Ziyolilar: kim nima oʻqiyapti?

“Yangi kitob” nashriyoti va ziyouz.uz portali hamkorlikda kichik tadqiqot oʻtkazdi. Yurtimiz ziyolilaridan ayni kunlarda qanday kitob oʻqiyotgani soʻraldi va 120 dan ziyod javob olindi. Shu tariqa oʻziga xos maʼlumotlar zaxirasi jamlandi. Atoqli olimlar, yozuvchi-shoirlar, adabiyot va boshqa soha vakillari – millatimiz ziyolilarining javobi bilan tanishib, turfa kitoblar, ularning mazmun-mundarijasi haqida bilib olish mumkin.

Shukrullo, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – “Boʻsh qop tik turmas” deganlaridek, yozuvchining ishi faqatgina ijod qilish emas, u muttasil oʻqishi, hayotni oʻrganishi, jahondagi voqea-hodisalardan, adabiy jarayondan boxabar boʻlishi ham kerak. Hozir faqat kitob mutolaasi bilan bandman. Akmal Saidning “Hazrati Zangi Ota”, Abduqahhor Ibrohimovning “Ruhiy ozuqa maxzani”, Gʻiyosiddin Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarlarini, Halima Xudoyberdiyevaning yangi kitobini oʻqiyapman.

Umarali Normatov, filologiya fanlari doktori, professor:
 – Men shu kunlarda Xurshid Doʻstmuhammadning “Donishmand Sizif” nomli romanini oʻqiyapman. Bir qarashda asar uchun tanlangan motiv gʻarbcha boʻlsa-da, romanni oʻqib, chinakam oʻzbekona ruhni his qildim.

Naim Karimov, filologiya fanlari doktori, professor:
 – Bu yil Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan adib asarlarini, qolaversa, Fyodor Razzakovning “Korrupsiya v politbyuro. Delo “Krasnogo uzbeka” asarini mutolaa qilyapman.

Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi:
 – Oybek domlaning “Bolalik” asarini qayta oʻqiyapman. Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” kitobi stolimda turibdi. Oʻtkir Hoshimovdagi tilning tozaligi, ruhning sofligi menga yoqadi. Deyarli har kuni bolalarga oid kitoblarni oʻqishga, varaqlashga toʻgʻri keladi. Afsuski, bugungi bolalarimizning kitobxonlik darajasi maqtagulik emas. Ularning soʻz boyligi juda kam, 1200–1300 ta, xolos…

Ibrohim Gʻafurov, adabiyotshunos:
 – X-XI asr arab yozuvchisi Usoma ibn Munkizning “Ibratli kitob” nomli ulugʻ asari bor. Uni mashhur arabshunos olimimiz, filologiya fanlari doktori Ismatulla Abdullayev oʻzbek tiliga oʻgirgan. Kitob Gʻafur Gʻulom nashriyotida 1980 yili nashr qilingan. Bu asarni oʻsha paytda oʻqigan edim, bugun yana qayta qoʻlimga oldim. Muallif hozirgi Turkiya, Suriya, Falastin yerlarida X asrda salbchilarga qarshi kurashgan yirik qahramonlardan biri. Oʻsha kezlar boshidan kechirganlari, salbchilarga qarshi qanday kurash olib borganini xotiralar tarzida yozib qoldirgan. Men oʻqiyotgan yana bir kitob ingliz olimi Tyornerning “Simvol i ritual” asaridir. Muallif Markaziy Afrika xalqlari orasida koʻp yillar yashab, hayot tarzini chuqur oʻrgangan. Marosimlar, rasm-rusumlar, ramzlar, timsollar nimani anglatishi haqida ajoyib ilmiy kitob yozgan.

Jamol Kamol, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – Hozir Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si tarjimasi bilan bandman. “Mahzanul asror” va “Layli va Majnun” chop etildi. Boshqa dostonlarni ham xudo xohlasa 2018 yilgacha tamomlamoqchiman.

Vahob Rahmonov, adabiyotshunos olim:
 – Yaqinda rafiqam Yanglish Egamova bilan Toshkentda boʻlib, Oʻsarali Nishonov va Sanobar Nishonovaning uyida mehmon boʻldik. Bahonada kitob ayirboshladik: biz ularga, ular bizga kitoblarini tuhfa etdi. Rafiqam Gyotening “Muhabbatnoma”sini, men “Mumtoz soʻz sehri” kitobimni sovgʻa qildim. Oʻsarali Nishonov “Oʻqituvchi” nashriyotida uzoq vaqt ishlagan. Mehnatlarim zoye ketmasin deb kitob chiqaribdi. Nomi “Qalb daʼvati” boʻlib, adabiy-tanqidiy maqolalar, qissa va hangomalar, tarjimalardan iborat. Men shuni oʻqiyapman. Rafiqam esa Sanobar Nishonovaning “Ortda qolgan yoʻl” qissalar toʻplamini mutolaa qilyapti.

Yoʻldosh Solijonov, filologiya fanlari doktori, professor:
 – Isajon Sultonning yaqindagina nashr etilgan 2 jildli saylanmasini oʻqiyapman. Muallif zamonaviy inson mavqeini chuqur anglab, badiiy tahlil eta olishi meni gʻoyat mamnun etmoqda.

Erkin Malik, yozuvchi:
 – Ayni paytda Chingiz Aytmatovni oʻqiyapman. Nechanchi marta mutolaa qilayotganimni oʻzim ham bilmayman. Chingiz Aytmatov asarlari yod boʻlib ketgan, lekin baribir oʻqiyveraman. Men u kishidan ilhom olaman. Misol uchun, yozishdan toʻxtab qolsam, Chingiz Aytmatovga murojaat qilaman. Dialoglarini emas, asosan tasvirlarini oʻqiyman. Juda samimiy! Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Aytmatov kitoblarini chiqarishga toʻgʻri kelgan edi. Oʻshanda Chingiz ogʻa Stokholmda elchi boʻlib ishlardi. Odil Yoqubov orqali Aytmatovga murojaat qildik (Odil aka mualliflik huquqi boʻyicha idora boshligʻi edi). U kishi Chingiz akaga qoʻngʻiroq qilib, “Oʻzbekistonda sizning kitoblaringizni chiqarmoqchimiz, qalamhaqini qanday hal qilamiz?” deganida, Aytmatov xat yozib yuborgan (bu maktub menda turibdi). “Oʻzbekiston sharoitida qanday lozim boʻlsa chiqaraveringlar, men roziman”, deb yozilgan oʻsha xatda.

Qudrat Doʻstmuhammad, yozuvchi, iqtisod fanlari nomzodi, professor:
 – Shu kunlarda Ahmad Zaki Validiyning “Boʻlinganni boʻri yer” deb atalgan kitobini oʻqiyapman. Uni ziyouz.com sayti kutubxonasidan koʻchirib oldim. Bu kitob XX asr boshlarida turkiy xalqlar mustaqillikni qoʻldan bermaslik uchun Rossiya imperializmiga qarshi qanday kurashganini hujjatlar asosida hikoya qilib beradi.
Ahmad Zaki Validiy buyuk inqilobchi, siyosatchi, tarixchi va haqiqatda ham, zakiy, yaʼni ziyrak, aqlli, nozik didli inson, goʻzallik oshuftasi boʻlganiga ishonch hosil qilib turibman. Rus bosqiniga qarshi ham mafkuraviy, ham qurolli kurashaturib, sovetlarning “Oʻlim mashinasi”ni dogʻda qoldirgan, Alloh bergan bu dunyoda sakson yil yashab oʻtgan inson ekan, joyi jannatlarda boʻlsin.
Validiyning bu kitobi oʻzbek tiliga 1997 yili qisqartirib tarjima qilingan ekan, rus tilidagi toʻliq nashrini va boshqa asarlarini (“Turkiston tarixi” nomli kitobi ham bor ekan) topib oʻqish niyatim bor.

Oydin Hojiyeva, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – Soʻnggi bor Alisher Mirzoning “Musavvir” romanini, Xurshid Doʻstmuhammadning “Lolalar” hikoyasini, Dilbar Mahmudovaning xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva haqidagi “Halima” kitobini, Enaxon Siddiqovaning yangi kitobini oʻqidim. “Kitob olami” gazetasining soʻnggi sonidagi barcha materiallarni oʻqib chiqdim. Yoshlar ijodini muntazam kuzataman. “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” jurnallarini doim oʻqib turaman.

Abduhakim Fozilov, rusiyzabon yozuvchi:
 – A. Ustimenkoning “List s nerovniʼmi krayami” asarini oʻqiyapman.

Omon Matjon, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – Chingiz Aytmatovning hikoya va qissalarini qayta oʻqib chiqyapman. “Jamila” qissasini ilk bor 1960 yili oʻqigan ekanman.

Shayx Abdulaziz Mansur, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari:
 – Umuman olganda yurtimizda chiqqan 15000 dan ortiq diniy-maʼrifiy kitobni oʻqib chiqqanman. Har kuni aholidan tushayotgan diniy-maʼrifiy savollarga javob berish jarayonida 10 dan ortiq kitob koʻraman. Bir kunda 50-100 ta savolga yozma va ogʻzaki javob berishga toʻgʻri keladi. Fatvo kitoblaridan “Fatovoi Olamgiriya”, “Fatovoi Qozixon”, “Xulosatul fatovo”, tafsir kitoblaridan “Tafsiri Nasafiy”, “Bahrul ulum”, hadis kitoblaridan Suyutiyning “Al-jomeʼ as-sahih”, fiqh kitoblaridan “Al-mavsuʼ al-fiqhiya” (30 jildli islomshunoslik ensiklopediyasi), “Muxtasar ul-viqoya”, “Hidoyai sharif” kitoblari kundalik koʻradigan manbalarimdir.

Bahodir Yoʻldoshev, rejissyor, Oʻzbekiston xalq artisti:
 – Jastin Marotssining “Tamerlan. Zavoyevatel mira” (Moskva, 2004) kitobini oʻqiyapman. Muallif asarda buyuk Amir Temur hayoti va faoliyatiga yangicha nigoh bilan qaragan. Abdulla Qodiriy haqidagi ilk roman – Abdulhamid Ismoilning “Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin” (“Akademnashr”, 2017) ham yaxshi taassurot qoldirdi.

