Tirik togʻlar

Oqtov etagidagi qishloqlarda qish qattiq keladi. Qor kurab, qoʻlimiz toladi. Tungi boʻron bola yuragimizga qoʻrquv soladi. Shunday kunlarda qishloqqa boʻri oralaydi, deb eshitganman. Mish-mishlarga koʻra, kimningdir qoʻyini boʻgʻizlab ketibdi, palonchiga hujum qilibdi…

Uch qir naridagi qoʻshni qishloq maktabining birinchi sinfiga qatnay boshlaganimda boʻrilar haqida koʻp oʻylaydigan boʻlib qoldim. Qorli kunlarda ular meni poylab turgandek, ovloqda hamla qiladigandek goʻyo.

Otamdan boʻrilar haqida soʻrayman.

– Hozir togʻda boʻri qolmagan. Bir-ikkitasi boʻlsa ham qorni toʻq. Qishloqqa tushmaydi, – deydi otam qoʻrquvimni sezib. Jim uxlab qolaman.

Birinchi soat oʻqish darsi. Unda Vatanimiz haqida gapirib berishimiz kerak. U bizning qishlogʻimiz, qir-adirlar, bahorda toʻlib oquvchi soy, soʻqmoqlari baland choʻqqilarga eltuvchi buyuk togʻ…

– Bizning togʻda boʻrilar bormi? Boʻrini koʻrganmisiz? – soʻrayman Safar muallimdan. Hamma jimlanadi. Sinf sovuq, yonimdagi doʻstim quruq yoʻtalib, jundan toʻqilgan sharfining oʻramini toʻgʻrilaydi.

– Ancha yillar boʻldi, uzoqdan koʻrgan edim. Keyingi yillarda togʻdagi choʻponlar boʻrilarni otib tashladi. Hozir ularni topish amrimahol.

Savol-javob ancha davom etdi.

– Togʻdan qoʻrqmang, – dedi muallim. – Bu togʻlar tirik. Ular bizni doim qoʻllab-quvvatlab turadi, yomonlikdan asraydi.

Endi koʻnglim butkul xotirjam tortgan edi. Shu-shu birinchi oʻqituvchim Safar muallimga mehrimiz yanada ortdi…

Dunyoda hamma ilk ustozini juda hurmat qiladi.

 

* * *

Adabiyot oʻqituvchimizning boshiga belbogʻ oʻrab, egnida chopon bilan oʻt tashiyotganini koʻrib taajjubga tushganman.

“Muallim ham shunaqa ish qiladimi?”, degan oʻy kechgan bola shuurimda. Yana yillar oʻtib, bizga saboq bergan oʻqituvchilarning dalalarda ishlayotgani, hatto mardikorlik qilayotganiga ham guvoh boʻldim.

Bir kuni qishloqda oʻsha adabiyot muallimi – Farmon aka bilan uchrashib qoldik. Suhbatimiz maktab, taʼlim-tarbiya, ustoz va yoshlar haqida qoʻr oldi.

– Oʻqituvchilarga ham oson boʻlmayapti, – dedi ustoz. – Maoshimiz oila tebratishga yetmaydi. Maishiy muammolarga oʻralashib qoldik. Axir hayot faqat sheʼriy lahzalardan iborat emas-ku. Kun koʻrish ham kerak.

Oʻqituvchi ahliga qiyin damlar boʻldi. Koʻpchilik erkak oʻqituvchilar oʻzini boshqa sohaga urdi, savdogarlik qildi.

Ali muallim uyida doʻkon ochdi. Aroq, sigaretga qoʻshib benzin ham sotdi. Oʻquvchilari kelib undan narsa xarid qila boshladi. Ehtimol, darsda ham bu muallimdan benzin hidi anqib turgandir…

 

* * *

Doim poʻrim kiyinib yurguvchi Abdurahmon aka hozir nafaqada. Maktabda uzoq yillar matematikadan dars berdi.

