Ozod

Professor Ozod Sharafiddinovning yorqin xotirasiga,

gurkirab oʻsayotgan yosh avlod – yurtning haqiqiy egalariga bagʻishlanadi.

 

 Muqaddima

 

Bir xonaning har tarafiga tiniq koʻzgular oʻrnatilgan edi. Kirgan kishi toʻrt tomonda, hatto oyoq ostidayu shiftda ham oʻzining muttasil akslanayotganini koʻrardi. Shuningdek, meʼmor bu xonani ovozlarni ham akslanadigan qilib quribdi: birgina ovoz yuz xil ohangda, kuchayib yoki pasayib takrorlanib qaytar edi.

Bir kuni shu xonaga yosh bir arslonni kiritib yubordilar.

U ichkariga kirib, hamma tomondan oʻziga sonsiz-sanoqsiz arslonlar qarab turganini koʻrdi. Vahshiylik tabiati ustun kelib, tishlarini irjaytirgan edi, tegrasidagilar ham shunday qilishdi. Yosh arslon yer timdalab, sapchishga tayyorlandi va qattiq naʼra tortdi. Naʼrasi turli tomonlarda akslanib, minglab arslonlarning naʼrasi boʻlib yangrab ketdi. Shunda yosh arslonning gʻazabi qoʻzidi, u eng yaqindagi raqibiga tashlandi, shu tariqa u yerdagi sonsiz-sanoqsiz arslonlar bilan to holdan toygunicha olishdi…

Ancha vaqtdan keyin xonaga kirgan kishilar arslonning oʻz akslari bilan jang qila-qila halok boʻlganini koʻrdilar. Toʻrt tomondagi oynalarda esa minglab arslonlarning jonsiz jasadlari akslanib turar edi.

 

* * *

– Dunyo oʻz holicha senga yomonlik ham, yaxshilik ham keltirmaydi. Tegrangdagi roʻy berayotgan hamma narsa aslida oʻz fikrlaring, his-tuygʻularing, istak va tutumlaringning aksidir. Dunyo – ulkan koʻzgudir, – dedi Ustoz. – Ikki koʻzguni qarama-qarshi qoʻyganingda manzaralar uzluksiz takrorlangani kabi, olam ham qalbingda va ruhingda muttasil akslanmoqda. Aslida dunyo sobit va oʻzgarmas bir narsa, muhimi – uning sendagi akslaridir. Koʻzgularning xususiyatlari har xil, botiq koʻzgu narsalarni ulkanlashtirib, qabariq koʻzgu kichraytirib koʻrsatishidan xabaring bor.

Hamma insonlar koʻzgudir va turli-tumandir, – dedi u. – Masalan, ilm va soʻz ahli botiq oynadir. Ularning aytganlari – kichikdan ulkanga, kamdan koʻpga olib boruvchi yoʻllarning ishoratlaridir. Modomiki, jonsiz oynaga voqea-hodisalarni akslantirish xususiyati ato etilgan ekan, jonli koʻzgu egasi ularni istagan maqomiga solib akslantira oladi. Dunyoda qushlar turli-tuman, ularning hayot kechirishi va tabiati ham turfa, xalq hudhud, qumri, popishak kabilarga navosoz, donishmand, yengiltak kabi maʼnolarni yuklagan, bular – qisman aks. Sen soʻragan tole qushi, humo qushi yoki jon qushi esa toʻliq, yaʼni hamma qushlarning xususiyatini jamlab, qoʻshimcha moʻjizaviy maʼnolar yuklangan aksdir.

Sen yoʻl haqida ham soʻrading, – dedi yana Ustoz. – Falonchi yoʻlga chiqib, falon manzilga bordi dedilar. Bu gapning ortida yoʻllarning manzaralari, tabiati, turli-tuman kishilarning qiyofalari, soʻzlari va tutumlari, togʻlaru bogʻlar, anhorlaru soylar, choʻllaru yana turfa tomonlarga olib boradigan boshqa katta-kichik soʻqmoqlar, qishloqlaru shaharlar, kecha va kunduzlar, hayratlar va xavfu xatarlar bor. “Falonchi yoʻlga chiqib, falon manzilga bordi”, degan gap darchaga oʻxshaydi, undan boqsang, ortida men aytgan narsalarni koʻra olasan. Darcha zohir, ortidagilar botindir. Oqibat esa uning manziliga yetishida ayon boʻlyapti. Aslida bularning hammasi aksdir. Oʻsha odamning manzilga borishdan koʻzlagan maqsadi esa ayni haqiqatdir.

Sen tushuna oladigan qilib shunday anglatdim. Bundan ortigʻini esa tasavvuring koʻtara olmasligi bois anglatmayapman[1]. Baʼzi kishilar bilib-bilmay hikmat aytadilar. Umr oqar suvdir, degan hikmat donishmandning gapi emas, xalqning soʻzidir. Bu hodisada donishmand ham avomga oʻxshab umrning suvday oqishini koʻradi deyishing xato, chunki bu yerda suv – donishmandning oʻzidir. Tegrangda aytilgan va aytilayotgan har bir soʻzning orti ana shunday – bepoyon maʼno ekanini, hikmat aytgan kishilar esa allaqachon maʼnolarga aylanib ketishganini koʻrmayapsanmi?

 

* * *

Ustoz gaplarining magʻzini chaqishga urinib koʻrganim sayin haqiqatan ham turli-tuman voqealar va hatto misralarning ortidagi yashirin maʼnolarga yetish juda mushkul ekanini payqay bordim. U ulkan mohiyatlarga ustozsiz bir oʻzim yaqinlasha olarmidim? Shu sabab, haybatli va mangu maʼnolar sari yoʻl olishga hayiqib, bolaligimdan beri bilganim, hikmatini anglashga qiziqqanim eng oddiy qissa – taqdir lolasigayu tole qushiga yetishga ahd qilgan Ozod qissasining maʼnolarini akslantirishga urinib koʻrdim. Ilk urinishdayoq duch kelganim mushkulot – oyna boʻlib akslar hosil qilish uchun oʻzlikni unutish kerak ekani, oynadagi eng kichkina xira dogʻ ham aksga soya solishi boʻldi. Oʻzlikning koʻlankalari tevarakni buzib koʻrsatgani bois, tiniq va begʻaraz aks hosil qilish gʻoyat mushkul ekanini angladim.

U ajoyib loladanu gʻaroyib qushdan kimlardir allaqachonlar xabar bergan edilar. U xabarlar tuproq orasidagi dur yoki xazon orasidagi qirmizi chechak boʻlib, turli mushohada yoʻllariga ishora qilar, baʼzilari gʻam va anduh makonlari-yu ishq-muhabbat biyobonlariga, boshqalari esa jangu jadal maydonlariga yoʻllardilar. Bepoyon maʼno dashtlari qarshimda yastanib, shu tariqa namoyon boʻlar edi.

Ilk aks ham shu edi: tevarakda odatiy hayot davom etmoqda, har yer-har yerda koʻkimtir tutun koʻkka oʻrlamoqda, turli kishilar kundalik yumushlariga urinmoqda edilar.

 

BIRINCHI AKS

 

Qishloqda odatiy hayot davom etmoqda edi.

Har yer-har yerdan koʻkimtir tutun koʻkka oʻrlar, qiy-chuv, chaqaloqlar yigʻisi eshitilardi. Kimdir tandirgami, oʻchoqqami oʻt yoqdi. Qaydadir qoʻylar baʼradi; oʻn-oʻn ikki yoshlar chamasidagi bolakay bir toʻda qoʻyni oʻtlatgani haydab keta boshladi.

Quyiroqdagi hovlida choponining oʻngirini qayirib olgan bir kishi quruq yaydoq yerga tosh tashirdi.

Bostirma ostidagi biqini chandigʻli otning sagʻrisiga loy sachragan, oldiga bir quchoq beda tashlab qoʻyilgan edi. Uning yemish bilan ishi yoʻq, nimadandir bezovta. Sal narida shotisi tikka qilib qoʻyilgan, ulkan gʻildiraklariga aylanasiga temir qoplangan, xom teridan ishlangan qayishlari osilib-osilib qolgan koʻhna arava koʻzga tashlandi.

Qirlarning ustida, Uchyongʻoqda bulutlar quyuqlashgan, goh-goh momaqaldiroq gumbirlardi. Undan ham narida, Iskandar devorining tepasidagi bulutlar esa qop-qora tus olgan, ahyon-ahyonda orasida yarq etib chaqmoqlar yalligʻlanardi.

Imorat qurilayotgan hovlidan nariroqdagi boshqa hovlida bir ayol xom non toʻla savatni koʻtarib, tandir yoniga keldi. Tandirda olov pasaya boshlagan, qizgʻish choʻgʻlar chirsillar edi. Ayol choʻgʻlarni kurak bilan bir yerga uydi-da, ustiga kul tortdi.

Yomgʻir isini anqitib, sarsari shabada esa ketdi.

Hay, ovsin, hormang, – qoʻra ortidan boʻy choʻzdi qoʻshni ayol. – Patir yopyapsizmi deyman?

Patirga saryogʻ qayda, oʻzimizning non-da. Bolalarim saharlab ekinzorga ketishuvdi, hali-zamon kepqolishadi. Non yopib qoʻyaqolay, issiq-issiq yeb olishar dedim. Charchashgandir, yerning mehnati osonmi?

Ha-ya, toʻgʻri aytasiz, – dedi bunisi. – Menikilar kelishdi, shoʻrva qaynatib qoʻyuvdim, otalarini kutishyapti endi. Otang kelguncha ichvolaqolinglar desam koʻnishmayapti.

Voy, baraka topishsin, – dedi bunisi.

Soʻqmoqda birov koʻrindi, – dedi ayol kafti bilan koʻzini yorugʻdan pana qilib. – Kim ekan-a?

Ikkinchisi ham sinchiklab qaradi-da:

Ozod ekan, – dedi. – Yangilikni eshitdingizmi? Xotinlarning ogʻzida duv-duv gap: Oydin qizga baxt lolasini olib kelaman deb vaʼda berganmish.

Ha-ya, Ozod ekan, – deb tasdiqladi unisi. – Ha, eshitdim. Ammo hali yosh, novdaday oʻspirin-ku, choʻqqilarga chiqa olarmikan? Rostini aytsam, toʻyimizdan oldin akangiz ham menga vaʼda beruvdi. Shahd bilan toqqa ketib, quppa-quruq qaytib keluvdi.

Mening erim esa urinib ham koʻrmagan, lola choʻpchagini qizaloqligimda buvimdan eshitganman, – dedi qoʻshni xotin. – Uchyongʻoqning naryogʻidagi hamma narsa oʻsha yoqqa oʻtishiga toʻsqinlik qilaverar ekan-da. U yoqlarda rosa qattiq shamol esarmish. Oldinga bir qadam bosib boʻlmas, koʻzni ochirgani qoʻymas ekan. Oʻlsin, qizaloqligimizda juda sodda boʻlgan ekanmiz-da, ovsin?

Ozod aqlli-mulohazali, koʻp narsani biladigan oʻqimishli yigitcha, – deb maqtadi uni non yopayotgan ayol. – Oydin esa hamma kelin qilishni orzu qiladigan ajoyib qiz boʻlgan. Onasi qachon qaramang, “shu qizim tugʻildi-yu roʻzgʻorim barakaga toʻldi” deb yurardi, esingizdami? Keling, yaxshi niyat qila qolaylik, shoyad xudoyim taqdirlarini oʻnglasa-da, ikkovining ham boshiga baxt qushi qoʻnsa…

Ajabmas, ajabmas, – dedi qoʻshni, sidqidildan.

Shu mahal teraklar orasida bir qush “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deya sayray boshladi. Qoʻshni xotin piq etib kulib yubordi.

Ana sizga baxt qushi! Ozoddan gapirsak, popishak eshitib qoldi-ku!

Qizlaringizga kuyov istayapti bu qurgʻur, – dedi non yopuvchi ayol.

Hay, ovozingni oʻchir, qizlarim hali yosh! – deb poʻpisa qildi qoʻshni ayol popishakka, qush xuddi buni tushungan kabi jimidi.

Uchyongʻoq tepasini bulut bosyapti, hali yana shamol essa kerak, – dedi non yopuvchi. – Men borib, tezroq ishlarimni qila qolay.

Qoʻshni jilmaydi, u bilan xayrlashib, hovlisining ichkarisiga qarab ketdi.

Yoʻl chetidagi makkapoyalar orasidan juda xunuk, badbashara bir kuchuk chiqib keldi-da, yer iskab, yemish izlay boshladi.

Ikkita qush bab-baravariga charx urib koʻkka parvoz qildi.

Imorat uchun tosh tashiyotgan odamning toʻrt yashar oʻgʻli uyqusidan uygʻonib, chiqib keldi.

Togʻlar ustida momaqaldiroq gumburlayapti, – dedi imorat qurayotgan odam oʻgʻliga. – Tez-tez yuzingni yuv, keyin kelib salom ber, boʻlmasa oʻsha yoqdan yaʼjuj-maʼjujlar chiqib, seni opketib qolishadi. Ularning tanasi xol-xol, koʻzlari koʻk, odobsiz bolalarni opketishadi.

Bola bu gapga chippa-chin ishondi, borib yuz-qoʻlini yuvdi-da, keyin chopqillab kelib, qoʻlini koʻksiga qoʻyib salom berdi. Otaning yuziga favqulodda tabassum yoyilib, “Vaalaykum assalom”, deya alik oldi.

 

Shamol

 

Shu tobda koʻkda oq bulutlar suzib bormoqda edi.

Yuksaklarning shamoli ularni suruv-suruv haydab borar, bir ozdan keyin shakli oʻzgarib, shiddat bilan oldinga intilayotgan yosh toylar toʻdasi shaklini olmoqdaydi. Samoviy bu otlarning uzun yollari shamolda hilpirab, adoqsiz tiniq kengliklarda rohatlanib chopishayotgandek tuyulardi. Ortlaridan ergashgan qora bulutlar toʻdasi ogʻir-vazmin suzar, bular gʻoyatda koʻp va qat-qat, bagʻirlarida jalalarni olib kelayotgan boʻlishlari ham ehtimol.

U lola oʻsha bulutlar chiqib kelgan joyda oʻssa kerak, deb xayolidan oʻtkazdi Ozod. Shamol paydar-pay epkin urmoqda, loyqaga qorishgan oʻt-oʻlan isini dimoqqa tutmoqda edi.

Yoʻl aniq: Uchyongʻoqdan oshib oʻtilsa, undan narida Tuz choʻliyu Oydinkoʻl bor. Oydinkoʻldan ham narida yaydoq biyobon, biyobon ortida esa toshloqlar yastanib yotadi. Keyin togʻu tosh boshlanib ketadi, yanayam ichkariroqda, ikki togʻ orasida sip-silliq baland qoyalar boʻy choʻzgan, oʻsha qoyalarning eng tepasiga chiqib borilsa bas. “Tushgacha yetib boraman, choʻqqilarga chiqib-tushgunimcha yana bir oz vaqt oʻtsa, shomga qadar izimga qaytsam kerak”, deb oʻyladi Ozod. Shu mahal daraxtlarning barglarini shitirlatib shamol esib oʻtdi-da, qarshisidagi tuproq yoʻlning changini toʻzgʻita boshladi. Uni Ozod yaxshi tanir edi – ogʻoch barglarining orasida yoki maysalarning ostida yashirinib yotib, goho kichkina quyunchalar hosil qiladigan, bolakaylarning koʻzlariga qum-toʻzon sochib oʻynashni yoqtiradigan beqaror shamol edi u. Hozir u Ozodning oldiga tushib olgan, goh yaqinlashib, goh uzoqlashib toʻzon sochmoqda edi.

 

Toshkesar

 

Quyosh koʻtarilgani sayin atrof asta-sekin jonlanmoqda, oʻtlar ilgʻar-ilgʻanmas qad rostlab, nur tushgan tomonga oʻgirilmoqda, kungaboqarlar lappaklarini quyoshga toʻgʻrilamoqqa urinishmoqda edi.

Qaydadir bir qush hadiksirab chirqilladi, boshqa tomondan ana shunday hadik bilan boshqa qush unga javob berdi.

Endi yengil shabada esardi. Yoʻl yoqasida bir kishi choponining oʻngirini qayirib olib, qoʻlida bolgʻasiyu choʻkichi, tosh kesmoqda edi.

Hormang, – dedi Ozod.

Bor boʻling, oʻgʻlim, – dedi toshkesar, peshanasining terlarini artib.

Imoratga tosh kesyapsizmi? – deb soʻradi Ozod.

Toʻgʻri aytasan, – dedi toshkesar. – Anavi yerga uchta ayri-ayri uy solishim kerak. Hali bittasining poydevorini bitkazolmadim. Oʻgʻillardan uchta, uchalovini ham uylab-joylab olsam, keyin bemalol oyogʻimni uzatarmidim…

Yogʻoch-chi, yetarlimi? – dedi Ozod.

Menga-ku yetadi, – deb kulimsiradi suhbatdosh. – Ammo kenjam hali juda yosh, ungacha teraklar oʻsib qolsa ajabmas. Aytmoqchi, otang qalay, yaxshi yuribdimi?

Rahmat, yaxshi, – dedi Ozod. – Bilasiz-ku, ekinzordan beri kelmaydi. Bugun saharlab ham sugʻorishim kerak deb oʻsha yoqqa ketuvdi.

Aslida otang ham, men ham bir xil ish bilan ovoramiz, – dedi toshkesar. – Yumushimiz boshqa-boshqa boʻlsa-da, maʼnosi bitta: bolam-chaqam deb tirishamiz. Eshitishimcha, toqqa ketayotgan emishsan?

Ha, – dedi Ozod, tasdiqlab. – Iskandar devoriga boryapman.

Senga bir gap aytaymi? – dedi toshkesar. – Bu yoʻlda xunobadan iborat daryolar bor, xunoba emas, balki zahar-zaqqum deyilsa, yanada toʻgʻriroq boʻlar. Togʻlari ham osmonga tigʻ tortgan, bu tigʻlarning barchasi shafqatsiz ravishda qon toʻkaman, deb turibdi. Har tomonida oʻt tutashgan dashtlar yolqinlanib, osmonga bosh uradi, Oʻrmonlari har xil dahshatli balolar bilan toʻla, undagi har bir daraxtning shoxi gʻamdan, bargi esa balodan iboratdir. Osmonda charx urib yuruvchi bulutlar kishi boshiga yomgʻir oʻrniga tosh yogʻdiradi. Bulutlaridan chaqnagan chaqmoqlar olovidan olamga oʻt tushadi. U yerda bir tun qoʻnish uchun maskan yoʻq. Tanga mador beruvchi suv ham, don ham topilmaydi. Ming tuman qush u tomonga safar qilib, havoda ming yil qanot qoqsa ham, bu yoʻlni bosib oʻtmogʻi va maqsadiga yetmogʻi maʼlum emas[2]… Xullas, manzilga yetguningcha shunga oʻxshash koʻp narsalarni koʻrasan. Lola desang, u lolani deb figʻon chekkan kishilardan, baxt qushi desang, uni deya gʻussaga choʻmgan odamlardan xabar topasan. Yoʻlda yana nimalar borligini aytib oʻtirmay, oʻz koʻzing bilan koʻrarsan… lekin bilib ol, u yoqda eng yaqin hamrohing – shamol boʻladi… – Keyin ovozini pasaytirib, shivirladi: – Ilk qirga chiqqaningda hammayoqni enlab ketgan chechaklarni koʻrasan… shunda ularga qarab “Assalomu alaykum, ey ahli maʼni” deb qichqir.

Xoʻp, – dedi Ozod. – Aslida siz aytgan shamolniyu tevarakdagi hamma narsani bolaligimdan beri taniyman. – Keyin kulimsirab qoʻshib qoʻydi: – Oʻzimizning jaydari shamol-da u.

 

Qoʻshni ayollar

 

Yanayam teparoqda, hovli adogʻidagi tandirga bir ayol langʻillatib oʻt yoqmoqda edi. Tandir yonidagi savatda zuvalalarning oppoq cheti koʻrinib turar, kul tushmasin deb, ayol ularning ustiga yoʻl-yoʻl dasturxon yopibdi. Sal narida, qoʻra ortida yana bir ayol – qoʻshnisi jilmayib qarab turardi.

Yaxshimisiz, Ozodjon, hozir sizni gapirib turuvdik, – dedi non yopayotgan ayol. – Umringizdan baraka toping, koʻz tegmasin, ikkovingizning boshingizga rostdan ham baxt qushi qoʻnsin.

Tandir qattiq qizibdi, – dedi Ozod. – Noningiz kuyib ketmasin tagʻin.

Ichini kechagi shamol tozalab oʻtibdi, – dedi ayol, tirish yuziga favqulodda xotirjamlik inib. – Oʻlsin, olovi qoʻlimni kuydirdi. Bolalarim dalada hozir, hali-zamon qaytishadi. Charchashgandir, kelishsa, issiq-issiq yeb olishar. Xamirturishini kecha onangizdan oluvdim, nonlarining magʻzi juda shirinligiga havas qiluvdim. Toqqa ketyapsiz ekan, mana bu issiq nonni oling, darmon boʻladi.

 

Uzumzorlar egasi

 

Yoʻlning cheti bepoyon uzumzor edi. Ishkomlar orasidan oʻrta yoshli, sochlari oqargan bir kishi chiqib keldi. U uzumzor egalaridan biri boʻlib, sarvati behisob, lekin ne yoziqki, farzandi yoʻq, shundan koʻp iztirob chekadi, der edilar.

Ozod salom berdi. Uzumzorlar egasi bosiq va past ovozda alik oldi, keyin:

Yoʻl boʻlsin, oʻgʻlim? – deb soʻradi.

Toqqa ketyapman, – dedi Ozod.

Lola… – dedi sarvatlar egasi, oʻylanib. – U yerda gʻuvillab esayotgan shamoldan boshqa hech narsa yoʻq. Boʻm-boʻsh kengliklarni keza-keza, horib-charchab qaytib kelmasayding deb qoʻrqaman.

Qaydam, odatimiz shunaqa-ku, – dedi Ozod. – Hech boʻlmasa, urfimizni ado etib qoʻyaman, yoʻqsa, keyinchalik “urinib ham koʻrmagansiz”, degan malomatga qolib ketmay tagʻin.

Uzumzorlar egasi oʻylanib qoldi, soʻng bosh irgʻadi.

Bir odam aytgan edi, – dedi oʻylanib. – Lolaning hikmatini oʻsha kishi anglaganmikin, deb oʻylayman. Aslida Iskandar devori yoʻq emish-da, tikkasiga choʻzilib ketgan tor, toygʻoq soʻqmoq bormish. Minglab odamlar oʻsha soʻqmoqdan tepaga intilarmishlar. Sen-ku bitta oʻzing bormoqdasan, ular esa, xuddi togʻlardan selday tushib keladigan yaʼjuj-maʼjujlar kabi, yoppasiga yopirilgan emishlar… Bir-birini turtib-surtib, itarib-surib yuqoriga intilarmishlar, goho teparoqdagisi pastdagisini boshiga tepib qulatib yuborarmish, u dod-voy solganicha pastga – tubsiz jarliklarga uchib ketarmish.[3] Bu hikoyani eshitganimda aytguvchiga chippa-chin ishonganman, uka. Sababi, bilasanmi… hayotning oʻzi shunaqa. Sen aytgan lola juda yuksaklarda, unga intiluvchilar behisob. Ana shuning uchun ham uning qoshida odam bolasining qadr-qiymati yoʻqolib ketadi… – Shunday deb, qoʻshib qoʻydi. – Menimcha, u yoqda armonu pushaymondan boshqa hech narsa yoʻq. Ammo yoʻlingni toʻsmayman, shoyad, kishilardan eshitganing barcha hikoyatlardan tamomila oʻzga, bahaybat bir haqiqatga erisharsan deb umid qilaman. Mabodo erishsang… oʻsha yerda, chaqmoqlarning suroni ostida meni ham bir duo qilib qoʻy, shoyad Xudoyim bir farzand bersa…

Ha, angladim, – dedi Ozod. – Men boraqolay.

Yoʻling oydin boʻlsin, – dedi uzumzor egasi.

Oydin degan soʻzni eshitganida Ozodning qalbi bir zum yorishdi, u jilmayib qoʻydi.

 

Koʻr kishi

 

Soʻqmoqqa yetar-yetmas, hassasini tiqirlatganicha paypaslanib borayotgan yana bir kishi koʻrindi.

Ozod salom berdi.

Vaalaykum assalom, – dedi koʻr kishi. – Yoʻl boʻlsin, bolam?

Iskandar devori tarafga, – deb javob berdi Ozod.

Ha-a, Uchyongʻoq tomonga ekan-da, – dedi koʻr kishi. – Eshitdim, eshitdim… U yerda, qoya labida bir toʻp naʼmatak boʻlar edi, shamolda chayqalib oʻsar edi… haliyam turiptimi?

Bilmadim, – dedi Ozod. – Eʼtibor berganim yoʻq, balki turgandir.

U bir bekning naʼmatagi edi[4], – dedi koʻr. – Haliyam chayqalib turgan boʻlsa kerak, oʻsha yoqqa oʻtib qolsang, xabar olib qoʻyarsan. Aytmoqchi, yoʻlingda bir majnuntolni ham koʻrasan, u oddiy tollardan emas, tinmay koʻz yoshi toʻkkani toʻkkan[5]. Ularni duo qilib oʻt, har holda, savobga zor boʻlsalar ajabmas.

Xoʻp, – dedi Ozod. – Oʻzingiz-chi, qayoqqa ketyapsiz?

Otamning yoniga, – dedi koʻr kishi. – Bugun saharlab otam “Oʻgʻlim, bir imorat qurdim, yogʻochlari baquvvat, oʻzi pishiq, kelsang oʻzing ham koʻrasan, keyin ayvonda birgalashib choy ichamiz”, dedi. Qumgʻonda bir choy damlay, taʼmi juda boshqacha boʻladi.

Otangiz qayerda? – deb soʻradi Ozod.

Sen borayotgan tomonda, – dedi koʻr. – Lekin shahding tezroq ekan, bolam, boraqol. Men paypaslanib, yeru osmondagi ovozlarga quloq solib, seki-in ketaveraman.

Ha, aytmoqchi, Uchyongʻoqda, oyoq ostingda bir chigʻanoqni koʻrasan, – dedi chol, yana. – Olib qulogʻingga tutsang, dengizning shovullashini eshitasan. Undan ham narida tumshugʻida yongʻogʻi bilan bir qargʻa tosh ustida qoʻnib oʻtirgan boʻladi. Bilsang, – egilib shivirladi chol, – yongʻoqning ichida magʻiz emas, dur bor, qargʻani chalgʻitib, durini olsang, u hikmatli soʻz aytadi.

Tevarakni koʻrmaysiz-ku? – deb soʻradi Ozod. Keyin oʻylanib turib, qoʻshib qoʻydi: – Nazarimda, hecham koʻr emassiz.

Bir mahallar koʻrar edim-da, oʻgʻlim, – deb javob qildi chol.

 

* * *

Xullas, shu topda yuqoridan qaragan kishining nazarida mana shunday manzara namoyon edi: tepa sari oʻrlab ketgan mayda toshli soʻqmoq, imoratiga tosh tashiyotgan odam, tandirga olov yoqayotgan ayol, paypaslanib borayotgan koʻr chol va nigohi musaffo yosh bir yigitcha – Ozod. Narida, quyiroqda bir toʻda bola-chaqa butalar orasida oʻynamoqda edilar. Baʼzi uylardan koʻkimtir tutun samoga oʻrlar, har holda kimdir oʻchoqqa olov qalar yoki kir yuvish uchun suv isitar edi.

 

Daraxtzor

 

Qishloq tugagan joydan eski daraxtzor boshlangan edi. Ozod ana shu daraxtzor orasidan oʻtib bordi.

Bu yerda daraxtlar betartib oʻsgan, koʻpchiligi qari boʻlib, quruqshoq och-jigarrang poʻstloqlaridan nam ketgan, har joy-har joyi qurigan, ezgʻilansa kukunga aylanardi, tanalari ulkan-ulkan, baʼzi yerlari gʻovak edi.

Bir daraxt tanasida koʻzi koʻr yogʻoch qurti istiqomat qilardi, hozir u yorugʻlikdan bahra olgani chiqqan, lekin qay bir savqi tabiiy ila Ozodning yaqinlashganini sezib, shosha-pisha oʻzi kemirib ochgan yoʻlkavagiga kirib yashirindi.

Yigitcha uning ilang-bilang tor yoʻlchasidan xavotir ila qochishini koʻz oldida jonlantirarkan, qoʻrquvini ham sezdi-da, kulimsirab qoʻydi.

Daraxtzor chayqalar, shovullar edi. Tovushlar yosh novdalardan va barglardan chiqar, quruqshagan va qurigan shoxlar quruq, ingichka ovoz chiqarar, shabada ularni silkitib oʻynardi. Yigitcha daraxt tanalarini ushlab-siypalab koʻrdi. Keksa daraxtlarning baʼzilari juda yuksaklargacha shoxlagan, ildizlari bu bahaybat tanani mahkam tutib tura oladigan darajada chuqur, ammo baʼzilarining tana poʻstloqlari koʻchib, yaydoq tanasi ochilib qolgan… chandiqlari ham bor, qoʻlga gʻoʻdirish boʻlib tegardi; yosh-yalang baʼzan oʻynoqilik yoxud shoʻxlik yuzasidanmi, ismlarini tanaga oʻyib yozgandilar, bundan tashqari, qay bir uquvsiz bogʻbon urgan bolta chandiqlari ham boriydi.

Tevarakni oʻzgartiruvchi haybat shamollari esganida bu keksalarning baʼzilari qarsillab sinib tushgan, ulkan tanalar havoning bosimiga chidayolmay, yoshroq daraxtlarning shoxlarini sindira-sindira yiqilgan edilar… shox-shabbalarining siniqlari tevarakda sochilib yotar, orasida qushlar rizq izlab chirqillashardi.

Qulaganiga ancha boʻlgan, shoxlari yalangʻochlanib qolgan bir daraxt tanasidan shunday sas kelmoqda edi:

Voh, yalang shoxlarim qilichday keskir,

Bir yaproq qolmaptur shivirlayturgʻon…[6]

 

Qachonlardir qulab ketgan haybatli ogʻochlarning tanalari esa sassizu jim, toʻzon changlari ularni allaqachon enlab-qoplab olgan edi.

…Bulturgi eski shoxchalar qirsillab sinar, oyoq ostida namlik koʻpaymoqda, chunki sal narida buloq bor edi, butun bu bogʻ ana shu buloqdan suv ichardi – buloq qadimiy, tuproq qaʼridan qaynab-miltirab oqib chiqar, suvi esa xushtaʼm va iliq edi. Buloqdan oqqan suv yoyilib-yoyilib, ariqcha hosil qilgan edi.

Ozod, ariq labida yelkasiga chayon bolasi minib olgan toshbaqani koʻrdi.

Bundan zavqi kelib kulimsiradi, har holda, bu maxluqchalar koʻziga ariqcha ulkan daryo boʻlib koʻrinayotgan boʻlsa ajabmas, chayon esa, suvdan oʻtish uchun toshbaqaning yelkasiga minib olibdi. Tangri taolo yaratgan jonzotlarning odam zavqini keltiradigan bu tarz birodarliklariga misol koʻp edi: goho oʻtloqda oʻtlab yurgan sigirning yelkasiga qushlar qoʻnib olar, oʻgʻri qargʻa qoʻzi bilan oʻynashar, goho azaldan bir-biriga dushman mushuk bilan kuchuk bolasining yonma-yon oftobda toblanayotganini koʻrsa boʻlardi.

 

 

Qon

 

Mana shu yerda Ozod begona bir isni tuydi.

Bu – quyuq, achimsiq, turgʻun, yer bagʻirlab turib qolgan, hali-veri koʻtariladiganga oʻxshamaydigan ogʻir hid edi. Yigitcha is boʻylab boraverdi, eski shox-shabbalar oyoqlari ostida yana sindi, mana, iz yoʻlakchasiga chiqib oldi – bu yerda is ingichka chiziq boʻlib anqimoqda edi.

Yigitcha engashib, shox-shabbalar orasini paypaslab koʻrdi – is, xiyol namiqqan novdalar orasidagi hoʻl bir nimadan kelmoqda edi.

Ozod uning qon ekanini payqadi.

“Otamning qoni oqib-oqib, shu yergacha kelibdi”, deyayotganday edi kimdir.

Ha, qaydandir ingichka chiziqsimon qon oqib kelgan, u hali yangi edi. Yigitcha shu iz boʻylab ketaverdi – daraxtzor tugadi, qirlar boshlandi, qon ana shu yerdan oqib kelgan, u yerda yana bir buloq koʻz ochgan, yer qaʼridan otilib chiqqan bu kichkina moʻjizada nima uchundir qon taʼmi bor edi.

 

Iz

 

Qon Uchyongʻoq tarafdan oqib kelgani aniq edi. U tomonda baʼzan otlarning taqalangan tuyoqlarining taraqlashi, toshchalarning shiqirlashlari eshitilganday boʻlar, kimlardir borga oʻxshardi, yigitcha ularning kimligini bilishga qiziqardi. Baʼzan gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlar ham eshitilardi, kimlardir oʻzaro gaplashardilar. Shu bois ham u ikkilanmadi, qon izi boʻylab boraverdi.

 

Ikki qush

 

Yigitcha soʻqmoqdan odimlarkan, boshi uzra ikki qush qanotlarining tovushini eshitdi, bular boyagina, tandirga non yopayotgan ayol bilan gaplashib turganida tikkasiga koʻkka koʻtarilgan oʻsha qushlar edi.

– Bu yigitcha kim? – deb soʻradi birinchi qush, sherigidan.

– Shu yerga kelishi taqdir qilingan bir banda, – deb javob berdi ikkinchi qush.

– Bu makonga kelishining boisi nima? – dedi birinchi qush.

– Taqdir lolasiyu baxt qushi sari borayotir, – deb javob berdi ikkinchisi.

– Bundan bolaga xayr bormi? – deb soʻradi birinchi qush.

– Bizlar shu yergacha kela olamiz, u yogʻiga oʻta olmaymiz, – dedi ikkinchisi.

 

Yoʻl koʻrsatuvchi

 

Tevarak ovozlarga toʻla boshladi. Qirga chiqib borganida, shabada yuz-koʻzini yana siypalab oʻtdi. U iliq va yoqimli edi.

– Olgʻa, olgʻa, – deb shivirlar edi shabada, doʻstona shivir ila.

– Men seni taniyman, – dedi Ozod, hayron boʻlib.

– Men ham seni taniyman, – dedi shivirlaguvchi. – Baxt qushini istab yoʻlga chiqqaningdan buyon ortingdan ergashib kelmoqdaman. Tosh kesayotgan kishi bilan, tandir boshidagi ayollar bilan gaplashganingni koʻrdim, gaplaringni ham eshitdim. Bundan buyogʻiga sening yoʻl koʻrsatuvching – menman.

– Lekin beqarorsan-ku? – dedi Ozod. – Bu beqarorliging bilan qanaqa qilib yoʻl koʻrsatasan?

– Men havolarni yangilab, asrlarni toʻzgʻitguvchiman, – dedi shamol. – Bu yerda mendan boshqa yoʻl koʻrsatuvchi yoʻq. Qon izi boʻylab kelgan sen emasmisan?

– Ha, menman. U kimning qoni? – deb soʻradi Ozod.

– U qon allaqachon yerga shimilib, ustidan uzumlar oʻsib chiqqan, mevalarini qushlar yeb boʻlishgan, – dedi shamol. – Hozir u jonlana boshlaydi.

– Lekin qirlarning orasida siyrak tumandan boshqa narsa koʻrinmayapti, – dedi Ozod.

– Yogʻoch qurti ham hech narsani koʻrmasdi, lekin kelganingni bildi-ku? – deb eʼtiroz bildirdi shamol.

Yigitcha toʻxtadi. U hozir Uchyongʻoqning qoq markazida edi.

– Hozir koʻradigan narsalaringning hammasi aksdir, – deb shivirladi shamol. – Bir mahallar bu soʻqmoqdan aravaga qoʻshilgan bir ot oʻtgan edi. Koʻryapsanmi?

Ozodning koʻz oʻngida ikki chetida baland oʻt-oʻlan oʻsgan soʻqmoq bino boʻldi. Oʻtloqlarning yoʻlga tutash joylari ezgʻilangan, maysalari singan, yaqindagina yomgʻir yogʻib oʻtgan edi…

Uchyongʻoqning oldidan yoʻl ham oʻtgan edi, u hozir yoʻqolib ketgan boʻlsa-da, yigitcha uni aniq sezdi – shamol aytgan, bir mahallar sagʻrisiga qon va loy sachragan ot oʻtgan yoʻl mana shu edi.

 

Soʻqmoqdan yoʻrtib borayotgan ot

 

Soʻqmoq oʻydim-chuqur, aravaning gʻildiragi oʻt-oʻlanlarni ezib-yanchib oʻtgan, iziga yomgʻir suvi toʻplanib, sargʻish-qizgʻimtir tus olgan, shu sath oynasida ham osmonning va koʻlmak chetidagi tuproq uyumining bir qismi aks etardi.

Yul uzundan-uzoq, arava gʻiyqillar, unga qoʻshilgan qari bir ot horgʻin odimlab borardi. Mehnatdan boshi chiqmagani shundoqqina koʻrinib turar, koʻlmaklardan ehtiyotlik bilan oʻtar, biqinida qay bir suvoriyning poshnasidan qolgan chandiqlari ham bor, xullas, koʻpni koʻrgan ot edi bu.

Arava esa juda koʻhna, yogʻochlari yorilib-yorilib ketgan, xom teridan ishlangan enli qayishlari vaqt oʻtishi bilan qoraygan, katta gʻildiraklari gʻijirlab aylanar, qoldirgan iziga loyqa yomgʻir suvi oqib tushib toʻldirar, ularning yuzasida ham osmon xira akslanardi.

Naridagi qirning usti chechaklar bilan qoplangani bois rango-rang boʻlib koʻrinayotgan edi. Qirgacha masofa anchagina, tepasida bodomlar koʻzga tashlanadi, ular allaqachon gulini toʻkib, yashil yaproqlarga burkanib ulgurishgan. Havo yengil – chunki ertalab chaqmoq chaqnab, yomgʻir urib oʻtgan, hali-hozirgacha baʼzi yaproqlarning ostida tomchilar titrardi.

Ot egasiz… tevarakdagi oʻt-oʻlanga qaramay, xomush va ruhsiz yoʻrgʻalar, oyoqlari-yu yollariga loy sachragan edi.

Ajabo, loymidi sachragan?

Yaqinroqdan qaragan kishi loyga qon ham aralashganini koʻrardi. Otning bezovtaligining sababi endi tushunarli boʻldi – qon isi jonivorlarni hamisha sarosimaga solib kelgan emasmi?

Biroq qaydan keldi bu qon? Kimning qoni u?

Qirning naryogʻi qishloq edi, u yerda xotin-xalaj, bola-chaqa boriydi, ular yuz yillardan beri shu qishloqda tinchu osoyishta hayot kechirmoqda edilar. Bugʻdoy ekilar, pishganida oʻrib olib non yopilar, tuproqdan paxsa urib, uy tiklanar, bolalar tugʻilib-voyaga yetar… oʻsmirlaru yosh-yalang oʻynab-quvnab ulgʻayar… qariyalar indamaygina jon taslim qilar… ot ana shu qishloq tomon yoʻrtib bormoqdaydi.

“Mening egam – dehqon edi, – demoqda edi ot. – Egamning egasi esa Parvardigor edi.”

“Egamning egasi, mening egamni oʻz huzuriga chorladiyu egasiz qoldim,” – demoqda edi ot.

“Egamning egasi hamma narsani koʻrib-bilib turuvchidir, – demoqda edi ot. – Egamga muhabbat qoʻygan edim, u ham menga mehr bergan edi. Endi kimning sodiq oti boʻlay?” – deb bormoqda edi bu ot.

 

* * *

– Koʻryapsanmi? – deb shivirladi yana shamol.

– Ha, koʻryapman, – dedi Ozod, hayrat ichra.

– Otlar qavmining avloddan-avlodga oʻtib keladigan hikmatlari bor, vaqti kelganida xabar toparsan, – dedi shamol. – Lolaga erishishni oson deb oʻylaganmiding? Bundan buyogʻiga koʻradiganlaring aqlingni shoshiradi, balki shashtingni ham susaytirar, ortingga qaytib ham ketarsan… Chunki endilikda hodisalarning boshqa yuzlarini koʻra boshlaysan. Yuraqol men bilan! – deb shivirladi u.

Tevarak uning toʻlqinlanishi natijasida paydo boʻlgan tovushlarga toʻldi, koʻzga koʻrinmas har bir toʻlqini “Yur, yuraqol” deb shivirlar edi.

 

Kuchuk

 

…Oʻtlar orasidan och, ozgʻin, yunglari hoʻl, jimitgina bir kuchuk chiqib keldi-da, egasiz ot ortidan qingʻayib ancha qarab turdi.

U boyagina kungaboqarlar orasida timirskilanib yurgan oʻsha kuchukcha edi.

Kuchuk qon isini tuydi, burnini yerga tekkizguday qilib iskab-gʻingshib ketaverdi, loylardanu koʻlmaklardan oʻtdi, har zamonda toʻxtab, havoni ham iskab koʻrardi – yoʻq, is hali quyuqlashmagan, ammo oʻziga tortardi, unda qon isidan tashqari ter hamda ot hidi bor, oʻlim isi ham sezilmokda edi.

Uchyongʻoqqa yetganida, tuyqusdan toʻxtab qoldi.

Uchyongʻoq tagida jasadlar bor edi. Biri ellik yoshlardagi kuchli va baquvvat kishining, boshqalari bir necha oʻspirinning jasadlari boʻlib, ular betartib yotishar, yuraklari sugʻurib olingan edi.

Kuchukni toʻxtatgan narsa jasadlar emas, balki notanish kimsalar boʻldi. Oppoq bu kimsalar jasadlar ustida muallaq turar, oyoqlari yerga tegmas edi.

Kuchuk oʻtish mumkin boʻlmagan gʻalati chegaraga kelib qolganini payqadi, gʻingshib-ozorlanib yerga yotib, moʻltiragancha ortga tisarila boshladi, shu tariqa oʻn-oʻn besh quloch tisarilib bordi. Keyin toʻxtab, yana mayit yotgan tarafga javdiradi.

Darhaqiqat, u qoʻrqib ketgan, egasi tomon borishga botinolmay, shunday demoqda edi:

“Egamni yov oʻldirdi. Koʻzimni ochganimdan beri unga shoyon sadoqatda boʻldim.”

“Endi egam qolmadi. Egamning egasigina qoldi”.

“Meni bu koʻyga solgan ham, bundan chiqaruvchi ham egamning egasidir.”

Bu oddiy kuchuklardan emas, – dedi shamol, shivirlab. – Bir kuni unga bir odam roʻpara keldi-da, xunukligidan taʼsirlanib, “Muncha badbashara kuchuk ekansan”, dedi. Shunda kuchuk tilga kirib: “Ey odam! Naqshni ayblayapsanmi, naqqoshnimi?” deb soʻradi. Shunda uni malomat qilgan kishi nodonligidan hoʻng-hoʻng yigʻlab, oʻz yoʻliga ketdi…[7] Bu kuchukni yoʻling davomida koʻp marta koʻrasan, kimligini ham anglarsan balki, – deb shivirladi u.

 

Qushcha

 

Shu mahalda bitta qushcha tikkasiga koʻklardan tushib kelib, toshlaru xarsanglar uzra gir-gir aylanib, tinmasdan “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deb sayramoqda edi.

 

Uchyongʻoq

 

Endi Ozod qirning tepasida edi. Yuqoriga koʻtarilgan sari soʻqmoq siyrak tuman aro koʻzdan yoʻqolib borgan, shu bois uch qirning orasini qoplagan oqish parda ostida hech narsa koʻrinmas, katta xarsanglarning uchlari qorayib koʻzga tashlanardi, xolos.

– Bu yerlarni nega Uchyongʻoq deyishlarini bilasanmi? – deb soʻradi shamol. – Bir kuni bir qargʻa yongʻoq chaqish uchun osmonga koʻtarildi, yongʻogʻini tashlagan edi, u yumalab chuqurchaga tushdi. Men chuqurchani qum bilan koʻmdim. Yomgʻirlar yogʻib, tuproqqa nam oʻtgach, bir magʻizdan uchta yongʻoq nish urib chiqdi. Bu voqealar ana shular barq urib koʻkarib, ilk mevasini tukkanida roʻy bergan. Qara, qargʻa ham shu yerda, yongʻoqlar ham.

– Hozir ular yoʻq, allaqachon chaqmoq urib yondirgan, – dedi Ozod. – Demak, kamida yuz yil avvalgi narsalar ekan.

– Kim aytdi ularni yoʻq deb? – dedi shamol. – Ana, qirning uchida uchalasi ham shoxlarini yoyib turibdi-ku? Istasang, qargʻaning oʻzidan soʻra.

– Qargʻa nima ham derdi? – dedi Ozod. – Uning feʼlini yaxshi bilaman, yongʻoq oʻgʻirlashdan boshqa ishi yoʻq.

– U koʻp narsani koʻrgan qush, – dedi shamol, shunda Ozod uning sasining oʻzgarganiga eʼtibor qildi: shamolning tovushi endi katta kishilarning ovoziga oʻxshab qolgan, maktabda dars beruvchi keksa muallimning gapirishini eslatardi. – Popishakdan, hudhuddan, qumridan ham uzoq yashashini bilmaysanmi? Qir ortida koʻrinib turgan anavi togʻlar ortida esa yaʼjuj-maʼjujlarning makoni bor. Ularning yuzlari qora, koʻzlari koʻk, tanasi xol-xol. Ming yildan beri togʻni kemirib tashqariga chiqishga urinishadi. Och, qoʻrqinch yuho ular. Baʼzan bir-birlarini yeb ham qoʻyishadi. Bir kuni qandaydir sabab bilan kichik bir toʻdasi ozodlikka chiqishga muvaffaq boʻldi. Daraxt ostida yotgan kishilar ularning ilk qurbonlari, soʻqmoqdan ketayotgan ot esa oʻsha kishilardan birining ulovi. Qargʻa bularning barini koʻrgan, angladingmi?

– Sening kimligingni bilmasdan, gaplaringga qanday ishonay? – dedi Ozod. – Bilganim shuki, oʻtlarning orasida yashirinib yotasan, yosh bolalarni qoʻrqitasan, odamlarning koʻziga toʻzon sochib qochasan.

– Bu koʻrganlaringning hammasi toʻzon, – dedi shamol. – Boʻlib oʻtgan voqealar, hodisalar, tarixlar va kishilar toʻzon boʻlib yotadilar bu yerda. Men hozir biriga puflayman, shunda u oʻrnidan turib, oʻzining kimligini aytadi.

Va u, chirpirak boʻlgancha, ichida xas-xashaklar qoʻshilib aylanayotgan quyun hosil qildi. Qum va toʻzon tiqilib Ozodning koʻzlarini achishtirdi, saldan keyin ochganida, sal narida eski toʻnining barlarini qayirib olib ketmon chopayotgan ozgʻin bir kishini koʻrdi.

 

IKKINCHI AKS

 

Ota

 

“Bu odam sira tinim bilmay yumushga uringani uringan, – deb esdi shamol, horgʻin-horgʻin saslanib. – Togʻlarning qor va muzlari orasidan oqib kelgan sovuq suvni ekinzoriga buradi, yoʻlidagi kesaklarni yalang qoʻllari bilan ochadi. Tepasida esa men hushtak chalaman, eski xaslarni uchirib, toʻzonlarni aylantirib boshidan sochaman.

Ekinzor chetidagi tol ostida loydan yasalgan, bir cheti koʻchib tushgan eski oʻchoq bor, choʻgʻlari allaqachon soʻngan, kullar ustida qaqqayib turgan qora qumgʻon uzra aylanaman, qumgʻon hushtak chala boshlaydi.

