Iyun oyida tugʻilgan madaniyat va sanʼat namoyandalari

1 iyun

 

1804 yil, Mixail Glinka, rossiyalik bastakor, milliy Opera maktabining asoschisi. “Ruslan va Lyudmila”, “Venetsiya tuni”, “Shubha”, “Tungi zefir”, “Meri”, “Adel”, “Yoʻl-yoʻlakay qoʻshiq” kabi romans va qoʻshiqlari, “Vals-fantaziya”, alt va fortepiano uchun sonatalar, “Somnambula”, “Kapuletti va Montekkilar” singari asarlar muallifi.

 

2 iyun

 

1857 yil, Karl Adolf Gyellerup, daniyalik yozuvchi va dramaturg. “Idealist” asari adibning ilk romanidir. Uning “Brunxild” sheʼriy dramasi eʼtiborga molik topilgan dastlabki asarlaridan biridir. Adib “Xagbard va Signe”, “Minna” ishqiy romanlari, “Mening sevgim kitobi” deb nomlangan sheʼriy toʻplami, shuningdek, “German Bandel”, “Vutorn”, “Janobi oliylari” dramalari bilan nom qozongan. “Vutorn” dramasi Kopengagendagi Dagmar teatrida yuz martadan ortiqroq oʻynalgan. “Serqirra sheʼriy ijodi va yuksak ideallari uchun” 1917 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

 

4 iyun

 

1848 yil, Gogen Pol Ejen Anri, fransuz rassomi, posimpressionizmning yirik vakili. U “Arldagi qahvaxona”, “Rashk qilasanmi?”, “Taiti pastorali”, “Qirolning xotini”, “Meva terimi” singari asarlarida inson va tabiat uygʻunligini ifodalagan. Musavvirning ijodiga xos boʻlgan joʻshqin rang, bezak va mahobatlilik XX asrda yashagan rassomlarning ijodiy izlanishlariga taʼsir koʻrsatdi.

 

5 iyun

 

1898 yil, Federiko Garsia Lorka, ispaniyalik shoir, dramaturg, musiqachi, shuningdek, rassom sifatida ham shuhrat topgan serqirra ijodkor. XX asr madaniyati rivojiga katta hissa qoʻshgan. U “Zulmat sevgi haqida sonetlar”, “Loʻli romanserosi”, “Salvador Daliga madhiya” kabi sheʼriy kitoblari, “Besh yil oʻtganda”, “Omma”, “Mariana Pineda”, “Qonli toʻy”, “Bernard Albaning uyi”, “Don Perlimplinning muhabbati” singari pyesalari bilan nom qozongan. 2003 yilda Granada shahrida Federiko Garsia Lorka nomli xalqaro sheʼriyat mukofoti taʼsis etilgan.

 

6 iyun

 

1599 yil, Diyego Velaskes, ispan rassomi. “Silva Velaskes”, “Graf Olivares”, “Filipp IV”, “Mavrlarni surgun qilish” “Shoh Filipp IVning otdagi surati”, “Shuta Kalaba-Silyas”, “Bredning topshirigʻi” singari portretlarni yaratgan.

 

1606 yil, Kornel Pyer, fransuz dramaturgi, klassitsizmning asoschilaridan biri. U “Melita”, “Beva” komediyalari va “Sid”, “Medeya”, “Goratsiya” kabi tragediyalari bilan mashhur. “Yinna yoki Avgust marhamati”, “Pompeyning oʻlimi”, “Irakliy yoki Sharq sultoni”, “Edip”, “Otton”, “Atilla – xunnlar shohi”, “Tit va Berenika” singari dramalar muallifi.

 

1799 yil, Aleksandr Sergeevich Pushkin, rus yozuvchisi, yangi rus adabiyotining asoschisi. U badiiy-ijtimoiy saviyasi yuksak sheʼrlari, “Boqchasaroy fontani”, “Loʻlilar”, “Graf Nulin”, “Poltava”, “Mis Chavandoz” kabi dostonlari, “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romani, “Boris Godunov”,”Xasis ritsar”, “Tosh mehmon”, “Motsart va Salyeri” tragediyalari bilan mashhur. “Belkin qissalari”, “Kapitan qizi” kabi nasriy asarlari ham adib ijodida alohida oʻrin tutadi.