Baxtiyor Isabekov (Oʻrdabekli), filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
 – Men hozirgi kunlarda taniqli jurnalist Abdulhamid Ismoilning “Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin” nomli romanini oʻqiyapman, “Akademnashr” 2017 yili chop etgan. Bu – Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi haqidagi ilk roman boʻlib, hajmi ham salmoqligina – 500 sahifa atrofida. Romanni oʻqib tugatgach, XX asr boshlaridagi Turkiston tarixiga oid kitoblarni topib oʻqimoqchiman.

Anatoliy Bauer, rusiyzabon yozuvchi:
 – Abduhakim Fozilovning “Unikalnoye podprostranstva” qissasini oʻqidim.

Tohir Malik, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi:
 – Shu kunlarda hind adibi Rabindranat Tagor hikoyalarini mutolaa qilyapman. Hisoblab koʻrsam, uning hikoyalarini bundan ellik yil muqaddam oʻqigan ekanman.

Shodmon Otabek, yozuvchi va publitsist:
 – Chingiz Aytmatovdan “Siz koʻp yozasizmi?” deb soʻraganlarida “Yoʻq, men koʻp oʻqiyman”, deb javob bergan ekan. Odil aka Yoqubov rahmatli “Yozuvchilarimizning eng katta qusuri, kasali – ular kitobni kam oʻqiydi”, degan edi. Bundan ikki-uch hafta muqaddam Alisher Mirzayevning “Musavvir” nomli romanini oʻqib chiqdim. Nafaqat rassom boʻlaman degan inson, balki har bir ziyoli oʻqib chiqishi kerak bu kitobni. Ashurali Joʻrayevning Botir Zokirovga bagʻishlangan “Yurak boʻronlari”ni mutolaa qildim. Gʻafur Gʻulom nashriyoti chop etgan Pavel Chernishning “Pochemu miʼ stareem”, Nosir Muhammadning tarixiy mavzudagi “Sirli zarvaraqlar”i, Xurshid Doʻstmuhammadning “Donishmand Sizif”i, Abdusaid Koʻchimovning “Men shoirman, istasangiz shu” kitoblarini oʻqidim. Tohir Malik qalamiga mansub ikki tomli “Poʻrtanali ummonda suzar hayot qayigʻi”ni oʻqib “Hurriyat” gazetasida taqriz eʼlon qilgan edim. Mana endi “Tohir Malik gurunglari” kitobini qoʻlimga oldim.

Mahmud Yoʻldosh, psixologiya fanlari doktori:
 – Yaqinda oʻqib tamom qilgan kitoblarim: Radiy Fish. Jaloliddin Rumiy, Jamol Kamol tarjimasida; “Mustabid tuzumning Oʻzbekiston boyliklarini talash siyosati: tarix shohidligi va saboqlari” (“Sharq”, Toshkent, 2000). Bugun tamom qilayotgan va eng katta taassurot qoldirgan kitobim: Otto Vayninger. “Pol i xarakter” (Moskva, 2011 yil, 500 betli asar).

Erkin Komilov, Oʻzbekiston xalq artisti:
 – Toʻgʻrisini aytsam, ish, uchrashuvlar, yugur-yugurlar bilan boʻlib faqatgina pyesalar oʻqishga vaqt boʻlyapti, xolos. Soʻnggi marta Qamchibek Kenjaning “Palaxmon” romanini oʻqigandim. Baxtiyor Haydarovning “Insonnoma”, “Baxt nima?” kitoblarini doim varaqlab turaman.

Halima Xudoyberdiyeva, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – Chingiz Aytmatov qissalarini qayta oʻqib chiqishni boshlamoqchiman. U kishining asarlari qon-qonimga singib ketgan.

Anvar Obidjon, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – Kechagina Iqbol Mirzoning bolalar uchun kichik sheʼrlari toʻplangan “Erkatoy erka toy” kitobini oʻqidim. Avvalroq “Turon qavmlari”, Shukur Qurbonning “Erkin Vohidov saboqlari” kitobini tugatgandim. Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻotut-turk” asari yangi nashrini (“Mumtoz soʻz” nashriyoti) hayrat bilan mutolaa qilyapman. Bobolarimiz ishlatgan soʻzlar, turkiy tilning ajoyibotlari meni yana oʻziga tortdi. Yangi nashrda soʻzlar izohi takomillashtirilibdi.

Olimjon Salimov, Oʻzbek milliy akademik drama teatri rejissyori:
 – Kechagina Xayriddin Sultonovning “Umr esa oʻtmoqda” hikoyalar toʻplamini oʻqib chiqdim. Avvalroq Alisher Mirzoning “Kallaxonalik yigitcha”, “Musavvir” romanlarini, Xurshid Doʻstmuhammadning “Bozor” romanini oʻqib chiqqandim. Ishim taqozosi bilan har kuni pyesalar oʻqiyman.

Afzal Rafiqov, Oʻzbekiston xalq artisti:
 – Hozir Bahriddin Nasriddinovning oʻtgan asrda yashagan shoir va dramaturg Xurshid haqidagi kitobini oʻqiyapman. Navoiy asarlarining 10 jildligini doim oʻqib boraman.

Vladimir Vasilyev, shoir va yozuvchi:
 – Jasur Isxakovning “Sniʼ o Tashkente” asarini oʻqidim.

Galina Vostokova, yozuvchi:
 – Daniel Vasilyevning “Zvaniʼy i izbranniʼy” asarini oʻqiyapman.

Ahmad Muhammad Tursun, yozuvchi:
 – Hozir Imom Gʻazzoliy va Imom Termiziy haqlarida katta kitob yozyapman. Yozish jarayonida turli tarixiy asarlarni, Imom Shamsiddin Zahabiyning “Mashhur daholar siyrati”, Imom Gʻazzoliyning “Ihyou ulumid din” kitoblarini oʻqiyapman.

Qozoqboy Yoʻldoshev, filologiya fanlari doktori, professor:
 – Ayni damda turli qoʻlyozmalarni oʻqish bilan bandman, ammo ularning aksari pichoqqa ilingudek emas. Oxirgi vaqtlarda menga manzur boʻlgan asar Soyim Isoqning “Qiyomatga qolmagan qasos” romani boʻldi.

Ibrohim Haqqul, adabiyotshunos:
 – “Sitorai Mohi Xosa”da dam olyapman. Oʻzim bilan Lev Tolstoyning “Iqrornoma”sini olib keldim. Soʻnggi kunlarda Yusuf Xos Hojib qalami mansub “Qutadgʻu bilig” asarining usmonli turkchaga qilingan tarjimasini oʻqiyapman.

Usmon Azim, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – Ayni paytda Apuleyning “Metamarfoza” asarini va Gogolning “Nevskiye prospektiʼ”sini oʻqiyapman.

Baxtiyor Toʻrayev, falsafa fanlari doktori, professor:
 – Ayni paytda Chingiz Aytmatovning “Tavro Kassandra” asarini qaytadan oʻqimoqdaman. Bu asardan chiqariladigan bosh xulosa shuki, bugungi xatti-harakatlarimiz bilan kelajak uchun masʼulmiz. Bugun qadamimizni toʻgʻri tashlasak, kelajakda roʻy berishi mumkin boʻlgan baloyu ofatlarning oldini olamiz.

Xosiyat Bobomurodova, shoira:
 – Stolimda har kuni bir koʻrib oladigan kitoblar turadi: Alisher Navoiy, Lermontov, Pluton, Sitseron, Aflotun, qadimiy hikmatlar… Yaqinda N. I. Vavilovning “Besh qitʼa”sini yigʻlab oʻqidim (Dilorom Yormatova tarjimasi). Jahon mamlakatlarini kezib oʻsimliklar olamini kashf etgan ulugʻ olimning iztiroblari… Oxir-oqibatda sovet turmasida och-nahor oʻlgan insonning kundaliklari…
Koʻnglim bayram qilsin deb “Choliqushi”, “Qora va qizil”, “Soʻna”, “Yosh Verterning iztiroblari”, jahon shoirlari va oʻzimizning ijodkorlar asarlarini qayta-qayta oʻqiyman. Hayotimni kitoblarsiz tasavvur qila olmayman. Kitoblar mening hayot tarzimga aylanib boʻlgan. Butun umrim soʻzlar jangi aro kechdi. Kitoblar – hayotim… Shodliklarim, iztiroblarim, baxtim, baxtsizligim qogʻozlarga koʻmilgan.

Sharof Boshbekov, dramaturg:
 – Erkin Aʼzamning “Guli-guli”sini qoʻlimga oldim. Avval oʻqigan boʻlsam ham takror mutolaa qilyapman. Qayta-qayta murojaat qiladiganim esa turli maʼlumotnomalar, atlas, lugʻatlar. Esimdan chiqib ketmasligi uchun ham ularga qayta-qayta koʻz tashlab turaman. Bu ijod jarayonida kerak boʻladi.

Xurshid Doʻstmuhammad, yozuvchi, jurnalist, filologiya fanlari doktori:
 – 2017 yilning dastlabki kunlaridan yana qodiriyxonlik boshlandi. Hali tuganicha yoʻq.
Toshkent tarixiga doir manbalarga qiziqyapman – joy nomlari, voqealar…
Halima Ahmedova, Yuldosh Eshbek, Orziqul Ergashning yangi kitoblari stolim ustida. Oʻqishim uchun kitoblarni alohida javonga terib qoʻyaman, lekin kitoblar tartibga rioya “qilishmaydi”.
Keyingi ikki oy unumli kechdi: “Jahon adabiyoti” jurnalining keyingi 3 yil mobaynida eʼlon qilingan hikoyalarini oʻqidim. Yana: Varlam Shalamovning “Novaya proza” hikoyalari, Jon Rokfellerning “Memuariʼ” (1909 y.), Yevgeniy Chazovning “Zdorovya i vlast” xotiralari, Masha Traubning “Ya nikomu nichego ne doljna” romani, Onore de Balzakning “Gobsek” povesti, Ivan Tolstoyning “Otmiʼtiʼy roman Pasternaka” tadqiqoti, Andrey Platonovning “Schastlivaya Moskva” romani, Mixail Dokuchayevning “Ya oxranyal Brejneva i Gorbacheva” xotiranomasi, Tomas Vulfning “Jajda tvorchestva” kitobi, Mariya Zalesskayaning “Vagner” kitobi.
Talabalik kezlari bir insondan harchand iltimos qilmay Otto Skorseni haqidagi kitobni oʻqishga bermagandi. Begona yurtda bir kutubxonaga kirib qoldim. Bu noyob odamga bagʻishlangan 4 ta kitob qatorlashib turibdi! Kutubxonachi ayol kerak boʻlsa yana topib beramiz deb iltifot koʻrsatdi. Bittasini olib oʻqidim, xolos.
Ayni kunlarda 2 ta yostiqday kitobni almashib-almashib oʻqiyapman: 1. Salmon Rushdiy. “Deti polunochi (765 bet). 2. Lavrentiy Beriya. “Spasenniʼe dnevniki i lichniʼe zapisi” (861 bet).

