“Qoʻrqoqlik – buyuk kuch!”

Taniqli dramaturg Sharof Boshbekovning qahramonlari jilmayib turib, oʻz fojiasi haqida soʻzlaydi. Kamchiliklari, qusurlarini yashira olmaydigan sodda-goʻl personajlari taqdiriga kulib emas, achinib qaraymiz.

Yozganlari mutoyiba toʻni kiygizilgan fojia boʻlib chiqaveradi. Nima uchun uning qahramonlari aytgan har bir gap xotiramizga chuqur oʻrnashib qoladi? Nega u ayrimlar singari tutun chiqqan joyda hoziru nozir, soʻralgan-soʻralmagan yerlarda sheʼr yoki asaridan parcha oʻqib yurmaydi?

Anchadan beri koʻngilga tugib qoʻyganim – shu savollarni dramaturgga bergim keldi. Yaqinda Oʻzbekiston davlat drama teatrida yozuvchining “Yer baribir aylanaveradi” nomli asarini rejissyor Olimjon Salimov sahnalashtirganini eshitib, fursat topilganidan quvondim. Bildimki, mazkur asar yigirma yilcha muqaddam qogʻozga tushirilgan ekan. Qiziq, shuncha vaqt pyesaning “nazardan chetda” qolib kelishiga nima sabab boʻlgan?

Asar muallifi, taniqli dramaturg Sharof BOSHBEKOV bilan kechgan suhbatimizga shu savol xamirturush vazifasini oʻtadi.

– Bu Olimjon Salimov bilan hamkorlikda yaratgan beshinchi asarimiz, – deydi Sharof Boshbekov. – Shu bois bir-birimizni yaxshi tushunib, baqamti ishladik. Mazkur pyesa uydirma (absurd) janrida yaratilgan boʻlib, “Temir xotin” asari bilan deyarli bir vaqtda yozilgan. Qarasam, “Yer baribir aylanaveradi”da publitsistika unsurlari kuchliroq, sanʼat kamroqday tuyuldi. “Temir xotin”da esa, ikkisi meʼyorida. Keyin butun diqqat-eʼtiborimni “Temir xotin”ga qaratdimu, bu asar uning soyasida qolib ketdi. Vaqti-soati shu paytga toʻgʻri kelgan ekan – mana, sahna yuzini koʻrdi.

Endi spektakldan qanchalik koʻnglim toʻldi-toʻlmadi, degan masalaga kelsak…

Bir kambagʻal odam boʻlgan ekan. U xotini, besh bolasi va keksa ota-onasi bilan katalakday xonada siqilishib yasharkan. Juda qiynalib ketibdi. Shunda maslahat soʻrab, oqsoqolning oldiga borib, vaziyatni tushuntiribdi.

– Bitta echki sotib olib, oʻsha katalakday uyingda boq, – debdi oqsoqol.

– Ie, jinnimisiz?! – debdi kambagʻal koʻzining paxtasi chiqib. – Uyim tiqilinch, u yoq-bu yoqqa oʻgirilib yotishning ham iloji yoʻq! Kelib-kelib, dardimni sizga aytdimmi?..

Kambagʻalning figʻoni falakka chiqib yoʻlda ketib borar ekan, “Xalq uni bekorga oqsoqol qilib saylamagandir, bir baloni bilsa kerak”, deb oʻylanib qolibdi va bozordan bir echki sotib olibdi. Oʻsha katalakday uyiga keltirib bogʻlabdi. Ana undan keyin kambagʻalning oilasidagi ahvol doʻzaxdan besh battar boʻlib ketibdi! Ilgari yotgani joy yetmagan boʻlsa, endi havo ham tanqislashib qolibdi! Kambagʻal gʻazab otiga minib, oqsoqolning huzuriga boribdi.

– E, maslahatingni pishirib ye! Ahvol ilgarigidan besh battar boʻlib ketdi-ku! Bu echki emas, Xudoning gʻazabi ekan!..

– Echki yoqmasa, bozorga olib chiqib sotib yubor, – debdi oqsoqol pinagini buzmay.

Echkini sotib yuboribdi. Dunyo keng boʻlib ketibdi, hamma xursand, hamma shod! Kambagʻal oqsoqolning oldiga yuguribdi.

