Yulduzlar suhbatini tinglagan daho

Safarga otlandim bir oʻzim tanho;

Tumanli yoʻlimda yarqirar toshlar.

Tun jimjit. Tangrini tinglaydi sahro,

Yulduz yulduz bilan soʻzlasha boshlar.

 

Mixail Lermontov


 

Rossiya tarixida Pyotr I tutgan mavqe nihoyatda baland, uning rus davlatchiligi taraqqiyotiga taʼsiri juda katta. Lekin bu taʼsirga rus tarixchilari va ziyolilari aksariyat hollarda biryoqlama yondashadilar: uni mutlaq ijobiy baholaydilar. Kamdan-kam oʻrinlardagina biz ilk imperatorning Rossiya uchun koʻrsatgan salbiy taʼsiri haqidagi fikrlarni uchratamiz. Pyotrning ijobiy taʼsiri shundaki, u Rossiyaning jahon madaniyati bilan bogʻlanishini taʼminladi, umumqabul qilingan fikrga koʻra, “Ovroʻpaga darcha ochdi”. Uning davrida Rossiya qudratli dengiz flotiga ega boʻlgan davlatga aylanish jarayonini boshladi, Fanlar Akademiyasi tuzildi, yangi poytaxt “Shimoliy Palmiro” – Sankt-Peterburg shahri qurildi va hokazo. Darhaqiqat, ulugʻ podsho keng miqyosli islohotlarni amalga oshirdi, Rossiyani chinakam taraqqiyot yoʻliga olib kirdi. Ammo uning Rossiya va ruslar taqdiriga salbiy taʼsiri ham ulkan edi. Pyotr dinni davlatga boʻysundirdi: Sinod tuzildi va u toʻlaligicha imperator xizmatiga oʻtdi, cherkov ruhoniylari davlat xavfsizlik xizmati aygʻoqchilariga aylandi, tazarruga kelgan nasroniylarning siyosiy qarashlari haqida kashishlar va poplar maxsus tashkilotga muntazam axborot berib turadigan boʻldi. Natijada, dinning demokratik taʼsiri, barcha nasroniylarning tengligi aqidasi yoʻqqa chiqarildi, xalq orasida unga ishonch tobora kamayib bordi, asta-sekinlik bilan xudojoʻy rus mujigi, birvarakay “ham farishtalik, ham shaytonlik” yoʻliga oʻtdi. Shunday qilib, Pyotr baʼzi rus mutafakkirlarining fikriga koʻra, Dajjolga aylanib, dinning mohiyatini buzib yubordi. Keyinchalik bu maʼnaviy ogʻriq, ulkan yoʻqotish badiiy asarlarda oʻz aksini topdi. XX asrda Aleksey Tolstoyning Pyotrni ulugʻlaydigan “Ulugʻ Pyotr” romani, Marina Svetayevaning “Pyotr va Pushkin” sheʼri singari koʻpgina asarlar bilan bir qatorda emigratsiyada yashagan ulkan rus mutafakkir yozuvchisi Dmitriy Merejkovskiyning buyuk podshoni tanqid ostiga olgan “Dajjol” romani yaratildi. Bunday qarashlar sheʼriyatda ham oʻz aksini topdi. Shoʻrolar turmasida antisovet sifatida sakkiz yil oʻtirgan va mustabid tuzum inqirozi paytidagina yuzaga chiqqan, keyinchalik RSFSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan atoqli rus shoiri Boris Chichibabinning “Noviʼy mir” jurnalida (1989 yil, 7-son) bosilgan “Ming laʼnat senga, ey ulugʻ Pyotr…” deb boshlanadigan “Pyotrga laʼnat” sheʼrini misol tariqasida keltirish mumkin. Unda muqaddas Rusni “Yetti qavat yer ostiga koʻmib tashlagan, boshlarni qilichdan oʻtkazgan shafqatsiz va xudosiz podsho” haqida gap ketadi, u Dajjol sifatida talqin etiladi. Pyotr amalga oshirgan eng salbiy ishlardan yana biri shuki, uning davrida butun Rossiyada harbiy-politsiya tuzumi oʻrnatildi, hamma guberniyalar va uyezdlarda boshqaruv jandarmeriyalarga suyangan harbiylar qoʻliga oʻtdi. Rossiya ulkan politsiya mahkamasiga aylandi, har qanday erkinlik, hurfikrlilik juda qattiq taʼqib ostiga olinadigan boʻldi. Romanovlar sulolasi, keyingi rus podsholarining hammasi shu boshqaruv usuliga qatʼiy amal qildilar. Eng yomoni shunda ediki, ular Pyotrning asosan ana shu salbiy jihatlarini dasturilamal qilib oldilar va ulugʻ podshoning ulugʻ islohotlarni amalga oshirganini unutib, faqat uning ulugʻ davlatchilik shovinizmiga yoʻgʻrilgan mustamlakachilik siyosatini ustuvor sanadilar. Shunday qilib, Rossiya qadimgi Yunon-Rum asotirlaridagi maʼbud Saturnga aylantirildi. Saturn oʻz bolalarini tugʻilishi bilanoq, bir kun menga qarshi bosh koʻtarmasin deb yamlab-yutib yuborardi. Rossiya ham oʻz buyuk farzandlari bilan shu taxlit munosabat qilardi. Tarixga nazar solsak, ne-ne buyuklar fojiasini koʻrish mumkin: Pushkin, Lermontov otib oʻldirildi, Nikolay Chernishevskiy ustidan qatl marosimi oʻtkazildi, Dostoyevskiy oldin oʻlimga hukm qilindi, keyin oʻlim jazosi surgun bilan almashtirildi, Tolstoy nomiga Rossiyaning barcha cherkovlarida laʼnat oʻqildi va u cherkovdan quvgʻin qilindi. Rus podshohlari ichida “Qassob” laqabini olgan Nikolay I ozodlik uchun koʻtarilgan Polshani misli koʻrilmagan jallodlik bilan qonga botirdi. Buyuk isteʼdod egasi, daho shoir, yozuvchi, dramaturg Mixail Yuryevich Lermontov ana shu zolim podsho davrida faoliyat koʻrsatdi va surgun yerida duel bahonasida oʻldirildi.

