Tavallodan munojotgacha

Ilmiy-falsafiy esse

 

XVIII asrga kelib Yevropada Zardushtiylik falsafasi keng tarqaldi. “Avesto” turli yirik ilmiy tadqiqot markazlarida, kutubxonalarda mutaxassislar tomonidan zoʻr qiziqish bilan oʻrgana boshlandi. Ushbu davr Yevropa falsafiy tafakkurida keskin burilish davri boʻldi, desak xato boʻlmaydi. Yevropa falsafasida butunlay oʻzgacha yoʻldan kirib kelgan, insonshunoslik gʻoyasini qalb va ruhiyat orqali oʻrganish tamoyilini ilgari surgan Fridrix Nitshe oʻz falsafiy qarashlari bilan keng jamoatchilikka tez tanildi. Albatta, u oʻzidan oldingi yirik faylasuflar, jumladan, Shopengauer falsafasini chuqur oʻrgandi. Unga ergashdi, metafizik qarashlaridan foydalandi. Biroq, yosh olimning hech kimga oʻxshamagan xulosalari, hayot yoʻli, odam va olamga boʻlgan munosabati jahon falsafasida mutlaqo yangilik boʻldi.

Nitshe falsafasida olamning bus-butunligi, insonning barkamol va yetukligi muammosi asosiy oʻrin tutadi. U yaxlit olamning barcha goʻzalliklari-yu jozibasi bilan birga salbiy jihatlarini bir butunligicha qamrab oladi. Natijada ideal inson va ideal hayot tarzini orzu qiladi. Ana shu ushalmas orzu uning bir umrlik falsafiy qarashlari mohiyatiga aylandi.

Nitshening Zardusht falsafasiga butunlay berilishi va bu taʼlimot maqomidagi falsafani oʻrganishi, oʻrganibgina qolmay, uni oʻz qalbidan, ruhiyatidan oʻtkazib, real voqelikka aylantirish gʻoyasi tasodif emas. Nitshe protestant ruhoniysi oilasida tugʻildi. Uning murgʻak ongi taqvo va ibodat taʼsirida shakllandi, rivojlandi. Taqvodorlik muhiti uning ilk diniy tasavvurlarini boyitdi. Gimnaziyada ham diniy taʼlim oldi, cherkovlarga qatnadi. Qalban va ruhan ilohiyatga oʻta yaqinligi, jozibador va koʻrkam yigitcha boʻlganligi tufayli boʻlsa kerak, oʻrtoqlari uni “ibodatxonadagi 12 yoshli Iso” deyishardi. Bu esa shaxs sifatida yosh Nitshening surati va siyrati, shakli va mazmuni, zohiri va botini bir xilligidan dalolat beradi.

Yosh Nitshening adabiyot, sanʼat, tarix va falsafaga qiziqishi juda baland edi. U, hatto, oʻn yoshidan sheʼrlar ham yoza boshlaydi. Ilohiy kitoblarni qiroat bilan oʻqishni yaxshi koʻrardi. Diniy qoʻshiqlarni meʼyoriga yetkazib ijro eta olardi. Qiroat, oyatlarni gʻoyat ohangdorlik bilan qoʻshiq qilib kuylash ishqi va mahorati uning diniy-mistik qarashlarini shakllantirdi. Bonn va Leypsig universitetlarida taʼlim oldi. Bazel universitetida professor boʻlib ishladi. Ana shu yillar olimning samarali ishlash, Gʻarb falsafasida betakror, oʻziga xos ilmiy kashfiyotlar qilish davri boʻldi.

Nitshening sanʼat, tarix va adabiyotga qiziqishi falsafiy qarashlariga ham oʻziga xos taʼsir etdi. Boshqacha qilib aytganda, murakkab falsafiy tafakkurni jozibador badiiy soʻz hamda obrazli ifoda bilan uygʻunlashtirib, mutlaqo yangi shakl va mazmundagi falsafiy asarlarni dunyoga keltirdi. “Musiqa ruhidan fojianing tugʻilishi” (1872), “Quvnoq fan” (1882), “Zardusht tavallosi” (1883), “Hamma uchun va hech kim uchun” (1883–1892), “Hokimiyatga intilish” (1906) singari asarlari nomlanishining oʻziyoq kishining diqqatini tortadi, qiziqishini oshiradi. Bu asarlarning har biri muallifga koʻpdan-koʻp shuhrat keltirdi.

Ogʻir kasallik tufayli jamoadan ajralib qolgan Nitshe ideal inson orzusi bilan yashadi va bu mavzuda qator asarlar yaratdi. 1872 yili “Musiqa ruhidan fojianing tugʻilishi” kitobi nashr etiladi. Ushbu asarda yashash zavqi va fojiaviylik tuygʻulari bilan mushohadalilik, mantiqiylik, katta intellektual salohiyat, aqliy ustuvorlik muammolari oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar falsafiy talqin etiladi va inson ongidagi bunday azaliy ziddiyatlarning oʻziga xos talqini Nitshe falsafiy qarashlarining betakrorligidan dalolat beradi. U keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

Ikki qismdan iborat “Zardusht tavallosi” kitobining birinchi qismi 1883 yili, toʻliq nashri esa 1892 yili chop etiladi. Muallifga juda katta shuhrat olib kelgan ushbu kitob fikr bilan tuygʻu, aql bilan hissiyot, yuksak falsafiy mushohada bilan ehtirosli badiiyat qorishib, mutlaqo oʻziga xos nasriy doston sifatida yuzaga kelgan. Ushbu nodir asarni taniqli olim va yirik tarjimon Ibrohim Gʻafurov zoʻr mahorat bilan oʻzbek tiliga oʻgirgan[1].

Nitshe faylasuf sifatida, aytish mumkinki, qarashlarida insoniyat imkoniyatlari chegarasidan chiqib ketgan ongni mujassamlashtirgan Zardusht bilan oʻzini tenglashtiradi. Yaʼni, kishilik tarixida ilk marta ilohiy gʻoyalarni ilgari surgan Zardusht bilan hamfikr boʻladi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu asarda chuqur psixologik holat bilan mantiqiy asos uygʻunlashgan. Qalb iztiroblarini, zarbalarini, titroqlarini, besaranjom, beoromu behalovat tuygʻularini ruhiy holat orqali ifoda etadi.

