Ena boʻri

– Ha-a, qursogʻingni lorsillatib, tagʻin qoʻni-qoʻshnilarni shoʻrini quritib kelayapsanmi, a, Boybichaxon?! Ha-a, Boybichcha boʻmaygina oʻlgin sen! Koʻzlaring javdiramay ketgin sen!  

Bu paytda bola oʻtov eshigi tashqarisida, koʻzlari toʻla uyqu, oyogʻi bilan yerni paypaslagancha, kavushini qidirardi. Onasining andakkina zarda aralash erkalab koyinishlari adoqlab ulgurmay, avval bir, soʻng toʻnkarilib yotgan ikkinchi poyini topib, oyogʻiga ilarkan, soʻl tarafda qalashib yotgan qoyatoshlar tomon zingʻillashdan burun oʻtovning oʻng yonida, tutayotgan oʻchoq boshida oʻziga orqa oʻgirib turgan onasi Saragulga shunchaki bir nazar tashlab qoʻyarkan, shunda oʻtovdan, chamasi, oʻttiz odimcha naridan, kunchiqishdagi archazor qiyalik sari oshiqmay bir maromda yoʻrtib borayotgan, haybati oʻrtachadan ziyodroq, kulrang tusdagi gʻoyatda koʻrkam itga koʻzi tushdi. Ayni shu damda kulbet jonivor ham, kimsan sen, deganday oʻtkir koʻzlarini gʻalati choʻgʻlantirib, aynan oʻziga ayricha qarab qoʻyganini bola sezgan esa-da, oʻlgudek zahartang qilib turgan emasmi, itning bu gʻalati boqishiga ortiqcha eʼtibor berib oʻtirmadi, nega deganda, tezgina qoyatoshlar panasiga oʻtib, soʻng qayta issiq koʻrpa ogʻushiga shoʻngʻish ilinjida edi-da u. Biroq, shunga qaramay, dumi va quloqlariga tigʻ tegmagan jonivor baribir diqqatini tortmay qolmadi, chunki oʻzi bilgan va koʻrgan ovul itlari orasida haligacha bu xildagisini uchratmagan, qara-ya, agar dumi va quloqlari kesilmasa, it degani juda koʻrkam boʻlarkan-a, degan xayolda qoyatoshlar tomon zipilladi.  

Bola tonggi epkindan eti junjikib, oʻtov yoniga qaytganda, boya koʻrgan kulrang it allaqachon qiyalikdagi archazorda koʻzdan gʻoyib boʻlgan, onasi esa oʻchoq qoshida choʻkkalab, tutayotgan oʻtni qoʻzgʻash va puflash bilan ovora edi. Biroq notanish jonivorning kamdan-kam itlarga xos salobat-la yoʻrtishi hamda kelishimli jussasi bolaning shuurida muhrlanib qolgan emasmi, uni qayta koʻrmoq umidida, issiq oʻrinni bir zumga unutib, onasidan soʻradi.

– Boyagi it qani, ena?

– Qanaqa it? – Saragul uning barvaqt turganidan ajabsinganday yelkasi osha bir qarab qoʻyarkan, soʻng oʻchoqqa yuzlanib, oʻgʻil bola boʻla turib, boʻrini itdan ajrata bilmadingmi, nodon, degan ohangda dedi: – Qanaqa it… jondor-ku u!

Bola tabiatan ancha-muncha jurʼatli esa-da, bu gapdan qovugʻi boʻshashib, ishtonini hoʻllab qoʻ­yishga bir bahya qoldi. Uyqusi batamom oʻchib, dam onasi, dam archazorga lolu hayron boqarkan, soʻng birov bexos ensasiga turtkanday, birdan hushyor tortdi. Koʻzlarini alang-jalang qilganicha, odatda, har tun oʻtovning kunbotish tarafidagi qoʻtonda suruvni tevaraklab yotadigan oʻz  itlarini qidirdi. Ammo uch birday itdan birortasi yoʻq – tong saharda otasi Chori choʻpon tomonidan qoʻzgʻatilgan qoʻy-qoʻzilar ortidan allaqachon yaylovga chiqib ketishgandi. Bolani taajjubga solgan yana bir hol – salgina burun bu yerdan nomining oʻziyoq har qanday yurakka adadsiz vahima solgʻuvchi yovuz bir maxluq yoʻrtib oʻtmaganidek, quyida, qutondan naridagi keng soylik sahnida qantariqli toʻriq otdan tashqari, besh-olti qoramol bemalol  oʻtlab yurar, girdi choʻp va ogʻoch bilan oʻralgan beridagi choqqina qoʻrada esa dardmandligi tufayli suruvdan qolgan uch-toʻrt ushoq jonivor hamda ikki buzoqcha tinchgina kavsh qaytarib yotar, qisqasi, atrof tinch va osoyishta edi. 

Bolaning nazari qachonki qoʻtonni supurib-sidirib yurgan opasi – Barnoga tushgach, hayrati ming chandon ortdi, nechun chumchuq pir etsa, yuragi shigʻ etadigan opasi jondordan hayiqmadi?

Yo onasi hazillashdimikan?

Yoʻq, onasi hazil-huzul qiladigan ayollardan emas.

Boz ustiga, togʻlar orasidagi bu ovloq makonda begona itga pishirib qoʻyibdimi? Bundan chiqdi, koʻrgani chindan-da jondor ekan-da!

Bola, koʻngli toʻla hadik, oʻtovga kirdi.

Qalin koʻrpani engagigacha tortib, qayta uxlashga urinib koʻrdi.

Biroq endi uyqu qayda.

Bola qavatida pishillab uxlab yotgan ukasini turtkilab uygʻotgisi va hozirgina koʻrganlarini oqizmay-tomizmay, boricha soʻzlab bergisi keldi. Ammo uygʻotgani bilan inisi kuchukvachchaday gʻingshib, gʻashiga tegishdan boshqasiga yaramasligini oʻylab, bu fikridan qaytdi. Yotgan joyidan oʻtov uvuqlariga, shiftdagi enli-ensiz qizgʻish tuzmalarga, tepadagi yarim ochiq changʻoroqqa, keragalarga osilgan turli roʻzgʻor buyumlariga birma-bir koʻz tashlab chiqarkan, nigohi taroqi xurjun yonida iligʻli turgan qoʻshogʻiz miltiqqa tushgach, hadigi arib, yarogʻi bor odam ham jondordan hayiqadimi, deya xotirjam tortdi.

Ammo koʻrganlarini kimgadir juda-juda aytgisi keldi.

Biroq kimga?

Bu yerda na bir joʻrasi, na biror yaqin sirdoshi bor uning.

Qani endi, shu tobda jini sevmas bu yaylovda emas, jonajon ovulida boʻlib qolsa-yu, koʻrganlarini avvaliga Oynagul momosiga, soʻng andakkina oshirib-toshirib, xamirdayin koʻpchitib, joʻralariga soʻzlab bersa, hayratdan ularning anqayishlarini koʻrib, rosa huzur qilsa. Aytgancha, oʻzini jasur, shunchaki jasur emas, oʻta darajada jasur koʻrsatish uchun, koʻp emas, jindek yolgʻon ishlatsa, yomon boʻlmaydi. Deylik, jondor bir odim, yoʻq-yoʻq, bunga oʻlaqolsa ishonishmaydi, bor-yoʻgʻi olti-yetti odim naridan menga bir qarab qoʻydi-da, qalaysan, deganday dumini bir-ikki toʻlgʻab oʻtib ketdi desa, bas – umrida jondorning oʻzi tugul, uning soyasini-da koʻrmagan joʻralariga shu gapning oʻzi yetib ortadi.  

Bola, xayoli jondorda esa-da, oʻzini joʻralari orasida his etib, yuragi bir qalqib tushdi, soʻng shimoliy dovon orti kengligidagi qadrdon ovulini koʻz oldiga keltirib, beixtiyor chuqur xoʻrsinib qoʻyarkan, har yili erta koʻklamdan kuz oʻrtasiga qadar ota-onasi qoʻnim topadigan bu yashil yaylov oʻzi uchun gʻoyatda begona, gʻoyatda zerikarli maskan ekanini, magar inon-ixtiyori oʻzida boʻlganida bormi, odam topmas bu ovloq makonda bir daqiqaga ham qolmay, butun yozni jonajon ovulida, doʻstlari bilan girdi daraxtzor taqir maydonda ertadan kechgacha koptok tepib oʻtkazishni miyasidan birma-bir oʻtkazar ekan,  Rayimqul bobosidan juda-juda xafa boʻlib ketdi. Boisi, mana ikkinchi yildirki, yozgi taʼtilni kutmayoq bobosi uni oʻzining chavkar otiga mingashtirib, togʻlar orasidagi ushbu yashil yaylovga – Suvliqsoy vodiysiga tashlab ketadi, tovlarga mehring iysin, deb.

Biroq togʻu toshlarga bolaning mehri iymaydi.

Bu manzilda toriqishdan boʻlagini tuymaydi.

Birinchi kundanoq rangi siniqib, koʻzlari maʼyus tortib, ovul chetidagi toʻp suradigan oʻsha taqir yalanglikni, ayni tush mahal choʻmiladigan tiniq soyini, tergashlari erkalashga, xipchinlashlari silab-siypalashga oʻxshab ketadigan oʻta koʻngilchan Oynagul momosini, ularga devor-darmiyon qoʻshni boʻlmish mehribon va choʻrtkesar Shahlo ammasini hamda oʻtgan yili koʻklam adogʻida tuman markazida yashovchi Qobilbek amakisi hadya qilgan serqiliq jimitdek iti – Qoʻngʻiroqni sogʻinadi. Bola koʻppaklarni unchalik jini sevmaydi, ammo Qoʻngʻiroqni butunlay boʻlakcha qadrlaydi, chunki u juda tiyrak va ziyrak jonivor – oʻynatsang oʻynaydi, erkalatsang erkalanadi, soʻzlasang anglaydi, koyinar boʻlsang aqlli koʻzlarini javdiratib, kechir meni, deganday boshini egadi. Mabodo, biror yoqqa ketar ersang, darvoza tirqishidan tashga moʻralab, uyga qaytishingni ilhaq kutadi.

Bola shularni oʻylarkan, sogʻinchdan koʻngli oʻrtanib, bir xayoli, shartda oʻrnidan turib, shu ondayoq ovuliga joʻnab qolgisi keldi. Biroq biror-bir jiddiy sababi boʻlmasa, bu harakatidan foyda yoʻq – bobosi tagʻin otda olib kelib tashlaydi. Bolani xunob qiladigan yana bir hol – u qanchalik ovulga intilsa, buning aksi oʻlaroq, joʻralari shunchalik unga havas qilishadi, nuqul, maza-maza, senga maza, deyishadi. Bola tevarakdagi viqorli togʻlarga, yashil yaylov kengliklariga mahzun-mahzun boqarkan, nimasi maza, deya doimo hayron boʻladi. 

Bundan ham nochori – otasi qavatida boʻlish: bunday kezlarda na togʻlar choʻngligini, na yashil archalar tarovatini, na yengil epkin allalayotgan turfa chechaklar chiroyini, na oʻynoqi jilgʻalar sasini tuyadi, goʻyo choʻponlik taqdiri azaldek, lanj va tushkun bir kayfiyatda suruv ortidan sudralib yurarkan, zoʻr berib, oʻzicha jonajon ovuliga qaytmoqning ming bitta rejasini tuzadi.  Hadeb reja tuzaverishdan charchagach esa xurjun tubida oʻzi bilan olib kelgan ola-bula charm koptogini qoʻmsab, yaylovning olis puchmogʻida, oftobda oqargan doʻppidek, doʻmpayib turgan oʻtov tomon koʻz tashlab, oʻzicha ich-ichidan oʻksinib-oʻksinib qoʻyadi. Chori choʻpon qanchalik sabr-toqatli odam boʻlmasin, uning tumshayib yurishi oxiri joniga tegib, sen bola yurakni toza qon qip yubording-ku, deya uni oʻtovga haydab soladi. Biroq u oʻtovga qaytib ham halovat topmaydi.

Bu endi oʻtgan yilgi gaplar.

Bu dafʼa oʻzini oldinda ne bir zerikarli kunlar kutayotganini avvaldan bilgani bois, kechadan buyon chiroyi ochilay demasdi. Biroq tongda yuz bergan bu voqea unga favqulodda qattiq taʼsir etib, vaqtinchaga boʻlsa-da, dilidagi bu noxush kayfiyatni kunpayakun qilib tashlagandi. Axir boʻridek oʻta dahshatli bir maxluqning shundoqqina oʻtovlari yonidan emin-erkin oʻtib ketishi hech aqlga sigʻmaydigan hodisa edi-da. Buning ustiga, uzundan-uzun qish kechalari kattalardan jondor zotining yovuz qilmishlari haqida ne bir gurunglarni eshitmagan u. Bu yerda esa jondor degani naq tumshugʻi tagida oʻralashib yuribdi! Bunisi kamdek, onasi uni koyib va erkalab oʻtiribdi!

Yo jondor degani yolgʻonmikan? 

Bola ortiq choʻzilib yotolmadi.

Oʻrnidan ilkis qoʻzgʻolib, apil-tapil kiyindi.

Tashqarilashdan avval, dastlabki ishi – mili quyiga qarata osilgan miltiqni silab-siypalash boʻldi. Keyin bunga ham qanoat etmay, uni qoʻliga olib koʻrdi. Agar ixtiyori oʻzida boʻlganida bormi, katta yigitlardek, uni yelkasiga ilib chiqardi-yu, lekin bu qiligʻi onasiga yoqmasligini bilgani bois, bu shashtidan qaytdi.

U asta tashqariladi.

Bunday qarasaki, qozon toʻla sutni shopirayotgan onasining nechundir zardasi qaynabroq turibdi. Bola koʻproq momosi quchogʻida oʻsganligi uchun azaldan onasiga baqamti kelavermasdi. Hozir ham uning koʻziga koʻringisi kelmay, oʻtovning soʻl qanotidan sekin aylanib oʻtdi-da, oʻtov hamda qoʻton oraligʻidagi kaftdek yalanglikda qurilgan oʻrmak belidan hatlab, qoʻtonni tugatib, endigina qoʻrani supurmoqqa kirishgan opasi qoshiga bordi va past ovozda soʻradi.

– Opa, boyagi… chindan-da jondormidi?

– Nima, gumoning bormi? – dedi Barno yumushdan bosh koʻtarmay.

– Men uni… itga oʻxshatdim-da…

– Mayli, unda it boʻlaqosin.

– Opa, siz bilan hazillashayotganim yoʻq!

– Sen bilan hazillashishga mening ham vaqtim yoʻq.

– Opa, koʻp qonimni qaynatmang!

Bu gapdan soʻng qaddini tiklagan qiz koʻklam quyoshidan qoraya boshlagan kulcha yuzini tabassumga toʻldirib, voy-boʻy, hali sen menga jahl qiladigan boʻp qoldingmi, deya uning ustidan kulmoq istadi. Biroq qoshida koʻzlarini oʻqdek qadab turgan bolaning gezargan afti bunga monelik qildi. Qiz uning bu qadar jiddiyligini endi koʻrayotgandek, picha qarab turdi-da, soʻng xiyol terslanib dedi: 

– Hay-y, jondor ham deylik, xoʻsh?

– Nima, xoʻsh? – bu safar bolaning koʻzlari bejo olovlandi. – Agar u chindanam jondor boʻlsa, bu yerdan izini quritmoq kerak!

– Qanday qilib?

– Qoq manglayidan otib! – dedi bola oʻtovdagi yaroqni nazarda tutib. 

– Oson ekan-da…

– Nimasi qiyin?

– Qoʻlingga hech miltiq tutganmisan oʻzi?

– Mana endi, tutamiz-da!

– Tutmaganing maʼqul. 

– Nechun?

– Nechunligini, ana, enamdan, shomda otamdan soʻraysan…

– Oʻzingiz aytsangiz puchuq boʻlib qolasizmi? 

–  Ha, puchuq boʻlib qolaman.     

– Opa, achuvimni qoʻzitmang! – bola ovozini bir parda koʻtardi.

– Qoʻzitsam, nima qilarding?

Bola bu yogʻini oʻylamagan ekan, ne deyarini bilmay, bir muddat turib qoldi. Keyin ogʻirligini u oyogʻidan bu oyogʻiga tashlab, oʻng mushtini ogʻziga tutgancha, avval tomoq qirib, soʻng ketma-ket yoʻtalgan boʻldi. Barno, kuching doʻq qilishga yetdimi, xolos, deganday kinoyamuz jilmaydi. Bu bolaga ogʻir botdi. U urmoq uchun tosh qidirganday, beixtiyor, yon-veriga alanglarkan, shunda koʻzi naridagi oʻrmakka tushib, zugʻumli ohangda dedi:

– Nima qilardim, anovu oʻrmak iplarini bitta qoldirmay, kesib tashlayman!..

Bu – bolaning qoʻlidan kelishi tayin edi.

Bundan qiz hushyor tortdi.

– Enam teringni shiliydi soʻgʻin, – deya boshi bilan oʻchoq tomonga imo qildi. –  Qara, shusiz ham achuvi qoʻzib turibdi.

– Nechun?

– Qora tovuqni tulki ilib ketibdi… 

Bola toshlardan naridan-beri tiklangan katakka, goʻng titkilab yurgan tovuqlarga boqarkan, ajabsinib dedi:

– Itlarning koʻzi qayoqda edi?

–  Tulki suruv qoʻzgʻalgandan soʻgʻin katakka bosh suqqanga oʻxshaydi.

– Katak ogʻzini mahkam bekitib qoʻyish kerak edi, – dedi bola qora tovuqqa ichi achib.

– Shuni unutibman-da, men oʻlgir…

– Endi enam etingizni nimtalasa kerak-ov.

– Yoʻq, bir tovuq uchun etimni nimtalamaydi.

– Unda nechun achuvlanayapti?

– Mendan emas, tulkining qiligʻidan achuvlanayapti.

– Yomon tulki ekan lekin…

– Ha, yomon ekan…

Katakka bosh suqmoqqa haddi yetgan tulkiga nisbatan gʻazabi joʻshgan bola bir damga jondorni unutdi. Tovuq oʻgʻrisini qidirib, avval atrofiga,  soʻng vodiy tegrasidagi mahobatli togʻlarga – shimoliy va janubiy dovonga, boya yirtqich izsiz gʻoyib boʻlgan archazor qiyalik va uning tepasidagi qoyaga, hali toʻla bosh koʻtarib ulgurmagan tonggi quyosh nuridan manglayi yorishgan magʻribdagi choʻng qoyalarga, keng oʻtloqning olis puchmogʻida nuqtadek qorayib turgan otasi suruviga bir-bir koʻz tashlab chiqarkan, pirovardida, tevarakka chalgʻib, tulkini esdan chiqardi.  

Borliq gʻoyatda tarovatli edi.

Borliq gʻoyatda fusunkor edi.

Borliq teran sukunat ogʻushida edi.

Bola buning barini koʻradi, ammo zarracha his etmaydi.

Qaytaga sukunat yuragiga misli toshday ogʻir botadi.

Bundan qalbi behad oʻrtanadi – nahotki kuzgacha shu sukunat ogʻushida qolib ketsa?

Bunaqada siqilib, adoyi tamom boʻladi-ku!

Bola shu oʻyda shimoliy dovonga gʻamnok boqadi: voajab, tunov kungina  mana shu togʻ ortida joʻralari bilan maza qilib toʻp tepib yurgan edi-ya. Kecha ertalab esa toʻsatdan bobosi: “Ov-v, senam kap-katta yigit boʻp qolding, borib, yaylovga el, otangga bel boʻsang-chi, qachongacha orqa etagi tugilgan boladay, momong quchogʻidan chiqmay yurasan”, deya otda uni yaylovga tashlab ketdi. Bola, oʻtgan yilgidek, bu gal ham oʻzining sevimli ovunchogʻi – koptogini unutmadi, oʻzi bilan olib keldi. Ana, turibdi oʻtov biqinida, tashlandiq bir buyumdek. Darvoqe, bu yerda uni kim bilan oʻynaydi? Anovu yigʻloqi ukasi yoxud tongdan shomga qadar oʻrmakdan bosh koʻtarmaydigan manovu bodomqovoq, sertabassum opasi bilanmi? Yoʻq, toʻp surishda ikkisi ham raqiblikka yaramaydi – bolaga esa xuddi oʻzidek chapdast sherik kerak. Bu kamdek, onasi nechundir koptogini jinidan battar yomon koʻradi, kecha uni xurjundan olayotganida, ensasi qotib, bejo qarab qoʻygan.

Bir payt oʻng tomonida “doʻp-doʻp” etgan elasgina shovurni eshitib, bola ilkis yoniga oʻgirildi va oʻtov qavatida gʻimirlab yurgan onasi tomondan atay tepib yuborilgan toʻpni, dik-dik sakragan koʻyi, quyidagi soylik sari dumalab borayotganini koʻrdi.

Ayol oʻtish-qaytishiga xalaqit bergani uchun emas, bu laʼnati koptokka nisbatan oʻgʻlining mehri haddan ziyodaligi tufayli, bolani undan qizgʻanib  tepgandi. Bir xayoli, uni yonib turgan oʻchoqqa tiqmoqchi boʻldi-yu, biroq oʻtgan yili ayni shu qiligʻi bolaning yaylovni tark etishi bilan yakun topgani bois, bu gal onalik hissiyotiga ortiq darajada erk bermay, koptokni tepish bilan cheklanib qoʻya qolgandi. Koptokni yoqar boʻlsa, bola yoʻq dardni oʻziga chorlab boʻlsa-da, bu yerdan qorasini oʻchiradi. Ayol esa bolaning togʻu toshlarga singib-singishib ketishini, oʻgʻil boladay boʻlib, ular bagʻrida emin-erkin tentishini, kerak damda otasi suruvini bemalol eplab-seplashini istardi. Aksiga olib, oʻgʻli bu yerda oʻzini xuddi begonadek tutardi. Ayol – oʻzi uchun gʻoyatda aziz boʻlmish bu yashil olamning oʻgʻliga ola-bula toʻpchalik qadri yoʻqligidan alamda edi. Shuning uchun toʻp izidan chopib borayotgan bolaning ortidan qarab qolarkan, koptok degan baloni oʻylab topganlarni yanib, ular goʻriga ayamay gʻisht qalay ketdi.  

Bola soylik tubidagi tikanaklar orasida koptogini quvib yetarkan, alami toshgandan-toshib, bu kech oʻzini atay kasalga solib boʻlsa-da, yaylovdan ketmoqni mahkam diliga tugdi.

Nega endi hozir emas, kechda?

Boisi hozir oʻzini kasalga solar boʻlsa, onasi, nima balo, biror yomon narsa yeb qoʻydingmi, deya qatiq ichiradi, chalop ichiradi, ogʻziga oʻqlovdek qattiq barmogʻini tiqib, qayt qilishga majbur etadi. Otasi esa bunga sira izn bermaydi: “Kasal qoʻyga choʻpon, bemor bolaga esa doʻxtir qarash kerak”, deya ortiqcha shovqinsiz, zudlik ila otiga mingashtirib, uni ovul feldsheri boʻlmish Shahlo ammasining huzuriga olib boradi. Bola koʻzlarini yoshlab, yolgʻondakam inqillab-sinqillab, togʻda nechundir boshim gir-gir aylanib, nuqul koʻnglim ayniyveradi, deyar boʻlsa, bas – har kasal koʻrganida, negadir doimo darrov jiddiy tortadigan ammasi, hammasi tushunarli, senga togʻ havosi yoqmas ekan, deya bolani momosi quchogʻida qoldiradi. Ertasi tongdan esa uni daraklab joʻralari kelishadi, avval maydonda obdon toʻp surishib, soʻng chugʻurlashgancha soyga enishadi va shu bilan deyarli kechga qadar hovli yuzini koʻrmaydi.

Oynagul momosi mehribon – salga qoʻliga xivich olavermaydi.

Rayimqul bobosiga kelsak, Shahlo ammasi tagʻin jiddiy tortib, bir talay tushuniksiz tibbiy iboralarni tilga olib, bolaning sogʻligʻi xususida picha “maʼruza” oʻqisa, tamom – qaytib, “yaylovga bor” demaydi.

Eng muhimi, suyukli koptogi bu yerdagi kabi xor boʻlmaydi.

 

* * *

Oqshom – suruv qaytgandan soʻng, bola ertalabdan tuzib qoʻygan rejasini endigina amalga oshirmoqchi ham ediki, qoʻshni otarlik Jovli choʻponning kutilmagan tashrifi bu ishning beliga tepdi. Qoʻnoq oldida inqillab yotishdan istihola qilgan bolaning uning ketishini kutishdan boʻlak chorasi qolmadi. Aksiga olib, Jovli choʻpon sira oshiqay demas, har ikki gapining birida “amaki”lab, qoshida oʻtirgan Chori choʻponga oʻz dardini bayon etayotgandek esa-da, aslida butun eʼtibori Barnoda edi. Koʻz qirida ichkariga kirib-chiqib turgan qizga, kishi bilmas, zimdan qarab qoʻyardi. Chamasi, qiz ham yigitga beparvo emas shekilli, boshida yangi qirmizi durra, har oʻtovga bosh suqqanida, yanoqlari alvonlanib, koʻzlari gʻalati chaqnardi.

Buni tuyqusdan payqab qolgan bola avvaliga ajabsindi, soʻng opasini qoʻnoq yigitdan qizgʻanib, oʻz rejasini unutgancha, odob bilan gurung berayotgan Jovli choʻponning barcha pinhona qiliqlarini  qanshari ostidan  kuzatishga tushdi. Koʻp oʻtmay, gumoni chinligi ayonlashgach, qoʻnoq yigitni jinidan battar yomon koʻrib qoldi: qani endi, bu yaramas toʻp surayotganida oʻziga roʻbaroʻ kelib qolsa-yu, boplab chalib yiqitsa! Bola shu otashli oʻyda, oʻziga qarshi maydonga tushgan raqibining kuch-qudratini chamalayotgan polvonday Jovli choʻponga boshdan-oyoq qayta koʻz tashlarkan, tezda bu xayoli puchligini angladi. Bir qarashda qoʻnoq yigit boʻshtobroq koʻringani bilan jussasi pishiq va chayir edi. Odatda, bunaqalarni toʻp oʻyini paytida ming chalib yiqitsang-da, xuddi hech narsa boʻlmaganday, bir-ikki dumalab, sakrab oʻrnidan turib ketaveradi.