“Ha-ah!” deb ketmon uradi bu odam. Ketmon katta, ogʻir, dastasining qoʻl tekkan joylari silliqlanib-qorayib qolgan.

Tolning shoxidagi sargʻimtir-qizgʻish bir qush unga termilib, sayramasdan indamay turadi.

“Ha-ah!.. Yana keldingmi? – deydi oltmishlarni qoralab qolgan ozgʻin, chayir bu odam. – Har kuni kelib shu tolga qoʻnib oʻtirasan, non uvoq bersam yemaysan, suv tutsam ichmaysan… Qanaqa qushsan oʻzi?”

Qush indamaydi. Nigohi maʼnoli-maʼnoli, indamay termiladi xolos.

“Ha-ah!” – ketmon tigʻi oftobda yaltiraydi. – Rangu tusingdan hayotdaligimda orzu qilganim tole qushiga oʻxsharkansan, ammo muncha ozgʻin, muncha aftodaholsan?”

Qushga gapirish ravo koʻrilmagan, sayramaydi ham.

“Senga oson-da, – deydi dehqon. – Xudoyim rizqingni olamga sochib qoʻygan, uchib-qoʻnib, yerdagi bugʻdoynimi, somonnimi terib yesang bas. Na uying bor, na roʻzgʻoring, na bola-chaqang…”

Bir dam tin oladi, kaftini koʻziga soyabon qilib, quyoshga qaraydi, bir nimani chamalaydi. Keyin yana yumushiga unnaydi.

“Ha-ah! Xudoyim oʻzi yaratgan maxluqlarning rizqlarini tuproqning betiga sochib tashlaganu odam bolasiga “ana endi shu tuproq ichida oʻralashib, umringning oxirigacha rizqingni teraver” degan. Bir amallab rizqingni chiqarsang, shungayam koʻz tikkanlar bor. Hammaning yozugʻi shu!

Ha-ah! Odam bolasi tuproqdan bino boʻladi, tuproqdan rizqini terib yeydi, oxir-oqibat yana shu tuproqqa kirib, yoʻq boʻlib ketadi. Barcha mana shu gʻalati yumush bilan ovora.

Ha-ah! Naylayin, bolalarimni boqishim kerak… Uzumzor egalariga oʻxshab bitmas-tuganmas sarvatlarim boʻlmasa… ularning uzumzorlari bepoyon, behisob, botmon-botmon hosil olishadi. Mening bor-yoʻq sarvatim – qari otam, ayolimu bolalarim. Hozir otam uyda, ayvonda yotgandir… Oʻrik kesganimizda katta shox oyogʻini ezib tushgan edi, shundan beri yurishga qiynalardi. Necha yillardan beri yumushim shu: har kuni uchta non topardim, otamga, ahli ayolimga, bolalarimga berardim[8]… Otam har kuni duo qilardi, “ota rozi – Xudo rozi” deb saharlab yana ekinzorimga joʻnardim.

Ha-ah! Bilmadim, sen qanaqa qushsan, ammo naylayin, boshimga baxt qushi qoʻnarmi degan edim… qoʻnmadi-da!

Bir mahallar bola edim. Uyimizda mollarimiz, qoʻylarimiz boʻlardi. Oʻroq-qopimni olib, oʻt oʻrgani dalalarga ketardim. Shiddatim tanamga sigʻmas, mehnat charchatmas, namchil tuproq ustiga yotib olsam nami suyagimga oʻtmas edi… osmonga qarab yotib shirin-shirin xayollar surardim.

Shamollar oppoq bulutlardan otlar suruvini bino qilardi, ular koʻm-koʻk osmon kengliklarida uyur-uyur chopar edilar.

Tezroq katta boʻlib-ulgʻaysaydim, ota-onam yetisholmagan orzularga erishsaydim der edim. Tandiru oʻchoq boshidan kelmaydigan, roʻzgʻor yumushlaridan ortmaydigan onaizorim nihoyat rohatu oromga qovushsa, meni duo qilib, alqasa der edim. Nazarimda, hamma ish mening uchun oson, men qilolmaydigan ish dunyoda yoʻqday edi.

Baxt qushi dedim-a? Oʻsha mahallar uning qaydadir qanot qoqib uchib yurganini, olisda boʻlsa ham gaplarimni eshitishini bilar edim.

“Kelaqol, – der edim xayolan. – Senga qanchalar zor ekanimizni bilasan-ku? Axir, hammamiz mehnatu mashaqqat ichidan oʻtib boryapmiz-ku? Topgan-tutganimizda barakat yoʻq-ku? Yozu qish tinmasdan mehnat ichida xor boʻlyapmiz-ku? Men voyaga yetyapman, ortimdan singillarim ulgʻayib kelishmoqda… Otam shularni oʻylab, peshanasi tirishganicha uzoq-uzoq oʻtirib qolmoqda-ku? Onam oʻchoq boshidan beri kelmay, yengini koʻziga bosib unsiz-unsiz yigʻlamoqda-ku? Uchib kelsangu elu yurt ustida bir qanot qoqsang kifoya, shunda shoyad turmushimiz oʻnglanib ketsa… Axir, bir qanot qoqib oʻtsang bas-ku?..”

Yoʻq… kelmadi baxt qushi! Yurtda bir bizninggina emas, hech kimning boshiga qoʻnmadi u karomatli qush.

Hayoti dunyoda sakkizta farzandim boriydi. Qarindoshlarim yoʻq emasu ammo jigarlarimning bari oʻzlari bilan ovora, boshimga qiyin kun tushsa qarashadigan kimsa yoʻq edi. Ha mayli, bolalarim koʻp boʻlsayu ularga oʻzim bosh boʻlsam, oʻtirgʻizvolib nasihatlar qilsam, odob oʻrgatib, tarbiya bersam, barini boshini birlashtirib, keyin ketsam, xotirjamu jim, der edim.

Oʻgʻillarim koʻp boʻlishini istasam-da, lekin xudoyim yetti qizu bittagina oʻgʻil bergan edi, xolos.

Ha-ah! Butun sulolamiz bilan mana shunday urinib-berinib mehnat qilib kelganmiz. Koʻnikib ketgan boʻlsam-da, bu ahvolimning bir kuni oʻzgarishidan, roʻzgʻorimga moʻl-koʻlchilik, serobchilik kelishidan umidlanar, u serobchilik oʻzimning sulolamdan emas, Minglarning sulolasidan kelsaydi deb orzu qilardim…

Chunki, yorugʻ dunyoda ekanimda ikki koʻcha naridagi Minglarning qizini kelinlikka moʻljallab qoʻygan edim. Ismi Dilorom edi, gulning novdasiday, ikki beti lola edi.

Shu qizni kelin qilolsam, urugʻi mening urugʻim bilan chatishsayu undan yana bir xalq bino boʻlsa, derdim. Bu qiz bizga chatishsa, taqdirlaru qismatlar oʻzgarib ketadi degan ilinjim boriydi. Bolaligimda orzu qilganim baxt qushi endi shu qizning timsolida oʻgʻlimning boshiga qoʻnsaydi, deb xayol qilardim.

Chunki, rostmi-yolgʻonmi… Diloromni Minglar Oydinkoʻl sohilidan topib olgan, der edilar. Haqiqatni bir xudo biladi, biroq, oʻsha mahallar Minglarning ayoli ikkiqat boʻlib, aynan tugʻishi yaqinlashganida suvga choʻkib oʻlgan edi, Oydinkoʻl tubsiz, ayol boyaqishni u tubsizliklardan topib boʻlmadi, bolasini tugʻib ulgurganmidi-yoʻqmi, buniyam hech kim bilolmadi… biroq Minglar xotinini izlab chiqqanida, suv boʻyida oyday bir chaqaloqni topib olgani ovoza boʻldi. Adashmasam, oʻshanda hammayoqni payhon qilib, bir kechayu bir kunduz shamol esgan edi… ogʻiroyoq xotin shamolli kechada Oydinkoʻlga nimaga borgan ekan, degan savol ham ochiqligicha qolib ketdi. Oʻsha kecha Oydinkoʻl dengiz kabi dolgʻalangan, toʻlqinlari koʻkka sapchigan, baliqlari suvlarning tub-tubiga kirib ketgan edi. Dilorom deb nom berdilar chaqaloqqa. Tevarak toʻla singan oʻtlaru shoxlar, u esa gullarning ichida yotgan edi. Minglar aytdiki, ovozini eshitib tepasiga bormaganimda, uni ham gul deb taxmin qilgan boʻlardim, shunaqa goʻzal, shunaqa chiroyli goʻdak edi.

Bu chaqaloqning dunyoga kelishini yana bir voqeaga bogʻlashganini ham eslayman. Minglar u mahal baquvvat, chayir, oʻktam yigit edi, mana shu ayoliga fotiha qilinganida qoyalaru oʻngirlar osha borib, taqdir lolasini uzib kelgan, deydilar. Odamlar oʻshanda lolani koʻrishdan umidvor boʻlib Minglarning uyi oldiga yigʻilishdi. Biroq, horib-charchab, nechundir oʻzgarib-yoshi ulgʻayganday boʻlib qaytib kelgan Minglar hech kimga koʻrsatmadi. U moʻjizani balki erta-indin toʻyiga tayyorgarlik koʻrib oʻtirgan kelinchakkina koʻrgan boʻlsa ne ajab? Minglarning nikohidan keyin ham lolani birov koʻrmadi, ammo bu oila gʻoyat sarishta, uvali-juvali, qutli-barakatli boʻlib chiqdi.

Qaydam, lola tufaylimi yoxud Dilorom boismi… Minglarning roʻzgʻoriga shunaqangi rizqu barakot yogʻildiki, asti qoʻyaverasiz. Ozgʻin sigirlari semirib, olam-jahon serqaymoq sut bera boshladi, ogʻochlari shu qadar koʻp meva tugardiki, shoxlari egilib-sinib ketay, derdi.

Minglarning roʻzgʻoriga baraka har tomondan yogʻilaverdi – bugʻdoy eksa, suv izlashining keragi yoʻq – sugʻorish mahali shamollar qoʻzgʻalib, yomgʻirlar yogʻar, ekinlari koʻkarib-yashnab oʻsaverardi.

Minglar aytardiki, hoy musulmonlar, mana shu qizaloqda bir gap bor. Rostini aytsam, Xudo shu qizaloqni berganidan keyingi hayotim faqat saodatu farovonlik ichida oʻtmoqda.

Yana aytardiki, vollohi, menga bir nima boʻlsa kerak. Chunki hayotimdan, umrimdan mingdan-ming roziman, yuragim tobora yaxshilikka toʻlib bormoqda.

 

* * *

Xullas, shu qizni kelinlikka orzulab yurar, orzuimga yetishishimga bir bahya qolgan edi. Minglar bilan quda-anda boʻlib, fotiha oʻqilib, non ham sindirilgan, endi toʻyni oʻtkazish qolgan edi, xolos… Toʻsatdan Iskandar devorining ortidan yov chiqqani haqida xabar keldi. Kimdir oʻsha kuni togʻda ekan, qoyalarning darz ketganini, u yerdan yovning yoyilib-oqib chiqqanini koʻribdi.

Tanasi xol-xol, koʻzi koʻk, yuzi qora bu maxluqlar koʻp zamonlardan beri togʻning ortidagi oʻngiru puchmoqlarda urchib-koʻpayib yotadi der edilar. Eshitishimcha, odam bolasining gunohlaridan bino boʻlgan emish. Yana bir xususiyati – oʻtirib olgan kishiga tegmas, shu xususiyati bilan kuchuk qavmiga ham oʻxshab ketarmish. Pitir-pitir qilib chopib kelayotgan kuchuk kelbatli bu maxluqlar gʻoʻdayib turgan kishini oʻsha zahoti oʻrab opketar, opketilgan kishini birov qaytib koʻrmas, changal urgan joyi bitmas, yara oʻrni tuzalmas, xullas, chiqib kelishi qoʻrqinch uygʻotuvchi yaramas bir qavm emish ular.

Aslida-ku, elga yopiriladigan boshqa tur yovlar ham anchagina. Masalan, yoz oylari qaydandir bulutday bosib chigirtka kelib qolar, yerda, ariqlarda, uylarda, dalalarda, yoʻllarda bijgʻib hamma yoqni shitirlagan ovoz tutar, yashil neki bor – barini birday yeb bitirib, keyin uchib ketardi. Yoki shira degan yov ham bor edi, rizq chiqaradigan hamma narsaga yopishib, quritib tashlardi. Lekin bunisi boshqacha – aqlliroq, tuzoqqa tushmas, qattolroq edi. Aslini aytsam, yosh bolaligimdan beri kattalar farzandlarini ana shu yov bilan qoʻrqitishar, odobsiz bolalarni opketib qoladi deb tarbiya berishar edi. U jonzotlarning qaydan bino boʻlganiga birovning aqli yetsa ekan? Kuchukdan sal kattaroq bu maxluqchalarni esimni taniganidan beri keksalarimiz yaʼjuj-maʼjuj der edilar.

Yov xabari kelganidan soʻng, laʼnatga yoʻliqqur Murtad tirnoqlarini gʻajiy-gʻajiy mening yerimning yoqasidan oʻtdi, oʻtar ekan, “Hormang” deb qoʻydi… peshanamdan terimni sidirgancha ortidan indamay qarab qoldim. Ammo rostini aytmoqdaman: oʻshanda Murtadga oʻlim tilaganim, “dunyo yumaloq, Xudo bilguvchidir… qilmishlaring albatta oʻzingga ursin”, deganim ham rost.

Yov daraxtlarningu butalarning orasidan pitir-pitir oʻtib keldi, barining koʻzi koʻk, yuzi qoramtir ekan, hash-pash deguncha ustimga tashlanishdi… Nima boʻlganini anglayolmadim, bir mahal koʻzimni ochsam, yana shu dalamdaman… Kimdir aytdiki, endi qiyomatgacha mana shu yerdasan, oʻt oʻrasan, yer chopasan, suv ochasan… hayoti dunyoda nimaiki qilgan boʻlsang oʻsha bilan andarmon boʻlasan.

Bahoriy jalalardayu kuzgi oʻtloqlarda… sovuqlarda… mana shundoq… haliyam mehnatdan boshim chiqmay yuribman endi.

Oʻsha qush har kuni kelib boshim uzra aylanadi… oʻzimga oʻxshagan xarob, ozgʻin, bechora qush u. Koʻzida munchoq-munchoq yosh, roʻzgʻoring uzra ham aylandim, deydi menga. Gʻussali-gʻussali chirqillaydi, “endiyam aytmaysanmi, qanday qushsan oʻzi” desam, javob bermaydi. Hikmatiga mening ham aqlim yetmaydi… Tole qushim senmasmiding, deb soʻrayman. Koʻzidan munchoqlari duv-duv toʻkiladi, zorlanib-zorlanib chirqillaydi, agar baxt qushi sen boʻlsang, nega muncha aftodasan, deb soʻrayman…

Yoʻq, deb javob qiladi ustimdan yelib oʻtguvchi xabarchi shabadalar, u baxt qushi emas, qismat qushi, jon qushidir…

 

* * *

– Otamga oʻxshab ketar ekan bu kishi, – dedi Ozod, oʻylanib. – Qush esa… bekorga tole qushi deyishmagandir, bu kishining tole qushi shudir? Hech xayolimga kelmabdi: u qushdan otam ham xabardormidi? Yonida oʻsib-ulgʻayibmanu orzu-armonlari bormidi, boʻlsa qanaqa edi deb oʻylab koʻrmabman…

– Bu kishilar sening kim ekaningni, qayoqqa borayotganingni biladilar, – deb shivirladi shamol. – Lekin boʻyinlarini boʻyinturuq kabi oʻrab olgan qismatlarini oʻzgartira olmaydilar. Agar maqsadingga erisha olsang, hamma qismatlar oʻzgarib ketishini yodingda tut. Mabodo erishsang, birgina soʻz bilan shu taqdirlarni oʻzgartira olasan.

– Aytilgan soʻzlar allaqachon moddiylashib boʻldi, shakl yasadi, tevarakni oʻzgartirdi va aytuvchining hayotining mohiyatini belgilab berdi, – deb davom etdi shamol. – Bilib qoʻy, odam bolasi umri davomida behudayu behisob soʻzlar aytadi, biroq aytgan soʻzlarining boshqa narsalarga aylanishini bilmaydi. Har bir aytilgan soʻz albatta bir shakl oladi. Shu tarz aytilgan lafzlardan Uchyongʻoq bino boʻldi, koʻryapsanmi?

Darhaqiqat, tegrada shu tob ot yoʻrtib oʻtgan, yomgʻirdan keyin oʻtlari tomchilarning zalvoridan egilib-egilib qolgan soʻqmoq va ekinlari payhon qilingan, sargʻaygan ulkan yaproqni eslatadigan ekinzor aniq qiyofa kasb etgan, huv narida elas-elas boʻlib Uchyongʻoq koʻrinar, boʻlak joylar esa hanuz siyrak tuman ostida boʻlib, u yerda ostida yana boshqa narsalar borligi aniq edi.

– Lekin sen ham soʻz aytmoqdasan-ku? – deb soʻradi Ozod.

– Mana, istagan narsalaringni koʻrding, endi qolganlariga ham nazar tashla, – dedi shamol. – Huv naridagi oʻsha kishining zuryodi, ismi Eran. Razm sol-chi, u ham senga oʻxsharmikin?..

 

Oʻgʻil

 

…Sal pastroqqa bir qarang. Kurmaklaru pechaklar gullab-oʻsib yotgan dalani koʻryapsizmi? Hayoti dunyodaligimda men mana shu yerlarda oʻt oʻrib yurar edim.

Qandaydir qush yuqorilab-pastga shoʻngʻib, ilang-bilang uchadi. Uni tanimayman. Qushlarning koʻzi mitti, maʼnosiz boʻladi, ushlab olsangiz, bir-ikki pitirlab, qoʻlingizda jim yotaveradi. Koʻzlari olayib ketadi, kaftingizda yurakchasining duk-duk urayotganini sezib turasiz…

Uyimizda sigir-qoʻylarimiz bor, ularni boqishim kerak. Shu sabab, har kuni quyosh chiqqach, oʻroq-qopimni olib, mana shu dalaga kelaman.

Oʻtlar turli-tuman, lekin qalin oʻsmagan, boʻylari ham past. Oralaridan sigiru qoʻylarim yoqtirib yeydiganlarini tanlab-tanlab oʻrishim kerak.

Ajriq boʻy choʻzmaydi, yotib-enlab oʻsadi. Ildiziga yaqin joyi oqimtir tusda, ezsangiz, qirs etib suvi chiqadi. Kurmak tikka oʻsadi, poyasi qoʻlni tilib-kesib yuborishi ham mumkin. Uniyam ildizi oqish, patak boʻladi.

Kurmakning suvi taxir, ajriqniki yanada achqimtirroq. Sababi, kurmak suvliroq joyda oʻsadi, ajriqqa esa baribir, duch kelgan joyda unib ketaveradi.

Och-sargʻish qanor qopimning yamoqlari bor. Uni onam yamab bergan. Qopni buklab, belbogʻimga qistirib olganman. Oʻroqni tuproqqa tiqib-tiqib olaman, tigʻi yaltiraydi. Tigʻi sovuq, dastasi iliqroq. Dastasida temir mixlari bor, tigʻning oʻzagi yogʻoch orasiga pona kabi kirgan, ular ham sovuq.

Ertalab tuproq ham sovuq, namchil boʻladi. Keyinroq iliy boshlaydi.

Osmon top-toza, tiniq. Lekin bir xil tusda emas. Ufqqa tutash joylari oqarinqiragan, kunbotar tarafi qoramtirroq. Qoq tepam koʻm-koʻk. Osmonning quyoshga yaqin qismi ham oqimtir.

Bu dalani yoqtiraman. Naridagi toshloqda jilgʻa oqadi. Toshlar ustida bitta majnuntol oʻsgan, barglari shitirlaydi. Ingichka ensiz yaproqchalariga shira tushgan, hammasi koʻzyosh toʻkayotganga oʻxshaydi. Ildizi yonidan pechaklar oʻsib chiqqan, bu oʻt toshlar orasiga ham tomir otaveradi. Pechaklarning uzun tanalari tollarning shoxlariga chirmashib ketgan.

Bu majnuntol tagida baʼzan yoshi ulugʻ bir odam oʻtirgan boʻladi. U juda olislardan, nima uchundir yigʻlab-yigʻlab keladi, soyasida tin oladi[9]. Shunda majnuntol uning yelkalariga, boshiga koʻzyoshlarini toʻkadi… Uzoq oʻtiradi, keyin horgʻin-horgʻin qadam bosib, quyosh botadigan taraflarga joʻnab ketadi.

Tong otgach, tushgacha shabada esadi. Tong otganida kunchiqar tarafning osmonida shafaq yalligʻlanadi, keyin tobora och qizil rang olib, yorishib borsa, kunbotar taraf anchagacha qorayinqirab turadi.

Toshloq orasida jildirab suv oqadi, lekin baliqchalar koʻrinmaydi. Suv ustiga egilgan shoxlar orasida bitta oʻrgimchak toʻr toʻqib olibdi. Oʻrgimchak yosh, rangi och sargʻish, oʻzi shaxdam. Bu – daraxt oʻrgimchagi. Suv oʻrgimchagi ham bor, lekin u koʻproq ariqlar va turgʻun suvlar ustiga in quradi, oqar suv ustiga qurmaydi. Sababi, jilgʻaning shabadasi boʻladi. Oqar suv ustida nam koʻpayadi, oʻrgimchak aqlli: in qursa, toʻri namiqib qolishini biladi.

Quyosh nuri tushmaydigan soya yerlarda och zangor tusli zax bor. Quruq yerlarning tuprogʻi qoramtir-kulrang. Qator oʻsgan tutlarning kavaklarida qush polaponlarining boshchalari koʻrinib turadi. Chumchuqning polaponining tumshugʻi sariq, tegrasida qizil hoshiyasi boʻladi. Lekin hozir koʻrib turganim musichaning bolasi emas, u kavakka tuxum qoʻymaydi. Kavakka saʼva bilan kakku in quradi.

Qizilishton esa daraxtlarni tumshugʻi bilan toʻq-toʻq etkizib uradi. Uni otam duradgor deydi. Tumshugʻi temirdan qattiq, daraxt tanasini teshib qoʻyadi. Chunki, ichida yogʻoch qurti bor, u – qizilishtonning yemishi. Faqat, poʻstloq bilan yogʻoch orasiga yashirinib olgan oʻljasini qanday sezganiga aqlim yetmaydi. Qurt, qushdan qutulish uchun daraxt tanasidagi yoʻlkavagidan shosha-pisha qochsa-da, qizilishton uni baribir topib oladi.

Lapanglab uchadigan yana bir qush bor, uni poʻkka deydilar. Poʻkka aslida koʻkqargʻa, uni togʻam otib kelardi bir mahallar. Zovurlarning qamishlari orasida potirlab bir necha quloch masofaga uchib boradigan suv tovugʻini qashqaldoq deydilar. U tovuqdan kichikroq, rangi qora boʻladi. Ikkalasiniyam goʻshtini yesa boʻladi. Musichaning goʻshti harom. Sababi, u musulmon qush. Qolganlari kofir qushlarmi? Nomaʼlum, lekin musulmon qushning goʻshtini yegan odamning miyasi aynib qoladi, deydilar.

Zovur yoqasida oʻsgan qari tollardan birining kavagida boyqush bor, uni boyoʻgʻli deymiz. Nimaga boyoʻgʻli deyishlarini bilmayman. Boyning oʻgʻli shunaqa xunukmi yo? Sariq koʻzlarini chaqchaytirib qaraydi, tomogʻi liqillab turadi. Boyoʻgʻli kishi umrini shunaqa qilib sanar emish. Shu bois uni yoqtirmaydilar, odamning qolgan kunini sanaydigan qush yaxshi qush boʻlarmidi? U, katta boʻlishiga qaramay nimagadir tovushsiz uchadi.

Soyning baʼzi joylarida suv sayoz, suvning osti mayda tosh qumi – zigʻirqum. Yursangiz, oyoqqa xush yoqadi. Zigʻirqum ustida mitti baliqchalar aniq koʻrinadi, birdaniga suzib ketishadi ular, shunda suv osti qumi toʻzgʻiydi, zarralari asta-sekin oʻz joyiga choʻkadi. Bu yerda qarmoq tashlab, baliq tutsa boʻladi.

Qarmoqda tutilgan baliqning sim teshib chiqqan tomogʻidan och-qizgʻish qon sizib chiqadi. Darrov jon beraqolmaydi, paqirga suvga tashlab qoʻysangiz nozik qon halqalari paydo qilib suzishga urinadi, ammo suzishi ravon emas, arang qimirlaydi, tezroq oʻlishini istaymanu oʻldirishga qoʻrqaman.

Mana shu yerlarda yura-yura, qopimni oʻtga toʻldiraman. Oʻroqning tigʻini pastga qaratib, oʻt ichiga tiqib qoʻyaman. Tutning novdasini sindiraman, poʻstini shilib ajrataman, poʻst qayishqoq, osti suvlanib turadi, yalab koʻrilsa taʼmi shirin boʻladi. Tutning novdasining poʻstlogʻi bilan qop ogʻzini boylayman. Ajriqning oʻtkir isi anqib turadi qopdan. Uni yelkamga olamanu ogʻirligini sezmayman – balki oʻrganib ketgandirman?

Toshli yoʻl qizigan. Baʼzi yerlari yorilib-yorilib, ajriq bosh koʻtarib chiqqan. Ajriq toshni yorib yuborgan joylaridan boshqa oʻtlar ham bosh koʻtargan. Biri tippa-tik oʻsibdi, shokilali oʻt ekan u. Bu oʻtning otini bilmayman, isi ham sezilmaydi. Ajriq esa gʻalati gullaydi, uchta yoki toʻrtta shoxlaydi, shoxlarida mayda qum zarrasi kabi zarrasimon moviy gulchalari boʻladi.

Tosh ustida oʻsgan ajriqlar gullabdi.

Ke-ye-yetaman, uyga qarab.

Osmonga bulut chiqadi. U Oydinkoʻlning ustida paydo boʻladi. Avval yoyilib, siyrak tuman hosil qiladi, keyin quyuqlashib, shakl oladi. Bulutlar koʻpaya boradi.

Bir mahal qarasam, toychoqlar toʻdasiga aylanadi, kishnashlari eshitilmaydiyu ammo samolarda chopib-chopib borishadi.

 

* * *

Ancha olisda togʻlar koʻrinadi. Hozir yoz, biroq choʻqqilaridagi oq qorlari erimagan, quyoshda yaltiraydi. U tomonlar sovuq boʻlsa kerak. Baʼzan shabada togʻdan esib, muzday havolarni olib keladi. Shunda togʻning sovuqligi esimga tushadi. Haybat shamollari oʻsha yoqdan esadilar. Ular jala bulutlarini haydab kelishadi. Jalalar mazza boʻladi. Quyganida hamma yoq shovullaydi, shu shovullashlarga qoʻshilib, qattiq qichqirgim keladi.

Uyimizga yetib kelaman. Darvozamiz sariq tusda, taxtalarining oralari ochilib-ochilib qolgan. Tavaqasini itarsangiz, qattiq gʻirchillaydi. Yonda qoʻshnimizning guvalak devori. Oftobda qizigan bu devorga doim ninachilar qoʻnib olishadi. Kesaklari orasida goho chayon ham boʻladi deydilar, lekin sira koʻrmaganman.

Bobom ayvondagi soʻrida yotadi. U qari, toʻqson yoshda, oyogʻi ogʻriydi. Yozda ham rangi oʻchib ketgan qora banoras toʻnini yelkasiga tashlab oladi.

Hovli sahni qattiq, toshday. Tuprogʻi shibbalanib ketgani uchun shunaqa. Bostirma ostida kulrang sigirimiz mening kelganimni sezib boʻkiradi. Qornim ochdi, demoqchi. “Ha oʻl”, – deyman. – Salqinda yotasanu boʻkirasan yana!” Bostirmaning bir ustuni – behi, naryogʻi guvalak devor. Bostirma yogʻochlarining bir uchi devor ustida, boshqa uchi behiga koʻndalang qoʻyilgan sarrofga mahkamlangan. Ustiga gʻoʻzapoya bosilgan, gʻoʻzapoya shoxlari osilib-osilib turadi. Behi tubiga qopimni agʻdaraman, shunda ichidan chumolilar oʻrmalab chiqishadi, oʻtga qoʻshib dalaning chumolilarini ham olib kelgan boʻlaman. Bular uyimizdagi chumolilarga oʻxshamaydi, uydagilar xonaki, bular esa shiddatli, tezchopar, boshlari katta va qattiq, chaqqan joyi qizarib, anchagacha achishib ogʻrib turadi. Oʻtlarning isi tevarakni tutib ketadi, bir quchoq olib, molning oldiga tashlayman. Hayvon boʻynini choʻzib, gʻarch-gʻurch chaynay boshlaydi, shoshganidan ogʻzining chetidan bir tutami chiqib qoladi, boshini silkita-silkita oʻtlarni yamlayveradi. Yana bir quchoq oʻtni qoʻylarga beraman. Qiyshiq paqirda suv opkelib tutaman, sigir gʻoʻlq-gʻoʻlq qilib ichib oladi.

Vujudimda horish his qilaman. Ammo charchoq yoʻq. Uyga qarab yuraman. Bostirma yoʻlagidan kelaverishdagi ilk kulba bobomniki, u kichkina, yerga qamish, qamish ustidan kigiz solingan, adogʻida dumaloqlab qoʻyilgan toʻshaklar bor, ularni onam yigʻib qoʻygan. Lang ochiq eshikdan yaqqol koʻrinib turadi. Keyingisi – bizning uy. Undan keyingisi – mehmonxona. Bu yerga atlas koʻrpachalar solingan, ipak isi keladi. Devorga mix qoqib. parda ilingan. Toʻrda mehrobda koʻrpalar taxlangan, ular ham atlasdan, bularning bari mehmonlar uchun. Hammasi yangiday turipti. U yerga kirsam, onam koyiydi. Mehmonxonaning islari begona, yoqtirmayman. Hamma narsasi yangi boʻlgani uchun kirgim kelmaydi. Oshxonadagi yogʻoch qutidan non olaman, yoʻl-yoʻlakay chaynab, bobomning oldiga joʻnayman.

Bobom kiraverishdagi ayvondagi soʻrida uzzukun yotadi. U juda koʻp narsalarni biladi. Qirning ustidagi yongʻoqlarni qargʻa ekkan deydi. Gaplariga chippa-chin ishonaman, bir kuni ataylab borib, oʻsha qargʻani koʻrib kelaman deb niyat qilib qoʻyaman. Shamol esganida, yomgʻir yoqqanida duo qiladi. Bular Xudoning neʼmatlari, shamol daraxtu oʻtlarni changlantiradi, yomgʻir esa jannatdan yogʻadi deydi. Lekin, meni koʻp koyiydi. Dasturxonni toza joyga qoq, befahm, deydi. Tirnoq olsang ostonaga koʻm, yaʼjuj-maʼjuj kelganida oʻsib chiqib, yoʻlingni toʻsadi, deydi. Saharlab yulduz soʻnmasidan darvozani ochib qoʻy, deydi.

…Haybati bir dunyo otam bobomning oldida kelganida yosh boladay boʻlib qoladi. Oyoqlarini yuvadi, uqalaydi, yaxtagini almashtiradi. Bobom otamni ham koʻp koyiydi…

U yurishga juda qiynaladi, chunki bir mahallar oʻrik kesishganda katta shoxi oyogʻidan bosib tushgan, shu joyi qattiq ogʻriydi. Kunning soyasi mening boʻyimga tenglashibdi, demak, asr vaqti kiribdi. Endi qiladigan ishim – bobomni tahorat oldirishim kerak.

Uni suyab, tahoratxonaga olib boraman, obdastada iliq suv olib kelaman. Bobom belbogʻini yechib yelkasiga tashlarkan, meni koyiydi:

– Tahoratxonaga chap oyoq bilan qiradi, quloqsiz! Chap bilan kirib, oʻng bilan chiqasan!

– Xoʻp, – deyman, boshimni egib, muztar boʻlganga solaman oʻzimni. Bobom ataylab qilganimniyam biladi, “Hah, betaʼsir”, deydi. Keyin eshik oʻrniga osib qoʻyilgan qanor qopni qayirib ichkariga kiradi. Ihrab-sihrab tahorat ola boshlaydi. Men uning chiqishini kutib turaman.

… Osmondagi toychoqlar bir suruv boʻlib samo dalalariga ketib borishmoqda. Oldindagisi oppoq, yosh, durkun ot. Yollari uzun-uzun, hilpirayotganday. Koʻklarning shamoli oq bulutlardan mahobatli bir arava yasaydi, keyin ikkala otni opkelib unga qoʻshadi. Ortidagi toychoqlar ularga ergashishadi.

Teraklarning barglari shildiraydi. Tanalari bulutday oq, bahorda pichoq bilan bittasining poʻstini kesganman, bir oycha suvi oqib turganu keyin odamning kesilgan joyiga oʻxshab qorayib qotgan, yarasining oʻrni bitib, jigarrang chandiq boʻlib qolgan.

Tol kavagida boyoʻgʻli istiqomat qiladi. Uni bolaligimdan beri bilaman, tomogʻini qimirlatib, katta sariq koʻzlarini tikib oʻqrayib turaveradi.

Doʻngga ninachi kelib qoʻnadi. Buning turi koʻp. Eng kuchlisi – katta koʻk boshli ninachi. Dirillab uchib yuraveradi, charchamaydi, kamdan-kam qoʻnadi. Boshqalari kichkina, tutib olsangiz, katta ogʻzini ochib, barmogʻingiz terisini tishlashga urinadi, odamning qitigʻini keltiradi. Uning dumidan ushlab olaman. Ninachi shaffof toʻr-toʻr qanotlarini dirillatib, uchishga urinadi, shu mahal bobom chiqib keladi, ninachini qoʻyib yuboramanu oldiga chopaman.

Bobomning qoʻllaridanu tirsaklaridan chak-chak suv tomadi. Tirsaklarining terisi osilib qolgan, eti suyakdan ajragan.

Makkapoyaga ilib qoʻygan belbogʻini oladi-da, hafsala bilan yuz-qoʻlini artadi. Keyin qovogʻini solib, menga qaraydi.

– Salom qani, befahm?

– Iya, – deyman esimdan chiqqaniga iljayib. – Assalomu alaykum!

Bobom alik oladi. Birgalashib soʻriga qaytib boramiz. Bobomning joynamozi eski, oyoq, tizza, tirsak va bosh tegadigan yerlari oqarib qolgan. Joynamozni qiblaga toʻgʻrilab solib beraman. Bobom egilib-turolmaydi, tik turgan holida quloq qoqib, sano aytadi, keyin qolganini oʻtirib davom ettiradi.

Juxorilar orasidan tovuq qaqolaydi. Yalt etib bobomga qarayman. Bu tovushni bobom ham eshitadi, ammo qovogʻini uygancha namozida davom etaveradi. Kattalarning oʻzlaricha tevarakka parvo qilmay namoz oʻqishini koʻp koʻrganman. Menga buvimning namozi koʻproq yoqar edi. Kichkinagina boʻlib qunishib, musichaday boʻlib namoz oʻqirdi. Bobomga oʻxshab, meni “befahm” demasdi. Bobomning namozida haybat bor, buvimniki xokisor edi…

Shu mahal chayonni koʻrib qolaman. U dumini gajak qilib bobom sari oʻrmalaydi.

– Chayon! Bobo, chayon!

Bobom oʻsiq qoshlarini chimiradi, ammo namozini buzmaydi. Chayon bobomni chaqib olsa-ya?! U yam-yashil, sariq emas, koʻzimga katta boʻlib koʻringani bilan hali yosh boʻlib chiqadi, borib joynamozning sholchadan koʻtarilib turgan joyiga kirib ketadi. Bobom namozini bitiradi, keyin salavot oʻqiydi, duo qiladi. Shundan keyingina:

– Nimaga baqirasan? – deydi. – Qani chayon?

– Joynamozning tagida, – deyman u kirib ketgan joyni koʻrsatib.

Bobom hayiqmasdan joynamozning chetini qayiradi, ostidagi chayon nishini koʻtaradi.

– Bor joyingga, imoning yoʻqmi? – deydi bobom chayonga. – Kelib kelib namoz oʻqiyotgan odamga daf qilasanmi, ahmoq!

Keyin menga qarab:

– Olovkurakni opke, – deydi.

Olovkurak oʻchoqni boshida. Chopib borib opkelaman. Bobom chayonni olovkurak bilan qisib oladi, menga beradi-da, “Ariqqa oqizvor”, deydi. Hovli adogʻiga boramanu uni suvga oqizvorgim kelmaydi, ariqning naryogʻiga irgʻitaman. Chayon oʻtlar orasiga kirib ketadi, u yerda toshbaqaning bolasini koʻraman, ushlab olgim keladiyu chayondan qoʻrqaman, ortimga qaytaman.

– Qoʻrqmas ekansiz-a! – deyman bobomga, faxrlanib.

Tovuq yana qaqolaydi.

– Xudoning qudratini koʻr, – deydi bobom. – Ey odamlar, tuxum qildim, olinglar, uvol boʻlmasin, deb chaqiryapti, – deydi bobom. – Bor, tuxumini olib, nonsavatga solib qoʻy.

Tomorqadan singlimni ergashtirib onam chiqib keladi. Ust-boshi tuproq, ekinlarni chopiq qilgan boʻlsa kerak. “Voy, chop, tandirga qara, nonim achib ketmasin,” deydi shosha-pisha. Singlim ortidan ergashadi, u doim onamning koʻylagini ushlab yuradi. Tandir yoniga boraman, olov yonib boʻlibdi, issiqda jimirlab hovur koʻtarilyapti.

Onam chang tushmasin deb yoʻl-yoʻl dasturxonga oʻralgan zuvalalarni savatga solib keladi-da, non yopa boshlaydi.

Shunda olma shoxiga bir qargʻa kelib qoʻnadi-da, singlimga qarab qattiq qagʻillaydi. Singlim qoʻrqib, chirillab yigʻlab yuboradi.

Onam “Voy oʻlay” deb unga qaraganida, kosovga ilashib chiqqan bir choʻgʻ koʻylagiga tushib, tutay boshlaydi. Singlim esa qattiq qoʻrqqani uchun battar chirillaydi. Onamning koʻylagi bir muddat tutab, keyin lov etib alanga oladi. “Ona-a, yonyapsan”, deb baqiraman. Onam chopib boryaptiyu bir olovga, bir singlimga qaraydi. Lekin toʻxtamaydi, singlimning oldiga yetib boradi, unga hech nima qilmaganini bilganidan keyingina olovni oʻchirishga urinadi. Obdastadagi suvni olib, ust-boshiga sepib yuboradi.

– Esimni chiqarvording-ku, onang choʻri, – deydi onam, ukamni bagʻriga bosib, eti kuyganidan yuzini burishtirib.

Bostirmada turgan ot kishnaydi. Aslida, bor bisotimiz yerimizu shu bitta otimiz xolos. Bechorani toychoqligidan beri aravaga qoʻshamiz, tuproq, xazon, qop-qop bugʻdoyu somon tashiymiz. Yelkasini, biqinini teri qayishlar qiyib yuborgan, ammo itoatkor, yuvosh ot bu.

Nariroqda shotisi boʻyintirigʻi bilan tikkaytirib qoʻyilgan eski arava turibdi. Gʻildiraklari katta-katta, aylanasiga temir qoplangan, yogʻochlari yorilib-yorilib ketgan, qurib tursin deb otam uni quyoshning tigʻiga sudrab oborib qoʻygan.

“Otangni yoniga borib kelaqol, qorni ochgandir”, deydi onam. Tugunchaga bitta jizzali non bilan besh-oltita yogʻli qurut solib beradi, uni olib dalaga joʻnayman. Jizzali non juda shirin boʻladi, yoʻl-yoʻlakay tugunchaning chetini ochib, ushatib-ushatib yeyman.

Otamni bor-yoʻgʻi bitta koʻk toʻni bor. Uzoqdan ekinlar ichida kuymanayotgani koʻrinadi. Toʻnnining yelkasi ilma-teshik boʻlib ketgan. Otam ozgʻin, bugʻdoylar esa boʻliq.

Tol shoxida bir qush qoʻnib oʻtirgan boʻladi. “Ha, haliyam shu yerdamisan?” deb qoʻyadi otam unga. Bu qush uzoqlardan, togʻu toshlarning ortidan uchib keladi. Boshidagi qizgʻish patlari toj kabi tovlanadi, ammo gʻamgin qush u.

Otam ovqatlanib boʻlgach, ikkovimiz oʻtoqqa tushib ketamiz. Mendan keyingilar – singillarim, ular hali kichkina, mehnatga yaramaydi, onam bilan mayda-chuyda yumushlarga unnab oʻralashishadi. Roʻzgʻorning mehnatchisi – otam ikkovimiz.

…Esimni taniganimdan beri bilganim – shu mehnat. Otam bilan omoch tortib, shudgor qilamiz, makkayu juxorilarni oʻramiz, qoplab tegirmonga tashiymiz, uzumlarni uzib, sotgani baqqolga beramiz, sabzilarni olamiz… goʻng toʻplab oʻralarga koʻmamiz, qirqilgan uzum zanglarini yoqib, kulini aralashtiramiz… Bu mehnatning adogʻi koʻrinmaydi. Goh-goh qishloqda toʻy boʻlib qoladi, kimdir kimgadir uylanadi, toʻylar ham gʻaribgina oʻtadi, odamlar toʻy palovida goʻsht serobroq boʻlsa, keyinchalik anchaga dovur maqtab-tamshanib yurishadi. Hammaning uyida ishkom bor, terakning yogʻochidan qilingan, issiqda bu yogʻoch oqarib qoladi – oppoq-oppoq ishkomlarda qizil-qora-ochyashil uzumlar osilib turadi, odamlar ari yeb ketmasin deb ularni boʻz latta bilan oʻrab chiqishadi. Toʻylarda yayraymiz, keyinchalik esa yangi kelin-kuyovning ham ohori ketib qoladi goʻyo… kun oʻtgan sayin xiralashib, elga qoʻshilib borayotganday tuyuladi… kelinning oq yuzlari, kuyovning chaqnoq koʻzlari tussizlashadi… ular ham mehnatdan bosh koʻtarishmaydi… kelinning yer chopayotganini, mehnatga koʻmilib ketganini koʻraman… hamma-hammasi haybatli bir savol boʻlib boshimga kelib osilib turaveradi: odam bolasi dunyoga nimaga keladi oʻzi?

Otamni ham koʻp oʻylayman. Otam ham bir mahallar men kabi bola boʻlgan, ariqlarda choʻmilib oʻynagan, bobom bilan ekinzorda mehnat qilgan, voyaga yetib ulgʻaygach, roʻzgʻor qurib, bola-chaqa koʻrgan, yaʼni bizlar tugʻilganmiz, bizlarni katta qilaman deb yana mehnatga kirib ketgan… Bizlar ulgʻayganimiz sayin otam qartaya borgan… endi bu yozuq bizning peshanamizda davom etmoqda. Men ham boʻy choʻzdim, men ham tengimni topib uylanishim, otamni boqishim, bolalarimni ulgʻaytirishim kerak.

Yaʼni, kuniga uchta non topishim kerak! Bittasini oʻzim yesam, ikkinchisini qarzimni uzishga, uchinchisini esa qarzga berishim kerak!

Bu oʻylar yuragimni ezadi, toʻgʻrisini aytsam, osmonda uchib yurgan qushlarga, hayvonlarga, oppoq toychoqlarday suzib borayotgan anavi bulutlarga havasim keladi – shularning taqdiri biznikidan oson-ku, deb oʻylayman. Bir qushga, bir yumronga nimayam kerak boʻlardi? Rizqi shundoqqina yoʻllarida sochilib yotibdi… otamga qiyin-da deyman.

Oʻt yularkanman, goh-goh boshimni koʻtarib qishloqqa – Minglar buvaning uyiga qarab-qarab qoʻyaman. Bu yerdan uydagi kishilar koʻrinmaydi, teraklari koʻrinadi xolos, ammo oʻsha yerda osmonlarning malikasi boʻlmish bir qiz borligi tufayli koʻzimga boshqacha tuyuladi.

U – adl qomatli, chaqmoqday bir qiz. Chaqmoqdan bino boʻlgan! Chaqmoqning chiroyliligini, koʻklardan yerga otilib tushishini, kuydirib-kul qilishini koʻrganmisiz? Dilorom ana shunday goʻzal va shiddatli! Koʻzlari yulduz-yulduz. Qoshlari qaldirgʻochning qanotiga oʻxshaydi.

U, bizning pastrogʻimizdagi Minglar buvaning qizi.

Onasi u tugʻilganida Oydinkoʻlga choʻkib ketgan, Dilorom qiz – yetim qiz aka-ukalarining, amma-xolalarining qoʻlida qolgan. Aka-ukalarning har biri oʻzining koʻyida – Dilorom ishtiyoqida tinchimagan har kim aka-ukalarning koʻnglini ovlash payida yuradi. Uni kelin qilaman, degan xotin-xalaj ham “aylanayin, qoqindiq” deya Diloromning amma-xolalariga girdikapalak boʻladilar.

Tabiiyki, har kimdan uni oʻzimcha qizgʻonaman. Tinimsiz ezuvchi yumush ichida shunday qolib ketarmikinman deymanu yuragimning bir cheti yogʻdulanib turadi – yoʻq, bir kuni bu zahmat tugaydi, taqdirim oʻzgaradi.

Chunki, aniq bilaman – Dilorom tufayli hayotim oʻzgarib ketadi.

Sababi – shu qiz tugʻilganidan beri Minglar buvaning uyidan baraka arimaydi. Sigirlari shunaqa moʻl sut beradiki, Minglar buva ortganini qoʻni-qoʻshnilarga tarqatib chiqadi. Sovliqlari bexato egiz tugʻadi. Diloromning qoʻli tekkan ekinlar gurkirab oʻsadi, hosili shigʻil-shigʻil boʻladi.

Oʻzim ham uni koʻrsam kuchga toʻlaman, yengillashaman, zavqim kelib bir qichqirsam, osmon aks-sado beradi.

Kechalari uzun-uzun xayollar suraman. Diloromga muhabbatimni soʻylasamu u rozi boʻlsa deyman. Aytadigan gaplarimni xayolimda yuzlarcha marta takrorlayman. U rozi boʻlsa, onam borib eshigining tagini supurib kelsa, otam bilan amakilarim uyiga borsalar, non sindirilib, fotiha qilinsa, keyin… togʻu toshga joʻnasam, qirdan, jardan, changalzorlardan oʻtsam… Iskandar devoriga tirmashib choʻqqilarga chiqib borsam… taqdir lolasini topsam, desamki: “Shu kimsasiz makonda, chaqmoqlarning ostida bitta oʻzing koʻkka boʻy choʻzibsan. Yana bir qancha vaqt oʻtgach, boshqa hamma chechaklar kabi yoʻqlikka yuz tutasan. Kel, rozi boʻlaqol, yoningga behudaga kelganim yoʻq. Elimda meni olamda tengi yoʻq sevgilim kutmoqda, kelajakda ikkimiz Tangrimning ismi va xohishi ila oila quramiz, turmush boshlaymiz. Hech kimsaga farovonligu saodat baxsh etmasdan, shu xususiyatingni oʻzing bilan olib ketishga qanday chidaysan? Bandingdan uzishimga izn beraqol, toki ortimga qaddim tik, boshim ozod qaytay, seni boʻlgʻusi juftimga tortiq qilay, sen bois bir oilaga qut-barakat va baxt-saodat kirib kelsin!”

Bu gaplarimga uning koʻnishiga ham ishonaman. U – aqlli gul, oʻshanda tevaragidagi qoʻriqchilari yoʻl boʻshatishlariga ishonchim komil.