Kitobda hayot falsafasi, inson tushunchasi, kishilik hayotining yorugʻ va qorongʻu tomonlari, ziddiyatlar va iztiroblar oʻz aksini topgan. “Avesto” gʻoyalarini chuqur oʻzlashtirgan, ayni paytda ana shu gʻoyalarda odam va olam mohiyatini koʻra bilgan, unda diniy va dunyoviy qarashlar uygʻunlashganini anglagan Nitshe oʻz falsafiy qarashlarini, ilmiy gʻoyalari va munosabatlarini Zardusht orqali ifodalashga erishadi.

Asar uslubida Zardusht bilan Nitshening tengligi yaqqol koʻzga tashlanadi. Darhaqiqat, muallif ilohiy shaxs bilan oʻzini teng qoʻyadi, oʻzaro muloqotda boʻladi, koʻp hollarda Zardusht nomidan gapiradi, Zardusht gʻoyalarini oʻzining qalb kechinmalari bilan sintezlashtiradi. Garchi ular tugʻilgan makon turli mintaqalarda joylashgan, juda ulkan, mahobatli tarixiy davr ularni ajratib turgan boʻlsa-da (ular yashagan davr qariyb uch ming yillik masofa bilan farqlanadi), qarashlar uygʻunligi favqulodda hodisa sifatida, ayni paytda oʻta tabiiy holatda yuzaga keladi. Bu shu darajada tabiiy, shu darajada musaffo va goʻzalki, uni bir-biridan ajratishga intilish yoki bir-biridan ayro holda tushunish jiddiy xatolikka olib keladi. Asarda muallif Zardusht bilan zamondoshday, yaqin doʻstday gaplashadi. Oʻzining gʻoyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri Zardusht orqali tushuntirishga harakat qiladi va bunga erishadi:

“Qarang, men sizlarga aʼlo odam haqida taʼlimot berajakman”.

Aʼlo odam – zaminning mazmuni. Sizning irodangiz aytsin: “Mayli, aʼlo odam zaminning mazmuni boʻlsin!” (6-bet).

Aʼlo odam. Bu jamiyatning saralangan, tabiiy tanlangan qatlamiga, elitasiga daxldor odam. Nitshening aʼlo odamni koʻrgisi kelyapti. Maʼnaviy barkamol, intellektual jihatdan yuksak, qudratli, shijoatli, bagʻrikeng, toʻgʻrisoʻz, barkamol odamni sogʻinyapti. Hayotda shunday odamlar mavjud boʻlishini balkim orzu qilgandir. Balki shunday odamlar mavjudligiga ishongandir. Jamiyatda aʼlo, yaʼni barkamol odamlarga ehtiyoj hamma vaqt boʻlgan va bor, u bizga shuni yana bir bor eslatayotgandek.

“Aʼlo odam zaminning mazmuni! Zotan, zamin hayot manbai, rizqu roʻz manbai, farovon va baxtli hayot maskani. Agar aʼlo odam unga egalik qilsagina! Va ilohiy imdod keladi: “Mayli, aʼlo odam zaminning mazmuni boʻlsin!” “Birodarlarim, men sizga iltijo qilib ayturman: zaminga sodiq boʻlingiz va yer uzra umid toʻgʻrisida sizga soʻzlayotganlarga ishonmangiz. Oʻzlari bilarlarmi-bilmaslarmi, baribir, ular zaharlaguvchilardir.

Ular hayotdan nafratlanurlar, ular oʻzlarini-oʻzlari zaharlamishlar va oʻlimlari sari yoʻl olmishlar, yer ulardan charchamishdir: oʻlim ularga!” (6-bet).

Muallif qalbida oldin kuchli optimizm bor edi. U reallikka moyil edi. Biroq insonning ezgulik va yovuzlik olami ekanligidan seskanib ketadi. “Avesto”dagi daʼvatlar, nidolar, salovotlar va duolar qulogʻiga chalinadi. U hushyor tortib, real hayotga qaytadi. Jaholat, qabohat, nadomat, xusumat mavjud boʻlgan bir paytda, ideal hayot va ideal inson haqida oʻylash qanchalik iztirobli. Bu Nitshening jahon falsafasidagi oʻziga xos imdodi edi.

Zardusht falsafasi yaxlit insoniyat tafakkurining majmuasi, qomusiy xarakterga ega boʻlgan ilohiy xayolot, diniy toat-ibodat va taqvo, real zaminda, konkret hayotda insoniyat qarashlari va tafakkur tarzini oʻzida mujassam etib, dunyoviy falsafa, dunyoviy tafakkur maqomiga ega boʻladi. Aslini olganda, Zardusht falsafasining hayotiyligi ham, mahobati ham, oʻlmasligi ham ana shunda.

Nitshe “Bir kuni Zardusht ham barcha narigi dunyochilar kabi oʻz xayollarini odamning narigi dunyosiga qaratdi. Oʻshanda menga dunyo azob chekayotgan va abgor boʻlgan Xudoning aʼmoli boʻlib tuyuldi”, – deydi (24-bet). Endi muallif boqiy dunyodagi odamlar ahvolidan xabardor boʻladi, ularni koʻz oldiga keltiradi, azoblanayotganlaridan azoblanadi. Jannat gashtini surayotganlardan koʻngli taskin topadi.

Afsuski, azobli, uqubatli dunyo kengroq tuyuladi unga va foniy dunyo uning koʻziga “azob chekayotgan va abgor boʻlgan Xudoning aʼmoli boʻlib tuyuladi”. Ideal odam falsafasi, barkamol insonni koʻrish orzusi, har tomonlama yetuk odam bilan muloqotda boʻlish istagi endi iztirobga aylanadi.

“Yaxshilik va yomonlik, shodligu azob, menu sen – bari menga Yaratganning koʻz oʻngidagi rango-rang dud boʻlib koʻrinadi. Yaratgan oʻzidan oʻz nazirini evirishni istadi va oʻshanda u olamni bino qildi”(24-bet).

Demak, yaxshilik va yomonlik, muhabbat va nafrat, ishonch va ishonchsizlik, sadoqat va xiyonat, ezgulik va yovuzlik olamning ramzi, Yaratgan uning evrilishini xohlaydi. Oʻzi bino qilgan olamning benuqson va koʻrkam boʻlishini istaydi. Bu bevosita inson olamining qay darajadaligiga bogʻliq. Qalban goʻzal inson goʻzallik yaratadi. Ezgulik bilan yashaydigan kishi ezgulik hukmron boʻlgan turmush tarzini yoʻlga qoʻyadi.

