‘‘Xitoycha hikmat – yaponcha qalb’’

(Yapon adabiyoti taraqqiyoti hamda Ayol kundaliklarida goʻzallik ifodasi)

 

Hamma zamonlarda ham badiiy adabiyot ijtimoiy-siyosiy hayot va mavjud etik-estetik qadriyatlarni aks ettirib kelgan. Har bir badiiy asar davr osha anglashiladi, davr esa shu asarning badiiy shakli yuzaga kelishiga imkon beradi. Adabiyot jamiyatning barcha axloqiy, estetik va hissiy fazilatlarining xazinasiga aylanadi.

Har bir xalqning adabiyoti xalqning oʻzidan va shu xalq yaratgan tarixdan ayro yashay olmaydi. Yapon adabiyotining oʻziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u oʻz yaratuvchisi, yaʼni oʻz xalqi bilan uzviy bogʻliqdir. Yapon adabiyoti yapon madaniyatida oʻrin tutgan barcha hodisalarni oʻzida mujassam etadi. Yapon jamiyati hayotidagi har bir oʻzgarish adabiyotda ham oʻz aksini topgan.

Yaponiya tarixi quyidagi davrlarga boʻlinadi: Nara davri (VII a.), Xeyan davri (IX-XII a.), Kamakura davri (XIII-XIV a.), Muramati davri (XV-XVI a.), Edo davri (XVII-XIX a.). Adabiy jarayon oqimi va uni shakllantirish nuqtai nazaridan tarixiy davrlarni badiiy soʻz yuzaga kelishi bosqichlari sifatida ham qarab chiqish toʻgʻriroq boʻlar edi. Bu bosqichlarning har biri sheʼriy amaliyot, badiiy toʻqimalar, ramziylik, mazmun va mavzu koʻlamdorligi, uslublari, soʻzlar, badiiyatning oʻziga xosligi bilan tavsiflanadi.

Davlatni boshqarishning xitoycha namunalari, taʼlim tizimi va, albatta, Xitoy adabiyoti tarixini xitoy falsafasi ishtirokisiz tasavvur qilish mumkin emas. Yaponlar Konfutsiy, Laotszi, Chjuan-szi kabi xitoy mutafakkirlari ilmiy ishlarini qiziqish bilan oʻrganganlar. Ammo yaponlar ulardan ilmiy madaniyatini boyitishi mumkin boʻlgan jihatlarnigina olganlar va xitoy faylasuflari hikmatini oʻz taʼblariga koʻra qabul qilganlar, shu bilan yangi, oʻziga xos davlat tuzilishiga zamin yaratganlar. Yaponiyaga tashqi axborotning katta oqimi kirib kelgan. Ammo yaponlarda “teskari bogʻliqlik qonuni” degan ibora bor, bu oʻzini va oʻzgani bir-biriga chatishtirish uquvini anglatadi. Shu bois yaponlar xitoychadan koʻp narsani oʻzlashtirib olar ekan, “vakon kansay” qoidasini joriy qilganlar, bu “xitoycha hikmat – yaponcha qalb” degan maʼnoni anglatadi. “Xitoyning badiiy anʼanalariga tayanar ekan, yaponlar millatni boyitishga imkon bergan hamma narsani olgan. Oʻsha tarixiy davrda milliy yozuvi va estetikasi asosida oʻzlarining betakror adabiyotini yaratganlar”[1]. Milliy oʻziga xosligini yoʻqotgan har qanday madaniyat yashashdan toʻxtashini yaponlar anglab yetgan, zero bunday madaniyatning jamiyatga keragi boʻlmaydi.

Bu davr adabiy anʼanalari ham ikki asosiy gʻoya: oʻzning va oʻzganing gʻoyalari umumlashuvidan yuzaga keladi. “Oʻzganing taʼsiri” rolini koʻp jihatdan Xitoy oʻynagan. IV asrda Xitoy va Koreyadan Yaponiyaga kirib kela boshlagan buddaviylik oʻzlashtirishning asosiy oqimini tashkil etardi.

Shu tariqa asta-sekin yapon zaminida xitoy maʼrifati va taʼlimoti nish ura boshlab, bora-bora yapon madaniyatiga mahkam oʻrnashib oldi. Yapon zaminida xitoy falsafiy tafakkurining singib ketishi va buddaviylikning bu qadar tez yoyilishi yapon ruhiyatiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmagan va yapon millati oʻzining tub dini – sintoizmga ega boʻlishiga qaramay, buddaviylik yaponlarning kundalik hayotiga singib ketdi.