– E, otangizga rahmat! – deya minnatdorlik bildiribdi, toʻlib-toshib. – Mana buni hayot desa boʻladi!.. Ilgari otga oʻxshab, tik turib, uxlayotgan edik, endi yotib uxlayapmiz! Ilohim, bola-chaqangizning rohatini koʻring!..

Men ham spektakldan echkisini sotib yuborgan kambagʻalday xursandman. Negaki, ayrim mutasaddi tashkilotlarning “iltimosi” bilan asar juda koʻp qisqartirish va oʻzgartirishlarga giriftor boʻldi. Shunday esa-da, “Baribir shuncha gaplar aytib qolindi-ku”, degan oʻyda rozilik berdim.

Oʻtgan yilning 3 avgustida davlat rahbari ijodkor ziyolilar bilan uchrashganidan soʻng teatr sohasiga eʼtibor yanada kuchaydi. Ayniqsa, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, repertuarini saviyali sahna asarlari bilan boyitishga urgʻu berildi. Lekin afsuski, teatrlar zimmasiga qoʻyilgan yuksak talablar darajasidagi natijalarni, baʼzi istisnolarni hisobga olmaganda, hali koʻrganimizcha yoʻq. Vaholanki, jamiyat hayotida teatrlarning oʻrni sezilib, bilinib turishi shart. Ehtimol, bu kabi masalalar ildizini boshqa yerdan qidirish kerakdir?

– Qaysi bir gazeta muxbiri bilan suhbatimda “Qoʻrqoqlik – buyuk kuch. U har qanday isteʼdodni toptab, yerparchin qilib tashlayveradi”, degan edim. Ha, biz qoʻrqamiz. Nimadan qoʻrqishimizni oʻzimiz ham bilmaymiz. Har ehtimolga qarshi qoʻrqamiz. Teatr repertuarini shakllantirishda ana shu qoʻrqoqlikdan qutulishimiz kerak. Har shaklni – kvadratmi, toʻgʻri toʻrtburchakmi, uchburchakmi, trapetsiyami – burchaklarini arralab, hammasini dumaloq shaklga keltirishga ustasi farangmiz. Shuning uchun ham barcha asarlarimiz dum-dumaloq. Birinchi varagʻini olib qoʻysangiz, kim yozganini ham bilolmaysiz – hammasi bir xil. Boisi oxirgi chorak asr mobaynida koʻp mavzularda qalam tebratish taqiqlandi…

Bunday sharoitda tomosha asari yozadigan yozuvchilar nima qilsin? Hech kim hech nima demaydigan mavzular – ishq-muhabbat, toʻy mojarolari, qaynona-kelin janjali va boshqa ikir-chikirlarni qogʻozga tushirishga majbur-da.

Shukr, bugun vaziyat oʻzgardi.

Qoʻliga qalam tutgan ijodkor koʻp-u, hammasining ham qalami oʻtkir emas. Oʻtmas boʻlsa-da, qalamni tirikchilik manbai qilib olganlar ham yoʻq emas. Haqiqatgoʻy, rost soʻzni aytishdan tap tortmaydigan ijodkor boʻlib shakllanish sirini ayta olasizmi?

– Negadir, koʻpchilikning fikriga qarshi chiqish odati bolaligimdan bor. Esimni tanibmanki, kunday ravshan boʻlib turgan fikrlar, isbot talab qilinmaydigan tushunchalarga qarshi chiqaveraman. Maktabda ham muallim “Kim qarshi?” desalar, hamma oʻgirilib menga qarardi – Sharofjon qarshi-da! Qarshi boʻlganda ham “Bu – oq, bu – qora”, deb qaysarlik qilib, turib olmasdim. Fikrimni isbotlashga urinardim, munozara soʻngida koʻpchilik men tomon boʻlib ham olardi. Masalan, muallimimiz “Eng goʻzal fasl qaysi?” deb soʻrasalar, aksariyat bolalar chugʻurlashib, “Bahor, bahor!” deyishardi. Muallimga ham qiziq boʻlsa kerak-da, “Sen qanday fikrdasan?” deb menga yuzlanardilar. Shunda kamina bir soʻz deb turibdi-da: “Bahorday bemaza fasl boʻlmaydi! Negaki, bahor paytida u yoqni suv olib ketgan, bu yoqni sel olib ketgan, mevali daraxtlar ayni gullagan paytda doʻl yogʻib sovuq urib ketgan, shamol, boʻron, zilzila va boshqa ofatlar ayni bahor oylarida yuz beradi”. Muallim oʻylanib qoladi…