Nitshe inson, hayot, dunyo atrofida fikr yuritar ekan, ruhiy xayolot va fikratdan hayotiy xulosalarga oʻtadi, real voqelikka munosabat bildiradi va shunday deydi: “Mangu ziddiyatning aksi va notamom timsol, mangu notamom bu dunyo – uning notamom yaratuvchisi uchun mastona shodiyona, – bir mahallar dunyo menga shunday boʻlib tuyuldi” (26-bet). Ziddiyatlarga toʻla olam, nuqsonlardan xoli boʻlmagan timsol – odam. U mangu notamom, yetuk boʻlolmaydi, ideal insonga aylana olmaydi. Demak, zamin notamomlar maskani. Kishilik hayoti barkamol emas. Shunday edi, bundan keyin ham shunday boʻladi. Faqat kimlardir ayrim jihatlari, fazilatlari yo aqliy qobiliyati bilan oʻzgalardan ajralib turishi mumkin. Ayni ana shu insoniyat hayotining ideal darajada boʻlmasligi barkamol boʻlmagan odamlar uchun qaysidir maʼnoda shodiyonadir. Nitshe ham, Zardusht ham shunday oʻylaydi va cheksiz iztirob chekadi.

Narigi dunyochilar zikrida davom etar ekan, Nitshe oʻzida kuchli optimistik ruhni his etadi, iroda quvvati oshadi, yuksak maʼnaviy kuch endi unga hayotga ragʻbat, kelajakka ishonch, yangidan-yangi umid kurtaklarini ochadi va “Nima boʻldi oʻzi, birodarlarim? Men azob chekayotgan oʻzligimni yengdim, men oʻzligimning xoki turobini toqqa olib chiqdim, oʻzimga ortiq nurafshonroq alanga topdim. Qarang endi! Sharpa mendan uzoqlashib ketdi!”, – deydi (24-25-betlar).

Ezgin xayollar, koʻngilga tahdid soluvchi qora sharpalar ortda qoldi! Nitshe oʻzida kuchli irodani his etdi, oʻzini-oʻzi yengdi. Orzu-umidlar togʻiga chiqdi, nurafshon hayotga yorqin nigoh bilan qaray boshladi. Bu muallifning ichki kechinmalarigina emas, dunyoda qancha odam boʻlsa, barchasining qalbida ana shunday his, ana shunday tuygʻu mavjud. Ichki iroda va oʻzini-oʻzi boshqarishga qodir boʻlgan ruh bor. Hamma gap uni qoʻzgʻata olishda, uygʻota bilishda, rivojlantira olishda, xolos. Umuman olganda, inson oʻzining tabiiy, biologik, fiziologik va maʼnaviy tuzilishi jihatidan murakkab tizim. Har bir odam alohida olam. U oʻzini-oʻzi boshqara olishi, yoʻnaltira bilishi, rivojlantirib, kamol toptirish ragʻbatiga ega boʻlishi lozim. Har kim oʻz inon-ixtiyorining hokimi oʻzi boʻlsin. Oʻzini-oʻzi ragʻbatlantirsin, ruhlantirsin, nojoʻya xatti-harakatlar qilganda oʻziga-oʻzi tanbeh bera olsin, oʻzini-oʻzi jazolay va kechira olsin.

Nitshening inson falsafasida qalb va ruhiyat kategoriyalari alohida mavqega ega. Qalb har bir insonning yaxlit va bir butun alohida olami. Yurak emas. Yurak odamning koʻplab aʼzolaridan bittasigina, xolos. U oʻzining biologik vazifasini oʻtaydi, – vujudni qon bilan taʼminlaydi, xolos. Qalb esa har bir individning betakror, faqat oʻzigagina xos boʻlgan, oʻzining “Men”iga ega boʻlgan yaxlit olami. Ruh esa uni boshqaradi, yoʻnaltiradi. Bu xulosa nafaqat Zardusht falsafasida, balki barcha dunyoviy dinlarda turli shakllarda oʻz ifodasini topgan. Zotan, taqvoning turi, ibodatning shakli xilma-xil boʻlsa-da, Alloh yagona! Nitshe falsafasi Zardusht orqali ana shunday maqomga ega. Boshqacha qilib aytganda, Zardusht salovoti, duolari, tavallosi Nitshe qalbi orqali nitsheyona munojot boʻlib yangraydi. Bu munojot oʻta jarangdor, oʻta fayzli, tarovatli, chuqur mazmunga va xulosalarga ega boʻlgan gʻoya. Ayni paytda biroz miskin, tushkun, gʻamgin falsafadir. Ana shu jihatdan qaraganda, uni ayrim faylasuflar tushkunlikka, pessimizmga berilganlikda ayblashadi. Aslida esa, ushbu tushkunlik, gʻamginlik tagida Nitshening kuchli, qudratli irodasi va yorqin ruhiyati aniq sezilib turadi.

Zardusht va Nitshening ham ilohiy, ham hayotiy falsafasi bu! Zardusht bemorlarga shafqatli, mehribon, rahmdil. Biroq, inson har qanday sharoitda ham inson-da. Baʼzan mehru shafqatni bilib-bilmay suiisteʼmol qilishi, koʻrnamaklik qilishi mumkin. Ammo buyuklik – buyuklikdir. U faqat mehr, shafqat, bagʻrikenglik, cheksiz muruvvat sohibi. Koʻrnamaklik, munofiqlik, umuman barcha illatlardan ustun turadigan maʼvo. Nitshe bu yerda real hayot bilan diniy tafakkurni uygʻunlashtiradi, reallashtiradi, hayotiyligini va ulugʻvorligini isbotlaydi.

Nitshening bayon uslubida, fikrni ifodalash shaklida yevropalik donishmandlar uslubidan koʻra keskin va yorqin oʻziga xoslik bor. Birinchidan, u har qanday ogʻir, zalvorli fikrni, aqlni ostin-ustun qilib yuboradigan gapni joʻshqin hissiyot va qaynoq ehtiros bilan yoʻgʻrilgan holda bayon etadi. Ikkinchidan, u bevosita va toʻgʻridan-toʻgʻri Sharq fenomeniga murojaat qilyapti, uning olamida yashayapti. Oʻzini oʻzi tanlagan, ixlos qoʻygan zardusht timsolida koʻrmoqda. Shuning uchun Nitshening uslubi “Avesto” matnlarining uslubiga juda oʻxshaydi, yaqin turadi. Nitshega “Avesto”ning taʼsiri shu darajada kuchli boʻlganki, hatto fikrni bayon etish uslublari ham bir-biriga oʻxshash. Yaʼni, har bir gap koʻpincha alohida satrdan boshlanadi. Har bir gap toʻliq, boʻliq, aniq fikrga yoʻnaltirilgan, aniq xulosani ifodalagan yaxlit tizim. Ikkinchi gap oʻz oʻrnida yangi satrdan boshlanadi. Albatta, bu gap ham oʻz yukiga, fikriy salmogʻiga, toʻliq magʻziga ega. Ular faqat bir-birini toʻldiradi, xolos. Har bir gap alohida urgʻu, alohida taʼkid va nihoyat, alohida taʼsir kuchiga ega. Jumlalar ogʻir va magʻizli, shijoatli va daʼvatkor, jozibali va taʼsirchan. Ayni paytda chuqur oʻylashga, fikrlashga, aqlning yangidan-yangi qirralarini ochishga majbur etadigan chaqiriq. Bu betakror uslub.

