Sahro oʻrtasida toʻntarilib yotgan toshbaqa

Oʻrtaliq Osiyo choʻl-sahrolariga koʻklam kirib keldi. Oftob tigʻlanib, cheksiz kengliklar iliq nurlardan taft ola boshladi. Namiqqan qumlar yaltirab, oralaridan yashil oʻtlar, maysalar, qiyoqlaru giyohlar nimalardandir hayiqqansimon boʻy koʻrsatishga tushdi. Ular vaqtma-vaqt, kunba-kun tetiklashib, yashillanishga kirishdi. Inja nozik ismsiz chechaklar epkinlar ogʻushida beshiktebratarlar kabi tebrana boshladi. Yerqazarlar, ingichka barmoqli yumronqoziqlar, qoʻshoyoqlar u yoqqa, bu yoqqa yugurgilashgani yugurgilashgan. Yumaloqbosh kaltakesak, quloqdor kaltakesak, yoʻl-yoʻl kaltakesaklar yedranglashib, boshlarini sarak-sarak qilishib, goh qandaydir sim-sim tovushlarni tinglashayotganday, bir dam jonsiz qotib qolganday, uzun-qisqa chopqillashib, ovga kirishib ketishgan. Boʻgʻma ilon, koʻndalang-targʻil chipor ilon, oʻqilon, charxilonlar buralib-suralib, shuvillashib izgʻishadi yoki nimalarnidir poylagani-poylagan.

Shunday qaynoq, junbushli hayot fursatlarida ona toshbaqa koʻkka tikilib yotsa-ya?.. Faqat koʻkka! Osmoni muallaqqa! Bugun u ham barcha saltanat jonzotu jonivorlari kabi qish boʻyi uxlagan oromgohidan – panjalab, namiqib yotgan saksovul tagidagi inidan tashga chiqdi. Birpas kattakon olamga tikildi. Koʻzlarini koʻniktirgandek boʻldi. Birdan kuch-quvvati toshganday, dadil yurib ketdi. Ana shu dadillik xatoga olib keldi. Bir chuqurchaga tuyqus agʻdarilib tushdi. Tushganda ham qandoq, toʻntarilib tushdi. Shunday toʻntarilib tushdiki, u yonga, bu yonga qimirlashning iloji yoʻq. Yo rab! Qolipchaga quyib qoʻygandek! Jon holatda oyoqlarini qimirlata boshladi. E, voh! Befoyda! Qancha ularni harakatlantirmasin, bari befoyda! Qancha urinmasin oyoqlari havoda oʻynaydi, xolos!

Ona toshbaqa holdan charchadi. Tin oldi. Osmonga tikildi. Osmon buncha cheksiz, boshi-adogʻi koʻrinmaydi. Tikka osmonga qarash olislardan yoki yonlama qarashlardan boshqacha boʻlarkan. Mana, tepasida bir parcha momiq bulut. Buncha op-p-poq boʻlmasa. Tikilaversang, esing ogʻib qolishi hech gap emas. U dumaloq koʻzlarini oʻrtaliq nuqtadan olib, bulutning uzuq-yuluq dumsimon tomoniga qadadi. Dumsimon bulut zum oʻtmay yoyilib, koʻklik ichiga singib yoʻqoldi. Vo-o ajab, bulutlarning yurishi oʻz qavmdoshlari yurishiga oʻxshab ketarkan. Sekin… sekin… ohista… sirgʻangansimon.

Hoʻ-oʻ-oʻ, ana, keng yelkador, koʻkraklari koʻpchigan yana bir op-p-poq bulut. Ana, u ona toshbaqa tomon surilmoqda. Uning ustiga oʻmbaloq oshib-oshib ketayotgandek.

“Sariqsor! Sariqsor!..” Ona toshbaqa nigohi osmonda uchib yurgan ashaddiy dushmani boʻlmish, yovuz sariqsorga qadalib qoldi. Jon holatda old-orqa oyoqlarini yurgiza boshladi. Bor kuchini ishga soldi. Yoʻq, befoyda! Oyoqlar qancha harakatlanmasin, foydasiz edi! Ular zaminga tegmasdi, biror tayanchga tayanmasdi!

Nahotki, najot yoʻq! Nahotki, u sariqsorga tirik yemak boʻlsa? Yoʻq, hayriyat dushmani koʻzi unga tushmadi. Aksincha, u uzoqlab ketdi. Ey, Tangri, shundoq ham yaratasanmi? Ikki kosa ichida! Orqa – qalqon, qorin – qopqon. Orqa ham, old ham berk! Bosh -katta. Uzunroq choʻzilmaydi. Yoʻgʻon, goʻshtdor til. Chaqqongina harakat qilsa, koshkiydi? Buning ustiga tishlar ham yoʻq. Katta qovuq – harakatga mos tuzukroq qiladigan ishi ham yoʻq. Bosh miyasi… ha, oʻziga yarasha. Hayriyat, koʻzlari oʻtkir. Taʼm, hid bilishi maromida. Sezgi-sezim, bulardan nolisa yaratganga shak keltirgan boʻladi! Qoʻl-oyoqlari harakati juda maqtovli boʻlmasa-da… chidam zaruriyati bor. Ammo ularni qoʻyadigan zamin, tayanch boʻlmasa-chi? Vatan boʻlmasa-chi? Holingga voy ekan! Mana, yotibdi… Ha-a… Tangri gʻazabiga duchor boʻlgan-da uning qavmi? Tangri gʻazabiga! Tangri gʻazabi beomon, ayovsiz!