Ikrom Otamurod, shoir:
 – Rus shoiri Konstantin Balmontning “Stixotvoreniya i poemiʼ” va fransuz shoiri Giyom Apollinerning “Stixotvoreniya” kitoblarini oʻqiyapman.

Xurshid Davron, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – Ayni paytda venger faylasufi Yeva Anchelning “Etos i istoriya” kitobini qaytadan oʻqiyapman. Birinchi marta oʻtgan asrning 90-yillarida oʻqigan edim. “Etos” atamasi qadimgi yunon falsafasida “inson axloqi va uning amaliy ishi oʻrtasidagi bogʻliqlik” yoki erkinroq, yaʼni oʻzimning taʼrifimcha, “maʼnaviy tartib” maʼnosini anglatadi. Etos insonning har bir ishi yuzasidan u bu ishni nimadan kelib chiqib, nima uchun qildi, degan savollarga javob izlaydi. Bu asarni yana qayta oʻqishga ehtiyojimga kelsak, bugun dunyo, insoniyat shunchalik murakkablashdiki, anglash tobora qiyin kechmoqda. Savollarimga javob izlamoqchiman. Oʻzimizda kechayotgan jarayonlarni, juda koʻp odamlarning qilmish-qidirmishini tushunishga urinmoqchiman. Bu millatni bugungi maʼnaviy ahvolini, maʼnaviy tartibini ham anglashga foyda berarmikan, deb oʻqiyapman.

Maʼsuma Ahmedova, yozuvchi:
 – Mashhur fin yozuvchisi Arto Paasilinnaning “Quyon yili” romanini oʻqiyapman. Skandinaviya adabiyoti, xususan, fin adabiyoti meni anchadan buyon qiziqtirib keladi. Voqealar avtomobil halokatida yaralangan quyon bilan Finlandiya boʻylab sayohatga chiqqan bir jurnalist nomidan hikoya qilinadi. Fin adabiyotiga xos sarkazm, yumor Arto Paasilinna ijodida ham yaqqol koʻrinadi. Qatʼiy syujetdan chekinmay, personajlarining hayotini yorqin, jonli tasvirlashi kitobxonni oʻziga jalb qiladi. Ayni shu jihatlari bilan bu adibdan koʻp narsalarni oʻrgansa boʻladi.

Sotim Avaz, yozuvchi:
 – Kamina shu kunlarda hazrat Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarini qayta mutolaa qildim. Har safar nimadir yangilik olaman undan. Navoiy bunday degan: “Mol uldirkim, el bahra topgʻay”. Mol deganda mulkni nazarda tutgan. Men amin boʻlganim, kitob – mangulik soʻqmogʻi. Mutolaa odamni kamol toptiradi. Kitobga eʼtibor boʻlgan yurt yuksaladi. Yaqinda “Mangulik soʻqmogʻi” nomli kitobim chiqish arafasida. U aynan kitobga munosabat, kitobxonlik, matbaachilikdan hikoya qiladi. Yaqinda “Goʻroʻgʻlining oʻlimi”ni oʻqidim. Anchadan buyon doston oʻqimagandim oʻzi. Zoʻr yozibdi Islom Hamro. Qahramonlar, xarakterlar, tasvir, uslub, hamma-hammasi maromida. 108 yoshli Hayitgul momoning aytimlari asosidagi bu doston judayam taʼsirli. Zoʻr kitob boʻlibdi.

Tursun Ali, shoir:
 – Dostoyevskiyning “Iblislar” romanini, Orziqul Ergashning “Shohsanam” qissa va hikoyalar kitobini oʻqiyapman.

Sherqoʻzi Gʻoziyev, aktyor, tabib:
 – Hozir roʻzadorman. Asosan bemorlarni koʻrish bilan ovoraman. Ulardan ortgan paytimda internetga kirib, Feysbukdagi hikoyalarni oʻqiyman. Yangiliklar bilan tanishaman. 2005 yildan 2010 yilgacha Ibn Sino bobomizning hamma asarlarini qaytadan oʻqib chiqdim. Hindiston va Tibetga oid koʻpgina kitoblarni mutolaa qildim. 2016 yil noyabr oyida “Tibet uslubida samarali muolajalar” degan kitobni yozib tugatdim. Hozircha nashrga berganim yoʻq. Buni institut va kollejlar uchun qoʻllanma sifatida yozganman.

Orziqul Ergash, yozuvchi:
 – Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanini qayta oʻqib chiqdim. Andrey Platonovning “Jon” qissasini oʻqiyapman.

Abdulhamid Ismoil, yozuvchi:
 – Ramazoni sharif emasmi, Qurʼoni karimning 14-porasini, “Sahih al-Buxoriy”ni oʻqiyapman. Bundan avval Kantning “Toza shuur tanqidi”, Attorning “Mantiq ut-tayr”i bilan qiyosan Navoiyning “Lison ut-tayr”ini, undan oldinroq Patrik Modianoning “Koʻrimsiz doʻkonlar koʻchasi” kitobini oʻqigandim.

Habib Temirov, yozuvchi:
 – Rus olimi va yozuvchisi Vikentiy Veresayevning “Pushkin v jizni” kitobini oʻqiyapman. Unda mashhur shoirning hayoti va faoliyati kunma-kun hujjatlar asosida hikoya qilingan. Asar ikki tomdan iborat. Adadi: 1.700.000. Ikkinchi kitob: Gyustav Flober qalamiga mansub “O literature, iskusstve pisatelskom trude”. U “Bovari xonim” muallifining doʻstlariga maktublari hamda maqolalaridan iborat. Har ikkalasi ham nihoyatda ajoyib, bebaho asarlar.

Keldiyor Xoʻjayorov, prodyuser:
 – Muslimbek Yoʻldoshevning “Moʻminga begona bahor” (Abdumoʻmin Oʻtbosarov hayoti haqida) kitobini oʻqib chiqdim. Hozirgi kunda “Buyuk yurt allomalari” nomli kitobni oʻqiyapman (tuzuvchi: Ubaydulla Uvatov, tarix fanlari doktori, professor).

Oʻktam Mirzayor, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri:
 – Vladimir Nabokovning 4 jildli “Tanlangan asarlari”ni oʻqib boʻldim. Ayniqsa, “Mashinka” nomli hikoyasi juda maʼqul keldi. Shukur Xolmirzayev “Tanlangan asarlar”ining 2-jildini oʻqidim. “Omon ovchining oʻlimi” hikoyasi qalbimga oʻtirdi. Azim Suyunning 2 jildli sheʼriy toʻplamini boshladim. Boʻsh paytlarda koʻproq lugʻat oʻqishni yoqtiraman.

Ashurali Joʻrayev, “Oʻzbekiston” NMIU direktorining birinchi oʻrinbosari:
 – Sevimli asarlarimdan biri “Dunyoning ishlari”ni qaytadan oʻqiyapman. Oʻtkir Hoshimov ijodini judayam hurmat qilaman. Har safar mutolaa qilganimda oʻzgacha his-tuygʻular ogʻushida boʻlaman. Yana qoʻlimdagi kitoblardan biri – Chingiz Aytmatov va Muxtor Shaxanovning “Choʻqqida qolgan ovchining ohu zori”. Bebaho asar!

Qulman Ochilov, yozuvchi, jurnalist:
 – Olmon adibi Haynrih Byollning (1917–85) “Glazami klouna” (“Masxaraboz”) romanini oʻqiyapman. Eng yoqqani – samimiyati, tilining sodda-begʻuborligi, ohangi. Tarjima qilayotgan joylarim ham yoʻq emas: “Mariya meni tark etganidan buyon vokzal bilan musofirxonani tez-tez chalkashtirib yuboradigan boʻlib qoldim: portye oldida sarosimayu talvasada chiptamni qidirsam, perronda vagon ogʻasidan mehmonxonadagi boʻlmamning kalitini soʻrayman…”
Haynrih Byoll Ikkinchi jahon urushi yillari olmon fashistlari safida qirgʻinbarotlarda ishtirok etgan. Qoʻli qonga botgan. Boshida “V temnote” (“Rutubat”) hikoyasiga shunchaki koʻz yugurtirgan edim. Keyin internetdan boshqa asarlarini topib oʻqishga tushdim. Adib Nobel mukofotini behuda olmagan ekan.

Abdumajid Azim, shoir:
 – Boboniyoz Qurbonning “Shamolning surati” esse-xotirasini, Tursunboy Adashboyevning “Xufyona jang” kitobini oʻqiyapman.

Anvar qori Tursunov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi:
 – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Tafsiri Hilol”, Muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “Tafsiri Irfon” kitoblarini oʻqiyapman. Shuningdek, Abdulloh Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”ini oʻqiyapman. Men bu kitobni 10 yoshimdan har bahor va kuzda qayta oʻqiyman. Bu yil sal kechikdim. Yana Navoiyni har kuni qoʻlimga olaman.

Shuhrat Rizayev, “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri:
 – Yaqinda Yan Parandovskiyning “Soʻz kimyosi” nomli kitobini oʻqidim. Kitobda turli davrlarda qalam tebratgan yozuvchilarning ijodiy faoliyati oʻzaro taqqoslanib, yozuvchilik mahorati haqida yaxlit tadqiqot yaratilgan.

