Avgust daftari

HAYOT AJOYIBOTLARI

 

Bir umr yashading koʻzingni yoshlab,

Oʻzi yoʻq omaddan noliding sekin.

Atay keltirdilar daryoni boshlab,

Suv sening hovlingga chiqmasdi lekin.

Axir poʻlat emas bu jonu bu tan,

Ayoz va izgʻirin yalayveradi.

Himoya qilishar nuqul bombadan,

Qumursqalar esa talayveradi.

 

AQSH. Xyuston. 2.08.2015

 

 

OʻZBEK BOʻLIB KOʻRINAVERAR

 

Bu joyda ham turfa millat bor,

Mehnat qilar, urinaverar.

Qay biriga qilsam eʼtibor,

Oʻzbek boʻlib koʻrinaverar.

Birovining kulishi oʻxshar,

Birovining turishi oʻxshar,

Birovining yurishi oʻxshar,

Oʻzbek boʻlib koʻrinaverar.

Yoʻl boʻyida ikki qizaloq,

Biri qora, birovi-chi, oq.

Oʻynashardi ahil va inoq,

Oʻzbek boʻlib koʻrinaverar.

Chol alanglar izlab salqin joy,

Isib ketgan shoʻrlik, hoynahoy.

Kimdir unga tutdi suvmi, choy,

Oʻzbek boʻlib koʻrinaverar.

Qaramasdan irqi-qoniga,

Millatiga yo unvoniga,

Kim chorlasa dasturxoniga,

Oʻzbek boʻlib koʻrinaverar.

Ergashtirib bola-baqrasin,

Sarf aylasa soʻnggi chaqasin,

Soʻng “uf” deya ochsa yoqasin,

Oʻzbek boʻlib koʻrinaverar.

Hanuz feʼling bilishmas balkim,

Fazilating koʻp erur, xalqim.

Mehr bilan qarasa har kim,

Oʻzbek boʻlib koʻrinaverar.

 

AQSH. Xyuston. 3.08.2015

 

 

MULOHAZA

 

Kitobxonlar ichra koʻpdir bilimdon,

Xat yozar, ijoding tekshirib obdon.

Deydi: – Menga yoqdi manov sheʼringiz,

Biroq maʼlum emas nima deringiz.

Kimga atagansiz anovi sheʼrni,

Yurtdosh deganingiz xotinmi, ermi?

Mana bu baytingiz kimga baxshida,

Bizlar tafsilotin bilsak, yaxshi-da.

Eski kov-kovlardan qotgandir boshim,

Mayli yana bir bor tingla, qondoshim:

– Barcha bagʻishlovlar katta bobongga,

Marsiyalar esa oʻlgan momongga.

Maqtovlar onangga tuhfa, albatta,

Chunki volidaning xizmati katta.

Misralar amma-yu xolangga ham bor,

Shaxsiy tarixchingman, amringga tayyor.

Qiyiq axtarasan har gapdan doim,

Goʻyoki boʻlgandek qiyomat qoyim.

Xohlaysan, yozsamu biror rahbarni,

Oʻqib maza qilsang tagdor gaplarni.

Yangilik emasdir bu holat aslo,

Qolgan shoʻrolardan eng mudhish balo.

Sheʼr aytdim men odam bolalariga,

Ularning quvonch-u nolalariga.

Fahming yetmasa gar, endi netayin,

Oʻpka-gina qilib, qayga ketayin.

Agar tushunmasang qalbni, yurakni,

Uni yorib koʻrish shartmi, kerakmi?

Oddiy, toʻgʻri soʻzni anglaysan qachon?

Sendan boshqa dardim yoʻqmi, ey, nodon.

 

AQSH. Xyuston 6.08.15

 

 

DAXLSIZLIK

 

Termulib qarasang, Osmon daxlsiz,

Yerda uning aksi – Ummon daxlsiz.

Muruvvat aylamish bandasiga Rabb,

Yaralmishlar ichra Inson daxlsiz.

 

AQSH. Xyuston. 06.08.2015

 

 

NASA[1]

 

Men hayron qolaman,

Odamzod goho

Koʻrgan moʻjizasin birdan unutgay.

Iskandar, Magellan dovrugʻi hatto,

NASA ignasining koʻzidan oʻtgay.

Qandoq bunyod boʻlgan hazrati Odam,

Hech kimsa koʻrmagan ilohiy damni.

Lekin mashq qilganlar ming yil muqaddam,

Oyda Armstrong[2] qoʻygan qadamni.

Konrad korjomasi osigʻlik turar,

Marhum fazogirlar koʻrgazmasida.

Shohlarning libosi yaxlit siymu zar,

Baribir, ilingay uning pastida.

Togʻning etagida oʻtirgan sayyoh,

Uning mahobatin koʻrmas hech qachon.

Asrlar qaʼridan tashlasang nigoh,

Inson qyrib olmish yangi bir jahon.

Nizolar yoʻqolur bir kun, albatta,

Odamzod oʻzligin topar qaytadan.

Shonli oʻtmishini eslab u paytda,

Kelgay maʼrakaga har bitta Vatan.

Bashar bolalari faxrga toʻlib,

Tafakkur toʻyida koʻtargaylar jom.

Ishongum, oʻsha kun birinchi boʻlib,

Yodga olinajak Ulugʻbek bobom.

 

AQSH. NASA. 07.08.2015

 

 

POLIZ QOʻRIQCHISI

 

Chaylamiz bor edi,

Dalada edik,

Jayralar oʻch boʻlar qovun-tarvuzga.

Harholda, choʻchitib turadi dedik,

Qoʻriqchi oʻrnatdik bir kun polizga.

Oʻrisning xochidek butani chopdik,

Yerga qadab qoʻydik oyoq-dastakni.

Qaydandir eski bir shlyapa topdik,

Egniga kiygizdik yagʻir poʻstakni.

Gʻaroyib qoʻriqchi boʻlgandi paydo,

Dovdirar, tushsa gar shaytonning koʻzi.

Uzoqdan qorasin koʻrganda goho,

Juftakni rostlardi bolalar oʻzi.

Endi u joylarda qovun poliz yoʻq,

Jayra ham, tarvuz ham yoʻqdir, albatta.

Baland imoratlar koʻkka urar doʻq,

Faqat saqlangandir chinorlar, katta.

Biz ham ulgʻayganmiz, ulgʻaydi dunyo,

Qoldi xotiralar misoli yetim.

Oʻsha guzarlardan oʻtganda ammo,

Qoʻriqchini eslab, junjikar etim.

 

AQSH. Xyuston 7.08.2015

 

 

TARQOQ QAVM

 

Bir qavm bor edi, gʻoyatda tarqoq,

Har qaysi oʻzicha koʻtargan bayroq.

