Ulkan meros

Oʻzbekiston xalq shoiri Mirtemir (1910.30.5–1978.25.1) tarjimasida olmon, rus, ozarboyjon, gruzin, xitoy, hind shoirlari ijodidan namunalarni yana bir marta oʻqib, uqish maroqli mashgʻulot, albatta. Bilamizki, Mirtemir lirik, liro-epik, epik asarlarni birdek mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilib, tarjimon sifatida ham nihoyatda keng koʻlamli adabiy meros qoldirgan. U A. S. Pushkin lirikasining salmoqli qismini, sheʼriy ertaklarini, shuningdek, “Otishma”, “Oyimqiz-qishloqi qiz” kabi nasriy asarlarini, M. Yu. Lermontovning bir qancha sheʼrlarini, “Shoh Ivan Vasilyevich, navqiron yasovul va azamat savdogar Kalashnikov haqida qissa” poemasini, N. A. Nekrasovning “Rusiyada kim yaxshi yashaydi?” poemasini oʻzbek kitobxonlariga armugʻon etdi. Bundan tashqari, Mirtemirning tarjimonlik mahorati Berdaq sheʼriyati (Berdaq. Tanlangan asarlar. 1951; 1956), “Qirqqiz” qoraqalpoq xalq dostoni (Uygʻun bilan hamkorlikda, 1956), “Manas” qirgʻiz xalq eposi birinchi boʻlim birinchi kitobi (1964), Yershov “Bukri toychoq” poemasi (1964), Sh. Rustaveli “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” dostoni (M. Shayxzoda bilan hamkorlikda, 1966) tarjimalarida ham yorqin namoyon boʻldi. U. Nasimiy, Mahtumquli, G. Geyne, E. Potye, Abay, Ya. Kupala, T. G. Shevchenko, N. Baratashvili, Li Bo, Chon Chxol, M. Gorkiy, R. Tagor, A. Tvardovskiy, A. Surkov, V. Sosnora, P. Neruda, S. Vurgʻun va boshqalar ijodidan namunalarni ham mehr-muhabbat bilan oʻgirdi. “Karmen”, “Ulugʻbek” operalari, “Natalka-poltavka”, “Bayadera”, “Keto va Kota” musiqali dramalari uning tarjimasida oʻzbek sahnasida jarangladi.

Elga el qoʻshilsa, davlat. Maʼlum adabiyotga boshqa xalq badiiy xazinasidagi asar tarjima boʻlib qoʻshilar ekan, har ikki adabiyot ham, har ikki xalq ham baravar darajada boyiydi. Chunki koʻngil koʻngildan suv ichadi, ikki oʻrtada muloqot kuchayadi, munosabatlar mustahkamlanadi, bir-birlarini toʻgʻri va teran anglaydigan boʻladilar.

Zero, har bir yirik ijodkorning har bir asari tarjimasi mohiyatan oʻziga xos estetik, falsafiy, aksar vaqt muhim ijtimoiy masalalarga ham bogʻlanadiki, ularni toʻgʻri anglamasdan va haqqoniy qabul qilmasdan turib, asl nusxaga muvofiq tarjimani yaratib boʻlmaydi.

“Dengizga” sheʼri (1824) Pushkin ijodidagi muhim asarlardan biri:

 

Proshay, svobodnaya stixiya!

V posledniy raz peredo mnoy

Tiʼ katish volniʼ golubiʼe

I bleshesh gordoyu krasoy.

Mirtemir tarjimasi:

Alvido, zoʻr qudrat – asov gʻalayon!

Yashil toʻlqinlaring soʻng dafʼa surib –

Koʻzlarim oldida qaynaysan chunon,

Magʻrur goʻzalliging bilan barq urib.

 

Tarjimon rus shoiri oʻz misralariga jo etgan ruhiy shiddatni, sheʼr dinamikasini yaqqol ifodalay bilgan.

Asl nusxada:

 

Mir opustel… Teper kuda je

Menya b tiʼ viʼnes, okean?

Sudba zemli povsyudu ta je:

Gde kaplya blaga, tam na straje

Uj prosveshenye il tiran.

 

Mirtemir tarjimasi:

 

Dunyo boʻshab qoldi… endi sen meni

Qayon olib chiqar eding, okean?

Insonlar taqdiri har yerda birdir,

Qayda farogʻat bor boʻlsa, posbon –

Maʼrifat yo zolim u yerda, ayon…

 

Lirik qahramon koʻnglidagi kolliziya tarjimada ham tabiiy zuhurini topgan.

