Suronlar aro sukunat

XIX–XX asrlar tarix sahifalariga insoniyat taraqqiyotining eng rivojlangan, turli qarashlar, fan sohasidagi yutuqlar, madaniyat shakllarining yuzaga kelgan davri boʻlib muhrlandi. Bashariyat er yuzida yashayotgandan buyon amalga oshirgan ixtiro va kashfiyotlarning 4/5 qismi shu davrda yaratildi. Ijtimoiy fanlar sirasiga kiruvchi falsafa, estetika, adabiyot yoʻnalishlari oʻz davridan ancha ilgarilab ketdi. Fransiya, Germaniya, Rossiya va boshqa koʻplab mamlakatlar jahon adabiyotiga oʻzining durdona asarlari bilan ulkan hissa qoʻshgan Lev Tolstoy, Fridrix Nitshe, Frans Kafka, Jeyms Joys, Herman Hesse kabi buyuk dargʻalarni etishtirib berdi. Xuddi shu yozuvchilar qatorida fransiyalik adib, adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun 1910 yilda “Nobel mukofoti laureati” boʻlgan Lui Bussenar ham bor. Toʻliq ismi Anre Lui Fransua Ier boʻlgan adib 1847 yil 4 oktyabrda Fransiyaning Luare muzofotiga qarashli Eskernn qishlogʻida dunyoga keldi. Otasi Lui Antan Bussenar (1794–1855) Eskernn qalʼasi boshqaruvchisi, soliqchi lavozimlarida ishlagan. 1850 yilda yosh Luining onasi vafot etgach, u qalʼa xizmatkorining qizi Eluiza Lans bilan rasmiy nikohdan oʻtadi. Oradan 5 yil oʻtib 1855 yilda Antuan Bussenar ham vafot etadi. Oʻgay onasi Eluiza Lans Lui hamda uning ukasi tarbiyasi bilan astoydil shugʻullanadi. Eluiza kun kelib, har ikkala oʻgʻlining vafotini koʻrib, 1922 yil 106 yoshida dunyodan koʻz yumadi. Maktabdayoq tengdoshlari va ustozlarining eʼtiboriga tushgan Lui Bussenar 1860–70 yillarda Pitve shahrida ijtimoiy fanlar boʻyicha tahsil oladi. Keyinchalik, Parij universitetining tibbiyot fakultetiga hujjat topshiradi. Uning talabalik yillari Fransiya-Prussiya urushi davriga toʻgʻri keladi. 1870 yilning yozida oʻqishni tashlab, armiya safiga shifokor sifatida yuboriladi. Oʻsha erda Shaminiy tepaligi yaqinida ogʻir yaralanadi. Urushdan soʻng, bir necha muddat tibbiyot bilan shugʻullanib koʻradi. Ammo koʻp oʻtmay, uning qalbi adabiyot uchun yaratilganligini tushunib yetadi. Lui Bussenarning adabiyot sohasidagi dastlabki ishlari 1876 yilda Parijdagi gazetalarda muharrirlik qilib yurganida bosilib chiqadi. 1878 yilda u katta, kelajakda butun taqdirini oʻzgartirib yuboradigan bitimga imzo chekdi. Bu “Yer va quruqlik boʻylab sayohat” nomli jurnal bilan tuzilgan shartnoma edi. 1871 yilda Lui Bussenar Indoneziya va Avstraliya orollariga birinchi bor sayohatga chiqadi. Keyingi oʻn yillikda u Marokko Fransuz Gvianasi, Serra-Leone, Mikroneziya kabi hududlarni yaqindan oʻrganadi. Ushbu sayohatlarning barchasini oʻzi faoliyat yuritadigan “Yer va quruqlik boʻylab sayohat” jurnali moliyalashtirardi. 1879 yilda Lui Bussenarning birinchi “Avstraliya boʻylab oʻn ming sariq Opostumlar” romani bosildi. Yozuvchi bu asarni ilmiy-sarguzasht yoʻnalishida yozgan boʻlib, unda Avstraliyada yashovchi “Sariq Opostumlar” deb nomlangan xalqning etnografiyasi, madaniyati, tili, dini, oʻzaro aloqa munosabatlari hikoya qilinadi. Adibning ikkinchi asari “Yosh Parijlikning dunyo boʻylab sayohati” romani (1880 yil) unga ulkan shuhrat olib keldi. Shundan soʻng uning asarlari jurnal sahifalarida ketma-ket nashr etila boshlandi, juda sergʻayrat va mehnatkash yozuvchi deyarli har yili bitta roman eʼlon qiladi. 1880 yilda Lui Bussenar hukumat tomonidan Fransiya Gvianasiga zamonaviy tibbiy xizmat holatini yaxshilash uchun yuborildi. Sayohat natijasi oʻlaroq “Gviana Robinzonlari” romani dunyoga keladi. Uchinchi romanidan soʻng yozuvchi Parijni tark etib, oʻz tugʻilib oʻsgan yurtida yashay boshlaydi. Adib boʻsh paytlarida qishloq yaqinidagi oʻrmonda ovchilik va baliqchilik bilan shugʻullanadi. 1885 yilda Lui Bussenar “Sherlar diyoriga sayohat” nomli trilogiyasini nashrdan chiqardi. Sherlar, Yoʻlbarslar va Bizonlar nomli qismlardan tashkil topgan romanda yirtqich hayvonlar yashaydigan hududlar, ularning feʼl-atvori, yashash tarzi ilmiy asosda ochib berilgan.