Ana shundan soʻng bizlar baxtli hayot kechirib, murod-maqsadimizga yetamiz!

Loladanu baxtdan yana kimlardir xabar beradilar. Har bahor kelganida qirdagi bir tup oʻrik oppoq boʻlib gullaydi. Koʻklam elimga Dilorom boʻlib, gul ochib-koʻrklanib kirib keladi. Qarshisiga boraman-u, undan “Baxtim bormi?” deb shivirlab soʻrayman.

Kimdir javob beradi:

 

Yuzlarimni silab-siypalab,

Baxting bor, deb esadi yellar

Etgan kabi goʻyo bir talab,

Baxting bor, deb qushlar chiyillar.[10]

 

Ajabo, oʻsha mahal boshqa saslarni ham ilgʻay boshlayman. Yerda xazonlar orasidan unib chiqqan bitta maysa ham bahorni men kabi sogʻingan boʻlib chiqadi.

 

Qishning yoqasidan tutib, soʻradi seni,

U ham yosh toʻkdiyu chekildi nari.

Seni izlar ekan boʻlib shabboda,

Sen yurgan bogʻlarni qidirib chikdi.

Topmay sabri tugab, boʻron boʻldiyu

Jarliklarga olib ketdi boshini.

Farhod togʻlarida daraging soʻrab

Soylarga qulatdi togʻning toshini…[11]

 

Qirlar esa qizgʻaldoqlar bilan toʻladi, chechakzor boʻladi. Kimnidir izlab yurgan bahor shabadasi ostida bittasi nolon-nolon chayqalib oʻksinadi:

 

Buni hayot derlar, unutma aslo,

Bir kun ochilasan, bir kun soʻlasan.

Qalbimda-ku, faqat sen eding tanho,

Qabrim ustida ham oʻzing boʻlasan.

Sen bizning sevgidan xotira – bayroq,

Lola, lolajonim, lolaqizgʻaldoq…[12]

 

Ajabo, qaysi loladan bahs etayotir bu kishi? Tushunolmayman, ammo ikki qizgʻaldoqning bir-biriga intizorligidan aqlim shoshadi.

 

* * *

Otam tinmay ketmon uradi. “Ha-ah!” deb urganida tuproq boʻrsillab agʻdariladi.

Daraxt shoxidagi qush sayramasdan jim boqadi otamga.

Ey bolai nodon, otaning qanday zot ekanini qaydan bilarding, deydilar keksalar. Onaning kimligini qaydan ham bilarding? Dunyoning bor sarvati ona qadamining bitta iziga arzirmidi? Ey oʻgʻlon, onangga, onangga, onangga, undan keyin otangga yaxshilik qil! Ajabo, ona otadan ham muborakmi deb hayron boʻlsam, kulimsirab tushuntiradilar: “Shunchalar mukarram boʻlgan onang otangning izmida ekanini koʻrmayapsanmi, bolam? Bilib qoʻy, otaga tik boqib, soʻz qaytarib boʻlmaydi, yurganida undan oldinga oʻtib ketib boʻlmaydi, otadan avval taomga qoʻl uzatish mumkin emas, qarshisida qoʻl qovushtirib, boʻyin bukib turish shart, qoshida qattiq ovoz bilan gapirish mumkin emas! Otaning soʻzi qonun, unga soʻz qotishning oʻziga xos yoʻsini bor… Shu sababdan ota rozi – xudo rozi deb aytadilar, mana bu oʻgit ham ota zotining ulugʻligidan bahs etmayaptimi?

 

Ey koʻzumning shamʼiyu ham nuri diydam ravshani,

Odamiy imonga yetmay hech vaqt boʻlmas gʻani,

Mardumozori qilib boʻlma Xudoni dushmani,

Osmonga yetsa boshing qilmagʻil movumani,

To otang rozi emas, tavbang qabul boʻlmas sani.

 

Bolalarim, roʻzgʻorim deb tinim bilmaydigan, oʻzi yemay bolalariga yediradigan, oʻzi ichmay ichiradigan otamning kimligini shundan keyin anglaganday boʻlaman. Yana aytadilar:

 

Dini imoning bilan ursang bu yoʻlda dastu po,

Zoʻri bozing birla yetsang oʻttiz uch ming xonaqo,

Osmondin tushsa Iso, qilsa haqqingga duo,

Murshiding Xizri zamon boʻlsa boʻlolmas rahnamo,

To otang rozi emas, tavbang qabul boʻlmas sani.

 

Balki otaning salobati ulugʻ boʻlgani, koʻp narsani ichiga zimmasiga olib, umrini bolalariga bagʻishlagani uchun ham bu soʻzlar aytilgandir? Onamning rozi boʻlishi juda oson, arzimagan narsaga ham koʻzida yoshi bilan alqab-duo qilaveradi, otam esa koʻp hollarda indamaydi, bosh irgʻab qoʻyadi, xolos. Onamning yoʻrigʻi boshqacharoq, otamga aytolmaydigan gaplarimni onamga bemalol aytaveraman. Lekin, onangning izzati otangdan yuz chandon ulugʻ demoqdalar-ku? Nima uchundir, har narsaning boshida ota boʻlgani holda, onaga yanayam ziyoda izzat koʻrsatish talab qilinmoqda-ku? Ha, haqiqatan ham gʻalati charx bu: bolaga “onangni izzat qil” deyilsa, onaga “egangga boʻysun” deyilmoqda, oʻgʻil erta-bir kun ulgʻayib, oʻzi ota boʻlgani mahal, onasiga koʻrsatgan izzat-ehtiromining oʻz juftidan qaytganiga shohid boʻlsa, qiz turmush qurganida, xoʻjasiga koʻrsatgan ehtiromining aksini bolasidan koʻrmoqda… Shu sabab ham onasini umri oxirigacha yelkasida tashib yurgan bir odamdan, ona rizosi uchun sarvatlardan voz kechgan oʻgʻildan bahs etardilar. U odam “Onamning oldidagi qarzimni uzoldimmi?” deb soʻraganida, shunday javob boʻlar edi: “Onangning sen uchun chekkan bir kunlik zahmatining qarzini ham uzolmading”. Keksalar bunday hikmatlarni oddiy tarzda, rivoyat aytib tushuntirar edidar. U rivoyatlarda qushlaru hayvonlar soʻzlar, toshlar tilga kirar, maʼnolar kutilmagan tarzda bir-biriga bogʻlanib qolardi. Goʻyo yana bir dunyo bor, u dunyoda soʻz aytmaydigan bironta jonzot yoʻq, u yerdagi hamma narsa timsol-u, barchasi insonga xitob qiluvchi maʼnolarga aylangan edilar.

Onaning aytganlarini quloq qoqmay bajarish shartligini bilar edim. Chunki otam ham shunday edi – buvim tirikligida nima desa xoʻp deb, aytganini qilardi. Buvim qartayganida yurolmay qoldi, shunda otam uni necha bora qoʻllarida koʻtarib tashqariga olib chiqqanini, yelkasiga yosh boladay ortmoqlab, tomorqayu daraxtzorlarni aylantirganini koʻrganman. Oʻshanda buvim “meni eski behining tagiga olib bor”, deb xarxasha qilgan, otam olib borganida qari ogʻochning ostida oʻtirib rosa yigʻlagan edi.

“Ey otamning behisi,” deb daraxtga murojaat qilgan edi buvim.

“Sen ham qartayib-churib ketipsan-ku, otamning behisi? Shoxlaring mening qoʻllarimga oʻxshab qopti-ku? Tanangda otamning qoʻllarining taftini sezar edim-ku, otamning behisi? Tafting soʻnibdi, meva tugarga holing qolmapti, choʻkib ketipsan-ku? Ildizlaring ochilib-ochilib qopti, suv icharga holing qolmapti… Men ham senga oʻxshab churib bormoqdaman, ayt-chi, sen oldin yiqilasanmi yo men?”

Xazonlar orasida chirib, jigarrang tusga kirgan bir mevani topib olib, yosh boladay suyungan, yupqa poʻstini archib tashlab, ichidagi shirin taʼmli boʻtqani barmogʻi bilan aylantirib, xuddi sumalak yalaganday yalab, suyunib ketgan edi. “Kichkina qizaloq edim-da oʻshanda, – degan edi, tirishlarga toʻla xayolchan yuziga toʻsatdan eslaganidan baxtiyorlik ifodasi balqib. – Mana shu Ozoddan ham kichkina edim. Biram tez chopardimki… Yo tavba! Sarviniso bilan chirigan behilarni topib olib ichini yalar edik, juda shirin boʻlardi… Voy oʻlay, Sarvinisoyam ketib qoldi-ku…” deb birdaniga yana yigʻlab yuborgan edi.

Ajabki, sal shoʻxlik qilsam koyib beradigan otam, buvimning bunday xarxashalariga lom-mim demas, ne desa quloq qoqmay ado etardi. Kechalari yonida oʻtirib chiqar, oyoqlarini uqalar, yuvar, taom keltirib ogʻziga tutar, kampir baʼzan xarxasha qilib yemayman deb turib olar… goho yigʻlar ham edi. Otam ulkan sabru toqat bilan shu xizmatida davom etardi. Buvim olamdan oʻtganida otam yosh boladay hoʻng-hoʻng yigʻlagan, men ham hali nima voqea roʻy berganini idrok qilmasdan turib, oʻz-oʻzidan qoʻshilib yigʻlab yuborgan edim. “Voy onam, farishtam onam”, deb yigʻlagan edi otam, ulkan kafti bilan peshanasiga ura-ura. – Voy duogoʻyim onam! Kirsam, doimo joynamoz ustida duo qilib oʻtirgan boʻlardi. Tasbehining ipi uzilib ketgan ekan, donalarini ipga tizaman debdiyu joynamozning ustida jonini berib qoʻyaqolibdi onam!.. Butun dunyo bitta qadamingga arzimas edi, voy mehribonim, izingni qaydan topay endi?..”

 

* * *

Hayoti dunyoda ekanimda olam mana shunday gʻalati maʼnolari bilan tevaragimda gullab-joʻsh urar, ongimga bir nimalarni tinmay uqtirardi.

Koʻrganim barcha narsalaru voqealar: maysalarning unib-oʻsishlari, koʻklarda chopib borayotgan toylar, inlaridan boshchalarini chiqarib qarab turgan polaponlar, turli-tuman gullayotgan chechaklar, suv uzra toʻrini yoygan oʻrgimchaklar, toshbaqaning yelkasiga minib olgan chayon bolasi – hamma-hammasi xayolimni boshqa tomonlarga yetaklab ketardi.

Suvlar sharqirab oqar, osmondagi bulutlar bagʻirlarida koʻllarni ohista suzdirib kelib, avaylab yomgʻir qilib yogʻdirar, shamollar ularni qaylargadir surib ketardilar. Tuproq koʻpchib-joʻshib, sanoqsiz xazinalarni bagʻridan chiqarib yuborar, turli-tuman mevalaru oʻtlar yetila boshlardi. Goh-goh bular oʻzlarining azaliy yumushlarini ado etishdan bosh tortib ham qolishardi. Sharros jala quyib, boʻtana sellar kelar, yoʻlidagi daraxtlaru uylarni agʻanatib-yiqitib suron solib oʻtib ketardi. Goh quturib, haybat solib, hamma narsani uchirib-yulqilab zoʻr shamollar esa boshlar, kechagina mayin yomgʻirlarni olib kelgan bulutlar quyuqlashib, qop-qora oralarida koʻzni oladigan olov chaqmoqlari yarqirab ketardi. Goh esa minglab tur oʻt-oʻlangayu jonivorga vatan boʻlgan yer junbishga kelardi, nima sababdandir ustidagilarniyu bagʻridagilarni otib yuborishga urinardi. Shuncha hodisalar orasida shamollarga havas qilar edim, dov-daraxtni silkitib, qiru dashtlar ustida shunaqa ozod, shunaqa hur uchgim kelardi, suvlarga aylansamu sharqirab oqsam, chaqmoqqa aylansamu tevarakni yoritib, koʻklarning bagʻrini tilib, bulutlarning pardalarini yirtib yuborsam der edim… goho oʻzimni shularga aylangandek his qilar, shunda tepadan qaraganimda jimit uychalar, gʻimirlab yurgan kishilar, ekinzoridan chiqmay mehnat qilayotgan otam, tandiru oʻchoq boshidan beri kelmaydigan onam, tosh kesayotgan kishi, makkajuxorilar orasidan yemish istab chiqib kelgan kuchuk… bari nimalarningdir timsoli boʻlib koʻrinar, bir shiddat ursamu umrlarining mushkullarini oson qilsam der edim!..

 

* * *

…Shunaqa ajoyib xayollar ichida yurardim. Kunlar-oylar oʻtib, nihoyat, bir kuni otam amakilarim bilan borib, Dilorom ikkimizga non sindirib fotiha qilib qaytishdi.

Oʻsha kunlari tush ham koʻrdim. Ajab, Dilorom Oydinkoʻlda suzib yurarmishu oyga aylanib qolganmish. Osmondagi oy aslida uning aksi emish, tevaragida kumush baliqlar jilolanarmish. Men koʻlning sohilida, ikki yonimda ikki arslon, yollarini silab oʻtirgan emishman.

Hadeb uni koʻrgim kelaverardi. Hali nikoh oʻqilmagan boʻlsa-da, fotiha qilindik-ku deb, axiyri boqqa chiqqanida, ish bilan mashgʻul kabi yoniga borganim ham esimda.

Yo, Olloh! Qadamidan toʻxtasa, ogʻochlarning novdalari sekin-muloyim boʻlib, u tomon egilishar, mevalar oyoqlarining ostiga toʻp-toʻp toʻkilar, rizq ilinjida chopib yurgan chumoliyu hasharot yoʻl boʻshatar edi.

Roʻmolini iyagi ostidan boylamagan, dol boylagan, qaddi tik, boshchasi ozod… ozod-ozod qarar edi menga.

– Ey oy yuzli, – dedim unga, oʻshanda. – Sen tufayli hayotim oʻzgarib ketganini bilasanmi? Avvallari oʻzimning kim ekanimni bilmas edim. Ismimning Eranligiyu ota-onamga oʻgʻilligimdan boshqa xususiyatim yoʻq edi. Umrimga bildirmay kirib kelding, hayotim chechak ochdi, dunyo gulga burkandi, boʻyim yetti gaz oʻsdi goʻyo. Sen tufayli boshqa ahamiyat kasb etdim. Kuchu quvvatim behad ortib, tanamga sigʻmas boʻldi. Istasang, shamol boʻlib uchaman, istasang, yomgʻir boʻlib bogʻingga yogʻaman… Mana shu togʻlarning ortida, qoyalarning uchida baxtu saodat lolasi oʻsadi deydilar. Istasang, oʻsha lolani olib kelib qoʻllaringga tutaman. Faqat gaplarimga ishon! Kecha bola edim, oʻynab-kulib oʻsgan edim. Bugun er yetildim, eran boʻldim. Bularning hammasini menga ishonishing uchun, taqdiringni men bilan bogʻlaganingga shubha qilmasliging uchun aytmoqdaman.

Shu gaplarni aytarkan, qoʻllaridan tutgim keldi… U esa bugʻdoyning bitta somonini olib, yerga tashladi.

– Oʻrtada chegara bor, – dedi u. – Bundan oʻtib boʻlmaydi. Oʻtilsa, dunyo buzilib ketadi.

Shu mahal tepamizga oʻsha qushcha kelib, yana “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deya sayradi.

Diloromning yuzlari duv qizardi. Qushchadan uyaldi u.

Togʻni ursam talqon qiladigan kuchim boru mana shu somon parchasidan oʻtgulik quvvatim yoʻq edi.

Dilorom menga bir qarab, ota uyiga yoʻnaldi, men esa qirga chiqib ketdim, quyun oyogʻim ostida oʻralashdi. Qir oʻzining goʻzalliklariga oʻzi burkanib olib, latofatini koʻz-koʻz qildi. Huv tepada Uchyongʻoq koʻrindi.

Aniq esimda: bitta qargʻa tumshugʻida yongʻoq donasi bilan tikkasiga samoga koʻtarildi.

Osmondagi toychoqlar suruv-suruv boʻlib ortimdan ergashishdi.

Tepadan qaralsa, qiru qishloq orasidan ham Dilorom koʻrinayotganday edi – ajabki, atrofdagi hamma narsaning orasidan uning siymosi balqidi, gullar ham, anvoyi islar ham uni tamsil eta boshladi.

Nishabdan oʻtib, tutzorlar yoqalab Muhammad akaning bedazoriga joʻnadim.

Muhammad akaning bedazorida bagʻrimni yerga berib yotaverdim…

Jildirab oqayotgan suvga engashgan yalpiz shoxchasiga bir kapalak kelib qoʻndi. Suvning jildirashida yalpizning shoxchasi chayqaldi… bir mahal kapalakning qanotiga suv sachradi, hoʻl qanotini koʻtarolmay suvga qulab tushdiyu oqib ketdi… 1[13]

Uyimizdagi boyoʻgʻli shu yerga ham uchib kelgan ekan, endi yongʻoqning kavagiga kirib olibdi, oʻsha yerdan turib yana menga oʻqraydi.

 

* * *

Otamni yov oʻldirib ketganida men hovuzning ichida, tozalayotgan edim. Hovuz suvi kamaygan, och baqalar yelkamga, boshimga oʻrmalab-oʻrmalab chiqishar… suvilonning bolasi bilagimga oʻralardi.

“Otangni yov oʻldirdi… qoni oqib-oqib, shu yergacha keldi”, dedi tuyqus birov.

Hovuzdan chiqib, ingichka iz boʻlib oqib kelgan qonni koʻrdim… otamning qoni bu… iz boʻylab yerimizga yetib borganimda na yov bor edi, na ot… otam esa yer tishlab yotgan ekan.

Otam ekkan ekinlar payhon-payhon, tuproq bilan bitta boʻlib ketibdi.

Yovga nima edi ekinni payhon qilib? Rizq edi-ku, oʻzi oʻsib-unib yotgan edi-ku?

Yovga nima edi otamni yer tishlatib? Rizqining boshida, yerdan tortib-chiqarib yurgan edi-ku?

Ichimda alamim toshib keldi, shunda orqa tarafimdan birov yelkamga ogʻir, zalvorli qoʻlini qoʻyganday boʻldi.

“Ota?!”, – deb shartta oʻgirildim, yoʻq, otam mana-ku, tilini tishlab yotipti-ku, kelgan otam emas, ot ekan, qaytib kelib, yelkamga boshini qoʻygan ekan!

Yov… otamni oʻldirgani bir boʻldi, yerimni – rizqimni payhon qilgani bir boʻldi, bir yoqda onamu ukalarim… Ey Xudo, qishloqda… Dilorom bor-ku?

Ichimdan bir shiddu shahd koʻtarilib keldi. Nazarimda onam, singillarim, Dilorom – bularning barining qiyofalari birlashib, yov qarshisida himoyasiz turgan qushchalarga aylanib qoldilar.

Yoʻq-yoʻq! Yov Diloromni deb kelgan boʻlsa-chi? Yoʻlida uchragani boisgina boshqalarni yer tishlatayotgan boʻlsa-chi? Axir, Dilorom bois tevarak rizq-barakotga toʻldi, u bois hayot marhamatu safoga gʻarq boʻldi… balki yov ham shu marhamatdan umidvordir?

Shu mahal chaqmoq chaqib, yomgʻir ham quya boshladi.

Ongimda bir nima yarq etdi… nimadir ochildi!

Shovullab yoqqan yomgʻiru chaqmoq ostida mana bunday deb qichqirdim:

“Osmonlardan quyilib, yerlarni sugʻoruvchi yomgʻirlar bilan qasam!

Koʻklarni yorib-titratuvchi va yerlarga sanchiluvchi chaqmoqlar bilan qasam!

Uyilib-mingashib keluvchi bulutlar va ularning bagʻridagi rahmatlar bilan qasam!

Hammangizning shahdingiz mening ichimdadir – shohid boʻlingizkim, mana shu shahd ila Dilorom uchun yovga qarshi bormoqdaman! Bori hikmatlarni yaratgan Tangrim haqi, hammangiz mendan rozi boʻling!”

Dast oʻrnimdan turdim, oyogʻim ostida bir qizgʻaldoq qoq belidan qirs etib sindi, shu holicha ham meni toʻxtatmoqqa urindi:

 

Dardim daryo boʻlib oqizmas meni,

Seni qanday asray, koʻzi qaroliq?.. [14]

 

* * *

– Bu makonda ham loladan bahs etilmoqda, ammo maʼnolari tamomila boshqa, – dedi Ozod. – Aytilganlarning bari haqiqatan ham boʻlib oʻtgan voqealarmi?

– Har qadamingda qurtu qush, oʻt-oʻlan bir-biriga intiq ekanini koʻrganing kammi? – dedi shamol, shunda mavjlarida yana donishmandona ohang taraldi. – Qushlarning zoru intizor sayrashini eshitmadingmi? Yangi barq urgan chechaklarning hid taratishlari ularning gapirishlari emasmi? Sen bahorni koʻrmoqdasan, u hammayoqni ana shunday joʻshtirib, tugʻyonlarga solmayaptimi? Umumiy bir bahor dedim, kuz ham umumiy keladi. Aslida bahorning ichida ham kuz bor, istasang, umr kuziga yetib kelgan bir kishini koʻrsatay senga. U hadsiz-hududsiz uzumzorlar egasi, yonida arsloni ham bor, ezgin-ezgin kezadi bogʻlarini…

 

Uzumzorlar egasi

 

…Hech ortingizga nazar tashlaganmisiz?

Tunlari bexos uygʻonib, atrofga quloq solganmisiz? Tun pardasi ostida osoyishtalik hukm surayotganiga ishonch hosil qilgach, koʻnglingiz baribir oʻrniga tushmay, yelkangizga toʻningizni tashlab hovliga ham chiqqandirsiz?

Oyning oqish nurlari daraxtlarni, qorayinqirab koʻrinayotgan barglariniyu mevalarini oqish yogʻduga koʻmib, ohista elanadi. Tuproq iliq va mayin, yogʻdulanayotganday koʻrinadi. Osmonda oy toʻlibdi. Sharpangizni sezgan qaysidir bir qush bezovtalanib potirlab daraxt shoxidan uchadi. Shunda “bu qushni ham bezovta qildim”, degan oʻy dilingizga kelgandir? Mayin shabada yuzingizni silaydi. Ilgʻar-ilgʻanmas tun bagʻrida hayot mudramayotganini, bir qancha jonzotlar nimalar bilandir mashgʻulligini ham payqaysiz. Necha-necha yillaringizni bagʻrida oʻtkazganingiz eski uy sokin va jim mudraydi, boʻgʻotlariga, suvoqlariga termilasiz, hovli adogʻida otangizdan qolgan bir uy-bir dahlizli imorat ham mudroq ostida. Bu tomonidagi siz qurgan uy balandroq, baquvvatroq… otangizning uyi esa ancha choʻkib qolibdi. Ota va ona ana shu uyda yashab dunyodan oʻtdilar… Bitta siz bedor, bitta siz sharpa kabi hovlini kezmoqdasiz.

Shunda… oʻtmishingizning ovozlarini ham eshita boshlaysizmi? Koʻp yillik yashab oʻtilgan umringizning soʻqmoqlari, qoyalari, oʻngiru jarlari… voqealar ularning bagʻrida oʻsgan butalar kabi unib chiqayotganini, shamollar kabi yetilib esayotganini koʻra boshlaysiz. Keyin umringizni oʻylaysiz, axir, umr mana shu goʻsha ustidan yellar kabi esib oʻtibdi. Siz ham dunyoning ustidan shamol kabi yelib oʻtib ketibsiz.

Ishoning, qirq degan ostonadan hatlab oʻtgan kishining tunlari shunday boʻlmasdan iloji yoʻq. Qirq – gʻalati yosh. Qirqqacha tobora kuchga toʻlib borasiz, vujudda arslon shiddati joʻsh uradi, qadamlaringizdan oʻt chaqnaydi, botiningizda buzgʻunchi bir qudrat pinhon ekanini bilib turasiz, hamma narsa oson, hamma narsa qoʻlingizdan keladi, hamma narsa qarshingizda egilib boʻysunadi, gapingizga quloq soladi, solmasa majburlaysiz, oʻzingiz egib olasiz… qirqdan keyin esa, tuyqusdan… arslon quvvatining ozaya boshlaganini his qilasiz.

Oy nurlari ostida esa jim kezinadi, bir arslon!

Yogʻdu orasidan qanday chiqib kelishini koʻryapsizmi? U hanuz bahaybat, hanuz quvvatga toʻla, biroq shiddati qani? Kuchga toʻla paydor panjalari tuproqda enli, chuqur izlar qoldirmoqda, yollari silkinmoqda, boʻynida, biqinida chandiqlari bor… u bahaybat, sokin-osoyishta qadam tashlab kelib, shundoqqina yoningizga choʻkadi. Yolini silang uni. Kuch-qudrat timsoli boʻlmish bu arslonning yoshi ham siz bilan teng! Istagan jonzotni kuchli panjalari bilan tilka-pora qilib tashlaguvchi bu jonzot ham siz kabi bedor kezmoqda.

Bir mahallar u ham siz kabi bola edi. Murgʻakligingizda, oy nurlari uyqudagi tuproq uzra elanganida, nur kapalagiga aylanib qoshingizga uchib kelardi, u bilan quvnab oʻynar edingiz. Iliq qumloqlarda sizga qoʻshilib qum sochardi, ulgʻayganingizda, balogʻat toʻlqinlari vujudingizni jimirlatib oqa boshlaganida, u ham siz bilan birga bogʻlarni zavqu shavqqa choʻmib kezib chopardi.

Ey mana shu xonadonning arsloni, nega bedorsiz?

Arslon jim kezinadi. Goʻyo armonu gʻussalar yoʻq, goʻyo hamma narsa badastur, saranjom… Daraxtlardan tungi qushlar samoga koʻtariladilar. Qanot qoqishlaridan paydo boʻlgan epkinlarda shoxlarning yaproqlari, yerda oʻsgan gulu rayhonlar silkinishadi. Ularning umri juda qisqa, qush umrichalik ham emas. Bepoyon yastanib yotgan hayot kengliklarida goh-goh chechak-chechak yashnagan va soʻlgan quvonchu shodliklarga oʻxshaydi ular.

Oy yogʻdusi yashab oʻtilgan umringizni ham yoritib yubormayaptimi? Bezovtaligingiz balki shundandir? Oy yogʻdusi yorugʻ gʻussaga oʻxshamaydimi? U umrning shodligu sevinchlari bilan birga, qorayib turgan armon va pushaymon jarliklarini ham yoritmoqda. Afsus qoyalari qop-qorayib koʻkka boʻy choʻzib turibdi. U siz bilgan tabiatdan oʻzga, hozir u yerlarda shamol esmaydi. Hamma narsani mayin yorituvchi yogʻdu elanadi, xolos.

Bahaybat arslon ham oyga, ham ortga boqadi. Koʻzlarida insoniy maʼno koʻrinmaydi. Ulkan boshini panjalari ustiga qoʻyadi. U sizni taniydi, siz ham uni taniysiz. Sizdan farq qilib, u xotirjam, sokin va osoyishta. Faqat, siz nega qaygʻulisiz?

Osmonni qora bulutlar qatma-qat enlab-bostirib kela boshlaydi. Hali zamon ochiq kengliklardagi oyning yuzini toʻssayam ajabmas. Paydar-pay shabada esib, qanotida ilgʻanmas shivirlarni olib keladi:

Qaydan kelayotir uyur-uyur gʻam?..[15]

 

* * *

“Orzularim… orzularim bisyor edi, – deb oʻylaydi daraxtzorlar oralab jim kezinayotgan bu odam, toʻnining barini qovushtirib, ogʻir-ogʻir qadam tashlarkan. – Ota-onam mehnat ichra oʻtdilar, umrlarining soʻngida bir zuryod izzat qilganchalik izzat-hurmatlarini qildim. Akalarimning xizmatiga qoʻl qovushtirib turdim, otamdan qolgan ulugʻim, ota oʻrniga otam deb xorlik qanotimni past tutdim, ukalarim oʻksimasin deb yurak-yuragimdan beminnat qanotim ostiga oldim, lekin… qani men kutgan xushbaxtlik? Qayda, qayda xato qildim?” deb kezinadi bu odam.

Daraxt shoxidagi qush qanotlarini yozadi, shunda patlari yulingani, chandiqlari oqargani koʻrinadi.

Xatolar va adashishlar… Agar xato qilmasaydim, bugun bunday boʻlmas edi deb oʻylaydi u. Hayotimda bir nechta katta xatolarga yoʻl qoʻydim. Oʻsha xatolarimu gunohlarim voqealarga aylanib, hayotimni oʻzgartirib yubordi. Baʼzan natijani koʻramanu sababni topmayman, lekin bu natija oʻsha – oʻzim hosil qilgan sabab tufayli bunyod boʻlganini bilaman. Qaniydi ortga qaytolsam, qaniydi oʻsha xatoniyu gunohni sodir qilgan manzilga yetib borsam! Qaniydi moʻjiza yuz bersayu aynan oʻsha yerdan – xato sodir boʻlgan joydan hayotimni yana boshlasam… bugungi kunim boshqacha boʻlmasmidi… deb xayol qiladi bu kishi.

Pushaymon va afsus yomon narsa. U hech nimani oʻzgartirmaydi. Koʻzni yoshlantiradi, dilni achchiqqa toʻldiradi, xoʻrsiniqlar paydo qiladi. Ular odamning qalbida ilon singari yashaydilar. Kishi oʻz pushaymon va afsuslarini hech kimga aytmaydi, hatto yonginangizda umr kechirib yurgan kishining qalbidagi turfa pushaymonlaru afsuslaridan bexabar… bir kuni, mana shunday bahor kechasida, qiygʻos gullagan oʻrik ostida… oʻpkasi toʻlib ketganini sezib qolasiz. Ulkan gavdali bu kishi yosh boladay hiqillab yigʻlaydi. Koshkiydi u xatolarni qilmasaydim… koshkiydi daqiqalarim qiymatini, yaqinlarim qadrini oʻshanda bilsaydim degan armon koʻz yoshlarini paydo qiladi.

Oy yogʻdusi orasidan chiqib kelgan arslon ulkan boshini panjalari ustiga qoʻyganicha, bu kishiga sassiz boqadi. Daraxtdagi qush ham hayron-hayron qaraydi. U – mana shu odamning baxt qushi emasmikin? Baxt qushi boʻlsa nega aftoda, nega jovdiragan, nega patlari titilgan, nega nochor?

Oy. Daraxtlar orasidan unsiz elanayotgan yogʻdu. Boshini panjalari ustiga qoʻyib, jim va sokin boqayotgan arslon.

U kishi, nihoyat, arslonning yoniga keladi, oʻtirib yollarini silaydi, keyin dagʻal gavdasiga suyanadi. Peshonasidagi tirishlari yanada chuqurlashadi. Havoda nimadir kezib yuribdi: ajabo, afsusmi yo armonmi u?

Yetib kelgan joyim shu, deydi u chuqur oʻy ichida. Yetib kelganim… umrimning yillarini berganim… shu uy, shu mulku sarvat… Bu orada meni ulgʻaytirgan suvlar oqib oʻtib ketdi, ustida men oʻynab oʻsgan daraxtlar qartaydi…

Xayollar quyuni uni chirpirak qilib oʻz girdobiga olib kirib ketadi. Oy nuri arslonning yollaridan ohista oqib tushadi, tuproq ustida turib qoladi.

– Sen-chi? – deb soʻraydi kishi arslondan. – Sening ham armonlaring, afsuslaring yoʻqmidi?

Arslon javob bermaydi. Oʻrnidan qoʻzgʻalib, uzumzorlar sari yoʻl oladi.

– Qayoqqa ketyapsan? Senga juda oʻrganib qoluvdim, – dedi qirqqa kirgan bu kishi. – Ey necha yillik sirdoshim, hamdamim-birodarim, qayoqqa?

U arslonning izidan ergashadi. Yura-yura hovli adogʻiga boradilar. Koʻz yetgulik joygacha yastanib ketgan uzumzor mudramoqda. Jimir-jimir oy yogʻdusi oʻziga chorlaydi.

U arslonning koʻzlariga tikka qaraydi. Arslonning qorachiqlari kengayadi, nigohi ruhini oʻgʻirlab oladi. Qaydadir kimdir nola qiladi. Ajab, nimalar roʻy berdi shunda?

Shu tariqa oʻtmish voqealari orasidan oʻtib borayotganlarini sezadi kishi. Yon-verida bir oyna togʻiday boʻlib yashab oʻtilgan umr yuksalgan, oyna togʻi ichida zuhur etgan manzaralarga qarab, umrning lahzalarini ilgʻab olsa boʻladi. Quvonchlaru sevinchlar gul ochib, chechak yozgan, yoshlikning sururi kichkina qushchalar kabi parvoz qiladi, bulbullaru qumrilar chax-chax uradi, uzoqlarda xatolar va adashishlarning qoyalari boʻy choʻzib turadi.

Arslon mana shularning orasidan odimlaydi. Yollari qadamiga monand toʻlqinlanadi.

Bu koʻrayotganlarim oʻzimning umrim-ku, deydi kishi hayratlanib. Toʻsatdan vujudida charchoq his qilmayotganini, tomirlarida qon yengil oʻynab oqayotganini, yurak urishini his qilmayotganini payqaydi. Odimlari yengillashadi, qoʻllariga qarab, terisining ajinsiz, toza, tiniq ekanini koʻradi.

Mana, adashishlar va xatolarning manzillari, boshlangʻich nuqtalari. Qayda xato qilgan eding, ey bedor zot? Qay bir adashishing armoningga sababchi boʻla qoldi? Mana butun umring, lekin xato qayda? Aytilgan bir soʻzdami? Sodir etilgan bir ishdami? Oʻylab-oʻylanmagan bir qarordami? Bundan yigirma yil keyindagi manzilda, oy nuriga koʻmilgan hovlida seni kezishga solgan voqealarning boshlangʻich nuqtalari ixtiyoringda, istasang oʻzgartir, istasang boshqa shakl qur, toki qirqning manzilida uyqung oʻchmasdan, oʻzing yaratgan bogʻning farogʻati ichida sokin va osoyishta kez…

Agar… hamma orzularim roʻyobga chiqqanida bormi, bugungi kunim boshqacha, tamomila boshqacha boʻlardi, doʻst, deydi u arslonga.

Doʻst dedim-a?.. Qani doʻst, qani yaqinlaru birodarlar? Koʻngli boʻsh otayu shafqatli onadan tarqalgan farzandlarning bari uzoqda, turli joylarga anor donalari kabi sochilib ketishgan, u donalardan boshqa anor butalari oʻsib chiqib, meva ham solib ulgurishgan. Qadim oy nur sochadi xolos, u ham tikkadan oʻtib, kunbotarga ogʻib bormoqda, halizamon qarama-qarshi tarafda tong boʻzarib, quyosh bosh koʻtarsa ajabmas. Ammo… nimaning quyoshi? U ufqdan har kungi odatiy quyosh koʻtariladi deb kafolat bera oladi?

 

* * *

Bizni uzumzor egalari der edilar… deydi u, sanqir ekan. To qirlargacha yastanib ketgan kengliklardagi hamma bogʻlar bizniki edi. Durkun-durkun, shigʻil-shigʻil uzumlarning bari qirmizi tusda boʻlardi. Boshqa turlarini ham ekib koʻrganmiz, lekin negadir unib-oʻsmagan. Bu deparada boshqa qizil uzum yoʻq, uzumimizning taʼrifi uzoq-uzoqlarga ketgan edi.

Bogʻimiz behisob hosil bersa-da, huvillagan dilimda katta bir armon oʻrgimchakka aylanib oʻrmalar, toʻr qurar, toʻriga oʻzimni ilintirardi. Chunki, zavolliman edim men. Ana shu boyliklarning ichida oʻralashib, chiqolmay yurgan odam edim. Boyliklar bevafodirlar, u oʻrgimchakka oʻxshaydi, chalgʻitadi, hayotingga toʻrini tashlab, seni kutib oʻtiradi, der edi otam. Boylikning joni bormiki, vafo qilsa? Chalgʻitadi degani rost ekanki, tobora ichiga kirib ketaverar ekansan. Goho hammasidan voz kechib, darvishlikni kasb etgan podshoh kabi[16] boshimni olib togʻu toshlarga ketgim kelardi-yu…

…ketolmasdim!

Ketsam ham… qayon borardim? Olamning qayeriga bormang, shu odamlar, shu havaslaru hirslar… ularni koʻrmaslik uchun yorugʻ dunyodan oʻzga makonlarga ketish kerak.

Suruv-suruv qoʻylarim orasida aylanib yurib, shularni oʻylar edim. Bu suruvlarga umrimning necha yilini berdim ekan? Bu qanday savdoki, umrimning yillarini suruvlarga almashtiribman? Botmon-botmon hosillarimni koʻrsam ham xayolimga shu fikr kelardi. Ochigʻi, hayotimdan koʻnglim toʻlmas edi, bir tomondan, bu rohatlardan ayrilib qolishdan hayiqsam, boshqa tomondan, hayotim oʻtib borayotgani, bir kuni bu sarvatlar menga kerak boʻlmay qolishini… demakki, boshqa bir sarvat toʻplashim kerakligini sezganday boʻlardim.

Shunday oʻylarga tobora gʻarq boʻlib borarkanman, hayotimning zulmatlari ichra nur tolasiday boʻlib Diloromning qiyofasi tovlanardi. U malakda bir sir borday tuyulardi. Sirkim, haybatli, rost bir sir.

Chunki, aniq bilardim: Diloromda nainki barakot, balki karomat ham bor edi. Uning oʻtar yerlarida nima sababdandir har narsa jonlanib ketar, joʻshar, oʻtlar boʻliq-boʻliq bosh koʻtarar, ogʻochlar qiygʻos-qiygʻos gullar, olamjahon meva tugar, buni koʻrib hayratdan yoqa ushlar edim.

Togʻlarning ortidagi yov shu qizni deb chiqadi, der edi otam. Asli, uning nima ekanini birov bilmas edi. Chiyillay-chiyillay, togʻning tepasidan selday oqib tushib keladi deyishardi. Oʻlishi juda qiyin, faqat boshiga uribgina oʻldirish mumkin edi. Yer tishlab, pitirlab yotgani ham sal oʻtmay dik etib oʻrnidan turib, yana chopib ketaverarmish. Zuvillab kelarmishu changaliga tushgan odamning koʻksini yorib, yuragini sugʻurib olar emishlar. Yuholigi shu qadarki, oʻlimtik uzra qoʻnib oʻtirgan oʻlaksaxoʻrlarni ham gʻajib oʻtib ketaverarkan. Uning qachon paydo boʻlishiniyam birov bilmaydi. Makoni togʻlarning ortida, kunduzi ham qorongʻilik hukm suradigan oʻngirlarda deb taxmin qilardilar, ammo u yoqqa odam bolasining oʻtishi qiyin, tippa-tik jarliklar, tikanzoru changalzorlar koʻp u yoʻlda.

Gʻalati yov edi bu. Uni yaʼjuj-maʼjuj desalar-da, aslida yaʼjujlar boshqa, qay bir isyoni tufayli aqlu imondan benasib qolgan odam bolalari ekanini bilardim. Bu yov yaʼjuj emas edi, xususiyati oʻzgacharoq boʻlib, baʼzi kishilarga daf qilar, baʼzilarga esa tegmasdan yonidan oʻtib ketaveradi, der edilar. Yoʻqsa, Diloromni qaydan bilishadi? Uning marhamatlaridan qay tarz umidlanishadi?

Umrim boʻyi toʻplaganim sarvatlarimni Minglarga bersamu Diloromni nikohimga olsam… u bilan birga hayotimga poklik, ozodalik, yorugʻlik kirib keladiganday tuyulardi, axir! Hayotimda yetmayotgan – Dilorom edi. Dilorom bilan birga et-tirnoq boʻlsamu mendan ham bir zuryod qolsa der edim. Ha, men tirnoqqa zor bir banda edim. Zuryodni nega tirnoq deydilar, bilasizmi? Tirnoq et orasidan qanday oʻsib chiqsa, zuryod ham ana shunday oʻsib chiqadi. Bu ayol dunyoga keltiradigan oʻgʻlonning zuryodim boʻlishini shunday orzular edim-ki!.. Mana shu ish amalga oshsa, yuragimni ezib turgan xatolarimu adashishlarim oʻnglanadiganday, umrim ziyoga va osoyishga toʻladiganday edi…

Vollohi, bu qiz odam bolasi emas, malak edi! Odam bolasida bunaqa fusun boʻlmaydi. Bu fusun xushboʻy tutun kabi oʻralib-chirmalib, koʻzlardan ichkariga – dillarga kirib borar, afsunlar, moyil qilar… hayiqtirar edi.

Achchigʻimni keltirib, Minglarning teraklarida bir qush tinmay “Kuyov-kuyov, kimga kuyov?” deya sayragani sayragan edi. Miltiq olib otib tashlasammikin desam, el-yurtning malomatidan choʻchirdim, ammo qachon shu koʻchadan oʻtsam meni masxaralab sayragani sayragan edi.

…Bularning bari bir xayol, aslida shom qoʻna boshladi yuragimning dalalariga… kechki shudringlar esa allaqachon tushib boʻldi, endi ular maysalarda emas, qaroqlarda tizilmoqdalar.

Diloromning menga nasib qilmasligini avvaldanoq bilardim. Shu orada u qirqlarning urugʻidan boʻlgan Eranga fotiha qilindiyu orzularim chil-chil boʻldi-ketdi.

Fotiha nima boʻpti dersiz? Fotihada Yaratganning ismi tilga olingan, endi orada Uning ismining haybati bor edi – u ismdan hatlab oʻtib boʻlarmidi?

Fotihaning yovga nima aloqasi bor, bilmadim, ammo shundan soʻng togʻlarning boshidagi devor yorilganidan, yaʼjuj-maʼjujlarning yurt sari oqayotganidan darak keldi.

Ajabo, qishloqda yovga tik qaraydigan birov qoldimikin? Xayolimga bir oʻy keldi: yaʼjuj-maʼjuj kelib, shu yigitni oʻldirib ketsaydi… shunda bor mulku sarvatimni sadaqa qilib, Diloromga erishishimga yoʻl ochilmaydimi? Shu oʻy yuragimga ilonday oʻralib oldi: mabodo Eran oʻlsa… mabodo qaytib kelmasa… oʻsha malakning, Diloromning boshi ochiq qolsa… yorugʻliklarga, dilkusholiklarga eltuvchi yoʻl mana shunday – Eranning oʻlimi orqali ochilmaydimi?

Eranning oʻlimini orzuladim oʻshanda. “Ey Tangrim, sarvat berding, ammo farzand bermading. Irodang tufayli Dilorom Eranga fotiha qilindi. Men ham bir bandangman, endi eranning jonini olginu Dilorom degan bandangni menga nasib ayla”, deb yolvordim. Bir odamning oʻlimi tufayli farogʻatga erishib boʻlmasligi aqlimga kelmadi. Yov aynan Eranning halokati bois bu yerlarga kirib kela olishini anglamabman, aqlimni gʻaflat bosibdi. Buni anavilar ekinlarning, daraxtlarning orasidan lip-lip etib, pitir-pitir qilib yetib kelishganida tushundim…

– Senga har kim oʻzining armonlaridan aytsa, hecham ajablanmayman, – dedi bu odam. – Badavlatlik molu sarvatdan emas, oila va muhabbatdan boʻlishini anglab yetgan kunimdan beri jonim oʻrtanadi. Yana bir gapni aytib qoʻyay: aslida sen borayotgan tomonlarda hech qanaqa lola yoʻq. Biroq boshqa nimadir bor, oʻshanga yetishingdan umid qilyapman. Oʻtinchim shu – agar haqiqatan ham taqdirlarga baxtu saodat baxsh etadigan bir hikmatga erishsang, men zavollining haqiga bir duo ayla, erisholmasangu u yoqlar haqiqatan ham boʻm-boʻsh boʻlsa, u holda qaytishingda lom-mim demasdan oʻt!..

 

* * *

– Bular oddiy kishilar, yaʼni avom, – dedi shamol. – Avom koʻrgan narsalarni olim boshqa nigoh bilan koʻradi. Avom toshni koʻrsa, olim toshning ichidagi qudratni ilgʻaydi.

Qiziq… – dedi Ozod. – Hamma yovdan soʻz aytmoqda… Kim u yov?

Seni voqealar orasidan ana shunday olib oʻtaman, bolam, – dedi shamol, shunda sasi yana otasining ovoziga oʻxshab qoldi. – Har voqeani koʻrganingda bir daraja yuksalasan. Oldinga razm sol: toshli soʻqmoqdan bir koʻr kishi ketib bormoqda, yovning kimligini senga oʻsha zot anglata oladi. Hozircha esa… Uchyongʻoq deganimda, sen faqat bitta yongʻoqni koʻrganingni aytding. Vaholanki, u yerda bir magʻizdan uchta daraxt unib chiqqan edi.

Ha, toʻgʻri aytasan, – dedi Ozod.

Yana kimdir bu yerda qizgʻaldoqlarni koʻrgan edi, xabarini berib ulgurdi, – dedi shamol. – Boshqa birov esa qizgʻaldoqlar oʻrnida lolazorni koʻrganini aytdi. Sen ham shu makonga qadam qoʻyding, ayt-chi, nimalarni koʻrmoqdasan?

Men rango-rang ochilgan chechaklarni koʻryapman, – dedi Ozod, yoʻlning davomiga qarab. Boʻrsillagan tuproqdan turfa gulli dala chechaklari bosh koʻtargan, qirlarga dovur enlab ketgan edi.

Bir mahallar bu yerda urushlar boʻlgan, qonlar toʻkilgan, – dedi shamol. – Elingning yoshu qarisi yovga qarshi oyoqqa otlangan. Urush nimaligini sen qaydan ham bilarding? U – dahshatli hodisa, odam bolalari bir-birining qonini toʻkishidan jamiki maxluq qoʻrquvga tushadi, tabiiyki, u mahal lola birovning esigayam kelmas edi. Kelgan yov ham boshqa edi, biroq u ham rohat-farogʻatni koʻzlab kelgan edi. Bu chechaklar oʻsha soʻqishda halok boʻlib ketgan ajdodlaringning tuprogʻidan unib chiqqan.

Gaplaring rostga oʻxshaydi, – dedi Ozod. – Chechaklar tigʻiz oʻsibdi, ularni bosib oʻtgani koʻzim qiymayapti.

Falonchi togʻlar sari safar qildi, yoʻlida bir-biriga aynan oʻxshash hodisalarni koʻrdi. Bir yoʻlda bir narsaning uchta aksini koʻrib boʻlmaydi, demak, yurilgan yoʻl – yoʻl emas, boshqa narsa, deyildi-ku? – dedi shamol. – Modomiki endigina yoʻlga qadam qoʻygan, koʻzi endigina ochilgan boʻzbola ekansan, u holda sirini oʻzim oshkor qilaqolay. Sen hol tilining nima ekanini bilmasmiding? U holda bu yerda oʻsgan chechaklarning aslida chechak emasligini ham bilarsan? Ayt-chi, ertalab turib, yuz-qoʻlingni yuvgach, ilk qiladigan ishing nima edi?

Ozod oʻylanib qoldi. Saharlab turganida ota ham, ona ham allaqachon uygʻonishgan boʻlar, Ozod ularga yuvuqsiz koʻrinishdan or qilib, nigohini yerga tikkancha suv boʻyiga borib yuz-qoʻlini yuvib kelar, soʻngra esa…

Salomdan gapiryapsanmi? – dedi u hayratlanib. – Ilk qiladigan ishim – otam va onamga salom berish edi!

Shamol qoniqish bilan toʻlqinlandi.

Shunda Ozod imorat qurayotgan kishining oʻgitlarini esladi. Chechakzorning shundoqqina yoniga bordi, poʻrsillagan yumshoq tuproq oyogʻi ostida ezildi. U qirga qadar enlagan maysalarni titratib, qattiq qichqirdi:

Assalomu alaykum, ey ahli maʼni!