Mirtemir Pushkinning butun ijodini, hayot yoʻlini, dunyoqarashining shakllanish va rivojlanish tamoyillarini chuqur bilmaganida edi, bu daho lirik asarlarini bunday mahorat bilan tarjima qila olmas edi.

Barhayot shoirimizning oʻz ijodiga va tarjimalariga zamondoshlari nigohi bilan qaraganimizda, Mirtemir fenomenini tobora teranroq anglayotganimizni sezamiz.

Shoir va adib Mirmuhsin esdaliklarida quyidagi fikrlar bor: “Ustoz Mirtemir mutlaqo oʻxshashi yoʻq shoir edi… Oʻzbek adabiy tili jarangu jilvasini tarannum etdi. Shu beqiyos va tarixan nihoyatda boy tilga Pushkin sheʼriyatini eng aʼlo tarjima qilgan shoir ham u edi. U stolga oʻtirib tarjima qilmas, balki u Pushkin yonida turib, u bilan barobar kuylardi, desam, xato boʻlmas”. Shevchenko, Nekrasov, Gomer, “Manas”… Uning qalbi Sirdaryo atrofidagi koʻk va oltin yoyiqlardek keng, qarchigʻaylar uchib hududiga yeta olmas”.

Haqiqatan, Mirtemir sheʼriyati va tarjimalari – yaxlit, yagona badiiy hodisa. Shu tarzda oʻrganganimizda, uning ijodi zamiridagi estetik-falsafiy qarashlarini uqish oʻngʻaylashadi.

Mirmuhsin ishora qilganidek, Mirtemir lirikani ham, eposni ham chinakamiga teran anglagani va qadrlagani uchun, lirikaniyu eposni birdek kuchli salohiyat bilan tarjima qildi.

Albatta, “oy tugʻsa ham shunga tugʻsin, kun tugʻsa ham shunga tugʻsin” qabilida ish tutib boʻlmaydi. Yolgʻiz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dongi chiqmas. Mirtemirning shoirlik faoliyatini ham, tarjimon-shoirlik faoliyatini ham XX asr oʻzbek adabiyoti umumiy jarayonidan ajratib olib oʻrganish aslo mumkin emas. Deylik, uning Pushkin, Lermontov, Nekrasovdan tarjimalarini Choʻlpon, Oybek, Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Uygʻun, Usmon Nosir, Zulfiya va ulardan keyingi avlod vakillari tarjimalari kesimida oʻrganish – bu, yagona adabiy muhitga mansub shoirlarning umumiy va oʻziga xos xususiyatlarini belgilashga yordam beradi. Oʻzbek tarjimashunoslik fani ayni yoʻnalishda ham maʼlum izlanishlar olib bormoqda. Boshqa yirik shoir-tarjimonlarimiz qatorida, Mirtemir ham oʻziga xos tarjima maktabi yaratgani allaqachon eʼtirof etilgan.

N. A. Nekrasovning “Rusiyada kim yaxshi yashaydi?” poemasi nainki Mirtemir, balki butun milliy tarjimachiligimiz erishgan yuksak choʻqqilardan biridir. U xuddi oʻzbek tilida yozilgandek tuyuladi – sheʼr shunday ravon, tabiiy quyulib keladi. Bu poema tarjimasiga bagʻishlangan alohida tadqiqotlar yaratilishi ayni muddaodir.

Oʻzbek tilida “Manas” qirgʻiz xalq eposi (birinchi boʻlim, 1-kitob) nashr etilishi tarjimachiligimiz erishgan katta yutuqlardan biri boʻldi. Milliy folklorimizni, qardosh xalqlar, umuman, jahon xalqlari folklorini sevgan, ularni doimiy ravishda oʻrganib borgan shoir Mirtemir “Manas”ni tarjima qilish uchun odati boʻyicha, astoydil, har taraflama tayyorgarlik koʻrdi, “Manas” va bu turkumga kiruvchi boshqa dostonlarni sinchiklab oʻqib chiqdi, manasshunoslarning tadqiqotlari bilan tanishdi, Manas nomi bilan bogʻliq joylarni ziyorat qildi. “Manas” ritmini oʻzbek tilida tabiiy ravishda yangratish yoʻlida izlandi. Oʻzbek xalq shoirlari aytgan dostonlarni ham xayolidan bir-bir oʻtkazdi. Oxir-oqibat murodiga yetdi. Adabiy jamoatchilik ham, keng oʻquvchilar ommasi ham “Manas”ni oʻz dostonidek qabul qildi, yotsirab turmadi.

“Manas” qoʻshiqlari, qarang, qanday ravon, sinini buzmay, erkin, jarangdor yangraydi… Mana bu parchada Xonikey Manas va hamrohlarini olisdan koʻrganida koʻnglidan nelarni kechirgani tarannum etilgan:

 

“Oy tagida daryoning,

Toʻlqinidan bitganday.

