Til millatning ruhi boʻlsa…

Shu kunlarda jamoatchilik orasida, ijtimoiy tarmoqlarda davlat tili, uni amalda qoʻllashdagi nuqsonlar, rus tilining maqomi haqida turli bahs va munozaralar boʻlib turibdi. Istiholasiz aytganda, bu jiddiy muammoga ehtiros bilan yondashib boʻlmaydi. Masalaning mohiyati juda chuqur.

Bundan bir necha oy muqaddam taniqli yozuvchilarimizdan biri “Davlat tili toʻgʻrisida”gi amaldagi Qonun “… boshqa tillardan kechirim soʻrash qonuni” boʻlib qolgan, degan fikrni aytgandi. Albatta, bunday holatlar kishini mushohadaga chorlaydi. Demak, bu mavzuning qayta koʻtarilishi bejiz emas ekan-da, degan fikr shuuringda jonlanadi.

Ochigʻini aytganda, uzoq yillar rus istilosi taʼsirida qolib kelgan tilni bir qonun yoki muhokamalar bilan tezda soflashtirish qiyin. Buning ustiga ona tilimiz qorishiq holatga kelib qolgan hozirgi paytda.

Tillarning oʻzaro aloqasi va maʼlum til leksik qatlamining oʻzlashma tillar hisobiga boyishi tabiiy bir hol boʻlishiga qaramay, tilimiz lugʻatidagi oʻzbekcha soʻzlar hozirgi ingliz tilidagi sof inglizcha, rus tilidagi sof ruscha soʻzlarga nisbatan katta foizda ekanini ilmiy maʼlumotlar tasdiqlaydi. Biroq tilimizda maʼlum, barhayot soʻzlarning bir necha xil goʻzal shakllari boʻla turib, tobora ajnabiy soʻzlarni qoʻllashga odatlanib borayotganimiz bugungi ahvolga zamin yaratmayaptimi, deb birortamiz oʻylab ham koʻrmaymiz. Talaffuzimizdan tushib qolayotgan va oʻz-oʻzidan adabiyotimizda ham qoʻllanmayotgan soʻz va iboralari ozmunchami? 90 yoshli onaxon – Ravzajon Ergashevaning oʻkinib, koʻzida yosh bilan aytgan soʻzlariga eʼtibor qiling: “Bir mahallar kartoshkani hech kim bunaqa atamas edi, “barang” derdik. Eh-he, bir boshqacha soʻzlarimiz, ajab-ajab maqollarimizning qanchasi yoʻq boʻlib ketdi. Odamlar ishlatmasa, koʻnikmasa, tilni sof saqlamasa, xuddi hech qachon boʻlmagandek yoʻqolib ketaverarkan-da”.

Xoʻsh, faqat jonli til tufayligina oʻzbek tili yoʻqotishlarga yuz tutyaptimi? Oʻzbek tili amal qilish doirasining kengayishiga paydo boʻlayotgan moneliklarga ommagina aybdormi? Qolaversa, taʼlimning bosh boʻgʻini – maktablarimizdagi ona tili fanlarini oʻqitishning ahvoli qoniqarlimi? Bugun yetti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan barcha farzandlarimiz “Ona tili” nomli mustaqil va millat uchun birlamchi boʻlgan fanni saviyasi qanday darsliklar asosida oʻrganmoqdalar?! Darsliklarning har uch yilda yangilanishidan aslida ularni takomillashtirib borish va shiddatli zamon talablariga oʻz vaqtida javob bera olishi koʻzda tutilmaganmidi?

Keling, barcha muammolarni keltirib chiqarayotgan ana shunday masalalar xususida soʻz yuritaylik.

Xoʻsh, mualliflar darslikdan darslikkacha uch yil davomida mehnat qilib, uni mukammallashtiryaptilarmi, davlat tili maqomini olgan tilimizning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, qachonlardir qoliplashgan qoidalarga yangiliklar kirityaptilarmi? Yoki eski choponga eski yamoqlar solib, yana butun respublika boʻylab oʻquvchilarga, oʻqituvchilarga uzatyaptilarmi?

