Zavq bilan yashash kerak

Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov hikmatlaridan

 

  • Men inson tabiatni qadrlay bilishi, undan zavq, bahra olishi kerakligini bilaman. Shuni ham tushunib yetish kerakki, inson – tabiatning bir parchasi, tabiat unga yashash uchun berilgan makon, yashaganda ham faqat bir marta aql va zavq bilan yashashi kerak.
  • Inson tabiati shunday yaratilganki, u tez-tez xato qilib turadi: oʻtkinchi hoyu havasni koʻpincha haqiqiy Muhabbat deb oʻylaydi. Asl muhabbat ogʻriq bilan keladi.
  • Inson goh-goh duch keladigan har bir muvaffaqiyatsizlikni baxtsizlik deb hisoblamasligi lozim. Kim biladi deysiz, balki haqiqiy baxt kichik muvaffaqiyatsizlikdan boshlanar?!
  • …Zamindan mahrum qilish mumkin, boylikdan mahrum qilish mumkin, hayotdan ham mahrum qilish mumkin. Lekin inson xotirasiga tajovuz qilish… chidab boʻlmas fojiadir.
  • Tabiatni qanday qilib asrash, urushlardan, texnikaviy taraqqiyot keltirib chiqaradigan kulfatlardan himoyalanish toʻgʻrisida bosh qotirishdan avval maʼnaviy maʼnoda inson qanday qilib inson boʻlib qolajagini, nafaqat aql-idrokli mavjudot shaklida emas, balki his qiladigan, vijdonli inson qandoq boʻlishi kerakligini bilmoq kerak.
  • Dunyo inson uchun kerak – odam uning asl mohiyatini tushunib olish uchun yaratilgan, shu bois ham dunyo turibdi.
  • Baxt degani dillarning uygʻunlashib ketishi degan soʻz.
  • Har bir yangi avlod oʻz hayotini boshqa mamlakatlarda roʻy bergan koʻtarilish, taraqqiyot bilan taqqoslab koʻradi va tanazzul sabablarini qidiradi. Agar tanazzul sabablarini toʻgʻri topsa, endi oʻtmishdagi xatolarni takrorlamaslikka intiladi, toʻgʻri yoʻlga tushib olishga harakat qiladi.
  • Ezgulik salgina chekinsa – bas, uning oʻrniga darhol yovuzlik mustahkamlanib oladi.
  • Yomon niyat bilan insonni shafqatsizlikka undashsa, u esa bunga qarshi turolmasa, bu holat koʻproq shafqatsizlikni ragʻbatlantiradi.
  • …Odamlar har xil tillarda gaplashadilar. Biroq, faqat bitta tilda – yurak deb atalmish zabonda sevgi izhor qiladilar, quvonadilar, sogʻinadilar.
  • Iroda, matonat yoʻq joyda sevgi-muhabbat toʻgʻrisida gap boʻlishi mumkin emas. Gohida muhabbat menga qandaydir kompyuter qurilmasiga oʻxshab koʻrinadi. Agar koʻzga koʻrinmas birorta murvat ishdan chiqsa – bas, butun boshli murakkab buyum sariq chaqaga qimmat boʻlib qoladi.
  • Koinot miqyosida inson umri pashshaning umriday gap. Biroq insonga tafakkur ato qilingan, shu narsa uning umrini uzaytiradi. Lekin aksi ham boʻladi – keskin qisqartiradi ham.
  • Faqat milliy, xalqona taʼlim-tarbiya bilan maʼnaviyat, ichki madaniyat payvand qilinsagina odamlarni har qanday pastkashlikdan, tubanlikdan asrab qolish mumkin.

 

Husan Maqsudov tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2018/4

https://saviya.uz/ijod/nasr/zavq-bilan-yashash-kerak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x