Oʻtgan kunlar yodi nimadir?

“Gʻamdan oʻzga haqlik yoʻq, darddan oʻzga haqiqat…”

1920 yilda kitob doʻkonlarida paydo boʻlgan “Hayajon” sheʼrlar toʻplamining dastlabki sahifalarida koʻringan bu satrlarni yosh shoir Ivo Andrich hibsda yotib bitganini, keyinchalik bu yigit yozuvchi sifatida dunyoga tanilishini, hatto uning nomi bilan ataluvchi shahar bunyod etilishini oʻsha paytda kim ham bilibdi?

Ivo Andrich oʻzining dastlabki asarlarida hayot, borliq, inson umrining mohiyati haqida tugʻilgan savollarga javob izlagan boʻlsa, keyinchalik bu savollar borasidagi mulohazalari kengayib, tarixiy evrilishlar va inson taqdiri oʻrtasidagi bogʻliqlik, inson va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar mavzularigacha oʻsib bordi. Shvetsiya Qirollik akademiyasi yozuvchini Nobel mukofotiga munosib koʻrar ekan, oʻz qarorini “inson taqdiri va Vatani tarixi bilan bogʻliq muammolarni bor boʻyicha ochishga imkon bergan epik isteʼdodi uchun” deya izohlagani ham bejiz emas edi.

Ivo Andrich 1892 yili 9 oktyabrda hozirgi Bosniya va Gersegovina hududida, kamtargina maktab xizmatchisi Antun Andrich va Katarina Andrichlar oilasida tugʻilgan. Otasi vafot etganida boʻlgʻusi yozuvchi uch yoshga ham toʻlmagan edi. Oila boquvchisini yoʻqotib, qiynalib qolgan beva ayol Vishegradga, erining qarindoshlari yoniga koʻchib oʻtishga majbur boʻladi.

Andrichning bolaligi Vishegradda, rim-katolik cherkovi odatlariga qatʼiy rioya qiladigan taqvodor qarindoshlari ichida kechadi. U shu yerda maktabni tugatadi, dilida bilim va maʼrifatga mayl hamda ragʻbat uygʻonadi. Yozuvchi yashagan hududda turli xalqlar – turk, serb, xorvat, sloven xalqlarining urf-odatlari va madaniyati, islom dini, xristianlik dinining katolik va pravoslav mazhablariga oid, urf-odatlari yonma-yon yashardi. Chunki Bosniya uzoq yillar davomida Usmonli Turklar imperiyasi hukmronligida yashagan. XIX asrga kelib Avstro-Vengriyaning, soʻng Rossiyaning istilo daʼvolariga nishon boʻlgan edi. 1908 yilda esa bu hudud Avstro-Vengriya imperiyasi tomonidan rasman zabt etiladi. Andrich bu vaqtda Sarayevo shahridagi gimnaziyada taʼlim olardi.

Vatani boshiga tushgan bu koʻrgilik yigitchaning yuragida qanday tugʻyonlar uygʻotganini bilish qiyin emas, boisi u gimnaziya oʻquvchisi boʻla turib, “Mlada Bosna” nomli inqilobiy guruhga aʼzo boʻlib kirgan edi. Mazkur guruh Bosniyaning ozodligi, janubiy slavyanlarning mustaqil davlat boʻlib birlashishlari yoʻlida kurash olib borardi. Guruh aʼzolaridan biri Gavrilo Prinsipning 1914 yilda ers-gersog Frans-Ferdinandni oʻldirishi Birinchi jahon urushining boshlanib ketishiga sabab boʻlganini ham qayd etib oʻtish kerak.

Shu voqeadan keyin guruhning koʻplab aʼzolari hibsga olindi. Ular orasida Zagreb shahridagi Qirollik universitetining falsafa fakulteti talabasi, 22 yoshli Ivo Andrich ham bor edi. Uni “yugoslav millatchisi” degan ayblov bilan uch yilga ozodlikdan mahrum qilishadi. Hibsda kechgan yillarida u F. Dostoyevskiy romanlari, daniyalik faylasuf Kyerkegor asarlari bilan qiziqib qoladi, oʻzining dastlabki ikkita kitobi – “Dengiz qaʼridan” va “Hayajon” sheʼriy toʻplamlarini yaratadi. Jumladan, “Zulmat” nomli sheʼrida shunday satrlarni bitdi:

 

…Kim aytarkin menga shu tuni,

Oʻtgan ishlar, zotlar xotiri,

Oʻtgan kunlar yodi nimadir?

