Muz ustidagi oshiq

Hermann HESSE

 

Oʻsha yili qish nihoyatda qattiq kelib, uzoq choʻzilgan, shu bois bizdagi juda ham goʻzal Shvarsvald daryosi bir necha haftalab qattiq muzlab qolgan edi. Men oʻsha gʻalati, oʻzim ham haddan ziyod qoyil qolgan tuygʻuni hamon unutolmayman, oʻshanda qahraton sovuqning ilk kuni edi, ertalabdanoq daryoga otlandim, u shunaqangi chuqur, muz esa shunday tip-tiniq, xuddi yupqagina oyna yangligʻ edi, undan yam-yashil suv, toshli qumloqlar, unga ajoyib bir tarzda singib ketgan gʻaroyib suvoʻtlar koʻrinib turar, ahyon-ahyonda esa birda-yarim baliqning qoramtir tanasi koʻzga chalinib qolardi.

Oʻrtoqlarim bilan muz ustida betlarimiz qizarib, qoʻllarimiz koʻkarib yarim kunlab konkida yaxmalak otib yurardik, shiddatli va bir maromdagi harakatlarimizdan yuraklarimiz toʻlib-toshar, bolalik davrining begʻam-mulohazasiz, ajoyib va lazzatli onlaridan kuch-quvvat olardi. Biz bir-birimiz bilan kim oʻzarga, uzoqqa va balandlikka sakrash boʻyicha bellashar, quvlashmachoq oʻynardik, oramizda kimki agar hali ham eski urfdagi oyoqqa bogʻlanadigan konkida uchayotgan boʻlsa, ular durustgina yaxmalak otuvchilar hisoblanardi. Biroq bittamizda, yaʼni fabrikantning oʻgʻlida “Halifax” rusumli konki bor boʻlib, u ip yoki tasmasiz ham mahkamlanaverar, uni koʻz ochib yumguncha bogʻlash va yechish mumkin edi. Oʻshandan buyon oʻtgan koʻp yillar mobaynida “Halifax” soʻzi mening rojdestvo bayramiga sovgʻalar roʻyxatimda saqlanib qolgan boʻlsa-da, biroq uning oʻzi nasib etmagan; oradan oʻn ikki yil oʻtgach, bir kuni konkining eng zoʻridan bir juft xarid qilay deb, doʻkondan soʻraganimda, u yerdagilar kulimsirab meni “Halifax” endi eskirib, anchadan buyon eng yaxshi konki boʻlmay qolganiga ishontirishgan, shunda dilim ranjib, eng yuksak orzuim hamda bolalarcha eʼtimodimning bir parchasidan mosuvo boʻlgan edim. Muz ustida koʻpincha yolgʻiz oʻzim uchishni yoqtirar, baʼzan hatto tun pardasi yoyilgunga qadar ham qolib ketardim. Men yeldek uchib borayotib, xohlagan nuqtada toʻxtash yoki qayrilib olishni mashq qilib oʻrganib olgan, shu asnoda chiroyli doira yasab, muvozanatimni saqlagan koʻyi uchish zavqi-la muallaq suzardim. Koʻpchilik oʻrtoqlarim muz ustidagi vaqtlarini qizlar ketidan yugurib, ularning koʻnglini ovlashga sarf etishardi. Menda esa qizlar degan gap yoʻq edi. Boshqalar qizlarga tantilik qilib, ular atrofida ham yonib, ham qimtinib girdikapalak boʻlayotgan yoki ular bilan juft-juft boʻlib quvnoq va shoʻxchan uchayotgan paytlarida men yakka-yolgʻiz sirpanishning erkin havosidan bahramand boʻlardim.

Qizlarning “yoʻlboshchilari”ga faqat rahmim kelar yoki ular ustidan kulardim, xolos, chunki baʼzi bir doʻstlarimning lafzlariga qaraganda, ularning ishqiy sarguzashtlari aslida naqadar dudmol va shubhali ekanligini bilib olish qiyin emas edi.