Yozuvchi keyingi yillarda “Kanada ovchilari” (1891 yil), “Choʻntakda bir pulsiz” (1895 yil), “Muzli doʻzax” (1900 yil), “Makedoniyadagi terror” (1904 yil), “Meksika kelini” (1905) nomli bir qator romanlarini eʼlon qiladi. Lui Bussenar ijodi faqatgina roman janri bilan cheklanib qolmagan. U oʻz davridagi ijtimoiy muammolarni ilgari surgan hikoya va ocherklar muallifi hamdir. Ayniqsa, “Roja choynagi” (1881 yil), “Kaymand va Inaida” hikoyalari (1891 yil), “Yoʻlbarslar oilasi” (1881 yil) ocherklari mashhurdir. U ijodiy faoliyati davomida faqat sarguzasht yoʻnalishdagi asarlar yozibgina qolmay, ilmiy fantastik, tarixiy romanlar ham yaratdi. Jumladan, “Doktor Sintez sirlari” (1888 yil), “Muz qaʼrida oʻn ming yil” (1889 yil), Aleksandr Dyuma ijodi taʼsirida yaratilgan “Malaxov qoʻrgʻoni qahramonlari” (1890 yil) romanlari shu toifaga mansub. Shu oʻrinda Lui Bussenarning fransuz adabiyotida tutgan oʻrni haqida bir ogʻiz soʻz: yozuvchi asarlari fransuz romantizmi va nisbatan keyinroq paydo boʻlgan realizm oqimi oraligʻida yaratilgan. Lui Bussenar asarlari koʻproq oʻz davrining yangi, qomusiy bilimlarini oʻzida jamlagandir. Yozuvchi asarlarining sarguzashtlarga boyligi, voqealarda bevosita oʻzining ishtirok etishi, ilm ahliga hali qorongʻu boʻlgan maʼlumotlarning berib borilishi, shu bilan bir qatorda, ularning oʻquvchi qalbini rom etadigan darajada oʻtkir syujet asosiga qurilganligi yozuvchi nomini butun dunyoga mashhur qildi. 1902 yilda yana jurnalga qaytgan Lui Bussenar sakkiz yil davomida Devin taxallusi bilan “Dehqonning xatlari” nomli turkum maqolalarini eʼlon qiladi. Unda ijtimoiy mavzular qalamga olinadi. Yozuvchi asarlarining asosiy qahramonlari yosh, qiziquvchan, dunyoni bilishga chanqoq fransuzlardir. Ular oʻzlarining sayohatlari davomida bir-biridan gʻaroyib boʻlgan sarguzashtlarni boshdan kechiradi, turli xalqlar urf-odatlari bilan tanishadi. Eng muhimi, har qanday sharoitda ham oʻzligiga sodiq qoladi. Lui Bussenarning oʻzi ham xuddi shunday turli sarguzasht va romantik hissiyotlar ishqibozi, sodda, shijoatkor inson edi. Adib asarlari Birinchi va Ikkinchi Jahon urushlari oraligʻida kitobxonlar tomonidan sevib oʻqildi. Lui Bussenar asarlaridagi sokinlik, umidbaxshlik urushlar titrogʻida ruhan azob chekayotgan insoniyatni allalar, qonli davrdan xayolan boʻlsa-da, uzilish imkonini berardi. U favqulodda sirli, shiddatli hayot yoʻlini bosib oʻtmadi. Yozuvchi taqdiri, asarlari bunga xoslanmagandi. Umrining soʻnggi yillarini Orleanda oʻtkazgan Bussenar 27 yil davomida oʻziga hamrohlik qilgan sevimli turmush oʻrtogʻi Albertina Delepuani 1910 yilda tuproqqa qoʻyadi. Oradan uch oy oʻtgach, oʻzi ham kasallikdan vafot etadi. Vasiyatiga binoan uning barcha asarlari qoʻlyozmasi yoqib yuboriladi. Shu yili yozuvchi ijodi Nobel mukofotiga loyiq deb topiladi. 1911 yil Peterburgda “Tabiat va odamlar” jurnali yozuvchining 40 jildlik toʻliq asarlar toʻplamini bosib chiqaradi. 1991–2001 yillarda “Ladomer” nashriyoti yozuvchining barcha asarlarini oʻzida jamlagan 30 jildlik asarlar toʻplamini qayta nashr qildi. Undan adibning 38 romani, 20 ga yaqin hikoya va ocherklari oʻrin olgan.

 

Abdukamol ABDUJALILOV tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/suronlar-aro-sukunat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x