Qoʻshni qoʻshni bilan sirlashmasdilar,

Toʻyu azada ham birlashmasdilar.

Bir kuni yogʻildi koʻkdan falokat,

Qilib boʻlmas edi ofatga toqat.

Qavm-chi, dod soldi, tinchidan judo,

Alloh, Alloh, deya qilardi nido.

Balo tushmoqdaydi hanuz havodan,

Shundoq sado keldi birdan samodan:

– Tegmang, toʻrt tarafga mayli chopishsin,

Har kim oʻzi uchun Alloh topishsin.

 

AQSH. Xyuston 8.08.2015

 

 

ERKIN VA TOʻLQIN

 

(Hazil)

 

Ummon osoyishta, erkin hamda jim,

Sayyoh manzarani alqardi faqat:

 – Erkin qoʻygan boʻlsa oʻgʻlin otin kim,

Oʻshanga tasanno, unga ming rahmat.

Birdan toʻfon turdi, yozib qanotin,

Sayyoh der: – Bu yovni chiqargan oʻlsin.

Toʻlqin qoʻygan boʻlsa kim oʻgʻlin otin,

Uning padariga ming laʼnat boʻlsin!

 

AQSH. Atlantika ummoni. 08.08.2015

 

 

TYeXAS PAXTAZORIDA

 

Oʻtgan bobosini koʻrgandek oʻzbek,

Yugurdi Texasning paxtazoriga.

Avval atrofiga razm soldi tek,

Xayoli ketgandi badboʻy doriga.

Horgʻin kiprigiga charchoq ham inmay,

Hatto musofirning oʻzgardi tusi.

Chanoqni olib u hidlardi tinmay,

Holbuki, paxtaning yoʻq erur isi.

 

AQSH. Texas. 09.08.2015

 

 

TELEFON SUHBATLARI

 

Har zamonning tashviqoti bor,

Har davronning targʻiboti bor.

Yer yuzida turli qitʼalar,

Toʻrt tarafga mushtin oʻqtalar.

Koʻrishmasdan bir-biri bilan,

Yashaydilar oʻz siri bilan.

Siyosat ham telefon ammo,

Vajohat ham telefon ammo.

Buni qarang, oʻtib zamonlar,

Yerga tushdi koʻkdan davronlar.

Qolishmasdan prezidentlardan,

Oshib ummon, oshib kentlardan.

Gaplashadi oddiy odamlar,

Otamlashar xohlagan damlar.

Nyu-Yorkka uchgandi kuyov,

Kelin poshsho sim qoqdi darrov:

– Bordingizmi? Nechuk holingiz?

Buyumlarga qarab olingiz.

Narsalarning bari yetibdi,

Koʻk galstuk qolib ketibdi.

Kuyov deydi: – Keldim, juda soz,

Ummon uzra ayladik parvoz.

Meni oʻylab, boʻlmangiz diqqat,

Yetishmaysiz oʻzingiz faqat.

Davom etar suhbatlar shundoq,

Shamol tinar, u tinmas biroq.

Diplomatlar, bir gapni tuying,

Odamlarni holiga qoʻying.

Boʻlsin mayli turfa fuqaro,

Til topishar ular oʻzaro.

 

AQSH, Xyuston. 10.08.15

 

 

ORZU

 

Nabiralarimga

 

Ilm olayotgan qorakoʻz oʻgʻlon,

Hali sen boʻlgaysan ming qoʻshchiga bosh.

Ertangi kuningni oʻylagan zamon,

Quvonchdan keladi koʻzlarimga yosh.

Hali sen elingning koriga yarab,

Tarixda eng toza soʻzlar aytursan.

Ehtimol, zamonning zayliga qarab,

Yurtingga Beruniy boʻlib qaytursan.

Balki Sino kabi har qayda suyuk,

Alloma boʻlgaysan, halol hamda pok.

Garchi dunyomizda zotlar koʻp buyuk,

Lekin doim noyob ilohiy idrok.

Munis ota-onang qilgudek faxr,

Koʻzingda daholik urib tursin barq.

Bobolar mashʼali oʻchmagan axir,

Sizga intizordir desam boʻlgay Sharq.

Moziy sahrosida kezdi ajdodlar,

Gohida gʻolibu gohi sargardon.

Orzu qilar edik, zora avlodlar,

Yana bizlar uchun keltirsalar shon.

Mudom insoniylik eng ulugʻ xislat,

Uzukka qoʻyilgan yoqut bir koʻzdek.

Desinlar, oʻstirgan xalqingga rahmat,

Desinlar, shu yigit haqiqiy oʻzbek.

 

AQSH, Xyuston. 10.08.2015.

 

 

INSON HIMOYASI

 

Texasda bor ekan ajib bir orol,

Odamlar yasharkan berib qoʻlga qoʻl.

Lekin kim kamsitsa ularni, darhol

Jarima toʻlarkan, anchagina moʻl.

Men bundoq qonunni eshitdim ilk bor,

Unga boʻysunarkan shoh ham, gado ham.

Aybdorning qutulib ketmogʻi dushvor,

Naryogʻi, jinoyat tomon bir qadam.

Goh ellar kechmishin olaman yodga,

Naqadar ayanchli, mashʼum naqadar.

Qaydadir bandalar kelib hayotga,

Bir umr kamsitish domida yashar.

Koʻchaning bolasi, tirrancha, sayoq,

Oʻzini tutadi kiborlarga xos.

Moʻysafid dehqonni koʻrgan ondayoq,

Qishloqi chol, deya tahqirlashi rost.

Bu illat yer yuzin qoplamish yomon,

Hech kim parvo qilmas bundayin holga.

Ular yoʻli tushib Texasga tomon,

Kelib ketsaydilar oʻsha orolga.

 

AQSH. Texas shtati. 11.08.2015

 

Izoh: Texas shtatining bir orolida, mahalliy aholini haqorat qilgan kimsa qonun boʻyicha juda katta jarima toʻlar ekan.

 

 

BEGONA ODAM

 

(Esdaliklardan)

 

Sahro qoʻynidagi tap-taqir qirlar,

Sokin, osoyishta, moʻjaz bir qishloq.

Tarqalib qolardi shivir-shivirlar,

Musofir yoʻlovchi kelganda biroq.

Derdi, bir-biriga odamlar mubham:

 – Qishloqda yuribdi begona odam.

U qaydan kelmishdir? Balki, ehtimol

Uyidan bosh olib ketgan qalandar.

Oʻgʻridir, kazzobdir, molingga zavol,

Yo jonni olguvchi ajaldan battar.

Ishqilib, boʻlmasin yovuz, shum qadam:

 – Qishloqda yuribdi begona odam.