 

1865 yil, Paul Tomas Mann, nemis adibi. “Bahorgi jala” deb nomlangan adabiy-falsafiy jurnalning tashkilotchisi. U “Tristian” hikoyalar toʻplami, “Buddenbroklar”, “Sehrli togʻ”, “Lotta Veymarda” romanlari hamda “Iosif va uning akalari” tetralogiyasini yaratgan. Adib 1929 yilda “Buddenbroklar” romani uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

 

8 iyun

 

1810 yil, Robert Shuman, nemis kompozitori, XIX asr musiqiy romantizmning namoyandasi. Uning fortepiano uchun “Simfonik etyudlar”, “Karnaval”, “Fantastik pyesalar” kabi turkumlari, shuningdek, “Fantaziya”, “Uch sonata”, konsertlari mashhur. U “Gepoyeva” operasi, J. Bayronning “Manfred” poemasiga musiqa, toʻrtta simfoniya, kamer hamda xor asarlarining muallifi. Kompozitor “Arabcha”, “Sharq manzaralari” kamer-cholgʻu, “Sharq gullaridan”, “Magʻrib-Mashriq devonidan” kamer-vokal kuylari, “Jannat va Peri” yirik oratoriyasini ham yozgan.

 

10 iyun

 

1920 yil, Said Ahmad (Husanxoʻjayev Saidahmad), Oʻzbekiston xalq yozuvchisi. “Tortiq”, “Er yurak”, “Fargʻona hikoyalari”, “Choʻl burguti”, “Choʻl oqshomlari”, “Odam va boʻron” kabi hikoyalar toʻplamlari chop etilgan. “Ufq” trilogiyasi, “Jimjitlik” romani, “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Kuyov” komediyalari adib ijodida alohida oʻrin tutadi. Bundan tashqari “Xandon pista”, “Bir oʻpich bahosi” hajviy toʻplamlari, “Yoʻqotganlarim va topganlarim”, “Qorakoʻz majnun”, “Kiprikda qolgan tong” kitoblari oʻquvchilar mehrini qozongan. 2013 yil 10 iyun kuni Toshkent shahrida Said Ahmad va uning rafiqasi shoira Saida Zunnunova xotirasiga bagʻishlangan haykal-kompozitsiya ochildi.

 

11 iyun

 

1912 yil, Muxtor Ashrafiy, Oʻzbekiston xalq artisti, oʻzbek opera sanʼati asoschisi. U “Boʻron” (K. Yashin librettosi), “Buyuk kanal” (K. Yashin va M. Rahmonov librettosi) kabi ilk oʻzbek operalarini yozgan. Uning “Qahramonlik”, “Gʻoliblarga shon-sharaflar” simfoniyalari, “Dilorom” (K. Yashin va M. Muhamedov librettosi), “Shoir qalbi” (I. Sulton librettosi) operalari, “Sevgi tumori”, “Matonat”, “Muhabbat va qilich” baletlari, “Rustam haqida doston” (“Shohnoma” asosida) oratoriyasi oʻzbek musiqa madaniyatiga katta hissa boʻlib qoʻshildi.

 

13 iyun

 

1865 yil, Uilyam Batler Yeyts, irland shoiri va dramaturgi. 1889 yilda uning ilk “Ossianning jahongashtaligi va boshqa sheʼrlar” kitobi bosmadan chiqqan. Adib “Grafinya Ketlin”, “Ketlin, Xulienning qizi” dramalarini yozgan. U umrining soʻnggi yillarida “Minora”, “Vintli zina va boshqa sheʼrlar” kitoblarini yaratgan. 1913 yilda “millat ruhini badiiy yuksak shaklda ifoda etgan ilhombaxsh sheʼriy asarlari” uchun Nobel mukofotiga sazovor boʻladi.