Biroq tevarakda hech nima oʻzgarmadi, Ozodning ovozi shamolning toʻlqinlari aro yutilib ketdi.

Endi gapimni eshit, – dedi shamol, shunda guvillashi haybat va viqor kasb etdi. – Bular – oʻsha kishilarning hurmat-izzati tufayli bino boʻlgan maysalardan boshqa narsa emas. Sen maʼno olamiga endigina qadam qoʻymoqdasan. Bu olamda har kun koʻrib-bilib yurgan narsalaringni yana koʻrasan va xayolingga kelmagan maʼnolaridan hayratga tushasan. Manzilingga olib boradigan yoʻllarda, agar sabr-toqating yetsa, chechaklarning ostlaridagi mayda tomirlarigacha koʻrasan, nima ekanini ham anglarsan shoyad. U yoʻllarning adogʻida yana yangi maʼno manzillari ochiladi, imonsizlar, mardudlar va murtadlar va hatto xayolingga ham kelmagan sharpalar chiqib keladilar. Hozir esa fursating juda kam, huv anavi ketib borayotgan kishiga yetib olishing zarur, shu bois, tezroq qadam bos!

Uzoqda bir kishi hassasi bilan paypaslana-paypaslana togʻlar tomonga ketib bormoqda edi.

U kim? – dedi Ozod, hamrohining aytganlarini ado etarkan.

Quloq tut-chi, nimalar deyapti ekan? – dedi shamol va bir aylanib, uning xabarini olib keldi:

 

Taqdir soʻqmogʻida boshin egib jim,

Bir kimsa ketmoqda, bilmayman u kim.

Agar u sen boʻlsang, yoningga boray,

Agar u men boʻlsam, tezroq kel, doʻstim…[17]

 

Men buni oldin ham eshitganman, – dedi Ozod, hayron qolib. – Bu bir shoirning sheʼri edi.

Demak, oʻsha shoir ham uni koʻrgan ekan, – dedi shamol. – Mana, qanaqa soʻqmoqdan ilgarilayotganingni ham bilib olding. Bilib qoʻy, odam bolasining aytgan soʻzlariga yuzlab guvohlaru shohidlar bor tevarakda, Atrofdagi jami maxluqot odam bolasi nima soʻz aytar ekan, deb ilhaq boʻlib turadi. Bundan faqat mahramlar mustasno, xolos. Ular sening suyganingga aytadigan gaplaringga hayo qilib, quloqlarini va koʻzlarini berkitadilar. Yana boshqa mahramlar ham bor, ular Parvardigorlariga soʻz aytadigan kishilardir. Gaplarini Tangridan boshqa hech kim eshita olmaydi… Ketib borayotgan kishining kim ekaniga kelsak… – u yengil bir toʻlqin urdi. – Yer yuzidagi narsalarning aslini oddiy koʻz bilan koʻrib boʻlmasligini bilgach, oʻz koʻziga oʻzi mil tortgan kishidir…

Koʻr kishining hikoyasi

 

Ular koʻr kishining qoshiga yetib borganlarida, shamol bir mavj urib, salom berdi.

Vaalaykum assalom, – deb alik oldi u. Ozod uning yuzlari tirish va ozgʻin ekaniga, lekin chehrasidagi donishmandona xotirjamlikka eʼtibor berdi.

Demak, lolani izlab ketayotgan bola shu ekan-da? – deb soʻradi koʻr kishi.

Rost aytdingiz, ey muhtaram, – deb javob qildi shamol. – Lekin sizning hikmatlaringizga yetib borolmasa kerak deb qoʻrqaman.

Ha, mayli, yonimda bir oz yura qolsin, oʻzimizning qorakoʻzlardan ekan, – dedi u. – Zotan, asr vaqtiga ham yaqin qoldi.

Sizni qishloqdan chiqaverishda koʻrgan edim-ku, bu yoqqa qanday kelib qoldingiz? – deb soʻradi Ozod. – Otamning oldiga ketyapman, qaynoq choy damlab beray degandingiz-ku? Men esa, nazarimda hecham koʻr emassiz dedim, esladingizmi? U yerda koʻrganimda qariya edingiz, bu yerda esa quvvatga kiribsiz, qadamlaringiz ham shaxdamlashibdi. Lekin soʻqmoqda toshlar koʻp ekan, xohlasangiz, qoʻlingizdan tutib yetaklab yuray?

Kishi kulimsiradi, shamol esa Ozodning quloqlariga shivirladi:

Uni koʻrmaydi deb kim aytdi senga? U koʻrgan narsalarni boshqa hech kim koʻrolgan emas. Odob saqlab yonida borarkan, gaplariga indamay quloq sol.

Xoʻp, – dedi Ozod ham, suhbatdoshining qadamlariga moslab odim otishga urinarkan.

Bu yerlarda yastanib yotgan hamma narsa soʻzdan iborat, bolam, – dedi koʻr kishi, bamaylixotir. – Yoʻlingning atrofida nimaiki koʻrsang, hammasi soʻzdir. Bilsang, odam bolasining avvali ham, oxiri ham soʻzdanu maʼnodan iborat. Dunyo tamomila teskari, degan gapni eshitganmisan? Bu ham soʻz, ammo haq soʻzdir, chunki kun kelib, olam tamomila yoʻq boʻlib ketadi, shunda faqat aytilgan soʻzlaru ularning maʼnolari qoladi, ana oʻshalardan yangi dunyolar bino boʻladi.

Falonchi hayoti davomida tosh kesib, imorat qurgan edi, deb eslangan odamni koʻrdingmi? Vaqt koʻzi bilan qarasang, bir necha yuz yildan soʻng na imorat qoladi, na quruvchi. Ikkisi ham soʻzga, maʼnoga aylanib ketadilar. Shunda “Falonchi bir imorat qurgan edi, xudo undan rozi boʻlsin”, – deyiladi.

Aytilgan soʻzlar maʼnolariga koʻra shakl oladi, deyilgani ham rost. Isbotini aytaymi? Ikki kishi bor edi, biri imon keltirdi. Kalimai shahodatni aytishi bilan kelajagi misli koʻrilmagan darajada oʻzgarib ketdi. Vaholanki, imon keltirishidan oldin uning oxirati – abadiy uqubat edi. Bittagina soʻz aytdi, umrining oxiridagi doʻzax jannatga aylandi. Ikkinchisi esa ters kalima aytdi, umrining oxiridagi jannat jahannamga aylandi. Soʻz bilan taqdirlar oʻzgarishini koʻryapsanmi?

Aslida soʻz hechdir. U – bagʻridagi maʼnosi tufayli haybat kasb etdi. Ularga iroda jamlaguvchi Tangrimning oʻzidir. Yaʼni, olamda gapirmaydigan narsa yoʻq, hammasi oʻzining holidan xabar berib turadi, ammo odam bolasigina soʻzlarga maʼno joylaydi. Shu bois, boshqalar uchun ham soʻz ayta oladi, unga Tangri maʼno baxsh etgani uchun duoga aylanadi. Avom ham, olim ham ana shu sabab duoga intiladi. Birovdan yaxshilik istasa, meni duo kiling deydi. Duo esa taqdirni oʻzgartiradi. Bahaybat bir shakl olib, osmon toqiga yetib boradi, soʻng hodisaga aylanib, yana yer yuziga qaytadi.

Qargʻish ham taqdirni oʻzgartiradi. Soʻzning qudratini ana shularga qarab anglab yeta olasan.

Bizgacha behisob soʻzlar aytildi. Ularning hammasi oʻz joyiga borib oʻrnashdi. Bir kishi bor edi, uning aytgan soʻzlari oʻzi uchun gulu gulzor boʻldi. Boshqa bir kishining aytgan soʻzlari esa jahannam maxluqlariga aylanib ketdilar – endi ular oʻz sohiblarini kutmoqdalar.

Avom ham, olim ham soʻz aytdi. Avomning soʻzi zaif, olimniki salmoqli edi. Shu sabab avomning xatosi kichik, olimniki halokatli boʻldi.

* * *

Sen yov haqida soʻrading, men esa soʻzu maʼnodan bahs etdim.

U yov insonlarning soʻzlaridan paydo boʻlgan, deb taxmin qilaman. Hayvon jinsidan desam, balki xatodir. Chunki hayvonda hikmat va barakat bor. Axir, qoʻrangdagi qoʻylaringning dalolatlariga boqmadingmi? Aslida u, goʻshtidan oziqlanishing va sutini ichishing uchun yaratilgani bois senga boʻysundirilgan. Haydasang, indamay borib qoʻraga kiradi, oyogʻini boylasang, boʻynini itoat ila tutib beradi. Ha, ana, birini soʻydingu goʻshtini qoʻni-qoʻshning bilan tanovul qilding deylik. Qolganlari esa yerda oʻsib yotgan son-sanoqsiz oʻtlarni yeb, oʻz-oʻzidan koʻpayib yuraverishadi. Yana kutsang – bolalaydi, rizqing oʻz-oʻzidan ortib boradi. Bitta bugʻdoy donasi yigirma-oʻttiz misli koʻpayadi. Bitta urugʻdan chiqqan olma bemisl koʻp hosil beradi, har birining ichida yana shuncha barakot joylab qoʻyilgan urugʻlari bor – uni eksang, yana shuncha hosil olasan.

Tangrim hayvonotu nabototga ana shu xislatlarni berdi, odam bolasiga xizmat qilsin dedi. Birontasiga soʻz aytish huquqini bermadi, ammo hol tiliga musharraf ayladi. Maʼno soʻzini aytish inoyati odamda boʻlgani uchun ham soʻz aytolmaydigan boshqalarni ularga boʻysundirdi.

Hayvonotu nabototga javobgarlikni ham bermadi – bular yoʻqlik olamlaridan sassiz-sadosiz kelib tugʻiladilar, koʻpayadilar, odam bolasiga xizmat qiladilar, oʻzlarining shakllari, tuzilishlari, hayotlari bilan aqllarga xitob qiladilar va yana yoʻqlik olamlariga sassiz-sadosiz joʻnab ketadilar. Vazifalari shu bilan nihoya topadi.

Bunday ajib, bunday mukarram odam bolasiga – koinotda oʻxshashi yoʻq tengsiz yaratigʻiga – oʻzi istagan tarzda soʻz aytish huquqi berib qoʻyilgan odam bolasiga, oʻsha soʻzlardan hosil boʻluvchi yovni bejiz yaratdimi?

U yov soʻz va maʼno aytish neʼmatidan mahrumligi mahramlarga ayon, albatta. U gapirolmas, hayvon misol tovush chiqarar, ingrar, lazzatlanar, ammo soʻz aytish huquqi olib qoʻyilgan, tabiiyki, darajasi hayvondan ham pastga tushgan edi. Gunohlardanu gunoh paydo qiluvchi soʻz va maʼnilardan bino boʻlgan bu maxluqot endi oʻz yaratuvchisiga yovlashib turmoqda edi.

Yana taxmin qilamanki, odamlar nojoiz bir soʻz aytganlarida Qof togʻi uzra momaqaldiroq gumburlashi – yana bir yov bolalaganining dalolati emasmikin? Joiz soʻz aytilganida chaqnagan chaqmoqdan yovning yana bir bolasi oʻldimikin, deb ham oʻylayman.

Anglayapsanmi? “Xudo hamma gunohlarni kechiraveradi”, degan gapdan paydo boʻlgan yov allaqachon kishilar orasida oʻrmalayotganini sezyapsanmi? “Otang adolatsizlik qilsa, unga qarshi soʻz ayta olasan”, degan gapdan bino boʻlgan yovni-chi? Nomahramga buzuq niyat ila nazar tashlashdan tugʻiladigan yov-chi? Sen togʻ ortidagi maxluqlardan xavotirga tushding, lekin oʻzing hosil qilayotgan yovlaring tevaragingda izgʻib yurganidan xabaring bormi?

Bir toifa kishilarning taqdiriga ana shunday yovlarning paydo boʻlishi uchun xizmat qilish yozilgan boʻlsa ne ajab? Boshqa bir toifa esa u yovni tanigani uchun oʻzga koʻrinish olmoqda. Yovni bilganlar koʻp emasmidi elingda? Ular hayoti dunyodan oʻtib ketmadilarmi? Na qoʻllari tekkan daraxtlar qoldi, na izlari tushgan yoʻllar. Tuproqqa qoʻshilib tamomila yoʻq boʻlib ketgan boʻlsalar-da, qoldirgan maʼnolari shuuringda qalqib, seni ogohlantirib turmayaptimi? Sirot deyildi, aslida sirotdan hozir, ayni damda oʻtib bormayapsanmi? Nafsingning tikanlari ipdan ingichka, qilichdan keskir bu koʻprik ostida ulkan nishlarini sen tomon choʻzib turmayaptimi?

Balolar soʻz bois paydo boʻldi dedik. “Amal-chi?” deb soʻradi birov. Amalning boshi ham soʻzdir, ammo tilga chiqmagan, shuuringning ich-ichida hosil boʻlgan soʻzdir. Kimdir uni fikr deb atadi, chunki u javharga boqqan edi. Fikrni kim koʻrdiyu kim eshitdi? Fikru xayolning harakatga kelishi, tevarakka taʼsir oʻtkaza boshlashi uchun soʻzga ehtiyoj tugʻilmadimi? Qolaversa, avvalgi zamonlarning odamlari aytgan soʻzlar oʻzlarining boshiga balo boʻlib kelganini yaxshi bilasan-ku? Halok boʻlib ketgan shaharu qishloqlarning xabarlari sengacha yetib keldi-ku?

Ey bolam, bu yov aytilgan soʻzlaru qilingan gunohlar tufayli yopirilib kelayotganini koʻrmayapsanmi?

 

* * *

Men oʻz soʻzimni aytib boʻldim, endi shom tarafga qarab bormoqdaman. Koʻrning koʻrdim deganiga haliyam ishonmaysanmi?

Bilib ol, koʻzi ochiqlar juda kam narsani koʻradilar. Yer tublarida oʻrmalagan bir qurt koʻrganchalik koʻrolmaydilar.

Bilki, sen koʻrayotgan narsalarning mohiyati tamomila boshqadir.

Odamlar huzurlarida sochiga gilos donasini taqib oʻynab yurgan qizaloqning qaydan kelganini idrok qilmaydilar. Meni lahadga qoʻyib, tepkilab-tepkilab koʻmadi deb umid bildirgani oʻgʻlining qaydan kelganini bilmaydilar. Sen arslon deb oʻylab qoʻrqqaning narsa u bolachalarning koʻziga kapalak boʻlib koʻrinishidan, ular oʻsha kapalakning qanotlaridan ushlab, uchirib oʻynashlaridan xabaring bormi? Bu kichkina ishonuvchan jonzotlar, agar bir ish buyurilsa, chopqillab borib ado etib kelishadi, koyish eshitishsa qoʻrqishadi, haybat qilinsa, oʻpkalari toʻlib yigʻlay boshlashadi, biroq sal oʻtmay hammasini unutib, ulkan bir mehr bilan yana ota-onasiga talpinishadi. Hali ota hurmatiyu ona izzatining nima ekanidan bexabar hollarida, ularda namoyon boʻlayotgan bu ulkan taslimiyat nechun qoʻrqitmaydi?

Odamlar huzurlaridagi zurriyodlari-yu qoshidagi zaifasi Tangri amri bois boʻysunib turganini va uning tomonidan berib qoʻyilgan bir omonat ekanini idrok qilmaydilar.

Joʻjiqlar to balogʻatga yetgunlarigacha Allohning farishtalaridan ham ustun ekanliklarini bilasanmi? Ular boshqalarga oʻxshab rizqim qayerdan kelar ekan deb oʻylashmaydi, molu dunyoga mehr qoʻyishmaydi, qimmatbaho toshlarni toʻptosh qilib oʻynashadi, qush kabi uchirib yurgan ninachisini olib qoʻysang, xarxasha qilib dunyoni buzishadi… kishilar bu hollarni bilimsizlikka yoʻyadilar. Oʻzlari-chi? Oʻzlari shu darajaga yeta oladilarmi?

Ular mana shu hollari ila: “Ey otam, ey onam! Qalbing meniki kabi shaffof boʻlmaguncha, dunyo havaslaridan men kabi uzoq boʻlmaguningcha jannatga doxil boʻla olmaysan”, deyayotganlarini ilgʻamayapsanmi?

Bu farishtamonand bolakaylar otaning adlu fazl qanotlari ostida ekanini, ularga aytganlari har bir soʻzdanu tutumdan masʼul ekanlarini-chi? Zurriyodlar va zaifalar ota bois jannati yoxud doʻzaxi boʻlishlarini-chi?

Bu mushkulotning qay darajada ogʻir ekanini fahmlayapsanmi? Huzuringda, agar biru bor jonini olmagan esa, otang va onang bor. Ular tinmay seni duo qilib turmoqdalar. Ularning ham bora-bora dunyo jilvalaridan koʻngil uzishganini, bola kabi boʻlib qolishganini koʻrib, tafakkur qilmaysanmi?

Yoʻlda senga Eran deyildi, qani eran? Uni yov oʻldirdi dedilar, qani oʻlgani?

Bir kuni bir odam barmogʻidagi qimmatbaho uzugini tushirib qoʻydi. Uni allaqachon kimdir topib, olib ketgan edi. Ammo yoʻqotgan kishi oʻsha joyda gir-gir aylanib, yum-yum yigʻlab tuproqqa bosh uraverdi. Uni oqil deysanmi?

“Egam eranga… koʻzi ochiqligida, bedorligida maxsus bir shakl koʻrsatdi, bu yo arslon, yo qoplon va yo olov shaklidir. Tangri bularni unga bu olamdan emas, balki gʻayb olamining shakllari ekanini bildirish uchun koʻrsatdi. Xuddi shunday, oʻz suratini ham ulugʻ goʻzallik ichra – bogʻlar, boʻstonlar, nahrlar, hurlar, qoʻshiqlar, taomlar, sharoblar, xilʼatlar, buroqlar, shaharlar, uylar va boshqa turli-tuman ajoyibotlar holida namoyish qildi. Tangri ularni buning koʻziga koʻrsatib tasavvur ettirdi hamda shu tariqa qoʻrquvning Allohdan boʻlganligi haqiqati hosil boʻladi. Ishonch Tangridandir. Butun orom va mushohadalar ham undandir. Shu bois eranlarning qoʻrquvi xalqning qoʻrquviga oʻxshamaydi…” [18]

 

* * *

Yana sen, Dilorom haqida ham soʻrading.

Oydinkoʻl yoqasida dunyoga kelgan Diloromning hikmatini bilishni istaysanmi? Unda eshit: Dilorom Eranga nikohlansa, ulardan qiymati ikki olam xirojidan ham baland Imon degan bir bolaning dunyoga kelishi bashorat qilingan edi. Oydinkoʻl ham, Dilorom ham, Eran ham shu bola uchun yaratilgan edi. Bir soʻzi bilan butun bu tuproqlarga, zoru intizor kishilarga, yoʻlingda senga hikmat soʻylayotgan barcha-barchaga muboraklik baxsh etadigan, hammasiga ega chiqadigan oʻsha oʻgʻlonning izzati tufayli edi u karomatlar. Kimdir kimnidir sevdi, muhabbatda kuyib-yondi deydilar, bu kuyib-yonishdagi Tangrining irodasi tamomila boshqadir. U zot inson naslining davom etishini istagani uchun ham bandalariga ana shu kuyib-yonishni mukofotga aylantirib hadya qildi.

Bu tuproqlarda yanayam toʻgʻrisini biladigan bir kishi bor, agar izidan quvib yetolsang, oʻshandan soʻra! U – dunyoning ustidan hakka misol hakkalab oʻtib ketgan zotdir. Soʻzlariga boq, odam bolasi aytishga jurʼat qilolmaydigan soʻzlarni aytmoqda:

 

Onqadar nurga toʻlibman osmonga sigʻmadim,

Toqi arshu kursiyu lavhu jinonga sigʻmadim.

 

Jannatu kavsar manam, ham doʻzaxu saqar manam,

Bir oʻzumdurman bu dam, haft osmonga sigʻmadim.[19]

 

* * *

Odamlar orasida Diloromni orzu qilmagan, uning sharofatidan bahramand boʻlishni istamagan biron kishi bormidi?

U malak har kasning orzusi edi. Uni men ham orzular edim.

Orzular oʻzgarish xususiyatiga egadirlar. Shu sabab, u avval orzuim, keyin havasim, soʻng armonim boʻldi. Undan ham keyin esa pushaymonim, hasratim, nadomatimga aylanib, taqdirimning kengliklarida tosh qoya kabi bir oʻzi qolib ketdi.

Bilsang, hayotimizning kunlari qushlarga aylanib, togʻlarning ortiga, jannatmakon vodiylarga uchib ketadilar.

Dilorom ana oʻsha yoqlardan kelgan edi.

Dilimning tub-tubida koʻr maxluqlarga oʻxshagan nadomatlarim bor… ulardan bahs etsam, birov malomat qilmas degan milt-milt umidim bor.

Yuragimning tublari – dengizning tublari kabidir. U yerda orzularim va istaklarim nahanglar kabi suzib yuradilar. Yetishib boʻlmas tuygʻular chigʻanoqlar shakliga kirganlar – birini olib qulogʻimga tutsam, oʻsha orzu-havaslardan soʻylay boshlaydi.

Bilsang, havasda armonga aylanish xususiyati bor. Armon ham shundoq qolmaydi, u afsusga, afsus pushaymonga, pushaymon hasratga, hasrat esa nadomatga aylanadi. Orzu kabutar boʻlib yer yuzidan parvoz qilsa, armon qumri kabi chax-chaxlaydi. Afsus tutun jismidan boʻladi, achchiq tutun kabi oʻrab keladi qalbni. Pushaymon safro jinsidan, nadomat esa zahardir. Bir-biridan samo va zamin kabi uzoq narsalardir bular.

Jannatmakon vodiylar dedim… balki jannatlarning vodiylaridandir? Qaydam, u haqiqatlarni koʻrishdan ojizman. Tasavvurim basirlik soʻqmoqlarida qoqilib-suqilib yoʻl izlaydi, baribir oʻz soʻqmogʻini topolmaydi.

Dilorom haqiqatan ham onadan tugʻilganmidi yoki uni shamollar opkelib, Oydinkoʻl sohiliga avaylab qoʻyib ketishganmi? Ular – bepoyon kengliklarning fasllarni oʻzgartiruvchi haybat shamollari emasmidi? Oʻsha oydin kechada, maysalar bu chaqaloqning dudogʻiga shudringlarini tutishmaganmidi? Bu chaqaloqning karomat ekanini birov bildi, birov bilmadi, biroq Minglarning taqdiri oʻzgarib ketganidan keyin, hamma gap nimadaligini tushunib qoldi.

Sen ham anglayapsanmi? Dilorom – taqdirlarni oʻzgartiruvchi edi.

Ey yoronlar, bir mard bormiki orangizda, meni oʻldirib, kulimning yarmini daryoga, qolgan yarmini togʻu toshga sochib tashlasa? Unga erishib boʻlmasligini avvalboshdan bilgan edim, neki goʻzallik bor – bari Diloromga intilayotganini ham koʻrib turardim… Mevaliyu mevasiz daraxtlarning shoxlari silkina-silkina Diloromga intilishardi, suv yoqasiga kelsa, baliqchalar suzib yoniga kelishardi, hayvonlar oyogʻiga boshlarini suykab erkalanishardi, u bor joyda hamma oʻzining qismatidan rozi boʻlib qolardi: maysa maysaligidan, yomgʻir yomgʻirligidan, qush qushligidan.

Uni koʻrsam oʻzligim esimdan chiqar, hud-behudligimni farqlolmas darajaga kelar, unga gʻarq boʻlib ketardim! Uning zuhurotlariniyu moʻjizalarini yanada teranroq koʻray deya koʻzimga mil tortgan edim.

Hozir aniq bilaman: agar Dilorom yuragimning qorongʻi kengliklaridan lola kabi unib chiqsa-yu, “Turgin va koʻzingni ochgin” desa, koʻzlarim yana koʻra boshlaydi. Ammo shu holimda, koʻzim ochiqligidan koʻra koʻproq narsalarni koʻrayotganim uchun ham Tangrimning koʻrish inoyatiga qaytishdan yiroqman.

 

* * *

Ey bolam, senga yana bir gap aytaman.

Bilsang, tuproq turli-turli, qatlam-qatlamdir. Tuproqdan keyin mayda tosh qatlami boshlanadi, ana shu qatlamlarning har birida bir dunyo odam yotadi, sen hozir faqat yuza qismni koʻrmoqdasan, xolos.

Yanada chuqurroq tushilsa-chi?

Yana ham chuqurroq tushilsa… tuproqlarning qatlamlari tobora qalinlashib-zichlashib boradi, nihoyat, toshlar qismi ham tugagach, mutlaq qorongʻiliklarning tubsiz daryolari boshlanadi. U yer osti daryolarida yorugʻ dunyo nimaligini bilmaydigan gʻalati maxluqlar yashaydilar. Ular hammasining koʻzi koʻr.

Bilib ol, ana shu daryolarning tublaridan ham inson bolasining ovozlari keladi. Elas-elas ingrashlar, ojiz ohu faryodlar…

Undan ham tubda nima borligini bilmayman, yer osti daryolarining tublarida yanada haybatli sirlar bor. Ulardan xabar topgan odam bolasi chidayolmaydi deb taxmin qilaman. Ularni bilib olgan odam bolasi boshqa narsaga… balki tubi yoʻq daryolarning koʻr maxluqlariga aylanib ketsa ham ajabmas.

Yana bir narsani aytaymi? Shular ham Diloromni bilishadi, uning inoyatini orzu qila-qila azoblanishadi.

Ana shu hodisotlarning eng ustida istiqomat qiladi odam bolasi. Uyim-joyim, bolam-chaqam, yurtim-tuprogʻim degan jon zoti borki, shu kichik qatlamda – tubsiz daryolarning ustidayu bepoyon osmonning ostida, kichkina yuzada hayot kechiradi. Soʻngra kimlardir ularni yo koʻklarga – koʻm-koʻk samolarning naryogʻiga yoxud yer ostiga – qora daryolarning tubiga majburan olib ketadilar.

Ha, agar yanada chuqurroq tushilsa… xoinlar, mardudlar va murtadlarning makonlari boshlanadi.

Mening hassam Muso paygʻambarning hassasi kabi, uni toshga ursam – tosh yoriladi, kishilar jonlanadi, ular ham yigʻlab-siqtab, oʻz nadomatlaridan ayta boshlaydilar. Shulardan biri – Xoin. Uning ham aytari bor, istasang oʻzing tingla – zero, men uning soʻzini tinglashdan bezorman.

 

* * *

Ozod yana bir oz kutdi, lekin bu kishi boshqa soʻz aytmadi, aksincha, yoʻl yoqasidagi tosh ustiga oʻtirib, hassasini Ozodga uzatdi. Ozod uni olib, butaga suyab qoʻydi.

– Charchadingizmi? – deb soʻradi Ozod.

– Ha, bolam, juda uzoq yoʻl bosdim, horidim, – dedi suhbatdoshi, nimanidir mulohaza qilgancha. – Aytdim-ku, asrga yaqin qoldi deb. Bir oz tin olaqolay. Sen esa yoʻlingda davom et, mening manzilim shu yerda.

– Hassangiz ogʻir ekan, – dedi Ozod. – Xohlasangiz, uni men koʻtarib yuray?

– Maʼqul soʻz aytding, – dedi suhbatdoshi kulimsirab. – Hassakashim boʻlarkansan-da?

– Sizga hassakash boʻlish sharafdir, Tangrim sizdan rozi boʻlsin deb ayt, – dedi shamol.

Ozod uning aytganlarini takrorladi.

– Unda gapimga quloq sol, – dedi koʻr kishi. – Shamol toʻgʻri aytdi – choʻqqilarga yaqinlashganing sayin darajang ortib boraveradi. Senga soʻzning nima ekanidan behudaga bahs etdimmi? Aytar soʻzing olamni oʻzgartirar darajaga yetsang ham ajab emas. Shuni bilib qoʻy, bolam: tegrangga muboraklik maqomini bera oladigan sifating bor, bu sifat xudoning maxluqlari ichida faqat sengagina ato etilgan. Yoʻlingda nimalarga va kimlarga muborak degan maqom berishingni yaxshilab mushohada qil. Boraqol, bolam, men endi bir oz tin olay.

Shamolning menga aytgan gapini qayerdan bila qoldingiz? – deb soʻradi Ozod.

Bir mahallar elingdan bir odam safarga chiqqanida, qurtu qushlar, oʻtu maysalar “U kelyapti” deb sevinib, muttasil bir-birlariga xabar berib turgan edilar, – javob qildi koʻr kishi. – Chunki hammasi oʻsha kishiga intizor, manzilga sogʻ-omon yetib borishini istashgan edi.

Shunday deb, u qoʻllarini duoga ochdi. Ozod bu kishi duosini tugatgunicha kutib turdi, keyin unga qoʻshilib yuziga fotiha tortdi-da, yoʻlida davom etdi.

 

* * *

Qaydadir oʻsha tanish qush yana “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deb sayray boshladi.

– U kishi bir xoinni tilga oldi, – dedi Ozod. – Qanaqa xiyonat edi u?

– U zot xoinlarning ham turfalarini bilar edi. Lekin hozir eng mudhishidan, yaʼni erkakning erkakka xiyonatidan bahs etdi, – deb javob qildi shamol. – Zotan, oʻsha xiyonat makoniga ham yetib keldik. Men hozir Dilorom ismini aytib esaman, shunda u oʻrnidan qalqadi. Boshqa ismlarni tanimaydi, faqat Diloromni biladi, xolos.

 

Xoin hikoyasi

 

Bu odamning oʻzi koʻrinmas, faqat ovozi kelmoqda edi. Ovozki, dardu iztirobga toʻla edi.

“Bu yerda birov Dilorom ismini tilga oldimi? – demoqda edi u. – U ismni aytgan kim? Undan xabar keltirgan kim?

Toʻxtang! Modomiki ismini tilga oldingiz, demakki, taqdiridan ham xabardorsiz!

Modomiki xabardorsiz, unda menga ham xabarini bersangiz-chi!?

Yer qaʼrida shilimshiq bir nimaga oʻralib-oʻralib yotganimga eʼtibor qilmang. Sakkizoyoq kabi bir nimalar oʻsib chiqqan tanamdan, ular ilonlar kabi oʻrab, oʻzimni tishlab-chaqadilar. Boʻynimda qorayib-qorayib ketgan chandiqlar, ilonlar oʻsha joylardan oʻsib chiqishgan. Bular ham sizni chalgʻitmasin, chunki bari shakldir, mazmun esa yuragimning tub-tubida, bular chaqishining zahri u yergacha yetib borishi mahol.

Kimligimni bilmoqchimisiz? Men Diloromni deb dunyoga kelib, Dilorom tufayli halok boʻlgan bandaman.

Bunda har kim har narsa deydi, men uchun Dilorom… guldan bino boʻlgan xilqat edi. Qoshi qaro gul edi, koʻzi qaro gul edi.

Kulsa, gul yogʻilardi ogʻzidan, yigʻlasa – dur!

Yuzi shoyi atirgulning roʻmoli kabi och pushti edi. Gapirsa, havolar mayin toʻlqinlanib ketguvchi edi.

Qadam bosgan yeridan ham gul unardi, gul!

Bir boqsa, yetar edi menga. Oʻzimni fido qilib, oyoq ostlariga yaslanardim, tuproq boʻlar edim. Istasa, yomgʻir boʻlib yogʻar edim ustlariga… uylariga… koʻchalariga… tuproqlariga…

Netaykim, Diloromning men bilan ishi yoʻq, oʻz magʻrurligiga oʻzi mustagʻriq, boshchasi adl, qomati tik… koʻzchalarida istehzoyu gʻurur! Yonimdan oʻtardi-ketardi, xuddi gʻumayning yoxud yantoqning yonidan oʻtgan kabi.

Eranga fotiha qilinganida men uchun yeru koʻk qorongʻilashgani rost. Yigʻlay-yigʻlay, qoqilib-suqilib oʻngirlarda yurardim, yurgan joylarimning oʻngirlar ekanini ham endi-endi eslamoqdaman.

Togʻlarning toshi darz ketib, yov chiqib kelganida ich-ichimdan yovvoyi quvonch bosh koʻtarib keldi. Sevinchimdan yigʻlab yubordim!

Kular, yigʻlar, yana yigʻlar, yana kular, oʻz sochlarimni oʻzim tortqilab, tirnoqlarimni gʻajib, oʻz holimni oʻzim anglayolmay, iztirob bulutlaridan otilgan gʻussa chaqmoqlari ostida tentirar edim[20].

…bir mahal yovning qir sari oqib kelayotganini koʻrib qoldim.

“Toʻxtang! – deb qichqirdim yovga, jununim ziyoda boʻlib.

Yov toʻxtamadi.

“Ey Nangrimning maxluqlari, soʻzimni tinglang!” deb qichqirdim, ular oqishda davom etaverishdi.

“Ey badbaxtlar! – dedim soʻngra. – Bilaman, siz Diloromni deb kelmoqdasiz!”

Ana shunda hammasi turgan joyida qotdi. Menga koʻk koʻzlarini baqraytirib-baqraytirib qarashdi.

“Soʻzimni tinglang! Men Diloromni sevuvchi bir odamman! – dedim, shu soʻzimdan ich-ichimdan xoʻrligim kelib. – Nima uchun kelayotganingizdan birgina men xabardorman. Ey jaholatning bolalari, anavi qirning ostidan oʻtmang, uchiga qarab yoʻl soling. U yerda Diloromning egasi – Eran bor. Pastdan yoʻl solsangiz, tepangizdan xarsanglar yogʻiladi, oʻtar yoʻllaringiz tamoman berkiladi, agar u yerga chaqmoq tushsa, toshlar erib-bitib, yana bir Iskandar devoriga aylanadi. Tepadan yoʻl soling, u Eran sizning ham, mening ham yoʻlimni toʻsuvchi battoldir!” – dedim hoʻng-hoʻng yigʻlab.

Mana shu xunuk maxluqlar ham holimni tushunishdi, tegmasdan, tepaga qarab oʻrlab ketishdi. Daf qilishganida ham baribir edi – Diloromsiz hayot hayotmidi menga? Yov tepaga oʻrladi, men ortimga qaytdim. Qaytayotganimda ham koʻzimning oʻngida Dilorom, qoshlarini chimirib-chimirib qarab turaverdi…

Qilmishimni Dilorom qaydan bila qoldi? Yov qirning tepasiga – Uchyongʻoq tarafga suron solib ketganidan ikki soat oʻtdi, ikki soatda Eran burda-burda boʻlib ketgandir deymanu ichimda qoʻrquv va titroq… bir mahal qarasam, Dilorom… yuzlari atirgul, qomati tik, qoshlari kamon, koʻzlari yulduz… oʻzi ham yulduzday boʻlib soʻqmoqdan otilib kelmoqda… Dilorom deb qoshida tiz choʻkkanim hamono dilimni oʻrab-chaqib turgan ilonlar zumda erib-yoʻq boʻlib ketdi, yuragimga qoʻshib hayotimni ham baxtu saodat oʻrab oldi. Shu mahal yoʻqlikdan bir arslon chiqib keldi, ulkan panjasi bilan yuzimga bir urdi… miyamda chaqmoq chaqnadi… “Dilorom?!” deya tuproqqa ogʻa boshladim, arslon yana panja urdi… ajabo ogʻriqni ham sezmasdan, suyganimga termilgan koʻyi jonimni Jabborga topshirdim…

“Ey badbaxt, – dedilar menga. – Bir zaifani deb boshqa kishini oʻlimga yoʻllaydimi moʻmin degan?”

Dedim: “Siz nimani ham bilardingiz? Uni deb bitta kishini emas, butun yer yuzining insonlarini ham oʻlimga yoʻllashga rozi edim, dunyoda menu u qolsa yetarli edi”.[21]

Dedilar: “Sen bir qoʻrqoq, ovozingni chiqarishga ham hayiqadigan bola eding… yigit boʻlib koʻksingni kera-kera, togʻday boʻlib, yelday boʻlib yovga qarshi borsayding, shon-sharafga burkanarding, xoin ham boʻlmasding.”

Dedimki: “Men undoq boʻlolmas edim. Yigitni ishq xor qiladi, ishqimdan sizni ustun qoʻya olarmidim? Yuragimdagi Dilorom sevgisi shiddatimni sugʻurib olib, oʻrnini egallagan, osmonda ham, yerda ham, oʻngdayu tushda ham uni koʻrardim, xolos.”

Yana aytdimki: “Shuni bilib oling – mening muhabbatim sizning butun urushlaringizdan ustun turadi. Muhabbat yangi insonlarning dunyoga kelishiga sabab boʻladi, sizning urushlaringiz esa dunyodagi insonlarni oʻldiradi. Muhabbat yaratuvchi, urush – xarob qiluvchidir. Butun dunyo bittagina odamning oʻldirilishiga xiroj boʻla olmaydi.”

Aytdilar: “Afsuski, oʻrnimizdan qalqib, seni jazolay olmaymiz. Yoʻqsa yana-da parchalar, parchalaringga oʻt qoʻyib yoqar, kulingni koʻklarga sovurardikki, zarrang ham qolmasin bu yerlarda!”

Aytdimki: “Oshiqning qismati shu. Men zotan yoqilib, kul boʻlib boʻlganman – sizning jazoingiz uni oldida nima boʻpti?..

 

* * *

– Eng qoʻrqinch adashtiruvchi – inson muhabbat deb ataydigan narsadir, – dedi shamol. – Har kimni rasvoliq ichiga otib-itqitib, xoʻrlikka qorishtirib-oʻzgartirib yuboruvchidir u. Mendan ham kuchliroq shiddat bilan taqdir uzra esib, ruhiyatlarni chirpirak qilib uchirguvchidir. Men dunyoni qanday toʻzonga burkasam, u ham ruhlarni ana shunday tilga kirishga majburlaydi, uning bosimi ostida ingramagan, tilga kirmagan hech narsa yoʻq!

– Dilorom kim oʻzi? – dedi hayratlanib Ozod. – Bunda har kim Diloromdan bahs etadi…

– Oʻzidan soʻra, – deb guvilladi shamol, u nima uchundir bezovtalanmoqda va asabiylashmoqda edi. – Ana u, Dilorom, boshi egik, tosh qotgan haykal u!..

 

Dilorom hikoyasi

 

Mening bu makonimda yomgʻirlar yogʻadi, qorlar muzlaydi. Keyin yana yomgʻirlar yogʻib, muzlar eriydi… shunda kimdir tepamga keladi.

“Oy qizim, bir oz sabr qil. Oz qoldi, bir oz sabr qilsang, Eraning oʻrnidan turadi”, deydi…

“Qara, – deydi, – u uxlayapti. Uygʻotib yuborma, oʻrningdan qimirlama”.

“Ozgina kut… juda oz qoldi… bir qumgʻon suv qaynaguncha sen ham uygʻonasan, egang ham,” deydi.

Shu holimcha turamanu tushlar ham koʻraman, tushunarsiz, maʼnosiga idrok yetishi qiyin, gʻaroyib tushlar.

…Tep-tekis, kimsasiz makonlarda yolgʻiz oʻzim tevarakka moʻltirayman. Kichkina maxluqchalar tegramni yer bagʻirlab oʻrab olishgan. Bari bechora, koʻkimtir koʻzchalarida adoqsiz gʻussayu yolvorish… poyimga yastangan koʻyi muztar-muztar, mungli-mungli, iltijoli-iltijoli termilishadi…

Libosim qoramtir… yon-verimda qora bulutlar quyuqlashadi, oralarida chaqmoqlar yetiladi. Agar shamol essaydi, yashinlar togʻu tosh bagʻrini tilib sanchilardi, bagʻirlaridagi suvni jala qilib yogʻdirardi… Butun bu sassiz makon quturib-yelib esuvchi oʻsha xaloskor shamolga intizorday. Koʻkning bir ufqi ochiq, oʻsha yerda ulkan oy osilib turadi, agar shamol essa, uning mayin yogʻdusini ham sochib-uchirib ketadiganday tuyuladi.

Qimir etgani holim yoʻq, ammo Eranga juda-juda intizorman. Vujudimning har bir zarrasi uni istaydi, intiqlanadi, intiladi. Meni unga, uni menga yaqinlashtiradigan shamolda taqdirim oʻzgarib ketishini, juda uzoq vaqt shu qoramtir makonda turganim mazmun kasb etishini, hayotim yangi va ajoyib maʼnolarga toʻlishini ich-ichimdan sezaman. Sezamanu tevarakni harakatga keltiradigan oʻsha shamolning qanday va qay yoʻsinda qoʻzgʻalishini bilolmayman, bilmasligimdan va nochorligimdan battar iztirob chekaman…

Ey odamlar, yorugʻ dunyoda mening ismim – Dilorom edi. Bir qishloqda yashardim, mehribon otamu mushfiq onamning bagʻrida erkalanib voyaga yetgan, voyaga yetgach esa, xudoyimning hukmiyu paygʻambarimizning qavli ila oʻzim tugʻilib oʻsgan elning Eran degan oʻgʻloniga fotiha qilingan edim.

Oʻsha kezlar har kuni yorugʻ-oydin tushlar koʻrardim.

Kimlardir tepamga kelardi, yuzlarini koʻrolmasdim, chunki hammayoq nurga toʻlib ketgan boʻlardi, koʻzlarim qamashardi. “U shu ayoldan dunyoga keladi” derdilar. “Uning ismi Imon boʻladi. Ikki dunyo xiroji uning oldida bir xaschalik qiymatga ega emas” derdilar. Kosa toʻla sut berardilar, toʻyib-toʻyib ichardim… Keyin oʻzimni Oydinkoʻlning sohilida koʻrar, gullar orasida yotgan boʻlardim. Hatto havoning iliqligini ham sezib turardim…

Koʻchalarda, soʻqmoqlarda yurganimda moʻjizalar yuz beraverardi. Yoʻllarimda uchraganlar tushlarimda yana takrorlanardi: olma yegim kelsa, olmaning oʻzi shoxini egar, baland oʻtlar, changallar men kelayotganimda yoʻl boʻshatishardi. Aynan oʻsha olmani tushimda yana koʻrardim, shoxini eggan daraxt tushimda menga salom berar, oʻtlaru maysalar ham men haqimda shivirlashayotganini eshitardim.

Oʻngda emasu tushda… ana shu yurgan yoʻllarimda ikki yonimda ikki bahaybat arslonning hamroh boʻlib borayotganini ham koʻrardim, har holda, bular mening qoʻriqchilarim edi.

Bir qushcha ham bor edi, tepamga kelib “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deb sayrar edi. Oʻzimcha “oʻchir ovozingni, hayosiz!” deb poʻpisa qilardim. Qayda… pir etib gʻoyib boʻlib ketardi-yu, saldan keyin yana paydo boʻlib, yana behayo sayrashini qoʻymasdi.

Fotiha qilingan kunim yeru koʻkni guldiratib bir sado keldi. Menga aytildiki:

“Ayolning egasi – eridir. Ikkovining egasi – Parvardigordir!”

“Ey ayol! Parvardigoringga qanday boʻysunsang – egangga ana shunday boʻysun!”

“Hamda ikkovingiz ham unga ibodat qilingiz!”

Ha, men Tangrimning muborak bir irodasiga munosib koʻrilgan edim, shu sabab ham hayotim juda yengil, orombaxsh, qisqa tuyulardi. Nazarimda, umrim shiddat ila oʻtadiganday, tez orada Tangrimning jannatlariga ketadiganday edim.

Allohning ismu azamati ila fotiha qilinganim… oqsoqollarimiz roʻmolimni Eranga berganlari kech… ajoyib bir tush koʻrdim. Tush aro tush koʻrayotganimni ham bilib turdim.

Xobimda Oydinkoʻl namoyon boʻldi! Ajabo, u tirik emish, oʻzining koʻlligini ham bilarmish, koʻl ichida suzib yurganmishmanu oʻzimni oy deb xayol qilarmishman. Suvida suzib yurganimdan Oydinkoʻl baxtiyor emish. Jismim oy kabi yogʻdu taratarmish, bu yogʻduda tegramdagi baliqlar kumushday yaltirarmish. Tepadagi oy juda pastga tushgan, qoʻl uzatsa yetguday yaqin emish…

Tevaragimdagi hamma narsa menga intiq, meni sevar, meni izzat qilar ekan. Togʻlarning ortida bir yov bormish, u ham menga intizor emish. Qilmishi odam bolalariga dushmanlik boʻlgan bu jonzotlar oldimga kelganlarida mushukboladay yer bagʻirlab emaklar, muloyimlashib, izlarimni koʻzlariga surtarmishlar.

Ayni tushlarni Eran ham koʻripti. Men Oydinkoʻlda emishmanu oyga aylanib qolganmishman. Osmondagi oy aslida mening aksim emish, tegramdagi kumush baliqlar yogʻdumdan jilolanarmish. Togʻlarning ortidagi yov chiqishga urinayotganmish, hali-zamon zilzila roʻy berarmish… Egam koʻlning sohilida, ikki yonida ikkita arslon, yollarini silab oʻtirganmish…

Bular aslida arslonlar emas edilar. Kimliklarini taxmin qilishga qoʻrqaman.

Bu ishlarning hikmatsiz boʻlmayotganini, yaratgan egam hamma narsani koʻrib-bilib turganini, uning istagisiz hech narsa roʻy bermasligini bilar edim.

…Oʻsha tongda ham bulutlar quyuq edi. Saharlab togʻlar ustida momaqaldiroqlar gumbirladi, chaqmoqlar koʻzni olgudek chaqdi. Tevarakni toʻlqinlantirib shamollar esdi. Bir mahal anavi qushcha yana kelib, boshim uzra aylanib “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deb chirqillab sayrayverdi.

Toʻliqib-toʻliqib sayradi. Ezilib-ezilib sayradi.

Sayramay qoʻyuvding-ku, senga nima boʻldi?

Nimalar deyapsan, yer yutkur?

Nega menga kuyov istayapsan, bexosiyat? Kuyovim bor-ku mening!

Yo nimadir roʻy berdimi! Eranimga bir nima boʻldimi?

Yuragim ich-ichigacha muzlab ketdi!

“Kuyov-kuyov, senga kuyov!” – deb, qushcha pirillab uchdi, ortidan ergashib boraverdim.

Uchyongʻoqda odam qolmagan edi – har yer-har yerda jasadlar koʻzga tashlanardi. Uchyongʻoq ostiga bir kuchuk yaqinlashib kelmoqda edi, toʻsatdan u bir nimadan hurkigan kabi ortiga tisarila boshladi, ancha joygacha shunday surgalib bordi, keyin oʻgirilib, ura qochdi. Pastroqdagi soʻqmoqdan esa egasiz bir ot ketib bormoqda edi, aravasining gʻiyqillagan ovozi shu yergacha kelib turardi.

Qushcha uchdi-uchdi, tepa soʻqmoqda kelayotgan Xoinning choʻzinchoq boshi ustida aylanib chirqillayverdi.

Bu odam anchadan beri meni poylab yurmasmidi? Kaltak yegan itday qarashlaridan, mendan mujda kutayotganini, menda koʻngli borligini sezmasmidim?

Xoin edi-da! Uning xiyonati menga vaʼda qilingan ajoyib dunyolarni buzib-xarob aylaguvchi falokatga ham aylanib ulgurgan edi!

Xiyonatning ham darajalari boʻlarmikin? Omonatga xiyonat ne ekanini bilasiz-ku? Boshqa birovga fotiha qilingan qiz ham omonat emasmi? Bu odam esa yanada mudhishrogʻiga jazm etgan, ajabo, erkak erkakka xiyonat qilmoqda edi!

Eranim oʻldimi? Yovni Eranimga sen roʻpara qildingmi?

Butun bir qishloqda sengina qoldingmi, xudobexabar? Senu mengina qoldikmi?

Xoin yana itday moʻltirab boqdi koʻzlarimga.

