Qalb ilmi egasi

Mavjudotlarning eng mukammali, sharifi sanalgan, boshqa biror maxluqqa ato etilmagan aql va idrok, ong va til sohibi boʻlmish insoniyat tomonidan XX asrda bir emas, ikkita jahon urushi sodir etildi. Bu shafqatsiz muhorabalarda umumiy hisobda 80 milliondan ortiqroq aynan shu “mukammal, sharif zot” vakillari oʻz qavmdoshlari tomonidan ayovsiz mahv etildi. 1914 yilda boshlangan 1-jahon urushi vahshatlarini oʻz koʻzi bilan koʻrgan oʻspirin Erix Fromm:”Shu narsa mumkinmi? Alohida soʻralsa, birorta odam yaqiniga yoʻlamaydigan, demakki, hech qachon oʻzini qurbon qilmaydigan qandaydir xayoliy maqsadlar yoki siyosiy mulohaza-manfaatlar uchun millionlab odamlar bir-birini oʻldirishi… Yaʼni ham siyosiy, ham psixologik nuqtai nazardan urushni qanday izohlash mumkin? Odamni qanday kuch boshqarayapti oʻzi?” deya dahshatga tushgan edi.

Nazarimizda, ana shu ikki urush, undan keyin esa uzoq muddat hukm surgan “sovuq urush” tahlikalari XX asr falsafasi odam va olam toʻgʻrisidagi qarashlarning tabiatini, ilmiy-ijodiy izlanishlarning ustuvor yoʻnalishi va mohiyatini belgilab berdi. Xuddi shu voqeliklar Gʻarb dunyosi fani, adabiyoti va sanʼatida “absurdizm” oqimining keng yoyilishiga, insonning “abadiy yolgʻizligi”, “laʼnatlangani”, “oʻzidan begonalashuvi” toʻgʻrisidagi tushkun mulohazalarning, hatto (astagʻfirulloh!) “Xudo oʻldi” degan qarashlarning urchishiga ham kuchli turtki boʻldi. Bu tendensiyalar XX asrda yashab ijod etgan Gʻarb jamiyatshunoslari, siyosatshunoslari, estetlari, axloqshunoslari, yozuvchi va adabiyotshunoslari, faylasuflari yaratgan asarlar nomiga-da qizamiqday qalqib chiqdi: “Yevropa shomi” (O. Shpengler), “Ijodkor masʼuliyati” (J. Mariten), “Goʻrkov” (G. K. Chesterton), “Sanʼat degumanizatsiyasi” (Ortega-i-Gasset), “Sanʼatning oʻlimi” (V. Veydle), “Kelajak bilan toʻqnashuv” (O. Toffler), “Sivilizatsiyalar toʻqnashuvi” (S. Xantington), “Gʻarbga qarshi isyon” (X. Bull), “Gʻarbning oʻlimi” (P. Byukenen) va boshqalar.

…Ota-bobolari yahudiy dinining otashin targʻibotchilari – ravvinlar boʻlgan yosh Erix ham Frommlar oilasi anʼanasiga sodiq qolib, shu yoʻlni davom ettirishi, umrini ruhoniylik va savdogarlikka baxsh etishi lozim edi. U oʻzi tugʻilib oʻsgan muhit, Bavariyada kichkinagina doʻkoni boʻlgan bobosi toʻgʻrisida, jumladan, shunday hikoya qilgandi: “Bobom umrini kun boʻyi doʻkonda oʻtirib, Talmud mutolaasi bilan oʻtkazardi. Agar xaridor kelib bezovta qilsa, jahl ila kitobdan bosh koʻtarib: “Nima, atrofda boshqa doʻkon qurib qoptimi?” deya norozi boʻlardi…”

E. Fromm XX asr tongida – 1900 yilning 23 martida Germaniyaning Mayndagi Frankfurt shahrida, aytilganidek, xudojoʻy yahudiylar oilasida dunyoga kelgan. U avval Frankfurt, keyin esa zamonasining taniqli faylasuflari Maks Veber hamda Karl Yasperslar dars bergan Haydelberg universitetlarida tahsil oladi. 22 yoshida Alfred Veber rahbarligida yozgan dissertatsiyasi uchun falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻladi. Oʻz izlanishlarini mustaqil davom ettirgan E. Fromm, Berlindagi psixoanaliz intitutiga ishga kirib, oʻsha davrda hammaning eʼtiborini oʻziga jalb etgan freydizm taʼlimotini chuqur oʻrganadi, amaliyotda sinovdan oʻtkazadi. Mana shu tajribalar asnosida u Zigmund Freyd nazariyasi ham bequsur emasligi, jumladan, insonda yuz beradigan ruhiy evrilishlar, aynishlar faqat tabiiy-tugʻma omillar, instinktlar natijasi boʻlmasligi haqidagi xulosalarga keladi.