Yurak noxush urmoqda nechun?

Qayga boshlar u? Nima uchun?[1]

 

Yosh ijodkor endigina boshlanayotgan hayot yoʻli zulmat qaʼrida oʻtib borayotganidan chekkan iztiroblarini shu tarzda ifoda qilgan edi.

Albatta, uning bu kitoblari urush tugagandan keyingina nashr etildi. Bu vaqtda yosh shoirning ozodlikka chiqqaniga endi bir yil toʻlgan edi.

Urushdan keyin u Vena, Krakov, Gratsa universitetlarida oʻqiydi. 1924 yilda falsafa boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi.

Uning asosiy mehnat faoliyati diplomatik sohalarda kechdi. 1920 yilda Vatikandagi elchixonada, keyin Buxarest, Triyest va Gratsa, Parij, Marsel, Madrid konsulliklarida xizmat qildi, Millatlar Ligasida Yugoslaviya qirolligi muntazam delegatsiyasining kotibi, Ikkinchi jahon urushi arafasida esa Yugoslaviya hukumatining Berlindagi elchisi sifatida xizmat qildi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganda Ivo Andrich Yugoslaviya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan boʻlgan ziddiyatlar bois isteʼfoga chiqadi-da, vataniga qaytadi. Lekin bu paytda urush sadolari Belgradga ham yetib kelgan edi. Yozuvchining vijdonli inson sifatida urushga munosabat bildirganlari ham izsiz ketmadi: Fashistlar Germaniyasining sobiq Yugoslaviyaga bosqini boshlangan dastlabki kunlardan (1941 yilning apreli) to Ikkinchi jahon urushining soʻnggi yilida (1945) vatani ozod boʻlgunga qadar Belgradda uy qamogʻida saqlanadi.

Yozuvchining nazarida ofat keltiruvchi urushlar – yovuzlik mevasidir. “1920 yil sanasi qoʻyilgan maktub” asarida u vatani boshidan kechirgan ogʻir kunlarning sababi haqida fikr yuritadi. “Bugun bu koʻrgilik faqatgina Bosniyaninggina boshida emas, men bu yovuzlik hodisasini hozir qadrdon Bosniyamda koʻryapman, – deb yozadi u qahramoni doktor Maks Levenfeldning qismati haqida hikoya qilarkan. – Maks Bosniyadagi yovuzliklardan qochib, Triyestga ketgan, u yerdan esa Ispaniyaga joʻnab, respublika armiyasiga qoʻshilgan edi. Kuppa-kunduz kuni u yotgan harbiy shifoxona havo hujumiga uchradi, u yaradorlar bilan birgalikda halok boʻldi. Yovuzlikdan qochgan odam oʻz umrini mana shunday yakunladi”.

Adibning qarashlari hibsda yotgan yillari yaratilgan “Drinadagi koʻprik”, “Travniya solnomasi”, “Oyimqiz” romanlaridan iborat trilogiyada aks etgan.

“Drinadagi koʻprik” ijtimoiy-tarixiy roman boʻlib, unda besh asr mobaynida Bosniya xalqi boshidan kechgan voqealar qalamga olinadi. Bu roman trilogiyaning qolgan qismlariga qaraganda koʻproq tillarga tarjima qilingan.

