Shirin jonim sen uchun fido

Qutlugʻ bir soat

 

Deydilarki, faqat rasul Muhammad,

Yer yuzida koʻrgan oliy marhamat.

Yaratgan u bilan qutlugʻ bir soat

Arshi aʼlosida qurgandir suhbat.

 

Men oddiy bandaman, etmay ibodat,

Bunday marhamatni qilmasman havas.

Oʻtgan yaqinlarim bilan bir soat

Yuzma-yuz oʻtirib suhbat qursam bas.

 

Ha, juda istayman qutlugʻ bir soat,

Eski uyimizda rahmatli otam,

Gulxan atrofida toʻkkancha savlat,

Menga avvalgiday boʻlsaydi hamdam.

 

Davraga qoʻshilsa rahmatli onam,

Unga dardlarimni etsam dasturxon.

Ikkisi bir soat boʻlsaydi hamdam…

Afsuski, bu sira ushalmas armon.

 

Qancha soʻramaylik yolvorib zor-zor,

Bizga berilmaydi bunday bir soat.

Chunki har narsaning oʻz hisobi bor,

Oʻtgan oʻtdi, ortga qaytmaydi fursat.

 

Umr boʻyi nenidir izlaymiz sarsar,

Bilgan ishimizni qilamiz faqat.

Qalbimiz musaffo boʻlardi magar,

Bizga ham berilsa qutlugʻ bir soat.

 

 

Sonetlar

 

***

Sevgi haqqi ichganman qasam,

Shirin jonim sen uchun fido.

Tosh boshimga balo yogʻsa ham,

Oʻz ontimdan qaytmasman aslo.

 

Sirlashganmiz erkam necha bor,

Oʻsha damlar hayotim naqshi.

Bu sirlarni etmasman oshkor,

Undan koʻra oʻlganim yaxshi.

 

Qasamyodga sodiq askarman,

Xizmatingga shayman doimo.

Yomon koʻzdan seni asrarman,

Aytgan soʻzing qilurman bajo.

 

Sevgi haqqi ichganman qasam,

Ahdim Kavkaz kabi mustahkam.

 

* * *

Bepoyon dunyoda koʻpdir yoʻl-soʻqmoq,

Ayrimlari juda xavfli va mushkul.

Xavotir solmasin hijron va firoq,

Shukur, ishq yoʻlini tanladi koʻngil.

 

Bu yoʻl boshqalardan sirli boʻlsa ham,

Bu yoʻldan yurmagan odam qolmaydi.

Bilsa ham boshiga tushishini gʻam,

Ishq yoʻlini tashlab keta olmaydi.

 

Ishq yoʻlida yurib tushundim, bildim,

Meni tark etmaydi yoshlik, qatʼiyat.

Iqrorman, bu yoʻlda qancha yiqildim,

Biroq turdim, olgʻa intildim faqat.

 

Ey yor, ishq yoʻlida mayoqsan menga,

Tirikman, yukinib yashayman senga!

 

* * *

Agar sen boʻlmasang yorugʻ olamda,

Mening har bir kunim oʻtardi karaxt.

Sensiz meni hech kim yoqmasdi gʻamda,

Sensiz menga hech kim berolmasdi baxt.

 

Sensiz ishq oʻtida qanday yonardim,

Safardan sogʻinib kelardim kimni?

Agar sen boʻlmasang qanday yozardim,

Ishqqa bagʻishlangan ashʼorlarimni?

 

Sening koʻzlaringni koʻrmasa agar,

Bulbul sayramasdi, ochilmasdi gul.

Yulduzlar porlamas edi kechalar,

Kunduzlar quyosh ham chiqmasdi butkul.

 

Agarda olamda yashamasang sen,

Hozirgiday baxtli boʻlmas edim men.

 

* * *

Erkam, oʻzing menga tushuntirib ayt,

Nega har gal sendan ketganda yiroq,

Boshimga doʻl-jala yogʻar oʻsha payt,

Seni koʻrsam, havo ochilar shu choq.

 

Oʻz uyimda seni sogʻinsam goho,

Osmon tundlashadi, bulut toʻkar yosh.

Seni koʻrsam, birdan ochilar havo,

Bulbullar kuylaydi, porlaydi quyosh.

 

Dengiz qirgʻogʻida yurganda sensiz,

Osmonga sapchishib, joʻshar toʻlqinlar.

Sen kelsang bas, birdan tinchiydi dengiz,

Bosgan izlaringni oʻpar toʻlqinlar.

 

Tushundim, bezovta boʻlarkan olam,

Biz bir-birimizdan yiroq yurgan dam.

 

 

Sakkizliklar

 

***

Yoshim yodimda yoʻq, uqtirma hadeb,

Sizning sochingiz oq, men yosh zeboman.

Axir, yoshligingni shunday saqlay deb,

Oʻzimni oʻt-choʻqqa urgan fidoman.

 

Oq sochimni solma yuzimga hadeb,

Keksaga bundayin soʻzlarni demas.

Axir, jarohating ogʻir juda deb.

Yaradorga aytish odobdan emas.

 

* * *

Qoʻshiq – xalq orzusi boʻlib yaralgan,

Qachon kuylangan u, bilmas hech inson.

U uygʻoq qalbdan nur boʻlib taralgan,

Hamon uygʻoq, qalbga soladi tugʻyon.

 

U bizga kelgandir olis samodan,

Togʻdagi uylardan, ovul qoʻynidan.

Biz bahra olguncha soʻz va navodan,

U joy olgan qancha avlod koʻnglidan.