“His nimani his qilar va aql nimani bilar – oʻzida hech qachon oʻz maqsadi boʻlmas, lekin his va aql seni ishontirmoqchi boʻlib, urinarlarki, ular hamma narsalarning maqsadi deb: ular shunchaki xudpisanddirlar” (28-bet).

Aslini olganda, inson jonzot sifatida hissiyot va aql olami. Ayni ana shu jihatlari bilan ham boshqa jonzotlardan ustun turadi. Imom Gʻazzoliy oʻzining “Kimyoi saodat” kitobida taʼkidlashicha: “Inson farishta va hayvon orasidagi maxluqdir. Hayvon rivojlanmaydi, chunki uning kamolot quvvati yoʻq. Farishta ham rivojlanmaydi, chunki uning oʻzi pok, ilohiy nurdan iborat. Faqat insonda rivojlanish, ruhiy kamolot xislati mavjud”[2]. Demak, hayvonda shakllanishga, rivojlanishga, oʻzini-oʻzi boyitishga, oʻzini qadriyatga aylantirishga daʼvat etadigan ruh, ichki quvvat yoʻq. Farishta esa azalu abad pok boʻlganligi uchun uning shakllanishi va rivojlanishiga ehtiyoj yoʻq. U shundoq ham toza, shundoq ham pokiza, nur yangligʻ bezavol. Faqat insondagina ruhiy kamolotga intilish tuygʻusi mavjud va uning komillikka intilishida, yetuklik sari harakat qilishida hayoti mazmunini boyitishga, shu asnoda yaxlit kishilik jamiyatining goʻzal va koʻrkam boʻlishiga daʼvat bor. Ruhiy kamolot tuygʻusi inson fenomenining tayanchi, uni qadriyatga aylantirguvchi buyuk moʻjiza.

Gʻazzoliy fikrini ancha keyin atoqli nemis faylasufi K. Yaspers boshqacha talqin etadi: “His-tuygʻu mohiyati sifatida u (inson – N. J.) hayvondan yuqori, maʼnaviy-ruhiy jihatdan farishtadan pastda turadi. Oʻz mohiyatining ana shu ikki tomoni bilan ularga qavmdosh boʻlsa-da, hayvon ham emas, farishta ham emas. Ularning har ikkovidan ham ustun tomonlari bor. Bu bevosita Alloh tomonidan yaralganligi bilan belgilanadi”[3].

Nitshe falsafasida his va aql tushunchasi ustuvorlik qiladi, biroq uni rivojlantirishga, kamolotga yetkazishga ehtiyoj hamisha katta boʻladi. Maqsad, orzu, umid tuygʻulari insonni asraydigan, istiqbolga daʼvat etadigan, ertangi kunga ishonch tuygʻularini oshiradigan voqelik. Inson hissiyot orqali his etadi, aql orqali maqsadlarini amalga oshiradi. Ruh va iroda xatti-harakatga aylanib, orzular va umidlar roʻyobini taʼminlaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Nitshe ularni xudpisandlikda ayblaydi. Zotan, aniq xatti-harakat, intilish, maqsadni roʻyobga chiqarishga qodir boʻlgan iroda, bu yoʻldagi toʻsiq va gʻovlarni yenga oladigan sabot boʻlmasa, aqlning oʻzi uni roʻyobga chiqara olmaydi. Havasu ishtiyoqni aniq amaliy faoliyatga aylantirolmaydi. Ehtimolki, Nitshe inson ruhiyatidagi ana shunday murakkab holatni nazarda tutgandir.

Yuqoridagi fikrni davom ettirib, alloma “Birodarim, sening fikrating va hissiyotlaring uzra yanada qudratliroq hukmdor, nomaʼlum bir hakim qad rostlab turadi – uning ismi oʻzidir. U sening tanangda yashaydi; u aynan sening vujudingdir”, – deydi (28-bet). Bu fikrni ikki xil talqin qilish mumkin. Aslida ham shunday. Birinchisi, har bir kishining fikrati va hissiyotidan ustun keladigan, unga buyruq berib turadigan hukmdor, koʻzga koʻrinmaydigan, hamisha hushyor qarab turadigan hakim “Uning oʻzi” – Alloh: Alloh xohlamasa, buyurmasa bandasi hech narsa qilolmaydi. Bu barcha dunyoviy dinlar aqidasi, qatʼiy xulosasi. Ikkinchi tomondan, dunyoviy taʼlimotda inson va uning mohiyati bevosita feʼl-atvor, ruhiy va maʼnaviy yetuklik orqali ochiladi. Vujud oʻzingniki, demak, uni oʻzing boshqarasan, yoʻnaltirasan, faqat aqling doirasida, his-tuygʻularing taʼsirida. Ruhiyat va iroda boshqaruvchi kuch, xolos. Nitshening ideal inson borasidagi armoni ana shu yerda yana dolzarblik kasb etadi.

Nitshe falsafasida ong, insonning oʻzini-oʻzi anglashi masalasi alohida mavqega ega. Uning inson falsafasi inson mohiyatini tushunish, mavjudot sifatidagi qadriyatini belgilash va bu qadriyatni har bir individning oʻzi qadriyatga aylantira olish yo olmasligi masalasini chuqur tahlil qiladi. Zardusht tavallosi orqali Nitshening ichki nidosi, qalb hayqirigʻi ayni ana shu ziddiyatli, murakkab, rang-barang olam fenomenini yaratishga qaratilgan. Bu esa insonshunoslikda oʻziga xos ilmiy-falsafiy, badiiy-mantiqiy, ilohiy-dunyoviy qarashlar sintezi sifatida yuzaga keldi. Bir qaraganda, mazkur kitob sof ilmiy fundamental tadqiqotga oʻxshaydi. Ikkinchi tomondan, uni oʻqiganingiz sari chuqur falsafiy va mantiqiy fikrlarga asoslangan badiiy asarga guvoh boʻlasiz. Har qanday holatda ham alloma Zardusht timsoli orqali oʻzining ichki kechinmalarini, ilmiy-nazariy xulosalarini, insonshunoslik borasidagi fundamental konsepsiyasini yaratadi. Asarda ilmiy betakrorlik va badiiy moʻjizakorlik uygʻunlashib ketgan.