Ona toshbaqa zehniga zoʻr berdi. Zehni bamisoli bir makonkim, uni igna bilan qaziy boshladi. Qazisang taqir yerdan ham suv-suzuk chiqadi. Ona toshbaqa qavmi ham odam qavmidan boʻlib, u un tashuvchi – savdogar boʻlgan. Ha-ha, yaralmish zamonlarda tabarruk un savdosi bilan shugʻullangan. Ammo xaridorlar haqqiga koʻp xiyonat qilgan ekan-da. Elga tiyiqsiz yolgʻonlar aytib, muqaddas tarozini nosoz etib, koʻnglini ham qoʻlini ham bulgʻagan. Xalqni aldasang – haqqa yetmaysan!

Xalq uning aldov xiyonatlarini bilar ekan-u, biroq koʻrib-koʻrmaslikka, bilib-bilmaslikka olar ekan. Insof, diyonatga kelib qolar, deb umidlanar ekan. Yoʻq, yoʻq, boʻlmabdi. Pichoq suyakka yetibdi. Kunlardan bir kun xalq tobga kelib, haqli gʻazab otiga minib, Tangri-taologa arz qilibdi. Tangri-taolo adolatli arzni jon qulogʻi bilan tinglab, amalga oʻtibdi: Yaʼni, savdogarni muqaddas tarozining ikki pallasi orasiga – oʻrtasiga joylashtirib, u yon, bu yonga surilmaydigan tarzda siqib qoʻyibdi! Boshi va toʻrt oyogʻini esa tarozi pallalarining tashqarisida oʻlmas-yitmas holatda qoldiribdi. Butun olamga-yu, odamga ibrat boʻlsin, debdi. Bu qavm avlodi oʻshandan buyon hamma yerga – choʻlu sahroga ham, togʻu-toshga ham, koʻlu-ummonga ham sochib yuborilgan ekan.

“Lekin, men tangriga nima yomonlik qildim? Nechun gʻazabiga duchor boʻldim? Nechun tongda toʻntarilib tushdim? Butun qishni saksovul tagidagi makonimda oʻtkazdim. Hech qayoqqa chiqmadim, daydib yurmadim. Diydiyo qilmadim. Menga aldovlar, yolgʻonlar, jonu jonzotlar haqqiga hiyonat qilishlar mutlaq begona. Nafsimning egasiman. Begʻaraz oziq-yemaklarim – qoʻngʻirboshlar, shoʻralar, yaltirboshlar, bugʻdoyiq singari oʻt-oʻsimliklar xolos. Hattoki, suv ichmasman. Oʻt-oʻlanlar nami menga yetarli, axir. Bahorni entikib-entikib kutdim, sogʻinib-sogʻinib kutdim. Shu sabab oʻydim-chuqurni oʻylamay, dadil-dadil yurib, yashillikka burkanayotgan makonimda tezroq yayramoqchi boʻldim. Afsus-s-s… (U biroz tin oldi. Tagʻin idroklay boshladi) O-o, tuxumlar tugʻishni, bolalarim boʻlishini qanchalar orzuladim. Odam qavmidan boʻlsam ham ayni jonzotman, jonivor jonman, tiriklik naʼshasini surish, uzoq umr koʻrish, nasl qoldirish… savob zaruriyati bu!

Otam yuzdan oʻn oshib, onam yuzdan oʻttiz oshib, halol hayot kechirib, fanoga yoʻl olgan. Menga oʻxshab, toʻntarilib yotib, oʻz ajalidan burun, ha, umriy oʻlimdan burun oʻlmagan.

Nahot chorasizman, nahot najotsizman?..

Ona toshbaqa tagʻin oyoqlarini harakatga keltirdi. Ular havoda goʻyo nimadir tutmoqchidek… Oʻynadi… Bir ozdan soʻng taqirboshini goh chapga, goh oʻngga burdi, oldinga choʻzdi. Ioʻq, chappa oshib, toʻntarilib yurib ketishning sira iloji yoʻq! U bunday ilojsizlik holatini ilk boshidan kechirmokda. Ammo koʻrgan. Yosh, toʻlishganqay bir yilda u erkaklarning, ha, birdaniga toʻrtta xushtorning taloshiga qolgan.