 

* * *

Bolalik yillarim koʻraman goho,

Maʼsum jilmayar yo kiprigida yosh.

Qancha chorlay, quloq solmaydi aslo,

Hech qachon qaytmaydi, boʻlmaydi sirdosh.

 

Oldda keksaligim koʻrinar goho,

Bezovta yuzida tashvish, xavotir.

Yoʻlimdan qoch, quloq solmaydi aslo,

Bu oqsoqol yoʻldan qochmas baribir.

 

* * *

Oltin baliq, berdim ozodlik senga,

Suvga qoʻydim, suzgin istagan joyda.

Endi sharaf soʻrash yarashmas menga,

Endi oltin-boylik soʻrash befoyda.

 

Qaniydi qaytarish imkoni boʻlsa,

Yoshligimda yoqqan birinchi ishqni.

Birinchi uchrashuv, birinchi boʻsa,

Gulxan atrofida aytgan qoʻshiqni.

 

* * *

Ey doʻst, yoʻlga tushdik, birgamiz doim,

Bilaman, umrimning bugun qay kuni.

Biroq yana qancha tashlaymiz odim,

Na sen, na men bila olmasmiz buni.

 

Ey doʻst, yoʻlga tushdik, birgamiz doim,

Koʻryapman, olddagi maqsad-orzuni.

Biroq ushalarmi bu muddaoim,

Na sen, na men bila olmasmiz buni.

 

 

Toʻrtliklar

 

***

Osmondagi olis yulduzlar sari,

Samoviy kemalar etmoqda parvoz.

Odamlar, odamlar – Yer yulduzlari,

Baxtliman, men sizga boʻlolsam hamroz.

 

* * *

Toshbitik eslatar oʻtmish zamonni,

Shukurki, yoʻlimiz boʻlmagan tamom.

Bobolar qilichda yozgan dostonni,

Biz uni qalamda ettirdik davom.

 

***

Hayot – bu tegirmon, yillar esa don,

Tegirmon aylanar tinmaydi bir on.

Derlar: qancha koʻp don ezsa tegirmon,

Toshlari shunchalar aylanar oson.

***

Qaysi togʻdan pastga irgʻitmayin tosh,

Quyiga tushganda beiz yoʻqolar.

Biroq qayda qoʻshiq boʻlmasin yoʻldosh,

Qadrdon togʻlarim sari yoʻl olar.

 

* * *

Dogʻiston osmoni ostida shu zum,

Iqror boʻldim, baland dovondan osha:

Shoir boʻlish uchun erta tugʻildim,

Rasul boʻlish uchun kechikdim rosa!

 

 

Yozuvlar

 

* * *

Oʻz bayrogʻing poyida bosh eggin hargiz,

Shunda yovlar oldida choʻkmagaysan tiz.

Bayroqdagi yozuvlar

 

* * *

Bu yoʻllarning boshi har xil albatta,

Va lekin ularning manzili bitta.

 

* * *

Istagan yoʻlingdan qaytursan bir vaqt,

Biroq umr yoʻli qaytmasdir faqat.

Yoʻl cheti toshlaridagi yozuvlar

 

* * *

Xanjar olsang unutma shuni:

Xanjar uchun yaxshi joy – qini.

 

* * *

Oʻz xanjaring bilan maqtanma sira,

Oʻzgada ham shunday xanjar bor, qara.

Xanjardagi yozuvlar

 

* * *

Salomatlik uchun ichmaydi hecham,

Salomatlik qadrin anglagan odam.

Qadahdagi yozuvlar

 

* * *

Kitob misli yengilmas lashkar,

Doim jangsiz oladi shahar.

 

* * *

Kitoblar – dunyoga ochiq deraza,

Kimda-kim oʻqisa qiladi maza.

Kitobdagi yozuvlar

 

 

Rasul HAMZATOV

Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov (1923–2003) xalqimizning boy madaniy merosini qadrlagani uchun Oʻzbekistonga katta mamnuniyat bilan kelardi. U Hazrat Alisher Navoiyni avliyo shoir sifatida eʼzozlardi, oʻziga zamondosh oʻzbek adiblari bilan doʻst tutingandi. Ayniqsa, 1975 yilda qoʻshiqqa aylangan “Turnalar” sheʼriga Chirchiq shahrida yodgorlik oʻrnatilgandan keyin hamma joyda sanʼatsevar xalqimizga hurmatini baralla izhor etardi.

Dogʻiston Respublikasining Xunzax tumanidagi Sada qishlogʻida shoir Hamzat Sadasa oilasida tugʻilgan Rasulning ilk sheʼrlar kitobi – “Otashin sevgi va yondiruvchi gʻazab” 1943 yilda chop qilingan. Oʻtgan yillarda chiqqan koʻplab kitoblari sheʼrxonlar va bilimdonlar mehrini qozondi. 2000 yilda “XX asrning eng buyuk shoiri” deya eʼtirof etildi. Uning ona tilimizda “Yuksak yulduzlar” (1964), “Bir xonadon farzandlari” (1982), “Mening Dogʻistonim” (2008,2011,2015), “Onalarni asrang” (2012), “Umr karvoni” (2013), “Men yuz qizga shaydoman” (2014), “Sheʼrlar” (2015), “Ayollar koʻp, Ona yagona” (2016) kitoblari nashr etilgan.

 

Rus tilidan Asror MOʻMIN tarjimalari

 

“Ijod olami”, 2018-5

https://saviya.uz/ijod/nazm/shirin-jonim-sen-uchun-fido/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x