Tarjima maʼnaviy koʻprik…mi?

Mohir tarjimon Qodir Mirmuhammedov bilan suhbat

 

XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlar qadim va boy oʻzbek adabiyoti tarixida gʻoyat muhim davrlar boʻldi. Mamlakat va xalq hayotida yuz bergan eng ulkan baxtsizlik – millat va davlat sifatida oʻz mustaqilligini yoʻqotishi ziyolilar ruhiyatiga katta taʼsir etgan boʻlsa-da, biroq bu tushkunlik davri haqiqiy ijodkorlar ruhini sindirolmadi. Atoqli maʼrifatparvar Abdulla Avloniy taʼbiri bilan aytganda “Adabiyot millat oynasi” oʻlaroq xalq hayotida renessans davrini boshlab berdi. Oʻz-oʻzidan adabiyotda yangi janrlar va tadqiqotlar paydo boʻldi. Ayniqsa, oʻlkada madaniyat markazlari hisoblangan Xiva, Qoʻqon, Toshkent va Buxoro singari shaharlarda yangicha adabiy muhit paydo boʻla boshlagan edi. Jumladan, adabiyotimizdagi zullisonayn anʼanasi yonida endi asta-sekin tarjima maktablari paydo boʻla boshlagandi. Misol uchun, 1880–1890 yillarda oʻzbek oʻquvchilari L. N. Tolstoy, A. S. Pushkin, A. A. Krilov singari rus adabiyoti namoyondalarining ijod namunalaridan bahramand boʻlishgan. 1887 yilda ilk marta L. N. Tolstoyning “Odamlar nima bilan tirik?” hikoyasi oʻzbek tiliga tarjima qilingan. 1899 yili Pushkinning “Boqchasaroy fontani”, “Shoir” asarlari tarjimasi “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida chop etilgan.

Qodir aka, adabiyotimiz tarixidagi bu jarayonlarni kuzata turib savol tugʻiladi: tarjimachilik ham boshqa adabiy janrlar singari muayyan ehtiyojlar tufayli paydo boʻlmaganmikin?

Hamonki inson bu foniy dunyoga faqat bir marta kelishini bilarkan, unda oʻzidan soʻng iz qoldirish ehtiyoji paydo boʻladi, albatta. Unda yangilik yaratish, ijod qilish, farzandlar tarbiyalab oʻstirish, bunyodkorlik qilishga ehtiyoj uygʻonadi. Soʻng bu ehtiyojlarning samarasini koʻrib, xalq taʼbiri bilan aytganda, “ishqi yoʻq – eshak, dardi yoʻq – kesak” boʻlib umr kechirmaganidan koʻngli togʻdek koʻtariladi. Buyuk Italiya sayyohi Marko Polo jahonni kezish, turfa xil yurtlar, mamlakatlarni oʻrganish niyatida uzoq safarga chiqib, to shimoliy Xitoygacha yetib borgan. Lekin vataniga qaytayotganida u koʻp azob-uqubatlar chekkan, asirga tushgan, qamoqda yotgan boʻlishiga qaramay oʻzining bu uzoq safari chogʻida jamiki koʻrgan-kechirganlarini yozib kitob qilib chiqarishga muvaffaq boʻlgan. Buyuk Ipak yoʻlini kashf etgan tijorat ahlini eslang. Ular ham koʻp talofatlarga, judoliklarga, muhtojlikka roʻpara kelgan boʻlsalar ham bir-biridan yiroq boʻlgan oʻlka va xalqlarga koʻprik boʻlib bir-birlariga ulagan. Axir bu hayotda olgʻa intilishga, koʻproq koʻrish, koʻproq bilish, koʻproq oʻrganishga boʻlgan ehtiyoj emasmi? Adabiyotimizning tarjimachilik janrida ham shunday ehtiyoj boʻlgan va u hanuz kamol topib kelmoqda. Lev Tolstoyni “Semiz Sher” deb tarjima qilishganida dunyoga kelgan tarjimachilik janri bir qancha ijodiy bosqichlarni boshidan kechirib, bugungi kunda tarjima uchun murakkab boʻlgan, durdona asarlarni oʻzbek tilida dunyoga keltirdi. L. Tolstoyning “Urush va tinchlik”, “Ana Karenina” romanlari, F. Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba” romanlari, N. Nekrasovning “Rossiyada kim yaxshi yashaydi?” dostoni, Gyotening “Faust”i, Dantening “Ilohiy komediya”si, Homerning “Iliada” va jahon adabiyoti klassiklarining yana juda koʻp durdona asarlari tarjimachilik jarayonida olgʻa intilishga, yaratuvchilikka boʻlgan ehtiyoj samarasidir.