Mixail Yuryevich Lermontov 1814 yili 15 oktyabrda Moskva shahrida dunyoga keldi. Onadan yetim qolgan Misha buvisining tarbiyasida katta boʻldi va 14 yoshida Moskva universitetining pansioniga oʻqishga kirdi. Pansiondan toʻgʻri universitetga oʻtdi. Lekin talabalikning ikkinchi bosqichida hurfikrliligi, demokratik oʻzgarishlar tarafdori boʻlgani va podshoparast professorlar bilan kelishmagani uchun “universitet nizomini buzdi” degan bahona bilan talabalar safidan chiqarildi. Keyingi yil Sankt-Peterburg universitetiga kirmoqchi boʻldi, lekin uni oʻqishga qabul qilmadilar, u – jandarmeriya nazorati ostidagi “ishonchsiz” yoshlardan edi. Shundan soʻng Lermontov yunkerlar maktabiga kirishga majbur boʻldi. Ammo uning sevgan sohasi adabiyot edi. Uning ilk sheʼrlari 1828 yilda yozilgan. Dastlab “abadiy mavzu”larda sheʼrlar yozgan Lermontov tez orada kuchli ijtimoiy ruh bilan yoʻgʻrilgan, yoshiga nisbatan favqulodda mahoratga ega otashin shoirga aylandi. Uning tili sodda, goʻzal va xalqona edi, bu til shoir uslubining shakllanishida katta rol oʻynadi. Lermontovning “Yelkan”, “Borodino”, “Shoh Ivan Vasilyevich, navjuvon yasovul va azamat savdogar Kalashnikov haqida qissa”, “Vatan”, “Msiri”, “Oʻylar”, “Ballada” kabi asarlarida xalqona ruh va ayni paytda insonparvarlik, vatanparvarlik, erkparvarlik gʻoyalari goʻzal badiiy shakllarda namoyon boʻladi.

Oʻsha paytlarda, XIX asrning 30-yillarida Ovroʻpa adabiyotida buyuk ingliz shoiri Jorj Bayronning taʼsiri juda kuchli boʻlib, Bayron ruhi qalbu aqllarni egallagan, barcha eʼtirof etganidek, Yer yuzi boʻylab bayronizm boʻrondek esib oʻtgan edi. Gyote, Hayne, Balzak, Stendal, Hyugo singari buyuklar bayronizmni qabul qilgan, hatto Gyote “Don Juan”dan katta bir parchani olmonchaga oʻgirib, eʼlon qildirgan. Rus adabiyotida esa, Pushkin va Lermontov bayronizm maktabining buyuk vakillariga aylangan edilar. Ular Bayron ijodidagi erkinlik, insonparvarlik gʻoyalarini, uning shaxsan mustamlakachilikka qarshi olib borgan kurashlarini oʻzlari uchun maktab deb bilardilar. Lermontov Bayron bilan ayricha bir yaqinlikni, ruhan birdamlik tuygʻusini chuqur his qilardi, unga qondoshligini intiutiv tarzda sezib turardi. Shu bois, oʻzini u Bayronga qiyosladi, rus Bayroni deb atadi:

 

Yoʻq, Bayronmas, oʻzga insonman, –

Hali hech kim bilmagan daho,

Garchand qalbim rusniki, ammo,

Uning kabi sargashta jonman[1].