Bir vaqtlar kelardi aygʻoqchi mehmon,

Hammaning bisotin roʻyxat qilardi.

Qanchalab shoʻrlikni aylab qatagʻon,

Qayga joʻnatishni oʻzi bilardi.

Yosh-qari boqardi atrofga purgʻam:

 – Qishlokda yuribdi begona odam.

Elu yurt qolgandi qoʻrqib, bezillab,

Yoʻlda koʻtarilgan changdan hadik bor.

Yashardi yuragi mudom sizillab,

Oʻlib oʻlmagandi, tiriklayin xor.

Ochma eshigingni, Xizr kelsa ham:

 – Qishloqda yuribdi begona odam.

Sen mendan xavotir olma, qishlogʻim,

Men ham oʻzing kabi ozurda jonman.

Tikandan tilinib ketgan har yogʻim,

Tugʻilgan goʻshamsan, senga mehmonman.

Demagin shu lahza, demagin shu dam:

 – Qishloqda yuribdi begona odam.

 

AQSH. Texas. 12.08.2015

 

 

HAYOT KEChINMALARI

 

Umrim qiyomiga yetgan chogʻida,

Qoʻgʻirchoq oʻyinin koʻrsatma menga.

Shuhrating balqsa ham Olimp togʻida,

Oʻzingni hurmat qil, oʻrgatma menga.

Turfa vaziyatda yashaydi inson,

Kimdir vatanda ham yurgaydir sarson.

Niyating sof boʻlsa, pok boʻlsa vijdon,

Oʻzingni hurmat qil, oʻrgatma menga.

Necha savdolarni koʻrdi bu boshim,

Goho zaharlarga qotildi oshim.

Oqdi xalqim desam koʻzimdan yoshim,

Oʻzingni hurmat qil, oʻrgatma menga.

Zamin bir va lekin odamlar har xil,

Men ozor berishni istamayman, bil.

Shundoq shikva bilan yaralmish koʻngil,

Oʻzingni hurmat qil, oʻrgatma menga.

Bir sabab boʻldiyu dilimni ochdim,

Dunyoga oʻzimcha mehrlar sochdim.

Talotoʻp joylardan ming farsah qochdim,

Oʻzingni hurmat qil, oʻrgatma menga.

Qalbimni yupatar aziz bir tuygʻu,

Shoshilma, oldinda uyqu bor mangu.

Hayotning mardona kechinmasi bu,

Oʻzingni hurmat qil, oʻrgatma menga.

Yuzlarga kirgayman men hali, valloh,

Undan naryogʻin ham bilgaydir Alloh.

Eslasa eslaydi xalqim, insholloh,

Oʻzingni hurmat qil, oʻrgatma menga.

 

AQSH, Texas. 12.08.2015

 

 

OSH

 

Kattakon qozonda pishirdik palov,

Tun boʻyi tinmadi oʻchoqda olov.

Tong otay deganda damlandi-ku osh,

Qozonni qurshab biz boʻldik koʻzu qosh.

Va lekin bir kimsa, dilimiz gʻashlab,

Qochdi qurbaqani qozonga tashlab.

Nima boʻlsa boʻldi koʻrdik biz baham,

Ketmasdi xayoldan lekin baqa ham.

 

AQSH. Xyuston. 12.08.2015

 

 

MULK

 

Oling, hamma narsa Cizniki boʻlsin,

Suvi qochib ketgan quduq ham hatto.

Sizning mulkingiz bu, koʻnglingiz toʻlsin,

Qishloqning qirchangʻi otigacha to.

Haddimiz sigʻarmi sizdagi zarga,

Jaranggi oldida oʻchgay unimiz.

Lekin parvo qilmang, nabiralarga

Qorovullik qilib oʻtgay kunimiz.

 

AQSH, Texas. 13.08.2015

 

 

RUHLAR

 

(Hazil)

 

Ruhlar hamma joyda hozir boʻlganlar,

Bu holni tiriklar yaxshi bilganlar.

Muttasil tushimga kirishar, ajab,

Ular qaysi reysda uchib kelganlar.

 

AQSH, Texas. 14.08.2015

 

 

SEHRLI DIYOR

 

Osmondan qarama,

Yerdan qarama,

Odamdek nazar sol sen bu diyorga.

Uning korlariga mayli yarama,

Tosh ham otib yurma lekin bekorga.

Uni kim kashf etgan? Tortishmasdan tur,

Harholda, padari Hazrati Odam.

Arshi aʼlodagi yalt etgan bir nur

Yetib ortmasmikan barchamizga ham.

Odamzod shundoqdir: shovqindan qoʻrqsa,

Ilondan soʻrarkan: – Nega sen jimsan?

Nega filsan, derkan gar filni koʻrsa,

Chumoliga qarab aytarkan: – Kimsan?

Bir-birin yetaklab kelgay karvonlar,

Safari tinch oʻtsa, shuning oʻzi bas.

Komil boʻla olsa agar insonlar,

Nizolar bartaraf, igʻvolar abas.

Aslo oʻrgatmasman birovga aql,

Mutloq menikidir qoʻldagi sozim.

Hozir Sizga atab aytilgan naql,

Mening zaldan turib bergan ovozim.

 

AQSH. Xyuston. 14.08.2015

 

 

YANGI ASR MOʻJIZALARI

 

Qizim Mavludaga

 

Falak gardishdirmi, gardish emasmi,

Meni bu savdolar qiziqtirmas koʻp.

Insoniy saodat yetarmi, basmi,

Demakkim, tolening etagidan oʻp.

Bu shundoq asrdir, qoqquncha kiprik

Ovozing yangragay sayyoralarda.

Yuz yil reja tuzib, solguncha koʻprik,

Yulduzga yetgaysan tayyoralarda.

Bir qultum suvingni yutib, yutmasdan,

Nafasing borgaydir Toshkentga qadar.

Samolyot qoʻnishin kutib, kutmasdan,

Oshni suzgaymiz, deb bergaylar xabar.

Xotiring jam boʻlsin, endi odamzod

Qayta kirib olmas eski gʻoriga.

Agarda Allohim aylasa imdod,

Bergay osmonlarni ixtiyoriga.

Basharning mulkidir zamin, hoynahoy,

Kimgadir atalgan tomorqa emas.

Xonangga sigʻmaydi quyosh bilan oy,

Xarobot uzra ham porlayverar, bas.

Oʻtgan davrlarning asoratlari

Koʻzikkan yaraday bitib ketgaydir.

Insholloh, eng oliy murodlar sari

Oʻzbek ayoli ham borib yetgaydir.

Men faxr qilurman, haq aylab nazar,

Senga ham yuz burib turibdi olam.