Oʻshanda qish oxirlab qolgan payt edi, bir kuni maktabda yangilik qulogʻimga chalinib qoldi, nima emish, Nordkafer yaqinda Emma Mayerni konki yechayotganida yana oʻpib olganmish. Bu xabarni eshitib, qonim qaynab ketdi. Oʻpib olganmish! Odatda qizlar bilan yurishning eng zoʻr kayf-safosi sifatida maqtalgan quruq, bemaza suhbatlar hamda jurʼatsiz qoʻl berib koʻrishishlarga qaraganda bu albatta, boshqa narsa edi. Oʻpib olganmish-a! Bu oldindan his etgan, jurʼatsiz, tund oʻzga bir olamdan kelgan sado boʻlib, unda mamnu neʼmatlarning xush boʻyi, allaqanday sirli, aql bovar qilmas shoirona bir nima mujassam ediki, u oʻsha, barchamiz bilib, indamay yurgan, oldindan sezgan va qizlarga ishqiboz, maktabdan quvilgan sobiq oʻquvchi bolalarning ertaknamo ishqiy sarguzashtlarida izma-iz oʻz ifodasini topgan oʻsha chuchmal, oʻta maftunkor maʼvoga mansub edi. Nordkafer asli gamburglik oʻn toʻrt yoshli oʻquvchi edi, Xudo biladi, bizga qanday kelib qolgan, uni nihoyatda hurmat qilardim, maktabdan tashqaridagi zoʻr obroʻsi kechalari menga uyqu bermasdi. Emma Mayer esa shubhasiz, Gerbersaudagi eng doʻndiq oʻquvchi qiz boʻlib, mallarang, magʻrur, shaxdam, epchil va chaqqon, yoshi men bilan baravar edi.

Oʻsha kundan boshlab oromim yoʻqolgan, oʻzimcha reja tuzishga kirishgandim. Qiz bolani oʻpish, bu – oʻz-oʻzidan mening hozirgacha mavjud boʻlgan barcha eng yuksak orzularimdan ham oshib tushardi, qolaversa, bunday xatti-harakat beadablik sanalib, shak-shubhasiz, maktab haqidagi qonun tomonidan ham taʼqiqlangan edi. Yaxmalak ustida qizlarga iltifot qilib, marhamat koʻrsatish buning uchun birdan-bir qulay imkoniyat ekanligi menga tez orada ayon boʻldi. Eng avvalo, tashqi koʻrinishimni iloji boricha koʻngil ovlashga moyil, xushomadga qodir etishga harakat qildim. Soch tarashga vaqt ajratib, kiyimlarimning tozaligiga ham alohida eʼtibor bera boshladim, moʻyna telpagimni odob yuzasidan peshonamga bir oz tushirib kiyadigan boʻldim va singillarimdan pushtirang ipak boʻyinbogʻni yalinib-yolvorib, soʻrab oldim. Muz ustida uchayotgan paytlarimda yoʻl-yoʻlakay moʻljalimga toʻgʻri keladigan qizlarga xushmuomalalik bilan salom bera boshladim, birdaniga bunday muomala avvaliga ularni ajablantirgan boʻlsa-da, ayni paytda ularda xayrixohlik uygʻotayotgani ham sezilib turardi.

Ilk tanishuv kamina uchun xiyla qiyin boʻldi, chunki men hali hayotimda birontayam qizni “taklif qilib” koʻrmagandim. Avvaliga doʻstlarimning mana shunaqangi jiddiy marosimlar chogʻida oʻzlarini qanday tutishlarini sezdirmay kuzatishga urinib koʻrdim. Baʼzilari faqat mulozamat yuzasidan taʼzim qilib, qoʻl uzatsalar, boshqalari tutilib qolib, allanimalarni gʻoʻldirashar, koʻpchiligi esa quyidagi ajoyib iboradan foydalanishardi: “Marhamatingizni darigʻ tutmang.” Mana shu qisqagina jumla menga juda yoqib qoldi, uyga kelib, xonamdagi pechka oldida qulluq qilganimcha, ushbu tantanavor soʻzlarni qanday aytishni mashq qilishga kirishdim.