 

Bundan salkam yarim asr muqaddam “Sovetskaya kultura” gazetasida Lermontovning Bayronga ona tomonidan uzoq qarindoshligi borligi toʻgʻrisida maʼlumot berilgan edi. Darhaqiqat, Lermontov shajarasi xususida ikki xil fikr mavjud. Har ikki fikr ham rivoyatga borib taqaladi. Birinchisiga koʻra, Ispaniyani arablar bosib olgach, ulardan qochib Shotlandiyaga kelib qolgan aslzoda graf Lerma shajaraning asoschisi hisoblanadi, bu borada Mixail Lermontovning oʻzi chizgan “Bobokalon Lerma” degan suvrati ham bor. Ikkinchi fikr Lermontovlar shajarasining ibtidosida “Tristan va Izolda” romanining eng qadimgi variantini yaratgan shotland shoiri afsonaviy bard Tomas Lermont turishini taʼkidlaydi. Lermontlarning bir avlodi – Jorj Lermont oʻz baxtini sinash uchun Rossiyaga keladi va podsho tomonidan rus askarlarini harbu zarb sanʼatiga oʻrgatadigan zobit qilib tayinlanadi, unga Bulgʻa – Volga daryosi ortidagi joylardan yer (pomestye) ajratib beriladi. Shunday qilib, Lermontlar rus dvoryaniga aylanadilar. Ruslashib ketgan Lermontlar keyinchalik Lermontov familiyasini oladilar. Bayron esa, maʼlumki, ona tomonidan Skotland – Shotlandiya qiroli Iakov I Styuartga qarindosh. Demak, ikkinchi fikr haqiqatga yaqin – Lermontov shajarasi Lermontlar oilasiga borib taqaladi. Ular tomirida esa shotland qirollari qoni oqardi. Mixail Lermontovdagi hech bir rus shoirida uchramaydigan bayroncha dadillik, keskinlik, maʼlum maʼnoda radikal demokratizm ehtimol ana shu qondan ham oʻtgandir.

Shunday qilib, bir tomondan Bayronni, ikkinchi tomondan erksevar Pushkinni ustoz deb bilgan yosh Lermontov kichik xalqlarni oʻziga boʻysundirishga, ular hududlarini bosib olishga qaratilgan chor Rossiyasi tashqi siyosatiga va rus xalqining ozodlikka intilishi hamda shaxs erkini boʻgʻishga yoʻnaltirilgan ichki siyosatiga nafrat bilan qarardi. Saturn-Rossiya va uning podshosi siyosati bilan har qanday kelishuvchanlikni inkor etardi va bu borada Pushkindan ancha ilgarilab ketgan edi. Chunonchi, Pushkin “Doʻstlarimga” sheʼrida bunday siyosatga podsho aybdor emas, uning atrofidagi maslahatgoʻylari yomon, uni yomon yoʻlga xushomadgoʻylar boshlamoqda qabilidagi misralarni tizadi, “Rossiyaga tuhmat qiluvchilarga” sheʼrida esa, erksevar Polshani qonga botirgan Nikolay Qassob qilmishlarini siforishlab oʻtishga urinadi, Polsha qirgʻinini slavyanlarning oilaviy janjali deb ataydi, rus shovinizmini, chorizmning bosqinchilik siyosatini jahon afkor ommasi koʻzi oldida oqlashga harakat qiladi. Lermontovda, Pushkinda goh-goh uchrab turadigan bunday zaiflik, “koʻngli boʻshlik” yoʻq, u Bayronga oʻxshagan nihoyatda keskin xatti-harakatlar qiladi. Peterburgdagi ballardan birida tanishmoqchi boʻlib yaqinlashayotgan podshoning qizidan yuzini burib, oʻzini chetga oladi. Bu bilan u oʻzining saroy ahli, podsho oilasi bilan hech qachon hech qanday aloqa qilmasligini koʻpchilik oldida ochiqchasiga namoyish etgan edi. Ha, Lermontov Saturn podshodan nafratlanardi. Shu bois birinchi marta “Shoirning oʻlimi” sheʼri va ikkinchi bor “Zamonamiz qahramoni” romani uchun Kavkazga surgun qilingan buyuk shoir bu qismatni nafrat aralash alam bilan qabul qiladi:

 

Alvido, yuvuqsiz Rossiya,

Quldorlaru qullarga makon!