Men yuqorida “ijodiy bosqichlar” deganimda, oʻzim shohid boʻlgan bir voqea esimga tushdi. Bir paytlar, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda tarjima boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab yurgan kezlarimda ukrain klassik yozuvchisi Panos Mirniyning “Pavia” (“Buzuq qiz”) romanini asliyatdan tarjima qilish niyatim borligini aytdim. (Men ukrain tilini yaxshigina bilaman). Shunda nashriyot rahbarlari: “Bizda ukrain tilini biladigan muharrir yoʻq. Tarjimangizni hech kim tahrir qila olmaydi”, deb javob bergan edilar. Gap shundaki, oʻtgan asrning 50-60 yillarida tarjima qilingan asarlar jumlama-jumla asliyatga solishtirilib tahrir qilinardi.

Oʻtgan asrning 30-yillariga kelib, oʻzbek adabiyotiga yangi-yangi nomlar kirib kela boshlagan edi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu avlod adabiy anʼanalar qobigʻini yorib chiqqan, yangilikka va yangilanishga tashna bir avlod edi. Badiiy adabiyotdagi bu yangilanishlarni Abdulla Qodiriy “Oʻtgan kunlar” romaniga yozgan muqaddimasida “majburiyat” deb eʼtirof etadi. Qodiriy yozadiki: “Modomiki, biz yangi davrga oyoq qoʻydik, bas, biz har bir yoʻsinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga oʻxshash dostonchilik, roʻmonchilik va hikoyachiliklarda ham yangarishgʻa, xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhro”lari, “Chor darvesh”lari, “Farhod-Shirin” va “Bahromgoʻr”lari bilan tanishdirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz”. Mana shu majburiyat tarjimachilik ishlariga ham taalluqli edi. Shuning uchun ham keyinchalik jahon adabiyotining muhtasham asarlari birin-ketin oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Mana shu qaynoq jarayon oʻtgan asrning 80-yillariga qadar davom etdi. Nazarimda keyingi oʻn yilliklarda dunyo adabiy jarayonidan biroz bexabar qolgandekmiz…

Gapingiz toʻgʻri. Keyingi oʻn yilliklarda chop etilayotgan kitoblarda dunyoviy adabiy hayot kamroq yoritilmoqda. Jahon adabiyoti durdonalari tarjimalari deyarli nashr qilinmay qoʻydi. Bunga sabab, menimcha, kitoblar bilan telekoʻrsatuvlar oʻrtasida paydo boʻlgan raqobat boʻlishi mumkin.

Koʻpchilik kitobxonlarga kitob oʻqishdan koʻra televizor ekranida serillarni koʻrish qulayroq boʻlib qoldi. Vaholanki, tarjima qilinib, oʻzbek tilida namoyish etilayotgan ayrim filmlar na gʻoyaviy, na badiiy qimmatga ega. Ularning tomoshabinlar uchun mutlaqo tarbiyaviy ahamiyati yoʻq. Lekin Allohga shukrki, 1997 yildan boshlab mamlakatimizda “Jahon adabiyoti” jurnali nashr etila boshlandi. Bu xayrli ish Oʻzbekistondagi kitobxon ahlining juda koʻp yillardan beri intizorlik bilan kutgan orzusi edi. Bu jurnal oʻzining dastlabki sonlaridan boshlab, boya siz aytganingizdek “dunyo adabiy jarayonidan” oʻzbek kitobxonlarini boxabar qila boshladi. Bu adabiyotimizning eng katta yutuqlaridan biri boʻldi. Maʼlumingizki, hozirda bu qimmatli jurnal 14 yoshga kirdi. Uning sahifalarida oʻzbek adabiyoti bilan bir qatorda jahon adabiyotining eng nodir durdonalari ham taniqli tarjimonlar va shoirlarimiz hamda jurnal rahbariyatining faol harakati bilan chop etilmoqda. Jurnalga jalb qilinayotgan yosh tarjimonlar ham oʻzlarining nimalarga qodir ekanini namoyish qilmoqda.

Bir paytlar atom bombasini vujudga keltiradigan elementlarni kashf etgan atoqli olimlardan biri bu kashfiyot insoniyat boshiga qay darajada kulfat keltirishini anglab yetgach, oʻsha kundan boshlab qora kiyim kiyib olgan ekan. Soʻnggi yillarda tom maʼnoda fahshiyat va zoʻravonlikni targʻib etuvchi oʻnlab pornagrafik asarlar, yuzlab kinofilmlar, seriallar oʻzbek tiliga tarjima qilinib isteʼmolga kiritildi. Maʼnaviy vayronalik keltirib chiqaradigan bu asarlar zarari, koʻlami jihatdan atom bombasidan qolishmaydi. Ammo bu holat uchun hozircha hech kimning qora koʻylak kiygisi yoʻq.

