgarlar uni oddiy dehqon qiziga aylantirib qoʻyishgan-da!

G ye r s o g. Chatoq ish boʻpti-da!

R o h i b. Quloqlarimga ishonmayapman. (Gersogga). Hazratlari, bu ikki telbani ragʻbatlantirayotganingiz uchun hali roʻzi mahsharda javob berasiz! (Don Kixotga). Siz-chi, siz? Yovuz kuchlarni yenggan jahongashta ritsarman deb oʻzingizni oʻzingiz laqillatib yuribsiz. Hammaga kulgi boʻlib, darbadar yurishni bas qiling. Esingizni yigʻing, uyingizga qayting, farzandlaringizni tarbiyalang, roʻzgʻorga qarang! Kim koʻripti Ispaniyada jahongashta ritsarlarni? Yoki boʻlmasa, insu jin, devqomat odamlarni? Masxaravozlik ham evi bilan-da!

G ye r s o g. Qoʻying endi, hazrat!

G ye r s o g i n ya. Iltimos…

D o n K i x ot. Mayli, mayli, ijozatingiz bilan javob qaytarsam, hazratlari. (Rohibga). Shuni bilib qoʻyingki, janobi rohib, muhtaram gersogning mehmoni boʻlganim uchun, qolaversa, martabangizni hurmat qilganim sababli gʻazabimni bazoʻr tizginlab oʻtiribman, aks holda dunyoga kelganingizga pushaymon boʻlardingiz. Mayli, siz bilan oʻz qurolingiz – til yordamida jang qila qolay. Qani ayting-chi, qaysi aybim uchun meni qoralab, yoʻq farzandlarimni tarbiya qilishni buyuryapsiz? Sizningcha, oʻz rohatini oʻylab emas, nochor kimsalar dardida dunyo kezib yurgan odam esi yoʻq odam boʻlarkanmi? Har kim har xil yoʻl tanlaydi. Birovlar yiqilib-turtinib boʻlsa ham shon-shuhrat ketidan yuguradi, birovlar jirkanch xushomadgoʻylik soʻqmogʻida emaklaydi, kimlardir riyo va munofiqlik koʻchasida javlon uradi. Men shu yoʻllarning birortasiga qadam bosibmanmi? Yoʻq. Men boshqa yoʻlni – ritsarlikning sermashaqqat yoʻlini tanlaganman, men yer yuzidagi farogʻatdan koʻra or-nomusni afzal deb bilaman. Nimadan dargʻazab boʻlyapsiz? Yovuz kuchlarga qarshi kurashganimdanmi? Kurashgan boʻlsam zoʻravonlar oyogʻi ostida toptalgan zaif va nochor bandalarni himoya qilish maqsadida kurashdim. Qayerdaki nohaqlikni koʻrsam, oʻlimni boʻynimga olib jangga kirishdim. Yoki bu dunyoda yovuzligu nohaqlikning urugʻi qurigan deb oʻylayapsizmi? Koʻzingizni yogʻ bosgan, taqsir! Meni niyatim xolis – hammaga yaxshilik qilish va hech kimga ozor bermaslik. Shu niyatim uchun taʼna eshitishim kerakmi? Agar meni ritsarlar esi yoʻq deyishsa, xafa boʻlardim, lekin sizning soʻzlaringizni sariq chaqaga ham olmayman, shuning uchun sizdan ranjish ham shart emas!

S a n ch o. Bopladingiz, xoʻjayin, buni hokim sifatida aytyapman sizga.

R o h i b (Sanchoga). Koʻzingni och, tentak! Qanaqa hokimlikni orzu qilyapsan, gʻirt johilsan-ku!

S a n ch o (Don Kixotga pichirlaydi). U meni haqorat qildi, xoʻjayin.

G ye r s o g. Yoʻq, yoʻq, yanglishyapsiz, hazratlari. Hozir, hammaning oldida eʼlon qilaman: yarogʻbardor Sancho Pansa tasarrufimdagi Baratariya oroliga hokim etib tayinlansin.

G ye r s o g i n ya. Muruvvatingiz beqiyos, gersog!

S a n ch o (rohibga). Mana sizga – johil! E, attang, shu tobda xotinim yonimda boʻlmadi-da, toza suyungan boʻlardi.

D o n K i x o t. Azaliy orzuing ushalgani uchun muhtaram gersogga rahmat de!

R o h i b. Koʻrib turibman, muhtaram gersog, siz ham shularning bittasi ekansiz. Sizning hukmingizga shak keltirmoq nojoiz. Shuning uchun men ketaman. (Ketadi).

G ye r s o g i n ya (Don Kixotga). Ammo-lekin rohibni rosa tuzladingiz, senor. U bekorga jahl qilayotgan edi.

G ye r s o g. Toʻppa-toʻgʻri. Endi, Sancho, orolga otlaning. Hamma sizga mushtoq.

D o n K i x o t. Ruxsat etsangiz, janoblari, unga bir-ikki ogʻiz maslahatim bor edi. Har holda yangi lavozimda qoqilib-netib yurmasin deyman-da.

G ye r s o g. Maʼqul gap, senor.

G ye r s o g i n ya. Boʻlmasa sizlarni xoli qoldiramiz.

 

D o n K i x o t bilan S a n ch odan boshqa hamma chiqib ketadi.

 

D o n K i x o t. Gapimga diqqat bilan quloq sol, Sancho. Men ham hayajondaman. Kutilmaganda sen katta lavozimga ega boʻlding. Baʼzilar bunga erishish uchun yelib-yuguradi, azbaroyi nafsi hakalak otib ketganidan yoki shuhratparastligidan shunday qiladi. Bu yoʻlda hech narsadan, hatto nopok usullardan ham qaytmaydi. Senga buni shuning uchun aytyapmanki, osmondan tushgan baxtni oʻz xizmatlarimning natijasi deb oʻylama, kekkayib ketma, eng muhimi, elning nazaridan qolma, uni qayta tiklab boʻlmaydi. Dunyoda mangu barhayot igʻvo va tuhmat degan illatlar bor, shunga sergak boʻl. Har doim oddiy dehqonligingdan faxrlanib yur. Bundan uyalma. Kambagʻal boʻlsang ham ayrim kimsalardan koʻra halol va pokligingni isbotlashga zarurat yoʻq. Nasl-nasabingu qavm-qarindoshlaringdan yuz oʻgirma. Yana nima gap qoldi? Ha, darvoqe. Sen endi faqat hokim emas, yurtning qozikalonisan. Bu juda ogʻir vazifa, Sancho, gaplarimni eshit, eslab qol. Hukm chiqarayotganingda oʻzboshimchalikka yoʻl qoʻyma. Eslab qoldingmi?

S a n ch o. Eslab qoldim, xoʻjayin.