Bundan bolaning battar alami qoʻzidi. U chekkasini qashlay-qashlay, bu yaramasni nima qilsam ekan, deya lablarini mahkam qimtigancha, oʻtov ichiga koʻz yugurtirarkan, nigohi keragada osigʻli turgan yaroqqa tushgach, beixtiyor, quyidagi tasavvurga erk berdi: u jiyron otda kunbotishdan, choʻng qoyalar ortidagi vodiydan itday sumanglab kelib qolgan qoʻnoq yigitni yaylovning biror puchmogʻida qoʻlga tushiradi-da, unga miltiq oʻqtalib, qani, otdan tush, qoʻlingni koʻtar, deydi. Raqibi oʻziga nisbatan harchand kuchli boʻlmasin, yarogʻ oldida musichaday ojiz qolib, sirgʻalib otdan tushadi-da, hatto soʻz ayt­moqqa haddi yetmay, darrov har ikkala qoʻlini baland koʻtaradi. Bola esa hayallamay navbatdagi buyruqni beradi: “Qani, oldimga tush!” Bola shu sozda Jovli choʻponni oʻrtadagi Kemtikqoya po­yiga qadar haydab boradi-da, soʻngra momosining birda qoʻshni shoʻx yigitga qarata aytgan soʻzini tilga olib,  deydi: “Uv-v, suyuqkoʻz! Gapning erkagi shu – bundan soʻgʻin bu tomonda ortiq qorangni koʻrmay! Agar tagʻin kelar boʻlsang, bilib qoʻy, naq manglayingdan otaman!” Qoʻnoq yigit undan osongina qutulganiga ming bora shukrlar aytib, Kemtikqoya soʻl biqinidagi quyuq toʻqayzor oralab ketgan tor soʻqmoqqa oʻzini urgancha, qochadi. Bola esa uning ketidan osmonga qarata, bir-ikki oʻq uzgan boʻladi.

Axir kinolarda shunday qilishadi-ku.

Bola bu huzurbaxsh qasosli oʻylar girdobida oʻzicha tebranib oʻtirar ekan, dafʼatan qulogʻiga chalina boshlagan qattiq-quruq gap-soʻzlardan xayoli boʻlinib, hushyor tortdi.            

– Hay-y, maqsading uning boshiga yetishmi, a?

– Axir bizga kun bermay qoʻydi-da, amaki.

– Agar unga ziyon yetkazar boʻlsang, soʻng qoʻshni jondorlar bizga kun bermay qoʻyishi mumkin-ku. Shuni bilasanmi sen?

– Ularniyam bitta qoʻymay qirib tashlaymiz.

– Sen bola, yomon qirgʻich chiqib qolding-ku, a! 

– Kecha tundayam… 

– Uv-v, menga qara! – Chori choʻpon, bosiq feʼliga xilof ravishda, ovozini yanada koʻtaradi.

– Agar bilsang, choʻponning molida jondorniyam haqqi bor, ulushi bor. Bir-ikkita molingga jondor qotingani bilan qurib, kambagʻal boʻp qomaysan-ku axir!

– Toʻgʻri-kuya… – Jovli choʻpon bosh egib, iyak silab, avval koʻrsatkich, soʻng bosh barmogʻi bilan burun qashlab, xoʻrsingan boʻladi. – Baribir odamga alam qiladi-da, amakijon.

– Hay-y, otang rahmatli yaqin joʻram edi…

– Chori choʻpon yomondan-yomon toʻnglanib, yonidagi baxmal loʻla bolishdan birini tizzasiga olib, unga oʻmrov tirarkan, har bir soʻzini salmoqlab-salmoqlab, etni junjikturivchi bir ohangda deydi: – Jondorni deb, endi uli bilan yovlashar ekanmiz-da!

– E, e, unday demang, amakijon, undaylar demang! – Jovli choʻpon chotidan ari chaqqanday, bir sapchib tusharkan, ayni shu damda toʻgarak oqish patnisda non va shirinliklar koʻtarib kirgan Barnoga yer ostidan koʻz tashlab qoʻyishni unutmagan holda, deydi: – Sizdek otaqadrdon bilan yovlashmoqdan Xudoning oʻzi asrasin! Siz bizga… otadek yaqinsiz, amakijon!.. 

Bu gap-soʻzlardan bolaning dastlab anglab yetgani shu boʻldiki, bugun tongda oʻtov yonidan, onasi aytganidek, qursogʻini lorsillatib oʻtgan jondor tunda qoʻnoq yigitning ikki oylik buzogʻini boʻgʻizlab ketibdi. Bir ozdan soʻng bola yana qiziq holdan ogoh boʻldiki, dam-badam qoʻshni otarlarga oralab  turadigan oʻsha yirtqich otasi moliga aslo qotinmas ekan. Tabiiy, bu – bola uchun hech kutilmagan sinoat edi. Pirovardida, uning aqli shoshib, hayrati oshib, qoʻnoq yigitga nisbatan boʻlgan oʻtli adovatini butkul esidan chiqardi.

Qiziq, nechun bu jondor otasining moliga qotinmaydi?

Bola qiz va yigit oʻrtasida pinhon kechayotgan sirli “muloqot”ga ortiq  ahamiyat bermay, tobora qizgʻin va qiziq tus olayotgan gurungni tinglashda davom etdi. 

– Otang rahmatli Surboʻri galasini quritib, koʻp xato ish qilgandi-da lekin…

– Aytmang… – Jovli choʻpon chuqur soʻlish oladi. – Ammo otamning emas, Haydar amakimning ishi bu…

–Bilmadim, ammo-lekin moliga qotinmay, chet-chaqadan uloqqan jondorlarniyam qotintirmay kelardi…

– Shunday-shunday…

– Lekin mening shoʻrimni quritardi…

– Shundaymi?

–  Shunday.

– Endi sizning Boybichangiz bizning shoʻrimizni quritayapti…

– A, endi chidaysan-da…

– Shu-u deyman, amaki, – Jovli choʻpon muhim gapni aytmoqchiday tomoq qiradi, – bu jondorga boshqacha bir nom topsangiz boʻmaydimi, a? Boybicha… quloqqa qandaydir gʻalatiroq eshitiladi-da…

– Bu nomni yangang topgan, – Chori choʻpon kuladi. – Menga qolsa, uni “Kulbet” deb atardim.

– Bu… “aka”dan koʻra, qanjigʻi… Boybicha peshkirroqmi deyman?

Uzun qish kechalari boʻrilar xususida gurung ketganda, ayrim yoshi ulugʻ kishilar “jondor” oʻrniga, nechundir andak hurmat, andak ehtirom bilan, “aka” soʻzini qoʻllashlariga koʻp bora guvoh boʻlgan emasmi, endi gap qandaydir arlon boʻri tomon nishoblanganini bola zumda fahmlaydi.     

– I-i, “aka” boʻmay oʻlsin u! – Chori choʻponning zardasi qaynab, soʻkingan kishi boʻladi. – Haliyam yoshligi bormi, yo boʻgan boʻldigʻi shumi, qanjigʻiga qarashmaydi. Bolalarining bor gʻam-tashvishi yolgʻiz Boybichaning yelkasida…

– Bolalarini deb hech bir balodan tap tortmaydi deng?

– Shunday.  

–  Avval yoʻgʻidi bu…

– Ha, oʻtgan koʻklamda paydo boʻldi.

– Surboʻri tirik boʻlganida, oʻlaqolsa bularni doritmasdi…  

– Ha, aslo doritmasdi.

– Endi qadri oʻtayapti…

– Qadri oʻtayaptimi? – Chori choʻpon istehzoli kulimsiraydi.

– Ha, juda oʻtayapti.

– Sigir etini zaharlab yoʻliga tashlagan, benzin sepib, uyasiga oʻt qoʻygan kim? – deydi Chori choʻpon chaqib oluvchi ohangda. – Oʻzlaring-ku! Yana nimadan xafa boʻlasilar?

– Aytdim-ku, bari amakimning ishi deb. 

– Him-m, qilarini qip, yaylovni bulgʻab-sulgʻab, soʻgʻin oʻzi qochib qoldi de? 

–  Ha, chorva bizga toʻgʻri kemas ekan deb, qayta choʻlga joʻnavordi.

– Tuturiqsiz odam edi…

– Gapirmang…

– Boybichaga kelsak…

– Shundan gapiring.

Bu gurung ovuldagi kechki suhbatlardan tubdan farq qilardi. Bunda gap boʻrilarning qonli qilmishlari haqida emas, ularning oʻziga xos gʻaroyib tabiati, feʼl-atvori xususida borardi. Suhbat asnosida bola quyidagi  gapdan yanada toʻla voqif boʻldiki, ayrim jondorlar, ming bora och qolsa-da, oʻzlariga tegishli hududdagi chorvaga qotinmaganidek, uni oʻzga boʻrilardan tik turib himoya qilarkan. Agar tongdagi voqeaga guvoh boʻlmaganida, bola bu gap-soʻzlarga ikki dunyoda ham inonmasdi. Ammo oʻz koʻzi bilan koʻrdiki, onasi koyib erkalagan Boybicha otligʻ jondor na soylik tubidagi mollarga, na qantarigʻli toʻriqqa, na qoʻradagi ushoq jonivorlarga, na qoʻtonni supurib  yurgan Barnoga qiya boqdi. Qoʻshnilardan birining sinashta, yuvosh itiday, shundoq yonlaridan oʻtdi-ketdi. Qoʻshni otarlardan ulush olib turadigan bu jonivor yolgʻiz emas, oʻziga nisbatan ancha yosh, oʻyinqaroq arloni hamda togʻning kunchiqishidagi oʻngirlarda bir talay bolalari bor ekan. Mabodo, Jovli choʻpon unga zarracha ozor yetkazar boʻlsa, otasi qoʻnoq yigitni u dunyo-bu dunyo kechirmas ekan. 

Kattalar gurungini jon qulogʻi bilan ting­layotgan bolaga “Boybicha” soʻzi yoqmay, bora-bora gʻashiga tega boshladi. Nazdida, bu nom kelbati gʻoyatda kelishimli jonivorga sira mos tushmagan, uni xiralatib turgandek edi. Shu bois, bu jondorni boʻlakcha nomlash kerak, degan fikrga keldi. Biroq har qancha bosh qotirmasin, miyasiga durustroq biror nom kelmagach, qoshlari tugun tortib, oʻyga choʻmdi. Ana shu payt toʻsatdan Jovli choʻpon zabonidan yoqimli bir tashbeh yuzaga qalqidi-yu, bu ibora bolaga juda yoqib tushdi. U iborani ichida bir necha marta takror etarkan, bu suhbatning bosh va asosiy mavzusi boʻlmish Boybicha uning tasavvurida butunlay oʻzgacha mahobat kasb etganday tuyuldi. Bola endi jondorni shu nom bilan atashga jazm qildi.

Ena boʻri!!!

Bolaning tasavvur etgani shu boʻldi: – Boybicha – tili zahardan achchiq qoʻshni qiz kabi koʻrimsiz.

“Ena boʻri” esa juda ulugʻvor edi!

Boybicha – kechayoq xalijoyga aylantirib olgan oʻtov yonidagi qoyatoshlar  majmuasi kabi gʻarib.

“Ena boʻri” esa – har tong quyoshning iliq nurlarini keng manglayi ila qarshilaydigan magʻribdagi yuksak qoyalar yangligʻ choʻng va mahobatli edi.  

Biroq qizgʻin suhbat tagʻin ini tevaragida loʻmbillab oʻynab yurgan boʻri bolalari tomonga qiyalagach, sekin-astalik bilan shoʻxchan boʻrivachchalar bolaning butun oʻy-xayolini zabt etib, sira kutilmaganda yuragida quyidagi ishtiyoq alangasini oʻt olmogʻiga sabab boʻldi: “Qani endi, boʻri bolalaridan birini qoʻlga kiritsam! Uni asrab, oʻzimga oʻrgatib olsam! O-o, shunda joʻralarimning bari havas va hasaddan xom tarvuzday dumalab-dumalab qolishardi-da oʻziyam! Ayniqsa, toʻp oʻynayotgan paytimda uni maydon chekkasidagi maymoq tutga bogʻlab qoʻysam, oʻyindan soʻgʻin uni koʻcha-kuydan yetaklab oʻtsam… oʻh-oʻh, tozagina zoʻr ish boʻlardi-da oʻziyam!”

Bu oʻydan soʻng bolaning tasavvurida shu manzara jonlandi: ana, oʻsha boʻrivachcha hovli yuzida suyukli iti Qoʻngʻiroq bilan oʻynashib va quvlashib yuribdi. U eshikda koʻrinishi bilan Qoʻngʻiroq, odatdagidek, unga talpinadi, atrofida chir aylanib, irgʻishlaydi. Buni koʻrgan boʻrivachcha ham erkalikda  undan qolishmaslikka tirishadi va oqibat, bolani qizgʻanishib, ikkisi bir-biri bilan yumdalashib ketadi. Bola, hay-hay, degancha birini oʻng tizzasiga, ikkinchisi soʻl tizzasiga olib, obdon silab-siypalaydi va erkalaydi. Buning natijasi oʻlaroq, boʻrivachcha ham, xuddi Qoʻngʻiroqday, yot desa – yotadigan, tur desa – turadigan jonivorga aylanadi.

Bola shularni xayolidan oʻtkazar ekan, hayajondan yuragi qinidan chiqar darajada hapriqib, bu niyatini kimgadir juda-juda oshkor etgisi keldi. Biroq soddadil Oynagul momosini hadeb aldayverganidan, quvlik bobida ancha-muncha pishigan emasmi, bir amallab oʻzini bosdi va ichidagini tashiga chiqarmaslikka qaror qildi, yaʼni orzusini bobosi kabi imi-jimida amalga oshirmoqni maʼqul topdi. Chunki bobosi biror-bir maʼquli yoʻqroq ishga qoʻl urar boʻlsa, avvaliga oʻsha ishni ado etib, soʻng tish yorar va mingʻirlab koyinishga tushgan kampiriga ishora qilib, mana silarga tayyor radio – oʻzi gapirib, oʻzi tinadi, deya nevaralariga shoʻxchan koʻz qisib qoʻyardi. 

Eshikda katta sopol laganda taom koʻtargan Barno paydo boʻlgach, Jovli choʻpon manglay qashlab, panjalari orasidan tagʻin qizga sirli qarash qildi. Keyin bunga qanoat etmay, boshidagi doʻppisini ensasiga surib, qaytadan boshiga qoʻndirarkan, bu safar, goʻyo eshikka qaragan kishi boʻlib, bot qizga koʻz tashladi. Barno oshiq yigitning yashirin boqishlariga nisbatan beeʼtibor emasligini anglatgandek, yanoqlari yanada battar pushtilanib, mayingina jilmayib qoʻydi. Butun fikr-yodi boʻri bolasida boʻlgan bola buni sezmadi. Atigi yarim soatgina burun hech narsa yemay va ichmay, oʻzini kasalga solmoqchi boʻlganini mutlaqo unutgan koʻyi dasturxon chetidagi qoshiqlardan birini qoʻliga olib, hamma qatori zoʻr ishtaha bilan taomlanishga tushdi. Bola endi yaylovni tark etishni emas, aksincha, ertasi tongda jondor izidan soyaday ergashib, archazor qiyalik tepasidagi qoyaga koʻtarilish va yirtqichning qaysi oʻnqir-choʻnqirga qayrilishiga qarab, uning inini aniqlash oʻyida edi. Boya Jovli choʻponning xiyol katta ketib: “Aslida jondor inini topish menga choʻt emas, bir lahzalik ish. Ammo-lekin sizning izzatingizni qip, bu ishga qoʻl urmay turibman-da, amakijon”, – degan gapidan oʻzicha pishang olgan emasmi, bu ish juda joʻn tuyulmoqda edi. Buning ustiga, oʻtgan yili koʻklamda yaqin joʻrasi Elyor bilan Kattajardan tulki inini qidirib topib, bolalarini qoʻlga kiritgan emasmi, bu ishda oʻzini gʻoyatda omilkor sanardi. Esida, oʻshanda jarlik tubidagi torgina inni tesha bilan kavlab, kengaytirib, yettita tulki bolasini qopga joylashsa hamki, xoʻrak ilinjida dashtga izgʻib ketgan tulkilardan darak boʻlmagan. Shunga koʻra, bola quyidagi xayolda edi: “Jondor deganiyam tulkidek bir gap-da, avvaliga inini aniqlab, soʻng biror yoqqa gum boʻlishini poylab turib, bir urinsam, bitta bolasi meniki-da!”            

Bola emasmi, bugun gurungda eshitganlaridan oʻzicha xulosa chiqarib,  nazarida, boʻrilarni besh qoʻlday bilib olgandek edi. Holbuki, u hech vaqoni, jumladan, hamisha turli girdi-balolardan, chunonchi, otasining suruvidagi itlardan ham chetlanib yurishning obdon hadisini olgan Boybicha – endi Ena boʻri – magʻribda qomat kerib turgan choʻng qoyalar ortidagi qoʻshni vodiyga bosh suqqan kezlarida, mabodo, iziga yarim tunda qaytar boʻlsa, yaylovning janubiy etagidan, yaʼnikim janubiy dovon poyi boʻylab mashriq tomonga choʻzilib ketgan Ilondara yoqalab, agar tongda – otasi suruvi qoʻzgʻolgandan soʻng qaytmogʻiga toʻgʻri kelib qolsa, oʻtloqning shimoliy sarhadida qoʻnqayib turgan oʻtovni yonlab oʻtishini va oʻz navbatida, jonivorning bu “erkaligi” onasi Saragul tufayli boʻlib, ular oʻrtasida yuzaga kelgan bu oʻziga xos “doʻstlik” inson va yovvoyi jonivorlar orasida kamdan-kam hollarda roʻy beradigan gʻaroyib hodisa ekanini, tabiiy, bilmasdi.

 

* * *          

Ayol Ena boʻriga ilk bora oʻtgan yili koʻklamda duch kelgandi.

Oʻsha kuni endigina yaylovga koʻchib chiqishgan boʻlib, oʻtov choʻplarini tiklash hamda ogʻir kigizlarni tortishga ozmi-koʻpmi qarashgan Chori choʻpon boyasaroq suruv izidan ketgan, qaynotasi boshchiligida qolgan mayda-chuyda yuklar bilan ana-mana kelib qolishi lozim boʻlgan qizi va oʻgʻilchasidan esa halicha darak yoʻq – oʻtovda Saragulning yolgʻiz oʻzi edi. Ayol har koʻklamda  tak­rorlanmish bu yumushning obdon hadisini olgan emasmi, oʻzga birovning koʻmagiga ehtiyoj sezmay, oʻtovning kam-koʻstlarini toʻgʻrilash bilan ovora edi.  

Saragul boshqa yuklar qatori oʻtov tashqarisida turgan chiy toʻplaridan birining ipini boʻshatarkan, nogahon naq ensasida qandaydir oʻtkir nigohni his etadi. Ajabsinib, ammo oʻta xotirjamlik bilan ortiga oʻgiriladi va soʻldagi qoyatoshlar biqinida choʻnqayib, choʻgʻdek yoniq koʻzlarini oʻziga oʻqdek qadab turgan Ena boʻrini koʻradi. Ammo oʻtovda tugʻilib, oʻtovda oʻsib-oʻlgʻaygan va hali-hanuzgacha yilning iliq faslini ovulidan yiroqda – togʻu toshlar bagʻridagi keng yaylovda oʻtkazib kelayotgan Saragul oʻz umri davomida bu kabi boʻrilarga duch kelaverib, koʻzi pishib ketgan emasmi, turgan gap, pinaginiyam buzmadi.     

Inson va yirtqich bir-biriga tikilgancha turib qolishdi. 

Ena boʻri ayolning nekbinligini sezganidek, Saragul ham choʻnqaygan  jonivorning kelishgan kelbatiga, salqitob qizgʻish koʻksiga, dam oʻtdek choʻgʻlanib, dam maʼyus tortib turgan koʻzlariga sinchkov boqarkan, uning bu hududga begona, sigʻindi ekanini darrov ilgʻadi va koʻnglida jondorga nisbatan hamdardlik hisi chechak otib, ha-a, yotlikdan yomoni yoʻq – koʻringan qoradan hadik tortib, doim joning halakda yuradi, deya oʻyladi. Ayni shu payt, goʻyo ayolning koʻnglidan nelar kechayotganini uqqanday, yirtqich, beixtiyor tarzda, sekin nola tortdi – gʻingshidi. Bundan ayolning koʻngli yanada yumshab, uni erkalab dedi:    

– Ha-a, Boybicha! Bola-chaqam deb tinim bilmay chovub yuribsanmi?!

Bu gapidan soʻng jonivorning tarang vujudi andak boʻshashib, choʻgʻdek yoniq nigohi yumshaganini ayol zumda payqadi. Oʻz navbatida, birdan irimi esiga tushib qolib, kutilmaganda, murodi hosil boʻlganidan ichida suyunib, jonivorga mehri iyib qaradi. Bu qarashiga javoban Ena boʻri yana bir bora gʻingshib qoʻydi-da, keyin oʻtovni bamaylixotir yonlab oʻtib, toʻgʻri archazorga shoʻngʻidi.

Shu oʻrinda, Saragulning irimchiligi xususida toʻxtalar boʻlsak, gap shundaki, yaylovda, ayniqsa, koʻchuvning dastlabki kunlarida boʻriga roʻpara kelishni, yaxshilik va omad belgisi, deb biladi.

Bu odat – unga onasi Sojida kampirdan oʻtgan. 

Onasi yaylovga koʻchib chiqishlari bilanoq oʻtovdan xiyol uzoqlatib echki bogʻlab qoʻyardi. Soʻng tunda yuz berishi lozim boʻlgan jarayonni intiqla kutib, sergak yotardi. Agar kutilgan hodisa tezda roʻy beravermasa, tong-azondan javrashga tushardi: “Nima balo, jondor zotiga qirgʻin kelganmi, a?!” Kechda suruvni inisi Toʻrgʻinga qoldirib, ertalab uni qabul qilib oladigan, yaʼni oʻrin almashadigan otasi – Boʻri choʻpon yoʻlga otlanayotib: “Ha-a, iriming qursin seni-ya!” – deya onasi ustidan oshkora mazaxlab kulardi. Boshda ne gap-soʻzligini tuzuk anglayolmay yurgan Saragul qizaloq oydin tunlardan birida nihoyat oʻsha hodisaga ilk bora bevosita guvoh boʻladi – avvaliga otasining uyqusirab toʻngʻillab soʻkinishi, soʻng onasining hayajonli shiviri qulogʻiga chalinadi.

– Ana, aka keldi, aka keldi!

Kattalar qatori chiy tirqishidan tashga moʻralagan tiyrak qizaloqning koʻzi echki boʻynidagi arqonni tishlagancha, dumi bilan uni haydab borayotgan boʻriga tushadi. Bu orada Sojida, uyqusi buzilganidan norozi erining toʻngʻillashlariga ham eʼtibor bermay, quvonchdan entikib, deydi:

– Xudoga shukr-ey! Ana, akaniyam koʻrdik, sadaqasiniyam berdik!

Saragul onasi kabi har bahorda jondorga “sadaqa” bermasa-da, ammo yaylov ahlidan farqli oʻlaroq, yirtqichlarga gʻanim koʻzi bilan qaramaydi. Mabodo, koʻchuv boshida biror jondorga duch kelib qolar boʻlsa, irimchiligi tufayli, bundan hamisha boshi koʻkka yetadi.

Bu – uning onasidan orttirgani.

Boʻri choʻpondan olgani esa – hozirda ham har qanday asov otni salt minishdan sira hayiqmaydi, shuningdek, har qanday chigal masalada tez va aniq qaror qabul qilishda uncha-muncha erkakni bir choʻqishdayoq qochiradi.

Xullas, Saragul oʻzining oʻktam va shaddod feʼli, choʻrtkesarligiyu va toʻgʻrisoʻzligi, aksariyat ayollarga xos boʻlmagan oʻtkir va viqorli qarashlari bilan hammaga birdek maʼqul boʻlavermaganidek, oʻzi ham odam bolasiga nisbatan, jonivorlarni koʻproq xush koʻradi. Jondor zotining tantiligiga tan berganidek, ayyorligi vajidan tulkilarni yoqtirmaydi, bu uying kuygurlar, serqusur odamdek, na yaxshini, na yomonni biladi, nafsi yoʻrigʻida koʻzingga choʻp suqishdan ham toymaydi, deydi. Shunga qaramay, bu ayyor jonzotga sira yomonligi yoʻq. Ammo toʻriqni minib, yaylov kezinmoqni istab qolsa, qarshisidan chiqqan tulkini, oldiga solib quvlamasdan tinchimaydi. Aslida toʻriq ot – Chori choʻponniki, ammo yaylovda koʻproq unga Saragul egalik qiladi, tomogʻiga oʻzi qaraydi. Shuningdek, shikast yegan qoʻy-qoʻzilar boʻgʻziga hech qachon darrov pichoq torttirmaydi, qoʻlidan kelgancha oʻzi muolaja qiladi. Qizigʻi, har shomda suruv itlari uni oʻlgudek sogʻinib qaytishadi, qoʻy-qoʻzilar qoʻtonga yetib ulgurmay, ular ayol tomon misli oʻqdek uchishadi, bir-bir suykalishmasdan nari ketishmaydi. Azonda Saragul, boraqolinglar, demaguncha birortasi suruvga ergashmaydi, xuddi nimadandir umidvorday, taysallab turaverishadi.

– Senda qandaydir bir sehr bor… – deydi Chori choʻpon buni koʻrib.           

– Tomogʻiga qaragan men, – deydi gohida Barno qizi oʻpkalangan boʻlib. – Bularingiz nuqul sizga intilishadi. Ishqilib, bularni jodu-podulab qoʻymaganmisiz, ena?

– Ha-a, chindan-da, enangda sehr-jodu bor, – deya Chori choʻpon kulgan boʻladi.

– Men ham shu oʻydaman, – deya uni quvvatlaydi Barno qiz.