Abdulhamid Parda, shoir, tarjimon:
 – Kamina biryoʻla bir necha kitob oʻqiyman. Soʻnggi oʻqigan kitoblarimdan Yoʻldosh Eshbekning “Qizgʻaldoqlar ochildi” sheʼrlar toʻplami (“Oʻzbekiston” nashriyoti, 2016 yil) manzur boʻldi – bu kitobga taqriz yozib tugatdim hisobi. Shu kunlarda Najmiddin Komilovning “Maʼnolar olamiga safar” (Navoiy gʻazallariga sharhlar) kitobini oʻqishga harakat qilyapman. Najmiddin aka Navoiyning qator gʻazallarini atroflicha tahlil qilgani holda ayrim gʻazallarni qisqacha bayon qilib qoʻyaqolganidan afsusdaman, lekin shunisiga ham shukur. Ibrohim Haqqulning maqola, esse, suhbatlar toʻplamlarini qayta-qayta oʻqishdan erinmayman. Feysbukda yosh tojik shoirlarining sheʼrlarini loaqal maʼnosini anglash uchun “Devoni Foniy”ni (oʻzbekcha nasriy bayoni bilan) vaqti-vaqti bilan oʻqiyapman. Feysbukda qator shoirlarning sheʼrlarini oʻqib borayapman. Shu kunlarda, Xudo quvvat bersa, Dantening “Ilohiy komediya”siga jiddiy kirishmoqchiman.

Mahmudjon Eshonqulov, karikaturachi rassom:
 – Soʻnggi bor Saʼdulla Siyoevning “Yassaviy”, V. Shishkovning “Sarkash daryo” romanlarini oʻqidim. Kichik asarlarni har doim jurnal, gazeta va internetdan oʻqib boraman.

Muhiddin Rahim, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri oʻrinbosari:
 – Eng oxirgi oʻqigan asarim Fyodor (Farhod) Razzoqovning “Korrupsiya v politbyuro. Delo “Krasnogo uzbeka” degan salmoqligina kitobi boʻldi. Shunisi maqtovga loyiq: muallif Sharof Rashidov hayoti va faoliyatini Shoʻro saltanatining 1917 yildan 1983 yilgacha boʻlgan salkam 70 yillik tarixi bilan uygʻun yoritgan. F. Razzoqov asli diyorimiz farzandi boʻlgani sabab oʻzbek xalqiga ham, Rashidov shaxsiga ham mehr bilan yondashgan. Ammo u menda sobiq Ittifoqning parchalanishidan qaygʻuga botgandek ham taassurot qoldirdi. Sotsializmning hali zaxira imkoniyatlari koʻp edi, biroq Andropovu Gorbachyovdek globalistlar uni Gʻarbga arzongarov sotib yubordi, deganga oʻxshash daʼvolar bor. Bu gaplar publitsistik asarga yarashaverar balki, ammo asl haqiqat-chi, qanday boʻlgan edi u? Bu savolning javobi F. Razzoqovnikidan qiyinroq, nazarimda…

Zulfiya Moʻminova, shoira:
 – Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat”, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanlarini oʻqiyapman.

Halima Ahmedova, shoira:
 – Knut Gamsunning “Pan” romanini oʻqiyapman. Asardagi yorugʻ, tiniq manzaralar ichidagi sukunat meni oʻziga tortdi. Amerikalik shoira Emili Dikinsonning sheʼrlarini qayta oʻqiyapman. Soʻnggi paytlarda tasavvufiy asarlarga koʻp murojaat qilyapman. Hakim Termiziy asarlarini oʻqib chiqdim. “Tazkirat ul-avliyo”ni har kuni oʻqiyman. Bu kitoblar dilni xiraliklardan qutqararkan.

Dilmurod Quronov, filologiya fanlari doktori, professor:
 – Yaqinda “Boburnoma”ni qayta oʻqib chiqdim. Bundan tashqari, yangi darsliklar yozish jarayonida chet el olimlarining adabiyotshunoslik nazariyasiga oid kitoblarini oʻqiyapman.

Abdulla Ulugʻov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
 – B. Kuznetsovning “Albert Eynshteyn” nomli ilmiy-nazariy ocherkini oʻqiyapman.

Karimberdi Toʻramurod, yozuvchi:
 – Muhammad Amin Muhammad Yusufning “Islomga bagʻishlangan umr” kitobini yaqinda oʻqib tugatdim. Kitob ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining hayoti, odobi, xislatlari, turmush tarzi haqida. Muallif akalari haqidagi xotiralarini goʻzal bir uslubda bitibdilarki, bu usul Hazratning hikoya qilish usullaridir. Kitobni oʻqigan kishi oʻzi uchun Shayx hazratlarini boshqatdan kashf qilishi shubhasiz.
Ayni kunlarda Ahmad Muhammad Tursunning “Siz qanday yashamoqchisiz?” nomli kitobini mutolaa qilayapman. Ammo muallifdan uzr soʻrayman, kitobini “dabdala” qildim. Sababi men kitob oʻqiyotganimda zoʻr iboralarni yashil marker bilan, qattiq qaytarish uchragan lavhalarni qizil bilan, farzandlarim ham albatta oʻqishi kerak boʻlgan jumlalarni esa sariq bilan boʻyab qoʻyaman. Bu kitobning ichi “lolaqizgʻaldoq” boʻlib ketdi.

Rahimboy Jumaniyozov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
 – Men badiiy adabiyotdan koʻra, ilmiy, falsafiy kitoblardan oziqlanaman, aniqrogʻi ruhlanaman. “Serjilo tafakkur durdonalari” Mashriqu Magʻribzamin allomalarning hayoti va hikmatlari jo boʻlgan kitobni qayta oʻqishda davom etmoqdaman.

Amir Xudoyberdi, shoir:
 – Soʻnggi oʻqigan kitobim – Aflotunning “Qonunlar”i.

Ilhom Zoyir, Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIUning bosh muharriri:
 – “Afsungarlar tuhfasi” nomli kitobni oʻqiyapman. Unda jahon adabiyotining eng sara hikoyalari jamlangan. Toʻplamni Vahob Roʻzmatov tarjima qilgan.

Rahimjon Rahmat, yozuvchi:
 – Keyingi paytda tarixiy mavzudagi ilmiy va publitsistik maqolalarni qiziqib oʻqiyapman. Xususan, Vatanimizning keyingi uch yuz yillik tarixi haqidagi yozuvlar meni qiziqtiradi. Aniqrogʻi, nima uchun Turkiston xalqlari mahdudlik oqibatida mustamlaka oʻlkaga aylandi degan savolga javob izlayman. Bizning ham Xitoy va Rossiya kabi buyuk, boy va qudratli mamlakatimiz boʻlishi kerak edi-ku, nega unday boʻlmadi?! Jadid ziyolilarining publitsistikasini oʻqiyman – iztirobli savollarimga javob izlayman.
Yana, Choʻlpon, Fitrat, Qodiriy va boshqa jadid ziyolilarining fojiali taqdiri qiziqtiradi meni. Shularning taqdiri timsolida Vatanimiz taqdiri va tarixini anglab yetgim keladi. Tarix deganda konkret shaxslarning taqdirini tushunaman. Oxirgi oʻqigan asarlarim jadidlar publitsistikasidir.
Shu kunlarda Erix Fromm asarlariga takroran diqqat qilish niyatim bor. Fromm asarlarida zamonaviy shaxs va jamiyatning illatlari chuqur tahlil etilgan.
Tengdoshlarim – Nazar Eshonqul, Ulugʻbek va Isajon Sulton ijodini izchil kuzatib borishga harakat qilaman.

Norqobil Jalil, shoir:
 – Choʻlpon hazratlarining “Kecha va kunduz” ini ikki oydan beri… oʻqiyapman. Tugamasa deb oʻtiribman. Ana, sizga shoh asarning qadri, qimmati! Besh kundan beri esa mashhur oʻris adibi Vasiliy Shukshinning “Ikkinchi seansga chipta” (2016, Oʻroz Haydarning tarjimasi) kitobini oʻqiyapman. Sibir qishloqlarining sodda, toʻpori (oʻzimizning Shukur Xolmirzayev asarlari qahramonlariga oʻxshataman) oddiy odamlari hayotidan lavhalar… Qulman Ochil va Nabijon Boqiyning qissa va yoʻl-ocherklarini ham oʻqidim. Ikkalasiyam nasrimizda zoʻr yangiliklar yasashiga shubham yoʻq.

Islomjon Yoqubov, adabiyotshunos:
 – Alisher Mirzoning “Musavvir”, Asad Dilmurodning “Zarradagi olam” kitoblarini oʻqib chiqdim.

Abduqayum Yoʻldoshev, yozuvchi:
 – Shuhrat Rizayevning 2015 yili Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan “Bahodir Yoʻldoshev teatri” kitobini miriqib oʻqiyapman. Nomidan bilinib turgandir, kitob teatr sanʼatimiz dargʻalaridan biri Bahodir akaning hayoti va ijodiy laboratoriyasi haqida. Shuhrat aka samimiy mehr, ehtirom bilan bitgan maqolalar, badialar, qaydlar koʻz oldingizda fidoyi Ijodkor Shaxs siymosini gavdalantiradi.

Nazar Eshonqul, yozuvchi:
 – Osvald Shpenglerning “Zakat Yevropiʼ” (“Yevropaning soʻnishi”) falsafiy traktatini qayta oʻqiyapman. Bu asar Gyotening “Faust” asari tahlili asosida yozilgan boʻlib, XX asr Yevropasiga xos boʻlgan maʼnaviy-maʼrifiy evrilishlar, oʻzgarishlar, insoniyat tamadduni, taqdiri haqidadir. Traktat 1918 yili yozilgan boʻlsa-da, hamon dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.

Karim Bahriyev, yozuvchi, jurnalist:
 – “Risolai aziza” (Soʻfi Olloyorning “Sabotul ojizin” asariga sharh) kitobini oʻqiyapman.

Faxriddin Nizom, shoir:
 – Ayni paytda Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” tazkirasi, yozuvchi Abdulhamid Ismoilning “Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin” romani va ingliz tilida ijod qilgan trinidadlik shoir, Nobel mukofoti sohibi Derek Uolkottning (1930–2017) “White Egrets” (“Oq qarqaralar”) sheʼriy toʻplamini oʻqiyapman.
Tazkira mutasavvif allomalarning ibratli hayot tarzi va baʼzan tayyorgarligi yoʻq oʻquvchining aqliga sigʻmaydigan hayratomuz fikr-mulohazalaridan, roman esa qatagʻon davrida qamoqqa olingan yozuvchining ajal komida turib ham jonini omon saqlab qolish oʻrniga ijod haqida qaygʻurishidan hikoya qiladi.
Shoir Derek Uolkottning “har doim oʻzing tugʻilib oʻsgan millat qatorida boʻlish, hatto muhabbat haqqi-hurmati uchun ham uning qatoridan chiqmaslik”ni shior qilib olgani, sheʼrlari ruhiga ham ushbu pozitsiya – turim singdirib yuborilgani hayratlantiradi. Tashbihlari, obrazlari tiniq, odamga zavq beradi.