Asarga berilgan nom ramziy maʼnoga ega. Katta tarixiy davrni qamragan romanning voqealari tarqoqdek, qahramonlari, personajlari koʻp boʻlganidan, ularning taqdiri ham chigaldek, soʻnggi nuqtaga yetib kelmagandek tuyuladi. Lekin voqealarni va insonlar taqdirini Drina daryosiga qurilgan koʻprik birlashtirib turadi. Inshootni XVI asrda turklar bunyod etishgan. U koʻp voqealarga, sevishganlarning visoliga, gunohkorlarning qatl qilinishiga, yahudiylar, musulmonlar va nasroniylar oʻrtasida kechgan urushlarga, musulmonlarning ham, nasroniylarning ham bayram, toʻy hamda azalariga guvoh boʻlganlar. Yillar, davrlar oʻtyapti, avlodlar kelib-ketyapti, lekin Drina daryosi hamon oqyapti, koʻprik esa hanuzgacha ikkala sohilni bir-biriga yaqinlashtirib, qudratli ramz, inson bunyodkorligiga aytilgan qasida yangligʻ yashab kelyapti. Yillar xuddi daryoning suvi bilan oqqandek oʻtib ketayotganiga aholi koʻp ham qaygʻurmay qoʻygan. Chunki hayotning oʻzi moʻjiza, u tugayotgandek tuyuladi-yu, lekin Drinadagi koʻprik singari avlodlar bilan qolaveradi.

Toʻgʻri, ibtidoning intihosi bor, koʻprik ham yillar oʻtib keksayadi, lekin inson umriga andoza qilib olingan vaqt bilan solishtirganda bu inshootning qariganini chamalab boʻlmaydi, odamlar nazarida koʻprikning intihosi koʻrinmaydi. Lekin XX asrga kelib, yovuzlik odamlarning intiho haqidagi qarashlarini agʻdar-toʻntar qilib yuboradi: Avstriya askarlari mina qoʻyib koʻprikni portlatib yuborishadi.

Lekin yozuvchining nazarida yovuzlikning ustun kelishi – muvaqqat hodisasi, shu bois roman soʻnggida Ali hoji tilidan: “Bu yerdagi koʻprik vayron qilingan boʻlsa, balki boshqa bir yerda koʻprik qurishayotgandir? Menimcha, qayerlardadir, dunyoning chekkasida Xudoni eslaydigan odamlar ham bor boʻlsa kerak. Agar yaratgan egam tolei past Drinadan yuz oʻgirgan boʻlsa, ehtimol, osmon tagida yastanib yotgan bu gʻamxona zamindan yuz oʻgirmagandir?” – deya yozadi.

40-yillarning ikkinchi yarmidagi hikoya va qissalarida (masalan, 1948 yilda bosilgan “Yangi tarixlar” turkumi) Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi ogʻir davrlar, Bolqon mamlakatlari tarixidagi Usmonli turklar qoʻli ostida kechgan voqealar (1954 yilda eʼlon qilingan “Laʼnatlangan hovli” qissasi) mavzusi yetakchilik qiladi.

Ivo Andrichning qahramonlari har qanday sharoitda ham odam insoniylik qiyofasini saqlab qolishi shart, ochlik, qashshoqlik va muhtojlik odamiylikdan gʻolib kelishi mumkin emas, degan aqida bilan yashaydi.

Masalan, uning “Gilam” hikoyasida Kata ismli kampir 1941 yilning yozida, uyini buzib tashlamoqchi boʻlgan qishloq jamoasi oqsoqolidan shafqat soʻrab kelib, uning qabulxonasi poliga tashlab qoʻyilgan fors gilamini koʻrib qoladi. Bu gilam unga bolaligida, Sarayevoga Avstriya-Vengriya qoʻshinlari bostirib kirgan paytdagi kechgan bir voqeani eslatadi. Baʼzilar bosqindan foydalanib, qochib ketganlarning buyumlarini tashib oladilar, baʼzilar esa askarlarni avrab, talab olingan begona buyumlarni aroqqa almashtirmoqchi boʻladilar. Kataning onasi qishloqdoshlari boʻlgan bir turk oilasidan tortib olingan gilamni koʻtarib kelgan avstriyalik askarga bir shisha qoʻlbola aroq berib, gilamni olib qoladi. Bechora ona, bu gilamni bolalari sovuq kunda qup-quruq yerda oʻtirmasin uchun polga toʻshab qoʻymoqchi boʻlgan ekan. Shunda Kataning buvisi Andja bu ishi uchun kelinini koyib, gilamni kulbadan chiqarib tashlashni buyuradi…

Ikkinchi jahon urushidan keyin Ivo Andrichning ijtimoiy hayotdagi ishtiroki juda faollashadi, 1946 yilda u Serbiya Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylanadi, Serbiya Yozuvchilar uyushmasining Nizomini tayyorlash ishlarida qatnashadi, shu yil oxirida boʻlib oʻtgan Serbiya Yozuvchilar uyushmasining taʼsis sʼyezdida uyushma raisligiga oʻtadi.