Alvido, ey, koʻkish mundirlar

Va ularga sodiq olomon.

 

Balki meni Kavkaz togʻlari

Shohlaringdan yashirgay birpas:

Eshitolmas ding quloqlari,

Oʻqdek koʻzi koʻrmas ehtimol[2].

 

Aslida Lermontov Vatanini, Rossiyani dil-dildan sevadi. Lekin bu sevgi, oʻzi aytganidek “boshqacha”, koʻpchiliknikiga oʻxshamaydi. Unda podshoparastlik, shovinistik gʻurur, bosqinchilik gʻalabalaridan faxrlanish tuygʻulari yoʻq. Shoir oʻz Vatanini ozod va “qonlar toʻkilib topilgan shuhrat”dan xoli koʻrishni istaydi, uni rus xalqining tinch mehnat shodliklari, milliy bayramlari maftun etadi:

 

Koʻplar sezmas, men-chi: xursandman –

Xirmonlarni boʻlugʻ koʻrganda,

Poxolli tomlarga dilbandman,

Menga yoqar oʻyma darparda.

 

Bayram chogʻi, shudringli kecha

Boqsam deyman yarim tungacha, –

Hushtak bilan raqs nagʻmasiga,

Mast dehqonlar hangomasiga[3].

 

Ha, Lermontov Rossiyaning Kavkazdagi gʻolibona urushini koʻrgani koʻzi yoʻq edi. Ammo qismat uni zobit sifatida ana shu urushda ishtirok etishga majbur qildi, unga isteʼfoga chiqib, adabiyot bilan shugʻullanish uchun ruxsat berishmadi. Shoir harbiy xizmatga qasamyod qilgan zobit sifatida bu urushga boʻlgan nafratini ochiq namoyon eta olmas edi. Shu sababli u noroziligini bilvosita tarzda – mustamlakaga aylantirilayotgan Kavkazga muhabbat koʻrinishida aks ettirardi. Bu muhabbat shoirning qator sheʼrlarida, dostonlarida, nasriy asarlarida ham namoyon boʻldi va Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi isyonga aylandi. Qullik zanjiri bilan kishanband qilinayotgan Kavkazga achinish shoir qalbini poralaydi, hali Kavkazdan olisda ekanidayoq bu yurtning qismati uni iztirobga solardi:

 

Ey Kavkaz, ey, olis diyor,

Toʻpori erk makoni!

Baxtsizlikka boʻlibsan yor,

Boʻyapti urush qoni!..

Erkka aziz boʻlgan makon

Halokdir erk yoʻlida[4].

 

Shu bois Lermontovning eng goʻzal dostonlari Kavkaz mavzuiga bagʻishlandi: “Kavkaz asiri”, “Ismoilbey”, “Hoji Abrek”, “Msiri” “Bostunchi ovuli”, “Qochqin” va “Demon” shular jumlasidan.

Xullas, Lermontov ikki oʻt oʻrtasida yashadi: Rossiyani Vatan sifatida jondan sevdi, lekin unda hukmronlik qilgan “qullar va quldorlar” jamiyatidan nafratlandi. Bu nafrat tuygʻusi nasriy va dramatik asarlarida ham oʻz aksini topdi. Uning “Vadim” qissasi, “Niqob bazmi” dramasi, “Zamonamiz qahramoni” romani ana shu munofiqlar jamiyatining, boshqalarni qul qilishi barobarida oʻzi qulga aylangan jamiyatning shaxs erkinligi va millat ravnaqi uchun naqadar dushman ekanini fosh etadi. “Niqob bazmi”dagi knyaz Arbenin asli or-nomusli, aqlli, shafqatli inson. Lekin sirti yaltiroq – ichi qaltiroq jamiyat, munofiqlikni maʼnaviy odat qilib olgan kiborlar davrasi uning hayotini zaharlaydi. Halol, or-nomusli Arbenin oxir-oqibat qotilga aylanadi. Dramadan chiqadigan xulosa shuki, Peterburg kiborlar jamiyati oʻzidan bir bosh baland turadigan har bir shaxsning boshini yeydi, uni oyoqosti qilishga, halokatga mahkum etishga urinadi, undan qaqshatqich oʻch oladi.

