Qodiriyshunoslik qirralari

Adabiyot deb atalmish buyuk tafakkur ummoniga qoʻshilgan har tomchining qadri oʻz vaqtida anglanmasligi tabiiy. Faqat uning nechogʻliq qimmatga ega ekanligini kuzatib turganlar yoki his qilganlar bilishlari mumkin. Abdulla Qodiriy ijodi ham adabiyot ummoniga oʻz vaqtida tomgan va ummonda oʻziga xos toʻlqinlar hosil qilishga sababchi boʻlgan hodisa edi. Salkam bir asr oraligʻida havaskor adabiyotshunoslardan tortib, qalami toblangan munaqqidlargacha barchasi tomchidan paydo boʻlgan toʻlqinchalar zalvorini anglashga intildilar. Va har kim olgan taassurotlarini oʻz hissiy olami koʻlamidan kelib chiqib sharhladi. Zero, anglanishga mansub boʻlgan qadriyatgina yillar qaʼridan eskirmay oʻzining mavjudligini namoyon qilaveradi. Abdulla Qodiriy ijodi mafkuraviy tazyiqlar girdobida turlicha talqin qilingan boʻlsa-da, uning asl badiiy qimmatidan hech kim koʻz yumolmadi. Sovet davri adabiyotshunoslari yozuvchi ijodiga siyosiy tus bergan boʻlsalar, mustaqillikdan keyin adib ijodining sof badiiy estetik tomonlari talqin qilina boshlandi.

Adabiyotshunos Bahodir Karim “Qodiriy qadri”, “Qodiriy sogʻinchi”, “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin” kabi kitoblari va bir qator zalvorli maqolalari bilan qodiriyshunoslikda yangicha talqin usullarini namoyon etgan.

Yaqinda olimning uzoq izlanishlari hosilasi boʻlmish “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” kitobi nashrdan chiqdiki, bu ham qodiriyshunoslikda izlanishlar izchil davom etayotganidan darak beradi.

Munaqqid Abdulla Qodiriy ijodining talqini misolida bugungi badiiyatga yondashish konsepsiyasiga toʻxtaladi. Abdulla Qodiriy ijodiga dunyo adabiyotshunoslari tomonidan eʼtirof etilgan badiiyat tamoyillaridan kelib chiqib munosabat bildiradi. Shoʻro tanqidchilarining Abdulla Qodiriy va uning salaflari ijodiga biryoqlama baho berganligiga oʻzining salbiy munosabatini bildiradi. Bir “ong” tomonidan yaratilgan matn bir “subʼyekt” orqali ilmiy tilga koʻchirilishini sharhlar ekan, “Badiiy asar matnini toʻgʻri, oʻz holicha, hech qanday mafkuraviy-siyosiy taʼsirlarga berilmasdan tushunib olish natijasida, unda tasvirlangan voqea-hodisalar, his-tuygʻular”ni anglash, munaqqidning asosiy vazifasi ekanligini taʼkidlaydi. Badiiy adabiyotga sinfiylik nuqtai nazaridan yondashish, yozuvchining maqsadi va niyatini tushunmaslik, adabiyotning mafkuraviy qurolga aylantirilishi oqibatida paydo boʻlgan salbiy illatlar 30-yillar adabiyotida, xususan, Abdulla Qodiriy ijodiga nechogʻliq taʼsir etganligini dalillar bilan isbotlaydi. Olim toʻgʻri taʼkidlaganidek: “Asarni jiddiy tahrir etishga chanqoqlik, yozuvchining dunyoqarashi bilan hisoblashmaslik, soʻz sanʼatining nozik va nafis spetsifikasini nazar-pisand qilmaslik, har qanday adabiy voqelikka firqaning siyosiy-mafkuraviy pozitsiyasidan sinfiy yondashish, oʻzgani xatokor, oʻzni mutloq haqgoʻy deya tasavvur etib, boshqaga yoʻl koʻrsatish va aql oʻrgatishga ishtiyoqmandlik – bularning barcha-barchasi vulgar sotsiologizm illati negizidagi biryoqlama siyosiy talqinlarning asosiy xususiyatlari edi”. Yetakchi mafkura bilan qurollangan tadqiqodchilar Fitrat, Choʻlpon ijodiga qanday yondashgan boʻlsalar, Abdulla Qodiriy ijodiga ham shunday munosabatda boʻlganlari bugun barchaga ayon.