“Sening vujudingdagi ong sening oliy hikmatingdan koʻra kattaroqdir. Va yana kim bilsin, sening vujudingga sening oliy hikmating nimaga ham kerak?” Bir-biriga zid, bir-birini inkor qiladigan fikr ilgari surilyapti. Aslida esa, falsafaning mohiyati fikrlar qarama-qarshiligidan, gʻoyalar zidligidan, bir-birini inkor qilishdan iborat. Aks holda, hamma faylasuflar bir xil fikrlagan boʻlishardi. Nitshe esa mazkur gʻoyasi bilan inson mohiyatining yangi qirrasini ochyapti. Ong boʻlmasa inson hech narsa emas. Insonni inson qilib turgan narsa ong degan gʻoyani ilgari suryapti. Yana oʻzini-oʻzi inkor qilib, oliy hikmat, muruvvat va himmat ong boʻlmasa, kerak boʻlarmikin degan savolni ham oʻrtaga tashlaydi. Bu esa oʻz-oʻzidan barcha fazilatlaring, barcha imkoniyatlaring ong orqali namoyon boʻladi, ong orqali oʻzingning qudratingni koʻrsatasan. Ong boʻlmagan taqdirda bu fazilatlaring hech narsaga yaramaydi, demoqchi.

Bu yerda insonning ichki olamidagi ziddiyatlar yuqoridagiday oʻzini oʻzi inkor qilish holatlarida koʻzga tashlanadi. Hayotdan nolib yashaydigan, kamchilik izlaydigan, birovlarning nuqsonini topishdan huzur qiladiganlar haqida gap boryapti. Yaratguvchi nafratni yaratdi, shodlik va gʻamni yaratdi. Ayni paytda, irodadan ustun turadigan barcha ezguliklarni amalga oshirishga, yaxshilik va saxovatni himoya qilishga qodir boʻlgan ruhni ham berdi. Ana shu ruh, aytish mumkinki, insonning barcha balo-ofatlardan, yomonliklardan, hasad va gʻarazlardan hatto, tajovuzlardan asraguvchi ilohiy qudrat. Bu gʻoya tasavvuf falsafasida ham alohida mavqega ega. Islom aqidalariga koʻra insonni ruh boshqaradi. Aql ruhning quroli.

Alisher Navoiy oʻz asarlarida “suvaydo” soʻzini ishlatadi. Hazratning fikrlariga koʻra, suvaydo inson yuragining qoq oʻrtasida joylashgan kuyuk nuqta, tuynuk emish. U kimdadir yaxshilik, ezgulik, mehr-shafqat, yorugʻ orzular tuynugi. Kimdadir gʻaraz, koʻrolmaslik, hasad, yomonlik tuynugi. Inson ana shu tuynuk orqali olamga qarar ekan, koʻz orqali koʻrib, aql orqali idrok etib, qalbi-ruhi buyurganicha xulosaga kelarmish. Demak, qalbning buyruq beruvchi kuchi bu – ruh. Shuning uchun ham mutasavvuflar ruhi sogʻlom odam kuchli boʻladi, ruhi tetik odam har qanday toʻsiqlarni yenga oladi, ziddiyatlarda sinib qolmaydi, oʻzini-oʻzi himoya qila oladi, asray biladi, degan fikrni ilgari surishadi. Nitshe “Ruh yaratdi misoli irodasining dastidarozi kabi” deganida ana shularni nazarda tutgan boʻlsa, ajab emas.

“U oʻzi baridan koʻproq istagan narsani qilishdan ojiz, – oʻzini bundan buyon yaratishdan ojiz.

U buni baridan ortiq istar, uning butun hirsu ehtirosi xuddi mana shundan”(29-bet). Har bir insonning biologik, fiziologik, intellektual va maʼnaviy yetukligidan kelib chiqadigan bunyodkorlik imkoniyati boʻladi. Jismonan zaifroq odam pahlavonlik daʼvo qilolmaydi. Afsuski, inson baʼzan oʻz imkoniyatidan ortiqroq narsalarga erishishni xohlaydi. Biroq imkoniyat doirasidan tashqari boʻlgan har qanday ehtiyoj hech qachon qondirilmaydi. Ortiqcha taʼma rizqni qirqadi, degan naql ham bor xalqimizda. Koʻp narsani xohlash mumkin, unga katta hirsu ehtiros bilan daʼvo qilish mumkin, lekin imkoniyat azalul-abad cheklangan.

Tan, vujud – moddiyat. Ruh, ong, tasavvur – ilohiyat. Imkoniyatidan koʻproq soʻragan, taʼmagirlik va koʻp narsaga erishish ishtiyoqi odamni ruhan oʻldiradi. Koʻzlaganiga erisholmagan odam hayotdan, zaminu osmondan norozi boʻladi. Norozilik nafratga aylanadi. Uning “gʻilay nigohiday, ongsiz hasad gʻildillab turadi”. Hasad esa insonning kushandasi. Hasad ochkoʻz qurt, odamni ichidan kemiradigan. Lekin u oʻzi yashayotgan vujudni abgor qilgunga qadar, oʻzgalar qonini ichadi, “aʼlo odam”lar umriga zomin boʻladi. Yaxshilarning, yaxshilikning, ezgulikning iztirobidan rohatlanadi. Zardusht undan nafratlanadi.

Nitshe falsafasida aʼlo odam gʻoyasi ana shu tarzda ustuvorlik qiladi. U Zardusht qarashlari orqali kishilik hayotiga nazar soladi. Inson mohiyatini tahlil etadi. Falsafiy-mantiqiy izlanishlar orqali oʻzining ezgu idealini yaratishga harakat qiladi. Hasad, fisqu fasod, koʻrolmaslik, xudbinlik ildiz otgan, chirkin hayotdan bir zum uzoqlashib, ideallaridan ezgulikka yoʻgʻrilgan nurday pokiza xayolotidan, orzularidan najot izlaydi.