Rustam Musurmon, shoir:
 – Mirtemirning 4 jildli asarlarini, Sirojiddin Raufning “Siz menga keraksiz” sheʼrlar toʻplamini oʻqidim. Kortasarning “Drugoye nebo” hikoyalar toʻplamini oʻqiyapman.

Sobir Oʻnar, yozuvchi:
 – Najmiddin Komilovning Navoiy gʻazallari tahliliga bagʻishlangan “Xizr chashmasi” kitobini oʻqiyapman.

Muhammad Ismoil, shoir:
 – Mirzo Bobur bobomizning qizi Gulbadanbegim qalamiga mansub “Humoyunnoma” asarini oʻqiyapman. Bu kitob avval ham chop etilgan. 2016 yil “Oʻzbekiston” nashriyotida yana qayta chiqdi. Fors tilidan Ahmad Quronbekov tarjimasi. Barchaga oʻqishni tavsiya qilar edim. Shuningdek, Abduqodir Jiyloniyning “Rabboniylikni anglash” kitobini oʻqimoqdaman.

Minhojiddin Mirzo, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari:
 – Erkin Vohidovning yangi chiqqan “Tanlangan asarlar”ini oʻqiyapman. Alisher Navoiyning “Lisonut tayr”ini, Abdulla Oripovning “Ilohiy komediya”dan tarjimalarini qayta oʻqidim. Koʻhna yapon sheʼriyatidan tarjimalar qildim.

Luqmon Boʻrixon, yozuvchi:
 – Tomas Manning “Iosif va birodar”lari asarini Sharq dostonlariga qiyosan oʻqimoqdaman.

Tohir Saidov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist:
 – Avaz Muqon taxallusi bilan yozadigan muallifning (asl ismi Boltavoy Shodiyev) “Choʻpon” nomli romanini oʻqib tugatish arafasidaman. Hajmi katta boʻlmagan ixchamgina roman. Chiroyli yozilgan ekan. Qisqacha mazmuni bunday: oʻzbek choʻpon yigiti internet orqali italiyalik Sevilya degan qiz bilan tanishib qoladi. Bir-birlariga yozishadi. Axiyri yigit Italiyaga borib, qizning oilasi bilan tanishadi. U yerda oʻzbek restoranini ochadi. Qiz esa bizning mentalitetimiz, urf-odatlarimizni oʻrganadi. Ikki yosh quradimi-qurmaydimi – bilmadim, chunki asarni hali oʻqib tugatganim yoʻq (kuladi).

Munavvara, shoira:
 – Stendalning “Qizil va qora” romanini oʻqiyapman.

Ravshan Xonniyoz, biznes-konsultant:
 – Men mutolaa qilayotgan kitob V. Dovganning “1000 let posle smerti” (“Oʻlimdan keyin 1000 yil”). U baxt, boylik, rivojlanish, muvaffaqiyatga erishish yoʻli va gʻoliblar akademiyasi haqida.

Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori, professor:
 – Said Ahmadning “Qorakoʻz Majnun” hikoyalar toʻplamini qaytadan oʻqib chiqyapman. Undan oldin Xurshid Doʻstmuhammadning “Donishmand Sizif” falsafiy romanini mutolaa qilgan edim.

Jabbor Eshonqul, folklorshunos olim:
 – Germaniyalik olim Karl Rayxlning “Turkiy xalqlar eposi” nomli kitobini qayta varaqlayapman. Olim bilan shaxsan tanishman. Uyimizda bir necha bor mehmon boʻlgan, men unikida. Bu kitobda oʻzbek folklor materiallariga suyangan holda jamiki turkiy xalqlar eposiga yangicha bir munosabat mavjud. Karl Rayxl asli ingliz adabiyoti mutaxassisi. Bir paytlar Oksfordda shu fandan dars bergan. Jeyms Joys, Bekket, Kafka, Kamyu kabi adiblar ijodini yaxshi biladi. Gʻarb adabiyoti mutaxassisi boʻlgan olimning folklorga yondashuvi tamomila boshqacha boʻladi. Bu kitob ingliz tilida Amerikada chop qilingan. Turkcha va ruscha tarjimalari ham mavjud. Menga ilgari turkchasi bilan tanishib chiqqandim. Hozir esa ruscha variantini koʻrayapman. Tarjimada nimalar oʻzgardi ekan, shuni bilish uchun.
Ikkinchi kitob A. Afanasyevning “Slavyan xalqlar mifologiyasi” (“Slavyanskaya mifologiya”) kitobi. A. Afanasyev rus, umuman, dunyo folklorshunosligida katta oʻringa ega olim. Bu kitobda folklorga, ayniqsa, marosim folkloriga doir juda muhim masalalar koʻtarilgani, ular til tarixi bilan bogʻliq holda yoritib berilgani bilan qadrlidir.
Badiiy kitoblardan Najib Fozil Kisakoʻrak, Rauf Parfi, Lorkaning sheʼriy kitoblarini oʻqiyapman. Bu kitoblarni ora-sira tez-tez varaqlab turaman. Odatim shunday, oʻqigan kitoblarni qayta oʻqigim kelaveradi.

Erkin Abdurahmonov, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi direktori:
 – Biznes-psixolog Tonni Krebb qalamiga mansub “BezUmno zanyat” kitobini mutolaa qilmoqdaman. Bugungi kun kishisi ongida doimiy band boʻlish, buning ortida yaxshi daromad koʻrish muvaffaqiyat belgisi, baxt-saodatning bir koʻrinishi degan tasavvur shakllanib qolmoqda. Bir vaqtning oʻzida bir qancha masalalarni hal etish bilan doimo band boʻlish, afsuski, samaradorlik belgisi emasligi, yaxshi daromad koʻrish bilan toʻlaqonli hayot kechirish, huzur-halovat koʻrish oʻrtasida nihoyatda katta tafovut borligini muallif hayotiy voqealar, shaxsiy kuzatishlari va ilmiy izlanishlari natijalar yordamida yoritishga harakat qilgan. Muallif keltirgan dalillar, bugungi tezlik zamonida doimiy bandlik ummonidan qanday chiqish yoʻllari xususidagi mulohazalari bu mavzuga toʻqnash kelgan oʻquvchiga fikrlashi uchun yaxshi manba boʻla oladi. Bugun noshirchilikda ommalashgan nobadiiy “non-fikshn” nomi bilan yuritilayotgan adabiyot turiga kirgan mazkur kitobni oʻqish foydadan xoli boʻlayotgani yoʻq.

Islom Hamro, shoir:
 – Ikki kun avval Sharof Rashidovning “Kashmir qoʻshigʻi” asarini yana bir marta oʻqib chiqdim. Haqiqatan ham juda goʻzal sevgi dostoni! Ayni paytda esa Abdulhamid Ismoilning Abdulla Qodiriy bobomiz haqidagi “Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin” romanini oʻqiyapman.

Ismoil Shomurodov, yozuvchi:
 – Hozirda qoʻtir koʻngil bolalik tuygʻularini his etishi uchun “Bulbuligoʻyo” kitobini (ertaklar), yoshlik hayajonlarini qayta tuyish uchun “Zardoʻsht tavallosi”ni (falsafiy fikrlar, isyonkor gʻoyalar, noanʼanaviy qarashlar) qayta mutolaa qilish ilinjidaman. Biroq, behuda… Endi bolalikdagi sehr olami oʻrniga ertaklarimizda dahshatlar ifodalanganday, F. Nitsshe esa quruq soʻzbozlik qilganday… Shundan bir fikrga keldim: bugungi kun adabiyoti hissiz emas, balki bizning axborotga moslashgan koʻnglimiz daqqilashgan, xolos.

Risolat Haydarova, “Sharq yulduzi” jurnali boʻlim boshligʻi:
 – Men kecha oqshom ingliz adibasi Sharlotta Brontening “Jen Eyr” romanini oʻqib tugatdim. Ancha ilgari uning “Oʻqituvchi” romanini mutolaa qilgan edim, lekin menda katta taassurot qoldirmagan (holbuki, adabiyotshunoslar bu asarni adiba ijodida muhim bosqich deb hisoblaydi). “Jen Eyr” esa menga yoqdi, “Oʻqituvchi”dan koʻra ancha mukammal va yuksak ekan.
Adiba oʻsha davr romanchiligi uchun xos boʻlgan ifoda uslubiga zohiran rioya etsa-da (masalan, asar voqealari bosh qahramon tilidan hikoya qilinadi, voqealar, albatta, yaxshilik bilan tugaydi), botinan mavjud romannavislik uslublariga qarshi isyon koʻtargan. Bu ayol ruhiyati tasvirida, uning xatti-harakatlarida, hatto tabiat tasvirida, qahramonlarning muhabbati izhorini koʻrsatishda, ingliz ijtimoiy hayotini atroflicha yoritishga uringanida koʻrinadi.

Iqbol Mirzo, Oʻzbekiston xalq shoiri:
 – Hozir Jaloliddin Rumiy “Masnaviy”lari asosida ustoz Hamidulla Boltaboyev nashrga tayyorlagan “40 rivoyatga 40 sharh” kitobini rohatlanib oʻqiyapman. Oldinroq ustozimiz Abdulla Oripovning “Birinchi muhabbatim” kitobini, Orziqul Ergashning hikoyalari va qissalari oʻqib chiqqandim.

Davron Rajab, “Jahon adabiyoti” jurnali sheʼriyat boʻlimi mudiri:
 – Hozirgi kunda Oybek asarlari bilan qiziqib qoldim. Sevimli adibimizning uy-muzeyiga qilgan tashrifimiz turtki boʻldi. Buni qarang, avval bormagan ekanman. Men shu paytgacha ustoz adibning faqat sheʼrlarinigina bilar ekanman. Hozir u kishining tarjimalari va “Navoiy” romanini oʻqiyapman… Garchi Herman Hessening “Choʻl boʻrisi” romanini mutolaasi yakunlanmay qolgan boʻlsa ham.

Isajon Sulton, yozuvchi:
 – “Bilgamish” dostonini oʻqiyapman.