Ayolda esa, hech qanaqa sehr-jodu yoʻq, shunchaki borliqqa nisbatan, onameros, beqiyos mehr bor. Tabiatan kamdan-kam odamlardagina mavjud boʻlmish bu noyob “mehr” – ayol botinida vulqon yangligʻ otashlanib, mavjlanib, koʻz ilgʻamas yogʻdu kabi, jismi-jonidan tevarak-atrofga mudom taralib turgani sabab, jonivor zoti borki, bari unga talpinadi. Meʼyoridan oshiq erkalamasa-da, suruv itlarining ayol atrofida girdikapalak boʻlishi yoxud oʻtov tegrasida umrguzaronlik qiluvchi turli yovvoyi jonzotlarning dam-badam chiyillab, chirqillab, oʻzlarining mavjudligidan ogoh etib turishining asl boisi shudir. Ayniqsa, ayol oʻtovda tanho qolgan kezlari gʻaro­yib bir holatni kuzatmoq mumkin: bunday paytda soylik tubini makon tutgan yumronqoziqlar bemalol qoʻton tomon oʻrlab, oʻchoqboshida sariq ilonlar oʻrmalab, oʻrmak girdida toshbaqalar sud­ralib, qiyalik etagidagi butalar va tikanaklar orasidan hurkak tovushqonlar moʻralab qoladi. Biroq hamisha yumush bilan band boʻlmish Saragul bunga koʻpda ahamiyat bermaydi, tabiiy hol deb biladi. Mabodo, shunchaki ish orasida qoʻtondan berman oʻtib, oʻrmak yonida gʻuddaymoqqa jurʼat etgan birorta yumronqoziqqa “kisht” deyar boʻlsa, jonivor qochmaydi, salgina nari jilgan boʻlib, tagʻin qoqqan qoziqday qoʻqqayib turaveradi. Ammo bu holat juda muvaqqat – oʻtovga kimdir tashrif buyurishi bilan birdan bari tezda eski holiga qaytadi – yumronqoziqlar quyiga enib, boshqa turdagi jonzotlar, yerga singganday, bir onda koʻzdan gʻoyib boʻladi. Ayoldagi bu gʻayritabiiy kuchni oʻshanda Ena boʻri ham tuygandi. 

Ammo, eng achinarlisi, yovvoyi jonivorlar his qila bilgan bu kuchni bola tuymaydi, qaytaga onasidan qattiq choʻchiydi. Bundan tashqari, ovulidan ayro tushgani sabab, bola tevarakka oʻta befarq – uni na toʻrgʻaylar sasi, na jimitdek chumchuqlar toʻpoloni, na oʻzga bir nuqtaga qadalib turgandek boʻlsa-da, aslida koʻzi ostidan oʻzi tomon yaqinlashayotgan kimsaning bor xatti-harakatlarini zimdan kuzatmoqni gʻoyatda qoyillatadigan soqchi yumronqoziq quvligi, na tikanaklar orasiga bekinishga ulgurgan tovushqonni tutaman deya, bekorga tumshugʻini yaralab olgan shoshqaloq tulkilarning nodonligi, na hudud talashib, jang oldidan xuddi askarlarday saf tortgan ayrim turdagi chumolilar harakati qiziqtiradi. Bobosi otda yaylovga tashlab ketgan damdan boshlab, koʻzlari munglanib, qanday boʻlmasin ovulga qaytishdan boshqasini oʻylamaydi.

Buni ayol sezadi.

Bundan ayol qahrlanadi. 

Bugun ham oʻgʻli shu niyatda qandaydir nayrangni oʻylayotganini Saragul shomdayoq payqagandi. Afsuski, bola qorin changallab, aftini tirishtirishga ulgurmay, Jovli choʻpon kelib qoldi-yu, ayolning diqqat-eʼtibori boladan qoʻnoq yigitga koʻchdi. Bejizga emas – Jovli choʻpon zarurat yuzasidan qadam ranjida qilgandek esa-da, ammo togʻ sharoitiga u qadar mos tushmagan orasta engil-boshi, oʻta hafsala bilan qirtish­langan iyagi, burqsib turgan chuchmol atir hidi hamda u kelishi bilan darrov oʻzgarib qolgan Barno qiziga, kishi bilmas, yer ostidan boqishlaridanoq uning ne niyatda tashrif buyurganini darhol sezgandi.

Bundan ayol miyigʻida kuldi.

Uch kun burun qoʻnoq yigit otda qoʻra yonidan oʻtayotib, qizidan uloqqan qandaydir jonliqlar xususida uni-buni soʻrab-surishtirganida ham ayol  xuddi bugungidek kulgandi. Zero, choʻng qoyalar ortidagi yaylovdan uloqqan jonivor zoti ikki dunyoda ham bu tomonga oʻrlamasligini, ulugʻlar tugul, uvoqlar ham yaxshi biladi-da.

Jovli choʻponning tashrifi ayolga jindek malol kelgan esa-da, baribir yigitni toʻgʻri ang­lashga urinib, oʻzicha oqlagan boʻldi: axir yaylov ovul emas-ku, biror-bir ovloqda yuzlashib, yuragingdagi borini toʻksang. Buning ilojini topolmagach, mana, jondor bahona, yuziga kul sepib boʻlsa-da, qoʻnoqqa kelib oʻtiribdi. Shunga koʻra, ayol taomni xiyol kechiktiribroq suzdi, oʻzining oʻtkir qarashlari bilan yigit bechorani noqulay ahvolga solmaslik vajidan oʻtovga bosh suqmadi, oʻz navbatida, qoʻnoq yigitning gaplariga laqqa tushib, jahl bilan Ena boʻrini himoya qilmoqqa tushgan erining soddaligi ustidan uzun yengini lab-lunjiga bosib, yelkalari silkinib-silkinib, rosa kuldi. 

Ayol qalbi shuni sezdiki, bu kech yigit yoʻlini topib, qiziga nimadir deydi, qiz ham shunga qarab oʻz javobini aytadi. Keyin kun oralatib, qoʻshni otardan sovchilar keladi. Qiz tomon esa, odatga koʻra, atay javobni dudmol qiladi. Sovchilar ketgach, ayol qizning koʻngliga asta qoʻl solgan boʻladi. Zero, bunga aslo hojat yoʻq – qizi tushmagur bekorga boshiga yangi durra oʻramadi, bekorga koʻzlari yonib-yolqinlanib, oʻtovga kirib-chiqmayapti. Saragul barini sezib turgan esa-da, oʻzini bilmaganga oladi. Qozon boshida u-bu totingan boʻlib, toʻnkarilgan eski chelakka choʻkkancha, osmon toʻla yulduzlarga termilib oʻtiradi.  

* * *

Bu paytda Ena boʻri ini joylashgan oʻrlik girdida jufti Tarxashni kutib, haykalday choʻnqayib turardi. Jonivor bu yerga quyosh botishi oldidan koʻtarilgan boʻlib, ungacha koʻkish, silliq tosh sahnida sochilib oʻynab yurgan bolalarining har bir xatti-harakatini mehr-la kuzatgan koʻyi sokin choʻzilib yotgan, oʻngir nishobligidagi butalar orasida esa ushbu boʻrivachchalar otasi boʻlmish Tarxash haligacha qaynab quyilmagan jufti ogʻzidagi ogʻoch bilan andarmon boʻlib, oʻz maylida tentirab yurardi. Keyin u birdan gʻoyib boʻlib qoldi. Ena boʻri juftining qayon jilganini aniqlash oʻyida oʻngir tepasiga koʻtarilgan va hididan kunchiqishdagi butazor oralab ketganini aniqlagach, koʻngli joyiga tushib, ovga otlanishdan avval uning yoʻliga koʻz tikib turgan joyi edi. Kutishidan maqsad, zora hamroh boʻlsa, degan umidda edi. Biroq Tarxash hamisha ham uning rayiga yuravermaydi, mustaqil tentishni yaxshi koʻradi. Bu kamdek, bolalari bilan mutlaqo ishi yoʻq – oʻzini endigina kuchga kirgan gʻoʻr jonivordek tutadi.      

Ena boʻri uning mana shu ahmoqona feʼlidan – bilib-bilmay, biror falokatni boshlab qoʻyishidan doimo hadikda yuradi. Chunki hududida “odob” doirasidan chetga chiqishda xavfli  nuqtalar mavjud boʻlib, ana shunday nuqtalardan biri – Suvliqsoy vodiysi edi. Agar Ena boʻri hushyor turmasa, nodon jufti oʻrtadagi omonat chiziqqa – odatda, inson aqli va jonivorlar fahm-farosati tufayli yuzaga keladigan muhim “bitim”ga daxl qilib, yaylov egalari mol-holiga qotinishi, pirovardida, Chori choʻponni oʻzlariga qarshi qilib qoʻyishi mumkin edi. Bu – bolalari taqdiriga nihoyatda masʼul boʻlgan Ena boʻri uchun fojeadan boʻlak narsa emasdi. Afsuski, haliga qadar oʻzini jilovlamagan, boz ustiga, nomiga yarasha xiyla qaysar boʻlgan Tarxash qoʻni-qoʻshnilikning bu kabi oʻziga xos nozik sir-asrorlarini toʻla idrok etgisi kelmas – qimirlagan jon borki, bariga oʻlja sifatida qarardi.

Ena boʻri Tarxashning koʻz ochib koʻrgani boʻlib, juftiga nisbatan anchagina yosh hamda nodon edi. Nodonligi bois koʻklamda Chori choʻponning moliga chovut solmoqqa bir necha marta urinib koʻrgan va har safar qanjigʻining jiddiy qarshiligiga duch kelgan. Ayniqsa, hafta burun yuz bergan toʻqnashuv gʻoyatda keskin tarzda kechdi – Ena boʻri tomonidan ayovsiz talangan Tarxashning biqin va yagʻrinini oʻtkir tish izlari tilimlagandek, bu jangda qanjigʻi ham oʻz nasibasini olmay qolmadi. Bu xil olishuvlarda Ena boʻrining yagona ustun jihati – bolalari hayotiga xavf solishi ehtimoli boʻlgan har qanday nojoʻya amalga jon-jahdi bilan qarshi turar, yaʼni undagi onalik hissi, shusiz ham tabiatan kuchli boʻlgan jondorga yanada katta quvvat bagʻishlardi. 

Bu voqeadan keyin Tarxash oʻzicha arazlab, bir necha kun oʻngirda qorasini koʻrsatmadi, togʻning kunchiqish tarafida oʻz nasibasini terib-tergilab yurdi. Biroq yolgʻizlik yoxud sogʻinch tuygʻusi kor qildimi, kecha u yana yuz koʻrsatdi. Ena boʻrini tevaraklab, aylanib-oʻrgilib, bir amallab qanjigʻi  koʻngliga yoʻl topdi. Bolalariga esa, odatdagidek, qayrilib ham qaramadi. Yuqorida birrov tilga olinganidek, Tarxash halicha oʻzini ota sifatida his eta bilmas, topganini jigʻildoniga urib, oʻz maylida sumanglab yuraverardi. Magar Ena boʻri oʻrnida odam bolasi boʻlganida bormi, oʻz oilasiga nisbatan bu qadar beparvoligi uchun uni yumma talagan, bolalar tashvishi, nima, yolgʻiz mening boshimdami, deya oh-voh qilgan boʻlardi. Biroq odam bolasiga xos bu xil yozgʻirishlar yovvoyi jonivorlar tabiatiga butunlay yot – borini bor holicha qabul qilib, koʻnikib ketaveradilar. Shunga koʻra, boya Tarxashning gʻoʻr jonivorlarga xos qiliqlarini tinchgina kuzatib yotarkan, Ena boʻrining birdan-bir oʻkinchi – avvalgi jufti Soʻpoqni qoʻmsash va sogʻinish boʻldi. 

Soʻpoq janubiy dovon ortida vohasining yetakchi jondorlaridan biri boʻlib, kichik toʻdani binoyidek boshqarib kelardi. Ena boʻri esa oʻsha toʻdaning erka hamda aqlli malikasi edi. Biroq oʻlgudek qattol Soʻpoq bu “malika”ning fahm-farosatini changda qoldirib, hamisha oʻz yoʻrigʻida ish tutar, yaʼni voha ahlini qon qaqshatib, qoʻradagi jonliqlarni bekordan-bekorga, ermakka boʻgʻizlab ketaverardi. Va tabiiy, ayni shu narsa toʻdaning boshiga yetdi – vodiy ahli ularni yoʻqotishga avval oʻzlari urinib koʻrishdi, evini qila olishmagach, quyisoylik ikki ovchini yollashdi va bu ikki ovchi vaʼda qilingan mukofot evaziga bundan avvalgi qishning qoq chillasida toʻdani tutday toʻkib tashlashdi. Bu qirgʻindan omon qolgani shu – birgina Ena boʻri boʻldi. U toʻdasidan ayrilgach, ulogʻib va sulogʻib, bu tomonlarga kelib qoldi-da, Soʻpoqdan orttirgan soʻng­gi zurriyotlarini Toshlidara qiyaligi belida soʻppayib turgan ulkan qoya – Burgutboshi poyidagi kavakda tanho oʻzi dunyoga keltirdi. Yolgʻizligi kor qildimi, yo bolalarining tashvishi jiddiy taʼsir etdimi, Ena boʻri shu qisqa davr ichida ham jismonan, ham aqlan yanada peshlandi va sekin-astalik bilan bu hududni tamomila oʻziniki qilib oldi, erinmay sarhadlarini belgilab chiqdi va natijada, mashriqdagi qorli togʻlar etagidan tortib Suvliqsoy vodiysidagi choʻng qoyalargacha, shuningdek, shimoliy va janubiy dovonning maʼlum bir qismi uning hududiga aylandi. Ena boʻrining baxtiga bu tomonga dam-badam bosh suqib turadigan Surboʻri toʻdasi sal burun mavh etilgan boʻlib, endi bu hududda uning hukmronligiga monelik qilishi mumkin boʻlgan kuchning oʻzi yoʻqdek edi.

Biroq shunday kuch bor edi.

Bu kuch koʻklam kunlaridan birida toʻsatdan oʻzini namoyon etdi.

Oʻsha kuni shimoliy dovonning serbuta tizmalari boʻylab tentingan va  topgan oʻljasi bilan qursogʻini chala-yarim toʻldirgan Ena boʻri tushdan oʻtib, Suvliqsoy vodiysining shimoliy-sharqiy etagidagi tor daradan yaylovga bosh suqarkan, yashil kenglik markazida yoyilib yurgan suruvga koʻzi tushib, hang-mang turib qoldi. Axir bugun ertalab oʻtloqda jon asari yoʻq edi-ku, bular qayerdan paydo boʻlib qoldi? Shu damgacha u turli yerteshar jonzotlarga boy boʻlmish yaylovda emin-erkin kezinardi. Endi bu holga chek qoʻ­yilgani va yashil vodiy odam bolasi tomonidan band etilganini darrov angladi. Uning  sharqiy doʻnglik yoqalab olgʻa jilmoqdan boʻlak chorasi qolmagandi. Ena boʻri  ini tomon eltuvchi eng yaqin yoʻnalish – qiyalikdagi archazorni qoralab olgʻa jilarkan, kutilmaganda qoyatoshlar majmuasi ortidagi yassi doʻnglikda,  xuddi osmondan tushganday, qoʻnqayib turgan yolgʻiz oʻtovga duch keldi.

U qoʻnqayib turgan oʻtovdan emas, uning toʻsatdan qarshisida paydo boʻlib qolganidan bir lahza esankirab qoldi. Keyin esa, odatiga koʻra, avvaliga hid olib, soʻng tevarakka zimdan nazar solib, oʻtov qavatida azaliy va abadiy gʻanimi ermish itlar bor-yoʻqligini aniqlagan boʻldi. Bir ozdan soʻng oʻtovda, nazarida, jon asari yoʻqdek tuyulib, chekkadagi xarsang poyiga choʻnqaydi. Bir xayoli, issigʻi borida, imi-jimida iziga qayrilib ketmoqchi ham boʻldi. Biroq anglarsiz bir kuch negadir joyidan jilmogʻiga izn bermay turardi. Bu yogʻiga ne qilarini bilmay, taraddudlanib turganida, shu payt oʻtovdan bir ayol chiqib keldi-da, hali ichkariga tashib kiritilmagan yuklar yonida toʻxtadi. U sobiq jufti Soʻpoqdan payt poylamoqning obdon hadisini olgan emasmi, ayolni koʻrgach, oshiqishga hojat yoʻqligini fahmladi. Chunki, oʻz tajribasidan shuni yaxshi biladiki, odam bolasi itdek sergak emas, goho u tumshugʻi tagidagi qorani ham darrov seza olmaydi. 

Biroq ayol itdan sezgir chiqib qoldi.

Nigohlar toʻqnashdi.

Bu xil kutilmagan damlarda, odatda, hamisha quyidagi ikki holatdan biri kuzatiladi: yo odam bolasi qoʻrquvdan misli tarashaday qotadi, yo xuddi jin chalganday, “jondor-jondor”, deya darhol shovqin koʻtarmoqqa tushadi.

Ammo bu dafʼa na unisi, na bunisi yuz berdi – ayol xavfli yirtqichga emas, goʻyo olis otardan adashib-uloqib kelib qolgan, ayni tobda andak mehrga muhtoj abgor itga boqqanday, shunday bir xokisorona qarash qildiki, uning nazaridan Ena boʻri iliq bir taftni tuyganday boʻldi. Buning ustiga, yolgʻiz boshiga bolalari tashvishi ziyodalik qilib, shu kunlarda joni azobda yurgan emasmi, atigi bir lahzadan soʻng ayol koʻzlarida oshkora jilolangan quvonch uchqunlari qatori, undan ufurayotgan boʻlakcha bir taftni his etib, beixtiyor, gʻingshib yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi. Biror muddatdan keyin ayolning, tahdiddan butunlay yiroq, erkalovchi ovozi qulogʻiga chalingach esa, Ena boʻri navbatdagi iliq toʻlqin – taftni bu gal naq yuragida tuydi. 

Bu oʻrinda, yana shuni aytish kerakki, agar hozir qavatida jufti Soʻpoq turganida bormi, turgan gap, Ena boʻri ayol botinidan balqiyotgan gʻaroyib bu iliqlikni his qilmagan, toʻdaboshining yovuz qatʼiyatiga itoat etgan holda ayolga gʻanim koʻzi bilan boqqan boʻlardi. Soʻpoq toʻdasi odam bolasiga biron marta tajovuz qilmagan esa-da, ammo inson qavmi bu yorugʻ olamda eng qudratli, eng xavfli gʻanim ekanini Ena boʻri yaxshi biladi. Biroq nekbin qarashli ayol bilan boʻlgan bu uchrashuv jonivorning shuuriga favqulodda keskin taʼsir etib, shu kezgacha yuragi tubida toʻngʻib yotgan muhim bir tabiiy yoʻriqning qayta jonlanmogʻiga sabab boʻldi.

Xoʻsh, bu qanday yoʻriq?  

Tabiatdan maʼlumki, aksariyat yirtqichlar oʻz hududidagi chorvaga tish qayramaslik, yaʼni qoʻni-qoʻshnichilik munosabatiga daxl etmaslik yoʻrigʻiga deyarli hamisha amal qilib keladi. Bu esa kishilar orasida jondor zotining oʻziga xos mardligi va tantiligi xususida turli gap-soʻzlarning tepchimogʻiga asosiy sabab boʻlib keladi.

Aslida-chi?

Aslida, bu yoʻriqning bosh omili – xavfsizlikdir. Aql-idrokli jonivorlar, asosan tajribali toʻdaboshilar bunga doimo rioya qilib keladi. Oʻz navbatida, buning aksi ham kuzatiladi.

Endi Ena boʻriga kelsak, jonivorning ong-shuurida azaldan, yaʼnikim tabiatan mavjud boʻlgan bu yoʻriq Soʻpoqning yovuz feʼli vajidan, toʻngʻib, yuragi qaʼrida muz qotib yotardi. Buni qarangki, ushbu “muz” ayol botinidan qalqigan iliq taftga bardosh berolmadi – “erib”, qaytadan jonlandi. Bu jonlanish tufayli, Ena boʻri inson qiyofasidagi qudratli kuchning xavfli gʻanimga evrilish va evrilmasligi koʻp jihatdan oʻziga bogʻliqligini idrok etarkan, ayol qoshida koʻp qotib turmay, izzati borida, imi-jimida qorasini oʻchirmogʻi lozimligini angladi. Oʻtov sohibasiga nisbatan sira yomonligi yoʻqligini namoyish etib, jumladan, oʻzi ham ayoldan biror noxushlikni kutmay, oʻtovni yonlab, toʻgʻri qiyalikdagi archazorga oraladi. 

Biroq Ena boʻri bir narsadan – bu roʻyi zaminda odam bolasidan ming chandon qudratliroq yana bir kuch – tabiiy ofat degan balo mavjudligidan hali mutlaqo bexabar edi. Oradan hafta oʻtib-oʻtmay, bu kuchdan ham boxabar boʻldi. Dastavval inlarini tark etgan tevarakdagi mayda jonivorlarning qattiq bezovtalanishidan halizamon nimadir sodir boʻlishini sezganday boʻldi. Soʻng esa…

Bu paytda Ena boʻri qursogʻini chala chaynalgan etga toʻldirgan koʻyi ini tomon oshiqmoqda edi. Bolalarini oziqlantirib, soʻng oʻzi ham andak orom olish ilinjida edi. U toshloq muyulishdan jadal qayrilib, endigina iniga roʻbaroʻ boʻlgan ham ediki, tuyqusdan oyogʻi ostidagi yer titrab, togʻu toshlar qasir-qusur qilgancha, tebranmoqqa tushdi. Oqibat, koʻchkilar koʻchib, ulkan qoya – Burgutboshi poyi qiyalikdan qulagan toshlarga toʻldi va Soʻpoqning eng soʻnggi zurriyodlari boʻlmish bolalari uning koʻz oʻngida toshlar tagida qolib, nobud boʻldi.

Bu paytda qavatida Tarxash yoʻq edi. Tarxashni bu yilgi qishda uchratdi. Allaqayerdandir yolgʻiz oʻzi ulogʻib kelib qolgan va halicha urgʻochi  hidini tuyishga ulgurmagan bu boʻz boʻri Ena boʻrining didiga unchalik oʻtirishmagan esa-da, ammo oʻzidan nasl qoldirishdek qudratli tabiiy maylga boʻysinib, Tarxash bilan juftlashdi. Zehi butalar bilan qoplangan oʻngir toʻrida joylashgan uyadagi boʻrivachchalar shu mosliqning birinchi zurriyodlari edi. Mana endi, ham bolalarini yolgʻiz oʻzi parvarishlash, ham Tarxashning tayin­betayin qiliqlariga doimo koʻz-quloq boʻlib yurishga majbur edi.

Ena boʻri juftini kutishdan foyda yoʻqligini anglagach, tagʻin yolgʻiz oʻzi ovga joʻnarkan, bu safar shimoliy dovonni moʻljal tortdi.

 

* * *

Bola ichini oʻtday yondirayotgan orzusiga tezroq yetishmoq oʻyida archazor qiyalikka oʻrlaganida, ertalabki salqin epkin tinib, koʻklam quyoshi endigina togʻu toshlarni qizdirmoqqa tushgandi.

U imi-jimida yuqorilarkan, pastda qolgan enasining har lahzada “qayoqqa” deb qolishidan hadiksirab, oʻz navbatida, nima, men sizga manqosi oqqan bolamidimki, hadeb bosgan qadamimni oʻlchayverasiz, demoqqa oʻzini chogʻlab, goʻyo kimgadir iddio qilganday, oʻrlanib-soʻrlanib borardi. Holbuki, onasi ayrim jonsarak onalardek hech qachon uning bosgan qadamini oʻlchamas, shunga koʻra, dilidagi rejasini pinhon tutgan holda, istagan bir bahonani roʻkach qilib, qiyalikka tirmashmoq uchun onasidan bemalol ruxsat olmogʻi mumkin edi. Biroq esini tanishi bilanoq, barcha ovul bolalari kabi hech bir iznsiz qirma-qir, adirma-adir daydimoqqa odatlangan emasmi, xuddi qiz bola kabi onasidan ruxsat soʻramoqni oʻziga or deb bildi. Chunonchi, u endi goʻdak emas, shu yozda oʻnni adoqlab, oʻn birga qadam qoʻyadi. Rayimqul bobosi aytmishli, yettidan sakrab, sakkizga manglay urgan oʻgʻil bola oʻzini haqiqiy yigit sanamogʻi lozim ekan. Ana, otasi kechadan, yaylovga qadam qoʻyganidan  beri avvalgidek shunchaki “ulim”lamay, ogʻzini toʻldirib “jigit”layapti-ku. Onasiga qolsa, u haliyam orqa etagi tugilgan bola… Axir bunga toqat qilib boʻladimi! 

Biroq u kutgan keskin xitobdan hadeganda darak boʻlavermagach, bola yerbagʻirlab oʻsgan serbutoq archa yonida bir zumga tin olib, ajabsinib, qu­yiga koʻz tashladi. Qarasaki, oʻzi bilan birovning ishi yoʻq, hamma oʻz ishi bilan ovora – onasi oʻtovning oʻng biqinida, kelinchaklarday, gʻayrat bilan kuvi pishmoqda, oʻrmak beliga minib olgan Barno opasi qoʻlidagi ogʻoch qilichni gursa-gursa urib, har galgidek, berilib gilam toʻqimoqda, yigʻloqi inisi esa oʻtov biqinidagi koptokni mazza qilib tepkilash oʻrniga, qiz boladayin, oʻchoqboshida sermalanib yuribdi. Buni koʻrgan bola darrov quyidagi xulosaga keldi: “Bunaqada ikki togʻ oshib ketsam-da, birov payqamasligi mumkin”. Biroq chuchvarani xoʻp xom sanagan ekan – navbatdagi archa poyiga yetib-yetmay, kerak onlarda, koʻzi qolib, ensasi orqali koʻra oladigan onaning oʻktam ovozi izidan quvib yetdi.

– Berdiqul, koʻpam olislab ketma!