Ulugʻ ajdodlarni eslasang ham gar,

Baxtliman, deyishga haqqing bor, bolam.

Jajji farzandlaring oʻzi bir davlat,

Halol jufting bilan davroningni sur.

Deyman, ona qizim, qalbingda faqat

Hech qachon soʻnmasin Vatan degan nur.

 

AQSH, Xyuston. 15.08.2015

 

 

OQ KISHMISH

 

Doʻkonda soʻrayman: – Bormi oq kishmish?

Dunyoda men sevgan eng shirin neʼmat.

Oʻzbeklar yurtida hozir gʻarq pishmish,

Samarqand yoqlarda uchraydi faqat.

Olis Amriqoning Xyustonida

Men uni koʻrdimu lol qotdim hatto.

Asli fayz shu elning dasturxonida,

Bizlar oʻylagandek tor emas dunyo.

Bejiz fazogirlar tanovul qilmas,

Tip-tiniq qahrabo, oftob qatrasi.

Oʻzbek palovi ham kishmishsiz boʻlmas,

Oshga koʻrk bergaydir mayiz sarasi.

Oʻylamang, kishmishdan shunchami hayrat,

Qaysidir yurtlarda balki u xordir.

Men esa zavqlanib ketaman har vaqt,

Allohning neʼmati har qayda bordir.

Goʻyo anor kabi dumaloq olam,

Unuting torlikni, kibrni, ranjni.

Axir quvonmasmi amriqolik ham,

Oloy bozorida koʻrsa oranjni.

 

AQSH. Xyuston. 15.08.2015.

 

 

BEOZOR KIBR

 

Kibru haqoratning xillari bisyor,

Hatto koʻrinishdan jim va beozor.

Koʻnsangiz shudir, deb yuz qadam yoʻlni

Uch kunda bosuvchi kimsalar ham bor.

 

AQSH. Xyuston. 15.08.2015

 

 

BAHO

 

Adasharmiz mayli goho biz,

Berajakmiz xolis baho, biz.

Yarim dunyo qichqirar lekin:

 – Asl daho, asl daho – biz!

 

AQSH. Xyuston. 16.08.2015

 

 

HAYOT DARSLARIDAN

 

Odamzot qavmiga kirmas yotlarni

Tagʻin taklif etib, davrangga qoʻshma.

Bu ikki oyoqli manfur zotlarni

Koʻp ham erkalatma, oldiga tushma.

Koʻzida maʼno yoʻq, maymunga oʻxshash

Kas ular, oʻtkazma uying toʻriga.

Magar manfaati kelmasa toʻqnash,

Gʻisht qalab ketadi otang goʻriga.

 

AQSH. Xyuston. 16.08.2015

 

 

INSON UCHUN JANG

 

Tulpor eding, hammadan oʻzgan,

Taladilar qashqirlar yomon.

Nahang eding, ummonda suzgan,

Nayza sanchdi yovlar beomon.

Botir eding, shonlarga toʻliq,

Choh qazdilar oyoq ostingda.

Sen donishmand zot eding, ulugʻ,

Nodon yurdi mudom qasdingda.

Boʻlib oʻtdi Inson uchun jang,

Asoratin bilolmassizlar.

Hali yillar oʻtadi, attang,

Oʻzingizga kelolmassizlar.

 

AQSH. Xyuston. 16.08.2015

 

 

YOSHLIK

 

Yoʻl chetida,

Daryo boʻyida,

Turar edim aso tayanib.

Hayot isin tuymoq oʻyida,

Dunyolarga boqsam, deb qonib.

Oʻsha mahal uzoq-uzoqdan

Koʻrindi-ku bir guruh shodmon.

Kelmoqdaydi yoshlar u yoqdan,

Oʻyin-kulgi avjida chunon.

Oʻtishdilar, guvohdir koʻzim,

Meni sogʻinch tuygʻusi yengdi.

Qoldimmikan tumanda oʻzim,

Yoki ular tumanga singdi.

 

AQSH. Xyuston. 16.08.2015

 

 

GʻASHLIK

 

Hayotimda nimadir qilsam,

Xonadonim boʻlsa yo obod.

Sen bilmagan neniki bilsam,

Gʻashing keldi menga umrbod.

Tongda turib uyqusiz, nolon,

Darvozamga boqursan giryon.

Bugun yoʻqlar qanaqa mehmon,

Gʻashing keldi menga umrbod.

Hayitlarni nishonlay qolsam,

Bolalarga hadyalar olsam.

Chalpak hidin sezsang ham shu dam,

Gʻashing keldi menga umrbod.

Doʻstlarim bor dunyolar qadar,

Choʻktirmaslar koʻnglimga kadar.

Salomlashsa ular ham magar,

Gʻashing keldi menga umrbod.

Yuragimni dard qilsa pora,

Rosa kutding ketgay, deb zora.

Boshqa ishing yoʻqmi, bechora,

Gʻashing keldi menga umrbod.

Uzoq umr koʻrsam ham hatto,

Soʻng etsalar hurmatim bajo.

Kuysang kerak Mahshargacha to,

Gʻashing keldi menga umrbod.

 

AQSH. Xyuston. 16.08.2015

 

 

MULLA VA BEMOR

 

Chilyosin oʻqirdi bemorga mulla,

Bemor issigʻidan yonib, joʻshardi.

Suf, desa taniga kirib gʻulgʻula,

Bezgak tutgan kabi, sapchib tushardi.

Mulla charchamadi tongga qadar to,

Ha, qadim dunyoning sinoati koʻp.

Qultum suv gohida boʻlarkan shifo,

Nisholda kovlar-ku oddiygina choʻp.

Nima desangiz ham, kushoyish ayon,

Bemor yuzin burdi beriga qarab.

Mayda-chuyda gaplar ketmas bunday on,

Mullaga sharafdir, bemorga sharaf!

Qurbonlik qildilar qora qoʻchqorni,

Kirib chikib yurdi amma – xolalar.

Mulla qoʻldan bermay turar viqorni,

Moʻjiza koʻrgandek xursand bolalar.

Bu gaplar birovga kelmaydi malol,

Shirin ham emasdir, emasdir taxir.

Bir goʻdak yuz marta yiqilib, alhol,

Oʻrnidan yuz karra turgaydir, axir.

Asli sir qayoqda? Bilmasdi hechkim,

Yogʻli shoʻrvada ham balki hikmat bor.

Bemor birdan dedi: – Maʼradi echkim,

Oʻshani tushovlab kelmogʻim darkor.

 

AQSH. Xyuston. 17. O8.2O15

 

 

OTA-OʻGʻIL TORTISHUVI

 

Ota-oʻgʻil tortishardi Mahshar kuni,

Qogʻozga ham yozib boʻlmas hatto buni.