Yapon yozma adabiyoti tiklanishidan oldin badiiy soʻz uzoq muddatli rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi, bu ham soʻzsiz milliy manbalarga tayanar edi. Shubhasiz, yozuv paydo boʻlguncha mavjud boʻlgan yapon adabiyotini xalq (ogʻzaki) adabiyoti deb atash mumkin, chunki oddiy odamlar yaratgan bu adabiyotda ularning hayoti, mehnati, urf-odatlari, qiziqishlari ifodalangan edi. Badiiy adabiyot tiklanishi davomida folklar uning eng boy manbai boʻlib qolaverdi.

Yapon adabiyotining ilk yozma yodgorliklari oʻzida qadimgi qoʻshiqlar, afsonalar va rivoyatlarni saqlab qolgan. Yapon yozma adabiyotining yuzaga kelishini VII-VIII asrlar bilan belgilaydilar. Saqlanib qolgan yozma yodgorliklar quyidagilardan guvohlik beradi: “Kodziklar” (“Qadimgi ishlar bitiklari”) – uch kitobdan iborat boʻlib, eng qadimgi rivoyatlar, afsonalar, matallar, qoʻshiqlar, tadrijiy-tarixiy bitiklarni oʻz ichiga olar edi va yapon sultonlik sulolasining izchilligi va tabarrukligiga isbot boʻlib xizmat qilardi. “Nixonglar” (“Yapon annalari”) – birinchi yapon tarixiy-adabiy yodgorligi; “Fudoklar” (“Yer va axloq haqidagi bitiklar”) VIII asrdagi yozma yodgorlik boʻlib, Yaponiya viloyatlarining tarixiy va joʻgʻrofiy tasvirlaridan tashkil topgan; “Manʼyosyu” (“Milliardlab yaproqlar majlisi”) – adabiyot tarixida yapon tilidagi eng yirik sheʼriy bayoz boʻlib, qadimgi muallifi nomaʼlum sheʼriyat namunalarini, VIII asrda ijod qilgan taniqli shoirlarning asarlarini, folklor asarlarni, nasrda yozilgan voqeiy hikoyalar – “monogatarlar”ni, sheʼriy bayozlarga yozilgan soʻzboshilar – “xasiganlar” va boshqalarni oʻz ichiga olar edi.

Oʻrta asr adabiyoti rivojlanishida Xeyan davrida (794-1192 y.) yaratilgan asarlar muhim oʻrin tutadi. Ushbu davr keyinchalik madaniyat, adabiyot va sanʼatning gullab-yashnagan pallasi deb baholangan edi. Xeyan davrini sheʼriyat, qissa, kundaliklar, sheʼriy bitiklarni oʻz ichiga olgan milliy adabiy janrlarining shakllanish va rivojlanish davri deb hisoblash mumkin. Mana shu tarixiy davrda sheʼriy yozishmalar yaponlar hayotining uzviy qismi boʻlgan edi. X asr ikkinchi yarmidan yapon adabiyotida nasrning “erkak” va “ayol” qismlariga ajralishi roʻy berdi. Erkaklar, odatda, xitoychada, ayollar esa yapon tilida yozar edilar. Murasaki Sikibu (“Gendzi haqida qissa”), Sey Syonagon (“Yostiq yonidagi qaydlar”) kabi saroy adiblarining asarlari shu kunlarda ham jahoniy ahamiyatini yoʻqotmagan durdonalar boʻlib qolmoqda.

Xeyan davri adabiyoti yuksak badiiyligi, nozik uslubi bilan ajralib turadi. Oʻsha davr sanʼatida “monono avare” qobiliyatini, yaʼni narsalarning pinhoniy fusunini, atrof-olamning noyobligi va goʻzalligini idrok eta bilish uquvini yuqori baholashgani bejiz emas. Mazkur tushunchalar X-XI asrlar yapon sanʼati va adabiyoti uchun poydevor boʻlib qoldi. Ammo narsalar goʻzalligi yapon adabiyotida uning haqiqatiga, yaʼni “makoto”ga teng qoʻyiladi. Demak, oʻrta asr yapon adabiyotida goʻzallik va haqiqat bir-biriga baqamti tushunchalar boʻlgan. Yozuvchilar “makoto” (haqiqat) talablariga asoslanib, hayajonga – “avare”ga tushishlari kerak edi. Estetik asoslarning bunday uzluksizligi ayni Xeyan davrida yuzaga kelgan va asrlar qaʼriga singib ketmagan edi, aksincha, u hozirgi kunda ham yashab kelmoqda.

Oʻrta asrlarda Yaponiyada badiiy asar bir tizimga solingan sheʼriy shakl (vazn)dagi axloqiy estetik, ruhiy-maʼnaviy qonuniyatlar majmuini oʻz ichiga olar edi. Badiiy adabiyotning barcha janrlarida asosiy eʼtibor bayonning hissiyotga boyligi, estetik ahamiyati, maʼnaviy jihatiga qaratilar edi. Hodisalarning voqeiyligi (realligi) va ushbu voqelikning hissiy idrok etilishi badiiy asarning oʻziga xos mustahkam negizlaridan biri hisoblanardi. Aynan shu asosda milliy anʼanalar va “maishiy tutumlar” bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan Ayol kundaligi adabiyoti shakllandi.