D o n K i x o t. Har doim haqiqatning etagidan tut. Boyvachchaning vaʼdayu poralaridan koʻra nochor odamning koʻz yoshlari senga koʻproq taʼsir qilsin. Qonunga amal qil, ammo shuniyam unutma: agar qonun haddan ziyod beshafqat boʻlsa, uning butun ogʻirligini mahkumning yelkasiga ortib, battar ezib tashlama. Bilib qoʻy, qattiqqoʻl qozining obroʻsi rahmdil qozining shuhratidan ortiq emas. Bu ishda har xil holat boʻlishi mumkin. Masalan, dushmaningni soʻroq qilyapsan. Bunday paytda uning dushmanligini unut, goʻyo uni birinchi marta koʻrayotganday hukm chiqar. Baʼzan hukm chiqarishda ikkilanib qolishing mumkin, shunda ishni mahkumning foydasiga hal qil. Yana nima deyin? Oʻzingga tobe kishilarga hech qachon qoʻpollik qilma, Sancho, yana bir iltimosim – koʻp gapirma. Til yugurigi boshga, degan naql bor. Keyin… oʻzingga qara, ozoda yur. Mana shu maslahatlarimga amal qilsang kam boʻlmaysan. Tushunarlimi? Uqdingmi gaplarimni?

S a n ch o. Tashvishlanmang, xoʻjayin, hammasiga tushundim.

D o n K i x o t. Koʻzimga qara, Sancho. senga ishonaman. Endi xayrlashamiz. Boshqa koʻrishmaymiz. Yoʻlning ayrilish joyiga yetib keldik. Men gersogning saroyida uch-toʻrt kun dam olib, yana yoʻlga tushaman, burchim taqozo etgan tomonga qarab ot suraman.

S a n ch o. Eh, xoʻjayin…

D o n K i x o t. Nega entikib qolding?

S a n ch o. Yarogʻbardorsiz nima qilarkinsiz, shuni oʻylayapman.

D o n K i x o t. Boshqa odam topaman.

S a n ch o. Boshqasi koʻnarmikan? Hamma gap mana shunda! Ja-a zoʻr kelsa, unga ham bitta orolni inʼom etasiz-da. Siz bilan ketardim-u, ammo…

D o n K i x o t. Yoʻq, yoʻq, tushunaman.

S a n ch o. Boʻlmasa sizga ham jindak nasihatim bor, xoʻjayin. Koʻnglim sezib turipti, hali sizni koʻp doʻpposlashadi. Shunday paytda boshingizni ehtiyot qiling, bu boshda gap koʻp, gʻij-gʻij aql! Biror nobakor sapchaday uzib tashlamasin tagʻin. Mayli, ikki-uchta qovurgʻa ketsa ketar, ammo bosh omon boʻlsin! Yana nima deyishim mumkin? Ha, sizda bir shisha malham qolgan, oʻting bahridan, xoʻjayin, yoʻqoting oʻsha kasofatni! Jangda oʻlmasangiz ham shu malham oʻldiradi sizni! Agar nasihatlarimga amal qilsangiz, siz ham kam boʻlmaysiz, xoʻjayin!

D o n K i x o t. Rahmat senga. Alvido, sadoqatli doʻstim!

 

Burgʻular yangraydi, eshik ochiladi, Gersoginya, Gersog va mulozimlar kirishadi.

 

 

Yettinchi koʻrinish

 

G ye r s o gning shahar tashqarisidagi qalʼasi. Taxt. Chodir ostida karavot. Burgʻular yangraydi. Sancho hokimlik libosida mulozimlari bilan kirib kelib, taxtga oʻtiradi.

 

I sh b o sh i. Janob hokim, bizning Baratariya orolimizda azaliy bir udum bor. Unga koʻra yangi hokim ish boshlashdan oldin hammaning oldida ikki-uchta jumboqni hal qilib berishi kerak. Shunga qarab, xalq yangi hokim aqllimi yoki gʻirt toʻnkami, aniqlab oladi. Quvonish kerakmi, qaygʻurish kerakmi – bu ham shundan keyin ayon boʻladi.

S a n ch o. Qani oʻsha jumboqlaringiz?

I sh b o sh i. Hozir, janoblari!

 

Ikkita qariya kirib keladi. Ikkinchisining qoʻlida kaltak.

 

S a n ch o. Nima gap, otaxonlar?

B i r i n ch i q a r i ya. Janoblari, men bunga oʻn tilla qarz beruvdim. Vaqti kelganda soʻrab borsam, berganman, deydi. Lekin bergan emas, guvohlarim ham yoʻq. Sudma-sud yuraverib, charchadim. Bu boʻlsa berganman, deb qasam ichgani-ichgan. Shuni bir yoqlik qilib bering, janob hokim!

S a n ch o (ikkinchi qariyaga). U sizga oʻn tilla qarz berganmi?

I k k i n ch i q a r i ya. Bergan, janoblari, lekin men qarzni oʻz vaqtida qaytarganman.

B i r i n ch i q a r i ya. Yolgʻon gapiryapti, qaytargani yoʻq.

I k k i n ch i q a r i ya. Tuhmat bu, bus-butun qaytarganman.

S a n ch o (ikkinchi qariyaga). Qasam icholasizmi?

I k k i n ch i q a r i ya. Har doim tayyorman.

S a n ch o. Boʻpti, qani eshitaylik.

I k k i n ch i q a r i ya (birinchisiga). Iltimos, qoʻshni, kaltagimni ushlab tur. (Birinchi qariya kaltakni oladi). Pulini qaytarib bermagan boʻlsam xudo ursin!

B i r i n ch i q a r i ya. Yo qudratingdan, xudodan ham qoʻrqmaydi-ya!

 

I k k i n ch i q a r i ya kaltagini olish uchun B i-

r i n ch i qariya tomon qoʻl uzatadi.

 

S a n ch o. Yoʻq, yoʻq, qasam ichgan paytingizda toʻgʻri gapirdingiz. Lekin kaltak bu kishida qolaversin.

B i r i n ch i q a r i ya. Shu kaltak oʻn tillo turadimi, janob hokim?

S a n ch o. Nega turmas ekan? Qani, kaltakni sindiringlar-chi!

 

Kaltakni sindirishadi, ichidan tilla tangalar dumalab tushadi.

 

B i r i n ch i q a r i ya. Mening pullarim! Umringizdan baraka toping, janobi hokim!

I k k i n ch i q a r i ya (tiz choʻkib). Meni kechiring, donishmand hokim!

S a n ch o. Yoʻqol, muttaham! Yana birortasiga firibgarlik qilsang, oyogʻingdan dorga osaman!

B i r i n ch i q a r i ya. Buyuk hokim ekan!

I sh b o sh i va b o sh q a m u l o z i m l a r. Tasanno, tasanno!

 

Qariyalar chiqib ketishadi. Bir a yo l, ketidan Ch oʻ ch q a b o q a r kiradi.