Ota derdi: – Goʻdaklikdan seni boqdim,

Bayramlarda oʻyinchoqlar etdim taqdim.

Yegan barcha ovqatlaring hisobi bor,

Roʻyxat qilib qoʻyganman men, sen – qarzdor!

Oʻgʻil derdi: – Men ularni uzgum albat,

Mahshar kuni bersa boʻldi imkoniyat.

Biroq, Sizning gunohingiz gʻoyat katta,

Kallangizni uzishsa ham oz, albatta.

Qilmishingiz koʻrib, bilib oʻltirgansiz,

Meni yolgʻon shu dunyoga keltirgansiz.

 

AQSH. Xyuston. 17. O8.2O15

 

 

SAFARDOSH

 

Sen bilan zaminni kezardim albat,

Baham koʻrar edim mushkul chogʻlarni.

Faqat chiqib qolar gʻalati holat,

 – Bu nima? – der eding, yuksak togʻlarni.

Sen bilan bahrga burar edim yuz,

Dengizlar qoʻynida urardim javlon.

Faqat qoʻrqamanki, boshlar eding soʻz:

 – Nima degani u, dengiz va ummon?

Sen bilan oʻtardim sahrolar osha,

Oftobda qorayib, qizartirib tan.

Faqat barchasini qilgach tomosha,

 – Bu qanday koʻrgulik, – derding dafʼatan.

Baxt degan tuygʻu bor olamda tansiq,

Balki izlar edik biz uni uzoq.

Baxtni men oʻzim ham bilmayman aniq,

 – U qanday yemishdir, – derding sen, biroq.

Oxiri qaytardik, yoʻl bosib tinmay,

Kimsasiz, benavo, gʻarib oʻlkangga.

Hafsalang pir boʻlib, endi butunlay

Kirib ketar eding moʻjaz kulbangga.

 

AQSH. Xyuston. 17.08.2015.

 

 

RUH

 

Mening ishim yoʻqdir bu dunyo bilan,

Mening ishim yoʻqdir u dunyo bilan.

Yaxshi-yomon nima? Dardim yoʻq aslo,

Ular bir poʻchoqqa boʻlgʻuvsidir jo.

Men na tirik taraf, na oʻlik taraf,

Ulardan ruhimga bormi biror naf?

Mayli, men haqimda ertaklar toʻqi,

Faqat, vaqting boʻlsa, sheʼrimni oʻqi.

 

AQSH. Xyuston. 17.08.2015

 

 

YOLGʻONCHI HAQIDA BALLADA

 

Balki koʻrdim men uzoq umr,

Koʻp narsadan charchadim, netay.

Boshim egib, soʻrayman uzr,

Yolgʻon aytma, sadagʻang ketay.

Yashirayin kemtiklaringni,

Artib qoʻyay etiklaringni.

Yoʻqot oʻsha oʻtriklaringni,

Yolgʻon aytma, sadagʻang ketay.

Shu chiqdimi kamtarin jondan,

Shaytonlikda oʻtding shaytondan.

Xudodan qoʻrq, qoʻrqqin iymondan,

Yolgʻon aytma, sadagʻang ketay.

Deysan, oʻynab, kulgan men – oʻzim,

Rosa kuchga toʻlgan men – oʻzim.

Kim boʻlsam ham boʻlgan men – oʻzim,

Yolgʻon aytma, sadagʻang ketay.

Eslaysanmi, yoshlik pallangni,

Aytolmasding hatto yallangni.

Ishlatdilar qovoq kallangni,

Yolgʻon aytma, sadagʻang ketay.

Odamzodga loyiq ishni qil,

Bordir sendan boshqalar ham, bil.

Nelar demas suyaksiz bu til,

Yolgʻon aytma, sadagʻang ketay.

Ikki dunyo boʻlmassan obod,

Sen sogʻlarning belidagi bod.

Keltirgaysan har joyda isnod,

Yolgʻon aytma, sadagʻang ketay.

 

AQSH. Xyuston. 18.08.2015

 

 

QALQON

 

Hayotda bemorning oʻzidan koʻra,

Uning boquvchisi tortgay koʻp azob.

Buni rafiqamdan yaxshisi soʻra,

Bunga hamshira qiz bergaydir javob.

Doʻstu yoronlar-ku tinmay erta kech,

Senga hayot tilab qilurlar duo.

Uni takror etib, charchamaslar hech,

Milliard martabali muslim ham hatto.

Men hayron qolaman, har balo kelsa

Doimo duoni qilganlar qalqon.

Nahot, zulm oxir tantana qilsa,

Nahot, qargʻish unga oʻtmas hech qachon.

Olamda koʻrmadim jumboq bu qadar,

Oddiy hol va lekin teran shunchalik:

Dunyo tabiblarin yigʻsang ham agar,

Boʻlgaymi oʻsha bir hamshirachalik.

Kulfatning eshigi yopilmas nechun,

Chalkashib ketgandir turfa muddao.

Qoʻying yaxshilarni, yomonlar uchun

Insof bersin, deya qilingiz duo.

Gardun aylanadi Inson boshida,

Lekin, martabasi hamisha kushod.

Yovuzlik oldida, Iblis qoshida

Tor-mor boʻlmasligi shartdir, odamzod.

 

AQSH. Xyuston. 18.08.2015

 

 

ABADIY JARAYON

 

Ajabo, ummonning bagʻridan ketib,

Ummonga qaytadan yogʻadi yomgʻir.

Goʻyo hislarim ham meni tark etib,

Boshqatdan quyilar qogʻozga oxir.

Borliq avval boshdan yaralmish shundoq,

Misoli shamol va sukut aralash.

Oyning yogʻdusida bir yuzi oppoq,

Bir yuzi qoraygan devlarga oʻxshash.

Baxtni vaʼda qildi taqdir bir zamon,

Kulfatni yubordi oʻrniga ammo.

Bahorda nasimni kutgandim shodon,

Afsus, izgʻirinni koʻrdilar ravo.

Doʻstlaring koʻp boʻlar, deya muloyim,

Bashorat qilgandi loʻli qiz bir vaqt.

Attang, kechikdilar doʻstlar ham doim,

Sadoqat eshigin qoqdi xiyonat.

Ulugʻ hodisotlar yuz bergay bari

Yolgʻiz Xudoyimning hukmiga koʻra.

Xayolim ketadi asrlar sari,

Orzu qilmoqlikdan tolmasman sira.

Hozir-chi, tentirar sargardon bu ruh,

Hozir-chi, olamda shunaqa ishlar.

Faqat rejasini buzmagay anduh,

Faqat, oʻz vaqtida kelgay tashvishlar.

