Mixail Bulgakov va uning “Don Kixot” pyesasi xususida

1891 yilning 3 mayida Ukrainaning Kiyev shahrida, ziyolilar oilasida yetti farzandning toʻngʻichi boʻlib dunyoga kelgan Mixail Bulgakov 1909 yilda gimnaziyani tamomlab, 18 yoshida Kiyev universitetining Tibbiyot fakultetiga oʻqishga kiradi. Bulgakov universitetni bitirar-bitirmas Birinchi jahon urushi boshlanib ketadi. U harbiy shifokor sifatida Ukraina armiyasiga safarbar qilinadi. 1920 yilda u terlama kasaliga chalinib, bir yildan soʻng Moskvaga keladi. Shundan keyin Bulgakovning chinakam ijodiy faoliyati boshlanadi. 1920–1930 yillar oraligʻida ellikdan ortiq qissa va poema, yigirmaga yaqin dramatik asar va bir necha roman yozadi. U umrining soʻnggi yillarida Katta teatrda libretto yozuvchi va tarjimon boʻlib ishladi. 1939 yilda gipertonik nefroskleroz tufayli toʻsatdan koʻrish qobiliyatini yoʻqotadi va 21 yildan buyon ustida ishlab kelayotgan olamshumul “Usta va Margarita” romaninining soʻnggi tahririni rafiqasi koʻmagida tugatadi. Adib 1940 yilning 10 martida 49 yoshida olamdan oʻtadi.

Bulgakov “Don Kixot” pyesasini buyuk ispan yozuvchisi Migel de Servantesning mashhur “Lamanchlik uddaburron ritsar Don Kixot” romani asosida 1939 yilda yozgan. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: xoʻsh, Bulgakovni oʻzi yashayotgan davrdan 300 yil ilgari yaratilgan asarning qaysi jihatlari qiziqtirib qoldi ekan?

Maʼlumki, har qanday sahna asari, avvalo, davr ruhidan oziqlanadi. “Don Kixot” pyesasi ham mohiyatan Don Kixot haqidagi romantik afsonani ifoda etishi bilan birgalikda, oʻz navbatida reallikka ham tayangan asardir. Bulgakov pyesasidagi asosiy ziddiyatlar, romandagidan farqli ravishda, savdoyi Kixano va uni uyiga qaytarishga urinayotgan Sanson oʻrtasida kelib chiqadi. Muallif bakalavr Sanson Karrasko obraziga alohida urgʻu beradi va u kabi aqli raso, insonparvar, uddaburron kishilarga jamiyat hayotida hamisha ehtiyoj borligini nazarda tutadi. Bulgakov Don Kixot afsonasini nafaqat oʻz ovozi va soʻzi bilan ifoda qiloldi, balki shunday buyuk romanda ilgari surilgan axloqiy muammolardan birini ustalik bilan yoritib bera oldi, deyish mumkin. Shu sababdan asar Rossiya teatrlari repertuarlarida uzoq yashadi, sahnalardan sahnalarga koʻchib yurdi… Xullas, tomoshabin eʼtiborini qozonishda romandan kam xizmat qilmadi.

Teatrshunos Alfred Barkov dramaturgning ushbu pyesasi borasida fikr bildirar ekan, shunday yozadi: “Don Kixot” pyesasi “Usta va Margarita”ni anglab yetish uchun bir kalitdir. Chunki, Don Kixot va Bezdomniyning qismati deyarli bir xil”. Barkovning nima sababdan bunday deganini tushunish uchun, avvalo, albatta, “Don Kixot”ni yana bir bor varaqlash lozim. Bundan yetmish toʻrt yil avval yozilgan mazkur pyesa ilk bor mohir tarjimon Nizom Komil tarjimasida oʻzbek kitobxoniga taqdim etilmoqda.

 

M. MUHAMMADAMINOVA

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mixail-bulgakov-va-uning-don-kixot-pesasi-xususida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x