Ayrim soha oʻqituvchilari bilan suhbat jarayonida shu narsa maʼlum boʻlyaptiki, darslar boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda oʻzbek tili darsliklaridagi taʼlimot oʻzbek tilli maktablardagi ona tili darsligi qonun-qoidalariga toʻgʻri kelmasligi tufayli ona tili va oʻzbek tili ikki xil fandek boʻlib qolayotir. Qolaversa, “Ismlar turkumi”, “Soʻz yasalishi” kabi bir necha mavzularda noaniqliklar koʻp. Qoʻshma gaplarda tartibsiz tasniflar ilm sifatida havola qilingan. Urgʻular oʻrni, urgʻuli va urgʻusiz boʻgʻinlar, qoʻshimchalar haqida maʼlumotlar turlicha keltirilgan.

Masalan, darslik yaratuvchi 6-sinf ona tili darsliklarida morfologiya boʻlimida “nima qildi” qoʻshma soʻzining feʼl turkumiga kiritib yuborilishi ham hamma tushunadigan bir misol boʻla oladi. Aslida, feʼl harakatni anglatadi, bu qoʻshma soʻz esa harakatni anglata olmaydi, harakat anglatuvchi soʻzlarga ishora qiladi. Agar hozirgi qonun-qoidalarga olimlarning oʻzlari amal qilsalar, yaxshi tushunib yetsalar edi, bu soʻz olmosh vazifasini bajarayotganini anglashardi. Qaysidir olimning qachondir “Oʻzbek tilida feʼldan feʼl yasalmaydi” degan hukmini tilshunoslarimiz unuta olmayaptilar. Holbuki, tilimizda ellikka yaqin feʼldan soʻz yasovchi qoʻshimcha qoʻshish usuli bilan yap-yangi feʼllar yasaladi. Tarixiy leksikamiz oʻrganilsa, bu son yana allaqanchaga oshishi mumkin. Oddiy misollar: koʻnmoq – koʻnikmoq, kelmoq – kelishmoq, bukmoq – bukchaymoq. Bu kabi misollarni yuzlab keltirish mumkin.

Namangan muhandislik-pedagogika instituti qoshidagi 2-sonli akademik litsey oʻqituvchisi Nozima Sayfullayeva bunday deydi: “Darsliklarimizda chalkashliklar, qoʻpol xatolar shunaqa koʻpki, oʻqituvchi sifatida uyalib ketaman. Mana, qarang, “-man, – san, – miz, – siz” qoʻshimchalari. Bularni 6-sinf ona tili darsligida ham, akademik litseylar oʻquvchilari uchun “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” nomli darslikda ham hozirgi zamon feʼllariga qoʻshiladigan shaxs-son qoʻshimchalari deydilar. Nahotki, shunday yurt ishongan olimlar III shaxsda “-ti” qoʻshimchasi ham shaxs-son ifodalashini bilmaydilar. “Ketyapti” feʼliga qarang. Lekin “-ti”ni hamma joyda zamon qoʻshimchasi deb oʻtib ketaveradilar. U esa sira zamonni anglatmaydi”.

Maktab darsliklari asta-sekin boʻlsa ham xatolardan tozalanyapti. Oliy va oʻrta maxsus taʼlimdagi darsliklar-chi? Ularda ahvol yaxshimi? Birgina akademik litsey oʻquvchilari uchun “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” darsligi 1–2-, 3–kurs oʻquvchilari uchun moʻljallangan. Oʻn besh yillar davomida qoʻllanib kelgan darslikda 350ta xatolikning aniqlanganiga nima deysiz? (Qiziqqanlar uchun elektron shaklni havola etishimiz mumkin).