Alisher Narzullo, shoir:
 – Ramazoni sharif sharofatidan Qurʼoni karimni qayta oʻqimoqdaman. Badiiy adabiyot namunalaridan Nodar Dumbadzening “Ellada”sini oʻqidim. Bu hikoya odamiylik, Vatan sogʻinchi, buyuk yoʻqotish va inson iztiroblari… haqida. Koʻnglim qattiqlashib borayotganini his eta boshlaganda doim shu asarni qoʻmsab qolaman. Har gal oʻqib tugatganimda koʻnglim aza chiqqan uydek huvillab qoladi.

Sirojiddin Rauf, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri:
 – Muborak Ramazon kunlarida Ahmadjon Choriyev nashrga tayyorlagan “Hazrati Sulton Mirhaydar manoqibi (tarixi)”ni oʻqiyapman. Kitobning badiiyati, tarbiyaviy ahamiyati juda yuksak. Shu kunlarda italyan shoiri Petrarka va rus shoiri Andrey Voznesenskiy ijodini, ayniqsa, ular yozgan sonetlarni qiyosiy oʻqib, oʻrganib chiqyapman. Voznesenskiy sheʼrlarida Petrarkaga xos shakliy uygʻunlik bor. Rahmatli Nodir Normatovning “Zulayxo daraxti” romanini qayta oʻqidim. Undagi tasvir, badiiylik, tilning goʻzalligi meni hayratga soldi.

Shokir Dolimov, tarjimon:
 – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Ijtimoiy odoblar”, Alixontoʻra Sogʻuniyning “Tarixi Muhammadiy” kitoblarini rus tiliga, Joann K. Roulingning “Garri Potter i dariʼ smerti” kitobini oʻzbekchaga tarjima qilyapman.

Ulugʻbek Hamdam, yozuvchi:
 – Fransuz dramaturgi Jan Dominik Bobbining “Skafandr va kapalak” romanini takror, Lev Tolstoyning “Tirilish”ini ilk bor oʻqiyapman.

Abdugʻafur Iskandar, “Turon zamin ziyo” nashriyoti direktori:
 – Ayni paytda Hayot Shodmonning “Enadaryo” sheʼrlar toʻplamini oʻqiyapman. Sal oldinroq Ulugʻbek Hamdamning “Adabiyot – koʻngil koʻzgusi” kitobini oʻqib chiqqan edim.

Muhammad Sharif, yozuvchi:
 – Alber Kamyuning “Vabo” romani va “Begona” qissasini oʻqib tugatganimga ikki-uch hafta boʻldi. Bu kitobni ikkinchi marta oʻqishim. Roman va qissani ilk bor talabalik paytim rus tilida oʻqiganman, juda katta taassurot qoldirgan edi. Oʻzbek tilida qayta oʻqib, yodimdan koʻtarilgan manzaralar yoki rus tilini oʻsha payt juda yaxshi bilmasligim tufayli koʻzdan qochirilgan detallar oʻrnini toʻldirdim. Lekin bir narsaga amin boʻldimki, rus tilida chala tushunib mutolaa qilgan boʻlsam-da, Merso personajini, uning tuygʻularini toʻgʻri ilgʻagan ekanman. Oʻzbek adiblari bu qissasiga turlicha munosabat bildirgan, Mersoning xarakteri turli bahslarga sabab boʻlgan. Men esa bu qissani yaxshi koʻraman.
Bir hafta oldin, kallai saharlab darvoza taqillatib qoldi. Chiqsam, hurmatli yozuvchimiz Nabijon Boqiyning shaxsan oʻzlari. “Yoʻlim Yunusobodga tushgandi, kirib oʻtdim, tezda mana bu kitobni oʻqib chiqing, hijjalab oʻqing”, deya qoʻlimga Maksim Gorkiyning “Rossiya boʻylab” (Po Rusi) kitobini tutqazdi. Hozir shu kitobni oʻqiyapman. Toʻgʻrisi, maktab darsligiga kiritilgan “oʻta kommunistik” gʻoyaga burkangan asarlaridan keyin Gorkiyga qiziqishim yoʻq edi. Nabijon aka bergan kitobdagi ilk hikoyani oʻqiboq fikrim butkul oʻzgardi. Xullas, hozir Gorkiyni oʻzim uchun qayta kashf qilyapman.

Laziz Tangriyev, Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIU direktori:
 – Imom Gʻazzoliyning “Ihyou ulumid din”ini oʻqiyapman. Dunyo miqyosida mashhur kitoblardan biri. Unda islom dini qoidalari, ilmlarni tartiblashtirish, shariat ahkomlarini tartibga solish masalalari yoritilgan. Dinga qanday amal qilish kerak? Shariatda nimalar muhim? Xullas, islom dinini toʻliq oʻrganmoqchi boʻlgan odam albatta bu kitobni oʻqish kerak. Bir martada tushunish qiyin. Bu kitobni hatto ulamolar ham besh-olti marta oʻqishi kerak, menimcha. Bugun hamma turli masalada tortishadi, birov u, birov bu deydi, imom Gʻazzoliyni oʻqimaydi. Bu zot minglab hadislar, ulugʻ sahobalar hayoti asosda Qurʼoni karim suralarini oʻrganib, juda katta ilm qilgan. Kerakli kitob. Men, shuningdek, Choʻlponning “Kecha va kunduz” kitobini qayta oʻqiyapman. Bulgakovning “Usta va Margarita”sini ruschada mutolaa qilyapman.

Bobur Bobomurod, shoir:
 – Men Amir Temur haqidagi asarlarni yigʻib, oʻqib-oʻrganyapman… (Yazdiydan hozirgi kungacha boʻlgan mualliflarni). Tojikistondan kitoblar olib kelgandim, fors-tojik sheʼriyati namunalarini tojikchada oʻqiyapman.

Gulbahor Said Gʻani, “Ferganskaya pravda” gazetasi bosh muharriri:
 – Oxirgi mutolaa qilgan yirik asarim Isajon Sultonning “Ozod” romani boʻldi. Koʻproq sheʼrlar va kichik hajmli asarlar oʻqidim. Ayni damda Marina Svetayeva sheʼrlariga oshnoman. Ilmiy ish bahonasida “Yangi Fargʻona” gazetasining 1935 yildagi sonlarini oʻqidim. Bahonada Gʻulom Gʻafur degan yozuvchini kashf qildim. Uning hikoyalar toʻplamini oʻqib chiqdim.

Sharifjon Ahmedov, yozuvchi va tarjimon:
 – Oradan koʻp vaqt oʻtib, birdaniga uch asarni takroran, qiyosiy mutolaa qilyapman: Andrey Platonovning “Djan” povesti (1934), Aleksey Cherkasovning “Xmel” (1963) va Markesning “Yolgʻizlikning yuz yili” (1967) romanlari. Birinchi asarda Nazar Chagatayev unutilgan va ovloqlarda xoru zorlikda soʻnggi kunlarini kechirayotgan oʻz qavmini saodat sari eltishga urinsa, “Xmel”da dajjol poshsho tuzumidan qochib, tayganing qoʻletmas ichlarida qoʻnim topgan qadimchi-staroverlar oʻzlarining mahdud turmushlari bilan andarmon boʻladi. “Yolgʻizlikning yuz yili” syujetlari esa koʻplarga tanish boʻlsa kerak. Turli davr va boʻlakcha adabiy anʼanalarga taalluqli bu asarlarning tamoman oʻziga xos muhitlaridan umumiy intilish va hamohang kayfiyatlarni izlab topib, har uchalasini bir tadqiqotda birlashtirish rejalarini oʻylayapman…

Baxtiyor Ollomurod, jurnalist va yozuvchi:
 – Lev Tolstoyning “Tirilish” romanini qayta oʻqiyapman. Mamlakatimizda virtual qabulxonalar ochildi. Juda yaxshi boʻldi. Deylik, sud xodimlarining munosabati koʻngildagidek emas. Haliyam byurokratiya uchraydi… Oʻzgarishlar bor, ammo koʻngildagidek emas. “Tirilish”da qahramon mahbuslar ahvolini yengillashtirish uchun turma boshliqlarining oldiga kiradi, lekin shunday javob boʻladi: “Siz ularning yonini olmang, ular nihoyatda semirib ketyapti. Oʻzingiz tuppa-tuzuk dvoryan oilasi vakili boʻlaturib, nega isqirt odamlarning yonini olib yuribsiz!”. Bizning sud-huquq tartibot organlari bunday fikrni oshkora aytmasa ham gohida munosabati oʻxshab ketadi-da! Ana shu jihat “Tirilish”ni qoʻlimga olishga undadi.

Xosiyat Rustamova, shoira:
 – Yaqinda Jek Londonning “Martin Iden”ini, bilmadim, nechanchi marta oʻqib tugatdim. Hozir Bulgakovning “Usta va Margarita”sini oʻqiyapman. Sogʻingan kitoblarim bular.

Nargiza Roziqova, “Bekajon” gazetasi muharriri:
 – Balzakning “Gorio ota” asarini ikkinchi marta oʻqiyapman. Talabaligimda mutolaa qilgandim. Otalar va farzandlar haqidagi asar. Otaning qizlariga cheksiz muhabbati qadrlanmaydi. Har bir farzand oʻqib, xulosa chiqarishi kerak boʻlgan ajoyib roman.

Baxtiniso Azimboyeva, ruhshunos:
 – Men ayni paytda Dipak Chopraning “Isseleniya dushi” kitobini oʻqiyapman. Ayurveda meditsinasining Segun uslubini tadqiq etyapman. Nuqtali massaj uslubi, yoga, meditatsiya haqida oʻqib, oʻrganyapman.

Huseyin Baydemir, Erzurum (Turkiya) universiteti dotsenti, turkiyshunos:
 – Oʻtgan hafta Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanini oʻqib chiqdim. Bu hafta Ibn Battuta yozgan mashhur sayohatnomani oʻqimoqdaman. Bu sayohatnoma tarixda “Rihla” nomi bilan ham mashhur. Asar XIV asrda yozilgan. Asarda Oʻrta Osiyodan, Oltin Oʻrda davlati fuqarosi boʻlmish oʻzbeklardan ham bahslar ketadi.