 

A yo l. Adolat bormi bu dunyoda? Osmondan izlash kerakmi adolatni?

S a n ch o. Nima boʻldi, singlim?

A yo l. Manovi ablah dalada meni zoʻrladi!

S a n ch o (choʻchqaboqarga). Rostmi shu gap?

Ch oʻ ch q a b o q a r. Janoblari, men oddiy choʻchqaboqarman!

S a n ch o. Choʻchqaboqar boʻlsang nima qipti? Kasbing seni oqlolmaydi!

Ch oʻ ch q a b o q a r. Toʻgʻri, bu ayolni dalada uchratib qoldim. Toʻrtta choʻchqamni sotgan edim… Nima jin urdi, bilmayman… Lekin zoʻrlaganim yoʻq, hamma ish rozi-rizolik bilan boʻldi. Aytgan pulini ham berganman.

A yo l. Yolgʻon gapiryapti!

S a n ch o. Xoʻsh, mulla choʻchqaboqar, yoningda puling bormi?

Ch oʻ ch q a b o q a r. Bor, janoblari, mana, yigirma kumush tanga.

S a n ch o. Ber pulni ayolga!

 

Ch oʻ ch q a b o q a r hayron boʻlib, hamyonni ayolga uzatadi.

 

A yo l. Iloyim mingga kiring. Haqiqat bor ekan-ku! (Ketadi).

S a n ch o (choʻchqaboqarga). Ha, nega serrayib qolding?

Ch oʻ ch q a b o q a r. Axir pullarim qulogʻini ushlab ketdi-ku!

S a n ch o. Shunaqa boʻlsa, bor, hamyoningni tortvol!

 

Ch oʻ ch q a b o q a r yugurib chiqib ketadi. Shovqin eshitiladi. Keyin ayol choʻchqaboqarni sudrab keladi.

 

A yo l. Janob hokim! Manovi yoʻltoʻsar kuppa-kunduzi hammaning oldida siz inʼom etgan hamyonni tortib olmoqchi boʻldi!

S a n ch o. Tortvoldimi?

A yo l. Berib qoʻyarkanmanmi! Qoʻli arslon panjasidan zoʻr boʻlgandayam ololmaydi!

Ch oʻ ch q a b o q a r. Mayli, voz kechdim pullarimdan.

S a n ch o (ayolga). Hamyonni bu yoqqa ber.

A yo l. Janob hokim, bu qanaqasi?

S a n ch o. Ber deyapman! Agar sen oʻz nomusingni mana shu hamyonga yopishganday himoya qilganingda edi, dev boʻlganda ham seni zoʻrlolmas edi! Qani, joʻna bu yerdan! (Choʻchqaboqarga). Ma, hamyoningni ol.

Ch oʻ ch q a b o q a r. Minnatdorman, muhtaram hokim!

S a n ch o. Mayli, boraver, bundan keyin bunaqa yengiltaklik qilma!

Ch oʻ ch q a b o q a r (ketaturib). Yashasin hokimimiz!

I sh b o sh i. Xalq xursand sizdan, janob hokim! Ish tugadi, taom tayyor.

S a n ch o. Men ham xursandman, opke ovqatingni!

 

Noz-neʼmatga toʻla stol. S a n ch o kelib oʻtiradi. S a n ch o oʻtirgan oʻrindiq orqasida doktor A g u e r o paydo boʻladi. S a n ch o biror taomga qoʻl choʻzguday boʻlsa, A g u e r oning ishorasi bilan oʻsha taom solingan tarelkani darhol olib ketishadi.

 

S a n ch o. Bu qanaqasi?

A g u e r o. Janob hokim, men doktorman, meni siz tanovul qiladigan taomlarni nazorat qilib turish uchun yuborishgan. Sogʻligʻingiz bizga kerak, janoblari. Bu ovqat sizga zararli.

S a n ch o. Unda bir boʻlak kaklik goʻshti yeya qolay.

A g u e r o. I-iy, tibbiyot otasi Gippokrat aytganki…

S a n ch o. Xoʻp, xoʻp, tibbiyot otasi aytgan boʻlsa, quyon goʻshti bera qolishsin.

A g u e r o. Yoʻgʻ-e, aslo mumkin emas!

S a n ch o. Menga qarang, ismingiz nima, qayerda oʻqigansiz?

A g u e r o. Men doktor Pedro Resio de Agueroman, Karakuel bilan Almadavar del Kampo oraligʻidagi qishloqdanman, shifokorlik qalpogʻini Ossun universitetida olganman.

S a n ch o. Menga qara, doktor Aguero, qayerda tugʻilgan, shifokorlik qalpogʻini qayerdan olgan boʻlsang ham, joʻna bu yerdan!

A g u e r o. Janob hokim!

S a n ch o. Yoʻqol! (Aguero tez chiqib ketadi). Quyon goʻshtini keltiring!

Ishboshi. Jonim bilan! (Sancho yeya boshlaydi. Burgʻu ovozi eshitiladi. Sanchoga xat uzatadi). Gersogdan sizga xat keldi.

S a n ch o. Kotibam kim?

I sh b o sh i. Men, janoblari.

S a n ch o. Oʻqishni bilasizmi?

I sh b o sh i. Chala-chulpa, janoblari.

S a n ch o. Oʻqing, dona-dona qilib oʻqing, tushunvolaman.

I sh b o sh i (oʻqiydi). “Muhtaram hokim, menga yetib kelgan xabarlarga qaraganda, yaqin kunlarda dushman orolingizga hujum qilishni rejalashtirgan. Zarur chora-tadbirlarni koʻrib qoʻying…”

S a n ch o. Oling quyoningizni. Ishtaham boʻgʻildi. (Ishboshiga). Oʻqib berganingiz uchun rahmat. Sizni oʻqishga oʻrgatganlarning uyiga oʻt tushsin!

I sh b o sh i. Yana bir nimalar yozilgan.

S a n ch o. Biratoʻla oʻldirib qoʻya qoling.

I sh b o sh i (oʻqiydi). “Bundan tashqari, muhtaram hokim, ogohlantirib qoʻyay: dushmanlar sizga suiqasd uyushtirmoqchi. Taom yeganda ehtiyot boʻling. Zahar solingan boʻlishi mumkin. Sizning gersogingiz”.

S a n ch o. Oxiri voy boʻlishini biluvdim. Stolni yoʻqotinglar. Hech narsa qolmasin! (oʻrnidan turadi). Yo parvardigor, yo rabbim! Shuncha mehnat qilib, yayrab ovqat yeyolmasang, loaqal tinchgina uxlab olay!

I sh b o sh i. Xoʻp boʻladi, janob hokim!

 

Qorongʻi tushadi. S a n ch oni chodirga opkirib qoʻyishadi. Stolni yigʻishtirishadi. Zal boʻm-boʻsh boʻlib qoladi. Musiqa ovozi yangraydi. Soʻng qoʻngʻiroqlarning jarang-jurungi va olisdan shovqin eshitiladi.