Albatta, Nitshe ham boshqa buyuk faylasuflar qatori ideal inson boʻlmasligiga qatʼiy ishonadi. Chunki inson qancha yashamasin, doimiy ravishda tarbiyaga ehtiyoj sezadi. U kamolot sari intilishga mahkum etilgan jonzot. Agar inson mukammallikka erishsa, farishtaga aylanmogʻi lozim. U yerda yashamaydi. Osmonning yettinchi qavatida – Arshi Aʼloning atrofida yashaydi (Imom Gʻazzoliyning yuqorida keltirilgan fikrini eslang). Buni Nitshe yaxshi tushunadi. Biroq ideal inson falsafasi, aʼlo odam tushunchasi uning oʻzining ideali. U ilmiy-falsafiy ideal sifatida allomani asraydi, himoya qiladi, ragʻbatlantiradi, buyuk kashfiyotlar qilishga daʼvat etadi.

Nitshe osmon bilan yer, ilohiyot bilan jamiyat, inson bilan Alloh oʻrtasidagi masofani yaqinlashtiradi. Ilohiy gʻoyalarni reallik bilan uygʻunlashtiradi. Natijada asotiriy-diniy qarashlar asosidagi gʻoyalarni ilgari surganday boʻlib, inson va insoniyat taqdiri bilan bogʻliq boʻlgan, uning istiqbolini belgilashga xizmat qiladigan kuchli, qudratli, taʼsirchan va moʻjizaviy gʻoyalarni ilgari suradi.

Yaxshilik, ezgulik faqat insongagina xos. Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal (pindori nek, guftori nek, kirdori nek) – inson mohiyatini oʻzida toʻla mujassam etgan maʼnaviy-falsafiy formula. Ushbu formulaning yechimi “aʼlo odam” uchun juda oson: oʻylaring, gapirayotgan gaping, qilayotgan ishing bir boʻlsin. Zardusht qarashlarida ham, Islom va tasavvuf falsafasida ham, Nitshe gʻoyalarida ham bu uch unsur uygʻunligi bosh Nizom hisoblanadi.

Har bir odam alohida olam. Olam esa turfa va rang-barangdir. Ana shu rang-baranglik inson olamining butun dramatizmini taʼminlaydi. Har bir insonning oʻz “Men”i boʻladi. U individning feʼl-atvori, orzu-oʻylari, xatti-harakati va munosabatini oʻzida mujassam etadi. Biroq har bir “Men”ning ichida bir necha “men”chalar yashaydiki, ular doimiy ravishda, bir umr bir-biri bilan olishib, kurashib, bir-birini mahv etib yashaydi. Ezgulik bilan yovuzlik, muhabbat bilan nafrat, saxiylik bilan baxillik… va hokazo… ularning turi koʻp. Barchasi doimiy ravishda oʻzaro kurashda. Bu inson qalbidagi uzundan-uzoq, bir umrlik juda katta ruhiy qudratni, irodani, aqlni, sabr-toqatni, bagʻrikenglikni taqozo etadigan dramalar turkumidir. Zotan, bizning har bir kunimiz soni nomaʼlum boʻlgan serialning bitta qismi, xolos.

Nitshe yuqoridagi parchada ana shu hayot dramasini tahlil qilganday, goʻyo. Unga munosabat bildirayapti, falsafiy mushohada yurityapti, Zardusht nomidan aniq, ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan, real voqelikdan kelib chiqqan maʼnaviy-axloqiy xulosani ilgari suryapti. Bu Nitshe falsafasining oʻziga xos koʻrinishidir.

Shijoat, gʻayrat tuygʻusi Nitshe falsafasida alohida oʻrin tutadi. Xuddi shunday zardushtiylik qarashlarida ham ezgulik gʻoyasi bevosita inson feʼl-atvori, xatti-harakati va intilishlari orqali ilgari suriladiki, bunda inson qalbidagi gʻayrat, shijoat tuygʻusi asosiy rol oʻynaydi. “Kimki tubsiz qaʼrga burgut koʻzi bilan qarasa, kimki tubsiz qaʼrga burgut changali bilan chang ursa – faqat shu kimsadagina matonat bor”, – deydi Nitshe (285-bet).

Nitshe baʼzan insonga shubha bilan qaraydi. Ana shu shubha insonning nomukammal jonzot ekanligidan dalolat beradi. Baʼzi holatlarda insonda ayrim illatlarning saqlanib qolishi tarafdori boʻladi. Balki insonning insonligini anglash uchun ayni illatlar ham fazilatlar bilan parallel ravishda yashamogʻi lozimdir. Yaxshini yomondan, oqilni ahmoqdan ajratish uchun ayni ana shu fazilat va illatlarning mavjudligi ularning darajasini hisobga olish, baholash imkonini beradi. Jahon falsafasidagi inkorni inkor etish formulasi ana shu yerda oʻz yechimini topadi. Boshqacha qilib aytganda, bu yovuzlikka nisbatan yovuz boʻlish, yomonlikka qaqshatqich zarba berish, butun choralar bilan ezgulikka intilish gʻoyasining oʻzginasidir.

Oʻta murakkab dramatik holat, ruhiy qiynoq va maʼnaviy iztirob namunasi bu. Insonning yaxshi va ayni paytda yovuz boʻlishi bu balki ezgulik yoʻlida irodani charxlash, eʼtiqodni sinovdan oʻtkazish, iymon darajasini baholash, matonat tuygʻusini namoyon qilish imkoniyatidir. Shunday boʻlishi ham kerak. Zotan, nafrati kuchli odamning muhabbati ham kuchli boʻladi. Intellektual salohiyati yuqori boʻlgan, hissiyotdan koʻra aql bilan ish tutadigan, oʻta qatʼiyatli, intizomni yaxshi koʻradigan, faqat aniq xulosalarga suyanib ish tutadigan odamlar baʼzan kimlargadir shafqatsiz, yovuz boʻlib koʻrinishi mumkin.

“Kuchingiz yetmagan ishlarni qilmang, imkoniyatingizdan tashqaridagi narsalarni orzu qilmang. Taʼma qilmang. Oʻz aqlingiz doirasida hayotingizni quring. Aks holda, bemaʼni aldam-qaldamlar girdobiga tushib qolasiz”. Bu hayot tajribasi, ming yillar mobaynida inson koʻpdan-koʻp marta koʻrgan va isbot talab etmaydigan haqiqat. Ana shundan kelib chiqib, Nitshe: “Bunda ayniqsa, ehtiyot boʻlingiz, o, oliy odamlar! Zero, bugun men uchun haqgoʻylikdan qimmatroq va noyobroq narsa yoʻq.