Kasb-hunar kollejlari uchun (mualliflar: A. Rafiyev, N. Gʻulomova) “Ona tili va adabiyot” kitobi toʻgʻrisida bir muncha yaxshi fikrlarni aytish mumkin. Bu kitob akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” kitobiga qaraganda mukammalroq, xatolari kamroq. Lekin unda ham qoʻpol kamchiliklar mavjud. Masalan, qayta-qayta chop etilishiga qaramay 21-betida imloga oid notoʻgʻri maʼlumot uzoq yillar davomida oʻquvchilarga singdirib kelindi: disk, bank, tank kabi rus tili orqali oʻzlashgan soʻzlar oxirida a tovushi qoʻshib aytiladi va yoziladi(?).

Yana nima deyish mumkin? Imlo qoidalariga ona tili kitoblarining oʻzida amal qilinmasa…

Ehhe, akademik litseylar uchun “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” darsligi bir necha oʻn yillar davomida oʻta qoʻpol xatolar bilan yosh avlodni chalgʻitib keldi. Oʻqituvchini hayron qoldirdi. Bu – ona tilimizni taʼlim boʻgʻinlaridayoq mayib-majruh qilib qoʻymayaptimi? Bunday munosabat oʻzini amalda nechogʻli oqlayotganining guvohi boʻlib turibmiz.

Ezgulikning kechi yoʻq. Hech birimizning butun bir xalq, qadim tarix, muazzam kelajak oldida oʻz “men”imizni yuqori qoʻyishga, xatolarimizni tan olmaslikka maʼnaviy haqqimiz yoʻq!

Dunyoning istalgan cheti bilan istalgan soniyada aloqa bogʻlash, fan-texnika olamidagi yoki ijtimoiy hayotdagi yangiliklardan tezda xabar topish, ularni oʻzlashtirish hech qiyin boʻlmay qoldi. Endilikda farzandlarga milliy ruhni singdirishning noodatiy usullari va yoʻnalishlarini ham qoʻllash zarur koʻrinadi. Bunday usul va yoʻnalishlarni kashf etishda bugungi kun dargʻalarining obroʻsi, bilimigagina emas, yosh olimlarning ilmiy va intellektual salohiyatiga ham tayanilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Murgʻak qalbga ona tilimizning sir-sinoatlarini oʻrgatar ekanmiz, milliy ruh masalasi barchamizning diqqat markazimizda turishi kerak. Bu ezgu ishda eng muhim oʻrinni ona tili va adabiyot darslari egallashini unutmaylik.

Shu oʻrinda bir faktni taʼkidlash joiz: maktab darsliklaridagi bu kabi nuqsonlarni, ahvolni oldindan sezgan ota-onalar oʻz farzandlarini bir qadar masʼuliyat bilan dars oʻtadigan rus tilli maktablarga berishiga sabab boʻlyapti. Qip-qizil savodsiz boʻlgandan koʻra, biror tilda sofroq gapirsin, deyishsa kerak-da.

Ona tili darslari nafaqat oʻqituvchilar va oʻquvchilarga, balki barchamizga tegishli. Axir, ona tili – aynan millat degani-ku. Har bir odam soʻzlagan tili doirasida tafakkur qiladi, inson sifatida shu til ruhida shakllanadi.

Nega millatdoshlarimiz yil sayin bolalarini rus maktablariga koʻproq yetaklaydilar, degan savolga qaytaylik. Ularni nima majbur qilyapti? Bu muammoning yechimini topish lozim. Odamlar: “Farzandim jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlsin, qancha koʻp tilni bilsa, kelajakda qiynalmaydi”, deydi. Oddiy misol: Bir shifokor 1991–1993 yillar davomida Toshkentdagi Markaziy harbiy gospitalda ishlagani, bemorlarga bir kunda oʻn yettitagacha qandaydir tibbiy moslamani mohirlik bilan ulagani, shunday moslamadan bir kunda toʻrttagina ulaganlar “pyatminutka” degan yigʻilishlarda hammaning oldida oʻz salohiyati, mahorati borasida maʼruza qilgani, u esa oʻzbek tilida ham, rus tilida ham shuncha ilmiy kitoblarni oʻqib bilimini oshirgani bilan nutqi shakllanmagani bois oʻrtaga chiqib gapirolmagani, natijada oʻzi sevgan ishidan ketganini oʻkinib soʻzlaydi. Hozir ham tibbiyot muassasalarida “beshdaqiqalik”lar oʻzbek tilida oʻtkazilyapti, deb ayta olamizmi? Qolaversa, ayrim idoralarda yigʻilishlar, buxgalteriya hujjatlari ham shunday “hammaga tushunarli” tilda olib borilayapti. Gapirsa gap koʻp.