 

S a n ch o (chodirdan moʻralab). Nimalar boʻlyapti? (Olisda oʻq otiladi). Ana, anovi maktubda yozilgan gaplar rost chiqdi! (Chodirni yopib oladi).

I sh b o sh i (qilich koʻtargan holda kirib keladi). Janob hokim! Janob hokim!

S a n ch o (moʻralab). Nima gap? Orolda tinchlikmi?

I sh b o sh i. Tinchlikmas-da! Dushman qoʻqqisdan hujum qilib qoldi! Qurollaning, janob hokim, qurollaning! Qoʻshinga bosh boʻling, aks holda hammamiz pashshaday qirilib ketamiz!

S a n ch o. Qurollaning? Eh, xoʻjayinim yonimdamas-da! Endi nima qilaman! (Chodirga kirib ketadi).

I sh b o sh i (chodirning bir chetini koʻtarib). Janoblari, tezroq qimirlang!

M u l oz i m l a r (mashʼal koʻtarib). Qurollaninglar!

I sh b o sh i. Katta qalqonlarni keltiringlar!

 

S a n ch o ikki qalqonni bir-biriga suyab ichiga kirib oladi, kattakon toshbaqaga oʻxshab qoladi.

 

I sh b o sh i. Olgʻa, janob hokim, olgʻa!

S a n ch o. Olgʻa emish-a? Joyimdan qimirlolmayapman-ku!

I sh b o sh i. Hokimni koʻtaringlar!

 

S a n ch o ni koʻtarib olib chiqishadi. Shovqin-suron, mashʼallar shuʼlasi. S a n ch o choʻzilib yotipti, boshini qalqonlar orasiga suqib olgan. Atrofida mulozimlar tipirchilashadi, deraza ortidan baqiriq-chaqiriq, oʻq tovushlari eshitiladi.

 

I sh b o sh i (Sanchoning qalqoni ustiga chiqib, buyruq beradi). Olgʻa, orolliklar, olgʻa! Qizigan yogʻni olib kelinglar! Quyinglar yov ustiga! Narvonlarni agʻdarib tashlanglar! Olgʻa! Olgʻa! Dushman chekinyapti! Yaradorlarni bogʻlanglar!

Bu yoqqa! Meni oldimga! (Qalqon ustida raqsga tushib ketadi).

M u l oz i m l a r. Yov qochdi!

– Qochdi?

– Gʻalaba!

– Gʻalaba!

Jimjitlik.

 

I sh b o sh i (qalqondan sakrab tushib). Gʻalaba! Hokimni turgʻizinglar! (Sanchoni koʻtarib turgʻizishadi). Tabriklayman, janobi oliylari! Sizning rahnamoligingizda orolliklar armiyasi dushmanni uloqtirib tashladi! Bemalol tantana qilishingiz mumkin!

S a n ch o. Bir qultum musallas beringlar. (Musallas opkelishadi). Yoʻq, kerakmas. Musallasga ham zahar solingan boʻlishi mumkin. Eshagimni keltiringlar.

I sh b o sh i. Xoʻp boʻladi, janob hokim.

S a n ch o. Yoʻl beringlar, janoblar.

 

M u l o z i m lar chetlanishadi, S a n ch o chodirga kirib ketadi. Zal orqasidagi ayvonga eshakni opkelishadi. S a n ch o chodirdan oʻzining eski kiyimlarini kiyib chiqadi.

 

S a n ch o. Beri kel, eshagim! Beri kel, qadrdonim! (Uni quchoqlaydi). Qachonlardir biz bir-birimizsiz yashay olmasdik. Oʻsha paytlarda seni boqishdan, silab-siypalashdan boʻlak tashvishim yoʻq edi. Uyda ham, safarda ham doimo birga edik, qanday shukuhli oyu yillar ekan oʻsha damlar! Nima jin urdi men noshukur bandani, bilmayman. Shon-shuhratga qiziqib, shu lavozimga oʻtirdim-u halovatim yoʻqoldi, boshim tashvishdan chiqmay qoldi. Yoʻl beringlar, janoblar, menga oldingi hayotimni qaytaringlar! Men xoʻjayinim huzuriga boraman, menga hokimlik toʻgʻri kelmas ekan! Men yer chopishni, xomtok qilishni bilaman, ammo yurtni boshqarolmayman. Mening qoʻlimga qilich emas, oʻroq koʻproq yarashadi. Hokimning par toʻshagidan koʻra dala-dashtda tinchroq uxlayman. Oddiy kamzulim meni hokimning bashang libosidan koʻra issiqroq tutadi. Xayr, azizlar, omon boʻlinglar! Bir iltimosim: gersogga aytib qoʻyinglar, bu yerga qandoq kelgan boʻlsam, shundoq ketyapman. Hech narsa yoʻqotganim ham, hech narsaga ega boʻlganim ham yoʻq. Mana koʻrib qoʻyinglar, choʻntagim boʻm-boʻsh, hech narsa oʻgʻirlamadim. Xayr, xudo panohida asrasin hammangizni! (Eshagiga minadi).

I sh b o sh i. Janob hokim, ketmang, iltimos!

M u l o z i m l a r. Biz bilan qoling, janob hokim!

S a n ch o. Yoʻq, qololmayman! Tanam kabi ruhim ham majruh!

A g u e r o. Eng yaxshi dori-darmonlarni topib beraman.

S a n ch o. E, yoʻq! Hech qanday doringiz qaysarligimga shifo boʻlolmaydi. Bir nima dedimmi, aytganimni qilaman!

I sh b o sh i. Aqlingiz va tadbirkorligingiz tufayli bizga yoqib qolgan edingiz. Ketmang!

S a n ch o. Yoʻq, yoʻq, yoʻlni boʻshatinglar!

I sh b o sh i. Nachora! Xayr, Sancho Pansa! Bu orolni boshqargan hamma hokimlar ichida eng sofdili, eng haloli oʻzingiz boʻldingiz! Oq yoʻl sizga!

S a n ch o. Xayr! (Joʻnab ketadi).

 

TOʻRTINCHI PARDA

 

Sakkizinchi koʻrinish

 

G ye r s o gning bogʻi va peshayvoni. Bogʻda chiroqlar yongan. Musiqa eshitilib turipti. G ye r s o g bilan G ye r s o g i n ya ayvonda oʻtirishipti.

 

D o n K i x o t (sahna ortida). “O, rashk, sevgi saltanatining sultoni, zanjirband et qoʻllarni butkul!..”

G ye r s o g i n ya. Yana jazavasi tutdi. Baqirib sheʼr oʻqiyotganini eshityapsizmi? Ichim achiydi unga. Mana shu vasvasalari boʻlmaganda dunyodagi eng aqlli insonlardan biri boʻlardi. Xayolotga berilmasa, undan dono odam yoʻq.

