Yashashga undovchi ishora

Bor-yoʻgʻi yuz betlik asardagi ulkan haqiqat

 

Dunyoda urushning achchiq isi sangʻib yurgan bir paytda inson ulugʻligini aks ettiruvchi eng sara asarlardan biri yaratildi. Uni Amerikaning chekka hududidagi qalbida tinchlik, osoyishtalik, mehr-muhabbat istovchi adib Ernest Xeminguey yaratdi. Uning “Chol va dengiz” asari oʻz zamonasining ayni kutilgan asarlaridan biri edi. Asar 1952 yilda yozilgan boʻlsa, oradan ikki yil oʻtib Xemingueyning Nobel mukofoti sohibi boʻlishida ushbu asar muhim oʻrin tutdi.

“Chol va dengiz” asari oʻzgacha muhit, yangicha koʻrinishlar, yangi qahramonlarni namoyon eta oladi. Shu sababli ham serqirra ijodkorning millionlab nusxada chop etilgan bu asari qoʻlma-qoʻl boʻlib, misli koʻrilmagan mashhurlikka sabab boʻldi.

Kitobdagi bosh qahramon Santyago oʻzining haqiqiy irodasini aks ettira oladi. Uning matonati, oqillik va azmu qarordan ogʻishmaslik xususiyati asar boʻylab oʻzgacha talqinda aks ettiriladi.

Ushbu qissaning ilk soʻzlari shunday boshlanadi: “Chol qayiqda yolgʻiz oʻzi Golfstrimda baliq ovlardi. Dengizga chiqayotganiga mana, sakson toʻrt kun ham toʻldi, ammo hali bironta baliq tutganicha yoʻq”. Vazmin haroratni ulashuvchi holat bilan boshlanma avvaliga oʻquvchini biroz ortga tortgandek boʻladi. Biroq asarni oʻqib, uni varaqlaganingiz sayin asl mazmun-mohiyatni anglay boshlaysiz.

Notinch, tahlikali zamonda hatto eng baxtli, voqealarga duch kelgan kam-koʻstsiz inson ham tashqi muhitning mudhishligidan bezovtalanib yashaydi. Endi oʻzingiz tasavvur qiling: notinch, besaranjom zamonda oʻziga toʻq insonlar ham soʻniq boʻlib yashasharkan, boridan ayrilgan, buning ustiga, ancha kuchi ketib munkillab qolgan odam bu koʻrgiliklarga qanday chiday olishi mumkin?

Yozuvchi ana shunday ogʻir bir sharoitda hayot kechirayotgan, boriga shukr qilib, qanoat bilan umr koʻrayotgan shaxsni shu qadar mohirlik bilan jozibali tarzda aks ettiradiki, oʻquvchi kitobni mutolaa qilish jarayonida oʻzini xuddi oʻzga olamdagidek, kitobda yozilgan manzaralar qoʻynida yashayotgandek boʻlib qoladi. Bu, eng avvalo, yozuvchining oʻtkir qalami-yu haqiqiy mehnati samarasi.

Asar boshdan oxir yuz betnigina tashkil qiladi. Biroq tomlab yozilgan asardagi ulkan maʼnoni mohirlik bilan qamrab olishga erisha olgan. Eng asosiysi, har qanday yoshdagi oʻquvchi ongida toʻgʻri mulohaza chiqarishga imkon yaratadi.

Bosh qahramon chol va uning dengizda topgan mislsiz nafosatli baligʻi haqida gap ketarkan, baliqchilik kasbining boshqalar anglagandan koʻra ancha mushkul, ogʻir ekanini koʻrsatadi. Shu orqali har bir kasbning oʻz mushkuloti, mashaqqati, mehnati mavjudligini qistirib oʻtgandek boʻladi.

Qahramonlarning har biri oʻsha davrdagi qaysidir voqea, tushuncha, narsalarni ifodalagandek. Misol uchun, muallif qariya Santyago orqali butun xalqning xarakteri, tashqi muhitining koʻrinishi, bosimini ifodalasa, dengizning ayovsiz, faqat oʻz yoʻnalishi boʻylab harakat qilishi oʻsha muhitning hukumati, yurgizayotgan siyosatini koʻrsatayotgandek, goʻyo.

Baliq obrazi asardagi eng yorqin va goʻzal tasvirlardan biridir. Baliq orqali muallif butun xalqning qalbida erishilishi mushkul boʻlgan orzu, havasni yoritganday boʻladi. Qariya chol baliqni ovlab mablagʻ orttirishdan koʻra, baliqning koʻrinish haybati-yu nafosatidan unga bir sinoat sifatida hayrat bilan munosabat bildira boshlaydi.

Kitobni mutolaa qilib borarkansiz, xayol ummoningizda bugungi toʻkin-sochinlik zamoniga, ozodlik bayrogʻi ostida harakatlanayotganingizga ming bor shukronalar aytgingiz keladi. Xuddi qariya Santyagoning mehribon nabirasi kabi siz uchun ham kimningdir qaygʻurishini anglab tanangizga sigʻmayotgandek boʻlasiz.

Bu hayotda inson nimagadir intilib, harakat qilib yashaydi. Hech boʻlmaganda yashash uchun ham kurashadi. Nemis yozuvchisi Gyote oʻzining oltmish yillik umrini buyuk asari “Faust”ida yoritar ekan, bu hayot kurashdan iborat ekanini bayon etadi. Ushbu asar tag zamirida ham aynan hayot uchun kurashish zarurligiga yorqin ishora bor.

Ushbu kitob hayotga boʻlgan qarashlaringizning biroz boʻlsa-da, ijobiy tomonga oʻzgarishiga turtki boʻlishiga, chidam, bardosh, iroda tuygʻularining yanada barq urishiga beminnat xizmat qila oladi, deb hisoblayman.

 

Ozoda ROʻZIQULOVA

 

Manba: od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yashashga-undovchi-ishora/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x