Ishni maktablardan, oʻqituvchilardan boshlash kerak, deb koʻp bong uramiz. Biroq… Bir necha kun avval Toshkentdagi filologiyaga ixtisoslashgan maktabda “Tilimiz nufuzi: muammo va yechimlar” degan mavzudagi brifingga taklif qilishdi. Oʻqituvchilardan shunday takliflar chiqqaniga sevinib, ishtirok etdim. Maktabning erishgan yutuqlarini to Xalq taʼlimi vazirligining vakili kelgunicha rosa tingladik. Vakil bir-ikki ogʻiz doimiy hasratlardan gapirdi. Keyin Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti vakili ham shu ohangda maʼruza qildi: koʻchalardagi yozuvlar, ular, bular. Navbat yuragi oʻrtanib turgan oʻqituvchilarning dardu holini tinglashga kelganda esa, shoshib turgan mulozimlar tezda chiqib ketishdi. Shu bilan hammasi boʻlib tilimiz muammosiga 25 daqiqa vaqt ajratildi. Brifing nomi qandayligidan qatʼi nazar, til muammosiga astoydil yondashilmadi. Biz esa maktab oʻquvchilarining 15dan ortiq raqs-qoʻshiqdan iborat chiqishlarini tomosha qildik. Mayli, lekin qoʻshiq-raqsning ham oʻz joyi, oʻrni bor. Biror oʻquvchi til haqida sheʼr aytsa yo hazrat Navoiydan gʻazal oʻqisa ham mayli edi. Nazarimda, oʻsha yerda tilimizning nufuzini saqlashdagi kamchiliklarimizni bayram qildik. Baralla aytish kerak, bizga loqaydlik qimmatga tushmoqda.

Agar mamlakatimizda davlat tilining nufuzi oshsa, odamlarda mukammalroq maktabni izlashga ehtiyoj qolmasdi. Bola bechoraning oʻz tilida oʻqiyolmay qiynalishi, mulzam boʻla-boʻla, kam gapiradigan boʻlib qolishi, har ikki tilni ham yaxshi bilmay ora yoʻlda qolishi, qalbida maʼnaviy boʻshliq paydo boʻlishi, badiiy asar oʻqishdan koʻp hollarda uzoqlashishi qalbimizdagi sanchiqli ogʻriqlardir. Taʼlim rus tilida olib boriladigan maktablar soni koʻpayib borayotganiga sabablar shular emasmi?

Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda “Oʻzbek adabiyoti” oʻqitilishi shart ekani toʻgʻrisidagi takliflarimizni yuqori tashkilotlarga kiritganmiz. Endi bu jarayonni imkon qadar tezlashtirish kerak. Chunki maʼnaviy yoʻqotishlarimizning ildizlari ham maktabdadir. Taʼlim rus tilida olib boriladigan sinflarda 90 foizgacha oʻzbek bolalari oʻqiyotgani, ularning oʻzbek adabiyotidan mutlaqo bexabarligi yigʻlashga arzigulik holat emasmi?

Bizning davlatdagina oliy oʻquv muassasalarida “Taʼlim rus tilida olib boriladigan maktablarda oʻzbek tili oʻqituvchisi”ni tayyorlaydigan fakultetlar bor. Nega oʻqituvchini shu tarzda toifalarga ajratishimiz kerak?! Respublikamizning hamma yerida oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi diplomiga ega boʻlgan har bir mutaxassis, taʼlim qaysi tilda olib borilishidan qatʼi nazar, oʻzbek tili va adabiyotidan oʻquvchilarga taʼlim berishini joriy etsak, tilimizning nufuzini oshirishda katta qadam tashlagan boʻlamiz-ku!.