“Sensiz dunyo menga harom”, demoq istadi.

“Dunyo sen bilan harom!” – dedim unga.

Ey badbaxt, Eran kim edi, bilasanmi?

Boshimning toji edi, yulib olding-ku?

Sen boshi boyliq qizning kimligini bilasanmi?

Kelajakda boshi boyliq qizning otasi ham, onasi ham, qavmu qarindoshi ham Erani boʻladi. Dunyoyu jahoni boʻladi!

Rizqi ham oʻsha boʻladi – xudoi taolo ayolning rizqini egasidan beradi.

Boshi boyliq qiz otasigayu xojasiga moʻltillab turadi. Shular kulsa, koʻngli yorishadi, shular xoʻmraysa, yuragi zimiston boʻladi.

Sen meni rizqimdan, otamdanu onamdan, qavmu qarindoshimdan, boshimdagi tojimdan, yorugʻligimdanu zimistonim, baxtimdanu jannatimdan ayirding-ku, qirilib oʻlgur!

U qarshimda moʻltillab turaverdi.

“Nima qilay, axir, sevaman-ku?” dedi.

Shu mahal Oydinkoʻl boʻyida koʻrganim oʻsha arslon paydo boʻldi. Ulkan panjasini yoyib Xoinning boshiga bir urdi, baquvvat changallari boʻynining tomirlarini tilib oʻtdi, u miq etmasdan yerga quladi, shundayam koʻzi menda – hanuz oʻsha moʻltirash!

Arslon yana panja urdi, ezgʻilangan hasharotga oʻxshab titrab-tipirchilab qoldi Xoin. Tanasidan ilonlar oʻsib chiqdi, ular Xoinning oʻzini chaqib-tishlay boshlashdi.

“Ana shu yerda sasib-bijgʻib yot!” dedim, soʻng tepaga – Uchyongʻoqqa qarab yoʻl soldim.

Uchyongʻoqda qishlogʻimning oʻspirinlari – rayhon-rayhon, jambil-jambil boʻlib yer tishlab yotar edilar. Bular ham yovga qarshi chiqishgan, ammo zaifliklari bois halok boʻlib ketgan edilar. Yangi uzilgan rayhonning titrashini koʻrganmisiz? Ana shunday – rayhonlarday, jambillarday titrab-titrab jon taslim qilgan edi oʻspirinlar.

Rayhonlarning orasidan, jambillarning orasidan Eranning jasadini izlab topdim – togʻday boʻlib yuztuban yotgan ekan.

Oqsoqollarimiz unga berishgan roʻmol – mening roʻmolim boʻynida edi, terini artaman deb, boʻyniga oʻrabdi uni.

Terlarini artibdi ham – hali izlari qurib ulgurmabdi.

“Ey, turing” dedim – turmadi.

“Ey, men keldim, turing” dedim – yana turmadi.

“Bu nima yotish, – dedim, – Oriyatingiz osmondan ham baland edi-ku, yotaverasizmi? Bu endi nima qiladi demaysizmi, qalqing axir”, – dedim.

“Shunday, tashlab-tashlab ketaverasizmi”, – dedim, yana turmadi.

Shu mahal qir tomondan suron eshitilib, yov kela boshladi.

Shunda aytdimki: “Ey xudoyim! Ey egamning egasi! Belgilagan taqdiring yuz berdi. Kelajakda men uchun qurgan barcha dunyolaring xarob boʻldi. Endi yolgʻiz oʻzim qoldim, bu yoqda esa yov kelmoqda-ku!..”

Bir yomgʻir yogʻardi… bir chaqmoq chaqardiki… yomgʻirning ostida chaqmoqdan titrab-titrab, Tangrim bilan gaplashar edim.

“Men nima qilay endi, ey egamning egasi?” – demoqda edim.

Loylarni sachratib-sachratib, boʻzrayib-boʻzrayib kelmoqda edi yov! Ukalarimni, jiyanlarimni, ogʻalarimni yer tishlatib, men sari tishlarini irjaytirib kelmoqda edi nojins!

“Ey xudoyim, bir nima qilasanmi-yoʻqmi? Yuragimda nomusu oriyatim bor, dilimda imonim bor… Imonimning himoyachisini oʻldirib qoʻyding-ku?”

Yana koʻzni koʻr qilgudek chaqmoq chaqnadi, saldan keyin momaqaldiroq shunday gumburladiki, yeru koʻk uvalanib ketganday boʻldi nazarimda.

…Keyin nima boʻlganini anglayolmadim… birdaniga tevarak sokin boʻlib qoldi. Turay desam, qalqishga majolim yoʻq… egam yotipti qoniga belanib, janozasini oʻqishga bir odam yoʻq… Ana shunday, boshida turaverdim-turaverdim.

Yomgʻirlar yogʻdi, qorlar muzladi, keyin yana yomgʻirlar yogʻdi… muzlar eridi… shunda kimdir tepamga keldi.

“Oy qizim, bir oz sabr qil. Oz qoldi, bir oz sabr qilsang, egang oʻrnidan turadi” dedi…

“Qara, – dedi, – egang uxlayapti, uygʻotib yuborma, oʻrningdan qimirlama”.

“Ozgina kut… juda oz qoldi… bir qumgʻon suv qaynaguncha sen ham uygʻonasan, Eraning ham” dedi.

Shunda qarasam, yov yetib kelibdi, barchasi tegramni mushukbolalar kabi yer bagʻirlab oʻrab olishipti, bari bechora, koʻkimtir koʻzchalarida adoqsiz mungu gʻussa… poyimga yastangan koʻyi muztar-muztar, mungli-mungli, iltijoli-iltijoli termulishmoqda menga…

 

* * *

– Bilasanmi, bir qumgʻon suv qaynaguncha nima boʻladi? – deb soʻradi shamol.

– Yoʻq, – dedi Ozod.

– Qiyomat boʻladi, – dedi shamol. – Qiyomat kim uchundir bir qumgʻon qaynagunchalik vaqtdan soʻng qoyim boʻladi, kim uchundir yana minglab yillar oʻtsa ehtimol.

– U yana oʻsha sirli tushining ichida hozir, – dedi shamol yana. – Har yili shu mahalda oʻzini togʻu toshlardan ham yuksakdagi sassiz makonda koʻradi. Gulbarglari toʻq-kulrang, gulkosalari qoramtir, oyning yorugʻida gulchanglari mayin akslanadi.

Lolami? – deb soʻradi Ozod hayron boʻlib. – Loladan bahs etyapsanmi?

Kimsasiz kengliklarda, sovuq epkinlarda bir oʻzi titrab-titrab turadi, – dedi shamol. – Poyiga turli maxluqlar yaslanadilar.

– U olisda-ku, – dedi Ozod oʻylanib. Soʻng soʻradi: – Sen nega qiyomat kunidan bahs etding? Bularning orasidagi bogʻliqlikni anglayolmadim.

– Qiyomat kunini men qaydan bilay? – dedi shamol. – Koshkiydi, koʻrsam u kunni! Biroq Tangri irodasi bilan tamomila yoʻq boʻlib ketaman.

– Hech narsa yoʻq boʻlmaydi, degan ham sen eding, – deb eʼtiroz bildirdi Ozod.

– Qara, asr vaqti kira boshladi, bu boshqalarga oʻxshamagan bir asr, – dedi shamol. – Borliqning siru asrorlarini ochib yuboradigan xususiyati bor uning. Togʻda ekaningda uning haybatiniyu ulkanligini koʻrolmaysan, uzoqlashsang u butun viqoriyu ulkanligi bilan ufqni toʻsib namoyon boʻladi. Hozir ortingga oʻgirilib bir qara. Kimdir oʻzining tugʻilib oʻsgan elu yurtini, toshu tuproqlarini dilorom deb atadi. Qara-chi, rostdan ham Dilorommikin?

Ozod shamolning aytganini qildi. Darhaqiqat, uzunasiga choʻzilib ketgan qishloq jimit uylari va yashil ekinzorlari bilan bor boʻyicha namoyon boʻlgan, ikki tarafida oqayotgan ikki nahr aro malohat ichra tovlanib, nozlanib-suluvlanib, chiroyli boʻlib koʻrinmoqda edi. Daraxtlar chayqalar, ustida bulutlar suzar edi.

Sening bunchalar yoyilib esishingni bilmagan ekanman, – dedi Ozod. – Demak, bir vaqtning oʻzida ham bu yerda, ham elu yurt ustida ham esmoqdasan. Ayt-chi, boshqa soʻqmoqdan yurganimda nimalar boʻlar edi? Uchyongʻoq boshlangan joyda har tomonga ketgan soʻqmoqlar bor edi-ku?

Jangu jadallar makoniga borar, tamomila boshqa kishilarni va boshqa hodisalarni koʻrar eding, – dedi shamol. – Lekin bu tuproqlar necha yillardirki tinch va osoyishta, u makonlarga oʻzlarining xos kishilari kirgani maʼqul. Yana bir gap aytaymi? Modomiki, tevarakdagi har bir narsa odam qonidan qoʻrqishi haqida gap borayotgan ekan, shuni ham bilib qoʻy, u qonlar allaqachon tuproqqa shimildi, oʻrnida uzumlar oʻsib chiqib, meva soldi… U bogʻlarga kimlardir kelib, ega chiqdilar. Uzumzor egalari oʻz uzumlarining nega qizil ekanidanu nega gurkirab oʻsishidan bexabarlar, ammo choʻltoq, chala-yarim ruhlari oʻz asliga intilishini tushunolmasdan goh xud, gohi behud umr kechiradilar. Goh kibru tugʻyonga ketadilar, goh maluliyat ichida tunlarni tonglarga ulab chiqadilar. Shu hollarida umrlarining, nasllarining davom etishidan, qurimasligidan umidlanadilar. Oʻsha uzumlarni sotib daromad koʻradilar, kibr mevalarining achchigʻini totib koʻrmasdan, oʻzlarini jannat ichra deya xayol qiladilar.

Atrofga jimlik choʻkdi.

– Endi haqiqatni tingla, – dedi shamol, keyin. – Bu koʻrganlaringning barchasi adashishdir! Modomiki Toʻgʻri yoʻl koʻrsatilgan ekan – zero, u juda aniq va ravshan qilib bildirilgan edi, – odam bolasining bir-biri bilan jang qilishiga hayron qolmagan maxluq yoʻq dunyoda. Keluvchi ham toʻzon ilinjida, ketguvchi ham. Bular oddiy yovlar, tuproqning ustidagiyu ostidagi narsalarga ega chiqish uchun kelmoqdalar. Makonlarning haqiqiy egasiniyu haqiqiy yovning kimligini bilganlar juda oz bu yerlarda!

 

Yov hikoyasi

 

Biz togʻu toshlarning ortlarida tentirab yurar edik-ku? Eslash sharofatidan mahrum edik-ku? Nechuk bu hol roʻy berdi?

Bizlar bu yerlarda kimligimizni, nima uchun yaratilganimizni eslolmasdan turamiz. Hamma narsani koʻramiz, anglaymiz, ammo bori bilganlarimizning ibtidosini eslolmaymiz.

Dalayu qirlarga yoyilib yashayotgan odam bolalari bizlarning dushmanimizdir! Ular rohatu farogʻat ichida umr kechirishadi, yeru mulklarni egallashadi, qaldirgʻoch singari loy-choʻp tashib uylar qurishadi, toʻp-toʻp boʻlib kezib yurishadi, behisobu besanogʻu behuda soʻzlar aytishadi. Ana shu aytganlari oʻziga kushanda boʻlib qaytib kelishining timsoli sifat turamiz togʻ oʻngirlarida, tubsiz qorongʻiliklar ichida. Oramizni toʻsib turgan narsa – mana shu togʻ. Bu togʻni odam bolasi Qof togʻi deb ataydi. Shuning choʻqqilarining ust-ustlaridan turib boqamiz ularga.

…Bir kuni bir odam bolasi bir nojoiz soʻz aytadi, u gunohga aylanadi – shunda togʻ darz ketadi. Yana bir soʻz aytadi – darz kengayadi. Keyin esa darz yoriqqa aylanadi. Ana shu yoriq ochilsa bas – orasidan shuvillab oʻtamiz biz. Yer yuziga yoyilib-yoyilib ketamiz, bulardan oʻchimizni olamiz, boʻyinlaridan egib-egib, oʻzimizga bosh egdiramiz.

Yer yuzidagi har maxluqning bir kushandasi bor. Yashnab-boʻy choʻzgan bir daraxt nish urmasidan avval uning tanasini yemiradigan qurt bino boʻlgan. Meva pishsa, uni choʻqiydigan qush allaqachon yaralgan. Bir tosh bino boʻlsa, uni yemiruvchi suv albatta mavjud. Biz esa odam bolasini yemiruvchimiz.

Qachonki bular yoʻllaridan toysalar, qarshimizdagi togʻ uvalana boshlaydi. Ammo mana chiqdik, deganimizda, Tangri taolo yana bir bandasini bino qiladi oralarida. Oʻsha banda tugʻilganida yer yuzi titraydi, zilzila boʻladi, chaqmoqlar chaqadi… Yer yuzida roʻy beradigan zilzilalarning sababini odam bolasi qayerdan ham bilardi? Shu zilzila tufayli togʻ yana qaytadan bitib qoladi.

…Yana kemira boshlaymiz qoyalarni.

Odam bolasi neʼmatlarning saralarini yeydi. Biz esa duch kelgan narsani yeyaveramiz. Odam bolasiga harom-halol degan cheklovlar bor, bizga yoʻq. Odam bolasiga gunoh-savob degan neʼmatlar berilgan, bizda gunoh ham, savob ham yoʻq!

Shu qadar koʻp neʼmat berilganki bularga… qismatimizdan jahllanib-gʻazabga toʻlib kun kechiramiz bizlar.

Bular bizdan shu qadar qoʻrqishadiki! Oʻzlari sodir qilgan narsalardan qoʻrqib-qochib yurishlaridan yanada jahllanamiz!

Shoyad, bir kun yoʻllar ochilsa-yu bularning barini yer tishlatsak… oʻylab-oʻylamay aytgan soʻzlari bois mana shunday haqir qismat ila dunyoga kelganimizdan qahru gʻazabga toʻlib, yana choʻqqilar uzra oʻrlab ketamiz – yana kinu adovat ila boqamiz bularning turish-turmushlariga…

Togʻning narigi tomonida boshqa bir vodiy bor, u yerda ham yer titraydi… nima uchun titrayotganidan odam bolasi yana bexabar, biz esa bilamiz. Tez orada u yerdan yer yuzidagi hech qaysi jonzotga oʻxshamagan, patlari yumshoq, muloyim bir jonzot chiqib keladi. Bu jonzotning chiqishi – qiyomatdan dalolat boʻladi.

Inson bolasi qiyomat nima ekanini bilmaydi, biz bilamiz. Tangri taolo yer yuzida qiyomatdan keyingi shakllarga shu dunyoda ishora berib qoʻygan. Tuproqlarning tublarida oʻrmalagan bir qurtdan odamga nima naf? U kimningdir qiyomatda ana shunday koʻrinishda boʻlishidan darak bermoqda. Tuproqlarning kavaklaridagi koʻzsiz mingoyoq-chi? Dengizlardagi sakkizoyoqlar-chi? Zoʻrgʻa imillab yuruvchi qurtlar, osmonlarda uchuvchi qushlar-chi? Odam bolasining qiyomatdagi darajalarini koʻrsatib turuvchi bu maxluqlar qilar ishlarini qilib boʻlib, yoʻq boʻlib ketadilar. Biz ham yoʻq boʻlib ketamiz. Jannat nasib qilmasligidan jahlimiz chiqib, odamni dushman tutamiz. Bir marta jannatdan mahrum etilgan edi, shoyad yana bir marta mahrum boʻlsa deymiz. Bizni mardud deydilar, asl mardud – odam bolasining oʻzidir. Jannatdan rad etilib ketmadimi u? Ungacha yer yuzida bironta mardud bormidi?

Oralarida mardudlaru murtadlar hanuz bor… boshlarida, tegralarida olov yonib turadi, u olovni biz koʻramiz, odam bolasi koʻrmaydi.

Ana shular ham oqibatini bilib-bilmasdan soʻz aytadilar, aytadilaru kibru havo ichida kerilib-kerilib yuradilar. Avvalu azalda muborak edik, gunohlarimiz afv etiladiyu yana jannatga kiramiz, deb oʻylaydilar.

Betinim… betinim xato qiladilar!

Ular baribiram mukarramdirlar. Sababi – ota-bobolarimiz unutgan bir soʻzni biladilar. Keksalari, erkagu ayollari yangi tugʻilgan chaqaloqlarining qulogʻiga oʻsha soʻzni aytib azon chaqiradilar, yurganlarida ham, turganlarida ham oʻsha soʻzni aytadilar.

Biz oʻsha soʻzni unutib qoʻygan qavmmiz. Hamma soʻzlarniyu ularning maʼnolarini bilamiz, birgina oʻsha soʻz unutilgan, xolos.

Unutish nimaligini siz qaydan ham bilardingiz? Unutish – tamoman yoʻq boʻlishdir. Kimdir u soʻzni aytgani taqdirda ham eslayolmas darajada unutishdir. U soʻzni barcha maʼnolariyu oʻzgarishlari bilan qoʻshib unutishdir. Unutish – yoʻq boʻlishdir.

Ichimizni gʻazab kemiradi… biz esa togʻni kemiramiz.

Qavmimizdan baʼzilar togʻ tepasidan sakrab ham koʻrgan – choʻqqilar shu qadar balandki, yerga yetib bormasdan parcha-parcha boʻlib ketishgan.

.. Bir kuni togʻ qattiqroq titradi, inson bolasi katta bir gunoh qildi, kichkina darz ochildi. Sanoqsiz qavm ana shu yoriqqa oʻzini urdi. Ozgina bir qism tashqariga oʻta oldi, keyin toʻsatdan toshlar koʻchdi-yu pastdagi boshqa qavmdoshlarimizni ham koʻmib, darz yeri yana yopildi.

Yana zilzila boʻldi, togʻ qaytadan bitdi.

Endi umidimiz oʻsha – tashqariga chiqib olgan ozgina qavmdoshlarimizdan.

Ana shu tarz togʻ ortida… qiyomatni kutib, gala-gala turamiz biz…

 

 

Tashqariga chiqib olgan qavm hikoyasi

 

Qismatimizning oʻzgarishi xabarini bizga shamol olib keldi.

Ey jaholatning bolalari, dedi shamol. Taqdiringizni oʻzgartiradigan bir banda dunyoga keldi. Joningiz boricha choping, halok boʻlib ketmasingizdan qoshiga yetib boringu haqqingizga duo qilishingizni soʻrang – uning duosi ila oxiratingiz oʻzgarsa, ne ajab?

Yoʻlingizda bir qancha kishilarni koʻrasiz. Ular – sizni ana shu duo sohibidan toʻsuvchi kimsalar, yaʼni dushmanlaringizdir.

Bilingki, yoʻlingizda har kishi bejiz qarshingizga chiqmaydi.

Oʻngirlardan oʻtganingizda, yoyilib oqayotgan bir oqar suvni koʻrasiz. Suvda toshbaqa suzib bormoqda, uning ustida esa chayon bor. Bularga tegmasdan oʻting, toki chayon albatta oʻz ajali bilan halok boʻlsin.

Yanayam narida tuproq va tosh orasida dengiz chigʻanogʻini koʻrasiz. U dengizlardan va toʻlqinlardan bahs etadi. Uning soʻzlarini tinglamasdan oʻting – u soʻzlar sizga atalgan emas.

Yana narida koʻr bir kishini koʻrasiz – bu odamga ham tegmang. U odam bolasi koʻrolmaydigan narsalarni koʻrgan, nimalarni koʻrganini bilsangiz, yer qaʼrining boshqa maxluqlariga aylanib ketasiz.

Yana ilgarilasangiz, ekinzoridan chiqmay mehnat qilayotgan bir dehqonni koʻrasiz. Uni oʻldirib oʻting – dehqon siz tufayli maqtul maqomiga erishsinu uqubatdan halos boʻlsin.

Undan narida uzumzorlar orasini kezayotgan bir kishini koʻrasiz. Uni ham chavaqlab oʻtib ketavering – u behuda soʻz aytuvchilardan biri. Sizning ayanch qismatingiz ana shundaylar boisdir.

Yana – tinmay tosh-tuproq tashib, bolalariga imorat tiklashga urinayotgan bir kishini koʻrasiz. Undan keyin esa yelkalari ilma-teshik boʻlib ketgan bahaybat bir odamni, undan narida tandirga oʻt yoqayotgan ayolni ham koʻrasiz.

Bularning bari yoʻlingizda uchraydigan ishoralardir, shularni koʻrganingizdan soʻnggina xaloskoringizga yetishasiz.

Yoʻlingizning boshida ikki kishi paydo boʻladi. Bular sizning yordamchilaringiz, ular sizni asosiy dushmaningizga olib boradilar. Ikkisi ham xaloskoringizning ismini aytib chaqiradilar. Birining ismi – Mardud, butun olamni rad etgan jon egasidir, u albatta halokatga mahkumdir. Ikkinchisi – Xoin, oʻzining tugʻyonlariga oʻzi gʻarq boʻlgan kishidir. Zotan gʻarq boʻlgandir, uning oʻlimi sizning ixtiyoringizda emas. Haqiqiy dushmaningiz – erandir, uning arslonlari ham bor. U eran sizning xaloskoringiz bilan Tangrining ismi aʼzami aytilib fotiha qilingandir. Butun qavmingizni birgina soʻzi bilan yakson qilar quvvatga ega bir farzand shulardan dunyoga kelishi iroda qilindi.

Ilk boshda shulardan oʻtib olsangiz, inoyat nasib qilsa ehtimol.

Shunda, agar qismatingizda boʻlsa – xaloskoringizga yetishasiz. Uning qarshisida hamma narsa taʼzim qilib-egilib turadi. Siz uni ilk koʻrishdayoq tanib olasiz: ismi Diloromdir, sharafliligi – dunyoga keltiradigan farzandi boisidandir. Oʻsha farzand bois sizga marhamat koʻrsatishi mumkin, fursat shudir. Tugʻilajak farzanddan esa marhamat kutmang – uning taqdiriga egalik bitilgandir. Dunyoning egasi kimligini yoʻllaringizni toʻsgan Iskandar timsolidan bilasiz.

Nihoyat, yetib borsangiz – uzoqlardan turib yer bagʻriga yaslaning, qoshiga emaklab, taʼzim qilib surilib boring. Aytgan soʻzini Tangri tinglaydigan ayol – oʻshadir. Haqqingizga bir soʻz aytsa, zilzila roʻy beradi, bulutlar surilib kelib, chaqmoqlar chaqnaydi, butun qavmingizning taqdiri oʻzgarib ketadi.

Haqqingizga duo aylasa… balki qizgʻaldoqlarga aylanib ketarsiz? Rangingiz toʻq, qulrang-qoramtir, baxmal kabi tovlanuvchi, kimsasiz kengliklarda yolgʻiz-yolgʻiz oʻsuvchi chechaklarga? Taqdiringiz ham oʻzgarar – sizga yetishgan va mohiyatingizni anglagan kishilarga baxtu saodat keltirish uchun xizmat qila boshlarsiz?

Va shunda, balki – yaratilishingizdanu hayotingizdan tamomila rozi boʻlarsiz?

Mabodo bu orada ajalingiz yetsa, – zotan yetganini darhol anglaysiz, “Tangrim sendan rozi boʻlsin”, deb nido qiling, bilsangiz, bu siz uchun yaxshidir.

Tangrim hammamizdan rozi boʻlsin!”

 

* * *

Aytilgan soʻzlar allaqachon moddiylashib boʻldi, shakl yasadi, tevarakni oʻzgartirib, aytuvchi hayotining mohiyatini belgilab berdi, deganingning maʼnosi shu ekan-da? – dedi Ozod oʻylanib. – Soʻzning shunchalar xatarli ekaniniyu maʼnolarning ajali qay tarz yuz koʻrsatishini hech tasavvur qilmagan ekanman.

Hoy bola, – dedi shamol, dagʻdagʻa bilan. – Ajalning nima ekaniga farosating yetmasdan, undan bahs etishga qanday jurʼat etding? Bilib qoʻy, u yoʻq qiluvchi emas, balki oʻzgartiruvchidir. U ham Tangrimning bir maxluqidir, ming turli qiyofasi bor, darajayu maqomlarni, mazmunlaru shakllarni oʻzgartiruvchi yaratiqlarining biridir. Mevani uzib olishing uning ajalimi? U holda meva halok boʻlmadi, balki rizqqa aylandi. Shirin yoki achchiqligi, rangi va taʼmi uning mazmunidir. Aslida sen bir mevasan, ammo mazmuning nima? Achchiqmisan, shirinmisan, shifomisan, zaharmisan? Men yanada chuqurroq misollarni aytgan boʻlardim, ammo hali yosh ekaning bois ularni anglab yetolmaysan. Ajalning hikmati ham shu sababdan sendan yiroqdir. Qara, quyosh ufqqa ogʻib bormoqda, soyalar uzayib, bulutlarning osti qizarib, asr vaqti kirib kelmoqda.

 

Asr vaqtining hikoyasi

 

Sen aytgan asr vaqti kirdi, – dedi Ozod. – Uchyongʻoqdagi tovushlar va saslar tobora pasayib-pasayib, axiyri eshitilmay qoldi.

– Asr vaqti nima ekanini sen qaydan bilarding? – dedi shamol. – Bu vaqtda har narsaning ovozi oʻchib ketadi, hatto taqdir qalami ham yozishdan toʻxtaydi.

Shamol endi kuchliroq gʻuvillamoqda edi.

– Shiddatingning boisi nima? – deb soʻradi Ozod.

– Uch men bilan eng yuksaklarga, bulutlaru chaqmoqlardan ham tepaga, azaliy toza makonlarga! – deb haybatlandi shamol. – Yer yuzining haqiqatlarini koʻrib boʻlding, endi osmon haqiqatlarini koʻr!

– Bu koʻrganlarim haqiqat emasmidi? – deb soʻradi Ozod.

– Bularning bari yuza haqiqatlar, – dedi shamol. – Sen hanuz hodisalarning tashqi qatlamini koʻrmoqdasan, xolos.

– Gaping balki toʻgʻridir, – dedi Ozod. – Biroq sonsiz-sanoqsiz kishilar shu qatlam uzra yashab-umr kechirib, oʻtib ketmoqdalar.

Shamol javob berdi:

– Men bir odamni koʻrganman. U chuqur tubida edi, chuqurda chayonlar va ilonlar bor boʻlib, azob berishar edi. Bir necha yildan buyon mana shu uqubat ichida qiynalardi. Bir kuni kimlardir kelib, uni chuqurdan chiqardilar, mayin maysalar ungan, koʻm-koʻk suvlar sharqirab oqqan joyga oldilar.

– Bu ramzni tushundim, – dedi Ozod. – Men yanada chuqurroq qatlamni koʻrmoqchiman.

– Rumuz shunday narsaki, u ketganlar uchun emas, dunyoda qolganlar uchun rumuzdir, – dedi shamol. – Ketganlar uchun asl narsa boshqa, sen yana xato qilding.

– Xatoim nimada? – dedi Ozod.

– Rumuzning ostida hikmat bor, – deb javob berdi shamol. – Sen oʻsha hikmatning ham tubiga boq. Fitratingning pardalari ostidagi yana bir parda ochilsa, tamomila boshqa hodisalarni koʻra boshlaysan. Senga qon haqida gapirganim esingdami? Aytgan edimki, u qon allaqachon yerga shimilib boʻldi, oʻrnidan uzum oʻsib chiqib, qizil meva soldi. Yaʼni, qon meva boʻldi, meva yerga toʻkildi, keyin yana tuproqqa qoʻshildi, undan boshqa meva unib chiqdi, tushunyapsanmi? Yaratilishingga boqsang-chi!

– Yaratilishimni bilaman, – dedi Ozod. – Men birgina soʻz bilan dunyoga kelganman.

– Sen u soʻzni dunyoga kelmasingdan avval ham bilarding, ammo unutgan eding, – dedi shamol.

– Al-misoqni nazarda tutyapsanmi? Unda bilib qoʻy, – dedi Ozod, ishonch bilan. – Men misoqdan avval ham bor edim. Dengizning tubida, bir chigʻanoqning ichidagi gavhar edim.

 

Dengiz tubidagi chigʻanoqning hikoyasi

 

Mana oʻsha chigʻanoq, – dedi shamol. – Unga quloq tutsang, dengiz suvlarining shovullashini eshitasan.

– Bu yerda dengiz nima qilsin? – dedi Ozod. – Toshloq joyga qayerdan keldi chigʻanoq?

– Dunyoga kelganing kechagina edi, nimaniyam bilarding? – dedi shamol. – Bir mahallar butun yer yuzini suv bosgan edi, oʻshanda men necha kunlab toʻlqinlar uzra esganman. Hech qayerda quruqlik nishonasi yoʻq, butun dunyo faqat suvdan iborat edi. Mana shu yerlarda ham osmon baravar suv bor edi, xolos. Ol chigʻanoqni, qulogʻingga tut, shoyad u ham biror soʻz aytsa.

Ozod chigʻanoqni oldi.

Uchi ingichkalashib borgan, halqa-halqa boʻlib birlashgan sariq-oq hoshiyalari bor bu chigʻanoqning ichi boʻm-boʻsh edi.

– Bir kuni uning ichiga bitta qum zarrasi tushib qoldi, – dedi shamol. – U mahal chigʻanoq tirik edi. Qum zarrasi jonini qiynadi, chigʻanoq yigʻlay boshladi. Tomchilar zarra atrofini oʻrab qotdi. Shu tariqa zarra atrofida dur hosil boʻldi. Chigʻanoqning joni tinchidi. Lekin ichida nima borligidanu nima yuz berganidan oʻzi bexabar edi. Olamdagi barcha dengiz va konlarda nimaiki bor boʻlsa, yuzlab oʻshancha narsalar mana shu chigʻanoq ichida mavjuddir. Uning maʼnolar dengizidagi durlari xuddi kechasi jilva qilayotgan yulduzlarga oʻxshaydi. Yoqutlar esa kechki paytdagi shafaqqa, balki tong paytida endi yoyilib kelayotgan quyosh nurlariga monand. Ularni sen duru gavhar dema, balki hodisalar toshi degin, bu toshlardan zaifu notavonlarning boshi yorilgusidur.[22] Quloq sol unga, oʻzing eshit!

Ozod quloq tutdi. Chigʻanoqning dengiz shovqini orasidan shunday sas kelmoqda edi:

Boʻldum fano men tufrogʻ ichinda,

Bir dona erdim, ming dona boʻldum.

 

Bir qatra erdim, choʻmdim dengizga,

Kirdim sadafga, durdona boʻldim…[23]

 

Qani dengiz? – deb soʻradi shamol.

– Bilmadim, men dengizni koʻrmayapman, – deb javob berdi Ozod.

– Dengizday toʻlqinlangan, bir tomonga suron solib oqib borayotgan izdihomni-chi? – dedi shamol. – U dengizning ichidagi bitta dur – shu. Istasang, boshqalarini ham topasan. Hatto shular ham sening taqdiringdan xabardorlar.

Bir ozdan soʻng tippa-tik turgan bir kishi koʻrindi. U qoʻl qovushtirgancha qolgan, peshanasini tirishtirib nimanidir zoʻr berib oʻylamoqda edi.

– Endi bu kishining holini koʻr, – dedi shamol. – Bu bilimli bir odam edi. Tangri taolodan oʻlimi yaqinlashganini bildirishini soʻrab, iltijo qilardi. Bir kuni umrining soʻnggi kelganini Tangri unga sezdirdi. Shunda u safar oldidan vido namozini oʻqishni ixtiyor qildi.

 

Coʻzini unutgan kishi haqida hikoya

 

Bu – shu kishining oxirgi ibodati, – dedi u. – Oʻlim oldidan ikki rakaat vido namozini oʻqishni niyat qildi, azon va takbirini aytdi, qoʻl qovushtirib, ibodatini boshladi-yu sanoni unutib qoʻydi. Shu holda turibdi, lekin harchand urinsa ham sanoning soʻzlarini eslay olmayapti.

– Bu kim? – dedi Ozod.

– Soʻzini unutgan kishi, – dedi shamol. – Ketar chogʻda aytar soʻzini esdan chiqargan odamning holi qanaqa boʻlishini bilasanmi? Qara, qattiq uringanidan peshanasi tirishib ketipti. Shu holida u juda ham baxtsizdir.

– Eslay olarmikin? – dedi Ozod.

Shamol javob bermadi.

 

Toshkesar hikoyasi

 

Yana bir odamni koʻrdilar, u toshlarni kesib, uy qurmoqda edi.

– Bu toshkesar dunyodan orom va farogʻat izlagan edi, – dedi shamol. – Bir kuni yoʻlda ketayotib, dehqonning hosil toʻplayotganini koʻrib qoldi. Kechasiyu kunduzi bolgʻa urib, choʻkich tiqirlatib tosh kesganim-kesgan, hayotim faqat mashaqqat ichida oʻtyapti, deb oʻyladi u. Dehqon esa turli-tuman, moʻl-koʻl hosil olibdi, endi maza qilib yanagi bahorgacha orom olib oʻtiradi. Qaniydi dehqon boʻlib qolsaydim! Ittifoqo, toʻsatdan dehqonga aylandi. Ekinzorida qovun-tarvuz, bugʻdoy-arpa moʻl-koʻl yetilgan edi, barini toʻplab, gʻamlab oldi-da, rohat-farogʻatda yashay boshladi. Bir kuni yana yoʻlda ketayotgan edi, uzumzor egasining uyiga koʻzi tushdi. Imorat muhtasham, ichkarida hurmatli kishilar chaqchaqlashib oʻtirar edilar. Haqiqatan ham, tinmay mehnat bilan ovoraman, deb oʻyladi u. Uzumlarga qaramasang ham oʻzi hosil beraveradi. Qaniydi uzumzor egasi boʻlsam! Shu tariqa uzumzorlar egasiga aylandi. Uzumlar behisob meva tugar, kishilar kelib koʻtarasiga savdo qilib, oʻzlari uzib-toʻplab ketaverar edilar. Toshkesar yanada rohat-farogʻatda yashay boshladi. Bir kuni yomgʻir yogʻib sel keldi-da, uzumzorlarini yakson qilib, uylarini buzib oʻtib ketdi. Uzumzor egasida ham halovat yoʻq ekan-ku, dedi toshkesar. Undan koʻra sel boʻlib qolganim yaxshi emasmi? Va selga aylanib, quturib shiddat ila ketdi. Oqa-oqa bir joyga yetganida qarshisidan katta qoyatosh chiqdi, qancha urinmasin, uni qoʻzgʻatishga kuchi yetmadi. Mana haqiqiy halovat egasi, dedi toshkesar. Qaniydi qoyatosh boʻlsam… Va u qoyatoshga aylandi. Haqiqatan ham metin-mustahkam qoyatoshga hech nima taʼsir qilmas edi, u haqiqiy oromga endi yetishganini his qildi-da, chuqur uyquga ketdi. Bir mahal poyida nimadir roʻy berayotganini sezdi. Sirtqi qobigʻini kimdir tiqirlatmoqda, nimadir oʻzgarmoqda edi. U pastga qarab, tubida qoʻlida bolgʻasiyu choʻkichi bilan qoyatoshni kesayotgan boshqa bir toshkesarni koʻrdi…

– Mana, hozir bolalarim rohatda yashasin, deya toshdan imorat tiklamoqda, – dedi shamol. – Fikri-zikri shu ishida, shu bois vaqti juda kam, soʻz qotishga imkoni yoʻq. Yumushi juda koʻp, umrining shomi yaqinlashganini bilgani bois, ulguramanmi-yoʻqmi, degan hadik bilan kechalari ham ishida davom etadi. Bir kuni oxirgi toshni ham qoʻyib, peshanasidagi terini artaman deb boshini koʻtaradi-yu atrofida hech narsa yoʻqligini koʻradi. Hamma yoq tep-tekis, osmonda quyosh soʻnggi bor yotogʻiga bosh qoʻyayotgan, yulduzlar soʻng bor miltirayotgan, Oy soʻng bora toʻlishgan mahal. Hali zamon zilzila roʻy beradi-yu qurgan imorati yer bilan yakson boʻladi. Oʻsha mahalda nariroqda toʻkilib ketay, deb turgan ilma-teshik bir kulbani koʻradi. Kulba atrofida turli-tuman bahaybat hasharotlar qatorida yuzlari qora, koʻzlari koʻk, tanasi xol-xol maxluqlar bir nimani kutganday aylanib yuradilar. “Qani mening imoratim? Bu kulba qaydan keldi?”, – deydi u hayron boʻlib. “Umring boʻyi qurgan imorating asli shu, – deyiladi unga. – Anavi maxluqlar esa – sening behudaga aytgan soʻzlaring, seni dunyoda chalgʻitgan istagu xohishlaring, yaʼni sening yovlaringdir!” Maxluqlar yer ostidan chiqib kela boshlashadi, ular shu qadar koʻpki, sal oʻtmay ufqqa qadar enlab ketadi. “Ayt! – deyiladi unga rahm qilinib. – Gʻorat boʻlib ketmasingdan oʻz soʻzingni ayt! Hozir qiyomat roʻy beradi, yer yuzidagi soʻz ayta oladigan oxirgi odam sensan!”

– U ham hozir ne deyarini bilmasdan turibdi, – dedi shamol. – Bu vahshat sabab, bilgan soʻzlarining hammasi esidan chiqib ketgan.

 

 

Buvi hikoyasi

 

Nariroqdagi bir kulba ichida bir kampir yerda sochilib yotgan tasbeh donalarini terish bilan band edi. Uning koʻzlari allaqachon nursizlangan, barmoqlari qaltiray-qaltiray, sadaf donalarni toʻplab boʻlgan, endi qiynala-qiynala ipga tizmoqda edi.

Bu zot, har kuni sahardan shomga qadar bolalarini uzundan-uzoq duo qilar edi, – dedi shamol. – Yomgʻirlar, qorlar, doʻllar yogʻar, boʻronlar esar, u esa mana shu mashgʻulotini hech kanda qilmasdi. Aytgan soʻzlari hodisalarga aylanib yer yuziga qaytar, goh arslonga aylanib bolalarini qoʻriqlasa, goh shabadaga aylanib zuryodining yuzlarini siypalar edi. Bir kuni vaqt-soat yetdi, Qobiz deb atalmish ajal farishtasi jonini olishga keldi. Bu mahalda kampir barchaning haqqiga duo qilib boʻlgan va tasbeh oʻgira boshlagan edi. Qobiz bir qanot urdi, shunda tasbehning ipi uzilib, donalari sochilib ketdi. Kampir bundan iztirobga tushdi, paypaslanib donalarni izlay boshladi, shunda Qobiz sezdirmasdan jonini oldi, kampir nima yuz berganini hatto sezmay ham qoldi.

Bu buvim-ku? – dedi Ozod, seskanib, keyin ovozi titragan koʻyi chaqirdi: – Buvijon?

Ovozingni eshitmaydi, – dedi shamol. – Necha yildirki, mana shu holatda – tasbeh donalari bilan andarmon. Qachonki, – deb birdan yana shiddat urdi shamol, – soʻnggi tasbeh donasini ham ipga oʻtkazib, koʻngli tinchib, ilk hamd kalimasini aytgani on qiyomat roʻy beradi.

 

Onaning soʻng aksi

 

Yanayam narida bir ayolni koʻrdilar, u tandirga tinmay oʻt yoqar, olov kuchaygandan kuchayar, tandir ichi qip-qizil langʻillagan choʻgʻ boʻlib, choʻgʻlardan biri ayolning koʻylagiga ilashgan, hozir u tutamoqda edi. Tevarak esa gulu gulzor, daraxtlar shigʻil meva tukkan, uzoqlarda oltindan bir qasr yaraqlar, anvoyi maysalar oʻsgan tuproq orasida durlar yaltirar edi.

– Bu ayol esa qiyomat yaqinlashayotganini bildi, – dedi shamol. – Lekin, mahshar boshlanmasidan oldin non yopay, bolalarim och qolishmasin, degan oʻyda tandirga olov qaladi. U yoqqan olov oddiy emas, kimni kuydirishini biladi, ayolni endi hech qachon kuydirmaydi!

– Uning soʻzlari qani? – dedi Ozod.

– Bogʻni koʻrmayapsanmi? – dedi shamol. – Bolasini erkalab aytgan hamma soʻzlaridan mana shu bogʻ yaratildi. Tuproq orasidagi durlar uning bolasining kuydirishlaridan toʻkkan koʻz yoshlaridir. Bogʻ ichidagi qasr esa, xoʻjasi yetkazgan ozorlarga qilgan sabri tufayli bino boʻldi, – birdaniga shamol yana kuchliroq shiddat urdi: – Bilib qoʻy, soʻzlar aytildi, shakl oldi, osmon toqiga yetib borib, qismatga aylandi va yer yuziga qaytdi. Endi bu qismat hech qachon oʻzgarmaydi!

 

Otaning soʻng aksi

 

Yanayam narida bahaybat bir kishini koʻrdilar. Yomgʻirlar, doʻllar, qorlar yogʻar… yelkasi doʻlu muzlardan ilma-teshik boʻlib ketgan, turli vahshiy hayvonlar oyoq-qoʻllarini tishlar, u shu tarz bukchayib, yerdagi bugʻdoylarni toʻplab olmoqqa tirishar edi.

– Bu odamning bolalari bamaylixotir oʻynab yurishibdi, ayoli har kungi yumushi bilan ovora, – dedi shamol. – Qara, oila tinch, bexavotir. Bu ulkan zot, oʻzi ilma-teshik boʻlib ketganiga qaramay, bolam-chaqam, oilam deb shu qismatga bardosh bermoqda.

– Uning soʻzi qayerda? – deb soʻradi Ozod.

– U oʻz soʻzini aytib boʻlgan, – dedi shamol. – Lekin bolalari aytmaguncha hosilasini koʻrolmaydi. Otaning oromi uchun bolalari va ayoli oʻz soʻzlarini aytishlari kerak.

Otam-ku… – dedi shivirlab Ozod. – Ey shafqatsiz! Axir, otam-ku bu?

– Endi otaning kimligini bildingmi? – deb guvilladi shamol. – Ey odam bolasi, onaning qanday zot ekanini angladingmi?

– Men bu zuhurotlardan qoʻrqyapman, aʼzoyi badanim titrayapti, – dedi Ozod. – Uyga qaytib, toʻshaklarga oʻranib yotgim kelyapti.

– U holda yeru koʻklarni titratib, “Ey, toʻshaklariga oʻranib olgan odam”, degan sado kelishidan qoʻrqmaysanmi, nodon? – deb hayqirdi shamol.

 

Magʻribiy

 

Qishloqdan oʻngirlar tomonga bukik gavdali, choʻtir yuzli, chiroq koʻtarib olgan bir kishi ketib bormoqda edi.

Buni Magʻribiy deydilar, – dedi shamol. – Endi oʻz makoniga qaytib ketmoqda. U juda keksa, ammo yana minglab yillar yashasa ehtimol.

Nima uchun yorugʻ kunda ham chiroq tutib ketmoqda, olimlardanmi? – deb soʻradi Ozod.

Koshkiydi, kunduzi chiroq tutib aqllarni yoritishga urinuvchi olim boʻlsa! – dedi shamol. – Qoʻlidagi chiroqqa boq, u – sehrli. Bu chiroq endi Magʻribiyga bemisl kuch va qudrat taqdim etadi, u – ilm tilsimlarining chirogʻi.

Magʻribiyning qoʻlidagi chiroqni bilar eding-ku? – dedi shamol. – Uning tilsimi ota-bobolaringga ochilgan edi. Ularning barini Magʻribiy olib ketmoqda. Bu chiroq avvalgi asrlarda orangizdan bir zoti ulugʻ bobongga nasib etdi, mana shu chiroq nuri tufayli yeru koʻklarni fazodan koʻrdi va aytdiki, Tangrimning yaratgan makoni naqadar ulkan ekan, lekin bahri muhit ortida yana bir quruqlik borligini tafakkur koʻzi bilan koʻrdim[24]. Boshqa biri esa, fazodagi yulduzlar oʻz sirlarini ochganlaridan xabar berdi[25]. Yana biri Tangri bergan kasalliklarning tilini bildirishini soʻragan edi, uning qoshida har bir xastalik oʻzining yaratilishidan va ajalidan bahs eta boshladi[26], u ajalni esa odam bolasi shifo deb atadi. Ana shu sirli chiroq qadimdan beri shu yerda edi, avval ham aytganimday, sen tarix va kelajakning bir yerda yotganini koʻrmoqdasan. Magʻribiyning kim ekanini bildingmi?

Men u rivoyatlarni hayotda boʻlmagan voqealar deb yurardim, – dedi Ozod.

Unda Zahhok ham boʻlmaganmi? Paxlavonlaru devlar mayda-chuyda bolalarning xarxashalarini chalgʻitish uchun oʻylab topilgan narsalarmidi? Aqlu shuuri yetuk kishilar behudaga ularning maʼnolariga umrlarini sarflaganmidilar? Chiltanlar, Gʻavsul-Gʻiyos ertakmidi? Bilib qoʻy, ularning kimligini payqaganlar bor orangizda. Magʻribiy hikoyatida sen eʼtibor bermagan bir jihat bor. Rivoyatda sen bilan tengdosh bolakaydan bahs etilmaganmidi? Magʻribiy sirli chiroqni hiyla bilan olib ketganida, bolakayning barmogʻida sehrli uzuk qolib ketgan edi-ku? Bular juda qadimiy maʼnolardir, Magʻribiy unutib qoldirgan uzuk kelajakda ne hodisalarni bunyodga keltirishini hali hech kim bilmaydi!

Men hozir qayerdaman? – deb soʻradi Ozod.

Sen bilgan yerlar ortda qolib ketdi! Qarshingda tuz choʻlini koʻrmoqdasan, lekin sogʻ-omon oʻtishingga koʻzim yetmaydi.

 

UCHINCHI AKS

 

Tuz choʻli

 

Bu choʻlni bilaman, – dedi Ozod, qarshisida bino boʻlgan yaydoq, kimsasiz choʻlga tikilib. – Nega qumlari oqish, toʻzonli? Nega oʻt-oʻlan oʻsmaydi?

Agar odamlar uning xususiyatini bilsalar, kelib shu tuzlarga oʻzlarini koʻmib shifo istagan boʻlur edilar, – dedi shamol.

Bu qum emasmi? – dedi Ozod.

Yoʻq, qum emas, – dedi shamol. – Tuz bu!

Ozod ortiga qaradi – ortda Uchyongʻoq, uning ortida esa qadrdon qishlogʻi qolib ketgan edi. Oldda esa, uzoq-uzoqlarda qoramtir bir nima tekis koʻkka boʻy choʻzgan, uning ortidan boshqa qoyalarning uchlari boʻy koʻrsatib turar, choʻqqilarning oq qorlariyu koʻkimtir muzlari quyoshda yarqirardi.

Ozod yonginasidagi saksovulning shoxini ushlab koʻrdi – shox ilvirab turgan ekan, tuyqusdan ushlangan joyidan qirs etib uvalanib ketdi. Ozod uning ham allaqachon tuz boʻlib qotganini koʻrdi.

Saksovul-ku? – dedi hayron boʻlib. – Lekin shakli qolibdi, xolos, oʻzi esa boshqa narsaga aylanib ketibdi.

Toʻgʻri aytasan, – dedi shamol. – Neki bor – hammasini yemirib, oʻziga qoʻshib oladi bu tuz. Unga na tosh, na oʻt-oʻlan, na tirik jon bardosh bera oladi. Shu bois, bu tevarakda na giyoh bor, na jonzot.

Lekin sen narsalarning maʼnolaridan gapirding, – deb eʼtiroz bildirdi Ozod. – Men bu choʻlda maʼno koʻrmayapman.

