Badoiʼ ul-vaqoiʼ

Kun va Tun qisqarib qoldi, soat millari kundan kunga tezlashib bormoqda goʻyo. Uch sahifa maqola yozish uchun bir kun kamlik qilayotir. Qadimda tosh, jez asri ibtidoiy odami voqealarni boshqargan boʻlsa, endi aksinchadir. Bu holat ular bilan rivojlangan bizning davr odamlari oʻrtasidagi farqni aniq koʻrsatadi. Hatto, eng yaroqsiz, hech narsaga arzimaydigan kichkina voqea ham bugungi davr kishisini osonlik bilan oʻz yoʻrigʻiga solib, haydab ketmoqda.

Shiddat, tezlik, keskinlik yetmaganday, hayotimizning boshqa tarafida ulkan boʻshliqlar paydo boʻlgan. U tobora, soat sayin kattalashib borayotir.

Boʻshliqlar… Dostonlar, ertaklar, ilm, til, oʻzlikdan ajralib, yiroqlashdik.  Oʻzimizga oʻzimiz begonalashdik. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida yetmish ming jildga yaqin qoʻlyozma va toshbosma kitoblar yigʻilgan. Ajdodlarimiz ming yilliklar davomida toʻplagan hayot hikmatlari,  kurash tajribalari, tiriklik mazmuniga tegishli xabarlar ularda jamlangan. Ular Millat va Kitoblar begonalashuvi guvohlaridir. Ular asriy mahbuslardir… Ular ichkarida, biz tashqarida.  Bugun bizni sarosimaga solib qoʻyayotgan Boʻshliqlar shu begonalashuv ortidan keladi.

Deylik, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” yo Mirza Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarlarini oʻqisangiz, oʻsha boʻshliqning kichrayishi, qanday torayib borayotganini koʻrish imkoniga ega boʻlasiz.  Vujudda tiriklik epkini esa boshlagani seziladi. Soʻz borayotgan qoʻlyozmalar xazinasida saqlanayotgan kitoblarning barchasi shunday epkinni boshlab keladi. Baʼzilari iforlarga toʻlib-toshgan sarin yellarni keltiradi, ayrimlarida tigʻli, koʻzni yoshlatuvchi oʻtkir hidli epkin esadi.

Mazkur sahifadan joy olayotgan bu galgi qisqagina axborot yana bir qoʻlyozma – “Badoiʼ ul-vaqoiʼ” (Nodir voqealar) asari haqidadir.

Muallifi: Zayniddin Mahmud ibn Abdujalil Vosifiy 1485 yili Hirotda, munshiy oilasida tugʻilgan. Shohrux mirzo madrasasida turk, arab, fors tillari va adabiyot, fiqh kabi fanlarni katta ishtiyoq bilan oʻrganadi. Yoshligidayoq Navoiy bilan yaxshi tanish edi, Hirot adabiy muhitida faol ishtirok etgan. U maktub, ariza, hikoya kabi nasriy ijod turlarida benazir boʻlib yetishadi. Asarlarida sajʼ usulini mohirona qoʻllaydi. Muammo sanʼatida erishgan muvaffaqiyatlarini hazrat Navoiy yuksak baholaydi.

U zoʻr iqtidori va yetuk ilmi tufayli ijtimoiy hayotda yuqori maqomlarga koʻtariladi, Husayn Boyqaro xonadoniga yaqinlashadi, kotiblik vazifasida xizmat qiladi.

XVI asr boshlarida shayboniylar hokimiyatni qoʻlga kiritadi. Siyosiy kurashlar kuchayib, Shoh Ismoil taʼqibidan panoh topish maqsadida Vosifiy Turonga ketadi. U 1512 yildan Samarqand, Buxoro, Farkat (Parkent), Toshkentda yashaydi. Keldi Muhammadxon (Sulton Muhammad) 1518 yili uni Shohruxiyaga chaqirib oladi. Vosifiy 1525 yili Toshkentga kelib, muqim yashab qoladi. Uni shayboniy hukmdorlar juda hurmat qilar va oʻz davralariga tez-tez chorlab turardi. Baroqxon nomi bilan shuhrat qozongan Navroʻz Ahmadxon (Robia bibi orqali Mirzo Ulugʻbek nabiralaridan) uni 1540 yili saroyiga chaqirib oladi va zimmasiga devon ishlarini yuritishdek masʼuliyatli vazifa yuklaydi. Vosifiy 1566 yili Toshkentda vafot etadi. Imom Qaffol Shoshiy maqbarasiga kirishda, eshikning oʻng tarafiga dafn qilinadi. Bu fayzli dargoh hozir ham ziyoratchilar bilan gavjumdir.