Buni sira kutmagan bola avvaliga bir qalqib tushdi, soʻng qushday  yengil tortdi, nega deganda, bu – “tushov” emas, “izn” edi-da. Mana endi, oʻngu soʻliga qaramay, bemalol shataloq otmogʻi mumkin. Zero, bugun tongdan beri shuning ilinjida edi: dastlab suruv oʻrnidan qoʻzgʻalib ulgurmay, oyogʻiga toʻp tepadigan yengil va qulay sport poyabzalini kiyib, avvaliga zoʻr intiqlik bilan Ena boʻri yoʻliga koʻz tikdi. Ammo yirtqichdan darak boʻlavermagach, har safargidek, oftob yuz koʻrsatmayoq, qoʻtonni supurishga tushgan opasiga goʻyo qarashgan kishi boʻlib, astagina qoʻyniga qoʻl solib koʻrdi. Qizdan Ena boʻrini kunda emas, oʻzi xohlagan kunida oʻtishini eshitgach, hafsalasi pir boʻlib, qoʻra devoriga suyangancha turib qoldi. Keyin oʻzini qoʻlga olib va xayolini bir yerga jamlab, dastlab qiyalikdagi archazorga, soʻng uning tepasida burjli koʻhna qalʼa devori yangligʻ boʻylanib turgan qoʻngʻir-qizgʻish tusdagi qoyaga gʻamnok termilarkan, ichidan qirindi oʻtayotgan esa-da, baribir bolalarcha orzulandi. Qani endi, shu tobda Ena boʻri yonidan oʻtib qolsa-yu, kechagiday qiyalikka oʻrlasa, oʻzi esa uni qoralab, albatta, sezdirmay, izidan tushsa-da, anavi qoyaga koʻtarilib, uning qaysi oʻru goʻrga kirganini aniqlab olsa. Bola nazarida, qoya orti oʻrliklardan iborat boʻlib, boʻri ini oʻsha oʻrliklardan birida joylashgandi.

Bola shunga umid qilgandi.

Bolaga bu yumush juda oson tuyulgandi.         

– Koʻpam ichikaverma, – deya bolaning xayolini boʻldi Barno. – Erta yo indin tagʻin oʻtib qolar. Bilmadim, uning nimasiga buncha qiziqib qolding. Menga hech bir qiziq joyi yoʻq. Jondorligini aytmasa, itga oʻxshash bir jonzot-da… 

Opasining bu qadar bepisand gapirishidan taajjublangan bola unga tikilgancha, serrayib turaverdi.

– Siz undan hecham qoʻrqmaysizmi? – dedi soʻng tilga kirib.   

– Nimasidan qoʻrqaman, – dedi qiz uni battar ajablantirib.

– Chindanam qoʻrqmaysizmi?

– Yoʻq, hecham qoʻrqmayman.  

– Enam?..

– Enam uchun ham itdan nari-beri bir hayvon-da, – dedi qiz qayta ishga tutinib. – Xohlasa urishadi, xohlasa erkalaydi… Qoʻrqma, u bizga qotinmaydi.   

Barnoning bu gap-soʻzlaridan oʻzicha ruhlangan bola bu gal qoyaga oʻzgacha bir nigoh bilan boqarkan, Ena boʻrining kim-qachon oʻtishini poylab-soylab oʻtirmay, hoziroq qoyaga koʻtarilishga ahd qildi. Biroq chatoq jihati, bu yerni togʻu tosh deb qoʻyibdi, bu ishiga onasi monelik qilmasmikan?

Bola birdan sergak tortdi, qiziq, onasining ruxsat berish-bermasligi nechun shu paytgacha xayoliga kelmadi? Bu haqda nechun avvalroq oʻylamadi? 

Buning sababi quyidagicha edi: yarim tungacha, koʻzi ilingunga qadar jajjigina boʻrivachchani oʻylagan, tushida esa uni quchib va erkalab chiqqan bola shu damgacha oʻtli istak, olovli jahd ogʻushida edi. Bundan tashqari, omadi chopib, bugun boʻri bolalaridan birini qoʻlga kiritar boʻlsa, oʻtovga qaytib oʻtirmay, tor dara orqali toʻgʻri ovuliga joʻnab qolmoqchi edi. Jondor bolasini koʻtarib borar boʻlsa, bobosi, nechun yaylovni tashlab kelding, demaydi, qaytamga uni maqtaydi. Momosi esa, turgan gap, voy, mengina oʻlay, buning kattargach, ishqilib, bizni yeb-yutib qoʻymaydimi, deya oh-voh qilgan boʻladi. Xullas, boʻri bolasini olib borganligi birpasda butun ovulga gap boʻlib, u chinakam qahramonga aylanadi.

Biroq bu tong Ena boʻri qora bermagach, boz ustiga, opasidan uning qachon oʻtishi notayinligini eshitgach, barcha rejalari bir soniyada sarobga aylanib, qaynoq jahdi muz tortgan va oqibatda, es-hushi joyiga kelib, onasining olovli feʼli dabdurustdan esiga tushib qolgandi. Shunga koʻra, nonushtadan soʻng darrov qiyalikka intilmadi – shu atrofda tentib yurishiga enasini koʻniktirmoq uchun, oʻzicha, avvaliga qoyatoshlar tevaragida oʻralashdi, keyin bir necha muddat qoʻtonda ivirsidi, soʻng yomgʻirdan keyin dashtga qoʻziqorin tergani chiqqan bolakayday, bir maydon soylikda izgʻidi. Bir mahal bunday qarasaki, nima qilib nima qoʻyyapti, oʻzi bilan birovning ishi yoʻq – onasiyam, opasiyam oʻzlarining kundalik yumushlari bilan band. Bundan bolaning yomon ori qoʻzidi: “Nima, oʻz erkida yurolmaydigan yosh bolamidim men!” – deya qayta jahdlanib, qiyalikka tirmashgan joyi edi. 

Shunga qaramay, baribir onasidan xavotirda edi.  

Mana endi, yoʻl ochiq – istagancha daydishi mumkin. Biroq bu – bemalol qoyaga tirmashaver degani emasdi. 

Shu bois, niyatini sezdirib qoʻymaslik vajidan, goʻyo shunchaki archalar oralagan boʻlib, sekin-asta yuqorilay boshladi.

Bu orada dastlab yaqin tuyulgan qoyaning xiyla uzoqligidan ajablanib, togʻda hamma narsa yaqin koʻrinadi-ya, deb qoʻydi.

Archalar ancha pastda qolib ketgan oʻtovni koʻzdan yashirishgach esa, ildamlashga tushdi. Biroq qiyalik u yurib oʻrgangan qirlik emas – yuqorilash xiyla noqulay edi. Bola past-baland archalarni yonlab, katta-kichik toshlarni oralab, tikanaklarga tilinib, uzoq-yaqindan dam-badamda sayrab qoladigan kakliklar ovoziga chalgʻib, oʻt-oʻlanlar orasi turli hasharotlarga moʻlligidan ajablanib, jadal yuqorilardi.    

Qoya pastdan devordek tik va tekis koʻringan esa-da, ammo yuzasi enli-ensiz ungurlar bilan bejalgan, ingichka yoʻlakchalar ila tilimlangan ekan.  Bola duch kelgan yoʻlakchalardan biriga dadil tirmashib, zumda qoya labidagi pakana archa poyiga yetarkan, qiziqsinib ortiga nazar tashladi va quyidagi oʻtovning yagʻir doʻppidek juda kichirayib qolganini koʻrib, avvaliga hayron boʻldi, soʻng esa ancha olislab ketganini angladi. Ammo oʻtovdan uzoqlagan esa-da, qoʻrada moʻrayotgan buzoqning ovozi nargi betdagi kakliklar sayrogʻi kabi bemalol eshitilib turardi.

Bola bu haqda bosh qotirib oʻtirmadi.

Zero, yoʻq-bor narsalar haqida bosh qotirmoqqa na vaqti, na toqati bor edi. Boisi u oʻzi uchun butunlay notanish boʻlgan olam boʻsagʻasida turardi-da. Nazarida, bugun tongda koʻrinish bermagan Ena boʻri qoya tepasida choʻzilib yotgandek edi. Qisqasi, xayolida turli noxush oʻylar gʻujgʻon oʻynamoqda edi. 

Bola archa butoqlaridan birini tutgancha, qulogʻini ding qildi. Uzun-qisqa yoʻtalib, tagʻin bir zumga tek qotdi.

Bola andak choʻchib, hayajondan tizzalari qaltirab, qoya labiga birinchi qadamni qoʻydi. Ammo salgina yurmay, yaralangan qush yangligʻ yer quchib yotgan chogʻroq, kulrang qoyatoshga roʻbaroʻ boʻldi. “Qush”ning oʻng qanoti issiq-sovuq taʼsirida chatnab, chetlari uvalanib tushgan qoʻngʻir tusdagi oʻrtacha xarsang hamda kichkina butaga taqalgani bois, bola oyogʻi ostidagi maysalarni bosib-yanchib, soʻl qanotdan aylanib oʻtarkan, oʻzi kutmagan holda girdi va yuzasidagi taram-taram enli va ensiz yoriqlari dagʻal maysalar bilan qoplangan och qizgʻish tusdagi yassi tosh, aniqrogʻi, toshmaydon qarshisidan chiqdi va uning bu qadar kengligidan hayrati toshib, voy-boʻy, bemalol voleybol oʻynasa boʻlarkan-a, deb oʻyladi. Toshmaydon sahniga oyoq bosgach, boyadan beri yuragini gʻijimlayotgan hadikdan asar ham qolmadi. 

Toshmaydon qoyaning eng yuqori nuqtasi boʻlib, shimolda u qoʻshni qoyaga bahuzur yelka tiragan holda janubga tomon sekin-asta qiyalanib, magʻribdan mashriqqa choʻzilgan janubiy dovon poyidan oʻrin olgan chuqur dara boʻyidagi ensiz yashil sayhonlik sari, chamasi, bir chaqirimcha oʻrkachlab borgan kichik tizma – archazor qiyalikning davomi boʻlmish serbuta doʻnglikka iyak suyagandi.  Bu doʻnglik Suvliqsoy vodiysi sharqiy sarhadining maʼlum bir boʻlagi, dara boʻyidagi ensiz sayhonlik esa qoʻshni Burmali vodiyga olib kiruvchi yoʻlak – “darvoza”si hisoblanardi. 

Bola toshmaydonni ildam kesib oʻtib, quyida yastanib yotgan Burmali vodiyga betlanarkan, koʻz oʻngida namoyon boʻlgan manzaradan yuragi orqasiga tortib ketdi. Bir-biriga mingashib va chirmashib ketgan katta-kichik toshloq doʻnglik va oʻngirlardan iborat moʻjaz vodiy bagʻri tik va chuqur jarliklar bilan ham boʻyiga, ham eniga ayovsiz ravishda tilimlagan boʻlib, raftori sovuq, juda sovuq edi. Buni sira kutmagan va oʻzicha bir tekisda taramlagan oʻngirlarga duch kelmoqni oʻylagan bola bu noxush manzara qarshisida dong qotdi va bagʻri chuqur jarliklar ila tilkalangan bu manzildan jondor inini ming yilda ham qidirib topolmasligiga darrov amin boʻldi.

Bola vahimali tarzda qorayib turgan chuqur jarliklarga, ular tubidagi quyuq butalarga, misli qoʻriqchilardek qoʻnqayib turgan turli tus, turfa hajmdagi qoyatoshlarga, qiyalanib va ungurlanib tushgan oʻngirlarga birma-bir boqarkan, umidi birdan singan emasmi, vodiyning narigi betini chegaralab, koʻndalang tushgan baland doʻnglikka, koʻkish hovur ogʻushida sirli yoʻsinda yastanib yotgan past-baland tizmalarga, olisdagi qorli choʻqqilarga ruhsiz nazar tashlab turgan ediki, kutilmaganda koʻzi vodiyning dara boʻyi yalangligidagi kichik tepaliklar orasida gʻimirlayotgan qoraga, bu manzilda hamisha moʻl-koʻl boʻlmish semiz-semiz yerteshar jonivorlarni ovlash dardida  yurgan Tarxashga tushib qoldi. Agar u arlon boʻrini tasodifan ilgʻamaganida, jondor bolasini qoʻlga kiritmoq oʻzi oʻylaganchalik oson emasligini fahmlab, bu niyatidan qaytgan boʻlarmidi? Yana kim biladi, har holda saldan keyin tepaliklardan biri ortida koʻzdan gʻoyib boʻlgan Tarxash sabab, bola qaytadan jonlandi, Tarxashni Ena boʻri gumon qilib, ah-ha, mana, ini qayerda ekan, deya oʻzida yoʻq sevinib ketdi. Biroq ertalabki olovli jahdining aksi oʻlaroq, quyiga enmoqni xayoliga ham keltirmadi. Vaholanki jondor degani tulki emas, borib bemalol iniga qoʻl tiqsang. Boz ustiga, kim qachonlardir jondorlarning shoʻrini quritgan va bu ishi bilan hozirga qadar davralarda maqtanib yurishni xush koʻradigan qoʻshni ovullik Boyqul uzunning gurungi, sira kutilmaganda lop etib esiga tushib qolsa boʻladimi: “…shu-u desangiz, boshda jondor uyasi qayerdaligini yaxshilab aniqlab oldim, soʻng ertasi pana yerni tanlab, shamol koʻziga teskari yotib oldim. Sovuqdan tanam uvishib, qancha yotdim, bilmayman, ammo-lekin bir kadicha nosni otib tugatganim chin. Shu-u desangiz, bir mahal jondorlar joʻrtib ovga joʻnab qoldi. Qimir etmay yotaverdim. Qachonki, jondorlar ikki-uch gaza oshib ketganiga koʻnglim ishongach, yo pirim deya, uyasiga asta urib bordim, oʻzim bilgan amalni qoʻllab, indagi bolalarini bitta qoʻymay qopga tiqdim…” Voqea davomi boʻri bolalari uchun ayanchli yakun topgani bois bola bu yogʻini eslagisi kelmaydi: “Yoʻq, jondor bolalariga sira ziyon yetkazmayman men, – deya oʻylaydi Boyqul uzunning qilmishi uchun kimdandir uzr soʻraganday. – Menga faqat bittasi kerak. Bittasini asrab olsam bas, qolgani bilan ishim yoʻq…” Bola shularni xayolidan oʻtkazar ekan, bu orzu-niyati yoʻlida sabrning etagidan mahkam tutmoqni, tutganda ham qoʻshqoʻllab tutmoqni yuragiga tugib, goʻyo hozir ini ogʻzida loʻmbillab oʻynab yurgan boʻri bolalarini ilgʻay oladigandek, kaftini manglayiga tutgancha, tepaliklar tomon qayta-qayta nazar tashlaydi. Agar shu payt onasining xiyolgina elaslangan chorlovi toʻsatdan qulogʻiga chalinmaganida, u haliveri oʻrnidan jilmas, turaverardi tepaliklarga tikilib. Chorlovdan soʻng darrov es-hushini jamlab, magar hozirroq iziga qaytmasa, keyingi urinishlariga onasi jiddiy toʻsiq boʻlmogʻidan xavfsirab, tezda iziga qayrildi. Buning ustiga, bugungi harakati besamar ketmaganidan, yaʼni oʻzicha jondor inini aniqlay olganidan koʻngli toʻq, dimogʻi chogʻ edi. Buning ustiga, balandlikdan turib, bundan soʻng onasining koʻzicha qoyaga tirmashib yurmay, qoʻshni vodiyga “darvoza” orqali kirish mumkinligini ham bilib olgandi. 

Ayol qiyalik etagidagi keksa archa ortidan manglayi terchib, hadikda esa-da, ammo koʻzlari oʻzgacha chaqnab, shatanglab chiqib kelgan bolaga zimdan boqarkan, oʻgʻlining bu holatidan ich-ichdan mamnun boʻldi. Negaki, yaylovda uni biror marta bu qadar shod, bu qadar quvnoq koʻrmagan, doim ketarman odamday, yurakni qon qilib, sumrayib yurardi-da. Shunga koʻra, bolaning qoyaga chiqib tushganidan boxabar boʻlsa-da, xuddi bexabardek, bu haqda bir ogʻiz churq etmadi – qaytanga bundan yanada quvonib qoʻydi. Axir quvonmay boʻladimi, kechagina yaylovdan juftakni rostlash  oʻyida oʻzicha vaj qidirib, merovsirab yurgan bolasi dabdurustdan bugun qoyaga tirmashib qoldi. 

Xoʻsh, bu nimani anglatadi?

Ayol nazarida, bu – bola qalbida togʻu toshlarga nisbatan mehr paydo boʻlganini bildiradi. Bunday paytda bolalar favqulodda faollashib, oyogʻiga ming tushov urib qoʻysang-da, bir yerda tek oʻtirolmay qoladi va boshi oqqan tomonga uloqib ketaverib, onalar uchun gʻirt daxmazaga aylanadi.  

Faqat Saragulga oʻxshagan ayollar uchun emas.

Chunki oʻgʻli tengi vaqtida uning oʻzi ham, qiz bolaman-ku, deb turmagan, shoʻrlik onasini doim xavotirga solib, togʻning hali u oʻrida, hali bu oʻrida daydib, tizza va tirsaklarini toshlarga sidirib, boshini butalarga ildirib, uchragan kavakka bosh suqib, turli jonzodlarga duch kelib, oʻz mayl-havasida tentirab yurgan. Saldan keyin esa bunga ham qanoat etmay, otda sangʻishni odat qilgan. Ayolning daydishlari oldida bolaning arzimagan bir qoyaga tirmashishi nima boʻpti, ayol taʼbiri bilan aytganda, hech nima.

Saragul shularni xayolidan oʻtkazarkan, dili nimadandir gʻash tortib turganini his qildi va bir muddatdan soʻng buning sababini topdi – ovoz berishi bilanoq bolaning zingʻillab quyiga enganidan norozi edi u. Bejizga emas, agar oʻgʻli oʻrnida oʻzi boʻlganida bormi, osmon boshiga qulab tushsa-da, qoya ortidagi yerlarni bir sidra aylanib chiqmasdan turib, ortiga qaytmagan boʻlardi. Boisi, ayolning aqidasiga koʻra, togʻu toshlar ro­yish feʼldan koʻra, oʻrlikni xush koʻradi, sarkash va tirishqoq odamgagina bagʻrini ochib, u bilan soʻylashib, kuylashadi.

Ayol har sangʻishidan soʻng, onasi Sojida xola tomonidan butaning hoʻl novdasi bilan “siylansa”-da, hech qachon ortga chekinmagan, yalangʻoch boldiriga paydar-pay chirsillab tushayotgan xivich zarbidan dod-faryod qilish oʻrniga naridagi choʻng qoyalarga, beridagi archali oʻngirlarga boqqan. Nazdida, choʻng qoyalar, bardam boʻl, deya shoʻxchan koʻz qisib, archali oʻngirlar oʻz bagʻirlariga chorlayotgandek tuyulgan. Bundan Saragul kuch olgan, quvvat olgan. Kuyunchak Sojida xola esa oʻziga royishli qiz oʻrniga oʻrgina qiz berganidan Xudodan nolib-nolib, uni xipchinlashda davom etardi.

Xudo onasi orzulagan oʻsha qizni, mana, oʻziga berdi.

Barno ayolning gʻirt aksi – goʻdakligidan umri yaylovda oʻtib kelayotgan esa-da, haligacha hozir ukasi chiqib tushgan qoyaga biror marta tirmashmagan,  tabiiy, qoʻshni vodiylarga ham bosh suqmagan – oʻtovdan nari ketmay, tongdan shomgacha qoʻli yumushdan boʻshamay, gʻimirlab yuraveradi. Ayol qizning bu qadar oʻtroqligi bilan hech qachon qiziqsinmagan, feʼli shu – qadalib oʻtirganga, nechun qimirlamaysan, tek turmasa, nega tek oʻtirmaysan demaydi – barini bor holicha qabul qilib, kerak-nokerak yerga tumshuq tiqavermaydi. Barno qizi ish kuyasi boʻlmoqni ixtiyor etibdimi, shundan koʻngli chogʻmi, marhamat, kuyaligini qilaversin yoxud kuz adogʻigacha bir emas, ikki juft gilam toʻqimoqni maqsad qilibdimi, mayli, niyatiga yetsin. Oʻz navbatida, qiz ham onasi eʼtiboriga loqayd, har shom oldi oʻrmakdagi gilamning shu bugun toʻqilgan qismini qarichlab oʻlcharkan, gar toʻqigani moʻljalidan kam boʻlsa, noxush tortib, ortiq boʻlsa, qiyiq koʻzlari quvonchdan porlab, bugʻdoyrang chehrasi tabassumdan jilvalanib, hadaha boshi bilan kechki yumushga shoʻngʻib ketadi.

Kecha Ena boʻri bahonasida qoʻnoqqa kelgan Jovli, choʻpon qizining ayni shu feʼli uchun suyib qolganini ayol yaxshi biladi. Hafta burun oshiq yigit yurak sirini yolgʻiz oʻz enasiga bayon etgan esa-da, bu gap zumda qanot qoqib, Saragulning qulogʻiga yetib kelgan. Qiziq jihati, choʻponlar qoʻnalgʻasi bir-biridan ancha-muncha yiroqda joylashgan boʻlishiga qaramay, bu xildagi gap-soʻzlar qandaydir yoʻllar bilan birpasda barchaga ayon boʻladi-qoʻyadi. Hattoki Jovli choʻponning quyidagi: “Yolgʻiz ugina yoqamni oqartirib, umr yoʻlimni nurga toʻldiradi, ena!” – degan oʻtli eʼtirofidan ham ayol boxabar edi. Darvoqe, shu oʻrinda yana bir gap: Jovli choʻpon, qizga oshiqligimni onamdan boʻlak oʻzga jon bilmaydi, deb oʻylaganidek, Barno qiz ham shu fikrda. Ayol esa, aksincha, bari-baridan xabardor. U yigitning butun avlod-ajdodini azaldan yaxshi bilgani uchun ham kechagi oʻziga xos gʻaroyib diydorlashuvga monelik qilmadi. Aks holda, otini tezaklatmayoq, Jovli choʻponning dumini tukkan boʻlardi.  

Xullas, ayol qizining ishlariga huda-behudaga aralashavermaganidek, kelganidan beri oʻzicha tumshayib, oʻzicha diltang tortib yurgan bolaga ham tirgʻalmaydi, loaqal, yigitday boʻp, senam bunday tevarak-atrofni aylanib kelsang-chi, qoshimda sumrayib turmasdan, demaydi. Bu kabi xohish-istaklar bolaning oʻzida tugʻilmogʻini istaydi. Bugun esa hech kutilmaganda ayolning istagi roʻyobga chiqdi – oʻgʻli oʻz ixtiyori bilan qoyaga chiqib tushdi, shunchaki chiqib tushmadi, yanoqlari alvonlanib, koʻzlari olovlanib tushdi. Bilʼaks, bu ishga atay unnatilganida bormi, bola qoyani qalbi bilan emas, jismi ila zabt etgan boʻlardi. Saragul shuni yaxshi biladiki, agar har bir ishda kishi jismini qalb boshqarmas ekan, chetdan boʻlgan barcha urinishlar behuda.  

Saragul shu xayolda qoʻlbola oq surp soyabon ostida gursillatib oʻrmak toʻqiyotgan qiziga shunchaki birrov koʻz tashlab qoʻyib, soʻngra chinni kosadagi chalopni yutoqib simirayotgan bolaga asta yuzlanarkan, dedi:

– Otangga tushlik tashlab kelmaysanmi, ulim?

Bu gapni aytish asnosida bolaga sinovchan boqdi. Mana, hozir bolaning birgina holatidan koʻp narsa ayonlashadi: agar chehrasi tundlashib, koʻzlarida malollanish alomati zuhurlansa, demak, barcha umidlari puchga chiqib, erta quvongani maʼlum boʻladi. Ayolning baxtiga, bolaning yuzida norozilik alomati aks etmadi, aksincha, chalob yuqi nimpushti lablari orasidan quyidagi soʻz misli qaldirgʻochday yengil parvoz qildi.

– Mayli.

Ayol hayallamay ikkinchi sinov oʻqini otadi.

– Ukang bilan koptogingni tepkilab tura tur, ungacha men…

Bola oʻtov qavatida turgan toʻpga shunchaki bir qarab qoʻydi-yu, lekin, onasi kutgandek unga intilmadi. Qaytanga, yaylov tomonga yuzlanib, nigohi ila otasi suruvi qayerdaligini qidirmoqqa tushdi.

Ayol bundan behad quvondi.

Ayol ilk bor laʼnati koptokdan bolani qizgʻanmadi.

Ayol bu taklifi nechun bolaga maʼqul kelganini bilmadi.

Magar bu yumush kuni kecha aytilganida bormi, bolaga malol kelmogʻi tayin edi. Bugun esa ahvol boshqacha – boʻri bolasiga beqiyos darajada havasi ketgan va endilikda uni tezroq qoʻlga kiritish ishtiyoqida yonayotgan bolaga bu yumush, tom maʼnoda, ayni muddao edi-da. Mana endi, tushlikni otasiga tashlab, iziga qaytishida “darvoza” orqali qoʻshni vodiyga oʻtadi va bemalol boʻri inini qidiradi. U bolaligiga borib, bu ishni oʻta joʻn deb oʻylamoqda edi. Sababi, kecha tongda Ena boʻrining oʻtov yonidan behadik, bamaylixotir yoʻrtib oʻtishi hamda u haqdagi kechdagi gurung va bugun qoyadan turib koʻrganlari jamlanib, bolaning bu jonivorlar toʻgʻrisidagi burungi  tasavvurlari keskin oʻzgarib, “jondor” deb atalmish yirtqich ortiq koʻziga dahshatli koʻrinmay qolgandi.  

Saragul tushlikni atay oʻylab topgandi.

Barcha choʻpon-choʻliqlar kabi yemagini oʻzi bilan olib yuradigan Chori choʻponga tushlikning hojati yoʻq. Ayolning maqsadi – momosining erkasi boʻlmish oʻgʻlini tezroq togʻu toshlarga koʻniktirish edi. Oʻtgan yili koʻklamda shu niyatda uni otasi qabatiga qoʻyib koʻrdi. Biroq bolaning rang ochmay, sumrayib yurishidan gʻashi kelgan Chori choʻpon uchinchi kuniyoq uni qaytarib yubordi. Buni qarangki, bu gal hech kutilmaganda bolaning oʻzi “uygʻonib” qoldi va undan izn soʻrab oʻtirmay, toʻsatdan qoyaga tirmashdi. Shu bois Saragul sinash uchun tushlikni oʻylab topdi. Bola quloq qoqmay rozi boʻldi.  

Ayol, togʻu toshlarga oʻgʻlimning mehri iydi, deya oʻzicha baxtiyor edi.

Bola esa kutilmaganda oʻziga tortiq etilgan erkinlikdan shod edi.

Bugun kechga tomon birinchi gilamni tugallash arafasida turgan Barno har ikkisidan ham koʻra baxtiyorroq edi.