Uning obroʻsi mamlakatda juda oshib ketadi. Bunga yozuvchining ijtimoiy hayotdagi faolligi sabab edi, albatta. Chunki adabiy faoliyat qogʻoz qoralashdangina iborat emas, uning nazarida yozuvchilik – ijtimoiy hayot bilan hamqadamlikda kechadigan murakkab jarayondir. Bu borada Bosniyaning Yugoslaviya Federatsiyasi tarkibidagi oltita teng huquqli respublikadan biri sifatida tan olinishi munosabati bilan qilgan siyosiy-publitsistik chiqishlari, Xalq yigʻini ittifoqi safidagi ijtimoiy faoliyatini, slavyan adabiyoti va madaniyatining yaqinlashuvi yoʻlidagi saʼy-harakatlarini koʻrsatish mumkin. Jumladan, Ivo Andrich 1954 yilda serb-xorvat adabiy tilining birdamligi toʻgʻrisidagi Novisad shartnomasini birinchi boʻlib imzolaydi. Uning nazdida, biri-biriga yaqin, turmushi va madaniyati hamnafas boʻlgan bu ikki xalqning adabiy tili ham bir boʻlishi kerak edi.

Ivo Andrichning 50-yillarning ikkinchi yarmi – 60-yillardagi ijodida, ayniqsa, uning hikoyalarida yangicha shakllar, yoʻnalishlar, mavzular paydo boʻla boshlaydi. “Oʻyin”, “Yelena – mavjud boʻlmagan ayol” hikoyalari shular jumlasidandir. Ayniqsa uning “Yelena – mavjud boʻlmagan ayol” hikoyasini yozuvchining xayoloti, kechinmalari tasviri, ramzlardan iborat bir asar deb qabul qilish mumkin.

Hikoya qahramonining yuragida yashayotgan hislari, uning orzulari ayol qiyofasida namoyon boʻla boshlaydi. Yelena ahyon-ahyonda, qahramon yolgʻizlikdan, uyqusizlikdan, baʼzan esa ijodiy tushkunlikdan chiqa olmay qiynalgan chogʻlarida, befarqlik kasaliga chalina boshlagan kezlarida, koʻpincha oftob bulutlar ortida qoladigan qish va qirovli kunlarda koʻrinadi. U hikoya qahramoni bilan muloqotga kirishmaydi, lekin ayol har gal kelib-ketganidan keyin yozuvchining koʻnglida kutilmagan istaklar, taxminlar tugʻila boshlaydi. Yelena – goʻyo yashashga chorlov, inson, koʻngil va tabiatning uygʻunlashuvi ramzi, shu bois qahramonning ayolni kutishlari umrdagi yorqin lahzalarni sevishiga aylanib ketadi. Faqat inson kutishdan charchamasa boʻlgani, Yelena – yorqin lahza, u albatta keladi.

Shu davrda yaratgan asarlaridagi yorugʻ lahzalar, tinch va umidlarga toʻla umr haqidagi orzulari ushalib, 1959 yilda uning hayoti nihoyat, turli toʻfon va toʻlqinlardan keyin sokin koʻrfazga yetib keladi. U Belgrad milliy teatrida bezakchi boʻlib ishlaydigan rassom ayol Militsa Babich bilan turmush quradi, romantik kayfiyat uygʻotuvchi hikoyalar yozadi.

1961 yilda yozuvchi Nobel mukofotiga sazovor boʻladi. Shvetsiya Qirollik akademiyasi vakili oʻz nutqida: “Ivo Andrich ijodda Bosniya xalq afsona va rivoyatlaridan keng foydalanadi, xalq ogʻzaki ijodi yordamida falsafiy haqiqatlar mohiyatini anglab yetadi”, deya qayd qiladi. Yozuvchi esa bunga javoban soʻzga chiqarkan: “eng ibtidoiy davrdan boshlab barcha tarixlar – bu, mohiyatan, inson hayotining mazmuni haqidagi bir butun tarixdir”, deydi.