“Bugun” deganimiz olomonga tegishli emasmikin? Ammo olomon bilmas nima ulugʻ, nima kichik, nima toʻgʻri va nima haqqoniy: olomon soddaligi bois koʻngli egri, u doim yolgʻon gapiradi” (287-bet).

Inson psixologiyasi shunday. Qayerda ojizlik boʻlsa, yolgʻon oʻsha yerda boʻladi. Qayerda soddalik, maʼrifatsizlik boʻlsa, oʻsha yerda munofiqlik yuz beradi. Insonni ulugʻlaydigan, sharaflaydigan oʻlchov, mezon – maʼrifatdir. Donishmandlarning “Maʼrifatli kishi shijoatli boʻlur”, degan fikri ana shu yerda oʻz isbotini topadi.

Umuman olganda, Nitshe falsafasida baʼzan insonga nisbatan nafrat tuygʻusi koʻzga tashlanadi. Inson fenomenini oʻrgangan ayrim donishmandlar uning salbiy jihatlarini alohida boʻrttirib koʻrsatishgan. Amerikalik buyuk yozuvchi Jek London: “Inson bebaho maxluqlarning eng oxirgisidir”, degan edi. Mashhur rus faylasufi V. Klyuchevskiy esa: “Inson – dunyodagi eng buyuk hayvondir”, degan. Biroq, ularda nafrat tuygʻusi yoʻq. Insonning mavjudot sifatidagi mohiyatidan kelib chiqqan xulosalar, xolos, bu.

Aʼlo odam jamiyat mohiyatini, hayot mazmunini, chuqur tushunadi. Uning qarashlari esa, jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy qiyofasini oʻzida mujassam etadi. Biroq u ham nuqsonlardan xoli emas. Aʼlo odam ham eng avvalo odam! Unga butun fazilatlariyu nuqsonlari bilan birga, yaxlit holda qarash kerak boʻladi. Nitshe nazdidagi aʼlo odam obrazi esa benuqson, mukammal. Balki u oʻz gʻoyalarini yetarli darajada yetkazish uchungina timsol sifatida aʼlo odamni idellashtirgandir. Yana kim biladi?

Nitshe falsafasida hokimiyat tushunchasi ustuvorlik qiladi. Undagi “oliy odam” obrazi “kuchli shaxs timsoli”, u taʼsir oʻtkazuvchi, boʻysundiruvchi va safarbar etuvchi kuch. Nitshe hayot tushunchasini sharhlar ekan, daraxt va oʻsimliklarni misol keltiradi va “Oʻrmonning dastlabki daraxtlari nima uchun bir-birlari bilan kurashadilar?… hokimiyat uchun!” deydi Nitshe. U “iroda va kuch uygʻunligida hayot mohiyati”ni koʻradi[4]. Uning falsafasida hokimiyatga yuqori darajada intilish tuygʻusi ustuvorlik qiladi. Buni “Hokimiyatga intilish” kitobi misolida yaqqol koʻrish mumkin. Oliy odam (sverxchelovek) boshqaruvchi, yoʻnaltiruvchi, jamoaga oʻzining taʼsirini oʻtkazuvchi shaxs. U mahalla yo qishloq boʻladimi, shahar yo tuman boʻladimi, tashkilot yo muassasa, uning ahamiyati yoʻq. Uning boshqaruvchisi oʻz hududida oliy odam toifasiga kiradi.

Ulugʻ alloma ruhiyat kishisi. U qalb va tuygʻu orqali hayot falsafasini yaratadi. Umuman olganda, Nitshe jahon falsafiy tafakkuriga hayot falsafasi tushunchasini olib kirgan va uni mumtoz ilmiy-nazariy asoslarini yaratgan. Nitshe hayot falsafasini tushunishda sanʼatning roli va mavqei baland, deydi. Shuning uchun u estetik tafakkur, olamni badiiy-estetik oʻrganish, insonning intuitiv imkoniyatlari hayotni anglash tayanchi ekanini alohida taʼkidlaydi.

Nitshening yana bir gʻayritabiiy gʻoyalaridan biri Xudosizlik. Toʻgʻridan-toʻgʻri “Xudo oʻldi”, deydi. Bu dahriy, dinsiz, eʼtiqodsiz odamning gapi. Nitsheni bu toifaga kiritish ham hozircha munozarali. Albatta, bunda oʻzini oqlaydigan jihatlar ham bor. Ibtidoiy odamlar turli narsalarga topinishgan. Tabiat hodisalariga, quyoshga, hayvonlarga, daraxtlar va boshqa jismlarga sigʻinishgan. Uni Xudo deb bilishgan va tan olishgan. Balki Nitshe ana shu eʼtiqodlar va taqvolar xilma-xilligiga barham berib, zardushtiylikning yakkaxudolik gʻoyasini qoʻllab-quvvatlagandir.

Nitshe “Xudo oʻldi” iborasini birinchi marta “Zardusht tavallosi”ni yozmasidan oldin, 1882 yili nashr etilgan “Quvnoq fan” asarida ishlatdi. Kitob uslubi, inson va hayot muammolarining falsafiy yechimlari jihatidan alohida ajralib turadi. U beshta kitobdan va 383 parchadan iborat. Unda Nitshe yovuzlikning mohiyati, sanʼat va tabiat oʻrtasidagi bogʻliqlik, mantiq qonuniyatlari asosida olamni tartibga solib turadigan, uning muvozanatini saqlaydigan Ilohiy kuch toʻgʻrisidagi oʻta jiddiy gʻoyalarini ilgari suradi va oʻzining mashhur, ayni paytda munozarali iborasini ishlatadi.