Kunda uch mahal dasturxondagi ushoqlar qoqiladigan yerda – butazor girdidagi kaftdek sayhonlikda gʻimirlab yurgan bir juft dala sichqoni va boshqa turdagi mayda jonivorlar ham baxtiyorlikda ulardan qolishmasdi. Bu jimitdek jonzotlarning bor baxti shunda ediki, Saragul oʻtov tevaragini makon tutgan bu kabi ushoq jonzotlarning tinchligini oʻylab, tabiatan mushukka mehri baland boʻlmish Barno qizning raʼyiga qarshi oʻlaroq, oʻtovda mushuk asratmasdi. Bu-ku mayli, hattoki onda-sonda oʻtovga oʻrmalab kirib qoladigan ilonlarga ham oʻzga birovni qotintirmas, oʻzi asta dumidan tutib, nariga olib borib tashlardi. Tagʻin qiziq bir gap – ayol biror qimmatli chinni idishi sindirilganda gʻing demasligi mumkin, biroq oʻsha chinnini sindirgan bola ermakka ninachi yoxud chigirtka qanotini yulqulab oʻynasa, kaltagi tagida qolishi aniq edi.

Xullas, tabiat qoʻynida koʻz ochib, yillar davomida bu olamga ham qalban, ham jismonan singib va singishib ketgan ayol oʻzini uning bir boʻlagi sifatida his qilganidek, oʻzga tirik mavjudodlarni ham shu qatorda koʻrardi. Qisqasi, ayol tevaragida mavjlanib turmish bu yovvoyi olamni haddan ziyod sevar, bugun esa ushbu olamga nisbatan oʻgʻlimning munosabati oʻzgardi, degan xayolda oʻzida yoʻq baxtiyor edi.

 

* * *

Tunda ovi yurishmagan Ena boʻri tongda shimoliy dovon belidan toʻgʻri Burmali vodiyga enarkan, yerteshar jonivorlar moʻl boʻlmish dara boʻyidagi yalanglikka yetganda, toʻsatdan bolaning temir isiga qorishiq hidiga duch keldi. Zero, qoʻy-qoʻzilar tumshugʻi tegmagan boʻliq oʻt-oʻlanli sayxonlikda shusiz ham turli hidlar haddan ziyod bisyor edi: mana, maysalar oralab ketgan ingichka soʻqmoqdan azonda tulki yugurgilab oʻtibdi, yarim qurigan pakana buta tubidan tovushqonning oʻtgan kungi isi hanuz toʻla arib bitmagan, yaqinda qazilgan indan taralayotgan yertesharning mazali boʻyiga basma-bas holda sayxonlik chetidagi xarsanglar tomondan qandaydir oʻlaksa isi anqir, toshlardan biri yagʻrinida esa qirgʻiyga oʻlja boʻlgan qush patlari toʻzgʻib, sochilib yotardi. Bularning bari Ena boʻri uchun odatiy holat va oʻrgamchik hidlar edi.

Biroq temir isiga omuxta bola boʻyiga roʻbaroʻ kelgach, u tevarakdagi boshqa hidlarni zumda unutdi va xuddi oʻt-oʻlanlar orasida oʻz koʻyida gʻimirlab yurgan dala sichqoniga bexos koʻzi tushib qolgan tulki yangligʻ boʻyin qayirib, shu holda bir muddat haykalday turib qoldi. Ke­yin tarang tortgan dumini hali u yon, hali bu yon bejo bilang­latib, toptab oʻtilgan maysalarga avval tepalab, soʻng qiyalab boqdi va bu tanish hid – bola hidiga oʻtgan tongda oʻtov yaqinida duch kelganini darrov esladi.

Ena boʻrining barcha yovvoyi jonivorlarga xos gʻaroyib feʼli – har gal oʻtovni yonlab oʻtarkan, tevarakdagi son-sanoqsiz hidlar orasidan, albatta, birinchi galda, hamisha oʻtov ahli hidini tuvanlar va soʻng shunga qarab, notanish keldi-ketdi islarni aniqlab olardi. Oʻsha kuni qoʻtondan oʻta-oʻta, avvaliga yerdagi gʻirt begona is – bola hidini tuygan, soʻng oʻtov qoshida oʻzini koʻrgan, turgan gap, undan zigʻircha choʻchimagan, qaytaga notanish hid egasining kim qanaqaligini aniqlab olganidan koʻngli darrov xotirjam tortgandi. Ayni damda esa butun vujudida buning aksini his etib turardi. Boisi – bola hidiga etni junjiktiruvchi temir isi qorishiq edi. Ena boʻri oʻz tajribasidan shuni yaxshi biladiki, qorishiq hid – inson va temir isi hech qachon yaxshilikdan darak bermaydi – uning ortida doimo biror xavf-xatar pinhon yotadi. Axir Soʻpoq davrida bu xil omuxta hidlarga, yaʼni ovchilar tomonidan gʻoyatda ustakorlik bilan qoʻyib ketilgan shafqatsiz “temir maxluq” – qopqonlarga necha bor duch kelmagan. Shunga koʻra, bexosdan oyoqqa ogʻiz soladigan qoʻngʻir-qoramtir tusdagi dahshatli “gʻanim” – qopqonni koʻz oʻngida gavdalantirib, beixtiyor irilladi. Irillash asnosida, odatiga koʻra, tevarakka sergak koʻz yugurtirib qoʻyishni ham unutmadi. Keyin esa har ehtimolga qarshi panjalarini yerdan uzmagan koʻyi toptalgan maysalarga tagʻin tumshuq choʻzdi va bir ondan soʻng qorishiq hid bir yerda uyalashmay, har ikki yonga – vodiyning sharqiy qismidagi mayda tepaliklar hamda “darvoza” sari choʻzilib ketganini darrov sezdi. Jonivor hech ikkilanib turmay, hidga ergashib, tepaliklar tomon jildi. Qorishiq hid tepaliklar biqinidagi katta-kichik xarsanglarni yonlab oʻtib, keskin dara tarafga qayrilgan va soʻng jarlik yoqalab, “darvoza” tarafga qarab ketgandi.

Ena boʻri hid olib-hid olib borarkan, saldan soʻng bola tomonidan oʻtkir pichoqda shunchaki ermakka, ammo oʻta hafsala bilan kavlangan sayoz va namchil chuqurchaga toʻqnash keldi. Chuqurcha dara labidan uch-toʻrt odim berida qazilgan boʻlib, quyida esa haliga qadar tinib ulgurmagan joʻshqin soy loyqalanib oqardi. 

Kutilmagan bu holdan battar tahlikaga tushgan Ena boʻri koʻzlarini chuqurchaga tikkancha, lol turib qoldi. Nega deganda, ajal hidi – temir isi gupurib turgan namchil chuqurchaning turishi va shakli shafqat bilmas “temir maxluq” koʻmilgan yerga aslo oʻxshamasdi. Odatda, “temir maxluq” yer yuzalab – mayin tuproq yoxud chirigan xas-xashaklar ostida poʻsib yotardi-da. Buning ustiga, chuqurcha tevaragida dimoqqa oʻta xush yoquvchi xoʻrak ham koʻrinmasdi.  

Unda bu nima? 

Ana shunda Ena boʻri qavatida sobiq jufti Soʻpoq yoʻqligidan juda oʻkindi. Agar shu tobda jufti yonida boʻlganida bormi, birpasda bu jumboqning tagiga yetgan va magar chuqurcha tubida “temir maxluq” biqinib yotgan boʻlsa, orqa panjasi bilan tuproq sochib, bir lahzada uning jagʻini yopgan boʻlardi.

Soʻpoq toʻdaboshi sifatida nihoyatda omilkor edi. Ayniqsa, “temir maxluq”larni adashmay aniqlash va ularni zararsizlantirish borasida juda ustasi farang edi. Odam bolasi “temir maxluq”ni nechogʻli ustakorlik bilan bekitib, temir isini yoʻqotmoq uchun unga ne bir gird-balolar surgan boʻlmasin, Soʻpoq zumda uni aniqlar va aniqlashi bilanoq koʻksining tub-tubidan boʻgʻiq irillab, bu balodan toʻda aʼzolarini ogoh etardi. U shartli ohangda irillashi bilan sheriklari bir zumda turgan joylarida toshqotar va barining eʼtibori toʻdaboshiga qaratilardi. Bu xil qaltis onlarda Soʻpoq nechundir hamisha oʻziga nisbatan alohida diqqatni talab etar va qachonki, barcha yirtqichlar nigohi oʻzida ekanligiga toʻla ishonch hosil qilgandan soʻnggina, mana, koʻrib qoʻyinglar, deganday andak viqorlanib, goh qopqon koʻmilgan yerga, goh sheriklari tomonga bir-bir nazar tashlab, koʻpda oshiqmay “temir maxluq” koʻmilgan yerga orqa oʻgirardi-da, koʻpincha oʻng panjasini ishga solib, avval sekin, soʻng shiddat-la tuproq sochmoqqa kirishardi.  Toʻdaboshining yirik va oʻtkir tirnoqlari yerga botib ulgurmayoq, quloqlari ding toʻda aʼzolari oʻsha tanish “shilq” etgan tovushni betoqat kutar va bu noxush sas havoga qalqishi bilan dastlab bir-bir seskanishib, keyin darrov jonlanishardi: biri oʻzicha botirlanib, yopilishi zabtida silkinib yuzaga tepchib chiqqan “temir maxluq”ni iskab koʻrar, biri yaqin bormoqqa oʻzida jurʼat topmay, turgan yerida ohista ingillab qoʻyar, biri, endi hech hojati boʻlmasa-da, Soʻpoqning qiligʻini takror etmoqqa urinar, biri esa bir parcha tayyor xoʻrakni ilib ketish payida boʻlardi. Biroq Soʻpoq bunga izn bermasdi, tuyqusdan gʻazabkor irillab, xoʻrakka peshob oqizib, uni bulgʻab tashlardi. Bu – uning qopqon egasiga nisbatan oʻtli nafrati belgisi edi. Afsuski, toʻdaboshi sifatida u har qancha ziyrak va hushyor boʻlmasin, loqaydlik va ayniqsa, nafs yoʻrigʻida qopqonga tushib qoluvchi yirtqichlar hamisha uchrab turardi. “Temir maxluq” – ajal, uning changaliga tushib qolgan jonga hech bir kuch, jumladan, oʻta baquvvat jagʻ sohibi boʻlmish Soʻpoq ham koʻmak berolmasdi. Ena boʻri ana shunday ayanchli voqea­lardan biri – yosh va oʻyinqaroq boʻri – Oqdum fojeasini haligacha unutolmaydi.

Oʻshanda oʻzicha toʻdadan ilgarilab ketgan va endi ayni shu qiligʻi uchun Soʻpoqdan boplab taʼzirini yeyishi lozim boʻlgan Oqdum undan qochaman deb, archalar oralab ketgan soʻqmoqqa qoʻyilgan qopqonga tushib qolgandi. Bu yoʻnalish toʻdaning eng sinashta yoʻllaridan biri esa-da, Soʻpoq hech qachon shu soʻqmoqdan beparvo oʻtmas, birorta jondorning oʻzidan oldinga yoʻrtmogʻiga izn bermas va hatto toʻdaning eng suyukli erkatoyi boʻlmish Ena boʻri ham bu yoʻriqqa hech bir moneliksiz boʻysunmoqqa majbur edi. Oʻshanda Soʻpoq darrov koʻmakka oshiqmagan, goʻyo yoʻriqni buzganiga achchiq qilgandek,  dod-voy qilgancha, jon-jahdi bilan qopqon zanjirini gʻajimoqqa tushgan Oqdumning harakatlarini kuzatib, bir chetda choʻnqayib turavergan. Qolgan yirtqichlar bu orada Oqdum atrofida aylanishgan-oʻrgilishgan, baʼzi birlari zanjirga ogʻiz solib koʻrishgan va oxir-oqibat, nima qilamiz endi, deganday toʻdaboshiga iltijoli boqishgan. Soʻpoq koʻrinishidan arazda esa-da, aslida ne qilarini bilmay boshi garang edi. U shu holda bir necha muddat toshqotib turgach, oshiqmay oʻrnidan qoʻzgʻolgan va borib zanjir xalqalarini tishlari orasiga olgan. Avvaliga irillab-sirillab chaynagan, soʻng qattiq pishqirib, zanjirning ikkinchi uchidagi koʻmilgan gʻoʻlani kavlab olgan. Biroq bu chora emasdi. Zero, shundan boʻlagiga Soʻpoqning chogʻi ham yetmasdi. Keyin oldingi soʻl panjasi iskanjaga tushgan Oqdum, oʻrtada, qopqon va gʻoʻlani zoʻr-bazoʻr sudrab, qolgan jondorlar esa uni tevaraklab, nariroqqa yoʻl tortishgan – imkon va iloji boricha uzoqroq ketmoqqa urinishgan. Ammo izlaridan qopqon egasi – yaroq tutgan otliq tushganini sezishgach esa Oqdumni taqdir izmiga tashlab, archalar orasiga biqinishgan va keyingi dahshatli jarayonga bevosita guvoh boʻlishgan. Qisqasi, dumi uchidagi bir tutamgina oqi toʻq kulrang kelbatiga sira mos tushmagan yosh jondorning ayanchli qismati Ena boʻri xotirasida mahkam muhrlanib qolgan. Shunga koʻra, u oyoqdan olmoqqa hoziru nozir holda pusib yotadigan “temir maxluq”dan doimo hazir boʻlishga tirishadi – uni yaroq tutgan ovchiga nisbatan xavfli deb biladi. Mana endi, ajal hidi anqib turgan chuqurchaning neligi va uning ne vajdan qazilganiga aqli yetmay, boshi qotib turardi.

Ena boʻri hali nami arimagan chuqurchaga goh u yonlab, goh bu yonlab, goh tikkalanib va tiklanib boqarkan, oxiri temir isining kuchli anqishiga qarab,  oʻsha koʻrinmas balo chuqurcha tubida degan qarorga keldi. Soʻpoqning amalini qoʻllamoqqa jazm qildi. U tevarakka yana bir karra sarasob solib, ortiga qayrildi-da, boshda soʻl, soʻng oʻng panjasi bilan bir chetda uyulib yotgan toshu tup­roqni chuqurcha ichiga sochqilashga tushdi. Ammo chuqurcha avval yarimlab, soʻng boʻgʻziga qadar toshu tuproqqa toʻlib-toshsa-da, u kutgan tanish “shilq” etgan sasdan darak boʻlmadi. Bu holdan Ena boʻrining hayrati ortdi, oʻz navbatida, chuqurchadan ortiq hayiqmay qoʻydi. Ammo chuqurchani shu holida tashlab ketmadi – Soʻpoq kabi nafrat-la ustiga choptirib, soʻng uni tark etdi, yaʼni hid boʻylab tagʻin yoʻlida davom etdi.

Qorishiq hid uni toʻgʻri “darvoza”ga boshlab bordi.

Bu yerda u kesishgan izlarga roʻbaroʻ boʻldi. 

Kecha Burmali vodiyga qadam qoʻygan bola dastlab etakdagi doʻngliklar yoqalab tentigan va soʻng dara tomonga yurib, bir maydon u yerda uymalashib, keyin dara zihi boʻylab ortiga qaytarkan, “darvoza”da kirgan izini kesib oʻtib, Suvliqsoy vodiysi girdidagi doʻnglik yoqalab, Ena boʻriga qadrdon ermish oʻtov tomon ketgandi. Biroq bu holdan jondorning koʻngli zigʻircha  taskin topmadi, qaytaga hadigi battar kuchayib, adadsiz shubha-gumonlar ogʻushida qoldi. U oʻziga tanish boʻlmish bolani oʻta ushoq bilib, uni xavfli gʻanim sifatida qabul etmaslikka harchand urinmasin, biroq bola hidiga esh boʻlmish laʼnati temir isi undagi bu ilinjni jiddiy inkor etgani bois, bolapaqir jonivorning koʻz oldida goh yaroq tutmoqqa qodir azamat yigit qiyofasida, goh doimo jondorlar yoʻliga qopqon qoʻyib yuradigan – jufti Soʻpoq davrida uni bir necha bor koʻrgan, shuningdek, Oqdumning boshiga ham  shu yetgan  – oʻrta boʻyli, qoruvli ovchi kelbatida gavdalanib, battar yuragini ezardi. Axir, oʻtgan tongda koʻziga chalingan bolada biron-bir yomonlik alomati yoʻqligini u oʻsha zahotiyoq darrov fahmlagan edi-ku. 

Unda bu sinoat nedur?

U beixtiyor bola izidan oʻtov tomon yurdi.

Shu oʻrinda, quyidagi savolning tugʻilishi tabiiy, nechun jonivorning tinchini buzdi?

Bor gap shundaki, bola uning iniga yaqin yerda oʻralashgandi, bu – bir. Ikkinchidan esa bu qorishiq hid shu kezgacha xavfsiz sanab kelingan oʻtovga bogʻliq edi. Endilikda bu baloni oʻz koʻzi bilan koʻrmaguncha, neligiga toʻla ishonch hosil qilmaguncha, yaʼnikim, hudud egasi sifatida ushbu jumboqning tagiga yetmaguncha uning koʻngli tinchimasdi. Bu – yirtqich uchun hayot-mamot masalasidek bir gap edi.  

Ena boʻri oʻtovga yaqin qolganda, shartta oʻngga burilib, qiyalikdagi archazorga shoʻngʻidi va koʻp oʻtmay oʻtov tepasida paydo boʻldi. U qiyalikda kecha tongda bola tomonidan qoldirilgan hidni tuygan esa-da, ortiq chalgʻimay, bor diqqatini jamlab, oʻtkir koʻzlarini quyidagi oʻtovga tikdi.

Oʻtov, odatdagidek, tinch va osoyishta edi.

Ena boʻri dastlab tonggi yumush – qoʻtonni supur-sidir qilib yurgan Barnoga razm soldi. U qizdan hayiqmas, uning misli kapalakday beozor va beziyonligini yaxshi bilardi. Shuning­dek, ayni shu payt oʻtovdan chelak koʻtarib chiqib kelgan Saraguldan ham choʻchimas, qaytaga uni juda xush koʻrardi. Shunga koʻra, ayolga koʻzi tushishi bilan, goʻyo uzoq safardan qaytgan egasini sogʻinib qarshilagan itday, beixtiyor ingrashib, gʻingshindi. Qani endi, ayni shu tobda itning oʻrnida boʻlib qolsa-yu, oʻgʻri mushukdayin archa novdalari orasida biqinib yotmay, quyiga ensa, bir maydon ayolni chir aylanib-oʻrgilsa, soʻng, meni silab-siypalab qoʻy, deya toʻrtala oyogʻini dast koʻtarib, yerga chalqancha tushib yotib olsa, qorni va boʻynini silab-siypayotgan ayolning huzurbaxsh iliq kaftini butun tanida his qilsa. Zero, u chalqancha tushib erkalanishni azaldan yoqtiradi. Bunday damlarda, Tarxashning aksi oʻlaroq, Soʻpoq undan sira mehrini ayamasdi – boshdan-oyoq yalab-yulqalardi. Tarxashga kelsak, uning bu xil nozik mayllarga javob berolmas, gʻoʻrligi sabab, oʻzgani erkalashdan koʻra, aksincha, oʻzini erkalashlarini xush koʻrardi.

Ayolga ilk bor toʻqnash kelgan kuniyoq, uning botinidan balqiyotgan iliq taft taʼsirida, Ena boʻri, bir lahzaga boʻlsa-da, ayni shu istakni tuygan va bu holdan taajjublanib, ohista ing­rashib qoʻygandi. Soʻng archazor qiyalikka oʻrlarkan, nechundir yoʻlda ayolning iliq kaftini ich-­ichidan qayta qoʻmsab, qayta ingragisi keldi. Ayolning sirli va sehrli taftiga oshuftalik  keyinchalik ham jonivorni tark etmadi – har safar oʻtovni yonlab oʻtarkan, shu istak vajidan vujudi bir damga boʻshashib, koʻzining osti bilan ayolga erkalanib boqadi. Biroq oʻrtadagi koʻz ilgʻamas “chiziq”dan hatlamoqqa haddi yetmaydi. Ayol esa, goʻyo jonivorning ichidan ne oʻtayotganini sezganday, har gal erkalab, tergab qoʻyishini sira kanda qilmaydi. Ayolning begʻaraz koyinishi zamirida oʻziga nisbatan mehr va xayrixohlikni his qilgan Ena boʻri esa xuddi yuvvosh itday, beixtiyor dum silkiganini sezmay qoladi. Agar buning evini topganida bormi, ayol qoshida bir muddat toʻxtagan va koʻzlariga termulgancha, koʻp emas, atiga bir necha lahzaga chuqur tin olgan boʻlardi. Ming afsuski, bu mumkin emas, negaki, inson va boʻrilar orasida loyi “hadik”dan qorilgan  shunday bir mustahkam devor boʻylanib turardiki, bu devorni mensimaslik  tabiat qonuniyatiga mutloqo zid edi. Qisqasi, Ena boʻri oʻtov sohibasini qanchalik oʻziga yaqin olmasin va ayni shu holat ayol xatti-harakatida nechogʻli aks etmasin, mavjud qonuniyatni buzmoqqa hech birining yuragi chopmas, yaʼni masofa saqlab “muomala” qilmoqdan nariga oʻta olishmasdi.

Bu tiriklik dunyosida, aslida, ushbu “muomala”ning oʻzi ham oʻta noyob hodisa sanaladi. Inson va yirtqich oʻrtasida bu kabi “doʻstlik” kamdan-kam roʻy beradi. Oʻz navbatida, u shu qadar moʻrt boʻladiki, xiyolgina nooʻrin xatti- harakatdan zumda yoʻqlikka yuz tutishi mumkin.

Bugun aynan shu hol epkinlangan boʻlib, Ena boʻrini oʻtov sari yurishga undagan asosiy sabab­lardan yana biri – shu edi. Qorishiq hid shu damgacha oʻzi “doʻst” deb bilgan oʻtov ahlidan biriga tegishli boʻlib chiqqanining oʻziyoq  yirtqich yuragida shubha hissini tugʻdirgan, nazarida, oʻtovda oʻziga qarshi qandaydir xatar paydo boʻlgandek edi. U oʻsha xatarni oʻz koʻzi bilan koʻrish va aniqlash qasdida edi. Ena boʻrining oʻziga qolsa-ku, birgina qoʻrquv yoʻrigʻiga boʻysunib, ayoldan bet oʻgirishni, yaʼni oʻtovning xavfli nuqtalardan biri sifatida bilib, undan chetlanishni aslo istamas, bundan keyin ham ayolga “erkalanib”, vaqt-bevaqt oʻtov yonidan bemalol oʻtib-qaytib turish istagida edi.

Ena boʻri quyuq archa novdalari orasidan tonggi quyosh nuridan sekin-asta fusunkor tus ola boshlagan tevarakka ora-sira koʻz tashlab qoʻyishni unutmagan holda qorishiq hid egasini qidirmoqda edi. Ammo hozircha u hech qayerda koʻrinmasdi.

Ena boʻrining baxtiga hid egasi koʻp kuttirmadi.

Oʻtovning qoʻshtabaqali, pastak, koʻrimsizgina eshigida hali koʻzlaridan uyqu arib bitmagan bola paydo boʻlganida, yirtqichning nigohi Saragulda edi. Bolani koʻrgach, birdan sergak tortib, butun diqqatni unga qaratdi. U lippasini tutgan koʻyi naridagi qoyatoshlar tomon zingʻillagan bola ortidan hayron qarab qolarkan, temir isi bois, xayolida xavfli gʻanim yoʻsinida gavdalangan hamda oʻzini tahlikaga solgan bu ushoq jonning hech bir xatarli jihati yoʻqligini, tevaragida sayrab turadigan kakliklardek beozorligini zumda idrok etdi. Bu esa toʻsatdan quyidagi voqeani esiga tushirdi.  

Oʻshanda oʻzga bir armon mayllik koʻrsatgani uchun Soʻpoqdan arazlab, toʻdani tark etgan Ena boʻri yerbagʻirlab oʻsgan quyuq archa poyida koʻngli qorongʻi tunday zimiston tortib yotgandi. Boshiga tushgan bu savdoga toqat qilmoqqa bardoshi yetmay, yotgan joyida imi-jimida oʻlib qoʻya qolgisi kelardi. Biroq u biqingan archa yonidan oʻtgan soʻqmoqda oʻtin yuklangan eshagini oldiga solib kelayotgan novcha, qoratoʻri bolaning tuyqusdan paydo boʻlishi jonivorning gʻam toʻriga haddan ziyod oʻralib-chirmalmogʻiga yoʻl qoʻymadi. Tabiiy, Ena boʻri boladan zarracha choʻchimadi, yuragida  unga nisbatan qahr tuygʻusini ham his etmadi, ulovini haydab tezroq qabatidan oʻtib ketishini kutib, archa butoqlari orasida dimini chiqarmay, pusib yotaverdi. Odam bolasi koʻradi, ammo hid bilmaydi, degan ichki yovvoyi aqidaga amal qilib, ilgari ham bu usulni bir necha bor qoʻllab koʻrgandi. Ammo bu gal bolaning oldida kelayotgan uzunquloq eshak, barcha jonzotlar kabi har qanday xatarni oldindan seza bilish qobiliyatiga ega ekanini xayolidan mosuvo etgandi. Ana, archaga yetishiga bir archa boʻyi qolganda, uzunquloq maxluq taqqa-taq toʻxtab, joyida toshday qotdi. Eshagi ortidan parvoyi falak kelayotgan bola ne gapligini oʻylab ham turmay, avvaliga “xix”lab koʻrdi. Qani endi, eshak joyidan jila qolsa. Shundan soʻng, bolaning gʻazabi qaynab, qoʻlidagi silliq xalachoʻp bilan uni ayamay savalashga tushdi. Kaltakka eshak chidash berdi-yu, ammo shundoq koʻz oldidagi tasir-tusirga toqat qilmoqqa Ena boʻrining bardoshi yetmadi. Archa tagidan asta sirgʻalib chiqdi-da, soʻqmoq boʻylab yoʻrtib qochmoqqa tushdi. Ammo ulov egasi gʻirt nodon bola ekan, shunchaki yoʻliga qochgan Ena boʻrini qoʻrqoqqa chiqarib, bundan gʻayrati joʻshib, oʻtin bogʻlamlari orasidan kichik boltani qoʻliga olib, “toʻxta, enagʻar”, deya izidan quvlashga tushdi. Ena boʻri andishaga boʻysunib, “ana qaytar-mana qaytar”, deya biror oltmish odimcha yoʻrtib bordi. Biroq qarasaki, bola tiyiladigan emas, shunda u shartta ortiga  qayrildi-da, toshingni tersang-chi, deya soʻyloq tishlarini namoyish etgancha, yarim ovozda shunday bir irillab berdiki, buni aslo kutmagan bolaning qoʻlidan boltasi tushib, ishtonini hoʻllagancha, boyayoq juftagini rostlagan eshagi ortidan  ura qochishga tushdi.

