Yomgʻir ostida

Darsdan shoshib chiqdim. “Ana xolos”, – deb yubordim yomgʻir ayovciz quyayotganini koʻrib. Aksiga olib, bugun bir koʻrgazma tashkilotchilari bilan suhbat uyushtirishim kerak edi.

Shunday yomgʻirda borish shartmikan-a? Bugun bormay qoʻyaversam-chi?

Yoʻq, ertangi darsga biror “narsa” tayyor boʻlishi kerak! Meni fikrimdan qaytarmoqchi boʻlganday yomgʻir ham savalab quyardi. Soyabonimni ochdim-u, bekatga yugurdim. Biroz kutdim… Kutish asnosida bekatning ortida yomgʻir ivitib yuborgan bir yigitga koʻzim tushdi. Soyaboni ham yoʻq ekan, bekat ichkarisiga kirsa boʻlmasmikin? Anchadan beri turibdiyov, qalin, qop-qora sochlari suvga yaxshigina boʻkkan. Nigohi esa bir nuqtadan uzilmaydi – baland oppoq devor…

Devorda biror nima bormi, deb rosa tikildim – begard. Notanish oxiri zerikdimi yoki charchadimi, bekat oʻrindigʻiga – yonimga choʻkdi. Shu payt koʻrgazma tomon boruvchi avtobus ham keldi. Chiqishim kerak… Oʻrnimdan turdim. Notanish xoʻrsindi… Toʻxtadim. Avtobus ketdi. Men joyimga qaytib oʻtirdim. Shu damda menga koʻrgazmadan ham koʻproq notanish qiziq edi. Balki u ham bir dardkashga muhtojdir…

– Biror mushkul ishga roʻpara keldingizmi?

U “menga gapirayapsizmi” deganday qaradi. Biroz oʻtib soʻz qotdi:

– Nima, siz muammoga duch kelmaysizmi?

– Boʻlib turadi. Lekin… uni yengish kerak. Siz esa oʻzingizni…

– Xarob qilyapmanmi?

– Oʻzingiz ham bilarkansiz-ku! Nega bunday boʻldi, deb oʻylanavermay muammoni hal etish yoʻllarini izlash kerakdir, balki…

– Yoʻq, nega bunday boʻldi, deb oʻylayman men. Chunki shunday boʻlishi kerak edi. Uni hal etish yoʻli ham yoʻq. U endi yonimga qaytmaydi…

– Ha… demak, sevgi dardi deng?

– Sevgi! Ehtimol, sevgi bu tuygʻum oldida ojizdir.

– Muhabbatingiz shunchalik kuchli ekan, nega undan ayrildingiz?

– Kim biladi? Bu faqat Yaratganga maʼlum. Oʻzi shunday – goʻzal xilqat bevafo boʻladi.

– Demak, sevganingizga vafo yetishmabdi-da?

– Ha… u meni jilmayibgina tashlab ketdi. Usiz yasholmasligimni bilardi… Sevgimizdan kechib ketdi-ya! Javohiringni tashlading-ketding!

Notanishning koʻzlaridan ham tomchilar yogʻa boshladi, xuddi bugungi yomgʻirday… Yigit kishi yigʻlaganini koʻrmaganman. Nima deyarimni, nima qilarimni bilmay qoldim. “Bir qizga ham shunchalikmi?” – deb oʻyladim.

– Nega mana bu devorga tikilib turgandingiz?

– Chunki… devor ortida uning uyi bor.

– Chiqishini poyladingizmi?

– Yoʻq… U chiqmaydi. Yomgʻirni yaxshi koʻrardi, shuning uchun yoniga keldim. Ammo devor ortiga oʻtish…

– Ha, odamlar koʻrsa yaxshi boʻlmaydi. Birovning uyiga beruxsat kirish…

– Menga ruxsat shart emas. Endi kerakmas… Shu paytgacha ikkimiz kimlarningdir ruxsatiyu buyruqlariga boʻysunib yashadik. Oxiri nima boʻldi?! Hatto biror marta qoʻlidan ham tutolmadim…

– U hozir… turmushga chiqqanmi?

– Turmushga chiqsayam roziydim. Axir bir kun qolgandi toʻyiga. Lekin u istamadi! Menga xiyonat qilolmadi…

– Unday boʻlsa… Nega muncha qiynalasiz?

Notanish oʻrnidan turdi.

– Men undan xabar olib kelay…

– Mayli… Unga salom ayting.

Notanish ketdi. Devor yoqalab ketdi… Eshigi qayerdaykin, bilmadim. Men ham ketdim. Koʻrgazmaga emas, uyimga. Biror “nima” ham yozdim: “Devor ortida”.

Menga hanuz jumboq edi, ne bor edi devor ortida? Notanishni esa bu yerda boshqa uchratmadim. Balki yomgʻir yana yoqqanida koʻrarman uni? Javobsiz savollarimga javob berar u?

Yomgʻir shu boʻyi boshqa yogʻmadi… Oradan bir oy oʻtdi. Havo issiq, oʻsha bekatdaman. Devor oqlanayapti. Hasharchilardan soʻradim:

– Devor ortida kim yashaydi?

– Hech kim yashamaydi. Bu yer bezabonlar makoni. Qabriston…

“Qabriston?!”

Men bekatga qaytdim. Oʻrindiqqa ogʻirgina choʻkdim. Yonimda bir onaxon. Devorga qarab ogʻir xoʻrsinadi: “Eh, bolam-a… nimalar qilib qoʻyding? Toʻyingni koʻrolmagan onang oʻlsa boʻlmasmidi? Oh, Javohirim…”

Muyulishda avtobus koʻrindi…

 

Nodirabegim IBROHIMOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

https://saviya.uz/ijod/nasr/yomgir-ostida-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x