Bahodir Karim Abdulla Qodiriy ijodiga, xususan, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlariga munosabat bildirgan Mixail Sheverdin, Sotti Husayn, Oybek, Miyon Buzruk Solihov, Izzat Sulton kabi adib va olimlarning tadqiqodlariga toʻxtalar ekan, ularning qarashlaridagi ijobiy va chegaralangan fikrlarni xolislik bilan tahlil qiladi. Adabiyotga mafkuraning kirib kelish bosqichlari, shoʻro siyosati va asta-sekinlik bilan badiiyatning siyosiylashuvi dalillar bilan ochib beriladi. “Yozuvchining estetik idealini ham, asar mohiyatidagi nafosatni ham aniq-tiniq tushungan holda, siyosatning moneliklari tufayli ularni tushuntirishning imkoni boʻlmasa, albatta, gʻayritabiiy talqinlar” aytilishini yuqorida nomlari tilga olingan munaqqidlar fikrlari asosida dalillaydi.

Abdulla Qodiriy ijodini har davr munaqqidlari siyosiy-mafkuraviy posongidan turib talqin qilganligi, undan siyosatga oid maʼnolar chiqarishga uringanlari va nimalarnidir kashf etganliklari holda, asarning sof estetik mohiyatini inkor etolmaganlari tarixiy haqiqat. 30-yillar tanqidchilari Abdulla Qodiriy ijodidan sinfiylik alomatlarini qidirgan boʻlsalar, 60-80-yillarda adib sotsializm tarafdoriga aylantirildi.

Munaqqidlar Abdulla Qodiriy ijodi haqida gap ketganda, aksariyat hollarda, yozuvchining romanlarini esga oladilar xalos. Uning jahon hajviyoti bilan boʻylasha oladigan hajviy asarlari chetda qolib ketaveradi. Bahodir Karim Abdulla Qodiriyning satirik asarlariga ham keng toʻxtaladi. Kitobning “Satirik talqin qirralari” deb nomlangan boʻlimida adib qoʻllagan taxalluslar, ijodkor tabiatidagi voqelikka tanqidiy munosabat tahlil qilinadi. Unda “maxfiy taxalluslarni qoʻllash” natijasida paydo boʻlgan ayrim chalkashliklarga aniqlik kiritiladi. Jumladan, “20-yilar adabiy jarayonida, ilmiy hayotida faol boʻlgan Choʻlpon, Gʻozi Yunus, Ashurali Zohiriy, Vadud Mahmud kabi ijodkorlar”ning shartli imzolari natijasida “asarning qaysi ijodkorga tegishli ekanligi”, “birovning asari boshqaga nisbat berilish” holatlari aniqlanadi. “Vov” taxallusi bilan “Turkiya matbuoti” maqolasini yozgan Abdulla Qodiriy emas, balki Vadud Mahmud ekanligi faktlar asosida ilmiy izohlanadi. Olimning taʼkidlashicha: “Shu paytgacha Abdulla Qodiriyga nisbat berib kelingan va adibning “Toʻla asarlar toʻplami”ni nashrga tayyorlash munosabati bilan shubha ostiga olingan yana bir imzo bor: Shapaq maxzum. Mazkur birinchi jilddagi “Izohlar”ga koʻra “Kichik asarlar”ga kiritilgan “Lahmi qadid”, “Gʻirvonlik Mallavoy”da eʼlon etilgan “Lahmi qadid”, “Ihiy, bazmimiz tarala gijdang!”, “Joying jannatda boʻlsin”, “Bechora Roziqboy aka”, “Maymunlarimiz” degan besh hajviya Abdulla Qodiriy qalamiga mansub emas. Shapaq maxzum imzosi bilan bitilgan bu besh hajviyaning kitoblardan oʻrin olishi xato” ekanligi taʼkidlanadi.

Bahodir Karim adibning hajviy asarlari talqinidagi matnosti maʼnolariga eʼtibor bermaslik natijasida paydo boʻlgan yuzaki qarashlar, “hajviy qahramonlarning salbiy ekanliklarini taʼkidlaganlari holda, Abdulla Qodiriyni ham faqatgina yangi jamiyat yoʻlidagi kurashchi, sotsialistik jamiyat targʻibotchisi, eski jamiyat, din-diyonatning ashaddiy dushmani” sifatidagi qarashlarga yangicha mezonlar asosida fikr bildiradi.

Maʼlumki, Abdulla Qodiriy asarlari metodini aniqlash 30-yillardayoq adabiyotshunoslarda qiziqish uygʻotgan. 60-80-yillarda bu jarayon ancha faollashgan. Olim bahs-munozaralar tafsilotini sharhlar ekan, davr adabiyotshunoslari ustidan hukm surib turgan mafkuraviy siyosatning taʼsirini unutmaydi. U asosiy diqqatini bahslar bahona “Abdulla Qodiriyning dunyoqarashi, ijtimoiy fikri, qahramonlarining holati, tasvirlash sanʼatidagi yetakchi xususiyatlar borasidagi fikr-mulohazalar”ga qaratadi. Badiiy asar talqinidan koʻzlangan asosiy maqsad ham shunda-da. Ijod namunasini maʼlum bir metodga mengzash, maʼlum bir nazariyalar qolipiga tiqishtirishlar oʻzini oqlamaganligi dunyo adabiyotshunosligidan ham maʼlum-ku!