Keyinchalik tushundimki, men boshqalarning fikriga shunchaki qarshi chiqmas ekanman, men oʻsha masalaga boshqa rakursdan qarab, “oyning bizga koʻrinmaydigan tomonini suratga olar ekanman”. Bu hol asarlarimda ham yaqqol sezilib turar, ehtimol.

Dramatik asarlaringizning aksariyati komediya janrida. Holbuki, pyesalaringizda koʻtarilgan muammolar yoki mavzularni boshqa yoʻnalishlarda ham ochib berish mumkin edi. Vosita sifatida nega aynan komedik janrni tanlagansiz, buning boisi ne?

– Bilasizmi, bemor sogʻayishi uchun dori ichishi kerak. Lekin dorisi qurmagʻur juda achchiq va taxir. Bemor koʻngli aynib, tuflab tashlaydi. Ichmasa, tuzalmaydi. Achchiq dorini shirin qobiqqa oʻrab bersangiz, har qanday injiq bemor ham ichadi. Va sogʻayib ketadi…

Shekspirning “Dunyo bu – teatr, bizlar esa undagi aktyorlarmiz” degan soʻzlari mohiyatiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, siz oʻzingizning bu dunyodagi rolingizni nimada deb bilasiz?

– Yaratgan egam menga yozuvchilik qismatini ravo koʻrgan ekan, oʻsha aytganimdek, “oyning bizga koʻrinmaydigan tomonini suratga olish”ni asosiy vazifam, deb bilaman.

– Birgina qalam bilan roʻzgʻor tebratish, oilaning kam-koʻstini butlash oson emas. Bunday qiyinchiliklar sizni ham chetlab oʻtmagani tabiiy.

Shunday paytlarda “atom kuchini oʻtin yorish uchun sarflash”ga ham toʻgʻri kelgandir balki. Axir, kutilmagan hayotiy vaziyatlar, murakkabliklar, chigal voqealar insonni doimiy sinovdan oʻtkazib boradi. Ana shunday paytlarda sizga nima kuch bagʻishlab, oldinga intilishga turtki bergan, yiqilganda ham qayta oyoqqa turishga undagan?

– Bir joyda ustoz Abdulla Qahhor “Ayajonlarim” pyesasining qalam haqiga bitta yap-yangi “Pobeda” rusumli mashina sotib olgani, qolganiga (qarang-a, ortib ham qolibdi!) yor-birodarlariga ziyofat qilib bergani haqida oʻqiganim bor. “Zap zamonlar boʻlgan ekan-da!..” deb, ogʻzimning suvi kelgandi oʻsha paytda. Hozir pyesa yozsangizu, qalam haqiga mashina tugul, toʻrtta balon ololsangiz ham doʻppingizni osmonga otavering!

Iqtisodiy muammolarimni hal qilish imkoni boʻlgan. Lekin sal vijdonga xiyonat qilish talab etilgani uchun undan voz kechganman. Bunday takliflar hozirgacha boʻlib turibdi. 1984 yilda sobiq ittifoq Yozuvchilar soyuziga aʼzo boʻlganman. Aʼzolik guvohnomasining koʻrinishi juda vahimali edi. Koʻzi tushgan odamning kapalagi uchib ketardi. Ayrim doʻstlarimiz bu guvohnoma bilan bemalol metroga ham tushardi. Men esa… yozuvchilik shaʼnimni 5 tiyin (metroga kirish narxi)ga sotmaganman! Vaholanki, ayrim hamkasblarim shu guvohnoma bilan magazinga kirib, oʻsha paytda taqchil boʻlgan goʻsht, kolbasa va boshqa dasturxonbop neʼmatlardan bemalol olib chiqishar edi.

