Yashab qolishiga imkon berilgan adib

Oʻtgan asrning birinchi yarmida yashab, oʻzining serqirra, ammo oʻta mashaqqatli ijodi bilan rus adabiyotida chuqur iz qoldirgan yozuvchi Andrey Platonovich Platonov 1899 yil 1 sentyabrda Rossiyaning Voronej shahrida temiryoʻl ishchisi oilasida dunyoga keldi. Biz soʻz avvalida “mashaqqatli” deya bejiz taʼkidlamadik. Buning sababini bilish esa, aslo mashaqqatli emas, balki juda oson. Andrey Platonovichning u qadar jugʻrofiy yoxud adabiy rang-baranglikka boy boʻlmagan tarjimai holiga birrov koʻz yugurtirsangiz, hammasi ayon boʻladi-qoladi.

Oila boshligʻi boʻlmish otasi Klimentov Platon Firsovich xotini Labochixina Mariya Vasilyevna bilan oz emas, koʻp emas, naq oʻn bir nafar farzand koʻradi. Andrey farzandlarning toʻngʻichi edi. Keyingi barcha farzandlar bir-biridan faqat bir yoshga farq qilar edilar. Odatda qaysi millatga mansub xonadon boʻlishidan qatʼi nazar, toʻngʻich farzand (agar u oʻgʻil bola boʻlsa, alalxusus!) ota-ona uchun dastlabki suyanchiq hisoblanadi. Ushbu oilada ham xuddi shunday boʻldi, 8 yashar Andrey ukalariga gʻamxoʻrlik qilish, roʻzgʻor ishlarida ota-ona yoniga kirish uchun oʻzining mehnat faoliyatini odatdagidan ertaroq boshlashga majbur edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, hayotning achchiq-chuchuk saboqlari, kutilgan va kutilmagan qiyinchiliklar boʻlajak yozuvchi ijodining odatdagidan sal oʻzgacharoq boshlanishiga sabab boʻldi. Andreyning otasi Platon Klimentov 1920 va 1922 yillarda ketma ket ikki marta Mehnat qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan, 1928 yilda esa partiya safiga qabul qilingan. Binobarin, mehnatga chanqoqlik Andreyga koʻproq otadan yuqqani koʻrinib turibdi, boz ustiga bu mehnat sof jismoniy kuchni talab qilib, halollik, vijdon pokligi kabi fazilatlarning unib – oʻsishiga sababchi boʻlgan.

Yozuvchining bolalik va oʻsmirlik yillari tadrijiga bir nazar solaylik: 1906 yilda cherkovdagi boshlangʻich maktabda, 1909 yilda shahardagi toʻrt yillik taʼlim dargohida oʻqiydi. 1913–15 yillarda mardikorlik bilan shugʻullanadi. 1915 yildan zavodda quruvchi boʻlib ishlay boshlaydi. 1918 yildan Voronejdagi ustaxonalarda mayda kasblarni egallashga urinadi. Havas qilib boʻlmaydigan bolalik va oʻsmirlik yillaridan soʻng u temiryoʻl texnika bilim yurtining elektrotexnika boʻlimiga oʻqishga kiradi. Urush harakatlari tugagach, janubi-sharqiy temiryoʻllar bosh inqilobiy qoʻmitasida, “Jelezniʼy put” (“Temiryoʻl”) jurnali tahririyatida xizmat qiladi. Fuqarolar urushi davrida jabhalarda front muxbiri sifatida ishtirok etadi. 1919 yildan eʼtiboran shoir, publitsist va tanqidchi sifatida maqolalar yoza boshlaydi. 1921 yilda uning birinchi mustaqil asari “Elektrifikatsiya” kitobcha boʻlib chiqadi. Shuningdek, “Sheʼrlar” jamoatchilik toʻplamida uning sheʼrlari eʼlon qilinadi. 1922 yilda Platonovning “Moviy teranlik” (“Golubaya glubina”) nomi ostida sheʼrlar toʻplami Krasnodarda nashr etiladi. 1923 yilda “Matbuot va inqilob” (“Pechat i revolyusiya”) jurnalida uning sheʼrlar kitobiga atoqli shoir Bryusov ijobiy baho beradi. Guberniyada gidrofikatsiya raisi boʻlib ishlaganida u uchta elektrostansiya qurdiradi, shulardan Rogachevkadagi birini quloqlar yoqib yuboradi.

1924 yil bahorida Birinchi Butunrossiya gidrologlar sʼyezdida u qurgʻoqchilik paytida hosilni qutqarishning omilkor rejalarini taklif etadi. 1925 yilda u Voronejga tashrif buyurgan V. B. Shilovskiy bilan ijodkor sifatida suhbatda boʻladi. 1926 yilda u oʻzining “Yepifan shlyuzlari”, “Ifor yoʻli”, “Shaharlar shahri” mashhur sheʼrlarini yozadi. 1931 yilda Andrey Platonov qalamiga mansub “Shubhalangan Makar” qissasini “Qizil yangilik” (“Krasnaya nov”) jurnalida oʻqigan Stalin yozuvchiga “Talantli yozuvchi, ammo ablah” (“Talantliviʼy pisatel, no svoloch”) deb baho beradi. Shu yili eʼlon qilingan “Nif” (“Virok”) asarini esa Fadeev va Stalin qattiq tanqid ostiga oladi. 1934 yili Oʻrta Osiyo boʻylab sayohatdan qaytib kelgan yozuvchi “Taqdir” nomli asarini yozadi. Yozuvchini “Pravda” gazetasining 1935 yil 18 yanvar sonida ayovsiz tanqid qilib chiqishadi. Shundan keyin barcha gazeta va jurnallar Platonovning har qanday asarini qabul qilishdan bosh tortadigan boʻlib qoladi, ilgari qabul qilinganlari ham egasiga qaytariladi. Oradan biroz vaqt oʻtib, vaziyat yumshagach, 1936 yilda “Fro”, “Mangulik”, “Uezd bogʻidagi guvalak uy”, “Uchinchi oʻgʻil”, “Semyon” hikoyalari, 1937 yilda esa “Potudan daryosi” nomli qissasi olam yuzini koʻradi.

