Adib siymosining uch tasviri

Suhbatlarimizning birida Erkin Vohidov: “Yozuvchilarga bagʻishlangan filmlarda qahramon javon tomon boradi. Bir kitobni olib jimgina varaqlaydi-da, darhol joyiga – tokchaga qoʻyadi. Meni ham kinoga olishsa shu harakatni qaytarishimni taklif etishmasmikan, deb oʻylab yurardim, shunday boʻldi”, deb qotib-qotib kulgan.

Taniqli kinorejissyor Qamara Kamolova oʻzi haqida kinoocherk yaratilishining daragini eshitib, darhol rad etgandi. Hatto ssenariy ishlab chiqarishga tushirilganida ham studiya rejalaridan bu mavzuni chiqarishni talab etib, maqsadiga yetgandi. Sababini soʻraganimda u “Koʻrib turibman kinoportretlarni… yana bitta shu darajadagi “asar” paydo boʻlishining oldini olmoqchi boʻldim”, deb javob bergandi.

Aslida bizda bu sohada katta tajriba orttirilgan. Birgina ifoda vositasi – soʻz bilan qurollangan avlod-ajdodlarimiz tasvirlagan voqealar, manzaralar, ayniqsa, siymolar asrlar davomida qadrlanib kelinmoqda. Professor Hasan Qudratullayev “Boburnoma”ni sinchkovlik bilan oʻrganib, “1600dan ortiq personajlar galereyasi” yaratilganini qayd etdi. Biz ham bu noyob nasriy asarni oʻqiganimizda har gal mikroportretlardan zavq olamiz, mutolaa jarayonida muallifning avtoportreti namoyon boʻlib borishini kuzatib maroqlanamiz. Ishonchimiz komilki, musavvirlar shoh va shoir portretini chizishda “Boburnoma”dan oziq olganlar. Chizgi va “boʻyoqlarning nafis ohangi… tovlanishida” (Oybek) badiiy soʻz ila bitilgan asarning oʻrni katta. Malika Gulbadanbegim soʻz bilan samimiyat ila chizgan portretlar, mavlono Xondamir qalamga olgan tarixiy shaxslar, keyinroq ijod etgan, bizga “Risolai musiqa” traktatini qoldirgan, buyuk zamondoshlari hamda ularning nasl-nasabining “musiqaviy” taʼrifini keltirgan Darveshali Changiy…

Hozircha sheʼrni kino yoki telessenariyda, filmda, teledasturda koʻrsatishning yoʻli, estetik shakli topilganicha yoʻq. Badiiy soʻz ustasi, suxandon, hatto shoirning oʻzi sheʼrni oʻqib berganida ham haqiqiy sheʼriy misralarning tub mohiyatini tomoshabinga, tinglovchiga toʻla-toʻkis yetkazib berib boʻlmaydi. Aslida sheʼriyatni tasvirga koʻchirish obʼyektga, avvalo, semiotik yondashuvni talab etadi. Asarning falsafiy asosini, shoir tasavvuridagi tasvirni soddalashtirmay tasvirlay oladigan kadr, televizion shakl izlash talab etiladi. Adib baʼzan oʻz istagini ochiq-oydin, maslahat tarzida aytgan hollar ham uchraydi.

Taniqli adib Asqad Muxtor 50 yoshi arafasidagi portretini samimiyat bilan yozib qoldirgan. Bu sheʼrni ham aynan oʻziday ekranlashtirib boʻlmaydi. Sheʼr ham lirik kayfiyat, ham ehtiros bilan, oʻychan bir holatda, sogʻinch, qoʻmsash tuygʻulari bilan, quvnoq – hazin yozilgan. Keyinchalik bu nazm va nasr ustasi oʻsha damlarni, misralarni, yozilgan sheʼrini sharhlab bergan. Ular televideniye nuqtai nazaridan oʻrganilsa, qiziqarli xulosalarga kelish mumkin. Zero, sheʼriy hikoyani avtoportret chizayotgan shoir aytib bergan. U oʻz shaxsiyatini ulugʻlamagan, ziddiyatlarni qalamga olganida oʻtkinchi hissiyotlardan yiroq boʻlgan. Bular televideniyening alifbosida qayd etilgan.

Mazkur sheʼrdan bir parchani oʻqib, shoir tasavvuridagi tasvirni koʻz oldingizga keltirib koʻring:

 

… Ammo mening chuqur ajinlarim,

Na qarilik, na ohlarimdan,

Ular mening qalbim qaynoqlari,

Vijdon oldidagi gunohlarimdan.

Biri, balki, sovuq yurak bilan

Ishq haqida shivirlaganim,

Balki dastlab ajin boʻlib tushgan –

Oʻpich, muhabbatsiz oʻgʻirlaganim.

Biri – uzoqlarda, uzoq xat yozmay

Onamni intizor etganimdandir.

Keyin vaqt oʻtgach, pushaymon boʻlib,

Alamim ichimga yutganimdandir.

Homiy boʻlolmadim bir vaqt bir doʻstimga,

Koʻnglimga oʻy keldi: “Balki dushmandir”.

Oʻsha qoʻrquv bir zum mening yuzimga

Xunuk ajin boʻlib tushgandir.