 

14 iyun

 

1811 yil, Garriyet Elizabet Bicher-Stou, amerikalik adiba. U “Tom togʻaning kulbasi” nomli romani bilan nom qozongan. “Orr oroli duri”, “Oldtaunsk fuqarolari”, “Ledi Bayronni oqlash”, “Xotinim va men”, “Oq-pushtirang tiraniya” kabi asarlarni yozib, mashhurlik shohsupasiga koʻtarilgan.

 

17 iyun

 

1946 yil, Javlon Umarbekov, Oʻzbekiston xalq rassomi. U “Bolalik”, “Qoʻshiq”, “Mening doʻstim”, “Tafakkurli inson”, “Men insonman”, “Hovuz boʻyida”, “Kelinchak”, “Sohibqiron Amir Temur”, “Yetti iqlim sultoni”, “Uchrashuv”, “Zahiriddin Muhammad Bobur” singari koʻplab rang-tasvir asarlar muallifi.

 

18 iyun

 

1942 yil, Jeyms Pol Makkartni, britaniyalik musiqachi, honanda, bastakor, multiinstrumentalist va prodyuser. U “Iltimos, iltimos, meni”, “Kecha”, “Uayt orolidagi Rayd shaharchasi”, “Men uni shu yerda koʻrdim” qoʻshiqlari bilan shuhrat qozongan.

 

25 iyun

 

1882 yil, Yanka Kupala, Belorusiya xalq shoiri. Zamonaviy belorus adabiyoti asoschilaridan. Muallifning “Nay”, “Cholgʻuchi”, “Hayot yoʻlidan” sheʼriy toʻplamlari, “Mangu qoʻshiq”, “Qoʻrgʻondagi tush”, “Arslonning qabri” dostonlari mashhur. Ijodkorning “Pavlinka”, “Buzilgan uya” pyesalari belorus realistik dramaturgiyasi va milliy teatr sanʼati rivojiga samarali taʼsir koʻrsatgan.

 

26 iyun

 

1892 yil, Perl Bak, amerikalik adiba. U “Sharq shamoli, gʻarb shamoli”, “Zamin” romanlari muallifi. “Zamin”dan soʻng uning davomi sifatida ikki romani – “Oʻgʻlonlar”, “Boʻlib tashlangan uy” dunyo yuzini koʻradi va uchala asar qoʻshilib, “Zamin uyi” nomi bilan chop etiladi. Shuningdek, u “Ona”, “Quvgʻin”, “Kurashayotgan farishta”, “Hamma bir-biriga birodar” romanlarini ham yozgan. 1938 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

 

27 iyun

 

1867 yil, Luiji Pirandello, italiyalik adib. “Rad etilgan qiz” romani, “Muhabbatsiz ishq” hikoyalar toʻplami, “Xotima” pyesasi muallifi. “Marhum Mattia Paskal” romani unga katta omad olib keladi. “Bas, shunday boʻladi”, “Muallifni izlagan olti qahramon”, “Genrix IV” dramalari adib ijodining choʻqqisi deb tan olingan. 1934 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

 

28 iyun

 

1712 yil, Jan-Jak Russo, buyuk fransuz yozuvchisi, faylasufi, bastakor, botanik olim. “Harbiy asirlar”, “Iqror”, “Yuliya yoki Yangi hayot”, “Emil”, “Yolgʻiz xayolparastning sayri” singari ijod namunalari bilan jahonga tanilgan. “Jamoat kelishuvi borasida yoki siyosiy huquqlar prinsiplari”, “Zamonaviy musiqa haqida dissertatsiya” nomli ilmiy maqolalari omma diqqatini tortgan. “Fanlar va sanʼatlar haqida mulohazalar”, “Siyosiy shartnoma” kabi falsafiy-taʼlimiy asarlarida shaxs tarbiyasi, fikr va tuygʻular erkinligi, sanʼat va falsafaning maʼnaviyatga taʼsiri kabi masalalar chuqur yoritilgan.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6

https://saviya.uz/hayot/nigoh/iyun-oyida-tugilgan-madaniyat-va-sanat-namoyandalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x