Ayol kundaligi adabiyoti – Yaponiya saroy kiborlari madaniyatining yoʻnalishlaridan biri boʻlib, uning mohiyatini toʻla anglab yetish uchun Xeyan kibor ayolining ruhiy dunyosiga chuqur kirib borish, kiborlar madaniy hayotining butun goʻzalligini anglab yetish zarur, zero aynan shu narsa Ayol kundaligi adabiyotining vujudga kelishi va taraqqiy etishi uchun zamin hozirladi. Xeyan davrida “Murasaki Sikibu kundaligi” (Murasaki Sikibu), “Nikki hasrati” (Ki-no Surayuki), “Oʻtkinchi hayot kundaligi” (Mititsuna-no) singari mashhur asarlar dunyoga keldi. Oʻrta asr Ayol kundaligi adabiyotining barcha asarlari muayyan tarixiy davrda qabul qilingan xulq-atvor va axloq meʼyorlarini ifodalaydi.

Insonning ruhiy holati tasviriga alohida urgʻu berish yapon badiiy anʼanalarining oʻziga xos jihatidir. Goʻzallikka sigʻinish, goʻzallikka xizmat qilish, eng oddiy narsalarda ham goʻzallikni koʻra bilish – ana shular yapon kiborlar hayoti, xatti-harakatlari va tafakkurini boshqarar edi. Butun yapon adabiyoti nozik did, goʻzal xulq-atvorga chaqirar edi, aynan shu vaziyatda koʻplab estetik unsurlar ishtirokidagi, kundalik adabiyot rivojlandi.

Yaponlar nafaqat atrofni qurshab turgan tabiat koʻrkini, balki inson tashqi va ichki qiyofasidagi goʻzallikni koʻra bilish qobiliyatiga ega edilar. Ayol yelkalariga yoyilgan uzun tim qora sochlar goʻzallik ramzlaridan biri hisoblangan: “… Ularning orqaga tarab qoʻyilgan sochlariga oq tasma tangʻilgan edi. Hazrati oliyalariga Miya-no naysi xizmat qilardi. U doim oʻzining ajoyib husni bilan ajralib turar, biroq bugun, uning oq tasma tangʻilgan sochlari yelkalariga tushib turganida, u yanada chiroyli koʻrinardi”[2] yoki “… va men, hazrati oliyalarining qalin sochlari boshining tepasiga uyib qoʻyilganda, bu uni yanada latofatliroq qilib koʻrsatadi, deb oʻyladim”[3], “Uning sochlari yerga tegar edi”[4]. Yaponlar yoyilgan sochlarga maʼnaviy va tashqi goʻzallik mushtarakligining ramzi sifatida qaraydilar. Tashqi goʻzallikni yaratish qiyin emas, biroq insondagi tashqi goʻzallik oʻqimishlilik, odob-axloq qoidalari, xulq-atvor chegaralari bilan belgilangan estetika meʼyorlarini oʻz ichiga oluvchi ichki goʻzallik bilan uygʻunlashgandagina tahsinga loyiq. Xeyan davrida, odatda, shoir yoki shoira eng chiroyli insonlar sirasiga kiritilganligi bejiz emas. Tabiiyki, bunday tashqi va ichki qiyofaning mutanosibligiga asoslangan goʻzallikka faqat kiborlar daʼvo qilishlari mumkin edi.

Ayol kundaliklarining xarakterli jihatlaridan biri oʻz doirasidagi kishilarni oʻrta asr yapon jamiyati andozasiga muvofiq tarzda tasvirlashga intilishdir. Inson obrazi ikki unsur: ruhiy xislatlar va tashqi qiyofa asosida yaratiladi. Qahramonning muhim ijobiy fazilatlaridan biri uning tashqi jozibasidir. “Uning libosi yettita qaytarma yengli qizil yopingʻichdan iborat edi, uning ustidan yana toʻrt qavat shunga yaqin ranglardagi har biri uch yoki besh qaytarma yengli kiyim, keyin yana qalin, guldor ipak matodan besh qaytarma yengli toʻq qizil rangdagi yopinchiq bor edi, ustki yopinchiq esa och nofarmon rangda boʻlib, barg naqshi bilan kashtalangan edi… Bir soʻz bilan aytganda, u juda latofatli, sochlari odatdagidan ham koʻra did bilan turmaklangan edi”[5].