Lermontovning shoh asari boʻlmish “Zamonamiz qahramoni” romanida ham jamiyat va shaxs munosabatlari asosiy oʻrinni egallaydi. Undagi bosh qahramon Pechorinni Ovroʻpa adabiyotidagi mashhur badiiy qiyofalar tizimining davomi deyish mumkin: Shatobrianning Renesi, Gyotening Verteri, Bayronning Don Juani, Balzakning Rastinyaki, Pushkinning Onegini uning salaflaridir. Pechorin aqlli, bilimli, isteʼdodli, sogʻlom, irodasi kuchli inson, lekin u oʻzidagi bu fazilatlarning birortasini roʻyobga chiqarish uchun mavjud jamiyatda imkon topolmaydi, umrini buyuk ishlarga bagʻishlash oʻrniga “ermakka pista chaqish bilan shugʻullanadi”, kontrabandistlarga aldanadi, qarta oʻyini, ayollar, duellar bilan vaqtini oʻtkazadi. Uning oʻzi yosh, lekin hayotga, hamma narsaga befarq, qalban qarigan. Bunday qismatni Bayron “Don Juan” sheʼriy romanida quyidagi achchiq alamli satrlar bilan shunday ifodalaydi:

 

Hozir oʻttizdaman, ammo sochda oq…

Suratan yoshman-u, siyratan men – chol,

Hali May tugamay yozim oʻtdi, boq,

Jangari boʻlmogʻim endi koʻp mahol.

Umrim sarmoyasi endi – foyizsiz,

Oʻzimni yengilmas sanash joyizsiz[5].

 

Lermontovning “Oʻylar” sheʼridagi mana bu zamondosh – zamon qahramoni yozilajak romandagi bosh qahramon Pechorin qiyofasi uchun chizgilar edi:

 

Zamondosh naslimga qarayman gʻamgin,

Uning kelajagi – nursiz, sharafsiz…

Yaxshi-yomonlikka besharmu befarq,

Umr boshidayoq jangsiz soʻlarmiz…

Sevgimiz – tasodif, nafratimiz ham,

Yoʻlida hech narsa qilmaymiz qurbon.

Qonda yoshlik oʻti qaynab turgan dam

Sirli bir sovuqlik qalbda hukmron…[6]

 

Pechorin zamon uchun “ortiqcha odam”. Zamon pechorinlarni yoqtirmaydi, chunki, ular zamondan baland turadilar. Shuning uchun ham aynan ana shu “ortiqcha odamlar” oʻz zamonasining haqiqiy qahramonlaridir, ular zamonni olgʻa yetaklash qudratiga ega, biroq zamon ularni oʻz temir iskanjasiga olib halok qiladi: shuncha bilim, yuksak aql-idrok, faollik, maʼnaviy qudrat behudaga sarf boʻladi. Shunday qilib, “Zamonamiz qahramoni” romani “ortiqcha odamni” emas, zamonni oʻzgartirish haqidagi gʻamgin maʼnaviyat qoʻshigʻiga aylanadi.

Romandagi bu bosh gʻoyani ilgʻor fikrli kishilar xursandchilik va qoniqish bilan, hukmron doiralar esa gʻazab bilan kutib oldilar. Oʻzini Pushkin asarlarining senzori deb eʼlon qilgan va Lermontov asarlariga ham senzorlik koʻzi bilan qaragan podsho Nikolay I esa, “Zamonamiz qahramoni”ni diqqat bilan oʻqib chiqib, kinoya aralash gʻazabda shunday deb yozgan edi: “Men “Qahramon”ni oxirigacha oʻqib chiqdim va uning ikkinchi qismini oʻta rasvo, modaga aylanib ketish uchun tayyor narsa deb bilaman. Bu ham hozirgi romanlarda uchratadiganimiz – jirkanch xarakterlarning boʻrttirma tasviridan boshqa narsa emas… Shunday qilib, men ishonch bilan aytamanki, bu – muallifning kattagina boshibuzuq ekanligini koʻrsatadigan va hech narsaga arzimaydigan kitob… Oq yoʻl, janob Lermontov! Bir boshini tozalab kelsin!..”[7] Saturn-Rossiyaning podshosi ana shu taxlit Lermontovni ikkinchi bor Kavkazga, eng ogʻir janglar olib borilayotgan joydagi Tengin piyodalar polkiga surgun qildi. U yerda shoir, zamondoshlaridan biri aytganidek, “Dantesning nusxasi pastkash Martinov” tomonidan duelda nomardlarcha otib oʻldirildi va uning jasadi kechgacha yomgʻir ostida qolib ketdi. Cherkov koʻmish marosimini oʻtkazishdan bosh tortdi. Bu xabarni eshitgan Nikolay xursandligini yashirmadi: “Itga it oʻlimi!”, dedi u, bu yovuzlikdan qoniqish bilan.

Ilgʻor rus ziyolilari shoir oʻlimini misli koʻrilmagan ulkan qaygʻu, Rossiyaning fojiasi sifatida qabul qildilar: mustabid Rossiya oʻzining yana bir daho farzandining boshini yegan edi. Ha, Lermontov, yosh ketishiga, yigirma yettiga toʻlmay halok boʻlganiga qaramay, tom maʼnodagi daholik darajasiga koʻtarila oldi.