Havodagi bulutning,

Salqinidan bitganday.

Osmondagi oftobning,

Yorugʻidan bitganday.

Ot bostirgan yerlarni,

Ostin-ustin titganday…

Xonikey suluv toʻlgʻanib,

Toʻxtab qoldi oʻylanib:

“… Oqqula minib qaqqaygan,

Bugʻdoy yuzlik keladi.

Tumandan yoʻl topguvchi

Olov koʻzlik keladi.

Ogʻasining ketidan

Yoʻlga chiqqan ekan-da.

 

Men shoʻrlikning dardimda

Choʻlga chiqqan ekan-da.

Kuyovim boʻlsa koshkiydi,

Koʻnglimga xos sher ekan.

Uzilganin ulasam,

Sochilganin toʻplasam,

Charpishganni qoʻymovchi

Chamasi yetar er ekan!

Manasning Manas ekanin

Ilgaridan bilardim.

Manasligi chin boʻlsa,

Atay izlab kelar deb,

Meni koʻzlab kelar deb,

Yaratganning oʻzidan

Men qurgʻur tilab yurardim”.

 

“Manas”da nainki qudratli alplarning, donishmand chollarning, balki goʻzal va oqila xotin-qizlarning barkamol obrazlari ham esdan chiqmaydigan qilib gavdalantirilgan.

Yuksak mahorat bilan tarjima qilingan asar muayyan maʼnoda yangi asar boʻladi. Uni ona tilida – asl nusxasida oʻqib uqqan kishilar bu asarni boshqa tilda mutolaa etib, magʻzini chaqqanlarida, ilgari oʻzlariga maʼlum boʻlmagan koʻp xosiyatlardan xabar topib, hayratga tushadilar. Bir til iqlimidan ikkinchi til iqlimiga oʻtgan asar, shubhasiz, yangilanadi, yasharadi, bugunning kishilari estetik idrok etishi uchun oʻngʻayroq shaklga keladi. Bu esa badiiy asar yashab qolishining zaruriy shartidir. Arxaikadan xalos boʻlib, jonli adabiy til sayqaliga erishib, qaytadan mehr-muhabbat, ardoq topgan badiiy asar marvariddek yarqiraydi, ohanraboday oʻziga tortadi. “Manas” ana shunday tarjimadir.

Shoirlik odobi shundayki, u ruhini hech qachon quyosh poyasidan quyiga indirmas. U na sheʼrida, na suhbatida tortgan azoblarini “doston” qilgan. Ha, Mirtemir ijod mashaqqatlari bilan birgalikda hayot sinovlarini, nohaqliklarni mardona yengib oʻtgan bukilmas iroda egasi edi. U 1932 yil 8 avgustda “Qizil qalam” adabiy tashkilotining aʼzosi sifatida Botu, Oltoy singari “millatchilar” bilan aloqada boʻlganligi uchun GPU tomonidan hibsga olingan. 1935 yil 1 yanvar kuni ozod etilgan. Lekin shoir taqdiriga tushgan sinoqli kunlar asoratidan osonlikcha xalos boʻlib keta olmagan. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”da yozilganidek, “2-jahon urushidan keyingi yillardagi adabiy siyosat natijasida Mirtemirga ijod etish va yozgan asarlarini eʼlon qilish imkoni berilmagan. Natijada u tarjima va tahrir ishlari bilan shugʻullanishga majbur boʻlgan. Qoraqalpoq sheʼriyatidan qilgan tarjimalari va “Qoraqalpoq daftari” (1959) sheʼriy turkumining katta muvaffaqiyat qozonishi Mirtemirning “erkin” ijodkorlar safiga qaytishi va ijodiy yasharishiga sababchi boʻldi”.

U hayot sinovlarini ilhom va ijodiy mehnat bilan yengdi. Koʻngil erkinligini har qachon barqaror saqlay oldi.

Gʻafur Gʻulomning oʻrtoqlik hazilida Mirtemirning barkamol, betakror insoniy qiyofasi xuddi grafik rasmdagidek, lekin aniq ifodalangan:

 

Pinagini buzmay, larzakor va jarangdor polapon qushday ohista,

Yassi boʻylab choʻng alp singari zaytunzor aro devkor va yovqur

Sheʼr yobonlarida yovshan chechaklarin tergan yozuqli qaysar,

Suluv sheʼriyatning tugʻin koʻtarib

Jinday gʻazalxon, tanti shoir Mirtemir kelayotir!..

 

Muhammadali QOʻShMOQOV

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ulkan-meros/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x