Bolaning qorasi oʻchgach, Ena boʻri soʻqmoq chetida yotgan bolta yoniga borib, uni qiziqsinib iskab koʻrdi. Ajal hidi – qorishiq hid egalaridan biri zumda qochib qolgani, ikkinchisi esa shundoqqina tumshugʻi tagida xor boʻlib yotganidan hayrati toshganday, bolta tepasida picha choʻnqayib turdi-da, soʻng oshiqmay boshi oqqan tomonga yoʻrtib joʻnadi.

Bu voqea favqulodda esiga tushgach, bugun ham xuddi shunga oʻxshash qorishiq hidga duch kelganini fahmlab yetgan Ena boʻri birdan yengil tortdi-da, bolani ortiq eʼtiboriga arzitmay, tagʻin ayolga chalgʻidi. Bu orada qozon tagiga oʻt yoqqan Saragul kul toʻla togʻorani biqinida tutgancha, qoʻtondan naridagi, soylikdan beridagi kichkina kultepa tomon yurdi. Ana shunda Ena boʻri diqqatini soylikning keng sahnida gʻimirlab yurgan yumronqoziqlar  oʻziga jalb etdi. Tarxash ovlashni juda xush koʻradigan jonivorlarga bu safar Ena boʻri nafsi ochilib qaradi. Ammo birozdan soʻng ularni ayoldan sira hayiqmay, qaytaga unga yaqinroq kelishga urinayotganini sezgach, ayolga nisbatan rashkka oʻxshash gʻalati bir tuygʻuni his qildi. Biroq bu hol uzoq davom etmadi. Nafsi rashkdan ustuvor kelib, u tumshuq yalab, tamshandi, tamshanib, tumshuq yaladi. Qani endi, manavi semizgina maxluqlardan bir nechtasini tutib, paqqos tushirsa! Qorni och esa-da, qoʻrada kavsh qaytarib yotgan jonliqlarga qiya boqmagan yirtqich yumronqoziqlarni juda-juda tutib yegisi kelardi. Aslida, tunda ovi barordan kelmagani tufayli, tongda yemak dardida Burmali vodiysiga engan, yertesharlar jonivorlardan ikki-uchtasini tutsa tutdi, tutolmasa, zax kavaklardan birida saqlanmish zaxirasiga borib qotinish niyatida edi. Agar qorishiq hidga chalgʻimaganida, hozir bolalari yonida tinchgina orom olib yotgan boʻlardi. 

Koʻngli butunlay joyiga tushgan Ena boʻri bir necha muddatdan soʻng  qoya osha asta iziga qayta boshladi.

 

* * *

Kechadan beri oʻzini toʻla erkin his eta bosh­lagan bola – holbuki uning erkinligini hech kim cheklamagan – bugun jondor inini, albatta, qidirib topish umidida, nonushtadan soʻng, bu ishga hozirlanib, oʻtov ichida gʻimirlab yurarkan, keragada, miltiq qavatida osigʻliq turgan, kecha otasiga tushlik olib borayotib, yashirincha qoʻyniga solib chiqqan qoramtir charm qinli, suyak sopli uzun pichoqqa qoʻlini choʻzgan yerida, goʻyo toʻsatdan nimadir esiga tushganday, bir muddat xayolchan turib qoldi. Bir qarashda, tigʻni soʻroqsiz olmoqqa istihola qilayotgandek esa-da, aslida bu dafʼa pichoqni qoʻyniga bekitib emas, shu yerning oʻzidayoq kamariga taqib chiqishni oʻylayotgan edi. Boisi kecha oʻtovdan andak uzoqlab, yoʻlda uni kamariga taqib olganida, oʻzini juda  boʻlakcha – togʻni ursa talqon qiladigan alp yigitday his qilgan edi-da. Qani endi, bu istagiga onasi monelik qilmasa-yu, tigʻni bobosi kabi oʻng yoniga emas, xuddi shamshirdayin soʻl yoniga osib, oʻtov eshigidan qomat kerib chiqsa!

Bola shu kabi oʻy-xayollar ogʻushida qoramtir qinli pichoqni kamariga taqarkan, belida oddiy tigʻ emas, rostakam shamshir osilib turganday, oʻzini koʻzguga solib koʻrgisi keldi. Biroq butun boshli oʻtovda Barno opasining kattaligi oʻrtacha likopchaday, yashil gardishli oynasidan boʻlak koʻzguning oʻzi yoʻq edi.

Bola tevarakka alanglab, eshik tepasida, bezakli qizgʻish tuzma ortiga qistirib qoʻ­yilgan koʻzguni tezda topib, uni qoʻliga oldi. Koʻzguni oʻzidan uzoqlatib va yaqinlatib, yaqinlatib va uzoqlatib boqdi. Keyin bunga qanoat etmay, uni beliga tutib boqdi. Qizgʻish mayda naqshlar ila bejalgan pichoq qini qora kamariga gʻoyatda mos tushganini koʻrib, dimogʻi behad chogʻlandi: “U-u, qani endi, shu turishimni ovuldagi joʻralarim bir koʻrsa edi!..” – deya totli xayollarga berildi. Keyin qomatini yanada gʻoz tutarkan, belidagini chinakam shamshir oʻrnida tasavvur etib, uni shartta qinidan sugʻurib, qayta qiniga tiqdi. Bu qiligʻini uch-toʻrt bor takror etgach, toʻsatdan  oʻrligi qoʻzib, pichoqni kamaridan yechmay, shu holicha toʻgʻri Burmali vodiyga yoʻl tortmoq istadi. U shu sarkash oʻyda oʻtovdan bosh chiqarib, tishga nazar tashlarkan, har tongdan onasi tomonidan band etiladigan oʻchoqboshini bu safar boʻm-boʻsh koʻrgach, dadil tashqariga intildi. Ovulda momosining koʻzini shamgʻalat qilib, koʻchaga otilganidek, bu dafʼa lip etib qiyalikdagi archazorga oʻzini urmoqchi boʻldi.

Bola shu jahdda oyoq uchida ildam jilarkan, bir necha odim otmay, sira kutilmaganda oʻtov ortidagi yalanglikda gʻimirsib, oʻrmakni yangilayotgan Barnoga qarashayotgan onasining jiddiy, sinovchan nigohiga duch keldi. U bu rejasi puchga chiqqanini fahmlagach, belidagi pichoqqa onasining koʻzi tushib qolmaslini uchun oʻng yonlab turib oldi-da, oʻzicha tevarakka alahsigan boʻldi. Keyin, menda biror ishingiz yoʻqmi, degan maʼnoda onasiga bir qarab qoʻyib, sekin olgʻa yurdi. Biroq oʻzini tutishi hamda qovushiqsiz xatti-harakati bilan nimanidir yashirishga urinayotganini yaqqol sezdirib qoʻydi. 

Buni bir zumda payqagan Saragul avvaliga ajabsindi, soʻng feʼliga xos oʻktam ohangda soʻradi:

– Ha, yoʻl boʻsin, ulim?

Bu hukmona ovozdan joyida qotgan bola, oʻzi sezmagan holda, beixtiyor, onasi tarafga oʻgirildi. Ana shunda ayolning koʻzi oʻgʻlining belida shopday osilib turgan pichoqqa tushdi. Agar shu tobda Saragul oʻrnida boshqa bir ayol boʻlganida bormi, darrov sannashga tushmogʻi tayin edi. Toʻgʻri, bolaning bu qiligʻi dastlab ayolga juda erish tuyuldi. Ammo oʻzining yoshligi birdan esiga tushgach, aksincha, bu holdan juda mamnun boʻldi, bolasi tushmagur halitdan er yigit boʻlgisi kep qoptimi, deya ichidan sevindi.

Bu yoshida ayolning oʻzi ham hech qachon yaroqsiz yurmagan. Qora qinli, oʻtkir tigʻli ingichka pichoqchasini jigarrang nimchasining soʻl astariga oʻzi atay tikkan maxsus choʻntakka solib, onasi Sojida momo aytmishli, xuddi halakini itiday oʻrma-oʻr rosa sanqirdi. Ayol qoʻynidagi tigʻni biror-bir yovvoyi jonivorga zarar yetkazish oʻyida emas, shunchaki ogʻzini yopsang, burni bilan gapiradigan sergap, matalchi momosining: “Toqqa chiqsang, yarogʻli chiq, yolgʻiz chiqma, tanho chiqma, hamroh-la chiq”, – degan oʻgitiga amal qilib, doimo oʻzi bilan olib yurardi. Qoʻynida yarogʻi boʻlsa, hamisha oʻzini tetik va bardam sezardi.

Ayol pichoq taqqan bolaga pinhona gʻurur bilan qayta nazar tashlarkan, nazarida, oʻgʻli yigitlik sarhadiga vaqtdan burun yetib bormoqqa juda-juda oshiqayotgandek tuyulib, tanglayini taqillatib qoʻydi.

Bunday paytda oʻgʻil bolaning shahdini sindirish, koʻklab turgan niholni tag-tomiri bilan sugʻurib tashlashdek bir gap ekanini bilgani bois, rizolik alomati sifatida oq sariqqa moyil bodomqovoq chehrasini endigina tabassumga toʻldirmoqchi ham ediki, birdan sayrga otlangan bu “yigit”da yana bir muhim hamroh – zarang tayoq yetishmasligini dabdurust­dan payqab qoldi.

Zarang tayoq ayolning eng ishongan hamrohi edi. Bilgan odamga kaltak ishonchli sherik – tepaga oʻrlashda koʻmagi tekkanidek, goho yoʻl-poʻlda uchrab qoladigan ilonlardan himoyalanishda juda asqatadi. Buni necha bor oʻz boshidan kechirgan ayol oʻtovning tashqi bogʻichiga qistirib qoʻyilgan ikki podatayoqdan birini, nisbatan kalta va yoʻgʻonrogʻini sugʻurib oldi-da, goʻyo sirtiga oʻtirib qolgan changini sidirganday, uni kafti bilan silab-siypalab, bolaning qoʻliga tutqazarkan, uloqib qayerga ham borardi, juda nari borsa, yaylovni bir aylanib keladi-da, degan oʻyda jiddiy dedi: 

– Hazir boʻl, koʻpam uzoqlab ketma!

Bor xavotiri belidagi pichoqda boʻlgan bola bu gapdan misli qushday yengil tortdi va oʻz nav­batida, jindek oʻkinib qoʻyishni ham unutmadi: “Eh-h, shu turishimni joʻralarim bir koʻrganda edi-ya!” Buni qarangki, ayni shu tobda odamzodga xos yana bir qusur darrov boʻy koʻrsatdi – onasi pichoqqa izn bergach, bolaning xohish-istagi yanada koʻpchib, shartta iziga qayrilgisi va  oʻtovdan qoʻshogʻiz miltiqni yelkasiga ilib chiqqisi keldi. U hatto ushbu istak mayliga boʻysunib, beixtiyor ortiga oʻgirildi ham. Haytovur, soʻnggi lahzada aqli ishlab, oʻz vaqtida oʻzini tiya bildi. Aks holda, onasidan koʻradiganini koʻrardi. Bu xavfli yaroqqa Chori choʻpondan boʻlak kimsaning qotinishini jinidan battar yomon koʻradigan ayol bunday damlarda shunchaki koyish yoxud xivichlash bilan kifoyalanib qolmay, sendaychikin bolaning boridan yoʻgʻi yaxshi, deya zumda kovushini toʻgʻrilab qoʻyishdan ham qaytmasdi. Ayni kezda bu bolaga aslo maʼqul emasdi – xayolini tamomila zabt etgan boʻri bolalaridan birini qoʻlga kiritmasdan turib, yaylovdan ketishni endi hatto xayoliga ham keltirmasdi. 

Bu kamdek, bu oʻta xavfli ermak unga juda xush yoqib qolgandi.

Kecha otasiga tushlik olib borarkan, ushbu “xavfli ermak” taʼsirida, ilk bor tegrasidagi yashil olamga oʻzgacha bir nazar bilan boqqan va shu vaqtga qadar gʻoyatda tussiz, viqorli togʻlar bu gal koʻziga butunlay boʻlakcha koʻringan, qandaydir bir kuch oʻzini bu olamga mahkam bogʻlab turgandek tuyulgan.

Bu kuch – qalbidan oʻrin olib, allaqachonoq tasavvurida yashay boshlagan oʻsha shoʻx va oʻynoqi boʻrivachcha edi. Zero, uning xayolidagi boʻrivachcha ovuli shimolidagi dala-dashtda yoxud janubidagi  past-baland qirliklarda emas, aynan ushbu olam quchogʻida edi-da. Bolaning nazarida, qachon meni olib ketasan, deya ini ogʻzida yoʻliga ilhaq termilib turgandek edi goʻyo. Qani endi, suyukli bu jonivorni tezroq qoʻlga kiritsa-yu, tor dara oʻzaniga tushivolib, ovuli tomon oʻqdek uchsa! Xullas, kechadan buyon aqli-hushini oʻgʻirlab qoʻygan oʻsha mittivoy tufayli koʻm-koʻk oʻtloq jilvakor, sokin togʻlar pirviqor, betdagi koʻm-koʻk archalar oʻta goʻzal, quyidagi yashil butalar gʻoyatda sirli koʻrinmoqda edi, koʻziga.

Bola shunga oʻxshash tuygʻuni oʻtgan koʻklamda Elyor joʻrasi bilan tulki inini qidirib topgan kezda ham aynan his qilgandi. Oʻshanda juda vahimali   Kattajar koʻziga goʻzal va tarovatli koʻringan. Tesha bilan jarlik poyidagi uyani kavlab va kengaytirib, bir talay tulki bolalarini dagʻal qopga joylab, izlariga qaytishganida esa, u xushhol kuzatib qolgandek tuyulgandi. Biroq Kattajar tomonidan “xushhol kuzatib” qolingan bolalar uyda noxush qarshilagan: Oynagul momosi, voy, mengina oʻlay, bolalari izidan kelmish tulkilar endi uyginamni kuydirib, tovuqlarimni bitta qoʻymay qirib bitiradi-ku, deya vahima koʻtargan, oqish soqolini tutamlab, ochiq qopda qoʻrquvdan koʻzlari javdirab, bir-birlarining pinjiga suqilib, gʻuj boʻlib turgan tulki bolalariga xayolchan termilib turgan Rayimqul bobosi bolani maqtash va olqishlash oʻrniga, oʻziga oʻzi gapirganday, asta toʻngʻillab, “uvol” degan, “gunoh” degan va soʻng birdan jonlanib, har ikkisining ham yumshoq yeriga bir-bir qamchi izini qoldirib, “qani, qopni koʻtar, izimdan yur” degan va nevarasini otga mingashtirib, tulki bolalarini toʻgʻri Kattajarga olib borgan, endigina ovdan qaytib, bolalarini qidirmoqqa tushgan va ularni koʻrishlari bilan naridagi tikanaklar orasiga bekingan ona tulkining koʻz oʻngida qopdagi jonivorlarni, xuddi piyoz yoxud kartoshkaday yerga agʻdarib, sekin ortlariga qaytarkan, boyagi achchiq qamchi uchun uzr soʻragan ohangda, bobosi degan: “Kuching kep-kep, tulkiga yetdimi? Tulki oʻrniga ayiq tutib kel, jondor tutib kel. Ana undan soʻgʻin men seni, er jigit, deb maqtayin­.”

Bobosining hazil yoʻsinda aytgan bu gapi bolaning xotirasida mixlanib qolgan emasmi, oʻz xayolida, bugun qoʻlga kiritishi lozim boʻlgan boʻri bolasi bobosi tomonidan hech moneliksiz qabul qilinishi hamda bu ishidan oʻzida yoʻq suyunishiga ishonardi. Axir shu paytgacha ovulda hech kim uyiga tirik boʻri koʻtarib bormagan-da. Darvoqe, bir talay tulki bolalarini ham birinchi boʻlib ovulga u olib borgan, Elyor joʻrasi shunchaki qarashgan. Bu ishi bobosiga yoqmagan esa-da, lekin ovulda rosa gap boʻlgan. Ertasi esa joʻralari qutqusi bilan tagʻin Kattajarga yoʻl olishgan. Ammo tulkilar bolalarini allaqachon boshqa joyga koʻchirib ulgurishgan ekan, ikki qoʻlini burunlariga tiqib, quruq qaytishgan.

Bola shularni xayolidan oʻtkazar ekan, mittigina boʻrivachchani hovli yuzida loʻmbillab yurishini, qadami uzilmay qolgan ovul bolalarining havas va hasaddan oʻtdek chaqnagan nigohlarini koʻz oldiga keltirib, quvonchi ichiga sigʻmay, irgʻishlab borayotgan esa-da, yoʻl-yoʻlakay, belidagi pichoqni – Chori choʻpon uni olib qoʻyishi aniq edi – beridagi xarsanglardan biri yonida qoldirishni unutmadi. 

Xullas, bola qoʻlidagi tugunni, ey-ya, tushligim bor edi-ku, deya hayron boʻlgan Chori choʻponga tutqazib, oʻzini tevaraklab kelgan suruv itlari bilan  picha andarmon boʻlgan, soʻng esa onam koʻp hayallamagin degan edi, deya yolgʻonni doʻndirib, ortiga qaytgan. Yaylov markaziga yetgach esa oʻsha poyonsiz rangin tuygʻular ogʻushida Burmali vodiy tomonga burilgan. Biroq “darvoza”ga yetgan joyida, koʻp emas, atiga bir necha soatgina burun vodiy ichkarisida boʻrining elaslangan qorasini ilgʻagani esiga tushib, beixtiyor qadamini sekinlatgan. Buni qarangki, xayol bilan boʻlib, boya yoʻlda qaytadan beliga taqib olgan pichogʻi paqqos yodidan koʻtarilgan ekan, uni qoʻliga olishi bilan yuragiga qayta quvvat inib, oʻzicha tigʻni tengsiz bir qurol deb bilgan. Koʻngli ichkarida hech bir zogʻ yoʻqligini sezib turgan esa-da, Chori choʻponning toʻn kiyishgan doʻsti Xoldor temirchi tomonidan shunchaki emas, hafsala bilan, nisbatan uzunroq ishlangan pichoqni, xuddi shamshirday, har yon sermab, olgʻa jilishda davom etarkan, mabodo jondor zoti shu atrofda boʻlsa, bu xatti-harakatimdan hayiqadi, degan umidda, yoʻl-yoʻlakay boʻliq maysalar boshini ayovsiz ravishda chopqilab, uchragan yakkam-dukkam buta novdalarini chirt-chirt uzib borgan.

Bola shu sozda, ertalab Tarxash birrovga koʻlankalangan tepaliklar etagiga yetarkan, tevarakka qaytadan zehn solib, biror-bir shubhali qorani ilgʻamagach, uchragan kavakka, xarsanglar oraligʻidagi tor va keng tirqishlarga hadik-la birma-bir moʻralab, ularda biror jon asarini uchratmagach, jahdi boʻshashib, dara tomonga qayriladi va baribir bolaligiga borib, quyidagi  joʻshqin soyga tikilgancha turib qoladi. Qorli togʻlar bagʻridan boshlanib, yoʻl-yoʻlakay katta-kichik irmoqlardan kuch olib, oʻzida yoʻq darajada quturib, Suyliqsoy kunbotishdagi choʻngqoyalar majmuasining janubiy tomonidagi tor oʻzanda shiddati haddan ziyod zoʻrayib, qoʻshni vodiy kengligiga yetganda esa hovuri birdan pasayib, bir necha tarmoqqa boʻlinib ketadigan irmoqqa nisbatan ilgari bolada hech bir qiziqish yoʻq edi. Endi esa oʻynoqi toʻlqinlar mavjini maroqlanib kuzatarkan, uni beixtiyor ovuli yonidan oqib oʻtadigan sokin soyga qiyoslab, oʻzicha shu xulosaga keladi, yoʻq, bu suvga esini yegan odamgina tushishi mumkin. Soʻng goh soyga, goh quyosh nuridan yal-yal tovlanib, gʻoyatda fusunkor tus olgan borliqqa alahsib, daraning pichoqda kesilgandek, tik va silliq qarshi betiga, janubiy dovon oʻngirlaridagi quyuq archalarga, “darvoza” tarafdan turib qaralganda, Burmali vodiysining toʻri boʻlmish, yuqori qismi qoyatoshlardan iborat, oʻrtacha balandlikdagi uzun doʻnglikka, vodiy shimolidagi dovonga, bagʻri chuqur jarliklar bilan tilimlangan beridagi pala-partish tizmalarga, ushbu tizmalar etagidagi – hozirgina oʻzi borib-qaytgan – katta-kichik tepaliklarga, yam-yashil oʻtloqlarga qiziqsinib razm solar ekan, tegrasidagi ajabtovur olamni toʻla-toʻkis qamrashga nigohi ojizlik  qilayotgandek, ketma-ket qovoqlarini uqalaydi.

Biroq koʻp oʻtmay, yashillik azbaroyi joniga tekkanidan, koʻngli oʻzga ranglarni istab, yalangʻoch qoyalarga, qoyatoshlarga, koʻm-koʻk tiniq osmonga, togʻlar boshidagi momiq paxtadek oppoq daydi bulutlarga termiladi va ayni shu asnoda oʻzicha oʻta muhim sirni – olam yashillikdan emas, turfalikdan goʻzal ekanini, bir tusdagi rang, har qancha jozibador boʻlmasin, tezda badga urishini kashf etgan boʻladi, yaʼni ilk bora anglab yetadi. Ovuliga qaytishi bilan bu haqiqatni bayon etib, avvaliga Oynagul momosini, soʻng bunaqangi sir-asrorlarni hatto xayoliga keltirmaydigan joʻralarining boshini qotirmoqni diliga tugadi.

Bola ovuli va oʻrtoqlarini eslashi bilan, tevarak ne chogʻli tarovatli boʻlmasin, oyogʻi ostidagi yashil yalanglik oʻrnida joʻralari bilan ertadan-kechgacha toʻp suradigan chang-tuproqli taqir maydon boʻlib qolishini orzulab, chuqur xoʻrsinadi. Bir ozdan soʻng esa xayoli yana boshqa tomonga ogʻib – boya otasining yashil doʻngsada misli ming qoʻyli boyday bahuzur yonboshlab yotganiga havasi kelgan emasmi – qalin maysalar ustiga choʻzilib, jindek tin olmoq xohishini tuyadi. Bola ushbu istakka boʻysunib, tizza boʻyi oʻt-oʻlanlar ustiga endigina yonboshlagan ham ediki, asosiy maqsadidan xiyol chalgʻigani birdan esiga tushib qolib, goʻyo ertalab koʻziga chalingan jondor shu yaqin oʻrtada, quyuq oʻt-oʻlanlar orasida zimdan oʻzini kuzatib yotgandek tuyulib, ilkis qaddini tiklab, tevarakka koʻz yugurtiradi. Biroq atrof shu qadar tinch, shu qadar osoyishta ediki, bu haqda oʻylashning oʻzi juda kulgili edi. Bu orada bola feʼlida mavjud qusurlardan biri – tekturmasligi qoʻzib, oʻtirgan joyida boshda bir parcha yerni oʻt-oʻlanlardan tozalagan boʻladi, soʻng bunga ham qanoat etmay, qoʻlidagi tigʻning nechogʻli oʻtkirligini sinab koʻrmoqchidek, tozalangan yerni kovlashga tushadi.

Bolapaqir oʻzi umid qilgan yerda jondor ini va u yerda bir-birini quvlab, loʻmbillab oʻynab yurgan boʻri bolalarini uchratmagach, bu yogʻiga nima qilarini bilmay, boshi garang edi. Ammo koʻngli xuddi nimadir sezganday, vodiyning oʻrli va jarli qismiga qiya boqmagan holda toʻrdagi doʻnglikka tez-tez koʻz tashlab qoʻyarkan, negadir, ichki bir kuch tinmay uni oʻsha tomonga undamoqda edi. Biroq bu yerlarning nosinashtaligi tufayli, yuragi chopmay, oʻz navbatida, oʻtgan yili koʻklamda oddiy bir tulki inini qidirib topmoq nechogʻli qiyin kechgani va bu ishga bir necha kun vaqt sarflashiga toʻgʻri kelgani yodiga tushib, birinchi kundan uzoq daydishim yaxshi emas, deya oʻzini bazoʻr tiyib turardi. Qisqasi, nechundir bugun oʻziga erkinlikni ravo koʻrgan onasining ishonchiga zaxa yetkazib qoʻymaslik vajidan, suyukli Oynagul momosining quyidagi iborasini tilga olib, xudoyimning ertasiyam bor-ku, deya imi-jimida iziga qaytadi. 

Mana endi, qoʻlida silliq zarang tayoq, belida shopday pichoq, oshiqmay yoʻlida davom etarkan, bugun, kechagidan koʻra, oʻzini yanada tetik his etmoqda edi. Bu safar Burmali vodiy toʻridagi doʻnglikdan oshib oʻtish niyatida edi. Bolaning koʻngli aynan shuni istayotgandi unchaga-bunchaga  sir beravermaydigan otasidan juda xafa edi.

Bola kecha oqshom bekor turmagan, onasi nedir yumush bilan tashqariga chiqishi bilan jondor inining qaysi oʻrda-goʻrdaligini taxminan boʻlsa-da, aniqlash umidida feʼlidagi yana bir qusur – quvlikni ishga solib, ataydan anqovlanib, otasi oldiga ushbu savolni koʻndalang qoʻygan:

– Ota, jondor ham tugʻadimi?