Tangri taolo uni bejizga yaratdi deysanmi? – dedi shamol. – Aslida, bu tuzning mengagina kuchi yetmaydi, xolos. Tepasidan mengina yelib oʻta olaman. Xudoning boshqa barcha maxluqlarini yamlab-yutib yuboradi. Unga qorishib ketganlar oʻz borliqlarini yoʻqotsalar-da, jonlari tuzlar aro hilvirab-ozorlanib turaveradi.

Men bu choʻlga maʼno berishdan ojizman, – dedi Ozod. – Lekin, modomiki bundan oʻtish lozim ekan – bilib qoʻy, albatta oʻtaman.

Shunday deb Ozod oldinga bir qadam qadam qoʻygani on, tizzasigacha qumga botib ketdi.

Yana bir qadam qoʻysam, halok boʻlaman-ku? – dedi hayron boʻlib.

Boshqa yoʻl yoʻq, – dedi shamol. – Bilib qoʻy, bu oddiy qum emas!

Naryogʻi qattiqroq boʻlsaydi degan ilinjda yana bir qadam bosgan edi, endi beligacha botdi.

Yordam bersang-chi, – dedi Ozod. – Yoʻqsa, bu alfozda rostdan ham halok boʻlaman.

Men bor-yoʻgʻi ojiz bir shamolman, – dedi hamrohi. – Baxting chopmasayu bu changaldan chiqolmasang, u holda alvido deyishdan boshqa choram yoʻq. Lekin quloq solsang, balki tuz orasidan ham bir sado eshitarsan?

Tuzlarning orasidan ham oʻsha Ozodga tanish oʻsha sado kelmoqda.

 

Hech oqil oʻzini ahli kasofat aylamas,

Bu giyohi talxni hech kim ziroat aylamas,

Kim padarozordur, Ahmad shafoat aylamas,

Bandai moʻmin amonatga xiyonat aylamas,

To otang rozi emas, tavbang qabul boʻlmas sani…

 

Men bu hikmatni bilaman, – dedi hayron qolib Ozod.

Bu gal shamol javob bermadi. Tuzlar toʻzoni orasida hanuz oʻsha sas havolanar edi:

 

Munda kelding, kulli donishlarni xotirdan unut,

Koʻzni yoshi birla har soat tegirmonlar yurut,

Bogʻi hirsingni muhabbat otashi birla qurut,

Bandai sobitqadam boʻlsang padar amrini tut,

To otang rozi emas, tavbang qabul boʻlmas sani.[27]

 

Tuz odam

 

Shu mahal tuzlar orasidan birov bosh koʻtardi, ortidan boshqalari ham qalqdilar.

Qayt ortingga! Qayt ortingga! – deb shivirlardi ular. Har tarafga tuz sochilmoqda edi. – Bizning holimizni koʻrganing bas emasmi? Kirma bu malomat diyoriga, qayt ortingga – ota-onangning qoshiga, xorlik qanotingni past tut, koʻzingning kosasini oyoq ostlariga poyondoz qil! Otaning kimligini sen qayerdan ham bilarding? Onaning kimligini qayerdan ham bilarding?

Malomat diyori? – hayron boʻldi Ozod. – Kimlar bular?

Ota-onalarini ranjitgan, qarindosh-urugʻlik rishtalarini uzgan, hech kimga nafi tegmay oʻtgan kishilardir, – deb javob qildi shamol. – Bu yerda oʻzlarini-oʻzlari malomat qilib yotishgani uchun ham malomat diyori demoqdalar.

Ozod tipirchilab, qum kishanidan chiqishga urinar, ajabki, harakat qilgani sayin tobora botib borardi.

Men qoʻrqyapman, – dedi Ozod. – Qanday qilib chiqaman bu kishandan?

Imdod senga koʻklardan yetmoqda, – dedi shamol. – Qara, qushlar uchib kelishmoqda.

Ozod boshini koʻtarib, koʻkni bulut kabi enlab uchib kelayotgan sanoqsiz qushlarni koʻrdi.

Hayal oʻtmay ular yetib kelib, pastlab aylanib ucha boshlashdi. Har birining tumshugʻida bittadan kichkina tosh bor edi, qushlar toshlarni Ozod turgan joyga tashlab oʻtar va yana koʻkka parvoz etardilar. Sal oʻtmay, Ozodning tevaragi mayda toshlar bilan toʻldi, Ozod toshchalar uzra koʻksini berib yotib oldi, tuz qumining yutishi toʻxtadi.

Nima sinoat roʻy berdi? – deb soʻradi u. – Nega bu qushlar tosh tashib keldilar?

Anglamadingmi? – deb gʻuvilladi shamol. – Rayhonlar orasiga dasturxon qoqqanlaringni, non uvoqlarini qurtu qushlar yeb ketsin deb duo qilgan kezlaringni eslamadingmi?

Oʻsha qushlarmi? – hayron boʻldi Ozod.

Oʻsha uvoqlardan rizqlangan qushlar! – deb javob berdi shamol. – Ularning har biri tosh tashlaganida, “Sendan Alloh rozi boʻlsin”, deb samoga koʻtarildi. Buni hamma eshitdi, birgina sen eshitmading, xolos.

Ulardan ham Tangrim rozi boʻlsin, – dedi Ozod, mutaassir boʻlib. – Lekin qum ustiga chiqib olganimdan bir foyda koʻrmayapman. Toshloqqa yetib olish uchun yana ancha yoʻlni shu tuz uzra bosib oʻtishim kerak, u meni yana oʻz domiga tortib ketadi deb hayiqyapman.

Shamol javob bermadi. Ozod zoʻr berib oʻylay boshladi.

“Demakki, bu – eshituvchi, koʻruvchi qum ekan, – deb oʻyladi u. – Modomiki, soʻz taqdirni oʻzgartirar, narsa va hodisalarning asli boshqa ekan… u holda, bu qum nima sari borayotganimni ham bilishi kerak! Har holda bular – qumning ishi emasdir? Atrofda mana shu voqealarni sodir etayotgan yana kimlardir bor boʻlsa, ajabmas…”

Va dedi:

Ey qum! Agar butun tutumlarimu odobim ila otamning menga bergan tuzu tarbiyasini bir marta boʻlsin oqlab-halollagan esam, otam butun umri davomida bir martagina, bir ongina mendan rozi boʻlgan esa – xususiyatingni oʻzgartir va qattiq holga kel!

Va u mayin tuzlarning oyoq ostida qattiqlasha boshlaganini sezdi.

Ey qum! – dedi u yana, ruhlanib. – Agar shu yoshga kirgunimga qadar onamning men uchun toʻkkan koʻz yoshlarining birgina tomchisini, saharlaru qorongʻi kechalarda ustimda termilib oʻtirganlarining birgina onini oqlay olgan boʻlsam – xususiyatingni oʻzgartir va meni qoʻyib yubor!

Qum yanada dagʻallashdi, lekin hali Ozodning qutulib chiqishi uchun yetarli emas edi.

Ey qum, – dedi u, shamolning gaplarini eslab. – Agar bugunga qadar doʻstlarimgayu elimga zarra nafim tekkan boʻlsayu meni mamnun boʻlib begʻaraz duo qilgan boʻlsalar – oʻzgar va changalingni mendan uzoq tut!

Bu kam! Yetarli emas! – deb birdan toʻlqinlandi shamol.

Ey qum, – dedi Ozod, nihoyat, oʻylanib. – Gapimni eshit! Men sevgilim uchun Lolani olib kelgani ketmoqdaman. Lekin, hayot boʻyi farovonlikda yashashdan ham koʻra, uni olib kelganim on sevgilimning koʻzlarida chaqnaguvchi yana bir chaqinni – baxtiyorlik va sevinch chaqinini koʻrish uchun ketmoqdaman. Lola baxsh etadigan baxt haqida oʻylaganim ham yoʻq, sevgilimning quvonchi butun bu baxtdan ortiqroq men uchun. Lolada boshqa hikmatlar ham borligiga umid qilyapman. Agar oʻsha yerda topadiganim hikmat haqiqatan ham dunyoning eng asosiy tamali esa – meni qoʻyib yubor va hech kimni hech qachon domingga tortma!

Yana, yana! – deb guvilladi shamol.

Ey malomat diyori, – dedi Ozod. – Magar sen meni yutib yubormasang, narida esa qoyalardan yiqilib halok boʻlmasamu eson-omon elimga qaytsam, u holda bir kuni sevgilim onaga, oʻzim esa otaga aylanaman. Bu yerda padarigayu volidasiga ozor yetkazganlarni changalingda tutib turganingni bilaman. Tangrim istagani uchun shunday ekaningga shak-shubha yoʻq, ammo, u xohlasayu otalik baxti menga nasib etsa, u holda, mendan bunyodga keladigan farzandlarimning barcha ozorlarini, barcha shoʻxliklariniyu xatolarini hozirdanoq avf etdim! Eshit va shohidim boʻl: oʻzimdan va sevgilimdan dunyoga keladigan farzandlarimizdan, hali ular dunyoga kelmaslaridanoq roziman!

Mana shu chogʻ Ozod xalos boʻlganini sezdi.

Shamol gʻir-gʻir esar va esishida ham sevinch borga oʻxshardi.

Sen nega sevinding? – deb soʻradi Ozod, ust-boshini qoqib.

Begʻaraz deb juda toʻgʻri aytding, agar dilingda gʻaraz boʻlsaydi, hech qachon qutulolmasding, – dedi shamol. – Bu choʻlning oti aslida Gʻaraz choʻli, gʻaraz odamni tuz kabi yemirgani bois Tuz choʻli deganlar. Narida Oydinkoʻl bor, uni ham koʻrmoq istaysanmi?

Albatta, – dedi Ozod.

Va yengil odim otib, shamolning ortidan ergashdi.

 

Oydinkoʻl

 

Koʻlga boraverishda oʻtlar qalin va baland oʻsgan, orasida kulrang tusli oʻtlar ham bor edi, ularning islari oʻtkir va kuchli boʻlib, kulrang tuslilarining tikanlari ham bor, gullari yorqin sariq-oq tusda edi. Safsar gulli oʻtlar ham oʻsgan, ular nozikroq boʻlib, gurkiragan boshqa oʻtlarning orasida arang koʻzga tashlanardi. Oʻtloqning har yer-har yerida olmalar boʻy choʻzgan, ularning oq gullari shundoqqina maysalar ustiga toʻkilgan edi.

Saldan keyin oʻtlar siyraklashdi, ammo ranglari tobora yashillana bordi. Toʻsatdan koʻl boʻyiga chiqib qoldilar.

Koʻl shishaday tip-tiniq, shaffof, sohilga yaqin joylarida olma gullarining toʻkilgan gulbarglari oqish kapalaklar singari suv ustida qalqinar, oralarida qoramtir tezsuzar suvqoʻngʻizlari zuvillab suzib yurardi. Sohil tuprogʻining suvga tutash joyida oʻtlarning oq va qizgʻish tomirlari ochilib qolgan, ulardan xiyol beriroqda yashiltob suv oʻtlari oʻsgan, bilinar-bilinmas chayqalardi.

Chiroylimi? – dedi shamol.

Judayam! – deb javob berdi Ozod va suvga yaqinroq bordi.

Suvning tubi toshloq ekan, u yerda, sayozlikda oq, chavkar, targʻil va qizil taram-taram toshlar koʻzga tashlanardi, oralaridagi mitti kumushrang baliqchalar bir zum qotib turar, nima sababdandir toʻsatdan suvosti qumini toʻzgʻitib, toshlar yo oʻtlar orasida gʻoyib boʻlib qetardi.

Suvning bir goʻzal mavji boriydi, kichkina toʻlqinchalar qirgʻoqqa ohista-ohista, mayin-mayin urilmoqda edilar. Suvning zilolligi va shaffofligi shu qadar ediki, tubda suzib yurgan mitti baliqchalarning oyquloqlariyu tangachalariga tushgan nurning jilosi ham akslanar, haqiqatan ham bu bemisl goʻzallik edi. Sohilga yaqin sayozliklarda suv shaffof tusda boʻlsa, nariroqda rangi toʻqlashib-koʻkimtirlashib borgan, u yerda ham uzundan-uzun suv oʻtlari koʻzga tashlanar, ular nurdan bahra olmoq uchun tepaga intilib, koʻlning tubidan suv betigacha oʻsib chiqishgan, ranglari och-yashil, oʻrilmagan uzun sochlarni eslatardi. Koʻl katta emas, narigi betida ham bu qirgʻoqdagi kabi oʻtlar va olmalar koʻrinib turardi, mavjlardan namiqqan tuproqning baʼzi yerlari palaxsa-palaxsa boʻlib, oʻt-oʻlani bilan koʻchib tushgani bois, bir qancha yerda oʻtlar egilib, hatto yaproqlari suvga tegib-koʻmilib ham qolgan edi.

Bu koʻlning tubida buloqlari ham bor, ular yerning tagidan qaynab chiqib turadi, – dedi shamol.

Goʻzalligini! – dedi Ozod. Yigitchaning koʻzlari nurafshonlikka va samimiyatga toʻla, hozir bu koʻzlar zavq ila chaqnamoqda edi.

Baliqlari ham bor ekan, – dedi Ozod.

Bu yerda suzgichlari qizil oybaliqlar bor, ular kunduzlari suvning tublarida yotishadi, kechasi oy havolagandagina suv betiga chiqishadi.

Oybaliq… qanaqa boʻladi oʻzi? – deb soʻradi Ozod.

Oyga oʻxshagan egik boʻladi. Vaqti kelganida koʻrasan – suvda suzgichlarini hilpiratib oy suzib yurganga oʻxshaydi. Insonlar uning tevaragida dam oladilar, bolalar choʻmilib oʻynaydilar, koʻlning shabadasi mavjlarni qirgʻoqqa ohista-ohista surib, sarin-sarin esadi. Yillar oʻtib, u quriy boshlaydi. Sathini quyosh qattiq qizdirib, suvlarini bugʻlantiradi, tepasida kichkina bulutlar hosil boʻladilar va yosh, durkun toychoqlar shaklini olib, uzoqlarga suzib ketishadi. Tegrasidagi oʻt-oʻlanlar quriydi, hozir koʻrib turganing suvi qochgan yerlar taram-taram yoriladi, yoriqlarining orasiga tez chopuvchi mayda qora qoʻngʻizlar in quradi, ajriq, kurmak va semizoʻtlar unib chiqadi, keyin ular ham suvsizlikdan ilviray boshlashadi… durkun tanalari soʻladi, ozadi, ingichkalashadi, quvvatsizlanadi, suvsizlikdan avval och-yashil, soʻng sargʻimtir tusga kiradi. Koʻlning suviga loyqa aralashadi, eng avvalo zilol suvda suzib yurgan oybaliqlar, soʻng koʻl tirikligining guvohi boʻlmish boshqa jonzotlar ham halok boʻlishadi. Turgʻun suv tobora quyuqlasha boradi, yam-yashil chayqalgan suv oʻtlari oʻrniga boshqa tur oʻsimliklar oʻsib chiqadi, sayozlashgan yerlaridan qamish va qiyoqlar bosh koʻtaradi, poyasi qattiq bu oʻsimliklarning shoxlarida oʻzga jonzotlar oʻrmalab yurishadi, ularning popiltiriqlari har tomon uchadi va qayda nam boʻlsa, oʻsha yerga oʻrnashib yana urchiydi, bir kuni qarasang, bu yerda qamishzorni koʻrasan, ularning tublarida zangori tusga kirgan magʻzava misol suv turgʻun turadi, ustini baqatoʻnlar qoplaydi. Yana besh-olti yil oʻtgach, baqatoʻnlar ham qurib ketadi, qamishlar suvsizlikka dosh berolmaydilar, tevarakdagi qalin, baland oʻt-oʻlanu olmalar ham quriydi, ana shunda men bu koʻlning ustiga tuz toʻzonlarini opkelib sochaman…

Mungli-qaygʻuli bir narsani hikoya qilding, – dedi Ozod. – Lolagayu sevgilimga nima aloqasi bor bu koʻlning?

Buni baxtu saodat koʻli deb ataganlari bilan, aslida oddiy bir koʻl, – dedi shamol. – Lekin inson maʼnolarni anglagani bois ham mukarram boʻldi. Tangrim har narsaga maʼnolarni qatma-qat qilib joylab qoʻygan, istasang koʻrasan, istamasang yoʻq. Endi senga bir koʻzani koʻrsatay. U sal narida, koʻldan xiyol uzoqda, qum orasida yotipti. Koʻzadan narida bir boʻri va bir qush, undan ham narida esa toshbaqa bilan chayon ham bor. Ular ming yillardan beri mana shu yerdalar.

 

Koʻza

 

Koʻl tugagan joydan u yogʻi toshloq edi. Yuz odimcha yurilgandan keyin Ozod haqiqatan ham yarmigacha yerga koʻmilib yotgan qadimiy bir koʻzani koʻrdi. Shamol bir gʻuvillab uning ichiga kirib, qaytib chiqdi. Keyin izoh berdi:

Bir kuni bir odam kelib shu koʻzaning ichiga qaradi-da, “Ichi boʻm-boʻsh ekan”, – dedi. Ikkinchisi kelib koʻrdi-da, “Yoʻq, boʻsh emas, chunki ichida havo bor”, – dedi. Uchinchisi esa aytdiki, “Na koʻza bor, va na uning ichi… siz unga maʼno berganingiz uchun koʻza boʻldi, aslida qumu tuproqdan shakl berilgan bir narsa edi, xolos”, – dedi. Bu yerda toʻrtinchi kishi ham bor edi, u aytdiki, “Mohiyatni koʻzaning oʻzidan soʻrangiz. Shamol ostida gʻuvillashi balki uning nolasi boʻlsa ne ajab?”

Toʻrtinchi kishi sensan, – dedi Ozod. – Beshinchi kishi esa… har holda men boʻlsam ajabmas. U holda men ham nimadir deyishim kerakmi?

Istasang sukut saqla, – dedi shamol. – Hamda mana bu ikki timsolga boq.

 

Boʻri bilan qush

 

Bu boʻri kichik hayvonlarni tutib yer, qush esa don-dun terar, ikkisi ham shu tarz rizqlanmoqda edilar. Bir odam keldi-da, “Bu boʻri vahshiy va zolim ekan, qush esa bezarar”, – dedi. Ikkinchisi aytdiki, “Boʻriga vahshiy nisbatini berishing uning tirik va harakatlanuvchi jonzotni oʻldirishi boisdir, qushni bezarar deganing harakatsiz va qonsiz donni yegani uchunmi?” – deb soʻradi. “Vaholanki, don ham tirik bir narsa-ku”, – dedi. Shunda birinchisi, “Men mohiyatni anglamaganim uchun nodonlik qildim”, – deb uzr soʻradi. Uchinchi kishi aytdiki: “Boʻri oʻzining vahshiyligidan, qush esa bezararligidan bexabar, faqat siz ularga shunday maʼno bermoqdasiz”. Toʻrtinchisi aytdi: “Narsalarga maʼno berish faqat sizga xosdir. Berganingiz maʼno bois soʻzingiz tinglandi. Aslida, faqat Tangri va uning irodasi bor, xolos. Bu iroda oldida na siz borsiz, na men, na boʻri, na qush…”

Yana aytdilarki, u yerda beshinchi kishi ham bor edi. Uning soʻzidan biz bexabarmiz. Chunki, u sukut saqlagan edi…

 

Toshbaqa bilan Chayon

 

Bu yerda bir ariq ham bor edi. Unda suzib borayotgan toshbaqa bilan uning ustidagi chayon bahslashmoqda edilar. Chayon allaqachon toshbaqaning kosasiga tiqirlatib nish urib boʻlgan, buni toshbaqa sezib, endi malomat qilmoqda edi.

Darhaqiqat, ishing yaxshilikka yomonlik qaytarishdan boshqa narsa emas, – der edi Toshbaqa. – Hozir seni suvga choʻktirib halok qilaman.

Ey nodon, – dedi Chayon. – Mening nishim ipday ingichka, qilday zaif boʻlsa, qancha urinsam ham bu qattiq toshga oʻtmasligini bilaturib shunday deyapsanmi? Mabodo oʻtsayu halok boʻlsayding, umring boʻyi ogʻir toshni ortmoqlab yurganing evaziga mukofotga erisharding, nishimdan halok boʻlganing uchun esa, mazlum maqomini olarding. Mening ishim – zahrim bilan halok qilish, ammo bu tufayli malomat qilinmayman, chunki belgilangan taqdirim – shu. Aslida, yaxshilik qilish uchun nish urishga harakat qildim, sen esa malomat qilmoqdasan. Ayt-chi, senga halokat mendan yetadimi yoki Tangri tarafidanmi?

Toshbaqa oʻylanib qoldi.

Gaping toʻgʻri, – dedi keyin. – Muborak bir kishi nima uchun oʻzini ataylab yovning qilichiga roʻpara qilganini endi angladim[28]. Lekin sen ham, men ham gʻayb maʼnolarini ifoda etish uchun emas, balki yaxshilikka yomonlikning oqibati nima boʻlishini koʻrsatish uchun shu suvning ichidamiz. Aslida bu – suv emas, chunki sen ham, men ham maʼnolarmiz, xolos. Shu sababdan ham halokatga mahkumsan. Alloh sendan ham, mendan ham, tinglaguvchidan ham rozi boʻlsin.

 

Qargʻa

 

Uzoq-uzoqlarda, osmonoʻpar qoyalar silsilasi oraligʻida tep-tekis, sip-silliq Iskandar devori koʻzga tashlanib turardi. Unga eltuvchi soʻqmoq yoqasidagi keksa yongʻoq shoxida bir qargʻa qoʻnib olgan, tumshugʻida yongʻogʻi ham bor edi.

Aslida bu qushning ishi ham xabar berishu oʻrgatishdan boshqa emas. Bu qavm oʻzini juda muborak deb sanaydi, chunki yer yuzida odam bolasi ilk bora boshqa odam bolasini oʻldirganida, nima qilish kerakligini qargʻa oʻrgatgan edi. Oʻsha voqea sabab, bular kekkayishni xush koʻrishadi, oʻzlarini juda dono deb hisoblashadi. Takabburligi bois soʻzingga quloq ham solmaydi, sen uning jahlini chiqarishing kerak, – deb shivirladi shamol.

Darhaqiqat, ikkovining yaqinlashayotganini koʻrgan ayyor qush ataylab teskari qarab turar edi.

Sen ota-bobolarimni, ajdodlarimni koʻrgan qushsan, – deb murojaat qildi Ozod unga. – Balki kamida ming yoshga kirgandirsan? Lekin men shuncha yoʻllardan oʻtib kelganimga qaramay, avvaldan bilganlarimdan koʻra haybatliroq hikmatlar yoʻqligiga ajablanyapman.

Qargʻa miq etmadi, aksincha, boshqa tomonlarga zerikib qarab turaverdi.

Chunki koʻrganlarimning barini bolaligimdan bilar edim, – deb davom etdi Ozod. – Uchyongʻoq tepasida uchib yurganingni koʻp marta koʻrganman. U yerdagi kishilar taqdirlaridan norozi boʻlib yotishlarini ham bilaman. Shuncha yerdan oʻtib kelganimda anglaganim yagona hikmat – hamma narsaning abas ekani boʻldi, xolos. Dilorom deyildi, ammo u tirik boʻlganida, hozir behi ostida bolaligini eslab koʻzyosh toʻkadigan, mevaning chirigan joyini yeb sevinadigan keksa kampirga aylangan boʻlardi. Yov deyildi, men bundan ham xatarli yovlarni allaqachondan beri bilaman. Balki sen tumshugʻingda hamma biladigan koʻhna hikmatni tishlab oʻtirgandirsanu u hikmatingning hech kimga keragi yoʻqdir?

Qargʻa Ozodga jahllanib qaradi-da:

Ey ahmoq! – dedi gʻazabga minib, shunda tumshugʻidagi yongʻoq yerga tushib, toshga urilib chaqildi, ichidagi magʻiz tuproq orasida yumalab, bir chuqurchaga oʻrnashib qoldi. – Minglab hikmatlardan bittaginasi boʻlgan lolaga yetishing uchun senga qancha zot xizmat qilayotganini koʻrmayapsanmi? U zotlarning kimligini qayerdan ham bilarding? Istak-xohishlaring bino boʻlishi uchun sen koʻrmayotgan minglab zotlar yoʻl koʻrsatib turishipti, xalal berishi yo chalgʻitishi mumkin boʻlgan hodisalarni yoʻlingdan olib tashlab, toʻgʻri maʼnolar sari yoʻllashmoqda. Soʻz va hikmat aytuvchilarning aytgan maʼnolari tufayli shu yergacha yetib kelolganingni, yoʻqsa allaqachon halok boʻlib ketishingni anglamadingmi? Butun bu bosib oʻtgan yoʻling ishoralarga toʻla, ular oʻz-oʻzidan bino boʻlib qoldimi? Sen nodonning yoʻllaringga chigʻanoqni kim olib keldi, koʻzani kim qumga koʻmdi, boʻri bilan qushni kim yonma-yon qoʻydi? Allohga qasamki, ahli maʼnining xizmatlarini anglamasdan shu yergacha yetib kelganingga hayronman! Sen bor-yoʻgʻi baxtning hikmatiga yetaman deb ketayotgan bir nodonsan, xolos. Shunga qaramay, niyatingga yetishingga xizmat qiladigan maʼnolar yoʻlingga atay toʻkib qoʻyildi, poyoni yoʻq maʼnolar dengizidan bor-yoʻgʻi bitta tomchining hikmatini zoʻrgʻa anglading-u, endi shovqin solishingga hayronman!

Lekin baribiram seni chalgʻitdim-ku? – deb kulimsiradi Ozod va magʻizni qoʻliga oldi, lekin uni nima qilish kerakligini bilmasdan, u yoq-bu yogʻini aylantirib koʻrdi. – Mana, yongʻogʻingni tushirib yubording. Ammo ichida dur emas, oddiy bir magʻiz bor ekan, xolos.

Befahm bandalaringdan oʻzing asragil, ey Parvardigori olam! – dedi Qargʻa, hanuz achchigʻidan tushmay. – Yongʻoqning ichidan dur chiqishini qaydan eshitaqolding, ahmoq? Aqlingni ishlatmaysanmi? Dur boʻlganida men qargʻa emas, chigʻanoq boʻlmasmidim?

Ozod oʻylanib qoldi. Keyin magʻizni chuqurchaga yaxshilab joyladi-da, tuproqni shibbalab-shibbalab koʻmdi.

Xayriyat, Tangrim senga shu ishni qilishingga yetadigan farosat berdi, – dedi Qargʻa, qoniqish bilan. – Nigoh sol: Iskandar devorining ustida bulutlar quyuqlashmoqda. Sal oʻtmay chaqmoq bulutlarning bagʻrini yirtib yuboradi, shunda sharros jala quyadi. Nam magʻizgacha yetib borgach, bu yongʻoq nish urib koʻkara boshlaydi. To sen keksayguningga qadar u bahaybat daraxtga aylanadi, mevalarining ichida magʻiz emas, dur boʻlsayam ajabmas. Balki oʻshanda sening oʻgʻling ham mana shu yoʻldan oʻrlab kelib qolar? Oʻshanda men, sen ekkan shu daraxt shoxiga qoʻnib, oʻgʻlingga sening nodonligingdan bir hikoyat aytaman!

Shunday deb u qanot qoqdi-da, shoshilmasdan uzoqqa – Iskandar devori tarafga uchib ketdi.

Osongina gapimga koʻndirdim-ku, – dedi Ozod, uning ortidan qarab. – Sen aytganchalik aqlliga oʻxshamaydi u.

Koʻp yillardan beri birov bu tarafga maʼni izlab kelmas edi, shu sabab atay oʻzini sodda koʻrsatdi, chunki yongʻogʻini tushirib yuboradigan darajada haybatli bir gap aytishingni juda istadi, – dedi shamol. – Senga otlarning rivoyatidan bahs etganim esingdami? Safar olis, manzil uzoq, yetgunimizcha oʻsha rivoyatni tinglab bor, undan har bir otning xabari bor.

Aravaga qoʻshilgan otlar hikoyasi

 

Bahor edi. Safsar, sariq, qizil gullar ochilgan, toshlar orasidan ham gullar oʻcib chiqqan edi.

Nariroqda eski va koʻhna bir arava koʻrinar, haybatidan ogʻir va zalvorli ekani sezilardi. Qorayib ketgan teri qayishlari osilib turar, boʻyinturuq yogʻochi ham yorilib-yorilib ketgan, ammo metin-mustahkam edi.

Qir ustida ikki yosh, durkun toychoq tipirchilab chopmoqda edilar. Gʻayratiyu shiddati koʻkka sigʻmasdi. Biri biya, biri toy, uchqurgina, oyoqlari ingichka, juda chiroyli otlar edi.

Dashtning sarsari shabadasi yomgʻir isini olib keldi. Saldan keyin bahor jalasi quyib yubordi. Tomchilar otlarning chiroyli yollarida, uzun-uzun kipriklaridayu qop-qora koʻzlarida yiltiradi. Jala botiqlarda koʻlmaklar hosil qildi, ularda pufakchalar biqirladi. Toylardan biri chopishdan tuyqus toʻxtagan edi, ikkinchisi ham unga qoʻshilib toʻxtadi. Biri engashib suv ichdi, ikkinchisi ham shunday qildi. Biya qattiq kishnadi. Oyoq ostida beda ham oʻsgan edi, chimdib-chimdib yeyishdi. Keyin bir-birlariga suykanganlaricha yana chopib ketdilar, sal oʻtmay qir naryogʻida koʻzdan yoʻqolishdi.

Jala tasir-tusir qilib chunon quydi…

Anchadan soʻng ular yana paydo boʻlishdi. Toy asovroq va shiddatliroq ekan, suvu loy sachratib chopa ketdi. Atrofni bir aylanib qaytib kelib, sherigining roʻparasida toʻxtadi. Yana bir-birlariga suykandilar. Toy choʻzib kishnadi.

Shundan keyin ulkan bir qoʻl har ikki otni ham aravaga qoʻshdi. Ikkalovi ham ogʻir boʻyinturuq ostiga kirishdi.

Ikkita katta, arava shotisiga mahkam mixlangan boʻyinturuq bularga kattalik qilmoqda edi. Har holda gavdaliroq otlarga moʻljallagan boʻlsa kerak, toylarning ingichka boʻyinlarida mahobatli koʻrinmoqda edi. Xiyol oʻtib, oʻsha qoʻl otlarga qamchi urdi, arava ogʻir gʻichirlab, loylarga qorishgan maysalarni ezib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Birpasda qir uchiga chiqib olishdi, qarshilarida bepoyon dala namoyon boʻldi. Yomgʻir tingan, bulutlarning oralari ochila boshlagan, dalaning har tarafi oʻtu maysa boʻlib, orasida bitta-ikkita qizgʻaldoq qip-qizarib turardi.

 

* * *

Har taraf gulu chechak edi. Kunlar tobora isir, yomgʻirlar tobora kam yogʻar, kun oʻtgani sayin oʻtlarning tuslari oʻzgarib quruqshamoqda, endi tush mahallari issiq jaziramaga aylanib bormoqda edi. Bahor adoqlab, yoz yaqinlashayotgan edi. Har narsa gullarini toʻkib boʻlgan, kechagi kurtakning oʻrnida bugun mevalar va urugʻlar yetilmoqdaydi.

Otlar goho tin olar, arava toʻxtar, ikkovlon yon-verilaridagi oʻtlardan chimdib-chimdib yeyishar, goh tik turgan holicha mizgʻir ham edilar. Bular dunyoga kelishganidan beri ayrilishmagan, doim yonma-yon edilar, endi esa taqdirning irodasi ila qoʻsh boʻyinturuqqa qoʻshilgan, aravani ham birga, bab-baravar tortib borishardi. Tevarakda boshqa hech kim yoʻqmidi? Goho uzoqlarda yana qandaydir sharpalar koʻringanday boʻlardi, ular ham aravani tortib borayotgan otlarga oʻxshab ketardi… rostdan ham shundaymi, yoʻqmi, bilish qiyin edi.

Goho kechalari oʻsha qoʻl bularni boʻyinturuqdan ozod qilardi. Avvalboshda tutqunlikdan xalos boʻlgan toylar yoshlik shiddati ila u yoqdan bu yoqqa chopib oʻynashgan boʻlsa-da, bunday zavqiyobliklar tez orada barham topdi. Otlar arava yonidan ketmas boʻldilar. U qoʻlga ajoyib bir sadoqatlari bormidi? Har holda asov, yovvoyi bu maxluqlarning oʻsha qoʻlga lom-mim demay boʻysunishlari hayratlanarli edi. Aravadan xalos boʻlishganida ular shu atrofda sekin-osoyishta oʻt chimdishar, kavsh qaytarishar… osmon uzoq, yer qattiq, olis koʻklarda yulduzlar behis jivirlagan kechalarda baʼzan bir-birlariga suykanishar ham edi.

Bahorning yomgʻirlarida koʻpchigan tuproq ozgʻinlashib quruqshamoqda, oʻtlar ham avvalgiday sersuv emas, koʻlmak suvlari ilib qolgan, har tong quyosh aravasi imillab koʻk toqiga qarab yoʻlga tushar, shom manziliga horib-charchab yetib kelganida qorongʻilik choʻka boshlar… kunlar ana shu alfozda birin-ketin oʻtar edi.

Bir kuni saharga yaqin biya bezovtalana boshladi. Boʻyinturuq qayishlari boʻynini mahkam qisib turardi, harchand urinmasin, xalos boʻlolmas, aʼzoyi badani dir-dir titrar, koʻzlari olayib ketgan edi. Yonidagi toy boshini boshiga suykadi, yengil kishnadi, bu kishnashda hamdardlik maʼnosi boriydi. Toy yoʻldoshiga nima boʻlganini tushunolmayotgan edi. Boʻynini choʻzib olgan biya ham qattiq zorlanib kishnadi, katta-katta qora koʻzlaridan yosh oqa boshladi. Yigʻlarmidi? Otlarning yigʻlaganini kim koʻrgan? Aʼzoyi badani katta-katta ter tomchilari bilan qoplandi, nihoyat, yengil tortib, boʻyinturuqqa holsiz-majolsiz osilib qoldi. Ingichka oyoqlari dir-dir titrar, burun parraklari kerilib, qattiq-qattiq nafas olar, sahar salqinida nafasi bugʻ boʻlib chiqar edi. Shu mahal qaydandir ingichka, shodon kishnagan tovush yangradi, ikkala ot ham boʻyinlarini burib qarashdi: hozirgina dunyoga kelgan, terisi hali shilimshiq toychoq tuyoqlari qaltiray-qaltiray, shudringdan nam oʻtlar ustida toygʻona-toygʻona zoʻrgʻa qad rostlayotgan edi. Lekin har qadam bosganida dadillasha borardi, nihoyat, tuyoqlari hanuz qaltiragancha onasining qoshiga keldi, biya uni yaladi, keyin choʻzib kishnadi. Toychoq iskalana-iskalana, onasini ema boshladi.

Toy ham choʻzib kishnadi.

Sarsari shabada ifor isini taratar edi. Yulduzlar jivir-jivir koʻz qisishardi. Shu tariqa ikki ot uchta boʻldi.

Endi arava qoʻshilgan ikki ot oldingiday ilgarilar, ortidagi ozod toychoq esa goh oʻynab chopib ketar, goh yerga choʻkkalab, qoʻrqqanidan boshini kosasi ichiga tortib olgan toshbaqa bolasini iskab koʻrar, goh oʻtlarni chimdib yer, ammo sabri chidamay, yana shataloq otib chopib qolar, uzoqroqqa ketganida boʻyinturuq ichidagi biya choʻzib kishnar edi, baʼzan boʻyinturuqdan chiqishga urinib tipirchilaganida, qayishlar boʻyniga chuqur-chuqur botar edi.

Aravaga qoʻshilgan ikki ot va bir toychoq ana shu tarz ufq tomon ketib borar edilar.

 

* * *

Yoz shu alfozda oʻtdi. Otlarning gavdalari changga botdi, yollari dagʻallashdi. Lekin bitta holat oʻzgarmasdan davom etar: ular uzzukun bir xilda yoʻl bosishardi. Endi oʻtlar bahordagiday moʻl-koʻl emas, koʻlmaklar ham ozaygan, otlar ancha baquvvat tortib qolishgani bois buni pisand qilishmasdi. Goho oʻtloqqa chiqib qolganlarida bir oz toʻxtar ham edilar. Biya kishnar, toychogʻi chopib borib oʻtlay boshlaganida bular ham aravani sudrab ortidan ergashishardi. Bir oʻt chimdib, bir toychoqqa qarar edilar. Ikkovining ham yoshlik shiddati ancha susaygan, ammo quvvatlari oshgan edi. Aygʻirdan kuch yogʻilib turardi, qadamlari vazminlashganiga qaramay, aravani yengilgina tortib ketmoqdaydi. Orada kuz keldi, ortidan qish qilichini koʻrsatdi. Yana bahor boʻldi, yana kunlar isidi. Yozning adogʻida tagʻin ikki toychoq tugʻilganini aytmasa, bu orada aytarli hech qanday voqea roʻy bermadi. Endi arava ortidan uchta toychoq yugurgilab, oʻynab chopar edi.

 

* * *

Vaqt shu zayl oʻtdi. Yana kuz keldi.

Tuproqni tamoman loyu balchiqqa aylantirib ezgin yomgʻirlar yogʻdi. Osmon bir xil qoramtir bulutlar bilan qoplandi. Maysalar sargʻayib, urugʻlarini sochib yuborishdi. Endi otlar koʻpincha yomgʻirda hoʻl boʻlgan oʻtlarni yer, tuyoqlari toygʻona-toygʻona aravani tortishda davom etishardi. Toychoqlar hanuz oʻynoqlashini qoʻymas, goh toʻxtab, uzoqlarga qarab qolishardi. Olislarda togʻlar boriydi, ular yozda koʻkimtir tusda boʻlsa, hozir qorayib koʻrinmoqda edi. Toychoqlar qop-qora koʻzlarini oʻsha yoqqa tikib qarab turishardi-da, birdaniga yana loy sachratib arava ortidan chopib ketishardi.

Arava esa hanuz oʻsha: eski, koʻhna, katta gʻildiraklari bir maromda aylanar, goh chuqurga tushganida otlar zoʻriqishar, qayishlar ishqalangan yelkalarining yunglari toʻkilib, teri osti koʻrinib qolgan edi. Uzoq bu safarda ikkala ot ham ancha ozdi, endi yelka va oʻmrov suyaklari turtib chiqib turar, aygʻirning ham qovurgʻalari sanalib qolgandi.

Kech kuzga borganda dalada oʻtlar deyarli qolmadi hisob. Ortidan qilichini koʻrsatib qish ham kelaqoldi.

Endi arava va otlar kimsasiz yaydoq dalaning qor bosgan oʻydim-chuqurlari aro imillab ketib bormoqda edi. Qayishlar yozning jaziramasidayu kuzning yomgʻirlarida qoraygan, ammo hanuz pishiq va mustahkam, “ajabo, qaysi hayvonning terisidan oshlangan ekan”, degan oʻy kelardi xayolga.

Aravaning ustiga aylantirib temir qoplangan, baʼzi yerlarida mixlari boʻrtib turgan gʻildiraklari qoldirgan izga yoqqan erigan qor suvi qorayib toʻplanadi, loyga aralashib, balchiqqa aylanadi. Gʻildiraklar suv tekkani bois ogʻir gʻijirlab-gʻiyqillaydi. Osmonda tund, kulrang bulutlar turib qolgan, ular suzmaydilar. Bu havoda ne uchundir shabada ham yoʻq, tevarakni sovuq egallab, turgʻun boʻlib olganday. Bor-yoʻq manzara shu – kimsasiz, yoʻlsiz dala, uzoqda oʻsgan qandaydir bargsiz dov-daraxt, tep-tekis koʻringani bilan aslida oʻnqir-choʻnqir dasht… va shu dashtda aravani hanuz tortib borayotgan ikki ot…

Otlarning katta-katta koʻzlarida endi muteʼlik seziladi. Mudhish bir boʻysunish ila tortib borishadi aravani. Goh unisining, goh bunisining oyogʻi toyib, munkib ketadi, har yer-har yerda qor erib, ichida muzlari suzib yurgan koʻlmaklar hosil boʻlgan, ammo nima sababdandir u koʻlmaklardan hovur koʻtariladi – baʼzan otlar ana shunday koʻlmaklardan suv ichib olishadi. Chap ham, oʻng ham adoqsiz oqlik, baʼzi yerlarida bulturgi giyohlarning qoramtir uchlari tikkayib chiqib turgan shu makon… maydondagi yolgʻiz arava… xoʻmraygan osmon… bor-yoʻq manzara shu, xolos.

 

* * *

Shom mahali olisda qorlarning changini toʻzgʻitib qanaqadir hayvonlar paydo boʻlishdi. Uzoqdan ularning qanaqa hayvon ekanini bilib boʻlmas edi. Ular uchta yoki toʻrtta, qorni toʻzgʻitib chopib kelishmoqda edi. Qor sochishidan quyon deb taxmin qilsa boʻlardi, chunki goho quyonlar qor ustida ana shunday oʻynashadi. Lekin otlar birdaniga bezovtalanib qolishdi, erkagi burnini kerib qattiq pishqirdi, urgʻochisining koʻzlari olayib, boshini yana siltay boshladi. Ortdagi toychoqlar ham tipirchilashdi, ulardan biri ingichka ovoz bilan kishnab yubordi.

Qor toʻzoni va uni hosil qilayotganlar yaqinlashib kela boshlashdi. Gavdalari quyondan ancha katta, rangi ham qoramtir edi, shunda ularning chiyaboʻrilar ekani ayon boʻldi. Chiyaboʻrilar toʻdasi halokatli boʻladi. Bularning sanogʻi uch-toʻrtta emas, ancha koʻp edi.

Aygʻir teri qayishlarni uzmoqchiday siltana boshladi, qayish xira yiltirab turgan jigarrang tusli terisiga chuqur botib ketdi. Urgʻochisi oʻzini har yon ura boshladi. Ortdagi toychoqlar koʻkka sakrashdi. Aravaning bitta gʻildiragi qanaqadir choʻnqirga tushib, xiyol qiyshaygancha toʻxtab qoldi, otlarning tipirchilashlariga javoban u ham siltanar edi.

Chiyaboʻrilar yetib kelishganda ikkala otga ham gʻayritabiiy kuvvat quyilib keldi, ularning tipirchilashlaridan arava zalvorli chayqalardi. Yosh toylardan biri chiyaboʻrilardan hurkib, ortga qarab chopa ketdi. Chiyaboʻrilar toʻxtashib, bir aravaga, bir loy sachratib chopayotgan toychoqqa karab turishdi-da, gala boʻlib toychoq ortidan chopishdi. Otlar yana zorlanib kishnashdi, ayniqsa biya jon achchigʻida tipirchilar edi. Mana, chiyaboʻrilar toychoqqa yetib ham qolishdi, biri ort tomonidan sakrab, sagʻrisiga tishlarini botirdi, toychoq munkib ketdi. Qolganlari ham tashlanishganida, atrofni qorongʻilik oʻrab oldi, uning ichidan toychoqning ingichka kishnashi eshitildi-yu, shu bilan hammayoq tinchidi…

Taqdirga tan bergan otlar ertasiga yana yoʻlda davom etishdi. Endi arava ortidan ikkita toy yugurib borar, ularda avvalgi oʻynoqiligu shiddat sezilmas edi.

Kechga yaqin yana gupillab qor yogʻa boshladi. Hammayoq oppoq qorga burkandi. Arava botib qoldi. Gʻildiragi tushib qolgan joy ancha chuqur ekan, otlar harchand urinishmasin, chiqavermadi. Shu sovuq havoda ham tanalarini ter bosgan, yelkalaridan hovur koʻtarilardi. Aygʻir butun kuchini yigʻib yana bir zoʻr bergan edi, gʻildirak chuqurdan chiqdi. Shu mahal aygʻirning tuyoqlaridan mador qochdi, u boʻyinturugʻiga osilib tipirchilay boshladi. Qaddini tutib turishga majoli yetmas, lekin shunda ham turishga intilar edi. Biya dovdirab, qattiq kishnadi, ortdagi toylar aygʻir atrofida aylana boshladilar. Ulkan boshi loylarga qorishdi, uzun yollari balchiqqa belandi. Qattiq hansirar, nafasining hovuri qorni eritardi, ozod toylarning biri kelib, uning boshu koʻzini yaladi, boshqasi ham kelib, boʻyniga ishqalandi. Aygʻir qattiq pishqirib nafas oldi, keyin jimidi.

Arava shu yerda turib qoldi.

Shunda oʻsha ulkan qoʻl boʻyinturuqni koʻtardi, teri qayishlarni uzdi. Biya ham xalos boʻlgan edi. U aygʻirning atrofida aylanib iskadi, koʻzlarida hanuz muteʼlik va boʻysunish ifodasi bor edi. Ajab, koʻz rangi oʻzgargan, bir mahallardagiday qop-qora emas, balki sargʻish-jigarrang tusda, vujudidagi shiddat va shavq allaqachon yoʻqolib bitgan edi. Ikki biqini chandiq boʻlib ketgan bu ot yoʻldoshining yoniga choʻk tushdi, boʻynini boʻyniga qoʻydi.

Kecha jimjit edi. Toychoqlar ahyon-ahyon pishqirishardi.

Bu tunda yana nimalardir roʻy berdi. Ammo zulumot shakllarni koʻzdan yashirdi, faqat ovozlar qoldi, xolos. Yogʻayotgan qor esa ovozlarni yutish xususiyatiga ega edi, shu sabab taxmin qilishning iloji boʻlmadi. Biroq tong otguniga qadar yer yuzining mana shu jimit qismida harakat tinmadi. Tong otganida esa biya hanuz yoʻldoshining boʻyniga boʻynini qoʻyib yotgani koʻzga tashlandi. Ustini qoplay boshlagan qor erimas, horgʻin koʻzlari ochiq, qarogʻida tomchilar oqarinqirab muzlab qolgan edi.

Ikki toychoq onalarining ham jon berganidan hali bexabar, nariroqda qor titkilab, yemish axtarmoqda edilar.

Bu tong oʻzi bilan iliq shabadani olib keldi, qaylardadir muzlar yorildi, uning esishida bahor nafasi bor edi.

…Toychoqlar hali yosh edilar, shu sabab musibatni tez unutishdi. Yana bahor keldi, tuproqdan maysalar unib chiqdi, qushlar shodon chugʻurlashdi. Tevarak iliq epkinlarga toʻldi, koʻkda qaldirgʻochlar uchdilar, musichalar kukulashib, in qurgani joy axtarishdi.

Bahor tevarakni joʻshtirib yubordi. Ikki toy junbishga kelib, oʻru qirlarni gir aylanib chopishdi.

Chopa-chopa arava turgan yerga kelib qolishdi. Kattarogʻi bir nimani eslagan kabi arava yaqiniga keldi, tumshugʻini choʻzib hadiksirab iskab koʻrdi.

Arava ogʻir-vazmin, yogʻochlari yorilib-yorilib ketgan, kattakon gʻildiragining tegrasiga gir aylantirib temir qoqilgan edi.

Shu mahal oʻsha ulkan qoʻl ularni surib borib aravaga qoʻshdi.

Otlarning gavdasi kichik boʻlgani uchun boʻyintiriq katta kelgan, ingichka boʻyinlari bu ulkan boʻyintiriq ostida yanayam ingichkalashganday tuyulardi.

Koʻhna arava gʻildiraklari gʻijirlab joyidan qoʻzgʻaldi…

 

* * *

– Otlarning koʻzida boʻysunishdan boshqa ifoda koʻrganmisan, bolam? – deb soʻradi shamol Ozoddan, otasining tovushi bilan. – Ular oʻsha qoʻl egasidan boshqani tanimaydilar. U manzarada qoʻl egasidan boshqa hech kim yoʻqligiga diqqat qil – sen bunga oʻzga maʼno berasan, sadoqat deb ataysan va saodatning kalitini sadoqatda deb bilasan. Darhaqiqat, u muteʼlik aslida buyuk bir inoyatdan oʻzga emas, koshki shundan ham bir oʻgit olsang.