Murasaki Sikibu oʻzining kundaligida inson qiyofasidagi faqat bir-ikki tafsilotni taʼkidlash bilan uning jonli timsolini yaratishga muvaffaq boʻladi: “U juda goʻzal, lablarida yoqimli tabassum oʻynaydi”. Kishining qaddi-qomati tasviriga alohida ahamiyat beriladi. Murasaki Sikibu Daynagon xonim haqida soʻzlab: “Daynagon xonimning boʻyi uncha baland emas, jussasi kichik desa ham boʻladi; badani oppoq va silliq, tanasi durkun. U doim juda yaxshi kiyinadi. Sochlari boʻyidan uch sunga1 uzun va yerga tegib turadi; u shu qadar koʻrkam va yasanganki, hech kim unga teng kelolmaydi. Uning yuzi ham juda chiroyli; oʻzini yoqimli tutadi, u bilan soʻzlashsang, bahri-diling ochiladi”, deya qayd etadi…

XII asr oxiridan Yaponiya yangi davlat tuzumi – “syogunat”ga oʻtadi, bu mamlakatni harbiylar boshqarishini bildiradi. Mana shu tarixiy davrda Xeyan adabiyotining soʻnishi sodir boʻladi va yangi davlat tuzumining “gunklar” hikoya janri vujudga keladi, bu “urush haqida qaydlar” degan maʼnoni anglatadi. Adabiy asarlarning ijodkorlari va talabgorlari oʻzlariga xos dunyoqarashga ega boʻlgan samuraylar edi. Afsuski, adabiyot oʻz fusunkorligini boy beradi.

Yaponiyaning yevropalashuv yoʻliga qadam qoʻyish davrida yaponlar Yevropa yozuvchilarining asarlari bilan tanishdilar, bu siyosiy belletristika kabi yangi yoʻnalishning kurtak yozishiga olib keldi. XIX-XX asrlar adabiyotining koʻzga koʻringan vakillari deb Mori Ogay, Subomti Syoyo, Ftabatey Simey, Simadzaki Toson, Natsume Soseki, Kavabata Yasunari, Abe Kobelarni tilga olish mumkin.

XX asrga kelib yapon adabiyotida naturalizm ustuvorlik qildi, mualliflar eʼtiborlarini odamlarning kundalik hayotiga, ularning his-tuygʻu va kechinmalariga qaratdilar. Adabiyot insonning ichki olami, uning feʼl-atvorining axloqiy jihatlarini birinchi oʻringa olib chiqdi. Masalan, Fuliko Enti asarlari kitobxonni Yaponiyaga mutlaqo boshqacha koʻz bilan qarashga undaydi, uning “Qalʼa” asari ayol qalbining eng nozik tomonlarini ochib beradi, kitobxonlarga zamonaviy yapon ayoli qiyofasini roʻy-rost namoyon qiladi.

Hozirgi zamon yapon adabiyoti oʻz sehr-jodusi bilan oʻquvchini hayron qoldiradi. Masalan, Banan Yosimoto, Masaxir Simad asarlarini olaylik. Yaponiyaning adabiy anʼanalarini suv qilib ichgan bu ‘‘xayolparast’’ ijodkorlar bir-biridan jozibador asarlar yozmoqdalar. Albatta, Yevropa adabiyoti ham yapon adabiyotining zamonaviy tendensiyalariga taʼsir koʻrsatmoqda. Butun dunyoga taniqli Xaruki Murakami anʼanaviy yapon adabiyoti qadriyatlarini sindirib tashlab, zamonaviy yapon yoshlari hayotidan olingan oddiy voqealarni qalamga olmoqda.

Bugungi kunda jahon oʻziga xos yapon madaniyati bilan tobora yaqindan tanishmoqda. Aynan badiiy adabiyot inson ruhining yuksakligini ifodalaydi va koʻp asrli ijtimoiy taraqqiyot mobaynida yuzaga kelgan maqsad va gʻoyalarni chuqurroq idrok etish imkonini beradi.

Har bir jamiyat hayotida vaqt oʻtishi bilan inkor etib boʻlmaydigan qonuniyatlarga aylanuvchi estetik qadriyatlar vujudga keladi. Sanʼat, madaniyat, adabiyotning vazifasi esa goʻzallik qonuniyatlarini avloddan-avlodga yetkazish va shu tariqa insonning estetik qarashlarini boyitishdan iborat. Yapon adabiyoti insonning borliqqa qarashi, hayotga munosabati, muayyan did va intilishga egaligi haqida oʻziga xos tasavvur uygʻotishi bilan ahamiyatlidir.

 

Hakima GʻAFUROVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5


 

[1] Inaga Keydzi. Oʻrta asrlar  adabiyotining rivojlanishi va tuzilmasi. – Osaka, 1995.

[2] Murasaki Sikibu. Kundalik. Peterburg sharqshunoslik  markazi, 1994.                    

[3] Oʻsha manbada.

[4] Oʻsha manbada.            

[5] Oʻsha manbada.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xitoycha-hikmat-yaponcha-qalb/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x