G ye r s o g. Yanglishasiz, azizam, uning dardi bedavo. Mayli, mana shu telbaligi bilan ham odamlarning vaqtini chogʻ qilib yursa boʻlgani.

 

Burgʻu ovozlari eshitiladi. X i z m a t ch i kiradi.

 

X i z m a t ch i. Qandaydir ritsar kelib, huzuringizga kirishga ruxsat soʻrayapti.

G ye r s o g. Qanaqa ritsar?

X i z m a t ch i. Hech kim tanimaydi, egnida sovut, boshida dubulgʻa.

G ye r s o g. Ha, shumtaka! Ishboshining hazilidir-da!

X i z m a t ch i. Yoʻq, hazratlari, rost! Bu odamni hech kim tanimaydi, ismini aytmayapti.

G ye r s o g. Ha, mayli, bu ham bir ermak-da, chaqir!

 

X i z m a t ch i chiqib ketadi. Musiqa eshitilib turipti. Ritsarlik libosida, yonida qilich, qoʻlida qalqon bilan S a n s o n kirib keladi. Koʻkragida oy tasviri.

 

S a n s o n. Taklifsiz kirib kelganim uchun uzr, hazratlari!

G ye r s o g. Hechqisi yoʻq! Xursandman. Oʻzlari kim boʻladilar?

S a n s o n. Men – Oy ritsariman.

G ye r s o g. Yopiray! (Gersoginyaga). Esini yegan bitta edi, ikkita boʻldi. (Sansonga). Xoʻsh, tashrifingizni boisi ne, ritsar? Ha, mayli, nima boʻlganda ham koʻrganimdan xursandman.

S a n s o n. Eshitishimcha, Don Kixot shu yerda ekan. Uni koʻrmoqchi edim.

G ye r s o g. Ha, shu yerda. Hozir koʻrasiz-da. (Xizmatchiga). Don Kixotni chaqirib kel.

X i z m a t ch i. Xoʻp boʻladi (ketadi).

G ye r s o g i n ya. Koʻnglim gʻash-da, gersog, tagʻin biror kor-hol boʻlmasmikin?

G ye r s o g. Tashvishlanmang, xizmatchilarning hazili-da bu.

D o n K i x o t (sahna ortida). Ha, oʻlimim yaqin… Men oʻlaman. Hayotdan ham, oʻlimdan ham hech qanday taʼmam yoʻq. (Ritsarlik kiyimida, lekin bosh kiyimisiz kirib keladi. Sansonni koʻrib) Kim bu? (Gersogga). Darvoqe, nima uchun rohibni taklif qilmadingiz, hazratlari? Axir u Ispaniyada ritsarlar ham, bahaybat odamlar ham yoʻq degan edi-ku?! Jahongashta ritsarlar borligiga hozir imon keltirgan boʻlardi! Mana, mendan tashqari yana bittasi turipti! Koʻryapsizmi, vujudidan uchqun sachrayapti, koʻzlarida jasorat olovi yonyapti. Men buni dubulgʻa pardasi orqasidan koʻrib turibman. Xoʻsh, meni nega chaqirtirgan edingiz?

S a n s o n. Sizning oldingizga keldim, Lamanchlik Don Kixot.

D o n K i x o t. Mana, qarshingizda turibman.

S a n s o n. Don Kixot! Meni Oy ritsari deb atashadi.

D o n K i x o t. Nima ishingiz bor menda?

S a n s o n. Siz bilan olishgani keldim, Don Kixot. Mening maʼshuqam sizning Dulsineyangizdan goʻzalroq ekanini tan olishga sizni majbur qilmoqchiman. Tan olmasangiz, men bilan jang qilasiz. Ikkovimizdan birimiz magʻlub boʻlamiz, magʻlub tomon gʻolibning amrini bajarishga majbur. Xoʻsh, rozimisiz?

D o n K i x o t. Menga qarang, Oy ritsari, sizning jasoratingiz toʻgʻrisida eshitmaganman ham, oʻqimaganman ham. Ammo takabburligingiz meni lol qoldirdi. Shubham yoʻqki, siz Toboslik Dulsineyani koʻrmagansiz, koʻrganingizda bunday demasdingiz.

S a n s o n. Sizni jangga chorlayotgan ekanman, nima deyish oʻz ixtiyorimda. Javob bering: olishasizmi men bilan yoki yoʻqmi?

D o n K i x o t. Boʻpti, Oy ritsari, taklifingizni qabul qilaman. (Xizmatchiga). Menga dubulgʻam bilan qalqonimni keltiring. Siz hakamsiz, gersog!

G ye r s o g i n ya. Voy shoʻrim, duelmi? Men qoʻrqaman!

G ye r s o g. Qoʻrqmang, gersoginya, qiziq boʻladi. Hoy, mashʼalni opkelinglar.

 

Mashʼallarni keltirishadi. X i z m a t ch i D o n K i x o t g a s a r t a-

roshning togʻorachasi bilan qalqonni beradi.

 

G ye r s o g. Joyni tanlang, Oy ritsari!

S a n s o n. Turgan yerim yaxshi.

G ye r s o g. Bu yoqqa oʻting, Don Kixot.

D o n K i x o t. Sevgilim, kim haq boʻlsa – oʻshanga qayish!

G ye r s o g. Boshlanglar!

 

D o n K i x o t S a n s o n ga tashlanadi, qilich uradi. S a n s o nning chap qoʻli osilib qoladi.

 

S a n s o n. Oh!.. (Don Kixotga tashlanadi, qilichini sindiradi, sovutini teshadi, boshidagi sartarosh togʻorachasini uchirib yuboradi).

 

D o n K i x o t yiqiladi.

 

G ye r s o g i n ya. Boʻldi! Bas! U yengildi!

G ye r s o g. Toʻxtanglar!

S a n s o n. Yoʻq, nari turinglar! U bilan hisob-kitobimiz bor! (Don Kixotning boʻgʻziga qilich uchini tirab). Taslim boʻling, Soʻlgʻin Timsol ritsari! Siz yengildingiz! Endi jang shartini bajarib, ortimdan takrorlang: ha, sizning maʼshuqangiz, Oy ritsari, Dulsineyadan goʻzal! Takrorlang!

D o n K i x o t. Ha, sizning maʼshuqangiz… Yoʻq, aytolmayman. Magʻlub boʻldim, yengildim, tan olaman… Lekin dunyoda Dulsineyadan goʻzal ayol borligini tan olishga tilim bormaydi. Undan goʻzali yoʻq bu yorugʻ olamda! Shu tobda qilichingizdan koʻra boshqa narsa meni dahshatga solyapti! Bu – sizning koʻzlaringiz! Nigohingiz bunchalar sovuq, bunchalar beshafqat! Nazarimda Dulsineya bu dunyoda umuman yoʻqday. Ha, u yoʻq! Shuni oʻylasam, peshonamdan sovuq ter chiqib ketadi! Dulsineya yoʻq! Lekin baribir siz aytgan soʻzlarni tilga olmayman. Undan goʻzali yoʻq! Ammo tosh-metin qalbingiz buni his etmaydi. Bosing qilichingizni, men oʻlimdan qoʻrqmayman!