Bu gapdan ota qolib, Barno qiz piq etib kulgan. Odatdagidek, qoshiqqa qanoat etmay, kosadagi shoʻrvani koʻtarib ichayotgan Chori choʻpon esa bir-biriga tutashib ketgan quyuq qoshlari ostidan, bolaga emas, avvaliga suyak shimib  oʻtirgan kenja oʻgʻliga boqqan, chunki bu qadar ahmoqona savolni faqat boladan kutish mumkin-da. Keyin kosani dasturxon chetiga qoʻyib,  nimadir deganday boʻldingmi, deganday oʻgʻliga yarim yuzlanib, oʻziga oʻzi gapirganday, toʻngʻillab choʻpon degan:

– Ha, xuddi itday…

– Xuddi itdayin, – deya shosha-pisha xatosini toʻgʻrilagan boʻladi bola, – jondorlar ham koʻp bolalaydimi demoqchi edim… 

– Itdan battar… – deydi bu safar Chori choʻpon andak zarda bilan. 

– Ular uyasida tugʻadimi? – deydi oʻsmoqchilab bola. – Yo daydi itday duch kelgan yerga bolalab ketaveradimi? Ishqilib, ularning in-pini bormi?    

Chori choʻpon nazarida, bu endi juda jiddiy savol edi.

Barchaga maʼlum oddiy bir haqiqatni oʻgʻli bilmaydimi, demak, bu oʻrinda bola emas, padar sifatida oʻzi aybdor. Agar shu tobda Chori choʻpon andak farosat qilganida bormi, qoʻshni otarlik Jovli choʻpon tashrif buyurgan oʻtgan kechda, ayni shu mavzuda gurung boʻlganini, Ena boʻri urugʻini quritmoq oʻyida, uning inini soʻrab-surishtirgan qoʻnoq yigitni, yuzing-koʻzing demay, koyib tashlaganida, oʻgʻli shundoqqina oʻng biqinida, koʻzlari allanechuk yonib-yolqinlanib oʻtirganini xotirlagan boʻlardi. Biroq aksariyat otalarga xos bir illat – davrada oʻtirgan bola ahlini kattalar qatorida koʻra bilmasligi pand berib, oʻsha kechdagi gurungni eslay olmadi. Mabodo, bu ahmoqona savol shu gurungni katta yoshdagi ishtirokchilari – Jovli choʻpon yoxud Barno qizga tegishli boʻlganida edi, Chori choʻpon taxminan shunday degan boʻlardi: “Nima, quloqdan qolganmisan, axir tunov kunigina bu toʻgʻrida rosa gurunglashgandik-ku.” Boz ustiga, odatdagidek, bugun ham tongdan shomga qadar yaylovda yolgʻiz oʻzi mum tishlab yurgan emasmi, bolaning savoli bahona oʻshaning hissasini chiqarmoqchi boʻldi va naridagi qizgʻish baxmal bolishlardan birini biqiniga tortib, bu yorugʻ olamda barcha turdagi jonzotlar, jumladan, taqir dashtdagi chumolidan tortib, togʻdagi qoʻpol ayiqlargacha oʻz inlariga ega boʻlishi haqida chorak soatdan ziyod  “maʼruza” oʻqib, oxiri gapini shunday yakunlaydi:

– Xullas, bu dunyoda insiz, uyasiz jonivor zotining oʻzi yoʻq.

Asosiy maqsadga yetishmogʻiga bir bahya qolganini sezgan bola, ichidan misli toʻfondek joʻshib kelayotgan hayajonini zoʻrgʻa bosib, tomoq qirib-tomoq qirib, deydi:

– Unda… tunov kuni oʻtovimiz yonidan oʻtgan jondorniyam uyasi bor ekan-da, a, ota?

Chori choʻpon bolaning soddaligidan oʻzicha kulgan boʻlib, deydi:

– Emasam-chi.   

– Qayerda? – deydi bolaning koʻzlari oʻtdek chaqnab.

– Nima qayerda? – Chori choʻpon sergak tortadi.

– Uyasi?.. – qovun tushirganini fahmlagan bola, qoshiqdagi yemakni ogʻziga olib boradi. 

– Bu senga nechun kerak boʻp qoldi? – Chori choʻpon qovoq uyadi.

– Shunchaki oʻzim… – bola shoshib ogʻziga solgan va oʻzi oʻlgudek yomon koʻradigan dumba boʻlagini liqqa yutib yuboradi. – Qiziq-da…

– Qiziqmaganing durust… – deydi Chori choʻpon qovogʻini ochmay.   

– Qiziqsam, nima boʻpti? – endi otasidan gap ololmasligini payqagan bolaning ensasi qotadi.

Chori choʻpon gapni yanada kalta qiladi.

– Chatoq boʻladi! 

Shu dam eshikda Saragul paydo boʻladi-yu, bolaning dami ichiga tushib, butunlay uni oʻchadi. Negaki, onasi oʻta sezgir – kosa tagidagi nimkosani zumda payqaydi. Oqibatda, otasidan oʻpkalanmoqdan boʻlak chorasi qolmaydi.

Bolaning xafaligi Burmali vodiysiga qadam qoʻyganda ham arimadi.

U “darvoza”dan Burmali vodiyga kirarkan, bu safar belidagi pichoqni xuddi kechagiday, shamshir yangligʻ, u yon-bu yon sermamadi, hattoki uni qoʻliga ham olmadi, ich-ichidan otasiga iddao qilib, aytmasangiz aytmang, sizsiz ham oʻzim topaman jondor uyasini, deya vodiy toʻridagi doʻngni qora tortib borardi.

Bola juda dadil edi. Zero, esini tanishi bilan dala-dashtga intilib, qir-adirlar bagʻrida emin-erkin kezinmoqning hadisini olgan emasmi, mana endi, ushbu tajribasi bovar kelib, kechagidan koʻra, bugun oʻzini juda tetik sezardi. Miyasida, ini qayerdaligini tusmollay olsam bas, soʻng nima qilishni oʻzim bilaman, degan sarkash oʻy misli quyundek charx urgani sayin oʻzini ulgʻayib qolgandek his etardi. 

Haqiqatdan bola nisbatan xiyla ulgʻaygandek edi – masalan, kecha boʻri bolasini tezroq qoʻlga kiritish ishtiyoqida, oʻzida yoʻq darajada hovliqib, turfa xomxayollar girdobida junbushga kelgan boʻlsa, bugun, aksincha, xatti-harakatlarida sovuqqonlik alomatlari zuhurlanib, ancha jiddiy tortgandi. Ammo ichidagi otash zarracha susaymagan, qaytaga, besh battar alangalardi.

Bola, shu alanga taʼsirida, vodiy toʻridagi doʻnglikdan berida oyoq ilib, togʻu toshlarning miridan-sirigacha biladigan tajribali sayyodlardek, oshiqmay doʻnglik poyidagi siyrak butalarga, yuqoridagi turli qoyatoshlaru yakkam-dukkam archalarga diqqat-la koʻz yugurtirarkan, birdan halizamon yuz ochishi lozim boʻlgan doʻnglik ortidagi notanish olamni tezroq koʻrish istagi joʻsh urib, bundan yuragi bir qalqib tushdi. Bu tuygʻu bolaga yaxshi tanish boʻlib, yolgʻiz oʻzi yoxud biror joʻrasi bilan ovul janubidagi qir-adirlarda kezingan kezlarida, yoʻliga koʻndalang boʻlgan har bir doʻnglik ortida ne borligi bilan juda qiziqsinar, doʻng beliga oʻrlagach esa, qarshisida namoyon boʻlgan manzara qoshida entikish-la turib qolardi. Bola, momosi aytmishli, koptok jinnisiga aylangunga qadar, dala-dashtda sangʻib, olisdagi togʻlarga tutashib ketgan qirliklarning maʼlum bir qismini hamda ular bagʻridagi oʻru jarliklarni mana shu tarzda – “oʻzga olam” yoʻsinida birma-bir “kashf etib” chiqqandi. Biroq koptokka butunlay mehr qoʻygach, boladagi bu xususiyat zavolga yuz tutgan va u “oʻzga olam”ga ortiq qiziqmay qoʻygandi. Bugun esa shu feʼli tuyqusdan qayta jonlanib, endilikda doʻnglik ortidagi “oʻzga olam” bilan tezroq betlashish ishtiyoqida yuragi yonmoqqa tushgandi, turgan gap, boʻri inini xayolidan zigʻircha mosuvo etmagan holda.

Bola koʻpda hayallamay, tezroq yuqoriga tirmashmoq oʻyida nigohi ila doʻnglik belidan oʻziga mosroq joy qidirarkan, xiyol oʻtmay dara boʻyi­dagi torgina koʻzdan panalab joyni dafʼatan ilgʻab qoldi-da, toʻgʻri oʻsha tomon yurdi.

Zarang daraxtini dara tarafidagi torgina oraliqdan oʻtishi bilan  uning qarshisida qalin oʻt-oʻlanli, uzun enli yoʻlak paydo boʻldi. Qoʻsh otliq bemalol sigʻarli uzun yoʻlakning oʻng yonida chuqur dara, soʻl yonida qiyalanib tushgan doʻnglik, adogʻida esa yashil yalanglik va qandaydir qoyatoshlar koʻzga tashlanib turardi. Bu – gʻaroyib koʻrinishga ega boʻlgan yoʻlak sir-sinoatga toʻla olamga eltuvchi afsonaviy yoʻldek tuyuldi unga. Shu bois yoʻlak ogʻzida hayrat va hayajon ogʻushida bir muddat anqayib turib qoldi. Biroq har qancha hayajonda boʻlmasin, oʻt-oʻlanlar oralab ketgan ingichka soʻqmoqni nazaridan qochirmadi – jondor yoʻli, degan xayolga bordi. Bundan yuragiga hadik indi. Biroq dara yoqalab, bir tekisda choʻzilib ketgan sirli yoʻlakni bosib oʻtish istagi shu qadar kuchli ediki, ayni paytda hech narsa uni bu yoʻldan qaytara olmasdi.

Bola tevarakka hushyor boqqancha, yoʻlakka dastlabki qadamni qoʻydi.

Qiyalab tushgan doʻnglik turfa tusdagi tosh qatlamlardan iborat boʻlib, qatlamlar orasida tikanaklar koʻklanib, dara labining u yer-bu yerida esa, goʻyo quyidagi soyga qulab tushishdan qoʻrqqandek, pastak butalar qoʻnishib turar, oyoq osti aytarli ravon emas – doʻngdan dumalab tushgan katta-kichik toshlar deyarli har odimda uchrardi.

U, chamasi, ikki yuz gazcha masofani bosib oʻtib, yoʻlak adogʻidagi chogʻroq yashil sayhonlikka yetarkan, koʻzi soʻlda, doʻnglik ortidagi gʻoyatda gʻayritabiiy manzaraga – doirasimon chuqur havzaga tushdi. Kaftdek tekis tubi archa hamda boshqa turdagi togʻ oʻsimliklari bilan qoplangan havzaning umumiy maydoni olti tanobdan ziyod, yaʼni bir yarim gektarcha boʻlib, rangdor qirgʻoqlari tik, qoq markazida esa xuddi nayza uchidek, bolaning taʼbiri bilan aytganda, taomlikka yaramaydigan erkak sabzidek, bir juft qoya koʻkka boʻy choʻzib turardi. Bu havza mahalliy choʻponlar tilida joʻngina tarzda “toshoxur” deb yuritilardi. Darvoqe, sirli yoʻlak mazkur toshoxur baralla koʻzga tashlanib turgan shu yashil sayhonlik boʻyida yakun topib, nariga oʻtishning sira iloji yoʻqdek tuyulsa-da, ammo sinchkov nigoh yalanglikning u chekkasidagi qoyatoshlaru turli dov-daraxtlar bagʻriga singib, toshoxurning sharqiy qanotida joylashgan qator oʻngirlar tomon misli ilon izidek bilanglab ketgan ingichka soʻqmoqni ilgʻamasdan qolmasdi. Biroq bola hozir yoni-veriga razm soladigan ahvolda emas – endi jondor inini paqqos unutgan koʻyi, bu gʻaroyib manzara qarshisida tamomila lolu hayron turib qolgandi. Holbuki, kechadan beri u qidirayotgan boʻri ini shundoq yaqinida, toshoxurdan keyingi birinchi oʻngirda joylashgandi. 

 

* * *

Bu safar bolalarini zahiradagi ozuqa bilan yemaklantirishga majbur boʻlgan Ena boʻri oʻngirning duyarli nimchorak qismini egallagan silliq, koʻkishtob tosh chetida, kundalik betizgin qiliqlari – shoʻxliklari bilan ovora bolalari harakatini kuzatib, oʻz navbatida, naridagi qoyatosh soyasida  bagʻrini yerga bergan koʻyi, jarohatlangan oʻng oyogʻini yalab-yulqab, ora-sirada xuddi norasida jonivorday araz-la gʻingshib qoʻyayotgan jufti Tarxashga dam-badam koʻzlarini pes-pes qilgancha, choʻzilib yotardi, goʻyo sokin orom olmoqda edi. Zohiran shunday, botinan esa, hali-hanuz cheksiz qahru gʻazab ogʻushida edi u. 

Ena boʻri bejizga quturmagandi.

Bugun tongda koʻngliga hadik va qoʻrquv solgan qorishiq hidning kim va nimaligiga toʻla-toʻkis aniqlagach, qiyalik tepasidagi qoyadan oshib, yoʻlda hech qayoqqa chalgʻimay, toʻgʻri ini sari yoʻrtarkan, toshoxur boʻyiga yetganda, janub tomondagi ingichka, oʻta qaltis soʻqmoqdan quyiga engan va uning markazida boʻylanib turgan qoʻsh qoyadan biri poyidagi zax kovakda, bugungidek omadsiz kun – qora kunga asrab qoʻyilgan ozuqasining yarmidan koʻprogʻini Tarxash  jigʻildoniga urib ketganidan ogoh boʻlgandi. Bu holdan Ena boʻri avvaliga esini yoʻqotar darajada quturgan esa-da, soʻng yoʻliga ilhaq koʻz tikib turgan och-nahor bolalarini oʻylab, oʻzini bosgan, nodon va bezbet juftidan qolgan etu suyaklarni chala chaynab, chala yutib, iniga oshiqqan. Oʻngirda qora berishi bilan bir-birini turtkilab-surtkilab, pildirab qoshiga chiqqan bolalari oldiga qoʻrsogʻidagi yemishni endigina qayd qilib tashlaganida, boʻlak payt qurib qolganday, ayni shu vaqtda qaysi goʻrdandir sumanglab kelib qolgan Tarxashga tashlanib qolgandi.

U nodon juftining boplab adabini bergan esa-da, ammo bunga toʻla qanoat etmagan – botinida bir-biri bilan ayovsiz ravishda choʻqishayotgan ikki qarama-qarshi tuygʻuning qaysi biriga yon bosmoqni bilolmay, shuuri karaxt edi: qahri derdiki: “Bos, yanch, etini nimtala, bu yaramasni!” Aqlli esa zoʻr berib bu yovuz qutquni inkor etmoqqa urinardi: “Yoʻq-yoʻq, aslo gʻazabga erk bera koʻrma!” Jonivor ushbu ikki oʻt oʻrtasida ayovsiz ravishda qovrilar ekan, baxtiga, xiyoldan soʻng oʻtgan yillar davomida sekin-asta orttirilgan bor tajribalari bovar kelib, agar gʻazabini jilovlamasa, oqibati xunuk boʻlishi mumkinligini his etib, andak tinchlandi. Aqli shuni aytdiki: “Yemakka qotinib, oʻzini aybdor sezgani uchun ham Tarxash boya yummatalamogʻingga qoʻyib berdi. Hozir qayta hamla qilar boʻlsang, ortiq u qarab turmaydi, oʻtgan galgidek, qurbi yetgancha quturib qarshilik koʻrsatishga tirishadi va natijada, bundan har ikking ham jiddiy ozor topmogʻing mumkin.” Bundan Ena boʻri darrov hushyor tortdi: “Agar bu jangda bexosdan qattiq yaralanar boʻlsa, soʻng qoshida loʻmbillab oʻynab yurgan manovu bolalarining holi ne kechadi? Ularning tomogʻiga kim qaraydi?”

Tarxashmi?

Yoʻq, ikki dunyoda ham!

Boz ustiga, ona jonzodlarning jiddiy yaralanishi yoxud bevaqt oʻlim topishi tufayli, har yili bu togʻu toshlarda necha bir murgʻak jonivorlar barvaqt nobud boʻlmaydi. Toʻgʻri, nodon Tarxash norasidalar rizqiga xiyonat qilib, muqaddas yoʻriqni buzdi. Biroq harchand urinmasin, harchand adabini bermasin, baribir unga es kirmaydi – bu qiligʻini erta bir kun tagʻin takror etadi. Shuning uchun u bilan yoqalashib yurgandan koʻra, zahirasiga oʻzga joy topgani maʼqul. Boisi Tarxash “oila tashvishi”ni birga tortadigan avvalgi jufti Soʻpoq emas, naq kuydirgining oʻzi – na butunlay uzilib keta oladi, na juftlik vazifasini ado etadi. Bugungidek yummatalar boʻlsa, oʻzicha arazlab, gʻingishib; indamasa, qiliqlari bilan qoniga tashna qilib yuraveradi.

Ena boʻri hanuz jarohatini yalayotgan Tarxashdan irganib, sobiq jufti Soʻpoqni qoʻmsab, beixtiyor uv tortmoq istaydi. Koʻksini toʻldirib, figʻon qilmoqni istaydi.

Afsuski, bu aslo mumkin emas – ini yaylov yaqinida joylashgan. Yaylov ahli bilan ming ittifoq boʻlmasin, ichki mayl va tuygʻulariga  boʻysunib, ini joylashgan hududda uv tortmoqqa hozircha mutlaqo haqqi yoʻq.

Bu – yovvoyi olam yoʻrigʻiga sira toʻgʻri kelmaydi.

Uv tortmoqdan uv tortmoqning farqi bor degandek, uning ham oʻz vaqt- soati bor, yaʼni qachonki, bolalari sogʻ-omon ulgʻayib, inini, oʻtov ahli esa yaylovini tark etgandan soʻng, oppoq qorga burkangan togʻu toshlar orasidagi ovullarni qoralab, xohlasa oyga boqib, xohlasa koʻkka boqib, bas degancha uv tortmogʻi mumkin.

Eng muhimi, nola tortmasa boʻldi.      

Bundan avvalgi bolalari zilzila tufayli koʻchki ostida qolib nobud boʻlganida, Ena boʻri alamdan tuni bilan uv tortib – nola qilib chiqqan, soʻng kutilmagan bu judolikka toqat qilmoqqa bardoshi yetmay, oʻziga oʻzi ajal chorlagan. Aksiga olib, hech ajalga duch kelmagan, duch kelganida esa, oldi-ortiga qaramay, tiraqaylab qochgan. Oʻshanda togʻ ovullardan biri yaqinida ketma-ket miltiq gumbirlab, bir toʻda it izidan tushgan. Ena boʻri ajalni istagan esa-da, ammo uni bir gala it timsolida tasavvur etmagan ekanmi, beixtiyor qochmoqqa tushgan. Qochish asnosida tomirlarida qon yurishib, unda hayotga tashnalik hissi qayta joʻsh urgan. Keyinchalik Tarxashni uchratib, gʻam-alamlarini butunlay unutgan. Bu yangi juftini xuddi Soʻpoqdek oqil va mehribon boʻladi deya umid qilgandi. Afsus­ki, Tarxash avvalgi juftining gʻirt aksi boʻlib nodon chiqdi. Bu turishida hali-beri unga aql kiradiganga oʻxshamaydi va kirmasa ham kerak. 

Ena boʻri choʻzilib yotgan joyida, qachon senga es kirarkan, nodon, degan yoʻsinda tagʻin Tarxashga adovatla boqarkan, shu asnoda xayoliga kelgani shu boʻldi: yoʻq, jufti Soʻpoq ikki dunyoda ham oʻzini bu tarzda talatib qoʻymasdi, mabodo, oralaridan olamushuk oʻtib qolar boʻlsa, Tarxash kabi gʻingshib, oʻz koʻyida arazlab yotmasdi, darrov oʻlja qidirib ketardi. Magar oʻlja bilan qaytar ersa, ogʻzidagini qanjigʻi oldiga namoyishkorona tarzda uloqtirib,  oʻzi narida teskari oʻgirilib, gʻuddayib turib olgan, yaʼni oralariga tushgan  sovuqlik Ena boʻri tomonidan bartaraf etilishini toqat-la kutgan boʻlardi. Tabiiy, Soʻpoq oʻlja bilan qaytar boʻlsa, Ona boʻri ortiq oʻrlanmas, jufti yoniga borib, asta suykalmoqni boshlardi. Biroq Soʻpoq darrovgina eriy qolmas – ich-ichidan halimdek yumshab turgan esa-da, tishida buni aslo sezdirmas – oʻzicha jindek noz qilgan boʻlardi. Ammo Ena boʻri baloning oʻqi edi – uning oldida Soʻpoq deganlari nima boʻpti, bor-yoʻgʻi bir issiqjon, kerak boʻlsa toshni eritmoqqa qodir edi u.

Baʼzan esa buning aksi boʻlardi.

Ammo, Soʻpoqdan farqli oʻlaroq, Ena boʻri tezgina boʻy bermas, kunlab, gohida haftalab uni obdon sarson-sargardan qilar, gohida esa chinakamiga boʻzlatardi. Tabiiy, bu hol Soʻpoq biror-bir oʻzga qanjiqqa koʻz suzib qoʻygan kezlarda yuz berardi. Ammo shunchaki arazlashuvlarda tashab­bus hamisha Ena boʻridan chiqar – toshga aylangan juftini sanoqli daqiqada misli mumday eritib olardi. Ana shunda mumday erigan Soʻpoq naq oyoqlari ostida eshilib-erkalanib yotgan arlonini mehr bilan shu qadar yalab-yulqalardiki, bu kabi farahbaxsh damlarda Ena boʻri oʻzini goʻyo yettinchi osmonda qalqib yurgandek his etardi. Tarxash esa Soʻpoqning toʻkilgan bir moʻyiga ham arzimaydi – oʻz nafsidan boshqasini oʻylamaganidek, bolalariga otalik ham qila olmaydi.  Ana, u yoniga erkalanib borgan bolalaridan biriga, xuddi yetti yot begonaday, irillab berdi. Keyin nimadir esiga tushganday, oʻrnidan ilkis qoʻzgʻoldi-da, kunchiqardagi oʻrliklar bagʻridagi butazorga shoʻngʻib, zumda koʻzdan yoʻqoldi. 

Tarxashning qorasi oʻchgach, goʻyo birdan gʻami ariganday, Ena boʻri boyadan beri tinmay atrofida oʻralashayotgan bolalariga andarmon boʻldi – birini yalab, birini yulqashga tushdi. Shunda naridagi toshlar orasida kalta choʻpni goh tish­lab, goh tashlab, oʻz maylida oʻynab yurgan yoniq koʻz, tiyrak boʻrivachcha ogʻzidagi choʻpni tashlab, ular yoniga pildirab keldi-da, birodorlarini nari-beri surib, onasining tumshugʻi ostiga, toʻrtala oyogʻini dast koʻtargancha, chalqancha tushib yotib oldi. Ena boʻri pishiq-puxtaligi har bir harakatidan yaqqol sezilib turgan yoniq nigohli bu jimitdek urgʻochi jonivorning istagini darrov anglab, xuddi bir vaqtlar Soʻpoq oʻzini suyib erkalaganday, qaynoq tili bilan uning qorni, choti va boʻyin taglarini hafsala bilan yalashga tushdi. Bu holdan qolgan boʻrivachchalarning rashki qoʻzib, darhol  yoniq koʻzni turtkilab-surtkilab, nari haydamoqqa tushdilar. Ena boʻri feʼli va tusi oʻziga oʻxshash bu jonivorni azaldan boʻlakcha suyardi, shuning uchun uni aka-­ukalari hujumidan himoyalab, mehr-la yalashda davom etdi. Boz ustiga, yoniq koʻz oʻzining bu qiligʻi – tantiq talabi bilan Ena boʻri shuurida totli xotiralarni uygʻotib, endi amalga oshmogʻi dushvor boʻlgan baʼzi bir xohish-istaklarni qoʻzgʻab qoʻygan edi.

Ena boʻri tumshugʻi tagida chalqancha tushib yotgan boʻrivachcha oʻrnida oʻzini, oʻzi oʻrnida esa qahr va mehr bobida har qanday jonni bir himo bilan  qochiradigan Soʻpoqni tasavvur etib, bu yumushni oʻzgacha bir shavq bilan ado etarkan, kutilmaganda oʻng biqinida ayol elaslanib, qaynoq kaftini naq yagʻrinida tuyganday boʻldi.

Jonivor ilkis qaddini tiklab, beixtiyor oʻng yoniga oʻgirildi.

Biroq shuurida koʻlankalangan Saragul sharpasi sarob boʻlib chiqdi.

Qiziq, axir ayolning qaynoq kaftini naq yagʻrinida aniq his qildi-ku!

Bu ne hol?

Bu ne sinoat?

Bu sir-sinoatga Ena boʻrining aqli yetmadi. Ammo yagʻrinini siypalab oʻtganday tuyulgan qaynoq kaft taʼsirida, hamisha jismidan tevarakka gʻaroyib iliqlik taratuvchi ayolga nisbatan, holbuki, bugun tongda uni koʻrgan esa-da, kuchli sogʻinchni his etib, beixtiyor ingrashdi. Qoshida hanuz oyoqlarini koʻtarib yotgan yoniq nigohni unutgan holda tumshugʻini kunbotishga choʻzdi. Saragulning sarxushlantiruvchi tanish boʻyini qarshisidan esayotgan yengil epkindan ilgʻab oladigandek, qayta-qayta iskalandi. Ana shunda odam isini tuyganday boʻldi.

Biroq bu – u kutgan boʻy emasdi. Ena boʻri birdan hushyor tortdi.

Ena boʻri chinakamiga tahlikaga tushdi.

Axir ini joylashgan hududda odam hidini tuyish, uning uchun oʻlimdan ming karra dahshatliroq edi-da.

Bu, tom maʼnoda falokat edi!

Ena boʻri hozircha kim yoxud neligi noayon boʻlgan bu falokat halizamon tegrasida bamaylixotir oʻynab yurgan bolalari hayotiga chang solib, bir lahza ichida ularni mavh etadigandek, tani qaltirab, irillagancha, bolalarini uyasiga haydadi. Soʻng oʻzi misli kamon oʻqidek oʻngir chetiga otildi.