 

AQSH. Xyuston. 19.08.2015

 

 

MUVOFIQLIK

 

 

Gʻoyat rang-barangdir ishi olamning,

Muvofiq kelmagay yoʻq bilan bori.

Juda ogʻir gapdir, ikki odamning

Gar toʻgʻri kelmasa feʼlu atvori.

Birovi issiqqa oʻzini urar,

Lekin sherigiga yoqar qahraton.

Vijdoni qoshida ular teng turar,

Sanar ikkisi ham oʻzin qahramon.

Turfa el bosgandir cheksiz dunyoni,

Unda yolgʻiz bir kas yurmasligi rost.

Birisi tanganing oldgi tomoni,

Boshqasi oʻshaning orqasi, xolos.

Iltijo ayladim dunyoga kelib,

Iloyo, bergin sen loyiq suhbatdosh.

Yashayin har qayda oʻzimni bilib,

Topilsin meni ham anglovchi yoʻldosh.

Toʻrt qavm tunu kun tortishar, ajab,

Aslida yigʻilgan uzum yegani.

Palaxmon otishar yoʻqlikka qarab,

Aziz-ku eng avval Inson degani.

Tafakkur chiqajak oxiri gʻolib,

Oʻrin qolmagaydir nozga, firoqqa.

Faqat, tushunganlar yoʻrgaklab olib,

Faqat, tushunganlar qoʻysin tuproqqa.

 

AQSH. Xyuston. 19.08.2015

 

 

KOʻZLAR

 

Dunyoda eng noyob, eng tansiq soʻzdek

Bitta kalomimni aytaman senga.

Oʻzbekiston desam, desam gar oʻzbek,

Ikkita qorakoʻz koʻrinar menga.

Misoli olovdek oʻtli bir nigoh,

Asrlar qaʼridan boqar jovdirab.

Koʻrsa, behush boʻlib Layli ham nogoh,

Majnun ham ketardi dashtga dovdirab.

Bu koʻzlar shodlikdan, gʻamdan ziyoda,

Unda pok yuraklar oʻqurlar vahiy.

Maʼnosiz nazarlar toʻliq dunyoda,

Bu koʻzlar ilohiy, chindan ilohiy.

 

AQSH. Xyuston. 20.08.2015

 

 

TAFAKKUR MADHI

 

Beruniy shaʼniga yoʻq aslo taʼrif,

Kolumb ham davriga yarashgan koʻzdek.

Biroq hanuzgacha qalam koʻtarib,

Oʻzicha kelmagan bu joyga oʻzbek.

Sirli yurt sanchiqday bergandi azob,

Shoʻroning kibrli saltanatiga.

Derdilar, bormangiz, boʻlgaysiz xarob,

Burjuyning chirigan mamlakatiga.

Magar kelsa hamki birorta sayyoh,

Yozgʻirib yozardi yetgancha kuchi.

Emishki, koʻchalar toʻla ohu voh,

Mashaqqat karvonin koʻrinmas uchi.

Goʻyo payqashmadi gʻalabani sof,

Armstrong oy uzra qoʻyganda qadam.

Yo, falak, bandangda bormi hech insof,

Shunchalar hasadgoʻy boʻlarmi odam.

Eplay olmagan u oʻzini aslo,

Butlab ham bermagan birovning kamin.

Shu bois, dunyoda toʻxtamas gʻavgʻo,

Shu bois, oʻnglanmas shoʻrlik bu zamin.

Va lekin oʻzbekka tafakkurdir zeb,

Maʼrifat merosdir chunki qonida.

Agar kerak boʻlsa, ilmu fanni deb

Toʻy bergay Samarqand Registonida.

 

AQSH. Xyuston. 20.08.2015

 

 

OQLOVCHI

 

Oqlovchilik qiladi kotib,

Koʻpchilikdan qilmang, der gina.

Yomonlarni boʻldik yoʻqotib,

Qolganlari uch-toʻrttagina.

Uchrab turar balki byurokrat,

U ham yurar oʻrtadagina.

Poraxoʻr-ku arzimas illat,

Borlari ham uch-toʻrttagina.

Siz vahima qilmang, ey shoir,

Yoʻlingizda yoʻqolsa zina.

Gap chiqarmang ularga doir,

Bezori ham uch-toʻrttagina.

 

AQSH. Xyuston. 21.08.2015

 

 

TAVSIYa

 

Menga turli yumush yoqavermas, bas,

Mayli aytib qoʻyay dilda niyatni:

Senga salom berish vazifam emas,

Olmaganman bundoq majburiyatni.

Mayliga, ahvolim boʻlsa hamki tang,

Mayli, hayʼatingga qoʻymagin saylab.

Umrimning qoq yarmin oʻtkazdim, attang,

Har xil kimsalarga takalluf aylab.

Soxtalik jonimga tekkan shu qadar,

Menga tinchligim ber, oromimni ber.

Koʻchada nima koʻp – tosh koʻp, birodar,

Yaxshisi, borginu oʻshalarni ter.

 

AQSH. Xyuston. 21.08.2015

 

 

QADR

 

Hayotda odamday

Koʻrmaganman kun,

Na tirik yurganman,

Na oʻlmaganman.

Birovlar izmida

Yashadim butun,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Sevdim men oʻzimcha

Xalqim, elimni,

Eʼzozlab, toptalgan

Ona tilimni.

Boʻynimga qoʻydilar

Lekin oʻlimni,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Meni chetlab oʻtdi

Mudom adolat,

Koʻzim ochirmadi

Zulmu zalolat.

Chunki zoʻrlikdadir

Jami kafolat,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Ezgulik yoʻlida

Qoʻlimni boylab,

Sheʼrdan ayirdilar

Yillab va oylab.

Bir kimsa chiqmadi

Himoyat aylab,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Doim birga yurdi

Men bilan nodon,

Hasadgoʻylar boʻldi

Sohibi maydon.

Ular orasida

Oʻtdim sargardon,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Oʻzimdek nochorlar

Uchradi har vaqt,

Nogoh gurzi yegan

Jonzotdek karaxt.

Qayrilib boqmadi

Omad bilan baxt,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Ming yillar naridan

Kelar bir oqim,

U marddir, birovga

Emasdir boqim.

Agar qoʻllamasa

Shu tanti halqim,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Keksaygan chogʻimda

Nolimoq nechun,

Mutlaq begonaman

Axir siz uchun.

Menga koʻrsatgandir

Yovuzlik kuchin,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Qachon qadr topmish

Shoirning soʻzi,

Qadr topganda ham

Beqadr oʻzi.

Zora, qiyomatda

Oq boʻlsa yuzi,

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

Safarda bitilgan

Manzumam basdir,

Ulugʻ doʻstlarimdan

Gina emasdir.