Ivo Andrich bu bilan, tarixiy mavzu shunchaki oʻtmish haqidagi hikoyagina emas, oʻtmishdagi muammolar hozirgi kunda ham dolzarb boʻlib qolayotganini, chunki insoniyat oldida hanuz oʻsha-oʻsha vazifalar turganligini taʼkidlaydi.

Yozuvchi qolgan umrini Belgradda, hurmat va ehtiromlar ogʻushida oʻtkazdi, olim va siyosatchilarga beriladigan “Bir umrlik mehnati uchun” nomli mukofotga sazovor boʻldi.

U 1975 yilda Belgradda insultdan vafot etdi.

Ivo Andrichning qaysi millatga mansubligi, yozuvchi sifatida uning ijodi qaysi xalqqa serb yoki xorvat adabiy anʼanalariga tegishli ekanligi masalasi adabiy jamoatchilik oʻrtasida hamon koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlib kelmoqda. Serblar uni serb yozuvchisi deb hisoblashsa, xorvatlar uni xorvat adibi, xorvat milliy adabiyoti namoyandasi deb eʼzozlaydilar.

Andrich Zagreb universitetiga oʻqishga kirayotganda (talabalik yillaridagi hujjatlarda) ona tili sifatida xorvat tilini koʻrsatgan ekan. Krakov universitetiga oʻqishga qabul qilinayotganda anketaning ham “millati” degan ustuniga “katolik diniga eʼtiqod qiluvchi bosniyalik xorvat” deb yozgan. Lekin janubiy slavyan xalqlarining birdamligi tarafdori boʻlib maydonga chiqarkan, Ivo Andrich oʻzini serb millatiga mansub deb ataydi. U umrining oxirigacha oʻz hayotini Serbiya va Belgrad bilan bogʻlagan. Qolaversa, mutaxassislar yozuvchi yaratgan koʻp asarlarni (ijodining dastlabki davridagi hikoyalari bundan mustasno) hozirgi serb adabiy tiliga xos boʻlgan kirill ekavitsasida yozilgan, bu esa hozirgi xorvat adabiy tili meʼyorlariga mos kelmaydi, deyishadi.

Mutaxassislarning aytgan fikrlari qanchalik toʻgʻri yoki haqiqatga yaqinroqdek tuyulmasin, Ivo Andrich ijodi Gʻarbda maʼrifatli, intellektual oʻquvchiga moʻljallangan adabiyot sifatida qadrlanadi. Sobiq shoʻrolar davrida esa uning “Travniya solnomasi” romani faqatgina yozuvchi Nobel mukofoti olgandan keyingina rus tiliga tarjima qilinib, “Jahon adabiyoti kutubxonasi” seriyasida bosilgan. Mazkur nashr intellektual kitobxonlarga moʻljallangan boʻlib, uning tiraj miqdori adadi oʻsha davrdagi mamlakat miqyosida u qadar katta boʻlmagan.

Ivo Andrichning asarlari keyinroq, 70-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab rus tiliga keng tarjima qilina boshlandi. 80-yillarga kelib, uning hikoyalari, esse, qissalari alohida toʻplam sifatida koʻp martalab bosildi, 3 jildlik asarlari chop etildi.

Oʻtgan 2012 yilda Serbiya hukumati hamda Vishegrad shahar maʼmuriyati Ivo Andrich nomidagi adabiy mukofotni taʼsis qildi. Bu mukofot miqdori yuz ming yevroga teng boʻlib, slavyan tillarida ijod qiladigan yozuvchilarga beriladi. Serbiya hukumati mukofotni Andrich Nobel mukofoti olgan kunda topshirishni maʼqul koʻrdi. Hozircha bu mukofot laureatining nomi maʼlum qilingani yoʻq. Mukofotni mamlakat Prezidentining oʻzi topshiradi.

Darvoqe, serblar oʻz adiblarining xotirasini adabiylashtirish borasida yana bir xayrli ishga qoʻl urishdi. Oʻtgan yili Serbiyada Andrichgrad nomli shaharga poydevor qoʻyildi.

 

Risolat HAYDAROVA

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

 


[1] Sheʼrni Risolat Haydarova tarjima qilgan.

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/otgan-kunlar-yodi-nimadir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x