Yaqinda, Mustaqillik bayramida domlaning uyiga bordik. Dasturxon atrofida suhbat bugungi islohotlar haqida kechdi.

– Prezidentga ming rahmat-ey, – dedi domla. – Xalq dardini tushunar ekan. Nimaki qilsa, qaror va farmon chiqarsa faqat xalq koʻnglidagini topadi. Biz-ku nafaqadamiz, lekin oʻqituvchilarning oyligini oshirib, obroʻsini tiklayotgani zab ish boʻldi-da.

Davrada yaqinda universitetni bitirib, maktabda ish boshlagan yosh oʻqituvchi doʻstimiz ham bor edi.

– Hozir ham mutaxassis yetishmaydi. Ayniqsa, chet tillari, jismoniy tarbiya, informatika kabi fanlardan oʻqituvchi yoʻq. Bu fanlarni nomutaxassis oʻqituvchilar oʻtyapti, – dedi yosh oʻqituvchi. – Maoshimiz oshganidan, bizga alohida eʼtibor qaratilayotganidan xursandmiz. Endigi vazifamiz qishloq maktablarini kadrlar bilan taʼminlash. Buning uchun oshirilgan maoshimiz hali kamlik qiladi. Oʻqituvchi koʻnglini xotirjam qilib ishlashi uchun bugungi kunda kamida 4-5 million soʻm oylik olishi kerak.

Koʻp fikr-mulohazalar bildirildi. Muhimi, bugun oʻqituvchilarimizda yana oʻz kasbiga qiziqish ortmoqda. Taʼlim berish va iqtidorli shogird yetishtirish ishtiyoqi kuchaygan.

 

* * *

Koʻngil doim bolalik sari talpinadi. Sinfdoshlar bilan chopib-chopib oʻynagan, musiqa darsida futbolni orzu qilgan dumbul chogʻlar, oʻqituvchilarimiz dilini ogʻritgan daqiqalar sogʻinchi doim hamrohimiz.

Har safar qaysi bir ustozimiz bilan uchrashsak, yurak qurgʻur ular mehriga talpinib ketadi.

…Maktabimiz oʻqituvchilari uyimizga tez-tez kelib turardi. Otamning yonida oʻtirib, ularning tongotar suhbatlarini koʻp tinglaganman. Ularga dastyor edim – choy, yana ul-bul narsalar tashib turardim.

Bir safar suhbat mavzusi oʻquvchilar haqida boʻldi. Bu oʻquvchi juda iqtidorli, unisining oʻqishga ishtiyoqi boru uyidagi muhit imkon bermaydi. Birining onasi kelib toʻpolon qilibdi. Uy vazifasini bajarmaganligi, darsda qizlarga soʻkingani uchun oʻqituvchisi bir tarsaki tushirgan ekan.

Shunda Abdusattor muallimning bir gapi hech yodimdan chiqmaydi.

– Har kimning koʻngil daryosi bor. U oqib turishi kerak. Abdunazarni nima uchun urdim? Onasi nimaga maktabga keldi? Bu oila daryolari qurib boryapti. Ularga yordam kerak. Men shuni vazifam, deb bildim. Endi boshqa urmayman. Ammo jamiyatning yuksalish tarafdori – biz-ku. Bolalarimiz yaxshi oʻqisa, deymiz-da…

Sinfdoshim Abdunazar bilan uchrashib qolsak, doim shu tarsakini eslatamiz. Kulib-kulib yodga olamiz. Doʻstimizning kelajak hayotida farovonlikka asos boʻlgan bu voqea hammamizga ham oʻrnak boʻlib kelmoqda. Uning, bizning, barchamizning qalbimizdagi hayot daryosi aziz ustozlarimiz sabogʻi bilan yanada mazmunli oqmoqda.

 

Ulugʻbek ASROROV

 

“Ijod olami”, 2018-5

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/tirik-toglar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x