Asrlar qaʼridan

Kelgan bu sasdir:

Umrimda hech qachon

Haq boʻlmaganman.

 

AQSH. Texas. 22.08.2015

 

 

GʻURUR

 

Gʻorning ichida yo quduq tubida,

Aytma ashulangni, qilmagin pastlik.

Aqchang moʻlligida, puling koʻpida,

Senga toʻgʻri kelmas lattaparastlik.

Bozorga kirdingmi, jonoqi qolib,

Xaridor boʻlmagin eshak olmaga.

Nazaring baland qil, himmating gʻolib,

Boʻz koʻylak yarashmas sochi tolmaga.

Qul soʻzi ortiqdir oʻzbekka endi,

Ismingdan bu tuban qoʻshimchani ot.

Qay bir dam kamolot otiga mindi-

Hatto chumoli ham chiqazdi qanot.

Olam vakillari jam boʻlgan fursat,

Gunoh ish qilgandek, yurma qisinib.

Kimlardir sendan ham olsinlar ibrat,

Oloving taftida tursin isinib.

Axir bir zamonlar Sohibqironning

Tegrasin oʻragan ellar, boʻlib yoy.

Udumi yashaydi har bir davronning,

Misoli, soylarga oqqan kabi soy.

Men-ku umr koʻrdim, aytmasdan bir soʻz,

Duch kelgan kimsani sizlab oʻtganman.

Olis shuhratimdan uzolmasdan koʻz,

Ketgan gʻururimni izlab oʻtganman.

 

AQSH. Xyuston. 22.08.2015

 

 

EVERYeST VA UMMON

 

Everest togʻida yashar bir odam

Va Bahri Muhitning eng tubida ham.

Choʻqqida turgan u, albatta, sensan,

Ummon ostidagi, shubhasiz, menman.

Aslo qoʻlim yetmas yuksak poyangga,

Everest atalmish baland qoyangga.

Lekin sen toʻxtovsiz toshlar otgaysan,

Mudom kamsituvchi soʻzlar qotgaysan.

Bir vaqtlar derdilar: – Insof, Vijdon bor,

Ming afsus, bori ham gʻarib va nochor.

 

AQSH. Xyuston. 25.08.2015

 

 

OLIS QIRLAR SOGʻINCHI

 

Sen jimgina oʻtirgin, Hasan,

Husan, sen ham soʻz dema zinhor.

Betakalluf boʻlsang boʻlarsan,

Iltifotga emas bular zor.

Ismiga ham… vichlarni qoʻshib,

Aytishlaring juda gʻalati.

Bular hali osmondan tushib,

Belanmagan loylarga pati.

Xudo haqi, olifta bir soʻz

Barchasiga masxaraday gap.

Quyosh chiqsa ochadilar koʻz,

Oy botganda qolurlar uxlab.

Mol-dunyosi koʻpaygan damlar

Toʻy qiladi, berar koʻpkari.

Toʻyib yesa boʻldi odamlar,

Mardlik erur topgan pirlari.

Oʻzi ega bepoyon qirga,

Havas bilan boqurman takror.

Koʻz qisarlar baxshi shoirga:

 – Aytchi, joʻra, qancha qoʻying bor?

 

AQSH. Xyuston 25.08.15

 

 

VATANPARVAR

 

Men ilgʻor lektorman hozir gʻoyatda,

Meni kelajakka gʻayratim boshlar.

Vatanparvar boʻlgay yarim soatda,

Mening maʼruzamni tinglagan yoshlar.

Tongdan savol qoʻyar katta nabiram,

Formaga oʻragan miqti savlatni.

Deydi, chiqishim bor, dolzarb juda ham,

Bobo, soʻkib bering biror davlatni.

Sal oʻtmay kiradi nabira qizim,

Litseyning oldidir, quvnoq, suxandon.

Deydi, seminarda bor muhim soʻzim,

Dushman topib bering menga, bobojon.

Qoʻymas hech men kabi bir koʻngli boʻshni,

Hamsoyam doim mast, yuradi arang.

Deydi, yuvmaymizmi oʻrisni, qoʻshni,

Raketasi qulab tushibdi, qarang.

Xabarlar tarqaydi yildirimsimon,

Oʻsal yotgan emish arab podshosi.

Qandaydir moʻgʻulni chaqibdi ilon,

Elga uyqu bermas shular gʻavgʻosi.

O, sen – maydakashlik, o, eski hamdam,

Meni qora zamin qaʼriga otgin.

Senga boʻlgunimcha bir zum hamqadam,

Meni bu dunyodan mayli yoʻqotgin.

Aytgin, nimang qoldi oʻzi mukarram,

Tunu kun ochgaysan yolgʻon folingni.

Hanuz xayolparast, hanuz biring kam,

Bilmaysan, oʻzingning hasbi holingni.

Buyuklik kamarin belingga ilib,

Nazar sol, tarixning oʻng-soʻllariga.

Bir noʻyon Temurbek qoshiga kelib,

Qirq yil kirolmabdi qabullariga.

Sen ham qalam tortib, kerak boʻlsa gar,

Insho qilib yubor Gʻarbni va Sharqni.

Hamonki, ulugʻlik boʻlmish muyassar,

Ravo koʻraverma har kimga sharhni.

Bitta choʻgʻni topib, mashʼala deya

Ayhannos koʻtarmoq bizga xos emas.

Kimki Aflotundan olmish tarbiya,

Aldar Koʻsani u ustozim demas.

Lekin men ushbu kun lektorman, tayin,

Esga solmang oʻtgan saltanatlarni.

Yaxshisi, men sizga topib berayin,

Mayda-chuyda, har xil mamlakatlarni.

 

AQSH. Xyuston 25.08.15

 

 

“OZODLIK”

 

Ozodlik degani – egrilik emas,

Qilgan qilmishlaring toʻgʻrilik emas.

Oshing halol boʻlsa koʻchada ichgin,

Musulmonning ishi oʻgʻrilik emas.

 

AQSH. Xyuston 26.08.15

 

OʻTGAN TARIXLAR

 

Soʻylayin ajoyib voqeotlardan,

Aziz avliyolar, oʻtgan zotlardan.

Yaxlit boʻshliq ekan olam bir zamon,

Yaʼnikim, aralash zamin va osmon.

Boʻlgan na tartibot, na oʻy, na niyat,

Tagi bilan yoʻqdir oʻzi jamiyat.

Toʻrt-beshta qaroqchi yurgan qoʻrqitib,

Oʻtgan, ketganlarni talab, hurkitib.

Arz qilay desalar podsholari yoʻq,

Hatto arzigulik gadolari yoʻq.