Bizning tilimiz, taʼlimimiz, maʼnaviyat va maʼrifatimizga oid takliflarimiz shunday boʻldi:

  1. Keyingi vaqtda har uch yilda yangilanayotgan maktab darsliklari mualliflari oldiga nashrdan nashrgacha darslik ustida ishlash vazifasini qatʼiy belgilash, darsliklarning maʼlum qismlarini tegishli mutaxassislar yozishlari va darslik Respublika taʼlim markazida muvofiqlashtirilishini jiddiy nazorat qilish. Darsliklarda aniqlangan har bir xato uchun mualliflarga jarimalar belgilash.
  2. Yosh olimlar, tadqiqotchi, mutaxassis, tilshunoslardan oʻz tilimizga munosib tilshunoslik ilmini yaratish boʻyicha ilmiy ishlar tanlovlarini tashkil etish, yangicha tilshunoslik ilmi yaratilishi uchun choralar topish.
  3. Imlo va izohli lugʻatlarni yaratish maqsadida yana avvalgidek xatolar kuzatilmasligi, shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻymaslik uchun to yangi alifbo tasdiqlanguniga hamda undan keyin maʼlum bir muddatga qadar, lugʻatlar ustida ishlash vazifalarini belgilash.
  4. Oʻzbek tilining izohli lugʻatidagi xatolar, kiritilmay qolgan soʻzlar boʻyicha izlanishlar olib borish uchun tegishli mutaxassislarga koʻrsatmalar berish, muddatlar belgilash. Lugʻatlar, darsliklarning masʼul tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqilishiga yetarli vaqtlar ajratish.
  5. Nashriyotlarda chop etilayotgan kitoblar, lugʻatlarning toʻgʻriligiga nashriyotning javobgarligini oshirish. Nashr etilayotgan kitoblar uchun mualliflar, taqrizchilar, muharrirlar hamkorlikdagi ishlari samaradorligini yaxshilash, javobgar masʼuliyati boʻyicha qatʼiy talablar belgilash.
  6. Internetdagi Ziyonet tarmogʻiga joylashtirilayotgan adabiy va ilmiy merosimiz namunalari matnining toʻgʻriligini tekshiradigan maxsus guruh faoliyatini yoʻlga qoʻyish. Tarmoqning nafaqat respublikamizda, balki xorijda ham oʻrni borligini nazarda tutgan holda, uning nufuzini oshirish.
  7. Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda, (ayniqsa, taʼlim rus tilida olib boriladigan maktablarda, asosan, oʻzbek farzandlari oʻqiyotganini koʻzda tutgan holda) “Oʻzbek adabiyoti” fanini kiritish.
  8. Ona tili darsliklarida taqdim etiladigan maʼlumotlar, qoidalarning soddalashtirilgan koʻrinishlari “Oʻzbek tili” darsligidan joy olishi, ona tili va oʻzbek tili darsliklaridagi qoidalar mutanosibligi taʼminlanishi boʻyicha Respublika taʼlim markazi oldiga talablar qoʻyish.
  9. Ijod maktablarida 5-sinfdan boshlab “Adabiyot qoidalari” hamda tilimiz jilolari, quvvati baland shevalarimiz, oʻzbek folklorini oʻrganishga yoʻnaltirilgan darslarni kiritish.
  10. Respublikamizda chop etilayotgan barcha darsliklardan Respublikadan tashqaridagi oʻzbek maktablarida foydalanilishi boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni nazoratga olish.

Xayrli ishning erta-kechi yoʻq.

 

Maʼmura ZOHIDOVA,

filolog, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/til-millatning-ruhi-bolsa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x