“…Turk alfozi shoyeʼdurur”

Navoiy yashagan davrda qoʻngʻirot, jaloyir, barlos kabi bir qator boshqa qabila va urugʻlar boʻlib, ular maʼlum bir lisoniy xususiyatlarga koʻra bir-biridan farq qilardi.

Bobur “Boburnoma” asarida keltirishicha, Navoiy oʻz asarlari uchun Andijon shevasini asos qilib olgan. Bundan tashqari, Navoiy oʻz asarlarida Xuroson oʻzbeklarining dialekt va shevalaridan ham unumli foydalangan. Navoiy asarlari tili oʻzining tovush, xususan, unlilar tarkibi jihatidan hozirgi oʻzbek tilining Toshkent, Samarqand va Buxoro shevalaridan farq qilsa, Andijon, Qoʻqon va Fargʻona shevalariga juda yaqinligi tilshunos olimlar tomonidan isbotlangan.

Navoiyning tilshunoslik sohasidagi “Muhokamat ul-lugʻatayn” – “Ikki til muhokamasi” asarida esa turkiy va forsiy tillarni oʻzaro chogʻishtirib, turkiy tilning badiiy-tasviriy ifoda yaratishda forsiy tildan qolishmasligini asoslab berdi.

Navoiy bu asarida birgina – chi qoʻshimchasi orqali turkiy tilda yo mansabning, yo hunarning, yo pesha (kasb) otini yasashini aytib, ularning har birini yetarli misollar bilan isbotlaydi: mansab otlari – qoʻrchi, suvchi, xizonachi, yarogʻchi, chavgonchi; hunar otlari – qushchi, borschi, tamgʻachi; kasb otlari – jibachi, halvochi, kemachi, qoʻychi.

Bu asarda Navoiy 100 ta feʼlni keltirib, ularni tahlil qiladi. “Quvormoq”, “quruqshamoq”, “oʻngdaymoq”, “doʻsaymoq” kabi feʼllarning harakat va holatni aniqroq ifodalashini isbotlab beradi. Biron bir suyuqlikni ichish harakatini anglatuvchi “ichmoq” feʼlining turli darajalarini koʻrsatuvchi tomshimoq, sipqarmoq, simirmoq kabi bir qator feʼllarni keltirib oʻtadi.

Alisher Navoiy turkiy (oʻzbek) tilning taraqqiyoti uchun ulkan ishlar qildi. U oʻzbek tilini xazina deb bildi. Bu xazinani ilonlar va tikanlar oʻrab turganligini taʼkidladi. Navoiy eski oʻzbek adabiy tilini ana shu “ilon”lardan va “tikan”lardan tozalab berdi.

Navoiy ona tilimizning imkoniyat va qudratiga eʼtiborsizlik bilan qarovchilarga, uni dagʻal til deb pastga uruvchilarga qarshi chiqib, ona tili uchun kurash har bir xalqning eng birinchi va muqaddas vazifasi ekanligini qayd etadi. Bu haqda “Hayrat ul-abror” dostonida shunday yozadi:

 

Sanga ancha haq lutf voqeʼdurur,

Ki to turk alfozi shoyeʼdurur.

Bu til birla to nazm erur xalq ishi,

Yaqin qilmamish xalq saningdek kishi.

 

Oʻz ona tiliga bu qadarlik ixlos va muhabbatni buyuk bobokalonimizdan oʻrganish bizning muqaddas burchimizdir.

 

Mavluda ISLOMOVA,

SamDU qoshidagi 2-son akademik litsey ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/turk-alfozi-shoyedurur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x