Lermonov haqida gap ketar ekan, yana bir narsani alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Bu – uning Pushkinga taqlidi masalasi. Darhaqiqat, bu bor gap, Lermontov uchun Bayron va Pushkin, aytib oʻtilganidek, namuna edi. U Pushkinni nihoyatda sevardi, dastlab unga taqlidan sheʼrlar yozgani ham maʼlum. Biroq bu taqlid buyuk shoirga oddiy ergashish emasdi, uning yoʻlidan borib, yangi yoʻlni, unikidan ham kengroq, kattaroq yoʻlni ochishga intilish edi. Zero, har qanday ijodkor oʻz yoʻlini taqliddan boshlaydi, hamma gap oʻsha taqlid darajasida qolib ketmaslikda. Lermontov Pushkinni davom ettirgan va undan-da yuksaklikka koʻtarila bilgan daho edi. Tadqiqotchilar koʻpincha “Uch xurmo” sheʼrini Pushkinning “Qurʼondan iqtibos” sheʼriy turkumiga taqlid deyishadi. Toʻgʻri, bu turkum Lermontovga taʼsir qilgani shubhasiz, lekin u Pushkin oʻz sheʼrida ilgari surgan gʻoyani yana ham yuksakroq darajada aks ettiradi. Chunonchi, Pushkin turkumda Alloh qudratining tengsizligi va karamining cheksizligini badiiy aks ettiradi: Alloh butun olamni har soniyada oʻz izmida tutib turadi, istasa yosh odamni – keksa, keksani – yosh qilib qoʻya oladi… Lermontovda esa, Alloh shu qudrat bilan birgalikda odil va rahmdil, transsendental haqiqat sohibi: adolatli, shafiq boʻlgani uchun ham U uzoq vaqt xurmolaru buloq boshiga odamlarni yoʻlatmaydi. Bunday oliy adolatni tushunmay, Yaratgandan norozi boʻlgan xurmolar oxir-oqibat odamzod qoʻlida halok boʻladi. Ayni paytda “Uch xurmo”, inson falsafasini oʻrtaga tashlagan falsafiy sheʼr sifatida ham “Qurʼondan iqtibos”ga nisbatan olgʻa tashlangan qadamdir. Yoki “Vadim” qissasi Pushkinning “Dubrovskiy”sini eslatishini olaylik. Haqiqatan ham shunday: har ikki qissada xoʻrlangan ota uchun qasos olishga uringan farzandlar bosh qahramonlardir. Lekin, birinchidan, “Vadim” yozilganida hali “Dubrovskiy” chop etilmagan edi. Ikkinchi tomondan, Dubrovskiy qaroqchilik toʻdasiga boshchilik qiladi, Vadim esa xalq qoʻzgʻolonini uyushtirishga urinadi: Lermontov Vadimining ijtimoiy harakat doirasi Dubrovskiynikiga nisbatan miqyosli.