Sayrab yurar ekan bir qushcha xushhol,

Soʻyib yeyishganlar uni ham darhol.

Oxir yolvordilar yigʻlab Xudoga,

Quloq solgin, deya bizning nidoga.

Yaratgan yaratdi soʻngra bir davlat,

Rioya qiling deb qonunga faqat.

Mudom ezgulikka aylangiz amal,

Balki boʻlajaksiz yetuk, mukammal.

Oh, nechogʻ goʻzaldir orzu va armon,

Komil boʻlolmadi va lekin Inson.

Aslo arimadi gʻam, tashvishlari,

Endi ruxsat bilan bitgay ishlari.

 

AQSH. Xyuston 26.08.15

 

 

HAYOT YOʻLLARIDA

 

Ikki guruh bordir asli dunyoda,

Birovining oti Yalovchilardir.

Lekin faollikda undan ziyoda,

Ikkinchisin oti Talovchilardir.

Birinchisi boʻlsa, tunu kun yotib,

Xojasin oyogʻu ketin yalaydi.

Ikkinchisi esa, hujjat koʻrsatib,

Kuppa-kunduz kuni seni talaydi.

Qancha firʼavnlar kelib ketmagan,

Yer yuzin qaqshatgan qanchalar xoqon.

Va lekin ularga kuchi yetmagan,

Balki kishi bilmas, qoʻllagan pinhon.

Men-ku yoqtirmasman gʻalvani aslo,

Ehtimol, hayotda yoʻq kamu koʻstim.

Xaqsizlik balosin koʻrganda, ammo

Yuragim ezilib ketadi, doʻstim.

Bir umr sogʻinib oʻtdim ziyoni,

Bandidek men unga talpindim, boʻzlab.

Yorugʻ koʻray, dedim shu tund dunyoni,

Mudhish sovuqlarda qolsam ham muzlab.

 

AQSH. Texas. 27.08.2015

 

 

BUYUK SABR

 

Balki insondirsan oddiy va kamtar,

Balki sarkardasan – janglarda hodiy.

Birovni yakkalab, kamsitsang agar,

Laʼnatlar ayturman senga abadiy.

Bilib qoʻy, Allohning keng dargohida

Shafqat boʻlmagaydir kibrga aslo.

Joying jahannamning tubi – chohida,

Hatto, Iblisga u koʻrilmas ravo.

Goh hayron qolaman dunyoga qarab,

Tavba, deb yoqamni ushlayman bot-bot.

Bir umr malomat komida yashab,

Oʻzgarib qolmagan nechuk odamzod?

Bu holga chidamish botirlar nega,

Nega daf qilmagan nohaqni axir?

Nahotki, ezgulik qolgan beega,

Nahot, tiriklikning hamrohi tahqir?

Angladik, rahm etib oʻzi Xudoyim,

Arshlarga koʻtardi oliy qadrni.

Qoʻllab tursin deya ishonchin doim,

Bizlarga oʻrgatdi buyuk sabrni.

 

AQSH. Texas. 29.08.2015

 

 

BAXSHIYONA

 

 Shoir Usmon Azimga

 

Usmon shoir, yosh boʻlsang ham

Qoʻllab yubor,

Baxshiyona sheʼrga meni

Yoʻllab yubor.

Bu dunyoda nima koʻpdir –

Tashbeh koʻpdir,

Ajabtovur obrazlarni

Moʻllab yubor.

Baʼzi birov, senu menga

Qumsan deydi,

Men gapiray, oʻtiraber,

Jimsan deydi.

Ustozni-ku nazar-pisand

Qilmas ular,

Oʻrni kelsa, otasiga

Kimsan, deydi.

Yoʻlda nogoh uchrab qolsa

Biror rahbar,

Sodiq itday ergashadi

Balxga qadar.

Kerak boʻlsa, kuzatadi

Hammomgacha,

Tiz choʻkadi, buyrugʻini

Bersa agar.

Boy zotini koʻrganda – ku

Uchar hushi,

Qolib ketar qarindoshu

Tengu toʻshi.

Dunyo topgan tentak kabi

Quvonadi,

Sarqitidan koʻz uzolmas

Koʻngil qushi.

Shoirman, deb chiqqanlarning

Yarmi poʻkdir,

Xoʻrozchaday qichqiradi,

Qorni toʻqdir.

Ramazonda ravgan aytgan

Bolalardan,

Oʻlay agar, tirnoqcha ham

Farqi yoʻqdir.

Bir maktabda hammamiz ham

Saboq oldik,

Yolgʻon-yashiq maqtovlarni

Ishga soldik.

Vo ajabo, iljayishib,

Tirjayishib,

Oʻzimiz ham oʻshalarga

Oʻxshab qoldik.

Usmon shoir, umrim oʻtdi,

Endi netay,

Payti keldi, pushaymonim

Bayon etay.

Eng yaxshisi, Boysun togʻdan

Biror gʻor top,

Chorigʻimni sudrab unga

Kirib ketay.

 

A. Q. Sh. Texas. 30.08.2015

 

 

AVGUST

 

Bearmon suzdim men ummon bagʻrida,

Zerikkan chogʻimda nabiralar doʻst.

Olis Amriqoning chet bir shahrida,

Xayr – xoʻsh qilaman sen bilan, Avgust.

Mevalar gʻarq pishgan yurtimda hozir,

Kunduz jazirama, salqindir tunlar.

Ishkomlar hosilin koʻtargay bazoʻr,

Tugab ketgandir ham gurvak qovunlar.

Men bugun musofir, sargashta sayyoh,

Balki qumloqlarga singmish soʻzlarim.

Sen ham sogʻindingmi, ey ona dargoh,

Meni kutgaysizmi, xumor koʻzlarim.

Vatandan yiroqda kechdi koʻp damlar,

Baytlarim oʻxshadi koʻpriklarimga.

Doʻrmon bogʻlarida toza shabnamlar,

Qoʻnib turgan kabi kipriklarimga.

Mana, oqshom tushdi ummonga asta,

Olis samolarda yulduzlar bodroq.

Shundoq joʻsh uradi Jayxun ham pastda,

Sahro qoʻyniga ham tun choʻkar shundoq.

Rahmat, qoʻymading sen meni toldirib,

Avgust, hali senga sheʼrlar biturman.

Qalbimning bir qismin bunda qoldirib,

Yurtga sihatimni olib keturman.

 

AQSH, Texas, Avgust 2015

 

Abdulla ORIPOV

 


[1] NASA – Xyustonda joylashgan AQSH fazogirlar tayorlash va nazorat qilish markazi.

[2] Konrad Armstrong – Oyga qadam qoʻygan dastlabki fazogirlar.

https://saviya.uz/ijod/nazm/avgust-daftari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x