Men ilgari hech kimga bildirmay spektakllarimni koʻrishni yoqtirar edim. Bundan na teatr rahbariyati, na ijodiy jamoa xabar topardi. Tomoshabin qayerida kulyapti, qay joyida yigʻlayapti, qay paytda oʻyga tolayapti – hamma-hammasini bilib olaman. Keyingi asarimni shu taassurotlarim asosida yaratganman.

Ot oʻrnini toy bosar, deyishadi. Lekin ijodkorlikka nisbatan bu maqolni qoʻllash qiyin. Chunki ijod – ilohiy neʼmat, u har kimga ham berilavermaydi. Farzandlaringiz orasida izingizdan borishni istaganlar chiqmaganmi?

– Xudo bergan uch qizim bor. Hammasi oliy maʼlumotli, uyli-joyli. Kenja qizim Kamolaxonning kasbi menikiga yaqinroq. OʻzDJTUning xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Koreys tilini yaxshi bilgani bois, koʻproq tarjima bilan shugʻullanadi.

Tagʻin ham kim biladi: ijod odamni istagan payti oʻz zabtiga olishi mumkin…

Yozuvchi-shoirlarni, ziyolilarni jamiyatning bosh miyasi, deb bilamiz. Shu maʼnoda, bir masalada fikringizni bilmoqchi edim. Bugun yurtimizda toʻy-hashamlarni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar qizgʻin muhokama qilinmoqda. Hatto, ilk professional oʻzbek dramaturgiyasidagi namunalar ham aynan toʻy va boshqa marosimlarimizdagi ortiqcha sarf-xarajatlarning ayanchli oqibatlaridan ogoh etgan. Ammo afsuski, asrlar davomida saqlanib kelayotgan toʻylardagi dahmaza odatlar, illatlardan uzil-kesil qutula olmayapmiz. Nega?

– Bu masalada faqat oʻz soham nuqtai nazaridan bir fikrni aytmasam boʻlmaydi. Oʻzbek teatri va kinosining mohiyati faqat toʻyoldi, toʻy, toʻydan keyingi mojarolardan iborat boʻlib qolyapti. Xuddi hayotda boshqa mavzu qurib qolganday. Siz aytgan ortiqcha sarf-harajatlardan tashqari, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Oʻldim-kuydim, dabdabali toʻylar, istaymizmi-yoʻqmi, farzandlar dunyoga kelishi bilan yakunlanadi. Shundoq ham aholi soni oshgandan oshib ketyapti. Har ikki yilda Oʻzbekiston aholisi bir yarim millionga koʻpaymoqda. Aholi sonining koʻpligi bilan maqtanadigan paytlar oʻtib ketgan. Shuncha odamga ish kerak, boshpana kerak. Masalan, Islandiya degan mamlakatda 300 mingga yetar-yetmas odam yasharkan. Butun boshli mamlakatda-ya! Farovonlik darajasi nihoyatda yuqori. Hadeb maishiy mavzuda asar yaratayotganlar masalaning bu tomonini ham hisobga olib qoʻyishsa, yomon boʻlmasdi.

Keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalarimizda qotilliklar, vahshiyliklar, ogʻir jinoyatlar haqidagi koʻp maʼlumotlar oʻqiyapmiz. Ayniqsa, munis va moʻtabar hisoblangan, farzandi uchun jonini berishga ham tayyor oʻzbek ayollarining oʻz bolasi, qaynonasi, erining joniga qasd qilayotgani, tirikchilik vajida har turli jinoyat yoʻliga kirib ketayotgani haqidagi axborotlardan oʻzimizni qoʻyarga joy topolmay qolyapmiz. Siz bir paytlar yozgan har qanday turmush ogʻirliklariga bardosh bergan “temir xotin”lar nahotki endi temir yurakli qotillarga aylanib qolayotgan boʻlsa?

– Soʻnggi 25-30 yil mobaynida oʻzbek ayolining ahvoli, menimcha, battar boʻlsa boʻldiki, zarracha oʻzgarmadi. Ilgari oʻzbek ayoli deganda, nozik yelkasiga ketmon koʻtargan ayolni tasavvur qilar edik. Endi esa, jussasidan ham katta xoʻjalik sumkasini koʻtarib, mayishib borayotgan ayolni tushunadigan boʻlib qoldik. Bor oʻzgarish – shu, xolos. Hamma balo ham shunda.

