Faqirning haqqi

Egil tezroq Xudoning toatigʻa,

Keyin qoʻyma bu damni soatigʻa.

Soʻfi OLLOYOR

 

Bir badaviy Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamni ziyorat qilgani kelibdi. U bir qishloqdan, qabiladan, choʻldan kelgan odam. Juda ham chiroyli qoʻylarni oʻtlatib yurganlarini koʻribdi va:

“Yo Rasululloh! Bular qanday chiroyli qoʻylar-a!” – debdi.

“Senga juda yoqdimi?” – deb soʻrabdilar Rasululloh sallallohu alayhi vasallam.

“Juda ham chiroyli ekan! Juda yoqdi, yo Rasululloh!”

“Unday boʻlsa, ol hammasini” – deb aytgan ekanlar.

Biz nima qilamiz? Biz bir donasini soʻyamiz yoki beramiz, yoki “Shu sonini kesib, unga berib yuboring!” deymiz. Koʻpincha, kallani pishirish uyda xotinlarga mushkulligi uchun: “Boshini, shu narsalarini berib yuboring!” deymiz. Ammo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nima demoqdalar:

“Ol hammasini!”

“Hammasinimi, yo Rasululloh?”

“Ha, hammasini!”

Hammasini olibdi, jimgina ularni olib, kechga yaqin qabilasiga kirib boribdi.

“Allohu Akbar! Bu nima? Sen ertalab bir oʻzing chiqib ketganding. Nima, talonchilik qildingmi yoki oʻgʻirlik qildingmi?” – deb taajjublanib soʻrabdilar. Shunda u:

“Muhammad berdi. Faqirlikdan qoʻrqmaydigan Muhammad berdi”, – deb aytibdi.

Bizning esa faqirlikdan qoʻrqqanimizdan qoʻllarimiz titraydi: “Hoy, hoy, bola-chaqangga nima qoladi?” – deymiz.

Paygʻambarimiz faqirliqdan qoʻrqmasdan butun borini beribdilar. Odamlar hayron qolishibdi, hammalari maftun boʻlib, musulmonchilikni qabul qilibdilar. Bir poda qoʻy yaxshimi yoki bir guruh musulmonlar yaxshimi? Shu qadar musulmonga ega boʻldilar. Qoʻyni berdilar, musulmonni – moʻminni oldilar Paygʻambarimiz sallalloxu alayhi vasallam. Bu bilan zarar ish qilmadilar. Yanada koʻproq foyda koʻrdilar, chunki xolis musulmonlar koʻpaydi.

Yaʼni berishdan qoʻrqmay berar edilar. Abu Bakr Siddiq ham bermoqchi boʻlganlarida qoʻrqmasdan hammasini berar edilar.

“Miskinlarga mollaringizdan berdingizmi?” Beramiz. Nima uchun beramiz? Chunki ularning haqlari bor. Bizning mollarimizda ularning ham haqlari bor. Uni bergan vaqtimizda molimiz maʼnan tozalanadi, poklanadi. Shuning uchun ham arabchada zakotning maʼnosi tozalash degani. Zakot berishing bilan moling poklanadi. Zakot bu – insonning Allohga itoatkorligini koʻrsatadigan belgi. Baxil bilan saxiy musulmonning farqi zakot berishda bilinadi. Zakot bergan insonni baxil deb aytolmaysan. Ammo zakot bu – saxiylikning eng quyi qismi, eng yuqori choʻqqisi bu siddiqiyatdir. Nimang boʻlsa, Alloh yoʻlida hammasini berasan.

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vassallam hadisi shariflarida ramazonning sifatlaridan biri haqida nima degan edilar:

“Muvasot – mol bilan birovga yaxshilik qilish, moldan biror narsa berish degani”. Ramazonda bilasiz, Qurʼoni karim oʻqiladi, tarovih namozlari ado etiladi, roʻza tutiladi. Yana nima qilinadi? Xazinalar eshigi ochilib, faqirlarga ham ulush beriladi. Ular sevintiriladi. Shunda Alloh rozi boʻladi. Nega? Chunki, koʻngil olish – Kaʼba qurishdek savob. Qalbni buzish – Kaʼbani buzishdek gunoh.

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam Kaʼbaning oldiga borib:

“Qanday chiroylisan, qanday muboraksan, ey Kaʼba! Naqadar muhtaramsan, lekin Allohga qasam boʻlsinki, moʻmin qulning qalbi Alloh nazdida sendan koʻra qiymatliroqdir”, – deydilar.

Moʻmin qulning qalbi Kaʼbadan koʻra hurmatliroq. Namozxon, niyozmand bir faqirga biror narsa berib koʻnglini olsangiz, qanchalik savob topgan boʻlasiz!

 

Shayx Mahmud Asʼad JOʻShON,

Ramazon va taqvo” kitobidan

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/faqirning-haqqi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x