1930 yildan Fromm Frankfurtdagi ijtimoiy tadqiqotlar institutiga joylashadi hamda M. Xorkxaymer, T. Adorno, G. Markuze singari zamonasining taniqli olimlari bilan birgalikda keyinchalik “Frankfurt maktabi” nomini olgan mashhur ilmiy toʻgarakning faol aʼzosiga aylanadi. 1933 yilda Germaniyada hokimiyat tepasiga Adolf Gitler boshchiligidagi millatchi sotsialistlar (natsistlar) kelgach, Frankfurt instituti AQSHga koʻchishga majbur boʻladi. Nyu-Yorkda olib borilgan “Obroʻ-eʼtibor va oila” nomli dasturiy izlanishlar natijasida 1941 yilda E. Frommning “Erkinlikdan qochish” nomli dastlabki kitobi dunyo yuzini koʻradi.

Shuni taʼkidlash kerakki, barcha isteʼdodli olimlar singari, E. Fromm ham oʻziga qadar va hatto yon-atrofida izlanish olib borayotgan safdosh olimlarning aksariyat qarashlari bilan kelishmagan, uning iqtidori ilmda yangi yoʻnalish kashf etishga daʼvat etgan. E. Fromm 40-yillarga kelib Frankfurt maktabidan yiroqlashadi, individual tarzda ilmiy izlanishlarga, oʻqituvchilik va jamoat faoliyatiga beriladi. Koʻpdan-koʻp mijozlari bilan olib borgan ruhiy tahlillari olimni zamonaviy jamiyatda koʻpayib-kuchayib borayotgan ruhiy xastaliklar – nevrozlar faqat biologik sababga emas, balki chuqur ijtimoiy ildizlarga borib taqalishi toʻgʻrisidagi xulosaga olib keladi.

Darhaqiqat, Frommning ilk ustozlaridan biri Zigmund Freyd insonni oʻziga xos yopiq tizim (“narsa oʻzida”) deb hisoblagan, uning aksariyat harakatlari biologik asoslardan turtki olishi toʻgʻrisidagi taʼlimotni olgʻa surgandi. E. Fromm esa tabiiy instinktlar bilan birga, ijtimoiy-tarixiy omillar odam bolasi ruhiyatida muhim oʻrin tutishini isbotlab berdi. Uningcha, inson tadqiqida shaxsning dunyoga, boshqa kishilarga, tabiatga va eng asosiysi – oʻziga boʻlgan munosabatini oʻrganish bosh masala hisoblanadi. Agar Z. Freyd odam tabiati azaldanoq buzilgan, aynigan, uning aksariyat intilishlari shaxsiy-shahvoniy lazzatga erishish, tabiiy istaklarni qondirishga yoʻnalgan boʻladi, deb hisoblasa, E. Fromm inson oʻzining biologik, hissiy istaklar qobigʻini yorib chiqib, ongli umrini haqiqat va adolatni izlash, erkinlik va mukammallik sari intilishga bagʻishlashi zarurligi toʻgʻrisida gapiradi. Zero, inson tashqi muhitning oʻzgarishiga befarq boʻlishi, unga mos tarzda oʻzi ham oʻzgarmasligi mumkin emas. (Bu gapning “buqalamunlik”ka hech qanday aloqasi yoʻqligini taʼkidlab oʻtirishimiz shart boʻlmasa kerak.) Olimlar, shu maʼnoda, E. Frommning insonshunoslik ilmi oldidagi xizmatlarini uning psixoanaliz faniga gumanistik ruh baxsh etganida ham, deb bilishadi.

