Yurtim, sevdim seni yurakdan

 Vodiyda bahor

 

Qamchiq dovonidan oʻtib qarasang,

Manzara koʻrinar ajib, bokira.

Chulgʻamish vodiyni bir bahoriy rang,

Uning husniga koʻz tegmasin sira.

 

Bogʻlar iforlarga choʻmilar sarmast,

Koʻklam adirlarga yoymish palaklar.

Huv, ufqda suzgan tumanlar emas,

Isiriq tutatar koʻkda malaklar.

 

Geografiya oʻqituvchisi

 

Geografiya oʻqituvchisiga qiyin bu asrda,

Turfa nizolardan tinchimadi zamon.

Yer yuzida joʻshar toʻfonu qasirgʻa,

Davom etar unda talatoʻp hamon.

 

Sayyorani hech kim uningcha sevmas,

Surati koʻz oʻngidan ketmaydi nari.

Kurrai arz uning uchun globus emas,

Aslahaxonada yotgan yer shari.

 

Dars berar u millat talabasiga,

Auditoriyada har kuni ovozi taralar.

Biroq, hadikda boqar jahon xaritasiga –

Oʻzgarmadimikan davlatlar, chegaralar?

 

Soʻzlar qitʼalardan, soʻzlar iqlimlardan,

Yosh qalblarni dunyoga etgudek shaydo.

Lekin yuragi uning hadikda har dam –

Boʻlmadimi ummon oʻrnida sahrolar paydo?

 

U jahon mamlakatlari haqida soʻzlarkan,

Har bittasi haqida alohida toʻxtar.

Rangdor xarita uning nazdida baʼzan

Hasratning quroq-quroq suratiga oʻxshar.

 

Oʻzgarib bormoqda azaliy tabiat, e voh,

Sayyora boshida allanechuk gʻam.

Asablar aksi boʻlib chaqnaganda chaqmoq,

Chatnar mangu muzlik – Antarktida ham.

 

Uning teran orzusi shundoq erur, chin,

Barcha ellar baxti boʻlsin bus-butun.

Har vaqt qitʼalardan harir epkinlar essin,

Biron-bir vodiydan oʻrlamasin koʻkka tutun.

 

Yana bir orzusi bor yuragin tubida –

Dunyoning boshqa bir burchida uning kasbdoshi,

Yaʼni, geografiya oʻqituvchisi oʻzining darsida

Oʻzbekiston haqida soʻzlasin toʻlib-toshib.

 

Xaritaga yaqin kelib, koʻrsatib desin:

– Yangi oy shaklidagi mana bu mamlakat

Oʻzbekiston degan yurtdir: hur erkin,

Unda ezgu insonlar yashaydi faqat.

 

Ilk globusni yaratgan Beruniy yurti bu,

Tarixi ulugʻlardan bamisli kahkashon.

Bu mamlakat hiloldek sochar ekan yogʻdu,

Sayyoramiz zavolga yuz tutmas hech qachon!

 

 

Gʻafur Gʻulom

 

Buyuk erk hissi hech boʻlmagay barbod,

Daraxshon yulduzdek dilda orzu shan.

Assalom, ey yurtim – muzaffar, ozod,

Men baxting kuychisi – Gʻafur Gʻulomman!

 

Ketdi-ku, zulm-qutqu bulutdek tarqab,

Xalqim, dasting yetdi yuksak quyoshga.

Buyuk toleingni turibman alqab,

Men ham, mana, kirib muborak yoshga.

 

Qoshimni chimirib, bir zum olib tin,

Umrim baholayman, insonga xos bu:

Yolgʻonni goh chin deb inondim, lekin,

Yurtim, sevdim seni yurakdan rost bu.

 

Yupatdim dilni goh kulgilar bilan,

Chun gʻanim sharpasi maʼlum har kasda.

Yashadim shoqolu tulkilar bilan –

Yashagandek arslon bitta qafasda.

 

O, sheʼriy xitoblar, o, puch misralar,

Sizni qoʻl uchida bitdim gohida, –

Nechogʻli tuysam ham teran, shoh asar

Yurtim hasratida, yurtim ohida!..

 

Mutafakkir ukam, intilib olgʻa,

Istehzo qilmoqqa haqlisan yuz bor.

Bilmadim, tusharding sen nechuk holga

Tepangda sirtmogʻin oʻynatganda dor?!.

 

Harqalay, hur ayyom nurli komidan

Moziyning yuziga tik boqolgan mard.

Dunyoga bong urdim oʻzbek nomidan,

Oʻzbek degan nomga yuqtirmadim gard…

 

Assalom, ey yurtim, assalom, Vatan,

Baxting umidida yayrab-yelurman!

Sen qachon yoʻqlasang, yillar qaʼridan

Hamisha: “Labbay!” deb chiqib kelurman!

 

 

Andijon

 

Baʼzan umring ayyomlari nurli biram,

Baʼzan koʻngling toʻlmagaydir kechgan ondan.

Tong yellari shivirladi: – Yoʻlga otlan,

Yuragingga ilhom topgung Andijondan!

 

Osmonoʻpar choʻqqilarga yuzlandim, men,

Nidosidan tomirimda tuydim titroq:

– Shoir Choʻlpon sheʼri yuksak bizdan-da, chin,

Mirzo Bobur ruhi bizdan viqorliroq!

 

Daryolardan soʻradim soʻng: – Sizdek kabir,

Joʻmard qalblar qay puchmoqda, qay makonda?

Ular aytdi: – Sen qalblarga boqqin, axir,

Daryodilli odamlar bor Andijonda!

 

Chamanlarga yuzim burdim oshufta hol:

– Qay chamanni, ayting, sizga aylay qiyos?

Dedi ular: – Bizlarni ham qilgaydir lol

Andijonda ochilganda gullar qiygʻos!

 

Sokin kecha falaklarga koʻzim tikdim,

Aksi bormi deya yerda kahkashonning?

Hilol menga aytdi: – Tunlar termulib jim,

Koʻrdim uni koʻchasida Andijonning!

 

Bagʻringga men keldim yuksak tuygʻu bilan,

Ajib baytlar sharorasi tushdi jonga.

Men odatda moʻjizaga bermasdim tan,

Hayratimni hadya etdim Andijonga!

 

 

Teranlik

 

Ibrohim GʻAFUROVga

 

Yuragida hislar urganda tugʻyon,

Tuygʻular chirmasa vujudni mayin…

Vazmin tutolgaymi oʻzini inson,

Goʻyoki hech narsa boʻlmagandayin?

 

Gʻalayon qilsa goh iztirob chandon,

Hasratlar qaddini aylab tursa dol…

Vazmin tutolgaymi oʻzini inson,

Goʻyoki hech narsa boʻlmagan misol?

 

Elu yurt dardiga boqmayin loqayd,

Yoshlantirib tursa gʻamlar koʻzini –

Har qanday bardoshli inson ham bu payt

Koʻrsata olgaymi vazmin oʻzini?

 

Umr deganlari uqubat qat-qat,

Zavoldir goh bitta notoʻgʻri qadam…

Hayot ummonida suzarkan, faqat

Vazmin koʻringaydir aysberg-odam.

 

Mirpoʻlat MIRZO

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

https://saviya.uz/ijod/nazm/yurtim-sevdim-seni-yurakdan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x