Qodir aka, mana siz ham ijodiy faoliyatingiz davomida yuzlab asarlarni tarjima qilgansiz. Sizda shu paytgacha biror asarning tarjimasi yuzasidan afsuslanish boʻlganmi?

– Men tarjimonlik faoliyatimning dastlabki 10-15 yili davomida qoʻlimga topshirilgan har qanday badiiy asar yo badiiy filmni, asosan, qalam haqi ishlab topish maqsadida tarjima qilaverganman. Faqat keyinchalik, yoshim ancha oʻtib qolganda, uyimdagi shkafimda terilib turgan 30 dan ortiq tarjimalarimga koʻz yugurtirar ekanman, ularning ancha-munchasini tarjima qilishga ketgan vaqtimga achinganman, afsuslangan paytlarim boʻlgan.

Toʻgʻri, ular ham kitobxonga yoqadigan yaxshi asarlar, hammasi katta-katta adadda bosilib sotilib ketgan. Biroq oʻkinchim shuki, modomiki, men tarjimon sifatida kamolga yetar ekanman, ijodimni, masalan, V. Hugoning “Xoʻrlanganlar”, F. Rablening “Gargantyua va Pantagryuel”, F. Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar”, Servantesning “Don Kixot” asarlarini tarjima qilishga bagʻishlasam boʻlmasmidi, deb oʻylayman. Ana shu armonlarim meni yana antik dunyo yunon adabiyotidan Homerning “Odisseya” dostonini tarjima qilishga daʼvat etdi. Yunonistonning antik davri tarixini men “Iliada”ni tarjima qilganimda yaxshi oʻrgangan edim. “Odisseya” esa “Iliada”ning davomi. Adabiyotimizning barcha muxlislariga ayonki, “Odisseya”ni ustozim Mirtemir domla tarjima qilishga kirishgan edilar. Afsuski, shafqatsiz oʻlim ul zotni bevaqt oramizdan olib ketdi. Domla dostonning faqat birinchi qoʻshigʻini tarjima qilishga ulgurgan ekanlar. Men ustozimning ruhlarini shoyad shod etsam, degan umid bilan 1999 yilda “Odisseya”ni tarjima qilishga kirishdim va 10 yildan soʻng 2008 yilda tarjimani tugatdim. Hozir doston qoʻlyozmasi Gʻ. Gʻulom nomidagi nashriyotda chop etilish arafasida.

Bu – Sizning savolingizga javobim emas, balki oʻz dardim. Endi javobimni oʻqing: mening bir tarjimam nafaqat oʻzimga, hatto kitobxonlarga, tarjimachilik boʻyicha shugʻullanuvchi olimlarimizga ham yoqmagan. Gap, Temir Poʻlatning “Dushan qaysarning boshidan kechirganlari” romani haqida boryapti. Bu asarning tarjimasi “yuqoridan tushgan” koʻrsatma boʻyicha menga topshirilgan edi. U paytlar koʻrsatmaga itoat etmay boʻlmasdi.

Romanni oʻqib chiqib hafsalam pir boʻldi. Nafaqaga chiqqan, ishlamayotgan paytlarim edi. Doʻrmondagi yozuvchilarning ijod uyiga borib tarjima qilishga kirishdim. Asardagi oʻzbek urf-odatlarini notoʻgʻri taʼriflovchi jumlalarni tuzatdim, oʻxshovsiz joylarni oʻchirib, aniqlik kiritdim. Qarangki, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Temur Poʻlat hatto hijriy yil sanasi bilan milodiy yil sanasini bir-biridan farq qilolmas ekan. U asarida: “Kajdiʼy god v sentebre prixodit mesyas Ramazan”, deb yozibdi. Xullas, kitob bosilib chiqdi, men qalam haqini oldim. Ammo bu ishimdan koʻnglim gʻash boʻlib qoldi. Xulosam shuki, sayoz asarni hatto tarjima qilib ham yaxshilab boʻlmas ekan.