U tobora kuchaymoqda, oʻt-oʻlanlar egilib-bukilmoqda edi.

Inson bolasining hayoti maʼnolardan iborat ekanini endi yaxshi bilasan, – dedi u, Ozodning ustida charx urarkan. – Boshqa hamma narsalarning gʻorat boʻlib ketishini, faqatgina maʼnolar qolishini ham bilasan. Lekin sharqdan bulutlar surilib-mingashib kelmoqdalar, ularning quyuqlashgan oralarida chaqmoqlar bino boʻlmoqda. Hozir uning ovozini eshitasan, oʻzini ham koʻrasan!

Darhaqiqat, samoda qora bulutlar qat-qat uyilib, bir-birining ustiga mingashib surilib kelgan, sovuq jala epkini bot-bot ufurmoqda, bu epkin begona edi, unda shiddat va jang suroni boriydi.

Shu oʻzgarishlar ostida dalada bir kimsa bandidan singan chechaklar ustida xomush oʻtirar edi.

Maʼnidan bahs etildi, – dedi shamol. – Bu kishi hayot mahali maʼno olamiga sen kabi hayrat ila tortina-tortina kirib kelayotgan boʻz bolalarning qalbidagi mitti durni ilgʻar darajada isteʼdod egasi edi. Atrofidagilar kibru havo ichida el-yurtni malomat qilganlarida, oʻtloqlar aro olov yoqib, taomlar pishirib oʻyin-kulgi qilishganida joni ozorlangan, har bir gulning singan qaddini tiklayman deya uringanlardan biri edi. Sen oldinda malomatchilarni koʻrasan, ularning kim ekanini qaydan ham bilarding? Bir-birini itarib-surib choʻqqidagi lola sari intilgan olomonni esladingmi? Kibru havo ahli ana oʻshalar edilar. Boshqalar chechaklarni tepkilash bilan ovora ekanlar, bu kishi avaylashi kerakligini bilgan edi. Qiyomatdan bahs etildi, eng soʻnggi gul qaddini tiklagan payt roʻy beradi qiyomat bu kishi uchun. Maysalarning ostida kimlar borligini bilding-ku? Ana oʻshanda hamma maysalar bu kishining haqqiga “Sendan Alloh rozi boʻlsin!” deb nido qilib xazonga aylanadilar…

Ozod shoyon mutaassir edi.

Toʻsatdan bulutlar orasidan koʻzni olguday chaqmoq yaltiradi, ortidan ovozi keldi – momaqaldiroq tevarakni titratib yubordi. Epkin shiddatlandi, nam tuproq va toshlarning isi anqidi atrofda. Oʻtlarni yerga egib-yulqilab, bot-bot toʻlqin urmoqqa boshladi chaqmoqlarning shamollari.

Bu yerda koʻrishing kerak boʻlgan hodisalarni koʻrib boʻlding. Yur men bilan boʻlak havolarga, boʻlak manzillarga, – dedi shamol va Ozodni oʻrab-chirmab oldi.

 

Malomatchilar

 

Pastda, dashtu biyobonning bir chetida bir toʻda kishi koʻrindi. Atrofda faqat sargʻayib-qurigan shoxchalar, butalarning quruq tanalari, tussiz va rangsiz oʻlik tuproqlar ustida javrashib oʻtirgan bu kishilar nima uchundir shoʻx-shodon, qandaydir taom pishirish bilan band edilar.

Bular kimlar? – deb soʻradi Ozod, koʻrganlariga aqli ishonmay. Kimsasiz dashtda, na suv, na yemish bor bu jonsiz kengliklarda kishilarning taom pishirib, oʻynab-kulishlari aqlga sigʻmas edi.

Bular baxtdan bexabar, maʼni uqmas kishilar, – deb javob qildi hamrohi. – Butun umrlari davomida qilar ishlari turli taomlar pishirib qorin toʻqlash, tevarakda koʻringan neki borni malomat qilishdan iborat. Sen oʻtgan manzillardan ular ham oʻtishdi, pandu nasihatlarni ham eshitishdi, ammo maʼnisi aqllariga yetib bormadi. Vaqti kelib bu kishilar ham soʻz aytish neʼmatidan mahrum etilgach, shakli insonu asli hayvondan iborat maxluqlardan farqi qolmaydi. Koʻzlari maʼno kasb etmay qoʻyadi, ranglari qorayib, terilari tanalaridan palaxsa-palaxsa boʻlib ajralib tushadi, shu tariqa insonlik maqomidan chiqib, hayvonlikdan ham tubanga tushadilar hamda kun kelib jonlarini jabborga topshirganlarida, yer ostlarining jirkanch maxluqlariga aylanib ketadilar.

Choʻl oʻtinlari chirs-chirs yonar, koʻkimtir tutun tepaga oʻrlar, bu davra ne uchundir xushnud va xushchaqchaq, ogʻizlaridan soʻlaklari oqqancha taomning pishishini kutar edilar.

U holda bu kishilarning mavjudiyatidan murod ne? – deb soʻradi Ozod.

Mavjudiyatidan murod? – deb soʻradi shamol. – Oʻzlari shu yoʻlni tanlab olishdi-ku? Boya yoʻlda koʻrganing kishilardan farq qilib, bular oʻz taqdirlaridan rozidirlar. Hamma orzulagan inoyatlar bu jonzotlarga kerak emas. Olovda isinish, hiring-hiring kulish va duch kelgan narsani yeyishdan boshqa qilar ishlari yoʻq. Mana shu rangu tussiz, maʼnisiz hayotlarida yana abadiyatdan ham umidvorlar. Sen koʻrgan Xoin oʻzining xoinligini, yov oʻzining yovligini bilar, shu bois ham iztirobi ichida Parvardigorning marhamatidan umidvor edi. Hatto badbaxt maymunlaru koʻzi koʻr qurtlar ham kun kelib, taqdirlarining oʻzgarishini bilganlari sababli, jonli timsol sifatida yashaganlari uchun Tangri roziligini istab daraxtlar ustida masxara boʻlib yoki kavaklar ichida umr kechirib yurishadi. Bular esa kibru havo ichida oʻzlarini olam gultoji deb oʻylaydilar. Bular ham sening elingdandir. Bilib qoʻy, Tangrim yaratgan barcha maxluqlarning orasida eng dahshatlisi mana shulardir! Nega yuzingni ters oʻgirmoqdasan?

Qoʻy, ularni koʻrsatma menga, – dedi Ozod, ozorlanib. – Bu kishilarning butun turish-turmushi meni qoʻrqitmoqda, shu holimda, “shunday kishilarga roʻbaroʻ kelishdan oʻzing asragin” degan kalimadan boshqa soʻz aqlimga kelmayapti.

Imon bilimdan hosil boʻlishini anglamagan qavmdir bu, – dedi shamol, Ozodga rahm qilib. – Bu kishilarning oʻyin-kulgilarini, ayshu safolarini, kibru havoga toʻla lafzlarini eshitishni istaysanmi? Oralarida oʻzlarini madh etuvchi shoirlari ham bor, ularning nazmini tinglashni istaysanmi?

Hargiz u tomonga yuzimni burishga undama meni, – dedi Ozod ters qarab. – Zotan, bu yoqqa kelishda xayolimga ham kelmagan koʻp narsalarni anglab yetmoqdaman va anglashimda koʻmak berganing uchun sendan minnatdorman. Istasang yaʼjuj-maʼjujlar ichiga boshla meni, istasang yer ostlarining tubsiz daryolari tomon yetakla… ammo bu qavmdan meni uzoq tut.

Toʻgʻri aytding, – dedi shamol, qoniqish bilan. – Bular – mardudlardir. Bulardan ham bebaxtroq yana biri bor – hozir uni ham koʻrasan, shomlarni titratadigan qichqirigʻini ham eshitasan. Uni Murtad deydilar.

 

Murtad

 

Dashtu biyobonning soʻnik qumlari aro bir kishi tentiraydi.

U – ozgʻin, yuzlari qorayib ketgan, barmoqlari qiyshiq, koʻzlarida jahannam oʻti lovullab turadigan bir kimsa. Dalva-dalva kiyimlarini shamol yulqilaydi, yaqinlashsa qushlaru hasharotlar hurkib nari qochishadi.

U bir nimalarni gapirmoqchi boʻladi, ammo boʻgʻzidan tushunarsiz tovushlar chiqadi. Maysaga oyogʻi ilashsa ham, toshga qoqilsa ham, ustiga bir qush axlatini tashlab ketsa ham oʻzicha gʻoʻldiraydi.

Goho qoramtir tirnoqlari koʻchib ketgan akashak barmoqlarini koʻklarga choʻzadi, havoni gʻijimlamoqchiday changalini ochib-yumadi, gʻudranadi. Kimgadir nimadir deyayotganini ilgʻash mumkin, ammo gaplarini tushunib boʻlmaydi.

Butalar orasida yemish tilanib chirqillayotgan qandaydir qushning polaponini ushlab oladi-da, tiriklay gʻajiy boshlaydi. Ogʻzida patlari bilan yalanadi, keyin yana yoʻlida davom etadi. Suvsaganida yantoqning poyasini uzib olib chaynaydi. Shu ketishida toshhaykal oldidan chiqib qoladi. Maʼsuma bir qizni eslatadigan tosh oldida nimanidir eslamoqchiday, peshanasini tirishtirib uzoq oʻylanadi, biroq eslay olmaydi, bundan alami kelib “Ho-ho-ooo!” deb choʻzib qichqiradi. Uzundan-uzoq bu qichqiriqni shamol olib ketadi, bu qichqiriq akslanmaydi, balki havoga va qumga singib yoʻq boʻlib ketadi.

Tonglarning shudringlarini sochib-sochib, jaziramalarning issigʻida tovonlari yorilib-yorilib, qahratonlarning muzlamalarida oyoq-qoʻllari sovuq ura-ura ana shunday kezinadi bu banda.

Kin va qahrga toʻla koʻzlari olazarak boqadi atrofiga. U kimdandir, nimadandir gʻazabnok, alamnok, ammo kimdan gʻazablanganini eslolmaydi, shuni eslashga urinib badar kezinadi. Bir mahallar yuzini, qoʻllarini sovuq urgan, shundan qorayib-qorayib ketgan.

Uzoqlarda kuchugini ergashtirib bir odam ketib boradi, yuzi qora kishi unga ancha termilib turadi-da, bir nimani eslaganday, ortidan yugura boshlaydi. Harchand yugurmasin, kuchuk yetaklagan kishi bilan orasidagi masofa qisqarmaydi, balki uzoqlashadi. Yuzi qora banda qum ustiga yiqiladi, shunda ham oldinga surgalishga urinib, bir necha quloch surinadi ham… yana qaraganida ufq boʻm-boʻsh… hech kimsa koʻrinmaydi. Shunda u osmonga qarab yana “Ho-hooo!” deb qichqiradi.

Sanqiy-sanqiy, tuz choʻlidan chiqib qoladi. Biroq, choʻlning tubsiz qumlari uni yutmaydi. Qum uzra, qayerda ketayotganini ham idrok etmasdan odimlab oʻtib ketadi. Izidan tuz toʻzoni koʻtariladi-yu birpasdan keyin oʻz-oʻzidan tinadi.

Tepasida juda baland, juda uzoq osmon, oyoq ostida qattiq va zabonsiz yer… yura-yura Oydinkoʻl sohilidan chiqib qoladi. Hayvon kabi yerga yotib, tili bilan yalab-yalab suv ichadi, mamnun boʻlib yana gʻoʻldiraydi oʻzicha, boshini qiyshaytirib suv tubiga qarab turadi-da, sokin-osoyishta suzayotgan baliqlardan birini ilkis harakat bilan tutib olib yamlaydi. Baliqning dumi uning ogʻzida jonsiz-jonsiz qimirlaydi.

Oydinkoʻlning suvlari beozor jimirlaydi. Jilvalar uning yodiga yana nimanidir soladi. Suvga termilib uzoq oʻtiradi, maʼnisiz koʻzlarida bir lahza, atigi bir lahzaga nimadir milt etadi.

“Ho-hooooo…” deydi gʻoʻldirab, umidsiz, ilinjsiz… Suvga tikilib uzoq oʻtiradi, keyin birdaniga nedandir ruhlanib ketadi. Topolmayotgan narsasini topgan kabi, anglamsiz yovvoyi quvonch balqiydi koʻzlarida, suvlarni atrofiga socha boshlaydi.

Uning ortidan soyasi betinim ergashib yuradi. U Murtadni betinim malomat qiladi.

* * *

– Suvga tushganingda meni yoʻqoladi, deb oʻyladingmi? – deb soʻraydi hamrohi.

Qora odam indamaydi, tushuniksiz nigohini unga tikib, yana gʻoʻldiraydi.

Dilingda bir mahallar ilinj aralash qoʻrquv ilviraganini bilmasmidim? – deydi soya. – Narigi dunyoni koʻrmoqchi eding-ku! Farishtalar, qabr azobi… savol-javob qanday boʻlishini bilmoqchi eding-ku!

Murtad indamaydi, yerda yotgan bir xasni olib, aylantirib koʻradi, keyin ogʻziga solib chaynagancha, koʻzlarini loʻq qilib unga termiladi.

Oʻzingning tepangda oʻzing qaqqayib turib qolganing esingdami? – deb davom etadi hamrohi. U juda quyuq, shu bois haddan tashqari qora boʻlib koʻrinadi. – Yorugʻ dunyodagi hayotim tugadi deb oʻylading. Biroq, ostlaridan daryolar oqib turuvchi anhorlar yoki lovullab yongan doʻzax nishonalari koʻzga tashlanmadi – atrof qanday boʻlsa shundayligicha, oʻzgarmasdan qoldi, haybatli soʻroq farishtalari kelmadi, toshlar orasida, singan maysalar ustida bir oʻzing turaverding. Eslayapsanmi?

Murtad indamaydi.

Yaʼjuj-maʼjujlar senga tegmasdan pitirlagancha yon-veringdan oʻtib ketishdi. Hammasi pastlikka – Dilorom tomonga selday oqib bormoqda edilar. Ularning koʻkimtir koʻzlarida shoshqinlik va sarosima koʻrding. Soʻng bulutlar surilib keldi, qattiq shamol esdi. Osmon yorilganida… togʻlar parchalanguday boʻlib chaqmoq yalligʻlanganida aqlu hushing oʻzingda edi. Chaqmoq chaqilgan joyidan osmon yorilganini, yorilgan joyidan kimlardir yer yuziga tushib kelganini ham koʻrding. Osmon yoriqlaridan endi koʻklarga ketsam kerak, ruhimni koʻzaga solib, harir matoga oʻrab osmonlar osha koʻk toqigacha yetkazishsa kerak deb oʻylading. Yoʻq, aksincha, seni yer qaʼriga sudrab ketdilar. Ekinlar unib chiqadigan hosildor qatlamdan soʻng toshli qatlam, undan soʻng yaxlit xarsanglar… ularning ostida esa yer osti qoyalari bor ekan. Endi esladingmi?

Murtad maʼnosiz koʻzlarini yerga tikadi, bir hasharotni ushlab ezgʻilab koʻradi, uni yegisi kelmaydi.

Sen ham, men ham yer osti qoyalarining ostidagi jim oqadigan sokin qora daryolarga yetib bordik, – deydi soya. – Qorongʻilik qaʼrida suvning muzligi xuddi olov tekkanday. U daryolarda allaqanday maxluqlar bor edilar. Bu yerdagi kishilar havo yetmay boʻgʻilib-boʻgʻilib, goh suv ostiga choʻkib, goh suv betiga qalqib-qalqib yashashmoqdaydi. Ular yer osti daryolarining yuzalarida boʻlib, ostlarida yana kimlardir bor, ammo kim ekanliklarini bilmas eding. Ular shu qadar koʻpki… bir-birini gʻajimoqda, “sen boʻlmasayding men shu koʻyga tushmas edim” deganday, bir-biriga holsiz-holsiz tashlanib, bir-birining tomogʻini behol-behol chaynashmoqda edi. Madori quriganidan qarshilik ham koʻrsatolmay, koʻzlari olaygan holda jagʻlarini bazoʻr qimirlatishardi… goʻyo “bir-biringizni yeng” degan hukm kelgani kabi. Bu hukm qanday kelishini bilasanmi? Bir maysa oʻzining unib chiqishini oʻz holicha toʻxtata oladimi? Bir tirik odam bolasi oʻzining keksayishini toʻxtata oladimi? Hukm ana shunday keladi: hukm kelganida, istasa-istamasa gʻajiyveradi. Eslayapsanmi? Kim ekaningni, qanday murtad boʻlganingni xotirlayapsanmi? Sen Diloromni deya murtad boʻlgan odam eding, ey badbaxt!

Bu soʻzni eshitib, Murtad qora yuzini samoga qaratadi, koʻk koʻzlarida yulduzlar xira akslanadi. Osmondan yuziga bir-ikki yomgʻir tomchisi tushadi. “Ho-hoo!” deydi u choʻzib, maʼyus.

Insonni istab murtad boʻlish ham mumkin ekanmi? Murgʻakligingdan qulogʻingga quyilgan, yuragingni tublariga qadar oʻrnashgan va aql bilan tasdiq etilgan narsalardan voz kechib boʻlarkanmi, ey badbaxt? – deya malomat qiladi uni soyasi. – Sen oʻz hayotingda Tangrini tanigan, buyruqlarini va irodasini tan olgan, hamma singari jahannamidan qoʻrqadigan va jannatdan umidvor bir banda eding. Qoshingda hodisalar oʻz tillarida, oʻz hollaricha soʻzlar, sen ham oʻz holingcha eshitarding. Bir kuni koʻchada Eranning juda badbashara kuchugini koʻrgan eding. “Naqadar badbashara ekansan!” deganingda, kuchuk tilga kirib, “Ey odam! Naqshni ayblayapsanmi, naqqoshnimi?” deb malomat qilganida hushdan ketar darajada koʻrqqanu nodonligingdan hoʻng-hoʻng yigʻlagan ham sen eding. Sababi, sen ham naqsh eding.

Dilorom eranga yor boʻldi. Sen esa eran emas, oʻz holingcha sandiroqlab yurgan minglab kishilardan biri eding, xolos. Naqsh holingda, oʻz naqshlaringdan norozi boʻlib, naqqoshga qarata “Nima uchun meni bu alfozda yaratdingu bu chiziqlarni ravo koʻrding?” deb qichqirding.

Senga dashnom bergan kuchuk oʻz qismatidan rozi edi, sen esa – aqlu tasavvuring bilan yanada goʻzalroq naqshlar borligidan xabar topgach, oʻshalarga havaslanmoqda eding.

U xohlasa, seni boshqa shaklda yaratib qoʻya olishini bilganing uchun nido qilar edingki, bu holimdan rozi emasman, boshqa bir hol ber!..

Barini bilar eding – Dilorom tuproqlarga yogʻiladigan baraka misoli edi. Lekin uning ham umri oʻtishini, sargʻayib-soʻlishini, vaqti kelib tuproqqa qorishishidan xabardor eding. Modomiki, u yetishgan darajalar senga azaldan taqdir qilinmagan ekan, baribiram Diloromning barakotlaridan bahramand boʻlish, naqshlari badbashara hayoting u tufayli oʻzgarishidan umidlangan eding.

Zaifani Tangrim muborak qilib, oʻz soʻzini aytdi. Oʻsha muboraklikni oldinroq yaratgan boshqa bandasiga xos koʻrdi, uni zaifaning egasi deb ulugʻladi. Shu qadar muborak qildiki, nigoh tashlashni ham harom deb belgilab, oʻtib boʻlmas chegara tortdi.

Sen esa, “Xudoi taolo gunohu savobni, halolu haromni odamlar uchun yaratdi. Odam boʻlib yaralmasaydim, men uchun gunohu savob, halolu harom boʻlmas edi”, deya iztirobga choʻmding. Anglayapsanmi? Bori narsani rad qilsam, odamlikdan chiqarmidim, odamlikdan chiqsam, Dilorom menga halol boʻlarmidi, deb oʻylading.

Oʻz odamligingni ana shunda rad etding. Eʼtiqodingning soʻnggi malomatini tuproqqa koʻmding. U yerdan bir oʻt oʻsib chiqdi: bargi qizil, guli toʻqqizil, gulkosasining ichida qora nuqtalari bor, gʻalati bir gul. Bori bilganingni rad etding, men odam emasman, banda ham emasman deding – shu tarz murtad boʻlding, mudhish ozodlikka chiqding!

Neki qonuniyat bor – abas boʻldi sen uchun. “Istasam, odam qonini ichaman, istasam, maqbaralar ustiga chiqib dam olib oʻtiraman… Elu yurt malomat qilsa-chi? El nima boʻpti men uchun? Yuz yilga borib-bormay tuproqqa qoʻshilib ketadigan bu kishilardan menga ne naf” deding. Voajab, shunda Dilorom ham koʻzingga juda oddiy boʻlib koʻrina boshladi. Tilsimini yoʻqotdi u, fusuni gʻoyib boʻldi. “Sen kim boʻpsan?” deding qahringdan tishlaringni gʻijirlatib, yanib. “Sonsiz-sanoqsiz ayollarning bittasisan, xolos. Istasam, amrimga olib, qul qilib eshigimda ishlataman, istasam, nafsimni qondiraman. Tussiz-rangsiz tevarakdagi ayanchli bir kas ekaningni endi bildim, yanglish ey pari!”

Shuuringni nihoyasiz va bahaybat qora kin chulgʻab kelgan edi. Togʻlaru toshlar kabi ogʻir gʻazablar oshyon qurgan edi yuragingga. Qoyalar yorilib, yovning kichik bir toʻdasi yorugʻ dunyoga chiqib kelganini bilib, oʻsha tomon ot solding.

Uzoq yoʻl bosding. Jarliklarning qirgʻogʻida, oʻshshaygan qoyalarning labida nafis naʼmatak chayqalgan joydan oʻtib bording. Tepaga yetganingda Eranning Dilorom deya yovning kelar yoʻliga chiqqanini koʻrding.

Roʻparangda togʻ titrar, yer ham titrar, bir suron eshitilmoqda edi – har holda, u – yovning suroni edi.

Oʻsha jaholat ichra ortidan yaqinlashib bordingu tigʻni kuragiga dastasigacha botirding. Eran miq etmay choʻkka tushib, jimib qoldi. Yara joyidan qon oqib, pastga qarab ingichka chiziq hosil qilib oqa ketdi.

Suron yaqinlashmoqda edi. Endi bu yovning shovqinidan oʻzing ham qoʻrqmoqda eding.

Shamol quloqlaring ostida qichqirar edi. Shu mahal qarshingda bir arslon paydo boʻldi.

U haybatli, xoʻmrayib, qahr ila qarab turar edi. Toʻxtay desang, yov kelmoqda… qochay desang, mana bu arslondan ham qoʻrqmoqda eding… toʻsatdan u bahaybat panjasini havolatib, bir urdi, oting agʻanab, havoga uchib ketdingu sal oʻtmay toshlarning orasida koʻrding oʻzingni!

…Uzoq yillar qimir etmay shu alfozda yotding. Yomgʻirlar, qorlar yogʻdi, soʻng bahor kelib, muzlar eridi. Nihoyat, bir nimani eslaganday boʻlib qalqqaningda, barcha bilganlaringni maʼnolari bilan birga unutganingni payqading. Uzoq, juda uzoq oʻylanding, hatto oʻzingning kimligingni ham eslolmading, nimaligingni ham bilmading. Qorning ochganini sezding, ammo nimani yeyish kerakligini ham bilmasding. Shunda bir qush kelib maysani choʻqidi, sen ham shunday qilding. Boshqa bir qush kelib koʻlmakdan suv ichdi, sen ham qush kabi suvdan ichding.

Tevaragingga boqib, qanaqadir yovvoyi hayvon boshqa bir hayvonni ushlab burdalab yeyayotganini koʻrgach, sen ham bir hayvonni tutib yeding.

Qorning toʻygach, yana zoʻr berib bir nimalarni eslashga urina boshlading. Ammo eslolmading, turgan joyingda sakrab, osmonga qarab “Ho-o-o!” deb choʻzib uvillading.

Esla! Otang bor edi, esla! Onang bor edi, esla! Bir dunyo odamlar bor edi, biri dehqon, biri uzumzorlar egasi edi, bir ajoyib qiz bor edi, oti Dilorom edi… esla!..

Kun ufqqa yonboshlagani sayin soya ham uzayib boradi, butalarning, qum va toshlarning soyalariga qoʻshilib-ayrilib, malomatida davom etadi:

Akalaring, ukalaring bor edi! Yaylovlarda xivichni ot qilib choparding. Qirlarda quyun oyogʻing ostida oʻralashardi. Hamma narsaning tilini tushunarding. Otang bugʻdoy ekardi, oralarida oʻynab yurarding, bugʻdoy unidan onang non yopar, u nonlarni hidlab-hidlab yer eding. Qarib-ilvirab qolgan kampirlaru chollar bor edi, ular seni har koʻrganlarida duo qilar edilar… Esla!

Murtad eslolmaydi, ammo soyaning ovozini ham oʻchirolmaydi, boshini chayqay-chayqay ilkis oʻrnidan turadi-da, yalang oyoqlari bilan namchil tuproqni socha-socha, boshi oqqan tomonga joʻnab qoladi, soya esa izidan qolmaydi, qayga borsa ergashaveradi, murtad bundan bezor boʻlganidan yana “Ho-o-o!” deb baqiradi.

Esla, esla, ey imonsiz! – deyishini qoʻymaydi soya.

 

 

* * *

Aslida bittagina soʻzni eslasa kifoya, oʻshaning maʼnosi diliga kiradi-yu, hamma narsa oʻz oʻrniga tushadi, – dedi shamol. – Lekin Parvardigori olam unga u soʻzni unuttirdi, endi qiyomatga qadar eslay olmaydi!

Yov… – dedi oʻylanib Ozod. – Yov ham… soʻz aytolmas… ammo birgina soʻzga ilhaq edi…

Koʻzga koʻrinmas arslon haliyam shu yerda, – dedi shamol. – Panjasi bilan yana bir ursa, bu kimsa sanqib yuruvchi boʻm-boʻsh tirik koʻzaga aylanadi, chaqmoq urganida esa qirq boʻlakka boʻlinib sinib ketadi, har bir boʻlagi yana oʻsha nidosini aytib qichqira boshlaydi…

Mulki fano

 

Nihoyat, gʻalati bu makon, unga qoʻshilib Uchyongʻoq ham toʻzon aro qolib ketdi, ular boshqa bir dashtga chiqib qoldilar. Bir dashtki, poyoni yoʻq, anglamsiz hayvonlar sudralib yurar edilar.

– Endi sen fano dashtidasan, – dedi shamol. – Bu yerga yetib kelganlar juda oz, sanoqli kishi xolos. Ana, biri ketib bormoqda. U shu qadar muborakki, bironta hayvon daf qilishga botinolmaydi, bilʼaks, qarshisida yoʻl boʻshatishadi, tegrasida toʻplanib, muztar-muztar, ilinjli yolvorishadi.

Bu kishining yuzini koʻrib boʻlmas, qoʻlida aso, kimsasiz, jonli ne borki barini yutguvchi shu dasht aro qaygadir shitob ketib borar, ortidan kichkina va xunuk bir kuchuk ergashar edi. Ozod diqqat bilan qarab, uning Uchyongʻoqdagi kuchuk ekanini koʻrdi.

 

Yukingni yukla, ey darvish, koʻp qattigʻ safar bordir,

Rabote koʻhnaga hoʻ qilma, gar roʻze batar bordir.

 

Rohi duru darozingni mudom andisha qil, tolib,

Borurda boxabar boʻl, yoʻlda chandon uqbalar bordur.

 

Bu kishi kim? – deb soʻradi Ozod.

– Nafaqat bu makonlardan, balki dunyoning ustidan ham hakkasifat hakkalab oʻtib ketgan zot, – deb javob qildi shamol. – Qara, ortidan dunyo kuchuk kabi ergashib yuripti. Uning manzili boshqa, u manzilga koʻz tutish tugul, tasavvuringga ham sigʻdirolmaysan.

– Ikkinchi zot esa undan ham baland maqomlarda, orom va sukut qoʻynida, – deb xabar berdi shamol. – Istasa, meni ham, togʻu toshni ham oʻz amriga boʻysundira oladigan maqomda. Tangrim, oʻzi suygan muborak zotlarni qanday izzat qilishini idrok qil, chunki u zot aytgan soʻzlarning har harfida xayr bor. Birgina soʻzi bilan olamda qanchalar izzatga koʻmilganini bilsayding!

– Juda koʻp narsalardan bexabar ekanman, – deb tan oldi Ozod. – U soʻzni menga yetkaza olasanmi?

Shamol yana havolanganida, Ozod shu soʻzlarni eshitdi:

 

Menga qilsa yuz jafo, bir qatla faryod aylamon

Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram…[29]

* * *

Bu yer shunday bir joy ediki, aql uning kengligini idrok qilishga ojizlik qilardi. Butun osmon hatto u yerdagi oddiy bir xasdan ham kichikroq edi. Bu yerda ehtiyojsizlik bulutidan jala yogʻar; momaqaldiroq dahshatli gumburlab, tez-tez chaqmoq chaqilib turardi. Goʻyo olamga balo toʻfoni yogʻilib, osmonni ofat chaqmogʻi kul qilib yuborgandek edi. Bu yerda yetti koʻk bir hovuch tuproqcha, jannatda oʻsadigan sidra va toʻbi kabi daraxtlar esa xas kabi qadrsiz edi[30].

Dashtning bir yoni tarafi togʻ edi. Ortidan tushunarsiz shovqin-suron eshitilardi.

Yigitcha bu shovqinning nima ekanini tushundi: togʻ ortidagi yovning tovushi edi bu.

Sanogʻi yoʻq hamda gʻoyat och bu jonzotlar togʻni kemira-kemira, yorugʻ dunyoga yaqinlashib kelmoqda edilar. Yoyilib ketgan dasht aro esa yana bir yov suron solib kelmoqda edi.

– Bu – undan ham avvalgi zamonlarning yovlari, – dedi shamol. – Koʻryapsanmi, odam bolasiga oʻxshab ketadi. Otlari uchqur-uchqur, oʻzlari egarda yopishganday oʻtirishipti. Bor-yoʻq quroli bir qilichu bir qalqon… Dunyoni buzgan askar mana shu.

Askar yoyilgancha, togʻ bagʻridagi bir teshikka qarab oqmoqda edi.

Yana bir ozdan soʻng boshqa bir lashkar kela boshladi. Ortidan yana kimlardir… son-sanoqsiz odamlar yana qaygadir oqib borar, har taraf qon edi, boʻgʻizlanganu yaralangan kishilar ingrar edilar va ingrashlari bilan erib-yoʻq boʻlib ketmoqda edilar.

– Shunchalar koʻpmi… – dedi Ozod hayratlanib va achinib. – Odam bolasining umri shunchalar beqadrmi?

Nima uchundir shamolning bezovtaligi ortmoqda, asabiylashmoqda, qahru gʻazabga minmoqda edi.

– Beqadr! Beqadr! – deb hayqirardi u gʻazab sochib. – Qani bularning butlari? Qani yurt? Qani budun? Qani goʻzallar? Qani hoyu-hashamlar? Tosh-tuproqqa sigʻinganlar qani? Qani shahidlar? Qani osiylar? Qani gʻoziylar?

Shamol shoyon qahru gʻazabga mingan edi, u quyun hosil qildi va atrofga toʻzon sochib, pirillab aylana ketdi.

– Qani imonsizlar? Qani murtadlaru mardudlar? Qani musulmonlar?

Tegrada togʻ titramoqda edi, yovning dunyoga chiqib kelishiga bir bahya qolgan edi xolos, bor-yoʻgʻi bir bahya.

– Yer yuzi gʻijimlanib-siqib tashlanganida… togʻlar toʻzonga aylanib havoda uchganida… osmon yer betidan sidirib olinganida… yulduzlar yorilganida. quyosh oʻralib-nursizlanib qolganida!.. Ey gʻofillar, ey johillar! Yulduzlar yoʻl koʻrsatuvchi qilingan edi. Osmon boshpana qilingan edi. Yer boʻysundirilgan edi. Zamin silkinib, bezovta qilmasligi uchun togʻlar posangi kilingan edi. Bagʻirlaridan minglab turda va taʼmda buloqlarni chiqarib-hozir qilib turmoqda edi, ey badbaxtlar, ey koʻrnamaklar, ey jonining qadr-qiymatini bilmagan gʻofillar!

– Sizga aytilgan edi! – deb hayqirar edi shamol. – Ey toshu tuproqni sevuvchilar! Ey toshchalik qadr-qimmati boʻlmagan tillalarni sevuvchilar! Ey chirib ketguvchi neʼmatlarni sevuvchilar! Bor-yoʻgʻi bitta soʻz bilan butun bu olamning egasi boʻlar edingiz! Bitta soʻz bilan dunyoviy havaslaringiz abadiy shon-sharafga burkanardi!

Shamol uning sochlarini, kiyimlarini yulqilar, shiddat urar, qumlarni koʻtarar, osmonu falakka sochar, boʻm-boʻsh kengliklar aro gʻazab bilan esardi.

Uning mana shu suroni aro Ozodning butun koʻrgan-kechirganlari, bilgan narsalari oʻzgacha bir shaklu mazmun kasb etib, tasavvurining kengliklarida bino boʻla boshladi. Tasavvurining kengliklari yanada keng, xayol shamollari yanada qattiq shiddat bilan esmoqda edi. Shu talotoʻp ichida u koʻrgan narsayu hodisalarning boshqa akslari qalqib chiqa boshladi. Bemaʼni qavmning oyoqlari ostida singan turfa chechaklar… biqiniga loy va qon sachragan ot… el deya suron solib ketib borayotgan va halok boʻlib ketgan boʻz yigitlar… dashtu dalalarni tutgan yigʻilar, boʻzlovlar, chorlovlar… ezgin-ezgin, taqdiriga boʻysunib qora mehnat ichida umri oʻtib ketayotgan sanoqsiz kishilar… ularning zuryodlari – tasavvurlari hosil qilgan yorugʻ orzulariga qattiq ishongan va u orzularining yogʻdusi koʻzlarida jilvalanib turgan yosh yigit-qizlar… saodat lolasiga va baxt qushiga umid bogʻlagan behisob kishilar… jonsizday tuyulgan, ammo har narsani koʻrib-bilib turuvchi hodisalar: yomgʻirlar, doʻllar, boʻronlar, tuproq, togʻu tosh, bularning har biriga insoniy maʼno yuklagan keksalar, umrning va yashashning chegaralari, halokat va halovatning hududlari, insonlar hosil qilgan va avloddan avlodga oʻtib kelayotgan maʼnaviy dunyolar… bularning bari goʻyo Ozodga intiq, Ozodni intizorlik bilan kutishayotgandek edi.

Shunda Ozodning ongida bir nima yarq etib ochildi!..

– Toʻxta! – deb qichqirdi Ozod, shamolning hayqirigʻini bosishga urinib. – Men hamma narsani t u sh u n i b ye t d i m!

Shamol yanada avjga mindi:

– Yoʻq, anglamading! – deb hayqirardi u, Ozod uning bunchalar haybatli ekanini tasavvur qilmagan, endi togʻlarning xarsanglari koʻcha boshlagan edi. Qum qatlamlari sidirilar, tevarakni nolalar tutmoqda edi.

– Biz qumning bandalarimiz, – deya oh-voh qilardi kimlardir. – Biz imonimiz uchun emas, qum-tuproq uchun jon berganlardanmiz

– Koʻryapsanmi? – deya hayqirardi shamol. – Boring abadiy manzillaringizga! Qumning va tuproqning siz uchun masʼulligi yoʻq! Siz qum va tuproq uchun yaratilgan edingizmi? Qanchalar bebaho ekaningizni oʻzingiz anglamadingiz, holbuki, tosh ham, tuproq ham Tangrimning sizga boʻysunishni istagan bir maxluqi edi, xolos. Boring va koʻmiling manzillaringizga! Sizdan kutilgani birgina soʻz edi. Butun bu ajoyibotlar evaziga bittagina soʻz kutilgan edi. Hamma narsa yoʻq boʻlib ketuvchi neʼmat hosil qilar ekan, siz yoʻq boʻlmaydigan neʼmat yaratishingiz kerak edi. Birgina soʻz edi, ey gʻofillar! Uni sizdan boshqa hech kim aytolmasdi, aytishi iroda qilinmagan edi! Uni ayta oladigan yagona jonzot siz edingiz, ey badbaxtlar! Ey odam bolasi, koʻr u muborak lisonni aytadigan mana bu kishilarning holini!

Pastda olomon tinimsiz oqmoqda edi. Bir lashkar ikkinchi lashkarning ustiga yopirilib borarkan, boshqa yoqda ularning muqaddas makonlari sovurilib ketmoqda edi.

– Yer yuzidagi eng muborak zotning qilmishlarini koʻryapsanmi! Butun maxluqot sajda kilgan mukarramning holini koʻryapsanmi! Birgina soʻz edi! – deb hayqirardi shamol. – Birgina soʻz bilan toshu tuproq, makonu zamon oʻzgarib ketardi. Birgina soʻz bilan olomon oʻzgarardi, birgina soʻz bilan bu badbaxtlar boshqa martaba kasb etgan boʻlardilar! Toshu tuproq deb halok boʻlib ketgan millionlab kishilar birgina soʻz bilan shahid boʻlardilar, yer tishlab yotgan sanoqsiz odamlar birgina soʻz bilan Uning nazdida muboraklik kasb etgan boʻlardilar! Butun bu olam shu soʻz uchun yaratilgan edi! U soʻz boʻlmasaydi, bu dunyo yaratilmagan boʻlar edi. Shu qadar aziz, shu qadar mukarram bu badbaxtlarning qilmishlarini koʻr, ey odam bolasi!

Shu mahal roʻparadagi qoyalarda ulkan darz paydo boʻldi!

Qoramtir-qizgʻish qoyalar titradi, darz joyidan yorilish asnosida uvalanib ketgan mayda toshlar shuvillab pastga toʻkildi, yana bir silkinish ila bu darz xiyol kengaydi, ana shu yoriqdan bir mahal kichkina, jimit qoramtir hayvon lip etib chiqib keldi. Ortidan ikkinchisining kichkina, qop-qora panjasi koʻrindi, keyin uchinchisi, toʻrtinchisi[31]… Bular darz orasidan qisilib-siqilib bir amallab oʻtgach, dik etib oʻrnidan turib ketishaverar edi.

– Mana, qanaqa ekan yov deganlari! – dedi hayron qolib Ozod. – Muncha surbet, muncha bez boʻlmasa?

– Bu yovdan senga ozor yetishi qiyin, – dedi shamol. – Sal narida odamni yetaklab olgan maymunni ham koʻryapsanmi?[32] Uning changalzorga kirib ketganiga ancha yillar boʻlgan edi, zamon bir aylandi, endi natijaga boq.

– Maymun shu darajada aqllandimi? – deb soʻradi Ozod.

– Bu yerda na maymun bor, na odam, – dedi shamol. – Unga soʻz qotib boʻlmaydi, chunki qismati tamomila boshqa. Sen yana uch qadam bos va nimalar roʻy berishini koʻr!

Ozod oldinga uch qadam tashlagan edi, yerdan qattiq bir nima qamish kabi oʻsib chiqa boshladi, oqimtir tomirlari shundoqqina yer betida uzayib, yon-veridan oʻsha zahoti boshqa changalsifat narsalar boʻy choʻzdi, ular tezda urchib koʻpayib, yov bilan Ozod orasida oʻtib boʻlmas toʻsiq hosil qildi.

– Nima bu? – deb hayron boʻldi Ozod.

– Tirnoqni ostonaga koʻm, bir kuni yov kelganida seni undan toʻsadi, deyilmaganmidi? – deb soʻradi shamol. Keyin yana qattiq shiddat urdi, Ozodning sochlarini, kiyimlarini yulqilay boshladi. – Darhaqiqat, odam bolasi koʻp narsadan bexabardir!

 

* * *

– Shoshma, – deb qichqirdi Ozod, uning hayqirigʻini bosib. – Soʻzimni tingla! Sen yanglish soʻylayapsan!

Shamol endi tepalarda guvillar edi.

– Sen beqarorsan! – dedi Ozod, yanada qattiqroq qichqirib. – Avvalboshdan shunday yaratilgansan, hikmating havolarni almashtirish va bulutlarni surishdan boshqa emas!

– Ey nodon! – deb guvilladi shamol. – Hozir seni halok qilmasimdan ortingga qayt, hamma qatori tuproqdan rizqingni chiqarib, Tangrim inʼom etgan behisob neʼmatlardan noshukrlarcha foydalan, yeb-ichishingda davom et, taningning tobora oʻzgarib-qartayib borayotganini idrok etishdan bino boʻlgan vahimalaringdan hayiqa-hayiqa, Parvardigori olam yaratgan bir qurtcha boʻlolmaganing bois, qoʻrquvlar ichida jon taslim qil va mana shu taom pishiruvchi kishilar qatoriga qoʻshil sen ham!

– Yoʻq, odam bolasi haqiqatan muborak boʻldi, – dedi Ozod. – Oʻsha mukarramlik bois ham uni hech qachon anglayolmaysan. Sen uchun bu olam toshu tuproqdan iborat, odamlarning xoki turobi esa toʻzondan boshqa narsa emas. Lekin bilib qoʻy va boshqa ayblama! Sen odam bolasini hech qachon tushunolmaysan, chunki muboraklikdan mahrumsan! Aytilgan soʻzlarni u yoqdan bu yoqqa surgalab esishdan boshqa ishing yoʻq!

Endi Ozod nima deyishini aniq bilar edi:

– Chunki narsalarga maʼno berishdan benasibsan! – deb qichqirdi u. – Toshu tuproq deganing narsalarning maʼnolari inson uchun muqaddasdir. Bu yerdagi har narsa oʻzining maʼnosiga koʻra azizdir! Toshu tuproq nima ekanini tushunmasdan turib, uning bolalarining ustidan malomat toʻzonini sochishingga kim izn berdi? Qara va koʻr, sen xoku turob deganing narsalarning aslini! Men hozir oʻz soʻzimni aytamanu ularga muboraklik darajasini beraman!

Va, yurt tuproqlariga qarab qattiq qichqirdi:

M u b o r a k b oʻ l, e y yu r t i m n i n g t u p r o gʻ i!

Endi toshu tuproqlar ham qoʻzgʻalishiga shubha yoʻq edi. Oʻzining gaplarini tuproq ham, suv ham, olov ham tinglayotganiga va gʻururlanayotganiga ishonardi Ozod. “Hozir zilzila roʻy bersaydi”, – deb oʻyladi u, chunki zilzilaning sabablaridan birini ham tushunib yetayotgan, qarshisida havo ham, tuproq ham, suv ham junbishga kelayotgan edi.

– Sen aytgan narsalarning hammasi birlashgandagina imon paydo boʻlayotganini ham anglayolmaysan! – deb davom etdi Ozod. – Imon har narsaga azizlik maqomini bermasaydi, unda bu kishilar umr haqida, hayot va mamot haqida soʻz aytmagan boʻlur edilar. Elim deb yovga qarshi chiqib halok boʻlib ketganlar aslida imonlari bois jondan kechgan edilar! Qara va koʻr, endi men ikkinchi soʻzimni aytaman.

M u b o r a k b oʻ l i n g i z, e y a h l i m a ʼ n i!

* * *

Zilzila ana shunda roʻy berdi!

…ulkan va adoqsiz togʻlar ostidagi tiyiqsiz bir kuch tevarakdagi bor narsani silkitib, tashqariga chiqishga urindi.

…sonsiz-sanoqsiz qushlar qoʻrquv ichra potirlab samoga koʻtarilishdi. Vahimaga tushgan hayvonlar ne qilarini bilmay, turgan joylarida gir-gir aylanishdi.

…qirlar bagʻrida oʻsgan qizgʻaldoqlar bab-baravar yuksalishdi, kimningdir daragini soʻroqlab yurgan bahoriy shabada ham kuchayib, boʻronga aylandi-da, hayqirib esa ketdi.

…koʻklarda xasta bir kishiga vido aytib ketayotgan turnalarning safi buzildi.

…suzib borayotgan chopqir toylarning eng olddagisi munkib ketdi, yollari uzun-uzun havolandi, bulutlar suruvi bir-biriga mingashib-qoʻshilib ketdi.

…oʻshshaygan qoyalar labida oʻsgan bir tup naʼmatakning shoxchalarini shamol yulqilay boshladi, majnuntol tagida oʻtirgan bir kishi nihoyat, gʻamlaridan ozod boʻlib, tevarakka alangladi.

…taqdir soʻqmoqlaridan boshini egib jim ketayotgan boshqa bir zot samoga – chaqmoq yolqini tarafga qaradi.

…el uchun halok boʻlgan bir kishi yuragidagi oʻqni sugʻurib oldi, jarohatdan silqqan qon yerga chak-chak tomib, oʻrnidan qizil gullar va uzumlar bosh koʻtarib chiqdi.

…er bagʻirlab borayotgan sanoqsiz maxluqlarning bari birdaniga toʻxtab, shu yoqqa ajablanib qaradilar.

…ulardan sal naridagi maymun ham, u yetaklab olgan odam ham shu tomon termilishdi…

 

* * *

– Endi sen ham mening irodamdasan! Shiddatingni pasaytir va amrimga buysun, ey Tangrimning maxluqi, – dedi Ozod, qatʼiy qilib.

Ajabo, shamol lom-mim demasdan unga boʻysundi, yer bagʻirlab esa boshladi.

– Kuching boricha es va Iskandar devorining ustiga, oʻzing bilgan yuksakliklarning eng oxiriga koʻtar meni, – dedi Ozod qatʼiy qilib.

 

 

OXIRGI AKS

 

Shamol qattiq toʻlqin urdi, Ozod qoʻllarini qanot kabi yoyib, silliq sathga qadam qoʻydi.

Shamol qattiq gʻuvillar, qoyalarni yemirmoqchiday shiddat urar, Ozod uning qudratini his qila-qila, tippa-tik devordan chayqala-chayqala yuqoriga qarab oʻrlamoqda edi. Tez orada yer koʻzga koʻrinmay ketdi, shamolning shiddati pastdagi bulutlarni yanada quyuqlashtirdi – ular qoyalardan nariga oʻtolmay, bu bosim ostida tobora zichlashib-mingashdilar.

 

* * *

Bu shamol asli kunbotar tarafning haybatli kengliklaridan qoʻzgʻalgan edi.

Shu tobda u ortda qolib ketgan qishloq uzra ham esmoqda edi.

U esganida atrof-javonib tamomila toʻlqinlandi, simyogʻochlarning simlari larzon-larzon, u yoqdan-bu yoqqa sollangancha uvilladilar.

Darhaqiqat, bu bahaybat shamol edi, uning ovozi tepalarda ham guvillardi. U esgan mahalda hamma narsa tilga kirib, ovoz chiqarib nido qila boshladi. Hamma narsani ovoz chiqarishga majburladi, bu mahallarning yagona hokim oʻzi boʻlib oldi, uning bahaybat bosimi ostida ingramagan, nola qilmagan bironta narsa qolmadi… Bitmagan imoratlarning sinchlari oralab esdi, bu shamolda qolgan kishilar xuddi mast kishi kabi chayqala-chayqala manzillari tomon borardilar. Uzumzor egasining butun sarvatini yer bilan bitta qildi u, bogʻ sathi uzilgan uzum novdalari va hali koʻkimtir shingillar bilan toʻldi.

Soʻngra yer yuzasi top-toza boʻlib qoldi, changsiz taqir yer uzra endi quruq ovoz chiqarib esaverdi shamol.

Bu talotoʻpdan koʻr kishi hazilakam qoʻrquvga tushmadi. Shamol uni gandiraklatib yubordi, u choʻk tushib qoldi. Yaxtagining etaklari, belbogʻi va sallasining uchi yulqinar edi. Kim bilsin, shamolning qanotlarida yana nimalarni his qildi ekan?