Maʼrufjon Yoʻldoshev, Egey universiteti (Turkiya) dotsenti:
 – Hozirda Ibn Xaldunning Sharq falsafasining durdonalaridan biri sifatida eʼtirof qilingan “Muqaddima”sini oʻqiyapman. Har sohada juda qiziqarli fikrlar bayon qilingan. Allomaning adabiyot va til bilan bogʻliq ilgʻor fikrlari hozir ham qimmatini yoʻqotmagan.

Erdon Esonov, Toshkent shahridagi “Shayx Ziyovuddinxon” jome masjidi imom-xatibi:
 – Hozir Vahba Zuhayliyning “Tafsiri Munir”ini oʻqiyapman. Avvalroq Aleksandr Dyumaning “If qalʼasi mahbusi” romanini tugatgan edim.

Gʻafur Shermuhammad, yozuvchi:
 – Isajon Sultonning “Genetika”, Abduqayum Yoʻldoshning “Yoʻl” asarlarini oʻqidim.

Mubashshir Ahmad, noshir, islomshunos:
 – Ayni paytda Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” kitobini oʻqiyapman.

Aʼzam Obidov, shoir, tarjimon:
 – Evril Turonning turk birligi, millatparvarlikka daʼvat etadigan “Oʻlmas qoyalar”, “Tumanli kunlar” asarlarini; Emin Usmonning “Tomir” asarini oʻqiyapman. Yana olmoncha sheʼrlar, olmon adiblari hayoti haqida maʼlumotlar bilan tanishyapman.

Sanjar Nazar, “Akademnashr” nashriyoti direktori:
 – Shu kunlarda turk yozuvchisi Faruk Demirelning “Sanchiq” hikoyalar toʻplamini oʻqiyapman. Jamiyatdagi muammolar, insonning ogʻriqli kechinmalari ajib bir tarzda yumor ohangida bayon etilishi menga maʼqul keldi.

Nazokat Azim, “Soʻgʻdiyona” gazetasi bosh muharriri:
 – Ayni damda Kendzaburo Oening “Exo nebes” degan kitobini oʻqiyapman. Xirosimaga atom bombasi tashlanganidan keyin yapon oilalarida nogiron (aqli zaif) bolalarning dunyoga kelgani, ota-onalarning iztiroblari… Bosh qahramon adabiyotshunos ayol, ingliz adabiyoti boʻyicha doktor. Asarni chuqurroq tushunish uchun Flanneri O’Konnor ijodi bilan ham biroz tanish boʻlgan maʼqul. Ogʻir asar. Ikki kun oldin oʻqib tugatganim Jojo Moyesning “Bir plyus bir” asarini esa “yamlamay yutdim”. Shunchaki dam olish uchun durust. Ikki bolali xizmatkor ayol bilan omadi qochgan boyvachchaning muhabbati – heppi end…

Botir Ergashev, shoir:
 – Ramazon – poklanish oyida Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” asarini beshinchi marta oʻqib chiqyapman. Bundan avval Chingiz Aytmatovning “Somon yoʻli” qissasini oʻqigandim.

Umid Bekmuhammad, tarixchi va publitsist:
 – 8 may kuni Sankt-Peterburg-Urganch yoʻnalishidagi samolyotda 48 kilogramm kitob, gazeta-jurnallar olib keldim. Ular orasida Mixail Lermontov va Lev Tolstoyning 1889 yili nashr etilgan saylanmalari, koʻplab badiiy, tarixiy, falsafiy kitoblar, “Zagadki istorii”, “Sekretniʼe arxiviʼ”, “Sovershenno sekretno”, “Sekretniʼe materialiʼ”, “Tayniʼ i zagadki”, “Neviʼdumanniʼe istorii”, “Zapretnaya istoriya”, “Voyna i otechestvo”, “Istorik”, “Stupeni”, “Zagadki XX veka”, “Istoriya”, “Mir kriminala”, “Biografiya”, “Sekretiʼ i arxiviʼ”, “Arxiviʼ XX veka”, “Tayniʼ SSSR” kabi jurnallar bor. Ayni paytda faqat jurnallarni oʻqib chiqishga ulgurdim.
“Yesenin glazami jenshʼiniʼ” kitobini tarjima qilish uchun shoir Boltaboy Bekmatovga, “Dostoyevskiy glazami sovremennikov” toʻplamini esa Temur Tangriberganovga topshirdim. Yuqorida tilga olingan boshqa kitoblarni ham kimdir tarjima qilishni xohlasa, qaytarib berish sharti bilan taqdim etishim mumkin.

Farogʻat Xudoyqulova, shoira:
 – Abdurazzoq Samarqandiy “Matlai saʼdayn va majmai bahrayn” kitobini, Luqmon Boʻrixonning “Tun qaʼridagi shuʼla” qissa va hikoyalarini, Axtamqul Karimning “Qarogʻimda gullaydi Vatan” sheʼriy toʻplamini oʻqidim.

Abdulaziz Muborak, shoir:
 – Shukur Xolmirzayev “Tanlangan asarlari”ning 1-jildini, Mahmud Asʼad Joʻshonning “Ramazon va taqvo” kitobini, Chingiz Aytmatov qissalarini qayta-qayta oʻqiyapman. Oxirgi oʻqigan kitobim Nabijon Boqiyning “Chingiz afandiga maktublar”idir.

Abror Muxtor Aliy, islomshunos:
 – Imom Suyutiyning “Itqon” degan asarlarini oʻqib tugatdim. Bu kitob Qurʼoni karimga oid ilmlar borasida soʻz yuritadi. Ayni paytda Abdulmajid Turkmoniyning “Dirosotun fiy usulil hadis alaa manhajil hanafiya” (Hanafiylik manhajiga koʻra hadis usulida darslar) kitobini mutolaa va tarjimasi ustidaman. Bu asar bizning hanafiy mazhabimiz asoschisi Imom Abu Haniyfa rahimahullohning, u zotning shogirdlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammadlarning, ulardan keyin hanafiylik mazhabi usullarini jamlagan Iyso ibn Abonning asarlaridan “Al Hujajul Kabir” va “Al Hujajus sagʻir”ni oʻz ichiga oladi. Kitob eng ishonchli va eʼtiborli hanafiy ulamolarning mutaqaddimlaridan boshlab mutaaxxirlarigacha barchalarini usullari borasida soʻz yuritadi. Tohir Malikning “Odamiylik mulki” asarini ham oʻqiyapman. Bu kitob maʼnaviyat, axloq va insoniy qadriyatlar borasida juda ajoyib uslubda soʻz yuritadi. Sheʼriyatdan Xayrulla Hamidovning “Suyanchiq” asarini mutolaa qilyapman. Najib Fozilning “Zindondan Mahmudga maktub”ini tarjimasi ustida ham ishlayapman.

Alisher Nazar, shoir, jurnalist:
 – Muhammad Abdulhay Lakhnaviyning “Gʻiybat oʻzi nima?” nomli risolasini oʻqidim. Kitobda zamon odamlarining butunlay gʻiybatga mubtalo boʻlib qolgani, gʻiybat arzimas gunoh sanalib qolgani, vaholakni, gʻiybat zinodan-da ogʻirroq gunohligi haqida soʻz boradi. Kitob oʻziga xos uslubda yozilgan. Urdu tilidan Yorqinjon Fozilov tarjimasi.

Ismoil Muhammad Yusuf, “Hilol-nashr” nashriyoti rahbari:
 – Ramazon oyi munosabati bilan Shayx Abdulloh Izziddinning “Roʻza oyining ulugʻligini daʼvatchi va avomlarga eslatish” kitobini oʻqiyapman. Bundan avval Shayx Muhammad Said Muhammad Hasan al-Buxoriyning “Allohni koʻp zikr qiluvchi erkak va ayollarning virdlari (vazifalari)” kitobini oʻqigandim.

Nodir Jonuzoq, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri:
 – Soʻnggi dam olish kuni yozuvchi Orziqul Ergashning “Shohsanam” nomli kitobidagi ikkita qissasini oʻqidim. Birinchisi – “Shohsanam”, ikkinchisi – “Olis yulduzlar”. Ochigʻi, ularni berilib, maroq bilan oʻqidim. Oʻqidim-u, biz koʻpincha klassik, dongdor yozuvchilarning asarlariga talpinamiz-u, shundoq yonimizda yurgan kamtar, ammo yaxshi yozuvchilarning bitiklarini eʼtibordan chetda qoldiramiz, deb oʻyladim.
Ayni paytda oʻz odatimga koʻra uyda bitta, ishxonada boshqa kitobni oʻqiyapman. Albatta, ularning janri farq qiladi. Uyda taniqli rus yozuvchisi, kinorejissyor Vasiliy Shukshinning “Ikkinchi seansga chipta” nomli (“Oʻzbekiston” nashriyoti, 2016) hikoyalar toʻplamini oʻqiyapman. Tarjimon – isteʼdodli shoirimiz Oʻroz Haydar. Garchi hikoyalardagi voqealar Rossiyaning olis posyolkalarida roʻy bersa-da, bot-bot oʻzimizning qishlogʻu ovullarimizdagi odamlarning nafasini tuyganday boʻlasiz. Shukshinning bir qarashda oddiy, sokin hikoyalari jozibasiga asir tushganingizni sezmay qolasiz. Ana shu oddiylik va sokinlik qaʼrida ulugʻvor insoniy qudrat, jasorat, xaloskor eʼtiqod bor ekanini his qilasiz.
Ishxonada Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin Aʼzamning “Ertalabki xayollar” nomli kitobini oʻqiyapman. Salkam olti yuz betlik bu toʻplamdan ustoz adibning dolzarb mavzudagi maqolayu safarnomalari, fiqralari, adabiy qaydlari, xotira va suhbatlari oʻrin olgan.

Shahnoza Toʻraxoʻjayeva, jurnalist:
 – Yaqinda Jorj Oruellning “1984” asarini oʻqib tugatdim, hozir “Galatepaga qaytish” (Murod Muhammad Doʻst), “Edvarda” (Knut Gamsun, asarning asl nomi “Pan”, Muhiddin Omon uni shu nom bilan tarjima qilgan negadir), “Muhokamat ul-lugʻatayn” (“Akademnashr” nashriyotida chiqqan yangi nashri, Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqinida) kitoblarini oʻqiyapman. Zulxumor Mirzayevaning “XX asr oʻzbek adabiyotining Amerikada oʻrganilishi” nomli kitobi navbat kutib turibdi.