Oʻzbek adabiyotidagi dastlabki tarjimalar rus tili orqali amalga oshirildi. Va bu urinishlar keyinchalik oʻziga xos tarjimachilik maktablarining paydo boʻlishiga asos boʻldi. Aytish mumkinki, bugungi oʻzbek adabiyoti jahon adabiyoti durdonalari bilan bevosita tanishish jarayoni juda koʻp bosqichlarni bosib oʻtdi. Ayting-chi, oʻzbek adabiyotidagi bugungi tarjimachilik jarayonini qanday baholash mumkin?

Bugungi kundagi tarjimachilik jarayonini mamnuniyat bilan yaxshi deb baholayman. Tarjimachilik faoliyatining rivoji shu darajaga yetganki, bugungi kunda biz chet ellar adabiyoti namunalarini bevosita asliyatdan oʻzbek tiliga, shu bilan birga, oʻzbek adiblarining asarlarini xorijiy tillarga tarjima qila boshladik. Mana shunday salohiyatga ega yosh tarjimonlarimiz paydo boʻlmoqda. Toʻgʻri, bu hali muqaddima, dastlabki qadamlar. Lekin teran isteʼdod sohiblari boʻlmish bu ijodkor yoshlarni hali oldinda buyuk ishlar – jahon adabiyotining durdona asarlari kutmoqda. Aminmanki, oʻzbek tarjimachiligining istiqboli porloq boʻlgay.

Bugungi yosh tarjimonlarga ustoz sifatida nimalarni tavsiya qilgan boʻlardingiz?

Tarjimon yoshlarimizga mening takliflarim:

a) Hayotni oʻrganing, har bir hayotiy urf-odatlarni ifodalashda munosib ibora ishlatishga harakat qiling.

b) Har qanday tarjimon oʻz tilini puxta bilmogʻi kerak. Buning uchun esa koʻp kitob oʻqishi, izohli lugʻatlarni mudom koʻzdan kechirib turishi kerak.

v) Hech qachon kitob mutolaasini kanda qilmang, shu bilan birga Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osim, Vahob Roʻzimatov, Xolida Ahrorova, Ozod Sharafiddinov kabi ustoz tarjimonlarning tarjimalarini oʻqib, ular ishlatgan nozik, diqqatga sazovor iboralarni asliyatga solishtiring va shu yoʻl bilan bu ustozlar amaliyotidan sobiq oling.

Xudoga shukr, mana bugungi kunda respublikamizda ajnabiy tillardan oʻzbek tiliga bevosita tarjima qila oladigan salohiyatli yoshlarimiz adabiyotimiz dargohiga kirib kelishmoqda. Bu tarjimonlar biror asarni oʻzbek tiliga tarjima qilishga chogʻlanishar ekan, bir-biriga zid boʻlgan ikkita adabiy usulga roʻpara keladilar.

Birinchi usul: xorijiy tildagi klassik adabiyot namunasini oʻzbek tiliga oʻgira boshlagan tarjimon uchun bir qulaylik bor. Yaʼni, u bu asarning rus tilidagi tarjimasidan taglama (podstrogini) tarjima sifatida foydalanishi mumkin. Shunda tarjimonning ishi ancha yengillashadi. Ammo bu yengillikning salbiy tomoni ham bor. Gap shundaki, bir paytlar men Jek Londonning “Martin Iden” romanini tarjima qilgan edim. Kitob 1968 yilda nashr etildi. Shunda “Tarjima sanʼati” nomi bilan nashr etila boshlagan maqolalar toʻplamining birida oʻzbekcha “Martin Iden”ni inglizcha asliyatiga solishtirgan bir maqola bosildi. Maqola muallifining yozishicha, tarjima matnlarida asliyatga oʻxshamagan jumlalar bormish. Binobarin, “shoʻrvaning shoʻrvasi” badhazm boʻlishi mumkin.

Oʻz fikrimni yoshlarga puxtaroq taʼkidlash uchun yana bir misol keltirmoqchiman. “Odisseya”ni Pushkinning zamondoshi shoir V. Jukovskiy nemis tilidan tarjima qilgan. XX asr oʻrtalarida esa shoir V. Veresayev bu dostonni yunon tilidan tarjima qilarkan, u Jukovskiy yoʻl qoʻygan baʼzi bir xatolarni tuzatib, asar oxirida bu tuzatuvlarga izoh bergan.

Aytmoqchimanki, ajnabiy tildagi asarni tarjima qilmoqchi boʻlsangiz, ikkinchi usuldan, yaʼni bevosita asliyatning oʻzidan foydalaning.

Qodir aka, jurnalxonlarimiz nomidan qimmatli maslahatlaringiz va mulohazalaringiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.

 

Suhbatdosh: Alisher NAZAR

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/tarjima-manaviy-koprik-mi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x