Nitshening “Xudo oʻldi” iborasi dunyo faylasuflari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganilmoqda. Biroq hali hamon uning toʻliq yechimi topilgan emas. Ushbu ibora haqida fikr yuritar ekanmiz, allomaning “Quvnoq fan” kitobining “Telba” nomli 125 qismiga eʼtibor berishga toʻgʻri keladi. Telba kunning oʻrtasida qoʻlida yonib turgan chiroqni koʻtarib, koʻchada bor ovozi bilan: “Xudoni qidiryapman! Xudoni qidiryapman!” deb baqirib yuradi. Maydonda bir guruh odamlar suhbatlashib turganini koʻrib, ularning oldiga boradi. Telbaning gaplarini eshitganlardan biri: “Nima, U yoʻqoldimi?” deydi. “Butazorga yashirindi”, deydi boshqasi. Yana biri: “Balki bizdan qoʻrqqandir”, desa, boshqasi: “Suvga choʻkib ketdi”, deb telbani mazax qilishadi. Shunda telba shiddat bilan ularning orasiga kirib, koʻzlarini chaqchaytirib, “Qayoqqa yoʻqoldi Xudo?! Hozir men sizlarga aytaman! Biz Uni oʻldirdik – siz va men! Biz hammamiz Xudoning qotilimiz! Ana shunaqa, biz uning qotilimiz!” deydi. Xoxolab turgan odamlar birdaniga esankirab qolishadi. Shu topda ular telbaning esi pastligiga ham, oʻta aqlliligiga ham ishonishmasdi. Oʻzlarini yoʻqotib qoʻygan, qandaydir mavhum, iztirobli holatga tushgan odamlar hayrat bilan qarashardi. U esa soʻzini davom ettirib: “Ha, Uni biz oʻldirdik! Butun olam, biz hammamiz pichogʻimizdan sachragan qonlarga boʻyaldik. Bu qonni kim artadi? Uni qanday suv bilan yuvamiz?” deb tinmay gapirardi. Gʻazab bilan qoʻlidagi chiroqni yerga uradi. Chiroq chil-chil sinib, olovi oʻchadi va xoʻrsiniq, mungli ovozda: “Men dunyoga ancha vaqtli keldim. Hali mening davrim kelmagan. Hayratli va havas qilgulik voqealar hamon yoʻlda. U hali insoniyatga yetib kelmagan!..” deydi.

Bu bilan Nitshe, birinchidan, insoniyat hali barkamol emas. U hali tarbiyaga ehtiyoj sezmoqda. Odamlarda Eʼtiqod, Adolat, Haqiqat tuygʻulari zaif. Aksincha, razolat, qabohat, munofiqlik va eʼtiqodsizlik inson qonida koʻpirmoqda, demoqchi. Ikkinchidan, telba voqeasi Nitshe falsafasidagi oliy odam tushunchasining oʻziga xos, betakror ifodasi. Bu gʻoyatda ogʻir, iztirobli ruhiy holat. Kishini chuqur oʻylashga, fikrlashga daʼvat etadigan, inson haqidagi tasavvurlarni ostin-ustun qiladigan, qalbingni larzaga solib, hissiy boʻhronlar va ruhiy toʻfonlar uygʻotadigan dramatizm. Balki fojeadir!

“Xudo oʻldi!” deyishning oʻzi qanchalar ogʻir. Biroq Xudo bilan bandasi, Oliy xilqat bilan insoniyat oʻrtasidagi masofa odamlarning cheklangan dunyoqarashi, murakkab feʼl-atvori, sust eʼtiqodi, notoʻkis axloqiy va maʼnaviy darajasi tufayli ancha uzoqlashib ketmayaptimikan? Umuman olganda, telba qanday odam? U Nitshe tasavvurida rostdan ham aqli zaif odammi? Balki bunday emasdir. Chunki u jamiyatdan, atrofdagi odamlardan nafratlanyapti. Oliy haqiqatni izlayapti. Uni yoʻqotib, aniqrogʻi, uni unutib qoʻyishdan iztirob chekyapti. Buning uchun hammamizni aybdor deb hisoblayapti.

Aslini olganda, Nitshening Xudoga munosabati uning eʼtiqodsizligi, xudosizligi yoki dinsizligidan emas. Uning uchun ilohiyot va ayni Xudo olamni oliy darajada idrok etish, inson tasavvuridan tashqaridagi va fantastik xayolotdagi butkul mukammal, barkamol inson va mutlaq adolatli, kishilik jamiyati haqidagi orzu-armonining timsolidir. Ayni paytda bu ideal jamiyat, ideal shaxs haqidagi yunon, arab, xitoy va, umuman, Sharq falsafasining nitsheyona ifodasi deyishimiz mumkin.

Oliy Haqiqat, olam sarvari – Alloh Nitshening nazarida barcha ezguliklar va fazilatlarning ramzi, himoyachisi va ifodasi. Telba esa bandalarining iymon-eʼtiqod, burch va masʼuliyat, yaratuvchanlik va baxtli hayot orzusining timsoli. U oʻz eʼtiqodidan, bilganidan qaytmaydi, nimani oʻylasa, shuni gapiradi. Uni isbot qilib ham oʻtirmaydi. Unga buning qizigʻi ham, ahamiyati ham yoʻq. U oʻylaganini aytdi-qoʻydi. Uning fikri esa inson va jamiyat mohiyatini oʻzida mujassam etadi. Natijada oliy odam va ideal jamiyat gʻoyasi bilan singib ketadi.

Nitshe falsafiy tafakkuridagi “Xudo” atoqli olim Martin Xaydegger xulosalariga koʻra yaxlit olamni, inson tasavvuriga sigʻmaydigan, uning aql-idrokidan tashqaridagi cheksizlikni tushuntiradigan vosita. Xudo – eng oliy gʻoyalar, ideallar timsoli, barkamol obrazi[5].

Xulosa qilib aytish mumkinki, Nitshe Sharq falsafasining katta bilimdoni. Sharq tafakkur tarzini chuqur oʻrgangan, unga eʼtiqod bilan qaragan va keng targʻib etgan dunyoviy allomalardan biri. Uning har bir asari oʻz davrida ham, hozir ham hayratomuz gʻoyalari, keskin farq qiluvchi yondashuvlari va betakror ifoda usuli bilan jahon jamoatchiligi diqqatini oʻziga tortmoqda. “Zardusht tavallosi” kitobi esa, ana shu hayratomuz ilmiy-ijodiy faoliyatning choʻqqisi hisoblanadi.

 

Narzulla JOʻRAYEV

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6


 

[1]  Qarang. Nitshe. “Zardusht tavallosi”. T.; “Yangi asr avlodi”. 2007. Iqtiboslar shu kitobdan olingan, faqat beti koʻrsatiladi. 

[2] Komilov N. Tasavvuf. 2-kitob, Gʻ.Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat hamda  “Oʻzbekiston” nashriyotlari. T., 1999, 149-bet.     

[3] Yaspers K. Smiʼsl i naznacheniye istorii. M., «Respublika», 1994.        

[4] Qarang. Spirkin A.G. Filosofiya. M.; Gardariki. 2007. str.165.         

[5] Qarang. A.Spirkin A.G. “Filosofiya. M.; Gardarini. 2007. str.-167.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/tavallodan-munojotgacha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x