Baxtimni dunyolarga bildirgim keldi

 Iftixor

 

Yurtim, senga faxr ila birdam termulgim keldi,

Men bir qizing, onajon, sendan oʻrgilgim keldi,

Fazlim sening poyingga guldek toʻkilgim keldi,

Qalbim toʻla mehr, ishq, senga sevilgim keldi,

Chiqarman huzuringga goʻyo seviklim keldi.

 

E voh, bu boshing sening ne-ne jafoda oʻtdi,

Hayot – may, umr – suv deb, kimlar safoda oʻtdi,

Qadoq qoʻl, asil inson tarki dunyoda oʻtdi,

Nodonlaring ot minib, dono piyoda oʻtdi,

Onajon, boshing silab, jindek oʻy surgim keldi.

 

Yodimga oldim bu dam, ne barchin barnolarni,

Ochilmay gʻuncha soʻlgan Tursunoy, Raʼnolarni,

Nurxonlar koʻp edi-ya, axtarsam maʼvolarni,

Oʻtyuraklar baxt, deya, koʻrdi ne savdolarni,

Baxtimni dunyolarga bildirib qoʻygim keldi.

 

Sening ne oʻgʻlonlaring tuproqda qolib ketdi,

Devorda gul palaklar, chimildiq yonib ketdi,

Dili besalomatlar Vatandan tonib ketdi,

Necha ming shahidlaring mardona, gʻolib ketdi,

Mangu olov poyida bir zum oʻltirgim keldi.

 

Yurtim, fidoyi joning boʻlib, ostonang hatlay,

Yasharding, kuchga toʻlding, yozilding husnixatday,

Kezarman, koʻchalar ham misli goʻzal sanʼatday,

Oʻgʻil-qizlaring sening yuragingga qudratday,

Yomon koʻzlardan asrab, men tumor boʻlgim keldi.

 

Istiqlol neʼmatidan har kimning bagʻri butdir,

Har yerda fayz-baraka dehqon uyida qutdir,

Qizlar egnida atlas, bezaklari yoqutdir,

Hammada bir hayajon, bu – baxt nashʼasi, oʻtdir,

Hatto, tikonlar yashnab, degay: gul koʻrgim keldi.

 

Bagʻring – mening kitobim, oʻtayin yoza-yoza,

Necha asrlar yigʻlab, yetib keldik bu yoza,

Uyim, dilim munavvar, osmonim toza-toza,

Rozimni aytay yonib, bu tong qalam qogʻoza,

Huzuringga sheʼr olib, ishq-la, yuragim keldi.

 

 

Xonatlas

 

Kamalak tovlanar lovullab,

Xandondir sharshara shovullab,

Toʻy bu kun… qishloqlar, ovullar

Qizlarin egnida xonatlas.

 

Atlas-ki, ismi gul, Laylodir,

Navroʻzdir, Giryadir, hayrodir,

Yigitlar koʻngli shan, shaydodir,

Qizlarning egnida xonatlas.

 

Xonatlas – yurt avval-azali,

Mahzuna, Uvaysiy gʻazali,

Xonatlas egnida… suluv gʻamzali,

Qizlarning egnida xonatlas.

 

Atlasimda quyosh aksi bor,

Turnalar qoʻshigʻi, raqsi bor,

Muhabbat, rashk, hijron bahsi bor,

Qizlarning egnida xonatlas.

 

Samoga sochilmish yulduzlar,

Nurlidir kechalar, kunduzlar,

Atlasning chiroyi hur qizlar,

Qizlarning egnida xonatlas.

 

Yurtimning bahorin ramzi gul,

Behishtning suvrati-aksi gul,

Atlasga esh sochlari sunbul

Qizlarning egnida xonatlas.

 

Sarhadlar osha koʻp yurt koʻrdim,

Dunyoni oralab men soʻrdim,

Xonatlas yurti bu – xon yurtim,

Qizlarning egnida xonatlas.

 

* * *

Mehr yoʻlida edi koʻzlar qaroligʻ ichra,

Vasfini kuylar edi dillar yaroligʻ ichra,

Ul edi olislarda, mubham oroligʻ ichra,

Uni mukarram etgan diyorimdan aylanay!

 

Shukrkim, muruvvat ham koʻzu qarogʻlardadir,

Kulbamiz yoritguvchi nuru charogʻlardadir,

Demangiz: Mehr olis shomu yirogʻlardadir,

Mehrga qoya boʻlgan davronimdan aylanay!

 

Shukrkim, kunlar obod, tunlar munavvar boʻlgay,

Odamzod bir-biriga suyuk, sumanbar boʻlgay,

Yuragida kin emas, muhabbat anvor boʻlgay,

Mehr-muhabbat omon… omonimdan aylanay!

 

Mehr-oqibat birla kelgay jonu jahonim,

Behishtlarga mengzalgay choʻlu sahro, payhonim,

Qoyalarga, togʻlarga boʻy choʻzgay qir, sayhonim,

Tor goʻshamni keng etgan jahonimdan aylanay!

 

Bir shirin soʻz sehridan dilda mashʼal yonadir,

Bir sovuq soʻz zahridan lashkar ham qoʻzgʻoladir,

Derlar: Mehr bu – koʻhna dunyoga ham onadir,

Ezgulikni ulgʻaytgan onayizorimdan aylanay!

 

Yoʻllarini toʻsmangiz, mehr kezsin dunyoni,

U gʻolib yursin mudom, yengib kibru roʻyoni,

Misqollamang, qizgʻonmang, berkitmang u kimyoni,

Qahratonlarda ungan bahorimdan aylanay!

 

Derlar: Mehr injuga aylantirar tuproqni,

Gʻurbatning yoʻlin toʻsib, u daf qilur firoqni,

U boʻlsa, qoshingda koʻr hatto shomu yiroqni,

Zamonlar ichra dorulzamonimdan aylanay!

 

Derlar: Qilich bilan daf boʻlmagaydir raqibing,

Naf bermagay kudurat, kohishlaring, taʼqibing,

Mehru diling elchi qil… ostonangda habibing,

Mehr yaxshi aylagan yomonimdan aylanay!

 

Derlar: Mehr – koʻngilning charaqlagan chirogʻi,

Udir, hikmat bitilgan kitobning zarvarogʻi,

Mehrli kulba – yorugʻ, mehrsiz qasr – qorongʻu,

Uni siymiyo etgan davronimdan aylanay!

 

Eʼtibor OXUNOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

https://saviya.uz/ijod/nazm/baxtimni-dunyolarga-bildirgim-keldi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x