Bu ikki daho shoirning yana bir oʻxshashlik jihati shundaki, ular Jorj Bayron izidan borib, “Sharq dostonlari”ni yaratadilar. Lekin har ikki “Sharq dostonlari” solishtirilganda, shuni aniq koʻrish mumkinki, Pushkin erkin Kavkazni va Kavkaz erkini maʼlum maʼnoda romantik-ekzotik nuqtai nazardan tasvirlaydi. Lermontovda esa, Kavkazga, oʻz ozodligi uchun kurashayotgan xalqlarga real muhabbat va hurmat birinchi oʻrinda turadi. Misol uchun Pushkinning tugallanmagan “Tazit” dostoni bilan Lermontovning “Qochqin” dostonini solishtirib koʻrish oʻrinli. Tazit jangovorlikni yoqtirmaydi, u tinch, sevgilisi bilan baxtli yashashni xohlaydi. Shu tufayli qon toʻkishni istamaydi, ham oʻz otasi, ham sevgan qizining nafratiga uchraydi. Pushkin dostonda Kavkazni tinchlikka chaqiradi, uning tag-zaminida, unchalik yaqqol boʻlmasa-da, kavkazliklarni taqdirga tan berishga undash gʻoyasi ilgʻar-ilgʻamas koʻzga tashlanadi. Lermontovning “Qochqin”idagi Horun ham jang qilishni istamaydi, u rus bosqinchilariga qarshi kurashgan otasi bilan akasining jasadini jang maydonida qoldirib, intiqom olish oʻrniga qurolini tashlab qochadi. Ammo Lermontov uni oqlashga intilmaydi, aksincha, Vatan uchun jangdan qochgan inson nafratga sazovor, degan gʻoyani ilgari suradi: “Qochqin”dagi Horun bevatan daydiga aylangan inson, bir umrlik darbadarlikka mahkum, onasiyu vatandoshlari laʼnatiga uchragan nomard togʻlik. Shunday qilib, Pushkin Tazitning sezilar-sezilmas “yonini olsa”, Lermontov Horunga ochiqchasiga tavqi laʼnat tamgʻasini bosadi. Bu oʻrnida ham, koʻrinib turibdiki, Lermontov Kavkaz xalqlari milliy ozodlik kurashining tarafdori sifatida namoyon boʻladi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bu fikrlarimiz qandaydir maʼnoda Pushkinni kamsitish, uni Lermontovdan quyi oʻringa qoʻyishga urinish emas. Aslo. Har bir milliy adabiyotning oʻz asoschisi boʻlganidek, Pushkin ham rus adabiyotining tom maʼnodagi asoschisi edi va shunday boʻlib qoladi. Toʻgʻri, ungacha Trediakovskiy, Xeraskov, Sumorokov, Lomonosov, Derjavin, Jukovskiy, Batyushkov singari shoirlar rus adabiyotini umumslavyan adabiyotidan ajralib chiqishida katta xizmat qildilar. Timsolli qilib aytganda, ular Pushkinning paydo boʻlishi uchun maydon yaratdilar. Pushkin esa, oʻsha maydonda oʻz asarlari bilan oltindan poydevor qurdi. Lermontov, Tolstoy, Nekrasov, Blok, Yesenin, Pasternak, Svetayeva, Axmatova – rus adabiyotining barcha buyuklari va kuni kecha bizga zamondosh boʻlgan Nikolay Rubsov, Yuriy Kuznetsov singari ulkan isteʼdod egalari ham ana shu poydevor ustida oʻz goʻzal binolarini qurdilar. U binolar qanchalik mahobatli, qanchalik hashamatli va goʻzal boʻlmasin ularga doimo oltin poydevorning shuʼlasi tushib turadi. Buni oʻz vaqtida tushunib yetgan ulugʻ mutafakkir V. G. Belinskiy “Zamonamiz qahramoni” haqida fikr yuritar ekan, Pechorin va Oneginni oʻziga xos qiyoslab shunday deb yozgan edi: Lermontovning Pechorini… bu – zamonamizning Onegini, zamonamiz qahramoni. Ularning oʻzaro oʻxshash emasligi Onega va Pechora[8] oraligʻidagi masofadan ancha qisqa… Onegin badiiy jihatdan Pechorindan qanchalik baland boʻlsa, gʻoyaviy tomondan Pechorin Onegindan shunchalik baland”[9]. Boshqa bir oʻrinda Belinskiy bu fikrini shunday izohlab beradi: “Lermontov romanining gʻoyasi zamirida ichki inson haqidagi muhim zamonaviy masala yotadi… Voqelikni teran his qilish, haqiqatni toʻgʻri intuitiv seza bilish, soddalik, xarakterlarning badiiy tasviri, mazmun boyligi, tengsiz ifoda goʻzalligi, shoirona til, inson qalbi va zamonaviy jamiyatni chuqur bilish, moʻyqalamning miqyosiyligi va dadilligi, ruhning kuchi va qudrati, boy va goʻzal xayolot, estetik hayotning tuganmas moʻlligi, tabiiy oʻziga xoslik va originallik – butunlay yangi bir sanʼat dunyosini namoyish etadigan ushbu asarning sifatlari mana shu”[10].

Oʻsha davr ilgʻor rus tanqidchiligida Pushkin va Lermontov dahosini qiyoslash, ularni bir-biridan farqlash alohida oʻrin tutadi. Chunonchi, Belinskiy shunday deb yozadi: “Pushkin qalb botinidagi hissiyotlar shoiri, Lermontov beshafqat haqiqat – fikr shoiri. Pushkinning pafosi sanʼat doirasi ichidagi sanʼat bilan chegaralanadi; Lermontov pafosi inson shaxsining taqdiri va huquqi toʻgʻrisidagi axloqiy masalalardan iborat… Pushkinda nazokat va samimiyat qanchalik katta oʻrin egallasa, Lermontovda jazillatadigan keskir kuch sheʼrning asosiy sifati hisoblanadi: bu momoqaldiroqning qarsillashi, chaqinning yaraqlashi, qilichning sermalishi, oʻqning chiyillashi”[11].