 

Oʻn toʻrt yil oʻtgach, his-hayajon bilan yozilgan bu misralarga muallifning oʻzi qayta murojaat etib, hazil-mutoyiba bilan munosabatini bildirgan: “… hayot haqida quvnoq hazil oʻyga toʻlgan kezlarim edi. Yaʼni bu satrlar eng samimiy onlarda tugʻilgan… Bu haqda endigina oʻylayotganim yoʻq. Oʻsha sheʼrdan keyin ham bir onlik xatoning goho hayotda naqadar qimmatga tushishi xususida (“Chinor” romanida) qissa yozgan edim. “Yozdingmi – demak, oʻylayapsan”, degan M. Prishvin. Men biroz boshqacha aytgan boʻlardimki: “Yozdingmi – demak, shunga oʻxshash nimanidir boshingdan kechirgansan”. Poetik ijod, yillar davomida shakllangan mazkur mushohadalar faqat kitobxon uchungina emas, teleportretga chizgilar izlash bilan band ijod ahli uchun ham “oʻgit ohangi” (A. Muxtor) sifatida koʻmaklashishi mumkin. Voqeani (bu oʻrinda portret chizish jarayonini) muallifning oʻzi shoirona ruhda taʼriflayotgani – bu ham “oynai jahon”ning asosiy talablaridan biri – chizgilar, lirik-psixologik boʻyoqlarga boy, rang-barang ekani, binobarin, “avtoportret” ijodkori ijobiy koʻrinishlar bilan birga tashvishli, “hazin onlar”ga mos soʻz, rang izlagani koʻzga tashlanadi. Misralarda namoyon boʻlgan har bir chizgi muayyan voqea bilan bogʻliq. Natijada “nurli chiziqlarni” atay chizmagan kamtarin shaxsning, qalam tebratishidan oʻzi ham zavq olayotgan nafis didli, nozik tabiatli shoirning portreti kitobxon koʻz oldida namoyon boʻlib boradi.

Ushbu satrlarni bitayotib buyuk musavvir Abdulhaq Abdullayev chizgan A. Muxtor portreti(reproduksiya)ni yana koʻrdik, oʻrgandik va tagʻin hayratlandik va tasavvur qildik: musavvir “Portret” sheʼridan ilhom olgandir, “qalb qiynoqlarini” namoyon etib turgan shoirning qalam tebratib turgan qoʻllari, charaqlab turgan koʻzlari, oʻtkir, ehtirosli nigohini iliq nurlar yoritib turganini polotnoga muhrlash zavqli boʻlgandir… Ushbu mulohazalarni qogʻozga tushirayotganda Asqad akaning oʻgʻli Eldorga sim qoqib, gap orasida soʻradim: “Eldor, padari buzrukvoringizning portretlari xonamdagi kitob javonida hamisha nur sochib turgandek. Tabiiyki, mendagisi reproduksiya, portretning asl nusxasi qayerda?” “Abdulhaq Abdullayev chizgan eng zoʻr, koʻrkam portretlardan biri bu. Asl nusxa bizda, – dedi Eldor. – Ukam Timurning uyida. Xonaning toʻrida”. Quvonib ketdim. Shu kungacha bilmas ekanman. “Hozir ayta olasizmi – qaysi yili, qayerda chizilgan?” – “Bolalik chogʻlarim edi. Yilini aniq aytolmayman. Timurning uyiga borib portretni sinchiklab koʻrib topaman yilini. Sizga xabar qilaman”, dedi Eldor.

Shunday boʻldi. Portret ortida sana yozilgan ekan: 1962 yil! Demak, men yanglishgan ekanman. Portretning sheʼriy ifodasi Abdulhaq Abdullayev tasvirlagan portretdan keyin – olti yil oʻtar-oʻtmas yozilgan. Musavvir shoir misralaridan emas, Asqad aka Abdulhaq aka asaridan yoʻl-yoʻriq olganmikan?! Qalam sohibi oʻzining tasviriy-psixologik ifodasini (ajinsiz portretini!) koʻrib sheʼr yozganmi? Moʻyqalamda roʻy-rost gavdalangan adibning jozibali siymosi Asqad aka bitgan misralarda ham yozma ifodasini topgan. Joʻshqinligi, samimiyligi, shiddati, ayni vaqtda mehrli koʻrinishi jihatidan bir-biridan qolishmaydigan mazkur asarlar badiiy soʻz ixlosmandlarini ham estetik jihatdan qoniqtiradi.

Sinkretik fikrlash, ikki sanʼat oʻrtasidagi ijodiy faollik badiiy ixtirolarga olib kelishini yana bir bor koʻrdik. Vaqti kelib buyuk ajdodlarimiz tutgan yoʻlning yangi, sintetik, audiovizual koʻrinishlarini yaratish, bu jarayonning nazariy asoslarini ishlab chiqish ilm va ijod dargohlarining rejalariga kiritilar. Televideniye nazariyasida bu haqda ilmiy konsepsiyalar ilgari surilayotgan boʻlsa-da, amaliyotda oʻtmish, meros, biz qalamga olayotgan kommunikatsion aloqa sezilmayapti. Nutqiy, yozma, chizma teleportretlar esa jiddiy tahlilga, tarkibi, estetik shakli tadqiqot obʼyekti boʻlishiga katta ehtiyoj bordek koʻrinadi bizga.

 

Hamidulla AKBAROV

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adib-siymosining-uch-tasviri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x