1949 yildan to 1969 yilgacha E. Fromm Meksikada yashaydi, shu yerda ilmiy izlanishlarini davom ettiradi. Xuddi shu yillari u oʻzi umrguzaronlik qilayotgan yangi zamon tabiatini, oʻtmishda oʻtkazilgan va oʻsha yillari hayotga tatbiq etilayotgan turli ijtimoiy dasturlar, millionlar taqdiri ustida kechayotgan siyosiy-mafkuraviy eksperimentlar mohiyatini chuqur oʻrganish, ularni oʻzaro solishtirish, umumiy xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega boʻladi. Ayni davrda yozgan “Sogʻlom jamiyat” asarida kapitalistik tuzumning salbiy jihatlarini koʻplab misol va dalillar asosida ishonarli tanqid qiladi.

Erix Fromm totalitar jamiyat tabiati, uni tarix sahnasiga olib chiquvchi omillar, harakatga keltiruvchi mexanizmlar toʻgʻrisida ham chuqur tahlillar olib borgan. Uning ishlarida nafaqat fashistik rejim, balki kazarmacha sotsializm tuzumi, bu tarixiy aynishlar omma psixologiyasida paydo qilgan oʻta salbiy evrilishlar keng yoritilgandi. Demak, u “juvonmarg odam”ga (A. Oripov) nedir farishtadek yondashish tamoyilidan ham mutlaqo yiroq boʻlgan. Faylasuf inson bolasiga xos boʻlgan ayanchli qusurlar, tabiiy va ijtimoiy illatlar ildiziga tik qarashdan, odamdagi egoizm, egotsentrizm, “narsissizm” (“oʻz-oʻziga mahliyolik”), ustozi Z. Freyd kashf etgan “Edip kompleksi”, biofiliya (“hayotsevarlik”)ning ziddi boʻlgan nekrofiliya (“oʻlimsevarlik”) singari koʻpdan-koʻp ruhiy ogʻishlar kasofatini shafqatsiz analiz qilishdan choʻchimaydi. Bu jihatdan uning “Inson qalbi”, “Adolf Gitler: nekrofiliyaning klinik koʻrinishi”, “Illyuziyalar qurshovida” singari asarlari, ayniqsa, eʼtiborlidir.

E. Fromm, yana koʻpchilik olimlardan farq qilaroq, faqat nazariy masalalar bilan cheklanib qolmagan, balki ijtimoiy-siyosiy hayotga faol aralashgan. Jumladan, u jamiyatning turli qatlamlari qarshisida ommabop tilda maʼruzalar qilar, namoyishlarda qatnashardi, hatto 1962 yilda qurolsizlanish boʻyicha Moskvada oʻtgan xalqaro konferensiyada kuzatuvchi sifatida ishtirok etgandi.

1968 yilda olimning yuragi birinchi marta kuchli xuruj qiladi va uzoq davolanishdan soʻng u 1969 yilda Shveysariyaga koʻchib keladi. Umrining qolgan qismini E. Fromm mana shu yurtda oʻtkazgan.

Afsuski, 1977 yilda – oʻzining “Ega boʻlish yoki mavjud boʻlish” asarini yozib tugatganidan soʻng faylasuf ikkinchi, yana bir yildan keyin esa uchinchi infarktni ham boshdan kechiradi. Nihoyat, 1980 yilning 18 mart kuni – sakson yoshga kirishiga 5 kun qolganida, E. Fromm dunyodan koʻz yumdi.

Erix Frommning jahon psixonaliz faniga, umuman, olam va odam toʻgʻrisidagi falsafiy ilmga qoʻshgan hissasi shu qadar koʻp qirraliki, hozir ularning barchasiga toʻxtab oʻtish imkondan tashqaridagi ish, albatta. U kitoblarining birida: “Inson oʻzining mavjudligi oʻzi uchun muammo boʻlgan olamdagi yagona maxluqdir: u bu muammoni yechmogʻi lozim, bundan hech qayerga qochib qutila olmaydi”, degandi. Faylasufdan qolgan katta ilmiy-ijodiy meros ana shu ulkan muammoni yechish yoʻlidagi jiddiy urinishlardan hisoblanadiki, uni idrok etish omma maʼrifatini yuksaltirishga ham beminnat xizmat qilishi tayin.

 

Rahmon QOʻChQOR,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3

https://saviya.uz/hayot/nigoh/qalb-ilmi-egasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x