Shamol tandirning choʻgʻlarini ham kullarga qoʻshib sochdi, ikki yashar ishtonsiz bir bolakay bu surondan qoʻrqqanidan chirillab yigʻlab yubordi, unga halak boʻlgan onaizorning koʻylagiga choʻgʻ ilashdi, koʻylak yona boshlasa-da, ona parvo qilmay bolasi tomon hovliqib chopib borar edi.

Dalasida tut tagiga oʻtirib olgan ota uyiga qaytib ketmadi, balki bu shamoldan keyin quyadigan jalani kuta boshladi. U, jala asnosida yelkalarini ilma-teshik qilib doʻl yogʻishini, kutishidan foyda yoʻqligini ham, doʻl ekinlarni payhon qilib yuborishini ham bilardi, ehtimol. Ammo ayolining va bolalarining rizqi boshidan ketolmadi, shu tarz dalasida qolaverdi.

Aslida Ozodni yuksakka koʻtarish uchun esgan shamol qishloqda mana shunday oʻzgarishlar yasadi.

– Ekinlarim yer bilan bitta boʻlib ketibdi-ku? – jahllanib gʻudranar edi dehqon. – Bola-chaqaning rizqi edi-ya, attang.

– Kirlarimni yoyib-sochib tashlapsan, yer yutkur, – deya shamolni qargʻar edi qoʻshni ayol, yuz-koʻzini toʻzondan pana qilganicha, hovlining har yer-har yerida hilpirab yotgan kirlarni toʻplarkan.

Quyiroqdagi hovlidan yana bir ayolning ovozi eshitilar, u bolasini koyimoqda edi:

– Dasturxonni rayhonlar orasiga qoq demaganmidim, ahmoq? Ana, uvoqlari bilan qoʻshib shamol uchirib ketipti! Ota-buvamni savobdan benasib qilding-ku, bola boʻlmay qol!..

 

Xazoyinul-maoniy

 

Iskandar devorining usti benihoya keng va toza edi. Samodagi ulkan oy ufqning yarmini toʻsib qoʻygan, bu ulkan sayyoraning qoq oʻrtasida oxiri koʻrinmas tubsiz jarlik koʻzga tashlanardi – bir mahallar uning ikkiga boʻlinganining va qaytib birlashganining dalolati edi bu.

Oyoq osti nur bilan toʻlgan, yogʻdu oqish-oydin sath hosil qilgan edi.

Ozod bu yerda maʼnolarning shakl olganini koʻrdi.

Ha, Parvardigori olamning maxluqi boʻlmish shamolning aytganlari rost edi – bu makonda Toshbaqa bilan Chayon ham, Boʻri bilan Qush ham, tumshugʻida hikmat yongʻogʻini tishlab turgan Qargʻa ham yonma-yon edilar. Ular Ozodni payqashdi va shunday salom berishdi:

– Xush kelding, ey yangi asrlarning oʻgʻloni!

Sal tepada malaklar uchib bormoqda, Qobiz deb atalmish ajal farishtasi ham ular bilan birga edi. Qoʻllarida harir oq matoga oʻralgan koʻzalar bor boʻlib, koʻk toqiga olib ketmoqda edilar. Koʻzani boʻm-boʻsh deb bahslashgan kishilarni esladi Ozod.

– Safo kelding, ey yangi asrlarning oʻgʻloni! – deb Ozodga salom berib oʻtdilar ular ham.

Hatto yov ham shu yerda, oyoq ostida edi. Ozod ularning tuproq uzra chumolilar kabi nochor-nochor oʻrmalab yurishganini koʻrdi. Hayoti dunyodagi hamma narsa bu yerda bor boʻlib, endi ular asl maʼnolarini koʻrsatib turmoqda edilar. Uzoq uzoqlarda, sath tugagan joyda yana qoyalar boʻy choʻzgan, ularning ustida ham chaqmoqlar chaqardi.

– U yoqda sen ham, men ham bilmaydigan haqiqatlar borga oʻxshaydi, – dedi Ozod. – Men bundan ham nariga borishni istayman. Balki, rostdan ham u dunyoga oʻtguvchi tuynuk bordir?[33]

– Yoʻq, men bundan nariga oʻtolmayman, – dedi shamol, yanada shiddati pasayib.

– Seni tushundim, – dedi Ozod. – Bir senigina emas, boshqalarning aytganlarini ham tushunib yetdim.

Shamol endi yer bagʻirlab muloyim esardi.

– Senga boʻysunaman, ey aziz va mukarram zot, – dedi u, shivirlab. – Lekin, endi keragim yoʻqqa oʻxshaydi. Izn ber, izimga qaytay va azaliy ishimda davom etay.

– Toʻgʻri, endi keraging yoʻq, – dedi Ozod va amr qildi: – Ey Tangrim yaratgan zot! Halok boʻlmasingdan yer uzra yaslan va amrimni kutib tur!

 

Lola

 

Tep-tekis, sip-silliq sathda bir dona qora lola, qoramtir gulkosalaridan mayin uchqunlar taratib, yogʻdulanib turar edi. Ochilishida chaqmoqlarning xizmati bor degan gap toʻgʻri ekan: tevarakda chaqmoqlarning bu sathni kuydirgan izlari boriydi.

– Insonlarga hayotlaridan rozilik tuygʻusini hadya etuvchi senmisan? – deb soʻradi Ozod, engashib. – Biram nozik, biram hurkak gul ekansan-ku?

– Bilmadim, – dedi Lola, bosh egib. Shunda Ozod lolaning mungli va maʼyus ekanini koʻrdi, uning nozik gulkosalarida koʻzyoshlari monand tomchilar titrar edi.

– Bilmadim, – deb titradi Lola. – Men nima sababdandir shu yerdan unib chiqaman, chaqmoqlar tevaragimni yoritadi, rangimning nega qora ekanidanu atrofimda nega buncha jonzot toʻplanishidan ham bexabarman.

– Unda, ochilishingdan hikmat nima? – deb soʻradi Ozod.

– Narida, mana shu koʻrinib turgan, ustida chaqmoqlar chaqayotgan qoyatoshlarning ortida yana bitta lola bor, – deb shivirladi u, benihoya gʻussayu armon ila. – Mening orzuyim – oʻshanga yetishish. Mana shu yerga parchinlanib qoʻyilganman, shu sabab, shamol gulchanglarimni uchirib, oʻsha lola bilan qovushtirishini kutaman. Oʻshanda gulchanglarimiz bir-biri bilan aralashadi, har bitta zarra alohida yogʻdulanib, alohida farogʻat qoʻshigʻini kuylay boshlaydi, oyning nurlarini akslantirib raqsga tushishadi. Chaqmoqlaru momaqaldiroqlarning ostida, kimsasiz shu maydonda yolgʻiz oʻzim moʻltirab oʻsganimning hamma zahmati ana shu mahal koʻtarilib ketadi, ikkimiz ham bemisl xushbaxtlikka erishamiz. Ana shu mahaldagina ikkimiz ham hayotimizdan tamomila rozi boʻlamiz va umrimizning soʻngiga qadar, xazon oni yuz koʻrsatguniga qadar shu xushbaxtlik ichra yashaymiz! Qovushishimiz bir xushbaxtlik esa, ortidan yana bemisl saodatlar yuz koʻrsatadi. Gulchanglarimizning ajoyib raqslari aro, yogʻdular ichra paydo boʻlgan juftlik musiqasi ostida mastu mustagʻriq ekanmiz, mana shu baxt zamirida yana bir Lola paydo boʻladi, hayotimizga rozilik maʼnolarini kiritadigan, jismi vujudlarimizning ich-ichlaridan paydo boʻlib, ruhi yoʻqlik olamlaridan mehmon boʻlib keladigan, to oʻzi ham yana abadiy dunyolarga qaytib ketgunga qadar bizlarni izzatlab-sharaflaydigan, qisqa umrimizni baxtu saodatga toʻlgʻizadigan ana oʻsha maʼsum va murgʻak Lolamizni kutamiz!

Gulning dardu istagi shu qadar ogʻir, huzunli va ulkan ediki, Ozodning yuragi toʻliqib ketdi. Va mana shu toʻliqish aro gulning yaratilishining maʼnolari asta-sekin ongida qizil gul kabi una boshladi.

– Koshkiydi aytganlaringga avval ham aqlim yetsaydi! – deb shivirladi u, hayratdan titrab. – Zuryod! Yo qudratingdan, axir… zuryodni orzu qilyapsan-ku, ey shoʻrlik tutqun???

Va, koʻzlaridan yosh quyilgan koʻyi, sassiz-sadosiz bu kengliklarni titratib, shunday dedi:

Ey hayotning mehvari, ey butun borliqning tamali, ey hikmatlarning ulugʻi, ey Tangrimning irodasi! Men hozir senga oʻz soʻzim bilan muboraklik darajasini beraman!

Va sassiz-sadosiz bu kengliklarni titratib, qattiq qichqirdi:

M u b o r a k b oʻ l, e y jami tiriklikning asosi, dunyoning mazmuni, yaratilish va yaralishning murodi, insonni inson aylagan marhamat – M u h a b b a t!

Tiyiqsiz bir kuch togʻ ostidan chiqishga urina boshladi, qoyatoshlar silkinib-uvalanib toʻkildi va sath oxiridagi togʻlar yer qaʼriga choʻkib ketdi. Yana qoʻzgʻalgan shamol qattiq esib, lolaning gulchanglarini koʻtardi, unda endi haybatdan tashqari quvnoqlik va shodonlik ham sezilmoqda edi – u, shoʻrlik chechakning gulchanglarini uzoqlardagi boshqa lola sari uchirib ketdi.

 

Humo qushi

 

Ana shunda… Ozod ajoyib bir qushni koʻrdi.

U chiroyli tillarang tusda tovlanar, atrofida mayin uchqunchalar taratmoqda edi. Qaydandir uchib kelmadi, balki chaqmoqlarning chaqinlari aro yoʻqlik ichra paydo boʻldi. Yer yuzida bunday chiroyli qush borligini bilmas edi Ozod. U hech qaysi qushga oʻxshamas: gʻoyat kibor, kichkina boshchasi adl va magʻruru tik koʻtarilgan, ozod va hur edi.

– Elu yurt seni qanchalar orzulashini bolaligimdan beri bilar edim, – dedi Ozod, sevinib. – Oʻshanda uchmi-toʻrtmi yashar bolakay edim. Hatto tushlarimga ham kirar eding. Qanot qoqqaningda shamollar paydo boʻlganini, yomgʻirlar yogʻdirganingni ham eslayman, ular oddiy yomgʻirlar emas edi. Demak, elu yurt uzra uchib, kishilarning tushlariga kira olish xususiyating ham bor ekan-da? Keyinchalik ulgʻayganimda, oʻspirinligimda atrof-tevarakdagi qushlar orasidan seni izlaganlarim ham esimda. Qaysi qushni koʻrsam sen deb xayol qilar edim, ammo sira oʻxshatolmasdim. Mana, aytgan vaqting keldi, nihoyat, seni topdim.

– Baxtu saodat nima ekanini endi-endi anglamoqdaman, – deb murojaat qildi Ozod unga. – Sen boshiga qoʻngan kishining abadiy huzur-halovatga erishishi sarvatlaru boyliklar evaziga emasligini ham bu yerga kelmasimdan avval tushunib yetgan edim. Lekin diyorimda ekanimda u maʼnolarga yetib borishim amrimahol ekanini, yoʻlimda uchragan hamma narsa aslida xulosa chiqarishim va maʼnisini anglashim uchun ataylab yoʻllarimga sochib qoʻyilganini ham tushunyapman. Men bu yerdan qayta boshlaganimda u manzaralar oʻzgarib qolgan boʻlishini taxmin qilmoqdaman, olam tushunchalarimga koʻra oʻzgarishini ham anglayapman. Faqat bitta narsaga aqlim sira yetmayapti: oʻylab qarasam, baxtli-saodatli umr kechirishim uchun hamma narsaga ega ekanman. Yoʻlimda nima uchrashiniyu ularning maʼnosi ne ekanini mendan oldinroq bilganingga shubham yoʻq. Sen gʻoyat moʻjiza qushsan, mohiyating ila Sulaymon paygʻambarning uzugidan kam emassan.

Baxt qushi maʼno toʻla koʻzlarini Ozodga tikkancha, uning soʻzlarini sukut ichra eshitmoqda edi.

– Bu yerdan koʻtarilganingda va diyorim uzra uchganingda bahaybat qushga aylanishingni ham, dalalaru choʻllarni, bogʻlaru vohalarni qanotlaring ostida tutishingni ham bilaman, – deb davom etdi Ozod. – Lolaning gulchanglarini uchirganu meni bu yuksakliklarga koʻtargan shamol ham sening qanot qoqishingdan paydo boʻlganiga, bulutlarni surib yomgʻirlar yogʻdirganingga, ular senu meni yaratgan zotning irodasi tufayli hosil boʻlganiga ham aqlim yetadi. Rizqlarning barakatlari ham qanotlaringni qoqishingdan paydo boʻlmoqda. Yoʻlimdagi kishilarning bari sendan boxabar, ammo yetishish yoʻlini topolmagan kishilar ekanini, hatto oʻngirlar ichidagi yov ham senga intizor ekanini bilaman. Yoʻlimda uchragan hamma hikmatlar senga kelib tutashmoqda. Dilorom qay bir yoʻsinda mening Oydinimni tamsil etayotganini ham anglamoqdaman. Buning ustiga, shu makonga kelib seni uchratishim taqdir qilinibdiki, yov orasidanu Tuz choʻlidan omon-eson oʻtib, Iskandar devorining eng ustiga chiqish nasib qildi. Modomiki… – Ozod bir muddat oʻylanib qoldi, keyin qatʼiyat bilan davom etdi. – Modomiki, hamma tuproqdan rizqini chiqarib, mehnatu mashaqqat ila kun kechirayotgan, azaldan belgilab qoʻyilgan rizqlar oʻz oʻlchovi bilan turli yoʻsinda kishilarga yetib kelayotgan ekan… modomiki men – mana shu elning yosh bir bolasi barq urgan neʼmatlar ichida seni anglamasdan ham umr kechirishim mumkin ekan… demak, bulardan boshqa, mening aqlim yetmagan yana nimalarnidir baxsh etasanki, shu bois mening soʻzimsiz ham azizu muborak qushsan. Chunki… boyliklaru sarvatlarning sirlarini ochsayding, u holda qush emas, uzuk boʻlarding. Agar orom baxsh etganingdaydi, olov boʻlib yondirardingu oloving huzur-halovat baxsh etardi. Sen umr mashaqqatlarining baxtu saodatga aylanishining ramzisan, men faqat qay yoʻsinda baxtu saodat keltirishingni bilishni istayman, xolos.

Baxt qushi qanotlarini qoqdi, shunda yana uchqunlar sachradi.

– Yoʻq, uchib ketma, – dedi Ozod, yolvorib. – Men umrim boʻyi rost gapirgan yigitman. Yoʻqsa qoshingga yetib kelarmidim? Senga yetib kelgunimcha hayotim va umrim haqida koʻp oʻyladim. Lekin, men aytgan narsalarni boshqa maxluqlar sensiz ham ado etishmoqda-ku? Yomgʻirlar yogʻdirasan dedim, uni bulut yogʻdirmoqda-ku? Shamollar qanotlaringdan paydo boʻladi dedim, butun yer yuzidagi shamollar turli tomonlarga turli vaqtlarda, goh mayin, goh quturib esmoqda-ku? Sen chaqmoqlardan paydo boʻlasan dedim, demakki, ular bajara olmaydigan nimanidir ado etish uchun yaratilgan emasmisan? Tangrimning aqlim yetmagan moʻjizasisan-ku? Uning hikmatini sening oʻzingdan soʻramasam, kimdan ham soʻrayman?

Baxt qushi yana qanot qoqdi-da, havoga yengil koʻtarildi.

– Ming afsus! – dedi Ozod, gʻussayu qaygʻudan, pushaymondan holi qolmay. – Toki uchib ketishga qaror qilding, demakki, mening aslim sening qoʻnishing uchun loyiq emasmish. Buning uchun faqat oʻzimni malomat qilmoqdaman. Hali yoshman dedim, ammo koʻp narsalarni koʻrgan, dunyoda juda uzoq yil yashagandekman. Juda uzoq yil yashagandek boʻlsam-da, mana shu makon aro dashtu choʻllardan oʻtaman deb charchagan jismimdan boshqa, ruhimning qiyofasi ham borki, sen shaksiz uni koʻrib turibsan. Bu ruh bilimga toʻymas, koʻrgan narsalarni tafakkur etib xulosalar chiqaruvchi latif bir narsadir. Sen faqat pok va latif narsalarni xush koʻrishingni bilaman, modomiki uchib ketishga ahd qilding, demak, jismim aro makon tutgan ruhim sening qoʻnishing uchun maqbul boʻlmadi.

– Ey shamol, – deb murojaat qildi Ozod shamolga, dardu gʻussaga toʻlib. Yer bagʻirlab yotgan shamol oʻrnidan qoʻzgʻaldi. – Tur, diyorimga yetib borib, yer oʻp. Men senga otam qoshiga uning oʻgʻli nomidan bor demayman, balki gʻariblikda qolgan bir bechora nomidan bor, buzrukvorimning boshidan quyundek aylanib, oʻzingni sadqa qil. Soʻng mana bu soʻzlarni ayt: “Sening ul ovorai bexonumoning, bagʻringdan paydo boʻlgan bir qatra qoning olamdan ketib, umidsizlik bilan, yuzingni koʻrmay, armon bilan oʻtdi. Uning bagʻridan qonlar koʻz yoshiga qoʻshilib oqdi. Boshiga falakdan koʻp ogʻir ishlar tushdi… Mening toʻgʻrimdagi xabarni eshitib, onam iztirobga tushib, mening qaygʻumdan toshlarga bosh urib, gʻavgʻosi dunyoga oʻt solguday, ohu vovaylosi har tomonga yetguday boʻlib, men – yovvoyiga xitoban “Qoʻzim!” deb, hech kimi yoʻqni “Yolgʻizim!” deb sogʻinsa, gʻam va tashvishlari oshib, yuzidagi tutgan pardasi yuzidan uchib ketsa, gʻam bilan parvarish topgan oʻgʻlini eslab, toʻqqiz qavat pardaning ichidan yugurib chiqsa, “Jonim ipiga bogʻlanganim!” deb, yuzlarini tilim-tilim qilsa, yula-yula sochlaridan ayrilsa, bundan elimga qora mushk oʻrniga hidli kofur sochilganday boʻlsa, shunda sen, ey shamol, nafasimni tutun qilib olib borib, xaloyiq koʻzidan uni yashirish uchun uni parda qil! Unga mening nomimdan shunday degin: “Ey, yuzing jonimning quvvati! Izining gardi koʻzimga surma boʻlgan, ona! Tangri mening vujudimni yoʻqlikdan bor qilgan ekan, menga bu dard va hasratlar oʻzi yetarli edi. Sen orqamdan ergashib yursin deb, ajoyib bir farzand koʻrishni juda ham qattiq orzu qilding. Menday bir farzandning tashvishi bilan boʻlib, bir nafas ham koʻngling sevinmadi. Hamisha intizorlikda va dogʻda boʻlding. Boshqa bolalar maysazor va bogʻlarda oʻynab yursa, menga kichik yoshimdanoq dardu dogʻ nasib boʻldi. Ozgʻin taning mening dardimni tortgani tortgan, sen esa mening dogʻimda oʻrtanishni oʻzingga shior qilib olgan eding. Yoqut tilagan eding, bir parcha tosh topding. Quyosh soʻragan eding, bir boʻlak oʻtga ega boʻlding. Men qancha ulgʻaysam, shuncha bechora boʻldim, diyorimdan, mulkimdan ajralib ovora boʻldim. Menga bu ovoralikni falak oʻzi bergan ekan, sening ishing firoqimdan oʻrtanish boʻldi. Senga bir umr kuyishning oʻzi yetmaganday, tashvishimdan kuya-kuya xasga aylanding, kul boʻlding. Mening senga keltirgan shuncha azoblarim soylari yetmaganday, koʻz yoshlarim seli bilan oʻz kaʼbamni buzdim. Men kimman? Menga oʻlim ham hayf. Men xalqimning menga kuyishi, kuyinishiga ham arzimayman[34]

– Ey doʻst, – deb davom etdi Ozod. – Qancha vaqtlardan buyon meni hikmat makonlaridan zerikmay olib oʻtib, sabru toqat bilan hamma maʼnolarni birma-bir tushuntirib hamroh boʻlib kelding. Aqlim yetmagan narsalarga izoh berding, Tangri taolo hech bandasiga ato etmagan, ammo inson bolalarigayu menga tuhfa etgan yuksak inoyati bois ularni ruhim qabul qilib, hech qaysi jon egasi berolmaydigan narsani – tafakkur mevasini berishimni umid qilib sarsari esding, bu ham yetmaganday, quvvating ila shu yuksakliklarga koʻtarding. Muqaddas makonga kelmasimdan avval, shu makonga yoʻnaltiruvchi hodisalargayu narsalarga oʻzimcha muboraklik darajalarini berdim, ular ham qabul etdilar. Ey Tangrim yaratgan maxluqlarning darbadari, sendan ham uzr soʻrayman, sening esishing hikmatga toʻlugʻ edi, menga hamrohliging ahmoqligim bois behuda ovoralik boʻlib chiqqani uchun afv et, kun kelib qartayib tuproqqa koʻshilganimda, xoki turobimni suvlargayu tuproqlar ustiga sochib yoʻq qilib yubor!

Shu tarz Ozod narida gʻuj boʻlib turgan yovdan, hikmat yongʻogʻini tishlab turgan qargʻadan, dashtu dalalardan, yomgʻiru toʻzonlardan, chaqmoqlardanu ular tilib oʻtgan qoyatoshlardan, maʼnolarni maysa kabi boʻy choʻzishga majburlagan Oydinkoʻldanu Tuz choʻlidan, havodanu tuproqdan… bari-baridan birma-bir yer oʻpib, yolvora-yolvora uzr soʻrab chiqdi. Goʻyo bu uzr soʻrash bilan oʻzining aqlsizligiyu nodonligi bois, kamdan-kam kishilar erisha olgan Humo qushiga qadar yetib kelganidanu qushning qoʻnishiga munosib boʻla olmaganidan iztirob chekar edi.

Yana ozgina vaqt oʻtgach, baxt qushi chaqmoqlar chaqnagan makonlar aro gʻoyib boʻlib ketgach, bu yerga yetib kelguniga qadar uchratgani hamma narsa yoʻqlik olamlariga gʻarq boʻlib ketishini tasavvur qilarkan, yanada iztirob va gʻussaga choʻmmoqda edi. Yana xiyol vaqtdan soʻng Uchyongʻoq yer ostiga, kechki shudringlar ostiga botib ketar, koʻr kishi, dehqon, uning oʻgʻli, umid ila boqib turgan uzumzorlar egasi, har biri bir maʼnoni ifodalab turgan qizgʻaldoqlaru chechaklar, zuryod ilinjida titrab turgan muhabbat lolasi… hamma-hammasi choʻkib-yoʻqolar, shamol oddiy boʻlib qolar, elu yurt ham joʻngina, kun kechirish ilinjida har xil yumushlarga andarmon kishilar istiqomat qiladigan oddiy bir qishloqqa aylanishidan choʻchimoqda edi. Oydinkoʻl baribir qurishga mahkum, Tuz choʻli kichraya-kichraya, odamlar kelib oʻzlarini koʻmib shifo istaydigan maʼdanli qum shaklini olar, otlar sadoqati haqidagi rivoyat hech qachon boʻlmagan choʻpchakka aylanar, umrning maʼnosi ham yoʻqolib, koʻp qattiq safar shaklini oladiganday… oʻzi esa hayotining soʻngida, bir mahallar otasining homiyligida oʻzi oʻtqazgan behining tubida chor-nochor “Sen ham menday qartayibsan-ku” deb iztirob chekadiganday… taqdirlarni tamoman oʻzgartiruvchi, hikmatlarga toʻlugʻ ajal farishtasi Qobiz esa “Umrini behudaga sarf qilgan bu ruhni yer yuzidan koʻtaringiz” degan amr ostida jonini qiynab oladiganday… shularning bari bir lahzalik charxpalak kabi aqlini shoshirmoqda, ruhini qoʻrqitmoqda edi.

…Mana shunday iztiroblar uzra boshi egik qolgan Ozod, shu mahal tepasida qanotlarning shitirlashini eshitdi. Hayron boʻlib qad rostlagan edi, baxt qushining ustida aylanayotganini koʻrdi. Ajabo qush uchib ketmagan, Ozodning shundoqqina boshi uzra qanot qoqmoqda edi.

– Uning hikmati aqlingga yetib bordimi? – deb shivirladi sodiq hamrohi, Ozodning quloqlari ostidan yelib oʻtar ekan. – Nimalarni hadya etishini sezdingmi? Oʻzingning kimligingni endi angladingmi?

Ozod javob bermadi, zotan, javob beradigan holatda ham emas edi!

Chunki…

Chunki, jismidayu ruhida ulkan va ajoyib oʻzgarishlar yuz bermoqda edi. Dili benihoya yorugʻ bir nima bilan limmo-lim toʻla boshlagan, toʻlishi nimasi, xuddi qalbidan yorugʻliklar toshib chiqib, taniga va tevaragiga yogʻdulanib oqayotgan edi. Ozod oʻzining nurdan iborat ekanini his qildi. Ajabo, koʻzlaridan oqqan yoshlar ham oʻzidan yogʻdu taratmoqda edi. Vujudi tamomila gʻoyib boʻldi, oʻrnini samoviy yengilliklar egalladi.

Ey butun borliqlarni yaratgan benihoya ulugʻ Tangrim! – deb nido qilib yubordi Ozod. – Men oʻzimda chaqmoq shiddatini his qilyapman-ku?

Shuni kutib turgan kabi, uning tepasida yana qattiq chaqmoq chaqdi, momaqaldiroq gumburlab ketdi.

Ey maʼnolarni hosil qiluvchi va ularni oʻzgartiruvchi Parvardigorim! – dedi Ozod. – Men vujudimda shamol quvvatini seza boshladim-ku! Ey olamlarning xojasi, insonlarning Egasi, hodisalarning yaratuvchisi, hayotning murabbiysi! Men yomgʻir hikmatini oʻzimda jo ayladim! Hozir shamol boʻlib ortimga qaytib, diyorim uzra yomgʻir boʻlib yogʻa olaman-ku? Ey hikmatlarni va tafakkur durlarini paydo qiluvchi Zot, endi tuproqqa aylanib ichimdagi xazinalarni diyorim uzra socha olaman-ku?! Ey boru yoʻqning Yaratuvchisi, hikmatlarning Murabbiyi, endi suvu olovni, havoyu tuproqni oʻzimda jam aylamoqdaman-ku? Ey hech narsaga muhtojligi boʻlmagan zot, oʻzimning kimligimni endi anglamoqdaman-ku!

Sen endi darhaqiqat, mening ham egamsan! – deb guvilladi shamol. – Barchamizning egamiz esa yolgʻiz Parvardigordir! Ayt, ayt oʻz soʻzingni!

Shunda Ozod yeru-koʻkni titratib, qattiq qichqirdi:

Ey koʻm-koʻk vodiylar, vohalar, togʻlar, daryolar, irmoqlar, jilgʻalar, koʻllar, qirlar, oʻrmonlar, ekinzorlar, choʻllar, ey jalalar hosil qilgan sel yoʻllari, yurt uzra oʻrmalagan butun maxluqot, qushlaru hayvonlar! Ey tuproqlardan chiqayotgan rizqlar, yetilayotgan hosillar, shamollarda toʻkilayotgan mevalar, oʻrmalayotgan, sudralayotgan, uchayotgan barcha jonzotlar, ey boʻronlaru yomgʻirlar, daryolaru koʻllar, ey yer ustidagi va yer ostidagi barcha sarvatlar, ey Tangrim menga vatan qilib bergan butun shu borliq! Shu lahzadan boshlab sizlarning egangiz mendirman!.. Barchamizning egamiz esa Parvardigorimizdir! Bas, tinglang va soʻzimga boʻysuning!..

 

Xotima

 

Boya aytganimizday, bu shamol qishloq uzra ham esmoqda va nimalarnidir javramoqda edi. Uning esishni biz mana shunday angladik:

“Men soʻz aytguvchi maʼno ahlidan emasman, Tangri taoloning oddiy bir maxluqiman, xolos,” – deb shiddat qilardi shamol.

“Men U xohlagan mahal paydo boʻlaman, U xohlagan ishlarni bajaraman, uning irodasi bilan tinaman.

Odam Ato bino boʻlmasidan avval ham boriydim, oʻshandan beri yer yuzini aylanib kezganim-kezgan.

Umrzoq shamolman men. Juda koʻp voqealarni koʻrgan shamolman.

Vodiylaru tuproqlar uzra esib, Iskandardan bino boʻlgan qumni bir joyga uyaman, keyin epkinimda qanday sochilishini tomosha qilaman. Shiroqning qamchisining qumini uning yoniga toʻplayman, keyin saltanatlarning qumlarini olib kelib, aralashtiraman – aralash-quralash qum boʻladi bu. Bitta zarrasiga puflasam, yum-yum yigʻlay boshlaydi. Boshqa zarrasiga puflasam, zor-zor yigʻlaydi.

Har bittasi bir ohu zor, bir armon, bir dard… Doʻst ham shu yerda, dushman ham. Oshiq ham shu yerda, maʼshuq ham. Ota ham shu yerda, bola ham…

Yoniga odam bolasi qurgan muhtasham imoratlarining, otlarining, ziynatlarining qumini ham uyib qoʻyaman…

Tegmasam, bu yerdan bir giyoh oʻsib chiqadi. Poyasi qizgʻimtir, bargi och-qizgʻish, guli toʻqqizil, urugʻi qora boʻladi. Ertalablari poyalarida shoda-shoda tomchilar tiziladi. Bir ufursam, duv etib yerga toʻkiladi.

Butun tarix mana shu giyohgina, xolos. Sulolalar shu shudring tomchisidan ortiq emas.

Koʻrganlarimning qay biridan aytay? Yopirilgan yovdanmi? Uni toʻxtatishga uringanlardanmi? Qashshoqlikda zor yigʻlaganlardanmi? Boylikka koʻmilib oʻlganlardanmi? Savobdanmi, gunohdanmi? Ertaklarning kahramonlaridanmi, ajdaru devlardanmi? Sadoqatdanmi, xiyonatdanmi? Makrdanmi, rostdanmi? Haloldanmi, haromdanmi?!

Hammasini koʻrganman, hammasini bilaman.

Indamaslar makoni emas… yigʻloqlar makoni bu yer yuzi.

Bu yigʻilardan gʻazabim orta boshlaydi. Bir jahd qilamanu qirning huv uchida turgan daraxtni sindirib oʻtib ketaman, yana qaytamanu singan shoxlarini, yaproqlarini yulqilab uzaman, shu mahal yana chaqmoq chaqnab, momaqaldiroq tevarakni titratadi, yashin tomirlari yerga – bir mahallar qargʻa tushirgan yongʻoqlardan unib chiqqan uchta daraxt oʻsgan joylarga uriladi!

Daraxt esa qoq belidan singan holida faryod uradi:

 

Voh, yalang shoxlarim qilichday keskir,

bir yaproq qolmaptir shivirlayturgʻon!

 

Ezilgan, titragan, yulqingan, potirlagan, parpiragan, yoyilganu toʻzgan har bir narsa ovoz chiqarmoqqa boshlaydi mening shiddatim ostida! Mayda shoxlar chiyillaydi, kattaroqlari ozorlanib nido qiladi, suvlardan uvillagan kabi ovoz chiqadi. Hamma narsa tilga kira boshlaydi, tilga kirmaydigan hech narsa yoʻq!

Toshlarning jigarrang qumiga yarmigacha koʻmilib yotgan bir koʻza bor: uning ichiga kirib aylanamanu Sulaymon muhridan qutulgan jin kabi chirpirak boʻlib qaytib chiqaman, koʻza odam kabi ovoz chiqara boshlaydi.

Toshcha ostida qolgan quruq yaproqni uchiraman, qumdan quyun yasayman – quyun ichida yaproq pirillab aylanadi. “Men bir Ota edim, hayoti dunyoda bolalarimni deb koʻp zahmatu mashaqqat chekdim, endi orom oldim deganimda nechun qiynaysiz?” deydi u ozorlanib.

Havo esa tobora quyuqlashadi, eziladi, namiqib-ogʻirlashadi.

Koʻkda kimlardir bor, ular bulutlarni ketma-ket, qatma-qat surib keladilar, ustma-ust uyib-mingashtiradilar.

Bulutlar tobora quyuqlashib-zichlashib boradi. Shundan soʻng toʻsatdan yana momaqaldiroq gumburlaydi, yashin tomirlari yerga sanchiladi, sharros jala quymoqqa boshlaydi, inson bolasigina muqaddas sanaydigan mana shu tuproqlar uzra!

Toshlarni yiltiratib, qumni qoraytirib, oʻt-oʻlanni egib-egib savalaydi jala. Epkinlarda guvillab-shovullab quyadi jala.

Koʻklarning dovuli kabi momaqaldiroq unga joʻr boʻladi, epkinlarning suronlari musiqaga aylanadi, bu shamol, bu yomgʻir, bu suron ulkan soz kabi, oʻzaro hamohang chalinadi.

Men yanada gʻazabga minib, havolanib, girdoblarni bor kuchim bilan ufuraman.

Bu – yuzlab yillardan beri takrorlanib kelayotgan bir gʻalayon! Qurtu kush, tevarak in-iniga urib ketadi, gʻalayon bor qudratiyu vahshati bilan egallaydi tevarakni, toshlaru togʻlar, qoyalaru qumlar bab-baravar toʻlqinlanadi, sellar poʻrtana solib oqadi, mayda oʻtlarning tanalari loylarga qorishadi, yana va yana junbishga keladi bu makon!

 

Bir qoʻzgʻalur, bir koʻpirur, bir qaynar,

Bir intilur, bir hovliqar, bir oʻynar…[35]

 

Bu selni qiyomatning jalalari deb oʻylagan har kas birdaniga boʻy koʻrsatmoqqa boshlaydi balchiq va tuproq ostidan, kimlardir yer ostidan qalqib chiqmoqqa urinadilar, qasirgʻalar esa ularni yer ostining qora daryolariga qaytadan tiqib, osmonlaru zaminlarni yana va yana joʻshtiradi.

Bulutlarning orasida koʻklarning uzun olovli qilichi singari bir chaqmoq yetilmoqda… hali-hozir u chaqnab yerlarga sanchiladi, samoviy shiddat ila Uchyongʻoqda maʼnolarning junbishlariga hayron-hayron turgan yovning koʻzlariga urilib halok qiladi, samoviy otashi aro qoyalar eriydi-da, ikki qoya oraligʻidagi darz ketgan yoriqlar oʻz-oʻzidan erib-payvandlanib ketadi.

Iskandar devori ana shu tarz qaytadan bino boʻladi…

Jala qumlarni qoraytirib, oʻt-maysani egib-egib savalaydi. Shamolda bandidan sinib, loyga qorishgan bir lolaqizgʻaldoq shunday nido qiladi, bu nidoda armon va oʻksik ohanglari seziladi:

 

Toʻfoning qayda, hey, suroning qayda?

Oh urib, ohimni men kimga aytay?

Qani u tush boʻlsa, jimgina yotay,

Lek, ruhim tirmalib, sanchilar sanchiq,

Qarogʻim qichqirsa, men qanday yotay?[36]

 

* * *

Bu surondan faqat bir kishi – oʻz eliga, Oydinining qoshiga shamol boʻlib yelib qaytayotgan Ozodgina mustasno, xolos. U hozirgina Tuz choʻli ustidan toʻzon sochib oʻtdi, koʻzga koʻrinmas arslonning yollarini yulqilab, Oydinkoʻlning tiniq suvlarini mavjlantirdi, birozdan keyin baraka yomgʻiriga aylanib, elu yurtning tuproqlari uzra yogʻa boshladi, u yomgʻirlar esa tuproqlarning ostlaridayu ustlarida bitmas-tuganmas xazinalarni paydo qildi. Qishloqni bezovtalik va tartibsizlikka toʻldirib esgan haybat shamoli uning qarshisida tindi va yer bagʻirlab esishga tushdi.

Junbishga kelgan, toʻlqinlanib yotgan butun tarix mana shu esish va yomgʻir tufayli tinishiga, orom va farogʻat uyqusiga choʻmishiga, muboraklik kasb etgan tuproqlarga baraka va rizq moʻl-koʻl yogʻilishiga endi shubha yoʻq. Maʼnolarni va maʼno elchilarini tamsil etib chayqalgan chechaklar va ularning orasidagi lolaqizgʻaldoqlar ham endi oromga choʻmadilar.

…Qishloqda esa odatiy hayot davom etaveradi. Har yer-har yerdan koʻkimtir tutun koʻkka oʻrlaydi, bolalarning qiy-chuvi, chaqaloq yigʻisi eshitiladi. Kimdir tandirgami, oʻchoqqami oʻt qalaydi. Qaydadir qoʻylar baʼraydi, sal oʻtmay oʻzlari ham koʻrinadi – oʻn-oʻn ikki yoshlar chamasidagi bir bolakay bir toʻda qoʻyni oʻtloqqa haydaydi.

Quyiroqdagi hovlida choponining oʻngirini qayirib olgan bir kishi quruq yaydoq yerga tosh tashiydi.

Yakson boʻlib ketgan uzumzorlar ustida boshqa bir kishi peshanasini tirishtirib, nimalarnidir zoʻr berib oʻylaydi.

Bostirma ostidagi, boyloqdagi biqinida chandigʻi bor ot qattiq kishnaydi. Uning sagʻrisiga loy sachragan, oldiga bir quchoq beda tashlab qoʻyilgan. Otning yemish bilan ishi yoʻq, nimadandir qattiq bezovta.

Muboraklik kasb etgan tuproqlaru toshlar, dov-daraxtu maysalar bu jaladan soʻng ajib bir tarzda tozalanadi, elu yurt ozoda boʻlib qoladi, jala tingach esa, hur-hur shamollar esadi!

…Jaladan soʻng quyosh bulutlar orasidan yuz koʻrsatgani sayin atrof asta-sekin jonlanaveradi. Oʻtlar ilgʻar-ilgʻanmas qad rostlab, yorugʻlik tomonga oʻgiriladi, kungaboqarlar lappaklarini quyoshga toʻgʻrilamoqqa urinadilar. Qaydadir bir qush chirqillaydi, boshqa tomondan ana shunday hadik bilan boshqa qush javob beradi. Soʻng ikkalasi tikkasiga koʻkka koʻtariladilar. Daraxtlarning orasida yana bir qush “Kuyov-kuyov, kimga kuyov” deb sayray boshlaydi.

Shu bugundan boshlab Oydin qizning – mana shu elning oy qizining xonadoniga baraka yogʻila boshlasa ham ajab emas. Zotan, qizning oʻzida azaldan hikmat bor edi. Qiz yurgan yoʻllarda daraxtlar unga egilib mevalarini tutishar, chakalaklaru tikanlar surilib yoʻl ochishar, hamma narsa moʻl-koʻl hosil bera boshlardi.

Oydin qiz nimasi, balki butun elu yurt ustiga rizqu barakot moʻl-koʻl yogʻilsa-chi? Zotan, aytilgan soʻzlar allaqachon moddiylashib, shakl yasamadimi, tevarakni oʻzgartirib, aytuvchining hayotining mohiyatini belgilab bermadimi?

Jala tingach, qirlar orasini qoplagan siyrak tuman aro bir qargʻa tumshugʻida yongʻogʻi bilan erinib uchib borib, qoyatoshga qoʻnadi. Undan teparoqda esa, saf tortib turnalar uchib borishmoqda. Pastda, xira kengliklarda Tuz choʻli oqarib koʻrinadi, u yerda hech kim yoʻq. Sal narida shaffof suvlarini chayqatib Oydinkoʻl nozlana-nozlana chayqaladi. Uchyongʻoq deyilgan joydagi pastu baland qirlar va ularning yonbagʻirlari alvon-alvon lolaqizgʻaldoqlar bilan qoplangan, ular yomgʻirdan keyingi shabadada masʼum-masʼum tebranishadi, gulbarglarida, gulkosalarida jannat yomgʻirlarining tomchilari turib qolgan, bu tomchilar ajoyib bir jarang bilan yerga – muborak tuproqlarga bir-bir toʻkiladi. Ularning bir qanchasining bandi shamolda singan, ilgʻar-ilgʻanmas qad rostlashga urinmoqdalar.

Yanayam olislarda… quyoshsiz soʻnik makonlarda “Ho-hoo” degan soʻnik nola eshitiladi, nola aylaguvchi oʻz tovushining nola ohangi kasb etganidan bexabar… ortidagi soyasining betinim malomatlari kor qilmasdan, oʻsha hududlarda goh giyohlarni gʻajib, goh hozirgina yogʻib oʻtgan yomgʻir hosil qilgan koʻlmaklarning qizgʻimtir suvlaridan ichib, besamaru bemurod tentiraydi…

Elning ulugʻlari Ozodning tole qushini topganini eshitganlarida, miyigʻida kulimsirab, bosh irgʻab qoʻyadilar. Hayratlanmasliklaridan, bu haqiqatni avvaldan bilarmidilar degan oʻy keladi xayolga. Ajabo, bilsalar, u maʼnolardan nega xabar bermadilar? Nega sukut saqladilar? Balki, elning bitta oʻgʻloni shu tarz kamolga yetib, bir roʻzgʻorning boshiga kelishga tayyor boʻlganidan qoniqish hosil qilgandirlar?

Ha, elning bitta oʻgʻloni ana shunday voyaga yetadi.

…Jala tingan boʻlsa-da, qoyalar ustida, Iskandar devori tepasida bulutlar hali ham quyuq. Koʻkdagi turnalar aynan oʻsha tarafga uchib ketmoqdalar. Yoʻl ustidagi ayvonda ozgʻin, koʻzlari juda maʼnoli xasta bir kishi yotibdi. Shamol uning yuzlarini siypalab, labidan uchgan soʻnggi soʻzlarini atrofga yoymoqda:

 

Uyda yotibmanu sezib turibman,

Koʻkda ketayotir qushlar qaytishib.

Xayrlar yogʻdirib qanotlaridan,

Xasta shoiriga vido aytishib.

Bor, mening uchun ham ularga qoʻl qoq…

Lola, lolajonim, lolaqizgʻaldoq…[37]

 

* * *

Bir oz avval tasvirga olganimiz shamolning junbishlari aro, yarmigacha qumga koʻmilib ketgan koʻza ham nola chiqargan edi.

Mana bunday nido qildi naqshinkor u koʻza:

Ilohi, sen taqdir qilmasang, bu maʼnolardan bexabar edim, u maʼnolarning jilvalarini dunyoga sochgan – Sen, dilimga ochgan ham – Sen.

Ilohi, soʻzlarni yaratgan – Sen, ularga maʼnolar joylagan – Sen, u maʼnolarni boru yoʻq aylagan ham – Sen.

Soʻng bu nidolar juda qadimiy va muborak boshqa bir nidoga qoʻshilib ketdi, u esa, Ozod anglab yetgan haqiqatlarning bemisl goʻzal va samimiy eʼtirofi boʻlib chiqdi:

“Ilohi, akram ul-akramin – Sen, va gunohkor – men.

Ilohi, agarchi jurmu isyondin oʻzga ishim yoʻq, ammo Sendin oʻzga ham kishim yoʻq.

Ilohi, yomon afʼolimdin parishonligʻim choʻxtur va shum nafsimda pushaymonliq yoʻqtur, mundoq balodin qutulurgʻa umidim Sendin-oʻqtur.

Ilohi, oʻzluk yomonligidin oʻzlugum bila oʻta olmaydurmen va yaxshilarning etagin yomonligʻim uyotidin tuta olmaydurmen.

Ilohi, yillar ibodat qilgʻonni rad qilsang, hech kim daxl qila olmas va qarnlar isyon qilgʻanni qabul qilsang, hikmatin hech kishi bila olmas.

Ilohi, inoyatinggʻa umidvormenkim, gunohim behaddur va Rahmatinggʻa sazovormenkim, xato-u sahvum beadaddur.

Ilohi, dardi holimni har kimga aytsam, rad qilsa, Senga tavajjuh etkaymen va agar Sen rad qilsang, netkaymen va kimga ketkaymen?

Ilohi, Sening yoʻlungda tufrogʻ yetsa, toʻtiyodur va kesak yoʻluqsa, kimyodur, gʻayringdin qizil oltun qora tufrogʻdek beqadru kambahodur.

Ilohi, yomonligʻimdin agarchi koʻp alamim bor, gʻamxorim Sen boʻlsang, ne gʻamim bor?

Ilohi, dunyo mayli rishtasin koʻnglumdin uz va nafsoniyat tiyraligida hidoyat shamʼi bila Oʻzung sori yoʻl koʻrguz.

Ilohi, ul uzun yoʻl va qatigʻ vodiyda inoyating bila yoʻlla va aning qatʼida ayogʻim toyilsa, dastgirliging bila qoʻlla.

Ilohi, tufrogʻdin el koʻziga tiyralik yetar va quyosh ashiʼa bila olam ahli koʻzin ravshan etar.

Ilohi, chun har ne qililur Senga taqdirdur, qilgʻuchigʻa qilmoqta ne tadbirdur.

Ilohi, taqdir qilgʻaningni qilurgʻa ne ixtiyor, qilmasmen demakka kimning haddi bor?

Ilohi, agarchi zalolatqa tushubmen, ammo hidoyatingga talabgormen va agarchi tamugʻ oʻtigʻa tushkali yovushubmen, ammo rahmatingdin umidvormen.

Ilohi, koʻnglumni dardu shavqing muhabbati bila ovut va koʻzumni nadomat ashki selobi bila ravshan tut.

Ilohi, tilimni neʼmati beqiyosingga shokir ayla va koʻnglumni hamdu siposingga zokir ayla.

Ilohi, qalamimgʻa hamding raqamigʻa mashgʻullik ber va raqamimgʻa xaloyiq koʻngliga maqbullik ber…”[38]

 

Isajon SULTON


 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

[1] Jaloliddin Rumiy.

 

[2] Hazrat Alisher Navoiy.

 

[3] Ulugʻbek Hamdam.

 

[4] Oybek.

 

[5] Mirtemir.

 

[6] Shavkat Rahmon.

 

[7] Nuh alayhissalom.

 

[8] Xalq matali

 

[9] Mirtemir.

 

[10] Hamid Olimjondan

 

[11] Zulfiyadan

 

[12] Muhammad Yusufdan

 

[13] Muhammad Yusufdan

 

[14]  Tilak Joʻradan

 

[15] Shavkat Rahmondan

 

[16] Ibrohim Adhamdan

 

[17] Abdulla Oripov.

 

[18] Jaloliddin Rumiy.

 

[19] Boborahim Mashrab.

 

[20] Alisher Navoiydan.

 

[21] Hazrat Alisher Navoiy.

 

[22] Farididdin Attor.

 

[23] Boborahim Mashrab.

 

[24] Abu Rayhon Beruniy.

 

[25] Mirzo Ulugʻbek.

 

[26] Abu Ali ibn Sino.

 

[27] Boborahim Mashrab.

 

[28] Najmiddin Kubro.

 

[29]* Oxiri. Boshlanishi oʻtgan sonda

  Hazrat Alisher Navoiydan.

[30]  Hazrat Alisher Navoiydan.

 

[31] Xurshid Doʻstmuhammaddan

 

[32] Nazar Eshonquldan

 

[33]  R. Rahmat

 

[34] Hazrat Alisher Navoiydan.

 

[35] Abdulhamid Choʻlpondan

 

[36] Tilak Joʻradan

 

[37] Muhammad Yusufdan

 

[38]  Hazrat Alisher Navoiydan

https://saviya.uz/ijod/nasr/ozod/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x