Rustam Jabborov, jurnalist, adib, tarjimon:
 – Men hozir xizmat taqozosidan “Oʻzbekiston madaniy merosi Sharq qoʻlyozmalari instituti toʻplamlarida” (Sankt-Peterburg, Rossiya) kitobini oʻqiyapman. Toʻgʻrirogʻi shu kitobning ruscha matni tarjimasi bilan shugʻullanyapman. Juda qiziq kitob. Unda Rossiyada saqlanayotgan va bir paytlar oʻzimizdan olib chiqib ketilgan qadimiy qoʻlyozmalar haqida maʼlumotlar va ularning katalogi oʻrin olgan.

Abror Zohidov, “7×7” gazetasi bosh muharriri:
 – Oxirgi oʻqigan kitobim – yaqinda taqdimoti oʻtkazilgan “Sarobga aldanganlar qismati”. Bu toʻplam ekstremizm yoʻliga kirib ketganlar, yot gʻoyalarga adashganlar haqida boʻlib, kitob ularning panjara ortidan yoʻllagan maktublariga asoslangan. Lekin shu kunlarda yana odatga koʻra klassikaga qaytsam kerak. “Avlodlar dovoni”ni oʻqimaganimga bir yildan oshib ketibdi…

Nigora Umarova, tadqiqotchi:
 – Shu kunlarda “Tafsiri Hilol” hamda Tatyana Chernigovskayaning maʼruzalar toʻplamini mutolaa qilmoqdaman. Olam va odam oʻrtasidagi munosabatlar, Yaratguvchi bilan yaratilmish oʻrtasidagi aloqa, insonning jamiyatdagi oʻrni qanday boʻlishi kerak?!.. “Qurʼoni karim”ning sharhlari tafsirlangan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Tafsiri Hilol”ning barcha juʼzlarini Muborak oyning tun osudaligi hamda sahardan soʻng oʻqib oʻzimni qiziqtirgan barcha savollarga javob topmoqdaman. Qolaversa, ushbu kitobdagi sharhlarni oʻqigan kitobxon sharq mumtoz adabiyotidagi majozlarni, tasavvufning mohiyatini ham toʻgʻri anglay oladi.
Yoʻl-yoʻlakay biolog, lingvist, semiotik i psixolog Tatyana Chernigovskayaning miya faoliyati hamda uning imkoniyatlari toʻgʻrisidagi “Internet, mozg i “jidkiy mir” (“Internet, miya va “suyuqlashgan olam”, “Lektoriy Pryamaya Rech” nashriyoti, 2016 yil) kitobini oʻqib chiqdim. Fikrlashi tor, mantiqiy tafakkuri rivojlanmagan insonlarga nisbatan “aqling suyuqlashib ketibdi” degan iborani koʻp qoʻllashadi. Olima sunʼiy ong, internetning insonning miyasini fikrlash qobiliyatini “dangasa” qilib qoʻyayotganligi, xotira va uning imkoniyatlaridan foydalanish, inson tafakkurini rivojlantirish xususidagi psixologik, biologik, neyrolingvistik jihatdan qarashlari jamlangan axborot asridagi oʻta dolzarb kitob. Bugungi kunda “kimda koʻp axborot boʻlsa, dunyoni boshqaradi” emas, “axborotni tahlil qilib, uni tanlay olib, toʻgʻri foydalana oladigan inson dunyoni boshqaradi” aqidasi hukm surmoqda. XXI asrning “Axborot qorongʻu oʻrmoni”da mashʼal vazifasini bajara oladigan qoʻllanma.
Soʻng aynan shu nashriyotda chop etilgan (“Lektoriy Pryamaya Rech”) “Iskusstvo i mozg” (“Sanʼat va miya faoliyati”) maʼruzalar toʻplamining mutolaasini boshlamoqchiman.

Nigora Toʻxtamatova, “Hamkor-press” gazetasi xodimi:
 – Ayni paytda andijonlik yozuvchi Abdumutal Abdullayevning “Qaqnus” nomli qissasini oʻqiyapman. Unda ulugʻ shayx va avliyo Farididdin Attorning hayoti haqida hikoya qilinadi. Asarda insonning kamolotga, haqqa yetishish yoʻlidagi intilish va mashaqqatlari chiroyli tasvirlab berilgan.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid, Toshkent shahridagi “Islom ota” masjidi imom-xatib noibi:
 – Ramazon Qurʼon oyi boʻlgani uchun hozir asosan Allohning kitobi Qurʼoni karimni oʻqish bilan bandman. Shu bilan birga, Qurʼondagi moʻjiza va nuktalar jamlangan “Qurʼonga doir 1000 ta savol-javob” nomli kitobni ham varaqlab turibman.

Husaynxon Yahyo Abdulmajid, Toshkent shahridagi Xoʻja Alambardor masjidi imom-xatib noibi:
 – Ramazon kirganidan beri faqat Qurʼoni karim bilan bandman.

Bekzod Shukurov, “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri:
 – Oxirgi marta “Temur tuzuklari”ni qayta oʻqib chiqdim. Ayni paytda Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” (Asror Moʻmin tarjimasi) kitobini oʻqiyapman.

Dinara Doʻltayeva, jurnalist:
 – “Open my eyes so I can see marvelous things”. Muallif Alisa Allan – Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi rafiqasi. U Afrikaning qaysidir mamlakatida yashagan. Oʻsha yerdagi ayollarning hayoti haqida yozgan. Bilishimcha, roman dunyo miqyosida sotilyapti, yangi chiqqan asarlar orasida ancha xaridorgir. Uni dugonam Filippinda sotib olgan. Menga esa muallifning oʻzi sovgʻa qildi. Yolgʻon boʻlmasin, hozircha bir sahifa oʻqidim. Stolimda turibdi. Albatta, oxirigacha mutolaa qilaman.

Shukurjon Islomov, bloger:
 – Men yaqinda Nabijon Boqiyning “Xorazmlik nemislar” asarini oʻqib chiqdim. Chetdan surgun qilinib Xorazmga kelib qolgan mennonitchi nemislar haqida hujjatlarga va keksalarning xotiralariga asoslanib qiziqarli yozilgan. Bundan tashqari, Uri Dan “Operatsiya Entebbe” qissasini ham. Ugandada garovga olingan isroillik fuqarolar qanday qutqarib olingani haqida tarixiy kitob. Ikkalasiyam elektron variantda oʻqidim.

Nuriddin Sirojidinnov, Toshkent Islom universiteti bitiruvchisi:
 – Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”ini oʻqib, “Mehrobdan chayon”ni boshladim. Shuningdek, “Mushtum” jurnalida yozilgan tanqidiy taxliliy maqolalarini qayta qayta oʻqimoqdaman. Ramazon oyi kirgani munosabati bilan Mahmud Asʼad Joʻjon q. s. ning “Ramazon va taqvo” kitobini oʻqidim. Hozir Qurʼoni karim oʻqish bilan bandman. Ramazondan keyin bir oy ichida “Mehrobdan chayon”ni tugatib, Said Axmad asarlarini boshlamoqchiman. Aytgancha, Oʻtkir Xoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarini oʻqib miya dam oladi.

Maʼmura Qutliyeva, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi bosh muharriri:
 – Erix Fromm qalamiga mansub “Ozodlikdan qochish” asarini mutolaa qilyapman (tarjimon: Qodirqul Roʻzmatzoda). Jamiyat hayotida roʻy berayotgan muhim oʻzgarishlar, muammolar, inson maʼnaviy kamoloti yoʻlidagi toʻsiqlar, ilmiy tafakkur rivojiga xalaqit berayotgan eskicha qarashlardan xalos boʻlish asarning asosiy gʻoyasini tashkil qiladi. Erix Fromm mazkur asari haqida “Ozodlikdan qochish” – bu oʻrta asr olamining yemirilishi tufayli kelib chiqqan inson tashvishlari fenomenining tahlilidir”, – deb yozadi.
Mazkur kitob falsafiy ruhda yozilgani uchun ham uni kitobxon bir oʻqishda tushunishi, mohiyatini anglashi qiyin. Mazmunan ikki-uch qayta mutolaa talab qiladigan “Ozodlikdan qochish” asari yaqin kunlarda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etiladi va men ushbu asarni barcha kitobxonlarimiz oʻqishlarini tavsiya qilgan boʻlardim.

Saʼdullo Quronov, adabiyotshunos:
 – “Zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida sintez” mavzusidagi dissertatsiyani yozish jarayonida N. Dmitriyevaning “Soʻz va tasvir” nomli monografiyasini oʻqiyapman.

Madina Mirzaqobilova, talaba:
 – Grigori Robertsning “Shantaram” kitobini oʻqish bilan mashgʻulman. Bundan avval Jo Moyesning “Posle tebya” (“Sendan soʻng”) kitobini mutolaa qilgan edim. “Posle tebya” kitobi “Do vstrechi s toboy” (“Sen bilan uchrashgunga qadar”) kitobining mantiqiy davomi boʻlib, Luning keyingi hayoti haqida hikoya qiladi. “Shantaram” esa 20 yilga qamalgan odamning 2 yilda qamoqdan qochib, Hindistonga borgani xususida.

SOʻROVNOMA TASHKILOTCHILARIDAN:

Mana, javoblar bilan tanishdingiz. Yangi kitoblar qatorida eski, durdona adabiyotlar ham qayta oʻqilayotganiga guvoh boʻldingiz. Zero, “takrorlash – bilimlar onasidir”. Qolaversa, bunday kitoblarga talab, ehtiyoj aslo susaymaydi!
Muddaomiz, kitobga boʻlgan muhabbat yanada kuchaysin. Orzumiz esa, Oʻzbekistonimizni dunyodagi eng koʻp kitob oʻqiydigan mamlakatlar safida koʻrishdir.
Darvoqe, soʻrovnomamiz tugagani yoʻq. Javoblaringizni kutib qolamiz.

 

Hurmat ila
Anvar Namozov, Davronbek Tojialiyev

 

Javoblarni toʻplashda Saʼdullo Quronov va Dilfuza Mahmudova koʻmaklashdi. Ularga minnatdorlik bildiramiz.

Soʻrovnoma yuzasidan fikr-mulohaza va javoblaringizni davronbek@gmail.com manziliga yuborishingiz mumkin.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ziyolilar-kim-nima-oqiyapti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x