Ayni shu masalada buyuk rus faylasufi va tanqidchisi N. G. Chernishevsiy ancha keskin fikrlar bildiradi. U oʻzining “Gogol davri rus adabiyoti ocherklari” deb nomlangan, adabiy tanqidning fundamental namunasiga aylangan yirik maqola-tadqiqotida shunday deb yozadi: “U (Lermontov – A. Sh. ) Pushkinga tashqi-shakliy boʻysunishdan juda tez qutildi va oʻzigacha boʻlgan barcha shoirlarga nisbatan, Pushkinni ham istisno qilmagan holda, misli koʻrilmagan darajadagi original shoirga aylandi”[12].

Kundaliklarida esa, Chernishevskiy Lermontov dahosini Pushkindan yuqori qoʻyadi. U bir suhbat haqida fikr yuritar ekan, shunday deb yozadi: “Men esa… Lermontovni Pushkindan baland qoʻyaman”[13].

Toʻgʻri, Chernishevskiyning bu fikri bahsli, zero u koʻproq Lermontov asarlaridagi ijtimoiy zalvorni nazarda tutadi. Boshqa tomondan, uni kundalikdagi nisbatan subʼyektiv fikr deyish mumkin. Lekin mazkur fikr Lermontov dahosini eʼtirof etish nuqtai nazaridan muhimdir.

Darhaqiqat, Lermontov, aytib oʻtilganidek, Pushkinning taqlidchisi emas, uning yangi pogʻonadagi davomchisi. Zero, u Dantes oʻqi bilan yiqitilgan Pushkinning qoʻlidan erk va sheʼriyat bayrogʻini olib, uni yanada balandroq koʻtargan daho, koinot bilan sirlashishga musharraf boʻlgan, yulduzlar suhbatini tinglay bilgan mutafakkir shoir darajasiga koʻtarildi. “Zamonamiz qahramoni”ning uchinchi nashriga yozgan taqrizida Belinskiy roman haqida: “toki ruslar ruscha soʻzlashar ekanlar, u yashayveradi”[14], degan edi. Buyuk tanqidchining bu gaplarini Lermontovning barcha asarlariga bemalol tadbiq qilish mumkin. Lekin, shuni ham aytish kerakki, endilikda Lermontov faqat ruslarning emas, barcha erksevar xalqlarning sevimli shoiridir, shu jumladan, biz oʻzbeklarning ham. Uning dahosi kitobxonlarimizni matonatli, nomus-orli, millat ozodligini, Vatan mustaqilligini, shaxs erkini qadrlaydigan inson boʻlishga, shoir-yozuvchilarimizni esa, erk uchun, ezgulik uchun, maʼnaviyat uchun kurashda dadillik va faollik koʻrsatishga doimo chorlab turaveradi.

 

Abdulla SHER

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

 


[1] Lermontov M. Yu. Suzib borar oppoq bir yelkan. T., “Oʻzbekiston”, 2011, 70-b. Abdulla Sher tarjimasi.

[2] Oʻsha kitob. 72-b. Abdulla Sher tarjimasi.

[3] Oʻsha kitob. 18-b. Maqsud Shayxzoda tarjimasi.

[4] Lermontov M. Yu. Tanlangan asarlar, I tom. T., Oʻzdavnashr, 1955, 58-b. Hamid Gʻulom tarjimasi.     

[5] Bayron J. G. Ushalmagan orzular. T., «Oʻzbekiston», 2011, 146-b. Abdulla Sher tarjimasi.

[6] Lermontov M. Yu. Suzib borar olis bir yelkan, 25-26-b. Asqad Muxtor tarjimasi.

[7] Selegey P. Domik Lermontova. Stavropolskoye knijnoye izdatelsvo, 1974. S. 108.

[8] Rossiyadagi koʻl va daryoning nomlari (A.Sh.)

[9] Belinskiy V. G. Sobraniye sochineniy v devyati tomax. T. 3. M. , «Xudojestvennaya literatura», 1978. S. 146.

[10] Oʻsha manba. S. 393.

[11] Belinskiy V. G. Sobraniye sochineniy v devyati tomax. T. 5. S. 430.

[12] Cherniʼshevskiy N. G. Izbranniʼe filosofskiye sochineniya. Izdaniye v trex tomax. T. 1. Gosudarst­vennoye izdatelstvo politicheskoy literaturiʼ. M., 1950. S. 542.

[13] Cherniʼshevskiy N. G. Izbranniʼe filosofskiye sochineniya. T. 3. S. 853.

[14] Belinskiy V. G. Sobraniye sochineniy v devyati tomax. T. 7. S. 436.

https://saviya.uz/ijod/nasr/yulduzlar-suhbatini-tinglagan-daho/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x