Oʻshanda boʻlajak erlar sinchaloqdek keladigan dumlarini tarang qilishib, u yon, bu yonga likillatishib, rosa jang qilishdi. Kurash davomida gʻolib raqiblarining ikkitasini qochirdi, birini toʻntarib yubordi. Koʻp oʻtmay, toʻntarilib yotgan raqibini kalxat ilib ketgan. Uni osmoni falakka olib chiqib, qaytarib yer tomon otgan. Kosalari sinib, qorni sochilib ketgan qavmi shu tariqa kalxatga yem boʻlgan. Kelinchak esa gʻolibga suyukli malika boʻlgan. Hammasi esida. Ammo bu yotish nima? Bu koʻrgilik nima boʻldi? Qaniydi, xushtorlarining birortasi koʻrinib qolsa? Shu yerdan oʻtib qolsa. Albatta, koʻmak berardi. Turtibgina suyab yuborsa boʻldi edi. Unga suyukli yor boʻlishga ham rozi. Yoʻq, qavmidan biror-bir sas-sado yoʻq. Sharpasi ham sezilmaydi. Biroq dushmanlari juda koʻp. Ularni hayotida ancha-muncha uchratgan. Echkiemar, tulki, korsak, boʻri-yu chiyaboʻri, quzgʻunlaru burgutlarni ham uchratgan. Hamisha, avvalo, yaratgan, qolaversa, keyin tosh korsonlari asrab qolgan. Tosh korsonlari – ishonch qalqonlaridan biroz avval noliganday boʻldi-yu, yoʻq, yoʻq, ulardan barhaq nolib boʻlmaydi! Dushmanlarining eng xavflisi, yonida bir zumda paydo boʻlib qoladigani echkiemar, u, oʻta xavfli, iblisning oʻzi, uning tili-tishlari kosalari orasiga suqilib kirishi mumkin. Lekin shu yovidan ham qalqonlari saqlagan.

Ona toshbaqa shu koʻyi oʻylarga gʻarq yotar, nimadandir najot kutar, ilkis-ilkis, tez-tez oyoqlarini harakatga solar, ammo osmon yiroq, yer qattiq edi.

Kun peshindan ogʻdi. Ona toshbaqani umidsizlik iskanjasi qamrab oldi. Bir gala quzgʻun koʻz ilgʻar joydan uchib oʻtdi. Ularning, hatto, tovushlari ham tanaga titroq uygʻotadi. Ona toshbaqa oʻylariga burgutlar tushdi. Burgutlar togʻlarda yashaydi. Choʻqqilarda oshyon qurishadi. Koʻproq togʻ osmonlarida aylanishadi. Bolalar ochishadi. Burgutlar toshbaqalar uchun qish oldi juda xavfli. Ular bu sahrolarga yemish axtarib, uchib kelishadi. Harki, yemaklar bepoyon qumliklarda aniq-tiniq koʻzga ilinadigan boʻladi bu payt. Bundan tashqari qumliklarda burgutlar sevib ov qiladigan tovushqonlar, yumronqoziqlar, kalamushlar koʻp. Burgutlar, hatto saygʻoqlarning, jayronlarning bolalariga ham tashlanib qolishadi.

Ona toshbaqa oyoqlarini harakatga keltiraverib, tamoman holdan toydi. Uni ochlik ham qiynardi. Shundoq yon-vering yem-yemish-ozuqaga toʻla boʻlsa-yu tilingni choʻzolmasang, choʻzsang-u u havoda oʻynasa? Bu qandayin bedodlik, badbaxtlik?

Ona toshbaqa koʻzlarini yumdi. Tiriklik tugadi. Tugamay, nima boʻlardi? Koʻzlarini ochishga ham madori qolmadi.

Nogahon…

Ona toshbaqa shuuri, zehni yurishganday boʻldi. Nazari biror narsani ilgʻar-ilgʻamas holat edi, tun edi. Qop-qora zulmat edi. Ammo osmonda yulduzlar charaqlardi. Koʻzlari kattakon ochilib ketdi. Uni qandaydir suyaksiz qoʻl ohista koʻtardi. Ohista toʻntarib, yerga qoʻydi. Ha, yerga qoʻydi. Oyoqlarini sekin qumga botira boshladi. U rostdan yer, zamin! Bir qadam… ikki qadam… uch… orqasiga qaramadi, qaray olmadi. Ammo, quloqlariga sado-sas yetib keldi: “Men ham odam qavmidan. Faqat Tangrim menga “Obihayot” – Hayot bulogʻidan suv ichirgan! Harki, gunohsiz, beayb, ogʻir ahvolda qolgan tiriklarga mushkulini oson qilishga imdod berguvchi – ibrat holatida umri boqiylik ato etilgan zotman!.. Hali rizqing bor-r!!!” Ona toshbaqa taqqa toʻxtadi.

Aql-shuurida chaqmoq chaqdi:

“Bu, axir Xizr…” Va shu payt koʻkda ham chaqmoq chaqnadi, osmon tarvaqaylab yorishib ketdi. U makoniga burilganda, yomgʻir yogʻa boshladi.

 

Azim Suyun

 

2017 yil, dekabr

 

“Ijod olami”, 2018-5

https://saviya.uz/ijod/nasr/sahro-ortasida-tontarilib-yotgan-toshbaqa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x