 

* * *

Xuddi boʻlak joy qurib qolgandek, chuqur daraga orqa oʻgirgancha, ajal komidan bor-yoʻgʻi toʻrt-besh odim berida hayrat ogʻushida hanuz toshday qotib turgan bola ilonizi ingichka soʻqmoqdan emas, toshoxurning janubiy qirgʻogʻi yoqalab, xarsang va butalar oralab, oʻzi tomon soyadek sirgʻalib kelayotgan Ena boʻrini payqaydigan holatda emas – hali-hanuz qarshisidagi toshoxurning gʻaroyib manzarasiga mahliyo edi. Shu kezgacha togʻu tosh deganda, Suvliqsoy vodiysi atrofidagi togʻlarni hamda notekis dovon yoʻliga olib chiquvchi tor darani bilardi. Buning ustiga, har safar toqqa tashrif buyurganida, bobosi aytmish­li, xuddi Habib bangidek hardamxayol holda, yaʼni qad­rdon ovulidan ham koʻra, eng sevimli ermagi – toʻp surishdan bebahra etishgani uchun barcha-barchadan, hattoki kunduzi quyoshdan, tunda oydan, qoʻyingki, butun olamdan norozi holda kelardi-da. Toʻgʻri, tunov kundan va ayniqsa, bugundan togʻu toshlarga bir nigoh bilan boqayotgan esa-da, ammo kelbati qorli togʻlardek choʻng, qandaydir afsonaviy odam yoxud odamlar tomonidan atay qazilib, atay zeblangan havzaga birinchi bor duch kelishi edi-da.

U toshoxurning tik qirgʻoqlari, yashil tubi va uning qoq markazida qad rostlab turgan – eni-boʻyidan tortib, shakl-shamoyiligacha, kishi aqlini lol qoldirarli darajada, bir xilda boʻlgan egiz qoya – qoʻsh qoyaga boqqani sari hayrati xamirday koʻpchib, oqibatda, nafaqat jondor inini, balki shundoq ortida ogʻzini lang ochib turgan ajal – teran darani ham unutib qoʻygan edi.

Bolani chandon qiziqtirib qoʻygan bu qoyalar oraligʻi chamasi oʻn besh gazcha boʻlib, ular asosini tashkil etgan toshqatlamlar eni hamda rang-tusi ham aynan bir-birini takror etgandi. Magar, shu oʻrinda, qoyalardan birini koʻzda tutgan holda jindek taʼrifga urgʻu berar boʻlsak, qoya poyidagi baland qatlam kulrang tusda boʻlib, undan yuqoridagi qatlam toʻq koʻkimtir rangda edi. Uchinchi, yaʼni quyidagi toʻq koʻkimtir qatlam sirtiga qisman taramlab tomir otgan qirmizi qatlam esa, misli qizil belbogʻ yangligʻ, qoya belini chirmab, uni oʻzgacha zeblab turardi. Umuman olganda, rang borasida tabiat qoyalardan oʻz saxovatini aslo ayamagan – qirmizi “belbogʻ” kiftiga oʻrnashgan toʻq sariq rangdagi toʻrtinchi qatlam oʻzidan tepadagi oqish tusli beshinchi qatlam bilan uygʻunlashib, misli tasmadek, ularni bir-biridan ajratib turgan oʻrtadagi qop-qora chiziq – moʻjaz qatlamni deyarli yutib yuborgandi. Jigarrang tusdagi oltinchi yirik qatlam oʻz yagʻrinidan joy olgan qoramtir – ayrim oʻrinlari koʻmirdek qop-qora – qatlamni inkor  etgan holda ajabtovur koʻrinish hosil qilgandi. Ayni shu yerda ona tabiat, qoyalar ustidan qah-qah otib kulgandek, qoramtir qatlam ustiga, uning aksi boʻlmish oqish qatlamni, oqish qatlam yelkasiga esa qizgʻish, sargʻish, och hamda toʻq jigarrang tusdagi enli va ensiz qatlamlarni oʻta mohirlik bilan paydar-pay  terib chiqqandi. Egiz qoyalarning eng yuqori nuqtasi – nayzadek oʻtkir uchlari och kulrang tusda boʻlib, birini mujraygan yashil archa bezab turardi.    

Bolapaqirni hayratga solgan yana bir holat – egiz qoyalardagi mavjud rangli qatlamlar tosh­oxurning tik va baland devorlarida aynan shu yoʻsinda toʻla-toʻkis takrorlangan boʻlib, toshoxur tubidagi yashillik bu turfa ranglar majmuasini yanada boʻrttirib, unga ayricha koʻrk bagʻishlab turardi. Agar bola geologiya fanidan ozmi-koʻpmi boxabar boʻlganida bormi, bu sir-sinoatga qisman esa-da, aqli yetgan va bu qadar hayratga tushmagan boʻlar edi. Ammo uning bolalik baxti shunda ediki – qoshidagi manzarani taʼrifi yoʻq bir moʻjiza sifatida qabul qilgandi.

Bor hayratining asil sababi shu edi.      

Bu orada nihoyat “toshqotgan” bolaga jon kirdi.

U oʻng qoʻlidagi zarang tayoqni qoʻliga olarkan, azbaroyi zavqi toʻlib-toshganidan, oʻng tizzasiga yengil bir shapatiladi. Qani endi, ayni shu damda oʻzidek toʻptepar joʻralari qabatida boʻlib qolishsa-yu, birga-birga quyiga enishsa, rangdor qoyalar atrofida gir aylanishib, chir aylanishib, obdon ularni tomosha qilishsa, oʻzlarida yoʻq zavqlanishib va shavqlanishib, don talashgan chugʻurchiqlardek rosa chugʻurlashsa, soʻng bu haqda ovuldagilarga oshirib-toshirib soʻzlab berishsa! Axir momosining xamir qoriladigan sariq sirli togʻorasidek bir tekisda oʻyilgan, bunisi kamdek, qoq kindigida, bobosining jini sevmaydigan erkak sabzidek koʻkka boʻy choʻzib turgan qoʻsh qoyali, yoʻq-yoʻq, egiz qoyali bu qadar ajoyib manzarani yana qayerda koʻrish mumkin?!

Faqat shu yerda!

Aynan shu yerda!

Ena boʻri bir paytlar togʻlar orasidagi soʻqmoqdan ini oʻrin olgan kamar tomon otini yeldirib borayotgan suvoriy qarshisiga toʻsatdan lop etib chiqqan Soʻpoq kabi, toshoxur labi yaqinidagi xarsanglar ortidan yashil yalanglikka sakrab chiqqanida, bola shu shavqli xayollar ogʻushida edi.

Bolaning koʻzi oʻzidan bor-yoʻgʻi oʻn besh odimcha narida, xuddi osmondan tushganday, tuyqusdan paydo boʻlgan Ena boʻriga tushgach, beixtiyor qovugʻi boʻshashib ketdi. Qoʻlidagi zarang tayoq maysalar ustiga tap etib tushib, belidagi pichoq hatto esiga kelmadi. Qarshisida koʻzlari misli choʻgʻdek yonib, tishlari dahshatli tarzda irjayib turgan maxluq oʻtov yonida uchratgan royishli jondorga oʻxshamas, hademay yamlamasdan yutadigan vajohatda edi. 

Bola qoʻrquvdan qotib qolgandi.

Ena boʻri uning holatini sezgandek esa-da, ammo bundan yuragi tariqcha yumshamadi. Boisi qoshidagi bolaning, togʻlar orasidagi tanggu tor soʻqmoqda toʻsatdan Soʻpoqqa duch kelgan suvoriy singari orqa-oldiga qaramay, ura qochmogʻini kutgan va aynan shu niyatda sayhonlikka sakrab chiqqan edi-da. Qarasaki, bolaning juftakni rostlaydigan siyogʻi yoʻq, turibdi serrayib. Bu holdan, bola qoʻrquvdan  tosh qotganidek, Ena boʻri ham bu yogʻiga ne qilarini bilmay, bir necha soniya  taraddudlanib qoldi.

Ena boʻrining gʻazablanishiga sabab, bola uning iniga juda yaqin kelib qolgandi. Xoʻsh, bu oʻrinda, yirtqich qanday yoʻl tutmoqni oʻziga maʼqul topdi? Sobiq juftining qiligʻini aynan takror etib, bolani shunchaki quvib solmoqchi boʻldi. Boz ustiga, bu tomonga yaqinlashayotganida, hididanoq bolani tanigan, shunga koʻra, hozircha biror-bir yomonlikni oʻylamagan holda, faqat imkoni boricha tezroq qorasini oʻchirishini istardi, xolos. Aksiga olib, bolapaqir joyidan jilay demas, naridagi xarsanglarday toshqotib turardi.

Ana shunda Ena boʻri ikkinchi amalni qoʻllashga ahd qildi va gavdasini xiyol oldinga choʻzgancha, yoʻqol, deya vahshatla irillab, asta olgʻa yurdi. Shunda birdan bolaga jon kirdi, toʻgʻri ajal sari – dara tomonga tislana boshladi. Buni darrov fahmlagan Ena boʻri toʻxtadi, xavfdan ogoh etganday, bu safar boʻgʻzida boʻgʻiq irilladi. Ammo bola, ikki koʻzi yirtqichda, tisarilishda davom etdi va bir zumdan soʻng “va-a-a” degancha pastga quladi.  

Ena boʻri u tomonga oshiqmadi, xavf arib, koʻngli oroyish topganidan suyunganday, sayhonlikda picha turib qoldi. Keyin qiziqishi ustun kelib, dara labiga bordi. Boʻyin choʻzib, quyiga moʻraladi. Qarasaki, bola, chamasi, uch-toʻrt gazcha pastda, jar betidan unib chiqqan, jussasi kichik esa-da, tanasi baquvvat archa shoxlari orasida, hozircha hech bir narsani idrok eta olmay, koʻzlari ola-koʻla boʻlgancha, chalqancha tushib yotar, quyidagi joʻshqin soy esa tezroq uni oʻz ogʻushiga olish ishtiyoqida uyurlanib-uyurlanib, mavjlanib-mavjlanib oqardi.   

Bu orada nihoyat bir amallab oʻziga kelib olgan bola joniqishla archa butoqlaridan biriga mahkam yopishib, soy shovuriga basma-bas, ovozi boricha “Ena-ena”lab baqirib qoʻyaverdi. Bu qiligʻi bilan yirtqichning koʻziga yanada ojiz, yanada notavon koʻrinib ketdi.    

Ena boʻri tang ahvolda qolgan bolani taqdir izmiga tashlab, asta iziga  qayrilarkan, yoʻliga koʻndalang tushib yotgan zarang tayoq oldidan beparvo oʻtib ketolmadi, odatiga koʻra, uni iskab koʻrdi va oʻzi sira kutmagan holda kaltakda bola hidi qatori ayolning ham qadrdon boʻyini tuydi. Bundan sergak tortib, goʻyo ishongisi kelmaganday, zarang tayoqni u uchidan bu uchigacha qayta  iskab chiqdi. Bu dafʼa gʻoyatda ajabtovur bir holdan – ona-bola hidining bir-biriga yaqinligi va oʻxshashlikdan juda hayratda qoldi. Bu esa yuragida anglarsiz iliq bir tuygʻuni uygʻonmogʻiga sabab boʻldi. Jondor botinida yuz bergan gʻaroyib bu evrilishdan taajjubga tushib, bir dam tek turib qoldi. Keyin bunga toʻla ishonch hosil qilmoqchidek, zarang tayoqni yana bir karra iskab chiqdi. Soʻng ichki royishga beixtiyor itoat etib, dara labiga qaytdi. Boʻyin choʻzib quyiga boqdi. Archa butoqlari orasiga endi joylashib oʻtirib olgan bolaning ahvoli havas qilarli emas, baqirib-chaqirishlari esa ojiz jonzodning nolakor gʻingshishidek tuyuldi unga.

Ena boʻrida bolaga koʻmak berish istagi tugʻildi.

Biroq qanday qilib?

U bolaga boqqancha, shu sozda bir daqiqacha qotib turdi-da, keyin sekin  ortiga qaytarkan, tuyqusdan yuragini ilitgan tuygʻuning tub mohiyatini yanada teranroq anglab yetmoqchidek, tagʻin kaltakni bir sidra iskab chiqdi. Ona-bolaga hidiga sezilar-sezilmas temir isi qorishiq esa-da, bunga ortiq eʼtibor bermay, qaytaga, quyidagi joʻshqin soyning bir zayldagi shovuriga qasdma-qasd qichqirayotganidek, dam-badam nola qilayotgan bolaga goʻyo dalda bermoqchidek, bot iziga qayrilib, pastga moʻraladi.

Ena boʻri oʻz bolalarini har qanday vaziyatda tinchlantirishga qodir edi. Biroq koʻmak soʻrab, uning nazdida, ovozi boricha tinmay “gʻingshiyotgan” odam bolasiga taskin bermoqqa juda ojiz edi. Oqibatda, u ikki oʻt oʻrtasida qoldi – ketay desa, yuragini zabt etgan iliq tuygʻu bunga izn bermas, qolay desa, bundan biron naf yoʻq. Buning ustiga, ona-bolaning oʻxshash hidini oʻzida omuxta etgan zarang tayoq, ketmogʻiga izn bergisi kelmaganday, shundoq yoʻlida choʻzilib yotardi. Qisqasi, sirtdan qaralganda, Ena boʻrining hozirgi  holati tumshugʻi tagidagi tayyor oʻljaga ega boʻlmoqning evini topolmay, behudaga timirs­kilanayotgan noshud jonivorning tentinishiga juda oʻxshab ketardi…

Oxiri boʻlmadi – bolaning tinmay nola qilishiga ortiq toqati yetmay,  tik jarlikda odam bolasi emas, oʻz jigargoʻshalaridan biri omonat ilinib turganday va hademay dara tubidagi tezob oqim bu jonni oʻz komiga tortib ketadiganday, Ena boʻri, kaltakka oʻtirib qolgan ayol isi taʼsirida, beixtiyor uv tortib yubordi. 

Ena boʻri kaltakni hidlab-hidlab, ayolni yoʻqlab-yoʻqlab, koʻkka boqib-koʻkka boqib uv tortdi.

Ena boʻri archa shoxlari orasida “gʻingshib” yotgan bolaga qarab qoʻyib-qarab qoʻyib,  osmonga tumshuq choʻzib-tumshuq choʻzib uv tortdi.

Ena boʻri, ming bora beburd boʻlsa-da, Tarxashning shu tobda qabatida yoʻqligidan ranjib-ranjib uv tortdi.

Ena boʻri bunday damda hamisha biror-bir yoʻl-yoʻriq topmoqqa hamisha qodir boʻlgan Soʻpoqni qoʻmsab-qoʻmsab, uv tortdi.

Ena boʻri har safar oʻtov yonidan ayol hidiga toʻyinib-toʻyinib oʻtardi, uning iliq taftini butun vujudida tuyib-tuyib oʻtardi. Endi bu suyukli boʻy zarang tayoqda anqib turardi, bola isi oʻsha yoqimli boʻyga oʻxshab ketardi va ayni shu oʻxshashlik tufayli yuzaga kelgan iliq tuygʻu esa jonivorning ketishiga qoʻymay, tushovlab turardi. U botinida kechayotgan bu ajabtovur hisning neligini halicha toʻla idrok etolmagan esa-da, yuragi va shuuri amriga itoat etgan holda, qish-qirovli qorongʻi tunda yoxud quyuq tumanli kunda sherigini yoʻqlagan jondordek kelishtirib-kelishtirib, uv tortmoqda davom etdi. 

Ena boʻri kaltakni hidlab-hidlab, ayolni yoʻqlab-yoʻqlab, koʻkka boqib-koʻkka boqib uv tortdi.

Ena boʻri archa shoxlari orasida chorasiz “gʻingshib” yotgan bolaga qarab qoʻyib-qarab qoʻyib, osmonga tumshuq choʻzib-tumshuq choʻzib uv tortdi…

 

* * * 

Ena boʻri ayolning qaynoq kaftini yagʻrinida his qilgan ondayoq xavotir hisi Saragulning qalbiga misli quyundek yopirilib kirgandi.

Ayol dastlab bundan hayron boʻldi.

Ayol bezovtalanib, keng yaylovga hadik-la boqdi.

Ayolning xayoli eri va suruvga ogʻib turganida, birdan esiga daydib ketgan oʻgʻli tushib qoldi. Bolani eslashi bilan boshqa ayollar kabi, voy-y, xudoyim, ishqilib, tinchlikmikan, deya sarosimaga tushib turmadi, bu haqda oʻrmak toʻqiyotgan qiziga ham bir ogʻiz churq etmadi, xuddi hozir kimningdir shartta yoqasidan oladigandek, yoʻl-yoʻlakay yenglarini himargancha, boyasaroq oʻzi soylik girdiga jildirgan toʻriq otning yoniga urib bordi. Oʻta oshiqqan kezlarida, chap­dast yigitlardek, azaldan otni salt minishga odatlangan emasmi, toʻriqqa egar urmoqni xayoliga keltirmadi, turgan gap, bunga sabri ham yetmasdi. Ayol yerga qoqilgan temir qoziqni jahdla sugʻurdi-da, jundan eshilgan uzun arqonni qoziq tutgan soʻl qoʻliga tezgina yigʻib, yoshi va toʻlaroq jussasiga unchalik mos boʻlmagan ajib bir chaqqonlik bilan yengil sakrab, toʻriqning yalangʻoch yagʻriniga minib oldi. Qoʻlidagi chilvir bilan otning sagʻrisiga qarsillatib tushirishdan avval, bolasi tushmagur balki otasi yonidadir, degan umid va ilinjda boshda yaylovni tik kesib, suruv tomon jilmoqchi boʻldi. Keyin, tabiatning gʻaroyib bir sinoati – onalar qalbi hech qachon aldamaydi – ichki sezgisiga boʻysinib, ot boshini archazor qiyalikka tutash doʻnglik sari burdi. Onasining bu xatti-harakatlaridan ajab­lanib, qoshiga yugurib chiqqan Barno qizning: “Voy-y, oʻlay, yoʻl boʻsin, ena? – degan savoliga bergan javobi shu boʻldi:

– Ochiq lahadga!

Saragul doʻnglik yoqalab otni qichab haydadi.

Yoʻl boʻyi tevarakka sarasob solib, bolani daraklab, ovoz berib-ovoz berib bordi.

Koʻnglida sarosar kezinib, yurak-bagʻrini timtalayotgan badgir oʻylarni laʼnatlab-laʼnatlab, ich-ichidan qargʻanib-qargʻanib bordi.  

Ayol shu yoʻsinda Burmali vodiy “darvoza”siga yetarkan, qulogʻiga boʻri uvlashi chalinganday boʻldi. Dastlab noxush bu sas goʻyo shuurida aks etgandek,   unga eʼtibor bermadi. Zeroki, shu yoshgacha ayol jondorning uv tortishini baravj koʻklam adogʻida emas, kech kuzda, qahraton qishda eshitgan, kunduzlari emas, qorongʻi tunlarda eshitgan. Ammo etni junjiktiruvchi bu ovoz qayta takrorlangach, hushyor tortgan ayolning onalik qalbi – botiniy tuygʻusi ot boshini oʻsha tomonga burmoqni amir etdi. U Burmali vodiyga qayrilarkan, miyasiga qoʻyilib kelayotgan badgir oʻylardan xayoli qochib, quruqsigan lablarini yalab, bolani yoʻqlab, tagʻin ovoz bermoqchi ham ediki, kuchli ichki bir tebranish – toʻlqin: “Bas!” – deganday boʻldi. Ayol ortiq tovushlanmay, atrofga sinchkov boqqan koʻyi, tovani bilan otni niqtalab haydadi. Ena boʻrining navbatdagi uv tortishidan soʻng, ovoz kelayotgan manzilni bir lahzada aniqlab, toʻgʻri doʻnglik adogʻidagi yoʻlak tomon yoʻl tortdi.

Saragul qorli togʻlar bagʻriga eltuvchi bu yoʻlni yaxshi bilardi. Bir paytlar bola kabi u toshoxurning betakror manzarasi qoshida dong qotgandi. Ayol choʻpon-choʻliqlar tilida, “kunchiqar” deb atalmish bu yoʻnalishni, hali turmushga chiqmay turiboq, oʻzidek togʻu toshda daydimoqni xush koʻradigan oʻta xushfeʼl Turgʻun amakisi hamrohligida otda bosib oʻtgan boʻlib, toshoxurdan keyingi barcha oʻngirlarni, hamda, amakisi aytmishli, katta suruvga torlik qilmish moʻjaz vodiylarni, togʻ puchmoqlaridagi doʻppidek ovullarni, dara boshidagi Kattaqoyani bosib oʻtib, yozning qoq chillasida ham koʻksidan qori arimaydigan choʻng qoyali togʻlarlargacha yetib borgandi. Chori choʻpondan boʻri uyasi shu atrofda ekanini ham eshitgandi. Ayolning faqat bir narsaga aqli yetmay, garang edi – bu uying kuygir Boybicha nechun kuppa-kunduzi uv tortib qoldi? Bundan aqli tang tortgani sari, qalbi tinmay oʻsha tomon undardi.

Ayol yoʻlak ogʻzidagi zarang daraxtini yonlab, tarvaqaylagan novdalari ostidan ot yoliga yopishib – egilib oʻtarkan, xiyoldan keyin tagidagi otning yalangʻoch tani avvaliga titrab, soʻng tinchlanganidan, uv tortayotgan yirtqichga yaqin qolganini va toʻriq zumda uni taniganini sezdi-da, butoqqa ilinib, ensasiga surilib qolgan roʻmolini toʻgʻrilash asnosida yoʻlak adogʻiga oshigʻich koʻz tashladi va dara labida yuvosh itday choʻnqayib, oʻzi tomon tikilib turgan Ena boʻri – Boybichani koʻrdi. 

Ana, u ayolning yetib kelishini kutib turmay, asta qaddini tikladi va  xuddi nimagadir ishora qilganday, tagʻin bir quyiga, bir unga qarab qoʻydi-da, soʻng ortiga qayrilib, naridagi toshu butalar tomon keta boshladi. Ayol jonivorning bu qiligʻi ne maʼno anglatishini fahmlashga ulgurmay, suv shovuri orasidan bolaning elasgina ovozi qulogʻiga chalindi.

– Ena-a-a! 

Ayol jonlanib, tovani bilan otning biqiniga niqtab, qoʻlidagi chilvir bilan sagʻrisiga ketma-ket tushirib, bor ovozda  hayqirdi.

– Berdiqul! Bola-a-am!

Bu safar bolaning ovozi dadilroq jarangladi:

– Ena-a-jo-on! 

Ayol yoʻlak adogʻidagi yashil yalanglikka yetgach, otdan sakrab tushdi-da, chilvirni qoʻlidan qoʻymagan koʻyi, boya Ena boʻri moʻralagan yerdan pastga koʻz tashladi. Archa shoxlari orasida rang-quti uchib oʻtirgan bolani koʻrdi. Biroq kutilmagan bu holatdan ayol oʻzini yoʻqotib qoʻymadi. Boisi togʻda oʻsib, togʻda ulgʻaygan emasmi, bir qarashning oʻzidayoq bolaning joniga ora kirib, uni muqarrar halokatdan asrab qolgan archaning baquvvatligini, oʻgʻli yoʻgʻon va chayir shoxlar orasida omonat emas, mahkam joylashib oʻtirib olganiga toʻla ishonch hosil qilgandi. Shunga koʻra, ortiqcha hayajonlanmay qoʻlidagi chilvir uchini otning noʻxtasidan yechib, ikkinchi uchini bolaga tashlarkan, feʼliga xos qatʼiy yoʻsinda dedi:

– Belingga mahkam bogʻla! Hovliqma! Mahkamroq bogʻla!

Ayol bolani yuqoriga tortib olarkan, uni dara labidan uzoqlashtirgan holda, bir soʻz qotmay, quloq-chakkasiga boplab bir tarsaki tushirdi.

Bu tarsaki bolaga boldan totli tuyuldi.

Ayol bolani mahkam bagʻriga bosib, shu sozda picha quchib turarkan, soʻng uni oʻzidan nari itarib, ishqilib, qoʻl-oyogʻing butunmi, deganday boshdan-oyoq bir sira koʻz yugurtirib chiqdi-da, bu gal soʻl quloq-chakkasiga tarsaki tortdi.

Bu tarsaki bolaga zahardan achchiq totindi.

Ayol qoshlarini chimirgan koʻyi, lablarini mahkam qimtigancha, uzun jun chilvirni silkib-siltalab, chaqqonlik bilan soʻl bilagiga oʻrashda davom etarkan, bu hol qanday sodir boʻldi, deya boladan soʻramadi, oʻgʻlimga Boybicha hamla qilganov, deya gumonga ham bormadi, boʻshalishi bilan iziga qayrilib, juftak rostlagan toʻriqni yanib oʻtirmadi – chilvirni yigʻib boʻlgach, boshda Ena boʻri gʻoyib boʻlgan naridagi toshu butalarga, soʻng bir paytlar hayratiga sabab boʻlgan toshoxurga bir-bir nazar tashladi-da, qoshida gunohkorona bosh egib turgan bolaning ensasiga bir turtib, oldiga soldi. 

Burmali vodiydan chiqaverishda, ayolning aytgan birdan-bir gapi shu boʻldi:

– Bugunoq bu yerdan izingni oʻchirasan!

Bola, “xoʻp”, demadi, “yoʻq”, deganday yerga boqdi.

Ayol bolani ortiq eʼtiboriga arzitmay, nigohi ila yaylov kengligidan  toʻriqni qidirarkan, shunda uning koʻzi yashil oʻtloqni tik kesib, oʻtovi tomon borayotgan ikki otliqqa tushdi.

– Voy-y, oʻlmasam, tagʻin sovchilar boʻmasin bular! – dedi beixtiyor.

Ana endi, oyoqni qoʻlga olmoqdan boʻlak iloj yoʻq edi.

Ona-bola oldinma-keyin oʻtov sari zingʻillashdi.

Ayol, otliqlar, mabodo, sovchilar boʻlib chiqishsa, avval ularni oʻtovga joylashtirib, soʻng bolaning Chori choʻpon oʻrniga suruvga yuborishni oʻzicha rejalashtirib, shiddatla ilgarilar, toʻp surmoqqa oʻta chapdast boʻlgan bola esa, onasiga zoʻr-bazoʻr yetishib borardi…

 

Normurod Norqobilov,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

 

2017 yil

 

“Yoshlik”, 2018/3-4

https://saviya.uz/ijod/nasr/ena-bori/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x