Asarning ahamiyati: “Badoiʼ ul-vaqoiʼ” asari XX asrga qadar juda mashhur boʻlgan. Dunyoning bir qancha kutubxonalarida uning oʻnlab nusxalari saqlanayotgani shundan darak beradi. Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasining birgina asosiy boʻlimida (fond) bu asarning 5061, 1440, 3392, 1320, 8585, 1843, 2129 kabi raqamlar va yana 15 nusxasi saqlanadi.

Bu asarda XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda kechgan tarixiy-siyosiy voqealar toʻgʻrisida qimmatli va muhim maʼlumotlar beriladi. Voqea-hodisalarning koʻpchiligida muallifning oʻzi ishtirok etgan. U 1528 yili shayboniylarning Xurosonga yurishida ham qatnashadi. Bu voqealarda Keldi Muhammadxonga hamrohlik qilgan.

Asar oʻziga xos uslubda yozilgan, qariyb barcha satr­larda muallif ishtiroki bilinib turadi. Unda Turon va Eron hududida 1532 yilga qadar mavjud boʻlgan madaniy-maʼrifiy, ilmiy, adabiy hayot, tarixiy hodisalar qiziqarli hikoya qilinadi.

Alisher Navoiy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Abdurahmon Jomiy singari ulugʻlar hayotiga oid gʻaroyib hikoyalar keltiriladi. Bu asarga oʻziga xos badiiy tus bergan. Satrlarda muallif erkinligi va albatta, mahorati aks etib turadi. Bu xususiyatlar oʻquvchiga ham koʻchib oʻtadi. Bunday oʻrinlarda “Nodir voqealar” oʻzini aniq koʻrsatadi. Asarda Ustod Hasan Udiy, Qosim Ali Qonuniy, Chaqar, Changiy kabi musiqashunoslar; Shayx Muhammad Sodiq Langariy, Hofiz Basir, Hofiz Merosiy singari xushovoz hofizlar ishtirokidagi voqealar ajoyib tarzda keltiriladi.

Vosifiy kitobida Keldi Muhammadxon, Baroqxon, Ubaydullaxon va shayboniylarning boshqa vakillari toʻgʻrisida ham qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirgan. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qarshi viloyatlarida sodir boʻlgan siyosiy voqealar, qizgʻin adabiy jarayonlar voqealari, mashhur meʼmorlar, rassomlar va xattotlarga oid hikoyalar asar mazmunini boyitadi. Bu ishlarning barchasini muallif oʻzi istagani va oʻylaganidek amalga oshirgan.

Xazinada saqlanayotgan №3344 raqamli qoʻlyozma uning oʻzbek tiliga “Nodir hikoyalar” nomi bilan tarjima qilingan nusxasidir. Qattiq muqovali, mahalliy qogʻozga nastaʼliq xatida yozilgan, 548 varaq. Ollohqulixon davrida (1825–1842) Xorazmda Dilovarxoja asarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ushbu nusxa hijriy 1245 yili rabi ul-avvalning toʻrtinchi kuni (1829 yil 3 sentyabr) koʻchirilgan, yaxshi saqlangan.

Kartotekada koʻrsatilishicha, №7431 nusxa Muhammad Amin toʻra ibn shahzoda Sayyid Ahmad tomonidan tarjima qilingan. Mazkur nusxa 210 varaq, hijriy  1336 yili (1917-1918) koʻchirilgan.

“Badoiʼ ul-vaqoiʼ” koʻplab tadqiqotchilar eʼtiborini tortgan. A.Boldirev 1961 yili Moskvada uning ikki jilddan iborat tanqidiy matnini nashr ettiradi. B.Dorn,

V.Bartold, Yakubovskiy, Bertels, S. Ayniy kabi olimlar bu asardan tadqiqotlarida foydalanishgan.

Naim Norqulov bu asarni oʻzbek tiliga tarjima qilib, 1979 yili “Nodir voqealar” nomi bilan nashr ettirgan. Hozir bu nashr nusxasi topib foydalanish ancha mushkul. “Badoiʼ ul-vaqoiʼ” asari bugun yurt madaniyati va maʼnaviyati maummosi ustida bosh qotirayotgan har bir ziyoli, uning oʻtmishiga qiziqqan barcha oʻquvchilar kutubxonasida turishi zarur boʻlgan kitobdir.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

 

“Yoshlik”, 2018/3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/badoi-ul-vaqoi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x