Daryolarning guvlashi mangu

(Janubiy Afrika Respublikasi sheʼriyati haqida)

 

Janubiy Afrika Respublikasi – Afrika qitʼasining janubiy qismidagi davlat boʻlib, shimoldan Namibiya, Botsvana, Zimbabve bilan, shimoli-sharqdan Mozambik, Svazilend bilan chegaradoshdir. Maydoni 1,2 million kvadrat kilometr. Respublikaning janub tomonlarini yassitogʻlar egallagan. Togʻlarning sharq tomonlarini Ajdartogʻ, janubini Kaptogʻ deydilar. Aholisi, 2010 yil maʼlumotiga koʻra, 49,9 million kishi, nufusi jihatdan jahonda 26-oʻrinda turadi. Shundan zanjilar 79,4, oqlar 9,2, duragaylar 8,8, hindular va osiyoliklar 2,6 foizni tashkil qiladi. Afrikans, ingliz, janubiy ndebele, kosa, zulu, shimoliy soto, sesoto, tsvana, svazi, venda, tsonga deb nomlanuvchi 11 ta til davlat tillari hisoblanadi. Shuning uchun ham Janubiy Afrika Respublikasini koʻpincha “kamalak respublikasi” deb ataydilar. Respublika hududi ichida mustaqil Lesoto davlati bor.

Janubiy Afrikada eng oldin bushmenlar va gottentot (koy-koy)lar degan qadimiy zanji qabilalari yashar edi. 1652 yilda Niderlandiya savdogarlari bosib olib, Kap Mustamlakasini tashkil qildilar. Bu orada bu yerlarga fransuz va nemis savdogarlari ham oqib kirdi. Ularning va zanjilarning tillari aralash-quralash boʻlib, bir-birlariga har xil soʻzlar kira-kira birmuncha vaqt oʻtgandan keyin afrikanlar yoki burlar degan rasmiy til yuzaga keldi.

1806 yilda Buyuk Britaniya Kap Mustamlakasiga bostirib kirdi.

Afrikanlar bir qancha yerlarni inglizlarga qoldirdilar. Har qaysilari oʻz hududlarida savdo ishlarini baravar yurgizaverdilar. Ammo savdo manfaatlari ular oʻrtasida nizo chiqaravergach, oxiri 1899–1902 yillarda afrikan (bur) – ingliz urushlari boshlanib ketdi. Urushda inglizlar burlarning joylarini tortib olgan boʻlsalar-da, nizolar tinchimadi. 1910 yilda ikkala tomon bir bitimga kelib, birlashgan Janubiy Afrika Ittifoqini tuzdilar. Bu Ittifoq mamlakatda irqiy kamsitish siyosatini oʻrnatdi. Ayniqsa, 1948 yilda aparteid idora usuli joriy qilingach, koʻpchilikni tashkil etuvchi qoratanlilar va ozchilik oqtanlilar oʻrtasida juda uzoq davom etgan qonli janglar yuz berdi. Afrika Milliy Kongressining yetakchilari Stiv Biko va Nelson Mandela hamda arxiyepiskop Desmond Tutu olib borayotgan bu qattiq kurashlarga keyinroq oqlar, duragaylar va hindulardan tarqagan janubiy afrikaliklar ham qoʻshilib ketdi. Aparteidning yemirilishida jahondagi boshqa mamlakatlarning oʻtkazgan bosimlari ham katta rol oʻynadi. Nihoyat Janubiy Afrika Ittifoqi tarqatilib, 1961 yilda Janubiy Afrika Respublikasi tuzildi. Bu eng katta gʻalaba edi, ammo aparteidni taqiqlovchi qonun qabul qilingan boʻlsa ham, uning taʼsirlari darhol tugamadi, oqlar va zanjilar oʻrtasidagi kurash davom etdi. Bu hol Afrika adabiyotida (proza, poeziya, dramaturgiya va publitsistikada) aks etmay qolishi mumkin emasdi.

Dastlab ovrupoliklarning oʻz adabiyotida – afrikaans va ingliz tillaridagi adabiyotda zanjilarning haq-huquqlarini himoya qiluvchi asarlar vujudga kelgandi. Masalan, M. Brinka, F. Reys, D’Arbe, S. Dyu Tua kabi yozuvchi, shoir, publitsistlarning kitoblarini koʻrsatish mumkin. Soʻngra ingliz tilli shoir Kern Sleytor “Choʻldan oʻtgan izlar” (1905), “Karu va boshqa sheʼrlar” (1924), “Johil odamlar” (1935) nomli sheʼr toʻplamlarida vatandoshlarining irqiy siyosati nomaʼqulligini ochiq ifodalagan edi.

XIX asr soʻngi va XX asr boshlarida mahalliy zulu, kosa, soto, tsvana tillarida yozish uchun lotin alifbosi asosidagi yozuv joriy qilingach, tub yerli shoirlar borliqni badiiy idrok qilish va oʻzlashtirishga kirishdilar. Shu tariqa Ovrupo va Afrika shoirlarining birgalikdagi realistik sheʼriyati barpo boʻlib, Janubiy Afrikada hamon barham topmagan irqiy kamsitish, ijtimoiy-siyosiy tengsizlik, erksizlik mavzularida oʻz jangovar sheʼrlarini yaratmoqdalar.

 

Miraziz AʼZAM

https://saviya.uz/hayot/nigoh/daryolarning-guvlashi-mangu/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x