80-yillarning oxiri, 90-yillar boshlaridagi yangilanish shabadalari adabiy tanqidda ham boʻy koʻrsata boshladi. Endi sanʼat asarlari talqiniga mafkuraviy tazyiqlar ostidan emas, bevosita matn orqali yondashish, yangicha tamoyillar asosida qarash kuchaydi. Mazkur kitobning “Badiiy-estetik tafakkurning yangilanishi va qodiriyshunoslik” boʻlimida ana shu oʻzgarishlarga munosabat bildirilgan. Unda Matyoqub Qoʻshjonov, Umarali Normatov, Abdugʻafir Rasulov, Murtazo Qarshiboy, Xayriddin Sultonovlarning talqinlari, fikrlar xilma-xilligi, bahstalab tahlillarga munosabat bildirilgan. Munaqqidning: “Abdulla Qodiriy ijodi yuzasidan yangidan-yangi talqinlarning maydonga kelishini, ularning tasdiqlanishi yoki inkor etilishini, ular ustida bahs-munozaralarning avj olishini ilm olamidagi tabiiy hodisa sifatida qabul etmoq joiz”, – degan fikrlaridan anglashiladiki, olim, bahs-munozaralarga bildirgan fikrlarini mutloq haq deyishdan yiroq. Adabiyotshunosning ham, talqinchining ham etik saviyasi bunga izn bermaydi. Badiiyat koʻngil mulki ekan, u turfalikni yoqtiradi. Bahodir Karimning Abdulla Qodiriy asarlari talqinida sanʼat asarlariga yangicha yondashish tamoyillarini kuzatish mumkin. Ijodkorning muhabbat tasviri talqini, vaqt birligi, asardagi zamon va makon tushunchasi, zamin va davr manzarasi, sharqona odob madaniyati aks etgan tasvirlar tahlili oʻta nazokat bilan talqin qilingan.

Bahodir Karim kitobning kirish qismida germenevtika istilohi haqida soʻz yuritadi. Germenevtika “tushunish”, “tushuntirish” maʼnolarini bajarar ekan, bu holat bevosita matn bilan bogʻliq holda amalga oshiriladi. Matnga chuqur kiraolmaslik yoki matndan chiqib ketish tushuntiruvchini yanglishtiradi. Matn ijodkorning xususiy mulki ekan, talqinchi unga kirish uchun, albatta, uning hasbu holiga razm solishga majbur. Dunyo adabiyotshunosligida biografik metodga qayta-qayta murojaat qilinayotganligi ham beʼjiz emas. Olim toʻgʻri yozganidek: “Abdulla Qodiriy qahramonlarining maʼnaviy-axloqiy dunyosini adibning estetik olamidan ayrilgan holda tasavvur etish qiyin”. Kitobda adibning yaqinlari, oʻgʻli Xondamir Qodiriyning “Otam haqida” kitobi, matbuot materiallaridagi kichik detallar ham inobatga olingan va ishga jalb qilingan. Ayniqsa, Abdulla Qodiriy ijodini xorijda oʻrganilishiga doir maʼlumotlar qodiriyshunoslikda yangicha qarashlar boshlanayotganligidan darak beradi. Eden Nabi (AQSH, Kolumbiya), Xristafor Maykel Murfi (AQSH, Vashington), Ingeborg Baldauf, Zigrid Klaynmixel (Germaniya, Gumbold) kabi olimlarning oʻzbek adabiyoti, xususan, Abdulla Qodiriy ijodi haqidagi tadqiqotlariga batafsil toʻxtalgan. “Xorijdagi olimlarning bu xizmatlari oʻzbek adabiyotini, Abdulla Qodiriy ijodini dunyo adabiy jamoatchiligiga tanishtirishda katta ahamiyat kasb” etganligiga eʼtibor qaratilgan.

Bahodir Karimning “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” kitobi xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylangan sanʼat durdonalarining turli davrlardagi talqinlari, ularga bugungi kun nuqtai nazaridan yondashganligi va kelgusidagi qodiriyshunoslik oldida turgan dolzarb muammolarni ilm ahliga havola qilganligi bilan ahamiyatlidir.

 

Dilmurod XOLDOROV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qodiriyshunoslik-qirralari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x