S a n s o n. Oʻldiraman!

G ye r s o g. Bas qiling, buyuraman!

S a n ch o (kirib kelib). Xoʻjayin, senor Don Kixot… xoʻp vaqtida kelibman-da… Orolni tark etdim, men endi hokim emasman! Yarogʻbardoringizni maslahatiga quloq soling – yengilganingizni tan oling. (Gersogga). Janoblari, sofdil va donishmand bir odamning oʻlib ketishiga yoʻl qoʻymang!

G ye r s o g. Boʻldi, jang tugadi!

S a n s o n (Don Kixotga). Mayli, soʻzlarimni takrorlashdan sizni xalos qilaman. Dulsineyaning xayoli bilan yashayvering, u bu dunyoda yoʻq. Shunga shukur qilamanki, meni maʼshuqam tirik, binobarin, u siznikidan goʻzalroq! Endi ketimdan boshqa soʻzlarni takrorlang – meni magʻlub etgan Oy ritsarining talabiga koʻra oʻz yurtim Lamanchga butunlay ketaman, u yerdan hech qayerga chiqmayman va jasorat koʻrsatishlarni yigʻishtiraman!

D o n K i x o t. Toshbagʻir ekansiz…

S a n s o n. Qasam iching, sabrning ham chegarasi bor!

G ye r s o g i n ya. Xoʻp deya qoling…

S a n ch o. Oyoq tiramang, xoʻjayin!

D o n K i x o t. Xoʻp, tan olaman… Men yengildim…

 

S a n s o n qilichini qiniga solib, nari ketadi.

 

D o n K i x o t. Kim bor yonimda? Sancho… Sancho, koʻmaklash, oʻmrovim singan.

 

S a n ch o. Koʻtarishga yordamlashvoringlar.

 

X i z m a t ch ilar D o n K i x o t ni koʻtarishadi.

 

G ye r s o g i n ya. Doʻxtir chaqiringlar!

 

D o n K i x o t ni olib ketishadi. Sahnada G ye r s o g va S a n s o n qoladi.

 

G ye r s o g. Hazilni tagi zil boʻldi-ku. Endi pardani koʻtarib, kimligingizni aytsangiz.

S a n s o n (dubulgʻa pardasini koʻtarib). Men lamanchlik bakalavr Sanson Karrasko boʻlaman. Hech qachon ritsar boʻlmaganman, boʻlishni ham xohlamayman. Men shoʻrlik Alonso Kixanoga achinganimdan shunday qildim. Uni yaxshi koʻraman, hurmat qilaman. Alonsoning bemaʼni yurishlari va qiliqlariga chek qoʻymoqchiman.

G ye r s o g. Hm… Maqsadingiz tahsinga sazovor, bakalavr, shu ishni deb bir qoʻlingizdan ayrildingiz. Mayli, savob ish uchun shunday boʻldi. Ammo Kixanoning jahongashtaligi tugashidan afsuslanaman. Yarogʻbardori ikkalasi odamlarning koʻnglini chogʻ qilib yurishardi.

S a n s o n. Afsuslanishning keragi yoʻq, janoblari. Dunyoda bundan boshqa ermak yoʻqmi? Lochin ovi, mashʼallar ostidagi raqslar, ziyofatlaru har turli musobaqalar… aslzodalar uchun bu jihatdan muammo yoʻq. Azbaroyi koʻngilxushlik deb nahotki bir odamni ermak qilish zarur boʻlsa? Busiz ham oshib-toshib yotgan tugʻma masxarabozlarning sonini oshirish shartmi? Alonso bunday odam emas!

G ye r s o g. Gaplaringizdan, hurmatli bakalavr, nasihatning hidi kelyapti, men birovning nasihatiga zor emasman!

S a n s o n. Xudo asrasin, gersog! Nahotki sizga nasihat qilishga jurʼat etsam! Shunchaki aytdim-qoʻydim-da.

G ye r s o g. Bunaqa gaplarni uyingizda aytasiz, bakalavr. Bilganimda qalʼaga umuman kiritmasdim.

S a n s o n. Shuni koʻnglim sezgani uchun qalʼaga qiziqchi qiyofasida kirgan edim-da!

G ye r s o g. Boʻldi, bas. Joʻnang! (Sanson burilib, chiqib ketadi). Hey, anovi Oy ritsarining kavushini toʻgʻrilab qoʻyinglar!

 

Toʻqqizinchi koʻrinish

 

D o n K i x o tning hovlisi. Kechki payt. Eshikdan ancha narida, tepalikdagi yoʻlda bukchaygan, hassaga tayangan D o n K i x o t va ot bilan eshak yetaklagan

S a n ch o koʻrinadi. Ot ustida ritsarlik libos va anjomlari, xuddi singan nayzasini koʻtarib, ichi boʻm-boʻsh ritsar ot minib kelayotganga oʻxshaydi.

 

S a n ch o. Ana qishlogʻimiz, xoʻjayin! Kindik qonimiz toʻkilgan qadrdon goʻshamiz! Farzanding Sancho Pansani bagʻringga ol, ona-Vatanim! U quchogʻingga shon-shuhratga koʻmilib emas, boy tajriba orttirib qaytyapti. Yurtma-yurt kezib, tortmagan azoblari, koʻrmagan kulfatlari qolmadi. Oʻlguday kaltak yedi, yarogʻbardorlik nimaligini bilmaydigan kimsalarga kulgi va masxara boʻldi. Keyin omadi chopib, hokimlik martabasiga erishdi, ana oʻshanda xushomadu izzat-ikrom qanotida osmonga uchib ketishiga sal qoldi. Xayriyat, hokimlik uzoqqa choʻzilmadi, kaltak ogʻriqlari ham bosildi. Mana, farzandining tugʻilgan yurtiga – oʻziga tanish daraxtlar panohiga, oʻzi suv ichgan quduqboshiga qaytib keldi. (Ot bilan eshakni bogʻlaydi. Bu paytda Don Kixot hovli yonidagi tepalik ustida turib, olislarga nazar tashlaydi). Jiyan! Kalitdor xonim! Endi qoʻrqmasdan ovozimni koʻtarib gapiraveraman, chunki endi siz ham yuzimga changal solmaysiz, eshitganda har qanday dovyurak kishi ham qaltirab qoladigan soʻzlar bilan haqorat qilmaysiz. Biz butunlay qaytib keldik!.. E, bugun shanba-ku, u cherkovda… Xoʻjayin, nega kirmayapsiz, qayoqqa qarayapsiz?