Ayollarimizni asray olmayapmiz, nazarimda…

Yurtimizda kitobxonlik targʻibotiga qaratilgan saʼy-harakatlar bugun millionlab yoshlarni kitob oʻqishga daʼvat etayotgani rost. Lekin ochigʻini aytganda, chetdan qaragan odamga bu biroz boshqacha tuyulishi mumkin. Chunki kitob oʻqishga undash, qaysidir maʼnoda, kitob oʻqilmayotganidan dalolatdir. Holbuki, xalqimiz azaldan kitobxon hisoblangan, xonadonlarda minglab kitob saqlangan. Bu – otameros bizga.

Yoshlarni ana shu tengsiz merosga munosib qilib tarbiyalashda nimalarga eʼtibor qaratish, amalda qanday ishlar qilish kerak, deb oʻylaysiz? Yoshlarimiz qachon oʻz maʼnaviy ehtiyojidan kelib chiqib, yoppasiga kitobxon boʻladi?

– Har holda, bu yaqin orada boʻladigan gap emas. Chunki oddiy mexanizator, haydovchi, choʻponni qoʻya turaylik, ijodkor ziyolilar va ilm ahlining savodi juda-juda nochor ahvolda. Men oddiygina grammatik savodni nazarda tutyapman. Yoppasiga savodsizlik hukm surayotgan yerda kitob oʻqishga undamoq, kitobni targʻibot qilmoqlik – mumkin boʻlmagan yumush. Koʻchaga chiqib istalgan maktabning yuqori sinf oʻquvchisiga biror matnni berib koʻring – toʻgʻri oʻqib bera olmaydi! Xoh lotinda boʻlsin, xoh kirillda (Men oʻqish deganda nuqta, vergulini joyiga qoʻyib, ifodali oʻqishni nazarda tutyapman). Maktabni qoʻyavering, oliy oʻquv yurtini bitirganlarning savodini koʻrib, yoqa ushlaysan kishi.

Savodsizlik oʻrtamiyonalikka olib keladi. Oʻrtamiyona muallim, oʻrtamiyona muhandis, oʻrtamiyona arxitektor, oʻrtamiyona boshliq, oʻrtamiyona doʻxtir. Xullas, hamma yoq – oʻrtamiyona! Oʻrtamiyonalardan tashkil topgan jamiyat qanday boʻladi?

Xalqning savodsiz boʻlib qolishiga til sohasida hali-hanuz bir toʻxtamga kela olmayotgan mutasaddilar aybdor, deb hisoblayman. Chunki lotin alifbosiga oʻtish masalasi oʻlda-joʻlda boʻlib yotibdi. Ikkinchidan, bugun oʻqitilayotgan lotin alifbosi hech nimaga yaramaydi – mutaxassislar qayta ishlab, isloh qilishi lozim. Axir, maktabni lotinda bitirganlarning salkam ikki avlodi yetishib chiqyapti. Gazeta oʻqimaydiganlar avlodi! Negaki, mamlakatimizda toʻliq lotin alifbosida chiqadigan birorta ham gazeta yoʻq (“Gʻuncha” jurnalidan tashqari). Tilchi olimlarimiz nega tomoshabin boʻlib turishibdi, hayronman?!

Menimcha, zudlik bilan lotin alifbosiga oʻtishimiz kerak. Muddat qisqa boʻlishi lozim, masalan olti oy. Nashriyot, bosmaxona, tahririyat va boshqa idoralar lotin (isloh qilingan)ga moʻljallangan dasturlar bilan bepul taʼminlanishi zarur. Olti oydan keyin kirillda yozilgan barcha yozuvlar qonundan tashqari, deb hisoblansa…

Bu ishlarni bugun – hozir qilish kerak! Ertaga kech boʻlishi mumin…

 

Aziz MATYOQUBOV suhbatlashdi.

 

Manba: od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/suhbat/qorqoqlik-buyuk-kuch/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x