Nihoyat, ancha qiyin ilk qadamni qoʻyadigan kun ham yetib keldi. Kuni kecha ishga kirishishni oʻylagan, biroq ikkilanib, jurʼat qilolmasdan qaytib kelgandim. Bugun esa, oʻzim shu qadar intiq kutgan va hayiqqan ishni albatta amalga oshiraman deb, sobitqadam boʻlib turardim. Yuragim poʻkillab, xuddi jinoyatchiga oʻxshab ruhim tushgan, maʼyus bir alfozda yaxmalakka bordim, ishonsangiz, konkini qadayotgan qoʻllarim “qalt-qalt” titrardi. Soʻng doirani keng oldim-da, aft-angorimda odatdagi xotirjamlik va tabiiylikni saqlashga harakat qilib, koʻpchilikka qoʻshilib ketdim. Butun boshli yaxmalakni katta tezlik bilan ikki marta aylanib chiqdim, keskin harakat va sovuq havodanmi, kayfiyatim koʻtarildi.

Toʻsatdan, shundoq koʻprik ostida kutilmaganda allakimga bor kuchim bilan urilib, yon tarafga ilkis sirgʻanib ketdim. Qarasam, muz ustida goʻzal Emma oʻtirar, aftidan, ogʻriqning zoʻridan arang tishini tishiga bosib, shu koʻyi menga taʼnaomuz qarab turardi. Koʻz oldimda dunyo gir-gir aylanib ketdi.

– Meni turgʻizib qoʻysalaring-chi! – qichqirdi u dugonalariga qarata. Men esa xijolatdan qip-qizarib ketgandim, telpagimni asta yechdim-da, uning yoniga choʻk tushib, oʻrnidan turishiga yordamlashdim.

Bizlar endi ikkovimiz ham oʻngʻaysiz, jurʼatsiz bir tarzda roʻbaroʻ turar, shu asnoda bir-birimizga nima deyishni ham bilmasdik.

Barno qiz egnidagi moʻyna poʻstin, chiroyli chehrasi hamda sochlaridagi qandaydir yot yaqinlikdan boshim aylandi. Uzr soʻrash esimga tushib, biroq bunga jurʼatim yetmay, telpagimni hamon mushtimda tutib turardim. Shunda bexosdan koʻz oʻngim qorongʻilashgandek boʻldi, beixtiyor unga chuqur taʼzim qilib, gʻoʻldiradim: “Marhamatingizni darigʻ tutmang”.

Qiz hech narsa demasdan qoʻllarimni barmoqlari orasiga oldi, ularning haroratini qoʻlqopdan ham his etib turardim, soʻng biz birga ucha boshladik. Oʻzimni shu damda xuddi gʻaroyib tush koʻrayotgandek his qilar, baxtu iqbol, sharm-hayo, samimiyat, quvonch va xijolatlik tuygʻusidan nafasim boʻgʻilay derdi. Shu zaylda biz chorak soat birga aylandik. Nihoyat, toʻxtash joyiga yetganimizda, u nozik qoʻllarini asta boʻshatdi-da: “Katta rahmat” dedi va oʻzi yolgʻiz uchib ketdi. Men esa anchadan soʻng oʻzimga kelib, moʻyna qalpoqni yechdim va turgan yerimda uzoq qolib ketdim. Shundan keyingina uning oʻtgan butun vaqt mobaynida bir ogʻiz ham gapirmaganini esladim.

Muzlar erib, oʻz tajribamni boshqa takrorlay olmadim. Bu mening ilk ishqiy sarguzashtim edi. Biroq orzuim amalga oshib, qizning qirmizi lablaridan ilk bor boʻsa olgunimga qadar oradan yillar oʻtdi.

 

Olmon tilidan: Mirzaali AKBAROV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 1-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/muz-ustidagi-oshiq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x