D o n K i x o t. Quyoshga! Ana u, osmonning koʻzi, koinotning boqiy mashʼali, musiqa yaratuvchi, insoniyat shifokori! Ammo kun oxirlayapti, shiddatli kuch uni pastga tortqilayapti. Hademay u yer ostiga kirib ketadi. Olamni qorongʻulik bosadi. Ammo bu zulmat omonat, Sancho. Bir necha soatdan soʻng zaminning narigi chekkasidan nur balqib, osmonga yana olov gʻildiragi oʻrmalab chiqadi, bu gʻildirakka odam tik qaray olmaydi. Shu xulosaga keldimki, men oʻtirgan gʻildirak yer ostiga kirgandan keyin qaytib chiqmaydi. Kunim bitsa, men uchun ikkinchi kun boʻlmaydi, Sancho. Shuni oʻylab ezilib ketyapman, zero, umrim poyoniga yetganini, oxirgi kunim tugayotganini sezib turibman.

S a n ch o. Xoʻjayin, meni qoʻrqitmang. Yaralaringiz ochilib ketgan shekilli. Tan ogʻrisa koʻngilga ham gʻulgʻula tushadi. Kasalsiz, xoʻjayin, tezroq yotib orom oling. (Don Kixot hovliga kirib, skameykaga oʻtiradi). Yuring, oʻzim yotqizib qoʻyay, picha tamaddi qiling, bir uxlab tursangiz otday boʻp ketasiz.

D o n K i x o t. Yoʻq! Tashvishlanma. Daraxtlarga bir qara, Sancho. Yaproqlar sargʻayib turipti. Demak, kun oxirlayapti. Alam qiladigan joyi shundaki, umrimga qalbim boʻm-boʻsh holda nuqta qoʻyayapman! Bu boʻshliqni toʻldiradigan hech narsa yoʻq!

S a n ch o. Boʻshliq deganingiz nimasi? Garchi hokimlik paytimda aqlimni xoʻp peshlagan boʻlsam ham, bu dono fikrlaringizni ilgʻay olmayapman. Nahotki anovi laʼnati Oy ritsari – iloyo goʻringda toʻngʻiz qoʻpsin – qilichi bilan gunohkor tanangizga qoʻshib oʻlmas ruhingizni ham yaralagan boʻlsa?

D o n K i x o t. Eh, Sancho, Sancho! Tigʻ yarasi hech gapmas. Qalbimni ham yaralagani yoʻq. Aksincha, yuragimni pokladi, pokladi-yu, sugʻurib olib tashladi, oʻrniga hech narsa qoʻygani yoʻq. U meni insonga berilgan eng ulugʻ neʼmat – ozodlikdan mahrum qildi. Dunyoda yovuzlik toʻlib-toshib yotipti, Sancho, ammo odamni tutqunlikda saqlashdan ortiq yovuzlik yoʻq. U meni kishanlab qoʻydi, Sancho… Qaragin-a, quyoshning yarmi yoʻq, yer tobora koʻtarilib, uni yutib yuboryapti. Meni ham domiga tortib ketadi, Sancho.

S a n ch o. Eh, xoʻjayin-yey, siz gapirganingiz sari miyam gʻovlab ketyapti. Faqat bir narsani sezib turibman – siz sogʻinchdan azob chekyapsiz, lekin qanday yordam berishni bilmayman. Ayting, nima qilsam koʻnglingiz yoziladi? Xoʻp, oʻsha ritsar sizni yengipti, nima boʻpti shunga? Endi jahongashtalik qilmaysiz, hech kimga qilich koʻtarmaysiz. Axir bir mahallar oʻzingiz choʻpon boʻlishni orzu qilardingiz-ku! Agar menga yana ikkita xoʻtik sovgʻa qilsangiz, sizdan ayrilmayman, sizga oʻrganib qolganman, xoʻjayin. Ie, iye, ana, Yaratganning oʻzi mushkulimni oson qildi! Koʻraman endi koʻzlaringiz qanday charaqlab ketganini! Xoʻjayin, turing, orzuingiz ushaldi – Dulsineya kelyapti!

 

Qishloq tomonga ochiladigan eshikdan A l d o n s a L o r ye n s o savat koʻtarib kiradi. D o n K i x o tni koʻrib, choʻchib tushadi.

 

A l d o n s a. Voy, xudo, oʻzing asra! Yana yoʻlimdan anovi tentak chiqib qoldi-ku!

S a n ch o. Goʻzal malika! Qarshingizda oshiqi beqaror ritsar Don Kixot turibdi!

A l d o n s a. Sen ham esingni yeganmisan, baqaloq Sancho Pansa? Yo ustimdan kulyapsanmi? Boshqa odamga qilasan hazilingni! Yoʻlni boʻshat. Ikkinchi meni Dulsineya dema! Men Aldonsaman, Aldonsaligimcha qolaman. Shundoq ham xoʻjayining bemaʼni don Alonso dastidan hammaga masxara boʻlib yuribman. Ma, manovi savatdagi narsalarni kalitdorga berib qoʻy, yoʻlni ham boʻshat!

S a n ch o. Eʼtibor bermang, xoʻjayin, baribir sizga maftun!

D o n K i x o t. Aldonsa!

A l d o n s a. Nima deysiz, senor!

D o n K i x o t. Mendan hayiqyapsanmi?

A l d o n s a. Albatta. Gʻalati-gʻalati gaplarni gapirasiz, hech kimni tanimaysiz…

D o n K i x o t. Kimligingizni aytaymi? Siz – Aldonsa Lorensosiz, qoʻshni qishloqlik dehqon qizisiz. Hech qachon Dulsineya boʻlmagansiz. Aqlim xiralashgan paytda oʻzim sizni Dulsineya deb ataganman, buning uchun uzr soʻrayman. Endi qoʻrqmaysizmi?

A l d o n s a. Yoʻq, qoʻrqmayman. Nahotki tanigan boʻlsangiz?

D o n K i x o t. Tanidim, Aldonsa… Boravering. Hech kim sizni xafa qilmaydi. Sancho, yoʻlini toʻsma!

 

A l d o n s a yugurib chiqib ketadi.

 

S a n ch o. Obbo! Oy ritsari sizni tamom avrab tashlapti, xoʻjayin! Mening koʻzimga ham nuqul oʻsha ritsar koʻrinadi… Qishloqqa yaqinlashganimizda orqamizdan izma-iz kelayotganday tuyuldi.

D o n K i x o t. Tuyulgan emas, Sancho, u rostdan ham orqamizdan kelayotgan edi, lekin u ritsar emas, hech qachon ritsar boʻlmagan ham. Ha, u ritsar emas, lekin biz safarda yurganimizda uchratgan barcha ritsarlardan ming marta aʼlo ritsar!