1938 yilda yozuvchining Platon ismli oʻgʻli hibsga olinadi va 1940 yilda otasining doʻstlari yordamida ozod qilinadi. Ammo qamoqdan sil kasalligini orttirib kelgan oʻgʻli 1943 yilda vafot etadi. Bemor oʻgʻilga qarayman, deb ota ham bu kasallikni oʻziga yuqtirib oladi. 1946 yilda Andrey Platonovning “Qaytish” (“Ivanov oilasi”) hikoyasi eʼlon qilinadi. Bu hikoyasi uchun yozuvchi 1947 yilda taʼqib ostiga olinadi, tuhmat qilishda ayblanadi. 1940-yillar oxirida yozuvchilik bilan pul topish imkoniyatidan mahrum boʻlgan Platonov rus va boshqird ertaklarini qayta ishlash va bolalar jurnallarida chop ettirish bilan mashgʻul boʻladi. Platonovning dunyoqarashida sotsializmning kayta qurishga boʻlgan ishonchdan koʻra kelajakka shubha bilan qarash gʻoyasi ustun kela boshlaydi.

Shunisi qiziqki, aynan Stalinning “temir intizom” siyosati qurboniga aylangan yozuvchi zimdan boʻlsa-da “xalqlar otasi” ning “otalarcha” muruvvatidan bebahra qolmagan ham. Uning olamdan koʻz yumguniga qadar asarlari bir bosilib, bir bosilmay kelishi, ammo yozuvchining oʻziga jisman yo maʼnan oʻta keskin chora koʻrilmay, yashab qolishga imkon berilganini zamondoshlaridan koʻpchiligi oshkora boʻlmasa-da, orqavarotdan eʼtirof etishgan.

1951 yil 5 yanvarda Andrey Platonov Moskvada aynan oʻgʻlidan yuqtirib olgan sil kasalligi tufayli yorugʻ dunyo bilan vidolashdi. Adib Arman qabristoniga dafn etiladi. Keyinchalik qizi Mariya Platonova otasining asarlarini tartibga solib, chop ettiradi. XX asr rus adabiyotining eng koʻzga koʻringan, fidoyi yozuvchisi Andrey Platonovich Platonov oʻsha davrlarda yagona siyosiy maqsad boʻlgan sotsializmga nisbatan shubha bilan qaray olgan ilk yalovbardor adib edi, desak xato boʻlmas. Bu narsani “xalqlar dohiysi” bergan bahodan ham anglab olish mumkin.

Hozir Voronej shahrida bir koʻcha, bir kutubxona, bir gimnaziyaga yozuvchi nomi berilgan, uning nomidagi adabiy mukofot ham mavjud, Platonov nomidagi xalqaro sanʼat festivali oʻtkazib turiladi. Shahar markazida xiyobon yaqinidagi Voronej universiteti binolaridan biri oldida yozuvchiga haykal oʻrnatilgan. Haykal taʼmalida “Mashinistning xotini” hikoyasidan olingan “Bez menya narod nepolniʼy” (Mensiz xalq toʻkis boʻlolmaydi) iborasini oʻqiysiz. 2011 yil 15 dekabrda Voronej adabiy muzeyida yozuvchi hayoti va ijodiga bagʻishlangan muntazam faoliyat koʻrsatuvchi koʻrgazma ochilgan. Iosif Brodskiy oʻzining “Hibsdagi halokatlar” essesida Andrey Platonovni Jeyms Joys, Robert Muzil va Frans Kafka kabi adiblar bilan bir qatorda tilga olib oʻtadi.

Olim Mixail Voloxov ijodkorning dramaturgiyasi haqida gapirar ekan, uni absurd teatri yaratuvchilari Bekket va Ioneskto bilan teng qoʻyadi. “Hatto ulardan ham kuchliroq edi, chunki u ong oqimi va maromliligining kerakligi boʻyicha betakror nutqni yaratib, aslida virtual fikrlash doirasidan chiqib ketgan edi. U voqelikninggina emas, balki bu voqelikni tasvirlashda odamlarga qoʻl keladigan soʻzlarning ham yalpi absurd ekanligini koʻrsatib berdi”, deydi.

Yozuvchining roman, qissa va hikoyalari asosida koʻplab spektakllar sahnalashtirilgan, yigirmadan koʻproq film yaratilgan.

 

Amir FAYZULLA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/yashab-qolishiga-imkon-berilgan-adib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x