“Tuygʻularim qanotida olov bor”

Jumaken NAJIMADDINOV

(1935–1983)

 

Olmaotadagi Konservatoriyada, Moskvadagi oliy adabiyot kurslarida tahsil olgan. “Yoʻq, unutib boʻlmaydi” dostoni uchun Qozogʻiston Yoshlar uyushmasi mukofotiga sazovor boʻlgan (1967).


 

VATAN

 

Oʻz bolangman, oʻsayin bir chiniqib,

Zavodlarda poʻlat iylab, tosh yiqib.

Semiray deb kelmadim men hayotga,

Chetda yurib, havo yutib, tiniqib.

Endigina toy-toy bosgan sabiyman,

Bola kabi orzuga boy, shoshildim.

Gʻayratliman, dadil, yoshman hali men,

Erkalanib boʻyinlaringga osildim.

 

Joʻmard xalqning oʻgʻliman men shiddatkor,

Tuygʻularim qanotida olov bor.

Yuragimga oʻt olaman men undan,

Yerga tomsam – bol-asaldir yer tagʻin.

Vazn toʻplayman qoʻrgʻoshindan men tagʻin.

Rang olaman oʻzingdagi oltindan!

 

(1961)

 

SOAT

 

Soat nochor, turolmaydi bir unsiz,

Chiq-chiqlaydi, lahzalarni sanaydi.

Soat boʻlsa hamki qancha tinimsiz,

Sinovidan oʻtkazadi talayni.

Men-chi, baʼzan un chiqarmay qolaman,

Zerikadi yonboshim ham toʻshakdan.

Shundagina soatimni ayayman,

U-chi, sanar vaqtlarimni boʻsh oʻtgan.

 

AQL VA JAHL

 

Koʻkragimda bir shivir bor, dupur bor,

Sabrsiz jahl aql bilan qilar jang.

Tuygʻu va sir, qani, sirtga chiqinglar,

Men sizlarga hakam boʻla olmasman.

 

Davom etar aql va jahl urushi,

Ikkovin ham qoʻllamasman, chin soʻzim.

Ikkovining yengsa hamki qaysisi,

Magʻlub boʻladigan tomon – men oʻzim.

 

* * *

Havo yashil, suv ham, qir ham yam-yashil,

Yam-yashillik yerni qamrar, yashasin!

Qizil boʻyoq qizartirar, ol endi

Yashil boʻyoq yashartirar olamni.

 

Yer yam-yashil, koʻngillar ham yam-yashil,

Kun qalaycha qip-qizil boʻp yonmasin.

Qizil kun va yashil yerning oʻrtasin

Oʻzga bir rang buzarmi deb qoʻrqasan.

 

DOʻSTLIK HAQIDA

 

Doʻst yigʻlasa – axir qandoq kularman?

Yigʻlayman-da, yigʻlatadi doʻst meni.

Yuvolmasam doʻst koʻnglin gʻam-hasratdan,

Yovlar kesib olaqolsin tilimni.

Doʻst gavdasin suyamasa – qoʻl nega?

Qoʻl degani nega kerak, yo pir-a!

Shu boyagi qizil til va doʻmbira

Lazzat bera olmasa gar doʻstimga.

Halollikni ajratmayman doʻstlikdan,

Oʻrganganman ikkovin ham zoʻr tutib.

Yaxshi doʻstga jon bagʻishlab, shu bilan

Men yashayman yovlarimni qoʻrqitib.

 

IKKI KOʻZIM

 

Ikki koʻzim – ikki yulduz, yonadi,

Birin biri ular koʻrmaydi biroq.

Oq qogʻozga ikki nuqta tomadi,

Birin biri ular koʻrmaydi biroq.

Ikki nuqta koʻrar boʻlsa bir-birin,

Qoʻshnuqtamas, chiziq boʻlar edi-ya.

Ikki koʻzim koʻrar boʻlsa bir-birin,

Bir boshimni buzib boʻlar edi-ya.

 

AYOL

 

Ayol! Ayol – Yerning goʻzal odami!

Ayol soʻzi kelib chiqqan ilohdan.

Joziba-yu goʻzallikning olami,

Yaralgan u tomoq bilan iyakdan.

Qaymoq lablar, sal ochilsa kulay deb,

Kulmay turib, koʻngil kular, qoyilman.

Shunda uning olgan yengil bir dami

Tortib olar yuzta sheʼr yuz shoirdan.

 

ShUHRAT HAQIDA IKKI TOʻRTLIK

 

1

Shuhrat, shuhrat! Yurar, ana, u kezib,

Baʼzilarning umrin mangu yosh qilar.

Baʼzilarni aldab toshga mindirib,

Baʼzilarni tosh ostiga bostirar.

 

2

Shuhratda taʼm bor emish,

Oʻzicha har kim guvlaydi.

Oz totganlar bol demish,

Koʻp totganlar uv[1] deydi.

 

Muzaffar AHMAD tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

 


[1] Uv – zahar, ogʻu

https://saviya.uz/ijod/nazm/tuygularim-qanotida-olov-bor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x