S a n ch o. Xudo haqqi, bu topishmoqni eng aqlli hokim ham topolmaydi.

D o n K i x o t. Uyga kiraylik.

 

Uyga qarab yurishadi, S a n ch o ritsarlik liboslari va anjomlarini koʻtarib oladi. Xonaga kirgach, bir burchakka qoʻyib, pardani tushirib qoʻyadi.

 

S a n ch o. Xudoga shukur. Xoʻjayin, endi choʻziling, betobsiz. Darrov yoting, men rohib bilan sartaroshni boshlab kelaman, foydalari tegib qolar. Tez qaytaman, xoʻjayin! (Hovliga chiqib, eshagini yetaklab ketadi).

 

Bir ozdan soʻng A n t o n i ya koʻrinadi, hovliga kiradi, devor ortidagi tepalik ustida ritsarlik kiyimida S a n s o n paydo boʻladi, sekin yurib kela boshlaydi, uning ham bir qoʻli bogʻlangan.

 

A n t o n i ya. Yopiray! Kim u? Amakimmi? Yoʻq, u emas. Kuyganimdan men ham aqldan ozmadimmi ishqilib? Ritsarni ufqda koʻryapman, yoki botayotgan quyoshning oʻyinimi bu? Koʻksida oy, dubulgʻasida pat. Yo biz jinnimiz, yoki amakim dono! Jahongashta ritsarlar bor deb toʻgʻri aytgan, shekilli. Ayting, kimsiz?

S a n s o n (hovliga kirib). Antoniya, menman. (Dubulgʻasini yechadi).

A n t o n i ya. Sanson!

S a n s o n. Sekinroq, Antoniya, qoʻlim ogʻriyapti.

A n t o n i ya. Yaralandingizmi, nima boʻldi?

S a n s o n. Yoʻq, yoʻq. (Kiyimlarini yechadi). Oʻtga tashlash kerak bularning barini!

A n t o n i ya. Sanson, niyatimga yetsam qaytaman degandingiz… Amakim qani? Tirikmi?

S a n s o n (uyni koʻrsatib). Ichkarida. Men aytganimni qildim, Antoniya. Alonso Kixano endi qadrdon uyini hech qachon tashlab ketmaydi.

A n t o n i ya. U shu yerdami? Uydami? Haqiqiy sehrgar ekansiz! Bekorga bakalavr qilishmagan ekan. Sizday aqlli odam bakalavr boʻlmay kim bakalavr boʻlsin! Ie, chalgʻib ketibman-a… Suyunganimdan, Sanson! Qoyilman sizga! (Sansonni oʻpadi.)

S a n s o n. Qoʻrqoq ham yolgʻonchi odamni nega oʻpyapsiz?

A n t o n i ya. Unaqa demang, Sanson! Kekchi ekansiz. Oʻshanda jahl ustida aytgan boʻlsam aytgandirman-da. Yoʻq, Sanson, siz bizning eng yaqin doʻstimiz, mard va olijanob odamsiz! (Sansonni oʻpib, uyga qarab yuguradi.)

 

Quyosh botgan, shom qorongʻisi.

 

A n t o n i ya. Amakijon, qayerdasiz?

D o n K i x o t (chodir ichidan). Kim u?

A n t o n i ya. Menman, senor Alonso, Antoniyaman (Chodirning bir chetini koʻtaradi.)

D o n K i x o t. Boʻgʻilib ketyapman, Antoniya…

A n t o n i ya. Yoting, darrov yoting!

D o n K i x o t. Yoʻq, yoʻq, nafasim qisilyapti… shu yerda oʻtira qolaman… Birortasini chaqir, tezroq.

A n t o n i ya. Sanson shu yerda, amaki, chaqiraymi?

D o n K i x o t. E, keptimi? Kutayotgan edim. Kirsin darrov.

A n t o n i ya. Sanson! Sanson!

S a n s o n. Shu yerdaman, senor Don Kixot.

D o n K i x o t. Nega unaqa deysiz? Bilasiz-ku, men Don Kixot emas, oddiy fuqaro Alonso Kixanoman, siz ham Oy ritsari emas, bakalavr Sanson Karraskosiz.

S a n s o n. Ie, bilarkansiz-ku.

D o n K i x o t. Albatta. Oʻshanda… jang paytida nuqul taslim boʻlishni talab qilib oʻshqirganingizda ovozingizdan taniganman. Qalʼadagi mashʼallar yorugʻida boʻgʻzimga qilich tirab turganingizda fikrim birdan tiniqlashib ketdi. Mana endi oʻzingizni koʻrib turibman.

S a n s o n. Kechiring meni, senor Kixano.

D o n K i x o t. Kechirim soʻramang. Sizdan minnatdorman. Oʻsha ishingiz bilan meni telbalik zanjiridan xalos etdingiz. Afsuski, bu iqrorning umri uzoq emas. Antoniya, kun botdimi?.. Ana, aytmadimmi!

A n t o n i ya. Senor Alonso, tinchlaning!

D o n K i x o t. Yoʻq, yoʻq, meni yupatmay qoʻya qol, Antoniya, qoʻrqayotganim yoʻq. Koʻnglim sezib, ertalabdan buyon kutaman. Mana, vaqt-soati yetdi. Xursandman. Sanson kelib, miyamni oʻrab-chirmab olgan sharpalarni quvib yuborganida poyonsiz boʻshliqda muallaq turib qolamanmi, deb qoʻrqqan edim. Mana, xayriyat, u keldi, boʻm-boʻsh sovutimni asta-sekin toʻldirib, vujudimni shom pardasiga oʻramoqda.

S a n s o n. Musallas opkeling, Antoniya, musallas!

D o n K i x o t. Antoniya… sen ritsarlik kitoblariga berilmagan, lekin ritsarlik qalbi boʻlgan kishiga turmushga chiq… Sanson, sizning maʼshuqangiz bor, u rostdan ham Dulsineyadan goʻzal… u tirik… Kalitdorni chaqiringlar… Yoʻq, yoʻq, Sanchoni, Sanchoni chaqiringlar! (Yiqiladi).

 

S a n ch o yugurib kiradi.

 

S a n ch o. Senor bakalavr! Yordam bering!

S a n s o n. Antoniya, bir qultum vino keltiring!

 

A n t o n i ya yugurib chiqib ketadi.

 

S a n ch o. Xoʻjayin, xoʻjayin, meni eshityapsizmi? Koʻzingizni oching! Men Sanchoman! Choʻponlik qilishimiz kerak hali! Har doim yoningizda boʻlaman! Nega indamaysiz?

A n t o n i ya (sham koʻtarib kiradi). Bir nima qiling, Sanson!

S a n ch o. Tildan qolibdi!

S a n s o n. Qoʻlimdan hech narsa kelmaydi. Qazo qilibdi.

 

Rus tilidan Nizom KOMIL tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/don-kixot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x